I
Ayagan ko‘zga cho‘p tushar deganlariday, qo‘yarga joy topmay, yeru ko‘kka ishonmay yurgan kelinidan tug‘ilgan mushuk bolasiday bir hovuch bo‘lib yotgan nabirasiga mulla Rahmon katta umidlar bilan qo‘ygan tuppa-tuzuk «Boyqul» ismi o‘rniga teng-to‘shi, uyli-joyli bo‘lib ketsa ham, to‘qayda yosh bolalar bilan «zuvilloq» o‘ynab yurgan, «yigit» deyishsa, ona suti og‘zidan ketmagan go‘dakka, «bola» deyishsa, bir ro‘zg‘orga qora bo‘ladigan yoshga yetgan, qoqsuyak yuzi, hozir yig‘lab yuboradiganday hamisha yoshga to‘lib turadigan ko‘zlari, chala tug‘ilganini haligacha ko‘z-ko‘z qilayotgan sunu sumbatida noqislik seziladigan, xudo aqldan ham, bo‘ydan ham, bu paytda do‘rillay boshlashi kerak bo‘lgan ovozdan ham qisgan qishloqdoshlariga Panji muallim topib bergan «Sancho» ismi butun qishloqdagi yoshu qarining qulog‘iga og‘ir xarsangday singib qoldiki, bu laqabni keyinchalik xotini ham, izma-iz tug‘ilib, qishloqning old yigitlariga aylangan o‘g‘illari ham, tojikcha shirin talaffuzi bilan butun qishloqni og‘ziga qaratib o‘tiradigan kaltalik kelini ham Tersotadan surib chiqarolmadi: ming istihola va ming andisha bilan, har qalay, ma’nosi noma’lum «Sancho»ga qaraganda o‘ziga va boshqalarga yaqin bo‘lgan «Bolabova» deb chaqirishi Boyqulga har jihatdan mos kelsa-da, tersotaliklarning orlari ustunlik qilib, turish-turmushi bilan o‘zlarini boshqa qishloqliklar oldida tez-tez izza bo‘lishga, boshini egishiga sababchi bo‘lgan, mo‘yi-mo‘rti chiqsa ham, aqli kirmagan devona bo‘lib devonaga, aqli noqis bo‘lib, jinniga o‘xshamaydigan, nafaqat bo‘yi, aqli ham bolaligicha qolib ketgan bir mitti qishloqdoshlarining mayna qilishga o‘xshab jaranglaydigan «Sancho» laqabini qayoqdagi kelgindi kelinning he yo‘q, be yo‘q o‘zgartirib yuborishiga yo‘l qo‘yishmadi – oqibatda mulla Rahmondan so‘ng kelinning qaynotasiga qo‘ygan topilmasi qishloqda ommalashmadi: shunday qilib, barcha laqablaru topilmalar, hatto «Boyqul» degan ismning o‘zi ham isqotga qoldi. Aslida, mulla Rahmon bir paytlar beliga ursa, ho‘kizning belini sindiradigan xirmoncho‘michday kaftida bir parcha et bo‘lib yotgan nabirasiga katta umidlar bilan qo‘ygan ismni unutib yuborish oldida kelinning laqabini qabul qilmaslik chikora edi. Ammo kelin ham o‘jar chiqdi: butun qishloq bir tomon, uning o‘zi bir tomon bo‘lib, qaynotasini mayna qilishdan qutqarish uchun o‘ylab topgan laqabidan voz kechmadi – butun qishloq eshitishi uchun atayin tovushini baland ko‘tarib chaqiradigan bo‘ldi. Boyqulga o‘zini nima deb chaqirishlarining zarracha qizig‘i yo‘q edi: muhimi, bu ism bolalarbop bo‘lsa, uni bolalar bilan birlashtirib tursa bo‘ldi edi. O‘zini kim deb chaqirishmasin, maqtov eshitgan ovsardek tirjayib qo‘yar, har qanday mahal kattalarning mazaxi anqib turadigan yangi laqablarga o‘zini tez moslashtira olardi. «Sancho» ismi nimani anglatishini unga shu nomni topib bergan Panji muallimdan boshqa hech kim bilmasdi, zotan, tersotaliklarga bu so‘zning ma’nosini bilishning qizig‘i ham yo‘q, o‘zlari uchun bu noma’lum so‘z Sanchoni xohlagancha mayna qilishga, ustidan kulishga, jerkishga, kamsitishga yoki, hechqursa, aqli ham, farosati ham, turish-turmushi ham o‘zlariga o‘xshamasligini eslatib turishga yetarlicha imkon berar, shuning uchun ham «Sancho» deb chaqirishgani sari yoshi o‘tib borayotgan bir jimit ko‘zlariga yanayam ko‘proq bola, yanayam ko‘proq noshud, dovdir, esi past bo‘lib ko‘rinar, shu ism aytilgani sayin Boyqulning o‘zi ham yanayam ko‘proq bolaga aylanar, bola qiliqlari va har bir narsaga bolacha ko‘z qarashi bilan o‘zlaricha or talashib yuradigan qo‘shni qishloqliklar oldida nomusga qo‘yadigan pallalarda paydo bo‘ladigan alamlarini, izzat-nafslarini bu laqabni qayta-qayta aytib aritganday bo‘lishardi. Bolalar ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri «Sancho» deb chaqirishsa, bundan kattalar bir qop semirishar, «Hoy, bobong tengini shunday deb chaqirasanmi?!» – deb tanbeh berish hech kimning xayoliga kelmas, zero, soch-soqoli oqarib qolgan bo‘lsa-da, butun qishloq, eng avvalo, uning o‘zi o‘zini hali ham bola deb bilardi. Vaholanki, yoshi yetmishni qoralab qolgandi. U tengilar allaqachon nabirali-chevarali bo‘lib, yelkalarini yostiqdan ko‘tarmay, uyning to‘rini bermay, o‘zlari chiqargan hidni o‘zlari hidlab yotadigan sassiq chollarga aylanishgandi. «Sancho» esa hamon o‘sha oltmish yillar avval o‘zlari bilan oqsuyak o‘ynagan, o‘zlari bilan qo‘shilib qarigan xotiralarining olis go‘shalarida bir chelak suvni ko‘tarishga ham qurbi yetmagan mishiqiligicha qolgan, uning faqat ko‘rinishi, yuzi qarigan, peshonasida xuddi o‘zlariniki kabi ajinlar paydo bo‘lgan, ammo fe’l-atvori, gap-so‘zi, muomala va qarashlari o‘sha o‘n yoshligidan bir qadam ham siljimagandi: bir paytlar o‘zlari bilan tengdosh-bo‘yinsa bo‘lib o‘ynagan Sancho endi qishloq ko‘chalarida ularning nabiralari bilan to‘p tepishib, ko‘cha changitib yurardi.
Chala tug‘ilgan nabirasidan chavandoz ham, polvon ham, mulla ham chiqmasligiga ko‘zi yetgach, mulla Rahmon bir uyur echkini oldiga solib berdi: shundan beri Sancho har kuni ertalab eshagini egarlardiyu beliga ikkita non tugib, bir qulog‘i yoniga tushgan telpagini boshiga bostirgancha echkilarini oldiga solib daryo bo‘yidagi to‘qayga jo‘nardi: uni erta bahordan toki tog‘u toshlarni qor-qirov bosguncha shu yerda, Soli Boymirning shoirtabiat o‘g‘li ta’rifi bilan aytganda, «Bolalik orolida», hali kattalar dunyosiga qo‘shilib ulgurmagan, hali kattalar zabt etolmagan, zavqu shavqlari atroflarini o‘rab turgan tog‘lardan ham baland, faqat bolalik xayollari yeta oladigan yuksaklikda ot qo‘yib, bir-birlari bilan turtkilashib, tepkilashib yuradigan xayolparast mishiqilar orasida uchratish mumkin edi. Uning bolalardan qolishmay, bolalardan biriga aylanib, ularning bittasi bo‘lib, ular bilan talashib-tortishib o‘ynab yurishlariga yillar o‘tishi bilan tersotaliklar ko‘nikib bo‘lishgandi. Tanimaganlar uning yuzini yaqindan ko‘rmasa, yoshi yetmishga borgan cholligiga ishonmasdi: oqargan sochi, ajin bosgan yonoqlarining yakkam-dukkam joylarida bo‘y ko‘rsatgan, soqol bo‘lib soqolga, mo‘y bo‘lib mo‘yga o‘xshamagan, fasllar almashgani sari sohibining umr daftarini fosh qilib oqarib borayotgan, ammo hali ham bolalikka xos kulgichlar bilan to‘lib-toshgan aftu angorda o‘sib chiqqanlaridan o‘zlari ham uyalgandek bo‘yinlarini egib olgan, suvsiz qirda o‘sgan bo‘talardek siyrak tuklarni aytmasa, uning jussasi ham, bo‘yi ham, xatti-harakati ham, o‘zini tutishi ham boladan farq qilmas, aslida ham u ko‘ngli va fe’l-atvori bilan shu bolalarning bittasi edi.
Nima bo‘lganda ham, u bolalarning ermagi, kattalar qiyofasidagi tengdosh-to‘shdoshi edi. Bolalar, ayniqsa, uning eshagini minishga ishqiboz, zero, eshagi naq ayg‘irday kelar, salkam biyaday chopar, qir-qiya demasdan yo‘rg‘alab ketaverar, uning hech bir fazilatiyu turish-turmushiga havas qilmaydigan tersotaliklar uning aynan eshagiga hasad qilishar, «Sichqonday gavdasiga filday eshak minib nima qilar ekan?» – deyishardi fasodga berilib. Bolalari birin-ketin tashlab ketib yolg‘iz qolgach, Sancho eshagiga alohida mehr bergandi: tersotaliklar eshaklarini nushxurd bilan boqishardi, u esa arpa bilan siylar, sigiru echkilariga nima yemish bersa, eshagiga ham shuni ravo ko‘rar, shuning uchun ham Sanchoning «mingisi» qirqqa kirgan yigitday qirchillab turar, nafaqat bolalar, kattalar ham uning eshagini bir minish payida yurishar, keyin: «O‘zi bu azaldan xotindan ham eshakni afzal bilardi», – deb g‘iybat qilishardi. Ularning g‘iybatlarida jon bor edi: Shukur polvon opasidan qolgan o‘n sakkizga kirsa ham hali aqli, sinu sumbati, bo‘yi-basti o‘n yashar bolanikiday bo‘lib qolgan jiyanini uylantiraman deb oshnasi Norsafar qizilni bir iloj qilib ko‘ndirib turganda u paytlari hali «Boyqul» bo‘lgan Sancho Tersotaga kelgan Abdulla baxshining izidan qochib ketib, uch yildan so‘ng hozir minib yurgan eshagining momokalonini minib kirib kelgandi.
Soli Boymirning uyiga qo‘ngan Abdulla baxshi butun qishloqni mullaning ayvoniga yig‘ib, uch kecha «Yodgor» dostonini aytdi. Boyqul uch kun ham baxshining yonidan ketmay choy damlab turdi. Aslida, u choy damlash bilan birga baxshichilikka ko‘nglini ham berib bo‘lgan ekan: bir oydan so‘ng bo‘ladigan to‘yiga ham hayu hayt deb qo‘l siltab Abdullaning izidan qochib ketdi. Shu bilan uch yil badar ketdi. U uch yil baxshining xizmatini qildi: uning do‘mbirasini, muxlislar bergan sovg‘a-salomini, xurjunini ko‘tarib, xalfalik qilib yurdi: baxshi otda, Boyqul esa qaysidir baxshiparvar cho‘pon sovg‘a qilgan eshakda qishloqma-qishloq kezishar, Boyqul hali bolaligini yo‘qotmagan tasavvurini Boychiboru G‘irotning izidan yetaklab, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan xayollar dunyosiga boshlab borar, goh Alpomishni yetti yillik zindondan qutqarar, goh Go‘ro‘g‘lini go‘rdan olib chiqib, xuddi o‘zi kabi uni ham yomon ko‘radigan, «zotsiz» deb mayna qiladigan dunyoga qarshi qo‘yib yuborar, adolat uchun, or uchun, toptalgan sha’n uchun Alpomishu Go‘ro‘g‘li qiyofasida jangu jadallarda ishtirok etar, so‘ng bu azaliy urushda yaralangan, zadalangan qalbini sudragancha gulxan atrofida Abdulla baxshini butun vujudlari bilan tinglab o‘tirgan o‘zi kabi ozurda, o‘zi kabi umidbaxsh, o‘zi kabi xayollar mahkumi bo‘lgan olomon orasiga qaytib kelardi.
