1. Otalar va bolalar
Kattakon yer o‘choq oldida bir qariya chirsillab yonayotgan o‘tga qarab jimgina o‘tiribdi. Ufqda anchadan beri kimxobdek ko‘zni olayotgan olovrang shafaq suv purkagandek bir zumda o‘chdi-yu, cho‘l ustini nim qorong‘ilik bosdi. Olisda ikki traktor hamma yoqni ostin-ustin qilib vag‘illab yuribdi. Ularning faralari har zamon bir-birlari bilan to‘qnashib qilichdek chaqnaydi. Chol guldirakka quloq solib o‘choqdagi o‘tdan ko‘zini olmay hamon nimaningdir xayolini suradi. Nimani o‘ylayotganikin? Kim biladi, uning ko‘pni ko‘rgan keksa xotirasiga nimalar keldiykin? Har bosgan qadami tarix, har aytgan gapi hikmat bu keksaning, eslasa arzigulik xotiralari bor. Ko‘pincha u kechirgan kunlarini, qilgan ishlarini o‘zi gapirmasdi, boshqalar gapirishardi. Gapirganda ham oshirib-toshirib, qo‘shib-chatib gapirishardi. Shunaqa paytlarda u gapga aralashib, hoy bola, oshirma, toshirma, bosmachini bitta o‘zim yengmagandirman, boshqalar ham bordir, kolxozni bitta o‘zim qurmagandirman, boshqalar ham bordir, deb gap tashlab qo‘yardi-da, o‘zi o‘rnidan turib davradan chiqib ketardi.
Hozir u cho‘l shamolida goh u yoqqa, goh bu yoqqa silkinib yonayotgan o‘tga qarab nimani o‘ylab ketdiykin? Bolalarinimi? Nevaralarinimi? Toshbo‘ron bo‘lib o‘lgan sambitdek singlisinimi? Qandoq qiz edi-ya! Bu tomonlarda hammadan oldin paranjisini tashlagandi. Shunaqa o‘t juvon edi. Nomard eri toshbo‘ron qildirdi. E, attang, marhuma tirik bo‘lsa oltmishga kirarmidi…
Ot dukuri eshitildi-yu, xayoli bo‘lindi. U bosh ko‘tarib qaragan edi, o‘choqdan sal nariroqda bir otliqni ko‘rdi.
— Omonlikmi, qariya!— dedi yo‘lovchi uzangiga oyoq tirab egardan ko‘tarilar ekan.
Chol shoshib o‘rnidan turdi-da, uning istiqboliga chiqdi.
Yo‘lovchi tizginni egar qoshiga omonat tashlab, ildam kelib cholning qo‘lini oldi. Hol-ahvol, omonlik so‘rashgandan keyin, chol uni berigi brezent chodirga boshlab kirdi. Chiroq yoqib uni o‘tqazdi.
— Yo‘llari bo‘lsin, mehmon, o‘zlarini bu biy dalaga qaysi shamol boshlab keldi.
Yo‘lovchi boshidan qalpog‘ini olib tizzasida taxlab, popugini o‘ynab o‘tirdi-da, kulib qo‘ydi.
— Usi jerde maqta ekib jatqan bir jigit ovulimdi bespokoysa qilib jatir. Aynalayim o‘tag‘asi, qudayim bergan neberemdi tinish qo‘ysin.
Chol nima gapligiga tushunolmay hayron bo‘lib qoldi. Cho‘lda traktor minib yurganlardan to‘rttovi bola-chaqalik, faqat bittagina uning nevarasi bo‘ydoq. Bo‘yniginang uzilmagur Shamsining qilig‘imikin bu? Chol savol nazari bilan mehmonga qaradi.
Mehmon kula-kula bo‘lgan voqeani gapirib ketdi.
Uning Suluv degan nevarasi bor ekan. Otasi urushda o‘lib ketgan, onasi Olmaotada konserva zavodida laborantlik qilar ekan. Chol tug‘ilib o‘sgan shu cho‘llardan ketgisi kelmay, cho‘ponlarga qarashib yurar ekan. U nevarasi Suluvga juda o‘rganib qolganidan qizi uni olib ketolmay boboyning oldida qoldirgan ekan. Yaqin bir oydan beri bir yigit kechalari ovulga kelib itlarni vovullatib Suluvni chaqirarmish. Avvaliga otasidan xijolat tortib turgan Suluv, keyinchalik tiq etsa cho‘lga qaraydigan, it akillashi bilan allaqayoqqa zim g‘oyib bo‘ladigan qiliq chiqaribdi.
