Qulman Ochilov. Nadur xayoling (hikoya)

— Bilmaysilarmi, Jabbor akaning uyiga qanday borsam bo‘ladi?.. Agronom Jabbor aka-chi?
— Assalomu alayku-um!
— Voy!.. Uzr, somalaykum!
—Vaalayku-um. Jabbor aka deysizmi? – boshiga do‘ppi qo‘ndirgan qotmagina odam yonidagi o‘n ikki-o‘n uch yoshlardagi qiyiq ko‘zli o‘spiringa qaradi: — Jabbor agronom kim bo‘ldi, o‘g‘lim?
— Polvon degichingiz emasmi? – deb shipshidi bola.
— Ha-ya, Jabbor polvon demaysizmi, uka, – do‘ppili miyig‘ida kulganday bo‘ldi va ko‘chaning tumanmi, changmi – yengil g‘ubor qa’riga singib ketgan adog‘iga tomon o‘ng qo‘lini cho‘zdi. – Shu yo‘ldan tikka borasiz. Oldingizdan ikki qavatli magazin chiqadi. Bostirmasi to‘la simont, taxta, tunka. Shu imoratdan chap qo‘lga yurasiz. Manavi shag‘al yo‘l tugab, asfalt boshlanadi. Ellik-yuz qadamdan so‘g‘in darvoza keladi. Baland, ko‘k darvoza. Yonboshidagi istolboga katta hangi boylangan. Jabbor akangizni shu darvozadan topasiz.
— “Hangi” deysizmi?.. U nima, kuchukmi?
Bola “piq” etib kuldi.
— Hangi – eshakning erkagi, — javob qildi otasi.
— Rahmat! — chap qo‘lini ko‘ksiga tekizib qo‘ydi yigit va ko‘rsatilgan tomonga burildi.
Quvgina ko‘zlarini yigitdan uzmay turgan o‘spirin otasiga ma’noli qaradi: “Buning bir gapi bor-ov”.

G‘ubor ketib, yengil yomg‘ir sepib o‘tgan bulutlar orasidan siyqa tangadek kuz quyoshi mo‘ralaganida, yigitni bozorda ko‘rib qolgan bola shubhasi to‘g‘ri chiqqanidan quvonib ketadi: “Birov bilan urishadiganday, xovliqib ketayotgandi, — deydi otasiga. — Xayoli joyida emasdi. Ana endi ahvolini ko‘ring!..”

— Arzimaydi, — dedi do‘ppili kishi. – Qani, mehmonjon, tong qorong‘isida buytib shashibgina yuribsiz? Tinchlikmi?
— Tinchlik, — javob qildi istar-istamas mehmon. Keyin qo‘shib qo‘ydi: — To‘yga taklif qilmoqchi edim.
— Ha-a.
Har kim o‘z yo‘liga ketdi.
— Gapidan — tashkentlikka o‘xshaydi, — dedi otasining yonida pildirab borayotgan bola orqasiga burilib-burilib qo‘yar ekan. — Poyezddan tushgan. Nortuyadan qolishmas ekan.
— Ha, bu yurtning odami emas… Oqqovoqqina.
— Poyezd o‘tganiga ikki soatdan oshdi…
—Avval mol bozorga kiramiz. Etli-suyakli mol kamroq bo‘lsa, uyga shartta borib, ho‘kizni yetaklab kelasan. Akalaring yordam beradi.
— Xo‘p.
— Sarson qotgur, olti oyda xunini yedi.
Paxsa devorini yomg‘ir yuvib, usti pichoqning tig‘iday bo‘lib qolgan bozorga qora molu qo‘y-echki sig‘may ketgan. Tezagu qiy bosgan yerda oyoq bosadigan joy yo‘q. Oluvchidan sotuvchi ko‘p. Ota-bola dallollarning gapiga quloq tutib, narx-navoni taxminlay¬¬-taxminlay ancha aylanib yurdi.
— Ozib-yozib bir bozor, uni ham yomg‘ir buzar, — deb g‘ingshidi kattasi.
— Nasib qilgani bo‘ladi, — dedi kichigi.
— Ha-a, enang seni gap uchun tuqqan. Akalaringdan munday pikr chiqmaydi.
— Yil yaxshi keldi, — deb yana gapdonlik qildi bola. – Yem-xashak mo‘l. Molni qantarib boqish shart emas.
Ota indamadi.
— Urishmasangiz, bir gapim bor.
— Gapiring, armonda qolmang!
—Ko‘nglim sezib turibdi, bugun ishimiz “besh” bo‘ladi. Ko‘rasiz, “besh” bo‘ladi!.. Havoning zo‘rligini qarang, ota! Salqingina. Osmonga uchib ketgim kelyapti!..
— Yo, falak! Bu nima deganing?..
O‘g‘il otasining tirsagidan ilkis tortdi:
— Bu, anavi yoqqa qarang, deganim, ota! — bola eshak bozor tomonga imladi. – Bu kishim Toshkentdan to‘yga taklif qilgani kelganmish. To‘yga taklif qilasan-a!..
— Buncha hovliqding!
— Eshak ushlab turgan mehmoningizga qarang!
Ota anqayib qoldi.
— Yo, falak! Jabbor polvonning hangisimi?
— Xuddi o‘zi! Egar-jabdug‘iyam ustida, – tekin tomoshani sezgan bolaning dimog‘i chog‘ bo‘lib ketgandi. – Parosatdanam bergan ekan. O‘g‘irlik molini sotayotgan joyini qarang! Boshqa bozorga opborishgayam aqli yetmapti…
— Tilingni tiy, bola! Balki sotib olgandir.
—Toshkentday joydan kelib, eshakfurushlik qiladimi?.. Hi-hi-hi… O‘g‘irlagan!..
Ikkovlon qoramol arqonlagan odamlarni oralab, eshak bozorga o‘tdi va yigitni o‘rab turgan tomosha ahlining o‘rtasiga tiqildi. “Bu yerda boshqa gap bo-or! – deb o‘yladi ota. – Jabborning eshagini Jabborning bozoriga solsa?.. Qiziq!”
Toshkentlik yigitning bilagidan mahkam tutgan Ravshan karnayning rang-quti uchgan, shang‘illashi yetti chaqirim naridan eshitiladi:
— Qani, uka, hangini sotasizmi?
— Ha, sotamiz.
— Qancha deyapsiz?
— O‘ziz qancha so‘raysiz?
— Biz balki tekin olmoqchidirmiz?
— Bu dunyoda tekin narsa bormi, amaki?
— Hangi seniki emas, o‘g‘irliq mol-ku?
— Ha, o‘g‘irladim! Nima bo‘pti?
—Uh-hu! Daming baland-ku! Balki bizning eshak bilan g‘unajinniyam sen tinchitgandirsan?
—Xollining yigirmata boqmasiniyam qo‘shi-ing, — dedi kimdir olomon orasidan.
—Bizning ot-chi? – boshqasi gapga qo‘shildi. — Bunday muttahamlarning shartta qo‘lini kesish kerak! Pichoqni oling, Ravshanboy!
Gap chuvalasha boshladi.
— Buning margi – o‘rma qamchi binan gavron tayoq!
— Eski zamonda toshbo‘ron qilingan.
— Adi-badi aytishib o‘tirmay, milisaga topshirib yuboring!
— Topshiribam ko‘rganmiz. Hammasining tili bir.
—Nima deyapsilar? – yigit cho‘ntagidan shapaloqday qora telefonini chiqarib, tersini olomonga qaratar ekan. – Ana endi kimning qanday gapi bo‘lsa, aytavursin. Men begonaning molini olganim yo‘q!
Davrada pichir-pichir boshlandi:
— Bu yana nima qiliq?
—Videoga olayapti. Kechqurun “Axborot”da ko‘rasan o‘zingni!.. Hi-hi…
— Unda, Jabbor g‘o‘jala kiming bo‘ladi? Tog‘angmi? – O‘smoqchiladi Ravshan karnay yigitning chap bilagini qattiqroq ezar ekan. – Nima bilganing bor, o‘zi? Chibjinglamasdan, gapir!
O‘g‘ri telefonini endi unga burdi.
— Siz qo‘limni qo‘yvoring, oka, — dedi. — Men qochib ketayotgan joyim yo‘q. Chaqiringlar, kesinlar o‘sha odam. Shu yerda gaplashamiz!..
Telefonni ko‘rib, Ravshan bo‘shashdi.
— Polvonga tilpon qilinglar! – amr etdi u odamlarga qarab. — Uyida bo‘lsa, tez yetib kelsin.
— Qildim, — tovush berdi do‘ppili kishi odamlar orasidan. — Moshinida uchib kelyapti.
— Assalomu alaykum! — dedi eshakning chilvirini ushlab turgan yigit eski qadrdonini ko‘rganday. — Siz ham shu yerdamisiz, amaki?
Uning bitko‘z o‘g‘liga ko‘zini qisib qo‘ydi.
— Vaalayku-um! – iddaoli javob eshitildi tobora qalinlashib borayotgan tomoshatalab davra orasidan. — To‘yni ertaroq boshlab yuboribsizmi, mehmon?
— Ha-da, — chaynaldi yigit.
— Ie, — dedi kimdir. – Yapon buni qayerdan taniydi?
— Tanimasa, yapon bo‘ladimi!
Engil kulgi ko‘tarildi.
Davraga bir narsadan quruq qolgandek olchanglagancha barvasta odam kirib keldi. Yigit sezdi: Jabbor polvon deganlariyam, g‘o‘jala deganlariyam – shu. Yuzlari yapaloq, do‘ngpeshona. Qalin tagcharmi oq, matosi qora yengil makosimo, jinsi shim, astarsiz jinsi kostyum, ko‘kish kepkasi to‘laroq qomatiga yarashgan. Yuziga zerikishga o‘xshash horg‘inlik, ra’yi qaytmagan odamning havosi urgan.
Eshakni o‘rab turgan qora-qura odamlar orani ochib, unga yo‘l berdi.
— Ushladinglarmi, enag‘arni? — dedi polvon hansirab. — Qo‘lga tushdimi?.. Hozir qora kunini ko‘rsataman! Kelib-kelib, mening molimni o‘g‘rilaydimi, bu muttaham!
— Siznikini tabarruk degan-da, polvon!

