Xotini ertalabdan quloq-miyasini qoqib qo‘liga berdi. “Boraylik-a, boraylik…”, deb yebgina qo‘ydi, oxiri ko‘ndi: “Bo‘pti, tez qaytamiz…”. Yo‘lga tushdilar. Yo‘lda ehtiyotkorlik bilan aytilgan odobiy doira – mehmonda o‘zni tutmoq sabog‘idan ham bahramand bo‘ldi. “Muloyimgina muomalada bo‘ling, jilmayib o‘tiring. (Aslida bezraymasdan o‘tiring demoqchiydi, erining tutqanog‘i tutib, yarim yo‘ldan ortga qaytib qolishidan cho‘chidi). “Ra’no Akromovna hammani ham mehmonga chaqiravermaydi. Faqat bizni taklif qildi…”. Erning ensasi qotdi, esnadi: “Ayol boshi bilan shugina ham rahbarparast-a?. Ketsa o‘rnini menga qoldirib ketadi, deb o‘ylaydi-da, bechora…”. Er o‘zicha ijirg‘anib qo‘ydi.
Mezbon ularni xushhol, ochiqchehralik ila qarshi oldi.
Ko‘chadan ko‘rsang bir kapa, ichiga kirsang dur kapa. Ra’no Akromovnaning tashqaridan razm solsang, baland devor ortidan tirtayibgina ko‘ringan uyi, ichkari hatlashi hamono qasira-qusur qasrga aylandi-qoldi. Yal-yal rang otgan turli-tuman qimmatbaho toshlar yotqizilgan yo‘laklar, qaysi bir dunyolardan olib kelib ekilgan xil-xil barq urib ochilgan gullar, (“Bularning har bir donasi odamdan qimmat”, – o‘yladi er), ro‘parasida ko‘pirib-toshib ko‘kka otilib turgan favvora tegrasidagi zarrin namxush havoda o‘ynoqlab osilib turgan kamalak ko‘zini qamashtiradi.
Tep-tekis, keng-mo‘l hovliga xuddi yam-yashil gilam to‘shalganday chimo‘t bosilgan. Hovli adog‘ida oltintus panjaralar bilan o‘ralgan, suvi tip-tiniq marmar hovuz sathida osmon aks etadi. Uy ayvoniga olib kiriladigan yo‘lak chetidagi yaltiroq ustunlarga qalpoqchiroqlar kiygizilganiga qaramay, pastda ham bosh-oyoq qatorasiga ikki taraflama shokosaday-shokosaday yerchiroqlar o‘rnatilgan. (Bular yonsa kechasi atrof allambalo bo‘lib ketsa kerak. Ro‘paradagi saroyni ko‘r…)
Er-xotin oyoqlari chalkashib-chulkashib mezbon ortidan ergashdilar. Bir amallab mehmonxonaga kirib olishdi. Borning bir tomchisi yo‘qning hovuzini to‘ldiradi – bularning mehmonxonasida ixchamroq to‘y o‘tkazsang bo‘ladi, o‘yladi er. Xotin iljaygani iljaygan. Boshliq ayolga qilgan tavozesi tog‘ni teshguday, go‘yoki u mehmonu bu mezbon. Keng-mo‘l xonaning qoq o‘rtasidagi stol bazmbop etib tuzalgan edi, dasturxonning teng yarmi turli-tuman ichimliklar: oq, qizil, sariq, ko‘k, pushti… bari-baridan bor. Ular xil-xil yemak ochilib-sochilgan, sara noz-ne’matlar jo dasturxonga manzirat qildilar.
