Bo‘yin va oyoqlari ingichka, tili biroz chuchuk, fe’li tezroq Adashvoy adashib qoldi. Velosipediga bir qop sholi ortib Qumqishloq tegirmoniga borgan edi. Tegirmonchi: chiroq o‘chib qoldi, kechqurun yonsa, ertalabgacha oqlab qo‘yaman, dedi.
Adashvoy iziga – Qirqlar qishlog‘iga qaytdi. Qaytishda yo‘l enish, ham shamol orqadan bo‘lganidan velosipedni yengil va shitob haydadi. Tezlik oshgan sayin battar avjlandi, ko‘ylaklari yelkandek hilpirab, o‘zini uchib borayotgan qushdek his etdi.
Aql-hushini tezlik zavqi band etib, qattiq hayajonlanib begona qishloqqa kirib borganini bilmay qoldi. Bu qanday qishloq ekan? Qumtepaga o‘tib ketibmanmi, deb o‘yladi. Lekin Qumtepani ilgari qo‘rmagani bois qayerga kelib qolganini bari bir anglay olmadi.
Pastqam guvala devorlar, tarnovlari ostini yomg‘ir yuvgan loysuvoq uylar, egri-bugri, chang-tuproq ko‘chalar… Ayrim joylarda beldamchalari chirib, belidan sinib, ilvirab qolgan qo‘ralar mung‘ayib turibdi.
Atrof qop-qorong‘i. Zulmat yer ostidan chiqib, osmonga tomon siyraklashib ko‘tarilib borayotgandek. Qorong‘ulik yer ostidan chiqib kelarkan, deb o‘yladi u. Quyosh osmonning qay tarafida ekanini bilib bo‘lmasdi. Kunning qaysi payti ekan? Ajab, atrof qop-qoronig‘iyu, Adashvoy qishloqni aniq-tiniq ko‘ryapti. Yana ham aniqrog‘i, u o‘zi adashib kirib qolgan joyni taniyapti.
Qayoqdandir paydo bo‘lgan bir to‘p odam g‘aroyib maxluqni ko‘rgandek Adashvoyni o‘rab olib tomosha qila boshladi. Taxtalari uqalanib, qor-yomg‘iru shamollar, quyosh tig‘iyu vaqt egovida qirralari yemirilib, rangi uniqqan pakanagina ko‘hna eshiklardan ayollaru bolalar avval mo‘ralab, keyin cho‘chinqirab, uyalinqirab chiqib kelib Adashvoyni o‘ragan olomonga qo‘shilardi. Negadir ularning turq-tarovati o‘zlari chiqib kelayotgan eshiklarning rang-tusi bilan bir xil edi.
Adashvoy ulardan qishloqlarining nomini so‘radi. Qumbosti deyishdi qishloqning nomini. U bunaqa qishloqni eshitmagandi. Keyin ulardan Qirqlar qishlog‘i qay tomondaligini bilmaysizlarmi, deb so‘radi. Ular bunaqa qishloqni eshitishmagan ekan. Adashvoy qo‘shni tumanga o‘tib ketgan bo‘lsam kerak, deb o‘yladi. Keyin o‘sha yerda turgan taksichilardan so‘radi. Ular ham eshitishmagan ekan. Qaysi tumandansiz, deb so‘rashdi ular. Dang‘aradanman, dedi Adashvoy. Dang‘arani eshitganmiz. Katta tuman. Qishlog‘ingiz aniq qayerda, dedi ular. Qo‘qon shahriga borib u yerdan qishlog‘imizga boradigan yo‘lni bilib olarman, deb taksichilarga umidvor tikildi. Bo‘pti, dedi ular, lekin ancha qimmat bo‘ladi, deb kattagina narx aytishdi. Buncha pul Adashvoyni cho‘chitib yubordi. Taksiga shuncha pul sarflagandan ko‘ra bir yo‘li topilguncha qishloqda daydib yurganim yaxshi, degan xayolda ortiga qaytdi.
