Nazar Eshonqul. Qo‘l (hikoya)

Salom tegirmonchi qo‘lni hammadan oldin payqadi. Agar uning oilasi jo‘jabirday jon, ustiga ustak, oz-moz xasisligi bo‘lmaganda, har bir tiyinni xuddi jonini olishayotganday baxillik bilan ishlatmaganda, ehtimol, qo‘lni sezmagan ham bo‘lardi: lekin uning oilasi katta bo‘lib, tegirmondan tushgani oila boqishga yetmagani uchun otasidan qolgan kasbni ham qilardi: u bola-chaqasi bilan tandir yasab sotar, shu sababli uni goh “Salom tegirmonchi”, goh “Salom tandirchi” deb chaqirishardi. Ba’zi tersotaliklar “Salomboyni bitta laqab bilan chaqiraylik, odam chalg‘ib ketayapti!” deganda Panji muallim “Ikkala laqab ham bir-biriga bog‘liq, tegirmon aylanib tursa, tandirdan non uziladi, un bo‘lmasa, tandirni kim oladi?!” degan ekan.
Ana shu ikki laqabli Salom bir kuni do‘ppisini olib, bundoq xomcho‘t qilsa, keyingi haftada uyida oziq-ovqatga odatdagi haftalardan ko‘proq xarajat qilinganday tuyuldi. Xaltadagi un ham oldingi oyga qaraganda ancha oldin bo‘shadi. Yog‘, piyoz, kartoshka ham mo‘ljaldan oldin tugab qoldi. Bundan tashqari, u bolalarining qorni to‘ymay qolayotganini sezardi: ovqatdan so‘ng yana non va shakarga ruju qo‘ya boshlashdi. Shunda buning sababini aniqlashga kirishdi. Xotini yeguliklarni hamishagidan kam miqdorda qilmayotganini aytdi. Balkim bolalari katta bo‘lib qolib, oshqozonlari ko‘proq ovqat talab qilayotgandir? Balkim birontasi boshqalarining haqini ham bildirmasdan ikki hissa paqqos tushirayotgandir? Ana shu shubhada tandirchi ovqat mahali oiladagi har bir og‘izni birma-bir kuzata boshladi. Bolalari ham keyingi paytda qorinlari ovqatga to‘ymayotgani uchunmi, oldiga qo‘yilgan taomdan bosh ko‘tarmay paqqos tushirishga o‘tishgandi.
Tandirchi kuzata turib, ko‘zlariga ishonmadi – oilada oltita jon, ammo ovqatda yettinchi qo‘l ham bor edi – anovilar to‘ng‘ich, o‘rtancha bolalarining qo‘llari, bunisi xotininiki, kenja o‘g‘linikini hali qo‘l ham deb bo‘lmaydi – katta qoshiqqa o‘xshaydi. Lekin anovi qo‘l kimniki? U birdan hushyor tortdi: ko‘zlarini yumib-ochdi. Nazarida bolalarining va ayolining qo‘lidan tashqari yana bir begona qo‘l ovqatga sherik bo‘layotgan edi. U qo‘lni aniq ko‘rib turardi: eng qizig‘i, qo‘l bor edi, ammo egasi ko‘rinmasdi. Qo‘l ham ovqat olayotganda paydo bo‘lib, keyin g‘oyib bo‘lardi. Salom tandirchi qo‘lni ko‘rgach, dastlab, aqldan ozmayapmanmi, deb o‘yladi. Ammo boshqa kunlari ham u xotinining, o‘zining qo‘liga o‘xshamaydigan begona qo‘lni aniq ko‘rdi. Qo‘l bolalari bilan qo‘shilib, kaftini to‘ldirib ovqat olar, bo‘g‘iz barobar ko‘tarilganda taom xuddi havoga singib ketgandek g‘oyib bo‘lardi. Ovqat bilan ovora bo‘lgan na bolalari, na xotini buni sezardi. Dastlab tandirchi bu shubhasini oshkor qilib, bola-chaqasi oldida kulgiga qolgisi kelmadi. U bir necha kun obdon kuzatdi. Yo‘q. Begona qo‘l rostdan ham mavjud edi. Ular bilan qo‘shilib ovqat yer, sindirilgan nonni olar, go‘shtga sherik bo‘lar, hatto mevalardan ham tatib ko‘rar, dasturxonda yegulik qolmasa, g‘oyib bo‘lardi. Salom tandirchi mening ko‘zimga ko‘rinayapti deb o‘ylab, xotiniga bildirmay o‘zini mulla Abzalga o‘qitib ham keldi. Ammo o‘qish ta’sir qilmadi: qo‘l baribir unga xuddi ko‘zga chiqqan chipqondek ko‘rinaverdi. Salom tandirchi bir kuni axiyri jazm qildi: u payt poylab turib, bolalarining qo‘llari orasida turgan, qovoq mantidan olib havo barobar ko‘tarilayotgan qo‘lni shartta ushlab oldi.
– Bu kimning qo‘li? – deb so‘radi u qo‘rquv va hayajon bilan.
Uy sohibining qahrli ovozidan hamma bir sapchib tushdi va shoshib o‘z qo‘llariga, keyin, hech narsa tushunmay, ovoz egasiga qarashdi va otalari ushlab turgan qo‘lga ko‘zlari tushdi.
Tandirchi uzun, nozik, ayni paytda shapoloqday qo‘lni ushlab turar, loy qoriyverib, muskullari pishib ketgan baquvvat panjalar orasida qo‘l xuddi qamchi kabi bilonglardi.
Ana shunda butun oila egasi yo‘q qo‘lni ko‘rdi va qo‘rqqanlaridan baqirib yuborishdi. Salom tandirchi ichida yengil tortdi: demak, qo‘l hammaga ko‘rinayapti, gap o‘zida emas. Qo‘lning bilakdan pasti ko‘rinib turar, go‘yo kesib tashlangan qo‘lga o‘xshardi. Ammo qo‘l kesilgan emasdi, shunchaki tirsakdan naryog‘i havoda ko‘rinmay turardi. Egasi esa umuman ko‘rinmasdi. Bu hol avval bolalarni vahimaga soldi: kenja o‘g‘il bir o‘zining qo‘liga, bir egasiz qo‘lga qarab turib, yig‘lab yubordi: u yaqinlaridan birining qo‘li uzilib tushgan degan xayolga bordi, chog‘i. Xotinining esa tili kalimaga kelmasdi. Hamma dasturxondan u-bu yegulik olib, ko‘tarilayotgan qo‘lga vahima va qo‘rquv bilan tikilib turardi. Salom tandirchining umri og‘ir mehnatda o‘tgani bois ziqna bo‘lsa ham jasur odam edi. U bu yerda qo‘rqadigan sir yoki biron vahima ko‘rmadi: qo‘lni ushlab oldi-da, loyni yerga urib pishitadigan muskuldor qo‘li bilan qattiq qisdi. Qo‘l ilojsiz bilongladi, so‘ng bu baquvvat panjalarga kuchi yetmasligini angladi, chamasi, xuddi erib ketgandek havoda g‘oyib bo‘ldi. Hamma og‘zi ochilgancha qoldi. Salom shu bilan qo‘ldan qutuldim deb o‘ylagandi. Ammo kechki ovqatda qo‘l yana paydo bo‘ldi: xuddi hech narsa bo‘lmagandek, boshqa qo‘llar bilan taomga uzaldi. U ovqatni olar, bo‘g‘iz barobar ko‘tarar, xuddi ko‘zga ko‘rinmas yuhodek havoning o‘zidayoq ovqat g‘oyib bo‘lar, keyin qo‘l pastga tushib, yana taomga uzalardi.
