U kafening gavjum eshigi tomon mahzun nazar tashladi va nogahon yuragi, yo‘q, butun vujudi muzlab qolganday bo‘ldi: yal-yal yonib bir juvon kirib kelardi! Ko‘zlariga ishongisi kelmadi: Ruxsoraning quyib qo‘yganday o‘zi! Boshyalang, durkun, chiroyli yuz-ko‘zlarida o‘ziga yarashgan o‘sha shirin tabassum. Uch yil burun uni zor qaqshatib ketgan jufti haloli! O‘zining Ruxsorasi!
…Mayin yog‘ayotgan yomg‘ir ko‘klamni qo‘msagan yerlarga, sarg‘ayib so‘ligan maysalar orasidan ma’yus mo‘ralayotgan qabrtoshlarga, daraxtlarning yalang‘och novdalariga, yaltiragan xoli-xilvat ko‘chalarga, qad kerib turgan oynavand binolarga go‘yo dardini aytib shivirlaydi. Shoshilmasdan, alahsimasdan, shabadaning ra’yiga qaramasdan shivirlaydi. Dardki, hazin qish kunlariga xos — parishonlik, bezovtalik, dilgirlik, besaranjomlikka to‘la.
Bunday lahzalarda nimani o‘ylasang, qay bir ishga qo‘l ursang, qay eshikka bosh suqsang — hammasi bachkana va ma’nisizdek tuyulaveradi. Illo, ko‘ngling nima tusayotganini o‘zing bilmaysan. Ko‘ngil degan charog‘on go‘shani zulmat bosganday. Yorishmaydi. Ayniqsa, uzundan-uzun zimiston kechalarda. Peshona, deysan, jon omonat, fano muqarrar, deysan. Har kimga nasib qilgani, deysan. O‘tgan o‘tdi, sabrli bo‘l!.. Yana nimalardir deb motamzada ruhingga dalda bergan bo‘lasan, koshki, kor qilsa, dilingga miltillagan bir shu’la insa.
Seni judolik deb atalmish girdibodga tashlab ketgan insonning nuqsonlari ham endi fazilat bo‘lib tuyulaversa, sog‘inchu alam yuragingga sitam nayzalarini beayov sanchaversa, netasan? Qochib qayga borasanu kimdan panoh istaysan? Ayniqsa, yoshing qaytgan, salomatlik deb atalmish mulkingning qolgan-qutganidan boj-xiroj to‘lashing tezlashgan bo‘lsa.
Ikki betida salobatli imoratlar tizilib turgan keng ko‘chaning tekis yo‘lkasidan bir-bir bosib borayotgan barvasta kishining xayolidan shunday mulohazalar o‘tadi. Qomatiga yarashgan lojuvard kurtkasining kulohini manglayigacha yopib, baquvvat qo‘llarini cho‘ntagiga solib olgan bu odam hozirgina mozoristondan chiqdi. Yomg‘ir quvmaganida hali-veri u yerni tark etgisi yo‘q edi.
Shoshilib qayerga borsin. Bugun — 8 fevral. Komil Qoriyevning (teng-to‘shlari davrasida — Komil Qorining) ko‘z ochib ko‘rgani bandalik qilgan kun. “Qori” deb atashlariga o‘zining tarxashlikdan uzoq vazmin fe’li, aqlli ko‘zlari, salobatining ham daxli borligini biladi. Bilgani uchun unchalik dimoq-firoq qilib o‘tirmaydi. Ko‘nikib ketgan.
Bu sukunat olamiga ilgari kunda-kunora kelardi. Endi — haftalar, oylar, yillar o‘tgani sayin qadami siyraklashib borayotir. Tiriklikning neki tashvishi bo‘lsa, unga ham begona emas. Qachon, qayerda yurmasin, oyog‘i shahar zaminiga tegishi bilan shu sokin dargohga shoshiladi.
— Ruxsorani ko‘rib kelmoqchiman, — deydi xuddi tirik odam haqida gapirayotganday. Bu so‘zlar endigi zavjasi — Zohidaning qulog‘iga hali singishmagan, duvva qizarib, eri kundoshinikiga ketayotganday mijjalari pirpiray boshlaydi: “Etar endi? Qachongacha axir?..” Shunday demoqchi bo‘ladi-yu, haddi sig‘maydi. Xayolidan nedir andishalar o‘tadi, chamasi. Tug‘yonida bosh ko‘targan tahlikali norozilikni tili navozishga aylantirib yuboradi: “Xo‘p-xo‘p!.. Hozir!” Erining yaltiragan poyafzalini shosha-pisha yana bir bor artib, eshikni keng ochaturib, aybdor ohangda qo‘shib qo‘yadi: “Havo salqinga o‘xshaydi!”
