– Juma-ayef, – deydi xonasining eshigini qulflayotgan Orziqul aka.
– Labbay, – deyman men ham kalitimni cho‘ntagimga solar ekanman.
-Umrning yana bir kuni o‘tdi.
-O‘tganiga shukr.
-Yomon odamlar kamayib ketdi, – deydi endi hamrohim liftdan tushayotganimizda. – Yo‘q, tag-tugi bilan quridi!..
“Yomon odamlar”ni qayerdadir eshitganmi, o‘qganmi, yodimda yo‘q. Tilidan tushmaydi.
-Yomonlar kamaysa, yaxshi-ku.
Javobim unga yoqmaydi. Mujmalroq tuyiladimi-ey. Tomiri tortishganday, boshini bilinar-bilinmas irg‘ab qo‘yadi.
Jaziramadan toliqqan shahar orom ilinjida boshpanasi tomon o‘rmalaydi. Chilla.
Bir yildirki, Orziqul aka bilan tuz-namakmiz. Nashriyotimizning bosh hisobchisi. Boshbux. Ishga birga kelib, birga ketamiz. Tushligimiz ham birga. Yoshimizda o‘n yil farq bo‘lsa-da, ancha apoq-chapoqmiz. Boshqalardan o‘zini opqochadi. Sinchkov tikiladigan katta-katta ko‘zlarida doim sezilar-sezilmas iste’hzo. Tundligi yo‘q, dami ichida. Qalin sochlarining qorasidan oqi ko‘proq. “Ishlay desam, madorim yo‘q, – deydi ba’zan. – Etak qoqib ketay desam – qarorim”.
Sezaman, boshbuximiz zerikadi. Nomini eshitsa ot ho‘rkadigan boshqarmaning taftishchisi sifatida yuzlab korxonayu tashkilotlarning kirim-chiqimini elkadan o‘tkazish qayda-yu, yigirma chog‘li odam ro‘zg‘or tebratadigan nashriyotda cho‘t qoqish qayda. Xonasiga kirib qolsam, dimog‘i choq bo‘lib ketadi. Gurungdan oladi.
“Amerikada – SRU, O‘zbekistonda – KRU”, deb qo‘yadi. Men o‘zimni tushunmaganga solaman.
Izohi tayyor. Amerikada inson zoti Markaziy razvedka boshqarmasining, bizda esa Nazorat taftish boshqarmasining nomini eshitsa, azroyilga duch kelganday tildan qoladi, deydi. Men ana shunday boshqarmada katta taftishchi edim.
Bir ishni “yopganim” uchun sinamol ukaxonimiz ataganini konvertga solib kelgan ekan. Qo‘lidan olib, stolimning g‘aladoniga tashlashim bilan eshik “sharaq” ochilib, to‘rt-besh shavvoz kirib keldi. Keyin bilsam, anchadan beri izimga tushib yurishgan ekan. Kinolardagidek. Qo‘limga solingan temir kishanning muzdayligini eslasam, haligacha etlarim jimirlab ketadi. Baribir sir boy bermadim, uka. Boshlig‘imiz meni tashlab qo‘ymasligiga ishonardim. Ishonganim uchun damim baland edi.
So‘roqqa tutishdi: “Ayting, porani yana kimlardan olib, kimlarga berib turgansiz?”
“Faqat o‘zim olib, o‘zim yeganman”, dedim. Hech kimni sotmadim. Holing nechuk deb so‘rashga yuragi dov bermagan boshlig‘imizniyam.
“Qo‘rqmay aytavering”, deyishdi.
“Uch yasharligimda qo‘rqadigan joyimni kesib tashlashgan. Shundan beri Xudodan boshqa hech bir zotdan qo‘rmayman”, dedim.
“Endi qolganini bizga qo‘yib bering”, deyishdi… Ko‘ryapsizmi, Jumayef? G‘irromligimni ko‘ryapsizmi! Bechora tergovchilarni yomonlashga tilim og‘ib ketayotganini sezyapsizmi?
“Erkakmisan, Muroduf?” – deydigan odam yo‘q. Rostda, qilg‘iliqni qilgan o‘zing. Yana birovlarga tosh otishingga balo bormi? Shunchalik dono ekansan, qisibgina yur edi…
Akaning vaqt-bevaqt ichkisi kelayotganini sezib, “bir qultumgina” quyib bermoqchi bo‘lsam, unamaydi. Taom mezboni bilan mazali, okasi, deydi. Siz butilkaning oldida mullavachaday sipo o‘tirsangiz. Men otga o‘xshab qultillatib simirib yotsam… Yo‘q, bo‘maydi.
