Oybek. Gulnor opa (hikoya)

Ko‘chalarni changitib to‘p o‘ynardik. Men yangi sotib olgan qora to‘pimni tashlaganda, Vali ustalik bilan bir urgan edi, to‘p g‘iz etib yuqorilandi-da, qaytib ko‘chaga tushmadi. O‘ynovchilar turgan joylarida qotib qolishdi:
– Ah, qanday yaxshi to‘p edi, Shokir akaning bog‘chasiga tushdi-ya. Essizgina…
Fattoh kattalardek qo‘lini orqasiga tashlab:
– Tag‘in tushib o‘tirma, bilasan-ku Shokir akaning fe’lini, xuddi oyog‘ingni sindiradi, – deb nasihat qilganday bo‘ldi. Bolalar birin-sirin tarqalib ketishgan edi. Men yolg‘iz qolgandim, o‘ynab to‘ymagan to‘pimning alami ichimda har minut sayin zo‘rayib borardi. Faqat Shokir akaning bog‘chasiga kirish juda qo‘rqinchli edi. Bir yarim tanobcha joyni egallagan bog‘cha baland devorlar ila o‘ralgan, ichida o‘rik, shaftoli, gilos, ko‘ksulton va shunga o‘xshashlar. Bu mevalardan biron donasini chet kishi ko‘rmas va kimga sotiladirganligini-da hech kim bilmasdi. Hatto, “anjir bilan anor gulini to‘kib, ko‘zga ilinadigan bo‘lganda Shokir aka sanab qo‘yadi”, – deb gaplashardi mahalladagilar. Mening qora to‘pim, shubhasiz, mana shu bog‘chada. Faqat, qanday qilib olish mumkin? Shunday kishining bog‘chasiga to‘p qidirib tushish hazil gap emasdi. Men ko‘p o‘yladim, axir tushishga qaror qilib, qulay bir joy axtara boshladim. Jin ko‘chadan bog‘chaga kirib ketadirgan ariqning onbori bir oz katta bo‘lib qolgan ekan. Ishtonimni tizzamga qadar ko‘tarib, onborga bosh tiqdim, o‘tish qiyin bo‘ldi, devorni qo‘lim ila uvalab teshikni katta qildim-da, sekingina o‘tdim. O‘t orasiga biqinib, har yoqqa qarab oldim, bog‘cha jimjit…
Rang-barang kiyimlarga belangan kelinchak gullarning ustida, jimjima qafasdonli savadonlarni va bog‘chani poylagan kabi haryoqqa tez-tez qarab qo‘yardim.
Butun diqqatimni ko‘zimga to‘plab qidirishga tutindim, to‘pimni onbordan 20-30 qadam narida, o‘t orasidan topdim, ko‘nglim tinchidi. Qaytishga hozirlanib, atrofga bir qaragan edim, devorga chirmashib o‘sgan tokning tagida Shokir akaning qizi Gulnor opa ila Turdi sartaroshning o‘g‘li Asadga ko‘zim tushdi. Darrov o‘t orasiga cho‘zildim. “Shokir aka yo‘q ekan, bular bu yerda” dedim-da, yota berdim.
Gulnor opaning ustida bir oz to‘zishga boshlagan atlas ko‘ylak, sarpinka ro‘mol yelkasida. To‘la oppoq bilagi Asadning bo‘yniga o‘ralgan, dam Asadning chiroyli yuziga qaraydi, dam boshini yigitning keng, kuchli ko‘kragiga qo‘yadi. Asad bir qo‘li ila Gulnor opaning beliga tushgan qora sochlarini silar, yuzlaridan uzilmagan gulni hidlagan kabi sekin-sekin o‘par va nimalarnidir so‘zlardi.
Menga anglashilmagan bir sirning og‘irligi ko‘kragimni siqar, yashil o‘tlar orasiga ko‘milgan boshimda shu vaqtgacha yashirinib yotgan fikrlar uchqunlanar edi.
