Shahar chekkasidagi bu to‘rt qavatli shaftolirang uy uzun, shu darajada uzunki, chavgon dastasining uchidek burilib ketgan. Oxiri ko‘rinmaydi. Yo‘lak-pod’ezdlari ko‘chadan ichkariga – torgina maydonchaga qaragan. Oldi mudom gavjum. Betoni o‘yilaverib allaqachon taqdirga tan bergan yo‘lkalarda avtomobillarga yo‘l bo‘shatib charchaysiz. Istiqomat ahlining mashinasini qantaradigan, xonadoniga kirib-chiqadigan joyi shu hovli – maydonchadan.
Undagi faqat bitta kvartiraga orqa tomondan, eng pastki qavatdagi, oldini sarg‘aygan o‘t-o‘lan va butalar bosib yotgan ayvonchadan kirib chiqiladi. Ayvonchaning beton to‘sig‘i ushatilib, torgina temir zina tushirilgan. To‘rt pog‘onali zinaga temir suyanchiq tirkalganki, har ikkisini allaqachon zang bosa boshlagan.
Yakshanba kuni, choshgoh mahali ana shu ayvonchada o‘ttiz besh yoshlardagi xipcha belli, siynalari so‘lqillagan, gajaklari yupqa lablarining ikki chetiga buralib tushgan juvon paydo bo‘ldi. O‘ziga astoydil oro bergan, butun qiyofasidan nozu istig‘no ufurib turgan bu ayol beton to‘siq osha bo‘ynini cho‘zib, atrofga ingichka qoshlarini chimirib nazar soldi. Qomatiga yopishib turgan paxtalik adras kamzulining cho‘ntagidan sarg‘ish latta chiqarib, suyanchiq ustidagi qilamiqqina qorni sidirib tashlagan bo‘ldi. Ko‘tarib chiqqani – ohori keta boshlagan qizil baxmal ko‘rpachani temirning ustiga yopdi va o‘zini yana ayvonga oldi. Huzurlanib kerishdi. Tunni g‘oyat totli o‘tkazgan suluv juvonlar ana shunday, nimalardandir entikib, qo‘msanib, nozlanib kerishadilar. Ichkariladi.
Birpasdan keyin uydan erkak kishining asabiy ovozi quloqqa chalindi. Unga ayol va go‘dakning yig‘isi qo‘shilganday bo‘ldi. Jimlik cho‘qdi. Nasihat ohangida gapirayotgan erkakning bir zayldagi salobatli ovozi kelib turdi. Yarim soatlardan so‘ng ayvonda qorako‘l telpakli barvasta va xushro‘y kishi ko‘rindi. U ham avval o‘ngu so‘liga hadiksiraganday ko‘z yugurtirgach, ko‘rpacha osilgan suyanchiqdan yengil ushlaganicha avaylab pastladi. Keng ko‘kragini to‘ldirib nafas olganida yag‘rindor yelkalari ko‘tarilib tushdi.
Havo toza, sovuq va tund edi. Ko‘rku salobatiga yarashgan qora paltosining mo‘ynali yoqasini ko‘tardi va yo‘lakda turgan hashamatli mashinasi sari yurdi. Kecha erib ulgurmay, tunda tankillagan muzga aylangan qor g‘ichirladi. Qo‘ng‘iroq sasi kelganday bo‘ldi.
Erkak taqqa to‘xtab, yon cho‘ntagiga qo‘lini yubordi. Ko‘zoynagini olib, hamon jiringlayotgan telefonga bir lahza tikilib qoldi. Bo‘yog‘i yaltirab turgan tim qora, qalin, qariyb kiriklarigacha tutashib ketgan qoshlari uchib tushdi. Avzoyi buzildi:
– Nima gap?
– Dadasi, sizmisiz? – ayol kishining xasta-nochor ovozi keldi. Bugun xotin zotiga xudo berdi, degan gap o‘tdi xayolidan erkakning. Endi bunisi dodlaydi. O‘zini aftoda holga soladi. Go‘yo sanoqli kunlari, yo‘q, soatlari qolgan xasta. Rahm-shafqat qilmasangiz, rozi-rizoligini olmasangiz, armonda qolasiz.
Kun bexosiyat boshlanayotganini sezib, yuzi xavotir va taxlikali tus oldi.
– Yana kim bo‘lishi kerak, – dedi ayvondan uzoqlashar ekan.
– Yaxshi dam oldingizmi?
– Shukr! Joyida. O‘zing nechuksan?
