Norto‘xta Qilich. Osmon yig‘lagan kun (hikoya)

Enajonim, yilama-yo, yilama…

Qo‘shiqdan

I

Beshinchi may!.. Yo piray, eslaganingiz hamono, ajabtovur entiktiradigan, tobora olis o‘tmishga aylanayotgan bir zamonlarda ushbu kun bayram hisoblanar edi. Lekin, asli hayotda bayramning oti bor-u, o‘zi yo‘q shekilli.
Yuzaki qaralganda anavi raqamlar ham o‘z-o‘zicha hech nimani anglatmaydi – shunchaki bir ta’kid. Biroq, avra-astarini ko‘tarib qarasangiz, bun­dan avval o‘tganlariga ko‘zlaringizni yumib sin solsangiz… hammasi arzimas chaqaday tuyulib, ko‘ksingiz huvullayotganday bo‘layotganligini sezasiz.
“…Yo tavba, bugun ham ayni kechagina kechgan kunning o‘zi. Umr deganimiz esa ­suvilonday shitob suzib o‘tayapti”. Har gal ushbu fikr ko‘nglida yashinday chaqnagan zahoti, Shodi Sharif otashin xo‘rsinadi va o‘spirinlik yillarida – bundan ellik yillar avval hayratlarga cho‘mib kuzatgan bir g‘aroyib manzara: pishqirib oqayotgan anhor bag‘rida kallasi bosh barmoqdan sal yo‘g‘onroq, ko‘zlari ko‘zmunchoqday qop-qora suvilonning oqim bo‘ylab, mallarang, bo‘tana to‘lqinlardan to‘lqinlarga ­sakrab-sakrab, o‘qday suzayotgani ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ladi. O‘sha asno, beixtiyor dilidan tiliga bir afg‘on ko‘chadi: “O‘tdi umrim, vo darig‘!”
U o‘spirinlik kezlaridayoq umrning tezobligini, betakrorligini bilgan. Bilgan… Bilgan-u, lekin, yaxshidan-da yaxshiroq yashayajagiga, ko‘pdan-ko‘p xayrli ishlar qilajagiga, jo‘ralari, ulfatlari juda ko‘p bo‘lariga va ularning barisi har qanday riyolardan, xiyonatlardan yiroq turajaklariga – esiz-a!.. – muqarrar ishongan; ko‘nglida esa hech kimnikiga o‘xshamagan hayajonlari, hamiyatparvarligi, shijoatlari benihoya edi. Xayriyatki, hali-hanuz shunday. Endi… endi ozmi-ko‘pmi mulohaza birlamchiligini demasa, hamon hammasi o‘sha-o‘sha. Biroq, afsuski, mashhur bir satrda yangraganidek, “mehr ko‘p ko‘rguzdim, ammo mehribone topmadim”… Mayli, nachora!.. Ishqilib, jon bila kirgan jafokash, qadrdon tuyg‘ulari chap bermasa bo‘lgani. Umrning bir kuni ham umr.
Havo salqin. Yo‘q, birmuncha ayozroq. Osmonni quyuq kulrang bulutlar qoplamoqda. Ertalab yomg‘ir xiyol sevalagan edi. Hali-hanuz havoda yomg‘ir hidi anqiyotir.
Negadir Shodi Sharifning ko‘ngli ham yog‘olmagan bulutday tund. Allazamonlardan beri… Ko‘p yillar bo‘layotir… Lekin hech ko‘nikolmayapti. Eng yomoni – yana qancha davom etadi – bir yilmi, uch yilmi, ko‘proqmi, bilmaydi. Ayni mavhumiyat, mujmal tushuniksizlik Shodi Sharifni ko‘proq o‘rtaydi… Nochor… noiloj o‘rtanayotganligining sabablari o‘zigagina bog‘liq emas.
“To‘g‘ri-da, hamma halol yashasa, hamma bir-biriga mehru oqibatli bo‘lsa, hech kim yolg‘on gapirmasa, xushomadgo‘ylik qilmasa, bozoru mozorning ham, qulfu kalitning ham keragi yo‘q, – deb o‘ylaydi Shodi Sharif, boshini xayolchan irg‘ab. – Odamning o‘lgisi kelmay qoladi: dunyosi go‘zal, dunyosi joni janon.”
Gavjum yo‘l bo‘yidagi oshxonaning keng yo‘lagi ustiga qator qo‘yilgan bo‘m-bo‘sh stollardan biriga xomush yaqinlashib, ustaxonaga ro‘para o‘tirdi. Boya mashinaning kuygan chiroqlarini yangilatdi, endi to akkumulyator qaytadan quvvatlantirilgunigacha yana ikki soatdan mo‘lroq kutishi kerak. Haligina oshnasi usta Pirimbet bilan gaplashganida shunday degan. Ustaxonada oshnasi ikkalovi gurunglashib, vaqtning kulini ko‘kka sovurmoqchi edi. Bo‘lmadi: tokka ulab qo‘yilgan akkumulyatorlar ichida vijir-vijir qaynayotgan kislotaning o‘tkir, qo‘qinday achchiq hidi birpasda dimog‘ini kuyishtirib, miyasini bijg‘itvordi. Keyin kelbati pahlavonlarnikiday oshnasining bemahal, ixtiyoriy yakunga mahkumligini o‘ylab, rahmi keldi… Ustaxonadan chiqqach, bir-bir atrofdagi magazinlarni aylangan: sayr ham sayohat, sargardonlik ham…
Afsuski, magazinlarga kirmasa bo‘lar ekan. Qaytaga, betayin narxu navoni ko‘rib, battar kufuri qo‘zidi: uchu beshlik gilamning bahosi falon pul!.. Birin-birin nevaralarning yoshi yetib kelayapti. Hademay, uylantirishlari kerak. Bitta gilamga cholu kampirning bir oylik nafaqasi yetmasa-ya!.. Qo‘lda to‘qilgan jun gilam bo‘lsa ham mayli edi, qamishsifat bo‘yraga o‘xshagan ko‘rimsiz bir xitoyi balo.
Tomoq qirib, oshxonaning dastyor yigiti yaqinlashdi. Oriqqina, past bo‘yli. Qo‘lida qalam, daftarcha. Bugunning navqiron o‘zbegi: yoqasida qop-qora, kapalaknusxa bandak!.. Egnida kalta yengli, oq ko‘ylak. Sochlari sarg‘ishtob. Yoshi o‘n olti… o‘n yettilarida. Lekin, ko‘zlari!.. Ko‘zlari bevosh… beg‘am bolalikni chetlab o‘tgan yigitchalarnikidek.
– Salomalaykum, doda, – deb, dastyor yigit nima olib kelishni so‘radi. – Palovmi, shashlikmi, somsami?
Har uchala taomni ham Shodi Sharif yaxshi ko‘radi. Ayniqsa, palovni!.. Agar palov sersabzi bo‘lsa, ustiga bir parrak sho‘rtakkina qazi hamda bir sixgina qo‘y go‘shtining kabobidan qo‘yilgan bo‘lsa. O-o-o! – ana maza-yu mana maza!.. Lekin, ayni tobda tushlik mahali esa-da, ochiqayotganligiga qaramay, ovqat yemaydi: ovqatdan o‘n-o‘n besh daqiqa oldin dori ichishi kerak. Dorilari esa uyda qolgan.
– Mayli, bir choynak qora choy keltira qol, – dedi Shodi Sharif, bir kambag‘alning ibratangiz gapini eslab: qora choy – charchaganga mador, chanqaganga – chanqovbosti sharbat.
Yaxshi bo‘ldi: garchi oshxona huvullayotgan esa-da, stolni behuda band qilish noqulay; endi, har qalay, beminnat – bemalol o‘tirib, betakror va lekin, beqadr vaqtning boshiga xotirjam suv quyishi mumkin.
Hayal zamon o‘tmay, dastyor yigit bir choynak choy hamda ikkita piyola keltirdi.
Shodi Sharif choyni shopirmadi, tanga ko‘mdi qilib choy quydi.
Yo‘lning oshxona joylashgan tomoni keta-ketguncha – to bozor oldidagi g‘alag‘ovur maydonga dovur, mashina ta’mirlash ustaxonasi. Ba’zi ustalar mijoz poylashayapti, ba’zilari esa ish bilan mashg‘ul.
Bir mahal, qizil jujuncha hamda qizil yubka kiygan, so‘lqillama, yigirma uch yoshlardagi bo‘ychangina bir go‘zal qizmi… juvonmi, shoirlar madh etganidek, xiromon aylab, yo‘l bo‘yidan oshxona sari yaqinlasha boshladi. Jujuncha bilan yubkaning orasi qariyb bir qarichdan mo‘lroq ochiq. Yap-yalang!.. Juvonning xandonpistaday kindikchasi, zardolirang qorni, mo‘rchamiyon beli: ana – man, mana – man, deyayotganday o‘z-o‘zini ko‘z-ko‘zlamoqda; yarim yalang‘och yelkasi uzra mavj urgan qo‘ng‘iroqday sochlari… soch emas, ayni mastonavor faryodu fitnaning o‘zginasi: qaraganni ham qaratadi, qaramaganni ham.
“He, sani tuqqan onangga rahmat-e! – deb, Shodi Sharif choydan ho‘pladi, lablarini yaladi. – Sanga tarbiya bergan otangga balli-e!..”
Usta yigitlarning ish bilan band bo‘lgani ham, mijoz poylayotgani ham beixtiyor juvondan ko‘zlarini uzolmay, bari bir muddat bir tanu bir jonday tek qotdi-qoldi.
Nogoh, usta yigitlardan birovi hayajonini bosolmay, qoni miyasiga urdimi, qiyqirvordi:
– Ha-a-ayt, okaginang aylansin-a!..
Hali juvon ustaxonaning yarmiga ham yetmagan, tag‘in undan-da ko‘proq masofani bir-bir bosib o‘tishi kerak edi. Ko‘rdiki, jununvash qiyqiriqlardan boshi aylanib, bir-biridan suqli, bir-biridan o‘tlug‘ nazarlar alangasida a’zoyi badanining gurullamog‘i tayin. Shart burilib, mana sanlarga, deganday yanayam tamanno bilan katta yo‘lni kesib o‘ta boshladi.
“…O‘h-ho‘, qiyomat-ku! – Tuyqus, yoddan chiqmas, olis bir hangomani eslarkan: – …bo‘lsa kerag-e, o‘zbek-ku! – deb o‘yladi Shodi Sharif, qadim maqollardan biri yodiga tushib: buzoqcha ko‘zini suzmasa, buqacha ipini uzmaydi. – Biyo-biyo suzgani shu-da! Haliyam yigitlarimiz yaxshi-e!..”
O‘sha asno, bundan sal kam chorak asr avval eshitilgan qiziq bir hangoma quloqlari ostida jaranglab, bor tafsiloti-yu tasviroti bir-bir ko‘z o‘ngidan o‘tayotib, Shodi Sharif ayni kunlarning yigitlariga dil-dilidan qoyil qolmoqda edi. Ul g‘aroyib hangomani esa kimdan eshitgani, ne sababdan eshitgani hamon hozirgiday yodida. Lekin o‘shal hangomada Shodi Sharifga noayon bir necha jumboq bor. Jumboq!.. Ehtimol, shuncha yillardan beri ul hangomaning yodidan chiqmayotganligining sababi ham shundandir.

