Qulman Ochilov. “Men xudodan qo‘rqaman!”

Muxbirimiz bir kunda uch marta pulidan ayrildi

“Dorixonaga qarab chop!”

Meni bu sinov – eksprimentga, undagan sabab – onda-sonda quloqqa chalinib turadigan o‘sha yozg‘irish: “Odamlar xaromdan hazar qilmay qo‘ydi. Hali qarasang, eshak go‘shtini pullagan. Yana biri masjidda cho‘ntakka tushgan. Endi ibodatxonaning ehson qutisini o‘marib ketishibdi. Bu holda el-yurtda baraka bo‘ladimi?..”
Zamondoshlarimiz halollik, insofu diyonatni unutib, iblisning yo‘rig‘iga yura boshlagani rostmi?..
Mana, o‘qing va xulosani o‘zingiz chiqaring.
Nahorda uch pachka pulga bir xil iltimos bitilgan uchta qog‘ozcha yopishtirdim: “Obidjon! Ushbu pulni olishing bilan dorixonaga qarab chop, o‘g‘lim. Do‘xtir aytgan dorini olib, zudlik bilan kasalxonaga, onangga yetkaz. Dorini topishing bilan menga sim qoq”.
Bunda yolg‘on yo‘q – xotinim o‘tkir yurak xurujiga chalinib, shifoxonada davolanayotgani rost edi.
Xatchalarga yon telefonimning raqamlarini ham qo‘shib, yozganlarim aniq-tiniq ko‘rinadigan qilib, pullarni shaffof xaltachalarga joyladim va bozorga yo‘l oldim. Maqsadim: gavjum joylar – bozor, transport va savdo shahobchalarini “ziyorat qilish” edi.

Pulim “qulog‘ini ushlab ketdi”

Rastalarning o‘rtasiga – izdahomga yetgach soatimga qaradim va xayolan qayd etdim: Yakshanba. Soat 10:33. Toshkentning “Abu-Saxiy” bozori.
Birinchi yelimxaltadagi pulni shundoq oyoqlarim ostiga tashladim. “Tap” etib tushdi. Uch-to‘rt qadam yurmasimdan ortimdan hayajonli ovoz eshitildi: “Voy, qarang, kimningdir puli tushib qopti!”
To‘xtab, sekin ortimga burildim. Ovoz egasi – o‘rta yoshlardagi charm kurtkali juvon, pulni olib, yonidagi ko‘kish kamzul kiygan barvasta ayolga qaradi: endi nima qilamiz? Yoshi keksaroq ayol pulni uning qo‘lidan shartta yulib oldi-da, nimadir dedi. Sherigi qo‘lidagi kattakon sumkasini qiya ochdi. Kampir pulni qizg‘ish sumkaga tashladi. So‘ng shitob bilan yo‘liga, menga qarama-qarshi tomonga ravona bo‘ldi. Shoshib qoldim.
Men kutgan edimki, topoloq, agar u insofli bo‘lsa, odatimizga, musulmon ummatiga xos yo‘l tutadi. Ya’ni pulni boshi uzra baland ko‘tarib, kamida uch marta hitob qiladi: “Birodarlar, kim pul yo‘qotdi?”
Ayollar bunday qilmadi. Izidan tushdim. Besh-o‘n qadam yurgunimcha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ortidan shoshganim – ularning qanday odamlar ekanini ko‘rmoqchi, bilmoqchi edim. O‘n besh daqiqada butun bozorni aylanib chiqdim. Yarim soatdan keyin izlamagan yerim qolmadi. Telefonimdan ham sado chiqmadi.
Pulim “qulog‘ini ushlab ketdi!”
“Ikki kilo go‘shtning puli! – deb o‘yladim. – Bor-yo‘g‘i ikki kilo!”

“Adashdingiz, aka!”

Keyin metroning “Buyuk ipak yo‘li” bekatidan chiqib, Chirchiq sari yo‘l oldim. Odamlarni gavjum shahardan tashqarida, iloji bo‘lsa, tansportda ham sinab ko‘rish edi. Oq “Neksiya”si yaltirab turgan yigitcha ochiqqina ekan. Gurungdan oldi. Ismi – Sanjar. Irrigatsiya va meloratsiya institutida ikkinchi kursda o‘qiydi. Poytaxtga betob bobosiga dori qidirib tushgan.
“Topdingizmi?”
“Shukr. Topdim!”
“Shifo bersin!”
“Iloyo, aytganingiz kelsin!”
Kimyogarlar shaharchasidagi “Buxoro” qahvaxonasining oldida tushar ekanman, ikkinchi xaltachadagi pulni haydovchining yonida qoldirdim. Sezmadi. Talaba yigitcha bilan samimiy hayrlashdim: “Rahmat, ukajon!”
Mulozim olib kelgan ovqatga qo‘l uzatishga ulgurmadim. Ertalabdan beri go‘ngqarg‘adek tumsayib olgan telefonimga jon kirdi:
“Mashinada pulingiz tushib qoptimi, amaki?”
“Obbo! – Quvonib ketganimni yashira olmadim. – Suyunchisi bizdan, Sanjarbek!”
“Hozir olib boraman!”
Men uni kabob bilan siylashga ahd qildim. Axir ezgu ishning mukofoti bo‘lishi kerak-da! Oradan yarim soat o‘tdi. Qirq minut. Jimlik. O‘zim qaytarib qo‘ng‘iroq qildim. Go‘shakni avval hech kim ko‘tarmadi. Ko‘targach yoshi kattaroq odam ochiqdan-ochiq dag‘dag‘a qildi:
“Adashdingiz, aka! – dedi u. – Bu yerda unaqa odam yo‘q! Telefon qilmang!”
“Ikki kilo go‘shtning puliga shunchami? Bor-yo‘g‘i ikki kilo-ya!”

