U qizi bilan uyga kiriboq stulga horg‘in cho‘kdi. Bugun ish har doimgidan ham ko‘p bo‘ldi. O‘zi yil yakunida hisobotlar yig‘ilib qoladi.
Derazaning bir tabaqasini ochdi. Xonaga kirgan kuzning salqin havosi yuzlariga xush yoqdi. Yengil tin olib, qizarib botayotgan oftobga, yorilgan anordek ollangan samoga bir zum tikildi.
Shu payt yonida kiyimlarini almashtirayotgan qizalog‘i:
— Oyijon, ko‘zmunchog‘imni yo‘qotib qo‘yibman, — dedi munchoq ko‘zlariga xavotir inib.
— Shunday de. Endi nima qilamiz? — dedi boshini sarak-sarak qilib.
Dilfazo esa o‘ng qo‘liga tikilgancha o‘ylanib turdi-da, so‘ng xafa bo‘lib:
— Oyijon, siz ham mendek vaqtingiz ko‘zmunchog‘ingizni yo‘qotib qo‘yganmisiz? — dedi o‘zini oqlamoqchidek. Bunday savolni kutmagani uchun Dilhayo bir lahza nima deyishini bilmay kalovlanib qoldida, keyin:
— Ha, yo‘qotganman, bolaligimda yo‘qotgandim, qizginam, — dedi va xayolida o‘tmishidagi voqealar xotiraning qorong‘u burchaklaridan chiqib tiklana boshladi…
Dilhayo ota-onasining yolg‘iz farzandi edi. U endi esini taniy boshlagan paytlari. Otasi negadir oyisini besabab koyiyverardi. Bunda ko‘proq buvisining hissasi borligini ancha keyin bildi. Shunday ko‘ngilxiraliklar sodir bo‘lganda onasi indamay ichkari uyga kirib ketar, derazaning yonida turib, olislarga uzoq tikilib, ko‘z yoshlarini artardi. To‘rt-besh yoshlar chamasidagi Dilhayo onasining qaysi aybi uchun gap eshitayotganini tushunmasa-da, unga achinar, chuchuk tillari bilan «Oyi, yilamang» deb onasining pinjiga kirardi. O‘shanda bolaligiga boribmi, oyisi yukli bo‘lmayotganligi uchun buvisining kesatiqli gaplarini, dadasining bor alamini onasidan olib, janjal chiqarishini tushunmas, nega oldingidek tinch-totuv emasliklarini murg‘ak qalbi anglay olmasdi.
Ko‘klam kunlaridan birida qo‘radagi sovliqlardan biri bolaladi. U birinchi marta bunaqa kichkina qo‘ychani ko‘rishi edi. Biram chiroyli, biram jajjiki, momiq yunglarini silaging keladi. Qop-qora ko‘zlari quralay, ora-sira tamshanib onasiga talpinishini aytmaganda, nuqul jim yotadi. Buvisining aytishicha, qo‘zichoq chala tug‘ilganmish. Axir, but-butun-ku! Qo‘l-oyog‘i, burni, ko‘zi joyida, qimirlatib qo‘yadigan kichkinagina quloqchalari ham bor. Dilhayoga ermak topildi. Endi har kuni tong otishi bilan qo‘zichoqning yoniga yugurar, endi bo‘y cho‘zgan giyohlarni yulib uning og‘ziga tutardi. Qo‘zichoq borgan sayin kuchga to‘lar, oyoqlarida turib, uning qo‘lidagi yemakka talpinardi. Dilhayo o‘ziga shunday hamroh topilganidan xursand, endi o‘yinlariga xushi kelsa qo‘shadigan, xushi kelmasa yaqinlatmaydigan bolalarga yalinmas, burchakda turib qo‘shni aka-singillarning o‘yinlarini havas bilan kuzatishga unda na vaqt, na toqat qolgandi.
Qizaloq uchun ovunchoq topilganidan uydagilar, ayniqsa, onasi mamnun. Ko‘chadagi o‘rtoqlaridan xafa bo‘lib, yig‘lamsirab kirgan damlarda onasining ko‘ngli buzilib, uni bag‘riga bosar, «Qo‘yaver, oppog‘im, sening ham ukang bo‘lsa, ularga qarab o‘tirmaysan, o‘zlaring maza qilib o‘ynayverasizlar», derdi ovutib. Mana, endi o‘sha bolalarning unga havasi keladi. Chunki uning Ko‘zmunchog‘i bor. Dilhayo qo‘zichoqqa shunday nom berdi. Boshida dadasidan, buvisidan so‘radi. Kimdir, Qashqa desa, yana kimdir Qoravoy dedi. Oxiri oyisi o‘ylanib turdi-da, «Kel, uni Ko‘zmunchoq deb ataymiz», dedi o‘zi topgan topilmadan bolalarcha quvonib.