Ra’no Akromovna qirq yoshlar atrofidagi husni tarovatiga hali soya tushmagan, bo‘ydor, Yaratgan qaddi-qomatdan qismagan judayam go‘zal juvon edi. Faqat shu go‘zallikka undagi allanechuk shahdu shijoat malol kelib turardi. Baribir rahbarlik bilinib turarkan-da, mayli, epkinga yuz bursang, shamol shappati tortadi, deganlari shu aslida. Mana, hozir ham qarshisidagi hali tanib-tanishib ulgurmagan erkakka amr etdi:
– Xo‘sh, siz zerikmay o‘tiring. Nozi bilan biz ming yillik do‘stmiz. Yaxshisi, manavilardan quying. Hali zamon bizning xo‘jayin ham keladilar. Keyin sizlarni holi qoldiramiz.
U botinida bo‘ron qamalgan bu ayolga hayratlanib qarab turdi.
– Nega angrayib qoldingiz? Vinoyingizni quymaysizmi? – turtkiladi xotini.
– Nima? Vino… Ha-ya, – u o‘rnidan turib stol chetiga borib, ichimliklar ichida alohida ajralib turgan, shoxdor Bug‘u timsolidagi billur idishdagi “Arman konyagi”ga ko‘zi tushib, chindan ham angrayib qoldi.
– “Yo‘g‘-e, bo‘lishi mumkinmas…”. “Tuyqus stolning bu chetiga aylanib o‘tib “Bug‘ushisha”ga qo‘l uzatdi. “Bug‘u”ning bo‘yniga o‘ralgan ingichka kumush tasmaga osilgan tugmachadaygina oltin suvi yuritilgan medalonni ko‘rib taxta bo‘lib qotib qoldi: “Yo‘g‘-e, bo‘lishi mumkinmas, bunaqa tasodif sirayam bo‘lishi mumkinmas…”. U joyida serrayib turib qoldi. “Bug‘ushisha” uning qo‘llarini cho‘g‘ bo‘lib qizdirardi.
– Zo‘r konyak. Bizning xo‘jayin olib kelganlar… Siz erkaklar bilasizlar, bu savilni. Mayli, shuni ocha qoling!
U hardamxayol bo‘lib “Bug‘ushisha”ni ko‘ksiga bosgan ko‘yi joyiga o‘tirdi. Ra’no Akromovnaga sirli qarash qildi.
– Ochmaysizmi? – dedi mezbon taajjubda.
Qadahlarga “Bug‘u”ning “burni”dan konyak quyildi. Ichildi. Uytelefon jiringladi. Mezbon dahlizga chiqib, go‘shakni olib kim bilandir gaplasha boshladi. Ichkarida xotin erini gap bilan uzib-uzib oldi:
– Nega buncha og‘zingizdan suvingiz qochib anavinga (dahliz tomon boshi bilan ishora qildi) termilib qolayapsiz. Tinchlikmi? Yo biror gap bormi?
Xotinining ko‘zida qahr alanga olgandi.
Er o‘rnidan turib mehmonxonaga sinchiklab razm soldi. Ortiga o‘girilib, xrustall idishlar terilgan qimmatbaho oynavand shkaf tepasidagi suvratni, chiroyli zarhoshiyali ramkaga solingan Hasan To‘rayevichning suvratini ko‘rib quloq chakkasiga tarsaki tushgan bolakayday gandiraklab, ko‘zlari tinib ketdi.
Xushu-bexush beholgina o‘rindiqqa o‘tirib qoldi.
– Sizga nima bo‘ldi? Rangingiz oqarib ketdi, nega buncha hansiraysiz? Tobingiz qochdimi? – xotin erning yuziga xavotir bilan tikildi.
– Toza havoga chiqay… Charchadim shekilli…
Uning ko‘z o‘ngida manavi qasrbadang-badabang mehmonxona diqqinafas sovuq bir maskanga aylandi. O‘rnidan turdi. Ich-eti muzlab xotiniga qarab ijirg‘andi:
– Menga qara, buning kim, er-peri bormi? Haqiqiy eri bormi, o‘zi?..
Xotin sapchib tushdi:
– Nimaga buncha alahsirayapsiz? Sizga nima bo‘ldi? Eri bilan nima ishingiz bor… Sizga nima?..
