Uyqusiz tunlarimning birida eshik qattiq taqilladi. Ochganimda uning rang-ro‘yi avvalgidek emasdi: ko‘z osti salqigan, quyuq sochlari to‘zg‘igan, ko‘k galstugi bo‘ynidan bo‘shatilgan, bir ahvol. Ikki yil avval o‘ziga bino qo‘ygan olifta yigitchaga solishtirganda yer-u osmoncha farq bor edi. Tanim muzlab qolgandek bo‘ldi.
– Nega keldingiz? – salom o‘rniga savol berdim.
– Xayriyat, ko‘chib ketmapsan, – u taklif kutmay ichkariga kirdi.
Uni haydab yuborgim kelmadi. Garchand necha marta uning ostonamga qaytib kelishini tasavvur qilgan va har safar eshikni tars yopib qo‘yishni tilagan bo‘lsamda, ixtiyorsiz ortidan oshxonaga kirdim.
– Tamaddi qilishga biror nima ber, – u muzlatkichni ochib razm soldi. Aftidan ko‘ngildagidek narsa topolmadi, shekilli, qaytib yopdi. – Pastdagi do‘kon ishlamayapti ekan. Uzr, quruq keldim.
Uning har gal to‘lib-toshib kelgan kunlarini esladim. Albatta, gul ham bo‘lardi. Men sevgan moychechaklar bilan kelardi.
– Men uyda ovqatlanmayman, – dedim rostini aytib.
– Bekorga ozib ketmapsanda, – qomatimga ko‘z yugurtirib, stulga behol cho‘kdi. – O‘sha yerda ishlayapsanmi?
– Yo‘q. Nashriyotdan ketdim. Yaxshi oylik to‘laydigan xususiy firma topdim.
– Men ketganimdan so‘ng ishlaging kelmaptida… – u stoldagi vazada turgan qizil olmani qo‘liga oldi. – Erga tegmagan ko‘rinasan?
Javob bergim kelmay deraza tomon yurdim. Qishloqqa – uyimizga kelayotgan, ishxonamga kelib surishtirib ketadigan sovchilar haqida o‘yladim. Ularning birortasiga rozilik berishga qalbim to‘la topshirganim – shu insonning xotiralari yo‘l qo‘ymasdi. Tashqarida yoz oqshomi hukm surar, to‘qqizinchi qavatdan, ayniqsa, manzara go‘zal ko‘rinadi. Bir vaqtlar bu yerda bayram kunlari otiladigan mushaklarni birga kuzatar va yosh bola kabi zavqlanardik.
– Tegmagansan… – dedi u yonimga kelib yelkamga qo‘lini qo‘yarkan. – Meni kutgansan.
– Nega keldingiz? – savolimni takrorladim qo‘lini yelkamdan tushirarkanman.
– Sensiz yozolmayapman. Biror satr ham, – u og‘ir uh tortdi. – Oxirgi asarimni o‘shanda birga ishlagan kezlarimiz yozgandim. Esingdami, peshma-pesh chiqqan kitoblarim… hammasi do‘konlarda tez sotilib ketardi.
Miyig‘imda kuldim. O‘sha kitoblarni asosan men yozganimni, albatta, ikkimizdan boshqa birov bilmasdi. Birgalikda baxtli kunlarimiz u yozuvchi bo‘lishni orzu qilishini ko‘p aytardi. Bir nechta hikoyalari gazeta yuzini ko‘rgan, ammo omma e’tiboriga tushmagandi. Men nashriyotda ko‘plab kitoblarni tahrir qilganim, shuningdek, bo‘sh vaqtim kutubxonada o‘tgani uchun adabiyotni yaxshi tushunar, ammo yozuvchilikka da’voyim yo‘q edi. Ilk uchrashgan kunlarimiz unga xayolimga kelgan syujetlar, voqealarni so‘zlab berishni yoqtirardim. U esa meni diqqat bilan tinglab, ertasiga oqqa ko‘chirib kelardi. Ularni o‘qib ko‘nglim to‘lmasdi. Keyin ustidan o‘zim qayta yoza boshlardim. Bir necha kunda tayyor hikoyani qo‘liga tutqazardim. U yosh boladek suyunib, tahririyat tomon chopardi. Zavqlanishini ko‘rish menga yoqardi. Hikoyasi chiqqan jurnalni menga olib kelganida, mashqlarim uning nomidan e’lon qilinganidan suyunardim, chunki uni hamisha o‘zimdan ham ortiq sevardim. Meni bag‘riga bosib, qulog‘imga hamisha birga bo‘lamiz, birga yozamiz, birga o‘lamiz, deb pichirlardi.