Ilgari xotini bunday quruq, qisqa va sovuq javobdan keyin gapni kalta qilardi. Endi tergovchiga o‘xshab darhol savol-so‘roqqa, yo‘q, jerkishga o‘tdi. Eri aynan shunday bo‘lishidan yurak hovuchlab turgandi.
– Nega telefonni omaysiz? – o‘shqirdi ayol.
– Telefonimning tovushini o‘chirib qo‘ygan ekanman, – o‘zini bosib javob berdi er.
– Kechasi bilan ming marta telefon urdim…
– Oqshom isroillik hamkorlar bilan birga edik. Daqqi juhudlarga juziya to‘lamasang, bir ish chiqishi qiyin. Paxtani tomchilatib sug‘orish yana savil qoladi, shekilli. – Uning miyig‘ida ma’yus kulgi jilvalandi. – Tovariga otasining narxini qo‘ygan. Keyin sen je – men je, deganday. Bilasan-ku. Ish bitmadi. Bitsa, mengayam choy puli qolardi.
– Yana ichdingizmi?
– Ha, viski. Ozroq oldim. Itday charchagandim.
– Buni qarang.
– Ishlarimni biryoqli qilib, xonamga chiqibmanu qotibman. Galstugimniyam yechmabman. Hozir turdim.
– O‘lmasin o‘sha juhudlar, buncha sarson qildi sizni. Har hafta Toshkentga qatnayverib horib ketdingiz. Har hafta-ya!
– Har haftamas… lekin ish-da. O‘zing o‘yla. Fermerlar uchun men yugurmasam, kim yuguradi.
Aytdiki, tuman Fermerlar uyushmasi deganing yetimday gap. Ish buyuradigan otasi, xo‘jayini ko‘p. Yordam berishga qolganda hamma o‘zini olib qochadi.
– Kechasi telefon qilsam, bir bolacha oldi, – dedi ayol. – Kim u?
Erkak tushundi: xotin hamlaga tayyorlanayotgan ilon qiyofasiga kira boshladi. U ayol zotining mana shunday hezlanishlaridan bezgan, charchagan edi.
– Kallang joyidami? – bo‘sh kelgisi kelmadi erning. – Yo, otangga o‘xshab, araq-paraq ichib olganmisan? Musofirxonada bola nima qilsin?
– Otam rahmatlining arvohini chirqillatmang!..
– Bo‘lmasa, nimaga he yo‘q – be yo‘q, bingakka o‘xshab nishingni tiqayapsan?
Erkakning ajin soya tashlay boshlagan yuzi burishib ketdi. Ichida xo‘rsindi. Xotinining asabiy titrayotgan lablari, chaqchaygan ko‘zlari, qaltirayotgan qo‘llari ko‘z oldiga keldi. Endi ko‘hna kasali qo‘zigandan-qo‘ziydi. Yana ko‘rpa-to‘shak, yana dori-darmon, yana emlash. Vos-vos. Ichida shunday dedi-yu, xotiniga rahmi kelayotganini ham sezdi.
– Telefonga bolakay javob bergani rost-ku! – gap kavlashdan to‘xtay demasdi ayol.
– Nomerdan adashgan bo‘lsang kerak.
– Hozir qayerdasiz, o‘zi? To‘g‘risini ayting!
– Qayerda bo‘lardim. Toshkentdaman.
Er telefonda adi-badi aytishib o‘tirishdan naf yo‘qligini angladi:
– Qo‘y, baraka topkur. Yana janjalni kasal boshingga sotib olma. Undan ko‘ra, o‘zingdan gapir.
Ayolining hol-ahvolini surishtirgan bo‘ldi: qanding joyidami? Qon bosiming-chi? Kelin, nevaralar qalay? Ayolining qonidagi shira o‘n sakkizga chiqib ketgani, tuni bilan mijja qoqmagani ma’lum bo‘ldi. Og‘zini yana yara bosib, “osma” olib yotgan emish. Bunday gaplardan keyin qaysi ichi tor xotin hiqillamaydi.
– Obbo! Tag‘in obi diydami? – Er hammasiga chidardi-yu, ayolining mildir-mildir ko‘z yoshi to‘kishi yurak-bag‘ridan o‘tib ketardi.
– Telefonni olarsiz deb hali kutaman, hali kutaman…
– Aytdim-ku, qotib qoppan deb.
– Yo‘q, siz menga to‘g‘risini ayting! Qayerdasiz, o‘zi? Qaysi satangning uyidasiz?
Er boshini asabiy chayqadi.
– Qayerda bo‘lardi-im? – dedi endi cho‘zib. – “Interkontinental” mehmonxonasidan chiqib, mashinamga o‘tiryapman.
