Agar bu gap o‘tgan kuni aytilganida edi, yarim soatcha burun shaharga jo‘nab ketgan Tirkash tog‘asi bilan quyuq xayr-xo‘shlashib, endigina kartoshga chopiqqa tushgan Mirza hadaha g‘azab otiga mingan va uni beayov qamchilagancha, “kim ekan u zo‘r”, deya “na’ra” tortgan bo‘lardi. Ammo bu safar o‘zini qora tortib kelgan jo‘ralarini taajjub to‘riga chirmab, odatdagidek, “na’ra” tortmadi, qo‘llarini musht qilib so‘kinmadi, paykal chetidagi ariq bo‘yiga, o‘rik ko‘lankasi ostiga cho‘ka-cho‘ka, go‘yo endi ko‘rayotgandek, ularga boshdan-oyoq bir-bir nazar tashlarkan, xuddi ko‘pni ko‘rgan katta polvonlardek, o‘ta bosiqlik bilan “him-m” deb qo‘ydi. Bu qilig‘i bilan shusiz ham tutab turgan yigitlarning battar xunobini oshirib yubordi. Ana, biri buytib to‘nglab o‘tirishing nimasi, tezroq qimirlasang-chi, deya so‘kib berdi. Biri esa uni kesakka mengzab, o‘zicha ustidan kulgan bo‘ldi. Biroq u o‘z sha’niga nisbatan aytilayotgan gap-so‘zlarga e’tibor bermadi, nazarida, qarshisida allaqachon yigirmani hatlab qo‘ygan esa-da, haligacha aqlini to‘xtatmagan jo‘ralari emas, burnidan mishig‘i arimagan yosh bolalar turganday va ko‘p emas, jindekkina sabr hamda bir-ikki og‘iz shirin so‘z bilan ularni osongina hovuridan tushirish mumkindek pinak buzmay o‘tiraverdi. O‘z navbatida, o‘zining kutilmagan bu qadar sovuqqonligidan hayrati ortib, dam-badam ensasini qashlab qo‘yardi. Axir ilgari, uni tezroq qo‘zg‘ash maqsadida, jo‘ralari tomonidan ko‘p hollarda ataydan aytiladigan o‘sha tanish qutqu – “zo‘ring bo‘lsa, opkelaver dedi” yoxud “deyishdi”, degan gapni eshitishi hamon g‘azabi jo‘shib, darrov ularning oldiga tushardi-da. Hozir esa qoshida depsinib turgan jo‘ralari qatori, ushbu xitobni aytmoqqa jur’ati yetgan g‘anim tomon ham unga sabiy tuyulmoqda edi. Shu bois, yuz bergan mojaro sababini emas, o‘zidagi g‘ayritabiiy bosiqlikni nazarda tutib, beixtiyor tarzda to‘ng‘illadi:
– Nima gap o‘zi?
– Iya, boyadan beri qulog‘ingga tanbur chertayapmizmi? – dedi yo‘q yerdan mojaro qidirib, doim janjal qo‘zg‘ab yuradigan Zokir chatoq deganlari yer tepinib. – Aytdik-ku, ayritomliklar bizni yer qip tashlashdi deb. Borsak, Yakkasuvni butunlay o‘ziniki qip olishibdi. Bizga tegishli tosho‘choqqa qozon osib, o‘zlaricha mayovka qilishayotgan ekan. Ha, devdik, xuddi ketga tepganday qilib, bizni haydab solishdi. Kamiga, zo‘ring bo‘lsa opkelaver, istaganing bilan gaplashib qo‘yamiz deyishdi.
