Men juda hayron qolaman: yolg‘iz birgina odam shuncha salbiy xislatni tanasiga kanday sig‘dirishi mumkin?..
Zohir A’lamning Bizor Simobiy haqidagi fikrlaridan
Bordiyu uning fe’li atvorini, kirdikorlarini to‘la tasvirlab berolsangiz, o‘lay agar, hech kim ishonmaydi, bunday bo‘lishi mumkinmas, deydi.
Said Ahmadning Bozor Simobiy haqidagi fikrlaridan
Bozor Simobiy hayoti va xulqiga oid qilmishlarning loaqal uchdan birini aytolgan bo‘lsam, o‘zimni baxtiyor hisoblayman.
Muallifning e’tirofi
AZIZ MEHMON
Bozor Simobiyni anchadan beri sirtdan tanirdim. Uning she’rlaridan, hikoyalaridan, maqolalaridan ba’zilarini o‘qigandim, gazeta-jurnallarda suratini ham ko‘rgandim. Ammo Simobiynnng o‘zini ko‘rish, u bilan yuzma-yuz uchrashish menga nasib etmagandi. Kunlardan bir kuni, ishonasizmi, u kishi bilan bitta dasturxon ustida birga o‘tirish sharafiga muyassar bo‘ldim! Tasodifni qarangki, bu uchrashuv mening safarda yurgan paytimga to‘g‘ri keldi…
Bu voqeaga ham taxminan o‘ttiz yillar bo‘lib qoldi-yov. Viloyat gazetasida ishlardim. Ora-sira tahririyat topshirig‘iga binoan safarga chiqib turardim. O‘sha safarlardan birida Xatirchi tumaniga yo‘lim tushdi. Tayinlangan kolxozda bo‘lib, shiyponlar haqida material yig‘dim. Qaytishimda kolxoz partkomi o‘zining «Moskvich» mashinasida meni tuman markaziga oborib qo‘yadigan bo‘ldi. Qo‘shni kolxozdan o‘tayotganimizda ko‘chaning ikki tarafida tartibsiz turib qolgan mashinalar tufayli to‘xtashga majbur bo‘ldik. Sherigim kabinadan tushdi-da, kimnidir imlab chaqirdi. Bir to‘p odam o‘zaro gurunglashib kimningdir hovlisiga kirib borishmoqda edi. Shu payt o‘ttiz-o‘ttiz besh yoshlardagi yigit yonimizga kelib, biz bilan so‘rashdi-da:
— Qani, choy ichib ketinglar, kasaba, mehmonlar bor,— dedi sherigimga.
— Rahmat! — dedi sherigim. So‘ngra hamkasabasiga meni tanishtirdi. — Bu kishi muxbir, viloyat gazetasidan. Rayon markaziga oborib qo‘yishim kerak.
— Ie, bugun, muxbirlar keladigan kun ekan-da,— dedi narigi partkom.— Bizning mehmonlarimiz ham o‘shanaka odamlar. Poytaxtdan…
— Kimlar ekan? – deya qiziqsinib so‘radim men.
— Bozor Simobiy degan kishi, yana yonida sherigi…
— Yo‘g‘-e… rostdanmi?— deb yubordim beixtiyor.
— Ha, rost. Juda hurmatli odamga o‘xshaydi. Siz taniysizmi?
— Taniyman-ku… lekin o‘zlarini ko‘rgan emasman.
— Tushinglar bo‘lmasa, ozgina xordiq chiqarib deganday… Suhbatdoshimiz mehmon kutish taraddudi bilan shoshilibroq turardi. Sherigim o‘z hamkasabasining vaziyatini va mening Simobiyni ko‘rishga bo‘lgan qiziqishimni his qildi shekilli:
— Siz shu yerda qolaqoling, uka, men kolxozga qaytay,— dedi.
Bu taklif hammamizga ma’qul tushdi. Yangi partkom yetagida hovliga kirdik. U meni asosiy mehmon va uning yonidagilarga tanishtirdi. Buii qarangki, Bozor Simobiy mening tasavvurimdagidan ko‘ra ancha yosh, taxminan o‘ttiz-o‘ttiz beshlarga kirgan novchagina yigit ekan.
— Juda yaxshi, – dedi u qandaydir xushnudlik bilan,— Demak, bizning Xatirchida kechirgan onlarimiz viloyat gazetxonlariga ham aytilar ekan-da.