Dehqonobodning Ko‘kqiyasida – keyingi qishloqqa doston aytib, madradlarini terish uchun ketayotganda maorif bo‘limidan qaytayotgan Panji muallim baxshining do‘mbirasini nayza kabi tik ushlagancha yalovbardorday qaddini g‘oz tutib ketayotgan Boyqul bilan qadimgi alplarga o‘xshab ikki yuzi meshday shishib ketgan shirakayf baxshini uchratib qoldi: Boyqul muallim bilan quyuq ko‘rishadi, tog‘asiga sog‘-omonligini yetkazishni tayinlaydi, keyin ular so‘rashib-surishib bo‘lguncha ancha ildamlab ketgan baxshining izidan eshagini yo‘rttirib ketadi. Ikkalasining yonma-yon ketayotganiga qarab turib Panji muallim baribir kitob o‘qiganligiga bordi – shu bilan mulla Rahmon chala tug‘ilgan nabirasining yashab ketishiga o‘zining ham ko‘zi yetmay, aqalli boylarga o‘xshab yursin deb katta umidlar bilan qo‘ygan tuppa-tuzuk «Boyqul» degan ismning zavol pallasini boshlab berdi – muallim qishloqqa kelib, o‘zi yoqtirmaydigan mulla Rahmon aymog‘i ustidan kulgan bo‘ldi – «Ikkalasi Don Kixot va Sancho Pansaga o‘xshab shamol tegirmoni bilan urush qilishga ketishayotgan ekan! Xavotir olmanglar, hurliqo Dulsineyani izlab topishgach, malikai muhtarama bilan qishloqqa qaytib kelarmish», – dedi mayna ohangida. Shu bilan bira, ham «Boyqul» degan ismning kafanini bichdi, ham qishloqda o‘zi bilan nasl-nasab, or talashib yuradigan mulla Rahmon aymog‘i ustidan boplab kulgan bo‘ldi. Tersotaliklar «Don Kixot»ning kimligini bilishmasdi, shuningdek, «shamol tegirmoni» haqida tasavvurlari ham yo‘q edi, shu sababli lamanchlik xayolparast ritsarning ismini darrov unutib yuborishdi, ammo «Dulsineya»ni Panji muallim «Tul Niso» ohangida talaffuz qildiki, xotinlarga suyagi yo‘q baxshining yoniga bo‘z yigitni olib, qandaydir tul ayolni izlab yurganiga faqat tog‘asi emas, butun tersotaliklar shubha qilishmadi. Tog‘a ori qo‘zidi, Boyqul tug‘ilmasdan avvalroq otdan yiqilib jon taslim qilgan chavandoz pochchasining qo‘lini qilib baxshining va daydi jiyanining izidan ot qo‘ymoqchi ham bo‘ldi, ammo Panji muallim uni to‘xtatib qoldi: «Baxshini baribir ushlab bo‘lmaydi, qishloqdan qishloqqa o‘tib yuraveradi, qaysi qishloqqa borishi yolg‘iz xudoga ayon, baxshining xurmachasi, Boyqulning xurjuni to‘lsa, uyiga qaytadi», – dediki, tog‘ada baxshining xurmachasi to‘lishini kutishdan boshqa chora qolmadi. Panji muallimning gapidan so‘ng tersotaliklarga ermak topildi: yoshi ulg‘aysa ham, aqli ulg‘aymagan, boshqa qishloqliklar oldida noqisu norasoligi bilan nomusga qo‘yadigan «Boyqul» ismi «Sancho»ga aylandi-qoldi! «Tulniso»ni topishdimi-yo‘qmi, xurjuni to‘ldimi-to‘lmadimi, bu noma’lum, lekin Panji muallim bashorat qilgandek, oradan uch yil o‘tgach poyi piyoda ketgan Sancho qishloqqa eshak minib qaytdi: bu ham, har qalay, obro‘ edi – «Yayov ketgandi, eshak minib qaytdi!» – dedi mulla Rahmon aymog‘i sha’nini gap-so‘zdan qutqarish uchun.
Abdulla baxshi uch yil xizmatini qildirgandan so‘ng aqli ham, ovozi ham norasoligicha qolgan «xalfasi»dan baribir baxshi chiqmasligiga ko‘zi yetgan, chamasi, bitta eshak bilan siniq do‘mbirani tutqazib, kavushini Tersotaga tomon to‘g‘rilab qo‘ygandi. Uch yil yo‘qolib ketsa ham, na bo‘yda, na aqlda, na fe’l-atvor, na gap-so‘zida o‘zgarish bo‘lmagandi: Rajab cho‘pon uni qirda ko‘rib qarindoshlik qoni qo‘zidi – ozib-to‘zib, jussasiyu kiyib yurgan juldur kiyim-kechagi yetim bolaga o‘xshab qolgan jiyaniga rahmi kelib ketdi va unga uchinchi ismni topib berdi – u toki qoyadan uchib tushib, til tortmay o‘lguncha, ya’ni umrining oxirigacha Boyqulni «Bolapaqir» deb chaqirib yurdi. Ammo tersotaliklar bag‘ritosh odamlar edi, ular uning juldur kiyimiga ham, nuqul baxshining xurjunini ko‘tarib yuraverib bir qarich bo‘lib qolganiga ham achinib o‘tirishmadi, aytilishidayoq mazax ufurib turgan «Sancho» laqabini unga qahramonlik nishoniday taqib qo‘yishdi.
Ochig‘ini aytganda, eshakni hisobga olmasa, siniq do‘mbira bilan uchi yeyilib ketgan xalacho‘pdan boshqa hech narsasiz qaytgan Boyqulga bu laqab juda quyib qo‘yganday mos tushgandi. Rajab cho‘pon unga achingan bo‘lsa-da, ammo «Sancho» minib kelgan eshakka uning ham havasi keldi: ortda qolsa, adashib ketishidan xavotir olgan baxshi oti bilan baravar yursin deb unga tog‘ning eng yo‘rg‘a hangisini tortiq qilgandi. Tersotaliklar g‘ayirliklari kelib Sanchoning hozirgi eshagi baxshiga «yalovbardorlik» qilib yurgan paytlarida belboylilik cho‘pon bergan o‘sha eshakning nabirasimi, chevarasimi, har qalay, o‘sha yo‘rg‘a hangidan tarqalgan deyishardi.
To‘qayda bolalar aynan Sanchoning eshagi bilan poyga qilishardi, Azlartepadan daryoga qarab yo‘rttirishganda hamisha Sanchoning eshagi birinchi bo‘lib yetib kelar, Sancho esa bundan xuddi yosh boladay quvonar, eshagining burnidan o‘pib qo‘yar, keyin hamisha xurjunida olib yuradigan arpadan bir hovuch olib, kaftida tutgancha eshagiga yedirar, eshakni o‘zining bo‘yinsasiday ko‘rar, u bilan gaplashar, ba’zan arazlashib ham qolishardi: toki uylanguncha eshak uning hamdami, sirdoshi va suyanchig‘i edi – eshakka minganda u Boychiborga yoki G‘irotga minganday bo‘lar, shu sababli o‘zi yemasa ham, eshagini hech qachon och qoldirmasdi.
Sancho baxshining uch yillik xizmatidan so‘ng ham baribir ulg‘aymadi: yillar faqat uning rangi o‘zgarib borayotgan mo‘ylariga, tobora o‘zlarining mavjudligini bildirib borayotgan ajinlariga, bu dunyoni va o‘zining sohibiga istehzo bilan munosabatda va muomalada bo‘ladigan, odamlarni ko‘rishdan bezib, tobora kichrayib borayotgan ko‘z kosalariga ta’sir qilar, bu a’zolarni odamning peshonasiga yozgan azal-abad qonunlarining qozonida qovurar, lekin ko‘ngli, ko‘zlari, gapiyu o‘zini tutishi bolaligicha qolgandi.
II
Shukur polvon baribir aytganini qildi: esi pastligi tufayli itini ravo ko‘rmaydigan tersotaliklarga ko‘z-ko‘z qilib jiyanini uylantirib qo‘ydi. Panji muallimning ta’biri bilan aytganda, Norsafar qizilning qizi «sadoqatli chiqib qolgandi»: garchi to‘yni qoldirib qochib ketgan bo‘lsa-da, «qiz qochoq kuyovni shahzodasini kutgan malika kabi o‘z uyida sabr bilan kutgandi». Muallimning bu ta’rif-tavsiflariga tersotaliklar baribir ichiqoralik bilan fikr bildirishdi: «Norsafar muallimga qarindosh bo‘ladi, shuning uchun shunday deyapti, qizi shusiz ham erkakshodaligi tufayli uyda o‘tirib qolgandi, Sanchodan boshqa er chiqmagani uchun rozi bo‘lgan». Nima bo‘lganda ham, qiz Sanchoning peshonasiga yozilgan ekan: u tersotalik qizlarga o‘xshab kuyovdan qusur izlab o‘tirmadi, shartta tegdi-qo‘ydi. Vaholanki, u kuyovni to‘ydan oldin ko‘rgandi: Sancho «qalliq ko‘rish»ga borganda yangasining uyida pechkaga o‘tin tashlab o‘tirgan norastani ko‘rgan qiz Sanchoga: «Qochoq akangiz kelishga uyaldimi?! Shuncha kutganimiz yetmaganday, endi tol xivichni ot qilib minib yuradigan ukasini jo‘natdimi?!» – deb ta’na qilgan ekan. Sancho esa o‘zidan ikki baravar daroz, ovozi xuddi polvon otasinikiday yo‘g‘on qizni ko‘rdiyu tili kalimaga kelmay qoldi. Keyinchalik o‘zi yosh bola deb o‘ylagan yigit kuyovi ekanini bilgach, otasi bilan oralarida nima gap-so‘z o‘tgani tersotaliklarga qorong‘i, ammo kelbati kuyovga ikkita keladigan qiz baribir Tersotaga kelin bo‘lib tushdi va o‘zi bilan birga onasi o‘lgandan buyon huvillab yotgan Sanchoning uyiga fayz ham olib kirdi. Kelin eriga favqulodda mehribon chiqdi: uni ikki yilgacha boshqa kuyovlarning havasini, kelinlarning hasadini keltirib xuddi sunnat qilingan boladay yasantirib, boshiga qati buzilmagan do‘ppi, egniga oppoq ko‘ylak, baxmal chopon kiydirib olib yurdi. Kelin bolalar bilan o‘ynab kir qilgan ko‘ylak va choponni ertalabgacha yuvib, dazmol bosib qo‘yardi. Kelinning oldida Sancho o‘smir boladay ko‘rinardi, lekin kelin uydan tashqariga chiqdimi, hamisha erining izidan yurar, undan bir qadam ham oldinga o‘tmas, garchi ko‘rinishi bola bo‘lsa-da, erlik hurmat-izzatini saqlar, biron og‘iz ortiqcha gap qilmas, talashib-tortishmas, oilaga daxldor biron masala paydo bo‘lsa, hammaga: «Ana, uy egasidan so‘ranglar!» – deb obro‘sini joyiga qo‘yar, Sanchoning qarori qanday bo‘lmasin, baribir unga bo‘ysunar, tersotalik g‘iybatchi xotinlarning g‘ashini battar olovlantirib daroz kelin bolamijoz eri bilan ahil-inoq yashashardi. Tersotaliklar ham Sanchoning bunday erga o‘xshab xotinini so‘kkanini, urishganini ko‘rgan emas, qanchalar ajablanarli bo‘lmasin, xotini ham unga xotin, kerakli paytlarda ona edi: u erini xuddi bolasiday ehtiyot qilar, bolasiday ko‘ngliga qarar, bolasiday xarxashasini ko‘tarar, bolasiday mehribonlik qilardi. Aslida, Sancho ham kelinga farzandday bo‘lib qolgandi: daryoning narigi betidagi otasi, inilari mehmonga chaqirishganda Olmadagi ko‘prikka borib o‘tirmay, shundoq Tersota to‘g‘risidan daryoni kechib o‘tishayotganini tersotaliklar ko‘p ko‘rgan: kelin lippasini turib olib, daryodan oldin bolalarini, keyin Sanchoni yelkasiga ko‘tarib olib o‘tkazib qo‘yardi. Hosil yig‘ishtirib olish paytlari kelin Sanchoga qaraganda ikki baravar og‘ir tog‘orani boshida ko‘tarib kelayotgan bo‘lardi. «Sancho» ismi xotiniga ham ma’qul keldi, zotan, udum erining ismini aytishga izn bermas, «Sancho» erining haqiqiy ismi emasdi. Sancho esa o‘sha-o‘sha edi: o‘zini nima deb chaqirishlarining farqi yo‘q, u uylangandan so‘ng og‘zi qulog‘ida yurar, uyi bolalar bilan hamisha liq to‘la edi: ular oshiq, to‘piq, oqsuyak o‘ynashar, kelin esa bir chetda erining boladay qiliqlaridan zavqlanib, ba’zida eriga bolalarning yashiringan joyini ko‘zi bilan imo qilib, zimdan o‘zi ham o‘yinga qo‘shilib o‘tirardi. Bolalar kech tushgach ham ketgisi kelmasdi, kelin ularni aldab-suldab uylariga jo‘natar, ammo tong oqarishi bilan uyi oldi yana echki yoki poda haydab Sanchoni chorlayotgan bolalarga to‘lib ketardi. Kelin erining belbog‘iga yemaklarni tugib, bolalarga qo‘shib molning izidan to‘qayga jo‘natardi. Kuyovlik chillasi chiqmagan paytlarda ham Sanchoni kelindan ko‘ra bolalarning yonida ko‘proq ko‘rishardi. Erlar xotinlariga Sanchoning xotinini ibrat qilishganda tersotalik ayollar: «Siz ham Sanchoday bola bo‘lsangiz, men ham uning xotiniday mehribon bo‘laman», – deb uzib olishardi.
