Olim Jumaboyev. Bir o‘zbek o‘yi (hikoya)

Bugun savdo o‘rjidi. Azon bo‘g‘izlangan ho‘kizni Asqar qassob choshgohga yetib saranjomladi; somsaxonaga tarqatdi, polvon “qiz uzatdi”ga deb oldi. Keyin o‘zining chori qo‘chqorini bo‘g‘izladi, uniyam o‘tkizdi. Elda ma’raka ko‘p, go‘sht qolarmidi. Ayniqsa, hozir ilikuzdi mahali, go‘shtning bozori chaqqon.
Kech tushgach, Asqar qassob go‘shtxonani yopib, uyga ketishga chog‘landi. Qumqayroq, pichoqlarni endi qonlattaga o‘rab boshlagan ham ediki, ayol chaqirig‘idan o‘nglanib, eshik tomonga bir-ikki odim tashladi.
– Bobosi, bir kilo go‘sht torting! – dedi Muqaddas yanga changakda osig‘liq charvi ortidan mo‘ralab.
– Kuni bilan qayoqda eding, kelmay? – dedi qassob uni koyigandek. – Suyagi qoldi.
– Yugur-yugurdan qo‘l tegarmidi? Ishi qurg‘urning oxiri yo‘q. Kovlasangiz chiqaveradi. Tugadi demang, hamma masallig‘ini tayyorlab qo‘yganman.
– Shukurda ham go‘sht boridi?
– U yoqqa borib kelguncha…
Asqar qassob kuldi:
– Uchgan-tushgani bor, kelin! Yana qovurg‘a go‘sht! Bir kilo chiqmasa, xafa bo‘lmaysan. Bilasan-ku, bizning bo‘rdoqining suyagiyam go‘shtday gap. Sho‘rva qilsang, betidagi moyni ko‘raver.
Muqaddas chechaning yuzi yorishdi.
– Baribir suyagi kamroq bo‘lgani yaxshi.
– Ovqat suyak bilan shirin-da! Ta’m beradi.
Qassob qolgan qovurg‘ani taroziga qo‘ydi; ikki palla qimirlasa-da, tenglashmadi.
– Aytdim-ku, senga chiqmaydi, deb.
– Nega chiqmas ekan, ana! Sizga grammigacha teng­lashmasa, behisob. Beravering! – dedi bo‘ynini cho‘zib yanga. – Kech qolib ketmasin.
Bobo go‘shtni tezda salafanga solib, Muqaddas chechaga uzatdi.
– Temir daftaringizga yozib qo‘ying! – dedi u kulib. – Ha, buncha qabog‘ingizni uydingiz, ko‘chib ketayapmizmi, beramiz.
Asqar bobo qo‘lini dokaga artdi.
“Obbo, sal kam bo‘ldi-da! Mehmonga boraman, dedimi? Yarim oqshom kimning ko‘zidan uchib turibdi. Doim shu, kech tushgach keladi…”

***
Muqaddas checha shoshib ketarkan, xayolidan o‘tkazdi; “Ham oshga, ham ko‘rgaliga kamlik qiladi-yov! Yuz gramm ko‘proq bo‘lganda, bola-chaqaning tiliga ta’m tegardi. Buni kimning og‘zidan topaman, hayronman.”
U yo‘lda to‘xtab, Shukur qassobning go‘shtxonasi tomonga qadam tashladi-yu, tag‘in fikridan qaytdi.
Darvozadan ichkariga hatlaganida, to‘ng‘ichi Oydin qozon boshida timirskilanib yurar, o‘choqqa o‘tin qalab, alanglab ko‘chaga qarab qo‘yardi.
U onasiga ko‘zi tushgach, sollanib chopib keldi-da, dedi:
– Siz ketgach, u yoqdayam bormi, yo‘qmi deb, dugonam­nikiga chiquvdim, topildi. O‘shani amallab pishirdim.
Muqaddas checha ajablangandek so‘radi:
– Qoqdek qotib ketmaganmi?
– Bobomnikidan bergan ekan…
– Ha, o‘tgan safar bizga beruvdi, bunisida dugonangga… Qishloqda nechi uy bor, o‘h-ho‘, unga o‘nta qo‘chqor ham yetmaydi. Ha, baribir o‘zimizniki-da. Qo‘rqqanidan emas, siylaganidan beradi, – dedi checha qiziga salafanni uzatarkan, to‘satdan xayoliga kelgan fikrdan quvondi. – Qassobnikidan go‘sht uzilmaydi. Boshqa narsa tuxummi yo… ukangga ayt, xo‘rozni ushlasin!
Muqaddas checha yengini shimarib, kapgirni ushladi.

