Stadion tribunalari shovqin-surondan larzaga kelmoqda…
“Qani, “Amudaryo!” Olg‘a endi! Ie-iye, qiyshiqoyoq, xodatayoq!” deb baqirdim men ham eldan qolishmay. Komandamiz hujumchisi Bekpo‘latov oyog‘i ostidagi to‘pni oldirib qo‘ygan edi. “E, maymoq! O‘ynasang, durustroq o‘yna, bo‘lmasa yig‘ishtir!” quvvatladi oldimdagi qatordan birov.
Chindanam stadionga kelib, mum tishlab o‘tirsang, o‘zingni eldan orqada qolgandek sezar ekansan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, og‘ziga talqon solib kelgan odamgina o‘yinga muxlislik qilmasligi mumkin. Avvalo, stadion o‘zimizniki, komanda o‘zimizniki… Raqib… Attang, raqib o‘zimizniki emas-da, allaqanday xo‘jalikning yollanma komandasi u. Agar komandamiz faqat o‘zi bilan o‘zi o‘ynagandaydi, biz o‘laqolsak bunaqa muxlislik qilib o‘tirmas edik.
“Amudaryo” mamlakat birinchiligi ikkinchi ligasida uch-to‘rt yildan beri o‘ynaydi, o‘ynaganda ham chempionlikka navbatda turganlarning eng oxiri… e-e, oxiridan birinchi demoqchi edim. U o‘zimizning maydonda yo yutadi, yo teng o‘ynaydi. Raqib maydonida esa yo yutqazib, yo durang bo‘lib qaytadi. Juda ko‘ngilchan yigitlardan tanlab tuzilgan-da bizning komanda! Jon kuydirish nima, bilishmaydi. Masalan: o‘zimizning stadiondagi o‘yinda “Amudaryo” gol ursa, o‘yinchilarimiz borib, raqiblardan kechirim so‘raydi, u raqib maydonida yigitlarimiz o‘z darvozasiga o‘zlari to‘p o‘tkazib yuborsa ham, raqiblardan kechirim so‘rab, tirraqilik qilayotgan bo‘lsa-da, “Amudaryo” zo‘r berib o‘ynamasa-da, biz, chillashir muxlislar zo‘r berib guvlaymiz!
Agar bizlar qo‘llab-quvvatlab, muxlislik qilmaganda, komandamiz yutqazish bo‘yicha jahon chempioni bo‘lishi turgan gap edi. Agar biz, muxlislar bo‘lmaganda, “Amudaryo” raqiblari bilan o‘ynamayoq durangga rozi bo‘lar edi. Shu sabab, o‘zimizning stadionda “Amudaryo”ning o‘yinlarini qoldirmay ko‘raman. Har kelganda ovozim xirillab qolmasin, deb termosga ko‘k choyni damlab opkelib, ho‘plab-ho‘plab, qichqira beraman:
– Qani, “Amudaryo!” Qani, yigitlar, olg‘a! Tep endi to‘pni!
Attang, “Go-ol!” degan sehrli so‘zni gohi-gohida aytamiz-da. Komandamiz gol urolmasa, nimayam deb baqirasan.
Ana, raqib komanda hujumchilari biznikilar tomon kelishyapti. Ular himoyachilarimizni aldab o‘tib, tobora yaqinlashib bormoqda… Eh, bechora darvozabon! Bunday ayanch manzarani ko‘rmayin, deya ko‘zlarimni chirt yumib oldim.
– Go-ol! – deb baqirdi birov ortimdan.
“Ie, kim ekan u? Jin-pin chalganmi, yo raqib tomonning muxlisimi? Kim bo‘lsayam otasining go‘riga…”
– Go-ol, – deb baqirdi yana o‘sha ovoz biroz vaqt o‘tib.
– Og‘zingga qum to‘lgur! O‘chir uningni, ey! – deb baqirdim men ham. Gaplari yurakka qamchiday botib, jon tomirlarim uyushdi.
– E, og‘zing yomon yeridan teshilsin!
– Uv, ovulingga borib qichqirasan, bema’ni!
– Tit-pitingni chiqaraymi turgan yeringda!
– Sotqinni itga tashlash kerak!