– Hay, bilmadim-ov…
– Nima? Boshqa borar joyim bormi. Bilsang, ayt o‘zing! Bormi?
– Yolg‘on gapirmang! Meni alday olmaysiz. Birorta qanjiqning qo‘ynidan chiqib kelyapsiz. Sezib-bilib turibman!..
– Sayra! Sayrayver-chi, oxiri nima bo‘larkin.
– Yo‘q, siz menga ro‘y-rost ayting. Sen qarib qolding. Men boshqasini, yoshrog‘ini topdim, deb to‘g‘risini ayting-qo‘ying. Janjal-panjal qilsam, til tortmay o‘lay… Peshonamdagini ko‘raman.
Er bilardi, bunda paytda ayolining rangi kesakdek gezarib ketadi.
– O‘v, haddingdan oshma! Senga ming, million marta aytganman. Yana aytaman: umrim bino bo‘lib, birorta begona ayolning qo‘lini ushlamaganman. Biro-ortayam!.. Tavba! Endi, yoshim bir joyga borganida, jazman tutishni menga kim qo‘yibdi…
– Qasam iching! Bolalaringizning, nevaralaringizning haqqiga qasam iching!.. Icholasizmi, o‘zi?
– Qasamga tayama. Ishonmasang, o‘zingdan ko‘r! O‘zingning sho‘ringga.
– Xo‘p, gapingiz rost bo‘lsa, telefondan ko‘rsatingchi o‘sha musofirxonani! Oti nima edi?.. “Interkontinental”ni?…
– Telefonimda kamera yo‘q. Bo‘lganida o‘n qavatiniyam tomosha qilarding.
– Ataylab eskisini opketgansiz…
– Yangisi zilday. Cho‘ntagimga solsam, kostyumimning bir tomoni tosh bosganday osilib qoladi.
– Buni qarang. Sezmagan ekanman…
– Qachongacha rashk qilasan, ayt?
– O‘lgunimcha! So‘nggi nafasimgacha! O‘layotganimdayam ichim kuyib-yonib o‘laman… Yerning ostidayam bag‘rim xun bo‘lib yotaman!..
Xotinning kuyib-yonib aytayotgan gaplari yolg‘on emasdi. Erga nash’a qildi. Ayol esa, baralla big‘illashga o‘tdi.
– Xudoga soldim! – dedi. – Hammasini xudoga soldim! Tepada o‘zi ko‘rib-bilib to‘ribdi! Qo‘rqmasangiz, yuravering!..
– Nima bilganing bor o‘zi? Shundan gapir!..
– Ko‘kayim tutab ketaversa, nima qilay?.. – Uvillashga o‘tdi ayol. – Meni oyday ado qildingiz!..
Ayvonchada boyagi xipcha belli juvon bilan uch-to‘rt yoshli go‘dak paydo bo‘lganini erkak ko‘rmadi. Juvon engashib, go‘dakning qulog‘iga nimadir dedi va bolakayning ko‘zlariga tushib turgan qop-qora qo‘ng‘iroq sochlarini yengilgina silab qo‘ydi. Bolakay zina tomon talpindi. Onasi uning bilagidan ushlab, avaylab pastga tushirgach, o‘zini tag‘in lip etib uyiga oldi.
Yupungina kiyingan bolakay sun’iy charmdan chatib tikilgan, paypog‘i baralla ko‘rinib turgan xonadon shippagiga qor kirganiga qaramay, ikki yoniga maymanglaganicha telefonda gaplashayotgan erkak tomonga shoshildi. Yetib keliboq uning etagidan quchoqladi:
– Dada-jon!
Erkalanib, oppoqqina, qonsizgina yuzini otasining muzday o‘ngiriga bosdi. Kipriklari uzun-uzun ko‘zlarini yumdi:
– Dadajon, tetma-ang!.. Iytimo-os, tetma-ang!
Erkakning yuzlari battar burishib ketdi. Xiyol engashib, bolakayning qo‘lchalarini etagidan avaylab uzar ekan, telefonini cho‘ntagiga tiqdi.
– Bor! – deb shipshidi shosha-pisha. – Bor! Enangga bor!..
Go‘dakning beg‘ubor ko‘zlarida yosh g‘iltilladi. Kulimsiradi. Chillakday ingichka oyoqlarini yana ikki yoniga maymanglatganicha ayvoncha tomon ketdi. Zinadan amallab chiqib, orqasiga qaradi.
– Dada-jon, tetma-ang! – deb shivirladi.
Erkak cho‘ntagidan telefonini chiqardi.
– Yoningizda kim bor? – Telefondan yana shang‘illagan ovoz keldi. – O‘sha kashmirimi? Yo bolasimi?
