Ko‘rgan edim o‘rvangni,
Tagi teshik to‘rvangni.
Xalq so‘zi
I
Safardalik paytimda sinfdoshim usta Mamarasul dunyodan o‘tibdi.
Qishloqqa otlandim.
Kuz erta kirgani bois yoz oxirlamay yog‘ingarchilik boshlangan edi.
Saraton jaziramasidan sarg‘aygan adirlar, suruv-suruv qo‘ylar tuyog‘idan taqiri chiqib ketgan tog‘ etaklari, angor va yaylovlarga yana jon kirdi. Bo‘zqirlarda maysalar nishlab, ilk bahor rangini ola boshladi.
Keyingi paytlarda qishloqqa bormoqchi bo‘lsam negadir xayolim qochib, og‘ir o‘y bosadi. G‘amgin va parishon tortib qolaman. Avvallari esa aksi bo‘lardi. Oyqor tog‘ini ko‘rish, dalalarda yayrab kezmoq, hamqishloqlar bilan dardlashmoqdan zavq tuyardim. Xayolim qatidagi xotiralarni qayta-qayta jonlantirgancha, sabrsizlik bilan ertak kabi kechmishda qolib ketgan go‘shaga oshiqardim.
Rahmatli dadamning qaytishlari, birga o‘nib-o‘sgan do‘stim, o‘qituvchi va jurnalist Shavkatning oddiy ko‘richakdan bevaqt vafot etishi ko‘nglimda hanuz yashab kelayotgan romantik tuyg‘ularga birdan nuqta qo‘ydi. Oilaning kattasi bo‘lganim uchunmi, bir necha kunda cho‘kib, boshqa kishiga aylandim. Ota-ona ayrilig‘iga ko‘niqmoq qiyin kecharkan. Ota-ona qaytmog‘i meros degan aqidani eshitganing bilan boshingga tushgani orasida osmon bilan yerchalik farq bo‘larkan. Hayot ko‘z o‘ngingda o‘zgacha rangga kirib, tog‘day ko‘ksing darz ketarkan. Umr bo‘yi yo‘ldoshday yonginangda yurgan ota-onangning g‘animat ekanligini bag‘ring o‘rtanib tuyarkansan. Va birdan ular oldidagi burchimni hali o‘tay olmagan edim-ku degan afsus, nadomat tuyg‘usi borlig‘ingni egallarkan. Biroq boshingni qaysi devorga urma, hayot hukmi qat’iy. Inson o‘limni bo‘yniga olib tug‘iladi.
Uzoq cho‘pon bilan oltinchi sinfgacha birga o‘qigandik. Oltmishinchi yillar boshidagi majburiy ko‘chirma bizni Nurota tog‘lariga tutash Jizzax dashtiga eltib tashladi. Otasini erta tuproqqa bergan Uzoq bir etak uka va singillari bilan qishloqda qoldi. Sakkizinchini bitirar-bitirmay cho‘ponlik qila boshladi. Shuning uchun ularning oilasiga ko‘chirma paytida tegishmadi. So‘ngra u qo‘y boqish uchun biz tomonlarga keldi.
Ming to‘qqiz yuz oltmish sakkizdan oltmish to‘qqizga o‘tar yildagi qahratonda amakim Ergash cho‘ponga qarashgani borganimda uni otarda uchratdim. Mashaqqatli kunlar bizni yana yaqinlashtirdi. Yaxshi ko‘rib yurgan qo‘shnisining qiziga Rahmon rabochkomning Toshkentda o‘qiydigan o‘g‘li uylanganida kechalari qo‘tonning tomiga chiqib yig‘lagani hali esimda. Uni yupatamiz deb, Ergash amakim ikkimizning ona sutimiz og‘zimizga kelgan.
Onasi Tursuntosh xola ko‘ziga qilqon, xas-cho‘p tushganlarni tili bilan oladigan tabib edi. Ikki gapining birida erkalab: “Hah, sanga man o‘layin, dardiginang ursin, ko‘zginangning og‘rig‘i ursin, oshginamning qaylasi, betginamning oynasi”, – der edi so‘z ila ifodalab bo‘lmas mehrli va yoqimli ohangda. Galaxirmonjoydan somon tashiyotganimizda chap ko‘zimga qilqon kirganda, enam u kishining oldiga ergashtirib borgandilar. Tursuntosh xola aylanib-o‘rgilib, jonimni halqumimga keltirayotgan bug‘doyiq qilqonini tilining uchi bilan olib tashlaganini kechagidek eslayman. U kishi men kabi mijozlarning og‘irini yengil qilganida voqeadan xabar topgan qo‘ni-qo‘shnilari Tursuntosh falonchining ko‘ziga tilini solibdi deyishardi.
Qishloqda Uzoqlarning, Enacha xola va Xumor momo, Qudrat tog‘a, Shodibek bobo va Otabek o‘nboshining bog‘laridagina yong‘oq daraxti bo‘lib, ikki ko‘zimiz shularda edi. Xazonlar orasini titkilay-titkilay bitta yong‘oq topib olsak, do‘ppimizni osmonga otardik. Darsdan keyin Uzoqlarning hovlisidagi yong‘oq ostida o‘ynab, etakdagi Kattasoyda cho‘milardik.
Endi o‘ylab qarasam, kattagina qishlog‘imizda olti tupgina yong‘oq borligi, yong‘oq eksang, mevasini o‘zing yemaysan, degan gapning odamlar ongiga o‘rnashib qolganida ekan. Obidaga aylangan bu daraxtlar ostida xayol surib o‘tirarkanman, beg‘ubor bolalik xotiralari enamning ertaklari kabi ko‘z oldimda jonlanadi. Darvoqe, umr ham bora-bora ertakka aylanar ekan…
Yo‘lga chiqqanimdayoq beixtiyor yodimga Uzoq cho‘pon tushdi. U G‘allakon taraflarda Tog‘voy cho‘ponning yonida cho‘liq edi. Xo‘jayini bilan gapi to‘g‘ri kelmay, qishloqqa qaytib kelibdi. O‘n besh-yigirma chog‘li qo‘yini qo‘ni-qo‘shnilarnikini qo‘shib, Kattasoyda aylantirib yurganmish.
