Chekka sochlari oqarib qolgan Grigorovichning qanday atir surtib yurganligini bilmayman (qadimda atir surtilardi, hozirda tizillatib sepiladi), ammo Bunin tasvirlagan shu yozuvchining, ya’ni Grigorovichning oldidan o‘tgim keladi, va undan anqib turgan iforning qanaqaligini bilgim keladi. Afsuski, endi Bunin ham, Grigorovich ham va Jemchujnikov ham yo‘q. Shunga qaramay, o‘sha davrga xos ayrim holatlaru manzaralarni tafakkur yordamida tasavvur qilish mumkin.
Bizning bolaligimiz va o‘smirlik paytimizda “Siren”, “Landish” “Karmen” degan atirlar bo‘lardi, o‘smirlik paytimda birinchi marta “Qori navo” degan atirdan surtib ko‘rganman. Avstraliyada chaylachi degan bir qush bor. Qanotli bu jonivor urg‘ochisini jalb qilish uchun qariyb odam bo‘yi keladigan chayla quradi va o‘zi bunyod etgan inshootni turli tuman yaltiroq narsalar bilan bezaydi-da, chayla atrofida aylanib qo‘shiq kuylaydi. Insonga ham xos bunday bachkana holat. Yasan-tusan qilsam unga yaxshi ko‘rinaman, deb o‘ylaydi sevgan qizining oldiga borayotgan yigit. Sadafni uzoqdan bo‘lsa ham bir ko‘rish niyatida yo‘lga tusharkanman, ikki kun avval qishloq do‘konidan sotib olgan atirimdan sepib oldim. Kitob javonimning orqasida yashirin saqlardim uni. Juda o‘tkir edi “Qori navo”ning hidi. Atir bo‘yini shamol olib ketmasin deb pana-pastqam yo‘ldan borardim. Kistamda noskashlarning nosqovog‘iday do‘mpayib turibdi dag‘al shisha idish. Uning sirtida raqs tushayotgan ayol surati bor. Yarim yo‘lga yetgach, yana biroz sepib olsammikin degan xayolga bordim. Cho‘ntakdan uchburchak shaklidagi shishani olarkanman, unga yopishtirilgan rasmga yana bir karra qaradim. Ha, haqiqatan ham raqs tushayotgan ayol suvrati… Ayollarniki emasmikin bu odekalon degan shubha oraladi ko‘nglimga. Yo‘l bo‘yida kimdir ko‘rindi va katta yoshli bir kishi men tomon kelaverdi. Devor tagiga tiqilib bordim. Yonimdan o‘tayotib burnini jiyirdi haligi odam va “takaday sasibsan” dedi, mendan hazar qilganday o‘zini nariroq olib. Uyalib ketdim. Ammo atir hidiga bo‘lgan o‘chligim bosilmadi. Biror narsa yozishga o‘tirsam, hozir ham albatta yuzimga atir purkayman.
Jonzotlarga hid bilish xususiyatini ato etarkan, bu noyob hissiyotning boshqa barcha sezgilardan va hattoki ko‘rishdan, ta’m bilishdan va eshitishdan ham a’lo darajada bo‘lishini ta’minlagan tabiat. Boshqa har qanday sezgi miyadagi: talamus, hipotalamus, streatum kabi markazlardan o‘tadi, aksonlar va dendritlarning qo‘liga tushib, turli o‘zgarishlarga uchraydi, buyruqlar makoni bo‘lgan bosh miya po‘stiga yetib borgunga qadar necha marta o‘lib tiriladi. Tadqiqotchi olimlarning aytishicha, biz ko‘z bilan ko‘rib turgan narsalar aslida ko‘ringaniday emas, butunlay boshqacha emish, faqat hid bilishgina bundan mustasno, miya po‘stlog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri, ya’ni bevosita, hech qanday o‘zgarishga uchramasdan yetib boradi.