* * *

Yostig‘i yonidagi telefon uzundan-uzun jiringlaganida shahardan tongda horib-charchab qaytgan polvon qotib uxlab yotardi. Chap ko‘zini arang ochib, zormandani zarda bilan qo‘liga oldi:
— Da-a!
— Assalomu alaykum!
— Da-a!
— Bozorga tez yetib kelmasangiz bo‘maydi, aka, — degan tashvishli ovoz eshitildi.
— Kimsiz?
—Nurxonman. Bir o‘g‘ribola eshagingizni bozorga solib turibdi.
— Nima?! Eshagimni?
— Ha, hangingizni.
— Qaysi bozorga?
— O‘zimizning, Sho‘rbozorga.
— Hozir, domla. Tilponni qo‘ymay turing…
U turib, qalin pardalari tushirilgan deraza oldidagi stolda turgan monitorni yoqdi va mayda ekranchalar orasidan darvozani topib, kengaytirdi. Ikkita ballonu qaqqayib turgan yolg‘iz simyog‘ochdan boshqa narsa ko‘rinmadi.
— Hozir milisaga tilpon qilaman! Ukam yetib boradi…
—Menga qolsa, bunday qila ko‘rmang! — dedi Nurxon muallim sirli qilib. — Moshinga o‘tiring-da, to‘g‘ri o‘zingiz keling. Masala ancha jiddiyga o‘xshaydi. Begona aralashmagani durust.
— Him.
Bir hafta avval otdan baquvvat kuchugi bexosdan o‘lib qolgandi. Endi eshagini o‘g‘irlashibdi. “Bir kasofat aylantiryapti! – degan hadik xayolidan o‘tdi. – Qon chiqarib yuborish kerak!”
Monitordagi tasvirlarni ortiga qaytardi. Darvoza oldida yelkasiga kattakon safar xalta osgan novcha yigit paydo bo‘ldi. Kepkasini qoshigacha bostirib olgan, muzeyda yurgandek, darvozayu devorlarni bemalol tomosha qilib turdi. Keyin simyog‘och tomonga yurdi. To‘xtadi. Hangi unga qarab burildi va boshini silkitdi. Chamasi, pishqirdi. Yigit eshakka hadiksirab yaqinlashdi va sag‘rinini mushukni silaganday sekin siladi.
“Yaramaslar!” –to‘ng‘illadi uy egasi. Yana jabdug‘i bilan qopti! Kechasi yalong‘ochlab qo‘yinglar, deb necha marta aytgan, necha marta jag‘ini yegan! Yo‘q, “sening gaping – mening po‘chog‘im”, gap kor qilmaydi. Salqin tunlar boshlanib, yomg‘ir yoqqani esiga tushdi. Qo‘lini siltab qo‘ya qoldi.
O‘g‘ri engashib, eshakning oyog‘idagi chilvirni yechdi va ustma-ust turgan qo‘sh ballon – oxo‘rning ustiga chiqib, hangiga mindi. Besunaqay oyoqlarini beo‘xshov osiltirgancha darvoza tagiga keldi. Kameraga qarab tirjayganday bo‘ldi. Kepkasini yechib: “Salomat bo‘lsinlar!” qabilida xayr-hush qildi.
Polvonning eti muzlab ketdi. Sezdi, bu shunchaki hazil emas, kimdir jig‘iga tegish uchun ataylab qilayotgan ish. Oyog‘ining ostida shuncha ot-ulov, do‘konlari, omborxonalari, dalada qancha mol-mulki ochiq-sochiq yotibdi. Hisobini o‘zi ham aniq bilmaydi… Kelib-kelib eshakka ko‘z olaytiradimi? Kuppa-kunduz kuni-ya!..
Humori tutgan birorta bangi bo‘lsa kerak, deb o‘yladi u. Shunday bo‘lishini istayotganini sezdi. Bangi bo‘lsa, ishi oson — militsiyaga topshirib, ikkinchi marta uyiga yaqinlashmaydigan qilib qo‘yishi mumkin. Orqasida biror iblis turib, qasddan qutqu solayotgan bo‘lsa, ish – g‘o‘jala.
Serhasham hovlining burjiga qantarilgan hangini ko‘rib, hamma ajablanadi. Birovlar ochiqchasiga so‘rasa, boshqalar kulib qo‘ya qoladi. Qishloq joyda eshaksiz kun o‘tadimi, deb gapni qisqa qiladi polvon. Ota-bobosining bo‘sag‘asi eshakdan boshqa jonliq ko‘rmaganini shu jonivor eslatib turishini kimga aytib, kimga tushuntirsin. Bir paytlar qop-qanorda, aravada dashtdan tashigan somonu xashakni Toshkentgacha yo‘l puli qilib ketganini, institutga kirib o‘qiganini… Aytaversang, bu gaplarga bugun kim ishonadi? Ishonsa ham, eshakni tumor bilib, irim qilib yurgan odamning ustidan kim kulmaydi?.. Kulsa, undan nari!..
U ahyon-ahyonda, ko‘ngli ko‘chalariga anduh oralagan paytlarda, eshakka mingisi keladi. Bu qilig‘ida nimanidir qumsashmi, iddaomi, bodilikmi borligini ham biladi: “Chorig‘imni unutganim yo‘q!” Uzangisiz, oyog‘i yerga tegay-tegay deb, qo‘lida halacho‘p, jonivorni yo‘rg‘alatib ketadi. Ko‘rganlarning og‘zi ochiladi: “Hangining ustidagi anavi sellanglagan kim? Jabbormi? Yo pir-ay! Afandining yurishini qarang!”
Odamlarning shu angrayishi, hayrati uni ko‘taradi. Biladi, o‘sha kuni qishloqda hangoma ko‘payadi: “Jabborboyni ko‘rdingmi? Bir qarasam, ukkag‘arning bolasi, hangisini choptirib ketyapti!”
Shu ketishda kimsasiz dalada uzoq aylanib yuradi. Ikki satr qo‘shiqni baqirib-baqirib, takror va takror aytadi. Aytaveradi. Aytar ekan, ko‘zlaridan oqqan yosh yuzlarini yuvib, yoqalariga tushaveradi:

Ey sarvi ravon, nadur xayoling,
Jo-on o‘rtadi va’dai viso-oling-a…
Va’dai visoli-ing…

U ikkinchi qavatdan tushib, ayvondagi xontaxtada turgan ko‘k choyni choynakning jumragidan simirar ekan, kalitga tirkalgan tugmachani bosdi. Oq “Neksiya”ning motori bosiq gurilladi. Qishloq-orada shunisi qulay. Chang-tuproq, o‘ydim-chuqur yo‘llarni ko‘rdim demaydi. Mashinaga o‘tirdi. O‘tirdi-yu, darhol qaytib tushdi. Oynalarigacha qop-qora, yaltirab turgan, sersavlat “Toyota Prado” tomon yurdi.
Anqayib turgan xotiniga imo qildi, darvozaning yig‘ma eshigi ko‘tarildi.

* * *

O‘g‘ri yalt etib Jabbor polvonga qaradi, lekin sini unchalik o‘zgarmadi. Qovog‘i solindi. Polvon taqqa to‘xtadi. Go‘shtdor yuzi oqarib, ikki lo‘nji osilib tushganday bo‘ldi.
— Sen kimsan? — dedi. —Qaysi yurtning odamisan?
— Xudoning bir bandasi, — tap tortmay javob qildi yigit.
Ravshan uning bilagini bo‘shatib, tislandi. Noqulay jimlik cho‘kdi.
— Qayerdan bo‘lardim. Toshkentdanman. Tanimadingizmi?
— Shuncha yo‘ldan mening eshagimni… — polvon chaynalib qoldi. — o‘g‘rilagani keldingmi?
— Sizzi bola boqishdan ko‘ra, eshak boqishga usta, deyishgandi, kelavurdim.
— Kim aytdi bu… bema’ni gapni?
— Buvim!
—Hi, buvisi aytganmish. Valdiramay, avval hujjatingni ol bu yoqqa. Hozir o‘sha buvingni ko‘rsatib qo‘yaman…
Shu gapni kutib turgandek, yigit darhol simobiy ko‘rtkasining ichki cho‘ntagidan qizil jildli pasportini chiqardi. Polvonga uzatayotganida orasidan kaftdek rasm sirg‘alib, do‘ppili odamning loy tekkan etigi oldiga tushdi.

Keyinchalik yigit suratni hujjatining orasidan ataylab tushirib yuborganini va buni uzoq o‘ylab topganini, hatto mashq qilganini aytadi. “Bu o‘zimni tanitishning tez va har qanday shubhadan holi yo‘li edi”, deydi.