Temur darvozasidan so‘ng yo‘l Sangzor daryosi yoqalab ketadi. Tepaliklar oralab ko‘prikdan o‘tishingiz bilan daryo kichik-kichik irmoqlarga bo‘linib, kengish maydonni egallab yoyilib oqadi. Tuya o‘rkachlari kabi pastu baland tepaliklar, so‘ngra parqu bulutlarga ohista yonboshlagan Oyqor tog‘iga tutashib ketadi. Uning izg‘irinlarga ko‘krak kergan azamat qoyalari, yil-o‘n ikki oy qor arimas yuksak cho‘qqilari, na’matak va maymunjon terganimiz sharqiroq soylari, uchi-quyri yo‘q tog‘olcha va bodom daralari ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketgan umrni eslatadi, bugungi hayot haqiqati va umidning mujdasi kabi meni o‘ziga chorlaydi.
Toqqa tutash, kechmishdan yodgor Dunyotepa va Qo‘rg‘ontepa qalbimga shu tuproqqa mehr tuyg‘usini solgan ilk manbalar edi. Endilikda mana shu ikki tepalik orasidagi qishlog‘imiz qabristonida mung‘ayibgina turgan qabrlar menga bobom, enam, otam va opamning siymolarini eslatadi va men juda ko‘p narsalarni qayta mushohada va mulohaza eta boshlayman.
Masjiding uzoq bo‘lsa ham, mozoring yaqin bo‘lsin degandek, qo‘yindi ham shundoqqina qishloqning biqinida.
Zamonida bu cheksiz dara va adirlarga sig‘may ot surgan man-man degan hamqishloqlarning endi bir qabriston bo‘lib, sovuq marmar toshlardan mahzun termilgancha sassiz-sadosiz yotibdilar.
Do‘ppaygan qabrlarda bot-bot yumaloq xat yozib bir-birini qamatgan amaldorlar, bu hayhotday hovli-bog‘larga sig‘may yer uchun bir-birini pichoqlagan aka-ukalar, Oyqor tog‘ida o‘rmalagan jonivor borki, qiron keltirgan, kaklikning ko‘zidan uradigan ovchilarning qazoyi qadari yetib, yer bilan bitta bo‘lib yotibdilar.
Gapiga qosh qayirgan odamni ta’qibu quvg‘in qilib, kerakli joyga tiqtirib qo‘yadigan, butun boshli qishloqni yotqizib-turg‘azib, oxir-oqibatda Mirzacho‘lga ko‘chirmaga to‘g‘rilab yuborgan, g‘azabidan barcha birdek zir titraydigan Otabek direktordan tortib, qo‘ni-qo‘shnilarning qo‘liga qarab, ular beradigan yarim kosa yovg‘on piyova va bir burda noni bilan kunini kunlagan opa-singil Mayram va Chinni momolargacha endi birdek qora tuproqqa aylanib yotibdilar.
Tuproq odam ajratmaydi.
Buni hayot deydilar.
Inson bolasi samodagi chaqin kabi bir chaqnab o‘tib ketaveradi.
Ellik yilda el yangi, qirq yilda qozon derlar. Vaqt, zamon kechishi bilan kishilar ko‘p narsalarni unutib yashaydilar. Zotan arab tilida inson degani unutuvchi demakdir.
Bu dunyoda go‘zal hayot bor, go‘zal o‘lim yo‘q…
Oxir-oqibat bir gaz yer, ikki gaz bo‘z…
Shu xayollar bilan ikki chetiga o‘rik, bodom va jiyda ekilgan O‘smat yo‘lidan o‘rlayman. Mol-hol ko‘payib ketganidan yaydoq yaylovlarda qo‘zi tiliga ilinar maysa ko‘zga tashlanmaydi. Kuz yomg‘iridan o‘ziga kelgan anhordan namiqqan xas-xashak va quruq tuproq hidi ko‘tariladi.
Otameros uyimizga yetib kelishim bilan qishloqbop kiyinaman-da, dadamdan qolgan qadrdon irg‘ay tayog‘imni olgancha adir yoxud soy bo‘ylab tog‘ tomon shoshaman. O‘lim bo‘lgan uylarga kirib, ko‘ngil so‘rayman, bolaligimda kelib yurgan eshiklarga bosh suqaman. Duch kelgan yoshu qari, xotin-xalaj, bola-baqra bilan gurunglashaman. Eng yuksak tepalikka chiqib, bolaligimizda bir marta borib ko‘rishni orzu qilganimiz, ufqqa yonboshlayotgan quyoshning olovrang taftida yonib ko‘rinayotgan Samarqand tomon tikilaman. Bolaligim shundoqqina ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ladi.
Vujudida ezgulik tuyg‘usi barqaror kishilar tabiat qo‘ynida bolaga aylanadi. Kishi yoshlikda ne qadar tezroq ulg‘ayib, biror manzilga yetmoq uchun tirishsa, yosh bir yerga borib qolgach, beixtiyor bolaligi tomon talpinadi. Tabiat bag‘rida kishi o‘z his-tuyg‘ularini boshqara olmaydi va uning salobatini boricha tuyadi. Fikr – bu ko‘rinmas tabiat, tabiat – bu ko‘rinuvchi fikrdir degan-ku buyuklardan biri. Faqat fikrlay olmoq, mushohada eta bilmoq xislati bo‘lgan kishilargina tabiatning nozik falsafasini anglab yetishlari mumkin.