Asta burilib qarasam, “sotqin” deganlari ovuldoshimiz To‘rebek! U xoda yutganday qaqqayib, oyoqlarini tipirlatib, “Amudaryo”ning darvozasiga to‘p o‘tganiga o‘zida yo‘q shod edi. Qolgan tomoshabinlar bu “dovdir”ga yeb yuborguday bo‘lib qarab, so‘kinishyapti. Ikki yigit bilagini shimarib, To‘rebekni hippa bo‘g‘ish uchun tishlab boryapti. Bir-ikki kishi hay-haylab ularni to‘xtatdi. Shunday bo‘lsa-da, To‘rebekning yon-atrofidagilar uni “eb qo‘yishi” hech gap emas edi.
– Hey, To‘rebek, nima bo‘ldi senga, jin urdimi, sog‘misan o‘zi? – dedim olti-etti qator beridan.
– O‘zingni ursin o‘sha jin, yutqazishimizni istayman, tamom, – dedi u pinagini buzmay.
– He urug‘-aymog‘ing bilan… – deb musht o‘qtaldi boyagi ikki yigit.
– O‘qraymalaring bunaqa, hozir militsiya chaqiraman, – deb baqirdi To‘rebek ularga. – Stadionda qaysi komandaga yon bosaman, o‘zimning ishim…
Atrofdagilarga maydondagi o‘yindan ham qiziqroq tekin tomosha topildi. Hammamiz To‘rebek bilan chalg‘ib turganda, raqiblarimiz bizning darvozaga yana bitta gol urishdi. To‘rebekning bir ko‘zi o‘yinda ekan, u yana “Go-ol”, deb qichqirdi va quvonganidan qarsak chalib, irg‘ishladi. “Ichvolganmi bu o‘zi, esi joyida odam “Amudaryo”ni yutqazsin, deydimi?” deb o‘yladim-da, o‘rnimdan turib, odamlar orasida ur kaltak-sur kaltak bo‘lib ketgan bechora ovuldoshimni ayirib olish uchun qo‘zg‘aldim.
– Qo‘yinglar, yigitlar, bu bechoraning ham bola-chaqasi bordir? Men o‘zim bir gaplashib qo‘yaman, – deb har tarafdan yopirilayotganlar orasidan To‘rebekni olib chiqib ketdim. Bizlar maydon yoqalab stadiondan chiqishimiz bilan o‘yin ham tugab, To‘rebek niyat qilganday “Amudaryo” navbatdagi mag‘lubiyatga uchradi. Tomoshabinlarning g‘azabiga uchramasligi uchun To‘rebekni tezladim.
– O, juda yaxshi bo‘ldi yutqazgani! A, jo‘ra, uyga borib bir yuvaylik, shu bahona bizzi kulbaniyam ko‘rib ketasan, – dedi To‘rebek tirsagimdan tortib.
– Hovli qayerda?
– Huv anavi yerda! Huv paxsa devorni yoqalab borib, muyulishdan burilsak, bizning kulba-da!
Yo‘l-yo‘lakay To‘rebekning stadiondagi qilg‘ilig‘ini o‘ylab o‘yimga yetolmasdim. Uning esa parvoyi falak, mag‘lubiyatimiz uning bayramidek edi go‘yo.
– O‘zing bilasan, do‘stim, ovulbezori bo‘lib, ko‘p qiziq narsalardan yiroq edik. Shu futbol deganlarini ilgari tush ko‘ruvmidik? Mana, keldik, ko‘rdik.
– To‘xta, jo‘ra! O‘zi nimaga irg‘ishlayapsan? Yo u komandada qayni-mayning o‘ynaydimi?
– Yo‘-o‘q! Buning boshqa sababi bor. “Amudaryo” kim bilan o‘ynaydi, meni qiziqtirmaydi. Yutqazsa bo‘ldi. Sababini uyga borib, choy ustida bafurja aytib beraman.
Bizlar stadionning orqa tomoniga taqab qurilgan uyga kirdik. Uy bo‘lgandayam qanday uy deng, gungirlagan to‘rt xonali, devorlari bo‘yalgan, misoli bog‘i eram, uzumlarini yemayoq to‘yasan…
– Mana, bizzi boshpanamiz! Xotin, hey xotin! Tezroq to‘shakning qalinidan tashla. Biz yutdik, bir maza qilib choy ichaylik!
