Nazar Eshonqul. Haykal (hikoya)

Maqolalarda tilga olingan odamlarning o‘zlariga taqsimlansa ham yetmay qoladigan nusxada chop etiladigan nashrlarda o‘zi kabi unutishga mahkum etilgan tengdoshlaridan birontasining qachonlardir ko‘rilgan aloq-chaloq tushlari kabi dorilamon davrlarni qo‘msab aytilgan suhbatida yoki bugungi olatasir davrning shiddati ichida yo‘l chetida o‘tirgan tilanchichalik ham qadri qolmagan keksa va o‘zidek parti ketib, sharti qolgan, allaqachon maydonni tashlab ketgan, aqlu idrokning mag‘lubiyatini hamon tan olmay kelayotgan o‘jar san’atshunoslarning davrga bo‘lgan munosabati monand hafsalasizlik bilan yozilgan taqrizlarida nomi ko‘rinib qolmasa, o‘n-o‘n besh yildan beri daydi it ham ko‘chasidan o‘tmagan, o‘zining yulduzli pallasini kutaverib holdan toygan, zada va ozurda ko‘nglining qirlarida umidsizlik tutuni burqsib yotgan, na san’atdan, na davralardan, na zamondan topmagan hayotining mazmunini izlagandek keyingi yillarda kunlarini tog‘-toshlarda o‘tkazib yuradigan haykaltarosh N.ning omadi birdan kelib qoldi. Uning guruhiga birato‘la uchta haykal, haykal bo‘lganda ham el-yurtning g‘urur va faxriga aylanadigan uchta ulkan haykal yasashga buyurtma tushdi. Ancha yillardan beri ishi chappasiga ketib, bir paytlardagi shon-shuhrat dovrug‘i so‘na boshlagan, kuni o‘z otalarini sotib, martabalarini oshirib olgan, endi esa vijdon azoblaridan qutulish uchun uylarini bir chetiga padari buzrukvorlarining byustlarini o‘rnatib qo‘yadigan qurumsoq va kalondimog‘ boyvachchayu amaldorlarning sadaqalariga kun kechirayotgan bir paytda bunday muhim buyurtma topshirilishining o‘ziyoq qashshoqning xazina topib olishi bilan barobar edi. Mahkamada bo‘lib o‘tgan, bir haftaga cho‘zilgan turli darajadagi suhbatlardan so‘ng unga ishning ko‘lami va ahamiyati haqida batafsil izoh berishdi. Bu suhbatlarda buyurtma shaxsan rahbarning nazoratida ekani, aslida, bu haykallarni yaratish g‘oyasi ham rahbarning o‘zidan chiqqani, shu sababli ishga mas’uliyat bilan yondashish, ko‘rsatilgan muddatda ulgurish, haykalning har bir misqoligacha, hatto qahramonlar tirnoqlariyu qoshi kipriklarigacha rahbarning tasdig‘idan o‘tishi shartligi haqda qayta-qayta uqtirishardi. N. qo‘liga olgan uchta dastlabki chizmani – tarixiy milliy qahramon, buyuk olim va buyuk shoirning mutaxassislar tasdiqlab bergan o‘lchamlari aks etgan chizgilarini olgach, hayajonlanib ketdi. Axir u bu siymolarni ilgari ham bir necha marta o‘zi yasamoqchi bo‘lgan, ammo uning orzusi sahro qumlariga singib ketgan yoz yomg‘irlari kabi umrining sarhadlarida beiz, benishon g‘oyib bo‘lgandi: bu ulug‘vor va abadiylikka muhrlangan qiyofalarni yaratish uchun u umrining yarmini sarflab bo‘lgan, qolgan yarmida ham bu orzusi turgan cho‘qqiga chiqishi amrimahol edi. U orzusidagi haykallarni yasash uchun na mablag‘, na rag‘bat topoldi. O‘z xalqining tarix sahnasida abadiy muhrlanib qolishiga xizmat qilgan milliy qahramonlar haykallari o‘zga elatlarning katta-kichik shaharlarida ko‘rk berib turganini ko‘rgan kezlari «Nega bizning shunday haykalimiz yo‘q, shunday haykal yasash menga nasib qilarmikin?!» degan o‘y uning xayolidan yuzlab marta o‘tgan bo‘lsa ajab emas. Navqironlik paytida g‘ayrati ichiga sig‘may bu gapni hatto o‘zining juda martabali va boobro‘ keksa maslakdoshiga ham aytgandi. O‘shanda ustoz unga: «Qornim to‘yib yursin desang, bu fikrni miyangdan chiqar, undan ko‘ra, ana, qo‘llari qabargan paxtakor haykalini yarat, o‘sha ham milliy qahramon!» – deb tanbeh bergandi. U hammasiga qo‘l siltab, otasi kabi sangtaroshlik qilish uchun tog‘u toshlar kezib yurganda Yaratgan uning ko‘ngil ohini eshitdi – birdan mo‘jiza yuz berdi. Bu faqat o‘zining emas, shaxsan rahbarning orzusi, rahbarning topshirig‘i, davlat ahamiyatiga molik buyurtma edi! N. ana shundagina rostdan ham davr o‘zgarganini va o‘sha – ustozi bilan gaplashgan zamonlardan ancha ilgarilab, hatto ularning tushiga ham kirmaydigan emin-erkinlik, imkoniyatlar davriga yetib kelishganini his qildi. Qolaversa, butun dunyo bir-birini chuv tushirib, o‘zlarining ro‘zg‘or muammolariyu nafslari bilan ovora bo‘lib yotganda butun bir xalqning g‘ururi va faxri bo‘lgan uchta buyuk siymoning haykaliga buyurtma tushishi – bu jiddiy voqea, tarixiy hodisa deb baholasa ham bo‘lardi. Darvoqe, N. bilan mahkamada gaplashgan jikkakkina bir to‘rabachcha bu buyurtmani «tarixiy voqea» deb izohladi ham. To‘rabachcha N.ga haykalning o‘zidan ko‘ra buyurtmaning qanchalar muhim va nozik vazifa ekani haqida naq yarim soat tushuntirish berdi. «Rahbarning o‘zi bu uch siymo haykalini shaharlarimizga o‘rnatish orqali bir paytlar dunyo havas qilgan milliy g‘ururimiz va faxrimizni o‘zimizga qaytarib bermoqchi. Bu haykallarni ko‘rgan har bir