No‘monjon Rahimjonov. Jimjit jolalar (qissa)

YO‘QChILIK QURSIN

To‘raqul shunday hikoya qilgandi:
Onam vafotidan keyin dadam cho‘kib qoldi. Har ikki gapining birida oyimni eslatib turadi. O‘kinchlari o‘rtangan ko‘nglimni o‘pirib ketgandek bo‘ladi. Keyingi paytda esa xayoli parishon odat chiqardi. Sukut saqlab uzoq vaqt o‘yga tolib qoladi. Ancha fursat o‘tgach, nimanidir eslagandek, judayam zarur gapi qolib ketadigandek qo‘qqisdan shikasta ovozda gap boshlaydi.
– Opangni uyi notinch bo‘lsayam, boshida eri bor. Borniki bejolik, yo‘qniki nochorlik. Ro‘zg‘ori but… Endi, farzand ko‘rishsa, chaqaloqqa girgitton bo‘lib, janjallari ham barham toparmidi?
Gap aylanib, menga taqalishini bilaman. Eski shahar bozoridagi yoymachilikda o‘zimga tegishli supradek joy bor; eski-tuski, temir-tersak sotaman.
Dadam, gap ko‘p, umr oz, degandek xira tortgan ko‘zlarini mendan uzib, uzoq tin oladi. Keyin har doimgi savolini qaytaradi:
– O‘zingni ishing qanaqa? Yoymada ul-bul o‘tib turibdimi? Hali pattachi, hali uchastkovoy, degandek “quv-quv” yo‘qmi, ishqilib? Zora, biring ikki bo‘lib, pensiyamga qo‘shsak, yig‘ilarmidi, deyman-da. Seni uylashga yetsa koshkiydi, bolam.
Dadam avvalgidek kesib-kesib gapirmaydi, keksalik – xastalik ekan, meni sindirib qo‘ydi, deydi. Yaqindan beri har ikki so‘zida qo‘li kaltalik haqida bir nimalar deydigan bo‘lib qoldi. Sovuq jimlikni dadamning siniq ovozi buzdi.
– Kambag‘allik bedavo kasallik ekan, bolam. Odamni tiriklay yer yutibdi, degan gaplarni ko‘p eshitardim. Aslida, odamxo‘r botqoq bu – qashshoqlik ekan…
Shu payt ko‘cha eshigi taraqlab ochildi. Supadagi ezgin suhbatimiz bo‘lindi. Dadam cho‘chib tushdi, ters o‘girilib orqasiga qaradi. Ko‘zlari tikchaygan quda xola, ortidan ko‘zini yerdan uzmay kesak sanagancha xomush opam hovliga kirib kelishdi.
Dadamning yuzidagi ma’yuslik o‘rnini tashvish egalladi. Quti o‘chib, “obbo, bir baloni boshlab kelmayotgan bo‘lsin-da”, dedi pichirlab. Dadam ikkimiz shart o‘rnimizdan turib, peshvoz taraddudlandik. Quda xola salomimga alik ham olmadi. Supaga yaqin ham yo‘lamadi. “He” yo‘q, “be” yo‘q, tomdan tarasha tushgandek gap boshladi:
– Bu, deyman, qizingizni qaysi devorning kavagida katta qilgansiz?
Dadamning ko‘zlari kichrayib, qovog‘i “pir-pir” ucha boshladi. Jahli chiqsa shunaqa, o‘zini bazo‘r tutadi, ko‘zlari qisilib, soqolini tutamlashga tushadi.
– Nima gap o‘zi? Qanaqa aybli ish qilib qo‘ydi? Mundoq yotig‘i bilan tushuntiring!
Quda xolaning tanglayi tepki bilan ko‘tarilganmi, ovozini baralla qo‘yib diydiyosini boshladi:
– Hah, ko‘rmaganni ko‘rgani qursin-a. Kelin degan chimxo‘r bo‘lardi. To‘ydim deyishni bilmaydi-ya. Nafsi o‘pqon. Yeb to‘ymagan, yalab to‘yarmidi? Qozonni qatirmochiniyam yulduz ko‘rsatmaydi.
Opam yerga kirib ketgandek kichrayib mushtdekkina bo‘lib qolgandi. Boshiga gurzi tushgandek garangsib bir dadamga, bir menga, bir quda xolaga javdirab qaraydi.
– Yo‘q, unaqamas, yolg‘on! – deya oldi nochor ohangda.
Kattalarga gap qaytarish gunohi azim, deyishgan bo‘lsa kerak-da, opam yukinib, yutinib, zo‘rg‘a tili aylangandi. Sezib turibman, dadam portlab ketgudek edi, o‘zini qil uchida tutib turardi.
– Unaqa emasdir, quda, – dedi so‘lish tortib, ich-ichidan zil ketdi. – Juda oshirib yubormayapsizmi?
– Sepli kelin – epli kelin, deyishguvchi edi, – quda xola falsafa so‘qishga tushdi. – Aslida, baxtini eplab ushlab qolish sepining qo‘lida. O‘zi, qizingiz kelin bo‘lib tushganda qurib-qaqshab uyimga kirib kelgandi. Yo‘g‘ini bor qilib o‘rab-chirmab olgandim.
Dadam quda xolaning beandishaligidan qizarib bo‘g‘riqib ketgandi. Jahli alangalanib borayotganidan har bir so‘zi o‘t sochguday charsillay boshladi.
– Banda bergani ko‘rimli, Xudo bergani to‘yimli. Ishqilib, Xudoyim beraridan qismasin, quda. Kam-ko‘sti bitib ketaveradi. Er-xotin qo‘sh ho‘kiz. Yo‘g‘ingizni yo‘ndirib berishadi. Hali hammasi oldinda. Xudoyim ikkovining yulduzini bir-biriga to‘g‘rilagani rost bo‘lsin. Uvali-juvali bo‘lib, qo‘sha qarishsin.
Quda xola yalpaydi:
– Bir ko‘rishdayoq qizingizni yoqtirib qolibdi-da, o‘g‘lim tushmagur. Asli, ordonagina qolsin, shu yoqtirishi ham. Yigit kishi nimaniyam bilardi. Uylanadigan yoshda dimog‘i tom bitadi-qoladi, yo‘qsa, tezakni burnini tagida tutatsang, atirgulni isi deb qabul qilarmidi?
Dadam uzoq jim qoldi. Keyin, o‘zini-o‘zi koyigandek judayam shikasta silqindi.
– Ayb manda, teng-tengi bilan, deyishguvchi edi. Ikki yosh bir-birini yoqtiribdi-yu, deb rozi bo‘laveribman-a. Asli, loyimiz boshqa-boshqa joydan olib qorilgan ekan…
Opamni bir oy tinib-tinchib o‘tirganini eslay olmayman. Quda xolaning shallaqiligi yetmagandek pochchamizni ham, akashak bo‘lgur, qo‘li chiqib qoldi. Oyda bir-ikki kaltak yeb, yuzining biron joyini ko‘kartirib yo momataloq qilib keladi. Uch-to‘rt kun o‘tib, xiyol o‘ziga kelgach, dadam olib borib qo‘yib keladi. Andishaga boradi, falonchini qizi qaytib kelibdi, deyishsa, mahalla-ko‘yda nima degan odam bo‘ldim, deya dardini ichiga yutadi. Oxiri…
Asr namozidan keyin ota-bola endi choyga o‘tirgan edik, eshigimiz oldiga mashina kelib to‘xtadi. Yugurib borib ochdim. Ikki kishi opamni mashinadan ko‘tarib chiqib, ayvonga yotqizishdi. Otamga yuzlanishdi: “Xudoni irodasi. Palakat-da… Ajalni aritish banda ixtiyoridan tashqarida ekan…”
Erga qarab, bitta-bitta yurib chiqib ketishdi. O‘q zahri-og‘rig‘i tekkandan ancha o‘tib bilinganidek ko‘cha eshigi yopilgach, dadam bilan baravar ayvonga otildik. Opamning tomog‘iga botgan arqon izlarini ko‘rdim-u, “shilq” etib, cho‘kkalab qoldim. Dadam o‘krab yig‘lab yubordi:
– Yo‘qchilik qursin, qizim. Yo‘qchilikning kasriga qolding. Kambag‘allik boshingga yetdi.
Dadamning duv-duv ko‘zyoshlari oppoq soqolini siypalab yuva boshladi. Yelkasi titrar, boshini chayqab-chayqab, kaftlarini tizzalariga shapatilab urar, vujudi lov-lov yonardi:
– Afsus-afsus… Voy, bolam-a… Ko‘rgiliging shumidi-a… Sho‘rlik qizim… Noshud otangni kechir, bolam! Baxtingni butun qilolmadim. Bilmay qolibman, zamona zo‘rniki, tomosha ko‘rniki ekan… Zorimiz bor-u, zo‘rimiz yo‘q. Xudoga soldim…
Dadamning ovozi chiqmay qoldi, cho‘nqayib o‘tirgancha jim qotdi. Engasha borib, opamni yoniga jimgina bosh qo‘ydi. Karaxtlikdan o‘zimga kelganda dadamning ko‘zlari yumilgan, qo‘l-oyog‘i sovib qolgandi.
Ertasi kuni bomdod namoziga uyimizdan bir yo‘la ikkita mayit chiqdi. Dadam bilan opamni oyimning ikki yoniga qo‘ydim.