Odamlar negadir Adashvoyga ajabsinib qaraydi. Go‘yo u odam emas, umrlarida birinchi marta ko‘rib turgan ajabtovur jonzot edi. Butun bir olomonning o‘ziga ajabsinib va qiziqib qarab turganidan Adashvoy gangib qoldi, beixtiyor atrofga alanglab berkingani joy qidirdi. Azaldan ikkita odam baravar qarab, biror narsa so‘rasa, o‘ng‘aysizlanib, ko‘zlari yoshlanib, yuz paylari qaltirab qoladigan Adashvoy yuzlab begona odamlarning qadalib, tikilib turishganidan o‘zini yo‘qotib, tizzalari mayishib ketgandek bo‘ldi. Ko‘pchilik bir tomonga, bir narsaga baravar qarasa, ularning nigohi ham katta kuch ekan, degan o‘y o‘tdi xayolidan.
Boshida Adashvoyga qiziqib, hayratlanib qarab turgan olomon birdaniga uni tanigandek tirjaya boshladi. Ular meni qayerdan tanir ekan, yoki men haqimda kulgili gap eshitishganmikan, deb o‘yladi u.
Adashvoy uyat va xijolatpazlik hislariga ko‘mib tashlagan olomon nigohidan berkinishga iloj topmadi, lekin ularning qarshisida qaqqayib turishdan ham o‘ng‘aysizlanib, negadir ko‘zini chirt yumib, ularga qo‘shilib ketgisi keldi. Shunday qilmasa, nazarida, oyog‘i ostidan yer g‘oyib bo‘lib, tubsiz bo‘shliqqa tushib ketadigandek edi. U najot istab olomon tomon beixtiyor bir necha qadam qo‘ydi. Olomon esa Adashvoy timsolida paydo bo‘lgan tekin tomoshadan ajralishni istamadi shekilli, baravariga ortga chekinib, ko‘rsatgich barmoqlari bilan o‘sha joyda tur, degandek ishora qilib kulishdi.
Olomonning bu ishi, anchagina ovora bo‘lib tutgan sichqonini birdaniga yeb qo‘ymay, avval rosa o‘ynab-o‘ynab xumordan chiqadigan mushukning qilig‘iga o‘xshab ketardi.
Ayniqsa, yosh bolalarga ermak topildi. Ular Adashvoyni g‘uch o‘rab olishadi. Chuvir-chuvirlab tomosha qilishadi. Masofa saqlashadi. Go‘yo Adashvoyga yaqinroq kelishsa, qo‘rqinchli bir hodisa ro‘y beradigandek.
Butun qishloq odami ko‘chaga chiqib Adashvoyni ko‘rgisi keladi. Oxiri Adashvoy ular bilan gaplashib olmoqchi bo‘ldi. Qiziq, hammasi og‘zini katta – katta ochib gapiradi. Lekin gaplari tugagandan keyin ham og‘izlarini yummay, katta ochib turaverishadi. Bir mahal odamlar Adashvoyni qo‘lidan ushlab qabristonga boshlab borishdi. Tikanaklar bosib ketgan, tuproqlari ko‘pchib, ko‘tarilib qolgan qabriston haddan ziyod katta, narigi cheti ufqlarga borib tutashgan. Odamlar qator-qator qabrlarni qo‘llari bilan ko‘rsatib nimalarnidir gapiradi. Xursand bo‘ladi. Lekin Adashvoy xuddi qalin oynakning ortida turgan kabi ularning gapini eshitmaydi. Biroq ularning yuz ifodasidan qandaydir qiziq narsalarni gapirayotganliklarini tushungandek bo‘ladi.
