Qadimshunoslik (arxeologiya) institutining yangi direktor o‘rinbosari eski ilmiy kotibni huzuriga chaqirib, qo‘liga bir qo‘lyozma tutqazdi:
– Viloyatda yashaydigan bir boshlovchi olim shuni jo‘natib, bizdan fikr so‘rabdi. O‘qib, oldingizga kelganida fikringizni muallifga aytarsiz.
Shu ham ish bo‘libdimi! Atigi yuz betgina qo‘lyozmani o‘qib chiqib, fikr aytishdan osoni bor ekanmi! Bunaqasini endi ko‘rib turgani yo‘q! O‘n olti yildan buyon institutning o‘chog‘idan kirib-kulidan chiqib, yetti yildan buyon ilmiy kotib sifatida uzzukun ishxonaga tanda qo‘ygan emasmi, rahbarlar bilan muomalada o‘zi o‘rganib qolgan so‘zlarni aytdi, albatta:
– Xo‘p bo‘ladi, aka!
Qo‘lyozmani bir kundayoq o‘qib tushirdi. “Yo‘qotilgan g‘ov” degan dumbul tadqiqot, xom-xatala narsa, chala ilmiy risola! Qadimda ota-bobolarimiz, garchi Xitoy devorichalik bo‘lmasa-da, har qalay, yovning kelar yo‘liga o‘ziga xos to‘siq, barrikada, himoya qobig‘i, xullas, g‘ov tiklagan emish. Bu g‘ov devor emas ekan. Tuproqqal’ani bunyod etishdan avvalroq ota-bobolarimiz soy suvidan, qalin o‘rmonzordan, yana boshqa to‘siqlardan himoya vositasi sifatida foydalangan emishlar. Bunday g‘ovlar keyinchalik – tuproqdan devor tiklana boshlangach, vaqti-soati bilan yo‘qolib ketgan emish…
Bo‘lsa bordir! Bir qarashda yangicha ilmiy fikrga o‘xshaydi bu! Tariximiz Tuproqqal’adan ham qadimiyroq deyilmoqchi! Bu-ku yaxshi! Lekin… har qanday ilm aniq dalillarga, mustahkam asoslarga ega bo‘lsagina ilm! O‘sha dalil, asos bo‘lmaganidan keyin… hammasi shunchaki havoyi gap-da! Qaysi bir qadimiy qal’a xarobalarining atrofida halqa bo‘lib oqqan soy o‘zani saqlanib qolgan, xo‘sh?! Bizning mintaqamizda qaysi shaharning atrofi qachon quyuq o‘rmon bilan o‘ralgan?! Qaysi yozma manbada shu haqda ma’lumot keltirilgan? Aniq dalil, mustahkam asosga ega bo‘lmagan har qanday faraz… chinakam ilm emas, shunchaki taxmin, tusmol, oddiygina xomxayol bo‘lib qolaveradi-da! Ilmiy risola emas, fantastik asar bo‘lsaki, aravani quruq olib qochaversang! Holbuki chinakam fantastika ham daliliyu asosi bor ilm hisoblanadi. Shuning uchun u ilmiy fantastika deb ataladi!..
Ko‘pni ko‘rgan qadimshunoslik institutiga kimlar kelib, kimlar ketmaydi, ishi igna bilan quduq qazishdek do‘zax azobiga mengzagulik olimlikni kimlar o‘zicha havas qilmaydi deysiz! Bu olamda kim ko‘p – havaskor tadqiqotchi, xonaki donishmand ko‘p! Har bir o‘qilgan qo‘lyozma muallifiga, agar u shahri azimning qoq markazida yashagan taqdirda ham, “Marhamat, kelib fikrimni eshiting!” deb xabaru taklif qilish kimga nima uchun zarur? Tuyaga yantoq kerak bo‘lsa bo‘ynini cho‘zadi-da! Fikr kimga kerak, fikr egasigami yoki fikr so‘rab turgan havasmand tadqiqotchigami?..
Kunlardan bir kuni ilmiy kotibning xonasiga bir yigit kirib keldi va bunday dedi: “Men falon viloyatda yashab turgan “Yo‘qotilgan g‘ov” risolasi muallifining jiyani bo‘laman. Tog‘amning mazalari yo‘q edi, men qo‘lyozmamni tezda qaytarib olib borar ekanman, nashr etadigan himmatli homiy topilibdi”. Tabiiyki, ilmiy kotib masalani aniqlashtirdi: “Men ovora bo‘lib qo‘lyozmani o‘qib chiqdim. Endi fikrimni kimga aytaman?..” Jiyan qo‘shimcha tushuntirish berdi: “Fikrning keragi yo‘q ekan dedim-ku! Qo‘lyozmaning o‘zini qaytarib bersangiz bo‘ldi, aka! Tog‘am betoqatlanib kutib o‘tiribdi!..”