Ko‘chadan o‘tgan har bir qizning paranjisidan tortish, hatto, hassaga suyalgan kampirlarning bandagini boshiga ilishdan zavq oluvchi to‘polonchi ko‘nglim bunday fursatdan foydalanmayin jimgina chiqib ketishga maslahat qilmasdi. Ularni bir cho‘chitish lozimda. Bitta-bitta emaklab onborga yaqinlashdim-da, “Gulnor opani bilib oldim” deya qichqirishim ila Asad bir nimadan qattiq hurkib, arqonni uzgan ot kabi o‘zini bir yoqqa otdi, qo‘li qaltirar, kuch yo‘q. Baland devorga sakraydi, yiqilib tushadi, yana turib butun kuchi ila irg‘iydi, yana yiqiladi.
Gulnor bir zumda bog‘chaning ikkinchi yog‘iga o‘tgan bo‘lsa-da, qo‘rqqanidan bog‘cha eshigining zanjirini tushirolmasdan tipirchilardi.
Bu ishim meni shu qadar sevintirdikim, onbordan qanday chiqib ketganimni sezmay qoldim.
Kechqurun sutga chiqqanimda Xayri xola sigir sog‘ishga hozirlanib turgan ekan. Qo‘limdan bir mirili chaqani oldida:
– Badaljon, xolasi o‘rgilsin. Gulnor bilan kirib maydondan o‘tin olib chiqqin, keyin bir kosa limmo-lim qilib sut beraman.
– Gulnor, Gulnor, Badal bilan birga kirib quruq-qurug‘ini olib chiqa qol, – deya molxonada turib qiziga buyurdi.
Gulnor opa uydan chiqdi. “Oposi, kelaqol”, deya meni boshlab ketdi. Menga tikilib qarolmasdi, maydonga kirganda atlas ko‘ylagining ikki yengini shimardi, kumush bilakuzuklarini ham yuqoriroq surib qo‘ydi-da, titrak bir tovush ila:
– Badal, oposi, tag‘in haligini birovga ayta ko‘rma, – dedi.
– Nimani, Gulnor opa? – so‘radim.
– Haligi… Man tovushingdan bildim. Nimaga boqqa tushgan eding?
– To‘pimga… – Men ko‘ylagimning yengini tishlab hechnarsa bilmagan kishidek turar edim.
– Shundoq qo‘rqib ketdim-ki… qo‘l-oyog‘im bo‘shashib yiqilayozdim, – dedi Gulnor opa.
Yirik, qora ko‘zlaridan marvarid tomchilar uning chiroyli yuziga yumalab tusha boshlamish, uzun kipriklari namlanmishdi.
– Yaxshiki, uydagilar eshitmagan. Xayri xolang meni xuddi o‘ldiradi-ya…
Quyoshning so‘ng nurlari baland daraxtlarning uchlarida porlardi. Bog‘chada qushlar shoxdan-shoxga o‘tib, kechani o‘tkizish uchun o‘ng‘ay joy qidirardi. Qarshimda yig‘lab va yalinib turgan Gulnor opa qalbimga ham g‘urur, ham alam solardi, Gulnor opani qanday qilib ishontirishni bilmas edim.
– Yo‘q, endi hech bilib oldim demayman, hech kimga aytmayman, hechkimga, yig‘lamang. Gulnor opa, yig‘lamang, – dedim. Tovushimda yalinish, o‘tinish bor edi.
Gulnor opa birdan sevinib ketdi, uzun, nozik barmoqlari ila yuzlarimni siladi: “Oposi-ya, yaxshi ukam o‘zi”, deya erkaladi. Nimchasining cho‘ntagidan ikki chaqim, usti bir oz kirlangan qand olib berdi-da, ariq bo‘yiga kelib ko‘zlarini yuvdi.
Maydondan o‘tinlarni tashib bo‘lgach, Xayri xoladan “limmo-lim” sutni olib ko‘chaga chiqdim. “Nega muncha yalinadi, nega Xayri xola o‘ldiradi”, deya o‘ylab ketarkan, oqshom menga Gulnor opaning baxti, erki kabi bo‘sh va sirli ko‘ringandi.

1930 yil 5 oktyabr.