fuqaro va shahrimizga kelgan mehmon bizning qanday xalqqa mansubligimizni his etib tursin. Haykal milliy qiyofamiz va ulug‘vorligimiz timsoli bo‘lib asrlar osha bizning buyuklik va qudratimizni ko‘z-ko‘z qilib turishi kerak. Siz haykallarda ana shu jihatlarni aks ettiring. Haykalni ko‘rgan har bir odamning ko‘nglida ana shu haykal orqali shahrimizga va o‘zligimizga bo‘lgan ehtirom paydo bo‘lsin! Siz haykal orqali buyuklikning va abadiylikning milliy qiyofasini yarating! Rahbar ana shunday ko‘rsatma berdi. «Buyuklikning milliy qiyofasini yaratsin», – dedi! Tushunyapsizmi?! Buyuklikning va milliylikning!» – dedi u bu so‘zlarga yana alohida urg‘u berib. Jikkak to‘ra ko‘rinishiga va bo‘yiga yarashmagan tarzda gapdon va notiq chiqib qoldi. U N.ga rahbarning ko‘rsatmasi va haykal yasash haqidagi g‘oyasining mohiyati haqida yana uzoq tushuntirish bermoqchi edi, ammo shu payt xonaga taroshlangan tarashaday ozg‘in yigit kirib, aftidan, jikkakdan ko‘ra ham yuqoriroq lavozimdagi amaldor N.ni xonasiga chaqirayotganini aytgachgina gapini to‘xtatdi. Uni boshqa bir xonaga olib kirishdi. Bu «arkoni davlat» ham xuddi jikkak kabi haykal haqida emas, ko‘proq haykal orqali aks ettirilishi kerak bo‘lgan xususiyatlar haqida gapirdi. «Siz faqat haykal emas, bu uch siymo orqali tafakkurimiz, ijodiy salohiyatimiz va qahramonligimizning qiyofasini yaratib berishingiz kerak. Bu qiyofalar mangulikning qiyofasiga aylanishi kerak! Bu rahbarning buyurtmasi ekanligini unutmang! Topshiriq shunday!» Mahkamadagi barcha suhbatlarda deyarli bir xil gap takrorlandi: bular shunchaki haykallar emas, xalqimiz qiyofasi, o‘zimizning qiyofamiz, milliy qiyofamiz. Haykal qanday bo‘lsa, bizning asl qiyofamiz, buyukligimizning qiyofasi ham shunday bo‘ladi. Bizni bilmaganlar haykalga qarab biz haqimizda tasavvurga ega bo‘lsin, haykalni ko‘rib qudratimizga tan bersin. Bu shaxsan rahbarning ko‘rsatmasi va hokazo… N. buyurtmaning ahmiyatini o‘zi bilsa ham va o‘ta mas’uliyat bilan ishlash talab qiliniayotganini tushunib tursa ham, bir haftacha turli doiradagi amaldorlarning bir xil va’zlariga chidashiga to‘g‘ri keldi. U bu gaplarni o‘zim ham bilaman, bu haykallarni xuddi sizlar aytganday yasash bir umrlik orzuim deb aytib yuborgisi kelar, ammo o‘n yillardan beri hatto ko‘chasidan ham o‘tmagan, bir paytlar o‘zi ko‘rgan amaldorlardan tubdan farq qiladigan boshqa toifadagi, yangi, sergap, hushyor va yana juda kibrli, izzattalab, nigohlari va nazarlari xuddi o‘tkir pichoqning tig‘iday «Kesaman!» deb turgan bu amaldorlarning g‘ashini keltirgisi kelmasdi. Aslida, buyuk olim va buyuk shoir, buyuk sarkardaning haykalini yasashni qaysi ijodkor orzu qilmaydi?! Omadning chopgani shuki, uchalasi ham o‘ziga, uning guruhiga topshirilyapti. Bo‘lmasa, haykaltarosh kammi? N. ilgarilari ham, yashirin bo‘lsa-da, ulug‘ shoir, milliy qahramon, daho olim yashagan davrni, ularning qiyofalari chizgilarini, o‘ziga xos belgilarini o‘sha davr miniatyuralari va tarixiy kitoblardan tasavvur qilib, ularning kichkina byustlarini yasab, qancha oshna-og‘aynisiga sovg‘a qilib yubormagandi – shu sababli ularning qiyofalariga qo‘li kelishib, ko‘zi o‘rganib qolgan. N. o‘zida yo‘q xursand edi. Mana, endi o‘zining kimligini, dohiyona iste’dod egasi ekanligini ko‘rsatib qo‘yadigan payt keldi.
Bu xabar faqat N.ga emas, barcha san’at ahli uchun xushxabar bo‘ldi. Rahbarning buyurtmasini unga rasman topshirishgan kuni ancha yillardan beri o‘zining na tirikligini, na o‘likligini bildirmagan, go‘yo uzlatga yashiringandek daraksiz ketgan, bir paytlar uning ruxsatisiz adabiyotga pashsha ham uchib kirolmagan keksa shoir sim qoqib qoldi. Keksa shoir keyingi yillardagi o‘zgarishlardan, ayniqsa, o‘ziga bo‘lgan yosh avlodning shartaki munosabatidan noroziligini shu yo‘l bilan bildirish uchun ham hech kim bilan gaplashmay va hech kimni qabul qilmay qo‘ygandi. Hamma narsaga qo‘l siltab, ijoddan ham, eski tanishlardan ham, matbuotu muxbirlardan ham qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga urgan shoir qanday qilib o‘ziga berilgan buyurtma haqida buncha tez eshitdi, N.ning aqli yetmadi. Shuning o‘ziyoq o‘zini uzlatga chekingan qilib ko‘rsatgan shoirning san’at olamida bo‘layotgan har bir xabar va voqeani zimdan sinchkovlik bilan kuzatib turganini bildirardi. Keksa shoir unga shunday mas’uliyatli vazifa topshirilgani bilan tabrikladi. Uning tovushi ancha xirillab, xuddi tobutdan chiqayotganday uzuq-yuluq va xira edi.
– Men bu xabardan xursandman, – dedi shoir. – Bu madaniy hayotimizdagi katta voqea. Anchadan beri millat tarixiga bunchalik katta e’tibor berilmagandi.
N. minnatdorlik bildirdi, keyin birdan shoirning bugungi kunda unutilib ketish arafasiga kelgan tarixiy asarlari esiga tushdi.