Komil Qori uning ravish-raftorini xayolan Ruxsoraga taqqoslab, Zohida esa o‘zini marhumadan yaxshiroq ko‘rsatishga urinib charchaydi. Rahmatli shoshilmasdan gapirar edi. Bu — bidir-bidirroq. “Tezotar”. Gaplarini birdaniga anglab olish qiyin. Erining istehzoli nigohiga ko‘zi tushsa, battar dovdiraydi.
Sochiga allaqachon oq oralagan erkak to‘l qolsa, xotin kishining tug‘masiyu befarzandiga rag‘bat bildiradi. Zohida iqtisoddan ilm qilaman, olima bo‘laman deb umrining yarmini so‘qqabosh o‘tkazgan. Komil Qori og‘iz solganida aqlli ayolning gapini aytgan: “Avval rahmatli Ruxsora opamni birga ziyorat qilsak devdim!”
Komil Qoriga marhuma doim yo‘liga ko‘z tikib, zor-intizor kutayotganday tuyulaveradi. Ilgarigiday, yayrab suhbatlashgisi keladi.
“Qalaysan, Ruxsorginam? — deydi dilkashlik bilan o‘zini-o‘zi ovutmoqchi, chalg‘itmoqchiday. — Yaxshimisan?”
Shunday deydi-yu, filhol pastki labini tishlab qoladi: “Tuproqqa qorishib yotgan odamning ahvoli qanday bo‘lishi mumkin? “Yaxshimisan”ga balo bormi? Ajal bilan o‘ynashyapsanmi?”
O‘rinsiz so‘zlari uchun marhumadan kechirim so‘rashga tushadi. Ruxsora javob bermaydi. U endi hech qachon javob bermasligini, berolmasligini anglagan zavjining xo‘rligi keladi. Ikkalasining ma’sud kunlarini eslashga urinadi. Uringani sari qaroqlarini bosib kelayotgan ashk daryosining shiddati kuchayaveradi. Uning yig‘loqi bo‘lib qolganidan xabar topganlar zimdan miyig‘ida kulishini (“Ha endi, akayam qarida-da! Qachongi Komil Qori!”) allaqachon sezgan. Qo‘l siltaydi: tanasi boshqa dard bilmas! Muztarligi ortadi.
Qabristonda o‘y-xayol bosaveradi. Ruxsorani birinchi marta uchratgani, birinchi bor gap qotgani ko‘z oldiga keladi. Gaplashar ekan, qizning yuz burib ketishidan xavfsirab turganlarini yuragi xapriqib eslaydi.
Uni metroda ko‘rib qolib, pedinstitutning o‘zbek tili va adabiyoti fakultetigacha izidan borgan. Qiz sezgan. Sezganini sezdirish uchun hurkak nigohidan shunday bir maftunkor tabassum hadya qilganki, eslaganida haligacha Komil Qori bo‘zboladek ich-ichidan entikib ketadi. Ruxsora keyinchalik opasi bilan uning ishxonasiga – Me’morlar uyushmasiga borganlarini va orqavoratdan surishtirganlarini kula-kula aytib bergan.
—Ko‘zga yaqin yigit ekan, — degan opa bo‘lmish. — Senga o‘xshagan xushtorlari yuzdan oshsa kerak.
—Mingdan oshsayam mayli!..
—Ertaga bir kuni o‘zining G‘eloniga ko‘chib ketsa, netasan? Kelopti, boropti, deb yurasanmi?
—Yursam-chi?..
