Bir kuni… Keling, yaxshisi, ro‘y-rostini aytib qo‘yaqolay. Negaki, o‘n besh yoshimdan beri yozib, to‘ldirib, avaylab-asrab kelayotgan kundaligimda aniq bitilgan o‘sha sana: “198… yil 17 iyun, seshanba kuni, peshindan keyin bosh muharririmiz xonamga kirib keldi…”
Ancha siyraklashib qolgan tepa sochlari cho‘pga aylangan eski bedapoyadek tikrayib turadigan bu dehqonkelbat, tili endi chiqqan go‘dakday beg‘ubor odamni yaxshi ko‘raman. U ham menga ko‘zi tushdi deguncha, yuziga samimiy tabassum yuguradi: “Qalay, ag‘ayni? Durustmisiz?” “Shukr, joyida. O‘zingiz tuzukmisiz, ustoz?” “Shukr xudaga!”
Bu – “slava bogu”ning o‘zbekchasi. Ustoz bolalar uyida tarbiyalangan. Boshqa birov shunday desa, qavmimiz itday talab tashlardi: “Shukronasini to‘g‘ri aytolmaydigan odam! Shunday nufuzli gazetaga rahbar bo‘lishi mumkinmi?..” Bosh muharririmizga “o”ni aytolmasligi ham yarashadi. Hammamiz hol-ahvol so‘rashganda “Shukr xudaga” deyishga o‘tib olganmiz.
Rahbarimiz – professor, davlatning unga bermagan mukofoti qolmagan hisob. Ko‘plari urushdan meros. Nechta risolasiyu qancha badiiy asari chop etilganini o‘zi ham bilmasa kerak. Moziyshunos.
O‘shanda gazetamizga bosh bo‘lib kelganiga bir yildan oshgan, chet-chaqa, pana-pastqamda bir xil gap urchigan edi: “Rahbarlik siyog‘idan yiroq bu bechorani buytib qiynab qo‘yish kimga zaril kepti ekan-a? Umri bino bo‘lganidan beri cho‘kichi bilan cho‘tkasini ko‘tarib, shahristonlarda yayrab yurgan odam bo‘lsa”.
“Bechora”ning na majlisga, na materiallarni o‘qishu tahrir qilishga toqati bor. Ust-boshi beo‘xshov. Kiyinishi palapartish. Og‘zi doim nimochiq, labini kuvacha qilib, anqayib qaraydi. Bu parishonligidan: xayolan tosh asrining qay bir manzil-makonlari, ne bir xarobalarida kezib yurganini faqat taxmin qilish mumkin. Xodimlarni kabinetiga chaqirib topshiriq berishdan ham istihola qiladi shekilli, xonasiga o‘zi kirib boradi.
Alhol, mening oldimga ham o‘zi kelib, qo‘limga bir varaq qog‘oz tutqazgani yodimda. Janubiy shaharlardan birida (kundaligimda nomi aniq yozilgan) yashaydigan talaba qizning o‘quvchilar daftariga bitilgan shikoyat xati ekan: “Besh oy burun, o‘zini menga dugona sanab yurgan kursdoshim Narziya Shoyimova uyimizga kelib ketgach, rahmatli buvimdan qolgan zumrad ko‘zli tilla ziragim yo‘qolib qoldi. Militsiyaga murojaat qilsam, paysalga solib, chora ko‘rmayapti… Butun umidim sizlardan, yordam bering!..”
Ha, sho‘ro zamonida er-xotinning o‘rtasiga ola mushuk oralasa ham tahririyatga shikoyat yozib, najot kutish taomil edi. Najot topardi ham.
“Bir mushtipar ekan, – dedi bosh muharririmiz. – Barib surishtirib ko‘ring-chi, balki birar narsa yazarsiz. Bo‘lmasa, taskin-tasalli berib qaytarsiz. Yazganingiz minan tsenzura degan enag‘ar o‘tkazishi guman. Shuniyam hesabga aling, ag‘ayni”.
Ikki kun o‘tib, tongda “mushtipar, qaydasan” deya yo‘lga tushdim. Bu muxbir sifatida faqiringizga berilgan jiddiy topshiriq ediki, navbatdagi “mix” materialning “hidi” anqib turganini sezardim. Qanday sezganimni aytolmayman. Bunday paytda, hozir ham, yuragim hapriqib, o‘zimni ko‘zi pishib ketgan izquvarlardek his qila boshlayman. Shundan bo‘lsa kerak, yaqinda bir munaqqid katta minbardan turib aytibdiki, bu akamizning qalami doim mahkamaga qarab yo‘rg‘alab ketaveradi. Na gulni biladi, na pulni. Jamiyatning eng shubhali to‘dasi – jinoyat ahliga o‘ralashib umrini zoye ketkazgandan ko‘ra, zamonamiz qahramonlari – mehnat ilg‘orlari haqida ocherklar yozsa, nafi ko‘proq tegar, el-yurtning duosini olib, hukumatimizning ham e’tirofiga sazovor bo‘lar edi…
Ko‘z ochib ko‘rganim gazetaning kriminalistika bo‘limi bo‘lsa, qayerga ham borardim! Mulla bilganini o‘qiydi. Indamay qo‘yaqoldim. Illo, o‘sha kezlardayoq kasbimning quliga aylanib ulgurgan edimki, bu tobeinlikdan dunyoning lazzatini olishimni dasturxon qilib o‘tirgim kelmadi…
Talabaning uyini qiynalmay topdim. “Baliq sirti” tomi yopilib, devori chalaroq oqlangan uy. Peshonasiga ham yo‘l, ham yo‘lak vazifasi bitilgan notekis asfalt ko‘chaga qaragan bir juft ko‘k deraza anchadan beri bo‘yoq ko‘rmagan. Oynalari xira tortib qolgan. Boloxona tagida omonatgina osilib turgan yog‘och darvoza ham buyoqchining diydorini sog‘inganiga ancha bo‘lgan. Uni ohista qoqdim.
– Kim? – degan erkak kishining ovozi eshitildi. – Kelavering, ochiq.
– Sanobar singlimiz bormilar?
– Bor… – O‘rta yoshlardagi miqti yigit alik olishni ham unutib, menga xavotir bilan tikildi. – Tinchlikmi?
O‘zimni tanishtirdim. “Muxbir” so‘zini eshitib, mezbonning qoramag‘iz yuzidagi hadik darhol hafsalasizlikka joy bo‘shatib berdi. Chamasi, jurnalist qavmini qarshisida turgan “qiltiriq bola” qiyofasida emas, po‘rim kiyingan basavlat kishi sifatida tasavvur qilgan. Ajablanmadim. Bu yurtda parranda fermasining tovuqboqari ham televizordan avomga shunday – oq ko‘ylak, qora kostyumu galstukda ko‘rinish berib, jonajon kommunistik partiyamiz va odil hukumatimizning xalqparvar siyosati berayotgan yuksak samaralardan lof ursa, miqti yigit aybdor emas-ku.
– Sanobar, – deb sas berdi u. Suv qalin sepilgan hovliga navniholgina, kulcha yuzli qiz chiqib keldi. – Seni izlab keptilar. Toshkentdan.
Yog‘och zinalarni g‘ichirlatgancha voqea joyi – boloxonaga chiqdik. Sanobar dimiqib ketgan choqqina xonaning derazasini bazo‘r qiya ochdi. Epkin kirganday bo‘ldi. Burchakda – ko‘rpa-yostiq yig‘ilgan sandiq. Biqiniga kattakon qulf osilgan. Bir-biriga qovushmagan dag‘al taxta polga eski sholcha tashlangan.