– Aytganday, menga sizning yordamingiz kerak. Men bu uchala qiyofa haqida aniq bir to‘xtamga kelishim uchun siz asarlaringizda foydalangan qo‘lyozmalarni ham bir ko‘zdan kechirsam degandim. – N. shoirning rozi bo‘lishiga umid ham qilmay tavakkal qildi. – Bir gaplashsak nima deysiz? Menga maslahatingiz juda zarur.
Shoir kutilmaganda rozi bo‘ldi. U ancha yillardan beri hatto eng yaqin shogirdlari bilan ham sim orqali gaplashardi.
– Kelishdik. Indinga kechga yaqin o‘tib kelavering. Ungacha tarixiy asarlardan ko‘chirmalar yozilgan daftarimni ham topib qo‘yaman.
N. xursand bo‘lib ketdi. Shu kuni ham, ertasiga ham uni olimlar, shoirlar, ijodkorlar, hamkasblari, rasssomlar bu sharafli vazifa va katta ishonch bilan muborakbod etishdi. Go‘yo butun mamlakatda bu haykallarni yasashdan muhimroq vazifa qolmaganday barcha ziyolilar faqat shu haqda gaplashishardi. N.ning oldiga universitet tarixchilari ham kelib ketishdi. Ular N.ga turli xil takliflarni va, tabiiyki, bu ulug‘ siymolarning tarixiy qiyofalari haqida o‘z bilganlarini gapirib, turli maslahatlar berishdi. Ular garchi o‘zlari o‘qigan tarixiy qo‘lyozmalaru asarlardan kelib chiqib turli qarashlarni taklif qilayotgan bo‘lishsa-da, ularning bu ulug‘ siymolar qiyofasi haqidagi fikrlari bir-biriga yaqin edi. Chunki tarixiy asarlarda ularning qiyofalari nisbatan kengroq tavsiflangan, shu sababli haykallar qiyofasini tarixiy qiyofalariga yaqin qilib yaratishda muammo kam bo‘lishi tayin edi. Shunday bo‘lsa-da, N. ularning asl qiyofalari haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘lishni istar, bu borada har qanday maslahatga jon deb quloq tutardi.
N. keksa shoirnikiga borganda unikida akademik va N. bilan doim raqobatlashib yuradigan haykaltarosh T. ham bor edi. Shoir N.ni ochiq chehra bilan kutib oldi. Akademik ham uning kaftini qaltirayotgan, xuddi o‘zi kabi mana to‘kilaman, ana to‘kilaman deb turgan qaltiroq qo‘llari bilan qisib, kuch-quvvat tilab qo‘ydi.
– Bu hayotimizdagi katta voqea, – dedi u. – Sizga olim va shoirning haykalini topshirishning o‘ziyoq yuz berajak katta o‘zgarishlardan mujda. Men bundan xursandman.
– Men ham shunga umid qilyapman. Milliy qahramonni qo‘ya turaylik, u yasalishi kerak edi. Ammo rahbar shoir va olimning haykalini shahar o‘rtasiga o‘rnatishni buyurdimi, demak, yaqin kunlarda ziyolilarga katta imtiyozlar beriladi, shu paytgacha bo‘lgan e’tiborsizlik va loqaydlik shu bilan yakun topsa kerak. Rahbar nihoyat o‘z xatosini tushungan, ijodkorlarsiz, olimlarsiz taraqqiyot bo‘lmaydi, – dedi keksa adib yoshlangan ko‘zlarini kir ro‘molchasiga artar ekan.
T. bunday katta mas’uliyatli ish aynan N.ga topshirilganidan hasadi kelayotganini yashirib o‘tirmadi.
– Shuning uchun ham sizlarga hamma gap haykalning qanday chiqishiga bog‘liq deyapman-da. Agar Xudo ko‘rsatmasin, ish pachava bo‘lsa, unda ijodkorlarga bo‘lgan munosabat yana yomonlashadi.
– N. buni eplaydi. Bunga imonim komil. Aytganday, guruhga kimlarni taklif qildingiz? – so‘radi shoir.
N. tuzgan va haykal yasashga jalb qilingan guruh a’zolarini sanab berdi.
Shoir bosh irg‘adi.
– Yaxshi. Iste’dodli odamlarni jalb qilibsiz.
T. birdan norozilik bildirdi.
– N.ni guruhga olmaslik kerak edi. U iste’dodli bo‘lgani bilan, mas’uliyatsiz. Ishni rasvo qiladi. Uning ichmagan kunini qo‘ya turaylik, soati ham yo‘q.
– N.ga katta vazifa yuklatilmaydi. U eskizlar bilan haykalning muqoyasasiga javobgar. U boshqalar ko‘rmagan jihatlarni tez ilg‘agani uchun ham guruhga taklif qildim, – dedi N.
– Endi bor umidimiz sizdan, – dedi akademik. – Agar buyurtma ko‘ngildagiday bajarilsa, ziyolilarning ham yelkasiga oftob tegib qolardi. Ehtimol, rahbar madaniyat va fanda bo‘ladigan islohotlarni aynan shu haykallarni tiklash bilan boshlab bermoqchidir.
– Men ham shunga umid qilyapman, – dedi shoir. – Olim bilan shoirning haykali san’at va ilm-fanning qadrini yana bir karra ko‘taradi.
– To‘g‘ri, – dedi akademik. – Men ko‘pdan beri bolalarimizga ko‘rsatadigan milliy qahramonlarimizning aniq qiyofalari yo‘qligidan tashvishga tushib kelardim. Hozirgi zamon bolalari o‘zimizning qahramonlarimizni tasavvur ham qilisholmaydi.
– Ular qayerdan bilsin? Axir qahramonlarimiz haqida na film bor, na surat, na haykal bor! Bunday o‘qisang, bahri diling ochiladigan kitob ham yo‘q. – T. shu gapi bilan qovun tushirganini sezib qoldi. Shoirning milliy qahramon, uning avlodlari haqida bir necha tarixiy asarlari borligi esiga tushdimi, birdan gapni burdi. – Borini ham bosib chiqarishmaydi. Bolalarga o‘z qahramonlarimizni yaratib berishimiz kerak.
T.ning gapidan og‘rindimi yoki uning «Bosib chiqarishmayapti» degan gapidan so‘ng esiga tushdimi, shoir imillab o‘rnidan turib, mador ketgan oyoqlarini zo‘rg‘a sudrab, javondan qalin eski daftar olib kelib, N.ga uzatdi.
– Mana sizga aytgan daftarim. Bu yerda yigirmaga yaqin tarixiy asarlardan aynan siz yasamoqchi bo‘lgan tarixiy shaxslarning qiyofalari haqida ma’lumotlar ko‘chirilgan. Sizga yordam beradi deb o‘ylayman.