Atirga o‘chlik mening jiddiy nuqsonim. Shundayligini bilaman va imkoni boricha atir xarid qilmaslikka intilaman. Atirga bo‘lgan tiyiqsiz intilishni jilovlash uchun shunday qilaman. Baxtga qarshi yo‘lda bir qancha atir-upa do‘konlari bor, Chilonzordan Farhod bozorigacha va bozordan metrogacha piyoda boraman. Yo‘lda bir ayol atir sotib o‘tiradi. Yaxshi xushbo‘y atirlari bor uning. “Smoking”, “Shanel” “Matfiks man” va hokazo. Har doim uning yonidan o‘tarkanman, ko‘k, yashil yoki za’faron rangli suyuqlik to‘ldirilgan turli shakldagi shishachalarga qarayman, so‘ngra ulardan birini qo‘lga olib qopqoqchasidan sal quyiroqqa, shishachaning bo‘yniga burnimni mahkam bosib hidlayman. Mening harakatlarimni kuzatib turadi albatta sotuvchi ayol. “Oling” deydi. Atir narxi qimmat, hidi menga yoqsa-da, pulni o‘ylayman. Sirasini aytganda, do‘konlardagidan arzon uning atirlari, yigirma besh mingdan ziyod emas, xuddi shunday atir do‘konlarda anchagina qimmat turadi. Hatto yuz ming so‘mlik, ikki yuz va hatto uch yuz ming so‘mlik atirlar ham bor. Bir do‘stimning aytishicha, “Kliv Xristian № 1” degan atir 2.350 dollar turarmish. Menga “Suave” ham bo‘laveradi. Ko‘kimtir shishachali, qopqog‘i savsani bu atirning hidi menga juda yoqadi. Albatta, masalan, “Smoking” darajasida emas, shunday bo‘lsa ham juda olgim kelardi uni … Go‘yo “Qishloq”romanining muallifi Grigorovich ana shu atirdan surtib yuradiganday. Darvoqe, o‘z davrida anchayin nom qozongan va hatto ana shu romani bilan Belinskiyning nazariga tushgan edi bu yozuvchi. Uning oldiga borish, unga yaqinroqdan qarash va undan taralayotgan ifordan hidlash… uzun bo‘yli, juda toza va yoqimli kiyingan kishiga xadiksiragancha qarab turar va miriqib atir hidlardi. Ammo Bunin nafas olayotganini, havodan atir hidini o‘g‘irlayotganini Grigorovichdan, ya’ni atir egasidan pinhon tutardi. Adabiyot maydonida hali nom qozonib ulgurmagan, obrazli qilib aytganda, endigina tetapoya bo‘la boshlagan jur’atsiz va hurkak yozuvchi uchun tabiiy hol edi albatta bu. Frantsuzcha tarbiya ko‘rgan Grigorovich esa parfyumeriyaga e’tiborsiz emasdi. Va Nikolskiy ko‘chasida ochilgan nomdor atir-upa magazini oldida vaqt- bevaqt uchratib qolish mumkin edi uni. Nafaqat Grigorovich yoki Jemchujnikov, balki o‘ziga qarab yuradigan barcha erkaklarning diqqatini tortardi bu do‘kon. Xususan, “Shanel №5” odekalonidan surtib xonimlarning yonidan o‘tish olifta erkaklarning orzusi edi. Brokar kashf etgan “Svetochniy” degan afsonaviy atir ham sotilardi bu yerda.
