Kun ko‘ngilsizlik bilan boshlandi. Ko‘zoynagi sinib qoldi. Gardish va quloq ortiga o‘tadigan bandni bir-biriga ulab turadigan, mitti murvatcha joylashgan temir “quloqcha” uzilib tushdi. Aslida uning bu matohi almisoqdan qolgan edi. Qizi ko‘pincha achchiqlanib: “Yo‘qotsangiz-chi shuni, – derdi. – Hech o‘zingizga qaramaysiz-a? O‘zim boshqasini tanlab beraqolaymi sizga?”
“O‘ziga qarash” degan harakatmi yoki shunga o‘xshash bir narsaga tuzukroq ko‘zoynak tanlash ham kirardi. Lekin u shu choqqacha bu matohning yarashig‘ini uchratmagandi. Nazarida ularning bari beso‘naqay, uning yuzida esa juda o‘xshovsiz ko‘rinardi. Yo‘qsa, u ko‘zoynak yarashgan, hatto o‘zgacha chiroy, salobat va ko‘rk bergan ko‘p kishilarni bilardi. “Demak, mening yuzim… Yo‘g‘-e… Ko‘zoynakdan omadim chopmagan, xolos”, – deya o‘zini o‘zi yupatib qo‘yardi ba’zan.
Shu bois u o‘n yildan beri ko‘zoynak taqmas, kontakt linzadan foydalanadigan bo‘lgan, ko‘zoynagi esa har ehtimolga qarshi javonda, g‘ilof ichida turadigan ehtiyot chorasiga aylangan, ehtiyot chora atalmish narsa uchun esa bosh qotirishni, mo‘may pul sarflashni istamayotgan edi. Ikki haftadan beri boshi shamollashdan chiqmagani uchun linza taqmasdi (har to‘kisda bir ayb bor ekan-da, linza qancha qulay bo‘lmasin, shamollaganda, ko‘z og‘riganda taqish mumkin emas edi), kuni shu jigarrang gardishli, oynagi qalin ko‘zoynakka qolgan edi.
Ko‘zoynak unga bolaligidan hamroh. Sakkiz yoshlarda edi, o‘qituvchi: “Bolangiz sinf taxtasiga yozganlarimni ko‘ra olmay qiynalyapti”, deya o‘zicha tanbeh bergandi. Shu kuniyoq onasi uni ko‘z shifokoriga olib borib, bir parcha qog‘oz yozdirib kelgan, oynali uzun peshtaxtalariga turli gardishli ko‘zoynaklar terib qo‘yilgan do‘konga kirib, pushti gardishli ko‘zoynak sotib olib bergan edi.
O‘zining ko‘zoynakni taqib devorga iliqlik ko‘zguga qaragani hali-hamon esida.
O‘ziga pushti gardish tagidan boqib turgan sariq sochli qizchani ko‘rib yuragi uvishdi. Televizorda ko‘rgan allaqaysi bir filmni esladi. Shunda ko‘zoynak taqqan malla a’lochi yalmog‘iz kampirning sehrini yengib, vaqtni orqaga surgan, jodu bilan toshbaqalarga aylantirib qo‘yilgan yalqov sinfdoshlarini qutqargan edi. Yo‘q, ko‘zoynakli a’lochilarni qancha maqtashmasin, bunaqangi istiqbol unga ma’qul emasdi. Beixtiyor yig‘lab yubordi.
– Ie, bu ko‘zyoshi nimasi? – sotuvchi amaki astoydil hayron bo‘ldi. – Yoqmadimi? Eng chiroylisini tanlab berdik-ku!
Onasi qovog‘ini soldi: “Erkalik qilyapti”.
Yo‘q, u erkalik qilmagan, ko‘zgudagi aksini yoqtirmagan edi, xolos.