DARAXTLAR TIK TURIB O‘LARKAN…

To‘raqulning otasi dov-daraxt tilini biladigan, sirlashib so‘zlashadigan bog‘bon edi. Bir burda hovlisiga shig‘il gilos ekkandi. Ayni hosilga kirgan larzon mahali. Boqiy dunyoga rixlat etdi-yu, giloslar ham birin-sirin quriy boshladi. Otasining yili o‘tguncha hovlisi tik turib o‘layotgan daraxtlarga to‘lib ketdi. Shundoqqina ko‘zi o‘ngida ko‘m-ko‘k barg­lari sarg‘ayib, qovjirab ado bo‘lardi. Qo‘ni-qo‘shniyu uzoq-yaqinning og‘zi tegib turardi-da. Bola-baqrani-ku, qo‘yaverasiz, gilos pishig‘i oyoqlamaguncha oyoqlari yer iskamasdi.
Daraxtlar sim-sim yig‘ladi. Mukka tushib, yuzini odamlardan yashirib, yerga yuztuban gursillab yiqilib uvvos tortdi. Faqat ko‘zyoshlarini odamlardan yashirardi. Ko‘kragini tuproqqa berib, yum-yum yig‘ladi, achchiq-achchiq nola chekdi. Tushlarini bir umr yerosti sizot suvlariga aytib kelgandi. Endilikda jigaridan silqigan dardlarini tuproqqa topshirardi.
Daraxtlar ham ichikarkan-da? Achchiq ayriliq, qattiq sog‘inch daraxtlarni ham ich-ichidan kemirib, ilvillatib qo‘ydi, shekilli. Gilos daraxtlari tik turib qovjirardi, jizg‘anak tortardi. O‘zini olovga topshirardi.

O‘ZIMNI UShLAB TURIBMAN

To‘raqul ulug‘sifat ko‘rinish uchunmi, soch-soqolini qirtishlamay qo‘yganiga ham ancha bo‘ldi. Bozorchi sheriklari selkillagan to‘rva soqoliga ishora qilib, bir gal “Rasputin” desa, yana allakimlar “Marksning xuddi o‘zi bo‘psan”, deydi. Ularning kimligini bilmasa ham katta odamlar bo‘lsa kerak-da, deb ichidan semirib, hemralib qo‘yadi.
Bugun ham havorang “Aygen” yelim xaltasini qo‘ltiqlab “ishi”ga oshiqib ketayotgan edi. Katta bozor darvozasining chap biqinidagi yapasqi tosh mening ish joyim, deydi o‘zi. Asfalt yo‘lkadan bir-ikki qarich baland bo‘lgani boismi, “To‘raqulning taxti”, deydi sheriklari. Sababi, “xodovoy”, gavjum joy. O‘tgan ham, ketgan ham bir nima tashlab o‘tadi. Tong sahardan qosh qorayguncha shu “taxti”dan tushmay tilanchilik qiladi. Ertaroq kelib o‘tirib olmasa, joyiga ishqiboz gadoylar ko‘p. Keyin buldozer bilan surib bo‘lsa ham ularni egallagan joyidan ko‘chira olmaysan.
Anchagina uniqqan qiyiqchasi bor. Yuz-qo‘lini artadigan sochig‘iyam, yegulik ul-bul topsa, dasturxoni ham shu. Qiyiqchani oldiga yozib qo‘yadi. U ikkala ochiq kaftlarini eslatadi. Ko‘zlarini g‘ira-shira ochib-yumib, bolaligida bobosidan eshitgan, har kuni ming marta takrorlayverganidan yod bo‘lib ketgan xirgoyisini boshlaydi. Lekin nimagadir ovozini balandlatishdan cho‘chiydi. So‘zlarini yalab-yamlab, eshitilar-eshitilmas ovoz chiqaradi.

Peshonangda neki borin ko‘rarsan,
Xom sut emgan, ey banda.
Otda chopding, yayov qolding, oshiqma,
Borar manziling qayda?
Qul bo‘lma-yo, qul bo‘lma,
Hey-yo, ho, yoronlar.

To‘raqul xayollariga mast, elanib ketayotgan edi. Sochlari yelkasini enlagan muxbir qiz yo‘lini to‘sib, qo‘lidagi mikrofonni og‘ziga tutdi:
– Amaki, bugun kashandalikka qarshi kurash kuni. Siz sigareta chekasizmi?
– Chekkanda qandoq. Popiris tugul nasvoy ham chekaman.
Gapini tasdiqlagandek nosqovog‘ini qo‘liga olib ko‘rsatdi.
– Qachondan beri chekasiz?
– Dadam bilan popukdek opamni bir kunda yerga qo‘ydim. Dardni aritar deb o‘shanda boshlaganman. Yana kun chiqardan kun botargacha tik oyoqdaman. Besh vaqt namozni o‘qiy olmadim, ro‘zani ham tutolmaganimdan beri chekishim ortdi. Endilikda aroq ichadigan bo‘ldim. O‘g‘irlikni ham ko‘nglim tusab turibdi. Yo‘lto‘sarlik qilsammikan, degan niyatim ham yo‘q emas. Faqat o‘zimni ushlab turibman.
Muxbir qiz boshqa savol bermadi. Rangi o‘zgarib nari ketdi.
To‘raqul tutoqib ketdi:
– He, savollaring bilan qo‘shmozor bo‘l. Nega ko‘nglimni titkilaysan? O‘rtangan ko‘nglimga nega o‘t qalaysan? Nega dardimni dasturxon qilasan, alvasti?