…O‘zimni chalg‘itishga va Grigorovich bilan Buninning uchrashuvini biron bir mashhur yozuvchining xonadonida tashkil etishga qay darajada urinmay, ko‘z oldimda eng qimmatbaho iforli atirlar bilan savdo qiladigan o‘sha magazin va uning peshtaxtasi oldida turgan Grigorovich va uzoqroqdan uni kuzatib turgan Bunin ko‘rinaverardi. Afsuski, mutlaqo xato edi mening bu tasavvurim: birinchidan,turli hidlar anqib turgan atir-upa do‘konining ichida Grigorovichdan taralayotgan iforni payqamasdi, ikkinchidan, qo‘l uchida kun ko‘rayotgan Bunin qimmatbaho atirlar bilan savdo qiladigan bunday do‘konlarga behudaga kirmasdi deb o‘ylayman. Ularning uchrashuvi haqiqatan ham Bunin xotini Varvara Pashenkodan ajrashgandan keyin, Moskvada ro‘y bergan ekan. Ammo Bunin atir bilan bog‘liq holatni ancha keyinga surgan. “Oy chiqdi lojuvard oy yonidan” degan maqolasida Grigorovichning o‘limidan biroz oldingi holatni beradi. Demak, 1899 yil kuz faslida bo‘lgan edi bu uchrashuv. Oradan ko‘p o‘tmay, o‘sha yilning 22 dekabrida Grigorovich vafot etdi.
… Ana shu manzara bor tiniqligi va tafsilotlari bilan ko‘z o‘ngimni qoplab olarkan, atir shishasini ehtiyotkorlik bilan ushlab turgan holatda, yuzimga yoqimli tus berib sotuvchi ayoldan so‘radim:
– Qancha deysiz?
– Yigirma besh.
– Yigirma beraman.
– Nimalar deyapsiz, axir bu “Suave!”
Yana shishacha bo‘g‘zini burnimga taqab hidlayman. Va qaytarib joyiga qo‘yaman.
– Yoqmadimi?
– Menga Grigorovich surtadiganidan topib bering, olaman, – deyman ataylab, sotuvchini gangitib tashlash va shu yo‘l bilan o‘zimni bu sohada savodsiz emasligimni ko‘rsatish, ham xasislik qilayotganimni xaspo‘shlash maqsadida.
Yuzini teskari o‘giradi sotuvchi va men uzoqlashaman uning oldidan. Kistamdagi pul atir olishga yetadi albatta, ammo o‘ylovim ko‘p, ro‘zg‘or, dori-darmon va kutilmagan boshqa xarajatlar. Hammasidan ko‘proq o‘ylovga soladigani kommunal to‘lovlar, kam emas, o‘n ikki xil to‘lov…
Qandaydir tetiklik bag‘ishlaydi menga xushbo‘y atir. Keyingi yillarda sotilayotgan farang odekalonlarida atirgul hididan tortib kapparis spinoza gulining hidigacha bor va ular nihoyatda diltortar. Kapparis spinoza oq gullaydi, lotincha nomdagi bu o‘simlikni biz oddiygina qilib kovul deymiz. Bu antiqa o‘simlikning guli butun boshli mo‘jiza va unda tannoz ayollarga xos nimadir bor. Gulining hidi juda nafis, juda yoqimli… qandaydir xayolchan va romantik ifor. Albatta, masalan iliqlikni eslatuvchi hidlarni yoki karamel hidiga monand odekalonlarni yoqtiradigan kishilarga kovul guli taratadigan hid yoqmasligi mumkin. Buninning yozishiga qaraganda, Grigorovichdan anqib turadigan atir juda xushbo‘y bo‘lishiga shubham yo‘q. Nega Grigorovich yoki Jemchujnikov degan rus yozuvchilari shunday atirlar sepib yurishadi-yu, men bunday qilolmayman, axir men ham yozuvchiman. “Mavhumot” deb nomlangan romanimning o‘zi agar chet tillarga tarjima qilinsa, dollarning tagida qolib ketishimga shubham yo‘q. Chunki unda eftonaziya tasvirlangan. Romanning uchinchi kitobi shu nom bilan ataladi. Agar yanglishmasam, o‘lim saltanatiga xizmat qiluvchilar to‘g‘risida yozilgan birinchi roman bu. Eftonaziya, ya’ni huzurbaxsh o‘lim deb nomlangan korxona hozircha faqat Nedrlandiyada, Avstraliyaning qaysidir bir shimoliy mintaqasida va yana bir-ikkitagina davlatda mavjud. “Adam vodiysi” ham undan qolishmaydi. Ammo meni yuksaklikka ko‘taradigani – novellalarim. Mayli, bu to‘g‘rida gapiradigan bo‘lsam, meni noto‘g‘ri tushunishlari va maqtanchoqqa chiqarib qo‘yishlari turgan gap. Lekin Bunin meni tushunishi mumkin edi, chunki ikkalamiz ham Grigorovichning va Jemchujnikovning atiriga maftunmiz. Meni bezovta qilayotgan va atir olishga undayotgan kuch Buninning bir maqolasi bo‘ldi.