Ijroqo‘m bergan boshpanasiga kuyov o‘ylab-netib o‘tirmasdan “Shohsaroy” degan shohona nom bergan. 1966 yili zilzilada vayron bo‘lgan Toshkentga finlar sovg‘a qilgan yog‘och uy. Ikkinchi qavatdagi katalakdek pastqam xonalar, u yoqdan — bu yoqqa burilishing mahol yo‘lak, chumoli yursa ham g‘achir-g‘uchur qiladigan omonat zinalar… To‘kilay deb turgan o‘sha imorat ikki yoshning ko‘ziga shohlar o‘rdasidan ham mahobatli va fusunkor ko‘ringanida, kuyov o‘zini xoqonlardan ham qudratliroq va baxtliroq his qilganida hazil yo‘q. Eslasa, haligacha zavqi ummondek to‘lib-toshadi. Avval-oqshomlari ishdan qaytgan xoqonni dunyodagi eng aqlli, eng go‘zal, eng sarishta kelinchak barqut liboslarda boshi osmonlarga yetib kutib olgan! Sohibi saltanat ostonadayoq unga burgutday tashlanar ekan, ikkisi oppoq choyshablari, parqu yostiqlari ko‘zni qamashtiruvchi qo‘sho‘rinli joyxobiga yetib borolmagan! Poltaxtalari lopillab turgan yo‘lakdagi qirmizi poyandozning ustida bir-biriga ilondek chirmashib ketganki, qoni vulqonday qaynab yotgan, bir-biriga tashna ikki navqiron vujuddan boshqa yana nimani kutasiz!..
— Sog‘inib o‘lay dedim! — derdi tizginsiz ehtiroslar asiriga aylanib bo‘lgan xoqon.
— Qo‘ysangiz-a! — derdi kelinchak g‘amza-adosi bilan. — Har kuni yoningizdaman-ku!..
— Ko‘z ochib yumgunimcha sog‘inaversam, nima qilay?..
— Bu ketishda belimni sindirib qo‘yishingiz tayin!..
— Yo‘q narsani qanday sindirama-an!.. Qani, beri kel-chi! Farishtada bel nima qilsin!..
Ruxsoraning mayin va bosiq tabassum arimaydigan yorug‘ ruxsorida aslzodalarga xos sehr, nur bor edi. Palagi toza, hayotning pastu balandini ko‘p ko‘rgan, turmushning ma’nisiga yetgan odamoxun oilaning farzandlarida bo‘ladi bunday ulug‘vor xotirjamlik. Ayni ilohiy tal’atning qarshisida har qanday terisi qalin kas birdan hovuridan tushib, muloyim tortib qoladi.
Komil Qori uning ma’yuslik muhrlangan charos ko‘zlariga yana bir bor termulish uchun qolgan umrini garovga qo‘yishga rozi. Qani endi, iloji bo‘lsa! Shuncha yil birga yashabdilar-u, uning biror gapi, biror qilig‘i, biror aybi malol kelmapti. Doim erining ko‘ngliga qarardi. Endi o‘ylashicha, bir yigitning baxti, omadi, davlati bundan ortiq bo‘lmas!
Boshiga judolik tushgan kunlari — har qadamda, har nafasda, har bir ayol ko‘ziga Ruxsora bo‘lib ko‘rinar, qulog‘iga chalingan har bir sas uni eslataverar edi: qushlar chug‘ur-chug‘urida — Ruxsora, idish-tovoq sharaq-shurug‘ida — Ruxsora, bolalarning qiyqirig‘ida — Ruxsora, eshikning g‘ichirlashida — Ruxsora, shabada olib kelgan gul iforida — Ruxsora. Go‘yo, Ruxsora dunyoni sehrlab, umrbod o‘ziniki qilib, qulflab-muhrlab ketgan. Faqat o‘zi yo‘q!
Butun irodangni ishga solib, ayriliq girdobdan qutulmoq chorasini izlaysan, tirishasan-tirmashasan, ko‘zingga ko‘ringan xasga joning halqumingga kelib yopishasan, qani endi nafi tegsa. Tegmaydi. Tegmagandan keyin umidlaring uzilib, o‘zingni uning mayliga qo‘yib berasan. Tortib, yutib ketadi. Yutib ketgani shulki, ertalab yuzingni chayishga o‘zingda hafsala topolmaysan. Go‘yo, gir-atrofdagi hamma narsa yonib kul bo‘lganu bu yorug‘ olamda tanho o‘zing qora qurumga botib, tentirab qolgansan. Faqat uni o‘ylaysan, faqat uni eslayverasan. Birovni ko‘rishga, hatto jajji nevarang bilan ovunishga o‘zingda kuch-quvvat, hafsala topolmaysan.
Komil Qori ko‘cha chetidagi “Sayyor” kafesiga burildi. Oyoqlari negadir uni uyiga emas, shu manzilga boshladi.