Olomon orasidan yag‘rini keng, jag‘i yo‘g‘on, tirjayganida qop-qora milklari ko‘rinib ketadigan bir kimsa ajralib chiqib, eskiroq qabrni ketmon bilan buza boshladi. Cho‘kkan qabr o‘rnida kattagina o‘ra qazib, shuning ichiga tush, degandek ishora qildi Adashvoyga. Adashvoy o‘raning ichiga mo‘ralab hilviragan kafanini yelkasigacha tushirib, qovoq solib o‘tirgan jikkakkina cholni ko‘rdi. Cholning ochiq yelkasi va bilagida bir necha chayon o‘rmalab yurardi. Chol boshini ko‘tarib Adashvoyni ko‘rdiyu yuzidagi tund ifoda g‘oyib bo‘lib, tepadagi olomon kabi tirjaydi va pastga tush, deb ishora qildi. Keyin chayonlardan birini qo‘liga olib, qo‘rqma, chaqmaydi degan ma’noda yuziga qo‘yib yubordi. Chayon o‘rmalab lablari ustiga kelganida chol bir hamla bilan chayonning dumini og‘ziga kiritib oldi.
Olomon bo‘lsa Adashvoyni ikki qo‘ltig‘idan ushlab, bu sening otang, salomlashib ol u bilan, deb qabr ichiga tushishga unday boshladi. Adashvoy otam hali o‘lgani yo‘q-ku, deb baqirmoqchi bo‘ldi-yu, lekin olomonning baqir-chaqirida ovozini hech kim eshitmasligini sezib, indamay qo‘ya qoldi…
Qabriston juda eski, xarob edi, hammayoqni sertikan yantoq, barglari kichkina, lekin tikani anchayin uzun butalar bosib ketgan bo‘lsa-da, juda ko‘p qabrlarga marmartoshlar o‘rnatilgan va ularga marhumlarning ism-shariflari bitilgan, ayrimlarida esa suratlari ham ko‘zga chalinardi.
Qabristonga kiraverishda, chap tomonda bir necha mevali daraxt mung‘ayib turibdi, shoxlarida esa yerga to‘kilmay, turgan joyida bujmayib, qorayib qolgan mevalar ko‘rinadi. Daraxtlardan narida, oldi ochiq va pol o‘rniga asfalt qilingan kattagina ayvon, ayvonning o‘rtasida esa kattagina zambilga o‘xshab ketadigan tobut turibdi. Tobut ustiga tizilib o‘tirishgan yosh bolakaylar bir-biriga gap qotmay, tirjayib qaraydi. Bolalar, Adashvoyga ko‘zlari tushib, tobutni xuddi ot mingandek qilib qo‘llaridagi xivchin bilan savalay boshlashdi. O‘zi ham bolaligida mozorning ichida o‘ynaganlari, o‘ynab bo‘lib, uyidan olib kelgan o‘roq bilan qabrlar ustini bosib ketgan begona o‘tlarni o‘rib, etakka tugib moliga tashiganlari yodiga tushdi.
Olomon Adashvoyni ikki qo‘ltig‘idan ushlab ulkan qora marmartoshli qabr ro‘parasiga olib kelib, buni ko‘r, degandek bo‘ldi. Adashvoy marmartoshdagi yuzlari yumaloqdan kelgan odamning suratiga qaradi. Surat tanishdek ko‘rindi. I-e, bu bir o‘tirishda bir tog‘ora manti yeydigan qo‘shnim Qamchiboy-ku, kecha uni qassobdan to‘rt kilo go‘sht olayotganida ko‘rgandim, deb o‘ylab olomonga qaradi. Olomon esa yoppasiga “ha, shunaqa” degan ma’noda boshlari bilan tasdiq ishorasini qildi.
Adashvoy Qamchiboyni yomon ko‘rardi. Chunki yerga to‘ymagan qo‘shnisi oralaridagi devorni buzib, yangi devor tortganida uning yeridan anchagina qismini o‘zlashtirib olgan edi.