Butun oila endi ovqatlariga begona qo‘l sherik bo‘layotganiga guvoh bo‘lib turardi. Salom bir necha marta begona qo‘lni ushlab oldi, uni jazolash uchun har xil usullarni sinab ko‘rdi: bir qo‘lida ushlagancha ikkinchi qo‘li bilan musht qilib tugganda yoki oldindan yoniga keltirib qo‘ygan bolta, pichoq, qamchiga qo‘l uzalganda yoxud yonib turgan pechkaning ichiga tiqmoqchi bo‘lganda qo‘l o‘z-o‘zidan g‘oyib bo‘lar, keyingi ovqat payti esa hech narsa ko‘rmaganday yana dasturxonda paydo bo‘lardi. U bilan kurashishning natijasi shu bo‘ldiki, qo‘l tezda oila a’zolaridan biriga aylandi: endi hatto kenja o‘g‘il ham uni ko‘rsa vahimaga tushmas, aksincha, qo‘lni hammaga ko‘rsatib, uning harakatlaridan qiqirlab kular, qo‘l esa o‘zini mehribon ko‘rsatib, ba’zida bolalarning boshini mehr bilan silab qolardi: bolalar ham asta-sekin uning boshlarini silashlariga o‘rganib borayotgan edi. Uning yebto‘ymasligi, bir o‘zi uch kishining ovqatni yeyotganini, oilaning moliyasiga, tirikchilikning yo‘rig‘iga zarar yetkazayotganini aytmasa, u beozor qo‘l edi.
U sal bo‘lmasa, begonalar oldida ham o‘zini fosh qilib qo‘yayozdi: hamisha bir yangilik qilib, o‘zining mahalla raisligini eslatib turadigan Azim oqsoqol ota-ona bolalarga dars qilishga qanday sharoit yaratganini tekshirish uchun mahalla nomidan keldi-da, oshxonani hisobga olmasa, ham yotoq, ham mehmonxona, ham darsxona, ham bolalar xonasi vazifasini o‘tayotgan ikki xonaning birida sandalga oyoqlarini tiqqancha kitobdan bosh ko‘tarmay o‘tirgan (mahalla raisi kelishini boshqa xonadonlardan eshitishgani uchun darsliklar va daftarlar bir haftadan beri sandal ustidan olinmas, hammasi maktab va mahalla hamkorligi talab­lariga moslashtirilib, taxt qilib qo‘yilgan, tandirchi ham go‘yo har kuni bolalar shunday sergo‘sht taom yeyishayotganday qassobdan sersuyak bo‘lsa ham go‘sht olib, tushdan so‘ng pilik-pirmosga osdirib qo‘ygan, darvoza taqillab, Bo‘ynoq hurishi bilan hammasi oldindan kelishilgandek sandal atrofiga kelib o‘tirilgandi) bolalarga ko‘zi tushib, qoniqish hosil qilgan bo‘ldi va odatiga ko‘ra dars qilinayotgan xonani birrov ko‘zdan kechirdi-da, tandirchining “Bir piyola choy ichib keting” degan taklifiga “odamgarchilik yuzasidan” yo‘q demadi. Uy bekasi yagona suyakni birato‘la suzib kela qoldi. Go‘sht hil-hil pishgan ekan. Azim rais ortiqcha manziratni kutmasdan ovqatga qo‘l cho‘zdi: tandirchi go‘sht qozondan endi olingani, shuning uchun sal sovitib yeyilsa mazasi boshqacha bo‘lishi haqida ogohlantirishga ham ulgurmadi – rais katta suyakni ikki qo‘llab olib, tishini botirdi – o‘qib yurgan yillarida besh yil yotoqxonada yashagan, shuning uchun har qanday taomni ko‘z ochib-yumguncha oshqozoniga joylashning xo‘b hadisini olgan, bu odatning afzalligini bilgani uchun haligacha tark etgisi kelmas, mahallaga rais qilib saylangach esa, bu qobiliyatining yangi qirralarini namoyon bo‘la boshlagan edi. Salom tandirchi uning go‘sht yeyishiga qarab, labini yalab turganda, lip etib paydo bo‘lgan qo‘lni ko‘rdi va aytadigan gapi esidan chiqib, birpas esankirab qoldi. Yaramas qo‘l hechqursa mehmonlar bor payti istihola qilsa kerak deb o‘ylagandi: yo‘q, unga, aftidan, mehmonmi, boshqasimi, farqi yo‘q edi, dasturxon yozilishi bilan o‘zining ulushini undirish uchun shiraga aylangan pashshaday paydo bo‘lardi. Qo‘l Azim raisning bolalarga shapoloq tushiraverib, yildan yilga kattalashib ketgan yirik panjalari orasida turgan ilik tomon intildi. Qo‘l toki yetib borguncha ilikning to‘piqlari katta tishlar orasida so‘rila boshladi. Bu kutilmagan chaqqonlikdan qo‘l ham birpas havoda muallaq turib qoldi: u o‘zidan ham abjir qo‘l, toshni ham hazm qilib yuboradigan oshqozon borligidan ajablanib, havoda garangsib turib qolgandi. Tandirchi paytdan foydalanib qo‘lni ushlab oldi-da, tagiga bosib o‘tirib oldi: ammo qo‘lni tagida ushlab turolmadi – u tandirchining tagida havoga aylanib, g‘oyib bo‘lib, yana dasturxon boshida paydo bo‘ldi. Bu orada rais kosadagi sho‘rvani ham ko‘tarasiga ichib, bo‘shatib ulgurgan, endi huzur qilib, ko‘zini dasturxondan uzmagan holatda qo‘lini bir-biriga ishqab turardi. Yaxshiyam, ikki ko‘zi dasturxonda bo‘lgani uchun boshida osilib turgan qo‘lni ko‘rmadi.
– Ha, mayli, – dedi nihoyat Azim rais dasturxonda yeyishi mumkin bo‘lgan boshqa tansiqroq narsaga ko‘zi tushmagach, – endi bizga ruxsat.
Keyin har doimgiday nasihatgo‘ylik qilishni esdan chiqarmadi:
– Bolalarni hamisha shunday taomlar bilan ovqatlantiring, iligi to‘q, miyasi to‘liq bo‘ladi. Miyasi to‘liq bo‘lsa, maktabda yaxshi o‘qiydi, maktabda yaxshi o‘qisa, oliy o‘quv yurtlariga kirib, mahallaning obro‘sini oshiradi.
Tandirchi soxta jilmayib, bosh irg‘agan bo‘ldi, ammo ichida zil ketdi: u rais paqqos tushirgan kattagina ustixonni ham mehmon, ham butun oila uchun mo‘ljallab turgandi. Endi esa dasturxonda to‘pig‘igacha so‘rib tashlangan ilik kiyimi shir yechib olingan yalong‘och boladay bo‘lib yotar, hatto kekirdak joyi ham chaynab tashlangandi. Har qalay, chuldirak bo‘lsayam sho‘rvasi qoldi-ku, shunisiga ham shukr, deb o‘yladi tandirchi.