* * *
O‘sha yili qahraton achchiq kelib, qor juda mo‘l yog‘di. Bog‘-rog‘, dala-dasht, ko‘cha-ko‘ydagi dov-daraxtlar o‘z yo‘liga, nebir xonadonlar, imoratlar ichidagi gulu bo‘talarni ham sovuq olib ketdi. Qarshida xizmat safarida yurgan Komil Qorining ko‘richagi buralib, g‘ujanak bo‘lib qoldi. Avval jarrohning e’tiboriga, keyin tig‘ning tagiga tushdi. Ichagi yorilib ketishiga bir bahya qolgan ekan. Operatsiya xiyla cho‘zilgani xotinining qulog‘iga yetmay qolarmidi. O‘sha zahoti yo‘lga chiqqan Ruxsora tun oqqanda poyezddan oyoqyalang tushgani tole ulardan yuz o‘girib, qurbonlik so‘rashga o‘tganidan belgi ekan.
Ikkiga bo‘lingan sharifini oyoqlariga paytavadek o‘rab, to‘ziy boshlagan eski kalishda tizza bo‘yi qor kechib kelgan umr yo‘ldoshini ko‘rgan eri ko‘richagi yorilib ketmaganidan pushaymon yegani rost. Yangigina etigi bilan sumkachasini poyezda kimdir ilib ketibdi. Uning kechasi soat uch yarimda poyezddan oyoqyalang tushib, yuz metr naridagi vokzalgacha qanday yetib borganini tasavvur qilish qiyin. Muz, qor, izg‘irin, temiryo‘l vokzali undan battar, sovuq. Isitishga ko‘mir berilmaydigan dargohning boshlig‘i sho‘rlik juvonning oyog‘iga qo‘lbola pechka qo‘yib beradi. Etik va’da qilmaydi-yu, “birorta kalishning go‘rini qazish”ga astoydil urinadi: “Ungacha mana bu choydan xo‘plab, sal isinib oling, qizim!” Magazinlar qurib-qaqshab yotgan mahallar edi-da. Sovuqsiragan ayol vokzal hovlisidagi qo‘l chayadigan joyga ham borolmasdan betoqatlikda tong ottiradi. Ertalab boshliqning xotini marhamat qilgan eski kalishni oyog‘iga ilib, eri yotgan shifoxonaga yo‘l oladi. Uning yuzi lovullab ketgan! Ko‘zini ochishga madori qolmagan. Eski dardi – bodi qo‘zigan. Ikki oyoqda borgan ayol bir oydan so‘ng uyiga to‘rt oyoqda — qo‘ltiqtayoqda qaytadi. Yana bir oycha shifoxonada, so‘ng har yili bemorxona-yu sihatgohlarda davolanadi. Bir muddat tuzalganday, maktabidagi ishiga qatnay boshlaganday bo‘ladi. Lekin so‘lib boraveradi. Bilagi, tizzasi va bo‘ynida bezlar paydo bo‘lib, ravon qaddi o‘ziga bo‘yinsinmay qo‘yadi. Ikki o‘g‘lining bir kunda o‘tgan to‘yi ham tatimaydi.
Pavarishiga ko‘nglidagiday oqsoch topilmaydi. Birining qo‘li egri chiqadi. Boshqasi bemorga tuvak tutishdan orlanadi. Uchinchisi Komil Qoriga ochiqchasiga ko‘z suzishdan tiyilmaydi. Talabaligini tugatmagan qo‘sh kelinning galma-gal navbatchiligida ham ma’ni chiqmaydi. Ishiga andarmon bo‘lib yuravergan er bo‘lmish bir kuni qarasa, ayolining belginasi choyshabga yopishib, eti pishib qolgan.
Bardoshi baquvvat Ruxsora o‘ksinadi, lekin zorlanmaydi.
Ota o‘g‘illariga aytadi:
— Bolalarim, endi sizlarga quvvat, topgan-tutganlaringga baraka bersin. Men endi onalaringga qarayman.