Kelin kelib, Sanchoning ro‘zg‘origa baraka kirdi: endi Sancho qirqqa yaqin echkini, o‘ndan oshiq qoramolni oldiga solib to‘qayga ketayotgan bo‘lardi. Yoz bo‘yi er-xotin Qotning ustidan beda tashib charchashmasdi: kelin bedalarni eshakka ortib berar, Sancho esa eshakni yetaklagancha boshqa beda tashiyotgan bolalar bilan «kimo‘zar»ga qishloqqa g‘irillab kelib ketar, bolalarga qo‘shilib charchashni ham, tolishni ham bilmasdi.
Eriga xuddi farzandiday mehribon bo‘lgani va ko‘p kuyungani tufaylimi yoki boshqa sababmi, kelin Sanchodan tez qaridi: yillar o‘tib kelinning yuzida vaqtning beshafqat muhrlari paydo bo‘lganda Sancho haqiqatan ham uning to‘ng‘ich farzandiga o‘xshab qolgandi. Uzun qish kechalari ularning uyi bolalar bilan liq to‘lar, kelin ham urchuq yigirgancha Sanchoning cho‘pchaklarini, naqllarini, termalarini, turli dostonlardan parchalarni bolalarga qo‘shilib eshitib o‘tirar, qahramonlarning taqdiridan ta’sirlanib yig‘lab ham olardi. Kelinning gavdasi beso‘naqay bo‘lsa-da, ko‘ngli yumshoq edi: erining cho‘pchaklarini, Ultontoz ilik bermay xo‘rlaganda Yodgorning «ota» deb yig‘lashlarini eshitib, bolalardan ko‘ra u ko‘proq ko‘z yosh to‘kardi.
– Shunday qilib, – deb gap boshlardi Sancho Abdulla baxshidan eshitib eslab qolganlarini baxshiga o‘xshab bayon qilarkan, – Alpomish badar ketdi. Qaldirg‘och cho‘ri, Boybo‘rixon so‘qir, Barchinoy talosh bo‘ldi. Bir umr Boybo‘rining xizmatini qilganlar Yodgorni bir ilikka arzitishmadi. Yodgorning ko‘ngli buzildi, Yodgor xo‘rlandi, Yodgor: «Otajon, qaydasiz?!» – deb yig‘ladi. Alpomish zindonda bu yig‘ini eshitib, seskanib uyg‘ondi. Qarasa, uning ahvoliga butun osmon yig‘layotgan ekan. Yetti kun yomg‘ir yog‘di, zindon suvga g‘arq bo‘ldi. Yetti kun Yodgor yig‘ladi…
Sanchoning xotini yigirma yil eri bilan birga yashab, biron kuni bolalarsiz o‘tmadi, zero, eng katta bola erining o‘zi edi. Eri yoshi o‘tib borgan sayin yana ham ko‘proq bola bo‘lib borardi: atrofga, hayotga, dunyoga bola ko‘zi bilan qarar, bola ko‘zi bilan baho berar, bola kabi mushohada va mulohaza qilardi. Kattalarning giribonidan olgan tirikchilik tashvishlari ham, bozorlardagi kunma-kun oshayotgan narx-navolar ham, xuddi zabt etilgan shaharga kirib kelgan dushman qo‘shinlari kabi Tersotaga birin-ketin kirib kelayotgan yangidan-yangi udumlar, orzu-havaslar, kimo‘zarga uy qurish, to‘y qilishlar ham, hech qaysi biri qiziqtirmasdi: Sancho kunduzi bolalar bilan o‘ynab, kechqurun ularga Alpomishning qaytishiyu Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishini aytishdan charchamasdi, zotan, u bu dostonlarning boshqa joylarini bilmasdi ham. Abdulla baxshi yo g‘ayirligidan, yo undan baxshi chiqmaydi degan xulosaga kelganidan unga deyarli hech narsa o‘rgatmagan, aytib beradiganlarini Sanchoning o‘zi eshitib yod olgan, aslida, u bolalarga aytib beradigan parchalar Abdulla baxshi aytib bergan «Alpomish»u «Go‘ro‘g‘li»ga ko‘pam o‘xshayvermasdi. Sanchoning Alpomishi va Go‘ro‘g‘lisi xuddi ertak qahramonlariga o‘xshar, devlar, jinlar, bo‘jilar, ajdarlar bilan olishar, hamisha g‘olib chiqar, ular goh Kenja botir, goh boysunlik shahzodaga aylanar, Barchin ham uning «doston»ida borsa-kelmas yurtining devlar taloshida qolgan malikasi bo‘lib chiqardi. Shunda Alpomish malikani devlardan qutqarish uchun yo‘lga chiqar, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan sarguzashtlarni boshdan kechirardi. Ba’zida birdan doston yo‘sini yana o‘z oqimiga qaytib, u yerda qalmoqlar, Toychixon, Yodgor, Ultontoz paydo bo‘lib qolardi. Nima bo‘lganda ham, uning Alpomishi va Go‘ro‘g‘lisi bolalarga mos, bolacha tasavvur mahsullari edi, zero, uning o‘zi ham qanday tasavvur qilsa, bolalarga shunday yetkazardi. U hatto shu ertak-cho‘pchaklarida ham kattalarning fisq-fasod, aldov urchib yotgan dunyosi bilan kelisholmasdi. U kattalar orasida o‘zini nochor, notavon, yolg‘iz his qilar, yuragi siqilar, yetti yot begona muhitga tushib qolganday bo‘lar, bolalar orasida esa yayrab-yashnab ketar, ular bilan birga paytlari undan baxtiyor kishi bo‘lmas, dunyoning hech bir orzu-havasini bolalarga qo‘shilib o‘ynash va ularga cho‘pchaklaru doston aytib berishga almashmasdi. Aftidan, xotiniga ham uning ana shu bolacha dunyosi, bolacha ko‘ngli yoqardi. Shu sabablimi, kelin hech qachon turmushdan, eridan, kam-ko‘stdan noliganini qishloqdoshlari eshitmadi: vaholanki, uning uyidan bolalarning qadami uzilmas, er-xotinning topgani ular bilan o‘rtada edi. Er-xotin yozda tayyorlagan o‘rik, olma qoqilari qishda doston eshitishga kelgan bolalarning og‘iz ermagiga aylanardi, kelin tayyorlagan sho‘rtak qurtlarning dovrug‘i esa qo‘shni qishloq kampirlarining ham havasini keltirardi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, Norsafar qizilning erkakshoda qizi Sancho bilan baxtli-taxtli umr kechirdiki, to‘g‘risi, tersotaliklar buni kutmagan edi, aynan shuning uchun ham ular kishibilmas tarzda bu bola bo‘lib bola, katta bo‘lib katta bo‘lmagan xudo aqldan qisgan bandasiga zimdan hasad ham qilishardi.
Bu paytda tersotaliklar «Boyqul» ismini deyarli unutib yuborishgan, endi bu ismni xuddi o‘lib ketganiga ko‘p zamonlar bo‘lgan qishloqdoshlarining ismiday zo‘rg‘a eslashar, endi hech narsa «Sancho» ismini bu qishloqdan surib chiqarishga qodir emas edi.
III
Kechki payt va dalaga mol haydab bo‘lmaydigan seryog‘in kunlari bobosi olatasir zamonlarda Jodugar boydan nazr evaziga olgan eski qo‘rg‘onni eslatuvchi, qariyb oltmish-etmish yildan beri devorlariga suvoq tegmagan Sanchoning uyi tersotalik bolalar bilan liq to‘lardi: o‘sha olis zamonlarda otliq mehmonlarga mo‘ljallab qurilgan hayhotday qo‘nalg‘axonaning o‘rtasida mo‘ri bor edi. Qadim zamonlarda qish paytlari o‘rtadagi o‘choqqa olov yoqib, chavandozlar yotib turishgan, haligacha ot abzallarining va chavandozlarning ter hidi o‘tirib qolgan bu mehmonxona Sanchodan «Alpomish»u naqllar eshitishga kelgan bolalar bilan gavjum bo‘lardi: ular xuddi qadim chavandozlar kabi o‘choqqa qurigan zarang bilan Sanchoning xotini yoz bo‘yi hafsala bilan qiy aralashtirib guvalagan tezakni tashlab qo‘yib, shundoq kigizning o‘ziga yonboshlab olishar, Sanchoning goh do‘mbirada, goh sibizg‘a aralashgan muqomlarini eshitib, xush-xursand o‘tirishardi – aslida ham qahraton qishni Sanchoning «Alpomish»i tafti eritib yuborar, bolalar bu doston ta’sirida na ayozdan, na qor ko‘chkilaridan hayiqishar, aksincha, tashqari tuflasa muzga aylanadigan bir pallada ular tasavvurlari otiga mingancha Alpomish va Go‘ro‘g‘li bilan birga sehrli va sirli jazirama diyorlarni kezib yurishar, shu yo‘l bilan qish ayozlarini tanalariga yaqin yo‘latishmasdi.
– Go‘ro‘g‘li go‘rda tug‘ildi, uning tug‘ilganini bilib Ahmad sardor mozor teshiklarini suvab tashladi, tashqariga chiqmasin dedi. Go‘ro‘g‘li onasini emib, mozor ichida o‘ynab yurdi. Yetti yoshga yetganda xudda devday yigit bo‘ldi, qaddini bir ko‘tarib, mozor tuprog‘ini yelkasidan irg‘itib tashladi. Uni ko‘rganlar dev tirildi deb o‘yladi. Shunday qilib, Go‘ro‘g‘li yer yuziga chiqdi… – derdi u.
Uning ko‘zlariga qarab turib o‘zi aytayotgan cho‘pchaklarga o‘zi ishonib o‘tirganini sezish qiyin emasdi. Shuning uchun ham bolalar uni jon qulog‘i bilan eshitar, xasis Abdulla baxshi hech narsaga yaramay qolgach, hadya qilgan eski do‘mbirani olib, mehr va faxr bilan sozlar, dostonni hamisha baxshilar udumini qilib ustoziga bag‘ishlov bilan boshlardi: aslida, u bu bilan ustozi haqidagi ushalmagan orzusini bayon qilgan bo‘lardi.
– Ha, bovurim-a, – derdi u Abdulla baxshiga monand ko‘zlarini yumgan holda. – Musht urganda qoya ko‘chgan Alpomishim, yig‘lay-yig‘lay ko‘zdan qolgan Boybo‘rim, bir ilikni ko‘p ko‘rishgan Yodgorim-a. Go‘rda tug‘ilib, mayit emgan Go‘ro‘g‘lim-a…
Uning o‘zi qarisa ham, keksarmagan ovozi uyga sir va mahobat bag‘ishlab turgan yuz yillik ustunlardan tortib bir asrdan ziyod bu xonadonda yuz bergan voqealarga guvoh bo‘lgan bolorlaru rovlarda, norasta ovozdan bir tebranib qo‘yadigan o‘tmish g‘uborlari yotgan tokchalarda o‘ziga xos aks sado berar, bolalar nazdida, xuddi Tersotaning o‘zi kabi keksa va eski uy ham Sanchoga qo‘shilib o‘tmishdan, ularga sir bo‘lgan azal-abaddan nimalarnidir so‘zlab berayotgandek tuyulardi.
Aslini olganda, bolalarning xayoligagina shunday tuyulmasdi: yuz yillar Sancho tug‘ilgandan beri xijolat va nomuslariga sabab bo‘lib, yilma-yil yangilanib, bo‘yanib, yasharib, zamonga moslashib borayotgan boshqa uylar oldida bolalar orasida turgan munkillab qolgan cholga o‘xshab qolgan bu uyning o‘zi ham bir paytlar butun o‘raning faxri va g‘ururi bo‘lgan mulla Rahmon va Shodi chavandozlarni bilmay o‘sgan avlod uchun qadim bir sir va eski ertakning o‘zi edi va, tabiiyki, Sanchoning o‘zi o‘sha qadim ertakning davomi edi: Sancho otasi va bobolari bilan bolalarcha faxrlanardi, shu sababli do‘mbira olganda hamisha: «Mulla bobomning ruhi qo‘llasin!» – deb boshlar, shu jumlani aytganda rostdan ham uning tanasiga nimadir kirganday, ovozi chiyilloq bo‘lsa-da, ravon va g‘amgin tus olardi.