— Albatta, albatta, domla, – dedim men — Sizdek ulug‘lar viloyatimizga keladilar-u…
Uzun-qisqa bo‘lishib, mehmondorchilik uchun maxsus tayyorlangan xonaga kirdik. Voy-bo‘y, stol ustidagi dasturxon shunchalik bezatilgan ediki, asti qo‘yaverasnz. Odatdagi noz-ne’matlardan tashqari sarimsoq surtilgan dumg‘aza go‘shtiyu hil-hil pishgan xonbaliqlar bu yerdagi ajib bir pazandalikdan darak berardi. Shisha qumg‘onlardagi loyqaroq-sarg‘ish ichimlik faqat menda emas, asosiy mehmon bilan uning sherigida ham taajjub uyg‘otdi. Keyin bilsak, sabzining sharbati ekan. Biz mehmonlar dasturxon atrofiga joylasha-turib xatirchiliklar sha’niga birinchi marta hamdu sano o‘qidik.
Choy va mineral suv ichilayotgan paytda laganlarda go‘sht, kosalarda sho‘rva keltirildi. Shishalarning og‘zi ochildi. Kolxoz raisining imosi bilan partkom kotibi o‘rnidan turdi-da, qisqagina so‘zladi. Avvaliga hurmatli Bozor Simobiy haqida maktovli gaplar aytdi. So‘ngra hammaga sihat-salomatlik tiladi.
Birinchi kadahdan so‘ng ikki-uch daqiqa qoshiqlar kosalarga, vilkalar likobchalarga chaq-chaq urilib turdi. Keyin partkom o‘rnidan turib:
— Bugungi davramizning eng aziz mehmoni Bozor Simobiy akamlar bir so‘z aytsalar, — dedi. O‘n choqli odamdan to‘rt-besh nafari shap-shup qarsak chaldi. Simobiy qo‘lini, og‘zi-burnini sochiqqa artganicha o‘rnidan turdi. Tomog‘ini bir-ikki marta qirib qo‘ydi-yu, ozgina fikrga toldi. So‘ngra so‘z boshladi:
— «Xatirchi» so‘zi nimadan kelib chiqqan, bilasizlarmi? — U davradagi o‘n choqli odamga birma-bir nigoh tashlab chiqdi. Nigohida: «Bilib bo‘psanlar!» degan ma’no bor edi. — «Xatirchi» so‘zi «xotira», «xotirlash» degan so‘zlarning ozgina o‘zgaruvidan paydo bo‘lgan. Ya’ni, bu ajib yurtning odamlari hamisha o‘zlaridan yaxshi xotira qoldirganlar. Faqat hozir emas, azal-azaldan shunday bo‘lib kelgan. Menimcha, bu haqda rivoyatu afsonalar ham bordir?..
— To‘g‘ri, shunaqa bir gaplar eshitganmiz,— deya luqma tashladi partkom kotibi.
Mehmon boyagi ohangda gapini davom ettirdi:
— Aytmoqchimanki, hozirgi xatirchiliklarning ota-bobolari ham bag‘oyat olijanob, oliyhimmat insonlar bo‘lganlar. O‘zlaridan yaxshi xotira qoldirish o‘shalardan boshlangan. Shaxsan men bunga aminman. Bu yurtning hozirgi avlodlari esa…
Bozor Simobiy har bir so‘zni qiroat bilan, chertib-chertib aytardi. Davradagilar butun jismlarini quloqqa aylantirib, uni tinglardnlar. Mehmondo‘st xatirchiliklar sha’niga aytilayotgan gaplar Bozor Simobiyning dil tubidan chiqayotganiga, samimiy maqtovligiga hech kim shubha qilmasdi.