-Ichardim-u, planni bajarib qo‘yganman-da, – deyman men va jigarimni silab qo‘yaman…
Akaning o‘z shiori bor: kam-kam, tez-tez va hamisha! Yana aytadiki, piyolaga quyib qo‘ying, faqirning nasibasi ko‘zining oldida tursin!..
– Zap zamonlar o‘tgan ekan-da, Juma-ayef! – Gapida davom etadi hamrohim bekat tomon bir-bir bosib borar ekanmiz. U boshmog‘iga yopishgan loyni tushirmoqchi bo‘lganday, qadamini sezilar-sezilmas siltab tashlaydi. “Mafosil, – deb izoh bergan edi bir kuni o‘z dardiga. – Turmadan qolgan esdalik bu, savil. Revmatizm”.
Bunday paytlarda umrining eng totli damlari – boshqarmada ishlagan kezlarini eslab, hayajoni oshib-toshib ketadi:
– Qishloqdagi ota-onamni ko‘rib kelay deb, onda-sonda javob so‘rardim. So‘rardimu bir haftasiz qaytolmasdim, deng. Qani endi Toshkentdan chiqishga ulgursam. Yangiyo‘ldan o‘tar-o‘tmasimdan uch-to‘rt “yomon odam” oldimni o‘rab chiqardi: “Bir piyolagina choyimiz bor, akajon. Uzoq safarga chiqibsiz. Ozgina dam olib keting!”. Yo‘q deb ko‘ring-chi! Betko‘rmas bo‘p ketadi. Ilojingiz qancha. Tushasiz. Ana endi, soya-salqin choyxona. Ana endi, Chinozning tilloday tovlanib turgan baliqlari. Ana endi, ichimlikning ming xili. “Yana bir qo‘lgina oling, akajon! Bu – oxirgisi! Dunyoning oxiriga yetib yuring, iloyo!..”
Uch soatlik yo‘lga uch kun deganda arang yetib borardim-a. Uch kunda-ya! Gulistonning kabobi, Jizzaxning somsasi, Qamashining tandiri… “Yana bir qultumgina oling, akajon!..” Shofyorim bilan yegan ichganimiz qancha. Mashinamizga joylangani qancha… Hay, endi aytaversam, bo‘ladi, Juma-ayef. Cho‘ntakka tiqilgani-chi! Berganning betiga qarab o‘tirmasdik-da. Uh-hu!.. Bu shahardan unisiga, u tumandan nargisiga yapon imperatorini kuzatganday tantanli kuzatib qo‘yganlari-chi! Oldinda bir – mashina, ortimizda – kamida ikkitasi. Ichi to‘la “yomon odam”. Navbatdagi tuman chegarasida yana shunday bir kortej tiziladi. Yana o‘sha gap: “Yana bir qo‘lgina oling!..” U ichilgan araqlar, u yeyilgan ovqatlar…
Akaning og‘zi so‘lakka to‘lgani seziladi. “Qo‘lt” etib yutinadi. Pista po‘chog‘i, qog‘oz, sigaret qoldiqlari to‘lib-toshib yotgan chiqit qutiga tupuradi va nadomat bilan bosh chayqaydi. Peshonasini silab qo‘yadi. Tepasida yahudiyning qalpog‘ini eslatuvchi yarg‘og‘i yaltirab ketadi:
– Ay-y, siz so‘ramang, men aytmay. Biz yemagan noma’qul buzoqning go‘shti kam qolgan, uka. Chertsangiz betimdan qon tomardi. Endi ustixonimni sudrab yuribman. Hammasi o‘tdi-ketdi. Hammasi! Qornimizdagi atalani yog‘ deb yurgan ekanmiz. O‘n yarim yil berishgandi. Yetti yilu uch oy, plyus o‘n yetti kunu besh yarim soat qamoq azobini tortdik. Endi kunimiz manavu Qo‘qon aravaga qoldi.