II

Avji saraton.
Ayni peshin mahali.
Osmonu falak tin olmay, saxovat bilan jazirama hovur purkayotganidan bepoyon paxtazor uzra sarob jimirlamoqda.
Tiq etgan tovush anqoga shafe. Hatto bahsma-bahsiga cho‘zib, nag‘masozlik qilguvchi chirildoqlar ham, chigirtkalar ham nafas rostlayotgan palla.
Ko‘k toqida bir burgut ohista qanot qoqayapti.
Huv ana, paxtazor adog‘ida, olislardan yam-yashil o‘rmonday ko‘rinayotgan qalin daraxtlar ortida devorlari, tomlari bir-biriga tutashgan qishloq. O‘rtada, sharqirab oqayotgan katta anhor yoqasida devorlari oqlangan, derazalari baland-baland maktab bor. Maktab yana o‘n kunlardan keyin ochiladi. Lekin allaqachon muallimlar ish boshlavorganlar. Bepoyon paxtazorni teng ikkiga bo‘lib o‘tgan anavi baland so‘qmoqdan sochlari qo‘ng‘irrang, yuzlari lo‘ppi, ofatijon ko‘zlari ko‘m-ko‘k, beli bo‘g‘ma, yengsiz ko‘ylak kiygan, yoqasidan mammalari toshib chiqayozgan, o‘ttiz yoshlardagi do‘mboqqina juvon har kuni ertalab to‘g‘alari oltinrang, qizg‘imtir papkasini qo‘lida sollantirib maktabga o‘tadi. Ayni peshin chog‘i yana o‘sha alfozda, lab­larining ustida, peshonasida marjon-marjon ter yiltillagan ko‘yi, so‘qmoqdan ortiga qaytadi. Aytishlaricha, rus tili muallimasi emish.
Sochlari qo‘ng‘irrang, to‘lqin… to‘lqin, oppoq badan, do‘mboqqina xonim yaqinlarda paydo bo‘ldi. Biror o‘n besh kunlardan beri maktabga o‘tib qaytadi. Xonimning nozik tamanno bilan bir-bir odim otib o‘tishining o‘zi ajab bir tomosha.
Lekin dara bo‘risiz, o‘rmon ayiqsiz bo‘lmas, deganlaridek, kimsasiz paxtazorning ham o‘z egasi bor.
Ana, so‘qmoqdan chap tomonda, o‘ttiz qadamlarcha narida, paxtazordan biror ikki gazlar balandroq, keng-mo‘l chel o‘rtasida yakka gujum. Ko‘kka bo‘y cho‘zgan haybatli gujumning serbutoq, tarvaqaylagan shoxlari atrofga qalin soya to‘shagan. Barglari ra’no gulining yaprog‘iday chiroyli, quyuq. O‘zidan kechayu kunduz, ayniqsa, namozshomdan keyin salqin epkin taratadi. Salqinda, titig‘i chiqayozgan palos ustiga yoyilgan ko‘rpachada Asad qaro yostiqqa yonboshlab, o‘ljasini poylayotgan sherday ko‘zlari yonib, intiqib yotibdi.
Asad qaro – ushbu o‘n gektarlik paxtazorning suvchisi, mo‘ylavi o‘ziga yarashgan, g‘o‘labirday yigit, ayni qirchillama yoshida, mushaklari, paylari bo‘rtib-bo‘rtib chiqqan; ko‘zlari qarochaqmoqday… Egnida yenglari uzuq, ko‘kimtir ko‘ylak. Yelka tarafi terning sho‘ridan oqargan. Boshida kuvoritozlarnikiday qiyiqcha. Ishtonbog‘ining po‘pagi shokiladay osilgan. Oyoqyalang. Qishin-yozin quyosh tig‘ida Yormat yalang‘ochday ter to‘kaverganidanmi, a’zoyi badani qo‘ng‘irtob. Uning qaroligi shundan.
Ayni kunlarda baravj shonalab, qiyg‘os gullayotgan, g‘uj-g‘uj ko‘raklari bodroqday potrab ochilayotgan har bir tup g‘o‘za uchun bir hovuch suv – bir quchoq paxta. Asad qaro kechayu kunduz g‘o‘zalarga zahalatib suv taraydi. Haftalab birrov uyiga borolmaydi. Bormog‘ining sirayam iloji-imkoni yo‘q: payt poylayotgan qo‘shni suvchilar darrov suvni to‘g‘ondan burib ketishlari yo paykallarni suv bosishi hech gap emas. Har kuni ikki mahal: erta tong chog‘i hamda namozgar payti to‘ng‘ichi eshagini yo‘rg‘alatib, yegulik olib keladi. Boya shamanda palovdan qornini to‘yg‘azvogan. Kosaga mushtday novvotni solib, ustidan qora qumg‘onda qaynagan choydan to‘latib quyib qo‘ydi. Endi… betoqat kutayapti. Yurak jonivor esa bot-bot dukurlab qo‘yadi. Olislardan kumushrang pardaday jimirlayotgan sarob uzra yam-yashil o‘rmon yanglig‘ ko‘rinayotgan qishloq tarafdan ko‘zlarini uzolmaydi: fikru xayoli Xonimda!.. Hademay, qishloq oralagan pastlikdagi toshloq yo‘ldan paxtazor sari ko‘tarilayotib, Xonim tong quyoshiday yashnab, bor bo‘yi bilan ko‘rinishi kerak.
Kecha… kuni kecha, ayni shunaqa paytda zo‘r bo‘ldi. Juda!.. Yo‘q, avval biror o‘n kuncha shaytoniga hay berib, goh uzoqdan, goho yaqindan rosa ko‘zlarini ko‘niktirvoldi: kambag‘alning ko‘rganiyam davlati axir. Lekin, baribir, jismu jonini ishqolon pechakday chirmayotgan otashin bir istak battar avj olsa oldiki, sira susaymadi… Keyin, sekin-sekin Xonimga yaqinlasha boshladi.
Vuy… qudratingdan-ey, judayam boshqacha-e!.. Zdrastvuyte, deydi. Jilmayadi. O‘zining tilida, mayin ohangda kuylayotganday bo‘ladi: xirmonga baraka, desa kerak-da!.. Asad qaro esa birdan beadad istakdanmi, hayodanmi, qizib-qizarib, spasiba, deydi. Spasiba!.. Uyaladi. Asli o‘zi uyatchan. Lekin… Xonimning ko‘zlari… O, xuddi yulduzning o‘zimi deysiz!.. Shunaqayam jilmayib termiladiki, ayni bag‘riga chorlayotganday tuyulaveradi.
Axiyri bo‘lmadi: kecha yonib ketdi-e!..
Paxtazorni teng ikkiga bo‘lib o‘tgan serbar so‘qmoq manavi namchil o‘qariqqa tutashadi. O‘qariqning u yog‘i ham keta-ketguncha – to yulg‘unli mozoristonga yetgunga dovur paxtazor. O‘qariqning ustiga ensizgina ko‘prikcha qurilgan.
Kecha… ayni shunday sokin, atrof-tevarak kimsasiz daqiqalarda… yeru ko‘kda Asad qaroni ko‘rolmay, dabdurustdan qayoqlarga g‘oyib bo‘lganligini bilolmay, taajjubdanmi, taassufdanmi, bir muddat Xonim tang qotib, ko‘prikchaning ro‘parasida bexud to‘xtadi: qani, qayerda u – “moy bogatir?”
Xuddi ana o‘sha paytda Asad qaro ko‘prikcha ostidan otilib chiqib, ko‘zlari qarochaqmoqday chaqnab, allatovur qutquli kulimsiradi: mana man!
Beixtiyor Xonim ortiga tisarilarkan, yanayam mayin, yanayam sirliroq jil­maymoqchi bo‘ldi. Lekin eplolmadi. Allanechuk xavotirdanmi, ko‘zlari boshqacha chaqnab, asta so‘lim lablari titrandi: “Ay, bojenka!..”
O‘sha asnoda, Asad qaro Xonimni dast ko‘tarib, zuvillab o‘qariqqa tushdi. Bir zumda gujum ostiga yetib, Xonimni yerga qo‘ydi-yu, shartta baland do‘nglik ustidan ko‘rpani tortdi: bechoraginaning ko‘ylagi oppoq; ustiga-ustak, ariqcha namchil axir… Avval egnidan ko‘ylak-po‘ylagini shilib oldimi yoki yotqizganidan keyin yechdimi, eslayolmaydi. Aniq yodida qolgani shuki, yo piray, ishtonchasi yo‘q… yo‘q ekan.
Xonim esa, mahkam bo‘ynidan quchib, hayajon otashida lovullayotgan yuzlarini dam u, dam bu betiga bosgan ko‘yi, entikib-entikib shivirlaydi: oy, Boje! Oy, Boje!.. Ti – moy bagatir. Nastoyashiy bagatir!.. Shto nibud gavari. Xotyabi v ushi shepchi: radast maya!.. Nu, gavari je?!.
…hay, sodda-ya! Hay, soddagina-ya!.. Avrashni bilmagan sahroyi xushomadni qayoqdan bilsin.
Keyin…
…O, ko‘rmaganning ko‘rgani qursin ekan!.. Sulayib qolibdi. Bir payt, yalt ko‘zlarini ochsa, asr namozi mahali – yeru ko‘k baravar nafas qaytarayapti… Bir o‘zi. Yotibdi. Shotayloq… Taajjublandi: ko‘ylagini yechmovdi-ku!.. Keyin, o‘sha asnoda, hali-zamon o‘g‘lining kelib qolari xayolidan kechib, shatir-shutur kiyindi. Turdi. Shartta ko‘rpachaning bir parcha joyini qumg‘ondan iliq suv quyib, yuvdi. Namini shimisin, deb, qalin qilib qum sepdi… So‘ng, o‘qariqdan chiqmay, ildam Tegirmonariqqa borib, bo‘g‘zigacha cho‘mib, ko‘zlarini yumib yotdi: maza!..
Bugun, ertalab chog‘i lolarang ko‘ylakda Xonim gulxanday lovullab ishga o‘tgan.
…Ayollar balo: erkaklarning ko‘ziniyam, ko‘ngliniyam yondirishni biladi!..
Vaqt peshinga yaqinlashayapti. Allaqachon ko‘rinishi kerak edi. Lekin, negadir, bugun… kechikayapti. Yo shunday tuyulayaptimikan-a?.. Yo‘q, ana!.. Xayriyat-e!.. Hozir turadi. Xuddi kechagiday… Yo‘q, bugun avvaldan o‘qariqning ichiga to‘shakni to‘shab qo‘yadi. Keyin, Xonim ko‘prikchaga yaqinlashayotganida, kulib-jilmayib ro‘para bo‘ladi-yu, yana lom-mim demay, xuddi kechagiday quchoqqinasiga bosib, yana…
…vuy, yurak jonivorning dukurlashini-ey!..
Nihoyat, o‘qariqning ichida to‘shak hozirlab qo‘ygani Asad qaro sekin o‘rnidan turdi.

