Nurullo Oston. “Nu i chto?” (hajviya)

Hayot tashvishlari bizning gir atrofimizni shu qadar mustahkam o‘rab olganki, shusiz ba’zan yashashning qizig‘i bo‘lmay qoladi. Bu tashvishlar itday sadoqatli, itday vafodor, bir qadam sendan ajralmaydi, ajralishni xayoliga ham keltirmaydi. Uncha-muncha odam bu  sinovlarga bardosh berolmaydi – yo geniy, yo faylasuf, yoki garang bo‘lib qoladi. Kaminaning chekiga uchinchisi tushgan. Uncha-muncha gapni tez ilqayolmayman. Buyog‘ini so‘rasangiz, aslida o‘qib yurgan paytlarimda  ham go‘r emas edim.  Dam olish kunlaridan birida ijara uyda kitob o‘qib yotgan edim, qo‘shnining duduqroq o‘g‘li derazadan kelib qoldi.
–Tarusika bormi?-so‘radi u.
–Tushunmadim,-dedim.
–Tarusika bormi?-
–Tushuntirib gapiring?- garangligimdan o‘zim uyalib ketdim.
–Tarusika bormi?-dedi yana qo‘shnining o‘g‘li biroz talmovsirab.
So‘ralayotgan narsaning nimaligini to‘rt marta so‘rab tushunolmadim. Yana so‘rashga bet chidamadi. Nima so‘rayotgan bo‘lishi mumkin… Tarusika… Demak, qo‘shnining o‘g‘li hammomga bormoqchi, lekin trusigi yo‘q. Shunga ortiqchasi bo‘lsa, berib tursin, deb so‘rayapti, men axmoq shu paytgacha buni tushunmay turibman. Lekin eng yomoni, ortiqcha trusigim yo‘q, bittayu-bitta trusigimni kiyib olganman. Balkim hamxona Asrorda bordir… shu xayol bilan qo‘shnining o‘g‘liga yuzlandim.
–Menda-ku yo‘q, balki Asrorda bordir…
Kitob o‘qib yotgan Asror boshini ko‘tarib bizga qaradi.
–Nima?
–Bu kishi trusika so‘rayaptilar, menda yo‘q, sizda bormi?
–Asror hayron bo‘ldi:
–Trusikni nima qilasiz?
Qo‘shnining o‘g‘li bu gapimga avval hayron bo‘ldi, keyin duduq talaffuz bilan men chiqargan taxminni to‘g‘riladi.
–Trusika emas, bitta ruska yozishga, yozishga, -qo‘li bilan ko‘rsatdi u. Trusika o‘zimda ham bor…
Kundalik muloqotlar davomida shunday kulgili hodisalar va savol-javoblar ro‘y beradiki, uni o‘ylab ham, zo‘rlab ham to‘qiy olmaysan. Muborak shahrida kollej o‘quvchilari bilan bo‘lgan uchrashuvda shoirlardan biri “biz gumanoidlarmiz” deb yubordi.
–Gumanoid bo‘lsangiz, qaysi sayyoradan tushgansiz? -degan savol tushdi. Qarasam, shoir nima deyishini bilmay noqulay ahvolga tushayapti. Uning o‘rniga shartta:
–Siz qaysi sayyoradan bo‘lsangiz, biz ham o‘sha sayyoradan tushganmiz, -deb javob bervordim.
Bir kuni  Ro‘ziboyga qo‘ng‘iroq qilaman desam, ichki telefon raqami 299 ekan. Xonada ikki kishi o‘tirganligi uchun shunday bo‘lsa kerak, degan xayol bilan unga qo‘ng‘iroq qildim. “Ro‘ziboy, xonada nechchi kishi o‘tirasizlar?” “Uch kishi”. Hayron bo‘ldim. “Bo‘lmasa, 399 qilish kerak-da, telefonni”,-dedim. Esda qoladi-da! Bir joyda moshinada yo‘l harakati belgisiga qaramay o‘tib ketibman, GAI xodimi to‘xtatdi. Moshinada o‘tirgan O‘ljavoyga “Bor, yaxshi gap bilan melisani tinchit”,-desam, u GAI xodimini: “Hoy, nega yo‘lda turibsiz, moshina urib ketsa nima bo‘ladi”,-deya ayblayapti. O‘ljavoyning garangligi bitta pravaga tushdi.
Televideniyeda “trakt” deb nomlanadigan yig‘ilishda axborot lavhalari har kuni rahbar boshchiligida oldindan ko‘rib chiqiladi. Unda 15 nafargacha mas’ul xodimlar rais o‘rinbosari boshchiligida efirga beriladigan materiallarni muhokama qilishadi. Bir kuni ana shunday yig‘ilish yakunida safarnomani imzolash uchun boshliqning stoliga qo‘ydim.
–Nima bu?- so‘radi boshliq yozayotgan ishidan bosh ko‘tarmay.
–Qashqadaryoga safarnoma,-dedim men.
–U erda nima qilasiz?-so‘radi boshliq.
–Material tayyorlayman…
–Qashqadaryoda ikkita muxbir bor, ular material tayyorlamay tezak yeydimi?
Noqulay ahvolda qoldim. Yemaydi desam, boshliqqa qarshi chiqqan bo‘laman, yeydi desam…
–Eydi, yeydi, -dedim shoshilib. Boshimni ko‘tarib atrofga qarasam, bosh muharrir o‘rinbosari menga yeb qo‘yguday qarab turibdi.
–Emasligiyam mumkin, -deb yuboribman dovdirab qolib…
Axborot traktlaridan birida keksa otaxon hayoti haqida lavha  berilayotgan edi. Juda injiq, rusiy zabonda gapiradigan boshliq opaxon uni ko‘rib, peshonasini tirishtirdi:
–Eto eshyo chto takoye? -dedi opaxon.
–Etomu stariku devyanosto let, -dedim darhol.
–Nu i chto?-dedi opa.
–On shestdesyat let parikmaxerom rabotal,-dedim men.
–Nu i chto?-dedi u.
–Krome etogo on shestdesyat let obrezaniye delal, -dedim nima deyishni bilmay.
–Nu i chto?-dedi u yana pinagini buzmay.
–Te lyudi, kotoriy on delal obrezaniye, seychas rabotayut v ochen  bolshix mestax, -dedim tavakkaliga buyog‘i nima bo‘lsa bo‘ldi, deb…
–Nu ladna, -dedi opa oxiri yana ko‘pchilik oldida nimadir deb qo‘yishimdan xavotirlanib,-tolko nemnojko sokratite…
–Ertasi kuni boshliq xonasiga taklif qildi.
–Chyo aka, ti samiy umniy chtoli?, -dedi u.
–Net konechno, -dedim. -Moy nastavnik Roman Melamed menya tak uchil: “Ti nachalnik ya durak, ya nachalnik ti durak!”
–Togda pochemu vchera na trakte razniye slova govoril?
–Ya nichego ne skazal. Opa vsyo vremya prodoljala sprosit: “Nu i chto?”, a ya postaralsya otvetit, lishnego razgovora ne bilo…
–Vot chto, aka. Bolshe k ney na trakt ne zaxodi. Dogovorilis?
Haqiqatdan ham uning qabuliga boshqa kirish menga nasib qilmadi. Chunki ko‘p o‘tmay uning o‘zi ishdan ozod etildi.
–Nu i chto?-dersiz?
–Axir barcha islohotlar, tashabbuskorliklar o‘sha ketganidan keyin boshlandi-da!