BAQATERAK

To‘raqul paxsadan qurilgan bir uy, bir dahlizli bo‘yradek hovlida yolg‘iz yashaydi. Pul sarflab qorin to‘ydirganini, engil-bosh sotib olganini hech kim ko‘rmagan, o‘zi ham eslay olmaydi. Kunduzi bozorda birda yuk tashib pul topsa, qaytishda eshikma-eshik yurib tilanchilik qiladi, osh-non so‘raydi. Kimdir pul-mul, bitta-yarimta non chiqarib beradi. Ora-sira eski-tuski kiyim ham berib qolishadi. Fikri-zikri pul to‘plashda. To‘plab… orzuli dunyo ekan-da, bu kunidan ko‘ra oxiratdan umidi katta. Jannat ariqlaridan oqqan sutdan, sharbatdan ichib, shirin-shakar mevalardan totib, huru g‘ilmonlar orasida bo‘lishni orzu qiladi. Juma namozida imom jannat haqida so‘z ochgudek bo‘lsa, tani-joni quloqqa aylanadi.
Qancha ko‘p savob ish qilsang, jannatga yetishish shunchalik osonlasharkan, degan gap unga qanot bag‘ishlaydi. O‘zini osmonu falakda uchib ketayotgandek, jannat ostonasiga yetib qolgandek his qiladi. Faqat bexarajat bo‘lsa-da… Xarajatga sira-sira tobi yo‘q. Mabodo, cho‘ntagidan pul chiqarsa, jon rishtasi “chirt” uzilgandek, ichi bo‘m-bo‘sh, huvullab qolgandek bo‘ladi. Shunday asnolarda ichidagi odami qo‘qqisdan bosh ko‘taradi: “Hamma narsaga pul sarflayverasanmi, galvars, tekini yo‘q ekanmi?” Shu zahoti kissasiga suqilgan qo‘li taqa-taq to‘xtaydi.
Ko‘chat ekish koni savob ekanligini eshitgach, To‘raqulning oromi buzildi. “Parnik”chilar qurigan daraxtlarni ildiz-pildizi bilan qo‘porib olib ketgach, hovlisi cho‘lga o‘xshab qolgandi. Zarang, ship-shiydam hovlisini yumshatib ko‘chat eksa, g‘ijir-g‘ijir savob tagida qolib ketadi. Qo‘shnisidan belkurak olib chiqib taqir yerni o‘yishga tutindi. Mevali daraxt ko‘chatlarini qidira boshladi. Ko‘chat ko‘p, lekin… tekinga kim ham berardi. Devonaning ishini o‘zi qo‘llabdi, deyishgani shu-da. Ko‘chama-ko‘cha eshik sanab tilanchilikda yurgan kunlarining birida buzilgan hovliga kelib qoldi. Qiyshayib, ildizi ochilib qolgan xivichday niholga ko‘zi tushdi. Qattiqroq tortgan edi, o‘q ildizi bilan sug‘urilib chiqdi. Zing‘illab olib kelib hovlisiga ekdi. Ko‘chat atrofiga doira pushta tortdi, sug‘ordi.
Ko‘chatga mehri orta bordi. Kunora suv quyadi, chakichlagandek tagini yumshatadi. Endi besh vaqt namozini ham uyda o‘qiydigan bo‘ldi. Aylansayam, o‘rgilsayam ko‘chatiga girgitton. Uzoq-yaqinda hayallab qolmaydi, oyog‘ini qo‘liga olib uyiga uchib keladi. Ostona hatlab hovlisiga kirgan zahoti ko‘chatdan xabar oladi. To‘raqulning paypaslashiga yarasha azbaroyi soat sayin, kun sayin gurkirab o‘sdi. Chiviqday tanasi dastlab bashmaldoqdek, so‘ngra ketmon dastasidek va yana keyin boldirday yo‘g‘onlashdi, eniga to‘lishib, bo‘yiga cho‘zildi. Oradan uch-to‘rt yil o‘tdi, ayni nishona qiladigan paytda barglari so‘lish tortib sarg‘aygandek tuyuldi. To‘raqulning ichi achishib, xavotirga tushdi. Devor-darmiyon qo‘shnisi Qambarali podachini chaqirib chiqdi.
Umrida birinchi marta uyiga odam chaqirishi, begona odam oyog‘i ilk bor hovlisida yer iskashi edi. Qambarali kirar-kirmas ko‘zlari alang-jalang bo‘lib ketdi. Umrida daraxt ko‘rmagandek goh ko‘chatga, goh endigina ko‘rib turgandek To‘raqulga tikiladi.
Ko‘chat savlatli daraxt nuqsini olgan. Ko‘kimtir tanasidagi po‘stloq yoriqlari ora-sira to‘qsariq tusga kirayotgandi. Odatda chinor tanasi ko‘ng‘ir tusga moyil, barglari shapaloqday-shapaloqday bo‘lardi. Qayrag‘ochning qobig‘i qoramtir esa-da, palaxsa-palaxsa po‘sti jigarrangga qorishib ketardi. Buning barglari g‘alati, uch-uchidan qaychilangandek. Uzoq tikildi, lekin navini aniqlolmadi. To‘raqulning dilini xira qilmaslik uchun “g‘iq” etib og‘iz ochmadi. O‘rgimchak oppoq to‘r tashlagani bois daraxt barg­lari nafas ololmay qovjiray boshlagan edi. Ildiziga qurt tushmasligi uchun o‘g‘itlash, dori sepib barglarini o‘rgimchak to‘ridan halos qilish lozimligini aytdi, yo‘qsa, qurib qoladi, deb maslahat berdi.
– Uch-to‘rt so‘m sarflamasangiz iloji yo‘q, shuncha mehnatingiz uvol bo‘ladi-ya.
To‘raqulni elektr toki urgandek qo‘l-oyog‘i zirillab bir siltanib tushdi. Lekin jannatga yetishish ishtiyoqi ustunlik qildi. Joni yetti joyidan uzilib ketsa-da, qurtga qarshi o‘g‘it sotib oldi, ildiziga soldirdi, o‘rgimchakka qarshi dori septirdi. Shu kuni ko‘ngli taskin topib tush ko‘rdi. Farishtalar qanot qoqib daraxt atrofida uchib yurgan emish, savat-savat mevalarni odamlarga tarqatayotganmish. Qancha ko‘p ehson qilsa, savatlari shuncha tez to‘larmish. “Mevasi larzon daraxtni To‘raqul ekkan, baraka topsin, niyatiga yetsin”, degan duolar eshitilarmish. Shu mahal bulutlarga to‘sh urgan daraxt shoxida ilinib turgan kalit sirg‘alib-sirg‘alib pastga tushayotganmish. “Bu senga, jannat eshigining kaliti, tutib ol”, dermish kimdir. To‘raqul ikkala hovuchini ochdi, kalit barmoqlari orasidan qumdek shuvillab o‘tib ketdi. Oyoqlari ostiga “do‘q” etib tushdi. Qarasa, dumalab-dumalab o‘zidan uzoqlashayotgan emish. Yuragini hovuchlab o‘zini otdi, endi tutay degandi, gursillab yiqildi, uyg‘onib ketdi…
To‘raqul birov bilib qolmasin, degandek eshitilar-eshitilmas “shukur, shukur”, deb qo‘ydi; uzoq pichirlab duo tilovat qilgach, kaftini yuziga tortdi. Ko‘chatga bo‘lgan muhabbati yanada ortdi.
“Ha-hu” demay ko‘chat haybatli daraxtga aylandi. Tanasi yo‘g‘onlashib ketganidan qulochi arang yetardi. Bir tarafga qiyshayganini hisobga olmaganda savlatidan odam hurkiydi. Lekin hosildan darak yo‘q. Bittayam nishona qilmasa-ya, danakdek ham meva tugmasa-ya! Qo‘shnilardan kimdir, “e, bu baqaterak-ku, unda meva nima qilsin”, deganda hamma umidlari chilparchin bo‘ldi. Tushida ko‘rgan mevalari yerga sochilib, tuproqqa qorishdi. Ko‘zlariga “g‘ilt-g‘ilt” yosh qalqdi. Qaddi-basti bukchaygandek sezdi o‘zini. Dodlab, o‘kirib yig‘lagisi keldi. Sarf-xarajatlarini kim qoplaydi, savobni-chi, savobni kim beradi?
Og‘ir o‘ylar girdobida uxlab qoldi. Yana tush ko‘rdi. Yozning jazirama issig‘ida tumonat odam daraxt soyasida rohatlanib o‘tirgan emish. Yana ming-minglab odam o‘zini soyaga urayotganmish. Boshi osmonga yetgan daraxt soyasiga kelayotgan odamlarning keti uzilmasmish. Qo‘llarini ochib duo qilishayotgan emish: “Bu, baraka topgur To‘raqulning daraxti, nega o‘zi ko‘rinmaydi”, deyishayotganmish. To‘raqul ham ko‘pchilik qatori qo‘lini duoga ochdi. Endi yuziga tortaman, deganda qop-qora ko‘lanka daraxtdan uzilib tushdi. Hovuchini to‘ldirib yonboshlab yotib oldi. “Muncha og‘ir, zil-zambil-a”, degan o‘y xayolidan kechdi. Qo‘llarini silkitib, itqitib yubormoqchi bo‘ldi. Kaftidan uzilmadi. Qaytaga tobora kattalashib, yelkasi osha butkul tanasini bosib borardi. “Hay, kim bor, manovi kasofatdan qutqaringlar”, deya jon holatda tipirchilay boshladi. Na qo‘lida, na oyog‘ida majoli bor. Endi ko‘lanka g‘o‘dayib yelkasiga chiqib olgandi. Uni ezib-ezg‘ilab yerga qapishtirib borardi. Ayyuhannos solib baqira boshladi: “Voy dod, qutqaringlar, ko‘lankani dastidan dod, o‘ldirib qo‘yadi”. Lekin ovozi ichida bo‘g‘ilib o‘lib qolgandi, tashqariga eshitilmadi.
To‘raqul bosinqirab, cho‘chib uyg‘ondi. Jiqqa terga botgandi. Boshini ko‘tardi. Hovlisidan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar eshitilayotgandi.
– Qo‘shni, hoy qo‘shni, uydamisiz?
Bu Qambarali podachining tanish tovushi. Qo‘shnilar bilan qo‘l olib ko‘rishgan bo‘ldi. Haliyam tush ta’siridan xalos bo‘lolmagandi. Boshi karaxt, ko‘ngli g‘ash. Bir tomonga qiyshaygan baqaterak uch-to‘rt xonadonga xavf solib soya tashlab turardi. Og‘irligidan ildiz-pildizi bilan qulasa bormi… Xudo asrasin-a! To‘raqul qo‘shnilarning muddaosini darrov fahmladi. Baqaterakning ichi g‘ovak-po‘k bo‘ladi. Qattiqroq shamol ko‘tarilsa bormi, chayqalib og‘irligini ko‘tarolmay karch uzilib tushishi hech gapmas. Xatarning oldini olish tashvishi qo‘shnilarni bu yerga boshlab kelgandi.
– Daraxt ekib ko‘p savob ish qilgansiz-da, qo‘shni, – salmoqlanib gap boshladi Qambarali. Lekin baqaterak deyishga nimagadir botinmadi, tili bormadi. – O‘tirsang soyasidan, o‘tin qilib yoqsang issig‘idan bahra olasan. Savobiga yarasha ancha-muncha puliyam bor. “Parnik”chilar shox-shabbasigacha butab, kesib, saranjomlab olishadi, xizmatiyam, xarajatiyam o‘zidan. Bahorda bir juft xurmo ko‘chatiniyam ekib berishadi.
Savob bilan pul daragini eshitgach, To‘raqulning ichi yorishib ketdi.
– Mayli, – dedi dadillanib – Daraxtning boshi ochiq, savdosi o‘zi bilan….