– Shu yerda o‘tirgandik, – dedi talaba javdiragan ko‘zlarida hadik va umid bilan. – Manavi xontaxtada dars qildik. Keyin… – qiz qimtindi, – men unga taqinchoqlarimni ko‘rsatdim…
Tasavvur qilish qiyin emas. Sanobarning onasi bo‘yi yetib qolgan qiziga necha avlod momokalonlaridan o‘tib kelayotgan taqinchoqlarini ko‘rsatgan: “Kuyovga chiqayotganingda shularni senga hadya qilaman!” Bunday bebaho boylikni ko‘rib ko‘zlari o‘ynab ketmaydigan va darhol dugonasidan suyunchi olmaydigan qiz bormi bu dunyoda: “Tez kel, senga bir narsa ko‘rsataman. Og‘zing lang ochilib qoladi!” Keyin “lang ochilib qolgan og‘zi”ni yumishni unutgan dugona bo‘lmish shartta o‘sha zumrad ko‘zli zirakni qo‘liga oladi: “Voy, muncha chiroyli, Sanu! Taqib ko‘rsam maylimi?” Yo‘q deb bo‘larmidi? Dugona taqinchoqlarni taqadi. O‘zini kaftdekkina oynaga soladi. Hayratini, havasini yashirolmaydi. Uf ham tortadi. Ajablanarli joyi yo‘q.
– Narziya zirakni taqib o‘tirganida, – dedi Sanobar o‘sha holatni xotirlab, – akam, pastki xonaga ikkita ko‘rpacha olib tush, mehmon kelyapti, deb qoldilar. – U yonimizda ensasi qotib turgan yigitga qarab qo‘ydi. – Narziya shosha-pisha taqinchoqlarni yechib, xontaxtaning ustiga tashladi. O‘zim ko‘rdim…
Sanobar ikkita ko‘rpachani ko‘tarib eshik tomon yurganida, xontaxtaning naryog‘ida turgan dugonasi zil-zambil ko‘rpachalardan bittasini uning qo‘lidan oladi va ikki qiz boloxonadan birga chiqadi.
– Qaytib kelib qarasam, uzuk joyida turibdi, zirak yo‘q!..
Xontaxtayu sholchaning usti-osti qaraladi, qidiriladi, so‘raladi, surishtiriladi. Uchdi-kuydi, yo‘q…
Hovlidan chiqayotib, Sanobarning akasidan ichki ishlar bo‘limini qanday topib borsam bo‘ladi, deb so‘radim. Lenin ko‘chasiga chiqib, chorrahagacha uch ostanovka yurilsa, chap tomonda bozor, o‘ngda esa “Slava KPSS!” degan odam bo‘yi lavha kelarkan. Milisaxona o‘sha ko‘chada.
Chorrahadan shahar ichki ishlar bo‘limi tomon burilishim bilan dimog‘imga tuproq ustiga yoqqan yomg‘irni eslatuvchi namxush hid urildi. Kapoti ko‘tarib qo‘yilgan suvsepar mashina yo‘l chetida g‘ir-g‘ir qilib turibdi.
Baland devor bilan o‘ralgan hovliga kiraverishda to‘xtab qoldim. Tepasiga guldor panjara bilan zeb berilgan temir darvozaning tabaqalariga payvandlangan ikkita taqaning ustidan ko‘k bo‘yoq tortilib, idoraning nomi alvon harflar bilan bitilgan. “Bu qo‘rg‘onning omad oti qoqilgan irimchi egalari hozir qaylarda bo‘lsa ekan?” deb qo‘ydim ichimda.
Hovlidagi krandan chanqog‘imni qondirdim. Tishlarimni qamashtirgan bo‘lsa-da, suv juda shirin tuyuldi. Sharqirab yotgan obihayot huv elas-elas ko‘rinib turgan qorli cho‘qqilardan oqib kelayotganini taxmin qildim. Kranni yopay desam, chambaragining qirralari yemirilgan, sip-silliq. Gulu giyohning farqiga unchalik bormayman-u, ammo yastanib yotgan ajiriq bilan palak yozib ketgan devpechak jaziramada huzur qilayotgani ko‘rinib turardi.
Mog‘orni eslatuvchi nam hidi ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining bo‘m-bo‘sh qabulxonasini ham ishg‘ol etgandi. Boshliq meni ko‘rib, ensasi qotganini yashirib o‘tirmadi. O‘rnidan arang qo‘zg‘algan edi, bo‘yalaverib sirti qalin tortib ketgan faner shiftga boshi tegay-tegay dedi. Men kabi turshaksimonlar qavmiga mansub odam bilan ko‘rishganida chaqaloqning jimit qo‘lchasini ushlagandek bo‘lsa kerak. O‘qlog‘day uzun barmoqlarigacha qalin tuk bosgan mushtini yegan jinoyatchining holiga voy, deb o‘yladim. U qanchalik bahaybat va baquvvat bo‘lsa, o‘tirishi shunchalik omonatdek tuyulardi. Go‘yo birovning uyiga bexosdan kirib qolganu egasi tezroq kelishini kutib o‘tirganday. Yo‘qsa mirshablik sarposini egniga kecha ilmagandir…
Yana o‘yladimki, kommunistik partiya va komsomolning chaqirig‘iga labbay deb javob berib, o‘z sohasini, taxminimcha, jismoniy tarbiya bo‘yicha muallimlikni tashlagan va ichki ishlarga o‘tib ketgan sobiq sportchi kadrlardan bo‘lsa kerak. Endi, yoshi ellikka yaqinlashganida, “labbay” degan o‘sha tilini kesib tashlashga rozi bo‘lib o‘tirganga o‘xshardi. Yigit kishi bardam-baquvvat bo‘lgani bilan, ishning ko‘zini bilmasa qiyin. Zuvalasi bo‘shroq shekilli.
Polkovnik qovog‘ini solgancha menga horg‘in nigohini tikdi.
– Xizmat?
Sumkamdan xatni olib uzatdim. Boshliq avval qog‘ozning oxiriga – imzosiga ko‘z tashladi. So‘ng boshdan-oxir shoshilmay o‘qib chiqdi.
– Ha, shunday ariza tushgandi, – dedi quruqqina qilib va yonidagi besunaqay uskunaning tugmachalaridan birini bosdi.
– Eshitaman, o‘rtoq boshliq! – degan o‘ktam ovoz eshitildi.
– Menga Soliyevaning delosini olib keling. Ziragi yo‘qolgan qiz bor edi-ku.
– Xo‘p bo‘ladi!
Qorin qo‘ya boshlagan katta leytenant boshlig‘iga uzatgan piyozning po‘stidek jildni ko‘rib, ko‘zlarim chaqnab ketganini sezdim: “Demak, qizning arzi dodi behuda emas!” Unda shahar ichki ishlar bo‘limida ro‘yxatga olinib, raqamlangan ariza va shikoyatchining saboqdosh dugonasi bir hafta o‘tib yozgan tushuntirish xatidan boshqa hech vaqo yo‘q edi. Dugona bo‘lmish, tabiiyki, egriqo‘lligini tan olmagan. Na voqea joyi ko‘zdan kechirilgan, na jinoyat ishi ochilgan va na bu shikoyatnoma rad etilgan.
– Ish ko‘p, – deb izoh berdi boshliq. – Xodimlar yetishmaydi. Ulgurmayapmiz.
Nima ham derdim? Qayerda, qaysi tashkilotda ish kamu xodimlar oshib-toshib yotibdi, deyishimdan naf bo‘lganida, tap tortmasdim, albatta. “Nachora” degandek boshimni mujmal irg‘ab qo‘ya qoldim. Mujmalsiray boshladimmi, bilingki, ahvol chatoq – o‘zini oqlashga kirishgan odamga havas qilib bo‘lmaydi.
– Arizaga chora ko‘rish muddati o‘tib ketganga o‘xshaydimi?
Boshliq “muddat” so‘zini eshitib, menga yalt etib qaradi: “Sen, bola, bunaqa gaplarni qayoqdan bilasan?”
– Yuristmisiz?
– Yo‘q, jurnalistman.
Bunday paytda o‘zimni umrida sud-huquq ko‘chasiga kirmagan dunyobexabar bir go‘lga solaman. Istang, meni pismiq deng, istang – ustamon, quv, ayyor… Ta’bingiz. Bu mening aybim emas. Ahli huquq, ayniqsa, rahbarlari qalamkash qavmini shunday chalasavod, omi toifaga mansub deb o‘ylashga moyil. Bunday imkoniyatdan foydalanmaslik – o‘taketgan isrofgarchilik. Gapni opqochdim: tahririyatimizga kelgan xatga biz bir oy ichida javob bermasak, to‘polon bo‘p ketadi. Militsiyada ham shunday tartib bo‘lsa kerak-da…
– Bizda masalaning jiddiyligiga qaraladi, – dedi boshliq stoldan ko‘z uzmay. – Uch oygacha.