— Ovulding itterida jigitingmen kelisip qoldig‘o‘y. Endi kelse indemeydi. Quyrug‘ini dikilletedi.
Ikki qariya qotib-qotib kulishdi. Chol dasturxon yozdi. Qand-qursni to‘kib tashladi.
— Shayingdi qo‘yatur, qariya. Manov gapga ne diysin, aytag‘o‘y.
Nol soqolini g‘ijimlab o‘ylab turdi-da, yana kuldi.
— Nege kulesin, o‘tag‘asi?
— Kulayotganim yo‘q, mehmon. Hozirgi zamonning bolalariga bizning tishimiz o‘tmaydi. Bir-biri bilan don olishib qolgan bo‘lsa, siz bilan biz ne qilamiz. Quda bo‘lishdan boshqa ilojimiz yo‘q. Shoshmang, yigitlar ishdan qaytadigan payt bo‘ldi, oshga gurunch tashlab qo‘yay.
Chol shoshib chodirdan chiqdi-da, o‘choqdagi o‘tni balandlatib qozonga gurunch soldi. Temir kaltakka ilingan uvada o‘ramiga kerosin sepib gugurt chaqdi. Mash’ala gurullab cho‘lning uzoq-yaqinini yoritdi. Chodirdan mehmon ham chiqib mash’ala yorug‘ida qozon kavlayotgan cholga qarab turardi. Uning yuzlari qip-qizil. Bitta ham ajini yo‘q. Gavdasi quyib qo‘ygandek baquvvat. Yelkasiga tashlab olgan chakmonining barlari shamolda har silkinganida burgut uchishga talpinayotganga o‘xshab ketadi. Qisiq ko‘zlari tun qa’ridagi olislarni ko‘rayotgandek…
Cho‘l odamlari shunaqa bo‘ladi. Ayniqsa umrini cho‘llarda shamoldek kezib o‘tkazgan qozoqlar kengliklarda yashab, olis yo‘llarni bir qarashda ko‘radigan bo‘lib qolishgan. Cho‘l qozoqlari erta bilan ovuldan chiqishidayoq quyoshning yerdan ko‘tarilishini ko‘rmasa, uning kech payt botishini ko‘rmasa, yuragi siqilib ketadi. Shunday, qozoqlar kenglikni, erkinlikni sevadilar. Ovuliga tushgan qo‘noqni et bilan, qimiz bilan siylamagan qozoqni bular qozoq demaydi. Qadimdan udum bo‘lgan bu odatni ular hamon saqlab kelishadi. Mehmondo‘stlik ularning milliy odatiga aylanib ketgan.
Mash’ala hamon charsillab yonib turibdi. Osmonda yulduz to‘lib ketdi. Lipillab yonadi, o‘chadi. Xuddi koinotga chaqirayotgandek imlashadi. Ufq etagi xira pardaga o‘ralgandek bir zum sokin turib qoladi-da, qizarib-bo‘zarib ketmondek oyning yarmi ko‘rinadi.
Mehmon o‘choq oldiga keldi.
— Utti nege jaqting, qariya?
— Yigitlarni chaqirdim. Mash’ala yoqqanimda ishni tugatib ovqatga kelishadi. Ko‘ryapsizmi, oy to‘lishgan payt. Kechasi ham shudgor olishayapti, bir-ikki soat dam olib yana ishga tushib ketishadi.
Chol gapini tugatmagan ham ediki, traktorlarning shovqini birin-ketin tindi.
— Hozir kelib qolishadi.
Yana motor shovqini eshitildi.
— Shamsining mototsikli,— dedi chol cho‘l bag‘riga quloq tutib.
Motor tovushi borgan sari sekinlashib, oxiri qorong‘ilikda jimib ketdi.
— Bo‘yning uzilmagur tentagim yana ketdi.
Mehmon ham ketmoqchi bo‘lib otining jilovidan tutgan edi, chol uni qaytardi.
— Mehmon, unaqa qilmang, tayyor ovqatni tashlab ketmang, xafa bo‘laman. Qozoqdan siylov ko‘rgan odamman. Yigitlarimiz bilan birpas hangomalashib, keyin ketasiz.
— Jigitingde kazir keleme?
— Kelmaydi. Mototsiklini patillatib Suluvingizning oldiga ketdi.