– Buning eri yo‘q. O‘ynashi bor… Ha, o‘ynashi, – vishilladi.
– O‘chiring ovozingizni, – o‘shqirdi xotin.
Mehmonxonaga Ra’no Akromovna kirib keldi.
– I-ya, nega o‘rningizdan turib oldingiz? Bizning xo‘jayin qo‘ng‘iroq qildilar. Hali zamon kelib qoladilar. Zerikayapsizmi? – Ayol tabassum qildi. Bu gal ancha muloyim ohangda gap qotdi.
– Ra’noxon, bu kishi bir oz tashqarida aylansam deyaptilar, – xotin xijolatomuz holda oraga tushdi. – Xo‘jayiningiz kelsalar birga otamlashadilar. Darvoqe, eringiz nima ish qiladilar? Haligi, ish joylarini to‘liq aytib berolmadim, bu kishi so‘rovdilar, – xotin gapni silliqladi.
– Sodda qilib tushuntirib qo‘ya qolmabsiz-da, konchi, tog‘ma-tog‘ yurib kon qidiradilar…
Erkakning ichida qahri keldi. Miyig‘ida kulib qo‘ydi. Bu dabdaba-yu hashamatdan hafsalasi pir bo‘lib tashqariga chiqdi. Gulzor bilan o‘ralgan osma halinchakka cho‘kib, chayqaldi. “Tog‘ma-tog‘ yurarmish. Tog‘ma-tog‘ yurganini ko‘rganmiz. Konchi emish… Ol-a, hali zamon kep qolarmish… Keladi… Keladi. Imi-jimida keladi, tanho qolganingda keladi… Eh-h, Hasan To‘rayevich, Hasan To‘rayevich, o‘zingizni farishtaday tutasiz-u, aslida bu yog‘ini Xudo urib qo‘ygan ekan-ku, bir hisobda yaxshi bo‘ldi. Bundan keyin og‘zingizga taqa qoqaman. Qo‘limdagi “tuz ko‘zir” ni hech nima bilan tortib ololmaysiz, endi”.
Halinchakni ichida isyon urayotgan alamli bir kuch tebratardi, go‘yo. Halinchak har bir tebranganda ko‘ksiga allaqayerdandir yopirilib kelib urilgan olovli shamol borlig‘ini behuzur qilardi. U oyoqlarini yerga tiradi – halinchak to‘xtadi. Atrofga yana ko‘z yugurtirdi. Hayhotdek hovlida yolg‘iz o‘zi yasharkan… Hasan To‘rayevich, o‘sha silliq, haqiqatgo‘y Hasan To‘rayevich, gulu guliston, rohatu farog‘at ichiga ko‘mib qo‘yibdi-da, bu o‘zig‘ar oyimchani… O‘rnidan shahd bilan turdi. Bo‘ldi, yetar, xotinini yetaklab chiqib ketadi. Tamom. Uyiga borib tushuntiradi hammasini.
Dahliz eshigi ochilib, Ra’no Akromovna ko‘rinish berdi:
– Tuzukmisiz endi… U-bu narsa kerakmasmi?
U halinchakka qayta cho‘kdi.
– Yo‘q. Shu yer yaxshi. Shabboda esib turibdi.
Ayol ichkariga kirib ketdi. Erkak xayolga toldi.