PISMIQ

To‘raqulning olis tog‘ qishlog‘idan tog‘asi yo‘qlab keldi. Katta shaharda yolg‘izlanib chaqilib qopsan, jiyan, yur ketdik, jigarlaring orasida o‘zingga kelib qolarsan, deb qishlog‘iga olib ketdi. Teng-tengi bilan, degandek o‘zidek sag‘ir qizga uylab qo‘ydi.
To‘raqul shahar hidiga o‘rgangan emasmi, qishloqda uzoq qololmadi. Oyog‘i orqasiga tortaverdi. Nima bo‘lsa ham tug‘ilib o‘sgan joyi, ko‘ngli eski mahallasiga chopaverdi. Uzoqdagi quyruqdan yaqindagi o‘pka yaxshi degandek shahar uyiga qaytdi.
Mahalladagilar To‘raqulni “non yemas”, “el bo‘lmas”, “pismiq”, “odamovi” va yana nima balolar deyishmaydi. Bir qancha laqab orttirgan. Nimalar deb to‘ng‘illashmasin, To‘raqul o‘zini eshitmaganlikka oladi. Lom-mim deb og‘iz ochmay, ishshayib qo‘yadi. Norozilikmi, jahlmi, e’tirozmi – anglolmaysan.
Qiyin-qiyin, xotiniga qiyin. Sho‘rlik, ko‘nikib ketdi. Undan chiqib qayoqqayam bordim, deydi mung‘ayib. Urmasa, so‘kmasa, ichib kelib to‘polon qilmasa, vaqti-bevaqt ovqating sho‘r, maza-matrasiz, jiri-jirdoni yo‘q, deb janjal ko‘tarmasa… Shunday xayolga beriladi-yu, lekin ko‘nglining bir chekkasida g‘ashlik, xavotir bor. Baribir, erini tushunmaydi. Birda bo‘lmasa birda tiliyam, qo‘liyam chiqib qoladi, deya yuragi halak. Rosti, birdan-bir aybi – indamasligi. Hammadan o‘zini olib qochadi. Uydayam, ikki-uch odamni orasiga kirsayam nimadandir qimtinib, begonasirab turadi. O‘z xonadoniga ham suratdek kirib, suratdek chiqadi.
To‘raqul odamlarga qo‘shila olmay yotsirab yurganidan o‘ziyam o‘ng‘aysizlanadi. Lekin chorasini topolmaydi, “nega shunaqa”, deya jo‘yali o‘ylab ko‘rishga esa erinadi.
Xotini ham eriga ilimiliq. Yomon deyishga tili bormaydi. Haqi ketib qoladigandek yaxshi ham deyolmaydi. Peshonam ekan-da, deydi og‘ir tin olib. Ha, darvoqe, ovozi qanaqaligini ham tayin-tiyiq bilmaydi. Biron marta ovozini balandlatmagan bo‘lsa, o‘dag‘aylamasa, do‘q-po‘pisa qilmasa. Hozir, nimalardir elas-elas esiga tushdi. To‘raqul jilla qursa biron marta darg‘azab tutoqmagan, sevinchi ichiga sig‘may qiyqirmagan. Ajabo, jahli chiqqanda eri qanaqa qiyofaga kirarkin? Shodlansa-chi? Quvonchini qanday izhor qilarkin? Birga kechgan yillarini eslarkan, fe’li-atvori birin-sirin ko‘z o‘ngidan o‘ta boshladi.
Tavba, biror marta xandon otib kulmabdi-ya. Piqirlab ham, qiqirlab ham qo‘ymabdi. Yuzim shudgorlangan daladek ajin bosib ketadi, tez qarib qolaman, deydi. Qarilikdan qo‘rqadi. Ajin – umrning egovi, deb biladi. Ko‘paysa, tashvishing ortadi. Haddan ziyod ortiqcha hayajon odamni ich-ichidan kemiradi, sog‘lig‘ini yemiradi, deydi.
Yana mast bo‘lib qolishdan qo‘rqadi. Hushyorxonaga tushsa, melisa “nega xurmachangga siqqanicha ichmaysan, xumpar” deya tepkilarkan, deb eshitgan. O‘sha vahima ikkala qulog‘idan kirib katta qo‘rquvga aylangan. Musht nimaligini tasavvur ham qilolmaydi. Panjalari biron marta musht bo‘lib tugilganmi-yo‘qmi, aniq esida yo‘q.
Biron yumush bilan nari-veriga yo‘li tushgudek bo‘lsa, yayov borib, yayov qaytadi. Avtobus ko‘chama-ko‘cha tentirab yurib odamni adashtirib ketadi, deb cho‘chiydi. O‘sha qo‘rquv hissi sababmikan, guzargami, do‘kongami chiqsa, yo‘lkani bir chekkasidan borib iziga qaytadi. Borishdayam-kelishdayam o‘ng qo‘ldan yurdim. Chetga chalg‘imadim, deydi.
– Voy, nega munaqasiz, – deydi xotini jizg‘anak tortib. – Judayam g‘alatisiz-a, shuncha birga turib tushunolmay g‘aflatda o‘tamanmi, deb xavotirdaman.
To‘raqul og‘ir so‘lish tortadi.
– Ichimda katta qo‘rquv bor, – deydi yutinib. – O‘shandan yomon qo‘rqaman. Muddaosi nima, bilolmayman… Qattiq qo‘rqqanimdan o‘zimni-o‘zim bilolmay qolaman… Qayoqdan ham bilarding… O‘zimni-o‘zim taniy olmay qolyapman-ku. O‘zimga qolsa, shunday bo‘lay debmanmi? Buyam Xudodanmikan, deb qo‘rqaman. Yana, qaydam…

ORZU, XAYoL, XAYoL…

To‘raqul mahallada chiqindi uyumlarini titib charchadi. Bugun kechikib chiqqani uchunmi, topgani bir quchoq qog‘ozu ikki o‘ram latta-putta bo‘ldi. Salqin joyga borib yonboshladi. Ko‘ngli g‘ash. Popiris tutatib, chuqur-chuqur nafas oldi. O‘ziga o‘xshash chiqindi titkilovchilar ko‘payib ketganidan nolib, kech chiqqani uchun o‘zini-o‘zi koyidi. Xayoli qochdi… Ko‘p qavatli binolar orasiga qurilgan chiqindixonaga qarasang, ko‘zing o‘ynaydi. Karton qog‘ozlarni gapirmasayam bo‘ladi. Antiqa ichimliklardan bo‘shagan shisha idishlar, alyumin yoki mis buyumlar, buzuq kolyaska yoki velosipedlar. Ularning orasida yaroqlisi qancha!
Kolyaskalardan birortasi qo‘liga tushib qolsa To‘raqul arava yasab olardi-ya! Arava rosa ish beradi-da, o‘ziyam! Bozorda yuk tashib, qadamida pul topardi. Lekin… u joyga yaqinlashib ko‘r-chi! Bozorda har qarich yerning egasi bor. Qaniydi, shunaqa joyga ishga o‘rnashib olsa, maosh bermasa ham ishlayverardi.
Orzu, xayol, xayol…
Xotinga og‘iz ochsa, baloga qoladi. “Engil-boshingni but qilishni o‘yla, yeb-ichish ham bir holatda. Qanaqa lavangsan, o‘zi?” Sensirab, odamni qora yer qiladi.
– Kar o‘zini ovutar, qo‘ltig‘ini sovutar, degandek haliyam xomxayollaringni qo‘ltiqlab yuribsanmi, – deydi bobillab. Mundoq yolchitib orzu qilishgayam qo‘ymaydi. Qandoq kunlarga qoldik…

BIR HOVUCh UShOQ

To‘raqul tushmagur, o‘ziga yetguncha g‘alamis. Tunov kuni ko‘chadan kelsa, xotini supadagi xontaxtaga yozug‘lik dasturxonni yig‘ishtirib olib gulzorga qoqayotgan ekan.
Tuppa-tuzuk kirib keluvdi-ya. Chehrasi ham ochiqqina edi. Birdan fe’li aynidi-qoldi. Nega ko‘ngli shunaqa xiralashib ketadi? O‘zini ko‘pda tushunmay qoladi. Qo‘qqisdan bir nima ichini kemirayotgandek bo‘ladi. Qitirlatib kovlayveradi, g‘ivir-g‘ivir cho‘qilayveradi. Nega shunaqa ekan, o‘ziniyam g‘ashi kelib, g‘ijinib, portlab ketay deydi. Ko‘kragini shartta ikkiga ajratib, ichiga biqinib olgan kemiruvchini ezg‘ilab-ezg‘ilab, burdalab tashlagisi keladi.
Chuvalchanggami, qurtgami o‘xshagan o‘sha ichkemar g‘ivirlab, o‘rmalab boshiga o‘tadi. Keyin mayda-mayda hujayralarni pista chaqqandek bitta-bitta terib yeya boshlaydi. Qitir-qitir tovushlar boshini teshib chiqib ketgudek zirqiratadi.
Hozir ham shunaqa bo‘ldi. Ostona hatlab hovliga kirar-kirmas xotinini ko‘rgan zahoti boshida og‘riq turdi. Ko‘ngli qisilib, fe’li aynidi-qoldi.
– Vey, molfahm, nega dasturxonni qoqasan? Uyni rizqini shunaqa qilib sovurasan-da. Non ushog‘ini terib, tolqon qilib qo‘ysang o‘lasanmi?
Xotini cho‘chib tushdi. To‘raqul yuzi-ko‘zi demay, aralash-quralash so‘kina boshladi:
– Nega birim ikki bo‘lmaydi desam, hamma ayb senda ekan. Endi bildim. Topganimni qurt-qumursqaga yedirib yotgan ekansan.
Xotinning ham avzoyi buzildi. To‘raqulga tegib nima ko‘rdi? Xudoni bergan kuni ahvol shu. Zahariga ichib kelsayam, ichmagandayam – bir go‘r. Kecha uyga kelmadi. Hushidan ketguncha ichgandan keyin, ikki qadam beridagi uyi­ni topib kelolarmidi?
To‘raqul g‘oz yurib supaga yaqinlashdi. Xotinning qo‘lidan dasturxonni yulib oldi. Munkib ketgan edi, qulochkashlab tushirib qoldi. Xotini chirqillagancha qoldi:
– Qo‘ling akashak bo‘lgur. Yana kuydirgan kalladek tirjayishiga o‘laymi?
To‘raqulning qulog‘iga gap kirmasdi. G‘uldiranib supaga chiqdi, bir nima deb so‘kindi-da, o‘zini ko‘rpachaga tashladi. Bir zum o‘tar-o‘tmas birda xurillagan, birda chiyillagan xurrak tovushi hovlini tutdi.
Xotini o‘tirib qoldi. Dabdurustdan ko‘zlaridan yosh tirqirab quyildi. Bu nima ko‘rgilik, bu nima hayot?! Ro‘zg‘orida nima bor, nima yo‘q, bilmasa. Nimaga, nimasiga ichadi? Alamidanmi, xorligidanmi, nimaga ichkilikka mukkasidan berilgan? Bu qanaqa odam o‘zi? Yo odam qiyofasidagi maxluqmi? Kim bilan yashayapti o‘zi?
Xotini ko‘zlaridan yum-yum yosh quyilar, savollar yurak-bag‘rini o‘rtar, kuydirar, javobsiz savollar izdihomida qovrilar, jizg‘anak o‘rtanar, adoyi tamom bo‘layotgandek yerga cho‘kib borardi.

