Nazar Eshonqul. Xayol tuzog‘i (hikoya)

«O‘lim ham seni sevib qolibdi…»
«Romeo va Juletta»

Voqifning izsiz yo‘qolgani haqidagi xabar meni birdan esankiratib qo‘ydi; ikki yillik safardan so‘ng shaharga qaytib kelgach, birinchi qiziqqan va batafsil o‘rgana boshlagan hodisam ham uning bedarak yo‘qolishi sabablarini aniqlashdan iborat bo‘ldi.
Oradan ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa ham Voqifning murosasiz, jangari siymosi xotiram tuynugidan bot-bot mo‘ralar va uning to‘satdan g‘oyib bo‘lganiga sira ishongim kelmas, zero, yo‘qolishiga daxldor bo‘ladigan biron zuhurot qolmagan, vaholanki, unga tanish-notanish bo‘lgan kishilar bir-bir so‘roqqa chaqirtirilgandi, men qanchalik yelib-yugurmay, qidiruv bo‘limidagilar ham shu ma’lumotdan nariga o‘tishmadi.
Irodasi va fikr yuritishiga men hamisha havas qilib yuradigan bu yigitning shunchaki sababsiz g‘oyib bo‘lishiga hech ko‘nikolmasdim.
Uchrashib qolganda hayot haqida, kelajak ishlarimizu dunyoda biz va faqat biz kashf qilishimiz mumkin bo‘lgan orollar haqida gaplashardik. To‘g‘ri, uning na ishda, na oshiqlikda omadi yurishdi, hamma joyda betgachoparligi pand berar, u esa hech egilishni istamas edi. Oylab ishsiz, cho‘ntagida pulsiz yurgan paytlarida ham tushkunlikka tushmagandi. U palla Voqif ehtirosli va ko‘ngli toza yigit edi, tirikchilik uni chuchmal maqolalar bosiladigan deyarli nufuzi yo‘q ro‘znomaga ishga kirishga majbur qilgandi.
Men esa ikki yilga safarga ketdim. Shundan so‘ng na u haqida, na Robiya haqida biron xabar eshitdim. Voqifga yuborgan xatlarim manziliga yetmay qaytib kelgan kemalar yanglig‘ yana o‘zimga qaytib kelaverar, zotan, Robiyaning keksa, badjahl otasi bu paytda Voqifdan o‘zgani kuyov qilolmasligiga, nihoyat, ishongan va qizi bu telbaroq yigitdan boshqa hech kimga qalbi eshigini ochmasligini tushunib yetgan, to‘yga ham asta-sekin rozilik beradigan kayfiyatda yurgan kezlar edi va, mening fahmimcha, bu ikki yil ichida to‘y o‘tgan bo‘lishi kerak edi — men o‘sha olis yurtda yurib, qariyb o‘n yil davom etgan, na ota-onalarning qistovlari, na hamma narsani o‘chirib tashlovchi vaqt, na ish, hayotdagi omadsizlik, na yillar, na boshpanasiz, ijarama-ijara izg‘ib yurish o‘chira olgan, xuddi Afandining bozorga borgani haqidagi latifa kabi, hamma bilgan va hamma o‘qigan 6u oshiq-ma’shuqlik qissasining ertaklar misoli xayrli tugashiga hech bir shubha qilmagan edim.
Shu sababli, Voqifning qanday bedarak ketganligini bilish uchun, uni oxirgi kunlar ko‘rgan kishilar bilan bir-bir gaplashib chiqdim.
Ro‘znomalar rosa uch oy izma-iz e’lon berganiga, qidiruv bo‘limidagilar favqulodda jonbozlik ko‘rsatib, barcha shaharu qishloqlarni birma-bir tekshirib chiqishganiga qaramay, u suvga tushgan gavhar misol g‘oyib bo‘lgan edi; tiriklar orasida ham, o‘liklar orasida ham uni topib bo‘lmadi… Men umid qilgan odamlar xomushlanib, sekin bosh chayqashdi — bu bedarak ketish ular uchun ham mutlaqo kutilmagan hol edi. Eski tanishlarimizdan kim bilan uchrashmay, beparvo yelka qisishdi — men ularning qisilayotgan yelkalariga, cho‘g‘lari o‘chgan loqayd ko‘zlariga qarab turib, xuddi tashlandiq va xarob go‘shadan kechib ketishganday, ular allaqachon Voqifni unutishganiga amin bo‘ldim. Faqat ba’zi tanishlar bedarak ketishidan oldin Voqifning qandaydir bino, qon, bolta haqida gapirib yurganini g‘ira-shira eslashdi va u o‘sha paytdayoq aqldan oza boshlagan edi, degan taxminni ham ro‘kach qilishdi. U hatto hamisha o‘zi bilan birga olib yuradigan, go‘dakligidayoq poyezd tagida qolib halok bo‘lgan ota-onasining suratini ham olmagan, go‘yo qaygadir shoshib chiqqanu hozir qaytib keladigandek, kitoblardan tortib gazeta qiyqimlarigacha — hamma narsada uning izi, nafasi sezilib turardi. Voqeaning tagiga yetishga bo‘lgan urinishlarim behuda ketdi — o‘rmonda adashib qolgan ovchi qaysi tomonga yurmasin, faqat och va quturgan bo‘rilarga duch kelgani kabi, men ham har qadamda odamda tahlika va vahm uyg‘otadigan, yo‘limda mislsiz haykal yanglig‘ qad kerib turgan Noma’lumlik va Yo‘qlikka duch kelaverdim, shunda ko‘nglim saltanatiga makkor va ayyor josus misoli, ehtimol, Voqifni ham mana shu Noma’lumlik va Yo‘qlik ayiqlari yutib qo‘ygandir, degan bir shubha o‘rmalab kirdi. Axiyri Robiyani izlab topishga ahd qildim. Nazarimda, kalavaning bir uchi uning qo‘lida turganday edi. Unga sim qoqib, uchrashuv joyini kelishib oldik. Juma kuni ishdan so‘ng men Q. xiyobonidagi xilvat qahvaxonaga qarab yugurdim. Robiya allaqachon shu yerda edi — u burchakdagi kursida boshini quyi egib o‘tirar, shu turishda g‘amga cho‘mgan qadim ma’budaga o‘xshardi. Meni ko‘rib, ko‘zidagi yoshlarni artdi. U juda ozib ketgandi. Yuzidagi malohatdan, ko‘zlaridagi bizning tund, jiddiy, hamisha dunyoviy masalalarga ko‘milib yuradigan asabiy ulfatchiligimizga butun borliqni yashnatib-yashartib kelayotgan ko‘klam kabi, yoshlik va zavq ulashadigan hayotbaxsh quvonchdan asar ham qolmabdi. Men o‘sha daqiqadayoq Voqif faqat o‘zini emas, xasis va ochko‘z dunyoning bir ilkis tuhfasi bo‘lgan bu go‘zal malakni ham hayotning bedarak ko‘chalariga solib ketganini angladim. Uzoq jimlikdan so‘ng men o‘zimni shubhaga solib yurgan savolni berdim. Robiya ancha paytgacha gapirmadi, u mening shunday savol berishimni oldindan bilgan chog‘i, yuzida hech qanday ajablanish ham paydo bo‘lmadi.
— Ha, g‘alati, — dedi so‘ng, biroz titroq ovozda. — Siz to‘g‘ri o‘ylabsiz, o‘shanda mening ham aqlim hech narsaga yetmagandi. Endi hammasiga tushundim. Yo‘q-yo‘q, u yovuzlik qilgani yo‘q! — baqirib yubordi Robiya, mening yuzimdagi ifodani ko‘rib. — Mana buni o‘qib ko‘ring, o‘zingiz hammasiga tushunib olasiz. Bunda hammasi yozilgan.
U sumkasidan hiyla qalin qo‘yin daftarcha olib uzatdi. Men Robiyaga qaradim, u jimgina yig‘lardi, ilohiylik barq urib turgan go‘zal suratni qandaydir jazavali, uquvsiz rassom beshafqatlarcha bo‘yab tashlaganday, ko‘z yoshlari uning sahar osmonidek tiniq yuzini bahor jalasi yanglig‘ qoplab olgan edi.
Bu yoshlar odamzod izlay-izlay oxiri topajak va bu dunyoning asl ma’noyu mohiyati hamda inson umrining intihosi haqidagi alal-oqibat xulosa qanday bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida bir iqror edi. Unga hech narsa deya olmadim. Daftarchani olib, shu yerning o‘zidayoq o‘qishga tushdim. Daftardagi voqealar ikki yilcha oldin yozila boshlagandi:

20 mart
Bu binoni nega aynan shahar o‘rtasiga qurishgan, to‘g‘risi, hech aqlim yetmaydi. Shahardagi eng ulkan va mahobatli bino ham shu bo‘lsa kerak.
Hamisha ochiq turadigan darvozasi shu qadar kattaki, hatto butun shahar ahli birdaniga kirsa ham o‘tib ketadiganday tuyuladi menga. Bino menda g‘alati hislar uyg‘otmoqda. Bu yerda qanday mahkama joylashganini ham bilmayman, biroq eshiklaridan to panjaralarigacha naqshinkor, qubbador qilib ishlanganiga qaraganda, nufuzli biron tashkilot in qurganga o‘xshaydi. So‘rab bilishim kerak, u qanday tashkilot ekan?

22 mart
Bugun ezilib yomg‘ir yog‘di. Menga yomg‘ir juda ham yoqadi. Rutubat yelkamni sirqiratib og‘ritsa ham ishdan yayov qaytdim. Binoning darvozasi lang ochiq turar, momoqaldiroq gulduraganida bino juda vahimali tusga kirardi. Balkim, shaharga vahm bag‘ishlab turish uchun bu binoni ataylab qurishgandir?! Uning ulkanligiga qarab turib, odam beixtiyor shunday xayolga boradi. U ko‘rinishidan uxlab yotgan bahaybat maxluqqa o‘xshaydi. Yomg‘ir yana bir kun shunday yog‘sa, yo‘llarda yurib bo‘lmay qoladi.