Yog‘ingarchilikdan o‘ydim-chuqur bo‘lib qolgan ko‘chalarda qo‘lda tayoq, dilim to‘kilgan, ruhim so‘kilgan bir ahvolda g‘amgin va parishon kezishimni doimiy suhbatdoshim, adabiyot o‘qituvchisi Safarali muallimdan bo‘lak kimsa anglab yetmaydi.
Tog‘ etaklari, yonbag‘irlari, daralar, soyligu adirlar, izg‘irinlarga ko‘krak kergan tepaliklar… Odam oyog‘i yetgan yer borki, tartibsiz va qonunsiz ravishda egallanib, o‘rab olingan. Ko‘rimsiz va rejasiz binolar qurib tashlangan.
Soylarning o‘zanini sag‘noq, sangloq deyishadi. Bu toshloq demak. Biroq bu sangloqlar ham egallanib, itu qushga otar tosh topolmaysiz. Tashib ketishgan. Hatto qoya va tepaliklarni portlatib, parchalab shag‘al qilib pullaydilar. Bu ahvolda tog‘ ham hademay pasayib, cho‘kib qolsa kerag-ov deya o‘ylaysan, xayoling qochib. Xayriyatki, yuksak qoyalar va tik cho‘qqilarga qo‘llari yetmaydi.
Insoniyat shu tariqa tabiat muvozanatini buzib, o‘z oyog‘iga o‘zi bolta urib yashayverarkan. Sharqiragan soylar suvi allaqachon quvurlarga solingan. Yaylovlar ekin-tikin maydonlariga aylangan.
Dadamning Irg‘aychi mahallalik bolalik do‘sti, matematika o‘qituvchimiz Abdurajab domlaning uzoq yillar chet ellarda ishlab kelgan, olti tilni biladigan, Toshkentda yashab, universitetda dars beradigan Xudoyqul Jo‘rayev degan fan doktori amakisi bo‘lardi. Domla har yili yoz ta’tilida O‘smatga kelar, o‘ziga to‘qroq qarindosh-urug‘i, yor-do‘stlari qo‘ymi, echkimi so‘yib, topgan-tutganini oldiga qo‘yib, navbat bilan mehmon qilishardi. Jo‘rayev domla biznikiga ham kelar, bog‘imiz to‘ridagi o‘rik ostiga, bedazorga to‘shak soldirib, yig‘ilganlarni og‘ziga qaratib, tongotargacha hangoma berar va yotib qolardi.
– Ko‘ngling to‘q bo‘lsin, Abdurajab, – der edi mehmon damsar urib. – Bu boshi yumaloq, buti ayrilaring hali-beri odam bo‘lmaydi. Bular uchun o‘zingni o‘tu cho‘qqa urganing befoyda!..
Ota avlod aqrabomiz Abdurasul aka payg‘ambar yoshida olamdan o‘tdi. U qishlog‘imizga elektr olib kelmoq uchun rahmatli Vafoqul tog‘a bilan birga yelib-yugurgan yagona injenar edi. Elektr idorasi rayon gazetasi binosi bilan qo‘shni bo‘lib, biz ko‘pincha ishga birga qatnardik. Uning noxos o‘limi ukasi Mamarasulga qattiq ta’sir etdi chog‘i, u ham ko‘p o‘tmay omonatini topshirdi.
Ularning otasi rahmatli mullo Rahmatulloh bobo qishloqda o‘ttiz yettinchi yillar qatag‘onidan omon qolgan, eskichani biladigan yagona odam edi. Bobom mulla Qobulni olib ketib, Sibir surguniga jo‘natganlarida uy to‘la kitoblari qolgan. Kimningdir maslahati bilan Shahzoda enam bu kitoblarning yarmini tokchada taxlab suvattirganlar. Qolganini esa tun yarimdan oqqanda Rahmatulla boboga eltib berganlar. To‘qqiz yoshli dadam enamga yordamlashib, qorong‘i qish kechasida Xo‘jato‘pi mahallasiga it azobida qanday borib kelganlarini ko‘zda yosh bilan hikoya qilib berardilar.
To‘qsoninchi yillar boshida odamlar dinu iymonga qaytib, masjidlar qurila boshlaganida uch-to‘rt oqsoqolimiz bir oy chamasi ovora bo‘ladi. Kimsadan sado chiqmaydi. Shunda faqat Abdurasul injener tomorqasining yarmini masjid uchun ajratib beradi. O‘sha joyda qad ko‘targan masjid endilikda mulla Rahmatulloh nomida…
II
Ertasi kuni butun qishloq usta Mamarasulning xudoyisiga yig‘ildi. Darvozaning ikki yonida qo‘l qovushtirib turibmiz. O‘ng tomonimda xomush va parishonxotir Uzoq o‘tiribdi. So‘l tarafimda – bizdan yoshi kattaroq Bozorvoy cho‘pon.
– Ha, jo‘ra, shashting past? – ahvol so‘rayman Uzoqdan.
– Shu yoshda ishsiz qoldim, jo‘ra. Umr bo‘yi suruvning ortidan ergashib yurgan odam uyda o‘tirib qolsa siqilib, jinni bo‘larkan. Hatto ikki qo‘ling ham ortiqchaga o‘xsharkan, – so‘nik ovozda javob qildi Uzoq cho‘pon.
– Tog‘voy bilan oralaringdan qil o‘tmas edi-ku?..