Azim rais yuziga fotiha qilgan bo‘ldi-da, o‘rnidan turib, narigi xonada dars qilayotgan bolalarga yana bir ko‘z tashladi. Keyin mamnun jilmaydi.
– Mayli, dars qilaverishsin, xalaqit bermay chiqib ketaman.
Tandirchining baxtiga rais dasturxonga qaramasdan chiqib keta boshladi: agar qaraganda “Bu ochofatdan biron yegulik qolganmikin?” degan umidda dasturxon ustida timirskilanayotgan egasiz qo‘lni ko‘rishi mumkin edi.
Shundan so‘ng tandirchi uyiga mehmon ham aytmaydigan bo‘ldi: u qo‘ldan tashvishda edi. Agar birontasi ko‘rib qolsa, qishloqda qancha gap-so‘z paydo bo‘lishini tasavvur ham qilolmasdi: hamma tandirchining uyidan jin chiqqanday o‘zini olib qochadi, yana qancha g‘iybatlar ko‘payadi, yana qancha malomatlar yog‘iladi.
Tandirchi bolalariga ham, xotiniga ham qo‘l haqida birovga g‘ing demaslikni tayinladi: eshitgan odam tandirchining xonadoni ustidan ketini ushlab kulishlari aniq edi. Qolaversa, qo‘l qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday g‘oyib bo‘lar, degan umid ham yo‘q emasdi. Biroq oradan ikki hafta o‘tsa ham qo‘l g‘oyib bo‘lmadi: u o‘rtaga taomga uzalgan oltita qo‘lning yettinchisi bo‘lib, xuddi o‘z uyida taomlanayotganday g‘o­­yibdagi qorniga ovqatni paqqos tashlayverardi, “tushirardi” emas, aynan tashlardi: qo‘l panjalari yoki kaftini to‘ldirib olgan taom bir odamning og‘zi barobar ko‘tarilardi-da, xuddi yutib yuborilgandek g‘oyib bo‘lardi. Ba’zida tandirchi g‘ira-shira, xuddi xira tumandek bijirlab turgan bahaybat, meshday qorinni ko‘rib qolgandek bo‘lar, “Bu qorinni to‘ydurguncha, men adoi tamom bo‘laman-ku” degan vahima bosardi. Qo‘lning paydo bo‘lishi oilaviy xarajatlarni bir hissaga ko‘paytirgan bo‘lsa-da, biroq tandirchining sabr qilishdan boshqa iloji yo‘q edi. Aslini olganda, u bu baloni birovga qanday gapirib berishni bilmasdi: tabiiyki, eshitgan har bir odam tandirchining sog‘ligiga shubha bilan qaray boshlaydi.
Tandirchi qo‘l bilan kurashib oxiri charchadi. Endi u birinchi marta bo‘lganidek qo‘lni ushlab, jazolashga urinmasdi, zero, buning foydasi yo‘qligini ham bilardi.
Salom tandirchi va xotini bu ins-jinslarning ishi deb, uyda qilmagan irim-sirimi qolmadi. Xotini folbinni ham, qo‘shnochni ham, avval isitib, keyin sovituvchini ham yoki soviganni isituvchini ham boshlab kelishdi.
Folbin keksa ayol edi: u shapko‘r bo‘lsa ham o‘rtaga tashlangan qand-qurslarni mazza qilib terayotgan panjalarni ko‘rib qoldi va qo‘lga xuddi tanishini ko‘rganday bir zum ajablanmasdan qarab turdi-da, “Yo piray, bu otangning qo‘li-ku!” deb yubordi to‘satdan. Avvaliga er-xotin sirlari fosh bo‘lganidan dovdirab qolishdi, keyin, bu esi kirdi-chiqdi bo‘lib qolgan kampirning gapiga baribir hech kim ishonmaydi, degan o‘yda unga qo‘l haqidagi bor gapni aytib berishdi. Folbin tezda xo‘roz so‘yib, mushkulkushod qilishni, yettita kampirni chaqirib, is chiqarishni maslahat berdi. “Bu aniq otangning qo‘li. Arvohi chirqillab qolibdi. Ochga o‘xshaydi. Is chiqarsang, kelmay qoladi!” dedi. Salom tandirchi kampirga otasining chap qo‘l o‘rta barmog‘ining yarmi bo‘lmaganini, yoshligida o‘roq yulib ketganini, bu qo‘lning o‘rta barmog‘i esa boshqa barmoqlardan bir en uzun bo‘lib, ko‘zga xunuk ko‘rinib chiqib turganini aytib o‘tirmadi: otasining qo‘li bo‘lmasa, biron avlod-­ajdodining qo‘lidir, hozir buning nima farqi bor?! Tegirmonchi otasining qo‘lini kampir qanday taniganini surishtirib o‘tirmadi, kampir aytgan irimni ham qilib ko‘rishga qaror qildi. Bir oyog‘i go‘rda turgan yettita kampir, ularni yetaklab kelgan yana yettita kelinchak, is chiqishini eshitib, bexabar qolishsa, xafa bo‘lishini hisobga olib qo‘shimcha chaqirilgan o‘ntacha xotin-xalaj, jami o‘ttizga yaqin ayolning is kuni yeb-ichgani tandirchining yarim yillik asrab-avaylaganini havoga uchirdi. Kampirlarning nafasi ham, ularning qo‘lidagi yonayotgan paxta ham surbet qo‘lni cho‘chita olmadi, lekin kampirlar yoqqan paxtalarni deb uyi sal bo‘lmasa yonib ketayozdi – olov pardaga tutashganda tandirchi kirib qoldi va pardani uzib olib, oshxonadagi suv to‘la paqirga tiqdi, oqibatda is chiqarishning asorati bo‘lib, uy devorining yarmi qorayib qoldi.
Shundan so‘ng ma’lum bo‘ldiki, qo‘lning arvohlarga aloqasi yo‘q, u boshqa bir narsaning alomati edi: unga hech narsa, hatto bodi qo‘zib, o‘rnidan turolmay yotgan Mulla Ablazning bir kosa suv orqali yuborgan duoyu nafasi – “dam”i ham kor qilmadi, zero, bu qo‘l g‘oyibning hukmiga o‘xshar, xuddi tandirchining oilaviy tutumini, barakasini yo‘qqa chiqarish, uni kafangado qilish uchun ro‘zg‘origa qarg‘ishdek kirib kelgandi.
Salom bu tang vaziyatdan qanday chiqib ketishni bilmasdi: qo‘lni har ko‘rganda bu balo o‘ziga qayerdan yopishgani, xudoga yoqmaydigan nima gunoh qilgani haqida og‘ir o‘yga cho‘mar, butun umrini taftish qilar, keyin bir paytlar otasiga qattiq gapirib, cho‘lga ketib qolganini, o‘zining aybini tushunib qaytib kelganda otasi bu dunyo bilan xayr-xo‘sh qilib bo‘lganini, otasining ko‘nglini olish qiyomatga qolganini esladi. Balkim, aynan shuning uchun xudo unga mana shunday jazo jo‘natgandir? Ammo tandirchi ichidagini tashiga chiqarolmas, zero, otasi haqidagi xotirani o‘zidan va otasidan boshqa hech kim bilmasdi: tandirchi o‘z yog‘iga o‘zi qovrilib yotardi.