– Birga yozgan damlarimiz zo‘r edi-da, – u xayollarimni sezgandek ko‘zlarimga boqdi. – Ilk kitobim chiqqanida ham yonimda eding. O‘zing nom tanlab berganding unga. Olgan qalam haqim-chi… Senga deb taqinchoq olib bergandim.
O‘sha taqinchoq qutichamda anchadan beri tegilmay turardi. Adabiyotdan topgan birinchi va oxirgi buyumim sifatida. Keyingi qalam haqlarini u deyarli maishatga sarflab yubordi. Uch yillik yashirin hayotimiz davomida u adabiy olamda o‘z o‘rniga ega yozuvchi bo‘lib shakllandi. Galdagi asarini o‘zi yoza oladi, deb hamisha ishonardim. Lekin ishtirokimsiz uddalay olmayotganini ko‘rib, ish stoli yoniga kelar va sochlarini silab, uxlab olishi kerakligini, o‘zim davom ettirishimni aytardim. Telbalarcha unga ishonganim, o‘zimni topshirganim, birga yashaganim, tunlari uning uchun yozishim – hammasi hozir ahmoqlikdan boshqa narsa emasdek ko‘rinardi.
– Men ham yozmay qo‘ydim, – dedim unga tik boqib. – Sizga bu oqshom biror nima yozib berishga istagim ham, vaqtim ham yo‘q.
U menga norozi boqdi.
– To‘g‘risi, seni sog‘indim. Kulgichlaringni, uzun sochlaringni, isingni… – yaqin kelib qo‘limdan ushladi. – Unutmaganingni ko‘zlaring sotib qo‘ydi. Baribir mehr bilan boqadi ular menga. Ha, to‘g‘ri, aybdorman. Seni tashlab ketdim. Nomardlarcha. Uylanaman, deb so‘zimda turmadim. Lekin mana… qaytdim baribir. Uloqib-uloqib yoningga qaytdim.
U bilan o‘tgan so‘nggi oylarimni xotirladim. Uni xalqaro adabiy jurnalga ishga chaqirishdi. Nashriyotda yonma-yon xonalarda – u yordamchi muharrir, men musahhih bo‘lib ko‘p yillardan beri ishlab kelardik. U ketgach, nashriyot ham huvillab qolgandek bo‘ldi. Zamonaviy uslubda ijod qiladigan yosh yozuvchi sifatida hamma tanirdi uni. Tadbirlar ketidan uchrashuvlar, telesuhbatlar, muloqotlar davom etardi. Xalqaro adabiy tanlovlarda men yozgan hikoyalar bilan g‘olib bo‘lib qaytarkan, butun ijod ahliga unga ishonch bildirardi. Uni faqat chetdan kuzatar, muvaffiyatlarini birga totmasdim. U obro‘siga putur yetmasligi uchun munosabatlarimizni hamisha sir saqlashimni istardi. To‘y qilsak, hammasi yaxshi bo‘lishini o‘ylab kutardim.
Bir kuni uni ishxonasiga izlab borganimda, bog‘da bir qiz bilan quyuq suhbatlashib turganini ko‘rdim. Yuragimdan nimadir uzilgandek bo‘ldi-yu, jim ortimga qaytdim. Undan izoh so‘rashni istamadim. O‘zi tashkil qilgan shoiralarning to‘garagiga bosh bo‘lib yurishini bilganim uchun o‘tkinchi hissiyot ekaniga o‘zimni ishontirdim.
Ammo ayol ruhan sezadi. Undan zerikkanlarini, istamay qolganlarini qalbi bilan anglaydi. Men ham uning o‘zimdan uzoqlashib ketayotganini bilib turardim. Yonimga kelmas, kelsa ham telefonidan ortmasdi. Miyig‘ida jilmayib ijodkor do‘stlari bilan xabar yozishib o‘tirganida, uni yo‘qotmaslik uchun galdagi qissani tugallash bilan band bo‘lardim. Nashriyotda ham tahrirdan ortgan bo‘sh vaqtim uning yangi kitoblarini nashrga tayyorlash bilan o‘tar, ammo avvalgi quvonch yo‘q, dilim juda g‘ash tortgandi. Ikkimizning adabiy olamimizda u meni yolg‘iz tashlab, nom taratgan adibalar, yozuvchilar, shoira qizlar davrasiga intilardi. Ijtimoiy tarmoqlarda uning shunday davralarda mag‘rurona turgan suratini ko‘rib, rashkim kuchayib borardi. Oxiri portladim.
Bir kuni uyga kelishi bilan qarshisida taom emas, talab qo‘ydim. Yo meni, yo ularni tanlashini so‘radim.