Savalash

Uchinchi yelimxaltadagi pulni o‘tirgan joyim – kursida qoldirib, qahvaxonadan tashqariga chiqdim va oynavand eshikdan kuzata boshladim: bunisi kimga nasib qilarkan?
Aravacha surgan juvon kelib, stol ustidagi idish-tovoqlarni yig‘ishtirishga tushdi. So‘ng pulni olib, oq kamzulining chap cho‘ntagiga tiqdi. Ajabo! U hayratga ham, xavotirga ham tushmadi. Atrofiga alanglamadim ham. Kimningdir cho‘ntagidan tushib qolgan falon ming pulni emas, go‘yo o‘zining dastro‘molchasini topib oldi. Erinibgina olib, cho‘ntagiga soldi.
Ichkariga kirib, chetroqqa o‘tirdim. Ayol idish-tovoq to‘la arvachasini surgancha oshxonaga kirib ketdi. Menda umid paydo bo‘ldi: zora pulga qistirilgan xatni o‘qib, sim qoqsa! Yo‘q. Idish-tovoqlar bekasi chiqib yana odatdagi ishiga unnadi. Yonimda o‘tayotganida ogohlantirdim: “Singlim, hamyoningiz osilib qoptimi? Pulingiz tushib qolmasin tag‘in”.
Ayol yana ajblanmadi. Menga xorg‘in bir nazar soldi-da, cho‘ntagidan yarmi ko‘rinib turgan pulni ichkariroqqa surgan bo‘ldi. Beparvolik ham shuncha bo‘ladimi? Bir soat o‘tdi. Na kelishga va’da bergan talabadan, na idish-tovoq yig‘ib yurgan ayoldan bir sas, bir imo bo‘ldi. Alam bilan o‘yladim:
“Bor-yo‘g‘i ikki kilo go‘shtning puli-ya! Nahotki?..”
Oqshom meni Toshkentga olib qaytgan avtobusni yomg‘ir beayov savaladi.
Tong otishi qiyin bo‘ldi. Lekin otdi. Oppoq tong, oppoq qori bilan.

Qo‘ysangiz-a!

Dushanba kuni ertalab mashinaga o‘tirayotganimda “go‘ngqarg‘am” to‘satdan tilga kirdi:
“Amaki, men Sanjarman. Va’daboz ukangiz!”
“Bormisiz, ukajon? Tinchlikmi, ishqilib?”
“Shukr! Uchrashganda aytaman. Qayerga boray?”
U metrodan chiqib keldi. Hayajonlangan. Hansiragan. Rangi uchgan. Qo‘li ko‘ksidan tushmaydi: “Uzr, amaki, uzr!”
Kecha kafega kelmoqchi bo‘lib turganida akasi yo‘ldan qaytaribdi: “Pulga qistirilgan xat juda shubhali. Katta-matta o‘g‘li otasining telefon raqamini bilmaydimi? Bunda bir gap bor. Yaxshisi kafega telefon qil”.
Qo‘ng‘iroq qilsa, qo‘shnisi – mulozim ayol aytibdi: “Bu amakining o‘tirishi juda bejo”. So‘ng u ham shunday shubhali pulga duch kelgan. Unga ham shunday xat qistirilgan.
“Dodam, nima bo‘lganda ham pulni egasiga olib borib ber, dedilar. – Yigitcha ikki pachka pulni menga uzatdi. – O‘zlari betob yotibdilar!”
“Iloyo, shifosini bersin!”
Sanjarni bag‘rimga bosib, minnatdorchilik bildirdim. Sirni ochdim. Kulishdik. Peshindan keyingi qo‘ng‘iroq meni yanada suyuntirdi:
“Abidjanning akasimiz, yoshulli?”
“Ha, otasiman”.
“Men Shakarjon opangizman. Urganchdan telefon urib turibman. Kelin yaxshimilar?”
“Siz so‘raysizu yomon bo‘larmidi, opajon! – dedim. – Dim yaxshi!”
Ma’lum bo‘ldiki, Toshkentga qizi bilan mehmonga kelgan opa qo‘noq joyga kirmasidan ortidan shum xabar yetgan: “Nevarangiz gazda yumurtqa qovuraman deb kuyib qoldi!”
Taksiga o‘tiribdilaru “Xorazmga qarab uchibdilar”.
“Pulingizni bugun taksichi Ro‘zimboydan berib yuboraman, – dedi opa ovozlari gurillab. – Dim yaxshi yigit. Qo‘lingizga opbarib baradi!”
“Shu ishga shoshilmang, opa! – dedim hayajonlanib. – Sizdan juda minnatdorman. Nevaralaringizga muzqaymoq olib bering shu pulga! Mingdan-ming roziman!..”
“Qo‘ysangiz-a!..”
“Darvoqe, “tuxumxo‘r” nevarangiz tuzukmi?”
“Shukr, joyida. Lekin pulingizni barib yuboraman, og‘ajon. Men Xudodan qo‘rqaman! Kishining moli kishiga buyurmayajak. Xudoim halolidan barsin!”
Ertasi kuni ming kilometr olisda yashaydigan va butunlay notanish bir Ayol menga qaytarib bergan pulni notanish bir taksichi tus-to‘gal yetkazib keldi. Shuncha yo‘ldan.
“Bor-yo‘g‘i ikki kilo go‘shtning pulini!”
Halolidan bersin!

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil 11 may