Oradan ikki oy o‘tib, bo‘shab qolgan unxaltayu yog‘ idishlarni ko‘rgach, tandirchining sabri chidamadi. “Bu qanday adolatsizlik! – deb o‘yladi u jahl bilan. – Men bolalarim bilan kun uzog‘i loy tepib, bir tishlam nonni zo‘rg‘a topsam-da, bir tekinxo‘r teng sherik bo‘lib o‘tirsa…” Oxiri u kirib kelgan to‘ng‘iz yilining xosiyatsizligi haqida bashorat qilib, Rajab cho‘ponning ola qo‘zisi junida “Alloh” degan yozuv alomatini anglagan mulla Keldiyorga bor gapni aytadigan bo‘ldi.
Tandirchi Rajab cho‘ponning uyiga buriladigan muyulishdagi to‘nkaga o‘tirvolib, qishloqqa kelayotgan har bir mashinani tasbehga tashlab o‘girib o‘tirgan mullani muborak chorshanba kuniga tushlikka – xudoyi oshga taklif qildi. Osh kechagi qizil tayoqli Keldiyor «gai»ning – bugungi mullaning jonu dili edi: bir paytlar Keldiyor Qiziltepa postida turganda ba’zida jarimaga “choyxona oshi jazosi”ni ham qo‘llardi: shu sababli osh bo‘lgan joydan bo‘yin tovlamas, buni butun qishloq ahli yaxshi bilardi. Salomning azza-bazza taklifidan so‘ng mulla naq tush payti borishini bildirdi.
Chorshanba kuni belgilangan vaqtda mulla yetib keldi. O‘rtaga sergo‘sht osh tortildi. Oshni ko‘rib, mullaning ko‘zlari yonib ketdi va yeng shimarib, oshga tashlandi. U uch-to‘rt kaft oshni ko‘zlarini yumgancha, mazasini totib, chaynab bo‘lgandi hamki, kuttirib qo‘ymay qo‘l ham paydo bo‘ldi. Dastavval mulla uchinchi qo‘lga e’tibor bermadi: har kaft og‘ziga borganda huzur qilib, ko‘zlarini yumib, chaynagancha, mazasini olar, keyin og‘zidagini yutib yuborib, ko‘zlarini ochar, oshning eng sergo‘sht joylariga kaftini botirardi. U qo‘lni anchadan keyin ko‘rib qoldi: xuddi o‘zidek eng sergo‘sht joylariga kaft botirayotgan, mullalik hurmatini qilmayotgan surbet qo‘lni ko‘rib, bunaqa beadab­likdan jahllanib boshini ko‘tardi. Afsuski, kutgandek, zahrini sochish yoki biron diniy naql aytib, odobga chaqirish uchun qo‘l egasiga ko‘zi tushmadi. Bir qo‘lga, bir tandirchiga qarab og‘zi ochilib qoldi va hayajonlanganidanmi yo qo‘rqqanidanmi, og‘zidagini chaynamay yutib yubordi va tuyulib qoldi. Yo‘talib, nafasi tiqilayozdi. Tandirchi o‘rnidan turib, yelkasiga urdi. Shundan so‘ng mulla sal o‘ziga keldi. Qo‘l esa ularga e’tibor bermay oshni paqqos tushirar, ya’ni xuddi mulla kabi kaftiga sergo‘sht oshni joylab, og‘iz barobar ko‘tarar, kaftda turgan bir uyum osh ko‘rinmayotgan “og‘iz”da g‘oyib bo‘lardi. Qizarib-bo‘zarib ketgan, amri-ma’rufida qiyomat belgilarini bashorat qilganda ham bunchalik alomatni ko‘raman deb o‘ylamagan mulla chamasi o‘n martalar “astag‘furulloh” dedi. Ko‘zlarini yumib-ochdi. “Menga shunday ko‘rinayapti!” deb o‘yladi, chog‘i, tandirchiga ilinj bilan qaradi, lekin obro‘si tushib ketmasligi uchun og‘iz ochmadi. Yana uch marta “astag‘furulloh” dedi.
– Sizga ham ko‘rinyaptimi?! – dedi tandirchi uni xijolatdan qutqarish uchun.
– Ko‘rinayaptimi, deysizmi? – mulla tandirchiga sir boy bermay qaradi. – Nima ko‘rinayapti?
– Qo‘l! – dedi tandirchi. – Egasi ko‘rinmaydigan qo‘l…
Mulla shundagina biroz o‘ziga keldi. Ko‘zlarini lo‘q qilib hali ham osh yeyishda davom etayotgan qo‘lga baqrayib qarab turdi.
– Ha, ko‘rinayapti… Bu kimning qo‘li?
– Bilmadim… Lekin ovqat yeyishda bizning oila bir tomon, bu qo‘l bir tomon. Har qanday taomni olib shunday havoga ko‘tarsa bo‘ldi, g‘oyib bo‘ladi…
– Rostdanam egasi yo‘qmi? Umuman ko‘rinmaydimi?
Tandirchi bosh irg‘adi.
– Aslida sizni shuning uchun chaqirgandim, mulla aka, – dedi tandirchi ilojsiz ohangda. – Uyimizda shunday balo paydo bo‘ldi. Ikki oydan beri ketmaydi. Bizni kasod qilyapti bu ochofat.
Mulla bir tandirchiga, bir qo‘lga qarab uzoq turib qoldi.
– Shunga bir o‘qib qo‘ysangiz… Zora, yo‘qolsa… Mulla Abzal dam solgan suvning kuchi yetmadi. Sizni unga qaraganda nafasi o‘tkir deyishdi.
– Shaytonning qo‘li bu! Astag‘furulloh! – dedi Keldiyor nihoyat o‘zining mullaligi esiga tushgandek. – Qarang, odamning qo‘liga o‘xshamaydi. Shaytoni layinniki… Bu aniq…
– Yo‘g‘-e, – dedi tandirchi. – Oddiy qo‘l-ku…
– Odiy qo‘l emas! – dedi qat’iy qilib mulla. – Bu shaytonning qo‘li. Taomingizga shayton sherik bo‘layapti… Go‘shti halolmidi?
– Ha, – dedi Salom. – Absalim qassobdan olganman…
Mulla baribir bosh chayqadi.
– Oxirzamonni shunaqa alomatlari bor deb eshitgan edim… Egasi yo‘q qo‘llar, egasi yo‘q boshlar, egasi yo‘q ko‘zlar, egasi yo‘q oyoqlar egasini qidirib, osmonda uchib yurarkan. Bu qo‘l ham egasini qidirib kelgani aniq. Salombek, oxirzamon yaqinga o‘xshaydi.