– A-a-a-y, Tog‘voy cho‘pon uyni qotirganda, qizzig‘ar! Qasr deysan, qasr! – dabdurustdan suhbatimizni bo‘ldi Bozorvoy. – Qandingni ur, azamat! Rayonda birinchi bo‘lib qo‘yini mingga yetkazgan ham Tog‘voy! Xudo berishdan qismasa, hech gap emas ekan! Ikki o‘g‘lini yurpakda o‘qitdi…
Oraga yoqimsiz jimlik cho‘kdi. Beixtiyor Bozorvoyning yuziga qaradim. Soqoli bir hafta chamasi olinmagan, ustida yag‘iri chiqqan fufayka, oyog‘idagi botinka kiyilganidan beri artilmagandek. Uning nazarida eng zo‘r va aqlli odam, barcha birdek bo‘ysunadigan, hammadan amali katta kishi edi. Qo‘yi ko‘p bo‘lib, yurtni to‘plab katta ko‘pkari bergan, yangi marka mashina olib, dang‘illama imorat solgan, xonadoniga kattakonlar kelib turganni barchadan obro‘li odam sanaydigan Bozorvoy uchun non payg‘ambar, osh xudo edi. Poyintar-soyintar so‘zlari bilan u allaqachon hazil-mutoyibaning mavzusiga aylangan, qovun tushiraverganidan hamqishloqlar bir ma’rakaga aytsa, biriga aytmas edi. O‘zining ham ming chog‘li qo‘yi bo‘lib, davralarda hech kimga so‘z bermasdi. Ming qo‘yli boylar sirasiga kirsa-da, uyida tayinli qozon qaynamas, eshigidan birov kirib-chiqmas, kiyim-kechagi yag‘ir bo‘lib, to‘kilmaguncha yangisini olmas edi.
– Narxi besh chaqalik odam saroydek uy qurgani yoki qo‘yini mingdan oshirgani bilan uning bahosi o‘n tiyin bo‘lib qolmaydi, – Bozorvoyning gapini bo‘ldi qishloq maktabining tarix o‘qituvchisi Said muallim. – Odamlar og‘zim bor ekan deb, har gapni bir gap deb sannayvermasa-da!
– Yetar-ey. Aravakash tavba qilibdi! – gursillatib o‘ng qo‘lini ko‘kragiga urdi Bozorvoy. – Gapirishni xudo faqat mallimlarga chiqargan, qizzig‘ar! O‘qitgan o‘nta bolasidan to‘qqiztasi o‘qishga kirolmaydi-yu, yana tilini sakkiz qarish qilib, odamlarga narx bichadi!
– Muallimlarga til tekkizmagan sen savodsiz qoluvding! Og‘zingni ko‘pirtirib maqtagan o‘sha Tog‘voyning otasi Pardavoy podachi qo‘lida chelak, yelkasida nonxaltasi bilan oshi halol to‘plab, eshikma-eshik yurganini hali ko‘pchilik unutmagan. Bu cho‘ponman deganning tuprog‘i bir yerdan olingan bo‘ladi o‘zi. Sening o‘sha inomarkali boyvachchang o‘shanda, oyog‘ida toshtovon, otasining orqasidan eshagini yetaklab, navbat bilan “oshi halol” deb baqirib yurardi…
– Sening otang ham raykom-paykom bo‘lmagan, uka! O‘zing ham zovuchni-povuchni qilib yumaloq-yastiq o‘qishni pitirgansan! Taniganimdan beri ustingda shu eski kastim! Yana birovning og‘ziga urasan!
– Aytganingdek yaxshimi-yomon bir o‘qishni bitirganman, – bo‘sh kelmay so‘zida davom etardi muallim. – Sen kabi Taypoqsoy dashtida qiyshunoslikni emas.
– Sening ham ota-bobong cho‘pon-cho‘liq o‘tgan, uka-a! Agar sen kulturniy odam bo‘lganingda cho‘ponlarning ustidan kulmasiding. O‘sha Pardavoy podachining janozasiga nachalnik militsiyalar bilan to‘rtta prokurorini oldiga solib, oblas prokurori Mustafoqulov kelgan. Qo‘y ko‘rmasagam qiy ko‘rganmiz, bizam…
– Sen ham har haftada bitta shirvoz qo‘zi yoki qirqilmagan uloqni so‘yib, tandirkaboblarni sovutmasdan eltib, bo‘zchining mokisidek yelib-yugurib xizmatini qil. Ko‘rasan, janozangga undan ham kattalar yetib keladi. Eng muhimi, obro‘ borida va vaqtida o‘lish!
– He-h-e-e! Sodda mallim-ey! Shirvozlar holva bo‘lib qoldi, og‘ayni! Endi kattadan kichigi ko‘kidan keladi. Go‘yoki Oyqor tog‘ining bir soyida do‘llir moshinasi borday! Xudo berganiga shukur qilib, o‘zimizni so‘mginani olovir! Teshib chiqmaydi-ku, qizzig‘ar! Rasxodga tushib do‘llirni qayerdan topadi senga? So‘mni shotirlaringga ber, g‘izillab borib almashtirib keladi!..
– Menga qara, Bozorvoy, ko‘pam o‘tlayverma! Girdi maktab yoki girdi saroy degan gap bor. Ikkisini ham ko‘rmaganni yo‘nilmagan tayoq deydilar! – qo‘lini paxsa qilib bo‘sh kelmasdi muallim. – Qo‘ysang-chi shu bema’ni gaplarni.
– Aravakash tavba qilibdi dedik-ku! Hamma sendek olim bo‘laversa qo‘yni kim boqadi? – dedi achchig‘i chiqib Bozorvoy iyagini ko‘tarib, yuzini teskari burarkan. Bu bilan u Said muallimga “sen ham odammisan” demoqchi edi.
– Sening qulog‘ingga quyilib qolgan “ming qo‘yli boy gapirsin” degan zamon yana keldi chamasi, – hamon shashtidan tushmasdi Said muallim. – Mol topib, aql topmasang, uchovoradan chiqib ketaverasan, og‘ayni. Tilim bor deb valdirayverma. Senga nasihat qilish befoyda-ku, lekin kezi kelganda ipingni tortib turish kerak…
– O‘likni qo‘yib tutga yugurmaylik. Hozir bahsi-munozaraning mavrudi emas, domla, – Said muallimga yuzlandim.
