Ro‘znomachi yigitning yozganlari
Qarshingizda uchta kasal turibdi, — dedi professor. — Yaxshilab razm solsangiz, bu uch odamda ko‘pgina o‘xshash jihatlarni ko‘rasiz; zero, kasallikning ushbu uch holati hozir tibbiyotning eng muammoli va munozarali qismlaridan biridir. Bu uch odam kasallikning muolaja bosqichlariga o‘xshaydi. Mana bunisini, — u kursida ikki sanitar ko‘magida qo‘llari orqaga bog‘langan barzangi kishini ko‘rsatdi, — hozirgina tutib kelishdi; bizni bu kasal juda ovora qildi, uni ko‘ndirish va ushlash uchun rosa to‘rt soat vaqtimiz ketdi. Hali bizning muolajamiz unga ta’sir qilmagan, kasallikka qanday yo‘liqqan bo‘lsa shunday holatda sizlarning oldingizda turibdi; uni bizning muvaffaqiyatni tuzukroq anglashlaringiz uchun bu yerga olib keldik. Hozir tutqanoq uni qiynovga olgan eng qaltis davr. Ayni paytda uning esi joyida emas. Xayoliga nima kelsa, shuni qiladi, hech narsadan, hatto o‘zini yuqori qavatdan tashlashdan ham tap tortmaydi. Kasal shu holatida ham jismonan, ham ruhan mayib hisoblanadi; uning xayoliga har xil narsalarning shakli buzilib ko‘rina boshlaydi, qandaydir sharpalar paydo bo‘ladi, qon bosimi oshib ketadi, miyada esa izchillik susayadi, voqelikni to‘g‘ri idrok etolmay qoladi, o‘rnini palapartishlik, parishonlik oladi, miya faoliyati buziladi. Shu daqiqada qo‘li ochiq tursa besh-olti kishiga bo‘yin bermaydi va hech qanday og‘riqni ham his etmaydi, uni qandaydir xayoliy sharpalar o‘ziga rom etib oladi. Bu kasallikning eng zohiriy va qiyin davri. Bu kasallik haqida tibbiyot fani ko‘pdan buyon maxsus shug‘ullanib keladi. Qadimgi davrlarda ham shu kasal bilan og‘riganlar haqida ma’lumotlar bor, biroq u paytlar bu kasal ondasonda uchrab turgan. Bizning zamonamizda bu kasalga yo‘liqqanlar soni keskin oshib ketdi. Tibbiyotda bu kasalning muqim nomi yo‘q, uni har kim har xil atagan, biz uni «Qutqut» kasali deb atadik. Bu kasal rostdan ham o‘z xayollarining qutqusi ta’siriga tushib, vosvos bo‘lib qoladi. Bu juda yuqumli va xavfli, bunday kasalga yo‘liqqanlar atrofdagilarga jiddiy zarar yetkazadilar. Ana shuni hisobga olib, biz shifoxonamizni yildan-yilga kengaytiryapmiz. Agar sizlar kasalning peshonasiga va burniga e’tibor bergan bo‘lsalaringiz, — u barzangining burnini ushladi, biz ham barzangiga yaqinroq borib, burun va peshonasini bir sidra ko‘zdan kechirdik. — Unda qizil chiziqlarga ko‘zlaringiz tushadi — bu asabning zo‘riqishidan paydo bo‘lgan. Uning asablari charchagan. U sizga hech bir ikkilanmay tashlanishi mumkin, chunki siz uning xayolida zo‘ravonga yoki o‘ldirish uchun pusib kelayotgan ayg‘oqchiga yoxud boshqa bir maxluqqa o‘xshaysiz. Shu topda bemor g‘irt vasvasaga aylanadi; «ezib yanchishayapti», degan fikr uning butun shuuriga o‘rnashib qolgan, u o‘sha xayolidagi zo‘ravondan nima qilib bo‘lsa ham qutulish taraddudiga tushgan. Ayni paytda xayolida boshqa dunyo ham yaratib olgan va u dunyoda o‘zicha qoidalar joriy qilgan, biz uni shartli qilib, uning nuqtai-nazaridan kelib chiqqan holda «ozod dunyo» deb atay qolamiz. Bu «Ozod dunyo» unga hech tinchlik bermaydi. Atrofdagi har bir harakat yoki ishora zo‘rlik va zug‘um bo‘lib ko‘rinadi, hatto siz ham uni zo‘rlash uchun bu yerda turganga yoki kulganga o‘xshaysiz. Bu fikr naqadar jo‘n va bolalarcha sodda bo‘lmasin, u bundan ortig‘iga qodir emas, chunki u o‘zi telba, telbalik esa ba’zan bolalikka o‘xshab ketadi.
Shuni unutmangki, yaqinlashishdan avval uni tinchlantirish zarur. Buning uchun ukol yoki doridan bemalol foydalanish huquqi beriladi sizga, bu sizning inon-ixtiyoringizda. Leknn uni maxsus xonada, maxsus nazorat ostida saqlashni unutmang. Bu xil odamlar o‘ta besarishta, injiq va o‘ta sershubha bo‘ladi, sizning har bir harakatingizdan gumonsiraydi, hammasini o‘z bilganicha qilgisi keladi, o‘zini erkin qo‘yishlarini so‘raydi, siqiladi, sizga qo‘yib yubor deb yolvoradi, xuddi yosh boladek yig‘laydi, ayni paytda boladek tez aldanadi. Kasallikning bu holatida, odam ko‘pincha, agar ta’bir joiz bo‘lsa, aytish mumkinki, o‘zicha parvardigor bilan aloqa bog‘laydi. Shuning uchun ham qandaydir yozuvchi bu kasallikni xudoga eltuvchi ko‘prik degan. Men taqvodor emasman, shu sababli kasalning bu tomoni meni qiziqtirmaydi. Meni va albatta sizlarni ham uning jismi ko‘proq qiziqtiradi: agar tanadagi o‘zgarishlarni yo‘lga sololsangiz, unda ruhga ham ta’sir etgan bo‘lasiz. Qadimda bunday odamlarni ko‘pincha ruhning odamlari deb atashgan. Shu sababli ham ruh birlamchi degan g‘oyalar keng yoyilgan, kishining jismoniy kamoloti uning ruhiy barkamolligidan kelib chiqib baholangan. Lekin biz hamisha jism birlamchi deymiz va muolajamiz ham shu yo‘lda olib boriladi. Kasal rostdan ham shu paytda ruhning tuzog‘iga tushib qolgan, ammo bularning hammasi jismdagi o‘zgarishlarning oqibatidir, biz shunday hisoblaymiz. Jism hamisha birlamchi. Ruh jismdagi o‘zgarishdan so‘ng buziladi. Bola nega yomon xayolga bormaydi. Chunki uning jismi hali yomonlikni farqlaydigan va uni tushunadigan darajada emas. Kasallik ham shunday. Mana hozir uning so‘zlash usuliga e’tibor bering…
Professor shunday deya bemorning qarshisiga o‘tirib, sanitarlarga ishora qildi va kasalning qo‘llari yechib qo‘yildi. U kasalning ko‘karib ketgan qo‘llarini ishqalab qo‘yarkan, professorga xo‘mrayib nimadir demoqchi bo‘ldi, biroq bo‘g‘zidan so‘z chiqmay duduqlanib qoldi, u negadir o‘zini begona ko‘zlar kuzatib turganidan juda bezovta edi. Uzoq tikilib turdi, aftidan, qo‘lini yechdirib qo‘ygani uchun professordan juda minnatdor edi va o‘zini unga yaqin tutayotgandi. U professorga yaqinroq surilib, qulog‘iga nimadir deb shivirlamoqchi bo‘ldi.
— Qani ayt-chi, — dedi professor uni nariroq surib, — sen bu yerga qanday kelib qolding?
— Uchib keldim, — dedi barzangi tomdan tarasha tushgandek, atrofdagilarga qo‘rqa-pisa ko‘z tashlarkan. Sanitarlarning va professorning yuzida istehzoli kulgu paydo bo‘ldi. — Mana bunday uchib keldim, — u qanday «uchib kelganini» o‘rnidan turib ko‘rsatmoqchi edi, lekin sanitarlar uni yana joyiga o‘tqazib qo‘yishdi.