U yigitni boshlab o‘rinbosarning oldiga kirdi. Afsuski, rahbar qandaydir yig‘ilishga ketibdi. Bu yoqda yigit “Qo‘lyozmani bugun yetkazib oborishim kerak!” deb qistalang qilib turibdi. “Falon joyda yashovchi falonchining falon qo‘lyozmasi, men u kishining tug‘ishgan jiyaniman”, deya o‘zi o‘z og‘zi bilan aniq-tiniq aytib turganidan keyin… hujjatiga qarab, tilxat yozdirib yo boshqa rasmiyatchiliklarga berilib o‘tirmadi-da, qo‘lyozmani yigitchaning qo‘liga tutqazdi-yubordi! Qo‘lyozma kerak ekanki, olaversin, ana! O‘zi kelar Laylixon, o‘zi ketar Laylixon! Zorimiz bor, zo‘rimiz yo‘q! Har qalay, institutning ham, o‘zining ham bunaqangi bo‘sh risolaga muhtojlik joyi yo‘qligi aniq!..
Oradan ozgina vaqt o‘tar-o‘tmas shunaqangi kutilmagan g‘alvalar boshlanib ketdiki!.. Avvaliga Fanlar akademiyasi prezidenti nomiga yozilgan shikoyat xatini kotiba qiz olib kirib ilmiy kotibning qo‘liga tutqazdi. Shikoyat xati bilan tanishib uning miyasiga qon tepdi. Xatda Qadimshunoslik ilmiy tadqiqot institutining ilmiy kotibi o‘zining “Yo‘qotilgan g‘ov” ilmiy risolasi qo‘lyozmasini yeb qo‘ygani, ichib qo‘ygani, o‘zlashtirib olgani aytilgan edi! Tabiiyki, yangi direktor ham, uning yangi o‘rinbosari ham eski ilmiy kotibdan tushuntirish so‘radi. U og‘zaki emas, batafsil yozma tushuntirish berdi. Shu bilan ko‘ngli xotirjam bo‘ldi: hayotda bunaqa anglashilmovchiliklar bo‘lib turadi. Muhimi – ularga aniqlik kiritildi-ku! Qo‘lyozmani yetti yot begona emas, tug‘ishgan jiyan olib ketdi-ku o‘shanda! Ana, muallif begonadan emas, o‘z jiyanidan so‘rab-surishtiraversin-da!..
Oradan yana ozgina vaqt o‘tib-o‘tmay kotiba yangi bir rasmiy xatni olib kirib ilmiy kotibning qo‘liga tutqazdi. Endi Fanlar akademiyasi emas, biryo‘la ulkan mamlakat rahbari nomiga yozilgan shikoyat xatining mazmun-mohiyati… dahshat! Nohaqlikka barham berib, adolatni qaror toptirish, nopok, qo‘li egri, ko‘chirmachi, mas’uliyatsiz ilmiy kotibga tegishli jazo berish, hech bo‘lmaganda Qadimshunoslik institutidan badarg‘a qilish so‘ralgan edi o‘sha xatda! Ana xalos, pishdi gilos! Masalaning bunday jiddiy tus olishini kim o‘ylabdi deysiz?! Negayam g‘aflat bosib jiyanga qo‘lyozmani aqalli bir jumla tilxatsiz og‘zaki gapga ishonib shundoqqina berib yubora qoldi o‘zi o‘shanda?! Qachon bu xalq o‘zbekona ishonuvchanligu soddadillikdan qutular ekan-a?! Balki, aslida, jiyan emas, butunlay begonadir, bundan chiqdi? O‘sha muallif bilan ikki o‘rtaga bir g‘alamis quyushqonga qistirilgandek qistirilib, makkorona ishini bitirib ketgan bo‘lsa-chi? U yoqda muallif homiy topib kitob chiqaraman deb turganda qo‘lyozmasini qaytari
b ololmay xunob, bu yoqda qo‘lyozmani qo‘shqo‘llab tutqazgan ilmiy kotib!.. Endi nima qilish mumkin?! Hozirgi vaqtda chekka bir viloyatga borib, “masala”ni aniqlashtirib, haqiqatni qaror toptirib kelish osonmi?! Qolaversa, buning oqibati qanday bo‘lishini kim oldindan ayta oladi?! Institutdan avvalroq o‘sha viloyatdan badarg‘a qilinishi ehtimoldan holi emas!.. O‘ylay-o‘ylay, qo‘lidan kelgani – yana bir tushuntirish xati yozish bo‘ldi. O‘rinbosarga yozma tushuntirishga qo‘shimcha og‘zaki tushuntirishlarga ham zo‘r berib anchagina zo‘riqdi. Yangi rahbar unga tasalli-taskin bergan bo‘ldi: “Hay, mayli, mana, yana bir marta batafsil yozma tushuntirish beribsiz-ku, balki shu bilan tinchib ketar, o‘zida qo‘lyozmaning boshqa nusxasi bordir, shunchaki vahima qilayotgandir, mayli, ko‘p kuyinavermang endi, bu yog‘i bir gap bo‘lar, sog‘ligingizni o‘ylang-da!..”