23 mart
kunduzi
Bugun ham ishga borishda binoning oldidan o‘tdim. Balkim, tuman bo‘lgani uchun menga shunday ko‘ringandir, biroq, nazarimda, bino kechagiga qaraganda biroz kattalashganday tuyuldi. Qiziq, darvozasi ham xiyla kengaygan edi. Tuman orasida u yana ham vahimali tusga kirgan, xuddi qal’ani qo‘riqlab yotgan soqchilar misoli tek qotgan panjara ustidagi nayzalar namdan yaltirab turardi. Nega bino meni bunchalik tashvishga solayotganiga hayronman: istamasam ham oyoqlarim shu tomonga tortaveradi. Uni ko‘rish va vahimadan titrash menga zarurmikin? Kechasi yaxshi uxlay olmaganim uchun charchaganga o‘xshayman, bo‘lim mudiridan javob olib, tushdan so‘ng xonaga ketaman.

kechasi
Bo‘lim mudiri uyga ketishimga ruxsat bermadi. Shusiz ham bo‘limdagi eng beboshi sizsiz, bir oyda uch marta ishga kelmadingiz, dedi.
Kuni bilan band bo‘ldim, qandaydir shoshilinch maqolalar tayyorladim. Ish xuddi oxiri yo‘q yo‘lga o‘xshar ekan. Butun vujudingni unga botirib tashlaganing va har bir lahzangni, soniyangni sarf qilganing bilan, bir kuni erta tongda uyg‘onarkansanu hali hech narsa qilib ulgurmaganingni, o‘rningdan turishing bilan askarni jang kutayotgani kabi, seni qam bir olam ish kutib turganini anglab qolarkansan. Hayot shu qadar chigalki, uning ichiga qanchalik kirib borsang, shunchalik yuzada ekanligingni sezib qolaverasan. Balkim, shu tufayli yosh-yosh yigitlar mo‘ylari chiqmay turib, hayotdan bezib qolishar? Talabalik yillarimizda hayot ancha zavqli edi, o‘zimiz ham shaddod yigitlar edik, qancha ichsak to‘ymasdik, qancha yesak shuncha yegimiz kelaverardi, hatto haftalab ichib yurishimiz yoki bemaqsad ag‘anab yotishimiz mumkin edi — hayot hech qachon zerikarli tuyulmasdi. U paytlar hamma narsa ko‘zimizga xushsaodat bo‘lib ko‘rinardi. Ko‘nglimiz tusagan kishi bilan gaplashar, ko‘nglimiz tusagan kitobni o‘qir, ko‘nglimiz tusagan ishni qilardik, umr degani shunchalar aziz ediki, u faqat ko‘ngildan iboratday bo‘lib qolgandi. Xohlagan kishimizga «Siz ablahsiz», deb betiga aytaverardik, buning uchun hech kimga hisob bermasdik, hech kim bizni tergamasdi. Har bir ishni shunchalar ishtiyoq bilan qilardikki, agar u o‘zimizga zarar keltirsa ham, hech tushkunlikka tushmasdik. Har tong derazamizdan zo‘rg‘a sirg‘alib o‘tib, bizga zarrin qo‘lini uzatayotgan quyoshni sog‘inch ila kutib olar va «Salom, ey koinot atirguli» deb hayqirar, so‘ng bugungi vazifamizni o‘tab bo‘lganday, yana to‘shakka tappa tashlab, ko‘zlarimizdagi uyqu zerikib, toliqib, oxiri qaboqlarimizdan qochib qolmaguncha ishtiyoq bilan uxlardik. Xonalar tor bo‘lsa ham bag‘rimiz keng deya, kechalari hech bir samarasiz tortishuvlarga berilardik. U paytlar hikmatli gaplar aytishni, bashorat qilishni shunchalar sevardikki, go‘yo insoniyat kelajakka biz qurib bergan xayol ko‘prigidan o‘tadigandek tuyular, har bir narsa bizga porloq istiqbolimizdan darak berar, garchi endi umid gullarimizni uzib tashlagan bo‘lsa ham, ma’shuqalarimizning eshigini tonggacha poylab chiqardik; uni ko‘rishimiz bilan xazonlikka yuz tutgan dunyoga yasharish fasli kirib kelayotganday, ko‘ngillarimiz nurafshon bo‘lib ketar, unga kitoblardan iqtiboslar keltirib, muhabbat va vafo haqida erinmasdan safsata sotardik; ko‘pincha, uzun jumlalarimizga ma’shuqamiz tugul, o‘zimiz ham tushunmasdik, lekin, baxt bamisoli bir gulu uni bag‘rimizga ekib qo‘yish juda ham jo‘n, osonday tuyulardi va, biz bir kuni umrimiz gulzorida shunday gul ochilishiga hech bir shubha qilmasdik, zero, rostdan ham hayot dovullari bizga chikora edi, biz uni kutib olishga va yengishga o‘zimizni tayyor deb hisoblar, ruhimiz ham shunchalar tetik va ko‘tarinki bo‘lardi. Ba’zi-ba’zida o‘sha do‘stlar uchrashib qolsak, yuzimizdagi umid xarobalarini, orzularimizning vayron bo‘lgan imoratlarini boshliqlarimizga yoqish uchun o‘rgangan shirinsuxanligimizu ohorlangan ko‘ylak hamda bo‘ynimizda bo‘g‘ma ilondek osilib turadigan xushbichim bo‘yinbog‘larimiz bilan yashirgancha tezroq xayrlashib jo‘nab qoladigan bo‘lganimizni nima bilan izohlash mumkin?! Endi-endi hayron qolaman: o‘sha, «insonni go‘zallik qutqaradi», deya soatlab so‘zamollik qiladigan va bu fikrida hamisha sobit va qat’iyatli bo‘lgan, baxtni odamning o‘zi yaratadi degan taomilga qattiq ishonadigan va bu baxtni yaratish uchun hech narsadan tap tortmaydigan o‘sha hayotsevar va saodatmand yigit nahotki men bo‘lsam? Xayoliy mo‘jizalarga ishonadigan u yigit qayga yo‘qoldi?! Hayot sarobmonand bir manzil ekanligiga, uni o‘zgartirib, qaytadan qurib bo‘lmasligiga imon keltirgan, qaroqchiga bor bud-shudini o‘g‘irlatgan noshud savdogardek, faqat orzulariyu tuyg‘ularini emas, hatto odamning o‘zini ham nomsiz maxluqotga aylantirishga, uni hayot oynasidan butkul artib tashlashga qodir bo‘lgan makkor va ayyor «dunyo» qarshisida horg‘in va mavhum turgan yigit bilan u yigitchaning qanday aloqasi bor? Qani u? Xayolda bo‘lsa ham bot-bot o‘sha yillarga qaytar ekanman, qo‘l-oyog‘i kishanlangan qul xo‘jasi izidan ketib borayotgandek, yillar o‘tgan sayin o‘zimni tong va shom izidan zir yugurib borayotgan umr mahramiga aylanib qolayotganimni his qilaman. Balkim, hayot degani maqramlik deganidir?! Unda, odamzotning aqvoli qafasdagi bulbuldan qam xarobroq ekan!
Nima bo‘lgan taqdirda ham, binoni shahar o‘rtasiga qurish g‘irt qabiqlikdan boshqa narsa emas. Men hatto uyda ham u upkan binoning salobatini his qilib yotaman.