Joylashib o‘tirvolib, duoi fotiha qilib, choyxo‘rlikka kirishdik. Ovuldoshim bo‘lsayam, uning bu xurmacha qiliqlaridan ko‘nglim xira tortgan edi.
– Ey, To‘rebek, sababini aytmoqchi eding shekilli, tomog‘ing yirtilguday qichqirayotganingni?
– Manavindan oz-oz otaylik, keyin hammasini tushuntirib beraman.
Ellik grammdan to‘qishtirib oldik.
– Shunaqa qilib, jo‘ra, raqiblarga bo‘lishganimga hamma qatori senam o‘pkalading, a?
– O‘pka-ginani aytasan, ochiqroq joy bo‘lganda, menam bo‘lmaganimda, seni birov taniyolmay qolardi.
– Men, do‘stim, o‘zimizning “Amudaryo”ni sizlardan kam yaxshi ko‘rmayman. Faqat shu o‘zimizning komanda yutqazsa deyman!
– Sen, jo‘ra, do‘xtir-po‘xtirga ko‘rinishing kerak ekan…
– Do‘xtiringni nima qilaman? Tani-jonim sog‘, ishtaham soz. Xo‘p, mening so‘zimni bo‘lmay tur. Shunday qilib, do‘stim, boshidan boshlayin. Men shaharga kelgandan keyin, bir yerni reja qilib, yangi imoratning poydevorini soldim. O‘sha yili eson-omon bitkarib, ijaradagi katakday hujramdan lash-lushlarni olib, endi ko‘chib o‘tganimda, temiryo‘l boshqarmasining odamlari kelib, “Birodar, loyiha bo‘yicha shu uy ustidan temiryo‘l tushishi loyihalashtirilgan. Ikki oy ichida bu yerdan ketishingizga to‘g‘ri keladi”, dedi.
Qancha mehnat qilib, qancha zahmat chekib, bitkargan uyingga endi ko‘chib kirganingda bunaqa deb tursa! Men u yoq, bu yoqqa zakunlashib ko‘ruvdim, bo‘lmadi. “Yangi joy beramiz, agar xohlamasangiz, pulini beramiz”, deyishdi. Axiyri, ularning bergan pulini olib, boshqa joy izladim (Ularning ko‘rsatgan joyi ko‘nglimga o‘tirmadi). Xullas, shu stadionning orqasi menga ma’qul keldi…
– Bularning futbolga nima aloqasi bor?
– Muncha shoshasan, bir boshidan aytib beryapman-ku… Xullas, do‘stim, burungi ko‘hna joyni asta-sekin buzib, o‘rniga shu yangi imoratni tikladim-da, qarindosh-urug‘ni chaqirib, uyto‘y berayotuvdim, po‘rim kiyingan to‘rt kishi kirib keldi. Men avvaliga ularni “qaynim”ning yurtidan kelgan nozik tomirlarimiz bo‘lsa kerak, “Qutlug‘ bo‘lsin”ga kelganga o‘xshaydi, deb o‘ylab, peshvoz chiqdim. Keyin bilsam, ular stadionning odamlari ekan.
– Inim, uylar qutlug‘ bo‘lsin, – dedi ularning yoshi kattasi.
– Baraka topinglar, kelganingiz yaxshi bo‘pti.
– Qiyomat kuni qo‘shnidan, degan gaplar bor. Yaqindan tanishaylik, yaqin bo‘lib ketarmiz, – dedi oqsoqol.
Tomoshaning zo‘ri keyin boshlandi. Ular to‘yning ertasi kuni yana kelishdi. Kelgani qursin, kechagi yoshi kattasi qo‘lidagi stadionni kengaytirish bo‘yicha katta loyihani dasturxon ustiga yoyib tashladi.