Bu gapni takror eshitgach, Mirzaning ichiga o‘t tushgan esa-da, tezda o‘zini bosdi. Dam-badam tilga olinayotgan Yakkasuv to‘g‘risida emas, uning kunchiqish tarafidagi cho‘ng tepa boshidan o‘rin olgan ko‘hna qabr hamda janubdagi qo‘shni tizma bag‘rida joylashgan tor og‘izli, keng o‘zanli qorong‘i g‘orni ko‘z oldiga keltirib, qishloqda “tarixchi domla” degan nomga ega bo‘lgan Tirkash tog‘asining sa’y-harakati tufayli kuni kechagina yuz ochgan ko‘hna tarix xususida o‘ylarkan, tog‘asi kabi miyig‘ida kulimsirab, sokin bir ohangda, sizlar avvaliga buni eshitinglar, deya ushbu tarix xususida so‘zlash istagini tuydi. Biroq qoshida guvranib turganlar uning hikoyasini eshitadigan ahvolda emas, shu tobda ularni na ko‘hna qabr tarixi, na elda oddiygina “kamar” deb atalmish, qorong‘i g‘or qa’ridan topilgan sir-sinoat qiziqtirardi. U bosiqlik bilan do‘stlari yuziga taassuf-la boqarkan, tuyqusdan ko‘ngliga shumlik oraladi, buytib to‘nglab o‘tirishimning boisi, kuni kecha Tirkash tog‘am hidini olgan kamar tubidagi xazinaga, u kishi qaytib kelmasdan burunroq ega chiqish o‘yi va tashvishidaman, degisi keldi. Agar shunday deyar bo‘lsa, zumda qoshida jon asari qolmaydi – intiqom o‘tida yonayotgan jo‘ralari Yakkasuvni egallab olgan g‘animni paqqos unutgan holda umrida yaqiniga yo‘lab ko‘rmagan o‘sha g‘or tomon imi-jimida jo‘nab qolishlari tayin. Bunga uning ishonchi komil edi. Axir kecha tog‘asi shu haqda so‘z ochganida, o‘zi emasmi, o‘pkasini qo‘ltiqlagancha unga “dum” bo‘lgan.
Bundan avvalgi tashriflari davomida, qitmir kimsalardan birining ta’biri bilan aytganda, o‘tgan asrning yigirma-o‘ttizinchi yillariga oid “tirik yodgorlik” sifatida hanuz tuproqdan tashqarida g‘imirlab yurgan ayritomlik Sanaqul oqsoqol hamda yosh jihatdan undan sal berida bo‘lgan yana bir-ikki cholni o‘ziga yaqin hamsuhbat tutib, yaltiroq tugmachali qalin, qora daftariga allanimalarni qayd qilib yurgan tog‘asi bu gal kelishida, to‘satdan biron-bir kimsaning xayoliga kelmaydigan g‘orga bormoqni ixtiyor etib, o‘ziga ishonchli hamroh sifatida Mirzani tanladi. Biroq tog‘aning bu istagi jiyaniga unchalik xush kelmadi, manglayi tirishib, ensasi qotdi. Shunda bu kabi suhbatlarda har qanday hazil-huzilni o‘zidan o‘ta yiroq tutadigan tog‘a tizzasi ustidagi qora daftarni ma’nodor chertib, ziyolilarga xos sokinlik bilan dedi: “Mendagi ba’zi bir ma’lumotlarga ko‘ra, u yerda xazina yashirilgan ekan, nahotki bu narsa seni qiziqtirmasa?” Bu gap tog‘aning og‘zidan chiqishi bilan Mirza deganlariga darrov jon kirdi va aytilgan kerakli anjomlarni bir zumda yelkaga osiladigan choqqina qopga joylab, unga ergashdi. Yo‘l bo‘yi yuragi hapriqib, g‘orning qorong‘i puchmoqlaridan birida uyulib yotgan yaltiroq tilla tanga va buyumlarni ko‘z oldiga keltirib, o‘zicha shirin orzular ummonida guvranib bordi.
Ammo uning g‘ayrati toshgan sari, tog‘a oshiqay demasdi. Bu yetmagandek, Yakkasuvga yetganda, bir muddat nafas rostlash o‘yida oyoq ilishiga nima deysiz. Bu holdan Mirzaning jismi-joni tutab, tevarakka dilgir-dilgir tikiladi, ich-ichidan g‘ijinib, g‘ashlanib-g‘ashlanib boqadi. Ammo mehmon hurmati chars fe’lini namoyish etmoqdan o‘zini tiyadi. Boz ustiga, tog‘asi, boshqa xeshlaridan farqli o‘laroq, ilm odami – o‘ziga yarasha susti bor, kim bilan muloqotda bo‘lmasin, hamisha andishaga jiddiy amal qiladi, huda-behuda gapiravermaydi. Mabodo kurakda turmaydigan biror-bir qilig‘ingni sezib qolgan taqdirda ham, boshqalardek tergab-sergab, pandu nasihat qilib o‘tirmaydi, noroziligini nimtabassum qatiga bekitib, shunday bir qarash qiladiki, pirovardida, qochgani joy topolmay qolasan kishi. Ana, hozir ham Yakkasuvning nochor raftoridan og‘rinib, qoshlari tugun tortib o‘tirgan esa-da, haligicha bu to‘g‘rida bir og‘iz churq etganicha yo‘q, bu turishida, etmasa ham kerak.
