Kapadamiz. Xalfana ovqat qilyapmiz. Haydar akam sho‘rvaning ko‘pigini olyapti, men sholg‘om archish bilan ovoraman. Oqsoqollarimiz Hamroali bilan Rahmon akalar kechagi masalani bir yoqlik qilish bilan band: qarta o‘ynashyapti.
— E, sen, — Rahmon aka qartani shiylab turib, menga yuzlandi, — Haydar haqida yozsang-chi, butun boshli kitob bo‘ladi.
— Haydarning boshidan o‘tganlarini, kino qilish kerak, yurgan yo‘li komediya-da, komediya! — Hamroali aka uni quvvatladi.
— Quloq solma, ularning gapiga, quloq solma, — Haydar aka cho‘mich bilan ishora qilib davom etdi. — Gapirishaveradi.
— Bu, — Rahmon aka Haydar akaga ishora qildi, — bir vaqtlar maktabda haydovchilikdan dars berardi. O‘quvchilarni mashinasiga chiqarib, «ezda» qildirib kelibdi. Keyin mashinani to‘xtatib, kapotini ochib, tushuntirishni boshlabdi: «Motori qizib turganda radiatorning qopqog‘ini ochish mumkin emas. Chunki bu paytda suvi qaynagan bo‘ladi, mana bunday qilib ochib yuborsak…» deb turib radiatorning qopqog‘ini burab, ochib yuboribdi! Qaynab turgan suv osmonga qarab otilibdi! O‘zi tepasida turmaganmi, suv peshonasidan boshlab, beligacha kuydirib tashlabdi!
Hamroali aka xoxoladi. Unga qo‘shildim.
— Bekorchi gap, — Haydar aka keskin e’tiroz bildirdi. — Bitta o‘quvchim bilmasdan ochvorgandi.
— «Apolavka» ham bekor gapmi? — Hamroali aka qoshini ma’noli uchirib, gap boshladi. — Bir kuni bu juda astoydil, taxtalarni opchiqvolib, hovlisining etagida unnab yotibdi. «Mana shu yerga og‘il solmoqchiman, beton quyaman, apolavka qilyapman», dedi. Bir past qarab turdim. Navbatdagi taxta qimirlab, mix o‘tavermadi. «Orqasidan birorta yog‘och tiragin, — dedim. — Qimirlab turaversa mix o‘tarmidi undan». «E, hozir buni boplaymiz!» deb tizzasining ko‘zini taxtaga tirab, tesha bilan ura ketdi. Harqalay mix qoqildi. «O‘tmaysan-a, o‘tmaysan!» deb oyog‘ini orqaga olgandi, taxta ham qo‘shilib birga ketyapti-da! Qarasam, taxtani teshib chiqqan mix tizzasining ko‘zigacha o‘tib ketgan ekan. Teshaning zarbi deb, bilmabdi-ey!
— E-e-e! — Haydar aka qo‘l siltadi. — Taxtadan o‘tgan mix shimimga ilinib qolgan ekan.
— Haydarchilik-da! — Rahmon aka gapni ilib ketdi. — Traktor minadi, sholimning donini olib kelib berdi. Ammo setkali bo‘lgani uchun tepasi kesakiga tegib, pritsep darvozadan sig‘madi. Ko‘chaga to‘kib ketaversa, yana uni ichkariga tashish — ish. «Nima qilsak ekan?» deb tursam… «Ketmonni olib chiqing!» deb qoldi. Olib chiqdim. «Balon ostini kovlaymiz», dedi. «Odam yuraverib, mashina o‘taverib, zarang bo‘lib ketgan, bu yerni kovlab bo‘ladimi?!» dedim. «Bo‘ladi», deb qo‘limdan ketmonni oldi. Vey balo ekan — bu! Bolta o‘tmaydigan joyni ketmon bilan kovlab tashladi. Terga pishib ketdi o‘ziyam. Darvozaxonada chuqurligi bir, eni bir yarim qarchlik ariqchani paydo bo‘ldi.
