To‘yona – foizsiz berilgan qarz. Odatda, ko‘pchilik kimga qancha to‘yona berganini va kimdan qancha olganini “temir daftari”ga yozib qo‘yadi. Taklifnoma kelsa, o‘sha daftar ochiladi: “Qani ko‘raylik-chi, bu janob qancha to‘yona bergan ekan? Berganmikan o‘zi?”
Sattor Qodirov ham shunday qiladi. Chunki, “hisobli – do‘st ayrilmas”.
Lekin “Ehtirom bilan Musa Xo‘jayev oilasi” degan so‘zlar bitilgan taklifnomani olib, uning ko‘z oldiga “temir daftar” emas, yo‘g‘on-yo‘g‘on o‘n dona qazi keldi. To‘rt yil avval kenja qizini chiqarayotib, osh berganida, Musaning to‘yonasiga xarid qilingan qazilar osh bilan dasturxonga tortilgan edi.
Musa o‘shanda, to‘ydan bir necha kun oldin, oqshom uning xonasiga odatdagidek quvnoq kayfiyatda kirib kelgan:
“Boshlayotgan to‘yingiz muborak bo‘lsin, xo‘jayin! Taklifnomani olib, juda xursand bo‘ldim!”
“Rahmat!”
U barvasta, oppoq xalati, tilla gardishli ko‘zoynagi, kumush rangga kira boshlagan sochlari yarashib turgan, harakatlari sokin Sattor Qodirov bilan ko‘rishar ekan, qo‘liga nimadir qistirdi.
“I-e! Bu nima qilganingiz, Musajon?”
Sattor Qodirov shunday dediyu, lekin quvonib ketganini sezdirib qo‘ydi. Xom sut emgan banda-da! To‘y qiladigan odamga oson emas. Bunday paytda “Ha!” degan – tuyaga madad”. Ota-bobolarimiz ham shularni hisobga olib, to‘yonani o‘ylab topishgan, shekilli.
“Shogirdingizning arzimagan to‘yonasi, xo‘jayin. Yoshlar baxtli bo‘lishsin! Hammamizni to‘ylarga yetkazsin!”
“To‘yga hali uch-to‘rt kun bor-ku!”
“O‘limdan boshqa hamma ishning ertaroq bo‘lgani yaxshi, xo‘jayin. Bilaman, to‘y kuni sizning oldingizga yaqinlashishning o‘zi bo‘lmaydi!”
“Rahmat! Yaxshi kunlaringizda qaytaraylik!” – dedi Sattor Qodirov yuz dollarni shimining cho‘ntagiga solar ekan.
Aslini olganda, o‘shanda shifoxonada oddiy terapevt bo‘lib ishlayotgan Musaning ko‘rsatgan bu iltifotini to‘yona ham deyish qiyin. To‘yonani u Sattor Qodirovni azboroyi behad hurmat qilganidan bergani yo‘q, albatta. Musaning bosh shifokor o‘rinbosari Sattor Qodirovga kunda-kunora ishi tushib turardi. Kimnidir shifoxonaga yotqizish, kimnidir zudlik bilan operatsiya qilish, yana kimnidir ishga joylashtirish kerak. Hojatbarorlikda Musaga yetadigan odam kam topiladi.
“Xo‘jayin, oldingizga yana bir iltimos bilan keldim, – deb kulgancha kirib kelardi u.- Faqat yo‘q demaysiz!”
Qo‘li hech qachon ko‘ksidan tushmaydigan, har gapida “xo‘jayin”, “ustoz”, “akajon” deb turadigan bu seriltifot, sergap, novcha va qotma odamning iltimosini nafaqat bosh shifokor o‘rinbosari, boshqalar, hatto yetti yot begonalar ham rad qila olmasdi. “Jonim-jonim” deb har qanday odamning jonini sug‘urib oladi.
Mana endi, o‘sha seriltifot, Sattor Qodirovdan besh yosh kichik Musa Xo‘jayev qizini chiqarayotir. Toshkentning eng hashamatli restoranlaridan biri -“Izidiyor”da osh berayotganiga qaraganda, uch yil burun shaxsiy klinikalardan biriga ishga o‘tib ketgan Musaning ishlari yomon emasga o‘xshaydi. Bu orada Sattor Qodirov bosh shifkor kursisiga o‘tirdi.
Mayli, har kimning omadini bersin! Shu topda eng muhimi – to‘rt yil burun olingan to‘yonani qaytarish. Lekin uch farzandini ham uyli-joyli qilib tinchigan odamning Musaga to‘yonasini qaytarishi shartmikin? Yo‘q-yo‘q! Qaytarmaslik – pastkashlik. Ko‘z-ko‘zga, yuz-yuzga tushadi. Uyat! To‘yona qaytarilishi shart va lozim! Lekin, qanday shakl va hajmda – bu boshqa masala. Yuz dollar berish shart emas. Bu – aniq! Kamroq bo‘lsa ham yetadi.
Sattor Qodirov, shanba kuni peshinga yaqin shifoxonadan chiqar ekan, pulni uch konvertga bo‘lib joyladi. Yigirma ming so‘mni shimining chap cho‘ntagiga, ellik mingni kostyumining o‘ng tomonidagi ichki cho‘ntagiga soldi. Bir taxlam ming so‘mlik esa kostyumining chap cho‘ntagidan joy oldi. Olishga qulay.