N. daftarni olar ekan, adib bir muddat daftarni bergisi kelmay ushlab qolganini sezdi. Adib daftarga qarab turar, qo‘llari qaltirardi. U shu turishida bu daftarga yozilgan ma’lumotlar orqali har biri adabiyotda voqea sifatida qarshi olingan o‘ndan ziyod asar yozgani, bu asarlar bugun unutilish arafasiga kelganidan ko‘ngli to‘lib ketganini qanday yashirishni bilmay daftarga qarab turardi.
– O‘qib bo‘lgach, qaytararsiz, – dedi shoir nihoyat o‘zini tutib olib. Keyin joyiga borib o‘tirdi. Ko‘zlarini yana o‘sha kir ro‘molcha bilan artdi.
N. nega shoir aynan kir ro‘molchaga ko‘zlarini artayotganini tushunmadi. Yangisini olmagan taqdirda ham yuvdirib olishi mumkin edi-ku. Shoirning aynan kir ro‘molcha bilan o‘tirishida bir ma’no sezdi. Bu bilan «Mana, meni nimaga aylantirishdi, kunim shunga qoldi!» degan iddao ham bor edi.
– Aytganday, bu uchala haykalni qaysi maydonlarga o‘rnatishar ekan? – savol berdi akademik. – Shahrimizda uchta xiyobon bor. Balki, shu joylarga mo‘ljallashayotgandir?
– Yo‘q, menga tushuntirishlaricha, uchala haykal ham bir joyda, shahrimizning bosh maydoniga o‘rnatiladi, – dedi N. – Uchalasini bir yaxlit asar sifatida, ya’ni xuddi suhbatlashib turgandek ishlash topshirilgan. Shahardagi eng haybatli haykal bo‘lsin, uzoqlardan ko‘rinib tursin, shahrimizga kelayotganlar dastavval ana shu haykallarga ko‘zi tushsin deyishyapti.
– O‘hho‘, – dedi T. havasi kelib, hasad bilan bosh chayqab qo‘ydi.
– Unda yaxshi, – dedi akademik. Keyin shoirga yuzlandi. – Ma’qul yo‘l tanlashibdi. Uchalasi bir joyda bo‘lsa, shunga yarasha mahobat bo‘ladi. Millatning uch ustuni bir joyda turadi. Bu dono tashabbus.
Birdan shoir qihqihlab, istehzo ohangida kulib yubordi. Kularkan, hadeb kir ro‘molchada ko‘zidagi yoshni artardi.
– Mana… axiri shu xulosaga kelishibdi-da.
O‘tirganlardan hech kim bu istehzoli qihqihning ma’nosini tushunmadi.
– Juda ajoyib bo‘libdi… – dedi jiddiylashib shoir. – Aql, ijod va kuch bir joyga yig‘ilibdi. Ular nihoyat buni anglashibdi. Aslida, har qanday tamaddunning asoslari shular. Men ularga necha marta aytdim, shaxsan rahbarga yozib yubordim ham kuch, aql, ijod ahli birlashib ishlaylik deb. Men hatto o‘sha xatlarim rahbarga yetib borganiga ham ishonmayman. – Keyin yoyilib kuldi. – Mana, endi anglab yetishibdi. To‘g‘ri, bu uchalasini bir joyga o‘rnatish kerak: kuch, aql, ijod – bu bizning qudratimiz timsollari.
T. bu gaplardan besaranjom bo‘lib, barmoqlarini asabiy qarsillatib o‘tirardi. Shoir N.ga choy quyib uzatdi.
– Menga qarang, siz shoir qiyofasini ko‘proq «Tavorixi axloq» asariga tayanib yarating. U yerda aniqroq yozilgan.
– Xo‘p, – dedi N. – «Tavorixi axloq»ni kutubxonaga buyurtma berib qo‘ydim. U yerdan ko‘chirib olaman. Bundan tashqari, men qo‘lidagi aso haqida ham ma’lumot to‘plashim kerak.
– Aso?! – ajablandi shoir. Akademik ham, T. ham hushyor tortishdi. –Qanaqa aso?!
– Shoirning pirlik asosi, – N. buyurtma haqida gap bo‘lganidan beri o‘zi xayolida pishitib yurgan gaplarni shoshib ayta boshladi. – Men qo‘lida aso ushlab turgan holatda tasavvur qilyapman. Asosining bosh qismi qubbali bo‘ladi. Xuddi globusga o‘xshab. Qubba ustida yarim oy shakli beriladi. Asoning o‘zi esa oq bilan sariq rang qorishmasida yaratiladi. Shoir go‘yo nurni, ziyoni ushlab turgan, nur ustida yer yuzi va koinot jamuljam bo‘lganday manzara paydo bo‘ladi. Sarkardaning qo‘lida qalqon bo‘ladi.
– Faqat qalqonmi? – shoshib so‘radi T. U N.ning har bir gapidan ayb izlayotganday va bu aybni to‘satdan topganday zaharxanalik bilan gapirdi. –U axir umr bo‘yi qilich taqib yurgan. Zo‘r qilichboz bo‘lgan.
– Bilaman, – dedi N.uning gap ohangiga e’tibor bermay – Qilichining dastasi ko‘rinadi. Qalqon «Biz el-yurtni himoya qilamiz, kim unga daxl qilsa, qilichimiz ham bor» degan ma’noda bir qo‘li qilich sopida turadi.
Shoir N.ga qarab jim qoldi. U N. haykallar orqali tasavvur qilayotgan ma’noni anglamoqchiday og‘zini ochdi. Keyin bosh irg‘adi.
– Yaxshi o‘ylabsiz, – dedi. – Agar maslahat kerak bo‘lsa, tortinmay kelavering, jon deb yordam beraman.
– Albatta, – dedi akademik ham. – Bu endi faqat sizning ishingiz emas. Bu barcha ziyolilarning ishi. Haykallarning muvvafiqiyatli chiqishi ziyolilarning yelkasiga oftob tegishini bildiradi. Bu ishga hammamiz mas’ulmiz. Olimlar ham sizga yordam berishga tayyor.