“Unda jinoyat protsessual kodeksida nega ikki oy deyilgan?” dedim. Ichimda.
Polkovnikning ko‘ngli joyiga tushdi, chamasi, o‘rnidan turdi.
– Bir hafta muhlat bering, – dedi murosaga kelgandek. – Xudo xohlasa, arizani tezda qonuniy hal qilamiz.
– Ulgurmassiz?
– Ulguramiz! – U jildni olib, stolini aylanib o‘tdi-da, gazeta-jurnal, kitob va yana allambalo qog‘ozlar uyulib yotgan deraza rafiga tashladi. – Mana, ko‘z oldimda turadi. Shaxsan nazoratga olaman…
U gap tamom degandek qo‘lini uzatdi. Chap bilagimdagi soat taqvimiga qaradim.
– Bugun – 21 iyun, – dedim. – Roppa-rosa bir oydan keyin, 21 iyul kuni kelaman. Ma’qulmi?
– G‘am yemang!
U stoli ortiga, men eshik tomon yurdim. Chiqar ekanman, ortimga burilib, sirli jilmaydim. Xalq dostonlarida aytilganidek, dasti alif lom qilmasam ham, gardanimni farang a’yonlaridek nazokat bilan xam qila xayrlashdim.
Yashirib nima qildim, o‘sha kuni boshliq o‘tirgan xonaning qo‘sh tabaqali baland eshigidan chiqayotganimda va bir oydan ko‘proq o‘tgach, uni yana ochib kirayotganimda, vujudimda ajab bir huzur tuyganim haligacha yodimda. Ko‘nglimga shirin g‘ulg‘ula solgan bu tuyg‘u bo‘lajak og‘ir va murosasiz muhorabada g‘alabani naqd qilib qo‘ygan polvonning sarmast holatini eslatar edi. Men bu maydonda kurashaverib diydasi qotib ketgan va ulay-bulayni nazariga ilmaydigan alplarga duch kelgan edim. Ulardan birini – omonat o‘tirgandek ko‘rinsa-da, generallik yulduzidan umidini butkul uzolmagan polkovnikni dog‘da qoldirishga bo‘lgan komil ishonch hali tuzuk-quruq davra ko‘rmagan, lekin iddaosi bo‘yidan baland men kabi yosh qalamkashni totli hayajonga solishi tabiiy edi. G‘aflatda qolgan bo‘lsa, o‘zidan ko‘rsin!
Bir oy ham g‘irillab o‘tdi-ketdi. Va’dalashganimizdan to‘rt kun o‘tib, poyezddan tushdim va viloyat gazetasining bo‘lim mudiri, eski tanishim Elmirza akani ishxonasidan topdim. Onda-sonda hikoya qoralab turadigan hamkasbimiz avvaliga tixirlik qildi. Keyin stolim g‘aladonida ikkita qo‘lyozmasi yotgani esiga tushdi, chamasi, ikkilandi. “Sharq yulduzi” jurnalida chiqqan hikoyam uchun kuni kecha durjigina qalamhaqi olganimni pisanda qilgan edim, bitday ko‘zlari barkashday ochilib, quyoshday charaqlab ketdi. Odatini yaxshi bilaman: araqni ko‘rsa, ba’zan chillaga kirib, hafta-o‘n kun butilkadan lab uzolmay qoladi. Xullasi kalom, aka xalfalikka rozi bo‘ldi. Chorrahagacha olib kelgan taksidan tushgach, adolat qo‘rg‘oni sari uzun-qisqa bo‘lib yo‘l oldik.
Jaziramaning qo‘li baland kelib, kun tobora qizimoqda edi. Odamlar osmonga qarab qolganiga ancha bo‘ldi, dedi boshiga yozlik shlyapa qo‘ndirgan Elmirza aka. Javzodayam biror tomchi tushgani yo‘q. Uning oyog‘ida uzunligi bir quloch desam lof bo‘lar-u, yarim qulochligi aniq choriq-bosonojka. Matbuotimizning yirik vakilini ko‘tara olmay, tovonlari yeyilib, ikki tomonga qiyshayib qolgan. Chorpahildan kelgan akaning yonida pildirab boryapman.
Ko‘k toqida yonboshlab olib, zaminga ayovsiz olov purkayotgan quyosh o‘z hukmronligidan mast. Shahar deb atalmish tandirdagi olovini jazillatishga astoydil kirishgan. Oftob tig‘ida xohlasang tuxum pishirib ye, xohlasang – qumg‘onda choy qaynatib ich. Faqat yosh boshingni ehtiyot qilki, tag‘in miyang qaynab ketmasin.
Yo‘l chetida karaxt turgan daraxtlarning shoxini ko‘tarishgayam holi yo‘q, qachonlardir to‘lib-toshib obihayot oqqan beton ariqlarga noumid tikilib qolganday. Yakkam-dukkam uchraydigan mevali daraxtlar esa allaqachon yerga bag‘rini bergan. Mevalari to‘kilib, oyoqosti bo‘lib yotganini ko‘rasiz. Qushlar qani? Cho‘l bulbuli – chumchuqning na ovozidan, na qorasidan darak bor.
Toshkent otchoparining yonidagi chayqov bozoridan sotib olganim – beliga “Montana” tamg‘asi bosilgan jinsi shim, shimga mos yengi kalta havorang katak ko‘ylakdaman. Jalada qolgandek hammayog‘imiz jiqqa ho‘l. Peshonayu bo‘ynimizdan tinimsiz ter oqadi. To‘rt qadam yurmasidan harsillab qolgan Elmirza aka o‘zini orqaga tashlay boshladi:
– Shu ishni salqinroq kunga qoldirsak bo‘lardi, uka. Adolat sal keyinroq tiklansa, osmon o‘pirilib yerga tushmas.
–Hech iloji yo‘q.
Hovlidagi vodoprovod suvining sharqirashi o‘g‘ri tushgandek huvillab yotgan qabulxonada ham eshitilib turardi.
Eshikni ochdim.
Polkovnik kimligimni eslay olmagandek qovog‘ini solgancha menga tikilib qoldi. So‘ng birdan o‘rnidan irg‘ib turib, quchog‘ini keng ochdi:
– Assalomu alaykum, akajo-on!.. Marhamat! Keling, akajonim!
Ming yillik qadrdonlardek quchoqlashib ko‘rishganimizni kuzatib turgan Elmirza akaning menga havasi kelib, ichidan qirindi o‘tganini sezdim. Kattakon shaharning devday boshlig‘i o‘g‘li tengi bolaning oldida “akajon”lab tursa, kim havas qilmaydi? O‘zimga ham bunday mulozamat g‘oyat yoqib ketdi, ammo ichimdagini sirtimga chiqarmadim.
Derazaga orqa o‘girib o‘tirdim.
– Bugun 25 iyul… – dedim Elmirza akani boshliqqa tanishtirganimdan so‘ng.
– Yodimda, yodimda, – dedi polkovnik, lekin bir oy avval nima dard bilan kelganimni eslay olmayotgani ter bosgan, sarosimali yuzidan shundoqqina ko‘rinib turardi. Ortiqcha qiynagim kelmadi:
– Talaba qiz Sanobar Soliyevaning yo‘qolgan ziragi masalasi hal bo‘lgandir-a? Balki topilgandir ham?
– Albatta, – deya boshliq besunaqay kommutatorning tanish tugmachasini shoshib bosdi. Qo‘llari titrayotgandek tuyuldi.
– Eshitaman, o‘rtoq boshliq!
– Soliyevaning delosini olib chiqing. Ziragi yo‘qolgan qiz bor edi-ku.
– Xo‘p bo‘ladi!