Agar shu o‘rinda, Yakkasuvga andak ta’rif berib o‘tadigan bo‘lsak, bu so‘lim go‘sha tog‘oldi kengligi bo‘ylab bir-biriga baqamti tushgani holda shimoliy tekislikdan janubiy do‘ngliklarga qadar cho‘zilib ketgan to‘rt chaqirimli ikki qir orag‘idagi uzun va ensiz vodiyning qoq kindigidan o‘rin topgan. Turli dov-daraxtlar zich o‘sgan mo‘jaz bu makon ko‘klam yomg‘irlari tinishi bilan tezda sarg‘ish tus oladigan qir tabiatidan keskin farqlanib, misli yashil nuqtadek olis-olislardan baralla ko‘zga tashlanib turadi. Ushbu yashil nuqta markazida qad rostlagan qadim tut poyidagi yagona qaynarbuloq vajidan bu manzil “Yakkasuv” deb ataladi. Darvoqe, tog‘aning diltang tortib o‘tirishiga kelsak, tut ostidagi sayhonlikning xiyla orastaligini nazarda tutmaganda, tevarakdagi butalar orasi kelib-ketuvchilar tomonidan tashlab ketilgan turli yelim idishlar, shisha, xalta-xulta va boshqa shu kabi mayda-chuyda chiqindilarga to‘la edi. Sayhonlikning ikki chekkasida qo‘nqaygan tosho‘choqlar girdida esa chala yongan o‘tin va shox-shabbalar sochilib yotardi. Bu xil noxush manzaraga ko‘nikkan Mirza bundan ranjishni xayoliga ham keltirmas, uning bor g‘ashligi buloq bo‘yida hanuz xayolga cho‘mib o‘tirgan tog‘asidan edi.
U hadeganda o‘rnidan qo‘zg‘alavermagach, Mirza bir joyda tek turolmay, bexos dimog‘iga chalingan notanish hiddan xavotirlanib, o‘z hududini ko‘zdan kechirayotgan ayiqdek, maydon bo‘ylab izg‘ishga tushdi. Sayhonlikning janub qismidagi tosho‘choqqa yetganda, to‘xtab, buta novdalari orasidan ikki chaqirim narida, qirlar oralig‘ida qorayib turgan Ayritom qishlog‘iga bir muddat adovat-la nazar tashlab turdi-da, so‘ng o‘ng oyog‘i uchi bilan yengilgina turtkilab, ushbu qishloq yigitlari tomonidan yaqindagina qayta tiklangan tosho‘choqni buzib tashladi. Shimoliy o‘choqqa, ya’ni o‘z qishlog‘i Beshtoshga tegishli tosho‘choqqa esa qotinmadi. Yakkasuv teng oraliqda joylashgan bo‘lishiga qaramay, ikki qishloq yoshlari o‘rtasida doimo talash, “bizga, yo‘q, sizga emas, bizga tovin”, deya dam-badam ular orasida chaqin chaqnab turadi.
Bu orada tog‘a ilkis oyoqqa qalqib, tag‘in jimgina yo‘l boshladi. Biroq jiyanini ajablantirib, g‘or tomonga emas, qarshidagi cho‘ng tepalik sari yurdi.