N. ertasiga kutubxonaga bordi. U yerdan «Tavorixi axloq» bilan birga o‘zi bir paytlar o‘qigan kitoblarni olib, uchta tarixiy shaxsning qiyofasi haqidagi ma’lumotlarni ko‘chirib oldi. Keyin haykalga ulug‘vorlik bag‘ishlash uchun bir necha kun dunyoning mashhur haykallari suratlarini, ularning yaratilish tarixini, shunday haykallar yaratgan haykaltaroshlarning ijodiy xotira va laboratoriyalarini sinchiklab o‘rgandi. Guruh ro‘yxatini yana qaytadan tuzdi, unga taniqli, o‘z ishining ustasi bo‘lgan eng iste’dodli haykaltaroshlarni jalb qildi. Bu guruh bilan belgilangan muddatda haykallarni yaratib ulgurishiga endi sira shubha qilmasdi.
Ammo u olimlar va kitoblar orqali bir to‘xtamga kelgan uchala haykal eskizi tasdig‘i negadir cho‘zilib borardi. U haykal qiyofalari eskizini necha marta rahbarga kiritgan bo‘lsa, shuncha marta qiyofalar ustiga qizil qalam tortilgan javob kelardi. Bu chiziqlar qiyofa rahbarga yoqmaganini bildirardi. N. o‘z guruhini yanayam ko‘proq ma’lumot to‘plashga jalb qildi. O‘sha oltin silsilali, milliy g‘urur, tafakkur va salohiyat uyg‘ongan davrga oid barcha xotiralar, xatlar, esdaliklar, shuningdek, kiyim, soqol qo‘yish udumlari o‘rganib chiqildi. Ana shular asosida yana eskiz tayyorlandi. Bu gal u xotirjam edi. U bor imkoniyatni ishga solib, ma’lumotlarni eng mayda tafsilotlarigacha o‘rganib chiqqandi, uch qahramonning tarixiy qiyofalarini deyarli to‘liq tiklab bo‘lgandi. N. eskizlarni tarixchi olimlarga, so‘ng tarixiy mavzuda ijod qiladigan rassomlarga ko‘rsatib oldi: ularning maslahati bilan ba’zi tuzatishlarni amalga oshirdi. Keyin ham fotiha olish, ham yana bir karra fikrlashish uchun keksa shoirga olib bordi. Orada o‘tgan ikki oy ichida shoir o‘zini ancha oldirib qo‘ygandi. U eskizlardagi qiyofalarga bandi sinib tushgan ko‘zoynagi bilan uzoq razm soldi.
– Buni qarang-a, – dedi u nihoyat eskizlarga tikilganiga ham holdan toyib qolganini yashirmay hansirar ekan. – Menga yoqdi. Hamma narsa hisobga olingan. Ularning qiyofasi aynan shunday bo‘lganiga aminman. Sizni tanlab adashishmabdi. Qiyofalar ham milliy, ham ulug‘vor. Faxrlansak arziydi.
N.ga maqtov yoqsa ham, o‘zini kamtar tutdi.
– Uch marta qaytarishdi, – dedi u noligannamo ohangda. – Hech qaysi qiyofa rahbarga yoqmabdi. Nima istayotganini ochiq aytmaydi, qizil chiziq tortib beradi. Bu qiyofa ma’qul emas degani ekan…
Shoir unga dalda bergan bo‘ldi:
– Endi rahbarni ham tushunish kerak. Axir, u milliy qahramonlar qiyofasi yaratilishini istayapti. Bu oson emas. Bu qiyofalarga boshqa millatlarning ham havasi kelishi kerak. Shuning uchun qaytargan. Bunisi a’lo darajada. Husn ham, viqor ham, qarashlaru kiyimlar ham joyida. Hammasi joyida. Bunisini qaytarishmaydi.
– Aytganingiz kelsin! – dedi N. xuddi eskizi tasdiqdan allaqachon o‘tgandek.
Eskizlarni idoraga N.ning o‘zi olib borib berdi. O‘z ishidan ko‘ngli to‘q qaytib, shu kuni buyurtma olganidan beri birinchi marta mayllariga erkinlik berdi: loylardan turli qiyofalar yasab, xayoliga kelgan ish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Oilasi bilan bog‘ aylandi, ularni buyurtma hisobidan olgan qarzlari evaziga shahar aylantirdi, eng sara yemakxonalarga olib kirdi. Uning kayfiyati chog‘, qushday yengil, loyihani o‘z muddatida bajarishga kuch-quvvati yetarli edi. Oradan ikki kun o‘tgach unga qo‘ng‘iroq qilishib, madaniyat bo‘limiga tez yetib kelishini aytishdi. Telefondagi ovoz sovuq va andak norozi ohangda edi. Idorada N.ni yana o‘sha jikkak to‘rabachcha kutib turardi. N. buyurtma olayotganda ancha qolib ketgan xonaga kirganda jikkak amaldor stoli atrofida asabiy yurardi. N.ni ko‘rib, bir nafas norozi bo‘lib tikilib turdi. Ko‘zlarida «Nima qilib qo‘yganingizni bilasizmi?» degan ifoda aks etardi. N. uning qarashidan bu gal ham eskizi tasdiqlanmaganini his qildi. Birdan hafsalasi pir bo‘ldi. «O‘zi bular nima istashyapti? Haykalmi yoki biron farishtaning qiyofasinimi?!» U oxirgi eskizning hech bir e’tirozsiz qabul qilinishiga ishongandi. Shuning uchun amaldor ishora qilmasa ham, kelib, kursiga o‘tirdi va: «Qani, gapir-chi, nima karomat ko‘rsatasan?» – deganday boshini egib oldi. Amaldor zarda bilan o‘zini kursisiga tashladi. Stolga eskizlarni «tars» etib qo‘ydi. Eskizlar qizil bilan qalin qilib chizib, keyin undov belgisi qo‘yilgandi.
– Mana… – dedi amaldor xuddi xo‘rligi kelgandek tovushi titrab. – Oling bu lash-lushlaringizni…
Bu safar N. o‘zini tutib turolmadi. U ikki oy rahbarlarning ra’yi va qovog‘iga qarab, ularning ko‘nglini olaman deb tirishib asablari bo‘shashib qolgan edi.
– Bu lash-lushlar emas… San’at asarining eskizlari.
Amaldor uning jizzakiligiga e’tibor bermadi. U N. bilan gaplashishdan oldin uning fe’l-atvorini yaxshilab o‘rganib chiqqani ko‘rinib turardi. U N.ning har qanday e’tirozi, hatto baqir-chaqiriga ham tayyor turaradi.