Etik egasi suratni olib, nimdoshgina kostyumining bilagiga artgan bo‘ldi. Sinchkov o‘g‘li bo‘ynini cho‘zgan edi, tirsagi bilan tiqilma, degandek turtib qo‘ydi.
Xira tortib qolgan oq-qora rangli suratdan kulcha yuzli atlas kuylakli ko‘zlari katta-katta qiz qarab turardi. Yonida -parcha gulli ko‘ylagining kalta yengidan mo‘shaklari taram-taram o‘ynab turgan baquvvat yigit. Qiz shirin jilmaygan, yigitning ikki urti osilgan. Suratning orqasida — ayol kishiniki bo‘lsa kerak, bir tekis, mayda yozuv: “Cho‘yanjon bilan. Toshkent, 17 may”.
Do‘ppili kishi rasmni polvonga uzatdi. Suratni ko‘rib, Jabborning rangida rang qolmadi:
— I-e! Voy ukkag‘arning uli-ey!.. Voy bolasi tushmagur-ey! — deb yubordi. — Shuytib ham hazil qiladimi, odamga! Shuytib ham hazil qiladimi-a!..
Ishtoni “loyga to‘lgan” go‘dakday joyida chayqalgancha, shumshayib qoldi. Atrofga sarosima bilan ko‘z yugurtirar ekan, do‘ppili odamga qarab qariyb qichqirib yubordi:
— Nurxon domla, buni endi nima qilamiz? — dedi madad so‘raganday. — Bu yigitni begona desak, o‘zimizdan ekan-ku! Mana, boshpurtigayam “Jabbor o‘g‘li”, deb yozilgan. Chiqing, biror nima deng endi!
Nurxon domla chap qo‘li bilan ensasini siladi. Ko‘zlari mug‘ambirona yaltirab turgan o‘g‘liga qaradi. Bola bilardi: otasiga so‘z tegsa, to‘xtatish qiyin. Saqichday chaynaydi. Kechqurun horib-charchab yostiqqa yonboshlaganida: “Savil, bizning og‘zimiz bir ochilsa, yopilishi qiyin-da! — deydi. — Ikki jag‘im shovshab, boshim guvillab qoldi. Nima qilaylik, muallim zotiga tekkan kasallik”.
— Chiqing bu yoqqa, bir nima deng, endi! — qistardi polvon. — Siz bilmagan gap bormi, Nurxonjon!
Ikki ko‘zi piskadek Yapon buva – Nurxon domla – yigitning yoniga kelib, qo‘lini uning yelkasiga qo‘ydi.
— Yaxshilar! — deb gap boshladi majlisda so‘z olgan notiq kabi, gavdasi xiyla nozik bo‘lsa ham, yengil xirillagan ovozi ancha salobatli edi. O‘zini ko‘rmay, telefonda gaplashsangiz, tog‘day odam bo‘lsa kerak, deb o‘ylaysiz. — Bu yigitga men saharmardonda duch keluvdim. Ko‘zimga juda issiq ko‘rindi. Ko‘rkam yigit ekan, deb havasim keldi. Jabbor akaning uyini so‘radi. Aytdim. Endi bu yerda ko‘rib turibman.
U tomog‘ini qirib oldi.
— Bu yigit… Otingiz nima edi, mehmonjon?
— Yodgor, — degan siniq ovoz eshitildi.
—Yodgorjon ukamiz — Jabbor akamizning jonday farzandi, pushti kamaridan bo‘lgan o‘g‘li! Ko‘rib turibsizlar, ota-bola — hovuzning bo‘yida o‘sgan qo‘shterakday, bir-biriga juda o‘xshaydi. Farqi – otasi sal yo‘g‘onroq. Bug‘doy rang. To‘g‘rimi?
— To‘g‘ri! — deb gurilladi olomon. — Ikkoviyam naynov!
Kulgi ko‘tarildi.
Nurxon domla atrofiga alanglab turgan o‘g‘lini chaqirdi.
— Murodboy, beri kel, bolam.
O‘spirin taltaygancha davraning o‘rtasiga chiqdi.
— Eshakni min-da, zing‘illatib borib, joyiga boylab kel.
Bolaning kaftdekkina beti bujmayib ketdi. Tomoshaning qizig‘ini tashlab ketish malol kelgandi. Otasi uning qulog‘iga engashib, nimadir deb shivirladi. O‘g‘li hangiga bir sapchib mindi-da, sag‘riniga chilvir bilan yaxshilab tushirdi. Qo‘rning orasi ochilib, eshak davradan qutulganiga quvonganday, yo‘rtib ketdi.
— Hazir bo‘l, — deb tayinladi ota…
— Ana senga! – dedi kimdir.
— Ana senga demang! Hayot sizu biz o‘ylagandan ancha murakkab, ancha chigal. Bandasining bosgan hamma qadami to‘g‘ri, aytgan hamma gapi chin bo‘lavermaydi.
U shoshilmasdan, sinfda o‘quvchilarga navbatdagi mazuda dars o‘tayotganday bir maromda gapirardi. G‘o‘jala ishlar, ishkal gaplar kimning boshidan o‘tmagan. Yaxshi degan a’molimiz ba’zan burnimizdan buloq bo‘lib chiqadi. Jabbor polvon qishloq xo‘jalik institutini bitiray deb qolganida, men pedinstitutning filfakida ikkinchi kurs o‘qirdim. Unda-bunda qishloqdoshlar ko‘rishib turardik. Yodgorjonning onasi akamiz bilan qo‘ltiqlashib yurganiga ikki-uch marta ko‘zim tushgan. Bo‘yi akadan pastroq bo‘lgani bilan, juda bama’ni qiz edi Sabohat opamiz.
Erdan ko‘zini uzmay turgan mehmon og‘ir xo‘rsindi.
— Valadi zino! — dedi kimdir.— Bu gaplarni qo‘ying, Nurxonboy! Pachakilashib o‘tirish — kabiri ziyon!
Yigit boshini ko‘tarib, gap egasiga qaradi: echki soqolli, chuvakkina odam ekan. Soqolini sanasangiz, sakkizta chiqadi yo chiqmaydi.
— Yo‘q, taqsir! — dedi Nurxon muallim. — Bandasini durustroq bilib-bilmay, tanib-tanimay, yomonotliq qilmaylik!.. Izzai mo‘min – harom deganlar. Foli baddan tiyilib, ko‘nglimizni kengroq qilaylik! Gumon imondan ayiradi. Hammamiz ham g‘ofil bandamiz.
Nurxon muallim burnining ustigacha terlab ketganini sezdi. Echki soqol unga taxqirli nazarini yashirmay qarab turardi.
— Ikkovi bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan edi, — dedi muallim. — Burchmulla degan tog‘larga birga chiqib, bir qozoq mullaga nikoh o‘qitganini ham bilamiz. Rahmatli, Sabohat yangamiz – jabbor polvonning jufti haloli edi.
Qozoq mulla haqidagi gap savqi tabiiy esiga tushib ketganini o‘zi ham sezmay qoldi. Chamasi, taqsirning tuzsiz gapi alam qildi.
Gaplari tobora ma’rakadagi amri ma’rufga tortib borayotgan muallim so‘zini ishonchu ilhom bilan davom ettirdi. Taqdir ekan, bola tug‘ilganu ona bandalik qilgan. Ona bechoraning yuragida tug‘ma dardi bor ekan. Jabbor akamiz go‘dak o‘g‘lini izladi. Men guvohman hammasiga. Izillab izladi. Izini topolmadi. Topsayam, tug‘uruqxona deysizmi, go‘dakxona deysizmi, bola qayerdaligini unga hech kim aytmadi. Qarindosh-urug‘i go‘dakni bu elga, bu cho‘lu biyobonlarga berib yuborgisi kelmadi, chog‘i. El biladi, Jabbor akamiz — ayolmand odam. Xudoyim sakkiz… yo‘q, olti qiz berib, merosxo‘rga zor qilib qo‘ygan edi. Bu yog‘ini so‘rasangiz, bizga bergani — to‘rttagina o‘g‘il. Tilloga zormiz. Nima deysiz, falakning ravo ko‘rgani…
U “oltita” deb, Jabborning Qarshida no‘g‘oy hamshirani xufiyona nikohiga olib, undan ham ikki qiz ko‘rganini yashirdi.
— Mana endi, norday yigit, Yodgorjon ukamiz otasini topib kepti, — dedi Nurxon.— To‘rt muchasi sog‘! G‘ujiri, insofi bor ekan! Barakalla! Birodarlar, o‘zingiz ayting: bir go‘dakning otasiz, enasiz odam bo‘lishi osonmi? Yodgorjonning boshidan ham alam o‘tgandir. Azob o‘tgandir. O‘tmasa, eshak jonivorni shu bozorga solarmidi. To‘g‘rimi, Yodgorjon?
Erdan ko‘zini uzmay, gapga quloq berib turgan yigit boshini bilinar-bilinmas irg‘ab qo‘ydi. Hozirgina uni toshbo‘ron qilishga tayyor turgan olomon yigitning ko‘zlarida yosh ko‘rdi. U yelkalari silkinib-silkinib, unsiz yig‘lardi. Ko‘z yoshlarini tiyishga, to‘xtatishga urinardi-yu, qo‘lidan kelmasdi.
Darsga kechikib kelgan boladek, qisinib-qimtinib turgan Jabborning qovog‘i osilib, shashti butkul so‘nib bo‘lgan. Cho‘kib qolgan. Uyalishini ham, quvonishini ham bilmay, bir o‘g‘liga, bir odamlarga javdiraydi. Nurxon muallimning unga rahmi keldi. Sirasini olganda, rahim qilgulik. Jabbor bechora kayfi oshsa, mudom ko‘ziga yosh oladi: “Domilla, bizga qarg‘ish tekkan! Shuning uchun Xudo o‘g‘ildan qisdi! Jonim uzilsa, lahatim ustiga tuproq sochadiganim yo‘q!”
— Yodgorjon o‘g‘ri emas, birodarlar! — ovozini bir parda ko‘tardi muallim. — Ravish-raftori aytib turibdi, Yodgorjon — ota-enasiday ma’nili yigit.