Oraga yana jimlik cho‘kdi. Uzoq cho‘pon damsar urdi.
– Tog‘voy do‘stimizning ketiga jir bitdi, jo‘ra, – dedi anchadan so‘ng chuqur nafas olib Uzoq. – Bu dunyoda och odamni to‘ydirsa bo‘larkan, biroq to‘qni to‘ydirish qiyin ekan. Jo‘ramiz bosar-tusarini bilmay qoldi. Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin degani to‘g‘ri ekan. Qachon ko‘rsang, kayfi taraq, yonida har xil ayollar. Men ahmoq uni o‘sha, chorig‘ini sudragan Tog‘voy jo‘ramiz deb o‘ylab, nasihat qilmoqchi bo‘libman. Kelin-kuyovli odamsan. Endi bunnay ishlar senga yarashmaydi. Unnay qima. Ayaq-bayag‘ingga qara deppan. Bosh irg‘ab ma’qullaganday bo‘luvdi. Keyin bilsam boshini “ha-a, senmi menga aql o‘rgatadigan” degan ma’noda sarak-sarak qilgan ekan. Menga o‘xshaganlarning qo‘lidan cho‘ponlikdan boshqa ish kelmasa…
– Bekor gapni qo‘ysang-chi! Qo‘lingdan hamma ish keladi. Senikidek olmazor kimda bor? Faqat shu kasbga o‘rganib qolgansan. O‘ttiz-qirq qo‘y-echkini chakanaga berib boqtirishga toqating yo‘q. Boshqa biror ish bilan shug‘ullanish haqida o‘ylab ham ko‘rmagansan, – uning gapini bo‘ldim. – To‘g‘rimi?
– To‘g‘ri! Gapingda jon bor, – yuzimga tikilib qoldi Uzoq. – Lekin yog‘ yeganda yot yaxshi, qon ichganda qarindosh deganidek, bir paytlar xizmating tsingan odamlarga, qorni to‘ygach, keraging bo‘lmay qolsa alam qilarkan, jo‘ra. Mening o‘rnimga ish topolmay yurgan bolani arzimagan maoshga yollab, qornini to‘yg‘azib, suruv boqtirmoq ma’qul ko‘rindi jo‘ramizga. Odamlar faqat o‘tar kunini o‘ylab qoldi, birodar. Odamgarchilik otangning qulimi der edilar. Shunday bo‘ldi chog‘i.
– Kamdan kam holatlarda boy va amaldorlar o‘zlaridan quyidagilarning so‘zlariga quloq soladilar. Ularning aksariysi men barchadan aqlli bo‘lganim uchun boyman yoxud shu mansabga o‘tirganman deb o‘ylaydi. Soddalik qilibsan-da, jo‘ra.
– O‘sha gap-so‘zdan so‘ng ham uch oy chamasi ishladim. Suruv sanash chog‘ida bexosdan maoshdan so‘z ochilib qoldi. Oyiga bitta to‘qli beradi. Menga ozlik qiladi dedim. Qo‘shni Tojikistonda ham bir to‘qliga cho‘liqlik qilishmaydi. “Oylik ozlik qilayotgan bo‘lsa, mayli, o‘zing bilasan”, dedi shartta javobimni berib. “Shoshmay tur, jo‘ra, o‘ylab ko‘rarmiz”, desa ham bo‘lardi. Hachchakalla yoqasiga tarmashgan bo‘lmasam. Uyam bizga o‘xshab chorig‘ini sudragan bir cho‘pon edi. Qaytib og‘zimni ochmadim. O‘zing bilgan o‘sha itim Oqto‘shni eshakning egariga bog‘lab, o‘n yetti qo‘y va to‘rtta echkimni suruvdan ajratib, yo‘lga tushdim. Yarim yo‘lda orqamdan yetib keldi. “Uzoq, Oqto‘shni tashlab ket. Mayli o‘sha bitta to‘qlini iting uchun berib turaman”, deydi yo‘limni to‘sib. Indamadim. Yonida o‘tirib kelgan bolaga Oqto‘shning zanjirini tutqazdim. It bechora mensiz suruvga qaytishni istamaydi. Oxiri alamimdan tayoq bilan urdim. G‘ingshib, ingradi jonivor. Men ham yig‘ladim…
Gapi bo‘g‘ziga tiqilib qolgan Uzoq yig‘isi otilib chiqib ketmasligi uchun ko‘zlarini yumib, boshini egdi. Yosh boladek bir necha bor burnini tortib qo‘ydi.
– Eslaysan-a, jo‘ra, Oqto‘shning onasi Oybetni, – xirilloq ovozda so‘zida davom etdi. – Qishlog‘imizda ikkita it bor edi. Silarda Olapar, bizda Oybet. Itmisan it edi-da. Jonivorning mendan insondek ko‘ngli qolganini eslab o‘kinaman. Undan zot olmoqchi edim o‘shanda. Qanjiqning o‘ziga o‘xshaganini olmasang zoti yaxshi chiqmaydi. Qasdlashgandek o‘ziga o‘xshagan arlon bolasi o‘lib qolsa bo‘ladimi. Gidikning o‘ligi uch kun poxolning ustida qolib ketibdi. Shuni ko‘mishga aqlim yetmabdi-ya! Uchinchi kuni Oybet bolasini tishlab borib, chaldevor ostiga ko‘mdi. O‘sha joyga borib-kelib, uch kun motam tutdi. Ishonasanmi, shu voqeadan so‘ng menga munosabati o‘zgardi. Gapimni ko‘zimdan bilardi, jonivor. Birorta qo‘zini jondor tortib ketsa, pochasinimas, qulog‘inimi topib kelardi. Bo‘lmasa mol egasiga tovon to‘lardim. Suruvni oldiga o‘tib yotar, otar yetib borsa yana bir soy oldinga o‘tib yotardi. Otarni bo‘lib yuboradigan bo‘ron-chopqin bo‘lganda aylantirib suruvni to‘playverardi. Suruvga yaqinlashayotgan jondorni hidini
olib yo‘liga chiqar, qo‘shni otar itlarini chaqirib, qashqirlarni yetti qir oshirib quvib qaytardi. Endi bunday bo‘ribosarlarni tushda ham ko‘rmaysan, jo‘ra. Kishiga mehribonligini aytmaysanmi?..