Mullaning bu qat’iy xulosasi qo‘lga yoqmadi, chog‘i, u laganga kaft bosishdan to‘xtab, zabt bilan havoga ko‘tarildi va avval ko‘rsatkich barmog‘i bilan o‘rta barmog‘i orasiga bosh barmog‘ini yaxshilab joylashtirib oldi, keyin mullaning naq burni tagiga olib kelib ko‘rsatdi. Mulla shundoq ko‘ziga tegay deb turgan ikki barmoq orasidagi bosh barmoqni ko‘rib, qo‘rqib ketdi, gavdasini orqaga oldi.
– Ie, – dedi u ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketib. – Bu hali tarbiyasiz ham ekan-ku!
Qo‘l ikki barmoq orasida turgan bosh barmoqni ko‘rsatgancha mullaning burni tagida ancha turdi. Keyin yana laganga qarab sho‘ng‘idi, hech narsa bo‘lmagandek oshni “havoga ko‘tarishda” davom etdi.
– Biron kechirilmas gunohingiz evaziga bu! – dedi mulla nihoyat.
– Bir tandirchi bo‘lsam, – tandirchi nolindi, – esimni taniganimdan beri tegirmon toshini aylantiraman, oyog‘im loydan chiqmaydi. Mening qanday kechirilmas gunohim bo‘lishi mumkin?!
– Bandasi qilgan gunohini bilmaydi, ammo Tepaga hammasi ayon! – dedi mulla xuddi amri ma’ruf qilayotgan ohangda. – Hammasini hisob­lab o‘tiruvchi va bunday ofatlarni yuboruvchi Robbimiz bor. Tovba qiling, shunda qutulasiz.
– Ikki oydan beri tovba qilib yotibman, – alamli ohangda dedi tandirchi. – Aziz avliyo­larga ham bordim, yetim-esirga sadaqa ham berdim. Foydasi bo‘lmadi.
Tandirchining bu gapi mullani hushyor torttirdi. Hozir unchalik mavridi bo‘lmasa-da, lekin ham kelajakni, ham cho‘ntakni o‘ylab, joyida tanbeh bermoqni va bu adashgan bandaga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishni o‘zining burchi deb hisob­ladi.
– Sadaqani avvalo og‘zida ilmi bor odamga berish kerak.
Tandirchi sodda edi. Mullaning tagdor gapini to‘g‘ri tushundi.
– Qishlog‘imizdagi qiynalayotgan talabalarga ham sadaqa o‘rnida yo‘lkira berdim…
Tandirchining soddaligidan mullaning ensasi qotdi.
– Talabalar og‘zida ilmi borlarga qo‘shilmaydi. Ular har xil nopok ishlarga ham aralashib yurishadi. Shuning uchun ularga berilgan sadaqa o‘tmaydi. Sadaqani toat-ibodatli, ilmli kishilarga bermak joyizdur…
Tandirchi bu gapdan ancha izza tortdi.
– Buni bilmas ekanman, – tan oldi u. – Mulla Ablaz musofirchilikda yurgan talabalarga bergan sadaqalaringiz o‘tadi, degandi.
Mullaning bu gapdan ham ensasi qotdi.
– Mulla Ablaz madrasa talabalarini nazarda tutgan, chog‘i, siz tushunmagansiz.
– Qishlog‘imizda unaqalar yo‘q-da.
Mulla Keldiyor endi bu go‘l bandasiga ochiqroq ishora qilishiga to‘g‘ri keldi.
– Unaqa talabalar bo‘lmasa ham, ertayu kech ibodat bilan mashg‘ul kishilar bor, – dedi biroz zarda bilan.
Bu orada laganda osh tugagan, qo‘l endi o‘rtaga qo‘yilgan mevalardan totinardi. Mullaning esa ishtahasi bo‘g‘ilgandi. Shu sababli ham qo‘lning bezbetligidan hamda o‘ziga atalgan mevalarga daxl qilayotganidan jahli chiqdi.
– Bu rostdanam ochofatning o‘zi ekan, – dedi u. – Hammasini yamlamay yutyapti. Xo‘sh, bunday qilamiz… Andak chiqimdorrog‘-u, ammo ish berishi aniq… Men qirq kun kechasi bilan qaytarma qilib o‘qiyman. Shu bilan tinchib ketasiz, xonadoningizga orom kiradi…
Salom xursand bo‘lib ketdi: zora, qaytarma ish berib, qo‘ldan qutulsa… Tandirchiga qaytarma qilish bir to‘qliga tushgan bo‘lsa-da (uniyam qaynisidan qarz olishga to‘g‘ri keldi), mulla Keldiyor va’dasida turdi: qirq kunda qaytarma qilib o‘qib berdi. Tandirchi endi “shayton qo‘li”ning uydan g‘oyib bo‘lishini sabrsizlik va intiqlik bilan kuta boshladi. Zero, qo‘l paydo bo‘lganidan beri ro‘zg‘or sekin qarzga kira boshlagandi. Bu holat tandirchining ko‘nglini g‘ash qilib turgani uchun qaytarmadan umidi katta edi. Ammo qo‘l mulla Keldiyor aytgandek, qaytarma qilingandan so‘ng bir hafta emas, uch hafta o‘tsa ham yo‘qolmadi. To‘rtinchi haftada ro‘zg‘orni eplab turish uchun yana qarz olishga to‘g‘ri keldi.
Beshinchi haftaga kelganda u o‘zini mulla Keldiyor bir to‘qliga chuv tushirganiga, qaytarmasi ish bermaganiga amin bo‘ldi. Shuning uchun dardini yorish uchun ishonchliroq odam izlay boshladi. Bu paytda baraka ketib, faqat qarzga kun ko‘rayotgan bo‘lsa-da, Panji muallimdan maslahat olishga qaror qildi: qo‘pol, qo‘rs bo‘lsa ham to‘g‘riso‘z odam, bir tomoni ayoliga qarindoshligi bor. Panji muallim ham atoyi xudoyining daragini eshitib, mahtal qilmasdan yetib keldi. U ham xuddi Azim raisday ilikni o‘z oldiga qo‘yib yeyishga chog‘langan ham ediki, qo‘l o‘tgan gal uchun ham undan alamini oldi: ilikni uning oldidan tortib oldi-da, havoga ko‘tarildi va xuddi o‘tgan gal Azim rais paqqos tushirganday ilikdagi etni yamlamay “yuta” boshladi.
Buni ko‘rgan Panji muallim esi og‘ganday havodagi qo‘lga qarab turar, etga qo‘shib yeyish uchun tishlagan noni ham og‘zidan tushib ketgandi. Saldan so‘ng u tandirchiga garangsib qaradi.
– Bu nima?! – deb so‘radi zo‘rg‘a tili aylanib.
– Qo‘l! – dedi tandirchi bamaylixotir.
– Qo‘lligini ko‘rayapman, – zarda qildi muallim. – Kimning qo‘li? Egasi nega ko‘rinmayapti?
– Sizni shunga chaqirdim. Egasi kimligini aniqlab, haydab yubormasak, meni xonavayron qilayapti, domla…
Bu gaplarni aytayotganda tandirchining ko‘zlaridan yosh chiqib ketdi: uning sabr kosasi ham, ko‘ngli ham to‘lib bo‘lgandi. Suyagi qora mehnatda qotgan, qishloqda ziqna va qahri qattiq deb nom chiqargan kap-katta odamning ko‘zida yosh ko‘rib, Panji muallimning ham yig‘lagisi kelib ketdi.