Yoz edi. Kavkazda dam olayotuvdi. Tog‘da. Oromgohlar o‘lkasi degan shaharning baobro‘ sihatgohlarining birida bu dunyo tashvishlaridan olisda, xushu-xushvaqt davron surayotgan edi. Davru davronning ikkinchi haftasi tugab o‘n beshinchi kuni boshlangan tongda u tog‘ so‘qmog‘idan tushib kelayotib, pastdan yuqoriga qarab hansirab kelayotgan Hasan To‘rayevichni ko‘rdi. Ko‘zlariga ishonmadi. Rahbar bo‘lib ish boshlaganiga hali uch oy ham bo‘lmadi, bu yerlarda nima qilib yuribdi. Hamma kabi ta’tilga chiqib dam olishga keldimikin, yo‘g‘-e, bunday martabadagi rahbar o‘z holicha bu yoqlarga yo‘rg‘alay olmaydi, mana kelibdi-ku, kelibdi… Endi nima qilsin, buni tanirmikin, qayerdan taniydi, shunday katta idoraning qanchalab tizimlari ichida, ko‘zga chalinavermaydigan o‘rtacha bir muassasadagi rahbarning muovini bo‘lsa… Nima deydi, men falonchi… falonchiman, deydimi? Nima bo‘pti, desa-chi…
Osmono‘par Yel, Kedr, Eman daraxtlari qalin o‘sgan tog‘-yon bag‘ri bo‘ylab qiyshiq-qing‘ir ko‘tarilgan qumtosh yo‘lakdan erta tongdanoq dam oluvchilar – egniga yengil-elpi yozgi ilvasin, mashg‘ulotbop mayka-tursik, kofta-shortik ilib olgan qari-yosh, erkagu ayol aralash odamlar oqimi sira to‘xtamaydi, tog‘ cho‘qqisidan tushayotganlar qancha, o‘sha yoqqa ko‘tarilayotganlar qancha. Eng muhimi, madaniy hordiq – badantarbiya shu aslida.
U yo‘lakka tutash so‘qmoqchadan pastga tushdi-da, ulkan eman ortida bekinib turdi. Hasan To‘rayevich toshyo‘lak bo‘ylab terlab-pishib o‘tib ketdi. U Hasan To‘rayevichning ortidan termilib qoldi, ko‘ngli allanechuk xomush tortib pastlikka enib ketdi. Ertasiga ham shunday bo‘ldi, ular tog‘yo‘lakda duch kelishdi: u chiqayapti, bu tushib ketayapti, bu ko‘rib ko‘rmaslikka oldi.
Hasan To‘rayevichga u ertasiga ham duch keldi, biroq rahbarning yonida bu gal o‘ziga o‘xshagan o‘ta salobatli sherik paydo bo‘lgan edi. Pana tortish o‘ng‘ay tuyuldi. Lo‘killab yugurib, pastga ena boshladi.
Toshyo‘lakda balandlikka chiquvchilar, pastga tushuvchilarning ayrimlari unga tonggi salom yo‘llab, sihat tilashdi, u ham alik olib, ularga yaxshi kun ravo ko‘rdi. Mana, Hasan To‘rayevich hamda uning salobatli sherigiga ro‘baro‘ keldi. Beixtiyor to‘xtab qoldi. Qo‘li ko‘ksida, tavoze bilan salom berdi. Ikki savlatdor ham (rahbarlikning devi bor deyishadi) uning qarshisida to‘xtashdi.
– Va alaykum assalom, – dedi sherik.
– Yaxshi dam olayapsizmi, – dedi Hasan To‘rayevich.
– Rahmat. O‘zlaring yaxshimisizlar, – dedi u g‘o‘ldirabgina.
– Biz ham endi ko‘nikayapmiz, – dedi Hasan To‘rayevich.
– Xo‘jayin, men loyihalash markazi rahbari muoviniman. Muassasamiz vazirlikdan alohida joylashgan, – dedi u tomdan tarasha tushganday qilib.
Salobatli sherik hayron bo‘lib qaradi. Hasan To‘rayevich unga jilmayib qo‘ydi:
– Men Sizni tushundim, – dedi bosh irg‘ab.
Ular tepalikka yo‘l olishdi. Bu esa pastga… Yo‘q, ular tepalikka qiynalib yo‘l boshlashdi, bu esa pastga qarab uchdi, yelkalaridan qanot o‘sib chiqdi, shunday katta odam, shunday rahbar-a, shunday odam bilan yaqindan tanishishga imkon paydo bo‘lib turibdi, bu uchmay kim uchsin?..