– Biz sizga ishongandik, – dedi u xuddi ayni vaziyatda N.ning o‘zini aybdor qilishni zimmasiga olgan tergovchidek o‘smoqchilab. – Ammo siz uni suiiste’mol qildingiz. Eskizingiz tasdiqlanmadi. Rahbarning hatto g‘azabi qo‘zib ketdi. «Nima, shuni ham men chizib berishim kerakmi?! Shu basharalarni dunyoga ibrat qilib ko‘rsatamizmi?! O‘n marta qaytardim bu eskizlarni. Ammo hali ham maqsad va mohiyatni anglamadi bu haykaltaroshlaring. Ularga ishonib bo‘ladimi?!» – dedi. Juda qattiq norozi bo‘ldi.
– Men bu qiyofalarni tarixiy xotiralar va asarlar asosida yaratganman, – dedi N. o‘ziga qilinayotgan muomaladan jahli chiqib. – Bu qiyofalarni tarixchi olimlar, rassomlar ham tasdiqlashgan. Eskiz oxirida ularning xulosalari ilova qilingan.
– Ko‘rdik… ular ham masalaning qanchalik muhimligini, ham xalqaro miqyosda, ham milliy miqyosda… tasavvur qilishmagan, – amaldor nimanidir aytishga qiynalayotganday yoki gapni nimadan boshlashni bilmayotganday edi. – Rahbar esa qandaydir shubhali xotiralarga emas, masalaning ana shu jihatlariga e’tibor beradi.
– Xotiralar shubhali emas… – N. o‘zining noroziligini bildirmoqchi bo‘lib og‘iz juftladi. Ammo bu gaplar behuda ekanini tushundi. Amaldor uning e’tirozini eshitishi bilan xuddi tipratikanga o‘xshab birdan hurpayib oldi. Rahbar «shubhali» dedimi, demak, har qanday tarixiy asar, hatto o‘sha tarixning o‘zi ham shubhali ekaniga shubha qolmaydi. Uning bu e’tirozi amaldorni hushyor torttirdi. Shu paytgacha ikkilanib, qiynalib turgan ichidagi gapni aytishning payti kelganini, shu bilan mabodo uni devordagi quloq orqali eshitib turishgan bo‘lsa, rahbarga bo‘lgan hurmatsizlikka vaqtida keskin javob qilgan bo‘lishini tushundi. Endi cho‘zib o‘tirmadi. Maqsadga ko‘chib qo‘ya qoldi:
– Shuning uchun biz sizni guruhdan chetlatdik. Rahbarning sizga bo‘lgan ishonchi so‘ndi. Siz haqingizda eshitishni ham istamayapti. Shu sababli loyihadan chetlatildingiz…
N.ning qayeridir og‘rib ketdi. Ammo o‘zini tezda tutib oldi. U irodali, qat’iyatli odam edi. Buyurtmasiz va loyihasiz ham hayot va san’at davom etishini yaxshi bilardi. Istehzoli jilmaydi, qo‘llari bilan o‘siq sochlarini taradi. U negadir ich-ichida bu loyiha menga yanglishib topshirildi, qandaydir chalkashlik bor, bunaqa davlat miqyosidagi yuksak ahamiyatga molik loyihalarni menga ishonishmaydi, bir kuni baribir hushyor tortishib qaytarib olishadi deb o‘zini ishontirib yurardi. Mana, o‘sha vaqt keldi. U amaldorni ajablantirib bu xabardan ajablanmadi. Aslida ham u xonaga kirib, stol ustida qizil chiziq tortilgan eskizlarni ko‘rgandayoq bu loyihadan chetga chiqishni istab qolgandi. Hammasi xamirdan qil sug‘urgandek yuz berdi.
– Yaxshi, – dedi N. – Unda men bo‘sh bo‘lsam kerak.
– Boshqa biron loyiha chiqsa, albatta, sizni taklif qilamiz, – amaldor ham undan qutulganiga shukr qilgandek va birato‘la vijdonini ham tozalab olmoqchidek hamdardlik bildirgan bo‘ldi.
– Bunaqa loyihalar o‘zlariga buyursin! – dedi N. har doimgiday uni mashhur qilgan qo‘rs va qo‘pol tabiatiga qaytib. U shu loyihani deb fe’l-atvoriga zid ravishda jini suymagan qanchadan-qancha amaldoru haykaltaroshlar, adibu rassomlar bilan tilini tishlab muomala qilib yurgandi. Endi unga bu qobiqdan chiqishga hech narsa to‘sqinlik qilmaydi. Shuning uchun qichigan tilini tiyishni ham istmadi.
– Mabodo o‘zlariga qabrusti byustini buyurtma berishni istasalar jon-jon derdim…
Amaldorning yuzi gezarib ketdi. N. amaldor stolning bir chetida turgan kuldonni o‘zi tomon tortganini eshik tomon burilayotib ko‘rdi. Eshik bilan yuzma-yuz holatda birpas tik qotdi. U kuldon qaysi tarafdan uchib keladi, o‘ngdanmi, chapdanmi, qay tarafga qarab chap beradi, hammasini soniyalarda hisoblab, otilgan jismning shuvillagan ovozini ilg‘ashga o‘zini tayyorladi. Ammo u kutgan shuvillagan tovush o‘rniga gugurtning «chirq» etgan sasi keldi va xonani tamaki hidi tutdi. Amaldor kuldonni otganda N. uni, ehtimol, hurmat qilgan bo‘lardi. Hozir esa bor hurmati ham yo‘qoldi. U: «Otolmadi, otsa, amaldor bo‘lmasdi», – deb o‘yladi. Bu paytda eshik butun binoni larzaga solib izidan qarsillab yopildi. N. qabulxonadan chiqar ekan, eshikda qo‘ltig‘iga bir o‘ram qog‘oz ko‘tarib olgan po‘rim kiyingan T. bilan yuzma-yuz keldi. Bir soniya ikkalasi bir-biriga xuddi ikkita och sherdek tikilib turib qolishdi. N. hammasini tushundi va indamay o‘tib ketdi