Mehmonnipg ko‘zi olazarak bo‘lib qoldi.
— O‘tiring, quda, boshqa iloj yo‘q.
Mash’ala vishillab-vishillab mushtdekkina cho‘g‘ga aylandi-yu, oxiri uni ham cho‘l shamollari uchqunga aylantirib har tomonga nurli to‘zon qilib uchirib ketd. Chol oshni damlab o‘choqdan cho‘g‘ni tortdi. Samovarning quvuriga belkurakda cho‘g‘ tashladi-da, mehmonni qaytarib ichkariga olib kirdi. Tashqaridai gangur-gungir tovushlar eshitildi. Zum o‘tmay chodirga oldinma-ketin to‘rt yigit kirdi. Chol chiroqning piligini ko‘tarib qo‘ydi. Mehmon ular hurmati uchun o‘rnidan turdi. Birpasda tanishib ketishdi-yu, gap bu yilgi bahor, ob-havo, qancha yerga paxta, qancha yerga sabzavot ekish ustida ketdi. Mehmon ularning gaplariga quloq solib o‘tirar ekan, nevarasi Suluvni o‘ylar, unga oshiq bo‘lgan yigitning qanaqaligini bilgisi kelardi. Oxiri gap Shamsiga borib qadaldi.
— Shamsining oshini boshqa suzing. Salim ota. Ketdi uningiz, o‘sha Suluvining oldiga. Tentagingiz yomonam oshiq bo‘libdi-da. Qo‘li traktor rulida-yu, ko‘zi o‘sha tomonda. Na qulog‘iga gap kiradi, na ko‘ziga odam ko‘rinadi. Tezroq boshini ikki, oyog‘ini to‘rt qilib qo‘ymasangiz devona bo‘lib qoladi buningiz.
Chol ayyorcha kulib, do‘ppining tagida odam bor, ehtiyot bo‘l, degandek imlab qo‘ydi. U, yana Shamsini chalpima, yaxshisini oshir, yomonini yashir, demoqchi edi-yu, gap qotgan yigit befahmlik qilib boshqa gapni o‘rtaga suqib qo‘ydi.
— Katta akamning qizi oqi oq, qizili qizil bo‘lib yetilib turibdi. Bir og‘iz shama qilib qo‘yganda, o‘lay agar, o‘rtaga tushardim. Shunaqa-da, tayyori turganda notayyoriga yuguradi, hozirgi bolalar.
Oraga sal jimlik tushdi. Pastda o‘tirgan puchuqroq yigitni Salim ota imlab tashqariga olib chiqib ketdi. Yigit zum o‘tmay choy ko‘tarib qaytib kirdi.
Ana shundan keyin gap Shamsining ta’rifiga ko‘chib ketdi. Uning nechta medali borligi, raykom komsomolning byuro a’zosi ekanligi, Varshavadagi Jahon yoshlari festivaliga qatnashib, «Andijon polka»sini qotirib laureat bo‘lgani, kolxoz sekretari bir oy allaqayoqqa otpuskaga borib xotinlarga o‘xshab soch qo‘yib, «stilyaga» bo‘lib kelganida Shamsi uning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab sartaroshxonaga opkirib, o‘zi sochiga ustara solgani, tor shimini yechib tumonat ichida trusigi bilan uyiga haydaganigacha gap bo‘ldi.
— Festivaldan kelgandan keyin juda oshig‘i ko‘payib ketdi. Parijdan, Qohiradan, Vashingtondan, odamning tili kelishmaydigan Rio-de-Janeyro degan joylardan qizlar xat yozib turishadi. O‘shanaqa joylardan har xat kelganda, akam o‘zlari tushunmay, ha do‘st, shaharga tushib Chet tillar institutidagi bolalarga o‘qitib, o‘shalarga xat yozdirib keladilar.
Bu yerda-ku Shamsivoyning ta’riflari bo‘lib turibdi. U kishining o‘zlari shu topda nima qilayotgan ekanlar?..