III

Oradan ko‘p o‘tmay, o‘qish boshlanib ketdi.
Maktabdan yotoqxona bergan bo‘lsalar kerak, qaytib Xonim bu tomonlarga yo‘lamay qo‘ydi.
Sal keyinroq ayolu erkak, yoshu qari yoppasiga paxta terishga tushdi.
O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas, deganlari rost ekan. Ba’zan, garchi va’dalashmagan bo‘lsalar ham, Asad qaro peshin chog‘i qayerda bo‘lmasin, olis dalalarni oralab, hayajonlanib, hech kimga bildirmay, o‘n gektarlik paxtazorga yelib boradi. Yakkagujum tagida shirin, shaydoyi xayollar og‘ushida orziqib, betoqat kutadi.
…kelib qolarmikan-a?.. Yana bir martagina… Bir martagina-ya!.. Yaxshi ko‘rib qoldimmi-yo?.. Qistaloq, muhabbat deganlari shumi-yo?..
Hali-hozircha ko‘rpa-to‘shaklarini olib ketgani yo‘q. Ana, o‘rab-chirmab, gujumning shoxiga osib qo‘yibdi: noumid – shayton.
Keyinchalik – mavsum oxirrog‘iga yaqin, Asad qaro Xonimning bir qadar alamli, bir qadar armonzada ginasini goho o‘zbekchadayam: havo big‘am so-vu-u-uq, deb gapirguvchi fransuz tili muallimasi, kayvonife’l opaydan eshitib qoldi: da, on – bagatir. Nastoyashiy!.. Ax-x, xotya bi odin raz… vsego odin razochek sprashival bы: kak menya zavut!..
Buni eshitib, o‘shanda Asad qaro lov qizargan-u, ko‘ksidan bir xo‘rsiniq toshib chiqib, xomush… g‘amgin kulib qo‘ygan.

IV

Nogoh, mijoz poylayotgan o‘n chog‘li usta davrasida to‘polon chiqdi: jangari xo‘rozchalarday ikki yigit bir-biriga otilib, biri-biriga tasira-tusur musht tushira boshladi. Na unisi, na bunisi o‘lar-yitariga qarayotgani yo‘q.
Beixtiyor Shodi Sharif irg‘ib o‘rnidan turdi. Lekin, negadir, o‘sha zahoti shashti susaydi, fikridan qaytdi: oraliq masofa kam emas, qirq qadamlardan ko‘proq. To yetib borguniga dovur, yigitchalar bir-birini alvon qoniga bo‘yari aniq. Ulgurolmaydi. Keyin, qaytaga, o‘zi mulzam bo‘lishi yo noxos kaltak yeyishi ham ehtimoldan xoli emas. Boshidan o‘tgan… Biladi.
…nega, nima uchun ularni ayirmayaptilar? Nima bu – tekin tomosha xurujimi? Hay, odamzot-a!..
Ana, yigitchalarning qirriqrog‘i kuchi yetmasligini bildimi, uchib borib, devorga osig‘liq uskunalar orasidan bir qulochdan sal kaltaroq, o‘qlovdan yo‘g‘on bir temirni qo‘liga oldiyu shitob boshi uzra ko‘tardi.
…tamom: qay yeridan tegsayam sindiradi! Shunday qilib, tuppa-tuzuk ikkala yigitcha ham si…na…di. – Birdan tishlari g‘ijirlab, Shodi Sharif tek qotgan ko‘yi, tavallo qildi. – Hay, Qirriqvoy, esingni yig‘, balam, juvonmarg bo‘p ketasan-a?!.
Xayriyat, shartta ikki zabardast usta oraga tushib, unisini u yoqqa, bunisini bu yoqqa ko‘tarib ketdi: tengsiz olishuv, beomon jang talofatsiz tugadi.
Shodi Sharif joyiga cho‘kdi. Yengil xo‘rsinib, choydan ho‘pladi.
Boyagina yo‘lni to‘ldirib, bir-bir tamanno bilan odim otib o‘tgan qizil jujunchali qiz allaqachon barining, hatto, Shodi Sharifning ham xayolidan ko‘tarilgan edi.
…shahar – chatoq. Shahar – shafqatsiz! – deb, o‘yladi Shodi Sharif, bundan uch-to‘rt yillar avval ixtiyorsiz ravishda o‘zi ishtirokchisi bo‘lgan bir dahshatangiz voqeani eslab. – Arzimagan bahonayi sabab kuyib ketish mumkin… mumkin ekan… O‘shanda O‘zi bir asradi.

