– Uf-f, bu sag‘irlarniyam tashvishi toza jonga tegdi-da, lekin!..
Bu sovuqdan-sovuq iddaoli sas ammasi darvozasidan chiqib ulgurmay, bolakayning ortidan quvib yetdi va jimitdek yuragini tilkalab, ko‘zlarini yoshlatdi. Bir xayoli, bu gapni aytmoqdan andisha qilmagan katta o‘g‘li – Nortoji tanbalning og‘ziga urish o‘rniga sukutni afzal bilgan ammasiga achchiq qilib, yer tepinib, ovozi boricha yig‘lagisi keldi. Afsuski, unga yig‘lash mumkin emas, nega deganda, hafta burun olis ovuldan kelib-ketgan Suyun tog‘asining jiddiy o‘gitiga ko‘ra, endi u bola emas, oilaning yagona bosh erkagi emish, erkakka, ayniqsa, bosh erkakka ko‘z yoshi qilish sira mumkin emas emish! Agar qiz boladay salga ko‘zining siydigini oqizaversa, onasi, ayniqsa, ikki singlisi, misli jalada qolgan palaponlardek, o‘zlarini ojiz va panohsiz his etisharmish!
Bolakay shularni o‘ylab, bir amallab o‘zini yig‘idan tiydi. So‘ng o‘zicha fikr qildi. Hozir alami oshib-toshib, ko‘zlarini qizartirib uyiga borgani bilan kim ham uning ozorli ko‘ngliga taskin bera olardi? Onasi dalada, singillari esa guzardagi bolalar bog‘chasida, keng hovlida, tovuqlarni hisobga olmaganda, eshagi va olapar itidan bo‘lak jon yo‘q. To‘g‘ri, iti o‘ta ziyrak – bolakayning tushkun kayfiyatini zumda sezadi. Ayniqsa, otasini qo‘msab hiqqilay boshlagan kezlari boyoqishning ko‘zlari namlanib-namlanib, ichki ingrashga o‘xshash g‘alati bir ovozda g‘ingshib-g‘ingshib, asta kelib qo‘llarini yalaydi, nega yig‘laysan, axir bu yoqda men borman-ku, deganday tizzalariga suykaladi. Ammo qo‘radagi eshagi itining g‘irt aksi – xuddi ammasining o‘g‘illaridek behis, beparvo, unga qolsa osmon uzilib yerga tushmaydimi, muhimi, oldidagi toshoxurdan yemishi uzilmasa bas – bosh ko‘tarmay, kurtillatib chaynagani chaynagan. Shunga qaramay, u eshagini yaxshi ko‘radi, boisi, jahllangan paytlarida sho‘rlikka ne zulm o‘tkazsa-da, g‘iq etmaydi-da.
U g‘amnok kayfiyatda hovlisiga kirib borarkan, oldiga yugurib chiqqan o‘yinqaroq itiga qiya ham boqmay, birinchi galda so‘ldagi ombortom eshigi yonida turgan bug‘doy to‘la olaqopga alamnok ko‘z tashladi. Sababi, kechagidek, bugungi ko‘ngil xiraliklarning asosiy sababchisi shu edi-da, ya’ni onasi tomonidan g‘alvirdan o‘tkazilib, tozalab qo‘yilgan qopdagi donni tegirmonga olib borish masalasi kechadan buyon ammasi o‘g‘illari o‘rtasida sansalor bo‘lib kelmoqda. Bu kamdek, uylarida bir chaksa un yo‘q. Kecha oqshom non yopgan onasi bir xamirlik unni qo‘shnidan olgan. Shu bois bugun ertalab alohida tayinlab ketgan, tegirmonga borishni akalaringga eslatish yodingdan chiqmasin-a, ulim, deb. Bu gapni avvalgidek, fe’liga xos, dadillik bilan emas, xuddi ilojsiz qolgan odamday, ko‘zlari g‘iltillab-g‘iltillab aytgan. Ayni tobda ko‘ziga misli baloday ko‘rinayotgan bu la’nati qop bugun ham o‘rnidan jilmasa, oqshom onasining ko‘ngli vayron bo‘lmog‘i tayin. Bolakayning bor tashvishi shundan edi. Tog‘asi aytmishli, oilaning bosh erkagi bo‘la turib, onasini g‘am ummoniga cho‘mdirmoq yoxud alam o‘tida qovurmoq juda uyat-da, axir! Biroq oilaning bosh erkagi bo‘lish oson emas, g‘oyatda mushkul ekan!