Ko‘p o‘tmay ular tepalik yag‘rinidagi girdi va tepa qismiga yapaloq toshlar terilgan ko‘hna qabrga ro‘paro‘ bo‘lishdi. Mirza qabrdan berida cho‘kkalarkan, past ovozda qur’on tilovat qilishga tushgan tog‘asining bu qilig‘idan ajablanmay qolmadi. Boisi, mazkur qabr yerli aholi uchun alohida e’zoz-e’tiborga molik emas, tepalik poyidagi yolg‘izoyoq so‘qmoqdan onda-sonda o‘tib qolganlar, taomilga ko‘ra, yo‘l-yo‘lakay shunchaki yuziga fotiha tortib qo‘yishlarini demasa, bu kimning qabri, nechun u yolg‘iz, bu haqda hech kim o‘ylab ko‘rmaydi, ya’ni kishilar yon-atrofdagi qirlar, qirlar ortidagi viqorli tog‘lar yoxud Yakkasuvning mavjudligiga ko‘nikkanday, bu yakka qabrga ham ko‘nikishgan.
– Ana endi g‘orga, jiyan.
Qishloqdan chiqishganidan beri tog‘aning aytgan birdan-bir gapi shu bo‘ldi. Mirzaning bu kimning qabri, degan savoli esa dili va tili uchida qolaverdi. Tog‘aning nahotki, shuniyam bilmasang, deb qolishidan xijolat tortib, soyaday unga ergashdi.
Biroq g‘orga yetish u qadar oson emasdi. Buning uchun qirli kenglikdan arazlaganday, tog‘larga baqamtiroq qad rostlagan qo‘shni tizmagacha bo‘lgan pastu balandliklardan oshib va aylanib o‘tish lozim edi. Bu yo‘l tog‘aga o‘xshash jussador kishilarga ancha qiyin, ammo Mirza kabi toshi yengillarga oson, ayniqsa, xayolida tilla tangalar jilvasi yonib turganida. Endi uning bor-yo‘q tashvishi anjomlar solingan yelkasidagi choqqina xaltadan edi. G‘ordagi xazina unga sig‘armikan? Shoshganidan kattaroq idish olmaganini qarang-a!
– Necha qop ekan, tog‘a? – dedi oxiri chidayolmay.
– Nima “necha qop?”
– Xazinani aytaman…
– Ha-a, umi… ko‘p emas, bir necha qop… – Tog‘aning ovozi cheksiz sahroda hadeb sarobga duch kelaverishdan charchagan odamnidek behis – zavq-shavqdan yiroq, g‘oyatda quruq edi.
Bu hol Mirzaga juda malol keldi: “Tavba, xazina topgan odam ham shunchalik beparvo, shunchalik sovuq va loqayd bo‘ladimi!” So‘ngra o‘zicha uni oqlagan kishi bo‘ldi: “Qo‘li ochiq, saxiy odam-da, mol-dunyo deganini ko‘pda pisand qilavermaydi”. Bu borada u qisman haq edi, Tirkash tog‘asi qishloqdagi aksariyat xeshlari singari rejali emas, har gal qishloqqa bir dunyo sovg‘a-salom bilan tashrif buyurarkan, ba’zan, katta yigit bo‘lganingda qaytararsan, deya jiyanlari qo‘liga pul ham tutqazadi. Muxtasar qilganda, necha yildirki, viloyat markazidagi oliy o‘quv maskanlaridan birida yoshlarga ta’lim berib kelayotgan bu odam muruvvatli va jigarchil bo‘lishdan tashqari, onda-sonda tarixiy mavzuda katta-kichik kitoblar ham chop ettirib turadi. Biroq nochor jihati shundaki, qishloqdagi xesh-aqrabolari u yozgan kitoblar bilan bir-ikki kun o‘zlaricha maqtanib, faxrlanishib yurishadi-yu, lekin birortasi ham o‘qishga hafsala qilmaydi, jumladan, Mirza ham. Tog‘a buni yaxshi biladi shekilli, hech qachon, o‘qidingmi, deb so‘ramaydi. Mirzaga o‘xshaganlar esa ayni shu savolga ro‘paro‘ kelishdan cho‘chib, doimo tog‘adan yiroqroq yurishga urinadi.
– O‘h-hu! – kutilmaganda tog‘a nido qildi.
