ZULM
O‘tgan asrning yetmishinchi yillarida “Qishloq haqiqati” gazetasining viloyatlararo muxbiri bo‘lib ishlaganimda, ancha−muncha dono, tadbirkor raislarni bilardim. Jomboylik rais urush (1941−1945) ishtirokchisi bo‘lib, front taassurotlari, kontslager azoblarini so‘zlab berishni yoqdirardi.
Mash’um “O‘zbeklar ishi” bilan ko‘p raislar, jumladan jomboylik birodarim ham qamoqqa olindi. Shunday kunlardan birida kolxozga borib, idora oldida to‘plangan anchayin odamlarni ko‘rdim. Partkom ularning ayrimlariga jihozlangan yuk mashinasiga minishga ruxsat berardi. Bilsam, bu odamlar Kattaqo‘rg‘on qamoqxonasiga, rais boboni ko‘rgani, aniqrog‘i, uning ovozini eshitgani va yo‘l-yo‘riq, maslahat olgani jo‘nashayotgan ekan.
Rais qamoqxonaning pastki qavati − yerto‘lasiga tashlangan bo‘lib, u yerdan chiqqan ventilyatsiya quvuriga og‘iz qo‘ygan holda, ahvol so‘rashar, maslahat olishar ekan. Ovoz ham zo‘rg‘a eshitilarkan.
Partkomning hikoya qilishicha, rais kecha paxtaning ahvoli bilan qiziqibdi. “ Suv yo‘q, g‘o‘za qovjirab ketyabdi, debdi injener. “Menga qara, lakalov bo‘lma, debdi rais, chashmani suvini berkitib, nasos qo‘y! Xalqning nasibasi…”
Bu gal Jamila xola degan sut sog‘uvchi sut sog‘uvchi ahvol so‘ramoqchi bo‘lgan ekan, rais uning gapini bo‘lib: “Jamila, ena, to‘yingni qildingmi?” deb so‘rabdi. Opa bo‘kirib yig‘lab yuboribdi.
Ammo qo‘rqa-pisa gaplashirakan Har zamon qorovul kelib, so‘kib, haydab ham yuborarkan.
Partkom, shu bilan birga, ayrim kishilarning tapshirig‘ini ham qog‘ozga tushirardi. “Sutni rayondan ko‘ra shaharda ancha qimmat olayotgan ekan, rais bovodan so‘rang qani bu yoqqa topshirish mumkinmi”. “Meni tergovchi qamayman, deyabdi, rais bovodan so‘rang, maslahat bersin”…
U kishi qamoqdan chiqqach, ko‘rgani borgandim. Ammo bechora rais batamom boshqa odamga aylangandi. Ruhi pajmurda, andak odamovi, birov bilan gaplashishga tobi yo‘q.
“Ey domla dedi, kontslagerda fashistlar ham buncha azob bermagandi meni.”
Ko‘p o‘tmay janozaga ham ishtirok etgandim.
Qo‘shib yozish. Nadomatlar bo‘lg‘aykim, bu odatdan hamon xolos bo‘lolmayapmiz.
ADOLATSIZLIK
Bu shavqovar poygani bundan o‘ttiz yillar muqaddam TVda ko‘rgandim.
Krasnodar o‘lkasida mamlakat otlarining katta poygasi bo‘layotgan edi o‘shanda. Hashamdor va salobatli ippodromni turfa duldullarning bezovta kishnashi, minglab tomoshabinlarning qiyqirig‘i tutib ketgandi.
Nihoyat, chavandozlar otlarni old chiziqqa saflashdi va ko‘p o‘tmay start topponchasi otildi. G‘alabaga tashna chavandozlar yuganlarni bo‘shatib yubordilar. Ufqlarni ko‘zlagancha, oyoqlariga zo‘r berayotgan jonivorlar ortida yengilgina chang ko‘tarildi.