29 mart
Bir haftadan beri qo‘shinimiznikida yig‘i-sig‘i. O‘tgan hafta bir to‘da yigitlar shundoq ko‘chaning qoq o‘rtasida erini chavaqlab ketishgandi. Yig‘layverib, xotini mushtday bo‘lib qoldi. Men o‘lsam ham ayollar shunday yig‘lasharmikin?!
Eshigim mustahkam bo‘lishi uchun yangi qulf sotib oldim…

1 aprel
Bugun ish bo‘lmadi. Hisobchimizni bola-chaqasiga qo‘shib chopib ketishibdi. Pul axtarishgan bo‘lsa kerak deb taxmin qilishyapti. Kimdir qimorga aloqasi bor ekan, deb shivirladi. Mozoriston odam bilan to‘lib ketdi: hisobchi ko‘p kishilarga yaxshilik qilgan edi. Kechasi bilan tushimga tobut kirib chiqdi: bo‘m-bo‘sh, bahaybat tobut shahar ko‘chalarida lopillab uchib yurganmish. Bo‘g‘ilib uyg‘onib ketdim… Menga bir nima bo‘lganga o‘xshaydi. Ertaga hammasini R. ga gapirib beraman. Shunday qilsam, yengil tortarman…

7 aprel
Yuqori qavatda kimdir kechalari bolta qayrab chiqyapti. Qayralayotgan bolta ekanini aniq bilaman — tovush ingichka va qisqa-qisqa. Qo‘shnilarimiz nimagadir zimdan tayyorlanishyapti… Eshigimni yaxshilab qulfladimmi, tekshirib ko‘rish kerak.

18 aprel
Ishxonamiz bir paytlar turma bo‘lgan ekan. Bugun eshik og‘asi shunday dedi. «Kechalari oh-vohlar eshitilib qoladi, izidan sharaq etgan qamchi tovushi chiqadi», dedi u. Men nega o‘zim o‘tiradigan xonada badbo‘y ter va yana allanarsalarning hidi kezib yurishining sababini endi sezdim. Men o‘tirgan xonada qancha odamning qoni to‘kilgan ekan? Qorovulning gapi qulog‘imga o‘rnashib qolgan ekan, xonada o‘tirolmadim, kun uzog‘i nimalarnidir bahona qilib dahlizga kezib yurdim. Xonaga kirsam, birdan qulog‘imga xivchin tovushi keladi, dimog‘imni aynigan qon hidi tutadi. Qon hidi kelmagan biron joy bormikin bu dunyoda?!
Hamxonamdan «Siz ham qon hidini sezyapsizmi?» deb so‘ragandim, u itnikidan ham kattaroq burnini ikki-uch marta tortib ko‘rdi-da, «hech narsa sezmayapman» dedi va menga g‘alati qarash qilib qo‘ydi. So‘ng o‘rnidan turdi-da, qaygadir chiqib ketdi. Men uning bo‘lim mudirining oldiga ketganini sezdim. Rostdan ham sal o‘tib kotiba qiz kirib, meni bo‘lim mudiri so‘rayotganini. aytdi. Bo‘lim mudiri nimadandir juda bezovta, qip-qizarib ketgandi.
— Siz nimaga shama qilayotganingizni bilmayman-u, — dedi u ko‘zoynagi ustidan o‘qraygan ko‘zlarini tikib, — lekin tilga ko‘pam erk bermang, uka. Buni sizdan hayotda ko‘proq narsalarni ko‘rgan odamning nasihati deb qabul qiling.
Xonadan chiqar ekanman, mudnrning xonasiga ham qon hidi o‘tirib qolganini sezdim va bo‘g‘ilib, ko‘nglim aynimasin deb tez-tez yurib chiqib ketdim.
Kechasi bilan uxlay olmadim. Nazarimda kimdir eshikni chertib chiqdi. Har xil sharpalar ko‘zimga ko‘rinib, to tonggacha yurak hovuchlab o‘tirdim.
Yolg‘iz yashash mozorda qorovullik qilishdan ham og‘ir ekan.

