– Ha-a, bu dunyoda o‘zgani emas, o‘zni yengmoq qiyin…
Xayrulla ustozi bo‘lmish Tog‘ay polvondan bu gapni ko‘p bora eshitgan esa-da, haligacha ma’nosini anglab yetolmagan. Boz ustiga, ustozi kimnidir nazarda tutib yoxud shunchaki nasihatomuz tarzda emas, har daf’a guvaladek mushtini iyagiga tirab, ovulga kungay qirga o‘rlagan ensiz yo‘lga goh mungli, goh xayolchan termulgan ko‘yi, xuddi baxshilardek ohangga solib aytadi bu gapni. Bunday paytlarda ustozi qalbini alam va o‘kinchga o‘xshash nimadir avaysiz kemirayotganini sezgan yigitcha, biror jumboqning tagiga yetadigandek, yo‘lga ko‘z tikadi. Biroq ustozi hurmati harchand shuni istasa-da, uning kabi g‘amga botmaydi, aksincha, bir-biriga ulanib ketgan qirlar oralig‘idagi choqqina ovulda umrguzaronlik qiluvchi va onasi aytmishli, qizdan boyib, o‘g‘ildan siqilgan yolg‘iz tog‘asi – Mamatqul cho‘pon oilasini ko‘z oldiga keltirib, sog‘inchdan beixtiyor entikib qo‘yadi.
Agar bu yog‘ini surishtiradigan bo‘lsak, ustozi ham asli o‘sha yoqdan, ya’ni tog‘oldi ovullarning biridan. Bu tomonga bir necha yil narisida, endigina uylangan kezlari ko‘chib kelgan. U vaqtda yetti-sakkiz yashar bolakay bo‘lgan yigitcha yaqinda o‘n beshdan hatlab, taqdir taqozosiga ko‘ra, o‘zlariga devor-darmiyon qo‘shni ermish Tog‘ay polvonning umidli va suyukli shogirdiga aylangan – ustozi qavatida kurashli davralarda teng-to‘shi bilan bellashib, dam g‘oliblik nash’asini surib, dam mag‘lublik azobini tortib keladi. Bu atrofda eng oldi polvonlardan biri sifatida ustozining obro‘yi juda baland, faqat ba’zan biror-bir yaqinini kutayotgan boladek, yo‘lga g‘amnok termulib qolishi yomon. Emasam, xeshlari qora tortib kelishganidek, u ham vaqti-vaqti bilan ularni yo‘qlab turadi. Ammo shunga qaramay, negadir bu odatini tark etmaydi. Yigitcha uning bu qilig‘idan goh ajablanib, goh noxushlansa-da, sababini so‘rashga istihola qiladi, so‘ragan taqdirida ham ustozi tushmagur osonlikcha tish yoradigan odamlardan emas, aqling yetmagan ishga burun tiqma, degan yo‘sinda shunday bir qarash qiladiki, aytar gaping bo‘g‘zingda qolib ketadi. Bunga sari yigitchaning qiziqishi battar ortadi. Biroq bir kun kelib o‘zi ham aynan shu ahvolga tushishini, ya’ni ustozi kabi dam-badam yo‘lga termulib qolishiga to‘g‘ri kelishini xayolining ko‘chasiga-da keltirmaydi.
Mana, ikkinchi oydirki yigitcha qirga tirmashgan yo‘lga alam bilan boqadi: “Bas, o‘lsam-da, ha-ha, o‘lib qolsam-da, bu yo‘lga qadam bosmayman!”, deydi ichida. Aslida uning xafaligi yo‘ldan emas, ushbu yo‘l to‘g‘ri olib boradigan tog‘asining oilasidan. Bungacha, tabitan o‘ta jigarchiligi bois, onasining ba’zan jiddiy moneliklariga qaramay, yaylovdan beri kelmaydigan kamsuqum, yigitcha nazarida, yakkaqo‘l tog‘asining ro‘zg‘oridagi ayrim kam-ko‘stlarni to‘g‘rilamoq, yanada aniqrog‘i, erkak kishi bajarishi lozim bo‘lgan og‘irroq yumushlarni ado etmoq uchun oyda, yo‘q deganda, bir-ikki qir oshardi. Bolaligida tog‘asinikiga tez-tez ergashtirib boradigan onasining e’tiroziga kelsak, derdiki: “Endi kap-katta yigit bo‘p qolding, tog‘angnikiga hadeb boraversang, odamlar, otining tezagini quritmaydigan orsiz qo‘noq ekan, deb uyat qilishadi!” Yigitchaning esa odamlar nima deb o‘ylashlari bilan zarracha ishi yo‘q, imkon topildi deguncha tog‘asining og‘irini yengil qilmoqqa oshiqadi. Ammo buni qarangki, bu tashriflarini, yot-begonalar bir chetda qolib, qo‘li shirin, tili bejoroq, nodon fe’lli o‘z qarindoshi – Misqal yangasi butunlay bo‘lakcha tushunarkan.