Negadir o‘yladi, yuz, ikki yuz, balki besh yuz yil avval ham bandalari, shu yerda, shunday alpozda bir biriga bejo qarab turganmikin. Turgan, degan xulosaga keldi u. O‘sha zamonlarda ham bozor bo‘lgan, ot-ulov, eshak sotilgan. Orasida o‘g‘risi ham, to‘g‘risi ham, g‘ari ham bo‘lgan. Yana yuz yildan so‘g‘in ham bo‘ladi. Bu dunyoda rost gapning, g‘o‘jalasiz odamning, ishkalsiz kunning o‘zi yo‘q.

— Yapon yana andavaladi, — dedi kimdir xavfsalasi pir bo‘lganday. — O‘ru jarning borini buldozerday tekislab, andavalab tashladi. Qoyil!
— Ustiga gul ham ekib qo‘ydi. Havasing keladi…

Borini aytib, Jabborning aybini oshkor qilsam, birov menga orden berarmidi, deb o‘ylaydi Nurxon muallim oqshom ko‘rpaga kirib yotganida. Yigitchilik —itchilik, bo‘lar ish o‘ttiz yilcha burun bo‘lgan. Lekin polvon o‘g‘lidan, qaynonasidan birrov xabar olsa, o‘lib qolmasdi. Ishining xomi – shu. Shuni bila-turib, tovuqqa o‘xshab go‘ng titishim shartmidi! Titganingda nima obro‘ olarding, Nurxon? Jabborning: “Domla, bir nima deng”, deb yolvorgani, shu go‘ngning, ko‘rgilikning ustiga to‘proq tortib, shibbalab tashlang, ko‘ming degani. “Ko‘ming, aka, hech kim, hech qachon ocholmasin!”.

Polvonning etdor yelkalari silkingandek bo‘ldi.
—Jabbor aka, siz shukr qiling! O‘g‘lingizni bag‘ringizga oling!..
Polvon hadiksirab o‘g‘liga qaradi. O‘g‘il – otasiga. Ular bir-birini sog‘inib yurgan qavm-qarindoshdan ko‘ra, uzoq arazdan so‘ng yarashayotgan qo‘shnilarga o‘xshab ketardi. Ota o‘g‘lini bag‘riga bosdi. Ko‘nglining bir chetida quvonch bo‘lsa, boshqa kunjagida – xavotir, hadik, begonasirash. Sezilib turardi.
Kimlarningdir ko‘zlari yoshlanganday bo‘ldi:
— Barakalla! — dedi Nurxon muallim olomonga qarab. — Endi tarqalaylik. Hammasi – yaxshilikka…
Jabbor shoshib qolgan edi.
— Mulla aka, — dedi echki soqolli odamga qarab, — bir iltimos bor…
— Xo‘sh?
Polvon uning qulog‘iga engashdi.
— Peshingacha? – deb so‘radi mulla yuzlari yorishib. – Mayli, bir yo‘lini qilamiz. Siz boshlayvering.
— Rahmat!
Endi u Nurxon muallimning qo‘lini mahkam qisdi:
—Rahmat! Bopladingiz! Aytgancha, ho‘kizingiz hali pul bo‘lmadimi?
— Yo‘q.
— Qancha go‘sht qiladi o‘zi?
— Yuz ellikdan kam emas. Bir to‘yni ko‘taradi. Nima edi?
— Qancha so‘rayapsiz?
— O‘n yarim.
— Mendan o‘n bir olasiz. O‘g‘illaringizga ayting: to‘g‘ri to‘yxonaga yetaklab borsin. Xo‘pmi?
— Xo‘p-xo‘p, lekin o‘zingizning buqalaringiz ham bor edi, chamasi?
— Biznikini qo‘yavering. Hali tobiga kelgani yo‘q.
“Polvon o‘zi durust odamu, sal xovliqmaligi bor, — deb o‘ylaydi Nurxon muallim. — Yana shoshib qoldi”.
So‘ng Ravshan karnayning gali keldi. Jabbor uning kissasiga avval pul tiqdi:
— Ertaga peshinda.
— Qichqirib aytaymi?
— Qichqirib ayt! Qulog‘i teshikning bari eshitsin!
Ravshanning ham chiroyi ochilib ketdi. Bir zum merovsirab turdi-da, ikki kaftini og‘ziga qo‘yib, karnay qildi va bozor oralab ketdi:
— Sho‘rbozor! – deb na’ra tortdi. – Sho‘rbozor, so‘zimga quloq sol!
Gavjum bozor harakatdan to‘xtab, “karnay”ga qaradi.
— Sho‘rbozor! — deb hayqirdi tag‘in. — Bugun bozoringni qilib, kechqurin sarhaftangni je-da, ertaga peshinda Jabbor akamning “Zamin” to‘yxonasiga en! Xudoyi! Oshingni jeb, duoning mo‘lidan ber! Jabbor akaning o‘g‘li keldi, Sho‘rbo-ozor!..
Nurxon muallim tumsayib turgan yigitning bilagidan tutdi:
— Yodgorjon, endi uyingizga yuring! Biz sizni mehmon desak, mezbon ekansiz. Qavm-qarindoshingiz bilan tanishing!.. Shu qishloqning yarmi otangizning aka-uka, opa-singil, urug‘-aymog‘i. Elimizda Jabbor polvonday davlatmand odam kam. Bu yog‘i endi, o‘zingiz aytganingizday, to‘y!..
— Xo‘p, – yigit atrofiga alangladi.
— Otangiz hozir keladi. Kimlargadir tilpon qilgani chetladi. Aytgancha, o‘zingiz nima ish qilasiz? O‘qiysizmi?
— Ilmiy ish qilyapman.
— Buni qarang! Balli, jiyan, balli! Bizning qishloqdan ham professor chiqarkan-da. Ilmiy ishingiz qaysi sohadan?
— Yuridika bo‘yicha.
— Ha-a, — Yapon buvaning siyrak qoshlari bir ko‘tarilib tushdi. — Shunday deng? Durust, durust…