IShONChNING O‘LIMI

Xayol qurg‘ur To‘raqulni ne-ne ko‘chalarga olib kirmaydi, qaytarib olib chiqmaydi, deysiz. Yo‘q, aslida nima bo‘lgandi, xayol ko‘chasida balo bormidi? To‘xta-to‘xta, sabr qil-chi. Shoshmasdan, bir chekkadan esla. Nima bo‘lgandi aslida? Boshidan boshlagin-chi!
Kecha “oq sigirning sutidan” ichganmidi-yo‘qmi? Bugun Qosim tarasha qo‘ymadi, “sariq sigirning sutidan” olmasak bo‘lmaydi, boshim tars yorilib ketyapti, dedi.
Endigina yo‘l chetidagi “taxtiga” chiqib, g‘ijimlangan lattadek shalvirab turuvdi. Zora o‘ziga kelsa, tiyraklashsa, dazmollangandek bujmaygan afti-angori ham epaqaga kelsa!
Bir krujka pivo ichgani esida, o‘libdimi unutib. Es-hushi joyida edi-ya. Keyin Qosim tarasha juft bo‘lsin, dedi. Yana ichishdi. Keyin yana bittadan sipqorishdi. Tag‘in “oq sigirni sutidan” aralashtirib yuborishdi, chog‘i. Tarasha bir shisha “oq sigirni sutidan” olib keldi. Ikki stakanga limmo-lim qilib quydi. “Qani, oldik, o‘ziyam davlat chizig‘idan bo‘ldi”, degani esida.
Ha, ha, keyin… Qulog‘iga dukur-dukur tovushlar elas-elas chalindi. Qop-qora, bahaybat ko‘lankalar ko‘z o‘ngidan lip-lip o‘ta boshladi. E-ha, esladi. Eslamay esini yebdimi! Dastlab, “tur o‘rningdan, yugur! Chop deyapman, mog‘or bosib yotaverasanmi?! Qani, kimga aytayapman? Tog‘misan yo guvalamisan, deganda o‘sha, bukir tog‘lar ham bitta gapini ikki qilmadi. Qaddi-bastini rostlagandek, og‘ir cho‘kkan nortuyadek bir silkinib oldi. Keyin mo‘ysafidlardek tizzasiga tayanib qaddini rostladi. Toychoqlardek dikir-dikir sakrab, chopib ketdi.
…Ana, tog‘lar haliyam chopib borayapti. Gumbur-gumbur, qaldir-quldur, guldur-guldur tovushlar elas-elas eshitiladi.
– Bo‘ldi, to‘xta! Endi, joyingga borib yot! Shaharda senlarga nima bor? Odamlar tinchini buzasan, uxlatmaysan! Tek tur joyingda! Bi-r-r tep-paman, o‘sha tog‘-pog‘ingga bor-rib tushasan.
To‘raqul quloqsiz, bevosh tog‘ni tepmoqchi bo‘lib sirmaldi, oyog‘ini ko‘targancha balchiqqa chalqancha yiqildi. Yer bilan osmonni enlagan, ko‘z oldini to‘sib turgan haybatli qop-qora tog‘ zumda g‘oyib bo‘ldi. Tog‘-tosh bir qop yong‘oqdek shaldir-shuldur shovqin ko‘tarib, qorong‘ilikka singib yo‘qoldi.
Sharillaganmi, shovullaganmi, shag‘illaganmi, anglab bo‘lmas g‘alati tovushlar qulog‘iga ilashdi. To‘raqulning jahli chiqdi, g‘azabi qaynadi. Qaysi betavfiq oromini buzadi? Halovatiga xalal beradigan kim u? Xiyla fursat o‘tar-o‘tmas endi ro‘parasida g‘ala-g‘ovur sharshara qo‘l qovushtirib qulluq qilgancha bosh egib turardi. Sharshara tilga kirgandek bo‘ldi:
– To‘raqul aka, siz o‘zimizni jigar bo‘lasiz-a.
To‘raqul yerdan ko‘zini uzib boshini ko‘tardi. Ko‘pik aralash, ustunga o‘xshash uzun bir narsa ro‘parasida tosh qotib tippa-tik turardi.
– Man sharsharaman. Bir og‘iz so‘zingiz, buyursangiz bas, taqa-taq to‘xtaymiz, daryo ham oqmay qo‘yadi.
To‘raqulning amirona ko‘ngli bir hapriqib tushdi. Ha, endi, aytganini yelib-yugurib bajarmasa, kimga kerak bu sharshara-yu, daryo degani. Oqib qayoqqayam borardi? Nima karomat ko‘rsatadi? Oqaveradi, oqaveradi, bir kuni yana qaytib keladi-da oldiga.
To‘raqul balchiqqa botib yotganicha g‘o‘ldiranib qo‘ydi. Ko‘ngli taskin topgandek, xiyla orom olgandek, kulala tushgan oyoqlarini uzatdi. Ko‘zlarini zo‘r-bazo‘r ochdi, boyagi oppoq sharshara haliyam ro‘parasida qimirlamay turardi. “Ha, ne-ne-ga g‘o‘d-dayib qolding”, demoqchi bo‘ldi-yu, lekin ovozi chiqmadi. Dami ichiga tushib ketganini o‘zi ham sezdi chog‘i, ovozini ko‘tardi:
– Ni-ma de-moqchisan?! Ti-la til-la-gingni!
Sharshara bir nima dedimi, demoqchimi, anglolmadi. Bo‘g‘iq shag‘illagan tovush bilan qattiq chinqiriq ovoz qo‘shilib, quloqlarini qomatga keltirdi. Oppoq sharshara ko‘ziga balodek ko‘rinib ketdi.
– Tinch qo‘yasanmi, yo‘qmi? – g‘udrandi To‘raqul. – Namuncha shang‘illaysan! Bir-r tep-pa-man…
To‘raqul oyoqlarini holsizgina qimirlatib qo‘ydi. Keyin balchiqda uzala tushib, ikki kaftini birlashtirib boshiga qo‘ydi-da, uyquga ketdi. Uzun simyog‘ochdagi chiroqdan tushib turgan ipdek ingichka yorug‘likda beton novdan jildirab oqqan ariq suvi sharshara bo‘lib ko‘rinib ketdi, shekilli.
To‘raqul sabr-qanoatini mujib-mujib yeb tugatdi. Ko‘ngli huvullagan hamyonidek bo‘m-bo‘sh, ship-shiydam. Kuni-kecha lovullab yongan o‘smirlik, yigitlik yulduzlari bitta-bitta so‘nib hovuchiga to‘kila boshladi. Endi ular bir paytlardagidek otashin emas, kuydirish tugul kaftini ham qizdirmayapti. U o‘ziga ishonchini yo‘qotgandi, “oq sigir”ni, “sariq sigirni sutidan” bo‘lak hamma narsaga qo‘l yuvib qo‘ltig‘iga urib qo‘ygandi. Ishonchini buklab-buklab jig‘ildoniga suqib qo‘ydi…

PEShONA TERI

To‘raqul peshonasidan terni sidirib tashladi. Marjon-marjon tomchilar ingichka barmoqlari orasidan silqib yerga tushdi. Oyoqlari ostida shishalar bir-biriga urilib shaqur-shuqur ovoz chiqargandek bo‘ldi. Mudroq, nursiz ko‘zlarini yaydoq daraxtdan uzib oyog‘i tagiga qadadi.
– Yo qudratingdan, yo karomatingdan… Bu ne mo‘jiza?
Holsiz nigohi dabdurustdan charaqlab ketdi. Ko‘zlari katta-katta ochildi. Shalviragan qo‘l-oyoqlariga kuch-quvvat yugurgandek bo‘ldi. Ko‘zlariga ishonmasdi. Qayta-qayta yumib ochdi. Yo‘q, rostga o‘xshaydi.
– Yo alhazar, tushimmi-o‘ngimmi?
To‘raqulning peshonasidan to‘kilgan no‘xatdek-no‘xatdek ter tomchilari yerga tushar-tushmas aroq to‘la shishalarga aylanib qolardi. Bitta emas, ikkitamas, besh-oltita, shekilli. Qator tizilgan, qilqillagan limmo-lim aroq shishalari gijinglagan toychoqdek bosh ko‘tarib g‘oz turardi. “Akang qarag‘ay, biz bo‘lamiz-da har qanaqa g‘um kallalarni epaqaga keltiradigan”, degandek shivirlab, imlagandek ham bo‘lyapti.
Haliyam To‘raqul akangni o‘zi zo‘r-da! To‘raqul akangni o‘zi katta xazina. Mana, o‘z ko‘zing bilan ko‘rib turibsan-a, peshonasidan tomgan ter aroqqa aylangandan keyin qolganini qo‘yaver. Qovog‘arini inidek g‘uvullayotgan boshini rostlab olsin, ana undan keyin ko‘rasan. Aqlman degani daryodek oqib kelsa bormi, jag‘i irvaygan xotini doim shunaqa javrasa-javrayversin, chakak uniki, o‘zi biladi. O‘sha, jag‘i ochilgan botinkasidan boshigacha pulga ko‘milib ketadi.
Toqqa chiqmasang do‘lona, jon koyitmasang jonona qayda, deyishgani rost. Mana, ter to‘kkan edi, aroqlar turna qator.
Shundoqqina qo‘lini uzatsa bas, yetadi. Tomog‘i ham qaqrab ketdi. Bitta istakanni to‘ldirib otib yuboradi. He-e, o‘qimagan-a. Erinmagan ekansan, istakanni yuq qilib o‘tirasanmi? Qopqog‘ini ochasan-u, shishani o‘zidan sipqorib qo‘yaqolasan-da. Ana, haqiqat!
Ha, darvoqe…. To‘raqul oyoqlari ostida tizilib turgan shishalardan bittasiga qo‘lini uzatdi. Shu payt… shu payt…. To‘raqul ko‘zini yaydoq daraxtdan uzib, oyoqlari ostiga qarashga ham ulgurmadi. Tippa-tik turgan daraxt soyasi birdaniga ariqqa yiqilib tushdi.
Hah, To‘raqul, To‘raqul-a, haliyam xomsan-da. Bu qo‘lmi yo kosovmi? Mahkamroq ushlasang bo‘lmaydimi? Bir shisha aroqniki ushlab qololmagan, ariqqa qulatib yuborgan qo‘l qo‘lmi?! Shartta chopib tashlasang ham joning achishmaydi. Hah, notavon, haqiqatni adoyi-tamom qilding-da! Qo‘lmish-a, qolgan shishalarni ham yumalatib yubordi-ya. Birin-sirin ariqqa qulab, suvga botib ketdi. Eh, shuncha haqiqatni suvga cho‘ktirib yubordi-ya. Endi kimning giribonidan tutadi?
To‘raqul qaddini rostlab balchiqdan turmoqchi edi, munkib ketdi, yuz tuban ariqqa quladi…