Bolakay buni endi bilayapti.
Bolakay buni endi sezayapti.
Bolakay o‘zining kichikligidan o‘ksindi.
Bolakay ammasining o‘g‘illaridan avvalroq dunyoga kelmaganidan o‘kindi.
Biroq uning bor kuchi xayol surmoqqa yetdi: qani endi, otasidek kuchli va o‘ktam bo‘lsa-yu, mehmonxona devoriga osig‘li turgan anovu qamchilardan birini qo‘liga olib, shu zahotiyoq ammasining uyiga urib borsa, ishdan ko‘ra vaysashni xush ko‘radigan anovu tanbaltabiat Nortoji xomsemizning avval o‘ng yag‘riniga, so‘ng so‘l yag‘riniga qarsillatib-qarsillatib qamchi tushirsa, qochmoqqa uringan inisi Qulman mahmadanani kunjakka tiqib, hovlidagi jo‘jalariga kun bermaydigan yovvoyi mushukni tutib big‘illatganiday rosa big‘illatsa! Salim kenjani esa dunyoga kelganiga ming bor po‘shaymon yedirsa! O-o, zap zo‘r ish bo‘lardi-da lekin!
Bu bo‘ronli xayoldan bolakay maza qildi.
Bu to‘fonli o‘ydan bolakay huzur qildi.
Bu girdobli tasavvurdan bo‘yi to‘rt qarich o‘sganday bo‘ldi.
Nortoji tanbalning, tavba qildim, deya yalinishlarini ko‘z oldiga keltirib, beixtiyor va baxtiyor jilmaydi. Esida, bir gal otasi qamchi ostiga olganida, u boshini qo‘llari bilan to‘sgancha, xuddi shu yo‘sinda yolvorgandi. Yana shu narsa yodidaki, otasining bu qilig‘i o‘sha kuni tasodifan kelib qolgan Suyun tog‘asiga unchalik yoqmagan: “Qamchining kuchi bilan yo‘q mehrni yo‘ndirib, oqibat minorasini tiklab bo‘larkanmi, kuyov! – degan boshini saraklatib. – Agar botinida bo‘lmasa, bu urinishlardan naf yo‘q, qaytamga yomon ko‘ringaningiz qoladi!..” O‘shanda bolakay “botin” so‘zi neligini anglayolmay, uning ma’nosi bilan qiziqsinganida, tog‘asi o‘ng kaftini so‘l ko‘ksiga qo‘yib, “yurak” deganday bo‘lgandi.
Biroq ayni tobda bolakay “yurak” emas, qamchi tarafdori edi.
Ana, u quruq xayol bilan cheklanib qolmay, amaliy ishga o‘tdi – don to‘la qopni Nortoji tanbal o‘rnida tasavvur etib, qo‘liga ilingan xivich bilan uni ayamay savalashga tushdi. Biror muddatdan so‘ng hovuri bosilib, hushi joyiga kelgach, ma’yus tortib, jilmaydi: yo‘q, qarindoshi o‘zini savalatib qo‘ymaydi, otang urgani kammidi, deya o‘zining ta’zirini berib qo‘yadi!