Qabrtoshdagi suratga jon kirgandek bo‘ldi. Avval ikki yuzi qizarib, keyin peshonasi yaltillay boshladi. Adashvoy suratning ko‘ziga qaradi: u tirilayotgandi, barkashdek keladigan basharaga yarashmagan bit ko‘zlar olomonga javdirab qaray boshladi. Adashvoyga ko‘zi tushgach esa lablari ikki tomonga tortilib tirjaydi. Keyin esa marhumning oydek nur taratib turgan yuzlari avval pushti rangga kirdi, keyin qoraydi va mum kabi erib, marmartosh ustiga uzun-uzun bo‘lib oqib tusha boshladi. Adashvoy hayron bo‘lib olomonga qaradi. Olomon bo‘lsa bu manzaradan zavqlanib baravariga chapak chalib, qiyqirib yubordi. Bitta pakanarog‘i esa qabr ichida olov yonyapti, shuning uchun qabrtoshdagi odamning yuzi erib tomyapti, deb aytdi. Shunday deb aytdi u. Lekin gapirayotib ham og‘zini ochmadi. Og‘izni ochmay ham gapirish mumkin ekan-da, deb hayron bo‘ldi Adashvoy. Eski qabrlar cho‘kib, yemirilib yer o‘choqqa o‘xshab qolgandi. O‘t yoqsa bo‘ladigan tayyor o‘choq ekan, deb o‘yladi u. Xayolidan shu o‘y kechgan zahoti olomon ichidan bir odam bir quchoq o‘tin qo‘ltiqlab Adashvoyga yaqinlashdi va o‘tinni unga uzatib, yoq, degan mazmunda avval ko‘zi, keyin iyagi bilan bilan ishora qildi.
Tuyqus qabriston unga qishlog‘iga o‘xshab tuyuldi. Biri go‘rga suyanib, yana biri yerga o‘tirib gurunglashayotgan odamlarga ko‘zi tushdi. Ularning bari Adashvoyga tanish edi. Qishlog‘im bu yerda ekan-ku, degan o‘y kechdi xayolidan. Olomon ichidan ko‘zlari baliqning ko‘zidek bo‘rtgansimon bir kimsa “To‘g‘ri topding. Qishlog‘ing shu. Yaxshiroq qarasang, loysuvoq uyingni topasan”, degandek bo‘ldi.
Adashvoy orqaga qaytib, qishloq tomon yo‘naldi, ortidan olomon ergashdi. Bir payt qishloq bozoriga duch keldi. Kichkina bozor. Karton qog‘ozlardan tiklangan do‘konchalar. Ikkita qari kampir qurt, pista, pufak, qog‘ozli qand va allaqanday mayda-chuyda yaltiroq narsalarni sotyapti. Ularga yaqin kelib ne ko‘z bilan ko‘rsinki, bozorchi kampirlar onasi va katta buvisi ekan. Nazarida onasi buvisidan yoshi kattaroqqa o‘xshadi. Har ikkalasining rang-ro‘yi esa boyagi ko‘rgan ko‘hna eshikka monand edi.
Ular bu yerda nima qilib o‘tirishibdi ekan? Yoki shaharga bozorga ketyapman deb shu yerga kelisharmikan, degan o‘y kechdi xayolidan. Negadir onasi ham, buvisi ham Adashvoyni ko‘rib bir so‘z demay tirjaya boshlashdi. Nega ular begona qishloqda adashib qolganimni sezmadi ekan, deb o‘yladi u. Kampirlardan biri, aniqrog‘i, onasi mushtdek toshni ko‘rsatib, ma, ol, do‘mboqsuxari, deb Adashvoyga uzatdi. U bo‘lsa toshni yeb bo‘lmaydi-ku, deb gapirmoqchi bo‘ldi, lekin ovozi chiqmadi. Olomon bo‘lsa Adashvoyni do‘mboqsuxari deb uzatilgan toshni yeyishga unday boshladi. U toshni yeb bo‘lmaydi, deb bozordan nari ketdi.