Hasratidan chang chiqayotgan Uzoqning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘ldi. Gapi bo‘g‘zida qoldi.
– Uch oy bo‘ldi, – dedi anchadan so‘ng o‘ziga kelib, bo‘g‘riqqan ovozda. – O‘g‘li uyga bitta tirriq to‘qlini tashlab ketibdi. Nega olding deb xotinni so‘kdim. Xullas, shunday gaplar, jo‘ra. Bizni qo‘yaver. Ochdan o‘ladigan zamon emas. O‘zingni ishlaring qalay? Kamnamosan? Qishloqqa kamqatnov bo‘lib qolding. Bizni hamma unutsa ham sen unutmaysan deb o‘ylayman.
Ikkimiz ham xo‘rsindik. Navbatdagi odamlar to‘pi keldi. O‘rnimizdan turib o‘tirdik. Kishi ellikdan o‘tgach, tanasidan et qochadi chog‘i. Uzoqning issiq-sovuqdan tirishgan yuz-qo‘llari, bo‘rtib chiqqan chakka suyaklari, cho‘zilgandek tuyuladigan iyagi, kichraygan yelkasida osilib turgan eski kostyumi, horg‘in va tushkun tortib qolgan nigohi bir yigitning umri o‘tganidan dalolat berardi. Bekorga umr ikki o‘ttiz demaydilar.
– Tuzukman, jo‘ra, – dedim uning rangi o‘chib ketgan shimi va oyoq kiyimiga razm solib. – Bir navi yuribman. Menga qara, Uzoq jo‘ra. Bir kattaning, bir kichikning aytganini qil degan gap bor. Chorva xususida senga aql bo‘la olmayman. Gapimni diqqat bilan eshit. Yoshing ham oltmishni qoralab qoldi. Tug‘ilganingdayoq peshonangga faqat cho‘ponlik qilasan degan muhr bosilmagandir. Ilgari zamonlarda qo‘lidan boshqa ish kelmaydigan kasbi-kori yo‘q kishilar cho‘ponlik qilishardi. Hozir esa cho‘ponlar boyib, bolasini yurfakda o‘qitib prokuror yoki militsioner qilishning payiga tushgan. Cho‘ponlik qochib ketmaydi. Cho‘pon zotiga har doim va har zamon ehtiyoj bo‘lgan. Kechayu kunduz, qishu yoz demay, bola-chaqadan olisda, toshdan yostiq, qordan ko‘rpa qilib cho‘liqlik qilgandan ko‘ra, rahmatli otangdan qolgan o‘sha zotdor bo‘ribosarlarni ko‘paytirsang bo‘lmaydimi? Axir bu ham mehnat-ku! Har qanday halol mehnatning aybi yo‘q. Cho‘ponman deganga bir necha qo‘ychivon it kerak…
– E-e, jo‘ra! Xayoling joyidami? Endi kelib-kelib it boqib, sotamanmi? Odamlar nima deydi? – gapimni bo‘ldi Uzoq, hayratdan ko‘zlari ola-kula bo‘lib.
– O‘g‘rilik, g‘arlik qilsang odamlar bir nima deydi. Boringda ko‘rolmagan, yo‘g‘ingda berolmaganlar bilan nima ishing bor? Otangdan o‘nta bo‘lsang, oilangda yolg‘izsan deydilar. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora. It sotasanmi, bit sotasanmi, kimning nima ishi bor?..
– Nega bo‘lmasa itni so‘ragan ham, bermagan ham it deyishadi? – og‘zimga qarab ag‘raydi Uzoq, yana gapimni bo‘lib.
– So‘zimni so‘ngiga qadar tingla, og‘ayni. To‘g‘ri, shunday naql bor. Iting zotsiz, laychasifat bo‘lsa yalinib-yolvorsang-da, ustiga pul qo‘shib bersang-da, birov olmaydi. Katta shaharlarda daydi itlarni qo‘yarga joy topilmaydi. Londonu Moskvada esa bir donasi yuz ming dollar turadigan itlar, bir millionlik otlar bor. Xo‘sh, shularni boqib yetishtirganlar sen bilan mendan ahmoqmi?..
Uzoq o‘yga tolgancha jimib qoldi. Tushdan keyin ham kelgan-ketganni qarshilab ancha o‘tirdik. Tengdoshlar ertasi kuni ertalab yana Mamarasulnikiga kelib, shu yerda xayrlashadigan bo‘ldik.
Yana do‘stimizning bosh egasiz qolgan uyida yig‘ildik. Oramizdan chiqqan yagona imom mulla Toshtemir qur’on tilovat qildi. Negadir Uzoq cho‘pon bilan Bozorvoy ko‘rinmas edi.