Otasining qattiqqo‘lligi o‘lgudek jigarchilligi bois edi. U hamisha xeshlari boshini qovushtirib, barchani o‘z yo‘rig‘iga bo‘ysundirib kelardi. Ayniqsa, uch bola bilan erta tul qolgan yolg‘iz opasini o‘zgacha ardoqlardi, unga bo‘ron tugul, yengilgina yelvizakni ham ravo ko‘rmasdi va shu sababdan ham gap uqmas jiyanlari uning qaynoq qahriga tez-tez duch kelib turishardi. Ammo otasi qazo qildi-yu, Suyun tog‘asi aytmishli, u bunyod etgan “oqibat minorasi” sekin-asta nurashni boshladi. Bu borada bolakayning ilk fahmlab yetgani shu bo‘ldiki, so‘nggi damlarda shusiz ham xiyla kamnamo bo‘lib qolgan xeshlarida o‘ziga nisbatan burungi iliqlik va xushhollik yo‘q, borsa, oshkora hadik bilan qarshilashadi: “U-uf, yana qanday tashvishni boshlab keldi-ya bu bola?!” Buni sezgan bolakay iloji boricha ammasining uyiga bormaslikka urinadi. O‘ziga qolsa-ku, bugun ham qadam bosmasdi-yu, lekin tegirmon degan balo uning bolalarcha g‘ururidan ustun kelgandi. U qiya ochiq darvozadan ichkarilab, xeshlari nonushta qilib o‘tirgan hovli to‘ridagi so‘riga yaqinlashar ekan, o‘g‘illariga gapi o‘tmaydigan sho‘rlik ammasi ko‘zlari javdirab-javdirab, ularga yuzlanib-yuzlanib dedi:
– Bola bechorani buytiblar mahtal qilmay, biroving qo‘zg‘al endi!
– Bugun mening umuman vaqtim yo‘q! – dedi bunga javoban Nortoji tanbal keskin ohangda. – Agar vaqti bo‘lsa, ana, Qulmaningiz borsin.
– Bugun men rayon enishim kerak, – dedi Qulman degani, og‘zidagi luqmasini chala-chulpa yutib, piyoladagi choyni xo‘rillatib icharkan. – Ha, aytgancha, hademay Salim kep qoladi-yu…
Oxiri shu to‘xtamga kelishdi – kecha shomda qo‘shni qishloqqa to‘ylab ketgan Salimni kutadigan va u qora berishi bilan, qulog‘idan burab bo‘lsa-da, tegirmonga zing‘illatadigan bo‘lishdi. Vaholanki, kechayam shunga yaqin gap bo‘lgandi. Ammo erta peshindanoq muyulishdagi do‘kon peshayvonida qarta chiylab o‘tirgan bekorchilar qavatidan o‘rin olgan Salim issiq o‘rnini sovitgisi kelmadi, boshda, mana hozir-ana hozir, deb turgan odam birdan aynib, bugun emas, ertan, deya gapni qisqa qildi-da, bolakayni haydab soldi. Yo‘q, Salim akasi o‘lgudek tuturiqsiz, bu turishida bugun ham biror bahona topmay qo‘ymaydi. Aslida, shu fe’li tufayli ham doimo otasining g‘azabiga duchor bo‘lib yurardi. Kecha buning alamini boladan olganday, ushbu gapni aytmoqdan zig‘ircha andisha qilmagan: “Ih-hi, otang o‘lib, endi kunlaring menga qoldimi!” Biroq buni kimga va nima deb aytadi? Bolakay shularni xayolidan o‘tkazarkan, ammasi uzatgan shirinlikka qiyo boqmay, sekin iziga qayrilgan va darvozaga yetib-etmay ushbu xitob izidan quvib yetgan: “Uf-f, bu sag‘irlarniyam tashvishi toza jonga tegdi-da, lekin!..”