Pritsep balonlarni ariqchaga moslab yurgizgandi, harqalay darvozadan sig‘di. Sholini hovliga ag‘dardi! «Qoyil!» deganday unga bosh barmog‘imni ko‘rsatdim. Iljayib ko‘z qisdi. Traktoriga gaz berdi va… sholini to‘kkanda ko‘tarilgan pritsepini tushirmasdan o‘qday otilib ket-ti!… Darvozani ham birga ko‘chaga olib chiqib ketdi!
«Vey, o‘zing bir soat unnab kovlading, atay pasaytirib yo‘l qilding, darvozani ko‘rmadingmi?» dedim jahl bilan. «Ish shoshilinch edi-da, pritsepni tushirish esdan chiqib qolibdi», deydi kulib. Keyin «ishi shoshilinch» bilan abeddan, yarim kechagacha darvozani qayta qurdik.
— Bu Tashkendayam ish qilib kelibdi-yu, atmaysanam, — Hamroali aka menga tikildi.
— Yang‘isimi? Eshitaylik…
Haydar akaga qaradim.
— Unga qarama, bizga qara! — Rahmon aka qo‘l siltadi.
— E, uni yozib bo‘lmaydi.
— Yozmasang ham bizga aytaver!
— Toshkentga supirgi sotgani borishgan ekan. Supigilarni sotib bo‘lgach, pullarini taxlab, rezinka bilan bog‘lab, shimlarining orqa cho‘ntagiga solibdi. Siroch akamnikiga kelibdi. Xojatga kirishibdi. Orqa cho‘ntakdagi pul esda yo‘q… Bir narsa dup etib pastga tushgandan keyin, pul esiga tushibdi.
O‘n minut o‘tibdi, o‘n besh minut… Yarim soat o‘tibdiyam Haydar akam chiqmasmish-da. Qo‘zi enam havotir olib, «Haydar, Haydar?» deb eshigini taqillatibdi. «Hozir!» debdi.
Uzun simga ilib olaman dermish, ololmasmish… Gurgutni chaqib tashlarmish… Simni tushirguncha gugurt o‘chi qolarmish… Bu yog‘da enam qo‘ymasmish: «Haydar, bo‘ldingmi? Nima qilyapsan o‘zi?» «Hozir!» deb gugurt chaqarmish, simni tushirarmish…
Siroj akam ishdan kelsa, hovlisi to‘la pul emish-da! Ko‘zlariga ishonmabdi. Pullarni yuvib, qurisin deb yoyib, shamol uchirib ketmasin deb ustiga bittadan tosh bostirib chiqqan ekan.
— E-e! — Haydar aka sho‘rvaning suvidan xo‘plab, cho‘michni qozon chetiga qo‘ydi. — Tuzi yaxshi, — dedi so‘ng bizga yuzlanib. — Ammo hali pishgani yo‘q. Yarim soat qaynab tursin, ungacha men bojamnikiga borib kelaman.
— Shoshma! — Rahmon aka sigaretini chaynab, o‘rnidan turdi. — Seni yarim soating uch soat bo‘ladi… Ungacha qaynayverib, sho‘rva tugaydi.
— E, aka, — Haydar aka tushuntira ketdi, — bojamning elektr arrasini pritsepga yuklatib qo‘yganman, eshikning og‘zida turibdi. Shunday traktorda boraman, pretsepni ulayman, g‘uv borib tashlab kelaman. Chichqonqishloq qochib ketibdimi!
— E, bor! — Rahmon aka sigaretini burchakka otib, joyiga o‘tirdi.
— Eson-omon borib kelsin-da, ishqilib, — Hamroali aka boshini qimirlatib qo‘ydi.
— Bitta ishkalni boshlamasa bo‘ldi — bu!
Qarta o‘yin avjiga chiqdi. Qancha vaqt o‘tdi, bilmaymiz. Traktorning shovqini eshitildi.
— Keldi, — dedi Rahmon aka derazaga bo‘ylab.
— Tez qaytvordimi? — Hamroali aka ajablangan bo‘ldi.
— Haydar-da bu, haydaydi! Mingda yuradi-da!
Haydar aka begona yigit bilan kirib keldi.