– Oyoq ostidagi turli tikanak va tepadan qulagan qoyatoshlar oralab, uning izidan kelayotgan Mirza boshini ko‘tarib, avval tog‘aning tashvishmand aftiga, so‘ng qarshisidagi tik qiyalikka nazar tashladi va ko‘zlarini alang-jalang qilganicha, g‘or og‘zini qidira boshladi. Uzoq-yaqindan ko‘pam ko‘zga chalinavermaydigan g‘or og‘zi taxminan ikki yuz quloch tepada, mo‘jraygan qatron daraxti tagida tashlandiq bo‘ri inidek qorayib turardi. Bu yaqin o‘tgan davr ichida odam bolasi qadam bosmaganligi raftoridan yaqqol sezilib turgan qiyalik yuzi turli buta va qoyatoshlar bilan bezangan bo‘lib, ora-sirada issiq-sovuqdan chatnagan toshlardan yuzaga kelgan va oyoq qo‘yilishi bilan quyiga selday oquvchi ushoq toshli maydonchalar ham ko‘zga tashlanardi. Tog‘a bejizga tashvish tortmagan, g‘orga ko‘tarilishi uchun katta kuch va ehtiyotkorlik talab etilardi.
Dastlab yo‘q so‘qmoqni ko‘z bilan qidirib, picha turib qolishdi. So‘ng Mirza tashabbusni o‘z qo‘liga olib, dadil betga tirmashdi, izidan tog‘a ergashdi.
Ular buta novdalaridan tutib, yo‘lda uchragan qoyatoshlarni aylanib, mayda toshli maydonchalarda yuz bora sirpanib, bir amallab g‘or og‘zidagi ensiz sayhonlikka yetib kelishganda, tog‘a g‘arq terga botgan, yosh bo‘lsa-da Mirzaning ahvoli ham unikidan pesh emasdi.
Mirza qoyadan turtib chiqqan kulrang toshga suyangancha, bazo‘r nafasini rostlayotgan tog‘aga achingandek bir qarab qo‘ydi-da, keyin o‘rgamchik to‘r solgan g‘or og‘ziga hadik va qiziqishla ko‘z tashladi. Enidan ko‘ra bo‘yi tor bo‘lgan qorong‘i to‘ynuk vahimali tarzda qorayib turardi. Unga bosh suqish tentaklikdek tuyulardi. U g‘or og‘zidan ko‘z uzib, qopdan ikkita qo‘lfonar hamda dastasi atay kesib kaltaytirilgan chog‘roq cho‘kich va teshani olib, ularni birin-sirin tosh ustiga terib qo‘ydi. So‘ng tog‘aning ishorasi bilan suv to‘la yelim idishlardan birini unga uzata turib, boshlang, deya tomoq qirdi. Ammo tog‘a oshiqmadi. Suvdan qonib ichdi-da, g‘or og‘ziga imo qilib, dedi:
– Ishqilib, buning ichida chaqadigan-paqadigan jonzot yo‘qmikan?
– Kim bilsin… – umrida g‘orga kirib ko‘rmagan Mirza mujmal javob qaytararkan, so‘ng yo‘liga dedi: – Yo kirib chiqaymi?
– Yo‘q, g‘orga kirmoqni ixtiyor etgan sen emas, men, – dedi tog‘a keskin ohangda. – Shuning uchun birinchi men kirishim kerak.
– Unda boshlang! – Bu gap uning og‘zidan bexos chiqib ketdi.
Bunga javoban tog‘a, buncha besabr bo‘lmasa bu bola, degan yo‘sinda ko‘z qirida jiddiy qarab qo‘ydi-da, so‘ng tosh ustidagi cho‘kich va qo‘lfonardan birini qo‘liga olib, o‘tirgan yerida g‘or og‘zi tomon surildi. Boshda o‘rgamchik to‘rini sidirib tashlab, keyin emaklagancha ichkariga kira boshladi.
Bir muddatdan so‘ng ichkaridan uning bo‘g‘iq ovozi eshitildi.
– Kelaver.
Sirli va qorong‘i g‘or vahimasi yelkasidan zilday bosib turgan esa-da, xayolida, xuddi kinolardagidek, tinmay jilvalanayotgan uyum-uyum tilla tangalar hamda zebu ziynatlarga tezroq yetishmoq o‘yida Mirza g‘orga dadil bosh suqarkan, dastlab tuygani og‘ir zax hidi bo‘ldi. Bundan yuragi toriqib, bir oz taysallandi. Boz ustiga, g‘orning kirish qismi avval o‘ngga, so‘ng so‘lga, saldan keyin keskin tepaga qayrilgan tor yo‘lakdan iborat bo‘lib, agar ichkarida odam borligini tuyib turmaganida, u birinchi burimdanoq iziga qaytgan bo‘lardi.