Bu sovuq xitobning alamini qopdan olgan bolakay qo‘lidagi xivichni chetga uloqtirib, hovli yuzida besamar kezina boshladi. U oqshom onasining sassiz ezilishini o‘ylab, qattiq bezovtalanmoqda edi. Qani endi, tog‘asining ovuli yaqin bo‘lsa-yu, yugurib borsa yoxud o‘z tengi bolalarga sira mumkin bo‘lmagan bu ishga dadil qo‘l urib, qopni tegirmonga o‘zi olib borib, unni o‘zi tortib kelsa. Shunda u qo‘shni qishloq etagidagi tegirmonni ko‘z oldiga keltirib, birdan sergak tortdi. Shoshma, axir otasiga ergashib, bir emas, ikki bor tegirmonga borgandi-ku. Manovi dardisar qopni bir amallab tegirmonga yetkazsa, qolgan ishni tegirmonchi cholning o‘zi eplab-seplab bermasmikan? To‘g‘ri, dastlab, nima, uyingda sendan kattarog‘i yo‘qmidi, deya koyib berishi tayin. O‘tgan safar hali o‘smir yoshiga yetmagan bir bolani shunday deya yanganiga o‘zi guvoh bo‘lgan. Agar u koyinar bo‘lsa, uyda erkaklardan eng kattasi o‘zimman, deya rostini aytadi-qo‘yadi va gap orasida hov birda otasiga ergashib kelgani hamda tegirmon biqinidagi eski so‘rida jamlanishib, birga-birga choy ichishganini astagina qistirib o‘tadi. Bu gapdan keyin, tegirmonchi yaxshi odam, qayishsa kerak.
Bolakay shularni xayolidan kechirar ekan, to‘yqusdan o‘zini har ishga qodirdek his eta boshladi. Hatto zumda bo‘yi o‘sib, ovozi yo‘g‘on tortgandek tuyuldi. U bir qarorga kelishi bilan eshagi tomon, bolalarcha pildirab emas, xuddi otasidek salmoqlanib-salmoqlanib odimladi va bu yurishi o‘ziga juda yoqib tushdi.
Qo‘ra devori ustidagi to‘qimni qo‘liga olayotib, bo‘shab qolgan otxona tarafga birrov nazar tashlab qo‘yarkan, otasi o‘limidan keyin, bu endi silarga yuk bo‘lishdan boshqasiga yaramaydi, deya to‘riqni sottirib yuborgan tog‘asini ichida yanib-yanib qo‘ydi. Negaki, o‘zidek bir yigitga eshakdan ko‘ra ot yaxshi-da, ustida odamday kerilib o‘tirasan kishi! Lekin otasi tegirmonga otda emas, eshakda borishi yodiga tushgach, shu ondayoq otni unutdi.
Eshagini yaxshilab to‘qimladi.
Keyin ko‘makka odam chaqirish umidida o‘sha salmoqli odimlar bilan ko‘chaga yo‘naldi. Baxtiga, ariq bo‘yidagi keksa tol tagida ikki qo‘shni yigit suhbatlashib turgan ekan, qadam olishini zarracha o‘zgartirmagan ko‘yi, bir-bir bosib, yigitlarga yaqinlashdi va ilgargidek shunchaki salom berib qo‘ya qolmay, har biri bilan qo‘l berib-qo‘l berib ko‘rishdi, so‘ng ularni yanada hayratga solib, kattalarga xos sokin bir alfozda hol-ahvol so‘rashgan bo‘ldi. Keyin esa tomoq qirib-tomoq qirib, niyatini bayon etdi:
– Akalar, agar sizlarga malol kelmasa, shu… hovlida ozgina yuk borday edi. Shuni eshakka tashlab berolmaysizlarmi? Iltimos!
Yigitlar uning ortidan ergashar ekan, biri ikkinchisiga sekin dedi:
– Sobir chavandoz tirilib keptimi?
– Shunga o‘xshaydi, – dedi ikkinchisi kulib.
Yigitlar qopni eshakka yuklasharkan, biri ajabsinib so‘radi.
– Xo‘sh, yo‘l bo‘lsin, Doniyorboy?
– Tegirmonga, – dedi bolakay andak viqorlanib.
– Yo‘q, bu ishga sen hali yoshlik qilasan.
Bolakay qarasaki, ish chatoq, yigitlar bu ishiga royish beradigan emas, shunda u darrov yolg‘onlashga tushdi.
– Yo‘q, tegirmonga men emas, Salim akam boradi. U kishi to‘ydan qaytguncha men bu zormandani ammamning uyiga oborib tashlashim kerak…
– O‘zi kelsa, oyog‘i sinib qolmasdi! – deya to‘ng‘illadi ikkinchisi, bolakayni qo‘ltig‘idan tutib qopning ustiga o‘tirg‘izib qo‘yar ekan. – Yaramas, tullak!