Ehtimol, shuning uchun bo‘lsa kerak, katta o‘g‘il otasini olib ketishga qanchalik urinmasin, Sancho ota uyini tashlab ketmadi: puturdan ketgan hayhotday uy va Tersota bolalari bilan qoldi. U tong-saharda to‘qayga borar, toki bolalar maktabdan kelguncha ulkanligi va kattaligidan qishloqdoshlari «Qora qo‘rg‘on» deb atashadigan siypantosh ustiga chiqib olib, to‘qay va tog‘larning qadim ohangini chalayotganday do‘mbirasini ting‘irlatib, o‘zicha baxshimonand xirgoyi qilib o‘tirar, uning ana shu xirgoyisi hamon qarimagan, hali ham Abdulla baxshining etagini tutib yurgan davrlardagidek navqiron bir shijoat to‘la edi:
Qalmoq deya safar ketgan Alpomish,
Safar emas, badar ketgan Alpomish.
Yodgorini yetim qilib, xor qilib
O‘ldi deya xabar ketgan Alpomish…
Yodgor haqida xirgoyi qilarkan, hamisha o‘zining yetim bolaligi ko‘z oldiga kelar, yonidan oqib o‘tayotgan daryo kabi ko‘z yoshlari yuzidan quyilib kelar, yig‘lagani sayin yana yig‘lagisi kelar, xirgoyisi bo‘ri bolasining uvillashiga o‘xshab muztar bo‘lib qolardi. Bu paytda u doston voqealari ichiga butkul kirib ketgan bo‘lardi: kim biladi, arzimas zakotni deb yuzko‘rmas bo‘lib ketayotgan aka-uka orasini bolacha tasavvurlari bilan yarashtirmoqchi bo‘larmidi yoki xuddi o‘zini eshitib turgan bolalar orasida Boysunning qirlarida o‘ynab yurgan Hakimbek va Barchinoy, go‘rda tug‘ilgan, go‘rda esini tanigan Go‘ro‘g‘li bilan xuddi xayoli qirlarida o‘ynab yurarmidi yoki «etim» deb ko‘ngli yarimta qilingan Yodgorning sitamlarida o‘zining otasiz o‘tgan taqdirini ko‘rarmidi, bu yog‘i o‘ziga va Yaratganga ayon, uning xayoli doston aytayotgan palla bu to‘qayda, yildan-yilga yiriklashib, yiriklashgani sayin odamlari maydalashib borayotgan Tersotada – hayot o‘yinida bir-birini aldashga, yamlashga tayyorlanayotgan qishloqdoshlari orasida, bu tog‘larda, bu vaqt o‘lchamida bo‘lmasdi. Buni bolalar ham his qilishar, shuning uchun birontasi churq etmay, butun vujudi bilan Sanchoni tinglardi. To‘g‘risini aytganda, tersotalik bolalarga Alpomish va Go‘ro‘g‘lini maktab muallimlaridan ko‘ra ko‘proq tanitgan ham Sancho-Boyqul chol edi: qancha bolalar Alpomish va Go‘ro‘g‘li ta’sirida katta bo‘lishdi, so‘ng o‘zlari hayotdan ham Alpomish va Go‘ro‘g‘lilikni izlab ketishdi. Payti kelib ular bu dunyoda Alpomish va Go‘ro‘g‘li yo‘qligini anglab qolishgan kundanoq Sancho yoqtirmaydigan, o‘zini olib qochib yuradigan kattalar dunyosiga borib qo‘shilishdi. Faqat oz sonli katta bo‘lgan bolalar Sancho cho‘pchaklaridan qutulib ketmagan, ular hali-hanuz umr so‘qmoqlarida Alpomish va Go‘ro‘g‘lini izlab yurishardi. Sancho esa Alpomishu Go‘ro‘g‘li hayotda borligiga ishonganlargagina ertaklarini ravo ko‘rardi: Abdulla baxshini eshitib yod olganlariga o‘zidan qo‘shib-chatib to‘qir ekan, aslida, o‘zining ko‘ngil dunyosini, orzu-armonlarini bayon qilardi. Uning cho‘pchaklarida hamisha ezgulik, adolat, to‘g‘rilik, halollik, mardlik g‘alaba qozonardi, uning qahramonlari hamisha ojizlarga, ezilganlarga, zulm ko‘rganlarga madadga yetib kelar, ularni adolatsizlik va zo‘ravonlik changalidan qutqarardi. Uning ertaklarida bironta yomon jazolanmasdan qolmasdi – aynan shuning uchun ham bolalar uning cho‘pchaklarini yaxshi ko‘rishar, uning atrofida girdikapalak bo‘lishar, aslida, Sanchoning ham topgan-tutgani va ishongani shu bolalar edi. U kattalardan ko‘rmaganini shu bolalardan olayotganday edi.
U go‘yo kattalar orasida o‘ziga o‘rin yo‘qligini anglab, kattalar orasida kulgi va masxaraga sabab bo‘lgan orzu-o‘ylari, xatti-harakatlari, kechinma-tuyg‘ulari hamda kattalarning aqlu idroki bilan hech qachon bo‘ylasha olmagan tasavvurini bolalar dunyosiga olib kelib yashirgandek, o‘zini qabul qilolmagan, o‘ziga o‘rin bermagan, o‘zini mazax qilgan kattalar dunyosidan qochib, bir umr bola bo‘lib yashashga ahd qilgandek, kattalar dunyosi bilan o‘chakishayotgandek yoshi o‘tgan va tanasi yillarning ayovsiz tepkilarida kichrayib borgan sari u o‘zini bolalar orasiga ko‘proq olib qochardi: havoning royishi qanday bo‘lmasin – qish-qirovlimi, yozning jaziramasi yoki bahorning serjala kunimi, agar to‘qayda kattalarning avzoyiyu tushunchalari, qarashlari – hammasini o‘zlariga moslashtirmoqchi bo‘lgan qistovlaridan bezor bolalar oldilariga solib haydab chiqadigan echki-uloq, sigir-buzoqning kavshiga tushadigan nimadir topilishiga imkon bo‘lsa, Sancho cholni ham hamisha shu yerda – bolalar orasida, xuddi bolalarning biriday, o‘zi ham xuddi boladay, ular bilan goh chillak o‘ynagan, goh to‘p tepgan, gohida yoshiga yarashmagan tarzda ona suti og‘zidan ketmagan jipiriqlar bilan kimo‘zarga chopqillashib yurgan yoki tabiat hukmi bilan kurasha-kurasha ayoz chekinganini, qishning ado bo‘lganini qishloqqa, bani odamzodga isbotlab berishmoqchiday, qor ostidan boychechak izlayotgan, ko‘klamda esa qirni to‘ldirib, xuddi orzu-umidlarini uchirma qilayotgandek varrak uchirayotgan bolalar orasida uchratish mumkin edi.
IV
Abdulla baxshidan ajrashgandan buyon oradan qirq yildan oshiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, Sancho do‘mbirani va eshakni ko‘z qorachig‘iday asrab kelardi. Bu orada uning xotini o‘lib ketdi: hali ham aqli bola bo‘lib qolgan, hali ham kattalar orasiga qo‘shilolmagan erining taqdiridan bolasi yetim qolayotgan onaday xavotir olib jon berdi. Sancho ham xotinining qabri ustida xuddi onasi o‘lgan boladay ho‘ng-ho‘ng yig‘laganini tersotaliklar ko‘p zamonlar eslab yurishdi: yig‘layverib holdan toygach, katta o‘g‘li qurib-qovjirab qolgan bir o‘ram bedani ortmoqlagandek yelkasida ko‘tarib olib qaytgandi.
Xotinining kutilmagan o‘limi hammasidan ham ikki yashar kenjasiga qattiq ta’sir qildi: u hali ham onasini emardi. Ustiga-ustak, onasi yotib qolgani uchun parvarishsiz qolib ketib, ko‘kyo‘tal orttirib olgandi. Uning ona ko‘kragi xumorini bosish uchun qavm-qarindoshlarning ona suti og‘ziga keldi: onasini emib o‘rgangan bolani sutdan ajratib olishga shu paytgacha eng sutparast go‘daklarda ham ish bergan hech bir tajriba, hech bir amaliyot, qariyayu keksalarning ming yillik maslahatlari ham kor qilmadi – chaqalog‘ini olti oyligidayoq ajratib tashlab, bir hovli jujuqlarni katta qilgan manaman degan onalarningu ko‘pni ko‘rgan, ko‘pni bilgan kampirlarning bilgan-kechirganlari yaroqsiz bo‘lib qoldi. Yarim kechami, tongmi yoki qoq tush, kenja o‘g‘il ona ko‘kragi xumor qilib bir yig‘lasa, butun Tersota oyoqqa turardi: xuddi shum taqdirning aks sadosiday eshitiladigan go‘dak yig‘isi sal bo‘lmasa narigi qirdagi Chit qishlog‘igacha yetib borar, atrofni o‘rab turgan tog‘u toshlardan qishloqqa noxush aks sado bo‘lib qaytardi. Ham yig‘lab, ham yo‘tali tutib, ko‘karib qolayotgan bolaga qarab turib, uning yashab ketishiga hech kim ishonmas, shu sababli hamma qaddi birdan cho‘kib qolgan Sanchoga emas, «go‘dakka jabr bo‘ldi» deb achinishardi. Dastlab teraklilik tog‘alar bolani olib ketmoqchi bo‘ldi, ammo uning kasalmandligini, ustiga-ustak, tez-tez shaytonlab turishini bilishgach, fikrlaridan qaytishdi: Azroil shundoq boshida o‘tirgan bolani olib ketib, keyin tersotaliklardan bir umr nadomatga qolishni istashmadi. Dastavval maslahat beruvchilar ham, mehribonlar ham ko‘p bo‘lgan esa-da, oxir-oqibat bor og‘irlik hali o‘zi bola bo‘lgan, hammaning nazarida, norasta va noqis Sanchoning zimmasiga tushdi: bu yillarda nafaqat Tersotaning, balki o‘radagi barcha qishloqlardagi do‘stu dushmanining bor e’tibori, diqqati uning oilasiga qaratildi. Hamma ich-ichida bu aqli qosir otaning bolani nobud qilishiga va shunday xabar butun o‘rani yana bir qalqitishiga zarracha shubha qilishmas, ayni paytda, bolaning ahvolini ko‘rib aralashgisi, shusiz ham joni qilda osilib turgan go‘dakka foydasiz mehribonchiliklari bilan azob bergisi kelmas, mulla Rahmonni va uning bir paytlar dovrug‘i bilan Amir Olimxonning ham tiliga tushgan ajdod-avlodini tanigan borki, ayanchli, imkonsiz va muqarrar taqdir izmini kutishardi. Biroq Sancho hammani hayratga solib kattalar uchun hamisha qusur bo‘lib kelgan bolacha aqli bilan ilojsiz tuyulgan muammoga osongina chora topdi – o‘g‘lini qisqa muddatda «etimlik»ka ham, boshqa «ko‘krak»ka ham ko‘niktira oldi – bolasiga ona ko‘kragi xumor qilganda echki emishni o‘rgatdi. Ko‘nikishi, o‘rganishi va shoxli jonivordan qo‘rqmasligi uchun o‘zi emib ko‘rsatdi. Avvaliga «jundor» va «suzong‘ich ona»dan cho‘chib turadigan bola bir haftalardan so‘ng emgisi kelganda o‘zi biron echkining oyoqlari orasiga kirib olib emib chiqadigan bo‘ldi: yelini to‘lib turgan echkini yutoqib emayotganda bolaning ko‘zlarida hayot shavqi paydo bo‘lar, u bunday paytda kasalmand bolaga emas, ko‘proq o‘ljasini bosib olib g‘ajiyotgan bo‘rivachchaga o‘xshab ketardi. Sancho bolasini yelkasiga mindirib to‘qayda olib yurar, qorni ochganda biron echkini ushlab turib emizar, keyin bolasi bilan o‘zi toshlar orasida har xil o‘yinlar o‘ynardi: aslida ham u go‘dakka go‘dak, o‘n yasharga o‘n yashar bo‘la olar, muhimi, ularning xohishlari, istaklari, kechinmasiyu ko‘ngil dunyosi o‘zining ham dunyosi edi. U bolalarini o‘yin o‘ynab katta qildi. Kenja o‘g‘il ertayu kech Sanchoning yelkasidan tushmas, qorni ochqasa, yugurib borib, biron echkini tappa bosgancha emib kelaverar, keyin otasi bilan to‘piq yo chillak, bekinmachoq yo oshiq o‘ynab ona dardini esdan chiqarardi. Echki suti shifo bo‘ldimi yoki tersotaliklar va tog‘alari uning peshonasiga bitilgan yoziqni noto‘g‘ri o‘qishganmidi, nima bo‘lganda ham, Sanchoning baxtiga Kenja tezda et qo‘yib, bo‘y cho‘zib qoldi. Uni obdan tekshirgan Hamid feldsher bilan kelgan tuman markazi doktorlari ko‘kyo‘tal alomati yo‘qolganidan hayratga tushishdi va keyinchalik bu haqda butun o‘raga gapirib yurishdi. Bu paytda yoshi o‘tib, o‘zi bilan o‘zi gaplashdigan odat chiqargan Panji muallim: «Sancho qishlog‘imiz farishtasi!» – deb lutf qildi. Ammo tog‘alari Sanchoda Panji muallim ko‘rgan farishtalikni ko‘ra olishmadi: bolaning tuzalganini bilishgach, yolg‘iz opalaridan yodgorlik deb, so‘qqabosh va aqli qosir otaning ularni tarbiya qilishiga shubha qilib jiyanlarini olib ketishdi. Shundan keyin Sancho to‘qayda ko‘rinmay qoldi. U bilan birga qishloqdan ham fayz ketdi: bolalarning boshini qovushtiradigan, o‘yinlarini qiziq qiladigan yoki ularga yangi-yangi o‘yinlar o‘ynab topadigan bir devona endi yo‘q edi. To‘qay zerikarli go‘shaga aylangan, qishloq ko‘chalari huvillab qolgandi. Sancho bilan butun qishloqning bolaligi ham qaygadir ketib qolganday edi. Buni tersotaliklar darrov sezishdi. Ular Sanchoni to‘qayga qaytarishga ko‘p urinishdi, biroq foydasi bo‘lmadi. Sancho har kuni echkilarini haydab Tersotadan chiqib ketar, shu ketgancha Terakli yonidagi qirni qo‘nalg‘a qilardi. Uning o‘yinini sog‘inib turgan bolalari qirda echkilar ko‘rinishi bilan tog‘alarining uyidan qochib chiqishardi. Ota-bolalar, aslida, yoshi har xil bo‘lgan, lekin qalban tengu to‘shdoshlar qosh qorayguncha qirda o‘ynashar, so‘ng Sancho echkilarni haydab Tersotaga qaytar, bolalar esa tog‘alarinikiga yo‘l olishardi. Tersotaliklar borib ko‘ndirdimi yoki bolalarning otalariga bo‘lgan mehri iydirdimi, tog‘alar uch oylardan so‘ng ikki jiyanini ham Tersotaga qaytarib yuborishdi. Ular et bilan suyakni ajratib bo‘lmasligiga nihoyat amin bo‘lishgan edi. Sancho ertasigayoq bolalari bilan to‘qayda paydo bo‘ldi. To‘qay yana gavjum bo‘lib, bolalar qiyqirig‘iga to‘ldi.