— Xo‘sh, keyin-chi? — so‘radi professor u biz bilan ko‘z urishtirib olgach, diqqat qilinglar degandek qo‘lini ko‘tardi.
— Mana bular urib tushirishdi, — dedi barzangi birdan umidsizlanib. Yuzida tushkunlik alomati paydo bo‘ldi, qo‘lini miltiq qilib ko‘rsatdi… — Tap… so‘ng bog‘lab olishdi… Meni qo‘yib yuborishdimi, a? — so‘radi professordan yalinchoq ohangda, so‘ng uning qulog‘iga egilib past ovozda shivirlay boshladi: — Bular meni jinni deb o‘ylashyapti, shuning uchun qo‘llarimni bog‘lab qo‘yishdi. Sizga aytsam… — sanitarlar eshitmasin deganday pichirladi, — bularning o‘zlari jinni… psix… ularning gaplashganlarini eshitib qoldim… qandaydir jinnilar to‘g‘risida gaplashishdi, o‘zlari g‘irt jinni…
Professor uning gapini tasdiqlab, sanitarlarga bosh silkib qo‘ydi. So‘ng bizga o‘girilib gapidan davom etdi:
— Jinni hech qachon o‘zining jinniligini tan olmaydi… aksincha, o‘zidan boshqa hammani jinni deb o‘ylaydi. Lekin qutqut kasali bilan ruhiy kasallik bir-biridan keskin farq qiladi, jinnilar beozor kishilar, garchi tutqanoq tutsa-da, ular tartib-qoidani tez tushunishadi, ularni xotirjam qilish osonroq. Bular esa birdan hamma narsa o‘zlari istagandek bo‘lishini istab qoladilar, aslida xayolning fitnasiga uchgan odamlar, bularning o‘zi emas, xayollari ko‘proq fitna qiladi va kasalga «seni ezib, suvingni ichishyapti» deb, shivirlab turadi, bemor mana shu xayol og‘ushida qoladi — shu bilan jinnidan farq qiladi, ular o‘zlarining «ozod dunyosi» bilan sizu biz yashayotgan dunyoni qiyoslashadi. O‘zicha ko‘p nuqsonlar topadi, biz bu dunyoda yashay olmaymiz, deb turib olishadi va shu tufayli ham doim «kimdir bizni ezib-yanchyapti», degan qutqu bilan yashashadi, shu qutqu bilan uxlolmay chiqishadi, har bir sharpadan cho‘chib tushishadi, aftidan, xayollarida o‘zlarini qanday qatl etishayotganini ham ko‘rishsa kerak. Shuning uchun ham gaplarini iloji boricha tasdiqlab turgani ma’qul. Bu yerda hech qanday g‘ayritabiiy narsa yo‘q. U rostdan ham o‘zini o‘ta aqlli sezadi. Agar faromushxotirligi demasa va diqqati boshqa narsa bilan — uni juda hayajonga solgan qandaydir hodisa bilan band bo‘lmasa, u rostdan ham shu daqiqalarda juda aqlli bo‘lib ketadi, hatto serma’no hikmatlar aytishi, uzundan-uzoq aqlli ma’ruzalar qilishi mumkin, xulosalari ham odamni o‘ylantirib qo‘yadi. Shuningdek, u hech bir tomonni e’tibordan qochirmaydi. Hozirgina eshitdingiz, u «uchib keldim» dedi. Rostdan ham tutqanoq paytida xayolida parvoz qilib yuradi, ya’ni bizning tilda «parvoz davri» deb ataladi, bu davrda biz moslashgan hayotiy qonunlar, udumlar, odatlar uning uchun ahamiyatini mutlaqo yo‘qotadi, o‘zimizda g‘oyat insonparvar ko‘ringan qoidalarni zo‘ravonlik qoidalari deb atay boshlaydi, talablarning go‘yo zo‘ravonlik tomonlarini «kashf» etadi; u siz bilan biz bemalol yashashimiz va baxtiyor bo‘lishimiz mumkin bo‘lgan tartibga hech bir bo‘ysungisi kelmaydi, ya’ni u bu tartiblarning hech biriga amal qilmay, o‘zicha hamma narsadan erkin bo‘lib oladi, ya’ni hech qaysi shaklga bo‘ysunmay «parvoz» qilib yuradi.
Professor bir muddat jim qolib, so‘ng davom etdi.
— Bizning tilda bu davrni «isyon Davri» ham deydilar. Bu davrda kasalning ruhiyati hamma narsaga qarshi isyon ko‘taradi, shunday daqiqada vayron qilsam, buzsam degan o‘jar bir fikr bilan yonadi. Hamma narsa eskirdi, endi hech narsaga yaramaydi, buzib, yangidan qurish kerak deb xitob qiladi ba’zan. Ko‘ziga hamma narsa tanazzul bo‘lib ko‘rinadi; ba’zan rostdan ham o‘zi yashayotgan uyni yoki ko‘ziga yomon ko‘ringan narsani yoqib yuboradi yoxud buzib tashlaydi! Siz bilan biz o‘rgangan axloqqa sira rioya qilmaydi, bunday kishi nima ishlar qilishini o‘zingiz tasavvur qilavering. Mana shu «ozod» dunyoga erishish uchun zo‘ravonni o‘ldirish kerak, degan fikr uni damo-dam vasvasaga solib turadi. Zo‘ravon uning nazarida, albatta, siz bilan bizmiz! Chunki biz uning hammamizga o‘xshab hayot kechirishini, biz amal qilgan tartib-qoidalarga bo‘ysunishini istaymiz, uni odatiy holatga qaytarmoqchi bo‘lamiz. Shubhasiz, zo‘ravonlik uning xayolida o‘ziga xos ma’noga ega; uning fikrlarini izchillikka va tartibga tushirib bo‘lmaydi, u hozir o‘ylagan, ishongan narsasini saldan so‘ng mutlaqo inkor qilishi ham mumkin. Eng xavflisi, uni odamlar buzilib ketdilar, degan fikr doimo bezovta qiladi, uni boshqalardan bezdirib qo‘ygan narsa ham shu; uning nazarida atrofidagilar uyushib, o‘ziga suiqasd uyushtirishayotgandek tuyuladi; u bular odamlarni yeyishdan tap tortmaydi, aksincha, odamxo‘rlikdan huzur qiladi deb o‘ylaydi. Meni ham ushlab olib, shartta yeb qo‘ymoqchi degan gumon uni quturtirib yuboradi, shu sababli ham u goho to‘shagi tagiga bolta qo‘yib yotadi. Bunday odamlar shu fikr qutqusyda eng yaqin kishilarini chopib tashlagan hodisalari ko‘p bo‘lgan. U qo‘qqisdan tashlanib qolishi mumkin. Mana shu narsa xavfli. Biroq muhimi bu emas, muhimi — bu hech qanday ruhiy kasallik bo‘lmay, bu jismning kasalligidir. Uzoq vaqtgacha bu kasallikni ruhiy kasallik hisoblashib, davo yo‘q deb kelindi, biroq bizning shifoxonamiz bu qarashlarni yo‘qqa chiqardi va fan sohasida juda ilgarilab ketdik. Biz bir necha tur kasallarni davolab chiqardik. Hozir bizdan tajriba o‘rganuvchilar soni keskin ko‘payib bormoqda. Ular ancha paytgacha bizning muvaffaqiyatlarimizga ishonmay kelishgandi, endi esa o‘zlari biz bilan yaqin aloqada bo‘lmaganlari uchun pushaymon bo‘lishmoqda. Biz juda ilgarilab ketdik.
— Ularni davolashdagi yangi uslublaringiz nimadan iborat? — so‘radik biz professor bir oz jim qolgach.
Professor miyig‘ida kulib bizga mug‘ombirona tikilib turdi. U shu holatida muhim davlat sirini aytishdan bosh tortayotgan elchiga o‘xshardi.