Me’morlar uyushmasidagi loyiha rahbarligidan bo‘shaydi va ayolining yonidan bir qadam ham jilmaydi. Ichi to‘la biqiyosu beandoza hangoma. Ilgari nazariga ilmagan narsalardan sevinch-saodat, taskin-tasalli topishni tindira boshlaydi. Oila ahli ish, o‘qish, bog‘chasiga ketganida ayolini yelkasiga opichlab, tuyaday lo‘kkilaydi. Do‘xtir shunday maslahat bergan: qoni yurishadi! Hovli qiyqiriqqa to‘lib, dardlar unutiladi, qonlar ko‘piradi!
Kinoteatr degan maskanning bo‘sag‘asini bosmaganiga “necha asr, necha yil bo‘lgan” o‘tkir me’mor “Panorama”ga chipta buyurtma beradigan, teatrlarning repertuari bilan qiziqadigan odat chiqaradi. Bir kuni — kontsertga, boshqa kuni badiiy ko‘rgazmaga ayoli “taxtiravon” — falajaravada, sadoqatli tansoqchisi yonida, yasan-tusan qilib ketayotganini ko‘rgan qo‘ni-qo‘shnilar bir zum to‘xtab, zavqlanib salom beradi. Ba’zilari egilib ta’zim qiladi, alqaydi.
* * *
Uni kafe mulozimlari tavoze bilan kutib oldilar. Salobatli mehmon bosh silkib salomlashgan bo‘ldi-da, to‘rga tomon ko‘z yugurtirdi.
— Joyingiz bo‘sh, — dedi qotmagina mulozim va yolg‘ondan o‘zini tiya olmadi: — Siz uchun ataylab band qilib qo‘yganman!
Ruxsoraga to‘rdagi ikki kishilik stol yoqardi. Ko‘cha-ko‘yni tomosha qilib o‘tirishga qulay. Falajaravaga kunlari qolganidan keyin ham, to xastalikning quvvati oshib, qoshiqni ushlash azobga aylangunicha, bu yerga kelishni kanda qilganlari yo‘q. Yana boraylik desa, Ruxsora yig‘lab yalinar edi: “Iltimos, meni qiynamang!” Barmoqlarining bo‘g‘imlari ham qotib qolgach, xotiniga ovqatni o‘zi yedirib-ichirib qo‘yadigan bo‘ldi. O‘zi yuz-qo‘llarini yuvib, to‘kila boshlagan chiroyli tishlarini avaylib tozalar, pardoz-andozini ham o‘zi uddalardi. Labbo‘yoq, atir-upa, surma–surug‘i — hammasining eng saralarini olib kelardi. Hamshiralikda sochi oqargan oqsoch o‘ris kampirga ishonmas, tomirga yuboriladigan ninadorisini ham o‘zi amallardi.
— Men sizni baxtli qilolmadim, — derdi Ruxsora o‘kinib.
Bunday paytlarda u tiz cho‘kardi-da, ayolining qo‘llarini o‘pib, ko‘zlariga surtardi:
— Bu dunyoga yuz marta kelsam, yuz marta ham seni deyman!
Bora-bora dard butun tanasiga yoyildi va ayol bo‘ynini ham qimirlata olmay qoldi. Luqmani chaynash azobga, yutish undan battar ko‘rgilikka aylandi.
—G‘amsiz boshingizni g‘amxona qildim, — derdi tabassum arimaydigan yuzlari qoshiqdaygina bo‘lib qolgan ayol. — Qizimiz bo‘lganidayam shunchalar qiynalmas edingiz.
—Bu qo‘shiqni unut, — deya javob qilardi eri. — Birinchi marta uchrashganimizdan beri senga mehrim kamayganini sezdingmi?
—Yo‘q!
—Yana yuz yil yonimda bo‘l, sezmaysan! Dard – mehmon. Bir kun kelgan bo‘lsa, bir kuni ketadi.
Lekin bodi beayovning oyoq olishi qaltisligini, osonlikcha kelib-ketmasligini, ketgudek bo‘lsa ham, bemorni o‘zi bilan birga olib ketishini sezib turar edilar.
Tildan qolib, qulog‘i og‘irlasha bordi. Gapirayotgan odamning yuziga sersolib tikilar ekan, nima demoqchi bo‘layotganini anglashga urinardi. Kechalari og‘riqning zo‘ridan ingrar, ko‘zlaridan yoshi sel bo‘lib oqardi-yu, biroq oh-vohga erk bermas edi. Yashashdan naqadar bezgan bo‘lsa-da, na bir shikva–shikoyat, na bir zorlanish, na bir nolai afg‘on bilan o‘zgalarning yurak-bag‘rini dog‘ladi!