– Anchadan beri bormi?
– Anchadan beri… Ikki oydan oshdi, – tan oldi tandirchi boladay piqillarkan.
– Yig‘lamang. – taskin berdi muallim. – Hammasi yaxshi bo‘ladi.
U eti tobora shilinib borayotgan havodagi ilikka alam bilan qarab turar, agar shu qo‘l bo‘lmaganda bu ilik ham, undagi et ham hozir o‘ziniki bo‘lishini ichdan his qilib turardi. Muallim bid’atchi emasdi va har bir masalaga ilm ko‘zi bilan qarardi. Bu gal ham shunday qildi: o‘zicha chamalab ko‘rdi. So‘ng o‘rnidan turdi – qo‘l ilikdan etni ajratib olish bilan ovora edi – tandirchini hayron qoldirib, qo‘lning orqa tarafiga o‘tdi va, aftidan, qo‘l egasining ketini mo‘ljallab, xuddi o‘n bir metrdan to‘p tepayotgan futbolchiday, bor kuchi bilan tepdi: tepki shunchalik kuchli ediki, unda ilik alami ham mujassam bo‘lgandi – ammo Panji muallim kutganidek oyog‘i qo‘l egasining ko‘rinmayotgan ketiga tegmadi, aksincha, uning zarb bilan tepilgan oyog‘i havoni vizillab kesib o‘tdi, ochiq havoda naq shiftgacha ko‘tarildi: muallim o‘zini tutolmay shundoq qo‘lning tagiga gursillab dustaman yiqildi. U birpas o‘ziga nima bo‘lganini bilmay yotdi. Tandirchi ham qo‘rqib ketdi: hozir diydiyo qilib o‘tiradigan payt emasligini anglab, ko‘zidagi yoshni artdi-da, yerda murdaday cho‘zilib yotgan muallimning yelkasidan ko‘tara boshladi.
– Buning keti qani?! – dedi yotgan yerida muallim o‘zining harakatiga izoh bergandek, xuddi muhabbati rad etilgan o‘n sakkiz yashar yigitdek ozurdalik bilan. – Boplab tepmoqchi edim-da, o‘ziyam. Agar tekkanda naq do‘zaxga borib tushardi…
Dasturxonga ilik tap etib tushdi: unda bir tishlam ham et qolmagandi. Qo‘l cho‘zilib yotgan muallimning ustiga keldi va kaftlarini yopib olib, musht qildi, so‘ng muallimning savoliga javob o‘rnida naq boshiga kelib, uch-to‘rt marta baland-past bo‘ldi, natijada muallim ham, tandirchi ham qo‘l nima demoqchiligini darrov tushundi: agar qo‘lning qolgan qismlari ham, egasi ham ko‘ringanda, unda u chap qo‘lining tirsagidan ushlab, muallimga ko‘pchilik biladigan chapani ishorani ko‘rsatayotganini anglamaslikning iloji yo‘q edi.
Muallim o‘rnidan turganda qo‘l g‘oyib bo‘lgandi. Aftidan u qari, shang‘i va injiq odam bilan talashib, obro‘sini ketkizgisi kelmay, havoga singib ketgandi.
Shunday bo‘lsa ham muallim tandirchiga eng oqilona, bepul maslahat berdi: qo‘l haqida rasmiy idoralar bilan, dastlab, mahalla raisi bilan gaplashish kerak. “Mahallaning baland-pastiga mas’ulmi, u nimalar bo‘layotganini, fuqarolarni qanday o‘marishayotganini bilsin va yordam bersin. Shusiz ham yordamga muhtoj oilalarga ajratilgan pulni o‘zi “gum” qilib, semirib yotibdi”. Salom tandirchiga bu maslahat ma’qul keldi: u o‘tgan yili o‘ttiz yil maktabda ishlab, direktor bo‘lolmagach, raislikka nomzodini qo‘ygan Azimning xufya iltimosi bilan qarindoshlarini unga ovoz berishga ko‘ndirgan edi. Shu sababli oqsoqol o‘zini qarzdor his qilib, zora, yordam qo‘lini cho‘zsa…
Salom umid bilan mahalla idorasiga yo‘l oldi. Uning gaplarini batafsil eshitgan Azim rais tandirchini mahallaning aksar tirikchilikka o‘ralashib qolgan odamlari kabi ruhan charchagan, deb o‘yladi. Ammo oraga mulla Keldiyor ham aralashgani va qo‘lni ko‘rganini eshitgach, o‘ylanib qoldi.
– Uka, – dedi u nihoyat o‘ylab bo‘lgach. – Men bunaqa cho‘pchaklarga ishonmayman. Lekin bilishimcha, sizning uyingizda jinoyat sodir bo‘layapti. Kimdir uyingizda xuddi kinolardagidek ko‘rinmas qiyofaga kirib, hozirgi texnikada buning iloji ko‘p, o‘g‘irlik bilan shug‘ullanayapti. Shundaymi?
Tandirchi o‘ylab ko‘rsa, masalani rais tushuntirganday izohlasa ham bo‘larkan. Shuning uchun bosh irg‘adi:
– Umuman, shunday… Uyimdan o‘g‘irlik sodir bo‘layapti…
– O‘g‘irlik haqidagi shikoyat bilan menga emas, huquqni himoya qilish muassasalariga murojaat qilishingiz kerak.
Tandirchi umrida biron marta ham huquqni himoya qilish muassasalariga shikoyat qilmagandi, ular ham “Nima shikoyatingiz bor, mana biz huquqingizga mas’ulmiz!” deb oldiga kelmagan. Shuning uchun raisning taklifiga tushunmadi. Rais mahallaga yordam so‘rab kelgan har qanday muhtojga yordam qo‘lini cho‘zish uchun adolatli tarzda saylanmaganmi, tandirchiga o‘zi aytib turib, ariza yozdirdi.
– Qani, shunday deb ariza yozing. Menkim, Salom tandirchi… uyimda shunday – shunday… noma’lum shaxslar tomonidan…
– Shaxs degani nimasi? – so‘radi tandirchi egri-bugri yozishdan to‘xtab.
– Shaxs bu – kimsa degani.
– Men hech qanday shaxsni, ya’ni kimsani ko‘rganim yo‘q. Biznikiga faqat egasiz qo‘l keladi…
– Rusumi shunaqa… “Shas” emas, “shaxs”, dumsiz qilib yozing… xo‘sh… davom etamiz… o‘g‘irlik sodir etilmoqdakim, yordam berishingizni so‘rayman… Ana bo‘ldi… Endi mahalla nozirining oldiga boramiz…
Salom tandirchi bilan rais aji-buji qilib yozilgan arizani ko‘tarib, shundoq mahalla idorasida joylashgan nozirning xonasiga kirishdi.
Arizani o‘qib ko‘rgan nozir hech narsa tushunmadi, tandirchining o‘zidan so‘ray boshladi, u soddalik qilib yana qo‘l haqida gapirib berdi. Nozir o‘rnidan turib, Salom tandirchining oldiga keldi-da, uning ko‘zlariga uzoq qarab turdi. Keyin kompyuterga o‘tirib, uni uzoq titdi. Izlaganini topolmadi, hafsalasi pir bo‘lib, yana Salom tandirchiga o‘girildi.
