Boshliq unga:
– Bu safar qorningizning hurmatini qilib kechirdim. Oxirgisi, albatta,- dedi aloxida ta’kidlab.-Bugun uzoq bir do‘stimning yerini haydagani borasiz.
Mamatboy traktorchi bunday kechirishlarga ko‘nikib ketgan. Har safar tushga yaqin traktor parkiga kirib keladigan Mamatboy qornining sharofati bilan xayfsandan qutulib qolardi. Boshliqning xuzuridan chiqarkan, gavdasiga yarashmagan qornini yengilgina shapatiladi. Parkda faqatgina Mamatboyning traktorigina qolgan, barcha traktorchilar quyosh ko‘z ochmasdanoq dalaga chiqib ketishgan. Mamatboy traktorchilar orasida eng yoshi bo‘lsa ham qorindori edi. Garchi uning qorni gap-gashtaklarda “tinimsiz o‘qqa tutilsa” ham boshlig‘ining oldida dakki-dashnomlardan pana qilardi. Qorindorligining dastlabki yillarida Mamatboy xotinining e’tirozlarini ko‘p eshitdi:”Qo‘shnimiz Xalimaxonning xomilasi sakkiz oylik bo‘libdi. Lekin qorni siznikidan kichkina”. Mamatboy o‘z xoxishi bilan qorin qo‘ygani yo‘q. Buni xotin tushunarmidi? Yoshligidan o‘rtoqlari bilan choyxonadan beri kelmaydigan Mamatboy o‘zi bilmagan holda qorindorga aylandi-qoldi. Boshida uyalib yurdi: harqalay yosh yigitchaning qorindorligi kimning kulgusini qistatmay
di, deysiz. Traktorchilikka ishga kirdiyu, uning yeyish-ichishi ko‘paydi. Mana, necha yildirki Mamatboyning qorni quldirash nimaligini bilmaydi.
Boshliqning do‘sti Mamatboyni ortiqcha mulozamatsiz kutib oldi va dalaga boshladi.
– Gap bunday: kechgacha ishni bitiring!-dedi u va traktordan sakrab tushib qoldi.
“Chap tomoni bilan uyg‘ongan, shekilli. Mundoq muomalaniyam bilmaydiya”, g‘ijindi Mamatboy. U zarda bilan traktorni yo‘rttirib, dalaga kirib ketdi. Qorindor xalqi tez ochqaydigan bo‘ladi. Ayniqsa, ko‘proq harakat qilsa. Ufq qizarmasdanoq Mamatboyning qorni qo‘ng‘iroq chala boshladi. “Nahotki, u-bu yegulik olib kelishmasa”. Shu vaqtgacha qayerda yer haydabdiki, ovqatdan muammo bo‘lmagan edi. Mamatboy jahl bilan “E, menga nima zaril”, deb ketib yuborgisi keldiyu, bu qilig‘i uchun ertaga boshliqning oldida uni “qornining hurmati” ham qutqarib qololmasligini o‘ylab o‘zini arang bosdi. Osmonda oy suzib yurgan mahalda Mamatboy bir amallab yerni haydab bo‘ldi. Yer egasidan xamon darak yo‘q. Mamatboy ichida bo‘ralatib so‘kingancha, uyga yo‘l oldi. U uxlab yotgan xotinini turtkiladi:
– O‘v… Tur o‘rningdan… Ovqat suz!
Mamatboy uyida deyarli ovqatlanmasdi. Shuning uchun xotini uyqusiragan ko‘zlarini katta-katta ochib tikildi.
– Sharmanda bo‘ldim, xotin, – dedi Mamatboy chapillatib ovqat chaynab. – Ertaga butun qishloq qornim kichrayib qolganligini askiya qiladigan bo‘ldi…