— Eng ibtidoiy usulda, — dedi so‘ng yoyilib jilmayarkan, yana quvlik bilan bizga ko‘zlarini tikdi. — Ko‘plar biz yangi muolaja usuli topganimiz haqida shov-shuv qilib yurishibdi. Aslida bizning uslubimiz unchalik yangi emas, demoqchimanki, biz azaldan bor usullarni faqat zamonaviy tarzda takomillashtirdik, xolos. Yangiligi ham shu yerda. Biz tibbiyot fanida foydalanilmay kelingan uslubni hech ikkilanmay fanga tadbiq qildik va bu hol kutilmagan natijalarga olib keldi, so‘ng biz bu usulni madaniy olam bilan bog‘lash uchun yana takomillashtirdik, bir necha davrlarga bo‘ldik, ilmiy asoslarini ko‘rsatdik. Hamma tajribalarimiz puxta va yuz foiz natija bera boshladi, sizlarga aytsam, hali tibbiyotda hech qaysi muolaja usuli yuz foiz natija bermagan. Biz esa bunga erishdik. Tajribamiz unchalik murakkab emas, hatto oddiy, chetdan qaragan kishiga biroz an’anaviy tuyulyapti. Go‘yo biz insonni xo‘rlayotgandek, oyoqosti qilayotgandek bo‘lamiz. Lekin, menimcha, eng ulug‘ insonparvarlik uning kasaliga qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham davo topishdir. Biz insonparvarlik to‘g‘risida safsata sotmaymiz, aksincha, uni amalda qilamiz…
Professor yana bir pas jim qoldi. U xuddi tansiq ovqatni maqtayotgandek yoki uning xushta’mligini his qilish uchun ovqat hazm bo‘lishini kutib turgandek, aytgan gaplari bizda qanday hazm bo‘layotganini bilish uchun gapdan to‘xtagandi, go‘yo.
— Kaltaklash tibbiyotda hamisha qoralangan, — davom etdi yana u. — Biroq biz bu ishni azbaroyi insonning sog‘ligi va istiqboli uchun qilayotganimiz sababli ham bizning muolaja xayrlidir. So‘nggi tajribalarimiz ko‘rsatyaptiki, jismdagi qon va asab harakatini tartibga solish uchun kaltaklash kasallikni tuzatishning zarur omillaridan biri bo‘lib qolish ehtimoli bor. Bizningcha, bu tajribaning kelajagi ancha munozarali, biroq porloq bo‘lsa kerak, agar mana bu kasalning, — bir sanitar bilan turgan yoshgina yigitni ko‘rsatdi u, — badanini ko‘zdan kechirsalaringiz, po‘rsildoq-po‘rsildoq xivich zarbini ko‘rasizlar, — shunday deb yigitning ko‘ylagini ko‘tarib, qavariq yelkasini bizga ko‘rsatdi. Yigit yana kaltaklaydi deb o‘yladi shekilli, qo‘llari bilan bo‘ynini to‘sib oldi va yer ostidan professorga cho‘chib nazar tashladi; uning yelkasi momataloq bo‘lib ketgan, yengil, ingichka xivichning o‘rni chiziq-chiziq bo‘lib shilinib qolgan, ko‘karib turgan joylari po‘rsayib-po‘rsayib shishib chiqqan, xivchin terini tig‘day kesib tashlagan va yelka yara-chaqaga to‘lgandi; yara tuzalmay yana ustidan savalashgan chog‘i, yaralarning atrofini bir qator shish o‘rab olgandi. — Ko‘rib turganlaringdek, bu kasalga nisbatan savalash tajribasi qo‘llangan va bu o‘z samarasini bermoqda, kasalda birdan ijobiy o‘zgarish paydo bo‘ldi. Ilgari u qancha urmang, na kaltak zarbini, na jon og‘rig‘ini sezardi. Uning ruhi tanasidan tashqarida yurganday parvo ham qilmasdi. Biroq ko‘ryapsizlarki, unda hatto sezgi ham paydo bo‘lmoqda, u og‘riqni oldindan sezib, shunga tayyorlanyapti. Bizningcha, uning aqli yana tanasiga asta-sekin qaytib kirmoqda va u tuzala boshladi. Kasalni bu holatga keltirish uchun avvaliga kuniga ikki marta, so‘ng u dosh berolmagach, bir marta, hozir kunora savalab turilibdi. Shunisi muhimki, savalash muolajasini jiddiy yo‘lga qo‘yish zarur. Buning uchun davolovchining aniq ish rejasi va kasallik haqida aniq xulosasi talab qilinadi. So‘ng xivchinga ham e’tibor berish kerak. Xivchin egiluvchan, tekkanda terini kesib tashlaydigan, kasalning qulog‘i ham o‘rganishi uchun havoda viz-viz tovush hosil qilib turadigan bo‘lishi zarur. Chunki bu shovqin muolajaning ikkinchi bosqichida juda ham ish beradi. Muolaja izchil, uzluksiz davom ettiriladi. Avvaliga kasal hech narsani sezmay, tirjayib, hiringlab turadi. Uch kunlardan so‘ng u kulishdan to‘xtab, birdan jiddiy bo‘lib qoladi — uning ruhidagi loqaydlik so‘na boshlaydi, xayoli sal tiniqlashadi, o‘n kunlardan so‘ng u kaltakni ko‘rsa yelkasini ushlaydigan, o‘zini olib qochadigan bo‘ladi, so‘ng har xivchin tushganda dodlay boshlaydi, bu yaxshi alomat: nihoyat u odamiy xususiyatlarini qaytarib olayotgan bo‘ladi. Xivchinni ko‘rganda dag‘-dag‘ qaltiraydi, oxir oqibatda xivchinning tagiga o‘zi yelkasini tutib keladigan bo‘ladi, mana shu holat juda muhim, chunki aql kasallik ustidan g‘olib chiqadi. Biz g‘olib chiqishga majbur qilamiz. Bunga muntazam muolaja tufayli erishiladi. Savalashning turli yo‘llari bor, biroq barcha savalovchi asboblar xivchin kabi egiluvchan va ingichka bo‘lmog‘i kerak, chunki badanda jiddiy jarohat paydo bo‘lmasligi shart. Insonning qadr-qimmati bizda yuksak qadrlanadi, biz uni hech qachon mayib qiladigan darajada savalamaymiz! Agar kasal birinchi kaltaklashga dosh berolmasa unda bir necha kun sabr qilamiz, so‘ng yana boshidan boshlaymiz, agar yana chidolmasa yana ozroq kutiladi. Savalashni kunma-kun oshirib borish davolashda katta ahamiyatga ega. Ana shunga qarab ko‘pincha kasal tez yoki sekin tuzalishi mumkin. Savalashning bir necha yo‘li bor deb boshda aytdim. Xivchinning uchi bilan savalash bor, biz buni «engil savalash» deb ataymiz, unda xivchinning uchigina kasalning badaniga tegadi, shart-shart kesib tashlaydi. Bu savalash davrida og‘riqdan ko‘ra kasalni qon bezovta qiladi. Xivchinning uchi tilib yuborgan jarohatlardan qon tinmay oqib turadi, gohida badanining rangi qanaqa ekanligini bilib bo‘lmay qoladi. Xivchinning uchi bir maromda badanga tegib turishi shart, zarb ham bir xil bo‘lishi kerak. Qonni ko‘rib, davolashni to‘xtatish yaramaydi, yo‘qsa kasallik yanada cho‘zilib ketadi, qonga ham, badanning ko‘karib ketganiga ham qaramay muolajani davom ettirish zarur, bu ham kasalning badanida sezish qobiliyatini paydo qiladi, uni muolajaga tayyorlaydi, biz ba’zan bu davrni «tayyorlash davri» deb ham ataymiz. Tayyorlash davri har kasalda har xil kechadi, shu sababli savalash ham har bir kasalning o‘zidan kelib chiqib joriy etiladi. Tayyorlash davri deyarli hamma kasalda yengil o‘tadi, hushdan ketishlar, dod-voylar deyarli bo‘lmaydi. Kasal bu davrda o‘zining «ozod dunyosi»da bemalol yashayveradi. So‘ng kasal ikki kun dam oladi, u maxsus, ataylab muzlatilgan va zax xonalarda saqlanadi: bu shuning uchun kerakki, uning yaralari gazak olishi, boshi