– Mana, inim, yaqin yillar ichida, “Amudaryo” komandamiz barcha komandalarni yutaversa, xullas kalom, birinchi ligaga chiqib olsa, tomoshabinlarning soni orta borsa, hozirgi o‘n ming o‘ringa sig‘may qolishi mumkin. Demak, komandamizning kuni tug‘aversa, biz stadionni qirq ming odam sig‘adigan qilib kengaytirishimiz lozim. Ana shuning uchun, stadion atrofidagi uylarni ko‘chirishni eslatib yuribmiz. Yegan og‘iz uyalar, kecha to‘yingda o‘tirib, bularni aytishni o‘zimizga ep ko‘rmadik. Bu yog‘i endi ma’lum, bu omonat imorat yonidan yana biron nima solib yurma, baribir bu atroflar buzilib, stadion bo‘ladi.
– E, bu nima degan gap? Endi joylashdim deganda… Peshonamga nuqul buziladigan yerlar yozilganmi?! Burungi solgan uyimniyam rohatini ko‘rmovdim. U yerdan temiryo‘l o‘tkazildi, endi buni sizlar buzmoqchisiz, – dedim ko‘nglim buzilib.
Zoye ketgan peshona terimga achinib, o‘zimdan-o‘zim xo‘rligim keldi.
– Qo‘y, inim, biz ertaga buziladi, deyayotganimiz yo‘q! Agar, “Amudaryo” birinchi ligaga chiqsa stadion kengayishi mumkin. Demak, bu joylarning taqdiri komandamiz qo‘lida. Agar usti-ustiga yutqazaversa, ikkinchi ligadan ham chiqib ketishi mumkin. Qo‘y, qayg‘urishga hali erta, – deb tasalli berdi yoshi ulug‘i.
To‘rebek dardini dasturxon qilib, og‘ir so‘lish olvoldi.
– Mana, qadrdon, mening futbolga “ishqibozligim” tarixi. Shundan beri, “Amudaryo”ning yutqazishini Xudodan so‘rayman. Komandamiz rostdanam yutib, oliy ligaga chiqib ketsa, uyimiz buziladi, deb o‘ylab, raqib komanda tarafini ola boshlaganimni o‘zimam bilmay qolaman.
– Ha, “Yutqazsin”, deb tavallo qilganing ish bermayapti-ku. Asta-sekin birinchi ligaga o‘tib ketishi mumkin.
– E-e, qaydam, – deb boshini chayqadi To‘rebek. – Bu yilgi mavsumni olaylik. Yaxshi o‘ynay boshlasa, men ta’til olib, o‘yinchilarning, trenerlarning qadamini poylayman. Xullas, bir qo‘y so‘yib, barini uyga chaqiraman-da (o‘zing bilasan, komandamizning bari o‘yinchilari deyarli boshqa shaharlardan kelib o‘ynashadi) yaxshilab mehmon qilib, “Xo‘-o‘sh, yigitlar, ahvol shunday, shunday… uy buziladigan”, deyman. Qarabsizki, bizning “Amudaryo” mavsumning qolgan o‘yinlarining barchasida yutqazib, mening jonimga ora kirishadi. Ba’zi bir uzoqdan kelgan chapdast o‘yinchilarning bir-ikkitasiga “Yigitlar, shu-u… bola-chaqadan uzoqda, musofirchilikda to‘p tepib yurguncha, o‘z o‘choqboshingizda oila nashidasini surib o‘tirsangiz bo‘lmaydimi”, devdim, aytganimday qilib, mavsum oyoqlamayoq uy-uylariga ketib, komandamiz yana yutqazishni boshlaydi. Aytmoqchi, do‘stim, bu aytganlarimni zinhor-bazinhor birovga ayta ko‘rma, uvvalo, hammamiz sharmanda bo‘lamiz. Aytmoqchi, “Amudaryo” bugun qaysi komanda bilan o‘ynadi?
– “Bo‘ston” bilan.
– A-ha, shu “Bo‘ston”ga o‘xshaganlar yutaversa, vaqtimizam chog‘ bo‘lardi.
– Stadionni kengaytamiz, deyishsa, baribir kengaytirishadi-ku, – dedim men uning so‘zini bo‘lib.
– Kengaytmaydi, do‘stim, kengaytmaydi. Eshitishimcha, kattalardan bittasi stadionga taqab imorat solarmish! Qurilish boshlanguncha, bizdan bir puf: baqirib turaveraylik-chi!
To‘rebek jim bo‘lib qoldi. O‘tirib-o‘tirib, komandamizga achinib ketdim.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 5-son