Mototsikl chirog‘i cho‘l qorong‘iligini shamshirdek ikkiga bo‘lib uchib ketyapti. Do‘ngliklarda qaqqayib turgan yumronqoziqlar chiroqdan esankirab, inlari atrofida chir aylanishadi. Shalponquloq quyonlar yo‘lni cho‘rt kesib u yoqdan bu yoqqa o‘tib qolishadi. Shamsi ularga parvo qilmay, hamon jadal ilgarilaydi. Chiroq tepalikka urilib, yana pastga sirg‘anib tushdi. Kattakon bir it mototsiklga qarama-qarshi yurib kelmoqda. U Shamsiga yaqin keldi-yu, dumini likillatib oldiga tushib yuraverdi. It uni har galgi uchrashuv joyiga emas, katta do‘nglik tomonga boshladi. Azim xarsang tosh ustida turgan qizga chiroq shu’lasi tushdi. U o‘tkir nurdan ko‘zlari qamashishiga qaramay sakrab yugura boshladi. Shamsi motorni o‘chirib, chiroqni yoqiq qoldirganicha qizga intildi. It hamon dumini likillatib uning atrofida parvona edi.
Jamiki kitoblarda, hatto hayotning o‘zida ham oshiq-ma’shuqlarning uchrashuvi, aytadigan gaplari bir xil bo‘ladi. Mana shu masalada standartlik, shtampchilik bor. Oshiq ham, ma’shuq ham oyga qaraydi. Ikkovi ham xo‘rsinadi. Aytadigan gaplari ko‘p bo‘lsa ham aytolmay bir-birlariga qarab turaverishadi. Yigit qizning qo‘lidan ushlab silaydi, boringki zo‘r kelsa bitta o‘padi ham…
Ammo bizning bu oshiq-ma’shuqlar anovi standart oshiqlarga sira o‘xshashmaydi. Oshiq-ma’shuqlikning qonun-qoidasi yo‘q. Bo‘lganda ham kim unga amal qilardi, deysiz. Yurak gupillab urib turganda, qon qizib miyaga urganda, ikki yurak bir-birining ichiga kirib ketaman deb turganda kim bunaqa qoidaga amal qilardi!
Suluv xalloslaganicha kelib Shamsining bag‘riga tashlandi. Shamsi uning sochlaridan, boshu bo‘yinlaridan siladi. Bu oshiq-ma’shuq tushmagurlar kitoblardagi oshiqlarga o‘xshab oyga ham, mo‘ltillab turgan yulduzlarga ham qarashmadi. Ayniqsa Zuhra yulduzi ular qararmikin, deb shuncha imlaydi, yo‘q, qarashmadi. Oxiri u zarda qilgandek yuziga xira bir bulutchani parda qilib tutib oldi. Ammo eski, ko‘p oshiqlardan beva qolgan oy ulardan ko‘zini olmay turib olgan edi.
Endi gapni bu tomondan eshiting. Salim ota bilan yigitlar mehmonni izzat-ikrom bilan kuzatib tashqariga chiqishdi. Bularning har ikkovi ham qudalikni bo‘yinlariga olgan edilar. Ertaga besh kishi bo‘lib, yaylovga borib, shu ishning shundoq bo‘lganini ovulga ma’lum qiladigan bo‘lishdi. Yigitlar u bilan xayr-xo‘shlashib ishlariga ketishdi. Ikki qariya oydin kechada ot jilovidan yetaklab ancha vaqtgacha cho‘l kezib yurishdi.
Cho‘lning ikki burchidagi ikki odam biriga qiz berib, biriga o‘g‘il berib to‘y qilish rejasi bilan band edilar. Bolalar, nevaralar xayoli bilan katta do‘ng oldiga yetib qolganlarini sezishmadi. Xuddi shu yerdan, shu do‘ngdan ikki respublikaning chegarasi o‘tardi. Ular keksayib qolgan, muhabbat hislarini unutib yuborgan bo‘lishlariga qaramay, inson muhabbati hech qanday chegarani tan olmasligini bilishardi.
Mehmon qo‘lini cho‘zib chiroqlar porlagan tomonni ko‘rsatdi.
— Ovulim manov qirding ostinda, kelaber, bovurim,— dedi.
Salim ota chiroqlarga tikilib turdi-da:
— Boraman, albatta boraman,— dedi.
Olisdan mototsiklning yakka ko‘zi porladi.
— Kuyovingiz kelyapti,— dedi ota.
— Aynalayim,— dedi quda.
Uning tovushida allaqanday iliq, otaning arzanda bolasiga aytadigan g‘alati bir mehri bor edi.