SOYa

To‘raqul suvi limmo-lim ariq yoqalab ketayotgan edi. Soyasi sirg‘ilib suvga tushib ketdi. Engil-boshi jiqqa ho‘l. Ta’bi xiralashdi. “Hey, soya bo‘lmay har narsa bo‘l-a, boshga bitgan balo ekansan. Qachon qaramay, orqamdan ishkal chiqarib yurasan”. Ko‘nglidan ming xil o‘y kechdi. Tashlab ketay desa, ko‘zi qiymadi. O‘zining soyasi. O‘girilib qarasa, “miq” etmaydi. Yetti qavat ko‘rpacha solingan belanchakda yonboshlab olgandek suvda yalpayib yotibdi.
– Soyangni opichlab olsang bo‘lmaydimi, – dedi pilchillab balchiq.
To‘raqulning g‘ashi keldi. Qo‘lini uzatib, piching aralash dedi:
– Turing, xo‘jayin. Hali boradigan joylarimiz, qiladigan ishlarimiz ko‘p.
Soyaning dardi-dunyosi ichida ekan, tutoqib ketdi:
– Turmayman, hech qayoqqa bormayman. Qo‘lingdan kelganini qil.
Jahl aralash sensirab yuborganini o‘zi ham sezmay qoldi.
Soya oldi-orqasiga, yon-veriga qarab oldi:
– Qachongacha izingdan ergashib yuraman. Hamma “falonchining dumi”, deb ustimdan kulgani kulgan. Xo‘rligim keladi-da. Tirik bo‘lib to‘rda o‘tirmasam… Yetar, bas, ortiq chidolmayman, toqatlarim toq bo‘ldi.
To‘raqul avval garangsib qoldi, keyin kulgisi qistadi:
– Hey, kimligingni bilasanmi, o‘zi? Mening soyamsan-a! Axir, mensiz holing nima kechadi? Mensiz ko‘rarga ko‘zing, o‘ylashga boshing, so‘zlashga tiling, yurishga oyog‘ing, ushlashga qo‘ling, eshitishga qulog‘ing bo‘lmasa? O‘zingga bir qarasang-chi? Nafas olaman, desang burning ham yo‘g‘-a.
– Sendan ajralsam bas, hamma narsam but bo‘ladi. Shu suvda ildiz ota­man, daraxtga aylanaman. Shox-butoqlarimdan favvoraga o‘xshab suv oti­ladi. Barglar o‘rnidan tomchilar tomib turadi. O‘tgan-ketgan toliqsa ko‘lankamda hordiq chiqaradi, chanqog‘ini bosadi, bildingmi?
To‘raqul tajanglashdi:
– O‘zing soya bo‘lsang, ko‘lankang o‘zingdan ortmasa kerak.
Soyaning ovozi yanada dadillashdi:
– Ko‘lanka, deb meni ko‘p ham kamsitaverma. Sen bilan gaplashayotgan ekanman, demak, odamlik siyoqiga kiryapman-da. Sen ham soyangni ko‘nglingdan qidir. Ko‘mir yer ostida, zulmat qo‘ynida tug‘ilgani uchun qora bo‘lib qolgan, deb o‘ylaysan-da. Aslo, behuda xomxayollar bu. Odam bo‘lsang ham hech narsani bilmas ekansan. Odam bo‘lib dunyoga keldim, deb g‘o‘dayib yuravergansan-da.
To‘raqulning xunobi oshib ketdi. O‘zining soyasi shunchalik g‘alva orttirib, g‘avg‘o solib tursa. Ursa – urilmasa, tepsa – tepilmasa… Qopga solib suvga cho‘ktiraman, desa ham cho‘kmaydi. Na otiladi, na yo‘qoladi. Iziga yopishib olgan. Tavba, munchalik yopishqoq, munchalik xira, munchalik shilimshiq soya bo‘ladimi?! Yana odamman, deganiga o‘lasanmi? Bu dardi-bedavoni nima qilaman, undan qandoq qutulaman? Goh u, gohi bu yonimda lipillab qoladi. Bir qarasa, orqamdan sho‘ltillab ergashadi. Gohida o‘pkasini qo‘ltiqlab oldimga tushib chopqillab qoladi. Ko‘rsang – ko‘rgudek, bilsang – suygudek, o‘lsa – kuygudek hamroh bo‘lmasa. Hamsoyalikka yaramasa. Raddi balo-ya. Buyam bir ko‘rgilik.
To‘raqul siltalanib nimadir demoqchi edi, soya suv to‘lqinida bir himralib, uzala tushib yonboshlagan qaddini xiyla rostlab oldi. Uzatgan oyoqlarini yig‘ishtirib, chalishtirdi. Keyin, zum o‘tmay toliqdimi, yo o‘tirishi o‘ziga yoqmadimi, ikki kaftini boshiga yostiq qilib chalqancha tushib yotgan ko‘yi sermaldi, qaddini rostlab, chordana qurib o‘tirdi.
– Ko‘p ham odamman deb kerilaverma, – so‘z boshladi soya. – Bino qo‘yib, o‘zingni unutib qo‘yma. Hamma ota-onasini unutmagandek, men ham aslimni, kimligimni yaxshi bilaman. Asli, xo‘jam o‘zingsan, To‘raqul. Qara, kap-katta odam bo‘lib qoldim. Qaddi-bastimni ko‘ryapsanmi, tog‘ni tolqon qulgudek kuch-quvvatim bor. Ayt-chi, qaysi Qoratog‘ni qayirib beray?
Esingdami, To‘raqul. Beshinchimi-oltinchimi sinfda o‘qiyotgan kezlaring edi. Etagingni tugib, ishtonchan maktabga chopqillab ketayotgan paytingda onang sho‘rlik necha marta “hay-hay, uyat bo‘ladi-ya, bolam”, deya qaytarib qolgandi, ishtonmidi, shalvarmidi, kiygizib yuborgandi. Betiyiq eding-da, o‘zing ham. Esingdami, hali so‘fi azon aytmasdan burun qorong‘i saharda turib, to‘ppa-to‘g‘ri og‘ilxonaga yugurgilab qolarding. Yuvuqsiz yuzingni sigir yeliniga ishqalab-ishqalab emib qo‘yarding. Qorningni po‘paloqday chiqarib olgach, “tuya ko‘rdingmi, yo‘q” degandek hamma aybni gung buzoqqa to‘nkab ketaverarding. Uni arqondan bo‘shatib, hech narsa bilmagandek, yana o‘rningga kirib yotib olarding.
Bomdod namozidan keyin sigir soqqani borgan onang sho‘rlik og‘ilxonada shataloq otib yurgan buzoqchani ko‘rib, “voy, esim qursin-a, kechqurun emdirgandan keyin tagidan ayirmagan ekanman-da”, deya bo‘sh chelakni darang­latib og‘ilxonadan quruq qaytardi. Shomda ham daladan sigirni yelinini shalviratib qaytarib kelarding. Onang yumshoq ayol edi-da. Qattiq-quttuq gapirishni bilmasdi. “Voy, to‘ymagur-ey, arqonlasang ham bo‘shalib, emib qo‘yibdimi”, deb qo‘ya qolardi. “Qaydam, – derding mug‘ambirlik bilan. – Buzoq-ku, yechilishga yechilmadi. Arqoni yo‘g‘on, uzib ketolmaydi, qozig‘i ham qattiq qoqilgan edi. Sigirning o‘zi yelini to‘lib ketgach, bolasini oldiga kelib emizib ketadigan odat chiqaribdi, shekilli”, derding.
Asli quvlik-shumlik qoningda bor. Necha yil sigir tutib, buzoq boqib, uyingdagilar sut-qatiqqa yolchimadi-da. Na ota-onangga, na jigarlaringga oqlikni ravo ko‘rmading-ku. O‘shanda seni qarg‘ish urgan, bilasanmi? Seni hech qachon qorang o‘chmaydi. Qorang ko‘rinmaydi ham. Afti-angoringni, tanangni qoraligi ichingga urib ketgan. Qarg‘ish tekkan mo‘ndisan, mo‘ndi!
To‘raqul o‘z soyasidan shunchalik dashnom eshitaman, deb sira o‘ylamagandi.
– Odam bo‘laturib, odamlik siyoqing yo‘q, – deya haligacha meni tepkilashadi, ko‘zimni ochirishmaydi. – To‘raqulning fig‘onidan tutun chiqib ketdi. – Ko‘lanka odamga aylanib nima qilib berarding? Nima karomat ko‘rsatarding?