V

Kech kuzak kunlari.
Xufton mahali.
Havo ayoz.
Sevalab yomg‘ir yog‘ayotgani bois, tobora qorong‘ilik quyuqlashayotir.
Yomg‘ir yog‘ayotganigami yo yomg‘irdan yo‘l qoraygani uchunmi, mashina chirog‘ining nurlari qorong‘ilik qa’riga singib, yo‘lni xira yoritmoqda. Yo‘lakda shoshib borayotgan, yomg‘irpo‘sh kiygan yo‘lovchilar daf’atan ko‘zga allatovur xayoliy ro‘yoday ko‘rinadilar. Yomg‘irda shumshaygan, xira chiroqlar og‘ushida junjikayotgan shahar ham go‘yo ertaklardagi ro‘yolar saltanatiga o‘xshaydi.
Shodi Sharif mashinasini sekin g‘izillatayotgan edi. Yo‘l serqatnov. Oldinda mashinalar turnaqator tizilgan. Orqada ham shunday. Ora-chora yelib o‘tayotgan mashinalar g‘ildiragidan sachragan ko‘lmak suvi bir zumda old oynani loyqa chaplaganday qiladi.
Gavjum bekatdan xiyol o‘tganidan so‘ng, nogoh keta-ketguncha yo‘lning o‘rtasiga qo‘yilgan pastak beton to‘siq yonida nimadir qorayib ko‘ringani hamono, beixtiyor Shodi Sharif yanayam tezlikni susaytirdi. Yaqinlashayotib, o‘tib ketmoqchiyam bo‘ldi. Lekin, haligi qorayib ko‘rinayotgan nimadirning odam ekanligini bilib, yo‘l qoidasini buzayotganligini bilsa-da, taqqa mashinasini to‘xtatdi.
…biror mashina urib ketgandir. Yo‘l chekkasiga chiqarish kerak.
Shodi Sharif mashinadan tushdi. Sovuq. Mayda-mayda yomg‘ir tomchilari yuzlariga, bo‘yniga muzday sanchilmoqda. Junjikib, asta yaqinlashdi. Engashib qaradi: yoshi ellik­laridan o‘tgan bir o‘ris kishi. Soqollari Asvensum kontslagerining mahbuslarinikiday o‘skin. Yuzlari, sochlari uvada, kiyimlari shalabbo. Sal narida shapkasi uvib yotibdi. Yarim yumiq ko‘zlari kasalmand qo‘yning ko‘zlariday sovuq yaltiraydi. Mastmi yo… yurak kasali xurujidan cho‘zala tushib yotibdimi, bilolmadi. Qo‘lingizdan tutib turg‘azsam, o‘zingiz yurolasizmi, degan edi, rus nimadir deb g‘o‘ldiradi… Shartta jo‘navorgisi keldi. Biroq, unday qilolmadi. Bir muddat sovuqda, sevalab yog‘ayotgan yomg‘ir ostida hardamxayollanib turdi. Keyin yo‘l bo‘shaganidan so‘ng, ildam yo‘lak tomonga o‘tdi. Suzang‘och buqachaday xiyol boshlarini xam qilgan ko‘yi, ro‘paradan shitob kelayotgan talabasifat, yigirma yoshlardagi ikki yigitga dadil yuzma-yuz bo‘lib, muddaosini tushuntirdi. Yigitlarning bo‘ldamlirog‘i umuman parvo qilmadi, hatto, Shodi Sharifga qiyo ham boqmadi. Ikkinchisi esa, jinniga qaraganday bir qarab, yana o‘sha alfoz yo‘lida davom etaverdi. Saldan so‘ng mardikornamo birov sekin yaqinlasha boshladi. Shodi Sharif tavoze bilan qo‘­lini ko‘ksiga bosib, uning yo‘lini to‘sdi:
– Uka, iltimos, – dedi salom berib. – Manavi yerda birov yiqilib yotibdi. Ko‘maklashvoring, yo‘l chekkasiga chiqarib qo‘yaylik?
Mardikorning yoshi, chamasi, qirqlariga yetgan edi. Indamay yo‘lni kesib o‘tdi.
…o‘zimizning qishloqi mo‘minlardan-da! – deb o‘yladi Shodi Sharif. – Odamgarchilikni tushunadi.
Keyin o‘likday og‘ir o‘risni yo‘l chekkasiga chiqarib, taqir yerga, sevalab yog‘ayotgan yomg‘ir ostiga yotqizganlaridan so‘ng, Mardikor o‘risga ishora qilib:
– Uni o‘zingiz mashinangizda urvorgan bo‘lsangiz-chi? – dedi, noxos Shodi Sharifning yelkasidan qamchi tortganday sovuq, do‘rillagan ovozda. – To‘g‘rimi?
Birdan yuragi shuv etib, Shodi Sharif:
– Musulmonsiz-ku, Xudodan qo‘rqing-e! – dedi. – Agar man bu odamni urvorgan bo‘lsam, u yer-bu yeri qonagan bo‘lmasmidi?
…xayriyatki, qon-pon yo‘q.
Mani aldayolmaysan, degandek, Mardikor:
– Bitta aroqqa pul cho‘zing! – dedi. Xuddi cho‘zmasangiz, hoziroq melisani chaqirib kelaman, degandek.
…bitta araq?.. Sal kam o‘n litrcha benzinning puli. Cho‘zing, deyaptimi?.. Bitliqi!
– Insof qiling-e, bu odam manga hech kim bo‘lmaydi-ku!
– Mayli-da!..
Shodi Sharif bildiki, pachakilashishning foydasi yo‘q. Unga baribir: begona tugul, boshqa bir birodarini tiriklayin ko‘mdirvorsangiz ham mayli – haqini bersangiz bo‘lgani… Noiloj, tutaqib-to‘ng‘illab, bitta besh yuzlikni uzatdi.
Mardikor, pulni olishga shoshilmay:
– Yana bitta qo‘shing? – dedi.
Shodi Sharif jahl bilan pulni Mardikorning qo‘liga tutqazganidan so‘ng, shitob ortiga qaytib, keskin mashinani joyidan qo‘zg‘arkan, baribir, judayam to‘g‘ri ish qilganligiga o‘zini ishontirgisi keldi.
…o‘n litr benzinning puli kuyib ketganligi mayli, nevaralarning bosh-ko‘zidan sadaqa. Har ne bo‘lgandayam, muqarrar falokatdan birovni… Bordi-yu, allaqachon fojia ro‘y bergan bo‘lsa-chi?!. – Nogoh ro‘y berishi mumkin bo‘lgan boshqa bir dahshatangiz manzara ko‘z o‘ngidan o‘tarkan, beixtiyor Shodi Sharifning jismu joni jimirlab ketdi. – Agar o‘sha tobda allaqaysi go‘rdan bir mirshab paydo bo‘lib, Mardikorning tilidan haligi gapni eshita qolsa!..
Biroq, baribir Shodi Sharif o‘shanda ko‘ngil amriga bo‘ysunib, juda to‘g‘ri ish qilganligiga hamon qaysarlarcha o‘zini ishontirgisi keladi. Va biladiki, ayni kunlarda ham o‘shanaqa holatga duch kela qolsa, hech ikkilanmay, shartta mashinasidan tushadi-yu, yordamga muhtoj bechorani yuklab, shitob kasalxonaga jo‘naydi.
…shu kunlarda-ya!?. Tobora turfa ta’mayu manfaatlar qadriyatlarni qurtday yemirayotgan, tobora o‘ktam aqllar bir-biri bilan beomon yovlashayotgan shu kunlarda-ya!?. Albatta-da, odam o‘z-o‘zini aldayolmaydi-ku! Jon bilan birga kirgan fe’lu mizoj o‘lganda chiqar. Zamonasozlik – riyokorning ishi, muttahamning a’moli.