Kech tushdi, menga tunash uchun joy topib beringlar, dedi u olomonga. Kun bo‘yi Adashvoyni ortidan ergashib yurishdan zerikmagan olomon bu gapni eshitib xursand bo‘lib ketdi. Chekkaroq xonadonga olib kirib, bitta xonani ko‘rsatishdi. Mana shu joy sizga, deyishdi.
Qattiq charchoqdan dong qotib uxlagan Adashvoy eshik taraq-turuqidan uyg‘onib ketdi. Qarasa, tong otibdi. Ostonada odamlar. Choy tayyorlab qo‘ydik, yuring ichamiz, dedi ular.
Qari o‘rikning soyasiga, quruq yerga eskirib, iplari osilgan sholcha solinib, ustidan uvadasi chiqib qolgan ko‘rpacha to‘shalgan. O‘rtaga yozilgan kir dasturxon ustida bir bo‘lak po‘panak bosgan non. Olomon tirjayishib, ta’zim bilan Adashvoyni choy ichishga taklif qildi. Bir payt oyoqlari ingichka, ozg‘in, lekin keng ko‘ylak kiyib olgan, qo‘y ko‘zlari sal namlanib yiltillab turgan qoracha ayol jo‘mragi siniq choynakda choy olib keldi. Ko‘z yoshlarimni choy qilib damladim, ichavering, degandek bo‘ldi. Ayolga razm solib qarasa, o‘zining xotini. Xotinim nima qilib yuribdi bu yerda, deb o‘yladi. Olomon kutilmaganda Adashvoyga bir ho‘mraydi-da, ayolni o‘zlari tomon chorlab, o‘rtaga olib, xuddi mashhur inson bilan suratga tushayotgandek hammasi boshini qiyshaytirib ayol tomonga yaqinlashtirishga harakat qilaboshladi. Bir mahal ayol ko‘ylaklari etagini mahkam g‘ijimlab, qanotdek silkitib osmonga uchib ketdi. Olomon esa Adashvoyga uni ko‘rsatib: Ko‘rdingmi, xotining farishta, deb gapirayotgandek tuyuldi.
Qishloqning kun botar tomonida ulkan ko‘l ko‘zga tashlandi. Ko‘lning usti qalin ko‘kimtir baqato‘n va shapaloqsimon suv o‘tlari bilan qoplangan, faqat ayrim joylarida qoramtirga moyil zangor suv ko‘rinadi. Adashvoy, uning ortidan ulkan soyadek ergashib yurgan olomon ko‘l bo‘yiga keldi. Bu yerda uni yechinib, cho‘milishga unday boshlashdi. Qizig‘i shuki, olomon ovoz chiqarib gapirmas, Adashvoy bo‘lsa ularning niyatlari, aytmoqchi bo‘lgan fikrlarini shusiz ham tushunib olayotgandi.
Echin, dedi ular baravariga. O‘zingni suvga tashla. Adashvoy hamma kiyimini yechib, bitta ishtonchada qoldi. Endi suvga tushmoqchi bo‘lgan edi olomon qiyqirib, kichkina ishtonchangni ham yech, ko‘lda suv parisi yashaydi, deb turib olishdi. Adashvoy beixtiyor olomonning ra’yiga bo‘ysunib, cho‘zmasi bo‘shab qolgan kichkina ishtonchasini ham yechdi, yechdiyu uyalganidan tezda yerga o‘tirib oldi. Shu onda u har bir xatti-harakati olomon tomonidan boshqarilayotganini, ularning kallasida qanday fikr paydo bo‘lsa, shu zahoti xuddi o‘rgatilgan itdek bajarishga kirishib ketayotganini anglab qoldi. Faqat angladi, xolos, ammo olomon tomondan bo‘layotgan bosimga qarshi turishga o‘zida zarracha kuch yo‘qligini sezdi.