22 aprel
Tushimda bir paytlar juda qalin bo‘lgan do‘stimning umrimda ko‘rmagan ukasini ko‘ribman. U mening eshigimni taqillatib turgan emish… Men uyg‘onib dahshatga tushdim. Do‘stimning ukasi ikki yil oldin ko‘lga cho‘kib o‘lgandi.
Do‘xtir «qattiq charchagansiz yoki nimadandir qo‘rqqansiz», dedi. U xo‘ppasemiz va, aftidan, farosatsiz odam edi: xalati isqirt, barmoqlariga tug‘ilgan yili bo‘lsa kerak, raqamlar yozib tashlangandi. «Oldini olmasangiz, miyangiz suyulib ketishi mumkin», deb qo‘shimcha qilib qo‘ydi u kirligidan rangi qanaqaligini bilib bo‘lmaydigan sochiqqa qo‘lini artar ekan. U hazillashib gapirdimi yoki har bir kasalni shunday deb qo‘rqitadimi, bilolmadim. Uning oldidan ta’bim tirriq bo‘lib chiqdim.

12 may
Bugun ishxonamiz qorovuli bilan yana gaplashib qoldim. Tush payti u meni choyga taklif qildi. Gap yana o‘z-o‘zidan qamoqxonaga borib taqaldi. U meni o‘ziga xayrixoh va sirdosh deb o‘yladi chog‘i, ancha laqillatdi. Bu yer turma bo‘lgan paytlari, u ham shu yerda nazoratchi bo‘lib ishlagan ekan. Shuning uchun binomizga o‘rganib qolgan ekan. Ishdan bo‘shagach, bir-ikki yil xuddi bir narsasini yo‘qotib qo‘ygandek bo‘lib yuribdi. «Butun umrim o‘tgan bu yerda, tashlab ketolmayman», dedi. Uning yoshi yetmishga yaqinlashib qolgandi. Odat bo‘lsa kerak, har damda nimanidir sug‘urib olayotganday, o‘z yonini paypaslab qo‘yardi. Garchi hayot uni keksalikning olis sahrosiga yetaklab ketayotgan bo‘lsa-da, u xuddi o‘sha navqironlik paytlaridan kuch olib yashayotgandek, hali tetik va baquvvat edi.
«O‘qni ayab, ko‘pini bolta bilan chopib tashlardik», dedi u hali kuch ketmagan qo‘llariga bir-bir ko‘z tashlab. Yana ancha narsalar haqida gapirmoqchi edi, biroq men ortiq o‘tirolmadim. Nazarimda, yana ikki daqiqa qolsam, bu yerdan o‘zim ham tirik chiqmaydigandek edim. Ishim ko‘pligini bahona qilib, chiqib ketdim. Butun bino hali ham turma-yu, o‘zim esa mahbusday bo‘lib tuyuldim. Endi qaysi binoda yashayman?!

1 iyun
Uyqumda halovat bo‘lmayapti. Ko‘zimga har xil sharpalar ko‘rinadi. Kunduzlari kimga qaramay, u qo‘yniga juda o‘tkir bolta solib yurganday tuyulaveradi. Kecha bo‘lim boshlig‘imiz keng xirqa kiyib keldi. Men uning yon cho‘ntagida xiyla katta bolta borligini sezdim. Oldin e’tibor bermagan ekanman. Faqat bo‘lim boshlig‘i emas, ishxonamizdagilarning hammasi, yarashmasa ham, keng-keng kiyim kiyib yurisharkan.
Ishdan keyin bir oz dam olish uchun televizor qo‘ygan edim, bolta yasaydigan qandaydir ustaxonani ko‘rsatishdi. Muxbir boltani rosa maqtadi: «bolta hatto toshni ham kesib o‘tadi», dedi u. Agar toshni kessa, odamning boshini kesishi hech gap emas. Televizorni o‘chirib qo‘yishga to‘g‘ri keldi… Nega gazetamizda tez-tez boltaning surati bosilishini endi tushundim. Yo odamlar aqldan ozishyapti, yo men…
Anavi bino aqlimni tamoman olib qo‘ydi. Bugun kun uzog‘i uning qarshisidagi daraxt ostida biron kishi chiqarmikin deb kutib o‘tirdim. Qiziq, yo‘ldan shunchalik ko‘p yo‘lovchi o‘tyaptiki, birortasi go‘yo u yo‘qday, binoga aqalli qayrilib qaramaydi. Nahotki bino ularni vahimaga solmasa? Kech tushib qolgach, uyga yayov qaytdim. Dam olish kunim ham behuda ketdi. Baribir, bu qanday bino ekanligini aniqlashim kerak. Uni aniqlamay turib hayotimda hech narsani o‘zgartirib bo‘lmasligini sezyapman.

14 iyun
Ertalab turib jo‘mrakni burasam, suv o‘rniga qip-qizil qon otilib chiqdi. Tog‘ora bir zumda qon bilan to‘ldi. Yarim soatdan so‘ng ochgan edim, yana sharillab qon quyila boshladi. Aftidan, suv qozoniga qon to‘kilib ketganga o‘xshaydi. Jo‘mrakni ham tekshirib ko‘rish kerak. Ishga yuvinmay jo‘nashga to‘g‘ri keldi. Kechqurun uy xo‘jaligidan kelgan ustalar jo‘mrakni burab, ochib ko‘rishdi-yu, jahllari chiqib ketishdi. Laqillatganim uchun keyingi chaqiriqlarimni qabul qilmaydigan bo‘lishdi. Qonga esa e’tibor ham berishmadi. Yo butun shahardagi jo‘mraklardan qon oqib turarmikin?! Nahotki, shu paytgacha qonga yuvinib yurgan bo‘lsam!..