Sancho qariyb oltmish yildan oshiq davr mobaynida tersotalik bolalarning tengdoshi bo‘lib qoldi: atrofida bolalar bor ekan, unga na keksalik, na kasallik, na og‘riqlar, na madorsizlik pisand edi. U bolalar bilan o‘ynab, dunyoga bola kabi qarab, bolalar orasida o‘zini boladay tutib, qandaydir kuchga to‘layotganday, yasharayotganday, g‘ayrat-shijoati ichiga sig‘masdi – u qishloq bolalarining bolaligini to‘qayzorda va otasidan qolgan chavandozlar qo‘nalg‘asida kutib olar, payti kelib ularni shu yerda kattalar dunyosi tomon kuzatib qo‘yar, o‘zi esa hamisha bolaligicha qolaverardi. U bilan to‘qayzorda birinchi marta chillak o‘ynagan bolalar yoshini yashab, oshini oshab bo‘lgan, to‘kilib tushayotgan tanalarini bir iloj qilib yig‘ib olib, ertangi kunga umidsiz boqqancha ajallarini jimgina kutishayotganda Sancho chol na ajal haqida o‘ylar, na tanasidagi og‘rig‘u dardlardan nolir, aksincha, hali-hanuz bolacha orzular bilan yashar, endi o‘zlari bilan o‘ynashga iymana boshlaganlarni kattalar dunyosiga kuzatib qo‘yar, keyin shu yerda yana boshqa bir avlodning bolaligini qabul qilib olardi. Qariyb oltmish yil to‘qayzor tersotalik jujuqlarni bolalik dunyosida kutib olib, so‘ng kattalar tomon uchirma qiladigan maydonga aylangandi: u hammani kutib olar, kuzatib qo‘yar, o‘zi esa bolalik dunyosida yashashda davom etardi: yonida bolalar bor ekan, unga qarilik ta’sir qilmasdi, yosh jihatdan tengdoshlarinining hasadini keltirib, keksalik ustidan hamisha g‘olib kelib, qishloq ko‘chalarini bolalar bilan changitib, yayrab-yashnab, o‘ynab-kulib yurardi.
V
U uzoq Ko‘ragon cho‘qqilariga qarab, go‘yo shu bilan u yerda nimalarnidir ko‘rib qolgandek ko‘rsatardi o‘zini. Bolalar peshonasiga qo‘lini qo‘yib u qarayotgan tomonlarga qarardi. Paytdan foydalangan Sancho o‘ng tomonida turgan bolaning pochasiga yopishardi: yoqalashaverib, yiqilaverib loyga belangan ishtonini to‘pig‘igacha tortib tushirardi. Bolalar qiyqirib yuborishardi. Orqayu oldi birday ko‘rinib qolgan bola jon-jahdi bilan ishtonini ko‘tarar, shoshganidan ishtonbog‘ini uzib yuborar, ishtonni beligacha ko‘tarib, qo‘llari bilan mahkam ushlab olar, o‘zining kulgili holatidan boshqalarga qo‘shilib o‘zi ham kulardi. Bir marta izza bo‘lganni Sancho ortiq izza qilmasdi: ishtonbog‘ini bog‘lab olishga imkon berish uchun bolalarning e’tiborini boshqa yoqqa qaratardi: sal narida turgan sariq sochli bolaga jilmaygan ko‘yi qarab qolardi, keyin oldiga borib, uning boshini silar, unga tikilgancha «ha» deb ko‘z qisardi. Bola hushyor tortar, hamishagiday chol qiyofasidagi «tengdoshi»ning bir narsani boshlashini ko‘ngli sezardi.
– Sancho, nega menga ko‘z qisyapsiz? – deb so‘rardi u.
– Uyda seni qiynashmayaptimi?! O‘gaysan deyishmayaptimi?! – deb so‘rardi Sancho o‘zini jiddiy tutib.
– Nega men o‘gay bo‘larkanman? – derdi bola yanada hushyorroq bo‘lib.
Sancho quvlik bilan sirli jilmayardi.
– Nima, enang aytmaganmi?
– Nimani?
– Aslida, sen Po‘lat boboning o‘g‘lisan. Ota-onang yalinavergandan keyin berib yuborgan.
Bola jiddiylashib burnini tortardi. U parti ketib, sharti qolgan, yurganda butun tanasi qaltirab, ana yiqilaman, mana yiqilaman deb turadigan, lekin tili zahar, so‘kong‘ichligi bilan dong qozongan Po‘lat cholni ko‘z oldiga keltirib, kayfiyati tushib ketar, atrofga najot izlab alanglar, ammo Sanchoning har doim bir qiziq hazil o‘ylab topishiga o‘rganib qolgan bolalarning quv ko‘zlaridan boshqa hech narsani ko‘rmasdi.
– Aldayapsiz, – derdi u soddalik bilan.
– Ishonmasang, enangdan so‘ra.
Sanchoning o‘ziga achinish bilan qarab turgani ta’sir qilardi. Bola baribir shubhaga borar, ishonqirmay:
– Unda meni kim tuqqan? – deb so‘rardi soddalik bilan bola. Chunki u Po‘lat boboning kampiri o‘lib ketganiga ham yigirma yillardan oshganini eshitma gaplardan bilardi.
– Seni Po‘lat bobo ishtonining ichidan topib olishgan.
Bolalar gurra kulib yuborishardi. Izza bo‘lgan bola esa Sancho bilan yoqalashib, goh unisi, goh bunisi ustiga minib, o‘tloqda ag‘nashardi.
Sancho birdan burnini ko‘tarib havoni iskay boshlardi. Bolalar yana bir qiziq narsa yuz berishini sezib, uni o‘rab olishardi.
– Sancho, nima qilyapsiz?! Nimaning hidini oldingiz? Kimdir o‘sirib qo‘yibdimi?
Sanchoning xuddi kompas strelkasiga o‘xshagan burni to‘rt tarafni aylanib hidlab chiqar, keyin Ne’mat mirobning bedapoyasi tomonda to‘xtab qolardi.
– Bolalarov, – derdi so‘ng Sancho. – Meniyam aytdi deysilar-da, shu tarafdan kaltak isi kelyapti… qamchining ham hidiga o‘xshab ketyapti.
U gapini tugatar-tugatmas Ne’mat kal qo‘lida kaltak bilan ikkita ola sigirni oldiga solib haydab kela boshlardi. Bolalar orasida turgan ikkita bola sigirlariga qarab yugurishardi. Ne’mat ularni uzun kaltak bilan siylardi. Bolalar yelkalarini ushlagancha sigirlarini haydab to‘qayga kelishar, Sancho kaltak xuddi o‘ziga tekkandek ularni hamdardlik bilan kutib olardi.
– Ana, aytmadimmi. Kaltak isi kelyapti dedim-a… Quloq solmadinglar… Bo‘ldi, katta bo‘lsalaring, kalni yaxshilab do‘pposlaysizlar…. men ushlab turaman.
Uning gaplari bolalarga kaltakni, umuman, kattalar tomonidan qilingan har qanday zo‘rlik, zulm va zug‘umni unutishga yordam berardi.
VI
To‘ng‘ich o‘g‘il onasiga tortib norg‘ul yigit bo‘lib ulg‘aydi. Alpqomat yigitning ko‘ngli ham daryoday ekan: u Kalta qishlog‘iga to‘yga borib, kurash tushayotganlarni devor osha tomosha qilayotgan tojik qizni ko‘rib yoqtirib qoldiyu ichkuyov bo‘lib o‘sha qishloqda qolib ketdi. Tog‘a taraf – terakliliklar sal bo‘lmasa kaltaliklar bilan yoqa bo‘g‘ishgacha bordi; jiyanlarining ichkuyov bo‘lganidan ularning nomusi kelgandi. Aslida, tojik qishloqqa ichkuyov bo‘lish tersotaliklarning g‘ururiga tegishi kerak edi. Ammo bu hol ota bo‘lmish Sanchoning parvosiga ham kelmaganini ko‘rgan hamqishloqlar burchak-burchakda g‘iybat qilishdan boshqasiga yarashmadi. Sharif rais oqsoqollarni aralashtirib, tog‘alari bilan kaltaliklar janjalining oldini oldi – oqsoqollar «ichkuyov bo‘lgan xonadonda yolg‘iz ona bilan singildan boshqa hech kim yo‘qligini hisobga olinsa, to‘ng‘ich o‘g‘il haqiqiy polvonning ishini qilgan» degan qarorga kelishdi. Terakliliklaru kaltaliklar bir-biriga xezlanib turishganda Sancho bolalarga cho‘pchak aytib berish bilan ovora edi. Keyin hammasini bolacha aqli bilan hal qildi: u hech narsa bo‘lmagandek Tersotada emas, Kalta qishlog‘iga borib, to‘y qilib berdi: kattalarning nomusi, qishloq sha’ni esiga ham kelmadi.