– Qurmagur Uzoq Tog‘voy cho‘ponning otaridagi itini olib kelgani G‘allakonga ketibdi, – dedi Said muallim. – Bozorvoyni hokim Amirqul Soatov bozor-o‘char qilib kegani Samarqandga yuboribdi. Rayonga nozik mehmonlar kelarkan…
III
O‘smatdan chiqib, Devqo‘rg‘onga yetganda to‘xtadim. Qarovsiz bog‘ o‘rtasidagi tepalikka ko‘tarildim. Yo‘lning ikki chetidagi bodomzorlar osha kuzda shudgor qilinmay qolgan o‘ng va so‘ldagi angorlarga tikilarkanman, xuddi shunday, ilk bahorni eslatguvchi armonli kuz kunlarining birida dadamning eski “Moskvich”ida ikkimiz O‘smatga kelganimizni esladim. Toshkentu Samarqandda ishlab yurganim bois suhbat uchun bunday qulay damlar kam bo‘lardi. Hayotimda haqiqiy ma’noda mehr-muhabbatli ikki kishini ko‘rdim. Birisi Shahzoda enam bo‘lsalar, ikkinchisi dadam edilar. U kishining so‘zlari beixtiyor quloqlarim ostida jaranglaydi.
– Bu joylarning o‘r-qirini yaxshi bilaman. Bu yil yer haydalmay, nafas ololmay qolibdi-da, – dedilar dadam yalangoyoq bolaliklari kechgan, urushdan so‘ng opam bilan birga o‘roq o‘rib, mashoq tergan dalalarga armon va alam bilan termilib.
So‘ngra Devqo‘rg‘onda to‘xtadik. Dadam oldinda, men orqada tepalikka chiqdik. Dadam G‘allakon dashtlari, Tuyatortar daralari va Soybo‘yi sohillari tomon tikilib to‘ymas, yig‘lamasalar-da, ko‘zlaridan miltillab yosh oqardi.
– Chala boyning chala uyqusi kelmaydi, toza boyning toza uyqusi kelmaydi. Hay-hay, kambag‘alning yotsa turgisi kelmaydi, – dedilar yig‘iga o‘xshash mahzun ovozda. Odam bolasining boshi toshga tegib, astoydil zoriqmaguncha chin yurakdan bir ishga qo‘l urmaydi. Tirikchilikni tirriqchilik bilib yuraveradi. Oyog‘imiz ostidagi yer shunchaki shudgor emas, bu rizq-ro‘z, el-yurt degani. Seni uchovoraga qo‘shgan el, yetti pushting xoki yotgan yerdan uzoqlashma. Og‘ochidan ayrilgan shoxning qismati shamolning ixtiyorida bo‘ladi…
Sibir surgunidan qaytar ekan, qozoq dashtlarida suvsiz qolib, ichi kuyib ketgan, eski ko‘rpa parchasi va rangi o‘chib ketgan sholchani ustiga kiyim o‘rnida o‘rab, ip bilan chatib olgan, bir ahvolda qishloqqa qaytgan bobom mulla Qobul ham xuddi shu Devqo‘rg‘onga to‘xtab dam olganlar. Bir amallab qishloqqa yetib kelgach, Oyqorning muzidan keltirib, ko‘kragiga qo‘yganicha, muz solingan suv ichib, to‘qqiz kun yashaganlar. Shodmon o‘ris boshchiligidagi to‘rt kishi tong saharda bobomni olib ketganlarida tirik yetim qolgan uch bola otasi orqasidan zor qaqshab yig‘lab Devqo‘rg‘onga qadar ergashib kelgan…
Dadam otalari haqida so‘zlay olmas edilar. Bu haqda gap ochishlari bilan ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lib, so‘zlari bo‘g‘zida turib qolar, ko‘z yoshlarini artgancha, g‘ilt-g‘ilt yurinardilar. Otam otalarini qalblariga ko‘mgan edilar…
Kechmishning og‘ir va qayg‘uli xotirasini yelkalagancha Devqo‘rg‘onga chiqaman. Bobolarim va otam tikilgan sayhonliklarga, qir adirlarga sog‘inch va armon bilan termilaman.
Devqo‘rg‘ondan to‘rt taraf kaftdek ko‘zga tashlanadi. Zarafshondan ajralib Sangzorga quyiladigan Tuyatortar irmog‘ining kun botishida ko‘pchib yotgan Taypoqsoy dalalari. Etakda bug‘doyi belga uradigan G‘allakon adirlari. Hayotning o‘tkinchi va davomiyligini ta’kidlagandek Sangzor buralib oqadi.
Kunchiqishda olisdan qora tasma kabi G‘allakonni O‘smat bilan bog‘laydigan yo‘l ko‘zga tashlanadi. Yo‘l boshida bir ulovli kishi O‘smat tomon kelardi. Egasining atrofida gir aylanib o‘ynab chopayotgan it tepaliklarga otilib chiqar va sakragancha qaytib tushar edi.
Bu qadrdon ko‘rinishga tikilgancha uzoq o‘tirdim. Ko‘z oldimizda jonlangan bu manzara bolaligimda qalbim va xotiramda chizilgan surat edi.
Itini ergashtirib Oyqor tomon ketayotgan kishi esa kecha hasratidan chang chiqqan jo‘ram Uzoq cho‘pon edi. Kechagina ko‘rib dardlashgan bo‘lsam-da, uni sog‘inib qolibman. Yoniga uchib borib bag‘rimga bosib quchoqlagim, bolaligimiz izi qolgan adirlarni to‘ldirib, o‘kirib yig‘lagim kelardi.
Havo ochiq. Shafaq rangiga kirgan bog‘lar yaproqlarini to‘kib, istirohatga hozirlik ko‘rar, quyosh ilmiliq nurlarini yer tomon zo‘rg‘a uzatayotgandek. Yangi qor tushgan Oyqor qoyalari ham o‘ranib uyquga hozirlangan ayiqdek horg‘in uzangan. Cho‘qqilarni siypalab, turli shakllarga kirgan bulutlar kunchiqish tomon erinibgina suzar, barqut archazorlarini bag‘riga bosgan tog‘ vodiyga g‘amgin boqardi.