Yozning jazirama kunlaridan birida ayvonchada o‘tirib olib qaynoq choy ho‘plardim va “Kitob dunyosi” gazetasini varaqlardim. Nogoh atirga ishqiboz Buninning “Oy chiqdi lojuvard oy yonidan” degan maqolasiga ko‘zim tushdi, (yuqorida aytib o‘tgandim). Azbaroyi Nobel sovrindori bo‘lganligini hisobga olib maqolaga ko‘z yugurtirdim va mana bu satrlar e’tiborimni tortdi: “Bir mahal shundoqqina yonimdan burnimga yoqimli odekolon ifori urildi, boshimni ko‘tarsam, ne ko‘z bilan ko‘rayki, Grigorovich! Bu uchrashuv uning o‘limidan biroz oldinroq sodir bo‘lgandi, anchagina qartayib qolgandi. Lekin xuddi o‘zidan kelib turgan ifor kabi toza va tetik edi”. Atir hididagi tozalik va tetiklik… albatta juda qiziq bu, “ifor” ham oddiy ta’rif emas. Shu so‘zlarni o‘qidimu darhol o‘rnimdan turib Farhod bozori sari yo‘l oldim. Endi atirga ikki barobar qimmat baho qo‘ysa ham olaman degan qaror dilimda qat’iy. “Olurman ikki jahon mulkiga baho qo‘ysang” degan misra mayin kuyga qorishib bosh chanog‘im ichida qovoq ariday g‘ung‘illab aylanadi. Xayolimning chuqur bir joyida esa “Qari navo”dan sepib, Sadafning oldiga borgan holatim.
… Biz uchrashdik. Badavlat oiladan edi qiz. Qayrag‘och daraxti tagiga qo‘yilgan yog‘och skameyka oldiga borarkanmiz, ataylab shamol esayotgan tarafda o‘tirdim. Yengilgina shabada “Qari navo”ni mening qizil alvon ko‘ylagimdan supurib olib qizning nozikkina burunchasiga urardi. Bir payt qarasam, og‘zidan nafas olyapti Sadaf. Ba’zan yo‘l bo‘yida o‘lib qolgan mushuk yoki boshqa bir jonivor oldidan o‘tayotib men ham ancha joygacha og‘zimdan nafas olgancha, qadamlarimni tezlatib badbo‘y hidni shu yo‘l bilan bartaraf etardim. Sadafga qarab hammasini tushundim. Ammo qiz holatini oshkor etmadi, ko‘p andishali edilar-da, bizning yoshlik davrimizning qizlari. Xullas, shundan keyin biz uzoq vaqt uchrashmadik. Uyalib yurdim. O‘ta noqulay-da bunday holatlar. “Did to‘g‘risida bahslashmaydilar” deyishadi ruslar, shunday bo‘lsa ham… To‘g‘rirog‘i, bu bir taraflama fikr. Har qanday tayoqning ikki uchi bor. Grigorovich bilan Jemchujnikovning toza va tetik atiri Buninga yoqdi, balki boshqa birovga yoqmasligi ham mumkin edi, ammo bu yerda boshqa bir jihat ham bor. Bunin yozuvchi bo‘lishni orzu qilib yurgan davrlarda Grigorovich yoki Jemchujnikov kabi ulug‘lar bilan uchrashish katta baxt edi va bunday baxtga musharraf bo‘lgan tetapoya yozuvchi uchun ulardan ufurib turgan ifor ham ulug‘ edi va ko‘p narsani belgilardi.