U tor tuynuk devorlariga bosh urib, tirsaklari sidirilib, so‘l qayrilishdan yuqoriga burimga intilarkan, ko‘p o‘tmay o‘zini g‘orning keng sahnida ko‘rdi. Va kutilmagan bu kenglikdan hayrati ortib, jismi-joni iskanjadan xalos topgandek, yengil nafas oldi.
U o‘zi uchun tamomila noma’lum bo‘lgan o‘zga dunyo ostonasida ang-tang turgancha, qo‘lidagi chiroq nurini g‘orning turfa tusdagi toshdevorlari bo‘ylab yuritarkan, tilla tangalar jilvasini bir zumga unutdi. Qachonki, g‘or o‘zani bo‘ylab ancha ichkarilab ketgan tog‘aning ko‘lankasini ilg‘agachgina, maqsadi qayta esiga tushib, go‘yo bor xazinaga tog‘asi ega chiqib, u quruq qoladigandek, uning ortidan yurdi. Bu paytda tog‘a g‘or markazida, shiftdan qulagan ulkan qoyatosh bo‘lagi qarshisida taraddudlanib turardi. Ana, u qoyatoshning o‘ng yonidagi tor oraliqdan sirg‘alib o‘ta boshladi. Orada, kelayapsanmi, degan ma’noda Mirzaga qarab qo‘yishni ham unutmadi.
Qoyatosh oralig‘iga yetishi bilan Mirza qo‘lidagi chiroqni baland tutib, uning nurini g‘or o‘zani bo‘ylab yo‘naltirarkan, boshda cheksizdek tuyulgan bu yerosti saltanati biror o‘ttiz odimlardan keyin yakun topishiga amin bo‘ldi. Silliq devorli g‘or to‘rida bir-biriga yelka tiragan ikki qoyatosh, aslo oshiqma, deganday bo‘ylanib turardi. U xayolini qayta band etgan afsonaviy xazinani topish umidida hovliqishu oshiqishdan tiyilib, xuddi tajribali g‘orshunoslarday, g‘orning har bir sirli puchmog‘ini diqqat bilan ko‘zdan kechirishga kirishdi.
U qoyatosh tevaragida o‘ralashib, uning quyi qismidagi katta-kichik kavaklarni nazaridan o‘tkazarkan, boyadan beri to‘rdagi qoyatoshlar yonida ivirsib yurgan tog‘asining oshig‘ich cho‘kkalagani va toshlar orasidan nimadir qo‘liga olganini daf’atan payqab qoldi-da, yuragi hapriqqancha, o‘sha tomon oshiqdi. Borasolib chiroq nurini tog‘asining qo‘lidagi narsaga qaratdi. Afsuski, tog‘a, u umid qilgandek, biror-bir tilla buyumni emas, tusi aynib, chetlari titilgan allanimani tutib turardi.
– Nima bu, tog‘a?
– Nima bo‘lardi, kitob… kitob jildi… – Tog‘a tag‘in cho‘kkalab, toshlar orasidan yana bir nechta uvadasi chiqqan o‘shanaqa jildni qo‘liga olarkan, taassuf-la bosh chayqadi: – Esiz…
– Kitob… – azbaroyi hayajonlanganidan Mirzaning nafasi bo‘g‘ziga tiqilib, tizzalangan ko‘yi toshlar orasiga chiroq nurini qaratdi. – Unda tillalar ham shu yerda bo‘lishi kerak, tog‘a!
– Qanaqa tilla? – Tog‘aning ovozida hayrat zuhurlandi.
– Axir o‘zingiz aytdingiz-ku, g‘orda xazina yashirilgan deb.
– Ey-y, ha-a… – Tog‘a, odatiga ko‘ra, sokin, ammo hazin ohangda kuldi. – Endi, jiyan, xazinani kim qanday tushunadi, xazina deganda, men manavi kitoblarni nazarda tutgandim. Esiz, bari irib-chirib, tamom bo‘pti.
Bu gapni sira kutmagan Mirza so‘l yoniga shilq etib tushdi. So‘ng alami toshib dedi.
– Lekin… odamni yomon ahmoq qildingiz-da, tog‘a!