Uyalganidan qunishib o‘tirgan Adashvoyga tush suvga, suv parisi seni kutib qoldi, deyishdi odamlar. Suv to‘satdan qattiq shalopladi. Ko‘l tomonga bo‘ynini keskin burib qaragan Adashvoy qirg‘oqda siyrak va kalta sochlarini barmoqlari bilan tarab o‘tirgan yalang‘och ayolni ko‘rdi. Suv parisi qo‘shnisi Qamchiboyning shaharlik xushtoriga o‘xshardi. Tunov kuni o‘sha shaharlik ayol Qamchiboyning uyiga kelib rosa janjal ko‘targandi. Qamchiboyning yuvosh, boshidan ro‘molini qo‘ymaydigan, huda-behuda ko‘chaga chiqavermaydigan, doim kulimsirab turadigan xotinini sochlaridan changallab, yuzlarini timdalab tashlagandi. Agar mahalla ayollari oraga kirishmaganida kim bilsin nimalar bo‘p ketardi. Kundoshini urib xumoridan chiqolmagan shaharlik manjalaqi: hozir choyxonaga chiqib eringning qiliqlarini aytib sharmanda qilaman, deb qichqirgancha choyxona tomon ketgandi.
Suv parisi qirg‘oqdagi odamlarni ko‘rmayotgandek bamaylixotir tomchilar marjondek osilib turgan nam sochlarini tarab, tomoqlari tagini silab qo‘yardi. Adashvoy ayolning bo‘ynidan pastiga qaragani qo‘rqdi.
O‘zini irodasiz va fikrsiz maxluqdek his qilayotgan Adashvoyni olomon xohlagan kuyga solib, qo‘g‘irchoqdek o‘ynatayotgan edi. Ana, olomon xayolan it bo‘l, deb buyruq berdi, u bo‘lsa darhol itga o‘xshab yugura ketdi. Yugurib-yugurib charchab to‘xtadi-da, tilini osiltirib hansirab nafas ola boshladi. Tilining uchiga yig‘ilgan so‘lak uzun bo‘lib yerga oqdi.
Buni ko‘rgan qiyofasi va tirjayishlari bir xil olomon chapak chalib olqishladi. Keyin qo‘llari bilan “zo‘r” degan ishora qilib, endi eshak bo‘l, deb buyruq berishdi. U eshak kabi shataloq otib yugura ketdi, yugurib ketayotib mocha eshakni ko‘rgandek tumshug‘ini balandroq ko‘tarib, oldinga talpinib-talpinib hangray boshladi.
Adashvoy negadir bu qishloqdan hech qachon chiqib ketolmasam kerak, deb o‘ylay boshladi. Balki adashib shahar chekkasidagi jinnixonaga kirib qolgandirman, degan o‘y kechdi xayolidan. Shahar tugab, ularning qishlog‘i boshlangan joyda jinnixona borligini eshitgandi. Odamlar Adashvoyning xayolidan kechgan o‘yni shu zahoti sezib, ma’qullab, tirjayishib uni o‘sha tamonga boshlab ketishdi.
Mana, sen izlagan joy, ko‘r, mana, dedi ular ulkan maydondagi bir xilda yo‘g‘on taxtalardan qilingan katta-katta baraklarni ko‘rsatib. Baraklarning bari bir xil shaklda taxta va yog‘ochdan qurilgandi, anchayin baland edi. Olomon Adashvoyni deyarli majburlab ichkariga kiritib yubordi. Barakning ichi ham juda katta, kichikroq futbol maydonicha kelardi. Ichkariga qator-qator qilib ikki qavatli karavot o‘rnatilgan, bir xil kiyimda va aytarli yoshi bir-biridan farq qilmaydigan odamlar qo‘lini yonboshiga cho‘zib, osmonga qaragancha belgisiz tomonga tikilib yotardi. Go‘yo hammasi bitta buyruqni baravar bajarayotgandek tirjayardi. Adashvoyga cho‘zilib yotganlar tanishdek tuyuldi. Ular hozirgina uni ichkariga majburlab kiritgan olomonga o‘xshardi. Orqamdan soyadek ergashib yurgan odamlar mendan oldin kirib yotib olibdi, shekilli, deb o‘yladi u. Tezda tashqariga qaytib chiqdi. Uni tashqarida olomon xursand bo‘lib, tirjayishib kutib turgan ekan.