2. Quda qudag‘aylar
Salim ota bu yoqlarga ko‘p kelgan. Kuzda qozoqlar to‘qayga o‘t qo‘yishardi. Bir necha kun shu do‘ng orqasidan alanga chiqib turardi. Ana shundan keyin cho‘ponlar kuygan to‘qaydan kuyib, tayyor kabob bo‘lgan bedanalarni, qirg‘ovullarni terib ketishardi. Hozir o‘sha to‘qay qamishlari belga urib ko‘m-ko‘k bo‘lib turibdi. Shamsi mototsiklining lampasini almashtirib turganida shu to‘qay tomondan bir gala kiyik chiqib do‘ngga qarab asta keta boshladi. Shamsi avvaliga angrayib turib qoldi-yu, keyin shoshib egarga mindi. O‘qdek uchib kiyiklar ketidan ketdi. Kiyik qochsa hech tutqich bermaydi. Mana, hozir ham ular goh so‘qmoqni kesib o‘tib, goh shudgorni changitib yugurishardi. Shamsi ularni to katta do‘nggacha quvdi-yu, shu yerga kelganda izni yo‘qotdi. Angrayib u yoq-bu yoqqa qarab turganida kattakon bir it yugurib kelaverdi. Shamsining o‘takasi yorilgudek bo‘lib, qo‘rqib ketdi. Qani endi motor o‘lgur o‘t ola qolsa. Shoshganda shunaqa bo‘ladi. It yaqinlashib qoldi. Shu payt past tomondan ayol kishining ovozi keldi:
— Arstan! Arstan!..
Shamsi u yoq-bu yoqqa qaradi. It to‘xtab dumini likillatganicha hurib turaverdi.
Pastdan qizil ro‘mol o‘ragan qiz oqsoqlanib chiqib kelardi. Uni ko‘rib Shamsi bir qadam oldinga bosdi.
— Qo‘rqpa, qo‘rqpa, jigit,— dedi qiz Shamsining esankirab qolganini ko‘rib.
Shamsi xijolatlikda yutinib qo‘ydi.
— Kiyikdi, sen quvdingba?
Shamsining tiliga gap kelmasdi. U qiziq ahvolda qoldi. Hali itdan qo‘rqqani tarqamay turib oldidan xayolga ham kelmagan chiroyli bir qiz chiqib, uni esankiratib qo‘ygan edi.
Shamsi shu kichkinagina umrida ko‘p qizlarni ko‘rgan. Dunyodagi jamiki qizlarni ko‘rgan, gaplashgan desa bo‘ladi. Varshavadagi Jahon yoshlari festivaliga qatnashganda hammasini ko‘rgan. Nazarida hozir ularning bari shu qizil ro‘mol o‘ragan qozoq qizining oldidan aylanib o‘taversin. Chindan ham u munaqasini ko‘rmagan. Birpasda yuragining allaqayeri jiz etib ketdi. Ammo Shamsi ham uncha-muncha yigitga husnini qarz ber-sa arzigulik xushro‘y o‘spirinlardan edi.
— Jigit, seni mog‘an qudayim jetkezdi,— dedi qiz,— tasdan jig‘ilib tusdim. Ovulga jetkezib qo‘ymeysenbe?
Shamsi boya itdan qo‘rqqani uchun qizning oqsoqlanayotganini bilmay qolgan ekan.
U dadil yurib unga yaqinlashayotgan edi, it hurib tashlanib qoldi. Qiz uni haydab soldi.
— Nima bo‘ldi?— Shamsi cho‘kkalab qizning lat yegan oyog‘ini ushladi.
— Qizg‘aldoq teraman dep manov tasding usdiga shig‘ib edim, aynalayim, ovulga jetkez.
— Xo‘p, xo‘p,— dedi Shamsi va mototsiklni yetaklab qizning oldiga keldi.
— Qaysi tomonga boramiz?
— Juraber, itting o‘zi jo‘l bastaydi.
Qiz mingashgandan keyin Arslon pildirab so‘qmoqdan yugurib ketdi.
Hamma yoq lola. Xuddi qirlarga qizil baxmal yopib qo‘ygandek. Shu sokin yaylovda motor tovushi-yu, shamolning guvillashidan boshqa narsa ularning qulog‘iga kirmasdi. Qiz mototsiklga umrida mingashmagan ekan shekilli, Shamsining orqasiga shunday yopishib, quchoqlab oldiki, uning yurak urishi bemalol bilinib turardi. Qizning qo‘li bo‘lsa Shamsining ko‘ksida. Balki u ham yigitning yurak urishini bilayotgandir.