VI

Pirimbet oshnasi ustaxonadan chiqib, sekin, horg‘in odim otib, oshxona tomonga yaqinlasha boshladi.
…bechora, – deb o‘yladi Shodi Sharif, uzoqdan oshnasiga sin solib. – Xuddi dunyo g‘ussasini yelkasiga ortmoqlavogan g‘ussaqulday karaxt-ey! Qirqiga chiqmagandir. Lekin… elligidan o‘tganga o‘xshaydi.
Oshnasi ro‘parasiga kelib o‘tirdi. Hali akkumulyator tayyor bo‘lmaganligini, yana biror soat kutishi kerakligini aytdi. O‘sha asnoda, dastyor yigitga palov buyurdi.
Xiyoldan so‘ng dastyor yigit piyoladan sal kattaroq kosachada, – bunaqasini kunduz kuni chiroq yoqib qidirsangiz ham topolmaysiz. Lekin, qistalaqlar to­padilar-ey! – palov hamda bir taqsimcha achchiq-chuchuk, yarimta nonni stolga qo‘ydi.
Pirimbet shartta nonni ikki bo‘lak qilib, bir bo‘lagidan kattaroq tishlagach, – nonni katta tishlasang ham, gapni katta gapirma! – kosani o‘ziga yaqinroq tortdi, qoshiqni to‘ldirib, og‘zini katta ochdi.
Suqini tushirmaslikni o‘ylab, Shodi Sharif nazarini chetga burdi. Ikkinchi piyolaga to‘latibroq choy quyib, oshnasi tomonga surib qo‘ydi.
…qo‘lda olsa, kosachadagi palov, juda ko‘pi bilan, ikki-uch cho‘qim chiqar. Qursog‘iga urvoq ham bo‘lmaydi-ku!
Birpasda palov tugadi. Bir burda non bilan oshnasi kosadagi yog‘ yuqini siyirib, og‘ziga soldi. Bir ko‘tarishda choyni sipqorib, piyolani choynakka yaqin qo‘ydi: quying!
Shodi Sharif piyolaga choy quyayotib:
– Orolga suv kirayaptimi? – dedi.
– Yo‘q! – dedi Pirimbet, keskinroq ohangda. – Kam!.. Kimda kim Orolga suv kirayotir, desa, ishonmang. Yolg‘on!.. Yolg‘on so‘lliydi. Orol quriyotir.
– Orolda baliq bormi?
– Bor, – dedi Pirimbet. – Bor!..
Orol balig‘ining ta’mi juda sho‘rligini taxmin qilib, Shodi Sharif:
– Mazalimi? – dedi.
– Dim mazali! – dedi Pirimbet. – Tuz sepmiy, xomlay yesangizam bo‘lavaradi. Tuzsiz qavursangiz ham… Dim mazali. Bir to‘yib yesangiz, kun bo‘yi suv ichib, uzun-uzun gakirib yuravarasiz.
…Suviyam sho‘r-sharava bo‘lsa kerak-da!
Pirimbet choyni ichib, piyolani nari surdi. Soatiga qaradi. So‘ng, bir yerda dim zarur ishi bor­ligini, ustaxonada jiyani qolayotganligini, jiyaniga tayinlab qo‘yganligini aytib:
– Man turaman, – dedi. – Xizmat haqini beravering?
– Qancha?
– Olti ming.
Garchi oshnasi asta, beparvo aytgan bo‘lsa ham, birdan Shodi Sharifning quloqlari shang‘illab ketdi:
– E!.. – dedi. – Ikki ming edi-ku?!
– O‘tgan yilning oxirrog‘ida shunday edi, – dedi Pirimbet. – Yangi yildan berli ikki-uch marta narx oshdi-ku! Xavaringiz bor, kun sayin do‘llir ko‘tarilib borayotir.
– Besh ming, – dedi Shodi Sharif. – Pirimbet, besh ming, jo‘ra?..
Bir zum jim qolib, Pirimbet:
– Yaxshi, – dedi. – Siz – pastayanniy kliyentimsiz. Man rozi.
Shodi Sharif besh mingni sanab, stolga qo‘ydi.
Pirimbet pulni olayotib, dastyor yigitga ishora qildi: bu yona gal!
Dastyor yigit stoldan sal narida qo‘l qovushtirib:
– Ikki mingu ikki yuz so‘m, – dedi.
…O‘, buncha! – deb, o‘yladi Shodi Sharif, beixtiyor. – Bozorda bir kilo yaxshi Xorazm guruchining bahosi – ming so‘m. Bir kilo guruchni bular kamida o‘n kosacha… Birovning cho‘ntagidagini ahmoq sanar emish. Sanga nima!.. Qandini ursin. Zamonning zayli shu: ot – minganniki…
Shodi Sharif oshnasi bilan xayrlashganidan so‘ng, negadir zerika boshladi. Atrofga, yo‘ldan o‘tib borayotganlarga, huv anavi magazin oldida osib qo‘yilgan – qimmat-qiron! – gilamlarga, chalaqursoq bo‘lvolib, endi tobora g‘ussaqulday uzoqlashib borayotgan oshnasiga, sal narida chala tashlab qo‘yilgan temir-beton imoratga, sokin shovullayotgan yam-yashil daraxtzorga xayolchan ko‘z yugurtirayotib: “Hayot – yaxshi. Hayot – go‘zal. Go‘zal-e!..” – deb, umidbaxsh, quvonchbaxsh o‘ylar surgisi keldi. Lekin, negadir, ichida achchiq kulib, ko‘chaga otlanayotganida uydan biror kitobmi, jurnalnimi qo‘ltig‘iga qisib chiqmaganiga pushaymon bo‘ldi. Yo‘q, aslida o‘qiyotgan kitobini olib chiqmoqchi edi. Biroq, ko‘nglida o‘zi hurmat qilib yurgan bir tuppa-tuzuk muallifning urushni yoqlab yozgani yoqmadi. Sira!.. Beixtiyor taassufdan yoqasini ushlab o‘qigan jumlalari, mana, ayni kezda ham so‘zma-so‘z yodida: “Vse vremya voynы i gorya ya stoyal za voynoy do pobednogo kontsa. I nikakiye jertvы ne pugali menya”.
…O‘, Nitsshe bo‘p ket-e! – deb o‘yladi Shodi Sharif, ayni jumlalarni o‘qiyotgan paytidagi kabi ham taajjub, ham taassufni yana qaytadan shuuridami, ko‘nglidami his etib. – O‘zi-ku, shundoq ham, dunyosi tuf degan tupukka arzimasa, bandasi ne uchun kelganiyu ne uchun ketib borayotganligini bilolmasa!.. Urush bahona milyon-milyon qurbon bermoqdan ne ma’ni! Emishki, millat tozararmish, millat yoshararmish… Yo‘q… yo‘q… yo‘q!.. Yo urush bahona mayib-majruhlar, boqimandalar, tekinxo‘rlar yoppasiga qirilib ketishini nazarda tutisharmikan-a?.. Ularga qo‘shilib allaqancha sog‘lom kuchlarning nes-nobud bo‘lishi-chi?.. Yo‘q… yo‘q!..
Shodi Sharif har qanday urushga qarshi. U haqda o‘qish tugul, hatto, eshitishni ham istamaydi. Anavi muallif yozgan urushdan chorak asr keyin­roq boshlangan ikkinchi jahon urushida tog‘asidan, amakisidan ayrilgan. Rahmatli onaginasi to so‘nggi nafaslariga dovur shahid ketgan akalarini bot-bot qo‘msab, yarador jonivorday chingsib o‘tdilar.
…Tavba, urushmish-a!.. Toju taxt egalari – yuholar, qurol-aslaha xo‘jayinlari urushning kasofatidan boyligini orttirishar. Lekin, tuppa-tuzuk aql egasining urushni yoqlashi…
Xayolparishonlik bilan Shodi Sharif soatiga qaradi: mana, nihoyat, tag‘in o‘n besh daqiqalardan so‘ng, aytilgan vaqt ham tugaydi. Shunday qilib, – qo‘zichoqni o‘rmonda, yeb qo‘yibdi bo‘ri sharmanda! – aziz umrning qariyb yarim kuni yana kuyib ketdi.
…Ola-a, azizmish-a!.. Qistalaq muallif ham haq shekilli!.. Bunaqasi ketmaydi… Ketmaydi. Ko‘ngil uchun biror ermak topish kerak. Kitobxonlik – qorni to‘q, usti but, g‘ussadan yiroq To‘ravoyning ermagi. Yer ham, ko‘k ham minnatdor bo‘ladigan bir foydali ermak topish… Topaman… topaman… to… pa… man – nam… ap… ot.
Shodi Sharif bitta yuz so‘mlikni choynakning ostiga qo‘yib, o‘rnidan turdi. Va sekin xovos ustaxona sari keta boshladi.
Hali uch-to‘rt qadam yurishga ulgurmagan ham ediki, ortidan dastyor yigitning allatovur titroq ovozi eshitildi:
– Doda-a?!.
…momangni ko‘rmaganman-ku, bo‘tam. Buncha?!. Xuddi yelkasidan qamchi yeganday chinqiraydi-ya! Pulni ko‘rmadi chog‘i…
Shodi Sharif ortiga o‘girildi. Chimirildi: nima deysan?
– Yana yuz so‘m!.. – dedi dastyor yigit. – Choy bizda ikki yuz…
…yo Xudo! Olmaday bir choynakchaning choyi – sal kam bir yarimta bo‘lkaning puliga teng. Bu qanaqasi – qani mantiq, qani ma’ni!? Ho‘y, nodon, bema’ni hayotdan ma’ni izlashning o‘zi bema’nilikdir. Qachon es kiradi san sahroyiga – o‘lganingdami?
Shodi Sharif indamay, yana bitta yuz so‘mlikni uzatib, tag‘in boyagi alfoz yo‘lida davom etdi.
…bu dunyoda men bir yo‘lovchi, shodon menga qo‘l silki, erkam. Xuddi shunday tinch erkalovchi ziyo to‘kar kuz fasli oy ham. Bu dunyoda men bir yo‘lovchi… Har qancha chiranmasin, bandasining shundan boshqasiga qilar da’vosi – oxir-oqibat behuda shekilli.