Onasi burchakda shaffof oyna bilan o‘ralgan tor xonachada o‘tirgan baqaloq xotinga pul to‘ladi-da, evaziga o‘sha xotin qo‘pol temir mashinasidan shig‘illatib chiqarib bergan bir parcha qog‘ozni olib, hamyoniga tiqdi. Keyin qizchasini oldiga solib optikadan chiqib ketdi.
Ertasiga u onasi bilan birgalikda qilgan xaridining dastlabki mevasini terdi: “To‘rtko‘z, to‘rtko‘z!”
Alamidan ro‘parasida ishshaygan qop-qora basharachaga shapaloq tushirdi. Basharacha o‘shshaydi. Keyin ko‘zoynagi aralash tushgan mushtdan ko‘z oldi qoraydi. Yiqilayotib yelkasi nimagadir urildi. Og‘riq kuchidan chinqirib yubordi. Shu onda kimdir sinf xonasiga yugurib kirdi. Ko‘z oldini qoplagan qorong‘ilik aralash muallimaning xavotirli ovozini eshitdi:
– Voy, xudo, birpasga ham qoldirib bo‘lmaydi-ya! Nima qildilaring?
Sinfdoshlari chuvillashdi:
– Akmal, Akmal urdi!
– Avval o‘zi urdi! – qichqirdi bolakay.
Sinfdosh qizchalar esa biri olib-biri qo‘yib bidirlashdi:
– U “To‘rtko‘z” deb masxara qildi!
– Endi buning oyisiga nima deyman, a? Nega masxara qilasan? Nega urasan?
…Shu kuni singan ko‘zoynakni ko‘rgan onasining qanchalik jig‘ibiyroni chiqqaniga qarab tushundiki, ko‘zoynak shunchaki buyum emas ekan. U hamyonga tushadigan qo‘shimcha yuk, yelkaga keladigan ortiqcha tashvish ekan. Otasining qovoq solib cho‘ntak titkilaganidan angladiki, masxara qilgan sinfdoshining adabini berish doim ham yaxshilik keltiravermas ekan.
Ertasi maktabga boshqa bir ko‘zoynak taqib bordi. Bunisi qalin ko‘kimtir gardishli bir matoh edi. Battar xo‘rligi keldi.
Sinfdoshlari endi ochiqdan-ochiq masxaralashni bas qilishdi. Lekin uning mittigina ko‘ngli kirlanib ulgurgan edi. Shu kundan
e’tiboran sinfdosh dugonalaridan ajratib turadigan alohida bitta chizgiga ega bo‘ldi.
Ba’zida dars payti, qansharida og‘riq sezilgan payt ko‘zoynagini yechib qo‘yardi. Shunda atrof xiralashib, noaniq bir parda ortida qolganday bo‘lardi. Ro‘parasida turgan o‘qituvchining yuzi chizgilardan ayrilib, tep-tekis, bug‘doyrang, yapaloq bir barkashga aylanardi. Qizcha ko‘zlarini qisib qaraganda esa muallimaning burni qirra ekanligi, ko‘zlari qisiq, baqbaqalari osilib tushganligi ayon bo‘lardi. Bu juda g‘alati edi.
Oqshom chog‘i odatdagicha ko‘rpasidan boshini chiqarib, ayvonda o‘tirgan ota-onasining gangir-gunguriga quloq solib yotarkan, ko‘zi ilinayotib, onasi aytgan bittagina so‘zni anglab qoldi: “Ko‘zoynak…” Shu ondayoq ko‘zlari ochilib ketdi: “Nima deyishyapti?”
Otasi achchiqlandi shekilli, zardali tovushda dedi: “He, o‘rgildim, o‘sha…”
Ertalab otasi unga ko‘zoynagini taqdirib ko‘rdi.
– Chakkangni qismayaptimi?
Qizcha bosh chayqadi: “Yo‘q”.
– Burning-chi? Burningni qismayaptimi?
– Yo‘q…
– Ko‘zingni og‘ritmayaptimi?
– Yo‘q.
– Boshingni aylantirmayaptimi?
Qizcha yana bosh chayqadi.