– O‘v, musulmon! Kim bo‘lardi, shunday sovuqda. Etigimning zamogini yopdim.
Bu paytda juvon yana ayvonchaga sirg‘alib chiqdi va o‘g‘lining qulog‘iga engashib tag‘in nimadir dedi. Yana zinadan pastga tushirib qo‘ydi-yu, shartta o‘zini orqaga tortdi. Maymanglaganicha otasi tomon shoshilgan bolakay yana ters o‘girilib turgan erkakning o‘ngiriga yuzini bosdi.
– Dada-jon, nana tachon telasiz?
Ota oyog‘iga besar it suykalanayotgandek, cho‘chib tushdi.
– Bor, dedim-ku! Enangga bor! Shamollab qolasan!
Bolaning qoqsuyakkina yelkasidan tutib, to‘rt qavatli uy tomonga burib qo‘ydi. Uni ayvondan qarab-kuzatib turgan onasi jo‘natayotganini va gap o‘rgatayotganini, shu yo‘l bilan otasining rahmini keltirib, oralaridagi arazni ko‘tarmoqchi bo‘layotganini bilib turardi. Bilgani uchun hozirgina o‘zi chiqqan uy tomonga loaqal burilib qaramadi. Qaragisi kelayotganini sezib, ilhaq bo‘layotgani esa rost edi. Qarasa, yon bergan bo‘ladi. Yon bersa, ayol kishi haddidan oshadi. Xarxashasi ko‘payib, erning boshiga chiqib oladi.
Otasining dag‘al muomalasini ko‘rib, bolakayning beg‘ubor ko‘zlari yana yoshga to‘ldi. Og‘izchasi kamshayib, diydalari ucha boshladi. Tanbeh eshitib qolishdan cho‘chiganday, yuragi betlamaygina, dadasiga – qovoqlari osilib tushgan haybati baland odamga qaradi. Otaning unga rahmi keldi. Xayolidan, shunchalar toshbag‘irmisan, degan o‘y o‘tdi chamasi, pastki labini tishladi. Bu bechoraning aybi nima? O‘zi yarim jon – bir oyog‘i kalta bo‘lsa. Sovuqqa etik dosh berolmayapti-yu, bu bechora shippakda qor kechib yuribdi. Bir ko‘ngli go‘dakni shartta ko‘tarib olgisi keldi. Yana o‘sha zahoti fikridan qaytdi.
– Bor, – deya go‘dakning nozikkina yelkasidan itardi ota. – Enangga bor. Shamollab qolasan.
Bolakay yana ikki yoniga chayqalganicha ortiga ketdi.
Boz telefon qo‘ng‘irog‘ining sasi keldi. Erkakning zardasi qaynadi:
– Bo‘ldi-da endi?!
– Yana nimaga javob bermaysiz? Bolangizga rahmingiz keldimi, deyman?
– Nima deb valdirayapsan? Qo‘yasanmi o‘zi, yo‘qmi?
– Qo‘ymayman. Oxiriga yetmagunimcha qo‘ymayman! Hali-ku Toshkent ekan, Xirotgacha bo‘lsayam boraman. Ha, boraman!..
– Qaysi tiling, qaysi yuzing bilan shu gaplarni ep bilib gapiryapsan?
Qasdiga olsa, peshonasidan otib tashlasang ham to‘xtamaydi. Xudoning jazosi – bu, deb boshini nadomat bilan irg‘adi er.
– Majbur qilayotgan o‘zingiz-ku! Hammani aldir-gildir qilib, kunda-kunora o‘sha urg‘ochining oldiga chopasiz. Na o‘g‘lingizdan, na kelindan uyalasiz. Sadqai ro‘zg‘or keting!..
Erkakning uf tortgisi keldi, ammo tortmadi. Sokin va osoyishta javob qildiki, bu vazminligidan o‘zi ham taajjubga tushdi:
– Ishonmasang, endi yonimga qo‘shilib kel. Soyaday ergashib yur. Hammasini o‘z ko‘zing bilan ko‘r. Tomosha qil.
– Uyda o‘tirgan chalasavod xotinni lallaygan deb o‘ylaysiz-da, a?
Erkak o‘zini majburlab kular ekan, yuragi battar uvishdi. Tokaygacha davom etadi bu mashmasha. Na qishloqdagi uyda halovat bor, na shahardagi.
– Qo‘y, onasi, – dedi horg‘in ovozda. – Bo‘lar-bo‘lmas gaplarni aytib, o‘zingniyam, meniyam qiynama.