Kutishga tushdik. Boshliq navbatchi xodimni chaqirib, ko‘k choy damlatdi. Shkafidan taqsimchada konfet olib qo‘yar ekan:
– Olinglar, yalpiz aralashgan, – deb iltifot ko‘rsatdi. Oxiri toqati toq bo‘lib, tugmachani zarda bilan bosganida otamzamondan qolgan telefon sho‘rlik majaqlanib ketarmikan deb xavotirlanib qo‘ydim.
– Eshitaman, o‘rtoq boshliq! – deb javob berdi ovoz egasi aybdor ohangda.
– Uxlab qoldinglarmi, nima balo? Delo qani?
– Hozir, izlayapmiz, o‘rtoq boshliq!
– Tezlatinglar!
Bir piyoladan choy ichilib, yalpizli konfetdan tatib ko‘rildi. Hamrohim ikkitasini olib sezdirmaygina shimining cho‘ntagiga tiqar ekan, shipshidi: “Mening o‘g‘illarim ham shunday ulug‘ dargohlarda ishlasin, iloyo!”
“Ulug‘ dargoh” egasini xijolat qilmaslik uchun soatimga qaramay qo‘ydim. Biror soat ichida qora terga tushib ketgan boshliqning o‘sha hujjatni so‘rab-surishtirmagan xodimi qolmadi. Bu orada uning o‘rischayu o‘zbekchada so‘kinish bobida mahorati g‘oyat baland ekani ayon bo‘ldi.
Sumkamdan tahririyatning rangli blankasida mashinkalangan yetti varaqli maqolamni olib, unga uzatish vaqti kelgan edi. Polkovnik uni o‘qigani sari shaxti tamomila so‘nib, baland suyanchiqli kursisiga cho‘kib borardi. Og‘ir jazo tayinlangan mahkumlar o‘zi haqidagi mash’um sud hukmini o‘qiyotganida shunday holga tushsa kerak.
U ko‘zlariga ishonmayotgandek maqolaning oxirgi satrlarini qayta-qayta o‘qidi. Shiddat bilan stolini aylanib o‘tib, derazaning rafidan nimanidir izlashga tushdi va… topdi. Bu o‘sha tanish jild edi. Changini qoqarkan:
– Savil, – dedi battar qizarib-bo‘zarib. – Bu yoqda ekan-ku!
U nima qilarini va nima deyarini bilmay xiyla o‘tirdi. Men tilga kirdim. Bunday paytlarda menga tog‘day sabr-bardosh tilagan kishining ko‘ngil gulshani fanoda ham, ravzai rizvonda ham masrur bo‘ladi deb umid qilaman. Duogo‘yimdan omadni ham unutmasligini o‘tingan bo‘lardim. Sherlok Xolms, Erkul Puaro, Nistor Burma kabi adabiy izquvarlarni yaratgan mashhur adiblar ham o‘z zamonida gazetchidan chiqqan. Biroq ularga ancha oson bo‘lgan. Sababki, yozganlarini Sho‘ro tsenzurasi elakdan o‘tkazib, muallifning momosini Uchqo‘rg‘onda ko‘rsatmagan. Momosini Uchqo‘rg‘onda ko‘rmagan ijod ahliga haligacha havasim keladi.
Men aytdimki, o‘rtoq polkovnik, sizni gazetada uraman deb qasam ichib kelgan joyim yo‘q. Bir mushtipar idoramizga xat yozib, yordam so‘ragan ekan, kattalarimiz meni jo‘natdi. Keldim. Esingizda bo‘lsa, siz masalani qonuniy hal qilish uchun bir hafta muhlat so‘radingiz. Men bir oy, dedim. Va’damning ustidan chiqib, o‘ttiz besh kun deganda, mana, oldingizda o‘tiribman. Sullohlik qilganim, yolg‘on-yashiq gaplarni doritganim yo‘q. Ko‘rib turibsiz, borini ming andishayu istihola bilan yozdim. Mendan gina qilishingiz noo‘rin, aka. O‘sha talaba qizning arzini e’tiborsiz qoldirsak, ertaga gazetaning ustidan ham shikoyat qilishi mumkin. Qarabsizki, yara gazak olib, yiring boylaydi. Janjal saltanatning saralarigacha yetib boradi va ular im qoqsa, hammamizning boshimiz ketadi. Aslan olganda, sizning ham, bizning ham – hammamizning niyatimiz xolis va pok: ahli fuqaroni to‘g‘rilikka, qonun-qoidalarga itoatda yashashga undash. To‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, – dedi suhbatdoshim.
– Modomiki shunday ekan, ortiqcha shubha-gumonga borib o‘tirmasdan, yozganlarimni tasdiqlab, oxiriga muhringizni bosib beravering. Hali bu maqola jonivor gazetada chiqadimi yoki birovlarning g‘aladonida qolib ketadimi, xudo biladi.
– Mayli-yu, aka, – dedi polkovnik yig‘lamsiragandek, – axir, bu mantiqqa zid-ku? O‘zimning po‘stagim qoqilgan maqolani o‘zim tasdiqlasam… Xudoyo tavba-a!..
Aytdimki, bilaman, aka, bilaman. Mantiqqa zid. Mutlaqo zid! Kurakda turmaydigan ish. Illo, ayni qonun-qoidani men o‘ylab topganim, joriy etganim yo‘q. Jonajon kommunistik partiyamiz bilan odil hukumatimizning talabi bu. Sud-huquq tizimidan maqola yozilsa, o‘sha tizimning rahbarlari barmoq bosib, tasdiqlab berishi shart. Shundagina tsenzura degan oliymaqom idora uni gazetada chop etishga ijozat beradi.
U yig‘lamoqdan berib bo‘lib kulimsiradi. Kinoyamni tushunganidan emas, rahmi kelganidan shunday qildi: sizlargayam qiyin ekan!
Har qanday tergovchiyu diplomatni holdan toydiradigan bunday musohaba, munozara va muzokaralardan keyin odatda qarshingizda qo‘r to‘kib o‘tiradigan, hozir esa shumshayib qolgan zobit alhol taqdirga tan berib, yo ruchkasini oladi: “Maqolada keltirilgan faktlar to‘g‘ri. Matbuotda e’lon qilish mumkin”, deb yozadi va nasl-nasabi, lavozimini darj etib, imzo chekadi. Tamg‘ali muhrini ham bosadi. Yoki…
Peshonasiga kattakon gerb urilgan sariq telefonga qo‘l yuborib, pushti-panohidan yordam so‘raydi:
– Xo‘p desangiz, oldingizga o‘tsak. Hoziroq. Maslahatli ish chiqib qoldi. Iltimos!.. Ha, juda zaril!..
Maslahatgo‘yi u yoq-bu yoqqa shox tashlab ko‘rganidan keyin noiloj rozi bo‘ldi chamasi, polkovnik maqolani zalvorli qizil papkaning ichiga solib, oyoqqa qalqidi:
– Ketdik, prokuror chaqiryapti.
Buyruq ohangidagi bu gapni eshitib rangi o‘chgan Elmirza akaga asta shipshidim: “Shtiki ravno!”
“Nima?”
“Borsak boraylik, prokurorini ham ko‘raylik”.
Boshliqning mashinasida g‘ir etib yetib bordik. Prokuraturaning saranjom-sarishta, toza-ozoda hovlisiga kiraverishda hushyor turgan darbon yigit har birimizga alohida-alohida chest berib, hujjatlarimizni obdan tekshirdi.
Ichkari salqingina ekan. Polkovnik bizga qabulxonada tizilib turgan stullarga ishora qildi-da, o‘zini huzuri xoslariga urdi. Taxminimcha, prokuror maqolani o‘qib chiqqanidan so‘ng ikkalasi maslahatni pishitib, keyin bizni chaqirmoqchi.