22 iyun
Shahar uy-joy xo‘jaligidagilar ham, me’morchilik institutidagilar ham binoni eslay olishmadi. «Biz loyihalashtirmaganmiz, biron eski bino bo‘lsa kerak, lekin nega xaritada ko‘rsatilmagan, hayronmiz», deyishdi. Ularning oldidan kayfiyatim tirriq bo‘lib chiqdim.
Binoning oldidan o‘tayotib, bir shlyapali kishidan bu qanday bino, deb so‘ragandim, u yuzimga ajabsinib tikildi-da, xaltasini ko‘targanicha, orqasiga qaray-qaray jo‘nab qoldi.
Odamlar nega bu bino haqida gaplashishdan o‘zlarini olib qochishyapti?! Rostdan ham binoda qandaydir sir borga o‘xshaydi. Bo‘lmasa, shlyapali kishining bunchalar o‘takasi yorilmasdi.
Nega o‘zlari qo‘rqadigan binoni yana o‘zlari qurisharkin?!

2 iyul
Televizordan qandaydir muhim yig‘inni olib berishdi, unda arboblar davlatlararo masalani muhokama qilishayotgan edi. Bittasi so‘zlar, qolganlari qarsak chalardi. Minbardagisi qo‘lini paxsa qilib gapirar va qo‘yin cho‘ntagini ushlab-ushlab qo‘yardi. Shunda men o‘tirganlar ham ba’zi-ba’zida qo‘yin cho‘ntagini ushlab qo‘yayotganini sezib qoldim. Nahotki hammasi qo‘yniga bolta solib olishgan bo‘lsa?! Qappayib turishiga qaraganda, cho‘ntaklaridagi boltadan boshqa narsa emas, boshqa narsa bo‘lganida, ular bunchalik hayajonlanib o‘tirishmasdi.
Kechasi ko‘rgan tushimni ishxonadagilarga aytgan edim, ular uylaning deb maslahat berishdi… Uylansa, odam vahimali xayollardan birato‘la qutular emish. R. ga shunday deb aytgan edim, jilmayib qo‘ydi.

Avgust
Uy qorovuli xonamga kirib olib, ikki soatcha gap sotdi. Uning ko‘ziga qarab, zimdan payt poylab turganini sezib qoldim. Buning ustiga, xirqasi cho‘ntagiga shapaloqday dastali bir narsa solib olgan edi. Birdan hushyor tortdim. Meni avray olmagach, niyatidan voz kechdi shekilli, xonani iflos tutmang, deb tanbeh bergancha chiqib ketdi. U chiqishi bilan eshikni mahkam yopib oldim.
Ko‘chada ham odamlar bir-biriga payt poylab tikilib qo‘yayotganini sezib qolyapman. So‘nggi kunlarda shuni anglab yetdimki, odamlar bu dunyoga bir-birini chavoqlash uchun kelgan. Ehtiyot bo‘lib yurishga to‘g‘ri keladi… Men kimningdir boltasi tagida qolishni sira ham istamayman»…
Daftarning shu yeridan bir necha varaq bo‘sh edi. Balki, Voqif bu varaqlarni keyinchalik to‘ldirish uchun ataylab tashlab ketgandir, kim biladi!
Xayolimni daftardagi voqealar band etib olgani uchun, men bunga ortiqcha e’tibor berganim yo‘q. Lekin bu oppoq varaqlar hayotiy shavqdan bo‘shab qolgan, xayol va yolg‘izlik vahmiga mustaqil bo‘lgan yurakning aksi edi, menda yomon taassurot qoldirdi. Ammo, yuragimdan kechgan bu shubhani Robiyaga bildirmaslik uchun endi aniq sana qo‘yilmay, shoshapisha yozila boshlagan sahifalarni o‘qiy boshladim:

«Sentyabr»
Derazadan tunga qarab turib, to‘satdan oyni ko‘rib qoldim. Qiziq, tun va oy unga juda o‘xsharkan. Balkim, u to‘g‘ri oydan tushib kelgandir?!

Sentyabr
Juda g‘alati tush ko‘rdim. Tushimda o‘z qabrim ustida yig‘lab o‘tirgan emishman. Qabr toshiga «Bu yerga V. ko‘milgan», deb yozib qo‘yilgan emish.
Ertalab lanj bo‘lib turdim… Men ham bolta sotib olib qo‘yishim kerak. Kimdir eski shaharda yaxshi bolta sotadi degandi, bugun ish payti o‘tib kelaman.

Sentyabr
U meni bugun ham ishxonagacha kuzatib bordi. Uning izidan ilohiy tarovat taralardi, go‘yo quyoshning bir parchasi sinib yerga tushganu endi ko‘chaning qoq o‘rtasida tevarak atrofga hayotbaxsh yog‘du taratayotganday, lekin uni mendan boshqa hech kim ko‘rmayotganday edi. Men unga qarab turib, hali dunyoda bundayin go‘zal xilqatni ko‘rmaganimga amin bo‘ldim. Uning qoshlari qadim ustalar yasagan qilichdek egik va nafis edi. (O, bu qilich meni nimtalab tashlasa netadi, deb o‘yladim o‘sha soniya). U tikilib turganimni ko‘rgach, odamlar orasiga kirib g‘oyib bo‘ldi. U go‘yo bir olov edi-yu, bir yonib-o‘chgandi, izidan havo jimirlab qoldi. U burilarkan, qulog‘ida yarim oy shaklidagi xiyla katta sirg‘ani ko‘rib qoldim. Aftidan, sirg‘a juda qimmat tursa kerak…
Bugun hatto jerkib tashlagan bo‘lim mudiriga ham kulib javob qaytardim. Ayniqsa, kotiba qizlarga juda xushmuomala bo‘ldim. Ular mening o‘zgarib qolganim sababini bilisholmay hayron.