aylanishi, zaharlanishi zarur — bu muolajaning shartlaridan biridir. Gazak olgan yara kasalning badanida oz-moz og‘riq, sezgi uyg‘otadi, uning xayolidagi sharpalarni oz bo‘lsa ham quvadi. Mana shu paytdan kaltaklashning ikkinchi davri boshlanadi. Yiringlab, shishgan yaralar yana xivchinning uchi bilan savalanadi, qizarib, ko‘karib turgan yaralar endi kasalda chinakam og‘riq paydo qiladi, avvaliga u tayyorlash davridagi kabi tirjayib turadi-yu, biroq gazak olgan yaraga tekkan xivchin uning jonijonidan o‘tib ketadi. U o‘zini bardam tutish uchun ko‘zini yumib oladi. Ba’zan oh uradi, ba’zan juda terlab, holdan toyadi, ba’zi kasallar esa toki uchinchi bosqichgacha og‘riqni sezmay kulib turaverishadi. Ikkinchi bosqichda savalash yaralar shilinib, terining qip-qizil go‘shti chiqib qolguncha davom ettiriladi. So‘ng oldingi xonada yana uch kun saqlanadi, yaralar obdon gazak olishi, yiringlashi va badanni qaltiroq bosishi kutiladi. Uchinchi davr kasal uchun eng og‘ir davr, bu davrda u hushidan ketishi mumkin, lekin savalashdan to‘xtamaslik kerak. Bu davrda kasal faryod qiladi, yalinadi, uning xayolidagi sevimli «ozod dunyosi» asta-sekin parchalana boshlaydi, bizning xivchinlar uni parchalab tashlaydi. Uning o‘rniga butun vujudini og‘riq, xivchinning qulog‘i ostida tahdidli viz-viz etgan tovushi egallaydi. U o‘zining «dunyo»sidan shu taxlit siz bilan biz yashayotgan mana shu g‘aroyib dunyoga tusha boshlaydi. To‘rtinchi bosqichda esa u «ozod dunyo»sidan butunlay voz kechadi, u endi kechasiyu kunduzi qanday qilib xivchin zarbiga chidashni, qanday qilib, aqalli bitta bo‘lsa ham xivchin zarbidan qutulib qolishni o‘ylab chiqadi, o‘zicha buning turli rejalarini tuzadi, yo‘llarini izlaydi. Xivchinchini chalg‘itish uchun unga qanday qiziqarli gaplar aytsam yoki qanday qilib ko‘nglini olsam deb ertayu kech o‘ylab yuradi. Mana, o‘zingiz ham kulyapsiz. To‘g‘ri, kasalning bu orzusi endi oldingilari kabi xomxayol emas, bu bizning murakkab va saodatmand dunyomizga xos bo‘lgan, siz bilan bizning orzularimiz kabi o‘ta hayotiy orzu. Beshinchi davr kasalni shunchaki hushyor qilish maqsadida o‘tkaziladi, bora-bora kasalning o‘zi kaltakka o‘rganib qoladi, xuddi kashandalarday unga ham kaltak tez-tez xumor qilib turadi, shuning uchun tuzalib ketganidan so‘ng ham kasalni ma’lum paytgacha kaltaklab turish maslahat beriladi, masalan, besh-olti yil. Yana bir narsani unutmaslik zarur: kaltaklash va xivchin ishlatish hammaning qo‘lidan kelmaydi. Biz maxsus xivchin ishlatishni o‘rgatadigan kurslar ochganmiz, to‘g‘ri, hozir bu kursni kengaytirishga bizda mablag‘ yo‘q, lekin bu kursni bitirganlar xivchinni ishlatishning ustasi faranglari bo‘lib yetishadi, muolajaning natijasi ko‘p jihatdan xivchinni qanday ishlatishga bog‘liq. Mana, qarshingizda kasalxonamizning eng tajribali xivchinchisi turibdi.
Shunday deya professor bizga sanitarlardan birini ko‘rsatdi. — Biz «kaltakchi» qo‘pol so‘z bo‘lgani uchun bularni «xivchinchi» deb ataymiz. Shusiz ham ko‘plar bizning kaltak ishlatish uslubimizga qarshi. Bu xivchinchi o‘nga yaqin kasalni davolashda faol ishtirok etdi, endi bu ham hayotini xivchinsiz va kasalsiz tasavvur qilolmaydi. U o‘z ishining shaydosi, savalashni ham ishtiyoq bilan, qiyomiga keltirib bajaradi, unga qo‘l uchida bajarish yoki qalbakilik qilish degan narsa yot. U hatto hech qachon sanoqdan ham adashmaydi, ba’zida haftalab xivchinlashdan bo‘shamaydi. Kasallarni g‘oyat sevganidan va ularning tezroq tuzalib ketishi tarafdori bo‘lganidan, buni astoydil istaganidan, azamatlar charchashu horishni bilmaydi. Ba’zi og‘zi bo‘sh kimsalar bularni shafqatsiz deb gap tarqatishadi, aslida bulardan mehribon va ko‘ngilchan odamlar yo‘q. Kelajakda shifoxonamizda bunday tajribali «xivchinchi»larni yana ham ko‘paytirish rejasini tuzyapmiz, zero, bizning shifoxonaga talab ham yildan-yilga ortib bormoqda…
— Tajribalaringizni kengroq qo‘llashga nimalar xalaqit beryapti? Nahotki boshqalar bu yutuqlaringizdan bexabar bo‘lsa? — so‘radik biz professorning gaplaridan bir oz hayajonga tushib.
— Ko‘p narsa, — dedi ma’ruzasi bizga ta’sir qilganidan va bizning qiziqa boshlaganimizdan jonlanib ketgan professor, u miqtigina besaranjom va aftidan sodda odam edi. (O‘zining tajribalarini ko‘pdan buyon kimgadir gapirib berish ishtiyoqida yurgan-u, lekin hech kim uning uzundan-uzun izohlariga tob berolmay gapini eshitmayoq jo‘nab qolgan va shunday paytda biz kelib qolib, professor hammasini birato‘la gapirib tashlamoqchiga o‘xshardi). — Avvalo mablag‘ kam, keyin imkoniyatlarimiz tor. Inshootimiz kengayib boryapti, biroq savalash bosqichlarida kasalni saqlaydigan, tagida muzxona o‘rnatilgan maxsus xonalarga juda muhtojmiz. Bizda bunday xonalar kam. Shuningdek, hamma ham bizning tajribalarimizni qo‘llab-quvvatlayotgani yo‘q: ko‘plar, boshqalar nima deyisharkin, xorijdagilar bizni masxara qilishmasmikan, deb istihola qilib turishibdi, ba’zilar esa butunlay qarshi. Ular asli hamisha yangilikka qarshi bo‘lib kelishgan, eskicha, siyqasi chiqqan usullarda ishlab, o‘rganib qolishgan, shu sababli biror yangi g‘oya tug‘ilsa, uni jon-jahdlari bilan yo‘q qilishga kirishadilar. Ko‘rib turganlaringizdek, biz hatto kasallarning kiyimini ham yuvib ololmayapmiz. Odam yetishmaydi. Ular shu kiyimlarini toki kasalxonadan chiqib ketgunlaricha kiyib yuradilar, mana qarang, — u yosh yigitning do‘lva-do‘lva bo‘lib ketgan, qon va dog‘ bosgan isqirt ko‘ylagini ko‘rsatdi, — biz shu holicha uni shifoxonadan chiqarib yuborishga majburmiz. Xizmatchilarimizning ish haqi juda oz. Tajribani kengroq joriy etish uchun xivchinchilar tayyorlaydigan kurslarning sonini ham ko‘paytirish muammo bo‘lib turibdi.
Professor hozir o‘sha — o‘ziga kengroq yo‘l bermayotganlardan juda qattiq xafa bo‘lib bizga «bu holatda ishlab bo‘ladimi?» degandek ma’nodor qaradi; u ulug‘ odamlarga xos viqor bilan bizga xayolchan va horg‘in ko‘zlarini tikib turardi, biz bu o‘tkir nigoh oldida bir oz dovdirab qoldik.
— Kasal sizlarga keyinchalik ehtiyoj sezmaydimi? — so‘radik biz professorning ta’qibli nigohidan qutulish uchun, erta-indin chiqib ketishi kerak bo‘lgan kasalga ishora qilib. — Balkim shifoxonadan chiqqach, yana qutqut kasaliga yo‘liqar. — Sog‘ayishi balkim vaqtinchadir?