Kotiba aksa urdi. “Haq, rost!” degan o‘y o‘tdi xayolimdan. Uning o‘zi ham, kiyinishi ham ko‘nglimga o‘tirmayroq turgan edi. Qariqizlarning nuqsi urgan, qarimsiqroq. Sinchkov tikiladimi-ey. Egnida maktab formasiga qiyosan tikilgan ko‘kragi berk, halpillagan zebranusxa oq-yashil ko‘ylak. Durustroq razm solsam, yoshi o‘tinqirab qolganiga qaramay, hali tarovatini butunlay yo‘qotmagan. U Elmirza akaga bir qop unga qaraganday, menga esa sinovchan, biroq mayinroq (balki shunday tuyulgandir) nazar tashladi.
Har kim o‘z xayoli bilan band.
– Sizni qayerdadir ko‘rganman, – dedi juvon bir mahal yuziga tabassum yugurib. Ko‘zlari shaddodlikka moyilday ko‘rindi. Unga taajjub bilan qaradim va yelka qisdim. Yuragimning bir cheti g‘ash edi.
– Esladim, – dedi u yana. – Televizorda ko‘rgan ekanman. “Inson va qonun”da chiqib turasiz. To‘g‘rimi?
– To‘g‘ri, – dedim muloyimlik bilan bu qiziqishning nishabi qayoqqa og‘ayotganini bilolmay. Shunchaki gapga solyaptimi yoki so‘roqning boshlanishimi? Xo‘mraygan odamlar kirib-chiqadigan dargohda yolg‘iz zerikib o‘tirgan bo‘lsa kerak, gap sotgisi kelayotir.
– Siz muxbirsiz.To‘g‘rimi?
Bilinar-bilinmas bosh irg‘adim.
– Mening ham singlim jurnalist.
– Buni qarang, – dedim hayratlangan kishi bo‘lib.
– “Tabarruk zamin” radiodasturida ishlaydi.
– Zo‘r-ku.
Jimlik cho‘kdi. Yarmi derazadan tashqarida qolgan yashiksimon sovutgich bir maromda zirillar, qayerdadir qumri erinchoqlik bilan ku-kulab qo‘yardi.
– Chanqab ketgan bo‘lsangiz kerag-a? – dedi kotiba endi. U gapni gapga ulashdan o‘zini tiya olmayapti, chamasi. – Suv ichasizlarmi?
– Qani edi, – dedi sip-silliq parketga o‘ychan termilib qolgan Elmirza aka boshini ko‘tarib.
Xona bekasi burchakdagi baland xolodilnikni ochib, grafin oldi. Ikkita serqirra stakanga suv quyib, avval akaga, keyin menga uzatdi. Muzday suvni cho‘ldan chiqqan tuyaday simirib tashladik. Tetiklashdik.
Yarim soat o‘tdi.
– Buncha imilladi-ya bular! – Elmirza aka o‘rnidan turib ketdi. Opa menga qaradi. Qanday javob berishimni kutdi.
– Sabr, – dedim jiddiy, – saltanat ishida sabr va adolatga tayanib ish ko‘rdim, degan ekan…
– Kim?
– Bir ulug‘ zot.
– Leninmi?
Indamadim. Kotiba kuldi: voy azamat-ey!
– Ertadan harorat ancha tushadi, – deya ma’lum qildi endi mehribon opamiz. – Boya radiodan eshitdim.
– Bugundan, – deb aniqlik kiritdi akamiz. – Havoning o‘zgarishini sinoptiklardan ko‘ra boshim avvalroq va yaxshiroq sezadi. Ertamattan lo‘qillay boshlagan.
Kotibaga qo‘shilib men ham jilmayib qo‘ydim.
– Dori beraymi? – deb so‘radi u mehri tovlanib. – Analgin bor.
– Jon derdim.
Ittifoqo, telefon varanglab ketdi va cho‘chib tushgan kotiba go‘shakni oldi-yu, darhol joyiga qo‘ydi.
– Kirarkansizlar, – dedi qandaydir hadik va xavotir bilan. – Omadinglarni bersin, iloyim. Siz dori…
Aka yengilgina qo‘l siltadi:
– Rahmat, qo‘yavering. Bosilib qolar.
Zalvorli eshik qabzasiga qo‘l yubordim. Opa bizga behuda omad tilamaganini anglab, janjalning isini sezib turardim. Atrofi baland temir panjara bilan o‘ralgan bu kulrang binoga hech kim ulfatchilik yoki mukofot olish uchun kelmaydi. Ayniqsa, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i yetagida. Sud zaliga kirayotgandek vujudimni qandaydir dilgir tuyg‘ular egallab olgan edi.
Ostona hatlar ekanman, beixtiyor “Yo, Rabbim!” deb yubordim. Ichimda, albatta. Zo‘r kelganda dahriy kommunistlar ham ko‘kka qo‘lini cho‘zib madad so‘raydi, degan mutoyiba yodimga tushdi.
Prokuror terakday tik, yoshi qirqqa borib-bormagan qarsillagan yigit ekan. Har holda, menga shunday ko‘rindi. Egnidagi yengi shimarilgan oq ko‘ylak, oyog‘idagi yaltirab turgan uchdor qora tufli qaddi-qomatiga yarashgan. Komsomol safida toblangan asilzodalardan, deb tusmolladim. Quyoshni kam ko‘rgan oq yuzlari istarali. Xonimlar bo‘yniga osilib garang qilsa kerak. Mas’uliyatli idoralarga rahbarlikka, ayniqsa, yuqori lavozimlarga kadr tanlanganida nomzodning qaddi-qomatiga ham e’tibor berilishini bilardim. Pogonida ikkita katta-katta yulduz yarqirab turgan kitel stul suyanchig‘iga, uning ustiga esa tillarang zanjirli to‘g‘nog‘ich qadalgan qora galstuk tashlab qo‘yilgan. Devorga osilgan chorcho‘pdan silliq boshidagi shapaloqday qizil nori o‘chirib tashlangan Mixail Gorbachyov horg‘in jilmayib turibdi. Chetroqda g‘ildirakli stolcha. Ustiga sochiqqa o‘xshagan, lekin nafisroq oq mato yopilgan. Tagida, chamasi, choynak-piyola, likopchalar… Balki magnitofondir. Balki kamera… Yozib olayotgan bo‘lsa-chi? Xona sohibi unday ishlarning piri bo‘p ketgan. Bunday dargohlarda hamma narsa oldindan kesib-bichib qo‘yiladi. Darpardalar berk, ko‘cha ko‘rinmaydi.
Prokuror g‘ayrati jo‘shib turganga o‘xshardi. Biz bilan qo‘l berib ko‘rishgach, tirkama stolchaning yonidan joy ko‘rsatdi va darhol savolga o‘tdi:
– Siz yuristmisiz?
– Yo‘q. Undan ham battar! – dedim hazillashgan bo‘lib. – Jurnalistman.
– Qonun-qoidani yaxshi bilarkansiz.
– Kasbim shunaqa.
Uning qizlarnikidek ingichka qoshlari bir ko‘tarilib tushdi. Jiddiy tortdi.
– Aka, – dedi birdan, – bu yerga ishga kelganimga hali uch oy ham bo‘lmadi. Uch oy ham! Manavi maqolangiz gazetada chiqsa, hammadan avval mening kallam ketadi. “Nega nazorat qilmagansan? Ko‘zing qayoqda edi?” deb ishdan olishsa go‘rga. Boshqa ish toparman. Lekin partiyadan o‘chirishadi, aka-a, partiyadan! Ana undan keyin kapam kuyadi…
Dangalchi ekan. Gapni aylantirib o‘tirmay, ochig‘ini aytdi-qo‘ydi. Polkovnik ikkalasi – biri olib, biri qo‘yib meni avrashga tushadi, deb o‘ylagan edim. Biroq indoollosiga aytilgan bu gaplarning o‘zi avrash bo‘lmay nima? Hazilmi, tahdidmi – azmoyishini anglash qiyin. Bilaman, davlat xizmatchisining oqsochdan farqi kam. Istalgan paytda unga katta ko‘chani ko‘rsatib, ketiga tepishlari mumkin. Miq etmay gapiga quloq solib turdim-da, ko‘ziga tik qaradim.
– Xo‘sh, nima qil deysiz? – so‘radim yengil so‘lish olib.
– Kelishaylik… Kelishganga – keng dunyo! Ziyon qilmaysiz.