Bir mahal, kutilmaganda, chavandozlardan biri yiqilib tushdi. Uning yo‘rg‘asi ham to‘xtab, orqaga qaytdi, sohibini hidlab ko‘rdi, yengilgina kishnadi. Ammo jonivor kutganidek, chavandoz irg‘ib o‘rnidan turmadi va egarga sakrab minmadi, aksincha oqsoqlanib chekkaga chiqdi. Duldul ajablanib bir oldinlab ketayotgan otlarga, bir sodiq chavandoziga ko‘z tashladi va so‘ng hech ikkilanmay, to‘da ortidan o‘qdek uchib ketdi. Olomon unga hayrixoh bo‘lib, bir ovozda olqishlab qoldi.
Ajabki, ko‘p o‘tmay, jonivor to‘daga yetib oldi. Shundan keyingina sharhlovchi bu otning laqabi “gir−kok” ekanligini eslatdi. Demak, u g‘irko‘k, taxminladim o‘zimcha, balki o‘zimizning otdir. Ammo ilhaq qolishimga qaramay, sharhlovchi uning qaysi respublikaga qarashli ekanligini aytmadi.
G‘irko‘k eng avvalo, Boltiqbo‘yi respublikalari tulporlaridan o‘zib ketdi. Ma’lumki, bu o‘lkalarda va umuman Ovrupoda poygadan ko‘ra, otlarni to‘siqlardan sakratish musobaqasini xush ko‘rishadi. Cho‘l va sahrolarda voyaga yetgan otlargina bunday poygalarda g‘olib keladi. Shuning uchun ham turkman va arab otlari jahon poygalarida hamisha g‘olib keladi.
Dong‘i ketgan otlar birin−ketin ortda qolaboshlagach va ippodrom yagona ovozda “gir−kok”, “gir−kok” deb uni olqishlagach, sharhlovchi bu qorabayir zotli ot ekanligini e’lon qildi. Yuragim hipriqib ketdi. Men unga Xudodan zaftu zafarlar tilay boshladim.
Duldullar hamon quyoshni ko‘zlaganlaricha uchib borishardi. Uzangida tik turgan chavandozlar shamol qarshiligini yengish uchun engayib olishgandi.
Oldinda esa rus risagi, qozoq, kavkaz yo‘rg‘alari, turkman axaltikasi bor edi. Buning ustiga ana shu otlar jahon musobaqalarida bir necha bor qatnashib, o‘z yurtlari va chavandozlariga sharaflar yog‘dirgan edilar. G‘irko‘k baquvvat va azimjussa rus risagiga tenglashib oldi. Jonivorlar burun teshiklarini oxirigacha ochib, sog‘lom o‘pkalariga mul−ko‘l kislorod olish payida bo‘lishardi. G‘irko‘k ham yo‘lda yiqilib qolgan chavandozi, yurtining sharafi, or−nomusi uchun bor kuchini oyoqlariga to‘plagandek edi.
Tulporlar hamon quyoshga qarab, bir maromda yugurishar, ularning gavdasi cho‘zilib, yerga qapishib ketgan, pastlar uchayotgan lochinlarga o‘xshab ketardi. Eh, zavqli, hayajonli edi bularning bari!
G‘irko‘k rus otini ortda qoldirib, qozoq, kavkaz yo‘rg‘asiga ham yetib oldi. Anchayin ilgarida esa mashhur arab chopqirlariga monand oyoqlari, bo‘yni ingichka, turkman oti bor edi. Marra yaqin qolgani uchun chavandozlar yuganlarni siltay boshladilar.
Ular hamon quyoshga qarab, uchib ketishardi.
Minglab tomoshabinlar hamovoz bo‘lib g‘irko‘kni olqishlashar, unga omadlar tilashardi.
Shunday maroqli poygani bizga meros qilib qoldirgan bobolarmizga bot−bot tasannolar aytgisi kelardi kishining.
G‘irko‘k marraga qahramon turkman axaltikasi bilan babbaravar yetib keldi.
Ammo hakamlar jonivorning g‘alabasini inobatga olishmadi. Marraga chavandozsiz kelganligini vaj qilishdi.