Ular Adashvoyni bilagidan ushlab yana bir ulkan barakka kiritib yuborishdi. Bu yerda ham birinchi barakda ko‘rgan manzarasi – ikki qavatli karavotda bir xil kiyim va bir xil tusdagi, qoni so‘rib olingandek rangi oqarinqiragan kimsalar qimir etmay osmonga qarab, qo‘lini ikki yonga cho‘zib yotishibdi. Ularning tirikligini tirjayib-tirjayib turishlaridan bilsa bo‘lardi. Go‘yo kimdir bu bechoralarning miyasiga qandaydir sim ulab, ongi, irodasini yo‘q qilib tashlaydigan to‘lqinlar yordamida tirjaytirayotgandek tuyuldi. Qanday qilib hamma odamlarda bir xil kayfiyat paydo qilish mumkin? Hatto o‘lik ko‘mish uchun tobutning orqasidan qabristonga ketayotganlarning orasida latifa aytib, kulishadiganlar topiladi.
Yuzlab odamlarning bir xil alfozda yotib, bir xil ko‘rinishda kulayotgani Adashvoyga yoqmadi, hatto ko‘ngli aynigandek bo‘lib, shartta orqasiga burilib, tashqariga chiqib ketdi. Bu yerdan qochish kerak degan o‘y paydo bo‘ldi kallasida.
Tashqariga ildam chiqib, uzoq-uzoqlarda nima borligini ko‘rmoqchidek iyagini ko‘tarib chor tarafga alanglay boshladi. Hech qaysi tomonda yilt etgan nur ko‘rinmadi. Faqat osmonning bir tomonida zulmat siyrakroq, oqarinqiraganroq edi. Quyosh shu tomondan chiqar ehtimol deb, o‘sha tomonga yugurib ketdi. Quyoshni mo‘ljal qilib qishlog‘imga boradigan yo‘lni topib olaman, deb o‘ylagan edi u.
Qanoti qirqilgan o‘rdak uchishga harakat qilgandagi holatda goh oyog‘i yerga tegib, goh tegmay oldinga ildamlab borayotgan Adashvoy ro‘parasida bir-birini qo‘ltiqlagancha uzun devor hosil qilib, baravariga tirjayib turgan odamlarga ko‘zi tushib, sekinladi. Aftidan olomon Adashvoyni hali beri qo‘yib yuboradigan emasdi.
Ular xuddi safda turgan askarlardek, bir tekisda qadam tashlab, bir-birining qo‘ltig‘idan mahkam ushlab Adashvoyni o‘rab kela boshlashdi. Adashvoy qayoqqa qochishini bilmay yerga cho‘kkalab o‘tirdi-da, ikkala qo‘li bilan boshini to‘sib, tizzalarini battar qisib, ustiga minglab odamlarning tashlanishini kuta boshladi.
Lekin Adashvoy kutgan hodisa sodir bo‘lmadi – uning ustiga hech kim tashlanmadi. O‘rnidan yengilgina turib, atrofga alangladi. Ajabo, olomon yo‘q, izsiz g‘oyib bo‘lgan, butun borliqni esa qop-qora bulutlar qoplab olgandi. Qora bulutlar xuddi yer iskalagan itlardek yer bag‘irlab suzib borardi. Adashvoy endi oyog‘i ostidagi yerni ham ko‘rolmadi, yer ham qora bulutga aylanib bo‘lgan edi.
Adashvoy hatto o‘zini, o‘z vujudini ham ko‘rolmadi. Uning ozg‘in tanasi ham bulut ichida bulutga aylanib, singib ketgandi. Faqat unda ko‘rish va o‘ylash qobiliyati saqlanib qolgan edi, xolos.
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 1-sonidan olindi.