Hozirgina yashnab turgan osmonni bulut o‘radi-yu, shatir-shutir qilib yomg‘ir quya boshladi. Biy dala, yashirinadigan joy qayoqda deysiz. Ularning ikkovi ham ivib shalabbo bo‘lib ketishdi. Shamsi bir dam to‘xtab kurtkasini yechib qizning boshiga yopib qo‘ydi. Avvaliga qiz ko‘nmagan edi, yigit qistayvergandan keyin, noiloj ko‘ndi. Yana yo‘lga tushishdi. Uzoqdan pichan g‘aramlari ko‘rina boshladi.
— O‘si jerde to‘xtat,— dedi qiz. Uning gapini shovqindan Shamsi eshitmadi. Ammo uning o‘zi ham shu joyni mo‘ljalga olib kelayotgan edi.
Bu g‘aramlar xuddi cho‘l o‘rtasida bodrab chiqqan azamat qo‘ziqoring‘a o‘xshab ketardi. G‘aramlar tagiga kelgan qo‘y-qo‘zilar atrofidan yeyaverib past tomonini ingichka qilib qo‘yishgan. Bu xuddi shahar parklaridagi morojenoye budkalariga ham o‘xshab ketardi. Qiz bilan yigit shu pichan soyabon tagiga suqilishdi. Jala quygandan quyib yotibdi. Yomg‘ir iplari shamolda cho‘zilib ba’zan ularning ham yuz-ko‘zini savalab o‘tib ketardi. Shamsi yurak yutib gap boshladi.
— Kimligingizni bilib qo‘ysam, maylimi? Mening otim Shamsi, brigadamiz manavi yoqqa paxta ekyapti.
Qiz kuldi. Unga boshdan-oyoq bir qarab oldi-da, sekin javob berdi:
— Atim Suluv. Zootexnikmen. Qolqozding mal sharvasi o‘si jaylovda.
Yana jimlik. Yomg‘irning sharrosi, shamolning to‘poloni, pichanning shitirlashi.
Qasir-qusur qilib bir-ikki marta momaqaldiroq gumburladi-yu, bulutni shamol surib ketdi.
Ho‘l maysalar oftobda yaltiradi. Pichan tagida qip-qizil tilini osiltirib yotgan Arslonnint junlaridan hovur ko‘tarildi. Shamsi bilan Suluv qiz ham tashqariga chiqishdi. Qizning ho‘l bo‘lib ketgan ko‘ylaklari g‘ijimlanib, badaniga yopishib ketgan. Shamsi uning kelishgan qomatiga bir zum mahliyo bo‘lib, turib qoldi. Qiz uning bu qarashidan andisha qilib, ketamizmi, degandek qarab qo‘ydi. Shamsi yo‘lga qaradi. Yomg‘ir ko‘lobi hali so‘qmoqlarda yaltirab turardi.
— Birpas sabr qilaylik. Shamol yo‘lni yalab o‘tsin. Oyog‘ingiz qalay, hali ham og‘riyaptimi?
Suluv bosh irg‘ab «ha» ishorasini qildi. Shamsi shu topda uni, agar mototsikl yurmasa, qo‘lda ko‘tarib ketishga ham tayyor. Bu qiz uni tamoman sehrlab qo‘ygandi. Mototsiklni yetaklab uni kuzatib qo‘yishni ham o‘ylab ko‘rdi, ammo qizning oyog‘i bu xilda og‘rib tursa, yetib olish qiyin. Shamsining mardligi tutib, uni egarga o‘tqazdi-yu, ruldan ushlab yetakladi. Shu alpozda bir kilometrcha yo‘l yurishdi. Shamol yerni yalab anchagina quritib qo‘yibdi. Oxirgi g‘aramdan keyin Shamsi ham egarga mindi. Yaylovga yaqin qolgan ekan, uzoqdan bir necha o‘tov ko‘rindi.
Arslon oldinda yelib boradi, har zamon tilini osiltirib orqasiga qarab yana jadallab yuguradi. Shamsi yo‘lda yomg‘ir ko‘lobi tez-tez uchrab turganidan mototsiklni unchalik tez haydamasdi. Arslon ulardan oldinlab ketib g‘uj o‘tovlar orasiga kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Yaylov deganda Shamsining ko‘ziga daraxtsiz, suvsiz o‘tloq ko‘rinardi. Bu yaylov u o‘ylagan o‘tloqqa o‘xshamasdi. O‘tovlar tepasida televizor antennalari ko‘rinib turibdi. Avtolavka oldida moy idish ko‘targan, buxanka non qo‘ltiqlagan xotinlar ko‘rinadi. O‘tov oldiga sholcha yozib o‘tirgan qariyalar radio tinglashadi. Manqallardan tutun burqsib turibdi. Pastlikda «P» harfiga o‘xshagan tirgovichda arg‘imchoq.