… Xullas, shoshqin qadamlar bilan Farhod bozori tomon yo‘l oldim. “E xudo, atir sotuvchi bugun ham savdoga chiqqan bo‘lsin, o‘sha atirni sotib yubormagan bo‘lsin” degan “duo”larni takrorlagancha borardim. O‘z joyida edi sotuvchi ayol, meni ko‘rdi, tanidi va yuzini chetga burdi. Atirni oldim-da, yigirma besh ming so‘m uzatdim. Qoshlarini kerib qaradi ayol va “Suave”ning narxi yuz ming so‘m” dedi jiddiy qiyofada. Ikkilanmadim, cho‘ntagimdan bor pulimni oldim va sanab yuz ming uzatdim. Uzun bo‘yli, toza kiyingan va xushbo‘y ifor anqib turgan Grigorovichga yoki tozaligu tetiklikda undan qolishmaydigan shoir Jemchujnikovga o‘xshashni juda istardim shu lahzada. Juda ko‘p manzaralar, holatlaru orzu umidlar, o‘tmish salaflarimizning hayot tarzini qo‘msash va yana nimalardir mujassam edi bu istakda. Ajablanib qaradi ayol va yigirma besh ming olib qolganini qaytardi.
Uyga kelishim bilan yozuv stoliga o‘tirdim. Shishachani qo‘lga oldim. Naq burnimga qaratib uning qoragina qalpoqchasini bosdim. Tizillagan tovush va zarralarga to‘yingan salqin havodan entikib-entikib nafas oldim, “Suave”ning dilrabo ifori! Bunin ta’riflaganiday toza va tetik ifor! Ko‘zlarimni yumib chuqur nafas oldimu yana “pijillatdim” va ushbu novellani yozishga jur’at etdim. Yozuvchi uchun atir qanchalar katta kuch ekanligini his etib turardim. Balki “katta kuch” demay boshqacharoq ifodalashim kerakdir… Aytmoqchimanki, kishining tetik yurishi va o‘zini yaxshi his etishi uchun va hattoki ana shunday kayfiyat ta’sirida badiiy asarning dunyoga kelishi uchun nafaqat xushbo‘y ifor, ba’zan oddiygina narsalar ham, aytaylik, botinkangizning yechilib ketgan bog‘ichi ham, yoki cho‘ntagingizda dastro‘molchangizning yo‘qligi ham sabab bo‘lishi mumkin. Bas, shunday ekan, Grigorovich bilan Jemchujnikovning tetikligi yaxshi odekalonning xizmati edi, desam meni malomat qilmang, bu bir lahzalik ong ostida yashirinib qolgan o‘yning yoki fikr moddasining xizmati, albatta. Ana shu xizmat, ya’ni ong ostidagi fikr moddasi qutqusi bilan o‘z-o‘zimdan so‘rayman: Grigorovich va Jemchujnikovdan taralgan iforni hidlagan Buninning ulug‘ yozuvchi bo‘lib shakllanishi va hattoki Nobel mukofotini olishiga o‘sha ifor sababchi bo‘lmadimikin? (Hech kimdan javob talab qilmaydi bu ritorik savol). Baribir men o‘z fikrimga yon bosaman. Hamma narsa, barcha razillik va barcha buyuklik, dunyodagi bor kashfiyot miyaning ishi. Neki qilsak, hissiyotlar ta’sirida, ularning qutqusi bilan qilamiz. Hid bilish esa tabiat ardoqlagan eng noyob hissiyot. Grigorovich to‘g‘risida gapirarkan: “Dimog‘imga yoqimli atir ifori urildi” deydi Bunin. Eng avvalo shunga urg‘u beradi. Modomiki, shunday ekan, mendan taralayotgan “Suave” iforini kim payqarkin, kim bosh ko‘tarib ko‘rarkin meni, balki bosh ko‘tarib emas, yuqoridan pastga tomon qarab ko‘rishar va nihoyat, qayerlargacha olib borarkin meni bu ifor?..