Otasi peshonasini qashidi. Keyin qizining sochini silab qo‘ydi: “Mayli, boraver”.
Ota-onasining muhokamasi nima bilan tugadi, bilolmadi. Kelasi oy boshida esa otasining o‘zi uni shaharning narigi chetidagi klinikaga yetaklab bordi.
Mallasoch ayol uni baland suyanchiqli kursiga o‘tqazib, ko‘zlariga durbinsifat asbobni tekkizdi-da, jim o‘tiraverdi. Qizchaning ko‘zlarida og‘riq turdi.
– Qimirlama, – buyurdi ayol. – To‘g‘riga qarab tur. Manavi lipillayotgan chiroqchani ko‘ryapsanmi?
– Hm…
– Shunga qara. Kiprigingni pirpiratma!
Asbob g‘alati tarzda g‘o‘ng‘illay boshladi. Sal o‘tmay, tinchlik cho‘kdi.
Ayol o‘girilib, o‘rischasiga bir nimalar dedi. Otasi jimgina eshitdi. Keyin do‘xtir yozib bergan shapaloqday qog‘ozni olib cho‘ntagiga soldi.
Yo‘q, unga yangi ko‘zoynak olib berishmadi, “o‘shanisi durust ekan”, deyishdi, lekin onasi anchagacha qizining ko‘zlariga har xil dorilarni tomizib turdi.
Shu-shu har bahor va kuzda ko‘zlariga har xil tomchi dorilar tomizish, vaqti-vaqti bilan ko‘z do‘xtirlariga uchrab, har xil, katta-kichik harflarni ovoz chiqarib o‘qib berish, yiliga bir-ikki marta ko‘zoynak yangilash odat bo‘ldi.
Ota-onasi ham bunga ko‘nikdi, otasi “Shahnozaning ko‘zoynagiga”, deb alohida pul ajratadigan bo‘ldi. Shunda tushundiki, ko‘zoynak ota-onasining oladigan maoshini ham o‘zicha rejaga solar ekan, ko‘zoynak ortidan oilada butun bir odatlar shakllanar ekan. Bularning bari qizcha uchun kutilmagan yana bir kashfiyot edi.
Yoshi ulg‘aygan sari ko‘zoynak bahona yana bir turli kashflarga duch keldi.
Sakkizinchi sinfda o‘qirdi. Algebra darsi edi. Oldiga, shundoqqina ochiq daftari ustiga qog‘oz qushcha kelib qo‘ndi. Orqa partadagi Farhod ko‘pincha, ayniqsa, nazorat ishi yozganlarida misollarni ko‘chirib olishni so‘rab unga shunaqa usulda xatlar jo‘natib turardi. Qiz qushchani qo‘liga olar-olmas yonida o‘tirgan partadoshi shivirladi:
– Senga emas, tegma!
– Kimga?
– Bu Nilufarga atalgan! Senga adashib tushdi. Orqaga uzatib yubor!
Qushchani yelkasi osha orqa partaga tashladi-da, Nilufarga o‘girilib qarab qo‘ydi. Uzun qora soch o‘rimini ko‘ksiga tashlab olgan Nilufar qizarinqiragancha qushchani daftari tagiga yashirib oldi.
“Voy-bo‘y!” – o‘yladi Shahnoza. Tushundiki, Farhodi tushmagur misol yechishga qiynalganda unga, boshqa kunlarda esa Nilufarga qushcha yo‘llarkan. Negadir kulgisi qistadi. Bolaligida ko‘rgan o‘sha filmdagi ko‘zoynakli a’lochiga aylanibdi-da! Boshlariga tashvish tushgandagina uni eslashadi, boshqa payt esa xatlar chiroyli qizlarga ataladi…
Kechqurun televizor ko‘rib o‘tirgan onasidan so‘radi:
– Oyi, nega ko‘zoynak taqqanlarni yoqtirishmaydi?