Shamsi oq kigiz o‘tov oldida motorni o‘chirdi.
— Jetdik,— dedi Suluv egardan tusharkan. Narigi o‘tovdan bir kampir chiqdi. U Suluvning oqsoqlanayotganini ko‘rib:
— Ne bo‘ldi, shirag‘im?— deb so‘radi.
Suluv, hech gap emas degandek, qo‘l siltab qo‘ydi.
— Atang ovulga ketdi. Tamaq jeseng qazanda.
Shamsi ketmoqchi bo‘lib turgan edi, Suluv qo‘yarda-qo‘ymay o‘tovga olib kirdi. O‘tovning ichi ozoda. To‘rda televizor, radio. Suluv oqsoqlana-oqsoqlana ko‘rpacha to‘shadi, dasturxon yozdi.
— Al, ashiqdingov, olag‘o‘y, Semsi.
Birpasda o‘tov ichi yigit-yalangga, qizlarga to‘lib ketdi. Allapallagacha gurunglashib o‘tirishdi. Keyin ko‘pchilik bo‘lib uni so‘qmoqqacha kuzatib qo‘yishdi. Shamsi odamlar oldida ko‘ngliga tugilgan gaplarni Suluvga aytolmay armonda yo‘liga qaytdi.
Mana shu voqeadan keyin Shamsining ikki ko‘zi katta do‘ng tarafda bo‘lib qoldi. yigitlarning ko‘zini shamg‘alat qilib o‘sha tomonga g‘oyib bo‘ladigan qiliq chiqardi.
Bundan bir haftacha burun u Suluv bilan ochiqchasiga gaplashdi. Qiz uning dardini obdan eshitib indamay qo‘ya qoldi. O‘sha kuni yaylov etagidagi yalanglikda katta davra bo‘lib yigit-qizlar o‘lan aytib, aytishuv qilib o‘tirishganda Shamsi borib qoldi. Yosh-yalang Shamsini tanib qolganidan uni ham davraga tortishdi. Shunda Suluv Shamsining oldiga bir choynak choy bilan piyola qo‘yib ketdi. Bu qozoq odati bo‘yicha, sen bilan aytishaman, seni sevaman degani bo‘ladi. Shamsi ko‘p joylarni ko‘rgan, ko‘p ishlarni qilgan bo‘lsa ham, bayt aytishga yo‘qroq edi. Nima qilishini bilmay birpas olazarak bo‘lib turib, keyin qiziqchilikka olib bir gap aytibdi.
— Men aytisuvni bilmayman, avval sizlarga pochcha bo‘lib olay, keyin Suluv bilan qanaqa aytishganimni ko‘rasizlar.
— Jo‘q, jo‘q, aytisuvga tusesen,— deb turib olishibdi yigitlar.
— Bo‘lmasa, bitta o‘zbekcha qo‘shiq aytib bera qolay, maylimi?
— Mayli, aytag‘o‘y, Semsi,— deb oxiri rozi bo‘lishibdi.
Shamsi o‘rnidan turib do‘ppisini ikki buklab «Bog‘ aro»ni shunaqayam baland avjdan aytibdiki, hammasi qoyil qolishibdi. Ana shundan keyin «Olti baqan» — arg‘imchoq aytisuviga tortishibdi. Shamsi bilan Suluvni arg‘imchoqqa chiqazib o‘zlari atrofga tizilib olishibdi. Odamlarning shovqini orasida ularga bildirmay Suluv Shamsiga aytisuvning baytlarini o‘rgatib turibdi. Shamsi undan eshitganlarini qattiq-qattiq aytib hammani qoyil qoldiribdi. O‘tov oldida ularga qarab angrayib turgan kampirlar havaslari kelib:
— Ay-hay, shirkin jiirmabes, qaydasing?! (Voy-voy, kechgan yigirma besh yoshim qaydasan?!) — deb kulib qo‘yishardi.