Bir kuni shotut yegisi kelayotganini aytdi. Qahraton qishda shotutni topish osonmi? Farg‘onada bir kampirda bor ekan. Jo‘natdi. Jo‘natish oldidan momo bechora so‘radi:
— Kelin shotutga boshqorong‘i bo‘lganmilar, o‘g‘lim?
— Yo‘g‘-a. Bir xumori tutibdi-da.
— Ha-a. Betobroqmilar deyman?
— Shunday, onajon?
— Siz kimi bo‘lasiz? Zavjimi?
— Ha. Nima edi?
—Barakat toping, bolam! Bir bonka saqlab qo‘ygan edim. Hammasini yuboraman. Pul-mulingizni qo‘ying. Taksichiga yo‘lkirasini bersangiz, bas.
Shotut — Ruxsoraning so‘nggi nasibasi, so‘nggi kunlari yaqinlashib qolganini hamma anglab turardi. Eri so‘radi:
— Yana nima istaysan, onasi? Ayt, tortinma!
Iymana-iymana, har bir so‘zni yutini-yutina xirillab aytdi. Ikki o‘g‘li, ikki suyangan tog‘i “Tez yordam” mashinasini boshlab keldi. Ruxsora, oyog‘ini bosolmasa-da, to‘ng‘ichi olib bergan guldor oq burki etigini kiyib, yonida eri bilan qalin ko‘rpachalar solingan zambilaravali o‘sha “Tez yordam”da, o‘g‘illari, kelinlari, nevaralari — butun oila o‘zlarining mashinasida teleminoraga jo‘nadilar.
U yerda azamat mulozimlar kutib turishgan ekan. Zambilaravada minorai kalonning eng yuqorisiga — aylanadigan restoranga olib chiqdilar. Rangi qatiq zardobidek sarg‘ayib ketgan bemor qorga burkangan ona shaharini, o‘tkinchi dunyoni go‘yo osmonu falakdan zavqlanib tomosha qildi. Madorsiz oyoqlari ostida zangori olam yastanib yotar, ayol unga suqlanib, entikib to‘ymas edi! Mijjalaridan toshib chiqqan tomchilarda yeru osmon jilvalanganday bo‘lardi.
Ikki kundan so‘ng, tong yorishar choqda, qoqshol qo‘lini erining baquvvat bilagiga ohista qo‘yib, zaif, g‘oyat zaif ovozda shivirladi:
—Men ketyapman… Rozi bo‘ling, Hayotim!..
Va ayol bu dunyoni tashlab ketadi. Ajabki, uning tirikligida muzday qo‘llari va yuzlariga umri adog‘iga yetganidan so‘ng latif bir iliqlik yugurganday edi.
Keyin odamlar guv etib keladilar-da, uning yostiqdoshini yelkalarida guvva ko‘tarib ketadilar. Shosha-pisha kavlangan yerga topshiradilar va guv etib tarqaladilar. Guvillab turgan uy, guvillab turgan hovli, kechagina uning oyoqlari ostida guvillab yotgan ulkan shahar xuvillab qoladi. Go‘yo ayol charag‘on dunyoning chirog‘ini o‘chirib ketgan. Chirog‘idan ayrilgan eri qadam bosishdan cho‘chib, turtinib-surtinib, dovdirab yuradigan keksa basirga o‘xshab qoladi.
* * *
Ofitsiant kelib, yengil ta’zim qildi:
— Har doimgidekmi, doda?
Doda tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi:
— Sho‘rva, — dedi xomush. — Konyak. Yuzta. Yo‘q, ikki yuzta. Ba’daz achchiq qahva.
Ruxsora bilan kelganlarida ichmasdi. So‘ng-so‘ng yolg‘iz o‘zi kelib, suppayib o‘tirganida, oz-ozdan oladigan bo‘ldi.
Komil Qori eshik tomon mahzun nazar tashladi va nogahon yuragi, yo‘q, butun vujudi muzlab qolganday bo‘ldi: yal-yal yonib bir juvon kirib kelardiki, Ruxsoraning o‘zi! Uch yil burun erini zor qaqshatib ketgan xasmi haloli! O‘zining Ruxsorasi!