— Bu yurtning hozirgi anlodlari esa, ajdodlarning qutlug‘ an’analarini tag‘inda boyitib, mehmonnavozlikda o‘zlariga xos rekord, ya’ni poyga qo‘ymoqdalar.— Notiq bir lahza so‘zdan to‘xtab, fikrga toldi, ro‘parasidagi derazaga — harir pardaning jimjimador gullariga tikilib qoldi. Keyin davradagi ikki-uch kishiga qarab oldi-da, gapini davom ettirdi.— Mana, masalan, dasturxonga qo‘yilgan mazkur noz-ne’matlarni oling.— Bozor Simobiyning chap qo‘li o‘ziga xos doira yasab, stol ustini ko‘rsatdi. (O‘ng qo‘lida kon’yak to‘ldirilgan qadah bor edi) Bunday to‘kin dasturxonlar haqida:
«Tovuqning sutidan bo‘lak hamma narsa bor», deyiladi. Menimcha bugungi mana shu dasturxonga ham shunday baho bermoq joizdir. Bu dasturxon shu bilan ham aziz va mo‘tabarki, bunga xatirchiliklarning samimiyatlari, yurak qo‘rlari singib ketgan. Qolaversa, ushbu dasturxonga Xatirchi zaminida yetishgan ne’matlarning gullari keltirilgan…
Xatirchi va xatirchiliklar xususidagi bu maqtovlar mezbonlarga ham, Bozor Simobiy bilan birga kelgan sherigiga ham ma’qul kelayotgani aniq edi. Poygahroqda, mening yenginamda hosilot raisi Teshaboy aka xursandligini ichiga sig‘dirolmadi shekilli:
— Ko‘p yashang, uka, otangizga rahmat! Xizir nazar kilgan odam ekansiz,— deb yubordi. Boshqalar uning gapini ma’qullashdi.
Bozor Simobiy bu gaplarga uncha parvo qilmadi, so‘zini qolgan joyidan davom ettirdi:
— Darvoqe, Xatirchi zamini… Menimcha, o‘rtoqlar, bu zamin haqida qancha gapirsak oz. O‘ylashimcha, bu zaminda qandaydir… xosiyat deymizmi, xususiyat deymizmi, nimadir bor. Men — kimyogar ham, minerallarni tekshiruvchi olim ham emasman. Lekin, men shunga aminmanki, Xatirchining tuprog‘ida alohida, o‘ziga xos elementlar, ya’ni unsurlar mavjud. Ana shu unsurlar xatirchiliklarni ulug‘vor, iqtidorli kishilar qilib yetishtiradi. Zero, Xatirchidan chiqqan iste’dodli kishilar Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlarida, muassasalarda o‘z iqtidorlarini namoyish qilib yuribdilar. Bu zaminda qandaydir g‘aroyib unsurlar borligi haligacha kimyogar olimlarning xayollariga kelmagan bo‘lishi mumkin. Men bunga aminman. Vaholanki, ular o‘sha unsurlarning nimaligini, xossalarini allaqachon o‘rganishlari lozim edi. Shu deyman…— Bozor Simobiy bir lahza to‘xtab fikrlashgandek stol atrofidagilarga nazar tashlab chiqdi-da, so‘zida davom etdi. – Uchqoraning mayizida o‘shanaqa serxosiyat unsurlar bormikin-a? Unsurmi, vitaminmi — nimadir
bor, men bunga aminman, o‘rtoqlar. Nima bo‘lsa ham yangi narsa bo‘ladi: hali hech kim o‘rganmagan yangi element yoki hali nom qo‘yilmagan mutlaqo yangi vitamin…
— He, barakalla! Xudo bergan odam ekansiz, uka! Xosilot raisi Teshaboy akaning tahsini shunchalik o‘rniga tushdiki, davradagilar beixtiyor qarsak chalib yuborishdi. Bozor Simobiy olkishlarni eshitmagandek o‘z so‘ziga yakun yasadi:
— Kelinglar, shu zamin ajdodlarining tabarruk ruhi uchun, shu serxosiyat, serfazilat zamin uchun, odamiylikda, mehmonnavozlikda rekord qo‘ygan g‘aroyib xatirchiliklar uchun yana bitta qadah ko‘taraylik. Xatirchiliklarning oshiqlari olchi bo‘laversin!
Ikkita laganda kabob olib kirildi. Xonada ishtahalarni qitiqlovchi xushbo‘y hid taraldi. Men davradagilarga birma-bir qarab qo‘yaman-u, asosiy diqqat-e’tiborim Bozor Simobiyda. Axir yuqori avloddan bo‘lgan, tanilib qolgan hamkasabamdan nimadir o‘rganishim kerak-da!
