Qishloqdagi to‘y ayni avjiga chiqqan mahalda elektr o‘chib qoldi-yu, qiy-chuv boshlandi. Birov bo‘ralatib so‘kingan, birov chuqur uf tortgan.Kimdir norozi oxangda xushtak chalib qoydi.Bugun Badriddin aka o‘g‘lini uylantirayotganligi yeti mahallaga ma’lum edi-ku. Jumladan Shermat montyorga ham…
Ichkari xovlida gurunglashib o‘tirgan chollardan biri vaziyatga oydinlik kiritdi:
– Shermat montyorning nasibasini oborib berganmisizlar ishqilib?- dedi u ingichka ovozda.
Hammasi tushunarli.Darhaqiqat, cholning gaplarida jon bor edi. Shermat montyorning qishloqda yagonaligini, undan boshqalarning elektrga “tishi o‘tmasligi”ni pesh qilib gapirishiga men ham bir necha bor guvoh bo‘lganman. Bir hafta avval tush payti yonboshlab televizorda futbol ko‘rayotsam elektr “chiq” etib o‘chdi-qoldi. O‘shanda ham qishloqda to‘y bo‘layotgan edi.
– Xoynahoy borishimizni kutib o‘tirgan bo‘lsa kerak,-deya kuyovning tog‘asi Abduvali qo‘ltig‘iga “yarimta” va boshqa yeguliklar tugilgan tugunchani qistirdiyu, ko‘chaga otlandi.
Badriddin aka mexmonlardan istihola qilgancha:
– Undan ko‘ra to‘yga kelsa bo‘lmaydimi, ko‘p qatori mexmonim bo‘lardi. Izzatini joyiga qo‘yardim-ku!- odamlar orasida ovoz yetar joyda mahalla oqsoqolini payqab “gap egasini topadi” qabilida yana qo‘shimcha qildi – Shunga “hoy” deydigan kishi toplimayapti-da o‘zi!
Oy yorug‘ida odamlarning siyraklashib qolganligi sezilib turar, Badriddin aka esa to‘xtovsiz javrardi:
– Hozir yonadi,odam jo‘natdim. To‘y tonggacha bo‘ladi!
Ko‘p o‘tmay elektr yondi va odamlarda jonlanish sezildi. Chekkada to‘planib turgan kuyovjo‘ralar hatto qarsak chalib yuborishdi. Otarchilar ham “To‘ylar muborak”ni boshlab, davrani ochishdi. Chamasi bir soatlardan so‘ng darvozadan gandiraklab Shermat montyor kirib kelganida, unga hech kim e’tibor bergani ham yo‘q.U oyog‘ida bazo‘r turar, qo‘lida yarimlab qolgan shishani tutgan ko‘yi nuqul:
– Qqquttlug‘ bbbo‘lssin, Bbbadr akkkka… – derdi.