Ertasiga yana o‘sha joyda ularni kutib turdi. Ular ko‘rinaverishmadi. Betoqat bo‘la boshladi. Barvaqt chiqib qaytishdimikin-a? Yo‘q, bo‘lishi mumkinmas, o‘zi g‘ira-shirada chiqdi-ku, ularga ko‘zi tushmadi. Charchab qolishgandir. Toqqa chiqib tushishning o‘zi bo‘ladimi? Qaysi sihatgohda dam olayotganini ham so‘ramabdi. Bu atrofda o‘nlab sihatgoh bor, qaysi biridan izlasin, endi? Har holda bular uncha-muncha sihatgohda yotishmasa kerak… E-ey, ana, kelayapti, amakining o‘zi kelayapti, xo‘jayin qayerda qoldiykin? Ko‘ngliga noxushlik indi. Pastga, salobatli amaki tomon yugurgilab ketdi…
Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi. Xo‘jayin Yaltaga ketibdi. Yana bir haftadan keyin kelib bu yerda dam olishni davom ettirar ekan. Salobatli amaki xo‘jayin bilan bir xonada yotibdiykan.
– Men, men ertadan keyin Toshkentga qaytaman, – dedi u. So‘ng salobatli amakiga iltijoli boqdi. – Shu desangiz, Hasan To‘rayevichga, xo‘jayinga bir narsa qoldiraman, berib qo‘ysangiz, kechqurun siz dam olayotgan sanatoriyaga boraman. “Krepost” dedingizmi nomini, yaxshi, 6- qavat. 611-xona. Bo‘pti, amakijon, kechqurun ko‘rishamiz. Ha, o‘zlarining xabari bor. Toshkentda o‘zim gaplashaman. Salomat bo‘ling. Kechqurun ko‘rishamiz bo‘lmasa.
U pastga qarab yengil “sho‘ng‘idi”.
Tong sahar shahar markaziga tushdi. “Eng yaxshi sovg‘a nima?”, deb so‘radi tog‘liklardan. Sof xrustaldan ishlangan, Bug‘u timsolidagi billur idishni arman konyagi bilan to‘lg‘azishdi (bu yerdagi eng ajoyib sovg‘a shu, deyishdi tog‘liklar). Keyin kumush rishtali, tilla suviga chayilgan medalon sotib oldi va uni “Bug‘u”ning bo‘yniga osib qo‘ydi. Taksichi ancha qoruvli, dilkash yigit ekan. Ayollarbop qimmatbaho po‘stinni talashib-tortishib teng yarmiga, besh yuz dollarga olib berdi. Sotuvchi o‘lib qolsa ham bermasdi, biroq taksichi bor ovozda baqirdi: “Qanaqa tog‘liksan, shunday odamni ham xafa qilasanmi, o‘zbek u, O‘zbekistondan kelib turibdi, qara, bilasan-a, Toshkentni. Toshkent bu – non shahri! Esingdan chiqdimi?”. Sotuvchi ham mehmonga zavqlanib tikilib qoldi. “Ol, o‘zbek. Senga besh yuzga berganim bo‘lsin. Toshkent – non shahri!”, – deb qo‘ydi u ham ko‘rsatkich barmog‘ini havolatib.
U “Bug‘u” bilan po‘stinni xo‘jayinning sherigiga qoldirib, o‘zi Toshkentga uchdi. Xo‘jayin uyga qaytgach, meni chaqirtirib oladi, qidirib topadi, deb o‘yladi. Axir, bergan Xudoga yoqibdi, degan gap bor-ku… Axir o‘n yildan beri o‘tini yonmaydi, zora bir mansabga ilinib qolsa… Umri bino bo‘lib ilk bor birovga bir narsa bergan kuni bugun.