Sentyabr
Biz erta tongdanoq ishga jo‘nadik. U har kuni tunlari eshigim yonida aylanib yuradi: kechasi bilan oyoq kiyim poshnasi eshigim tagida to‘qillaydi. Bir kuni pastki qavatdagi qo‘shnim «kechalar uyingizga rosa ko‘p ayollar keladi-ya», deb tirjayib qo‘ydi. Unga hech narsa demay uyga kirib ketdim. U hali biron marta ham eshigimni ochib kirishga jur’at qilgani yo‘q: hamma uxlagandan so‘ng zinalardan sekin ko‘tarilib eshigimning oldigacha keladi. U yerda ancha turib qoladi, so‘ng yana tosh zinalarni to‘qillatib tushib ketadi. U, aftidan, ichkariga men tomon kirishga hamon jur’at qilolgani yo‘q, biroq, ertalab meni ishga kuzatib borish uchun muyulishda kutib turadi. U bugun juda ochilib ketgan edi, sochi quyosh nurlarida tungi dengizday yaltirardi. U mendan atigi o‘n qadamcha orqada borardi, lekin uning nafasini, yurak tovushini aniq eshitib turardim, yelkam kuyib ketayotgan bo‘lsa qam qayrilib qarashga jur’at qilolmadim. Uning kichkina ko‘kraklari hayajondan qaltirab ketayotganini ham sezib turardim. U izimdan arvohday sassiz-sharpasiz ergashib kelardi. Men ishxonaga kirib ketgach, u muyulishda biroz aylanib yurdi, so‘ng qayrilib xiyobonga kirib ketdi. Izidan qarab turib, uni sevmaslik mumkin emas, deb o‘yladim.

Sentyabr
U har kuni ishxonaga telefon qilib, xonada o‘tirgan-o‘tirmaganimni tekshirib ko‘radi. Kotiba qiz «Xuddi qabrdan chiqayotganday, tovushi buncha sovuq» degandi, urishib berdim. Odamlar qo‘pollashib, go‘zallikni his qilolmaydigan bo‘lib ketishgan. Kotibadan unchalik xafa bo‘lmadim. Go‘zallikni his qilolmaydiganlarga go‘zallik haqida gapirib o‘tirish shart emas.
R. ga uni yaxshi ko‘rib qolganimni, ertami-kechmi u bilan birga ketishimni aytdim. R. uzoq yig‘ladi. Bilaman, u meni kasal bo‘lib qolibdi deb o‘ylaydi. Men unga soppa-sog‘ligimni, lekin u xayolimni band etib olganini tushuntirdim. U yig‘lagan ko‘yi chiqib ketdi. Kuzatgani chiqmadim. Menga negadir hamma narsa baribirday bo‘lib qolgan. Derazani ochib, oyga qaradim; oy xuddi uning ko‘zlariday porlab turardi. Qiziq, oyda qam bolta ko‘tarib yurisharmikin?!»

O‘qishdan to‘xtab, Robiyaga qarashga ham jur’at qilolmasdan, kuz shamoli o‘ynoqlayotgan daraxtlarga yuzimni burdim, bu so‘zlarni o‘qiganim uchun men negadir Robiyaning oldida o‘zimni gunoqkordek his etar, shu so‘zlarni Voqif yozganligini tasavvur ham qilolmasdim. Bular hammasi men uchun g‘ayritabiiy, aql bovar qilmas taassurot edi.
Yirtqichdan qochgan quyon ovchi tuzog‘iga tushib qolganidek, Voqif ham o‘zining omadsizlik, tushkunlik va umidsizlikdan iborat umr bo‘ronlaridan qochib, xuddi o‘zi tasvirlagan shahar o‘rtasidagi ulkan binodan mahobatli va servahm xayol tuzog‘iga tushib qolgan edi. Odam hayotiga mahbusligini, bu hibsxonadan faqat xayollar orqaligina uchib chiqishi va shu yo‘l bilangina ko‘ngli va ruhini ozod qilishi mumkinligini uzoq uqubatlardan so‘ng anglab yetgan kishigina shunday tuzoqqa tushishi mumkin.
Men daftarchaning hamma varaqlarini o‘qib o‘tirishga o‘zimda kuch topolmadim. Bir tomondan, to so‘nggi varaqqacha Voqif uchun eng yaqin va aziz bo‘lgan, o‘rtalaridagi munosabatga Robiyaning tajang va bir so‘zli otasigina emas, ularni qiyma qilishni istagan yillar ham oxiri tan bergan Robiya haqida biron iliq so‘z o‘qimaganim meni hayratga solgan bo‘lsa, boshqa tomondan, Robiya haqida biron xunuk narsa chiqib qoladi-yu, bu parchalarni o‘qiganim uchun o‘zimni sira ham kechira olmayman, deb qo‘rqdim, to‘g‘risi, endi Voqif rostdan ham telba bo‘lib qolmaganmikin, deb o‘ylay boshladim, zero, yozuvlarda telbalik va ajal zuhur etgan, bu narsani tan olish men uchun g‘oyat og‘ir edi. Undan tashqari, meni vasvasaga o‘xshash bu voqealarning natijasi qiziqtira boshlagandi; mana shu aji-buji, sertahlika, xuddi zanglagan zanjir kabi uzuqyuluq yozuvlar, shoshib, hafsalasiz yozilgan katta-katta xunuk harflar, boshi uzilgan ilondek o‘ralib yotgan tinish belgilari, tamaki hidi o‘tirib qolgan varaqlar ko‘nglimdagi paydo bo‘lgan shubhalar aro «Voqifning so‘nggi kunlari yashiringan qo‘rg‘onga, balkim, tezroq chiqarman», degan umid ham meni shunday yo‘l tutishga majbur qilgandir? Men daftarchaning so‘nggi varaqlarini o‘qishga ahd qildim:

«25 oktyabr
Ishxonadagilar meni aqldan ozib qolgan deb o‘ylashyapti. Ularga «qo‘llaringizga qarang, hammangizning qo‘llaringiz qon», deb baqirgan edim. Men shunchaki jizzakilik qilganim yo‘q. Keyingi paytda kimning qo‘liga qarasam, ko‘zimga qonayotgandek ko‘rinadi. Kecha dorilfununda «san’at nazariyasi»dan dars bergan o‘qituvchimni uchratdim. Qo‘llariga qarab, uning qam barmoqlaridan qon oqib turganini ko‘rib qoldim. Bu dunyoda noma’lum narsalar shunchalik ko‘pki, bu noma’lumlik har qanday odamni yutib yuborishi hech gap emas. Eng yomoni — o‘zingga o‘zing noma’lum bo‘lib qolishing. Noma’lumlik har kecha mening ustimga lashkar to‘plab keladi, tuzoq tashlab ko‘radi. O‘ziga o‘zi noma’lum odam — qiyofasi yo‘q odam. Qiyofasi yo‘q odam tiriklar binosida yashay olmaydi. Bu eski, badbo‘y binoni qanchalar kezmasin, o‘ziga qiyofa topolmaydi. Qiyofasi yo‘q odam esa o‘lgan odamdir! Qiyofasiz odam yozuvsiz qog‘ozga o‘xshaydi. Bu qog‘ozga qancha ko‘p yozma, baribir o‘chib ketaveradi. Shunda, nahotki yozganlarimning qammasi o‘chib ketgan bo‘lsa, deb qo‘rqib ketdim. Darvoqe, o‘zi yo‘q qiyofa haqida yozishdan nima foyda?!.»

Daftarchani o‘qib bo‘lib, jim qoldim, Robiya yig‘idan to‘xtagandi. U menga «qani, ayting-chi, bu dunyodan boshqa nima qam topish mumkin», deganday qarab turardi. Kundalik menga juda qattiq ta’sir qilgan, Voqif haqidagi butun tasavvurlarimni o‘zgartirib yuborgandi.
Men sahifalarga boqqan ko‘yi zavolga yuz tutgan qalbni ko‘rib turardim, zero, bu dunyoda zavoldan boshqa narsani topib ham bo‘lmaydi. Umring yashayotgan uyni qanchalik avaylab-asrama, qanchalar naqshinkor ustunlar o‘rnatma, baribir bir kuni derazangda xuddi orziqib kutilgan yor kabi, zavol quyoshi porlab turadi.
— Bu daftarni men uning xonasidan topib oldim. O‘zim surishtirdim, shaharda unday bino yo‘q. Darvoqe, buning nima ahamiyati bor?— dedi Robiya, so‘lg‘in tovushda. So‘ng boshini egib oldi — u shu turishida mana shu daftar sahifalari, vasvasa va tahlika bilan o‘tgan kunlar aro Voqif izlab o‘tgan va endilikda o‘zi izlayotgan savollarning ulkan aksiga juda o‘xshab ketardi, mana shu aksning o‘zi Voqifdan qolgan xotira yoki ikkalalari o‘rtasidagi muhabbatning timsoligina emas, balkim do‘zaxdan ham yuz karra mudhishroq va ayanchliroq bo‘lgan umrdan ma’no va mazmun izlagan odamning hayot haqidagi xulosasi ham ekanligini, Robiyaning o‘zi e’tirof etganidek, binoning mavjud bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’iy nazar, bedaraklikka yuz tutgan qalbni faqat Yaratgangina muhokama qilishga qodirligini va, hammamiz ham ertami-kechmi baribir shu yo‘lni tanlayajagimiz va shu xulosani topajagimizni yoqib bo‘lingan o‘choqdek oftobning so‘lg‘in nurlari to‘kilib turgan, xuddi odamning o‘tgan kunlari kabi, xazonlar uyulib yotgan o‘sha kuz oqshomi juda yaxshi tushunib yetgandim; alohal, o‘lim malikasi quvlab yurgan va yelkasida uning nafasini his etib borayotgan g‘ulu qamda aldovga mubtalo bo‘lgan qalbning yo‘qlik olamiga chekinishini tushunish unchalik qiyin emas edi. Daftardan menga shu narsa ayon bo‘lgandiki, shunchaki jimjimalar aro yo‘qlik binosini ko‘ra olgan Voqifga tiriklar orasida ham, o‘liklar orasida ham joy qolmagan ekan. Shuning uchun, oradan uch oylar o‘tgach, Robiyaning ham bedarak yo‘qolgani haqidagi xabarni eshitganimda, kunduzdan so‘ng zulmat boshlanishi muqarrar bo‘lganiday, bu voqeaning shunday yakun topganiga hech bir ajablanmadim.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1994 yil, 9-10-sonlar