Onasining hayron qarab turganini ko‘rib, izoh berdi:
– Mana, siz ko‘rayotgan shu kinoda ham direktor xunuk xotin, ko‘zoynak taqadi, unga hech kim uylanishni xohlamagan. O‘zi hamma kinolarda shunaqa: xunuk qizlar, lapashang yigitlar, albatta, ko‘zoynak taqadi.
Onasi kulib yubordi:
– Kinochilarning aqli shunaqa bo‘lsa, nima qilaylik?
Qiz shunda angladiki, ko‘zoynak odamlarning tushunchasi darajasini ko‘rsatuvchi mezon vazifasini ham o‘tar ekan. Ko‘zoynak shu ma’noda fikrlash tarzining qay darajada keng yoki biron-bir qolip doirasida ekanligini ko‘rsatib turadigan ko‘zgu. Shu ma’noda ko‘zoynak taqishni fazilat yoki illat deb bilish ham cheklanganlik belgisi.
– Sen shuning uchun ko‘zoynagingni taqmay qo‘ydingmi? – deya o‘smoqchiladi onasi. Ketidan qo‘shimcha qilib qo‘ydi. – Onang indamasa, bilmas ekan, deb o‘ylama. Uyda taqib yurasan-da, ostonadan uch qadam uzoqlashding, yechib cho‘ntakka solasan, a?
Qiz dovdirab qoldi.
– Darsda taqib o‘tiribman-ku… – e’tiroz qilgan bo‘ldi bo‘shashib.
– Darsning o‘zida taqib o‘tirganingdan nima foyda? Oynaklaring yil sayin qalinlashib boryapti, sezyapsanmi? Oynak qancha qalin bo‘lsa, gardishi shuncha qo‘pol bo‘ladi, yuzing shunchalik xunuk ko‘rinadi. Shu oddiy haqiqatni tushunasanmi?
Onasi “gap tamom” degan kabi televizorga qaradi. Saldan keyin o‘z-o‘ziga gapirgan kabi dedi:
– Ko‘zoynak, avvalo, sog‘lig‘ing uchun kerak. Necha marta aytaman senga?
Ha, onasi necha marta aytgan? Son-sanoqsiz marta. Faqat… faqat ko‘zgu son-sanoqsiz marta boshqa bir manzarani namoyish etaverardi: dumaloqqina yuzda qo‘nqayib turgan gardishli ikkita oynak. Oynak ortida esa kichraytirib ko‘rsatuvchi shisha sharofati bilan bitko‘zga aylanib qolgan, qorachiqlari qo‘ng‘ir bir juft ko‘z, ikki gardish orasidan chiqib turgan burun…
Keyinroq, yoshi ulg‘ayganda qaysidir bir ilmiy maqolada o‘qidi: “Odamning ko‘nglidagi qisinish tuyg‘usi o‘z-o‘ziga ishonchsizlik ortidan kelib chiqadi”. Angladiki, uning ko‘zoynak bilan bog‘liq muammolarining kaliti shunda.
– Bo‘lmagan gap, – dedi eri. – Sen juda ham qisinib-qimtinib o‘tiradiganlardan emassan. Bo‘lmasa, erkakcha kasbning etagini tutmas eding.
– Ko‘zoynak taqishga tortinganim-chi?
– Be! Bu o‘smirlikdagi hissiyot, har jihatdan to‘kislikka intilishdan boshqa narsa emas.
Ayol yengil nafas oldi.
– Masalan, men sening ko‘zoynagingga ham qarab o‘tirmaganman, – deya qo‘shimcha qildi eri.
Rost, eri – uning ko‘zoynak taqishiga parvo qilmagan yagona yigit. Lekin… lekin ikkovi birinchi bor bir-biriga duch kelganda Shahnoza ko‘zoynaksiz edi. “Hamma gap shunda-da, – deb kulgandi ayol bir kuni. – Yuragingiz jazillab bo‘lgandan keyin ko‘zoynagim parvongizga kelarmidi?” Eri bunga javoban xaxolab yuborgandi.