VII

Pirimbetning jiyani oriqqina, bo‘ychan, yoshi o‘n sakkizlarda, mallasoch, ko‘zlari qo‘ng‘irrang yigitcha ekan.
Salom-alikdan so‘ng Shodi Sharif ustaxonaga kirmay, eshik yonidagi uringanroq kursiga omonat cho‘nqayib, jiyanning otini so‘radi.
– Sher! – dedi jiyan.
– Sheralimisan?
– Sherimbet.
– A-a!.. – dedi Shodi Sharif, tushunarli degandek, qoshlarini bir kerib. – Yaxshi… Sher!..
Akkumulyatorning to‘la-to‘kis quvvat olishiga hali yana o‘n besh daqiqadan ko‘proq vaqt bor ekan. Yodda qoladigan biror yangi gap eshitish ilinjida Shodi Sharif Sherni – Sherimbetni suhbatga tortdi.
…Qadimgilar aytganlarki, gapdan – gap chiqar; bekor o‘ylagancha, bekor tingla.
Sherimbet Pirimbetning opasiga ikkinchi o‘g‘il ekan. Bir akasi, bir opasi hamda bir singlisi bor emish. Opasi erga chiqqan. Lekin, oilaning to‘ng‘ichi bo‘lsa-da, hali akasi uylanmagan.
Qoraqalpoq tomonlarda qiz uzatish oson. Borsa-Kelmas degan yurt ham o‘sha taraflarda. U yoqlarda o‘g‘il uylantirish… qiyin, haddan jafo qiyin: kuyov tomon kelin bo‘lmish qiz tomonga oltindan zaru zevar – bo‘yniga zanjir, – yo‘g‘onrog‘idan! Qulog‘iga sirg‘a, barmog‘iga qo‘sha uzuk, – og‘irrog‘idan! Xarid qilinganlaridan tashqari, yilning to‘rt fasliga moslab qo‘sha-qo‘sha kiyim-kechak, allaqancha etikchayu kavushchalar olishi kerak. Bir sovlig‘u bir qo‘chqor, tag‘in bir sigiru bir buzoq kelinga atab tortiq qilinishi shart. Albatta, qalin pulisi nikoh o‘qilishidan avval naqd beriladi: allaqancha milyon. Kamida!.. Milyon so‘m deganingiz yillab bog‘liqda boqilgan filday bir ho‘kizning puli, tag‘in himmatingizga havola, ko‘proq bo‘lsa, yanayam yaxshi – obro‘yingiz. Ha, kelin bo‘lmish huriliqoning ota-onasiga, ya’ni – qaynotayu qaynonaga bosh-oyoq sarpo!.. Shunisi ham borki, yetti urug‘-aymoq yog‘ilib-yopirilib keladigan, kamida o‘n-o‘n besh yashik aroq-sharob havasakka ichiladigan nikoh to‘yining barcha sarfu xarajatlari bu hisobga kirmaydi.
…uylanmoqchimisiz – marhamat, qaro terga botib, javlon uring… Lekin bularning bari eski gaplar-da!
Yangi deyishga arziydigani shuki, uylanmog‘i uchun akasi pul ishlagani Ukrainaga – Don daryosi bo‘ylariga – qariyb o‘n ming chaqirim yiroqlarga uloqib ketgan emish. Oy sayin opasiga, – ularda onani opa deydilar, – ikki yuz, ba’zan ikki yuzu ellik do‘llir jo‘natib turar ekan.
…ikki yuz do‘llir – bizning so‘mda… O‘h-ho‘!.. Yaxshi… judayam!.. Lekin nima uchun otasiga emas-u, opasiga jo‘natadi? Bu yerda bir gap bor. Bor.
Sherimbetning o‘zi bahor kunlaridan to erta qish kunlarigacha Chimkentda– yo‘l qurilishida yo‘lchivoylik qilar ekan.
– Shimkent bir qadam yaqin, ham yaxshi, deydi. – O‘n ming chaqirim olisdagi begona, bepoyon Don daryosi bo‘ylarida ham kun ko‘rmoqning, ham uyga uzluksiz pul jo‘natib turmoqning o‘zi bo‘larkanmi!.. Bu-de bir qahramanliq, – deydi.
Lekin, nima uchundir, o‘sha yoqlar akasiga yoqib qolgan emish. Opasi esa bundan yomon xavotirda: sham-shirag‘im o‘she yaqlerde bir xaxo‘lg‘a uylenib, gadoy tapmes yurtlerde qalib ketemi!? Paymanam to‘lib, kunim bitgende, sovuq diydarimni ko‘rib, tabutimni ko‘tarmak nesib eteme?..
– Ammo, har jihatdan Shimkent qulay, – deydi. – Ming qilseyam o‘zingizning musulmaningiz. Qozoqsha suyleb, musulmonsha qulluq qilib tursengiz, yutqazmeysiz, og‘ay… Har oyda mehnat haqiga uch ming tanga yest!..
Qarang-a, yotoqxona tekin emish. Muntazam opasiga ikki ming tangadan ko‘proq jo‘natib turar ekan.
…iy-e, nega buyam opasiga jo‘natadi, otasiga emas? Nima balo, haliyam bularda matriarxatmi-yo?!
– Otang nima ish qiladi?
– Akam yo‘q mening! – dedi Sherimbet. Ularda onani opa, otani aka deyilar. – Qartayib o‘lib ketgen. Ikki-ush yil bo‘la geldi.
– Otang necha yoshida o‘tgan?
– Oltmisin-de!
…yo navzambilloh!.. – Birdan Shodi Sharifning dil ko‘zi yarq etdi. – Buncha?!..
– Opang necha yoshida?
– U-de qartayg‘an, – dedi Sherimbet. – Alli besinde.
…yo tavba, elik besh yosh ham qarilik hisoblansa?!..
Sherimbetning aytishiga qaraganda, pashti ovullarida ishimlik suv jo‘q. Suvi tinitib ichilarmish.
…sho‘r-da!..
Otasi to‘rt-besh yil buyragi og‘rib, boru yo‘q molu holni doriga, kasalxona xarajatlariga sovuribdi-sovuribdi-da, baribir o‘lib ketibdi. Endi opasidayam shunaqa og‘riq xuruj qilayotgan emish.
– Nima uchun ovulingda, opangni yonida ishlamaysan?
– Is yo‘q-ku! – dedi Sherimbet. – Isni topgening bilen, fermer oylikni ikki-ush oy o‘tkezib bere.
– Oyligi yaxshimi?
– Is yo‘q dedim-qu! Isni o‘zing topuving kerek, – dedi Sherimbet, yana qoraqalpoqchasiga hamsuhbatini sansirab. – Oylig‘i qiriq ming… Nu, sal ko‘prak bo‘luvi mumkin. Uni-de keshiktirib bere. Shuning ushun ayollerde shig‘ib getayotir, olis yoqlarg‘a yumus izleb.
– Shu yerda doying bilan birga ishlasang bo‘lmaydimi?
Xorazm, Qoraqalpoq tomonlarda doyi deb tog‘ani aytadilar.
…demak, dohiy degani doyidan olingan ekan-da!..
Jon-jon deb ishlarkan-u, lekin, yoz oylari tog‘asining yonida ish juda kam bo‘lar emish. Yozda akkumulyator ko‘p buzilmaydi, deydi. Qishda u tomonlarda qattiq sovuq boshlanib, yo‘l ishlari kamaygan pallada tog‘asining yoniga qaytadi. Ana o‘shanda – qahraton qish kunlarida, tog‘asining ustaxonasida akkumulyatorlar qalashib yotadi; issiqqina ustaxonada qo‘li-qo‘liga tegmay ishlaydi; puli ko‘p, juda ko‘p bo‘ladi.
Navbatdagi berajak savoli bir qadar qo‘rsday tuyulishi ehtimolini anglayotgan esa-da, baribir, yana biror yangi gap eshitish umidida Shodi Sharif:
– Sher, to‘g‘risini ayt! – dedi. – Hayotingdan shodmisan?
Sherimbet, yigitchasiga mag‘rur, mamnun ishshayib:
– Kaneshna! – dedi. – A kak je?! – Lekin, chindan ham deganicha bor: oyog‘ida, – qo‘lingga gul bitgur xitoy shildirlarining! – “Adidas” fasoniga o‘xshatib butlagan kedasi; egnida ham o‘shalarning tikkan to‘rt cho‘ntakli jinsi shimi hamda qo‘sha kissali, pagonli jinsi ko‘ylagi; bilagida zobitlarnikidaqa yasama soat; kamarida so‘nggi rusumdagi qo‘l telefoni; albatta, qo‘ynida beli buklanmagan dasta-dasta gulqog‘ozi ham bo‘lishi kerak. Bo‘ydoq yigitga shu-da!.. – Uje yekite professiyam bor: atmenniy darojnik, supper akkumulyatorshik! Dunyo kezayotirman: Qoraqalpoq… Tas­kent… Shimkent. Bizning ates yese, ovuldan shig‘mey, qaro zehmetdan boshqasini bilmey, apamdan boshqasini ko‘rmey-netmey, o‘tdi-getdi.
Sherimbetning niyatlari bir-biridan yaxshi: tezroq o‘zlarining ovullaridan og‘asini uylantirishda opasiga ko‘maklashmoqchi. Keyin, opasini davolatganlaridan so‘ng, pulini yig‘ib-yig‘nab, doyisiday Toshkanning gavjum guzaridan bir ustaxona ochishni mo‘ljallagan. Endi ovulga qaytish yo‘q. Opasini ko‘chirib keladi. Bitta uchqur inomarkaning zo‘ridan minishni rejalab qo‘yibdi. To o‘shangacha, o‘ttiziga chiqsa ham, uylanmoqchi emas. Axir, u o‘zini behuda Sher atayotgani yo‘q.
…iloyo, tezroq… tezroq niyatingga yet, Sher! Baxtlaringizga opaginangning boshi omon bo‘lsin, Sher!..
– Ina, akumlyatoringiz tayyor, og‘ay! – dedi Sherimbet, quvvat o‘lchagich naychani bir-bir akkumulyatorning tuynukchalariga tiqib. – Go‘rdingiz-a?.. Endi to qishgacha haz etib minasiz.
Shodi Sharif, rostisi, ayni chog‘da akkumulyatori ko‘nglidagiday quvvatlan­tirilganidan ham ko‘ra, ko‘nglida g‘ayrati mavj urgan, dili pok, niyati xolis, onasiga, bari emikdoshlariga mehru oqibatli Sher yigit – Sherimbet bilan tanishganiga, suhbatlashganiga juda… juda xursand edi. Dil-dilidan ishonayaptiki, endi uzoq vaqt Sher yigit yodidan chiqmaydi.
…Yo‘q, aslo! – deb, o‘yladi Shodi Sharif, ko‘p zamonlardan beri bunaqa o‘tli-shudli yigitni uchratmaganiga iqror bo‘lib. – Yaxshi… yaxshi bo‘ldi. Umridan baraka topadigan yigit ekan.
Sherimbet akkumulyatorni joyiga o‘rnatib, bir-bir bo‘ltaklarni qotirgach:
– Zavadit eting, og‘ay! – dedi. – Davay!..
Shodi Sharif kalitni yarim tovlashi bilanoq, motor gurullab ishladi.
– O‘chiring! – dedi Sherimbet. Va o‘sha zahoti yana buyurdi. – Davay!..
Ikkinchi gal esa akkumulyator yanayam kuchini ko‘rsatdi: zo‘r!
Shodi Sharif Sherimbetning kiftiga qoqib, xushhol xayrlashdi. So‘ng, sekin katta yo‘lga tushvolgach, tobora tezlikni oshira boshladi: hozir to‘g‘ri uyga boradi; ana keyin, maza qilib ovqatlanadi.