– Seni ahmoq qilish xayolimga ham kelgani yo‘q, jiyan.
– Eh-h, shuncha harakat…
– Behuda ketmadi, – deya uning gapini bo‘ldi tog‘a. – Mana, topdik kitoblarni… Tarixiy faktlardan yana biri haqiqat bo‘lib chiqdi.
– Bulardan ne foyda?..
Tog‘a bu savolga javob qaytarmoqni o‘ziga ep ko‘rmadi.
U ko‘pda shoshilmay chirigan jildlardan yana bir nechtasini tergilab, saralab oldi-da, go‘yo o‘ta nodir buyumdek, ularni avaylab belboqqa tugdi. So‘ng tevarakni yana bir sira ko‘zdan kechirib, asta g‘orni tark etishga tushdi.
Tog‘a-jiyan, xuddi yetti yot begonalardek, Yakkasuvga yetgunga qadar bir og‘iz so‘zlashmadilar.
Buloq suvidan chanqog‘ini qondirib, yuz-qo‘lini yuvgan tog‘a qavatida, aldangan boladay, hanuz tumshayib o‘tirgan jiyanining avzoyiga bir qarab qo‘ydi-da, yillar davomida dilida yig‘ilib qolgan gaplarini birvarakayiga to‘kib solmoqchiday birdan gapga tushib ketdi. U, sen nimani ham bilarding, degan yo‘sinda ta’na qilmadi, shunchaki bilganlarini so‘zladi. Xazina deya sarobga duch kelib, rangi siniqib o‘tirgan Mirza qishloqning endigina ko‘zga ko‘rinib kelayotgan oldi polvonlaridan biri edi. Tog‘a so‘zlangani sayin hushyor tortib, o‘zini maydonda mag‘lub bo‘lgan polvondek his eta boshladi. So‘ng uni birdan uyat chirmadi, nomusdan o‘t bo‘lib yondi. Qarshi tepadagi ko‘hna qabrga qarashga yuzi chidamay, yerga bosh egdi. Ana, qabrdan to‘ni barini beliga tukkan polvon kelbat Yoqub cho‘pon bosh ko‘tardi. U qo‘lidagi zalvorli zarang tayog‘ini boshi uzra ko‘tarib, bor ovozda hayqirdi.
– Uv-v! Yetar endi, a! Egriniyam, to‘g‘riniyam oborib tiqaverishdan, nima, haliyam charchamadinglarmi, enag‘ardi bolalari! Silardi kim tuqqan o‘zi, enami, yo to‘ng‘izmi?! Hech qurisa, hurmatini qilib, bu ulug‘ odamni otga mingazib olinglar, enag‘arlar…
Quyidagi so‘qmoqdan egnida oqish jiyda, kalta kuzalgan soqoliga qirov qo‘ngan, novcha va qotma kimsa – ayritomlik Parda mullani oldilariga solib, yayov haydab borayotgan ikki otliq milisaning malla tuslisiga bu haqoratlar og‘ir botdimi, yo boshqa biror xayolga bordimi, shartta yelkasidan beshotarini oldi-da, qanday zamonlarga qoldik, deya hanuz changitib so‘kinayotgan Yoqub cho‘ponni qoq manglayidan otib tashladi. Parda mulla shu ketishda boshqa qaytib kelmadi – olis Sibirda izsiz yo‘qoldi. Yoqub cho‘pon shahid sifatida otilgan yerida ko‘mildi. Bu dahshatli voqeaga Yakkasuvda turib, tasodifan guvoh bo‘lgan o‘n ikki yashar bola – Sanaqul oqsoqol tog‘a bilan bo‘lgan so‘nggi gurungda g‘orga yashirilgan kitoblar xususida gap ocharkan, o‘sha mudhish davrdan meros bo‘lib qolgan ko‘nglidagi qo‘rquv va hadikni yengishga chog‘i yetmay, bu haqda ro‘y-rost aytmadi, go‘yo o‘zicha gumonlangan kishi bo‘lib, shunday dedi: “Parda mulla surgun avvalida uyidagi bor kitoblarni qoplarga joylab, kamarga bekitgan chiqar, tag‘inam bilmadim…” Tog‘aning sa’y-harakati tufayli gumon chinga aylandi. Shu kuni Mirzaga yana bir haqiqat ayonlashdi, buni qarangki, “Etar endi…” deya tussiz zamonga o‘zicha qarshi chiqqan Yoqub cho‘pon begona emas, ota tarafdan o‘zlariga uzoqroq xesh ekan, undagi ovkarlik va orkashlik Mirzaning fe’lida mavjud emish. Yana kim biladi, har holda tog‘a shunday dedi. Bu gaplarni eshitarkan, Mirza ertalab o‘zi buzib tashlagan tosho‘choqqa sekin ko‘z qirni tashlab qo‘ydi. Buni sezgan tog‘a miyig‘ida kulib qo‘ydi-da, so‘ng bu safar oshkora kinoya bilan, dedi: “Balki bu yozganlarimni o‘qirsan?” Mirza bildiki, tog‘a bu voqealarni kitob qilmoqchi…
– Bo‘laqol endi! – Zokir chatoqning sabri tugab, battar tutaqdi.