U gapidan ko‘ngli to‘lmaganday, to‘xtab qoldi. Yuz-ko‘zlarida fitnagar bir tabassum jilvalandi. Tap tortmayotganiga qaraganda, ko‘cha ko‘rgan odam. Shunga yarasha surbetligiyam bor. Tuhmat qilishdan ham, aytgan gapidan zum o‘tmay tonishdan ham toymaydi. Mabodo, qasddan tuhmat uyushtirib, qo‘limga qulf urmoqchi bo‘lsa, o‘zimni qanday tutishni o‘ylay boshladim. Aql bovar qilmaydigan ish, lekin aytib bo‘ladimi! Nimaga shama qilayotganini baloday anglab turardim. Shunday bo‘lsa-da, juda xotirjam so‘radim:
– Tushunmadim?..
– O‘sha, savil qolgur zirak tursa, besh yuz turar. Boring, ming ham deylik. Undan oshmaydi.
– Bilmadim.
–Ikki ming beramiz! – U militsioner tomonga qarab qo‘ydi. Tagiga suv keta boshlaganiga aqli yetgan sho‘rlik poygakda, eshik oldidagi kursida to‘qmoqlangan go‘shtday ezilib o‘tirardi. Lavozimidan shonsiz-sharafsiz mosuvo bo‘layotganini sezib, motam tuta boshlagan. Dam-badam xo‘rsinadi. Unga ichim achib ketdi.
– Nima? – deb so‘radim prokurordan.
– Ikki ming. Qurug‘idan…
Surbetlikning ham chek-chegarasi bor. Menga tikilib turgan adolat peshvosi bu jihatdan barcha rekordchilarni changida qoldirib ketganday edi, nazarimda. Bunday vaziyatda odam zoti o‘lguday badgumon bo‘lib qoladi. Hayotda insonni, ayniqsa, maoshi bir yuz qirqqayam yetmaydigan jurnalistni yerga urish, tahqirlashning yo‘llari ko‘p. Bilaman. Boshimda ne bir cho‘qmorlar sinmagan. Bugun, yoshim bir joyga yetganida ularni aytib, maydalashib o‘tirmayin. Hisobiniyam olganim yo‘q. Biroq evi bilan-da, janoblar! Do‘ppingiz tor kelib, “kelishuv”ga o‘tganingizda sal hurmatini joyiga qo‘yishni ham o‘rganinglar, axir! Mening o‘rnimda yoshi ulug‘roq, tajribaliroq odam bo‘lganida, balki “Kallang joyidami, uka?” deb so‘rardi va javobini ham kutmasdan vag‘illab ketardi: “Sen meni kim deb o‘ylayapsan o‘zi?!”
Xona sohibi bizga tilla gardishli ko‘zoynagi osha sinovchan qaraydi. O‘sha daqiqalarda rejissyorlik qo‘limdan kelmasligiga afsuslandim. Kelganida bormi, shu yigitga o‘ylab-netib o‘tirmasdan, uchiga chiqqan o‘g‘rining rolini bergan bo‘lardimki, suratga olgan asarimni millionlab odamlar “Shum bola”ni ko‘rganday qayta-qayta tomosha qilardi. Xushbichim, kalta kuzalgan qop-qora sochlari, qirra burni va yupqa lablari oq yuziga yarashgan. Nazarimda, bu qiyofaga nimadir yetishmayotgandek edi. Nimaligini o‘sha daqiqalarda qancha o‘ylasam ham topolmadim. Keyinchalik, oradan ko‘p yillar o‘tgach, lop etib esimga tushdi: saqich! Ha, saqich chaynatib qo‘ysangiz, faranglarning arzanda aktyori Allon Delonning o‘zginasi! Yana o‘ylamoqda edimki, ehtimol, yordam so‘rab kelgan va poygakda terga botib, tipirchilab o‘tirgan polkovnikka xona sohibi o‘zining kimligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘layotgandir: shu qalang‘i-qasang‘ilar bilan adi-badi aytishib o‘tiribsizmi, o‘rtoq, nachalnik!
Men go‘yo hech gap bo‘lmaganday, o‘ta osoyishta, o‘ta rasmiy ohangda so‘radim:
– Bu nima deganingiz, o‘rtoq prokuror?
– Qurug‘idan, – deya kiprik qoqmay takrorladi u. – Hammamizdayam ro‘zg‘or, bola-chaqa bor…
“O‘-o‘, g‘urbatli dunya!” degan bo‘lardi bu gaplar qulog‘iga chalinsa bosh muharririmiz. Senda adolat hukmron bo‘lganida, shunday arzanda yigit qozikalon emas, dallol qismatida yaralmasmidi! O‘z iqtidoru jur’atini ahli tujjor orasida namoyon etib, shonu shuhrat qozonmasmidi! Qozi rishvatchi bo‘lsa, avom ne qilsin!
– O‘zingiz qiynalib o‘sgan ekansiz… Haligacha obshejitada yasharkansiz…
Og‘ziga urdim:
– Bu gaplarni qo‘ying, aka. Sizga yarashmaydi. Eshitgan quloqqayam yomon.
Ko‘nglim tamomila xira tortib, bo‘ynimga chilvir tashlanganday nafas olishim qiyinlasha boshladi. Otamning yanishlari qulog‘im ostida yangraganday bo‘ldi: “Sen bolaga aytgandim-a, bu yurishingda bir baloga yo‘liqasan deb!” O‘zimni bosdim. Hammani og‘ziga qaratib o‘tirgan xona egasi shartta o‘rnidan turib, eshikni ichkaridan sharaqlatib qulflarkan, rangi bez bo‘lib o‘shqirdi:
– Kelishmagunimizcha hech kim bu yerdan chiqmaydi!..
To‘g‘riga yurib, gulqog‘oz qoplangan devorga qo‘lini tekizgan edi, eshik bor ekan, ochilib ketdi. Qanchalik sinchkov bo‘lmayin, shu sip-silliq devor ortida xona bo‘lishi mumkinligini o‘yimga ham keltirmagan edim. Xosxona egasi ichkarilar ekan, polkovnikka qarab im qoqdi va menga ham mulozamat qilgan bo‘ldi:
– Kelinglar, silaram ovqatlanib olinglar.
Karaxt o‘tirgan Elmirza aka “ovqat” so‘zini eshitib, menga yalt etib qaradi. Izn bersam, mezbonlarga qo‘shilib, xonai xosga o‘zini urmoqchi. Sovuqqina javob qildim:
– Qornimiz to‘q.
Eshik qiya ochiq qoldirildi. Birpasdan so‘ng temir qoshiq va sanchqilar bilan chinni idishlar o‘rtasida sharaqa-shuruq “jang” boshlandi. Ishtahani qitiqlovchi taom hidi dimog‘imiz orqali oshqozonimizga ilondek o‘rmalab kirib oldi.
– Tabaka! – dedi Elmirza aka g‘azab bilan va menga ko‘zlari qinidan chiqib ketguday bo‘lib tikildi: “Bu qanday gap?”
Bandasining irodasini bukishning bir yo‘li, deb javob berdim. Xayolan. Yanayam asabiylashsin, ezilsin, qayerda o‘tirganini anglab yetsin. Qarabsizki, o‘z-o‘zidan yuvosh tortib qoladi. Soatimga qaradim: 13:37. Ozod va erkin odamlar nasibasini paqqos tushirayotgan palla. Kechadan beri tuz totmaganim esimga tushdi. Gangir-gungur suhbat, oling-oling, billur qadahlar jarangi, yengil kulgi. O‘zimni qanchalik beparvo tutmayin, qornim quldirab ketdi. Xayolimdan nimalar o‘tmadi deysiz. G‘alvaga aralashmay, tilsiz-zabonsiz, lekin qulog‘ini ding qilib o‘tirgan hamrohimga kulimsirab qo‘ydim. Rangi-quti uchgan. Qizargan ko‘zlari besaranjom. Butun vujudidan, ko‘rgan kunimiz qursin, degan alam yog‘ilib turibdi. Elmirza aka kunimga yarayotgani menga taskin berardi. Harna-da.