O‘sha kuni yigitcha ko‘klam jalasi yemirgan og‘ilxona devorining quyi qismini somonsuvoq qilayotib, tushdan so‘ng jindek orom olish o‘yida tom soyasidagi og‘och oxurga yelka tiragan yerida ko‘zi ilinganini sezmay qolgan ekan, shifti qoraygan yozgi oshxona tarafdan eshitilgan taraq-turuqdan cho‘chib uyg‘onib ketadi. Ana shunda sopol laganni sindirgan qizlaridan birini epsizlikda ayblab koyinayotgan Misqal yangasining, orada andak nafas rostlab, to‘ng‘ich qiziga zardali tarzda aytgan gapi qulog‘iga chalinadi: “Kechda qozonga etni mo‘lroq solishni unutma! Ming qilsayam, yetim yetim-da, ish bahona, shirin tomoq yeyish ilinjida keladi u!” Kutilmagan bu gapdan yigitcha misli tarashaday qotib, uzalgan oyoqlarini yig‘olmay qoladi. Chunki har kelganida oldiga totli yemaklar qo‘yib, ol, katta-katta ol, deya doim qistab turadigan yangasining bu xatti-harakatida qon-qarindoshlikning o‘ziga xos mehr-oqibatini ko‘rganday bo‘lardi-da. Endi, ayonki, bu mehr emas, shunchaki sag‘irga shafqat ekan! Axir, u birovning shafqatiga muhtoj sabiy emas, davra ko‘rgan, erta bir kun elga tanilishi tayin bo‘lgan polvon yigit-ku! Nahotki, Misqal yangasi buni bilmasa?! Qarindoshchilikni qandaydir taom bilan o‘lchasa?! Shu kuni ketmon loyxandakda, andova chelakda qolib, yigitcha imi-jimida jilib qolgan, aziz narsasidan mosuvo bo‘lganday, abgor bir ahvolda uyiga qaytgan. Yaxshiyamki, omadi chopib, bolaligidan ustoz tarbiyasini ko‘rib kelayotgan emasmi, bu haqda birovga churq etmagan, buni o‘ziga ep ko‘rmagan. Bor alamini hovli girdagi qo‘lbola turnik poyiga qator terib qo‘yilgan turli vazndagi toshlardan olgan – birini qo‘yib, birini ko‘tarib, jahd va jahl bilan rosa mashq qilgan, shu bilan hovurini bosgan.
Biroq dardini yashirgani bilan, avvalgidek qirga intilmay qo‘yganini onasi qolib, Tog‘ay polvon sezgan ekan, tarovatli yoz oqshomlardan birida uni hovlisidagi baland supaga chorlab, gap orasida to‘satdan so‘rab qoldi:
– Bu-u… keyingi paytda qir oshmay qo‘yding?
Yigitcha odob bilan hozirgina uy bekasi dasturxon chetiga qo‘yib ketgan choynakni qo‘liga olib, choyni qaytarar ekan, yuragiga boplab tig‘ sanchgan Misqal yangasining gapi tugul, turqini-da eslagisi kelmay, shunchaki o‘zim, degan bo‘ldi. Lekin Tog‘ay polvon tishga qarab, ichdagini o‘qiydigan odam emasmi, norozilanib tomoq qirdi. Yigitcha uning o‘tkir qarashini vujudi orqali his etib, nimasini gapiray, degan yo‘sinda ko‘z osti qarash qildi. Ustozi nigohini o‘qdek qadab, ichingda borini to‘k, degan ma’noda bot tomoq qirgach, yigitchaning o‘pkasi to‘lib, ovozi titrab, lagandagi mevalar ustida g‘imirlab yurgan chumoliga boqqan ko‘yi, ne gapligini oshiqmay bayon etdi. So‘ngra ustozining qahrlanib, agar shunday degan bo‘lsa, yangang g‘irt ahmoq xotin ekan, bundan keyin izzatingni bilibgina yur, halakining itiday tog‘angnikiga yugurishni bas qil, deyishini kutdi. Bu gapdan pishang olishini tuyib, o‘zini g‘iybatga chog‘ladi. Lekin u kutgan qutquli xitobdan darak bo‘lavermagach, ajabsinib, asta qansharini ko‘tardi va ustozining shom pardasi ostida xira tortgan qir yag‘rinidagi yo‘lga xayolchan tikilib turganini ko‘rdi.