Minglab tomoshabinlar norozi ohangda guvillab qolishdi.
MARDLIK
Bundan o‘n besh yillar muqaddam boshlangan va uzoq davom etgan rus−chechen urushini ruslar: “Terrorizm, separatizmga qarshi yurish”, deb atashgan bo‘lsa; chechenlar “Ozodlik va mustaqillik uchun kurash”, deb atashdi. Oz sonli dala komandirlarining dushmanning qudratli armiyasiga qarshi uzoq davom etgan, mardonavor kurashi hayratomuz edi.
Bu holni o‘shanda TVda ko‘rgandim. Rus askarlari ovullar oralab borar, shubhali kishilarni o‘qqa tutishardi. Har yer−har yerda baxti qaro chechenlarning jasadlari ko‘zga tashlanar, uylar yonardi. Operator, atayin ruslarining jasoratli yurishlarini namoyon qilar, ularni olqishlardi.
Shunda keksatob bir ayol ikki qo‘lini yoyganicha, ko‘kragini kerib dushman qarshisida paydo bo‘ldi. “Meni otinglar, xitob qildi u, men sizlarning onalaring bo‘laman!”
Albatta, ayolni otishmadi, ammo u ana shu xitobi bilan butun rus jamiyati yuragini mo‘ljalga olaolgan edi.
Nazarimda Xudo bu muslim xalqni insoniyat erk va ozodlikning qadriga borishi uchun timsol sifatida yaratganday bo‘lib tuyuladi. Lev Tolstoyning 1851 yil voqealari haqida yozganlariga e’tibor bering.
* * *
“Sado ovulga qaytib, o‘z uyini batamom vayrona holda ko‘rdi: tom o‘pirilib tushgan, eshik, ayvonlarning ustunlari yondirilgan va uyning ichi bulg‘atilgan edi.Uning o‘g‘li, o‘sha muzaffar Hojimurodga shodona tikilib turgan, chiroyli, yaltiroq nigohli shirin farzandining jasadi ustiga chopon yopilgan holda, otda, masjid yoniga keltirilgandi. Uning yelkasiga nayza sanchilgani ayon bo‘ldi. Hojimurod kelgan vaqtda, unga xizmat qilib turgan xushqomat va xushro‘y ayoli endi musibat dardidan keksayib qolganday. Yoqasi yirtilgan ko‘ylagidan, burishgan ko‘kragi ko‘rinib turardi. To‘zib ketgan sochlari bilan o‘g‘lining boshida turar, yuzini qora qonga bo‘yab yulardi va tinmay faryod chekardi.
Sado qarindoshlari bilan birga tesha va belkurak olib, o‘g‘liga go‘r qazishga ketdi.
Bog‘chadagi ikki g‘aram pichan yondirilgan, chol o‘tqazgan va ko‘karib chiqqan o‘rik, olcha ko‘chatlari sindirilgan, kuydirilgan asalari bilan birga ularning qutilariga o‘t qo‘yilgandi. Ayollarning ohu-nolalari butun uylar va tag‘in ikki o‘lik keltirib qo‘yilgan maydonni egallagandi. Navrasida bolalar onalari bilan birga baqirib yig‘lardilar. Kattaroqlari o‘ynamas, balki qo‘rqib ketgan, mungli ko‘zlari bilan kattalarga hayratona termulib turardilar.
Suvloq atayin najaslangan bo‘lib, undan suv olish mumkin emasdi. Xuddi shuningdek, machit ham najaslangan, imom-xatib shogirdlari bilan uni tozalamoqda edi.