Davrada «oling, oling» boshlandi. Ko‘pchilik dasturxonga birinchi bo‘lib, aziz mehmonning qo‘l uzatishini kutardi. Chunki — u — eng izzatli mehmon, ushbu dasturxon uning sharafiga uyushtirilgan!.. Ammo Bozor Simobiy: «Hozir, hozir, qani olaveringlar-chi, deyardi-yu, ha deganda kabobga qo‘l uzatmasdi. O‘tirganlar noiloj bitta-bittadan dastasi burama sixni ko‘lga olib, kabobxo‘rlikka kirishdilar. Bozor Simobiy esa, hammadan keyin laganning tubidagi sixlardan birini ko‘tardi. Boshqalar uncha ahamiyat berishmadiyu, men uning bu harakatidan hayron edim. «Nima uchun kabobga hammadan keyin ko‘l uzatdiyu, eng pastki sixni ko‘tardi? Yoki to‘g‘ralgan piyozni xush ko‘rmasmikin?»
Yo‘q, men yanglishibman, Bozor Simobiy kabobning har bir luqmasini og‘ziga solganidan so‘ng, tsirkalangan mayda piyozdan changallagan uchta barmog‘ini yana o‘sha tarafga yo‘naltirar edi… Umuman aytganda, u yeyish-ichishda boshqalardan o‘zib ham ketmasdi, ortda ham qolmasdi.
Aziz mehmondan keyin kolxoz raisi, yana ikkinchi mehmon so‘zladi. ikkalasining so‘zi ham Bozor Simobiyning nutqidan past bo‘ldi. Shunday bo‘lishi ham tabiiy-da, nomdor qalamkash qayoqdayu boshqalar qayoqda!
Kabobdan so‘ng laganlarda osh, undan keyin karjlangan qovun-tarvuz keltirildi…
Taxminan soat to‘rtlarda mehmonlar turishdi. Hovliga chiqib qo‘llar yuvilayotgan paytda rais dastyor yigitchalardan biriga ikki barmog‘ini ko‘rsatib, nimadir dedi. Lahza o‘tmay haligi dastyor yigitcha belboqqa o‘ralgan ikkita tugun bilan paydo bo‘ldi. Rais mehmonlar tarafga o‘girildi-da, dastyor yigitcha qo‘lidagi tugunlarga ishora qilib:
— Bozorboy aka!—dedi.
— Labbay, rais buva?
— O‘zingiz bilan sherigingizga arzimas sovg‘a — to‘n bilan belbog‘.
Bozor Simobiy panjalarn yozilgan ikkala qo‘lini xiyol ko‘targancha:
— Yo‘-yo‘-yo‘q!— dedi. – Unday qilmanglar, xafa bo‘lamiz. Rais ham bo‘sh kelmadi:
— Agar so‘zimizni yerda qoldirsalaringiz, biz ham xafa bo‘lamiz,— dedi.— Mana bu,— atlas belboqdagisi sizga, qizil belboqdagisi sherigingizga.
— Eh, siz xatirchilnklar,— dedi aziz mehmon xuddi sovg‘a uchun xijolat chekayotganday. Yonidagi sherigi esa mamnunlik bilan jilmayib turardi. Rais tugun ko‘targan yigitchaga:
— Mashinaga oborib qo‘yaveringlar,— dedi-da, Bozor Simobiyga yuzlandi.— Endigi yo‘llaringiz Kattaqo‘rg‘on tarafgami, Bozorboy aka?
— Ha-da, Kattaqo‘rg‘onni ham bir ko‘rib ketaylik,— dedi Bozor Simobiy.
— Boya shu gap qulog‘imga chalinib qoluvdi — o‘sha yoqdan mashina chaqirdik. Mashina sizlarga muntazir.
Aziz mehmon raisga yaqin kelib so‘radi:
— Ataylab Kattaqo‘rg‘ondan mashina chaqirdingizmi? Nega endi… Shunchalik tashvish?
— E, Bozorboy aka, sizlardek tabarruk mehmonlar uchun o‘zimiz poyondoz bo‘lsak ham arziydi!
Bozor Simobiy g‘alati bir kulgi asnosida raisning yelkasiga qoqib qo‘ydi.
— Eh, siz xatirchiliklar, xatirchiliklar!— dedi u yana. Nazarimda uning bu safargi kulgisi negadir soxta kulgiga o‘xshab ketdi.
Men ham endi mana shu mehmonlar bilan Kattaqo‘rg‘onga yetib olib, o‘shanaqasi Samarqandga ketaversam bo‘lardi. Shuni o‘ylab ko‘chaga chiqish paytida taniqli qalamkashga yondoshib bordim-da:
— Sizlar bilan Kattaqo‘rg‘ongacha birga ketsam bo‘ladimi, domla?— dedim.
— Marhamat, uka,— dedi Bozor Simobiy ochiq chehra bilan,— mashinada joy yetishsa bo‘ldi, ketaverasiz.