TEKINNING ShO‘RVASI TATIMAS

Qarg‘alarning og‘ir va bo‘g‘iq qag‘illagan tovushi erta tongni uyg‘otib yubordi. “Qag‘-qag‘”, “qag‘-g‘, qag‘-g‘-g‘”, “qag‘-qag‘”. To‘raqul yostiqdan boshini ko‘tarib, uyquchan ko‘zlarini uqalab-uqalab, g‘ira-shira osmonga tikildi. Tumonat qarg‘a shimolga qarab uchib ketayotgan edi. Nimalardir esiga tushgandek bo‘ldi. Ko‘nglidan totlimi, o‘ychanmi, nimalardir kechdi. Dastlab ko‘zlarida nur yiltiradi. So‘ngra xiyol namlandi. Chehrasiga nim tabassum bo‘lib ko‘chdi. Iyagiga botgan ajinlar titragandek, jon kirgandek to‘lqinlanib qo‘ydi. Hayajoni shudgor dalasini eslatgan peshonasidagi qavat-qavat ajinlariga ko‘chdi. Titroq to‘lqin g‘adir-budur ajinlarini silab o‘tdimi, peshonasi dazmollangandek tekis unnadi qo‘liga.
Ko‘nglini yorishtirib kelayotgan o‘sha tuyg‘u, o‘sha shirin his nima edi? Qarg‘alarning “qag‘-qag‘” tovushi ko‘nglini bir ag‘darib tashladi. Ko‘zi yumuq xotiralarini uyg‘otib yubordi. Hah, nimalardir esiga tushgandek bo‘luvdi-ya. O‘sha shirin g‘uluv nima edi, o‘zi?
Xayolidan yalangoyoq soyalar chopib o‘ta boshladi. E-ha, yo‘nilmagan tayoq yugurtirar yalangoyoq. Soyalar nega zir tirqirab qoldi? “Ha” degani xo‘jasi, “be” degan bo‘jisi yo‘qmi? Ana, ana, bir xillarining boshida quloqchin telpagi ham bor, bir xilining sochi to‘kilgan, ba’zi soyalarning boshi to‘la jingalak soch, ayrim soyalar – taqir kal bosh. Oyog‘idan o‘t chaqnagani qanchadan-qancha. Eshakka teskari minib olganlari-chi, eh-he, lo‘killab ketayotganini aytmaysanmi? Oyog‘ini qo‘liga olib chopib borayotganlari son mingta. Xuddi qovog‘arining ini buzilgandek. Iniga cho‘p suqilgan, to‘zigan chumolilardek besaranjom.
– Hali tuz ham totmovdim-a, – deydi semiz soya yelpinib.
– Menga qara, birodar, – deydi o‘pkasini qo‘ltiqlagan boshqa bir soya. –Qayoqqa ketayapmiz, nimaga chopayapmiz?
– Hov anavi do‘konda oq surp berishayapti deyishdi-ku, shungadir-da, yana qaydam, – dedi yonidagi soya boshini qashib.
To‘raqulning ko‘lankasi hamsoyalaridagi hayronlikka tiniqlik kiritmoqchi bo‘ldi, shekilli, salmoqlandi:
– Bir o‘ramdan berishayotgan ekan, tag‘in tekinligini aytmaysanmi?
– Be, qo‘ysangchi, hozir tekinga mushuk oftobga chiqmaydi, – zarda bilan javob berdi sersoqol semiz soya.
– Yo‘q, rostdan aytvomman. O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, – ko‘zlari ich-ichiga botgan To‘raqulning soyasi xijolat tortib, behol so‘z qotdi.
– Voy, menga qara, – semiz soya qo‘lini paxsa qilib siltandi. – Laqma laqqilarni topib oldim, nima desam ishonaveradi, deb o‘ylama. Tekinga havo yo‘q-ku, oq surp deysan-a. Qaytaga nega kechasi uzayib ketganini o‘ylasanchi, pandavaqi.
Semiz soyaning gapi To‘raqul soyasining g‘ashiga tegdi. Achchiq garimdori chaynab olgandek afti bujmaydi:
– Ol-a, topgan gapiga o‘lasanmi? Axir, qishda kunduzi qisqa, kechasi uzun bo‘ladi-da. Shuniyam bilmaysanmi, kim aytadi sani o‘qigan deb?
Semiz soyaning peshonasi tirishdi. Ajinlari bir-biriga mingashib mayishib ketdi. Lovullagan cho‘g‘ni bosib olgandek bir seskanib tushdi.
– Qayoqdan katta og‘iz bo‘lib qolding? Kuni-kecha loy yeb, tezak terib yurganding. Sen orqalagan bir qop gapning tuzi bor-da, bizniki betamizmi? Odamlarni jin uribdi, deb eshitardim. Lekin soyalarni ajina chalishini endi ko‘rib turibman.
To‘raqulning soyasiga bu dahanaki tortishuv yoqmadi, o‘yindan o‘q chiqib, rostakam yoqalashishga aylanib ketishidan cho‘chidi. Soyalar orasidan sirg‘ilib chiqib, o‘zini chetga oldi. Katta asfalt yo‘lda hansirab brichka arava tortib ketayotgan beso‘naqay soyaga yaqin bordi. Salom berib, gap qotdi, u so‘yloq tishlari orasidan tupugini sachratib javob qaytardi. Nimagadir kelishishdi chog‘i, g‘o‘labirday soya qo‘lidagi zil-zambil paqirni bir chekkaga qo‘ydi, beliga urilgan egar-jabduqni yechdi, bo‘ynidan bo‘yinturuqni chiqardi. To‘raqulning soyasi bergan tugunchani qo‘ltig‘iga qisib, qanor qoplar uyilgan aravadan uzoqlashdi.
Paqirning ichi to‘la bo‘g‘iq, siniq, ingichka, yo‘g‘on, do‘rillagan xilma-xil tovushlar. Qoplarga yaqin bordi. Xuddi somon niqtalab shibbalangandek qoplar ham tovushlarga to‘la edi. Baqirgan, chaqirgan, o‘kirgan, yig‘lab-siqtagan, kulgan-qiyqirgan, ashula aytgan turfa tovushlar qoplardan bosh ko‘tarardi.
To‘raqulning soyasi brichka aravani orqasiga qaytardi, hovlisiga kiritib, eshigini tambalab ortiga qaytdi.
Soya To‘raqulga yaqin keldi. Pinjiga kirib ketgudek erkalanib yaltoqlandi, himo bilan qo‘ltig‘iga qapishdi. Qoshlari chimirildi. Nima qilsaki, To‘raqulga yoqsa, nima aytsaki, To‘raqulning ko‘nglini olsa. Lekin To‘raqul anoyilardan emas. Sirtdan qo‘y og‘zidan cho‘p olmagandek lavangi, lapashang ko‘ringani bilan yer ostida ilon qimirlasa biladi.
– Xo‘jayin, hov xo‘jayin!
To‘raqul toqatsizlanib yon-veriga ko‘z yugurtirdi. Hech narsa ko‘ziga ilinmadi. Bir mahal qo‘ltig‘ida nimadir g‘imirlagandek bo‘ldi. Tikilib qarasa, o‘zining soyasi.
– Ha, qayoqqa gumdon bo‘luvding? Yerni tagiga kirib ketdingmi, osmonga uchib chiqdingmi? Izsiz, ovozsiz yo‘q bo‘lib qolasan-a. Nima deysan?
– Ha, endi… tirikchilik-da, xo‘jayin. Ro‘zg‘or bo‘lak bo‘lgandan keyin har kim o‘z aravasini o‘zi tortarkan. Xirmoningni o‘zing shopirib, tegirmoningni o‘zing tort, deyishgan-ku.
Soyasi lo‘killab, entikib, hansirab chopib borayotgan ko‘lankalarga ishora qildi.
– Narigi mahalladagi do‘konda bir kiyimlikdan oq surp berishayotgan ekan, tekinga… oshiqib, uloqib qolishgani shundan…
– Nima-nima, tekin dedingmi? Tekinga xo‘rozlar qichqirmay qo‘yganiga allazamonlar bo‘ldi, kallavaram. Tekinmish-a…
Soyasi To‘raqulning nafsi o‘pqonligini yaxshi bilardi. Tekin kafan topilsa oyog‘ini uzatib yotib oladiganlar xilidan.
– Endi, yomon kuningizga yaxshi niyat qilasiz-da, xo‘jayin. Tekin ekan, olib qo‘yaveraylik. Sizdan osh-non so‘ramasa. Sandiqning bir chekkasida turaveradi. Ko‘ngil to‘qi-da. Keyin, o‘limlik umringizga umr so‘raydi.
To‘raqul lovullab ketdi. Qo‘tir otni yemga o‘rgatsang to‘rva teshadi, deyishguvchi edi. Keyingi paytda qadam olishi o‘zgardi, gap-so‘zlariyam sovuqlashibdi. Daromadi gapni aytganmish-a. He, niyating yoqangga yopishsin.
– Qoplarda nimalarni ortmoqlab yuribsan, yuking og‘ir-ku?
Soyasi savolni kutib turgandek bidirlab ketdi:
– Qashshoqning mashshog‘i ko‘p bo‘larkan. Hammasi qiyqiriq tovush. Shovqin-suron deb o‘ylamang, tag‘in. Chumchuqlarning chirqillashidan musichaning kuv-kuv-v-vigacha, tovuqlarning qaqillashidan xo‘rozlarning qichqirig‘igacha, otlarning kishnashidan eshaklarning hangrashigacha, childirma gijbadabangidan nog‘ora taka-tumlarigacha, hammasidan bor.
Soyasining so‘zamolligidan ensasi qotdi:
– Boshimga uramanmi ortiqcha dahmazani. Ana, oborib Bo‘zsuvga oqizib yubor. Zora tovushlarni yutib baliqlarning ham tili chiqsa.
– Unaqamas, xo‘jayin, – soyasi kuyib-pishib tushuntirishga tushdi. – Bu tovushman degani tiriklikning tirgagi, o‘ligingiz egasi. Hech kimni bir yoshga bog‘lab qo‘ymagan-ku. Qariganda hassamidi, qo‘ltiqtayoqmidi, degandek kuningizga yaraydi. Qolaversa…
– Ha, yana nimasi qoldi? Odamni xit qilib yubording. Kerakmas deyapman-ku.
– Endi, xo‘jayin, ertami-kechmi, barvaqt qiy-chuv bo‘lib qolsa, orqangizdan yig‘lab qoladigan o‘g‘il-qizingiz yo‘q. Manavi qopdagisi g‘ij-g‘ij yig‘i. Hech qanaqa go‘yandaga hojat qolmaydi. Qop og‘zini ochib yuborilsa bas, atrofingizni ko‘zyoshlari-yu o‘kirik yig‘i-sig‘i tutib ketadi.
To‘raqul tutoqib ketdi. Ta’zirini beray degani bilan tutqich bermaydi. Qolaversa, ko‘lankani tepkilab baraka topib bo‘larkanmi? Bir kunmas-bir kun qo‘limga tusharsan, degandek qahrini ichiga yutdi.
To‘raqulning soyasi bilan gapi qovushmadi. Ikkovi ikki tomonga ajralib ketdi.