Kenja o‘g‘il esa tez ulg‘aydi, nihoyat hamma narsa g‘o‘rlik davrini eslatadigan ota dunyosi unga torlik qilib qoldi – u otasining dostonlaridagi qahramonlarni va sarguzashtlarni izlab olis safarga otlandi: xuddi bir paytlar otasi hammasiga qo‘l silkab baxshi izidan ketgani kabi, qartayib qolgan Sanchoning qarovsiz qolishiga ham, so‘qqabosh otasini tashlab ketgani uchun qishloqda paydo bo‘ladigan gap-so‘zlaru g‘iybatlarga ham «hayo huyt» deb etak silkidi-da, shahar ketdi – shu bilan badar ketdi. O‘sha yerda uylandi. To‘yga negadir faqat akasi bilan tog‘alari borib keldi: kenjatoy otasining to‘yda ham bolalar bilan o‘ynab qolib, misqollab yig‘gan obro‘siga putur yetishidan qo‘rqdimi yoki Sanchoning o‘zi ro‘yxushlik bermadimi, nima bo‘lganda ham, akasini otasini to‘yga olib bormaslikka ko‘ndirdi. Keyinchalik ham u shaharlik bolalariga o‘ziga echki emizishni o‘rgatgan otasini biron marta ko‘rsatmadi – Sanchoni shaharga chaqirmadi, o‘zi esa qishloqqa kelmadi. Faqat onda-sonda shahar borgan tersotaliklardan otasiga u-bu berib yuborar, shu bilan o‘zining bolalik burchini bajargan bo‘lardi. To‘ng‘ich o‘g‘il ichkuyov bo‘lsa ham, bir oyog‘i Tersotada edi. Kaltalik kelin ham mehribon, bundan tashqari, gapga chechan edi: u kelganida o‘ziga yovqarash qilib kutib olgan tersotaliklarning ko‘ngliga shunday yo‘l topdiki, ular shunday kelinlari o‘zlarining qishlog‘ida emas, Kaltada yashayotganidan afsuslandilar. Kelin har ikki-uch oyda kelib qaynonasi o‘limidan so‘ng yanada tezroq puturdan ketayotgan uyni tartibga solar, Sanchoning, o‘ziga qo‘ysa, umrbod almashtirmaydigan ichki kiyimlarigacha yechib olib yuvib, uyni saranjomlab ketardi. Kelin agar kiyimining hammasini yuvmasa, qaynotasi baribir almashtirmasligini bilib bor kiyimini ham bira to‘la yuvar, bu paytda toki ichki kiyimlari quriguncha Sancho xuddi yosh boladay choyshabgami, chopongami o‘ralib, nabiralari bilan oshiq o‘ynab o‘tirar, bolalaridan ko‘ra nabiralari bilan tez til topishar, ularga ertak aytib berar, albatta, o‘yinboshi ham o‘zi bo‘lgan holda turli o‘yinlar o‘rgatar, to‘qayga olib chiqar, siypantoshga olib borib kimo‘zarga sirpanishardi. Kattalar dunyosidan mustahakam joy olgan o‘g‘li otasining hali ham bola bo‘lib yashayotganidan nomusi kelsa ham, hech narsani o‘zgartirib bo‘lmasligini anglar, bola-chaqasini olib otasiga bir so‘z demay jo‘nab qolar, Sancho esa yana o‘z dunyosida qolar, uni hamisha o‘ziga esh qarimagan ovozi, qarimagan kulgilari, qarimagan ko‘ngil dunyosi bilan birga bolalar orasidan topish mumkin edi.
VII
Kenja o‘g‘il shahar so‘rab ketgandan oradan o‘n to‘rt yillar o‘tgach katta yo‘ldan Azlartepaga qarab Tersota tomon qora mashina burildi: Sancho ham, bolalar ham bu paytda to‘qayda kundalik yumushlariyu o‘yin bilan band edi. Mashinani birinchi bo‘lib Soli Boymirning nabirasi ko‘rdi.
– Anovini qaranglar, – dedi u o‘ynayotgan joyida to‘xta qolib, Azlartepaga tirmashib chiqayotgan mashinani ko‘rsatib.
To‘qayda birdan o‘yin to‘xtadi: hammaning ko‘zi qishloqqa qarab burilgan zulukday qop-qora mashinaga tushdi. Bu mashina emas, mo‘jizaning o‘zi edi. Hali bunaqasini tersotaliklar ko‘rmagandi va, tabiiyki, shahar ko‘rgan tersotaliklar ham ko‘rgan mashinalarga sira o‘xshamasdi – oradagi masofa ancha bo‘lsa-da, qop-qora oynasi, qip-qizil faralari, kabina eshiklarga o‘rnatilgan yaltiroq gardishi quyosh nurida ko‘zni qamashtirar, yurganda jilvalanayotgan g‘ildiragi, uzun tumshug‘i, yurishidagi salobat va viqor tog‘u toshlarni o‘ziga rom qilib qo‘yganday edi. Bunaqasini faqat kinolarda ko‘rishgan, mashina emas, naq tulporning o‘zi edi. Sancho aytib beradigan ertaklardagi pari-paykaru chiroyda oyni uyaltirgan hurliqolar ham qishloq oralaganda tersotaliklarni bunchalik hayratga solmagan bo‘lardi: Sanchoning cho‘pchaklaridagi G‘irko‘kday Azlartepa orqali qishloqqa kirib kelayotgan mashinani endi butun Tersota tomosha qilar, mashina o‘zining kundalik tirikchiligi bilan ovora qishloqda vaqtni bir zum to‘xtatib qo‘ygan, hammaning xayolida «Bu qanday mashina bo‘ldi? Kimnikiga kelyapti? Bunday obro‘-e’tiborga munosib ko‘rilgan vallomat kim ekan?» degan savol g‘ujg‘on o‘ynardi. Mashina esa xuddi bosaymi, bosmaymi deb qadam tashlayotgan tannoz kabi o‘zini qiru adirlarga, to‘qayu o‘tloqlarga, atrofni o‘rab turgan tog‘u toshlarga ko‘z-ko‘z qilib qishloqqa kirdi va qishloqning g‘arbidagilarning alamini va hasadini qo‘zg‘ab sharqiga – to‘qayga tutash tomonga qarab yo‘l oldi. Qishloq qirga o‘rmalatib qurilgani uchun har bir uy bir-biriga kaftdek ko‘rinib turardi. Yo‘lga bolalar bilan qo‘shilib kattalar ham chiqib olishgan, ular hayrat va havas bilan mashinani kutib olib, keyin suq bilan kuzatib qolishardi. Mashina esa ko‘pchilikning umidi va ilinjini, g‘ururini yer bilan yakson qilib yarim qishloqni oralab o‘tdi-da, kelib-kelib Sanchoning uyi oldiga to‘xtadi: butun qishloq bu adolatsiz inoyatdan birdan junbishga keldi. Tersotaliklar bir-birlariga qarashar, ko‘zlariga ishonishmas, hech narsaga tushunishmas, bir-birlarining yuzlarida paydo bo‘lgan savolga javob, yuraklaridagi hasadga malham izlashardi.
– Sizning uyingizda to‘xtadi, Sancho, – dedi Murod sinchining nabirasi Malik. U poyga qilish uchun Sanchoning eshagiga endi mingan, mashinaga ko‘zi tushgach, to‘xtab qolgan, shundan beri og‘zidan so‘lagi, ko‘zidan hayrati oqib haykalday qotib turardi.
– Ha, sizning uyingiz oldiga to‘xtadi. Kim u, Sancho?
Soli Boymirning nabirasi hammaning ko‘nglidagi savolni berdi. Ammo bu savolga Sancho javob berolmasdi. Shu sababli u yelka qisdi. Sanchoning uyi atrofida odamlar to‘plana boshladi. Bolalar hamma narsani unutib qishloq tomon yugurib ketishdi. Sancho Malikning orqasiga mingashib olgandi. Eshak yo‘rg‘a bo‘lsa ham, baribir bolalarni quvib yetolmadi: ular xuddi bir narsadan quruq qoladigandek xarsanglaru hayotlarni mol-holdan asrash uchun terib chiqilgan toshdevorlar ustidan sakrab o‘tib, yugurib borishardi. Sancho yetib borganda mashinani yarim qishloq aholisi – yoshu qari o‘rab turar, birov uning farasini, birov bejirim lyukini, birov gardishini, birov oynasini, birov hatto mo‘ylarni ham yaqqol ko‘rsatib turgan kapotini hayrat bilan tomosha qilardi. Rosti ham bunday chiroyli va ko‘rinishining o‘ziyoq aqlni lol qiladigan g‘ayritabiiy mashina Tersotaga emas, umuman, bu o‘raga birinchi kelishi edi. Sanchoni ko‘rgan qishloqdoshlari unga kutilmagan hurmat va izzat bilan yo‘l ochishdi. Mashina oldida kabinaga suyangancha bir yigit turar, egilib mashina salonini ko‘rayotgan tersotaliklarga nimanidir tushuntirardi. Eshak mashina oldiga borgach, tuyoq tovushlarini eshitib yigit boshini ko‘tarib qaradi. Bu uning o‘sha badar ketgan Kenja o‘g‘li edi. Sancho avvaliga tanimadi. Tanigach esa angrayib turdi. U bir mashinaga, bir o‘g‘liga qarardi.
– Mana bizning boboy ham keldi, – dedi Kenja Sanchoni ko‘rib. U hech qachon otasini «boboy» demagandi – bu uning shaharda o‘zlashtirgan shevasi ekanini hamma sezdi: u pushti kamaridan tushgan otasini «Boboy» deyishi bilan otasi bilan o‘zining orasidagi farqni ko‘rsatgan, shu yo‘l bilan shaharda orttirgan obro‘sini saqlab qolgandi go‘yo. O‘g‘il hali ham hech narsani tushunmagancha lol bo‘lib turgan Sancho tomon yurib keldi. U qorin qo‘ygan, savlatli bo‘lib qolgandi. Otasini xuddi bolasini ko‘tarib olgandek eshakdan ko‘tarib tushirdi-da, quchoqlashib emas, otalarcha yelkasiga urib ko‘rishdi. Lekin bunga hech kim e’tibor bermadi: tersotaliklar qayoqdagi noqis otaga shunday o‘g‘il nasib qilganidan hali ham o‘zlariga kelolmay turishardi. Nosir do‘kondor esa alamidan lablarini ham tishlab olgan, shu daf’a omadning ko‘zi ko‘r bo‘lishiga yana bir karra imon keltirib turardi. Sanchoni esa qishloqdoshlarining yuz ifodalari ham, ular o‘ylayotgan o‘y-xayollar ham qiziqtirmas, xuddi sehrli xilqatni ko‘rib qolgan yosh boladay mashinaga jodulangan alfozda qarab turardi. O‘g‘li otasining holatini darrov tushundi. U mashinaning eshigini ochdi, ichkariga ishora qildi. Sancho mashinaga o‘tirdi. Mashinada kenja o‘g‘ilning bolaligiga quyib qo‘yganday o‘xshab ketadigan 12 yoshlardagi bola hammaning havasi kelayotgan mashina o‘ziga tegishli ekanini hammaga ko‘z-ko‘z qilayotganday ayricha g‘o‘ddayib o‘tirar, uning yuz-ko‘zida esa «Men qayerga kelib qoldim?» degan savol qotib qolgan, odamni seskantiradigan darajada pakana, ustiga-ustak, yuziga yarashmasligini o‘zlari ham bilgandek yakkam-dukkam bo‘y ko‘rsatgan mo‘ylari oqargan, ammo ovozi yosh bolanikidan farq qilmagan, chol bo‘lib cholga, bola bo‘lib bolaga o‘xshamayotgan tasqarasifat nusxaga angraygancha qarab turardi.
– Bu nabirangiz, – dedi Kenja. – Siz bilan ko‘rishish uchun keldi.
Bola bu maymunbasharaning o‘zining bobosi ekanini eshitib, battar sarosimaga tushib qoldi: otasiga ko‘zining qopini savolga to‘ldirib qaradi va yana bobo bo‘lmishga boshdan-oyoq ko‘z yugurtirib chiqdi.
Sancho bunday qarashlarga o‘rganib qolgani uchun nabirasining yuzidagi ajablanishga e’tibor berib o‘tirmadi; birpasda nabirasini ham unutdi, mashina ichini hayrat to‘la ko‘zlari yoritib yubordi: salonni, o‘rindiqni, bosh qo‘ygichlarni, har xil tugmachalarni, umuman, har bir detalni hayrat bilan ushlab ko‘ra boshladi. Ko‘rib turgan narsasiga ko‘zlari ishonmayotgan, xuddi qattiqroq tegsa zarar yetib qoladigandek ohista silar, qo‘l tegizib ko‘rar, so‘ng bu ishidan mamnun bo‘lib, yuzi quvonchdan yorishib, lablari yoyilib ketardi. Nabira esa uning hayratidan hayratga tushib, o‘ziga bobo bo‘lmish nusxadan ko‘zini uzmas, yuzida yotsiragan bir ifoda qotib qolgandi.
Bobosining turqi yoqmadimi yoki u bu yerlarda boshqa narsani ko‘rmoqchi bo‘lib kelganmidi, noma’lum, xullas, negadir mashinadan tushmay tumshayib oldi. Nabira o‘ziga xos o‘jar ham ekan: tersotaliklar qanchalik urinmasin, uni tushira olishmadi – yalinib ko‘rishdi, aldab, alqab ko‘rishdi, «Bir shaharlik jiyanning qaddi-qomatini ko‘raylik!» – deb maqtab ko‘rishdi, avrab ko‘rishdi, nabira o‘tirgan joyidan qimirlamadi – u jonini olish uchun o‘rab turgan yovvoyilar orasiga tushib qolganday hech kimni yaqin yo‘latmaslik uchun yuzini jaladan xabar berib turgan ko‘klam osmoniday tund tusga solib, xo‘mrayib olgandi. Sancho esa xuddi o‘g‘lining bolaligi qaytib kelgandek o‘zida yo‘q xursand edi: u nabirasiga qarab to‘ymas, uning qarashlarida yelini to‘lib turgan echkini ko‘rganda paydo bo‘ladigan kenja o‘g‘lining ko‘zlaridagi yovqur bir shijoatni ko‘rib qolardi.
Mehmonlar ketib, atrofni zulmat qoplagach, o‘g‘li bolasini baribir mashinadan tushirdi, o‘zi o‘sib ulg‘aygan uyga olib kirdi.