Biroq ko‘chaga chiqishgach, ammasining uyi bu tomonda qolib, u butunlay teskari tarafga yo‘l tortganini ko‘rgan yigitlar dastlab hayron bo‘lishdi, so‘ng voqeani fahmlab, biri olg‘a intilgandi, boshqasi uni to‘xtatdi.
– Qo‘yaver, qaytamga pishiydi.
Bolakay qir yoqalab ketgan tuproq yo‘lga tushib olgach, yengil nafas oldi. U mushkul muammo tez va osongina hal bo‘lganidan, ya’ni ikki kundan buyon ombortom eshigida ko‘nglini xira, dilini vayron qilib turgan olaqop nihoyat o‘rnidan jilganidan o‘zida yo‘q xursand edi.
Bu yog‘i esa bir gap bo‘lar!
Biroq sal o‘tmay bolakay tag‘in notinchlana boshladi. U olisda qorayib turgan tegirmonli qo‘shni qishloqqa hadiklanib-hadiklanib boqarkan, cho‘ntagida bir mirri yo‘q, tegirmonchi urishib-urishib, izimga qaytarib yuborsa-ya, degan xayolga bordi. Boya shuni o‘ylamagani endi kor qila boshladi. Shunda tegirmon haqiga otasidan pul emas, bir chelakcha un olingani elas-elas esiga tushib, yana qushday yengil tortdi va qo‘lidagi xalacho‘p bilan eshagi sag‘risiga sekingina urib qo‘ydi.
Qishloq etagida, sharqiroq soy bo‘yidagi quyuq daraxtzor orasida joylashgan choqqina tegirmonga yetib borganda, ichkaridan chiqib kelgan tegirmonchi Shoyim chol qop ustida mushtdekkina bo‘lib o‘tirgan bolakayni ko‘rib anqayib qoldi. Keyin eshik tomonga yarim o‘girilib, manovini qara-manovini qara, deya ichkaridan kimnidir yoniga chorladi. Ko‘p o‘tmay uning yonida mo‘ylovi shopday, o‘zi devday bir erkak paydo bo‘ldi. Bu orada Shoyim chol, balki izidan odam kelayotgandir, degan o‘yda o‘ng kaftini qoshi ustiga qo‘yib, yo‘lga ko‘z soldi. Biror qorani ilg‘amagach esa, kuyinchaklik bilan so‘radi:
– Qaysi uying kuygir bitta o‘zingni yubordi, a?
– Hech kim, o‘zim keldim, – dedi uning ovozida mehr sezgan bolakay, dadil tortib.
– Kimning ulisan?
– Sobir chavandozning uliman, – deya boshi bilan ortda qolgan qishlog‘iga ishora qildi bolakay.
– I-i, rahmatli Sobirning ulimisan? – Shoyim chol unga bir zum achinish-la tikilib turdi-da, so‘ng birdan diydiyo qilishga tushdi: – Ha, yetimning ko‘rgan kuni qursin-a! Enang sho‘rlikning kuni endi sen yetimchaga qoldimi, a?!
“Etim” so‘zi bolakayga juda og‘ir botdi.
– Men yetimcha emasman! – dedi qoshlarini norozi chimirib.
– Emasam, kimsan? – dedi chol dardnok xo‘rsinib.
– Men erkakman! – dedi bolakay charslanib. – Oilaning bosh erkagiman!
– Nima-nima?! – dedi hayratdan shopmo‘ylovning ko‘zlari katta-katta ochilib. – Shu gapingni yana bir qaytar, jiyan!
– Men erkakman! – dedi bolakay bu safar qaysarlanib.
– Ha, tilingdan, tilginangdan seni! – shopmo‘ylov yayrab kuldi-kuldi-da, so‘ng Shoyim chol tomonga ilkis yuz o‘girib, qat’iy va jo‘shqin bir ohangda dedi: – Shu gapi uchun ham tegirmon navbati buniki! Ha-ha, men o‘z navbatimni shu bolaga beraman! Avval bu, keyin men! Ha, erkakman degan tilingdan seni!