Shu tariqa uning ko‘pincha o‘zi bilan o‘zi o‘ynaydigan biroz zerikarli, bir xil boshlanib, shu taxlit tugaydigan kunlariga mazmun kirdi. Bolaligi quvonchli kunlarga, serfayz lahzalarga to‘ldi. Ko‘zmunchoq u bilan deyarli har daqiqa birga, sakrab-sakrab orqasidan qolmaydi. Peshonasidagi oq qashqasini aytmaganda, tim qora edi. Dilhayo o‘yinqaroqlik qilib hovlidagi gulzorga yashirinib olsa «be-be-e»lab, u yoqdan bu yoqqa yurib uni axtarar, boshini gullar orasidan chiqarishi bilan yoniga chopib kelib irg‘ishlardi. Nazarida qo‘zichoq gapga tushunar, shu bois qizcha o‘zining xayollarini, orzularini soatlab unga aytib o‘tirardi.
Bahor-u yoz hash-pash degancha o‘tib ketdi. Kuz kelib, ishkomdagi xusayni uzumlar quyosh nurida yal-yal yonib pishgan, bog‘dagi olmalar biri qizil, biri nim pushti bo‘lib ko‘zni oladigan pallalar. Shunday kunlarning birida buvisi dadasi bilan supada o‘tirib anchagacha suhbatlashishdi. Ular nima haqida gaplashayotganini bilib bo‘lmas, biroq negadir dadasi bir unga, bir Ko‘zmunchoqqa qarab-qarab qo‘yar, aftidan u chorasiz qolgandi shu tobda. Buvisi esa, qo‘llarini siltab-siltab dadasiga allanimalarni tushuntirardi. Onasi non yoparkan, ora-sira tandirdan uzoqlashib, ularga xavotir bilan qarab qo‘yardi.
Ertasi dadasi uni tizzasiga olib, erkaladi, sochlarini silab mehr bilan o‘pib qo‘ydi. Nega bunday qilayotganini u tushunmasa-da, nimagadir ko‘ngli iyib, kulimsiradi, chuldirab Ko‘zmunchog‘i haqida gapira ketdi. Bugun u biroz o‘ychan, muloyim tortgan. Qiziga, uning to‘lib-toshib qo‘zichog‘i haqida gapirishiga quloq solib turgach:
— Dilhayo, qizim, bugun… uni, bozorga oboramiz, maylimi? — deb so‘radi, ovozini pasaytirib. Dilhayo avval kimni deb so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, ammo gap nima haqida borayotganini tushunib:
— Ko‘zmunchoqnimi? Nega, nega, axir?..
Uning yonoqlarida yosh dumaladi. Jajji yelkalari silkinib, kishini larzaga soladigan bir holatda qoldi u.
— Endi sen ulg‘ayib qolding, hademay maktabga borasan. Keyin Ko‘zmunchog‘ing ham katta qo‘y bo‘lyapti, uni sotsak, senga yana qo‘zichoq olib beramiz, — dedi dadasi ko‘ndirishga urinib.
Dilhayo esa dadasining tizzasidan tushib yerga o‘tirib oldi va rostmana yig‘lab, yalinishga tushdi:
— Dadajon, iltimos, unday qilmang, menga boshqasi kerakmas, uni bozorga olib ketmang, xo‘p deng…
Shu payt kelib qolgan buvisi uning ko‘z yoshi to‘kib o‘tirganini ko‘rib g‘azablanib, qoshlarini chimirgancha gapira ketdi:
— Hoy, ahmoq qiz, nega yig‘laysan, senga uka kerakmi yo mana shu savil qo‘ymi? Uni Qayrag‘och buvaga ataganmiz, qurbonlik qilsak, Xudo senga ham o‘g‘il uka beradi. O‘shani o‘ynatasan keyin.
So‘ng ko‘zi bilan yer chizib o‘tirgan dadasiga o‘qraygancha:
— Sen ham mundoq gapirsang-chi, odamlar bola uchun jonini beradi, sen-chi, bitta qo‘yni bahridan o‘tolmayapsan. O‘zi sen ham anavi lattachaynar xotiningga o‘xshab…
Ostonada paydo bo‘lgan oyisini ko‘rib buvisi yana avj oldi:
— Gap tamom, bugun tush mahaliga yetkazib bor, chollar keladi, yaxshi niyat bilan shu ishni qilsak, niyatimizga yetamiz, — dedi va eshikni «taq» etib yopib chiqib ketdi.