Borliqni og‘ushiga olgan kuz qahraton qish kelishidan bexabardek zaminni ilk bahor rangiga bo‘yar, janub tomon uchmoqqa kechikkan turnalar qureylashgancha issiq o‘lkalar sari qanot qoqishardi.
Dastlab qaldirg‘ochlar, so‘ngra laylaklar, nihoyat, turnalar yozlik manzillarini tark etadilar. Ular o‘rnini qishdan darak berib, chug‘urchiq, mayna va qarg‘alar egallaydi.
Kuz shamoli olib kelgan dilni qitiqlovchi sarin bo‘y ko‘klam nafasiga o‘xshardi…
IV
Qish ichi qishloqqa o‘tolmadim. Navro‘zda borganimda odatdagidek qishloq aylanib, Uzoq jo‘raning uyiga bosh suqdim. Bir ko‘ylak xotini Buvinor bizdan ikki sinf pastda o‘qirdi. Tashrifimdan suyungani bois o‘tqizarga joy topolmay qoldi. Partibiyron bo‘lib choy damladi. O‘rmakda to‘qigan antiqa dasturxonga tegirmon unidan qilingan, endi tandirdan uzilgan, bolalikning qadrdon hidi anqib turgan to‘rtta non qo‘ydi. Qand-qurs olib chiqdi. Hol-ahvol so‘rashgach, hisobot bergandek so‘z boshladi.
– Tog‘voy cho‘pon kelib jo‘rangizni qo‘yarda-qo‘ymay yana olib ketdi. Ishda shunday past-baland gaplar bo‘ladi-da, jo‘ra, bizdan o‘tgan bo‘lsa kechir dedi. O‘ziyam siqilib ketgandi, bechora. To‘rtta qo‘yni haydasa-haydamasa har kuni O‘rtaqirga bir chiqib keladi. Toqqa qarab damsar urib, ko‘zi yoshovlaydi. Oqto‘shni bolalariga o‘g‘illaring qarasa ham bo‘lar. Meni ishim emas ekan deydi. Ikki kun burun eski hokim Apsamat Bo‘tayup ham keluvdi. Ikki otar suruvi bor ekan. Bir suruvni olsin deb ketdi. Jo‘rangizning talabgori ko‘payib qoldi…
Buvinor bilan bolaligimizni eslab, ancha suhbatlashib o‘tirdik. Ertasi kuni usta Hamza tikkan toshtovonini sudrab, yelvagay to‘ni hilpillab, halloslagancha Uzoq jo‘raning o‘zi yetib keldi. Kulchatoy yeb gurunglashdik.
Cho‘ponlar alahsib, otarlar qo‘shilib ketganda suruvdagi ming chog‘li qo‘yu qo‘zini birorta to‘qliyu uloqni ham adashtirmay ajratadigan Uzoq dadamdan qolgan o‘ttizta qo‘yni bir u chakana, bir bu chakana otarga qo‘shib, boshi qotib yurgan tog‘begi ukam Sobirga cho‘pon tanlash borasida astoydil maslahat berardi.
– Cho‘pon degan qiybosqoq bilan qorbosqoqdan ehtiyot bo‘lmasa ishini mazasi bo‘lmaydi. Qiybosqoqda qo‘zi onasining ichida irib, issiqda pishib qoladi va o‘lik tug‘iladi. Bilasan-ku, qo‘tondi eski chalmasi ko‘mirdan zo‘r bo‘ladi. Suruvdi qo‘tonu qo‘radan tashqarida yotoqlatganda ham qiy to‘planib qoladigan chuqurroq joyga emas, yonaroq, shamolgaza joyga yotqizish kerak. Yonada qiy turmaydi. Qo‘ydi qiyidan quvurlardan keladigan gazdek zo‘r gaz chiqadi. Qo‘zini jinjak qilaveradi. Qorbosqoqda qo‘y qo‘zisidan ajralgani uchun so‘yishdan boshqa ilojing qolmaydi. Qalin qorda quyosh charaqlab turganida qo‘ylar yurolmay ko‘zi qamashib haykaldek qotib turib qoladi. Ko‘zini qor olib qo‘yadi. Qo‘y boqishdi o‘zi bo‘lmaydi, uka. Cho‘pondi yostig‘i tosh, ko‘rpasi qordan bo‘ganda, biri ikki bo‘ladi. Chorvani bilganga beru tepasida o‘zing tur. Bo‘lmasa o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi. Yomon cho‘pon bo‘ridan besh battar bo‘ladi. Jondor kuchi yetganini, cho‘pon jonivor esa tanlab yeydi. Cho‘ponning qo‘yi yuzga yetguncha, terisi m
ingga yetadi. Chorva bir sinsa, qirq yilda o‘ziga keladi…
– Aka, siz aytganingiz o‘tgan zamonlarda qolib ketgan. Hozirgi boylar kerak bo‘lsa bir kunda suruvini mingga yetkazadi, – Uzoq cho‘ponning gapini to‘g‘rilagan bo‘ladi Sobir tog‘begi. – Siz nima deb yuribsiz.
– Bu gapingiz ham to‘g‘ri, ukam Sobirjon. Endi siz o‘qigansiz-da, bizdan ko‘p bilasiz. Man sizga yana bir gapdi aytay. Yoshingdi oshiru molingdi yoshir deganday, qo‘yingizni sonini hech kimga aytmang. Barakasi qochadi. Endi, Sobirjon ukam, bu yoz bizdi suruvga Oyqorning yaxshi yeridan belat olib berasiz-da. Ko‘kqo‘tonni ko‘zlab yurgandim, eldan burun Bozorvoy egallabdi…
Suhbat qizigandan qizib, tongga qadar davom etdi…