— Ayrim hollarni istisno qilganda, kasal biz bilan qayta uchrashmaslikka harakat qiladi, — dedi professor sirli qilib. — U bizni o‘zining davolash usuli tobora qiziqtirayotganidan juda xursand edi, har bir savolimizga bajonidil javob berar va hech bir narsani e’tibordan qochirmaslikka tirishardi. U bizdan ko‘zlarini olib, kasallarga tikdi. — U bu yerdagi muolajani umr bo‘yi unutolmaydi, shu sababli ko‘p hollarda unda tutqanoq sodir bo‘lishi botiniy o‘tib ketadi. U avvalgiday xayoliga erk berolmaydi, fitnachi xayol uni avray olmaydi. Biz ularni nazorat qilib turamiz, agar kasallik alomatlari sezilsa, darhol oldini olamiz: ko‘proq tinchlantiruvchi usullarni qo‘llaymiz va kasal shifoxonaga kelmayoq tuzalib ketadi. Mabodo u yana shifoxonamizga tushsa biz muolaja muddatini avvalgiga nisbatan bir oz cho‘zib, savalashni izchillashtiramiz, bu gal xivchin emas, boshqa biron yo‘g‘onrog‘idan, masalan, qamchindan foydalanishga to‘g‘ri keladi, qamchinning uchiga tishli tunuka o‘rnatamiz. To‘g‘ri, baxtga qarshi ikkinchi galdagisida qamchinning tagidan qaytib tura olmaydiganlari ham bo‘lib turadi. Kamdankam hollardagina. Bu uchun bizning shifoxona aybdor emas, aksincha, kasalning o‘zi aybdor bo‘ladi. Aksariyat biror joyi sal mayib bo‘lsa ham, — bu, albatta, bizning maqsadimiz emas, lekin nachora shunday qilishga majburmiz, — sog‘ayib chiqib ketishadi va boshqa bizga ehtiyoj sezmaydi.
— Uchinchi bor-chi?.. — bexosdan so‘radik biz.
— Bizga uchinchi marta tashrif buyurishmaydi, — dedi viqor bilan professor. — Ko‘pgina shifoxonalardan biz shu jihatimiz bilan farq qilamiz. Uchinchi marta bizning shifoxonaga qaytib kelish hodisasi hali bo‘lmagan, demak, biz bu sohada ham oldinlab ketganmiz. Agar kishi uchinchi marta davolanishga ehtiyoj sezsa, bu olamshumul gap-ku, shunday emasmi?
— Muolaja savalash bilan to‘xtaydimi? Bu negadir g‘alati. Nahotki boshqa hech bir dori-darmon ishlatilmasa?
— Aslo, aslo, muolaja to‘xtamaydi, — dedi professor kichkinagina tepakal boshini chayqab. — Biz ham tibbiyot fanining barcha yutuqlaridan unumli foydalanamiz. Dori ham, ukol ham qilinadi. Savalash faqat tanani keraksiz xayollardan qutqaradi, miya faoliyatini tana bilan muvofiqlashtiradi, miya endi bo‘lmag‘ur vasvasadan xalos bo‘ladi. Lekin hali bu butkul tuzaldi degan gap emas. Mana bu kasal, — u yosh yigitni ko‘rsatdi, — ancha sog‘ayib, xayoliy dunyosidan endi siz bilan biz yashayotgan dunyoga qaytib tushgan bo‘lsa ham, biroq hali miya faoliyatida nuqson bor. U yerdagi sharpalar vaqtincha pusib turibdi, xivchin va og‘riq ularni hozircha miya po‘stlog‘ining ichki qismiga haydab chiqargan, u har qanday mahal yana tajovuz qilib qolishi mumkin. Bu o‘ta xavfli, buning oldini olish zarur. Endi kasalga savalash kor qilmaydi. Biz savalashdan so‘ng bosqichma-bosqich tibbiy muolajaga o‘tamiz, ayni paytda tajribalarimizning uchinchi bosqichiga o‘tamiz: bosh miyaga maxsus apparat orqali (bu apparatni mening o‘zim ixtiro qildim) kasalning savalash jarayonidagi faryodi yozilgan shovqin yuboriladi, faryod va ingroq o‘ziniki bo‘lishi shart, chunki bemorning o‘z ingrog‘i miyasiga tez singadi; shovqin miyaning qorincha va bo‘shliqlarini butkul qoplab oladi, kasal bir necha kungacha bu shovqin ta’sirida atrofdagi olamdan uziladi va boshini changallagancha ana shu shovqindan qutulish uchun xona bo‘ylab zir yugurib yuradi, albatta, behuda yuguradi, chunki apparat quloqlarga shunday ustalik bilan o‘rnatilganki, uni faqat qo‘ygan kishigina olib tashlashi mumkin.
Shovqin miyaning barcha katakchalariga asta-sekin singisha boradi, oxir oqibat uni hech narsa bilan bu miya qobiqlaridan haydab chiqarib bo‘lmay qoladi, endi bu miyaga sharpa yoki qutqu xavf solishi mumkin emas. Chunki qutqu yoki vasvasaga bu miya katakchalarida joy qolmaydi: shovqin miyani har qanday ruhiy xavfdan saqlab, unga har daqiqada bizning muolajamizni eslatib turadi. Shovqin singishgan miya hamisha toza va sog‘lom bo‘ladi, unga zo‘riqishga aslo hojat qolmaydi. Muolaja, demak, yuz foiz o‘zini oqlaydi. Shovqin yuborish ikki haftagacha cho‘ziladi, uni amalga oshirish uchun ham maxsus mahorat talab qilinadi. Negaki, shovqinni ko‘zlangan katakka hech bir adashmay yo‘naltirish zarur. Agar masofada adashilsa, kasal butunlay falaj bo‘lib qolishi mumkin. Shovqin yuborilar ekan, kasal chinqirib yuboradi, uning qo‘l oyog‘i mahkam bog‘lab qo‘yiladi, bir xil to‘lqinda shovqin izma-iz yo‘naltiriladi va bosim ham asta-sekin oshirib boriladi, kasalning faryodi ham kuchayadi. Biroq bunga parvo qilmaslik kerak. Shovqin miyaga loyqa kabi sekin cho‘kadi. Kasalning butun vujudi tutqanoq tutgandek qaltiraydi. Tomirlari ko‘karib ketadi, peshonasidagi ajin ko‘payadi, ammo bora-bora tinchib, og‘riqni sezmay qoladi. Ana shu paytdan juda unumli foydalanish kerak, iloji boricha miyaning markaziy qismiga shovqin yuborib qolish zarur. Uch-to‘rt kun o‘tgach, kasalning miyasi suratga olinib, uning harakatchan qismiga yana shovqin yuboriladi. Bu usul o‘ta ziyraklik va o‘qimishlilikni talab qiladi. Shovqin muolajasi tugagach, kasalga ikki haftacha orom beriladi. Ana shu davrda u mutlaqo tuzaladi, miyaning fitna tarqatadigan qismi batamom shovqinga to‘ladi. Ingroq va faryodlar endi x,ar bir hujayrada sado berib turadi, butun vujudiga tarqaydi, tana va yurakdagi aloqa beixtiyor mana shu shovqinga bo‘ysunadi, shovqin qon tomirlarida ham oqadi, ana shu lahzalar kasal uchun eng saodatli damlar, u qutqu va vasvasadan butunlay qutuladi, hayot ko‘ziga go‘zal va ma’noli ko‘rinib qoladi. Onadan qayta tug‘ilgandek yengil tortadi, keraksiz «yuk» va «zo‘rlanish»lardan xalos bo‘ladi; shovqin uning xotirasini va oldingi hayotiga bog‘liq ko‘pgina hayajonli voqealarni butkul o‘chirib tashlaydi, yoqimtoy va o‘ta boodob odamga aylanadi. Hatto astoydil tarbiyalasangiz ham bunday yutuqqa erisholmaysiz. Bu xil odamlar hech qachon ortiqcha narsalarni o‘ylashmaydi, o‘ziga yuklatilgan vazifani siz o‘ylagandan ham a’lo darajada bajaradi, muttahamlik yoki qalloblik qilishga hojat ham sezmaydi. U eng yuksak tarbiya ko‘rgan