Shu-shu bo‘ldi-yu, Shamsi ovulga pashshaxo‘rda bo‘ldi qo‘ydi. Avvallari kechalari kelganda ovul itlari uni oldilariga solib quvlab qolishardi. Bora-bora ular ham Shamsiga o‘rganib qolishdi. Suluvga ko‘zi kuyib yurgan yigitlar bir-ikki marta Shamsining yo‘lini poylashdi ham. Shamsiga teng kelib bo‘larmidi, ularga so‘z bermadi, oxiri ular Suluvning qo‘ldan ketganiga tan berib, indamay qolishdi. Shamsining brigadasi yer haydab chigit qadashga tushib ketib, bir-ikki kun ovulga kelolmay qoldi. Shunda ovul qizlari Suluvdan: Semsi kelgan jo‘qmi, deb so‘rashardi. Suluv bo‘lsa Arslonni ergashtirib katta do‘ngga kelar, uzoqdan kelayotgan traktor shovqiniga quloq solib, uni kutib o‘tirardi. Olisdan tun qorong‘isini teshib yakka chiroq ko‘rinsa, u albatta «Semsi kelib jatir» deb sevinardi.
Ikki respublika o‘rtasida borib-kelaverib Shamsi ozib, cho‘p bo‘lib ketdi. Kuni bilan traktor haydaydi, chigit qadaydi, kechqurun, og‘aynilari dam olayotganda u cho‘l kezib Suluvining oldiga ketadi. Qoq yarim kechada, hamma uxlaganda, qaytib keladi-da, yana el qatori vaqtli turib ishga chiqadi.
Suluv ham undan battar edi. Uning bir o‘zbek yigitiga aylanishib qolganini, kechalari u bilan uchrashganini katta do‘ngga ketib sahar paytida qaytib kelishini otasi payqab yurardi. U nabirasining bu ahvoliga achinib, gapga solib ko‘rgan edi, qiz ochiq-yorug‘ bir gap aytmadi. Oxiri otga minib o‘sha «maqta ekib jatqan o‘zbeklar bilan so‘ylasib» qo‘ygani ketdi. Bordi-yu, bir suhbatdayoq bo‘lmish kuyovning, qudasining kimligini bilib qaytdi. Beixtiyor: «sizdi attab qayg‘a boramiz, bir jerding o‘tini o‘ttab, suvini suvdab juribmiz, avuldi uzaytirib qaytamiz, avliyo attag‘an o‘ngbas, degang‘o‘y», deb yuborganini bilmay qolgandi. Bo‘lmish qudaning oldidan qaytib cho‘pon ratsiyasi bilan Olmaotaga — qizi Oqmorolga: Suluv kuyovga chiqayapti, tez kel, deb xabar yetkazdi.
Besimboy otaning gapi to‘g‘ri edi. Bu yerning qozoqlari ham, o‘zbeklari ham bir daryoning suvini ichishadi, bir yaylovga chorva haydashadi. Farhod chirog‘i har ikkovining ham uyida yonadi. Bular bir-biri bilan allaqachonlaroq chatishib ketgan edi. Ular o‘rtasidagi do‘stlik, qarindoshlik allaqachonlar chegaradan hatlab o‘tib ketgan edi.
Bu cho‘llarda ko‘pdan buyon qozoqning o‘lani, o‘zbekning katta ashulasi yangrardi. Endi gal: «yor-yor»ga, «aytisuv»ga…
Bu kunlarni hammadan burun Suluv bilan Shamsi orziqib kutishardi.
Bugun Salim ota to‘rt kishi bo‘lib qizning boshini boylagani do‘ng oshib yaylovga otlandi. U egar qoshiga tuguncha qo‘yib shirin xayollar bilan ketyapti. Tugunda kelinga bozorliq — sovg‘a, qudasiga «Samarxanda jumurlang‘an unidi shay (hind choyi)» olib boryapti.
Kelin taraf nima sovg‘a tayyorlayotganikin. Qozoqlar uch million olti yuz oltmish ming gektar yerni sep qilib qiz uzatayotganidan chol hali bexabar edi.
Katta do‘ng oldida o‘n choqli otliq qudalarni kutib turardi.
Shamsi bilan Suluv bo‘lsa qo‘ziqoringa o‘xshagan g‘aram tagida bir-birlariga tikilib, bir-birlarini yalab-yulqab, bir-birlariga silab-siypashib o‘tirishardi.
Bunisi Suluvim desa, unisi Semsim, deb to‘ymasdi.