– Men mana shu uyda tug‘ilib, shu uyda ulg‘ayganman, – dedi o‘g‘il bir orzumandlik bilan xuddi otxonaday keng va baland qilib qurilgan uyni ko‘rsatib.
Nabira ulkan g‘orga kirganday uy o‘rtasida tik turib qoldi. Sancho ota-bolaga joy solarkan, nabira xuddi otasining tug‘ilganlik izlarini izlab topmoqchiday to‘sinlarni ushlab-ushlab ko‘rar, xonaning odatdagi uylarga nisbatan ancha baland shiftini, ravoqu tokchalarni, vassayu rovlarni, naqsh berilgan ulkan romlarni hayrat bilan kuzatib chiqardi, Sancho esa xuddi o‘zining g‘aroyib narsasini oshnasiga ko‘rsatayotgan boladay uning har bir xatti-harakatini kuzatib, o‘zicha kerilib o‘tirardi.
– Bu ham o‘zi sizga o‘xshab o‘yinlarni yaxshi ko‘radi, – dedi o‘g‘il otasining bolasidan ko‘zini uzmayotganini ko‘rib. – Siz haqingizda, qishlog‘imiz haqida, to‘qay haqida gapirib bergandim, men ham boraman deb turib oldi.
U bu gaplarni o‘zining o‘n to‘rt yil dim-dirs ketgani uchun uzrxohlik ohangida aytayotgan, shu orqali oradagi uzilib qolgan mehru oqitbatni tiklamoqchi bo‘layotgan edi. Ammo kattalar dunyosiga xos bo‘lgan bunday nozik ilg‘amlarni Sancho tushunmasdi, u kenja o‘g‘lini allaqachon kechirib yuborgan, umuman, shuncha yil kelmagan bo‘lsa-da, o‘g‘liga ko‘nglida zarracha gina-kudurut, o‘ksish yo‘q edi. U xudda bolalarday quvonardi, xolos. Ayniqsa, nabirasining Sanchoga bobosidan qolgan, otamzamonlarda qurilgan uyni hayrat va qiziqish bilan tomosha qilayotganidan o‘zida yo‘q xursand edi.
Shu kecha bobo va nabira birinchi marta oshiq o‘ynashdi, bolaligi esga tushdimi, Kenja ham chidolmadi, u ham keyingi bosqichda ularga qo‘shilib oldi. Ularning o‘yini yarim tungacha davom etdi: keyin Kenja bir quchog‘iga o‘g‘lini, bir quchog‘iga otasini olib uxlab qoldi.
Shunday qilib, o‘n to‘rt yil badar ketgan Kenjaning vijdoni qiynaldimi, asliga qaytdimi yoki bolasi bilan otasi til topishganday bo‘ldimi, oldi yoz bo‘lgani uchun bolasini Tersotaga tashlab ketdi.
Rostdanam, garchi bobosi bilan o‘ynab ketgan bo‘lsa-da, tirik qo‘g‘irchoqqa yoki kichraytirib qo‘yilgan odamga o‘xshaydagan Sancho nabirani qiziqtirib qolgandi: uxlab yotar ekan, o‘ziga kimdir ko‘zini qadab turganday uyg‘onib ketar va o‘zidan ko‘z uzmay tikilib turgan nabirasini ko‘rardi. Nabirasi hali ham ko‘zlariga ishonmayotganday, ko‘rib turgani ro‘yoday Sanchodan ko‘z uzmasdi. Buni o‘zicha tushunib Sancho jilmayar, nabirasining boshini silagancha yana uyquga ketardi.
VII
Nabira to‘qayda ham bolalarning o‘yiniga birdan qo‘shilib ketolmadi, aslida ham bu o‘yinlar unga begona va yot edi. Shu sababli u dastlabki ikki kunini to‘qayni, changalzorni, siypantoshni aylanish, bu yerlarni ko‘zdan kechirish bilan o‘tkazdi. Uchinchi kun esa bolalar har doimgiday endi «Zuvulloq» o‘yinini boshlaymiz deb turganda nabira ularning qarshisiga kelib birpas kuzatib turgach, kutilmaganda:
– Balkim, «Supermen» o‘yinini o‘ynarmiz? – dedi tomdan tarasha tushgandek.
Bolalar bir-biriga va, tabiiyki, Sanchoga qarashdi. Sancho bunaqa o‘yin borligini bilmasdi. Bolalar ham bunaqasidan bexabar edi. Hamma ajablanib nabiraning og‘ziga ko‘z tikdi.
– U qanaqa o‘yin?! – so‘radi Malik tuyaturponning ildizidan saqichni ajratib olib chaynalar ekan. Keyin saqichini shaharlik bolaga ko‘rsatmoqchiday shishirdi.
O‘yin nomining o‘ziyoq bolalarda birdan favqulodda qiziqish uyg‘otgan, shu paytgacha o‘zlarining bu to‘qaydagi ermaklariga o‘xshamagan nom hammaning og‘zini ochib qo‘ygandi: nabira esa bolalarni o‘ziga qarata olganidan xursand bo‘ldi va «Shuni ham bilmaysizlarmi?!» degandek pisanda bilan o‘yin shartlarini tushuntira boshladi:
– Bu bir necha bosqichdan iborat o‘yin. Dastlab ikki guruhga bo‘linib, «jang» qilamiz. Jang payti «o‘lgan» chiqib ketaveradi, yengganning bitta qo‘shimcha «joni» ko‘payaveradi. Kimning «joni» ko‘p bo‘lsa, o‘shaning imkoniyati ham ko‘p bo‘ladi, uni «o‘ldirishgan»da ham qo‘shimcha «jon»i evaziga jangni davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi. O‘yinning oxirgi bosqichida maxluqni yenggan supermen bo‘ladi.
Tersotalik bolalar juda ko‘p o‘yinlarni bilishardi. Ammo bunday g‘aroyib o‘yin haqida birinchi marta eshitib turishgandi: yengganning joni ko‘payib borishi – kim kuchli bo‘lsa, oxir-oqibat barcha jonlarni o‘ziniki qilib olib, «o‘lmaydigan» maqomga erishish – bu endi salkam ertakning o‘zi edi.
– To‘qay, chakalakzor, xarsanglar, ayniqsa, anovi qora tosh bu o‘yinni bemalol o‘ynash imkonini beradi, xuddi kompyuterdagiday, – dedi nabira. – Men kompyuterda bunday o‘yinlarni rosa ko‘p o‘ynaganman. Faqat o‘yin bir necha kunga cho‘zilishi mumkin. Agar rozi bo‘lsalaringiz, o‘ynashimiz mumkin.
Oldinda to‘liq yozgi ta’til turgandi, mabodo ota-onalari ularni boshqa bir ermakka yoki yumushga jalb qilmagan ekan, o‘ynashdan boshqa yana qanday ovunchoq bo‘lishi mumkin bu tog‘lar orasida? Tezda ikki guruhga bo‘linishdi – kutilmaganda bu o‘yinga hamma, hatto Sancho ham qiziqib qoldi, aslida, uning o‘yin desa suyagi yo‘q edi.
Shunday qilib, kutilmaganda nabira tashabbusni butunlay qo‘lga oldi.
– Kim o‘yin shartlariga rozi bo‘lsa, boshlashimiz mumkin, – dedi u. –Eslatib qo‘yay, bu o‘yinda faqat bitta g‘olib bo‘ladi. G‘olib degani supermen degani.
Nabiraning sharofati bilan birpasda to‘qayzor «harbiy janggoh»ga – faqat kuchlilargina yashab qolishi mumkin bo‘lgan o‘yingohga aylandi: qonida bo‘lgani uchunmi yoki o‘zi shunaqa qobiliyat bilan tug‘ilganmi, bunisi noma’lum, lekin u bu xildagi o‘yin borasida ustasi farang chiqib qoldi – hammaga yuzini qorakuyaga bo‘yatdi, avval yoyandozlik, keyin nayzabozlik, keyin chakalakzorda pusib-poylab yurish, yaqin borib to‘satdan «xanjar» bilan mahv qilish – hammasini o‘zi bu xil jangu jadalda ishtirok etganday ko‘rsatib berdi. Kimgaki uchiga zirk shirasi surilgan «o‘q», nayza, xanjar tegib, o‘sha joyi qizarib qoldimi, bo‘ldi, u o‘yindan chiqib ketishga mahkum, ya’ni u «o‘lgan» hisoblanadi. Buning uchun ular endi qizara boshlagan zirkni ovqat olib kelishgan kosalarga ezdi, oqibatda tayyor «qon» paydo bo‘ldi, nayza, paykon, to‘qmoq uchlarini unga botirib olishdi. Chakalakzor bo‘ladimi, xarsanglar orasimi, yulg‘unzormi, «dushman»ga to‘satdan, kutilmaganda hujum qilish va «qon»ni kiyimiga tegizish kerak edi. Ba’zilar nogahon o‘qqa duchor bo‘lmaslik uchun soatlab chakalakzorda yoki biron toshning ortida payt poylab yotardi. Nabirasi aytganday, o‘yin bir-ikki kunga cho‘zilib ketdi. Biroq bolalarga shu darajada yoqib qoldiki, ayrimlar tong-sahardan to‘qayga kelib oladigan bo‘ldi.
Nabiraning yangi o‘yini butun Tersotaga tarqadi va har bir uy, har bir xonadonda bu g‘aroyib o‘yin muhokama mavzusiga aylandi. Boshqacha aytganda, nabira bir kunda hammani o‘ziga qaratib oldi. Endi u to‘qayda o‘ynaladigan keyingi kunlardagi barcha o‘yinlarni o‘zi tashkil qilar, o‘yin shartlarini, tartibini belgilar, tug‘ilgandan beri qishloqdan narini ko‘rmagan bolalarga kuch-qudrat egasi bo‘lgan supermenlar, sayyoralararo janglar, quloq eshitmagan poygalar haqida gapirib berar, bolalarni atrofiga to‘plab, hammani lol qilib turganidan Sancho ham o‘zida yo‘q xursand bo‘lib ketardi – u ham xuddi Abdulla baxshini berilib eshitgani kabi nabirasining g‘aroyib o‘yinlar haqidagi hikoyalarini jon qulog‘i bilan eshitardi.
Endi butun Tersota g‘aroyib o‘yinlarni muhokama qilardi. Bora-bora kattalar ham shunday to‘qayga kelib olib, bolalarning o‘yinini tomosha qiladigan bo‘lishdi: bu nabirasining tersotalik bolalarning haqiqiy yo‘lboshchisiga aylanganini bildirardi: endi bolalar uning chizgan chizig‘idan chiqmas, har bir bola uni o‘zlarining o‘yinboshisi deb bilardi.
VIII
– Mana, nihoyat o‘yinning «Supermen» bosqichiga yetib yeldik, – dedi nabira uchinchi yoki to‘rtinchi kun. – O‘yinning sharti shunday: noma’lum qal’ada o‘ta xunuk, o‘ta tasqara, o‘ta badbashara maxluq yashaydi. U g‘ayritabiiy kuchga ega: uni oddiy qurollar bilan o‘ldirib bo‘lmaydi. Uni faqat ikki tig‘li xanjar bilan o‘ldirish mumkin. Buning uchun unga xanjar uradigan darajada yaqinlashish kerak. Buning esa iloji yo‘q. Maxluq yaqiniga yo‘laganni yamlamay yutib yuboradi. Uni o‘ldirgan super qahramon bo‘ladi!
Bu o‘yinning oxirgi bosqichi edi. Bolalar kim super qahramon bo‘lishini orziqib kutardilar. Zarang shoxidan ikki tig‘li xanjar ham yasab olishdi. O‘yin shartiga ko‘ra, har bir o‘yinchi xanjarga egalik qilish huquqiga ega edi. Buning uchun xanjarning oldingi egasini o‘ldirish kerak bo‘lardi. So‘nggi xanjar egasi ham qo‘shimcha jonga, ham xanjarga ega bo‘lardi. Hammasi nabira aytganday tayyor edi. Faqat… faqat endi maxluq bo‘ladiganni topish kerak… Badbashara, tasqara, xunuk maxluq bo‘lishga hammaning ham yuragi dov bermasdi va hech kimning «Maxluq» bo‘lgisi kelmasdi.
Shu sababli hammaning boshi qotdi. «Maxluq» bo‘lmasa, bu bosqichni o‘ynashdan foyda yo‘q.