– Demak, yangangdan qattiq xafasan? – dedi Tog‘ay polvon bir damdan so‘ng u tomon yuz burib.
Yigitcha tasdiq ma’nosida bosh irg‘adi.
Ustozi unga sinovchan tikilib, dedi:
– Endi borging yo‘q, shundaymi?
Yigitcha alam bilan, ha, dedi-da, keyin jahl bilan qo‘shib qo‘ydi:
– O‘lib qolsam-da, bormayman, ortiq nominiyam tutmayman!
– Ha-a, tering ancha yupqa ekan… – ustozi o‘ng tizzasini siypalay turib, bir zum sukutga cho‘mdi. Keyin o‘ziga o‘zi gapirgan ohangda dedi: – Nimayam derdim, raqibning eng zo‘riga yo‘liqibsan…
Xayrulla, yangamni nazarda tutayapti, degan o‘yda unga hayratomuz ko‘z tashlab, ayol boshi bilan u kishi qanaqasiga menga raqib bo‘lishi mumkin, demoqchi bo‘ldi. Ulgurmadi. Tog‘ay polvon gapni boshqa yoqqa burib, yanagi haftada qo‘shni ovulda kurashli to‘y borligini aytarkan, o‘sha kuni u bilan bellashishi tayin bo‘lgan yigitchalardan birining nomini tutib, bu daf’a eplaysanmi, deya so‘radi. Xayrulla u tilga olgan yigitchani o‘tgan kuni soy bo‘yidagi chimzorda ilk bora oyog‘ini osmondan keltirib yerga urgan emasmi, g‘urur va ishonch bilan, ha, deya bosh irg‘adi. Bu gapdan so‘ng ustozi qo‘lidagi bo‘sh piyolani u tomon yumalatib, o‘ychanlik bilan dedi:
– Agar chinakamiga jahd qilsang, bunday raqiblarni mag‘lub etmoqning hech bir mushkul joyi yo‘q. Biroq bu tiriklik dunyosida shunday bir battol raqib borki, ana uni uddalash juda qiyin. Bunday raqibga har kimning ham chog‘i yetavermaydi…
Tog‘ay polvon sal uzalib, naridagi qirmizi baxmal bolishni biqiniga tortarkan, uddalash juda mushkul bo‘lgan o‘sha kuchli raqibni noxushlanib eslaganday, asabiy bir tarzda iyak changallab, tag‘in xayolga toldi. Shunda ustozining holat va harakatlarini zimdan kuzatib turgan yigitchaning ko‘z o‘ngida qorachadan kelgan, mushaklari haddan ziyod bo‘rtgan, o‘ta haybatli bir kimsa namoyon bo‘ldi. U devsifat bu kimsani xayolan ustoziga baqamti qo‘yib ko‘rarkan, hov birda uning kimgadir, biz ham arazlab kep qolganlardanmiz, degan gapi favqulodda esiga tushib, o‘zicha shu xulosaga keldi: “Ustoz o‘zi tomondagi qandaydir bir zo‘rga bas kelolmaganidan, nomusga chidayolmay, bu tarafga ko‘chib kelgan ekan-da! Ha-a… dam-badam qir yo‘liga qarab qo‘yishiga qaraganda, o‘sha zo‘rga nisbatan haliyam alami kuchliga o‘xshaydi…” Yigitcha tasavvurida jonlangan polvonni chindanam bor gumon qilib, hamdardlik bilan dedi:
– Nima, siz uni yenga olmaganmisiz, ustoz?
– Kimni?
– Haligi… hozir o‘zingiz aytgan zo‘r raqibni?
– Yenganman…
– Kim edi u?.. – hayajondan yigitcha qaltirab ketdi.
Ana shunda qoshida yonboshlab yotgan ustozining qalin lablari orasidan yigitcha aslo kutmagan quyidagi jumla sirg‘alib chiqdi.