* * *

So‘qim saranjomlanib, mehmonlar uy-uyiga tarqalgach, yolg‘iz qolgan ota-bola yog‘och zinalarni bir-bir bosib ikkinchi qavatga ko‘tariladi. O‘rtadagi xontaxta ustiga yozilgan oq-qizil katak gulli dasturxonda— ikki oq piyola, bitta oq choynak. Ikkalasi ham choynakdan ko‘z uzolmaydi.
— Darvozadan to‘g‘ri kirib kelavermabsan-da, Yodgorjon?— deydi o‘pkalagandek ota.
— Nega shunday qilmaganimni o‘zim ham bilmay qoldim, — deydi yigit. — Alam qilgan bo‘lsa kerak. O‘g‘rining otasi, degan isnodga qolishingizni istagan bo‘lsam kerak.
— Bir qarashdayoq seni taniganday bo‘ldim. Ko‘zlaring onangniki ekan. Katta-katta. Chehrang momongnikiday ochiq. Ovozing muloyim, yoqimli. Ishongim kelmadi. Ochig‘i, qo‘rqib ketdim. Keyin xursand bo‘ldim. Bu taqdirning bir hazili bo‘lsa kerak, deb o‘yladim.
— O‘g‘lim… bu bola o‘g‘ri ekan, deb cho‘chidingizmi?
— Qo‘ysang-chi. Bu noraso dunyoda o‘g‘irlik qilmagan odam bormi?
— Shuncha yil bizni izlamadingiz. Buvim o‘limi oldidan berdilar shu rasmni. Ungacha adam qayerdalar deb so‘rasam, doim otang o‘lgan derdilar. Go‘dakligingda mashinada halokatga uchrab o‘lgan derdilar… Bugun kelib qarasam, siz baland devorning ortida maza qilib uxlab yotardingiz. Uyingiz, joyingiz tayin. Men esa sizzi izlab ming chaqirimdan kelgandim. Dasti yulduzga yetishi mumkin odam ekansiz. O‘z o‘g‘lingizni izlab ham, temtinib ham ko‘rmapsiz. Urinsangiz, meni, buvimni bir kunda topardingiz, deb o‘ylagan bo‘lsam kerak. Toshkentga ming marta borib, bir marta hovlimizga bosh suqmabsiz…
— Bilmayman, bolam. Yuragim dov bermagan bo‘lsa kerak… Kel, bolam, endi gina-kuduratni qo‘yalik. O‘tganlarning arvohi chirqillamasin. Onang rahmatli: “Men o‘lsam, otimni atamang! Unuting! Sizdan mingdan-ming roziman, degandi. Bolamni izlamang! Oyim bari bir uni sizga berib qo‘ymaydi”, degandi. Shu gapi, shu vasiyati miyamga qattiq o‘rnashib qolganmi… Xudoim biladi… Men onangga va’da bergandim.
—Va’da?
—Ha. Bu dunyoda har kimning boshida lafz degan sinov bo‘ladi, bolam. Gapiga egalik qilolmagan yigitning yashashidan ma’ni yo‘q. Men onangga bolangdan umidvor bo‘mayman, deb lafz qiluvdim.
— Anavi echki soqolli odamning gapini eshitdingizmi?
— Qaysi?
— Valadi zino dedi…
—Qo‘y, bunday bad gaplarni tilingga olma, bolam! Tiliga kuchi yetmaganlar sannayveradi. Ertaga ehson oshi bersak, o‘zi kelib xizmatda bo‘ladi o‘sha odam. Hali ko‘rasan…
— Yapon buva aytgan gaplar-chi? To‘g‘rimi? Qozoq mulla…
—Yapon buva — aqlli odam. O‘tirikdan yiroq. Echki soqolning o‘ntasini bir cho‘qishda qochiradi… Meni izlab kelganing, topganing juda yaxshi bo‘ldi, bolam. Bag‘rim to‘ldi. Ko‘nglimni doim bir g‘ashlik itday tirnar edi. Onang tushlarimga kiradigan bo‘p qolgandi…
— Oyim qanday ayol edilar?.. Faqat to‘g‘risini ayting!
— Farishtaday ayol edi. Ichidagi – tashida, ko‘zyoshiday toza ayol edi. Ko‘zlari cho‘lponday edi…
— Buvim ham doim shunday derdilar. Oying, rahmatli, farishtaday edi, yaxshi bo‘lgani uchun erta ketdi, derdilar.
— Seni buving katta qildimi?
— Ha… Ikki yildan beri sizni topaman, deb har kuni o‘zimga o‘zim va’da beraman-da, yana orqaga tashlayman. Keyingi hafta, bayram o‘tsin, hayit o‘tsin… Botinolmagan bo‘lsam kerak…
— Mayli, bolam, hechdan ko‘ra, kech…
— Buvim o‘limi oldidan bor gapni eytdilar…
— Buving, bechora aqlli ayol edi. Qo‘y, ezilaverma, bolam. Bor mol-dunyom — seniki, singillaringniki… Endi maza qilib yashaysan. Endi birgamiz!
— Yo‘q, ad… men oldingizga mol-dunyongiz uchun kelganim yo‘q. Menga hech narsangiz kerakmas. Sizni topdim, ko‘rdim — bo‘ldi! Men, Xudoga shukr, o‘zimning kunimni o‘zim ko‘rib o‘rganganman.
— Bunday, dema, bolam, aslo bunday deya ko‘rma. Xafa bo‘laman. Ranjiyman! Tavba! Onangga tortibsan, Sabohatning ham mijazi to‘q edi.
— Ertalab ostonangizda tong otishini, o‘yg‘onishingizni kutib turish azob bo‘ldi. G‘azabim qo‘zib ketaverdi. Otasiz, onasiz yashash qanchalar qiyinligini bilasizmi, ad..?
— Bilmasam ham tasavvur qilaman, o‘g‘lim! Azob!.. Azoblar o‘tib ketdi endi. Meni bepichoq so‘yma, jon bolam!.. Yig‘lama!..
— Yetimning otasi ko‘p bo‘ladi, degan gapni eshitganmisiz?
— Ha, achchiq gap… Hozir qayerda? Kim bilan turibsan?
— Aspiranturada birga o‘qiydigan bir farg‘onalik o‘rtog‘im bilan. Mahallamiz buzilganida Qo‘yliqdan ikki xonali kvartira berishgandi. O‘sha yerda.
— Endi uylanish kerak… Ko‘z ostingga olganing bormi?
— Yo‘q. Avval ilmiy ishimni bir yoqlik qilay. Uylanish qochmas.
— Mo‘ljaling qachon?
— Bahorda. Tashkiliy ishlari qolgan, xolos.
— Durust.
— Ad… bir narsa so‘rasam maylimi?
— Bilaman, so‘raydigan gaping ko‘p. Mayli, bolam, so‘ra. Tortinmay so‘rayver.
— Oyim bilan qanday tanishgansilar? Siz talaba bo‘lgansiz. Oyim – tikuvchi. Yoshlari ham sizdan kattaroq ekan?..
— Katta bo‘lsa-chi? Payg‘ambarimizning ko‘z ochib ko‘rgan jufti haloli – Hadicha onamizning ham yoshi ulug‘roq bo‘lgan… Gap yoshda emas. Ko‘ngilda.
Ota kaftlarini juftlab, bukilgan bosh barmoqlari ustiga peshonasini qo‘yadi. Ko‘zlarini bir zum yumadi. Xo‘rsinadi. Ovozi titragancha, taqdiri azaldan gap ochadi. Aytadi, o‘zing ko‘rib turibsan, men — tupkanning tagidagi shu biyobondan, tuproqning orasidan chiqqan habashday qop-qora, to‘pori bola, oying, rahmatli, poytaxtning erka qizi, gavhari… Tangri shuni ravo ko‘rgan ekan-da.
Jabbor ayozli qish oqshomida sodir bo‘lgan o‘sha hodisani esga oladi. Yotoqxonada yashaydigan talabalardan tuzilgan drujina a’zolari oqshomlari juft-juft bo‘lib shaharga navbatchilikka chiqardi. U sherigi bilan bir oqshom Xadrada aylanib yurgan edi. Qattiq chinqiriq eshitiladi. O‘sha tomonga chopadilar. Muyulishdan bir yigit otilib chiqadi. Qo‘lida ayollarning sumkasi. Yugurib kelayotgan yigitlarni ko‘rib, taqqa to‘xtaydi. O‘ziga kelgunicha, oyog‘iga yegan tepkidan yerga qulaydi. Izidan pakanagina bir qiz pildiragancha yetib keladi. “Sumkamni, sumkamni opqochdi!” – deb izillaydi qiz. Bezorini yerga bosib, qo‘lini orqasiga qayiradilar va dastro‘mol bilan bog‘laydilar. Sumkasini qaytarib olgan qiz dir-dir titirab, yigitlardan nari ketolmaydi. Jabbor telefon budkasidan sim qoqib, militsionerlarni chaqirib kelgach, bezorini ham, qizni ham mashinaga o‘tqizib, ichki ishlar bo‘limiga olib boradilar. Xat-hujjat to‘ldirilib, ariza rasmiylashtirilgunicha tun og‘adi. Boshliq qizni Jabborga topshirar ekan, ko‘zini qisib qo‘yadi: “Eson-omon, sog‘-salomat uyiga yetkazib, natijasini menga aytasan!”.
“Xo‘p bo‘ladi!”.
Izg‘irin izillab yotgan shaharda o‘sha kezlari na yo‘lovchi mashina, na taksi uchratasiz. Yayov yo‘lga tushadilar. Qiz uni tinimsiz savolga tutadi: “Yoshingiz nechada? Qayerdansiz? Uylanganmisiz?..”