U bolakayni eshakdan tushirib, og‘ir qopni quchog‘iga ola-ola, yana dedi:
– Ha, ko‘zingdan seni!
Bolakay soy yoqasidagi chimzorga eshagini qantarib, ichkariga qimtinib bosh suqqanida, olaqopdagi don allaqachon do‘lga ag‘darilgan va g‘irillab aylanayotgan tegirmon toshlari orasiga dastlabki bug‘doy donalari bir maromda to‘kilmoqni boshlagan edi.
Tegirmon navbatini bolakayga bergan shopmo‘ylov kechga tomon kelishini aytib, ular bilan xayrlashib ketdi. Ketayotib ham, ha, ko‘zginangdan seni, deya bolakayni erkalab-erkalab ketdi. Shoyim chol esa bu yog‘iga nima qilarini bilmay, goh chir aylanayotgan tegirmon toshiga, goh do‘l kosasidan tushayotgan don oqimiga, goh devor yoqalab qator terilgan qoplarga, goh un gardidan oqargan pastak shiftdagi xira chiroqqa bir-bir tikilib, anqayib turgan bolakayning qo‘liga bo‘sh qopni tutqazib, tashqariga qoqib-suqib kelishni buyurdi. Keyin qop chetlarini qayirib-qayirib, uni xampa yoniga o‘ng‘aylab joylashtirdi-da, choqqina og‘och kurakni bolakayning qo‘liga tutqazib, yig‘ilgan unni qopga qanday qilib solishni o‘rgatib, odam kelsa, chaqirarsan, deya hovlisiga chiqib ketdi.
Ish jo‘n va oson edi.
Yolg‘iz qolgan bolakay birpasda tegirmonni o‘ziniki qilib oldi. Xampaga un yig‘ilgan kezlari, uni qopga solib, qolgan payt soy bo‘yidagi quyuq daraxtzorni aylandi, qiya og‘och novdan quyiga intilayotgan suv kuchidan chir aylanayotgan tegirmon parragini obdon tomosha qildi. Tegirmonga odam kelsa, hayallamay qo‘shni hovlidan Shoyim cholni chaqirib keldi. Tushda esa cholning nevarasi olib chiqqan chinni lagandagi oshni maza qilib urib oldi.
Oqshom oldi bolakay un to‘la qop ustida, o‘zicha kerilib qishlog‘iga kirib borarkan, bugun tegirmonga borishi lozim bo‘lgan Salim akasini do‘kon oldida, o‘ziga o‘xshagan uch-to‘rt ulfatlari davrasida g‘irt mast holda ko‘rdi. Qo‘shni ayollar bilan daladan qaytayotgan onasiga esa o‘z darvozalari ro‘parasida duch keldi. Ular oldinma-keyin hovliga kirisharkan, voqeani to‘la idrok etgan va bundan mehri daryodek jo‘shgan ona boshdan-oyoq oppoq un gardiga belangan o‘g‘lini mahkam quchib, o‘pmoqqa intildi. Biroq bolakay bunga izn bermadi, keskin yuz burdi – birinchi bor o‘zini bolalarcha suyub, erkalashlaridan orlandi.
Ona bundan hayron bo‘ldi.
Ona bundan o‘ksindi.
O‘g‘liga tiklab-tiklab qaradi va birdan sergak tortdi, qoshida o‘zi bilgan jimitdek o‘g‘li emas, rosmana bir erkak, menda boshqa gapingiz yo‘qmi, deganday jiddiy boqib turardi.
Biroq bu “erkak”ning chog‘i eshakdagi qopni yerga tushirmoqqa yetmasdi. Shu sabab qo‘shni yigitlarni ko‘makka chorlash o‘yida salmoqli odimlar ila tashqariga yo‘naldi.
Bundan onaning ko‘zlari yoshlandi, biroq bu beixtiyor qalqigan sevinch va g‘urur yoshlari edi.
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 3-son