– Qiziq, – dedi u stolni chertar ekan. – Xo‘sh, bu ariza bilan nima demoqchisiz?
– Shu… uyimda qandaydir qo‘l paydo bo‘lgan. U meni kasodga uchratayapti, baraka ketdi… ortiqcha xarajat deganday… Xullas, uni deb ro‘zg‘orni butlay olmayapman. Tirikchilik og‘ir bo‘lib qoldi.
Nozir o‘rnidan turib ketdi…
Xavotirga tushgan rais hovliqqancha nozirga tushuntira boshladi.
– Bu kishi uyimda noma’lum o‘g‘ri paydo bo‘ldi deb keldi. Men esa bu gaplarni menga emas, nozirga yozing deb oldingizga olib keldim… – dedi oqsoqol tandirchi yana bir narsa deb qo‘ymasin deb.
– Unda nega qanaqadir egasi ko‘rinmagan qo‘l deyapti… To‘g‘ridan to‘g‘ri o‘g‘ri paydo bo‘ldi desa o‘ladimi?
– Arizaga rasamadi qilib yozilgan… Endi bu kishi yettinchi sinfgacha o‘qigan. Savod andak chatoqroq… Qolgani xalq og‘zaki ijodi… Xalqimiz baxshilarni yaxshi ko‘rishi shundan… Shunga sizdan bu holatni o‘rganib chiqsangiz deb kelgan edik.
Nozir endi yengil tortdi. Arizani olib, uni yana bir o‘qib chiqdi-da, ko‘ngli to‘ldi, chog‘i, stolda yotgan papkaning ichiga solarkan, oqsoqolga hurmat ohangda gapirdi:
– Siz mahalliy hukumatsiz. Tekshir desa­ngiz, tekshiramiz. Bizni bu kursiga shuning uchun o‘tirg‘izib qo‘yishgan.
Xullas, ertasiga mahalla raisi bilan nozir “shaxsi noma’lum kimsa tomonidan o‘g‘irlik sodir etilayotgan ob’ekt”ni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga boradigan bo‘lishdi.
Salom tandirchi qarz-havola qilib, bozorlik qildi, uyiga oqsoqol aytganidek, nozir xush ko‘radigan qovurdoq ostirdi, oqsoqol “nozirning tomog‘idan ovqat o‘tishi andak qiyin, shuning uchun o‘rus shishasini suvga tashlab qo‘ying”, degandi, bir emas, uchtasini tashlab qo‘ydi.
Tushdan keyin oqsoqol bilan nozir qo‘ltig‘ida bir talay qog‘ozlar ko‘tarib kirib kelishdi.
– Qani, o‘sha o‘g‘ri qo‘lni ko‘rsating-chi! – dedi nozir xuddi jinoyatni hozir fosh etadigan shasht bilan.
Oqsoqol “Avval taom, bad az kalom!” deya nozirni taomga taklif qilib, tandirchini turtdi. Aslida tandirchiga ham shu kerak edi. Mana endi to‘kin dasturxon ustida o‘g‘rini o‘zlari ko‘zlari bilan ko‘rishsin. Shunda hammasini o‘zlari bilib oladi.
Kutilgandek bazm boshlanib, nozir ustma-ust ikki piyola bo‘shatgach, kutilgandek qo‘l paydo bo‘ldi. Nozir ozroq kayf qilganidan qovurdoq bilan ovora edi. Tandirchi oqosoqolni turtib, qo‘lga ishora qildi: qo‘lga ko‘zi tushgan oqsoqolning ko‘zlari chiqib, Panji muallimning “Etimlarning haqini yeganlar qo‘rqqan payti oqarmaydi, rais ham yetimlarning pulini yeb yotibdi” degan g‘iybatida jon bor, chog‘i, rangi ko‘karib ketdi. Oqsoqolning dasturxonning chap burchagiga qarab bezrayib qolganini ko‘rgan nozir ham u qarab turgan tomonga ko‘z tashladi va u keyingi gal olib maza qilib chaynayman deb mo‘ljallab turgan tuyurni egasi ko‘rinmayotgan qo‘l olib, havoga ko‘targanini ko‘rdi: nozirning og‘zini lang ochdirib, tuyur shundoq havoda g‘oyib bo‘ldi. Qo‘l endi boshqa bir tuyurni kartoshkaga qo‘shib ko‘tara boshladi. Nozirning og‘zi ancha paytgacha ochilib turdi – u ko‘plab o‘g‘irliklarga shaxsan guvoh bo‘lgandi, ammo o‘g‘irlangan ashyoviy dalilning havoga aylanib ketishini birinchi marta ko‘rib turishi edi – uning gezargan lunji atrofida bir-ikkita pashsha ham aylana boshladi. Hayajon payti tomog‘i ham qiltillab qoladi, shekilli, nozir o‘zini bosish uchun yana ikki piyolani bo‘shatdi.
– Mana shu… o‘g‘ri, – dedi tandirchi paytdan foydalanib. – Siz menga ishomagandingiz…
Nozir uning gapini deyarli eshitmadi. U hali ham qo‘lga qarab turar, qo‘l esa birpasda yarim lagan go‘shtni havoga ko‘tarib, changini ham chiqarmay yo‘q qilib bo‘lgandi.
Nihoyat nozir o‘ziga keldi va kasbi esiga tushib, poylab turib, qo‘lni ushlab oldi. Qo‘l uning qo‘lida baliqday tipirchilay boshladi. Nozir yonidan to‘pponchasini chiqarib, uni qo‘lning kaftiga to‘g‘irladi va har qanday dushmanni yer tishlatadigan qat’iyat bilan so‘radi:
– Kimsan? Hozir otib, dabdalangni chiqaraman!
Nozir bu gaplarni qanchalik vajohat bilan mardonovar aytgan bo‘lsa, qo‘l pinagini ham buzmay, tandirchi va oqsoqolni hayratga solgancha, havoga singib g‘oyib bo‘ldi. Nozir atrofga alanglab, qo‘lida to‘pponcha bilan uni izlay boshladi. Yo‘q, u g‘oyib bo‘lgandi. Keyin u tandirchiga g‘azab bilan boqdi.
– Bu nima o‘yin? Bu fokusni kim qilayapti? Kim qilgan bo‘lsa ham pushaymon bo‘ladi.