Keyinchalik Sabohat o‘sha ayozli tunni, sumkasini olib qochgan bezorini, bo‘m-bo‘sh ko‘chalarni minnatdorlik bilan ko‘p eslaydi. O‘g‘ri bolani, umri uzoq bo‘lsin, mushkulini O‘zi oson qilsin, deb duolar qiladi. “U sumkamni olib qochmaganida men sizni uchratarmidim? Bu dunyodan so‘qqa bosh o‘tardim! O‘sha o‘g‘rigina bolaga rahmat!” deb samimiy kuladi.

Ayon bo‘ladiki, tikish-bichish shirkatida ishlaydigan qiz korxonasidan chiqib, gastronomga kirgan va sariyog‘ olgan. Bekatda avtobus kutib turganida bezori kelib, bexosdan qo‘liga chang solgan…
Joni halqumiga kelib o‘tirgan ona, qizi bilan begona yigit kirib kelganini ko‘rib, o‘kirib yuboradi. “Ikkalang ham qotib qopsanlar!”, degan gapni bot-bot takrorlab, choy damlaydi. Yarmi zang bosgan tunuka, yarmi chetandevor bilan to‘silgan omonat hovlidagi pastqamgina uyda gangur-gungur gurung bo‘ladi. Ona-bola Jabborga: “Endi tez-tez kelib turmasangiz, xafa bo‘lamiz”, deb xayrlashadi. Yigit, tabiiyki, va’dani quyuq qiladi.
So‘ng tergov, so‘roq, yuzlashtirish, sud… Yurakni ezadigan jarayonlar tugagunicha qiz bilan yigit yana ko‘p ko‘rishadi. Bir-biriga o‘rganib qoladi. Oyog‘ida doim poshnasi bir qarich poyabzal, mullato‘rg‘ayning kallasidek kichkina boshining tepasiga sochlari baland turmaklanib, ro‘mol o‘ralgan (shunda ham bo‘yi yigitning yelkasigacha kelmasdi) oyoqlari, qo‘llari, panjalari go‘daknikidek ingichkagina, kaltagina, ko‘kraklari qabariq qiz har gal Jabborni uyiga chorlaydi: “Oyim chaqiriyaptilar! Bormasangiz, xafa bo‘ladilar!”.
Boradi.
“Dunyoga kelib topganim — shu qiz,— shikasta ovozda gap boshlaydi bir kuni og‘ir-vazmin, suyagi buzuq ona chiroqning hazin shu’lasida yolg‘iz qolganlarida. — Peshona ekan, o‘g‘lim. Rahmatli erim nogironroq edi, qirqqa ham kirmasdan o‘tib ketdi. Yashirmayman, qizim chala tug‘ilgan. Ukol-dori, parvarishning kuchidan, hamshiraligimning orqasidan odam bo‘lib yuribdi. Sizni uchratgandan beri o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi…”
Ona gapning nishabini uylanishga olib keladi.
“Mariyam xola, qishloqda uylanmagan ikki akam bor, — deydi Jabbor.— Ota-onam bor…”
“Bilaman, bolam, bilaman. Lekin siz “yo‘q” desangiz, Sabohat uzoqqa bormaydi. O‘lib qoladi. Sizdan boshqa na bir habibimiz, na bir tabibimiz bor. Hech kimning boshiga solmasin! Cho‘kayotgan odam xasga yopishadi. Mardu maydon, polvon yigit ekansiz. Qizimga, menga rahm qiling, aylanay! O‘tinaman! Rostini aytasam, sog‘lom nasl qolsin, deymiz. O‘la-o‘lgunimizcha duoi joningizni qilamiz, o‘g‘lim!..”
“Sen cho‘yanday qora, cho‘yanday baquvvatsan! — deydi Sabohat. — O‘ttizdan oshdim. Endi omadim kelsa, kampiri o‘lgan birorta to‘qolga tegaman. Kelmasa, bu dunyodan xor-zor o‘taman. Borimni senga beray, borimni sen ol, Cho‘yanjon!..»
Polvonga ona-bolaning tovoniga qolgandan ko‘ra, duosini olish afzal ko‘rinadi: “Baxt ash tavakkal!”
Keyin o‘zbeklashib ketgan qozoq mulla keladi va kelin-kuyov bo‘lmishlarni ko‘rib, ostonada to‘xtab qoladi. Devday yigit jimitday shu qizning nimasiga uchdi ekan, deb o‘ylaydi, chamasi. Kechasi ilkis ko‘zi tushgan odam tildan qoladi.
Mulla labining tirishini arang yashirar ekan, yigitdan so‘raydi: “Usta Shokirning qizi Sabohatni nikohingga olishga rozimisan?”
“Roziman…”
“Jufti halolingni achchiq qamchi urmaslikka, olti oy tashlab ketmaslikka rozimisan?”
“Roziman…”
Mullaning tilovatidan yigitning dili ravshan tortganday bo‘ladi. Keyin kaftdekkina hovlidagi pastqamgina uyning mog‘or aralash ohak anqib turgan xonasiga ko‘chib o‘tadi. Oshnalarini hasharga chorlab, hovli devorini “odambashara” qilmoqchi bo‘ladi. Qaynona ko‘nmaydi: “Yo‘q, ovora bo‘lmang! Yaqinda bari bir buziladi. Snosga tushgan”.
“Sen cho‘yanday qora, cho‘yanday baquvvatsan! — deydi kelinchak. —Borimni senga beray, borimni sen ol, Cho‘yanjon!..»
Yigit qizning ishdan qaytishini harorat bilan kutadi. Kelganini hovliga yoyilgan “Krasnaya Moskva” atirining iforidan biladi. Shu bo‘y dimog‘iga ilinsa, kuyovning vujudida bir titroq turar va ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar, tilini lol qilib qo‘yardi. Qosh qorayishi bilan eshik sekin ochilib, Sabohat kirar va ovozlari titrab-qaqshab sas berardi: “Cho‘yanjon! Cho‘yanim, o‘zimning Cho‘yanjonim!..”
Qiz uni telbalardek sevar edi. Jabbor to‘lin oy chiqqan kechalarda ayol kishi aqldan ozishini shunda sezgan.
“Devona bo‘psan, sen bola! – deydi Jabborga otasi. – Xotinsiragan bo‘lsang, qishlog‘imizda qiz quriganmidi?”
Keyin juvon qayt qila boshlaydi. Vrachlarning fig‘oni falakka chiqadi: “Tug‘sang, o‘lasan, demaganmidik!”. “O‘lsam ham mayli, roziman, deb tilxat berdim,— deydi bo‘lajak ona. — Nogiron ayoldan sog‘lom bola tug‘ilsin! Men seni u dunyoda ham alqab yotaman, Cho‘yanjon!..”
Sabohat bir-ikki hafta shifoxonada o‘sal yotadi. Onasi uning boshida betiga qarab o‘tiradi. Oy-kuni yaqinlashganida kuyov dabdursatdan xayr-ma’zurni nasiya qiladi.