…O‘shanda Navro‘z kuni, universitet hovlisi to‘lib-toshgan, uning esa yana eski tashvishi qo‘zigan – ko‘zoynagi singan edi. Shu holicha ham turtina-surtina bir-ikkita yumushlarga urindi. Oxiri o‘chib qolgan magnitolaning plastinkasini almashtira boshladi. Stol ustida, mo‘jazgina ovoz kuchaytiruvchi uskuna yonida bir uyum plastinkalar yotardi. Qiz kattagina plastinka joylangan havo rang g‘ilofni qo‘liga oldi. Yozuvi ko‘rinmaganidan ko‘zlariga yaqin keltirib o‘qiy boshladi. Shu chog‘ kimdir ro‘parasiga kelib to‘xtaganini sezib, boshini ko‘tardi. Ko‘tardiyu o‘ziga qarab turgan qushburun, shalpangquloq bir yigitni ko‘rdi. Yigit kutilmaganda iljaydi. “Voy, tavba, – o‘yladi qiz, – o‘zidan-o‘zi nimaga irshayadi bu?”
Shu asno o‘zi ham jilmaya boshlaganini sezdiyu kafti bilan og‘zini to‘sdi…
Birinchi ko‘rishuvlari shunaqa bo‘lgan edi…
–… Ko‘zoynak odamning ko‘rish qobiliyatini har xil ta’sirlardan himoyalaydigan vosita, xolos, – deya so‘zini yakunladi eri.
Shahnoza eriga qarab kulib qo‘ydi. “Nima qilsa ham faylasuf-da!”
Lekin erining so‘zlari ayolning ko‘zoynak borasidagi qarashlarini ko‘p ham o‘zgartira olmadi. “Ko‘zoynakni kontakt linzaga almashtiraman, – dedi bir kuni. – Linza qulayroq”. Keyin erining mushohadalariga taqlidan qo‘shib qo‘ydi: “Ko‘zoynak ko‘rish doirasini cheklab qo‘yadi”.
Eri yelka qisib qo‘ya qoldi. Bu “bilganingni qil”, degani edi. Ayol xursand bo‘lib, ishxonasi yonidagi salonga kirdi. Ko‘rdiki, linza ham ko‘zoynak kabi shunchaki buyum emas, erining ta’biricha, “ko‘rish qobiliyatini har xil ta’sirlardan himoyalaydigan vosita” bo‘lishdan tashqari, oilaga keluvchi qo‘shimcha xarajat, rejalarni o‘zgartiruvchi bir omil… va hokazolardan tashqari, oliftagarchilik belgisi ham ekan. Chunki ko‘z rangini o‘zgartirish uchun ham, qorachig‘iga boshqacha shakl berish uchun ham linza taqisharkan! Faqat linzada ko‘zoynak kabi gardish yo‘q ekan! Shunisiga ham shukr!
Mana endi shamolladi, linza taqish mumkin emas, kuni almisoqdan qolgan shu ko‘zoynakka qolganda, u ham sinib o‘tiribdi!
Ayol shu damda angladiki, shu kungacha ko‘zoynak va hokazolar bilan bog‘liq boshog‘riqlari har kimga har turda nasib qiladigan tashvishlarning bir ko‘rinishi ekan, xolos.
…Oqshom chog‘i qizi onasining oldiga chiroyli qora charm g‘ilof qo‘ydi. Ayol g‘ilofni ochmasa ham darrov bildi. Ko‘zoynak!
Qizi jilmaydi:
– Maxsus buyurtma bilan yasattirdim! Har kim o‘ziga munosibini tanlagani tuzuk-da! Har holda ko‘zoynak ham kishining qanaqa odam ekanligidan darak beradi.
Ayol o‘zicha kulib qo‘ydi: “Mahmadona… Mana, ko‘zoynakning yana bir xossasi ochildi!”
“O‘zAS”dan olindi.