Mana, kuz ham keldi. Oradan ikki oy o‘tayaptiki, jimjitlik. Xo‘jayin izlamadi.
… Halinchak chayqaldi. Uning o‘zi chayqaldimi yoki ichidan toshgan og‘riqli bir o‘yning to‘lqini chayqadimi bilmaydi, ishqilib halinchak chayqaldi, u ko‘zini ochdi. Ko‘zini ochdi-yu, dahlizda egniga tim qora po‘stin tashlab olgan xotinini ko‘rdi. Boshida chaqmoq urganday bo‘ldi, beixtiyor o‘rnidan sapchib turib ketdi. Ichidan bir ixroqli og‘riq otildi. “I-e-e-eyy”…
– Dadasi, qarang. Yarashibdimi? Ra’no Akromovnaga anchagina kalta kelibdi. Menga naqd yarim puliga, ming dollarga berishga rozi bo‘ldilar… Olaveraymi? … Bizda bunaqasi umuman yo‘q…
U tamoman tildan qolgan ko‘yi bosh irg‘adi, yana shilq etib halinchak o‘rindig‘iga cho‘kdi.
– Rahmat, dadajonisi, rahmat, – xotinining hayqirig‘i olis-olislardan eshitildi.
Halinchak ancha payt chayqalibgina turdi. U o‘zini qo‘lga oldi. O‘rnidan turdi. Ichkarida ikki ayolning sho‘x-shodon kulgusi jaranglar, armani konyakning haroratli ta’sirida suhbat alangasi gurillab yonardi.
U tushov uzgan tulpordaygina bo‘lib tosirdab kirib keldi-da, oynavand qimmatbaho servant ichidagi suvratga termulib turdi, ich-ichidan tag‘in ijirg‘andi. Ayolning sarxushi ham erkakning hushyoridan ko‘ra sergakroq bo‘ladi:
– O‘tiring joyingizga, nega o‘zingizni qo‘yarga joy topolmay qoldingiz, – xotini yengidan tortdi.
U rasmga bosh irg‘adi va Ra’no Akromovnaga istehzoli iljaydi.
– Bu odam kim?
Ra’no Akromovna ham tosh qotdi. Uning yuziga sirli tikilib turdi:
– Erim!!
Xotini uning sonidan qattiq chimchilab shipshidi: “Jim o‘tiring. Sizni nima jin urdi, bugun?”.
U hamon ichidagi iztirob va uyat o‘tini o‘chira olmay ovvora edi.
– Bu odamni men yaxshi taniyman, – dedi lablari titrab va Ra’no Akromovnaga “holing qalay”, deganday qarab turdi.
– Tanish bo‘lsangizlar, judayam yaxshi, – dedi Ra’no Akromovna, – bizning xo‘jayin ko‘ngliga yoqqan odamni sira qo‘yib yubormaydilar.
U chidab turolmadi. Sirtiga suv yuqtirmaydigan bu suvilonning terisini shilib olgisi keldi:
– Xo‘jayiningiz falon idorada (o‘zi ishlaydigan idoraning nomini aytdi) rahbar bo‘lib ishlaydi. U kishining hech qanday kon-pon, toq-moqqa aloqasi yo‘q.
Yonidagi xotini titrab-qaqshadi. Erining yuziga hangu-mang bo‘lib termuldi. Ra’no Akromovnaning qoshlari chimirildi, yuziga tabassum yoyildi. U ham bu tund va o‘jar odamga munosib javob berish uchun o‘smoqchilab, so‘z qotdi.