* * *

— Menga endi ruxsat bersangiz. Toshkentga qaytsam.
— Bu nima deganing, bolam? Shuncha tashvishni kim uchun, nima uchun qilyapman? Yo‘-o‘q! Ertaga ma’rakada yonimda turasan. Mening ham do‘st-dushmanim bor. Seni ko‘rsin. Sen ham qarindoshlaring bilan tanish. Yo ishing shunchalik zarilmi?
— Ja zaril emas-u, noqulay… Ta’tildaman. Yozi bilan qabul komissiyasida ishlagandim.
— Qabulgayam aralashaman, de? Zo‘r-ku!
— Qaydam, bizniki yugur-yugur, mayda-chuyda ishlar.
— Bitta-yarimni universitetga kiritib qo‘yaolsanmi?
—Yo‘g‘-e, qo‘limdan kemaydi.
— Sabohat ham shunday chestniy edi. Onangga tortibsan.
—Qaydam.
—Xo‘sh, nimaga haligacha “ota” deyaolmay, chaynalayapsan, o‘g‘lim?..
—Bilmasam… Osonmas…
—Endi o‘rgan. Tortinma, o‘g‘lim!..
—Xo‘p, ota.
Otaning qulfi dili ochilib ketadi.
—Bilasanmi, onang bandalik qilmaganida ham, bari bir institutni tashlardim. O‘zing o‘yla, besh yil o‘qib qishloqqa qaytganim bilan agronomga ish qayda. Zamon chatoq. Bo‘yim uzun bo‘lsayam, qo‘lim kalta edi. Juda kalta edi.
Ota naqlga o‘tadi. Boshini qayoqqa urishni bilmay yurgan asov edim, deydi. Asov bo‘lmay qayerga boray? Er yigitning ayol kishi qo‘liga qarab qolgani – o‘lgani. Devday bo‘lsang-u, kechqurin uyingga, xotining oldiga ikkita non ko‘tarib kelishga qurbing yetmasa. Aksincha, qaynonang bilan ayoling topgan osh-ovqatga, uy-joyga sherik bo‘lsang! Bundan og‘ir azob bormi dunyoda!
Shunday kunlarning birida desantchi qo‘shinlarda birga xizmat qilgan yahudiy oshnasi Sergey Furgal televizordan jo‘shib gapirayotganiga ko‘zi tushib qoladi. Moskvadan. Xabarovskiyda o‘rmon xo‘jaligining boshlig‘i ekan. Telefonini bir amallab topadi. “Tez yetib kel, menga juda keraksan”, dedi oshna. Talaba yigit ariza-pariza yozib o‘tirmaydi. Shartta samolyotga chiqadi-yu, uchadi. Oshna Jabborni o‘ziga tansoqchi qilib oladi. Bir yil o‘tar-o‘tmasdan “o‘zbekning balasi” pulga ko‘milib qoladi. Allaqachon xomtalash bo‘lib ketgan o‘rmonni istagancha kesib, istagancha yog‘och sotishadi. Akalariga ketma-ket ikki vagon jo‘natadi. Ular ukasiga, Xabarovsk o‘lkasiga — piyoz, paxta. Pulning betiga qaraydigan odam yo‘q. Hamma yoqda – barter. Ikkinchi vagondan Yapon buvaga ham yigirmata bolor tegadi. Domla haligacha, duo qiladi, bechora.
— Rossiyada necha yil yurdingiz, ada? – so‘raydi Yodgor.
— Olti yil g‘irillab o‘tib ketdi. Ikki marta buvingga po‘chtadan pul jo‘natdim. Qaytib bordi. Keyin qo‘ldan berib yubordim. “Kampir pulga burilib qaramadiyam, – dedi hojatbaror. – Jabborga borib ayting, xotiniyam, farzandiyam yo‘q. O‘lgan! Umidini uzsin!..” Yo‘lim tushib, onang yashagan mahallaning yonidan o‘tib qolsam, haliyam yuragim qanchalar zirqirashini bilsang edi!..
Uzoq cho‘zilgan og‘ir, juda og‘ir jimlikni o‘g‘il buzadi:
— U yoqdayam ukalarim, singillarim… qolgandir-a? – deydi.
— Xudo-xudo, shuni so‘ramasin-da, deb turgandim! – nigohini olib qochadi ota. – Nima desam ekan? “Bor” deyishga tilim aylanmaydi, “yo‘q” desam yolg‘on bo‘ladi.
— Tushunarli.
— Tushunganing uchun rahmat, o‘g‘lim! Ha, ishimning xomi ko‘p bo‘ldi. Yahudiy oshnamni otib ketishdi, mening yarim sonim yo‘q hisobi, o‘q tilib tashlagan… Peshanamdan o‘rgilay! Kechadan beri senday o‘g‘ilni ravo ko‘rgani uchun Yaratganga tavollo qilib, terimga sig‘mayapman!
— Men sizni topga… ko‘rganimdan xursandman, ada…

* * *

Ertasi kuni peshindan so‘ng to‘yxonaning oldida shunday suhbat bo‘lib o‘tadi.
—Ma’raka zo‘r o‘tdi, – deydi Nurxon muallim. – Yer yorilib odam keldi… Ota-bola bir xil kostyum-shimda tog‘day bo‘lib turganlaringni ko‘rib, havasi kelmagan odam qolmadi.
—Adam bilan shahargayam tushishga ulgurdik. Bir vagon keyim-kechak opberdilar!..
—Buyursin! Iloyo, buyursin!.. Qalay, qishlog‘imiz sizga yoqdimi, ishqilib, Yodgorjon?
— Yoqqanda qanday! Odamlari zo‘r ekan! Sochiga oq oralagan yigitni – buva, juvonni – momo deyishlariga qoyilman! Laqabsiz odamning o‘zi yo‘q.
— Ana sinchilik! Balli! Endi bizning uyda ham choylashing, Yodgorjon. Murod ukangiz bitta shirboz atab o‘tiribdi.
—Shirboz deysizmi?
Muallim kemtik tishlarini ko‘rsatib kuladi:
—Ha, shirboz – qo‘chqorcha. Murodboy ukangiz ham yurist bo‘lmoqchi.
—Buni qarang. O‘g‘lingizdan zo‘r izquvar chiqadi, lekin… Olov yigitga o‘xshaydi…
— Yodgor akamning etagidan mahkam ushlayman, deydi. Sizga sadoqatli shogird bo‘lmoqchi…
—Rahmatli, buvimning duolari ijobat bo‘ldi: Ota yurtimni ko‘rdim. Haligi nima edi… eshakning erkagini nima degandingiz?
— Hangi.
— Ha, hanginiyam ko‘rdim!..
— Tish-sh! – endi tilini tishlab kuladi Nurxon muallim. — Otangiz eshitsa, xafa bo‘ladi-ya!..

“Sharq yulduzi” jurnali,
2021 yil 10-son.