Bolalar: «Kim «Maxluq» bo‘ladi?!» – deb tortishib turishganda ko‘pdan beri xayolan chamalab, mo‘ljallab yurgan va bahsga yakun yasamoqchiday qator turgan bolalarga bir-bir ko‘z tashlab, saf oxirida turgan Sanchoning qarshisiga kelib to‘xtadi va negadir unga tikilib qoldi. Bolalalar ham uning izidan kelib, Sanchoni xuddi endi ko‘rayotgandek sinchkovlik bilan ko‘z tashlashdi. Ular yuzini ajin bosgan, peshonasi xuddi uquvsiz kulol yasagan ko‘zaday g‘adir-budir, ichini mo‘y qoplab olgan quloqlari yirtiq po‘stakday shalpaygan, soqoli esa bu xunuk aftda o‘sib chiqqanidan uyalayotgandek boshini egib olib, pataklashgan, odamning barmog‘idan ko‘ra biron jonivorning panjasiga ko‘proq o‘xshab ketadigan kichkina jundor barmoqlari, xuddi kinolardagi gnomlarni esga soladigan pak-pakana bo‘yi, umuman, sinu sumbati maxluqning o‘zi bo‘lgan tasqara bilan yuzma-yuz turardilar: izohga hojat qolmagandi – Sanchodan xunuk, Sanchodan badbashara, Sanchodan mos boshqa nomzodni topish mushkul edi.
Ular shundagina avval bobolari, keyin otalari, endi o‘zlari bilan bolalik o‘yinini o‘ynab kelgan mitti, yapasqi odamning nabira tasvirlagan yirtqich maxluqqa o‘xshashini sezib qolishdiki, hamma bir ovozdan Sanchoning «Maxluq»qa munosib nomzod ekanini ich-ichidan tan olishdi.
Sanchoga esa farqi yo‘q edi: o‘zini o‘yinga qo‘shganlaridan xursand bo‘lib har doimgiday har qanday shartga tayyor turardi.
Shunday qilib, uzoq davom etadigan «Maxluq» bosqichi boshlandi: bir tomondan, maxluqni o‘ldirish uchun kelayotgan qahramon o‘ziga raqib bo‘lganlarning jonini o‘ziniki qilishga, ikkinchi tomondan, «Maxluq» bolalarni o‘g‘irlashga (bolalar qancha ko‘p o‘g‘irlansa, uning joni ham shuncha ko‘payardi) kirishib ketdi. Maxluqning qarorgohi – qal’asi Sanchoning uyi edi. O‘rnatilganiga yuz yillardan oshgan, go‘yo olis dorilamon kunlar haqida nimalardir deb ming‘irlayotgandek taassurot uyg‘otadagin g‘ichirloq eshiklar, bir paytlar nafaqat Tersotaning, balki butun O‘raning viqori bo‘lgan, endi esa chirishga yuz tutgan romlar, asriy qurum va g‘ubor qoplagan vassalar, yildan-yilga yangilanib, ko‘rkamlashib borayotgan uylar qarshisida begonalashib, yotlashib, mung‘ayib, haqiqatan ham biron maxluq yashaydigan g‘orga o‘xshab borayotgan uyning o‘zi – hammasi bu makonning nabira aytgan o‘yinga juda mos ekanini ko‘z-ko‘z qilib turardi.
Ertalab boshlangan o‘yin yarim kechasigacha davom etdi: tersotaliklar bolalarining Sanchoning uyida yarim kechagacha «Oqsuyak», «O‘g‘ri», «Yashirinmachoq» o‘yinlarini butun qishloqni boshlariga ko‘tarib o‘ynashlariga ko‘nikib qolishgandi. Shu sababli uning goh molxonasi, goh uyi, goh tomorqasi ichidan kelayotgan «jon» olib, «jon berayotgan» bolalarning har tusdagi mag‘lubona va g‘olibona ovozlariga e’tibor ham berishmadi.
O‘yinning eng nozik joyi – har kim o‘zi uchun kurashishi kerak edi. Shu sababli bolalar burchak-burchakda «joni»ni o‘ziniki qilish uchun bir-birini poylab yotishardi, zotan, «Maxluq»ni o‘ldirish uchun avval bir-birlarini o‘ldirishlari shart edi.
Nabira bu o‘yinda o‘ta sergak edi: u o‘yin g‘olibi bo‘lishga astoydil bel bog‘lagani yuz-ko‘zi, rang-ro‘yidan bilinib turardi. Rostdanam omad ham unga kulib boqardi: u «qal’a atrofida raqiblari»ni poylab yotib, birma-bir «joni»ni olardi. Bu paytda «Maxluq»qa aylangan Sancho esa endi bittagina bolani «asir» olgandi. Bolalar Sanchoning fe’lini ham, uning xatti-harakatini, ko‘ngli yumshoqligini ham yaxshi bilishgani uchun uni boshqa narsalarga chalg‘itgan ko‘yi qochib yurishardi.
Nabirasi o‘yinda ishtirok etayotganlarning deyarli hammasining «joni»ni o‘ziniki qilib bo‘lganda tun yarmidan og‘gandi.
Nabira «nayza» va «to‘qmoq» ushlab «Maxluq» bilan yuzma-yuz turar, uning orqasida g‘ira-shirada go‘yo rostdan ham «jonlari olingach» faqat sharpalarga aylangan bolalar kelishardi. Ular «super qahramon» kim bo‘ladi, Sanchomi yoki nabirami, bilish uchun nafaslarini ichiga yutib, qilt etmay turishardi.
Sancho shunchaki o‘yinni qizitish uchun o‘zini yovvoyi maxluqqa solib, har tomonga irillab tashlanar, qo‘lidagi so‘yil bilan nabirasi tomonidan berilgan har qanday zarbani osongina qaytarardi – u hammasini azbaroyi o‘yin uchun, qiziqchilik uchungina qilayotgandi.
Nabira «Maxluq» bilan avval nayzada, keyin to‘qmoqda «kuch» sinashdi: har ikkala holatda ham vaziyat «Maxluq» – Sanchoning foydasiga hal bo‘ldi, zotan, u oltmish yildan oshiq mol izidan tayoq sudrab yuraverib so‘yilni ishlatishnining piri bo‘lib ketgandi: nabirasining etigidan tortib yuzigacha so‘yil qoldirgan qizil bo‘yoq izlari bilan to‘lib toshdi – bu o‘yin uning g‘alabasi bilan yakun topishidan, nabiraning mag‘lub bo‘layotganidan darak berardi.
Qishloq masjidida xufton namozi o‘qib bo‘linib, qari-qartanglar uy-uylariga tarqalishayotganda nabira deyarli to‘plagan barcha «joni»dan mahrum bo‘lgandi. Bobosining tayoq, to‘qmoqlarni bunday ustomonlik bilan ishlata olishini nabiraning o‘zi ham kutmagandi, shu sababli orqada bolalardan kimdir: «Faqat bitta joni qoldi», – deganda qaltirab ketdi: uning butun vujudi, lablari, ko‘zlari, qorachiqlari titrardi.
– Men baribir g‘alaba qilaman! – dedi u hansirab bobosiga xuddi haqiqiy odamxo‘r qarshisida qotillik niyatida turgan ovchidek.
Nabira yana qorong‘ilik qa’riga g‘oyib bo‘ldi: uning oxirgi imkoniyati qolgandi. Agar yana bir marta bobosining so‘yilining bo‘yalgan uchi tegsa, bo‘ldi, Sancho o‘yin g‘olibi – supermen bo‘lardi. Nabira esa bunday yakunga tayyor emasdi, zotan, u hamisha g‘oliblik nashidasini surib o‘rgangan, kelib-kelib xudo nazaridan qolgan chet qishloqda, garchi bobosi deb tanishtirishgan bo‘lsa ham, qishloqda aqli noraso deb tan olingan jimitdan yengilish unga o‘ta sharmandalikday tuyulardi.
O‘yin kutilmagan tomonga burilgandi: endi faqat tomoshabinga aylangan bolalar yurak yutib yakunni kutishardi.
Nabirasining hujumini poylab turaverib Sanchoning uyqusi kelib ketdi: qanchalik ko‘ngli bola bo‘lmasin, yoshi allaqachon marrani qoralab qolgan, tanasi bunday uzoq cho‘zilgan jismoniy zo‘riqishga dosh berolmasdi. U o‘zining toliqqanini, umrida eng uzoq o‘ynagan o‘yini shu ekanini his qildi. Shuning uchun xayolan: «Nabiram paydo bo‘lsa, unga yengilib beraman, o‘zimni himoya qilib o‘tirmayman», – deb o‘yladi. Xuddi shu qaror bilan so‘yilga suyangancha tin oldi, ko‘zlarini yumdi. Uni uyqu bosib kelardi. «Nabiramni chaqiraman, yengildim, sen yengding deyman!» – deb rejalashtirdi ichida u. Ammo uning ichidagi o‘ylari oxirga yetmadi: yarim soatcha yo‘qolib ketgan nabira xuddi hayot-mamot jangiga kirishgan jangchiday qorong‘ilik qa’ridan o‘qday otilib chiqdi va qo‘lida qolgan oxirgi qurol – xanjarini «Maxluq» – Sanchoning qorniga «sanchdi». Bu shunchalik tez sodir bo‘ldiki, bolalar ham, Sancho ham nabira qayoqdan va qanday paydo bo‘lganini ilg‘ayolmay qoldilar. Sancho esa zarangdan uchi sumak qilib yasalgan xanjar qorniga qadalganda nabirasining g‘oliblik aks etgan yuzinigina ko‘rdi, nafaqat yuzi, balki ko‘zlari ham echkini bosib olib emayotganda o‘ljasini tappa bosgan bo‘rivachchani eslatadigan otasining ko‘zlariga juda o‘xshab ketishini sezib qoldi, bu ko‘zlarda unga yot, begona, sovuq, yovvoyi bir ifoda ham balqib turardi. U nabirasiga yengilganini e’tirof etishga chog‘landi, ammo gapirishga ulgurmadi – butun tanasini og‘riq qamrab oldi va u nabirasi «sanchgan» «xanjar»ni ikki qo‘llab ushlagancha yiqildi.
Uning juda tabiiy yiqilganini ko‘rib bolalar kulib yuborishdi: bunaqa yiqilishlar, «o‘lib berishlar»ni Sancho qoyillatardi.
Nabira esa bobosiga qaragancha qotib qolgan, uning ko‘zlarida junun, telbavor g‘oliblik zuhur etardi.
Bu zuhurot asta-sekin uning yuziga o‘tdi, keyin lablariga ko‘chdi.
U yerda yiqilib yotgan Sanchoga qarab turib bolalar tomon o‘girildi va telbalarcha shivirladi:
– Unga ikki tig‘li xanjarni urdim. Men «Maxluq»ni yengdim! Men supermenman!
Bolalar uni qutlashga kirishib ketishdi: birov quchoqlar, yoshi kattaroqlari kelib yelkasiga urib qo‘yardi. Qolganlari qo‘lini siqishardi. Endi tarqalishsa ham bo‘ladi. O‘yin tugagan, nihoyat bir haftalik o‘yinning yagona g‘olibi aniqlangandi.
Faqat Sancho hali ham o‘rnidan turmagandi. Buni Soli Boymirning nabirasi birinchi bo‘lib angladi. U yerda qornini ushlab yotgan Sanchoning oldiga borib, unga birpas qarab turdi.
– Sancho! Turing. Hammasini o‘xshatdingiz. «O‘lganingiz»ga ishondik, – dedi u kulgancha oyog‘i bilan oyog‘iga tepib.
Sancho javob qilmadi. Soli Boymirning nabirasi avval Sanchoning yelkasidan turtdi, keyin tovushini baland qilib noxushlikni sezgandek qaltiroq ovozda baqirib yubordi:
– Sancho! Nima balo, rostdanam o‘lib qoldingizmi?
Uning ovozini eshitgan bolalar nabirani qutlashdan to‘xtashdi. Ularning ko‘zi hali ham yerda qorni bilan qapishib, yuztuban yotgan Sanchoga tushdi. Malik kelib Sanchoning boshini ko‘tardi va yuzini osmonga o‘girdi. Sancho ko‘zlarini yumib yotardi.
– Sancho! Bo‘ldi, ketamiz. O‘yin tugadi.
U shunday deb, turishga yordam bermoqchi bo‘lib qo‘lini qornidagi zarang xanjarni ushlab turgan Sanchoning qo‘liga olib bordiyu birdan seskanib tushdi va shoshib kaftiga qaradi. Uning barmoqlari qon edi. Shundagina hammaning ko‘zi zarang «xanjar» qadalgan joydan sizib chiqayotgan qonga tushdi…
Ertasiga Sanchoni so‘nggi yo‘lga kuzatish uchun barcha tersotalik bolalar chiqishdi: ular uydan toki Azlartepagacha qator turib olishib, tobutga yelka tutishar, yelkadan yelkaga lopillab o‘tayotgan tobutni sekin silab qo‘yishar, shu bilan kattalar dunyosidagi oxirgi tengdoshlari bilan so‘zsiz vidolashishar, kattalar esa bu o‘limni katta yo‘qotish deb hisoblashmayotgan bo‘lsa-da, ammo har biri o‘zlari bir umr mayna qilib kelgan, avval Boyqul, keyin bir umr Sancho bo‘lib yashagan, o‘zlari bir umr aqli noqis deb hisoblagan qishloqdoshlari bilan birga Tersotaning bolalik davri ham tugaganini ich-ichlarida his etib tobut izidan boshlarini egib borishardi.