– O‘zim…
– Ni-i-ma?!
Tog‘ay polvon yangasidan jiddiy arazda bo‘lgan va ayni damda hayratdan baqa yanglig‘ qotib qolgan yigitchaga zimdan razm solarkan, shu payt qulog‘i ostida akasining, senday inim yo‘q, men uchun o‘lgan, o‘lib bo‘lgan u, degan hayqirig‘i baralla jaranglaganday bo‘ldi. U og‘ir xo‘rsinib, alam bilan quyi labini mahkam tishladi: agar o‘shanda to‘ydagi kurashda o‘zini bir qo‘ldayoq mag‘lub etgan qo‘shni tumanlik Sarvar polvonni atay ko‘kka ko‘tarib, o‘zini tuproqqa qorishtirgan shirakayf akasining kurakda turmaydigan gap va qiliqlariga bardosh bermoqqa o‘zida kuch topa olganida edi, ya’ni ichidagi bo‘y bermas raqibni yenga bilganida edi, og‘a-ini o‘rtasida qattiq janjal qo‘pmagan, o‘zi esa g‘azab otiga minib, bu tomonga ko‘chib kelmagan bo‘lardi. To‘g‘ri, keyinchalik akasini kechirib, undan ko‘p bora uzr so‘ragan. Afsuski, avvaliga ukasining mushtidan totinib, so‘ngra go‘ng to‘ldirilgan qopdayin ayvonga uloqtirilgan aka uni kechirmadi va haligacha shu hol, shu ahvol – rang-tusi gezarib, o‘zini yetti yot begonadek tutadi. O‘tgan vaqt davomida o‘z qilmishidan ming bora aziyat chekib, ich-etini yeb kelayotgan Tog‘ay polvon endilikda mudom bir narsani – adovatni yaqin xesh tutgan nodon akasining, Xudo insof berib, aziz qo‘noq sifatida qir yo‘lida paydo bo‘lishini ilhaq kutadi. Darvoqe, oqshom yigitchaning dardu arazidan ogoh bo‘lmaganida, Tog‘ay polvon mazkur voqea xususida ikki dunyoda ham og‘iz ochmagan, so‘zi yakunida esa har qanday vaziyatda o‘zini tuta bilgan odamgina, tom ma’noda, haqiqiy polvon sanalishini alohida ta’kidlab, kechirimli bo‘l, demagan bo‘lardi.
Ertasi yakshanba kuni tongdan yigitcha tog‘asinikiga otlandi.
Onasi, yo‘l bo‘lsin deya, odatdagi gapini boshladi:
– Otining tezagi qurimasdan…
– Otimning tezagi allaqachonoq qurib bo‘lgan, enajon! – dedi yigitcha uning gapini bo‘lib. – Tezroq borib otimning tezagini yangilab kelmasam, bu yog‘i juda uyat bo‘lib ketdi!..
Yigitcha tog‘asinining hovlisiga qadam qo‘yishi bilan, har doimgidek, boshi bilan ishga sho‘ng‘idi – loy qorib, og‘ilxona devorining chala qolgan qismini suvashga tushdi.
Tushga borib ishini tugatdi.
U egnini almashtirib, qayrag‘och ostidagi supaga tuzalgan dasturxon chetiga bamaylixotir cho‘karkan, qozon boshida kuymalanayotgan yangasi tomon yuzlanib, beg‘araz, o‘ktam va sho‘xchan ovozda dedi:
– Yanga, ho-ov yanga, ovqatni etliroq qip suzing! Bilasiz, biz yetimlar, ish bahona, shirin tomoq ilinjida kelamiz!..
Misqal yangasi kutilmagan bu sha’madan lavlagiday qizarib ketdi. Azbaroyi uyalganidan qo‘lidagi taom to‘la laganni yonidagi qiziga tutqazib, o‘zi dasturxon boshiga kelmadi, kelolmadi. Chunki supada o‘zi bilgan yetimcha emas, mayda-chuyda gap-so‘zlarni nazar-pisand qilmaydigan, jigarchil xeshi, Tog‘ay polvon ta’biri bilan aytganda, dunyodagi eng battol raqib – o‘zini yenga olgan yigitcha, ovul kayvonilaridek chordana qurib, og‘zini to‘ldirib, non chaynab o‘tirar edi-da.
“O‘zAS”, 2019 yil, 12 son