Tanovul ahli bir soatdan oshib xosxonadan tishlarini namoyishkorona kavlab, tamshanib, kekirib chiqdi. Konyak ichilgan bo‘lsa kerak, ikkalasining ham yuzi durustgina qizargan. Qoshimni chimirdim.
–Xo‘-o‘sh, – dedi prokuror kursisiga joylashibroq o‘tirgach, zavq bilan. – Nima qildik? Shuytib o‘tiraveramizmi?
– Salqingina joy, o‘tirsak o‘tiribmiz-da.
Pichingim sal esankiratdi, chamasi.
– Menga qarang, – dedi u muloyimlik bilan. – Bizga ham rahmingiz kelsin, axir! Kimdan xato o‘tmaydi?
– To‘g‘ri, ammo…
– Uch ming!
Nazarimda, maqolamning narxi ko‘chadagi haroratdan ham tez ko‘tarilib borardi. Yaxshiyamki, salqinlatgich shalog‘i chiqqan traktorday g‘ir-g‘ir qilib turibdi. Xonangda nimadir g‘irillab tursa, gapingni xufiyona yozib olishlaridan cho‘chimasdan, otbozorda yurgandek bemalol savdolashsang bo‘ladi.
– Keling, besh ming! – dedi orqasini uzmay, ermak qilayotgandek. – Rozimisiz?
Ayni paytda, bu gaplarni aytar ekan, ko‘zlarimni tinimsiz ta’qib etayotganini sezib turardim. Endi u ochiqdan-ochiq bekinmachoq o‘yiniga o‘tgan edi. Ko‘zoynagi ortidan sirli jilmayib turgan ko‘zlari ba’zan sovuq tus oladi. Lablari mahkam qimtilgan. Ana shu qimtilgan lablari uni sotib qo‘ydi: “Cho‘chiyapti!”
Adolat posbonlari bilan “savdomiz” cho‘zilgan sari hamma zamonlardan goh barq urib ochilgan gul, goh nomusi toptalgan tul qiyofasida o‘tib kelayotgan noziknihol – adolat bizdan tobora uzoqlashib borardi. Uning o‘ksik ko‘nglini ko‘tarish ilinjida “xo‘jayinlari”dan jonini so‘rab olishga harchand tirishmayin, urinishlarim behuda ketmoqda edi. O‘zimni nochor-notavon sezardim. Sezganim sayin bu mushkul qafasdan qanday qutulishni o‘ylardim. Endi jo‘ngina qutulish bilan kifoyalangim yo‘q. Kajligim tutgan, o‘zimcha o‘ylab topganim – “g‘alaba bayrog‘i”ni shu yerga, qovurilgan jo‘ja hidi tutib ketgan mana shu befayz xonaga tikib-qadab ketishim zarur, degan qarorga kelgan edim. Toki, meni avrayotgan mana bu kimsa ko‘zlari tuproqqa to‘lgunicha eslab, tavbasiga tayanib yursin! “Jurnalist” so‘zini eshitsa, ilon chaqqanday seskanib, o‘rnidan sachrab turib ketadigan bo‘lsin!
Tizzamdagi qora sumkamni ochdim. Toqatni toq qiladigan darajada shoshilmasdan, imillab ruchkamni oldim. Tavakkal! Bloknotimning toza-ozoda varag‘iga avval 2000, so‘ng 3000 keyin 5000 raqamlarini katta-katta, salobatli stoli ortidan harakatlarimni betoqat kuzatayotgan prokuror bemalol ko‘radigan qilib yozgach, “=” belgisini qo‘ydim. Bu ham bir gap-da.
Xonaga jimlik cho‘kdi. Daftarimda yana bir bitik paydo bo‘ldi: 153, “3”. Boshimni ko‘tarib, hech narsa bo‘lmaganday Elmirza akaga qaradim, u nigohini olib qochdi. Uchalamiz ham so‘nggi raqamlar va harf Jinoyat kodeksining pora berishga oid moddasining eng dahshatli bandi ekanini anglab turardik. Aybdor deb topilgan kimsa kamida o‘n yilga qulog‘ini ushlab ketadi. Elmirza aka bilan men ham, polkovnik bilan prokuror ham – hammamiz omon chiqishimiz dushvor bo‘lgan tor qafasga tushib qolganga o‘xshardik hozir. Bu qafasdan bizni endi faqat mo‘jizagina qutqaradi. Raqibimning tusi o‘zgarib, lablarigacha oqarib ketdi. Baribir bo‘sh kelmadi. Dalolatini davom ettirdi:
– Keksa ota-onangiz oddiy dehqon odamlar ekan. Buning ustiga, jo‘jabirday jon…
– Bas! – deya baqirib yuborganimni o‘zim sezmay qoldim. – Besh million bersangiz ham – bo‘lmaydi!.. Bo‘lmaydi, vassalom! Sizday… sizday insondan pora oladigan mana shu qo‘llarimni shartta chopib tashlayman!..
Hayqirig‘imdan hamma cho‘chib tushdi. Ko‘zlarim chaqchayib, yuzimning lavlagisi chiqib ketganini sezdim.
– Siz o‘ylaysizki… – deb so‘z boshlagan edi, gapi bo‘g‘zida qoldi.
– Men hech narsani o‘ylayotganim yo‘q! – deb o‘shqirdim endi.
– Gap shumi? – deb so‘radi u andak jim qolgach. Uning ham beti lovillab ketgan edi.
– Gap shu!.. – dedim muzday sovuq, po‘latday metin ohangda. – Bir boshga – bir o‘lim!..
– Shunday deng? – U sovuq kulimsiradi. – Nachora. Yosh ekansiz. Juvonmarg bo‘p ketmang deyman-da, uka. Bo‘lmasa-ku…
U birpas peshonasini silab turdi-da, shartta yoniga burilib, telefon tugmachasini bosdi:
– Xosiyat opa, kutib o‘tirganlar bo‘lsa ayting, qabul tugadi. Ketaverishsin.
Ne ajabki, stol chetida, qizil papka orasida yotgan maqolamning birdan baxti ochilib ketdi. Prokuror ruchkasini oldi-da, dardi ko‘ndalang kelgan xulosani so‘nggi varag‘iga zarda bilan yozib, imzo chekdi. Qora emas, ko‘k emas, qizil rangli muhrini bosdi. Bosar ekan, muhrga kuflab ham qo‘ydi. Irim qildi-yov! To‘q havo rangdagi xati bir tekis va chiroyli edi. Imzosi salobatli. Men baquvvat ham, degan bo‘lardim.
– Mana! Murod hosilmi? – dedi u endi ko‘zlarimga tik boqib.
– Rahmat! – dedim samimiy. – Mard inson ekansiz!
–Siz xudo urgan qaysar ekansiz, – dedi u. Bu gapi qulog‘imga alqashdek, hatto akaning o‘z ukasini erkalashidek tuyuldi. – Olsa, ishini olar. Stalin zamoni emas-ku, otib tashlamas!..
Vujudimni shirin bir titroq chulg‘ab olgan, raqibimning ham chehrasi yorishib ketgan edi. Samimiylik, jo‘mardlik insonning yuziga nur, chiroy bag‘ishlaydi, degan o‘y o‘tdi ko‘nglimdan. Boya ko‘zimga o‘taketgan kazzobdek ko‘rinib turgan odamni birdan bag‘rimga bosgim keldi.
– Tag‘in meni yuzini sidirib tashlagan battol ekan, deb o‘ylamang, – dedi u ko‘zlari xurram tortib. – Sizga havasim keldi. Juda mahkam odam ekansiz. O‘zim ishonch hosil qilish uchun ag‘dan-bag‘dan bir turtib ko‘rdim-da. Ismi-rasmi shunday. Og‘ir olmaysiz…
– O‘rtada gina-kudrat qolmasa bo‘ldi, – dedim. Dilimni xufton qilib turgan vahima qanday kelgan bo‘lsa, shunday to‘satdan yo‘qolganini sezdim.