Dilhayo mo‘ltirab bir dadasiga, bir onasiga qararkan, nima deyarini bilmay, yig‘lardi. Onasi ro‘moli bilan mijjalarini artib, ohista dedi:
— Keling, o‘rniga tog‘asinikidagi qo‘yni olib boraylik, buni vaqtincha akamnikiga qo‘yib turamiz. Qizimiz tag‘in ichikib qolmasin.
— Qo‘ysang-chi, onamni aldab bo‘lmaydi, bilsalar sening ham, mening ham ko‘zimizni ochirmaydi, Dilhayoga bugunoq yangi qo‘zichoq olib beraman.
Ularga ilinj bilan qarab turgan Dilhayo endi keskin:
— Yo‘q, kerakmas, boshqa qo‘zichoq boqmayman. Baribir bir kuni uni ham so‘yasizlar. Buvim ham, sizlar ham yomonsizlar, — dedi.
— Dilhayo, bu nima deganing, — dedi onasi yig‘lamsirab.
U esa araz bilan uydan chiqib, Ko‘zmunchoqning yoniga yugurdi. Og‘ilxonaga kirib, birdan taqqa to‘xtab qoldi. Ko‘zlariga ishonmay, u yoq buyoqqa alangladi. Yuragiga vahima oralab, qo‘llari bilan og‘zini yopib:
— Ko‘zmunchoq! — deb baqirib yubordi.
Avval olmazorga, keyin bedasi o‘rib olingan tomorqaga yugurdi. Biroq qo‘zichoq hech qayerda yo‘q edi. Shunda xayoliga kelgan mash’um o‘ydan bir cho‘chib tushdi-yu, Qayrag‘och buva dalasiga chopdi.
Buvisi allaqachon bir necha kishi bilan qo‘zichoqni ziyoratgohga keltirgan va daraxtga bog‘lab qo‘ygandi. Dilhayo qo‘zichog‘ini ko‘rganidan hayajonlanib:
— Ko‘zmunchoq! — deb u tomon oshiqdi. Qo‘zichoq ham qizchani tanib, bo‘ynidagi arqonni uzgudek «be-be-ee»lab unga talpindi. Dilhayo xuddi ming yildan beri qo‘zichog‘ini ko‘rmagandek, uni achomlab, bo‘yinlarini silab erkaladi. Qo‘zichoq qizchani iskay-iskay, dikirlab, go‘yo arqonni uz, bu yerdan ketaylik degandek tipirchiladi. Shu chog‘ kimdir shartta uni qo‘lidan tortib turg‘azmoqchi bo‘ldi, o‘grilib qarasa, buvisi darg‘azab turibdi:
— Xolmat, bor manavini uyga olib borib onasiga topshir, qamab qo‘ysin, — dedi qo‘shni yigitga tayinlab.
Boyagina sevinch porlagan nigohlariga bir zumda o‘kinch, alam soya tashladi. Qahr bilan boqib turgan buvisiga, «Ko‘tarmasam ham o‘zing yurasanmi?» degandek savolomuz tikilib turgan qo‘shni yigitga qararkan, qat’iyat bilan «O‘zim ketaman!» dedi. So‘nggi marta Ko‘zmunchoqni qucharkan, ko‘z yoshlari qo‘zining qop-qora yunglariga tushib, yerga dumaladi. Keyin dast o‘rnidan turdi-da, ortiga qaramay tez-tez yurib ketdi.
Shu kuni u beg‘ubor, betashvish, pokiza xayollarga oshno bolalik olami bilan xayrlashib, kattalarning tushunarsiz, g‘alvali, bir-birovini nohaq gap-so‘zlar bilan ado etadigan hayotga kirib qolgandek sezar, buni tushuna olmasdi. Bu aslida bola qalbidagi bir isyon edi…
Dilhayo bolaligida kechgan o‘sha olis manzaralar zanjiridan chiqar ekan, yulduzlar bilan charag‘on osmonga tikildi. Ertaga havo ochiq bo‘ladi, degan fikr o‘tdi ko‘nglidan. Shunda ichkari uydan qizi Dilfazoning shodon qiyqirig‘i eshitildi:
— Oyijon, qarang, ko‘zmunchog‘imni topdim, kapalakli ko‘ylagimning cho‘ntagida ekan!
Dilhayo cho‘kkalab dilbandini bag‘riga bosib:
— Rostdanmi, qani-qani, voy qanday yaxshi bo‘libdi, — dedi astoydil xursand bo‘lib. — Endi uni yo‘qotma, sira yo‘qotma, xo‘pmi, — dedi quvonchdan kipriklari -namlanib.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 37-son