VIII

Hali Shodi Sharif katta yo‘l muyulishiga yetganicha yo‘q edi, birdan osmon burjlari qasir-qusur yorilib-o‘pirilayotgandek ustma-ust momaqaldiroq gumburladi. Va bori vahshati bila qaldirayotgan tovush tinar-tinmas, jala quya boshladi.
Umrida bunaqa jala yoqqanini Shodi Sharif ko‘rmagan. Yo‘q!.. Dunyosining allaqaysi olis yurtlarida ro‘y berayotgan to‘fonni, quyunni, suv bosqinini, tornadayu sunamilarni bot-bot televizorda ko‘rgan chog‘lari beixtiyor yoqa ushlab, ona-diyorini balo-qazolardan Yaratganning O‘zi asrayotganiga dil-dilidan shukronalar aytgan… Lekin, bunaqasini, hatto, xayoliga ham keltirmagan edi.
Ana, bir zumda hammayoqni uzluksiz oppoq sel… Yo‘q, qalin jala pardasi qopladi. Shodi Sharif endi bir qadam, hatto, bir qarich ham jilolmasligini bildi: mashinasini to‘xtatdi. Atrof-tevarakda nimalar bo‘layotganligini ko‘rish… mahol. Yo‘q, ko‘rolmaysiz. Tunuka tomlar do‘mbiraday daranglamoqda. Daraxtlar shovullab-yulqinib, tag-tubidan tomir-pomiri bilan qo‘porilguday qarsillayapti. Osmon… ko‘rinmaydi. Lahza sayin kuchayayotgan jala pardasidan hammayoq oppoq. Osmon bo‘g‘riqqan shishaday oppoq. Yeru ko‘k esa tobora dillarga dahshat solib guvullamoqda.
Hayal-zamon o‘tib-o‘tmay, ariqchalardan toshib chiqayotgan bo‘tana keng-mo‘l yo‘lni to‘lg‘azib, pastqamliklar sari to‘lqinlanib-chayqalib oqa boshladi. Yo‘lda, yo‘laklarda biror bir yo‘lovchi yo‘q. Hamma o‘zini duch kelgan panaga urgan.
Nogoh yo‘lak bo‘yidagi baland eski paxsa devorning katta bir qismi so‘nggi marotaba og‘ir hansirayotganday gup etib quladi. O‘sha asnoda, keng yo‘lak yoqasidagi qari terakning katta bir shoxi ayanchli g‘ichirlab, ostidagi qora “Mers”ning ustiga gursillab tushdi. Va, shuning barobarida, jonivor mashina, ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan ushbu falokatdan olam-jahonga jar solayotganday chinqirvordi: vay-vay-vay-vay!!
Ayni o‘sha lahzada tag‘in momaqaldiroq avvalgilaridan-da uzoqroq, avvalgila­ridan-da dahshatliroq gumburlab, yanayam jala kuchaydi.
…yo‘q, bu… bu – jala emas, bu – to‘liqqan osmonning ko‘zyoshlari!.. deb o‘yladi Shodi Sharif, ang-tang yoqasini ushlagan ko‘yi, qalin jala pardasidan ko‘zlarini uzolmay. Hech nimadan, hech kimdan najot topolmay, yeru osmon aro mahv bo‘lib turganingizda ona-tabiatning eng mo‘rt, eng ojiz bir zarrasi ekanligingizga imon keltirib, beixtiyor O‘ziga tavallo qilar ekansiz: Haq – do‘st, yo Olloh! Haq – do‘st, yo Olloh!
Xayriyat, jala qanday birdan boshlangan bo‘lsa, o‘shanday tindi-qoldi.
…qancha vaqt yog‘di – besh daqiqacha quydimi? Shundan ko‘p emasdir.
Ana, tarnovlardan shovullab quyilayotgan bo‘tananing tovushi tobora susayayotir. Jalaga g‘arqob ariqchalar, yo‘laklarning goh u yer-goh bu yerida loyqa suv bilq-bilq pufak otayapti. Abjag‘i chiqqan “Mersedes” esa hanuz boyagiday faryod chekmoqda: vay-vay-vay!!.
Shodi Sharif ko‘zlarida beadad bir taajjub va xayolchanlik bilan osmonga tikildi. Yo piray, osmon artilgan oynaday tip-tiniq!.. Hammayoq bahor quyoshining mo‘l-ko‘l nurlaridan benihoya nurafshon.
Bir mahal Shodi Sharif o‘skin daraxtlar, baland tomlar osha g‘aroyib kamalakni ko‘rdi. Ko‘rdiyu, shartta mashinasini yo‘lak bo‘yiga asta jildirdi. To‘xtatdi. Tushdi. Qachonlardir bunaqa yorqin kamalakni ko‘rgan-ko‘rmaganligini eslayolmadi… O‘sha asno, ko‘zni qaraqtirguday rangin kamalakdan sal pastroqda… yo‘q, Hasan-Husan yoyining qariyb teng o‘rtasida oppoq chorsuni boshiga yelvagay tashlagan bir nuroniy momoni ko‘rdi.
…kim u – Bibi Maryammi yo… yo… o‘zimning onammi? – Ushbu savol ko‘nglidan kechayotgani hamono, birdan Shodi Sharifning ko‘ksi bir qalqib, yuragi gupurdi. – Faqat man ko‘rayapmanmi yo boshqalar ham ko‘rayotganmikan-a?!. Ona… onajon! Iloyo?!.
Ajab, Shodi Sharif o‘zini allatovur bir tozarganday his etmoqda edi. Yengil entikdi.