– Voy-voy! Kim kimni qiynayapti? O‘zingiz ayting. Shu paytgacha sizga gap qaytargan kunim bo‘lganmi?
Insof bilan aytganda, bo‘lmagan. Lekin so‘nggi paytda er-xotinning g‘idi-bidisi ko‘payganini hamma – farzandlariyam, qarindosh-urug‘iyam biladi.
– Endiyam qaytarma. Ayol kishining ulug‘ligi shunda. Tag‘in o‘zing taqvodor bo‘lsang…
Erining murosa gapi kor qildimi yo unga rahmi keldimi, hartugul, ayol javrashdan to‘xtaganday bo‘ldi.
– Har doim xudoni o‘rtaga solib qutulasiz, – dedi birdan muloyim tortib. – Qachon qaytasiz?
Titrab chiqqan ovozida sog‘inch, erkalanish bor edi.
– Kechga dovur borib qolaman…
Er yengil tortib, mashinasining eshigini ochdi.
Bolakay uyga kira-kira qattiq aksa urdi. Og‘zidan so‘laklari sachrab ketdi.
Ota mashinasiga o‘tirayotib ham derazadan mo‘ltirab turgan ona-bola tomonga burilib qaramadi. Oynalari muzlab yotgan sovuq kabinaga cho‘kdiyu bir muddat motorning qizishini kutdi. O‘g‘liga sim qoqdi:
– Qayerdasan, bolam?
– Daladaman. Paykal boshiga go‘ng g‘amlayapmiz.
– Binoyi. Endi gapimga quloq sol.
O‘g‘li jim eshitdi. Ota o‘tgan kuni hokim telefon qilganidan gap boshladi. Siz, iste’foga chiqqan bo‘lsangiz ham, baribir prokurorsiz. Qo‘lingizdan ko‘p ish keladi, deb qo‘ltig‘iga birpas suv purkadi. Bizdayam qopketmas. Yordam qiling. Poytaxtdan ekologiya bo‘yicha katta komissiya kelayotir. Orasida deputatlar ham bor emish. Lalmi yerga ekilgan daraxtlarning ahvolini ko‘rarmish. Sizning dalangizga boshlasak.
– Hammasi g‘irt aqldan ozgan, bolam, – dedi ota. – O‘tgan saratondagi jaziramadan archa qoldimi. Shu biyobonda-ya! Odam tutab ketay dedi-ku.
– Nima qil, deysiz, dada? –toqatsizlanib so‘radi o‘g‘il.
– Xullas, lalmi g‘allaning bo‘yidagi archalar…
–Hammasi qurib bitgan. O‘ntasidan bittasiyam ko‘karmagan..
– Bilaman.
– Yana kraskami?…
–Ha. Orasida yiqilib, to‘kilib qolganlari bo‘lsa, ko‘chirib optashlanglar. Qolganiga pistoqi bo‘yoqdan sepib chiq. Ko‘zingga qara, yerga sachratib-netib yurma, tag‘in.
– Dada, sachratsam-sachratmasam, bo‘yalgani bilinadi-ku! Ko‘r emas-ku, komissiyangiz…
– Juda yaxshi bilaman. Ko‘r emas. Lekin, bolam, ular yam-yashil archalarning yonida rasmga tushishga ishqivoz… Qolgani bilan ishing bo‘lmasin…
O‘g‘lining dag‘al muomalasidan otaning birdan dami ichiga tushib, oynada erib borayotgan qor aralash muz parchalariga ma’yus tikilib qoldi. Hammaning oldida o‘zini aybdor his qildi. Men ham edim senday, deb pichirladi, sen ham bo‘lasan menday. Yolg‘onchi dunyo, bolam!..
Rulni ikki qo‘li bilan ohista urib qo‘ydi. Qorako‘l telpagini yonidagi o‘rindiqqa tashlab, gazni bosdi va shitob bilan joyidan jildi. Xiyoldan so‘ng “Qadimiy va hamisha navqiron Qarshi Sizga oq yo‘l tilaydi!” degan ulkan lavhaning yonidan o‘tib, shaharni tark etdi.
Bu paytda shaftolirang uyning pastki qavatidagi juvon eshikni sharaqlatib ochdi. O‘g‘ilchasi to‘shab yotadigan qizil ko‘rpachani olib, suyanchiqqa shunday jon-jahdi bilan urib qoqdiki, butun ayvon, uy zirillab ketdi. Ichkariga kirar ekan, qurib-qovjirab yotgan xaslarga qarab tupurindi:
“Nonemas!..”
Oynalariga pashsha o‘tirib ketgan deraza pardasini yopdi.
“Hurriyat” gazetasi, 2022 yil 27 iyul.