Oradan yana ozgina vaqt o‘tib, institutning yuqori mahkamadagi mas’ul mutasaddisi bevosita uyiga qo‘ng‘iroq qilib aytdiki: “Qo‘limizda falon viloyatda yashaydigan falonchi olimning ustingizdan yozilgan yangi shikoyat xati turibdi. U kishi sizni sudga bermoqchi ekan! Marhamat qilib huzurimizga kelib, xat bilan tanishib, masalani hal qilib keting, aka!”
Yaqindagina olimlikdan voz kechib, arboblik ko‘chasiga mukkasidan ketgan bu “ukasi”ning insoniy fe’l-atvorini yaxshigina biladi u! “Lo‘lidan arbob chiqsa chodiriga o‘t qo‘yar” deganlaridek, shaxsiy manfaati yo‘lida o‘zi chiqib kelgan ne bir muqaddas joylarni ham bulg‘alashga tappa-tayyor bir mansabparast! Baland joylarga ko‘tarilmasdan avval ham uning antiqa fe’li-xo‘yini bir necha marotaba yaxshigina ko‘rgan-bilgan edi u! Shu bois o‘ta xushmuomalalik bilan og‘zaki tushuntirish berdi: “Institut rahbarlarini xabardor qilmay to‘ppa-to‘g‘ri sizning huzuringizga chiqib boraverishim qoidaga ham, odobga ham to‘g‘ri kelmaydi, ukajon. Shuning uchun men bilan emas, rahbarlarimiz bilan gaplashganingiz har jihatdan ma’qul bo‘lar deb o‘ylayman, nima dedingiz?..”
Kutilmagan qo‘ng‘iroqni rahbarlarga aytib podadan oldin chang chiqarish ham, o‘ylab qaralsa, odobdan emas. Chaqimchilikmi-shikoyatga o‘xshab ketadi-da! Qolaversa, asli dilxiralik bo‘lganidan keyin! Lekin aytmaslik… tag‘in qanday talqin qilinar ekan?! Bu uchinchi shikoyat xatida, mas’ul xodimning aytishiga qaraganda, “nodir asarning noyob qo‘lyozmasi yagona nusxada yozilgani, uni ham institutning ilmiy kotibi o‘zlashtirib olgani” qayta-qayta uqtirilganmish! Qo‘lyozma topilmasa, aybdorni sudga berarmish! Endi nima qilish mumkin?!.
Tabiatan o‘ta ta’sirchan emasmi, boshiga bexos yog‘ilgan o‘t balosiyu suv balosidan dahshatliroq tuhmat balosini, hattoki yetti uxlab tushida ham ko‘rmagan sud balosini o‘ylayverib-o‘ylayverib, ich etini yeb, afsus-nadomat chekaverib… axiyri kasal bo‘ldi. Shifokorlar biror hafta uyda xotirjam yotib davolanishni maslahat berdilar. Lekin bunday ahvol-ruhiyada qanaqasiga xotirjam yotib davolanasan kishi?! Ayni ellik yoshda, erta-indin doktorlik ishini himoya qilamanmi, garchi kechroq bo‘lsa-da, mening ham yelkam oftob ko‘radimi, o‘n olti yildan buyon shu ilm dargohining tuprog‘ini yalashdan murodim hosil bo‘larmi ekan, mana, yangi rahbarlar kelishdi, ular, bilishimcha, tabiatan yaxshi odamlar deya, ne bir orzu-umidlar bilan yurganida… endi bu baloyi nogahonni qanday daf qilish mumkin?! Oqibati nima bo‘ladi bu bexos boshlangan g‘alvaning?!.