“Qo‘qon arava” – avtobusga chiqamiz. Kech kirib qolgan bo‘lsa-da, tirband. Qiltiriqqina konduktor ayolning oylik chiptamizni ko‘rib ensasi qotadi. Kimdir akaga joy beradi. Sanjabsigach, men ham yoniga o‘tiraman.
-Qani endi, shu yerda avtobus to‘xtatsa-yu, ikkita barzangi chiqsa. “Muroduf kim?” “Juma-ayef-chi?” deb hayqirsa. – Aka zavqlanib kuladi. – Sekin o‘rnimizdan tursak. “Ikkalang ham avtobusdan tez tush!” deb pishqirsa turma nazoratchilariday. Tushsak. “Qo‘lingni orqaga qil!” Qilsak. “Yur bu yoqqa!” Ikkalamizni to‘g‘ri “Bedana” kafesiga tomon haydasa. Biri – oldinda, ikkinchisi – ortimizda. “Imillama!” deb yelkamizga qo‘ndoq bilan bir-ikki tushirib qo‘ysa ham mayli. Kafega kirsak. “Tayyormi?” deb hayqirsa barzangilar mulozimlarga. “Tayyor, xo‘jayin, tayyor!” Salqingina xonaga olib kirishsa, deng. Dasturxonda sho‘rakidan, tandir kabobgacha bor. Ko‘katlar. Ichimlik. Araqning tozasidan deysizmi. Pivoning muzdayidan. Hammasi meni ich, meni ye deb, mo‘ltirab tursa. “O‘tir!” desa nazoratchilarning kattarog‘i. O‘tirsak. “Shu noz-ne’matlarni yeb, ichib tugatmagunlaringcha, kafedan chiqish yo‘q. Qani boshla!..” Sekin dasturxonga qo‘l uzatsak. Barzangilar yana hayqirsa: “Qaltirama! Hammasining puli to‘langan!..” Bilasizmi men nimadan boshlardim?
Men yelka uchiraman.
-Pivodan. Muzdaygina pivodan boshlardim!..
Yutinib, so‘ng sekin qo‘shib qo‘yadi:
– Buyam bir gap-da. Noumid bandaning gapi, Juma-ayef… Bilaman, hech qachon bunday bo‘maydi.
-Bo‘lsa-chi? – deyman men va bo‘m-bo‘sh avtobusning chang bosgan poliga tikilib qolaman. – Xudo beraridan qo‘ymasin, aka!..
U, bunaqa afsonalarni ko‘p eshitganmiz, degandek ko‘zini yumib qo‘yadi.
-G‘oyibdan beraman desa, hech gap emas, – deyman men dadillashib. – Anaviga qarang.
-Hamyonmi? – so‘raydi u tajjublanib.
-Huddi hudash! Ichidan bir dasta pul chiqsa nima qilardingiz, Orziqul aka?
-Nima qilardim? – U bir zum o‘ylanib turadi va cho‘chib ketgandek, ilkis javob beradi:
-Egasiga qo‘sh qo‘llab topshirardim.
-Egasini topishning iloji bo‘lmasa-chi?.
-Topolmasam, machitning ehson qutisiga tashlardim.
-Hammasinimi?
-Hammasini… Siz-chi?
-Men o‘ylab ko‘rardim, – deyman va turib, eshik oldidagi zinada yotgan qizg‘ish hamyonni olib kelaman. – Ko‘raylik-chi, bir ziyofatga yetarmikan.
-Ana xolos!
Hamyonning yaltirab turgan qisma tugmachasini shartta ochaman. Beshta beli bukilmagan yuztalik, uchta tashrifnoma chiqadi: “Nazira Xo‘jayeva. Advokat”.
-Xudo o‘zi yetkazdi, – deyman. – Pivoxonlik oqshomiga marhamat, Orziqul To‘rayevich! “Bedana”ga qaytganimiz bo‘lsin!..
Hamrohim yuzini oyna tomonga buradi:
-Qo‘limgayam ushlamayman! Egasiga buyurmagan, tegasiga buyurmaydi. Advokat opaga telefon qiling. Bo‘masa, ana, kondo‘xtir xotinga tashlab keting…
Hamrohim pastqam hovlilarning yonida avtobusdan tushadi va oyna ortidan menga xorg‘in kulimsiraganicha qo‘lini ko‘tarib qo‘yadi.
“Hurriyat” gazetasi, 2021 yil 15 dekabr.