IX

Xotini eshikni ochayotib:
– Vuy-y! – dedi. Boshini liqillatdi. – Sel yoqqanini ko‘rdingizmi?
– Sel emas, jala edi u, – dedi Shodi Sharif. – Jala!.. Kamalakni ko‘rdingmi?
Xotini eshikni yopayotib, ko‘zlarini pirpiratdi, boshini chayqadi: yo‘q.
…atta-a-ang!.. Demak?..
– Mani onamni-chi?..
Xotini:
– Qayerda?.. – dedi og‘zini yumolmay.
– Kamalakning o‘rtasida.
– Hazillashayapsizmi?..
Shodi Sharif xotinining ishonmayotganiga dilida o‘kinchga moyil nimanidir tuydi… Indamay, boshini chayqadi… So‘ng birpas nafas rostlagani kursiga og‘ir cho‘kib, bola onasiga deyayotganidek, och qolganligini aytdi.
– Ko‘chada ovqatlansangiz bo‘lmasmidi?
…e, aytasan-da! Nahotki… nahotki-a?!
Nima uchun eri ko‘chada ovqatlanmaganligi sababini xotini yaxshi biladi. Bir zumda ochil dasturxon tuzab:
– Kofeyam ichasizmi? – dedi.
Shodi Sharif kamalakni… kamalak o‘rtasida bibi Maryammi… onasinimi ko‘rib bir yayraganligini demasa, ancha toliqqan edi, jinday mizg‘imoqni o‘ylab:
– Yo‘q, – dedi.
Shu qadar ochiqqan ekanki, hatto, dorilaridan bitta-bitta ichish ham xayoliga kelmabdi. Ovqatlanganidan so‘ng, hazmiga asalchoy ichayotganida, xotini to‘lib turgan ekan, dabdurustdan arzu dodini boshlavordi: tuman elektr tarmoqlari idorasidan nazoratchi kelib, tok o‘lchagichni yo‘lkadan uyning ichiga – dahlizga ko‘chirtirganliklari uchun jarimanoma yozib ketibdi, jarima miqdorini ertaga idorada kattakonlari belgilar ekan.
…bir kami shu boshog‘riq edi, deb o‘yladi Shodi Sharif asalchoyning ham ta’mini sezmay. Agar ertagayoq kattakonga uchrashib, darhol jarimani to‘lamasalar, peshindan keyin chiroqchilari tokni kesib ketarmish. – …nima uchun tushunmaydilar-a?! – Tok o‘lchagichni dahlizga ko‘chirtirganliklari bir necha yillardan beri surilib kelayotgan mojaro edi. Axiyri, joniga tegib, nazoratchining jarimanoma yozib jo‘navorganligini o‘ylarkan, Shodi Sharifning boshi qotdi. – Axir, tok o‘lchagichni biz o‘z ixtiyorimiz bilan ermakka ko‘chirtirganimiz yo‘q-ku!
Tok o‘lchagichni dahlizga ko‘chirtirganliklarining asosiy sababi shuki, oxirgi qavatda yashayotganliklari uchun, tomdan qor, yomg‘ir suvlari sizib-sirqiyverganligi bois, simlarning tutashtirilgan joylaridan uchqun sachrayverib, o‘t chiqqanligidan ro‘paradagi qo‘shnilarining tok o‘lchagichi kuyib ketgan edi… Endi ovorayu sarson bo‘lib borib, tushuntirishi kerak. Jarimanoma yozib ketgan yigitcha, negadir, bu gal eshitishni ham, tushunishni ham xohlamabdi.
Ayvonda o‘tirgan edilar.
Shodi Sharif xomush-xovos katdan tushdi. Behud to‘ng‘illagan ko‘yi, sekin yotoqxonasi tomonga yurdi.
Xotini dasturxonni yig‘ishtirayotib:
– Choyingizni ichmaysizmi? – dedi.
Shodi Sharif to‘xtamay:
– Birpas cho‘zilay, – dedi ortiga qaramay, juda charchadim, deganday ohangda. – Keyin icharman.
Lekin, Shodi Sharifning asabbozliklardan, betayin mojarolardan charchaganligi rost edi.
…mudrab bo‘larkanmi endi?.. Ko‘zlarimni yumib, hech nimani o‘ylamay… Axir, hech nimani o‘ylamaslik haqida o‘ylashning o‘zi ham… Azob-e!.. Kimdir birov aytgan emish: og‘riqsiz bosh ham boshmi, deb… Aslida, ertayu kech xotinining g‘ishavasidan to‘yib ketganligidan Suqrot aytgan bo‘lishi kerak.
Xotini choy to‘la choynakni hamda katta piyoladagi sovib qolayozgan asalchoyni stolga qo‘ygach, indamay, ortiga qaytdi.

X

Eshik qo‘ng‘irog‘i ustma-ust, betoqat jiringladi.
Shodi Sharif mizg‘igan-mizg‘imaganligini bilolmay, hamon nazoratchi yigitchaning qilmishi xayolini band etgan ko‘yi, xiyol bir ko‘zini ochib, devor soatga qaradi: besh bo‘layapti.
…nevaralarning to‘ng‘ichi maktabdan… Hademay, o‘rtanchasiyam… Keyin… Endi mudrab ham, mizg‘ib ham… – Shodi Sharif ko‘zlarini ochdi. Oyoqlarini katdan tushirdi. – Aytishlaricha, bunaqa paytda uxlayotgan odamning dami qirqilarmish. Turish kerak.
Xotini past ovozda nevarani ogohlantirdi:
– Bobong dam olayaptila!..
…dam?.. Xomtama bo‘lma, xotinjon, bu dunyosida dam olish…
Ertaga tuman elektr tarmoqlari idorasiga xomush, xayolchan kirib borajagini o‘yladi.
…Borganidan so‘ng, nazoratchi yigitchaning ko‘zlari sovuq chaqnaguvchi kattakoni bilan gaplashayotib, aql bovar qilmas bir anglashilmovchilikka yo‘liqqanlariga ishonolmay, noma’lum muddatga cho‘zilajak ovorayu sarson-sargardonchiliklar qancha davom etishini, oxir-oqibat, natija nima bilan tugashini bilolmay, idorayu uyi orasida bo‘zchining mokisiday qatnayverib, gangib-garangsib qoladi.
Biroq, hali, hozircha Shodi Sharif buni bilmaydi; hatto, bema’ni, beayov sargardonlik iskanjasida o‘rtanarini xayoliga ham keltirolmaydi.
Shodi Sharif bugun Sher otlig‘ bir sherday yigit bilan uchrashganiga; qisqa va lekin, yoddan chiqmas, quvonchbaxsh gurung qilganlariga; keyin, rangin, ajabtovur yorqin kamalakni… kamalakning o‘rtasida Bibi Maryamnimi… joyi rostonlari toabad ilohiy nurlar ila munavvaru nurafshon bo‘lgur onasinimi ko‘rganiga xursand.
…qanday yaxshi… qanday soz: Sherning ko‘ngli to‘la umid, to‘la ishonch!.. Xayriyatki, dunyosining shunaqa kunlariyam bor-a!.. Lekin… bugun osmon rosa yig‘ladi-ey!..”
Noumid – shayton, ayni chog‘da ertangi kuni yanayam nurliroq o‘taridan Shodi Sharif juda-juda umidvor.
Ana, ertaning nurafshon bo‘laridan yorqin darak berib, ufq tomonlarda olovrang bulutlar lovullamoqda.

“Sharq yulduzi”, 2017 yil, 8-son