– Sen… ijodiy muhitni tushunmaysan, baribir. Men adabiyotga daxldor odamman, do‘st-u yorlarimdan voz kechmayman, – dedi.
Yangi chiqqan kitobini tap etib stolga qo‘ydi-da, eshikni yopib chiqib ketdi. Bir hafta sog‘inish bilan qiynalib o‘tdi kunlarim. Uni adabiy muhitdan tortib olib, faqat o‘zim bilan qolishini talab qilishim xudbinlik ekanini angladim. Ishxonasiga bordim: yo‘q ekan. So‘ng ijara uyiga izlab bordim. Eshikni u doim hamkasbim deb ataydigan bir ayol ochdi. Ortidan tugmalarini qadagancha u ko‘rindi.
…Sochlarimni silayotgan iliq qo‘llar taftidan sehrlanib ko‘zlarimni bir zum yumdim. Qalbim ilidi.
– Ha, tan olaman. Sengacha va sendan keyin ham hayotimda ko‘pchilik bo‘lgan. Lekin… yagona muhabbatim sen ekansan. Buni anglab yetishim bilan yoningga chopib keldim. Ha, yugurib… Ishxonamdan piyoda keldim, senga yetish yo‘lidagi mashaqqatni anglash uchun.
Gazga choy qo‘ydim. Ovqatga unnay boshladim. U esa mehmonxonaga o‘tdi. To‘g‘ri kitob javonim sari yurganini taxmin qildim. Kitoblarning varaqlanayotgani eshitildi. Eng tepada uning kitoblari tizilib turardi. Necha marta hammasini yig‘ishtirib tashlamoqchi bo‘lganman. Lekin kitoblarga mehrim baland edi. Har biriga yurak qo‘rim singgandi.
Ovqatning tagini past qilib dimlab, yoniga kirdim. Divanda o‘y surib o‘tirardi. Meni ko‘rib yuzi yorishdi.
– Kel, o‘tir… Adabiy muhit juda zerikarli bo‘p qoldi. Nashriyot bilan ham hamkorligimiz yo‘qoldi. Ishxonam berayotgan yangi uylardan xarid qilgandim, kreditga. Ijarada sarson yurishdan charchadim. Shuni boshlang‘ich to‘lovini to‘lay deb nashriyotdan tarixiy roman uchun buyurtma oldim. Qalam haqining yarmini oldindan to‘lashdi. Endi shu desang, romanni topshirish uchun ikki oy vaqtim qoldi.
– Kim haqida yozayapsiz, mavzusi nima? – anchadan beri yozmay qo‘yganim uchun beixtiyor qiziqib so‘radim.
– Ikkinchi jahon urushi yillarida front ortidagi o‘zbeklar hayotini. Bosh qahramon yigitning otasi urushga ketadi, onasi esa rais bilan haligindek… Keyin otasi qaytib boshqasiga uylanadi. Yana ko‘p voqealarni qo‘shyapman.
– “Ikki eshik orasi”ga o‘xshab qolmayaptimi ishqilib?
– Shunaqami? – u xijolat bo‘lgandek peshonasini qashladi. – O‘tkir Hoshimov asarlarini o‘qib katta bo‘lganmizda… balkim. Yoki urushdan qochgan yigit haqida yozsammi?
– Said Ahmadni ham ko‘p o‘qigansiz, – dedim kulgim qistab.
– O‘zing biror syujet bersang-chi, azizim… Sen syujetlar konisan-ku. Meni ilhom farishtamsan. Ko‘rding, sensiz ahvolimni…
Ha, ikki yil davomida uning jurnallarda biror hikoyasini ham, do‘konlarda yangi kitobini ham ko‘rmagandim.
– O‘ylab ko‘raman… Urush – o‘lmas mavzu. Tabiy syujet topish kerak.
– Ikki oy ichida yoza olasan-a? Senga ishonaman. Har kuni ishdan so‘ng yoningga kelaman, yana birga yashaymiz.
Bu gapdan negadir xursand bo‘lmadim.
– Ikki oydan so‘ng-chi?
– Keyin ham… yana buyurtmalar olaman. Birga yozaveramiz. Bir umr.
– Kreditni yopgach, yangi uyingizga ketasizmi? Kim bilan yashaysiz u yerda? – so‘radim istehzo bilan.
U og‘ir uh tortdi.
– Bilasanmi, jonim… qishloqda ota-onam qo‘ymayapti uylan deb. Qo‘shnimizning qiziga mendan so‘ramay fotiha ham qilib qo‘yishibdi. Kuzda to‘y. Sendan buni yashirmoqchi emasman. U ota-onamni yonida xizmatini qilib yuraveradi, sen esa…
– O‘ynashim bo‘lasan, deb qo‘ya qoling.