SOYaNING XIYoNATI

To‘raqul uydan eshikka chiqqisi yo‘q edi. Shayton yo‘ldan urdimi, ajina chaldimi, o‘ziyam tayin-tiyiq bilmaydi. Falokat oyoq ostida deganlari shudir-da, yo‘lakdan o‘tib endigina ko‘chaga chiqqanini biladi, “g‘arch” etkazib boshini bosib olsa bo‘ladimi? Ha, xuddi shunday bo‘ldi, etaginimas, pochasinimas, chaqin urgandek shunchalik tez sodir bo‘ldiki, o‘ziyam bilmaydi, qo‘qqisdan boshini bosib oldi. Qattiq chinqiriqdan cho‘chib tushdi.
– Voy-dod, o‘z egam poshnasining tagiga olib ezdi-ya! Hey, boshing bo‘laman-a, nodon…
Parishonlik qursin, xayoli chalg‘itmasa, gadoy yurmagan ko‘chalarga olib kirib ketmasa, shunaqa qilarmidi? O‘ziga qolsa, o‘sha qadamini bosmasdi-ya.
Soyasi xiyonat qildi. Egasining boshi sajdaga egilgandayam soyasi qurg‘ur, ne-ne sotqinlikka bosh qo‘shmadi. Hozir egasining poshnasidan o‘zini olib qochsa bo‘lardi-ku! Jo‘rttaga shunaqa qiladi. Boshi bilan oyog‘ini urishtirib qo‘ymoqchi edi. Mana, muddaosiga yetishdi. Ana endi tovon bilan bosh olishuvidan chiqqan olovda isinib, tarallabedod yuraveradi.
– O‘z boshini ezg‘ilab, yerga qapishtirgan odam emas, jallod, – ayyuhannos ko‘tardi soyasi. – Chap ko‘zi o‘ng ko‘zini o‘yib oldi-ya. Kipriklari qilt etishga ham ulgurmadi. Qorachig‘ini aytmaysizmi, bir zumda lo‘qqaydi-qoldi.
Soyasi ko‘zlarining qonini ichib, yog‘ini yalab oldi. Baribir, nafsi qonmadi. Tamshanib qo‘ydi.
To‘raqulning dardi-dunyosi zimiston, ich-ichiga cho‘kib ketdi. Boshini changallay, sochlarini yulay desa, soch ham, boshning o‘zi ham yo‘q. O‘zi ketsa ming go‘rga, badar qorasini ko‘rsatmasa ham mayli! Gumdon yo‘qolib ketavermaydimi? Tushlarini, xayollarini ham qo‘yniga solib g‘oyib bo‘lganiga o‘lasanmi?
Tanasiga o‘ylab qarasa, shu boshidan avvallari ham bir ro‘shnolik ko‘rmabdi. Doimo bir ishkal, bir g‘avg‘o chiqarib yuradi. “Boshga tushganini ko‘z ko‘rarkan-da”, deya hamma qilg‘iliklarini ichiga yutdi. Qayoqqayam borardi. Yaxshimi, yomonmi, o‘zining boshi, qo‘ni-qo‘shnilar, mahalla-ko‘y shu bosh dastidan ko‘zini ochirishmadi-ku. “Xom kalla”, “po‘kak bosh”, “qovoq bosh”, “shovur-shuvur quti”, “chala chipqon” …yana nimalar deyishmadi? Malomatdan boshi chiqmadi-yu. Hammasiga chidab keldi.
Aslida, har qanaqa balo degani To‘raqulga yaqinlashishga zirillardi. To‘raqul shunaqangi baloyi azimki, ajinalarni chalib yiqitgan, shaytonlarga “hayf” bergan akang qarag‘ay bo‘ladi. Bitta-yarimta balomish-a. Yuztasi kelmaydimi! Oldiga solib tirqiratib quvlamasa To‘raqul otini boshqa qo‘yadi. Qanchadan-qanchasini etagini orqasiga tugib, zir qaqshatib quvib yuborgandi. Har qancha balo To‘raqulni qo‘lidan omon qutulganiga shukur qilardi. Endi soyasining bu qilg‘iligiga sirayam chidolmasdi. Qaysi baloga giriftor bo‘ldi, soyasiga ergashib boshi ham To‘raqulni tashlab gumdon bo‘ldi-ya.
– Yo‘q boshda aql nima qiladi?
Soyasining achchiq istehzosi quloqlari ostidan shang‘illab o‘tdi. To‘raqul cho‘chib tushdi, sovuq urgandek vujudi seskandi. Og‘ir o‘ylar girdobida qoldi.
Endi boshsiz holi nima kechadi? Ko‘rarda – ko‘zi, eshitarda – qulog‘i, aytarda – so‘zi edi; birovning ra’yiga yuray desa shirinmi, achchiqmi, nordonmi – ta’m bilarda tili, nafas olishu chiqarishda, badbo‘ymi, xushbo‘ymi – hid bilarda burni, hamma-hammasi shu boshida edi-ku. Balo degani yopishmasin ekan. Bir yo‘la bor boyligidan ajralib o‘tiribdi.
To‘raqul tukidan tirnog‘igacha qayg‘u botqog‘iga botib borardi. “Eh, qayg‘ularim, mushfiq jigarlarim, – u o‘zi bilan o‘zi gaplasha boshladi. – Boshingizni kim silaydi endi? O‘lib-netib ketsang, kim qabringga yo‘qlab keladi? Ruhingni yod etib, kim duoi fotiha o‘qib turadi? Kim? Kim? Kim?”
Payrahadan cho‘g‘ qolmaydi, to‘g‘ri. Lekin o‘kinchlari yurak-bag‘rini o‘rtab yubordi. Do‘stingni o‘ng qo‘lim deb bilsang, dushmaningni chap qo‘lim deb bil, deguvchi edi u. Boshining qilib turgan ishini qaysi biriga yo‘yadi? Qaysi gunohlari uchun munchalik jazo?
Bahorning salqin shabadasi elitdimi, og‘ir o‘ylar toshi bosdimi, yo hadsiz xayollari toliqtirdimi, To‘raqul esnay-esnay pinakka ketdi. Rahmatli onasi bilan sobiq boshi tushiga kiribdi. Onasining ko‘zi yoriyotgan emish. Chaqaloq yig‘isi qolib, bo‘g‘otga osilgan mov mushukning chinqirig‘iga o‘xshash tovush onasini cho‘chitib yubordi, vujudini sovuq terga botirdi.
Bolasi badanida oq dog‘larni ko‘rgan zahoti ona ko‘nglidan nimalar kechmadi ekan, yolg‘iz Ollohga ayon. Ona baribir ona-da. Mehri iyib ketib, bolasining boshini siladi. Qay ko‘z bilan ko‘rsinki, hovuchiga oppoq qazg‘oq to‘lib chiqdi. Ijirg‘anishga o‘xshash noxush sezgi miyasiga chaqindek urildi. Beixtiyor qo‘lini siltab, hovuchini qoqib tashladi. Oradan xiyol fursat o‘tib, yana bolasining boshini siladi. Yana oppoq qazg‘oq hovuchini to‘ldirdi. Qavat-qavat qazg‘oq qayerdan kela qoldi, bilmadi.
Onasining barmoqlariga silliq soch emas, quruqshoq, oppoq, yumshoq bir nima unnadi…
Boshi bir siltanib, yostiqdan ko‘tarildi. Hozirgina ko‘rgan tushini qo‘yniga yashirib pildiragancha soyasiga ergashdi. Qarasa, Nur qo‘lida uchi ayri qilich bilan soyani oldiga solib quvlab ketyapti. Soyasi serkepak qazg‘oqli boshini qo‘ltig‘iga qisgancha qochib boryapti. Nur esa quvlayverdi, quvlayverdi. Yana ovozining boricha baqirishi-chi! “O‘likning soyasini ushlanglar! Kechagi tushimni o‘g‘irlab ketdi. Uning qo‘liyam, ko‘ngliyam egri. Tushimni olib qochdi. Ushlanglar uni! Itning nafasi u! Kasofati urmasin tag‘in”, dermish.
To‘raqul cho‘chib uyg‘ondi. Jiqqa terga botibdi. Uyat, o‘kinch, alam chirmoviqdek chirmab olgandi. Ota tiyig‘ini ko‘rmagandi, ona yo‘rig‘iga yurmagandi. Kimning qarg‘ishi urdi? Nega boshi qochib ketadi?
To‘raqul xayolan boshi bilan suhbatlashishga tutindi. “Senga nima bo‘ldi? Ayb gunohning qarindoshi ekan-ku! Isnod ham uning tomirimi? Yoki qorning qayerda to‘ysa, ko‘zing xiralashib diling kirlanadimi? Xotirangni o‘shanda unutib qoldirdingmi? Uyquga botganda ko‘z nuringni yo‘qotgansan-da. Yo‘qsa, o‘zingni topish uchun, aslingni tanish uchun soyangni quvalab yurasanmi? Kuning soyangga qoldimi? Tutolmasdan, tonglarni shomlarga, kunlarni tunlarga ulab, uyqungni boshida mijja qoqmay tong ottirasanmi?”
To‘raqul boshini yo‘qotib qachongacha sir boy bermay yuradi? Boshsiz ham yashab bo‘larkanmi?

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 2-son