kishilar bilan odob borasida raqobatlasha oladi. Biz hozirgacha qilgan tajribalarimizni umumlashtirib, shunday xulosaga keldik: odam miyasining anchagina qismi kishi uchun nokerak signallar bilan to‘la, uning kishi uchun zarurati yo‘q, aksincha, miyaning bu qismi kishini tez toliqtirib, xayolparast qilib qo‘yishi mumkin. Odam uchun xavfli bo‘lgan, qutqu qo‘zg‘aydigan fikrlarni mana shu qism ishlab chiqaradi. Fitnachi xayol mana shu qismda tug‘iladi. Biz bunday xayollarni va kishiga manfaat bag‘ishlamaydigan ehtirosni nozarur deb bilamiz. Shu xulosadan kelib chiqib, odamning qutqut kasaliga yo‘liqishini kutib turmay, bolaligidayoq miyaning ana shu qismini jonsizlantirish yoki bo‘lmasa bizning usulda miyani aniq rejaga bo‘ysundirish kerak. Bu qism kishi boshiga ko‘p balolar olib kelishi mumkin. Biz ushbu fikrlarimizni yaqin orada ministrlikning maxsus majpisiga qo‘ymoqchimiz. Chunki qutqut kasaliga hamma yo‘liqishi mumkin, ayniqsa, bizning asab bilan ishlashni talab qiladigan davrimizda…
Xullas, kasal shovqin muolajasidan so‘ng o‘zini yaxshi his qila boshlaydi, ishtahasi ochiladi, xushmuomala bo‘lib qoladi. Mana bu uchinchi kasalimiz erta-indin shifoxona bilan xayrlashadigan faxriy kasal. Biz shifoxonamizdan kim tuzalib chiqib ketsa, uni faxriy a’zolikka qabul qilamiz: u — bundan so‘ng bizning shifoxonadagi barcha imtiyozlardan foydalana oladi. U hozir otdek sog‘. Et bitib, yaralarining o‘rni bilinmay ketdi. Mana, — professor shunday deya uchinchi — burchakdagi kasalning qorniga nuqdi. Kasal unga javoban qulluq qildi va yuzida o‘ta bo‘ysunuvchanlik ifodasi aks etib jilmayib qo‘ydi. — Qorin ham qo‘ya boshladi. Uni hozir oshqozonidan boshqa narsalar unchalik qiziqtirmaydi. Ilgari uni kasal bezovta qilsa, endi ovqat ko‘proq o‘ylantiradi. Bu yaxshi alomat. Sizlar bilasizlarki, sog‘ odamgina qornining g‘amini yeydi. Ammo ko‘rib turganlaringdek, juda seriltifot, har bir harakatingizga qulluq bilan javob beradi. Mana shunisi biroz oshib ketgan, ba’zan haddan ortiq iltifot qilib qoladi. Lekin bu mutlaqo zararsiz. Aksincha, bu yuksak madaniyatli kishilarga xos bo‘lgan fazilat, bizning shifoxona o‘ziga xos tarbiya maktabini ham o‘taydi. Biz kasalning tabiatini mutlaqo o‘zgartiramiz. Ilgari, hatto kasalga yo‘liqmasdan oldinlari ham bo‘lmagan xislatu fazilat bizning muolajamizdan so‘ng kasalning fe’l-atvorida paydo bo‘ladi. Ya’ni u yaxshi tomonga o‘zgaradi, u birdan oliy fazilatlar egasi bo‘lib qoladi, hali hech qaysi maktab bu yutuqqa erishmagan. Biz kishi tabiati o‘zgarmasdir degan azaliy qarashlarni mutlaqo yo‘qqa chiqardik. Ilm kishining hayotini emas, uning tabiatini ham o‘zgartirishga qodir ekan. Kasalning sog‘ayish jarayoni to‘g‘risida biz shifoxonamiz xodimlari bilan ikki jildli mulohazalarimiz bayon qilingan qo‘llanma tayyorlaganmiz. Bu qo‘llanma tez kunlarda o‘quvchilar qo‘liga tegadi. Ana shunda bizning usulimiz g‘oyat ilmiy va insonning salomatligi yo‘lida qilingan eng ulug‘ ishlardan biri ekanligiga bizning g‘animlar ham amin bo‘lishadg‘g.
Professor kasalning qanday sog‘ayganini ko‘rsatish uchun uning sog‘lom va et qo‘ya boshlagan qornini ko‘rsatdi. So‘ng xivchin izlari bilinmay ketgan, terisi semiz va yaltiroq yelkasini ochdi. Bunga javoban kasal darrov qulluq qildi.
Professor esa bizga qarab ma’noli tabassum bilan kulib qo‘ydi. U o‘z ishidan juda mamnunga o‘xshar va bizga o‘zining shifoxonasi to‘g‘risida ko‘proq narsalar gapirib bergisi kelardi. Shuning uchun yana nima to‘g‘risida gapirsam ekan, degandek, atrofini zimdan kuzata boshladi. Barzangi esa bizga va tinmay bidirlayotgan professorga taxdid va shubha bilan tikilib turardi. Kim biladi, balkim u bizni, professor aytmoqchi «ozod dunyopsiga bostirib kirgan bosqinchi deb yoki meni «ezib-yanchayotgan zo‘ravonlar» deb o‘ylagandir. Aslini olganda kasallarning ichida faqat o‘shagina juda besaranjom edi, uni yana temir o‘tirg‘ichga qo‘shib bog‘lab tashlashgan, uning barzangiligi va jununvash qiyofasi bizga ko‘zlarini burgutlar cho‘qib olayotgan paytdagi Prometeyni eslatardi, qolgan ikki kasal unga nisbatan xotirjam edilar, yosh yigit yana meni urishmasmikin degan xavotirda goh-goh yon-veriga va sanitarlarga hadiksirab nazar tashlardi, uchinchi kasal to‘zib qolgan ko‘ylagi bilan beo‘xshov do‘mpayib turgan qornini yopmoqchi bo‘lib behuda urinar va o‘ziga qaragan odamga darhol qulluq qilib qo‘yardi. Derazada quyoshning so‘lg‘in shu’lalari o‘ynoqlardi. Barzangi ikki-uch marta qo‘lidagi zanjirlarni uzib tashlamoqchidek chiranib tortildi, chiranganda ko‘zlari lo‘q bo‘lib, yuzi ko‘karib ketdi, zanjirni uzolmagach, u uzoq pishnab o‘tirdi. Uning qiyofasida va junun o‘ynagan ko‘zlarida rostdan ham qandaydir tajovuz yashiringan edi. Agar uning qo‘llari bo‘sh qolsa, bizlarga ham tashlanib qolishi muqarrar, deb o‘yladik biz, uning bog‘liq qo‘llariga qarab. Ayni mahalda uning bandiligidan xursand ekanimizni yashirgimiz ham kelmadi. Uzimizni uning oldida erkin va e’tiborli his qila boshladik. Birdan hamma narsani buzib, o‘rniga xayolidagi dunyoning qonun-qoidalarini joriy qilmoqchi bo‘lgan odamning cho‘g‘day ko‘zlari, uning atrofdagi odamlar uchun o‘ta xavfli bo‘lgan kasali, shafqatsizlik bilan qisilib turgan mushtlari bizni biroz tashvishga solib turardi. Shu bilan birga biz professorning puxta odam ekanligiga ham, kasalning qo‘lidagi zanjir hech qachon uzilib, bizga tashlanib qolmasligiga ham amin edik. Professorning gaplaridan biz shuni anglagandik.
Biz dam-badam o‘ziga «ozod dunyo» yaratmoqchi bo‘lgan, qo‘llari bog‘liq bu «isyonkor»ga istehzo bilan tikilib qo‘yardik. Axir anovi qulluq qilib turgan xushmuomala va boodob kishi bilan bu jazavali jununbashara barzangi o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor edi-da. Biz ikkalasini obdon qiyoslab bo‘lgachgina professorning tajribalari nihoyatda olamshumul voqea ekanligini anglay boshladik. Bu behad katta yutuq, o‘yladik biz ichimizda. Professor esa bizga yana nimadir gapirib berish ishtiyoqida edi, zero bunday yutuq bilan qanchalik maqtansa va jar solinsa arzirdi.