– Agar yuraging betlamayotgan bo‘lsa, shuni ayt! – dedi boshqa biri o‘zicha zamzama qilib. – Boshqa biror chorasini toparmiz. Lekin ularga bo‘sh kelish yo‘q.
– Yo‘q, bundan or qochibdi! – dedi Zokir chatoq chiyillab.
– Or-r! – Mirza ilkis bosh ko‘tardi va ko‘zlari o‘tdek yonib, intiqom o‘tida qovrulayotgan jo‘ralariga bir-bir nigoh tashladi. Ko‘rdiki, osonlikcha tinchiydigan emas ular, bari o‘zining tezroq qo‘zg‘alishini intiq kutmoqda. Ana, biri singan ketmon dastani qo‘liga olvolibdi. Zo‘r qurol-da, bir ursang, manaman degan raqibni sulaytirib qo‘yadi… Mirza tizzasiga shapatilab, dik sakrab o‘rnidan turdi-da, tezda qat’iyatli jo‘raboshi tusiga kirib, simto‘r ortidagi kurkalarga barmog‘ini bigiz qilib, dedi: – Anavi kurkalardan birini opchiqinglar!
– Kurkani nima qilasan?
– G‘alabani nishonlash kerak-ku keyin… – dedi u ovozini atay yana bir parda ko‘tarib.
– Ura-a, Mirza jo‘ra tirildi, ketdik, do‘stlar!
Yigitlar oyoqlari chandilgan kattakon kurkani yukxonaga tashlab, Zokir chatoqning shalaq mashinasiga yetti kishi bir amallab sig‘ishdi-da, Yakkasuv tomon zing‘illashdi. Bo‘lg‘usi zo‘r mushtlashuv oldidan qonlari qayta qizib, yuraklari hapriqib, bor ovozda shovqinlashib borisharkan, ular orasida bir Mirzagina sukutda edi. U boya favqulodda xayoliga kelgan quyidagi rejani miyasida qayta-qayta pishitmoqda edi: hozir boradi-da, hezlanib o‘zlariga peshvoz chiqishgan ayrimtomlik yigitlarga: “Qani, jo‘ralar, mana bu kurkani ham qozonga bosinglar”, deydi. So‘ng esa har ikki tarafni bir dasturxon atrofiga yig‘ib, kecha o‘zi boxabar bo‘lgan “tarix” haqida so‘zlab beradi. Tog‘a aytgandek, kerak bo‘lsa, bo‘zlab beradi. Axir, yaqin o‘tmishda bu manzilda ne bir voqealar yuz bermagan, tarixchi tog‘asi alohida urg‘u berganidek, Parda mullaga o‘xshagan o‘qimishli odamlar Sibir qilinib, Yoqub cho‘pon kabi mardu maydonlar shahid ketgan o‘sha mudhish davrda bu buloq suvi “yurt” kalomini diliga jo aylagan ne bir azamat yigitlar qonini yuvib, chanqog‘ini qondirmagan deysiz… biz esa… deya hikoyasini yakunlaydi. O‘z navbatida, ushbu “biz esa…” iborasi ongu shuurida tinimsiz charx urib, qalbini ayovsiz kemirgani sari, Mirza uyat va nomusdan qizarib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay borardi…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 12-son