Kech kuz bo‘lishiga qaramay, havo dim va issiq. Lekin mezon havosi o‘zgaruvchan – to‘satdan yomg‘ir yog‘ib yuborishi ham hech gap emas.
“Yuz ming berib, kimni qoyil qilmoqchisan? – deb o‘yladi u restoranga yaqinlashganida. – Ellik ham yetadi. Eng yaxshi yo‘li – shu! Ellik! Kam ham emas, ko‘p ham. Tammom, vassalom!”
U ellik ming solingan konvert bilan yuz ming joylangan konvertning o‘rnini almashtirib qo‘ydi.
Aqlli odam to‘y oshini peshinda qilmaydi. Bunday paytda to‘yga aytilgan ham, aytilmagan ham – hamma birdan yopirilib keladi. Tushlik qilish, qorin to‘ydirish kerak-ku, axir.
Restoranning oldida qarindosh-urug‘i, tanish-bilishlari qurshovida turgan to‘y egasi Sattor Qodirovga tavoze bilan salom berib, ichkariga ishora qildi:
– Keling, xo‘jayin! Marhamat!
To‘yxonaga kirib-chiqayotgan odamning ko‘pligini ko‘rib, Sattor Qodirov yana ikkilanib qoldi. Ellik ming berish shartmi?
“Lazur” guruchidan pishirilgan oshni qazi bilan dumbaga qo‘shib, ishtaha bilan chaynar ekan, shimining chap cho‘ntagini sekin ushlab qo‘ydi: yigirma ming ham yetadi! To‘y ishi – to‘polon. Shu topda kim qancha to‘yona berganini Musa bilib o‘tiribdimi. Bunday paytda yo‘li oson – to‘y egasini bag‘ringgga bosib tabriklaysan-da, konvertni kostyumining cho‘ntagiga solib qo‘yasan. Qo‘liga bermaysan.
Lekin, Sattor Qodirov to‘yxonadan tamshanib chiqar ekan, Musaga yaqinlashib borish oson emasligini ko‘rib, bir zum to‘xtab qoldi. Kuyov tomon – qudalar osh yeb chiqqan bo‘lsa kerak, to‘y egasining atrofida rosa odam ko‘p – hamma Musa bilan quchoqlashib ko‘rishgan, uzundan-uzoq so‘rashgan, o‘pishgan, tabriklagan. Navbat kelgunicha, kamida yarim soat kutish kerak. Chunki, hali qudalarga to‘n kiydirish marosimi ham bor.
“O‘zidan ko‘rsin! – deb o‘yladi Sattor Qodirov “Neksiya”siga qarab yo‘l olar ekan. – Keyingi to‘yida qaytararman o‘sha to‘yonasini. Hali boshi yosh, maktabda o‘qiydigan o‘g‘li bor. Eng muhimi, oshiga kelganimni o‘zi ko‘rdi…”
Dushanba kuni ertalab ishga kelib, xonasiga kirishi bilan shahar telefoni jiringladi. Sattor Qodirov qop-qora telefonga bir zum xavotir bilan tikilib qoldi. Kallai sahardan jiringlagan telefonning xosiyati kam bo‘ladi: yo ishingdagi qandaydir kamchilik uchun tanbeh eshitasan, yo boshqa sovuq xabar aytiladi. Bu gal Musaning quvnoq ovozi eshitildi:
– Ishni yaxshi boshlayapsizmi, xo‘jayin?
– Shukr! O‘zingiz-chi, to‘y tashvishlari bilan charchamadingizmi?
– Charchamadimu lekin, “qiz chiqarganga qirq yil teginma”, degan gap bejiz aytilmaganiga yana bir bor amin bo‘ldim. Sizning joningizga to‘zim bersin ekan, xo‘jayin. Ikki qiz chiqargansiz.
– Tinchlikmi?
– Tinchlik. Bilasiz-ku, boshimga tashvish tushsa, doim sizni bezovta qilaman. Na chora, chidaysiz endi, xo‘jayin. Bu gal ham yo‘q, demaysiz!..
– Bemalol.
– Ertaga – charlar. Mablag‘ masalasida qo‘lim sal kaltalik qilib qoldi. Yordam berolmaysizmi, xo‘jayin?
“Demak, bu ham “temir daftari”ni ochib, hisob-kitob qilgan, – degan gap xayolidan o‘tdi Sattor Qodirovning. – Qoyil!”
– Qo‘limdan kelsa… Qancha?
– Imkoni bo‘lsa, ikki yuz. Bo‘lmasa, kamroq… “Ko‘kidan”.
“San’atingga balli, Musa! Asli o‘zi mo‘ljaling – yuz. Ikki yuz deyishingni qara!”
– Ikki yuz – qiyin. Lekin yuzning bir ilojini toparmiz!..
Shunday qilib, bundan to‘rt yil burun Musa bergan to‘yona, foizsiz kredit, Sattor Qodirov tomonidan o‘sha kuni, bankirlar tili bilan aytganda, “so‘ndirildi”.
“O‘limdan boshqa hamma ishning ertaroq bo‘lgani yaxshi!..”
“Darakchi” gazetasi, 31.01.2013 yil.