O‘zining gaplariga juda qiziqsinib quloq solayotganimiz unga juda yoqib qolgan, shifoxonasi haqida yana nimanidir gapirib berish yoki ko‘rsatish bilan bizga minnatdorchilik bildirmoqchiga o‘xshardi.
Professor gaplarim uncha ishonarli bo‘lmadi deb o‘yladi, shekilli, bizni savalash muolajasi borayotgan xonalarga boshladi. Uzun dahlizdan aylanib, xiragina yoritilgan yerto‘laga tushdik.
— Biz tashqaridagilarni bezovta qilmaslik uchun muolajani mana shu yerto‘lada o‘tkazamiz. Bu yer ayni muddao: zax, tor, ayni paytda yara aynishi uchun havosi qulay, eshiklarga zirh qoplangan. Mana, e’tibor bering, bu eshikdan biron sas ham tashqariga chiqmayapti, bu yuqoridagilarning xotirjam ishlashlariga imkon beradi. Biroq ichkariga kirsak kasallarning dodu faryodini eshitamiz. Faryod eshitilsa, bilingki, ish ketyapti, shifoxonadagilar berilib ishlashyapti, o‘z burchalarini chin yurakdan ado etishyapti…
U shunday deya pillapoya so‘ngidagi temir qoplamali eshikni ochdi va bizni ichkariga taklif qildi. Qulog‘imizga birdan g‘alati va bo‘g‘iq faryodlar eshitila boshladi: tovushlarning ko‘pligi va servahmligidan biz jimgina o‘rmondan yurib borib, qiyomat boshlangan yalangga chiqib qolganday his etdik o‘zimizni. Biroq professor bizni torgina dahliz bo‘ylab, tovushlar tomon xotirjam qiyofada boshlab borardi, uzun dahlizning ikki tomonida xonalar bo‘lib, ulardan faryodlar va shuvillagan tovushlar, ba’zan telbavor dag‘dag‘ali so‘kinishlar eshitilardi. Professor dahliz bo‘ylab borib, o‘ng tarafdagi zich eshikni siltab ochdi va bizni ichkariga undadi.
Xonada maxsus tayorlangan o‘rindiqqa yotqizilgan, yelkasining qipqizil eti chiqib qolgan qo‘l-oyog‘i bog‘liq kasalni barvasta, yarim beligacha yechingan sanitar-xivchinchi tik holda savalardi. Uning badani va yuzi jiqqa terga botgan, mushaklari bo‘rtib, uni yana ham vahimali qilib ko‘rsatardi. U bizni ko‘rib, savashdan to‘xtadi va professorga savol nazari bilan tikildi: u aftidan yerto‘lada begona odamlarni ko‘rib, biroz ajablangandi. Professor unga davom etaver, degandek ishora qildi va o‘zi bizga o‘girilib: — Sizlar xivchinning uchiga va kasalning yuziga e’tibor beringizlar, — dedi. — Boya aytganimday har xivchin tushganda, kasal tobora yaxshi tomonga o‘zgarib borayotganini sezishlaringiz mumkin.
Biz xivchinchiga, so‘ng havoni vizillab kesib o‘tgan xivchinning uchiga qaradik. Xivchinning uchi kasalning shusiz ham qavarib qolgan yelkasini kesib o‘tdi, kasal ingradi; xivchinning izida xalqob qon paydo bo‘ldi va u sekin qo‘ltiqqa oqib tusha boshladi, ammo xivchin ikkinchi bor uning yo‘liga tushdi va qon oqishini to‘xtatib qo‘ydi, kasal oldingidan qattiqroq ingrab yubordi, umuman, uning yelkasida sog‘ joy qolmagan, xivchinchi butun yelkani momataloq qilib bo‘lgach, endi savalashni qaytadan boshlamoqda edi, professor aytganiday, u haqiqatan ham juda usta edi; xivchinning uchi tegib, kesib yuborgan jarohatlar orasi xuddi o‘lchanganday ikki endan oshmasdi, badanga juda e’tibor bilan to‘kilayotgan va alvon gul solinayotgan kashta nuqsi urgan edi; kasal ingrab yuborar ekan, xivchinchining ko‘zlari yoshlanib, yiltillab ketayotganini ko‘rib qoldik. Uning yuzida shafqatsiz bir ko‘nikma bilan mamnuniyat ifodasi qorishib ketgan, boshqa holatda, boshqa bir joyda xuddi mana shu holat insonni tahqirlashning eng tuban usuli bo‘lib ko‘rinsa-da, aynan shu yerda, biz turgan yerto‘lada bu unchalik tubanlik bo‘lib ko‘rinmas, aksincha, unga xivchin juda yarashar, uning afti-angoriga, kasalning yuzidagi o‘zgarish bilan uning ko‘zidagi shodlik ifodasi bir paytning o‘zida paydo bo‘lishiga qarab turib, u aynan mana shu shifoxona uchun yoki aynan savalash uchun tug‘ilgan deb o‘ylash mumkin edi. U savalashning butun hadisini olgandi; xivchinni yengil, hech bir zo‘riqmay mo‘ljaliga urardi. Yelkani qiymaqiyma qilib tashlagan xivchin vizillar ekan, xivchinchi ana shu tahdidli tovushdan kuch olayotganday tani yayrab, yosharib borayotganday edi va mushaklari yana ham bo‘rtib ketardi; biz professorning ba’zi xivchinchilar o‘n soatlab charchoq nimaligini bilmay ishlaydi va shunda ham ular emas, kasal tob berolmagach, ma’lum kun tartibiga bo‘ysunishga majbur bo‘lamiz, deganini esladik. Xivchinchi o‘z ishini qunt va bilim bilan bajarardi: uning savalashi kasalni sulaytirib tashlashga emas, butun badanda og‘riq qo‘zg‘ashga, professor aytganidek, kasalning sezgi va xayolini yana badanga qaytarishga muolajaga mo‘ljallangan edi. Kasalni sulaytirish uchun savalash vahshiylikdir, degandi professor. Uning badanida og‘riq qo‘zg‘atib, unga shifo baxsh etish uchun savalash mutlaqo boshqa narsa, bu xil savalashda kasalning hech joyi sinmaydi, mayib bo‘lmaydi, bu faqat miyani hushyor qiladi, uni har xil keraksiz loqaydliklardan tozalaydi. Xivchinchi avval yelkadan pastga tomon, so‘ng pastdan yelkaga qarab, bir maromda, bir xil zarb bilan, aynan avvalgi jarohatlar ustidan savalardi. Havoni kesib o‘tayotgan xivchin tovushi va ingroq faqat xivchinchiga emas, professorga ham lazzat bag‘ishlardi, aftidan, uning yuzida ham ingrashdan so‘ng xuddi endi yorisha boshlagan tonggi osmon singari mamnunlik zohir bo‘lar, har ingrashga javoban bu mamnunlik butun yuzini egallardi.
Xivchinchi ba’zan nafas rostlash uchun bir necha daqiqa savalashdan to‘xtar ekan, kasal yiringi qotib qolgan yumuq ko‘zlarini ochar va to‘g‘risidagi o‘zining ingrog‘i yozib olinayotgan yozuv apparatiga, u qo‘yilgan kursiga tikilgancha qotib qolardi. Biroq saldan so‘ng yelkasiga kelib tushgan xivchindan ko‘zlari yarq ochilib ketar va u yelkasi osha xivchinchiga qaramoqchi bo‘lib behuda urinar, besh-olti zarbdan so‘ng lablarini tishlagancha ko‘zlarini yumib olardi. Yarq etib ochilgan ko‘zlarida barzangining ko‘zlaridagi kabi junun va telbalik charaqlab ketar, tomirlari qoqsholday bo‘rtib chiqardi. Go‘yo uning kasali har kaltak tushganda yalt etib ochilayotgan ko‘zlaridan otilib, tashqariga chiqib ketayotganday edi. Uning muloyimlashgani va yuvosh tortganiga qaramay savalashni davom ettiramiz, degandi professor, chunki bu yuvvoshlik va ingroqlar aldamchidir, kasal chinakam faryod cheksagina tuzala boshlaydi. Xonani zax, qon, ter va yana qandaydir — aftidan, kasal chiqargan bo‘lsa kerak, — qo‘lansa hid tutib ketgandi; xonada uzoq turolmadik, bo‘g‘ilib, bezovta bo‘layotganimizni ko‘rgan professor bizni tashqariga yetakladi.