Unga bu fokus ham, ko‘zboylog‘ichning o‘yini ham emasligini tushuntirish uchun ancha vaqt ketdi. Faqat ikkinchi shisha bo‘shagandan so‘ng­gina nozir ularning gapiga ishondi. Uchinchi shishada esa nozir tandirchining yuzidan o‘pib, “Buning-ku qo‘li ko‘rinib turibdi, umuman, o‘zi yo‘q jinoyatchilarni ham tovbasiga tayantiradiganlar bor”ligini aytib maqtana boshladi. O‘sha payti bu gaplarni aroq ta’sirida aljirash deb tushunishgandi. Ikki kundan so‘ng iskovuch it bilan bir to‘da qurollangan odamlar kelishganda nozir rost gapirganiga amin bo‘lishdi. Guruh, haqiqatan ham, qilni qirq yoradigan, izlaganini topmasa qo‘ymaydigan barzangi va taptortmas yigitlardan iborat edi: hovlida ham, molxona-qo‘ralarda ham bironta irga, bironta burchak qolmadi: arining uyasigacha, hovli devorining tagidagi sichqon inigacha maxsus asbob-uskunalar bilan titib chiqildi, xullas, sichqonning inini ming tanga qilishdiki, kovlab ko‘rilmagan joy qolmadi – tandirchining hovlisi birpasda g‘alvirday titib tashlandi – u endi naq bomba tushganday xaroba manzilga aylangandi. Kamini itga qo‘yib berishdi: it, aftidan, ularning ishonchini qozongan yoki rostdanam kuchli iskabtopar edi: u qayerni hidlay boshlasa, guruh o‘sha yerni kovlashga tushardi. Tandirchining otasidan qolgan devorlarning tagida nimadir bormidi yoki rostdanam qo‘l o‘sha poydevor yoriqlarini o‘ziga makon qilganmidi, har qalay, it uyning har ikki qadamini xuddi xazina topganday hidlab qolar, izidan kelayotganlar darrov kovlashga tushishar, bir xandaqcha chuqurlik kovlashgandan so‘ng u yerdan so‘nggi bir asrdan ortiq davr mobaynida vaqt tuprog‘i yutib yuborgan turli ro‘zg‘or buyumlari: sopol idishlarning siniqlari, choynak qopqoqlari, arqon yoki kigiz qoldiqlariga o‘xshagan lash-lushlar chiqardi – hovli bunday noyob asori atiqalar bilan deyarli to‘lib bo‘ldi: uyning ichida ham, tashqarisida ham, devor tagida ham kovlab ko‘rilmagan bir qarich joy qolmadi, ammo qo‘l o‘ta ayyor yoki rostdanam makkor Shaytonga tegishli edi, chog‘i, tutqich bermadi. Kechga borib, guruh ham, it ham holdan toydi.
– Bu yerda hech qanday o‘g‘ri ham, biz qiladigan ish ham yo‘q, – dedi nihoyat ularning ichidagi norg‘uli, chamasi, u boshliq edi. – Menimcha, uy egalarini shifokorga ko‘rsatish kerak.
Uning shu gapini kutib turishgandek, butun guruh hovli bo‘ylab yoyib tashlashgan asbob-­uskunalarini yig‘ishtirib, haydovchisi toqati toq bo‘lib kutib o‘tirgan mashinaga soldi-da, jo‘nab qolishdi: mashina joyidan qo‘zg‘alib, muyulishiga yetmasdan paxsadan qurilgan uyning poydevori titilib ketib, batamom qulab tushdi va undan ko‘tarilgan chang Langarotadan ham ko‘rinib turdi.
Boshpanasiz qolgan tandirchi vayronaga aylangan uyi ustida boshini ushlagancha o‘tirar, ko‘rinishi aftodahol, yuz-ko‘zida umidsizlik, nochorlik, tushkunlik bilan birga afsus-nadomat aks etar edi. Bolalar esa tashlab ketilgan jang maydonini eslatadigan uy ustida allaqachon “urush-urush” o‘yinini boshlab yuborishgan, tandirchining ayoli tizzasini quchoqlagancha uy qulab tushayotganda devordan otilib tushib, yoniga dumalab kelgan teshik elagiga karaxt holda qarab turardi.
Mahalla idorasi o‘ziga yuklatilgan vazifani uddaladi: tandirchining oilasini tang paytda o‘z holiga tashlab qo‘ymadi: toki uyni tiklab olguncha amallab yashab tursa bo‘ladigan chodir berishdi.
Tandirchi qancha harakat qilmasin, oyni etak bilan yopib bo‘lmadi: egasi yo‘q o‘g‘ri qo‘l haqidagi qo‘shib chatilgan mish-mishlar butun viloyatga tarqab ketdi.
Endi turli joylardan, gazetlaru nashrlardan, televideniye va radiodan muxbirlar, har xil ilmiy tekshirish dargohlaridan olimlar, hatto bu sirli hodisadan o‘zlariga naf chiqarishni o‘ylagan siyosatchilar kelishar, bu g‘aroyib voqeani turli usullar bilan tadqiq va tahlil qilishar, sharhlashar, qishloq ahlidan intervyular olishardi. Mahalliy aholi o‘zi hech qachon ko‘rmagan qo‘l to‘g‘risida to‘qib-bichib, qo‘shib-chatib gapirib berardi: dastlabki intervyularda oddiy odamlarnikiga o‘xshash bo‘lgan qo‘l oxirgi intervyularda ko‘zga ko‘rinmas ulkan devning naq chinorday keladigan qo‘liga aylanib ulgurgandi. Faqat ular tandirchining uyiga yaqinlasholmasdi. Tandirchi endi taqdirga tan bergandi: u tobora darmoni qurib, kuchdan qolayotgan bo‘lsa-da, egasi yo‘q qo‘l uchun ham ishlashga, uning yebto‘ymas qornini bir iloj qilib to‘ydirishga, undan ortganini bolalari bilan baham ko‘rishga alaloqibat rozi bo‘lgan, u endi qo‘l haqida hech kimga gapirmas, intervyu ham bermas, kelganlarni hovliga kiritmasdi ham. Chetdan kelganlar ham, qishloqdoshlari ham endi darvozadan narida turib, hovli o‘rtasida, vayronaga aylangan uy yoniga qurilgan chodir oldida turmush va tirikchilik bilan kuymalanib yurgan tandirchining oilasiga ko‘zlari tushardi…

Tamom.

Qissadan hissa yoxud yakunga qo‘shimcha yakun

Idoraning majlislar zali tersotaliklar bilan liq to‘lgan, g‘ala-g‘ovur, odam odamni tanimas, qandaydir baqir-chaqir, to‘s-to‘polon hukmron edi.
Mulla Keldiyor zalga kirishi bilan odamlar birdan tinchidi: hamma unga xuddi xaloskorini ko‘rgandek najot bilan tikilib turardi.
– Keldingizmi, mulla, – dedi mahalla noziri bilan minbarda o‘tirgan Azim rais o‘rnidan turib unga peshvoz chiqarkan. – Odamlar kutib qolishdi.
– Nima gap, oqsoqol? – dedi mulla ovoziga biroz bepisandlik qo‘shib. – Bizni bunaqa majlislarga chaqirmasdingiz-ku!
– Bizga yordam bermasangiz bo‘lmaydi. Siz ko‘pni ko‘rgan odamsiz… Yana og‘zingizda ilmi­ngiz bor… Qolaversa, siz bularni oldindan bilgansiz…
Mulla Keldiyor bu e’tirofdan bir qop shishgan bo‘lsa-da, lekin butun qishloq nega o‘zini kutib, to‘planib turganidan xavotir olib, o‘ziga tikilib turgan zal to‘la odamga yuzlandi.
– Egasi yo‘q qo‘l endi hammaning uyida paydo bo‘libdi! – dedi oqsoqol mullani masaladan tezroq xabardor qilish uchun.
Bu xabardan so‘ng butun zalga o‘lik sukunat cho‘kdi: hamma mulla Keldiyorning og‘zini poylab turardi…

Endi tamom.

«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 11-son