— Tepaga chiqavering, tepaga chiqavering! — dedi unga. Keyin bizga tushuntirgan bo‘ldi. — Bojam, chichqonlik bojam — Sultonali…
— Ie! — Rahmon aka ajablandi. — Sen bunikiga bormoqchiyding-u?
— Sultonalining o‘zi kelib qolgan bo‘lsa… — Hamroali aka fotihaga qo‘l ochdi. — Qani, omin, tinchlik-omonlik bo‘lsin!
— o‘alati ish bo‘ldi! — deb Haydar aka «piq» etib kuldi.
— Nima ish bo‘ldi?
— E, qo‘yaveringilar, — deb Haydar aka qo‘l siltadi. Sho‘rvaning tuzini ko‘rararkan, yana «xo-xo-xo»lab kulib yubordi. Sho‘rvaning suviga tiqilib, yo‘tala ketdi.
— Gapir munday, odamni ilhaq qilmasdan! — Hamroali aka qovog‘ini uydi. — O‘zing maza qilaverma, bizam kulaylik-da!
Haydar aka do‘ppisini boshidan olib, sholchaga tashlab, yoniga o‘zi o‘tirdi.
— G‘alati ish bo‘ldi, — Haydar aka yana kuldi. — Traktorning orqasini pritsepga to‘g‘rilab tursam, uydan xotin chiqib qoldi. «Pritsepning qozig‘ini solib qo‘y», demoqchi edim, «Ha, dadasi, yo‘l bo‘lsin?» deb so‘radi. «Bojaning arrasini abkegandigu, oborib beray, so‘rayverib ezib yubordi», dedim. «Unda jinday shoshmay turing, — xotini qoshin uchirib, kulimsiradi, — menam pritsepingizga chiqib olay, siz bilan borib ham singlimni ko‘raman, ham kataysa qilib kelaman», deb uyga kirib ketdi. «Tezroq chiq, ish qaynab yotibdi! deganimcha qoldim. Xotin chiqdi, gazni bosdim.
Bojam yaxshi uyda ekan.
— Bu yog‘ini siz aytib bering! — u Sultonaliga qaradi. — Men gapirolmay, kulib yuboraman.
— Eshikdan chiqishim bilan, kabinadan boshini chiqarib, salom yo‘q, alik yo‘q, «Keyin so‘rashaveramiz, ish qaynab yotibdi, bir-ikkita qo‘shnilardan chaqiring, arra tushirishib yuborishsin!» dedi. Hayron bo‘lib qoldim. «Nimaga og‘zingiz ochiladi, chaqiring qo‘shnilarni!» deb do‘q urishga o‘tdi. «Arra qani?» sekin so‘radim. «Ana, orqada, pritsepda turibdi!» dedi. Orqasiga qarab, hech narsani ko‘rmadim. «Pritsep qani?» deb so‘radim! «Nima balo, boja, mastmisiz?» dedi. Keyin… Haydar akam orqasiga qaradi-da, rangi o‘chib ketdi. «Qani pritsep?» dedim. «Siz pritsepti qo‘yib turing-u, kataysa qilib kelaman deb, chiqib olgandi, bizning xotin qani?» dedi.
«Xo-xo»lashdik.
— Bojam ikkovimiz hovliqib, traktorni yurgan yo‘limdan bosdik, — Haydar aka kulib, o‘ziniki yo‘qday, tizzamga shapatiladi. — Qishloqqa kelsak, pritsep eshik og‘zida qanday qo‘ygan bo‘lsak, shunday turibdi. Tepasida yasan-tusan qilib, tuguncha quchoqlagan opang o‘tiribdi! «Ha, dadasi, hay-haylashimga qaramay, traktoringizni uchirib kevordingiz. O‘tiribman endi, qachon kataysa qildirarkan deb!» deydi. «Oldin qozig‘ini solib, traktorga ulab, keyin pritsepga chiqsang o‘larmiding!» dedim. Sho‘rvani ichvolib, keyin arrani tashlab kelarmiz, deb bojamni boshlab kelyapman.
— Bag‘i, Haydarchilik-da, Haydarchilik! Sho‘rvani quy-e! — dedi Rahmon aka.