O‘rislarga bo‘lgan nafrat haqida hech kim gapirmas; kichigidan tortib kattasigacha ja’mi chechenlar tomonidan idrok etilayotgan tuyg‘u har qanday nafrat va intiqomdan kuchliroq edi. Yo‘q, bu tuyg‘u nafrat tuyg‘usi emas, bu – o‘ris itlarini, o‘sha bedavo, manfur, g‘addor basharalarni odam o‘rnida e’tirof etmaslik va shu maxluqlarning axmoqona shafqatsizligi, qabohatiga javoban behisob g‘azab va hayron qolishlik tuyg‘usi ediki, xuddi kalamushlarni, zaharli o‘rgimchaklarni, bo‘rilarni qirib bitirish istagi singari, ularni qirib yuborish istagi, xuddi o‘z-o‘zini saqlash istagi yanglig‘ tabiiy bir hol edi. Chechenlar oldida yo shu yerda qolish va ne-ne mashaqqatlar evaziga bunyod etilgan, ammo ko‘z ochib yumguncha vahshiyona tarzda xoku turob qilingan vayronalarning barini va eng yomoni, tag‘in shunday vayron qilinishi mumkinligini bilgan holda, kuch sarflab, boshqadan tiklash yoki vaziyatga hamda o‘rislarga nisbatan behudud nafrat, intiqom hissini jilovlab, ularga buysunishdek ikki yo‘l turardi.
Muysafidlar namoz o‘qidilar va undan keyin Shomildan madad so‘rab, uning oldiga vakillar yuborishga qaror qildilar hamda shu zamoniyoq vayronaliklarni tiklashga kirishib ketdilar”.
DEMAK, G‘ORLARGA QAYTMAYMIZ
Hokim va hokimchalarning kichik chinovniklarni, gohida fermerlar, dehqon va chorvadorlarni odamlar orasida so‘kishi, urishi, yiqitib olib, tepkilashi millatimiz uchun or bo‘lgan, bag‘oyat xunuk odatdur. Xaloyiq orasida qadru−qiymati tuproqqa qorishtirilayotgan haligi mutening bosh egib, tirjayi−ib turishi undan ham xunukdir. Ehtimol, ana shu kichik amalga pora berib ilashgandir, haligi katta itdan til qisiqligi bordir, balki topshiriqni bajarmagandir va hakozo. Lekin nima bo‘lganda ham, qarshilik ko‘rsatmagani, javoban katta amaldorning gardaniga tushirmagani hezalaklikdan boshqa narsa emas. Sho‘rolar davrida bunday holni tasavvur qilib ham bo‘lmasdi. Atrofimizdagi − Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘izistonda ham insonni bu qadar kamsitish, xo‘rlashga yo‘l qo‘yilmas ekan. Tasavvur eting: rus kishisini boshlig‘i ko‘pchilik orasida so‘ksa yoki ursa, indamay, bosh egib turoaladimi? Gruzin, ozarbayjon, habashchi… Hatto (kichik harf bilan yoziladigan) neandartalni ursangiz ham cho‘qmori bilan basharangizni buzib qo‘yadi. Biz esa katta harf bilan yoziladigan… Nahotki, tag‘in g‘orlarga qaytayotgan bo‘lsak…
Bu holdan iztirob chekib yurganimda, Mavlono Muqimiy: “Shersiz emasdur beshalar…” deganlaridek, matbuotda mard erkaklar haqida umidbaxsh mujdalar paydo bo‘laboshladi.
Toshkent viloyatidan bir hokim, qaybiram korxona xodimini burab so‘kayotganda, u bir kalla qilib, amaldorning burun suyagini majaqlab tashlabdi. (Zidan raqibini kalla qilib qulatganini ko‘z o‘ngingizga keltiring). Doktorlar, hokimni, mirshab haligi kishini olib ketibdi. Ammo ko‘p o‘tmay ikkalasini ham chiqarib yuborishibdi. Nazarimda, aybdorning ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atishsa, gap chuvalashib ketishini hisobga olishgan.
Namangan viloyatidan bir hokim o‘rinbosari fermerni do‘pposlagan ekan, u yuqori tashkilotlarga murojaat qilibdi. Hozir hokim o‘rinbosari ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atishgan ekan.
Qarshilik ko‘rsatish hollari juda oz, albatta. Ammo boshlanganga o‘xshaydi.
Demak, g‘orlarga qaytmaymiz!
2013