Juvon uning yonidan bee’tibor o‘tib, oynavand devorga taqab qo‘yilgan stol bo‘yidagi yumshoq o‘rindiqqa o‘zini tashladi. Qarshisidan burni o‘roqning uchidaygina bir yigit joy oldi.
Komil Qorining xo‘rligi keldi: yana tush ko‘ryapman deb o‘yladi o‘kinch bilan. Ro‘yoda Ruxsoraning poyiga tiz cho‘kib, to‘tiyo rang harir ko‘lagining barlaridan o‘pganlari, nafis qo‘llarini ko‘zlariga suyib surtganlari xotiriga keldi. Shu tobda bunday qila olmas, ayolning yonida begona erkak o‘tirar edi.
Sirtdan qarganda, ular er-xotinga ham, unda-bunda xufiyona uchrashib yuradigan jazmanlarga ham o‘xshamasdi. Suqsurday juvonni arg‘amchiday ingichka yigit bilan bunday alpozda ko‘rish ajablanarli. Balki, rostan ham eri, ehtimol shunchaki tanishidir. Ehtimol, o‘z vaqtida bir-biriga yetolmagan sho‘rpeshonalardir. Ikkisi ham o‘ttizning nari-berisida. Yigit juvondan ko‘z uzmas, jag‘i u yoqdan bu yoqqa tinimsiz borib-kelardi-yu nimani chaynayotganini o‘zi sezmasdi, chamasi.
Juvon dag‘al to‘qima jemperini yechib, kursi suyanchig‘iga tashladi. Komil Qorining ich-ichidan ko‘tarilgan xo‘rsiniqning taftiga qog‘oz tutilsa, tutab ketardi. Bu oppoq bilaklar, ingichka bo‘yin, muloyim qo‘llar… Ruxsoraning o‘zginasi. Faqat rahmatli ming och bo‘lsa ham, taomni nazokat bilan mayda chaynab yerdi. Ichimlikni nafis lablarining uchida ho‘plardi. Bu ayolning lo‘nji bo‘sh turmas, og‘zini kappa-kappa ochib, chayla ko‘rmagan cho‘ponlarday chaynardi. Tanobiy xonaga damo-dam kirib-chiqib turgan mijozlarga ham, mulozimlarga ham parvosi yo‘q.
Komil Qori ikki yoshning kasb-korini taxminlashga o‘tdi. Ikkalasi ham nari borsa, o‘rta maktabni chala-cho‘lpa bitirgan. Yurish-turishi, kiyinishi, o‘zini tutishi aytib turibdi. Bir qarashda, juvonni hamshira deyish mumkin: kasal ko‘raverib, oh-vohni eshitaverib, diydasi qotib ketgan.
O‘tli nigohlarini juvondan uzmay o‘tirgan yigitning qo‘llari qizlarnikiday nozik. Irodasi sustroq, tanbalroq odamlarning qo‘lidan. Yelkalari ensiz, o‘zi cho‘pdek ozg‘in. Avtonozirmikin? Yo‘q, shoshqaloqligi, alanglashiga qaraganda, birorta eski mashinaning ijarachi-kirakashi bo‘lsa bordir. Kirakash desang, konyakdan tap tortmay urayotir. Kim bo‘lganda ham, juvon uning aql-hushini olib qo‘ygani aniq.
Yomg‘irning shiddati kuchayib, qorong‘ulik cho‘kayotgan shaharga qor bostirib kelayotganini xo‘randalar sezmasdi hisob.
Shishadagi yoqut sharobni tinimsiz sipqorayotgan yigit qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, qarshisidagi juvon shunchalik ko‘hlik ko‘rinardi. O‘sha qora ko‘zlar, o‘sha qalam qoshlar, o‘sha nastarin kabi oq va tiniq yuzlar. Zulukday sochlar ham o‘sha-o‘sha — uchlari ichkariga yengil qayrilib, chiroyli bo‘ynini begona ko‘zlardan yashirib turibdi. Qaddi qomati Ruxsoradan sal to‘laroqday. Balki, yengi kalta targ‘il ko‘ylagi shunday — to‘laroq ko‘rsatayotgandir.
Juvon qarshisida o‘tirgan hamrohiga na bir noz-istig‘no bilan, na bir suqlanib qaray demasdi. Demak, qizning — qorni, mahbubining ehtiros qaynab turgan navqiron vujudi och. Mayxo‘rning yuzlari qizarib, ko‘zlari suzilib qolgan.