Shunday biri biridan mash’umroq o‘ylar iskanjasida iztirob chekib, uyida to‘lg‘anib yotgan kunlardan birida kotiba qiz qo‘ng‘iroq qilib aytdiki, “Sizni direktor bilan o‘rinbosar betoqatlanib kutib o‘tiribdi. Agar yura olsangiz, kasal bo‘lsangiz ham, birrov idoraga kelib ketar ekansiz!”
Borsa, direktor bilan o‘rinbosar ikkalasi uni rostdan ham betoqatlanib kutib o‘tirishgan ekan. Xonaga kirishi bilan direktor qaygadir qo‘ng‘iroq qilib, go‘shakni unga uzatdi. Tinglab qarasa, o‘sha mutasaddi ukaxoni! Kasalligiga qaramay, o‘zining yozgan yana bir tushuntirish xatini o‘zi olib huzuriga zudlik bilan yetib borishini talab qilib turibdi! Beixtiyor miyasiga qon tepdi. Yana o‘sha gapmi?! “Hangomtalab bo‘lsang Mahkamaga yo‘rta ko‘r, Uch echkini bir lo‘li Afsun bilan o‘ynatur”. Roppa-rosa bir asr muqaddam bir yuragi o‘rtangan haqgo‘y baayni yurak qoni bilan yozib qoldirgan to‘rtlik-da bu! Xo‘sh, hozir-chi? Mahkamada kim kimni o‘ynatmoqchi bo‘lib turibdi?! Anovi ukasi o‘zini lo‘lidek avrab, ayiqdek o‘ynatmoqchimi? Endi shu yangi yetishib chiqqan havaskor o‘yinchining nog‘orasiga o‘ynashi qoluvdi!.. Gapni qisqa qildi: “Istasangiz, yana bir tushuntirish xati yozib beraman, mayli, agar davlat miqyosida jinoyat qilgan bo‘lsam jazolayverarsiz, lekin tushuntirish xatimni o‘zim ko‘tarib kasal holimda sizning h
uzuringizga chiqolmayman, ukajon! Hech kim menga bunaqa vakolat bergan emas, sizga ham!..”
Shu payt simning narigi tarafidagi go‘shakni kimdir olib, unga o‘shqira ketdi: “O‘sha tushuntirish xatlaringizda yozganingizdek, qo‘lyozmani direktor o‘rinbosaridan emas, bizning huzurimizga chiqib, shaxsan manovi ukamizning qo‘lidan olgan edingiz, esingizdami? O‘shanda men guvoh bo‘lib turgan edim! Olganingizni marhamat qilib qaytaring-da endi!..”
Bu ukasining fe’l-atvori unga yana-da ayonroq! Aslida, olim bo‘lib olim emas, yozuvchi bo‘lib yozuvchi emas, jurnalist bo‘lib jurnalist emas, naq arosatda qolgan bir bandai ojiz! Faqat ayni chog‘da butun olimlar-u ilmiy muassasalar mutasaddilarining kattasi – yuqori mahkamadagi nufuzli bo‘lim mudiri! “Savlatidan ot hurkadi” deganlaridek, arboblik shahdu shijoatidan ne bir dongdor olimlar ham cho‘chib-hadiksirab turishadi! Lekin qoq tepangda o‘tirib olib, buning ustiga, quyushqonga qistirilib, oshkora baloxo‘rlik qilishi!.. Bunisiga qanday chidab bo‘ladi?! O‘zini imkon qadar sovuqqon tutib, gapni qisqa qildi: “Kechirasiz, shu topda baland idorada o‘tirib menga ochiqdan-ochiq tuhmat qilyapsiz! Men sizning huzuringizga hech qachon chiqqan emasman, hozir ham chiqmoqchi emasman!”
Go‘shakni direktorga qaytarib berdi-yu, beixtiyor boshini changalladi: “Nima istashadi o‘zi bular mendan-a?! Ikki marta tushuntirish xati yozib berdim, kerak bo‘lsa, uchinchisini, to‘rtinchisi, beshinchisini yozib berishim mumkin! Axir, qo‘lyozmani, mana, o‘rinbosardan olganimu jiyaniga berganim aniq, demak, anovi o‘zingdan chiqqan arbob shunday obro‘li mahkamada o‘tirib oshkora baloxo‘rlik qilayotgani ham aniq-ravshan ko‘rinib turibdi-ku! Ochig‘i, o‘n olti yildan buyon shu dargohda boshimga qayoqdan qanday balo yog‘ilar ekan deb, bor kuch-quvvatimning yarmidan ko‘pini balogardon qidirishga sarflayverib adoi tamom bo‘ldim, yashamay qaridim!..”