– Yo‘g‘e, sevgilim, mahbubamsan-u…
Ichimda umid bilan kutganim – “o‘z uyimga olib ketaman, to‘y qilamiz, rafiqam bo‘lasan, bir umr birga ijod qilamiz”, degan so‘zlar uning tilidan yangramadi. O‘rnimdan turib kitob javonimdan uning kitoblarini yig‘ishtira boshladim.
– Iltimos, shularni o‘zingiz bilan ola keting.
– Lekin… nega, hayotim, u bizning birgalikdagi asarlarimiz-ku, biz ularning ota-onasimiz, axir!
– Boshqa kitob tug‘ishni istamayman! – kutilmaganda yig‘lab yubordim. – Men oila qurishni, sizdan farzandlar ko‘rishni, ularni birga tarbiyalashni orzu qilardim! Ha, faqatgina orzu! Amalga oshmas orzular… Institutni qanday toza niyatlar bilan bitirgan edim-a? Nashriyotga ishga olishganida ota-onamga yuzingizni yorug‘ qilaman deb poytaxtda qolishga arang ko‘ndirgandim-a? Siz dugonalarimdan ajratib olib shu kvartirani topganingizda ham tez orada sovchi yuborishingizga go‘ldek ishongan edim-a? Uyqusiz tunlar sizning asarlaringizni yozayotganda bir umr yonimda bo‘lishingizga ishongandim-a? Ha, abadiy muhabbatga ishongandim… judayam ishongandim. Shunchalar ishondimki, o‘zimni topshirdim… Vijdon azobida qoldim meni oq yuvib-oqtaraganlar oldida. Yozgan hikoyalarim kabi oxiri hammasi baxtli yakun topishiga amin edim… Ammo siz men tasvirlagan qahramonlarga sira o‘xshamadingiz. Ulardek mard, sadoqatli, mehribon chiqmadingiz. Orzular o‘sha kitoblarda qolib ketdi. Hayotda aksiga duch keldim: aldandim. Hamma hurmat qilib ardoqlaydigan aziz yozuvchim meni tashlab ketdi.
Shalviragancha cho‘kdim. Endi ko‘zlarimdan yosh oqmasdi. Nazarimda, ular teskari oqar: ichimga, yuragimga tomardi. Qalbim og‘irlashib ketdi. Zildek…
Asta yonimga kelib yelkamga qo‘lini bosdi. Endi ular sovuq tuyulardi.
– Keting! – dedim ko‘zlariga tik qarab.
– Mendan voz kecholmaysan, azizim… sevasan-ku axir. Ikki yilki, shu yerda kutgansan meni. Kitoblarimiz bilan dardlashib. Endi senga… kim uylanardi, axir, o‘ylab ko‘r. Xullas… asarni yoza boshlagach qo‘ng‘iroq qil. Darhol yetib kelaman. Meni yo‘qotsang hech kiming qolmaydi.
U peshonamdan asta o‘pib qo‘ydi. So‘ng stolga vizitkasini qo‘yib, indamay chiqib ketdi.
Kitoblar sochilib yotgan gilamda uzoq vaqt sassiz, qimir etmay yotdim. Bolaligimda qo‘g‘irchoq ushlagancha unga alla aytganlarimni, o‘smirlik paytlarim oq otdagi shahzodam o‘z qasriga olib ketishi haqdagi xayollarimni, talaba bo‘lgach, eng zo‘r noshir bo‘lish haqidagi maqsadlarimni esladim. Ikki yilki, ko‘nglimda biror orzu ham, tilak ham yo‘q. Faqat kun kechirardim. Yashamasdim. Ehtimol… uni intizor bo‘lib kutardim.
Qachon uxlab qolganimni bilmayman. Uyg‘onganimda quyosh nurlari xonani yoritar, bugun ham kun qattiq qizishidan darak berib turardi. O‘rnimdan turishim bilan nihoyat, qat’iy ishonch bilan tashqariga chiqdim. Gazeta shoxobchasidan e’lonlar ro‘znomasini olib, ijaraga uy izlay boshladim…
Ship-shiydam qilib bo‘shatilgan xonadon kalitini egasiga topshirarkanman, umrimning besh yili o‘tgan uyga so‘nggi bor nazar soldim.
– Polda kitoblar uyulib turibdi, – dedi ichkarini ko‘zdan kechirgan xonadon egasi. – Unutibsiz, chog‘i.
– Ulardan voz kechdim, – dedim jilmayib. – Endi o‘z kitoblarimni yozaman. Faqat o‘zimnikini!
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 7-8-son