O‘tgan bir soatdan mo‘lroq vaqt ichida ayol qo‘shni stol tomonga loaqal ko‘z qirini tashlamadi. Komil Qori juvonning bosh burishini juda-juda istardi. Ilhaq o‘tirardi. Qani endi ko‘zlari uning ko‘zlari bilan uchrashsa, nigohlari nigohiga duch kelsa! Kelsa-chi? Kelsa, nima qilar edi? Bilmas, anglamas, lekin uning birgina ko‘z qiriga zor, mahtalu mahliyo edi. Qariya juvonning e’tiborsizligini o‘zining keksaligiga yo‘ydi: “Yana nima haqing qoldi, og‘ayni, — deb o‘yladi. — Erta-indin yetmishga borib turibsan-ku”.
Mo‘safidning oldidagi ovqati allaqachon sovib qolgan. Fikr-yodi uch qadam naridagi ikki xo‘randada, to‘g‘rirog‘i, juvonda. Ayol taomning tagini nonga surtib olib kavshar ekan, tinimsiz gapirar, lo‘njidagi ovqatni yutgandagina tili dam olganday bo‘lardi. Yigit uning gaplarini bosh silkib tasdiqlagan bo‘lardiyu biror so‘zi qulog‘iga kirmayotgani shundoqqina ko‘rinib turardi.
Qiz qo‘zg‘olganlaridan keyin ham Komil Qori tomonga nazar tashlamadi. Ataylab qilayotganday jemperini teskari o‘girilganicha kiyib, eshik tomonga ravona bo‘ldi. Shoshilibroq yurdi. Ikki qadam bosib, taqqa to‘xtadi va orqasiga burildi. Savatchada qolgan ikki-uch bo‘lak nonni qog‘oz sochiqchaga o‘rab, latta sumkasiga solgach, sherigining izidan oshiqdi. Sherigi ofitsiantning yonida bor-budini boy bergan soqqachi qimorbozday shalvirab turardi.
Qariya tashqariga qaradi. Atrof yorishib ketgan: osmon oppoq, daraxtlar oppoq, yer oppoq — qor.
Uning rahmi keldimi yo shunchaki odamgarchiligi tutib ketdimi, tortishib turgan ikki yigitning gapiga qo‘shilganini o‘zi sezmay qoldi:
— Qancha yetmayapti?
—Bir yuz ellik, — dedi ofitsiant. — Ertaga olib kelib berarmish. Kafiliga tashlab ketayotgan telefoniga qaring. Tekinga bersangiz, birov olmaydi.
Komil Qori hamyonidan bir dasta qizg‘ish pul chiqarib, uchtasini mulozimga berdi:
— Uch yuz. Mening hisobim ham ichida. Qaytimi o‘zingga.
Yana o‘nta sug‘urib, oshig‘i notovonga uzatdi:
—Xotiningizning poyafzali ko‘zimga yupunroq ko‘rindi, uka. Etik olib bering!.. Havo sovuq. Biror dard orttirib olmasin, tag‘in.
— Xotinimmas…
— Kimingiz unda?
— Sinfdoshim.
— Yoshlikda bergan ko‘ngil, deng?
— Ayrilmas balo bo‘lur, — deya ishshaydi yigit. — Rahmat, amaki!
— Unda, mana, hammasini oling! — Komil Qori pulning qolganini ham lavang sinfdoshga uzatdi.
— Yo‘g‘-e, amaki? — deya ortiga tislandi u va ikkilanibroq qo‘shib qo‘ydi: — Uyda pulim bor…
— Oling! — Kesib gapirdi qariya. — Uyingizdagi pulni ro‘zg‘oringizga ishlatasiz!..
Mo‘ysafidga ham hayron, ham ishonqiramay qarab turgan yigit uning horg‘in ko‘zlarida yosh g‘iltillayotganini ko‘rdi. Churq etmasdan pulni oldi va lip etib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
— Shu ishni bekor qildingiz, doda, — dedi ofitsiant. —Betayin odamga o‘xshaydi.
Komil Qorining ko‘ksidan xo‘rsiniq aralash bir nido chiqdi:
— Bu gaplaringni qo‘y, o‘g‘lim, — dedi ohista, juda ohista. — Yonidagi — ayol kishi…
“Jadid” gazetasi, 2024 yil 1 noyabr, 45-son.