***
Qassobning xotini Oysuluv momo kun bo‘yi mehmon kutdi, kuzatdi. Kelin-kuyovning chillasi chiqqan, keldi-ketdi ko‘p. Endi karavotga ko‘rpa to‘shab, yotmoqchi edi-yu, erining ovozi eshitildi:
– Darrov cho‘zilib olibsan!
Momo uni qarshiladi.
– Kelin tushirib, bemalol o‘tiramanmi devdim, qayoqda!
– Tegirmon tosh yurgizdingmi, kundagi mehmonda! Ko‘rdingmi, qo‘chqor semiz chiqdi. Qolganini ko‘ngiletarlarga tarqatdingmi? Muqaddas kelin go‘sht izlab, tentirab yuruvdi, bermagandirsan!
Momoning lablari uchdi.
– Tuyog‘igacha tarqatdim, bu safar…
Uning gapi tilida qoldi.
– Yaxshi qipsan, qo‘ni-qo‘shni qo‘y so‘yibdi, deb eshitsa, tomog‘i tushadi.
– Gap so‘rab, oxirigacha eshitmaysiz. Muqaddas ovsin quruq qoldi.
Boboning peshonasi tirishdi. Karavotning burchagiga o‘tirdi.
– Obbo, avval go‘shtni bo‘lib, keyin tarqatmaysanmi? Ayol zotiga soch mo‘l berib, aqldan qisganda.
Momo to‘ng‘illadi.
– Mehmon keluvdi, nima tishining kovagini so‘rib o‘tiradimi?
Asqar bobo belbog‘ini yechib, xotiniga uzatdi.
– Rahmatga ayt, Shukurning go‘shtxonasi ochiq, borib kelsin.
– Hali daladan qaytmadi, uyam baribir charchagan. Ko‘chama-ko‘cha yarim oqshom go‘sht izlab yurmaydi-ku, endi!
– Sen nimani bilasan, mehmon kelsa uyalib o‘tirmaylik. O‘zim borib kelaman.
Momoni o‘y tutdi.
Bobo charchagan esa-da, allaqanday g‘ayrat bilan darvoza tomon yurdi.
– Choy qaynatsin, kelinga ayt.
Shu payt daricha g‘iyqillab, bir qora ko‘rindi.
– Momosi oyoq uzatiib yotibdimi, deyman?
Muqaddas yanga karavot tomon kelaverdi; qo‘lida kastryul, lagan, ustma-ust qo‘yilgandi.
– Nima tashvish, kelin? – so‘radi bobo.
Muqaddas yanga momo bilan ko‘rishdi.
– To‘yga hormaga kelganim yo‘q edi, shunga?
Boboning negadir yuziga issiq qon yugurdi. U sekin iziga qaytib, pul tugilgan belbog‘ni ochib, ip o‘ralgan bir dasta besh yuz so‘mlikni oldi-da, ko‘chaga oshiqdi.
– Tovuq sho‘rvadan ichib keting, bobosi! Issig‘ida yaxshi-da!
– Bu ovqating sovusa yaxshi-da, kelin! Darrov qaytaman, ketmay tur!
Oysuluv momo Muqaddas yangani ko‘rpaga undarkan, bobo tashqariladi.
U Shukur qassobning go‘shtxonasi tomonga odimladi: “Qutlug‘, uydan quruq chiqadimi?! Har kuni qo‘chqor semirtayapmanmi? Nevaralar ham bobom qo‘chqor so‘ygan ekan, deb o‘tirgandir”. Uning qadami tezlashdi. Uning vujudiga bobolik g‘ururi inib, entika-entika yugurgiladi.

«Ijod olami» jurnali, 2018 yil, 5-son