— Boshqa kasallarni ko‘rishga toblari qalay? — so‘radi professor biz yana yerto‘la dahliziga qaytib chiqqach. Butun dahlizni faryod va xivchinning vizillashi to‘tgandi, demak, muolaja ketyapti; sanitarlar ishlayapti, ular haqlarini yotib olayotganlari yo‘q, deb o‘yladik biz professorga taqlid qilgandek. Biz bosh chayqadik, shusiz ham shifoxonada ko‘p qolib ketgan, mo‘ljaldagi vaqtimiz allaqachon tugagan edi.
— Ixtiyorlaring, — dedi professor jilmaygan ko‘yi. — Men faqat sizlar zerikib qolmanglar, deb yana biron xonaga kiritmoqchi edim.
Biz uzun, tosh yotqizilgan yo‘lak bo‘ylab yurib borib, pillapoyadan ko‘tarilib boyagi temir eshikdan tashqariga chiqib oldik. Eshik yopilishi bilan ovozlar xuddi sehrlangandek birdan tindi: buyog‘ida na sas, na tovush eshitilardi. Biz kunimiz behuda o‘tmaganidan va shunday ulug‘ odam bilan tanishganimizdan behad xursand edik, atrofimizdan kelishgan hamshiralar jilmayib o‘tishardi. Umuman, shifoxona bizda yaxshi taassurot qoldirgandi. Uzun dahlizda botayotgan quyoshning so‘lg‘in nurlari to‘shalib yotar, lekin u butun dahlizni yoritishga endi ojizlik qilishini bilganday, sekin-sekin shiftga tomon chekinmoqda edi.
Biz turli-tuman uskunalar, qurilish asboblari, handaqlar bilan to‘lib-toshgan shifoxona hovlisiga chiqqanimizda ko‘z oldimizda qavat-qavat qilib, bir-biriga tig‘iz qurib tashlangan g‘oyat keng va ulkan inshootlarga ko‘zimiz tushdi, ba’zi uzoqroqdagi binolarda qurilish hali ham davom etar, ko‘tarmalarning g‘iyqillagani, quruvchilarning baqiriq-chaqiriqlari eshitilardi, shifoxona sal bo‘lmasa naq kichkina shaharchaga aylangan edi, biz kirishda bu narsalarga e’tibor bermagan edik, endi esa har bir narsa professor boshlagan ulug‘ ishdan darakchi bo‘lib tuyular, hech narsani ko‘zdan qochirmaslikka tirishardik.
— Shifoxonamizga talab ko‘payib ketdi, — dedi professor bizga inshootlar oralab borarkanmiz. — Shuning uchun binolarimizni qurib ulgurmayapmiz. Palapartishlik va binolarning dag‘al ko‘rinishi shundan. Biroq keyingi tajribalarda shuni aniqladikki, kasalning muolajasiga bu dag‘allik ijobiy ta’sir qilarkan. Biz ana shu narsani hisobga olib, binolarni iloji boricha qo‘pol ko‘rinishda quryapmiz.
Rostdan ham binolar dag‘al ko‘rinishda qurilmoqda edi: ko‘plari tik turgan bochka, ba’zilari o‘rmalayotgan qurt, ba’zilari uchishga tayyorlanayotgan qo‘ng‘iz shaklida edi; shifoxona hovlisi yangi qurilishdan ko‘ra xarobaga aylantirilgan shaharga ko‘proq o‘xshardi. Biroq professor ana shu ko‘rinishning kasal ruhiga nihoyatda ijobiy ta’sir qilishi, u ruh bilan bu besarishta manzara o‘rtasida qandaydir uyg‘unlik borligi to‘g‘risida tinmay gapirardi. Uning gaplari bu xarobaga o‘xshash inshootlarga ajib bir ulug‘vorlik baxsh etayotganday, binolarning ko‘z oldimizda yana ham salobati oshib borardi. Professor o‘ta tartibli odam edi, u gapdan sira ham adashmasdi, chunonchi u bizga kasallik tarixi va muolaja usulini tushuntirar ekan, biron marta ham tutilib qolmagandi, undan keyin biz u har bir kasalga o‘z o‘g‘li yoki yaqin jigariday juda yaxshi munosabatda bo‘lishini va ularning ko‘ngliga ozor bermaslikka harakat qilishini sezgandik. U ko‘p jihatdan qobiliyatli va epchil edi, tabiatida ulug‘ odamlarga xos bo‘lgan xususiyatlar mujassamlashib ketgandi. Uning suqrotona qiyofasi, miqti jussali, odamga doimo iliq va sinovchan tikilib turadigan ko‘zlari yana ham ulug‘vorroq ko‘rsatardi. Biz shifoxonada o‘tkazgan mana shu ozgina vaqt ichida unga shaydo bo‘lib qolgan, garchi buni hozir bir-birimizdan yashirishga harakat qilayotgan bo‘lsak-da, yuzimizda unga nisbatan mahramona bir ifoda porlay boshlagan edi.
— Mana bu binoni, — dedi professor biz endi qurila boshlagan ulkan inshootning oldiga kelgach, — bizning muolajamiz va muvaffaqiyatimiz avlodlarni ham doim hayratga solib, bizning xolis va ulug‘ niyatimizni aks ettirib turish uchun bosh miya shakLida qurmoqchimiz. Bu ruhiy holat bo‘limi bo‘ladi. Kasalni uning qarshisiga olib kelib, tomosha qildiramiz, so‘ng xuddi kasalning miyasidagi kabi nozarur qismning chirog‘ini o‘chirib, qolgan qismini ravshanlashtiramiz. Bu tajriba taxminan bir haftagacha davom etadi, balkim ko‘proqdir, natijasi bino qurilib bo‘lgach aniq bo‘ladi. Mana shu holat kasalni muolajaga tayyorlaydi, u ham beixtiyor miyaning qolgan qismi bilan aloqani susaytiradi, u bilvosita binoga taqlid qila boshlaydi. Binoning shukuhi va salobati uni rom qilib qo‘yadi, shu taqlid ta’sirida hech bir tashqi kuchsiz kasal o‘zini muolajaga tayyorlaydi, bu muolajani osonlashtiradi.
Biz binoning ulkanligi, bahaybatligiga qarab hayratlanib turar, professor esa uning har bir qavatida joylashgan uskunalarning vazifasini tushuntirar, uning butun vujudi hozir nurli istiqbol bilan chulg‘angan, go‘yo o‘sha olis quyoshning yog‘dulari halitdan uning chehrasiga tushayotgandek edi.
— O‘ylaymanki, bu yerdan qutlug‘ niyatlar bilan chiqib ketmoqdasizlar, — dedi professor, bizni shifoxonaning torgina panjarali darvozasiga kuzatib chiqqach. — Ishni endi boshladik, katta muvaffaqiyatlar arafasida turibmiz. Bizning shifoxona davrimizning eng nodir va shavkatli voqeasi bo‘lib qoladi, bashariyat hali bizlardan ko‘p minnatdor bo‘ladi.
Biz bu bashoratga hech shubha qilmay professor bilan samimiy xayrlashdik, u to biz muyulishdan burilib ketgunimizcha izimizdan uzoq qo‘l silkib qoldi; biz hozir yuzini ko‘rmasak-da, uning hamon ehtiros bilan jilmayib turganini ich-ichimizda sezib turardik; biz o‘tib borayotgan kimsasiz xiyobonda shamol to‘zg‘oq xazonlarni to‘dalab yurardi. Minoradagi soat to‘xtab qolgan, vaqt qay mahal bo‘lgani bilinmasdi, negadir osmondagi haybatli bulutlarga qarab tezda jala quyib bersa kerak, bu oqshom juda ham chiroyli bo‘lib ketadi, deb o‘ylab borardik.
“Yoshlik” jurnali, 1989 yil, 9-son