N. avvalgiday hammasiga qo‘l siltab toqqa chiqib ketdi. U yelkasida asbob-uskunasi solingan xaltacha bilan xuddi sangtarosh otasi kabi mangu va abadiy qotgan ulkan toshlar oralab yurar, ulardan ko‘ngliga yoqqanini olib, haftalab yo‘nar, qirtishlar, shakl berar, ko‘nglining ayni paytdagi holatlarini va suratlarini oftobda chirsillab yotgan xarsanglarga o‘yardi. Bu shakllarga qarab turib birontasida yarq etgan tik odam shaklini ko‘rish qiyin edi: yiqilgan, surilgan, toyg‘angan, og‘ir va beadad musibatdan qaddini eggan, xuddi ko‘tarishga uyalgandek boshini oyoqlari orasiga tiqib olgan, tizzalab o‘tirgancha osmonga ko‘z tikkan, og‘ir gunohlariga ajr istab sajda qilayotgan, qo‘llari ko‘kka cho‘zilgan odamlar shaklini eslatadigan haykal – toshlarga to‘la edi. Agar tun sokinligida quloq tutilsa, ingroq va uvvoslar kelardi bu toshlardan: ularning hammasi xayolning, muztar va mazlum ko‘ngilning zuhurotiga, taxayyulning uchi-quyrug‘i yo‘q, shamoyilini tutib bo‘lmas manzaralariga o‘xshardi. N. umrining olti oyini mana shu daraga bag‘ishladi, bu yerda o‘zining hovurini bosib oldi, olti oylik umri, kechinmalari, hissiyotlari toshlarga ko‘chib, abadiy bitiklar shaklini oldi. Har qalay, bu yerda u erkin ishladi, o‘z bilganini, tasavvur qilganini, anglaganini, xayoliga kelganini yaratdi. U eskizlaridagi siymolarni ana shu toshlarning siyratiga singdirib yubordi. Agar osmon ko‘zi bilan qaralsa, u bu toshlarga hayot, umr, jamiyat va insoniyat haqida butun mehrini, mahoratini, bilimini berib ishlagan eskizlarini xuddi yuzini, hayotini, ishonch-e’tiqodini tilimlagandek qizil qalam bilan chizib tashlagan zamona haqida nimalar yozganini, nimalar deganini bilib olgan bo‘lardi. Ammo bu anglash jarayoni ham tog‘lar kabi mangulikka muhrlandi. Daradan chiqib ketar ekan, iziga, o‘zining olti oylik xayollari mozoriga aylangan toshlarga so‘nggi marta qaradi. «Ehtimol, bu xarsanglar xuddi menga o‘xshagan va qachonlardir yashagan yolg‘iz haykaltaroshning asarlari bo‘lgandir va men uni yana odatdagiday buzib qo‘ydim» degan g‘ashlik o‘tdi xayolidan. Qachonlardir abadiylikning narigi chekkasidan xuddi o‘ziga o‘xshash yana bir haykaltarosh chiqib, ishlov bermaguncha bu xarsanglar abadiylik elchilari bo‘lib shu yerda yotaveradi. Bu mangu toshlarga bitilgan qismat va hikmatni hech kim o‘qiy olmaydi, uni o‘qiydigan shaxs kelganda esa bu dunyoda uning xokining changi ham qolmagan bo‘ladi.
N. shaharga kuzning o‘rtalarida qaytdi. Yo‘l ulovida kelar ekan, uzoq masofadan shahardan ham oldin ko‘rinib turgan uchta baland tog‘day ulkan ko‘lankaga ko‘zi tushdi. Ko‘lankalar asta-sekin shakl olib, shaharga yaqinlashgan sayin bahaybat odamlar shakliga kirdi. N. shaharga kirganda bu shakllar haykal ekanini angladi. «Axiyri o‘rnatishibdi-da», – deb o‘yladi u alam bilan. Bu haykallar qiyofasida o‘ziga mag‘lubiyati va omadsizligi tikilib turgandek his qildi. Ularga qaramaslikka tirishdi. Ammo saldan so‘ng u ichidagi g‘urur va shaxsiyatini yengishga qurb, qudrat topdi. Chuqur nafas oldi. Nima bo‘lganda ham, u umr bo‘yi o‘z ona shahrida o‘rnatilishini orzu qilgan buyuk millatdoshlarining haykali o‘rnatilgan. Shuning o‘zi ulug‘ hodisa. U o‘zini tutib oldi. Shaharning bir chetidan haykallarni tomosha qila boshladi. «Kim yasagan bo‘lishidan qat’i nazar, baribir o‘rnatib yaxshi qilishibdi» degan mamnuniyat chirog‘i uning olti oylik xira ko‘nglini yoritdi. «Kim yaratganining qizig‘i yo‘q. Muhimi o‘rnatilgani!». Haykallar rostdanam butun shaharga ko‘rk va mahobat berib turardi. Bir hisobi, shu yerdan uyiga jo‘nab ketmoqchi bo‘ldi. Ammo qiziqishi ustun chiqdi. Oyog‘i beixtiyor markaziy ko‘chaga qarab tortib ketayotganini sezgach, o‘zi ham o‘sha tomonga yo‘l oldi. Uni bu haykallarda men bilmagan va anglamagan nima bor ediki, bu ishdan meni chetlatishdi degan qiziqish ham boshlab ketayotgandi. Nima bor ediki, u o‘sha narsani ko‘rolmadi va yarata olmadi? Nima edi o‘sha?! Umri bo‘yi o‘zini barcha zamondosh haykaltaroshlardan ham mahorat, ham iste’dod, ham did masalasida ustun sezib yurardi. Ammo o‘sha did va saviya qayerda unga pand berdi? Hozir hammasi ma’lum bo‘ladi, o‘zining va umrining yangi xulosasi bilan yuzma-yuz keladi. Ehtimol, uning butun umri ana shunday besamar mag‘lubiyatdan iborat bo‘lgandir va u buni haligacha tan olmay yashab kelayotgandir. Aslida, u haykaltarosh emas, tog‘u daralarda daydishni yaxshi ko‘radigan oddiy cho‘pon bo‘lishi kerak bo‘lgandir-u, hayotining o‘zani adashib, haykaltaroshlik tomon burilib ketib, shundan beri bu o‘radan chiqolmay, tirmashib-tamshanib, adashib kelayotgandir… N. ayni paytda mag‘lubiyatini ham, umrining besamar o‘tganini ham, o‘zining arzimas haykaltarosh ekanini ham tan olishga tayyor edi. U borayotgan ko‘cha haykallarning orqa tomonidan chiqib qoldi. Yaqinlashgan sayin haykallar yanada ulkanlashdi, tog‘day yuksaldi. Cho‘qqiday qad kerib turgan haykallarning bosh qismiga qarayman deb yiqilib tushayozdi. Haykallar rostdanam sirli va ulug‘vor qiyofa kasb etgandi. Ular xirqa, sovut va uzun rido kiygan holda tasvirlangandi. Axir, bu uning g‘oyasi edi-ku… Bu kiyimlar, gardishdagi