Chin yurakdan bo‘zlab aytilgan so‘z har ikki rahbarning qalb torlarini qattiq chertib o‘tdi, shekilli, ular o‘zaro bir ko‘z urishtirib, baravariga ovuta boshladilar:
– Aslida, bizning holimiz ham shunga yaqin, uka!
– Qo‘ying, ko‘p kuyinavermang, sog‘ligingizga qarang!..
Bir payt o‘rinbosar o‘rnidan sapchib turib, unga ko‘rsatma berdi:
– Mayli, uka, siz ko‘p qizishmay, xonangizga chiqing-da, yana bir tushuntirish xati yozib bering! Uni siz emas, mana, men olib chiqqanim bo‘lsin yuqoriga! Xatni menga bering-da, o‘zingiz uyingizga qaytib, xotirjam davolanavering!..
…Oradan biror oy o‘tib, ilmiy kotib sog‘ayib ishga chiqdi. O‘rinbosar, haytovur, hech nima bo‘lmagandek, ochiq chehra bilan ko‘rishib, hol so‘rab, “Sog‘ayib ishga chiqdingizmi?” deya navbatdagi topshirig‘ini berdi. Shunday qilib, xayriyat, u hadiksirab kutganidek hech bir ortiqcha gap-so‘zsiz o‘z ishini davom ettirdi. Oradan tag‘in biror haftacha o‘tib xonasiga bir kishi kirib keldi-da, o‘zini tanishtirdi: “Men o‘sha “Yo‘qotilgan g‘ov” risolasining muallifi bo‘laman!” So‘ngra qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygan ko‘yi undan uzr so‘ray ketdi: “O‘sha sizni kasal qilgan shikoyat xatlarini yozishga majbur bo‘lganim uchun sizdan kechirim so‘rab keldim, uka! Iloji bo‘lsa, meni kechiring, qattiq pushaymonman! Ochig‘ini aytsam, meni aldashdi, ukajon!..”
Zimiston ko‘ngli daf’atan yorishdi. O‘tgan o‘tdi, o‘tgan ishga salavot deganlar! Har qalay, mana, haqiqat bor ekan-ku! Mana, risolasi xomroq bo‘lsa ham, o‘zi risoladagi ODAM ekan, ko‘z oldida o‘tiribdi! Ko‘ksida vijdoni tinchlik bermagan ekanki, o‘z qilmishiga pushaymon bo‘lib, atayin kelib uzrini aytib turibdi! Lekin bu soddadilni aldab, uning qo‘li bilan yana bir soddadilni qon qaqshatib, ikki o‘rtada o‘z ishini bitirmoqchi bo‘lgan g‘alamis baloxo‘rlar… ularda ham vijdon bormi ekan? Ularning vijdoni ham qachonlardir qiynalarmi ekan?! “Qozonchida ixtiyor, qaydan quloq chiqarsa” deb, qozon boshida o‘tirib olib, bilgan noma’qulchiligini qilishdan tap tortmagan g‘alamislar, “Erta bir kun shu joyga kelgunimizga qadar anovi g‘ovni ikki o‘rtadan ko‘tarib tashlasak-da, butkul ko‘zdan yo‘qotsak-chi?” deya o‘zicha makkorona reja tuzib, til biriktirgan g‘ayurlar… Ular ham qachonlardir insofga kelarmikanlar? Ularning vijdoni qachon uyg‘onar ekan-a?! Qachondan boshlangan edi o‘zi bunday o‘z vijdonini arzimas bahoga
sotishlar?! O‘ziga g‘ov deb bilgan odamni har bob bilan bosib-yanchib, iskanjaga olib, yoppa talab, butkul ko‘zdan yo‘qotishga urinishlar! Tuproqqal’aning kuli ko‘kka sovurilgan davrlardanmi? Izsiz yo‘qolgan Shumer davlatidanmi? Yo Nuh to‘fonidan ham avvalroqmi?!. Bugungi kunda yana bir to‘fon qo‘pmasligi uchun vijdonsizlarda qanday qilib vijdonni qayta bunyod etish mumkin ekan-a?! Mumkinmi ekan o‘zi shu ish?! Bukrini-ku qabr to‘g‘rilar, lekin vijdonsizni qayerda nima to‘g‘rilay oladi o‘zi?!.