– To‘g‘ri, Siz aytgan idorada Hasan To‘rayevich rahbar bo‘lib ishlaydilar. Bu kishi esa (rasmga boshi bilan ishora qildi) Husan To‘rayevich, mening erim, bizning xo‘jayin, kon-qidiruv idoralarining birida boshliq. Hasan To‘rayevich bilan ular egizak. – Ayol yana qanday iddaongiz bor, deganday unga kinoyali boqdi, tuyqus yuziga qizillik yugurdi va ohista, eshitilar-eshitilmas qo‘shib qo‘ydi:
– Siz men haqimda noto‘g‘ri xayollarga bordingiz… Bugun xo‘jayinimning tug‘ilgan kuni. Kechqurun mehmonlar ham kelishadi, an’anaga ko‘ra Hasan To‘rayevich ham keladilar. U kishi hamisha egizagini o‘zidan oldin kelib, birinchi bo‘lib tabriklashga odatlanganlar.
U zil-zambil bo‘lib kursiga qapishib qolganday edi. Uyatdan yerparchin bo‘lib, holi-madorsiz, yer yorilsa-yu, yerga kirib ketguday bo‘lib o‘tirardi. Davraga sovuq sukunat cho‘kdi. U o‘rnidan bazo‘r turdi. Hech narsani anglab yetmagan xotiniga qarab iljaydi:
– Nozi, Sen bemalol o‘tiraver. Hozir esimga tushdi. Ishxonamga bormasam bo‘lmaydi. Ertaga dushanba-ku, bugun tugatishim kerak bo‘lgan muhim ishim bor…
U endi tashqariga chiqdi. Haqiqatan ham dushanbagacha tugallashi zarur bo‘lgan yumushlari talaygina. Ulardan eng muhimini ajratib olishi zarur edi. Ha, eng muhimini.
Gullari barq urib, marmar devorlari yaraqlagan hovli, ko‘kka ko‘pirib toshgan favvoradan sachragan dur tomchilarga osilib turgan kamalak jilosi, osmon aks etgan ko‘m-ko‘k marmar hovuz, ko‘kchirog‘u yerchiroqlar bari-bari oldingi mahobatiga qaytgan, borliq yanada fayzu-tarovatga cho‘mgan edi.
U yo‘lak bo‘ylab yurib darvoza tomon yo‘l olgan ham ediki, eshik ochilib, qo‘lida bir dasta gul ko‘targan ellik besh yoshlar chamasidagi o‘sha, “eski tanishi” – Ra’no Akromovnaning eri, otini Husan dedi-ya, ha, Husan To‘rayevichni ko‘rdi. Ular yo‘lakda to‘qnash keldilar. Bir-biriga tikilib turishdi.
– Meni taniyapsizmi? – dedi u titrab.
– Taniganday bo‘lyapman, – dedi gul ko‘targan odam ham.
– Ko‘rdingizmi, yer yumaloq, baribir ko‘rishdik. Bir og‘iz aytsangiz bo‘lardi-ku, men u emasman, uning egizagiman deb.
– Mendan nima istaysiz o‘zi?
– Hech narsa. Xudodan Sizga boshqa duch keltirmasligini so‘rayman, – u qarshisidagi kimsaning yelkasiga urib qo‘ydi, – Obbo, konchivoy-ey, darvoqe, tug‘ilgan kuningiz muborak bo‘lsin, xo‘o‘-j-a-a-y-iin!!
Uni chetga surib, shahd bilan darvozadan chiqdi. Tashqarida, hovli eshigi yonida hukumat raqami ilingan allambalo mashina – nufuzli idoraning katta rahbari Hasan To‘rayevichning xizmat mashinasi turardi.
Xo‘jayinining xizmat mashinasiga ko‘zi tushishi hamono u ihrab yubordi, ichidan nimadir uzilib ketganday bo‘ldi.
… Ertasiga dushanba edi. Ishxonasiga katta idoraning katta rahbari Hasan To‘rayevichning yordamchisi qo‘ng‘iroq qildi:
– Sizni xo‘jayin yo‘qlayaptilar, – dedi u ancha tavoze bilan, – risoladagiday kiyinib keling, – deb qo‘shib qo‘ydi sirli tarzda.
U endi nima bo‘lishini bilmasdi. Dushanbaning dastlabki ish soati endi boshlangan edi.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 6-son