naqshlar, hammasi uning eskizida qanday bo‘lsa, o‘sha holatda tasvirlangandi. Rido va xirqaning etak qismini shamol bir oz ko‘tarib, hilpiratib turibdi. Bir-biriga yelka tutib turishlari, butun millatni baloyu ofatdan asrayotgandek tasvirlangan qalqon va qilichga uzalgan qo‘l. Hatto aso ham… N.da o‘zining yo‘qligida eskizini tasdiqlashgandek, o‘sha eskizlar asosida haykal yaratilgandek taassurot paydo bo‘lib, yuragi hayajondan gupillab ketdi. N. shoshib old tomonga aylanib o‘tdi. U adashmagandi. Bu haykallar N. olti oy ilgari eng mayda ikir-chikirigacha chizib chiqqan eskiz asosida yaratilgandi. Bunga shubha yo‘q edi. Olimning olis osmonga tikilgan nigohi va falak sari cho‘zilgan qo‘li, shoirning asosidagi globus shaklidagi yarim oy tushirilgan gumbaz. Bugun unutilib ketgan, ammo N.ga keksa libos ustasi aytgan movut to‘nlarning va allomalar xirqasining ko‘tarma yoqasi. Sarkardani jang maydonida uchratib, nafisligi va pishiqligidan g‘oyatda hayratga tushgan hamda bunaqa yengil va qulay jang anjomlari hali o‘zlarining mamlakatida ishlab chiqilmagani haqida katta risola yozgan elchining xotirasi orqali qayta tiklangan mayda halqali sovut… Ha, sovutning yengil va mustahkam metaldan olinganini, o‘ta mayda halqadan iborat bo‘lganini N. o‘sha elchining hali tarjima qilinmagan xotirasidan atayin ona tiliga o‘girtirib, bilib olgandi. Buni N.dan boshqa birontasi bilishi mumkin emasdi. Ulug‘vorlik va salobat berish uchun qahramonlar yelkalarini atayin tik holda bo‘rttirib tasvirlagan edi. Bu holatlarning hammasi uning eskizida qanday bo‘lsa shunday va uchala haykal ham eskizida qanday joylashgan bo‘lsa shunday, ya’ni buyuk kuchni aql va ijod o‘rab turadi, buyuk olim va buyuk shoir ikki chetda, buyuk sarkarda o‘rtada – o‘zaro uyg‘un, yakdil ko‘rinishda edi. Nahotki T. uning eskizini o‘g‘irlab olib olgan bo‘lsa? Ammo bu eskizlar uniki ekanini rahbar ham, boshqa haykaltaroshlar ham, amaldorlar ham bilishardi-ku. Demak, yo‘qligida uning eskizlari tasdiqlanib, o‘sha asosida haykallar yaratilibdi-da. N. xuddi onasini topib olgan yosh boladay atrofdagilarni ajablantirib haykalning har qarichini sinchiklab tekshirar, u yerdan o‘zini izlardi. Shubha yo‘q edi, bu uning eskizlari asosida yaratilgan haykallar! Unda nega ishlash uchun uning o‘ziga ruxsat berishmadi? Nega buyurtmani undan olib qo‘yishdi? N. xuddi savoliga javob borday haykallarning yuziga va ko‘zlariga tikildi. Tikildiyu toshday qotib qoldi. Ulkan yonog‘u qoboqlarda hatto toshpichoqning izigacha, qirilgan joylarigacha unga yaqqol ko‘rinib turardi. Yuzni negadir o‘ta silliqlashtirish uchun rosa ishlov berishgandi. Bo‘yashgan, keyin zarhal rang berishgan. Xuddi oltinday tovlanib, ko‘zbo‘yamachiliklari bilinmasligi uchun. Lekin qirish va yo‘nish ishlaridagi ko‘zbo‘yamachilikni N. darrov angladi. Bu T.ga xos uslub edi. O‘zining ko‘zbo‘yamachiligini hamisha ranglar va zarhal hil bilan yashirishga urinardi u. N.ni bu ko‘zbo‘yamachilik hayratga solgani yo‘q edi. Uni uchta qahramonning qiyofasi hayratga solgandi. Uchta qiyofa bir-biriga juda o‘xshash edi: milliy qahramonning ham, ulug‘ shoir va olimning ham yuzi bir xil edi. Go‘yo ular xuddi egizakday, ustlaridagi kiyimlari va tashqi unsurlarini hisobga olmasa, bir xil qiyofada tasvirlangandi. N. hech narsaga tushunmay qiyofalarga qayta-qayta qarar, uzoqlashib, yaqinlashib tikilar, adashmadimmikin deb ko‘zlarini ochib-yumardi. Yo‘q. U adashmayotgan edi. Uchta haykal bir xil qiyofada edi. N. shu yerda ham hammani laqillatgani uchun ichida T.ni bo‘ralab so‘kdi. Nahotki shuni boshqalar payqashmagan bo‘lsa?! Bu so‘qirga ham ko‘rinib turibdi-ku. U yon tomondan qiyofalarga boqarkan, birdan titrab ketdi. Shu turishda qiyofalarga uzoq tikilib qoldi. Tikilarkan, bexosdan nimanidir angladi. Ko‘ngli nimanidir sezdi. Ko‘zlarini yana ochib-yumdi va shubhasini yo‘qqa chiqarish uchun yo‘lning narigi tarafidagi katta binoning old tarafiga osib qo‘yilgan, naq ikki qavatni egallagan, «Hali ham tirikmisizlar?!» degandek ko‘zlarini lo‘q qilib turgan rahbarning suratiga qaradi… keyin yana haykallar – buyuk siymolarga tikildi. Yana suratga. Qaradiyu hammasini – eskizlari nega tasdiqlanmaganini, nega haykallar bir xil qiyofada ekanini, nega u eskizlarini tasdiqlatolmay ovorayu sarson bo‘lib idorama-idora yugurganini, rahbarning nega norozi bo‘lganini, eskizlarni o‘n martalab besabab qaytarganining sababini tushundi. Haykallarning qiyofasi hammasini gapirib turardi. Hammasi tushunarli edi. Haykaldagi uch siymoda ham rahbarning qiyofasi, qoshu ko‘zi, hatto har ko‘rganda, suratiga qaraganda N.ni hayratga soladigan ikki xil burun teshigi ham aslidagiday edi. Uchta haykal qiyofasida unga rahbar boqib turardi…

2010 yil