Aziz mehmonning kayfi chog‘ edi, havoning issig‘idanmi, mehmondorchilikning zo‘rligidanmi, kon’yakxo‘rlikdanmi, har qalay, yuzlari qip-qizarib turardi. Darvozadan chiqayotganimizda rais bizga yetishib oldi.
— Huv ana shu — oldinda turgan «Pobeda» sizlarni Kattaqo‘rg‘onga olib boradi,— dedi rais.
— Rahmat, rais buva, behad minnatdormiz. Toshkentga borganingizda, albatta, bizni ham surishtiring. Xo‘pmi?
— Xo‘p, aka,— dedi rais.
Ko‘chada uchta «Moskvich», bitta «Pobeda» turardi. Shofyorlar o‘z mashinalari yonida edilar. Bozor Simobiy, uning sherigi va men «Pobeda» mashinasiga chiqdik. Aziz mehmon shofyorning yoniga o‘tirishi oldidan rais, partkom va raykom xodimi bilan o‘pishib xayrlashdi. Qolgan mashinalar bizni tuman markazigacha kuzatib kelishdi.
Mashinamiz tuman markazidan Narpay tarafga biroz yurganidan keyin kichik daryo ko‘prigidan o‘tdi-da, chapga burildi.
— Narpaydan aylanib yurmaymiz, yaqinroq yo‘ldan ketaveramiz, maylimi?— dedi shofyor o‘z yonida o‘tirgan Bozor Simobiyga.
— O‘zingiz bilgan yo‘llardan haydayvering, uka,— dedi Bozor Simobiy.— Bizning taqdirimiz hozir sizning qo‘lingiz-da. Demak, ixtiyor ham sizda. To‘g‘rimi?
U o‘z sherigi bilan menga burilib qaradi-da, shunchaki bir kulib qo‘ydi. Mening xayolim hali ham mehmondorchilikni rosa o‘rniga qo‘ygan xatirchiliklar haqidagi taassurotlar bilan band edi. Bir payt shofyor yigit yo‘lning ikki tarafidagi g‘o‘zalarga ishora qilib:
— Kattaqo‘rg‘on rayoni boshlandi. Mana bu g‘o‘zalar bizning Kattaqo‘rg‘onniki,— dedi.
— Kattaqo‘rg‘onning chegarasi Xatirchining biqinigacha kelarkan-da,— dedi ikkinchi mehmon.
— Ha, rayonimiz katta-da…
Biroz jim ketdik. Men o‘zimning gapga qo‘shilmay o‘tiraverishimni noqulay sezib, boyagi iliq taassurotlar bilan:
— Xatirchiliklar ajoyib odamlar ekan-a, domla?— dedim.
Bozor Simobiy gavdasi va boshi bilan men tomonga burildi-da, qandaydir istehzo bilan iljaydi:
— Endi Xatirchini ko‘ying, uka, Xatirchi orqada qolib ketdi, Kattaqo‘rg‘ondan gapiring, — u mendan keyin sherigiga qaradi, — to‘g‘rimi, azizim?
Sherigi ham uning gapini ma’qulladi. Meiimcha, Bozor Simobiy bu gapni yarim hazil, yarim chin tarzda aytdi. Lekin, har qanday hazilning tagida haqiqat yotadi, deydilar. O‘ylanib qoldim. Nahotki, Bozor Simobiy Xatirchi va xatirchiliklarni shunchalik tez esdan chiqarsa? Unday bo‘lsa, Xatirchi zaminida hali olimlar topib ulgurmagan kimyoviy unsurlar, Xatirchining iste’dodli kishilari hakidagi gaplarni nega aytdi bu kishi? Umuman, men taajjubda edim. Oxirida men shunday fikrga keldim: ulug‘ zotlar gohi-gohida o‘z yonidagilarning aqli farosatini, e’tiqodini anchayin gaplar bilan sinab ko‘rishlari ham mumkin-ku. Ammo aziz mehmonning keyingi gapi meni yanada taajjublantirdi: — Endi, bundan bu yog‘iga Kattaqo‘rg‘onning karnayini chalamiz!
Mashinamiz bir maromda yo‘l bosardi. Bozor Simobiy era Qattako‘rg‘on shahri va tumani ahvoli, qaysi raisning obro‘si yaxshiligi, kimning nufuzi balandligi haqida shofyor yigitdan so‘rab borardi.