Prokuror – soxta bo‘lsa-da tabassum bilan va dadil, polkovnik esa siniq jilmaygancha va sovuqqina xayrlashdi. Har ikkalasi o‘zining fotihasi o‘qilganini anglab turardi. Shunday bo‘ldi ham: qo‘zg‘algan tish joyida qolarmidi? Ming qilsayam, insofi bor ekan.
– Opajon, mabodo, sizda analgin topilmaydimi? – deb so‘radim kotibadan bizni kuzatib chiqqan prokuror eshitadigan qilib va ko‘zimni qisib qo‘ydim. – Boshim yorilib ketay deyapti.
– Yo‘q, – deb to‘ng‘illadi kotiba. – Bu yer apteka emas.
Prokuror ortidan eshik yopildi. Endi u kirib polkovnikni boplab tuzlashiga ishonchim komil edi. Opa shivirladi:
– Omadinglar bor ekan. Narigi idoradan kelgan ikkitasi bu yerda poylab o‘tirgan edi. – U tizilib turgan kursilarga ishora qildi. – “Ketaverishsin” deganlaridan keyin, xayriyat, qorasi o‘chdi.
– Rahmat, opa! Siz bizga katta yordam qildingiz!
–Zig‘irchayam hayiqmading, uka, qoyilman! – dedi Elmirza aka ko‘zlari ola-kula bo‘lib.
– Dori beraymi? – deb so‘radi Xosiyat opa. Bizga mehribonlik qilayotganidan huzurlanayotgani chaqnab turgan ko‘zlaridan sezilib turardi.
– Mayli, beraqoling. Asqatib qolar.
– Aqlli ayol ekansiz, – dedi Elmirza aka hayajon bilan. – Ming rahmat!
– Men ham maktabda she’rlar, maqolalar yozardim… – Opamizning bahri-dili ochilib ketgan edi. – Taqdir ekan, hamshiralikdan nariga o‘tolmadim. O‘n besh yildan beri shu yerda sho‘rpeshonalarning yarasiga sho‘rpaxta bosib o‘tiribman.
Bunday holatda, bunday gaplarni eshitganida boshqalar nimalar deydi, bilmayman. Bir xayolim, opaning sho‘rpaxta bosish uchun yaratilgan sertomir qo‘llaridan o‘pgim keldi.
Ko‘chaga oyoq qo‘yganimizda ko‘pkaridan chiqqan otdek rosa bo‘larimiz bo‘lgan edi. Lekin ancha salqin tushib qolganini ko‘rib, yanayam yengil tortdik. Ammo zug‘um hali tugamagan ekanki, maqola muallifini ezish navbatini, kutganimdek, endi Elmirza aka oldi:
– Ertalabdan beri idorama-idora sanqib yuribmiz, – deb to‘g‘illadi. – Bugungi ish butkul harom o‘ldi. Redaktor endi meni yeydi.
– Aytmang, aka! – dedim. – Bugun hayotimizdagi eng unutilmas kun bo‘ldi.
– Havoyi gaplarni qo‘ysang-chi. Yerga tush, uka, yerga…
– Havoyi emas, aka! Qimorda qo‘limiz keldi-yu, ganakdan katta xirmon ko‘tardik. – Issig‘ida qutulmasam, sochimni o‘stirmay qo‘yishini bilardim. Innaykeyin, ertalabki suxanim sinmasin. – Endi sizga cho‘tal bermasam bo‘lmas!
– Ana bu boshqa ga-ap. Tomog‘im takillay boshlaganiga necha fasl, necha yil bo‘ldi…
– Meniki ham, – dedim. – Lekin chang bosgan bu abgor shaharda tozasidan topilarmikan?
– Boshqa birovni bilmadim-u, cho‘talchilarga albatta topiladi.
– Unda, qani, boshlang, ketdik…
Borliq go‘yo uyqudan uyg‘ongan kelinchakday. Jaziramaning tafti keskin qaytib, ko‘cha-ko‘yga jon kirgan. Kun bo‘yi olov purkab charchagan quyosh o‘z qilig‘idan izza tortganday yuzlari qizarib, chakkalari bo‘zarib, ufq ortiga tezroq yashirinish payida. Mashinalar, odamlar, har xil ovozlar gavjumlashgan. Bolalar chuvillagan, kulgan, qiyqirgan. Bellariga peshband bog‘lagan qiz-juvonlar uylarining oldiga suv sepib, supirgan. Olam qushlarning chug‘ur-chug‘uriga to‘lgan. Osmonda paydo bo‘lgan oq bulutlar yengilgina suzib yuribdi. Daraxtlar kun botish tomondan esayotgan mayin va salqin shabadada yaproqlarini va shoxchalarini yengil silkitib, raqsga tushgisi kelayotganday.
– Yangi oy ko‘ringanda ob-havo o‘zgaradi, – dedi Elmirza aka. – Maynam har qanday sinoptikdan zo‘r ishlaydi, demaganmidim…
* * *
Oradan o‘n uch yil o‘tgach, 199… yil 19 avgust, yakshanba kuni kundaligimda shunday satrlar paydo bo‘ldi:
“Kecha rahmatli Elmirza akaning to‘ng‘ich o‘g‘li uylandi. To‘y “Manzur” restoranida bo‘ldi. Aka hayot bo‘lganida, balki borib o‘tirmasdim. Uch yil burun falajdan ketgan qalamdoshimning hurmatini qildim. Tanimasni – siylamas. Begonasirab, chetroqda turgan edim, ikki yuzi qip-qizil bir odam oldimga qo‘l cho‘zib keldi:
– Sizniyam ko‘radigan kun bor ekan-ku, birodar!
–Rahmat… – Uning qo‘li terdanmi yo suvdanmi, bilmadim, jiqqa ho‘l edi. G‘ashim kelib, dastimni cho‘ntagimga tiqib, artib oldim.
– Tanimadingiz-a?
–Issiq yulduzingiz juda tanish ko‘rinyapti, – dedim yuzimga tabassum ifodasin sochishga harakat qilib. – Faqat aniq eslay…
– Parolni aytaymi?
– Parol? Qanaqa parol?..
– Parolni aytsam, darhol eslaysiz. Taniysi-iz! – Undan gup etib araq hidi keldi. – “Sirli zirak” degan maqolangiz esingizdami? Boloxona… Pastqamgina hovlida sizga peshvoz chiqqan yigit…
– Ey, shundan kelmaysizmi! – Men yayrab ketdim. – Buni qarang!..
Aytishicha, singlisi Sanobar allaqachon uyli-joyli, bola-chaqali bo‘lib ketgan. Hozir maktabda boshlang‘ichga dars beradi. Qaysidir yili hovlini yangilash uchun boloxonani buzishsa, polining tagidan o‘sha yo‘qolgan matoh – tilla zirak chiqibdi… “O‘g‘ri” dugona – Narziyani so‘radim. To‘ydoshim istar-istamay qo‘l siltadi. Militsiyaga chaqirib bezor qilaverganlaridan keyin hamma undan o‘zini opqochadigan bo‘pqolgan ekan. Universitetdan oyog‘i uzilibdi. Turmushgayam chiqolmabdi, bechora. Oxiri bedavo dardga chalinibdiyu o‘ttizga kirar-kirmasdan o‘tib ketibdi.
Labimni qattiq tishladim. Rahmatli bosh muharririmiz yodimga tushdi. O‘shanda u maqolamni o‘qib, meni o‘tqazarga joy topolmay qolgan edi. Bor-yo‘g‘i bitta so‘zni – “E’tiborsizlik” deb qo‘ygan sarlavhamni o‘chirib, “Sirli zirak” deb o‘zgartirgan edi, xolos. Yana nadomat bilan aytgan ediki, hayot o‘zi shunaqa, og‘ayni. Tepaga chiqib olgan bir to‘da odam o‘z halovatini o‘ylab, pastdagilarni har ko‘yga solaveradi. Tosh asridayam shunday bo‘lgan. Hozir ham shunday. Odamzod o‘zgarmaydi. Senzurayam shunday bir o‘yin-da…”
“Tafakkur” jurnali, 2022 yil, 4-son.