Auditoriya talabalar bilan to‘la, kimdir konspekt to‘ldirish, kimdir qo‘l telefoni bilan gaplashish, yana kimlardir uch-to‘rtta bo‘lib hangomalashish bilan band.
Kirish uchun qo‘ng‘iroq chalinganiga o‘n daqiqadan oshyaptiki, hali Asloniy deganlaridan darak yo‘q. Joyimga o‘tirib, darsni takrorlash, imtihonlar vaqtida yanada baholarni oshirish ilinjida daftarimga ko‘z yugurtira boshladim. Shu mahal, eshikning “taq-q” etib yopilganidan talabalarning hushi uchdi. Qarasak, qo‘llarini cho‘ntagiga solgancha, Asloniy kirib kelyapti. U stol oldiga kelib bir zum kichkina ko‘zlari bilan talabalarga qirg‘iy qarash qildi-da, so‘ng guruhdoshimiz Sherzodga dedi:
– Xo‘sh, hammasi joyidami? (hamma talabalar demoqchi bo‘ldi chog‘i).
– Hammasi yest, domla, – dedi Sherzod ham beo‘xshov tirjayib.
Asloniy javobdan qoniqdi shekilli, uzun bir xomuza tortgach, saboqni boshladi. Qani, yozishga ulgurlaring, deya to‘ng‘illab qo‘ydi u kitobga qarab ma’ruza qilarkan. Yana o‘sha-o‘sha naq qirq daqiqa qo‘limiz tolib, konspekt yozdik, qolgan yigirma daqiqada uning o‘zi nimalarnidir daftariga qayd etib o‘tirdi. Bu orada avjlangan talabalarning “pichir-pichir”, “qiqir-qiqir”ini Asloniy domla odatiga ko‘ra stol ustiga “taq-q” ettirib kaft bilan urib go‘yoki tinchlantirgan bo‘lardi. Nihoyat u qo‘llarini cho‘ntagiga tiqib, talabalar oralab yurdi:
– Xo‘sh, o‘tilgan mavzu bo‘yicha kim bizga gapirib beradi? Hmm… demak, hech kim talabgor emas, shundaymi?
Asloniy domla darg‘azab holda jurnal varaqlashga tushdi.
– Men gapirmoqchiman, – arang sas berdi Muqaddas.
– Davay, boshla.
U o‘tilgan darsni qo‘shimcha ma’lumotlar asosida aytib berdi. Biz esa uni o‘qituvchidan eshitgandek, chanqoqlik bilan tingladik. Keyin men va boshqalar ham chiqib baholandik. Shundan so‘ng tanaffusga qo‘ng‘iroq chalindi. Asloniy xonaga qanchalik bemalol, xotirjam kirib kelgan bo‘lsa, endi aksincha tezlik bilan oldi-orqasiga qaramay “zip” etgancha chiqib ketdi. Ortidan bir guruh bo‘lib ergashgan biz talabalarni guruhboshimiz eshik oldida to‘xtatdi.
– O‘zim gaplashdim, ovora bo‘lib yurmanglar.
U irshayib, barmoqlarini sanoq soni qilib ko‘rsatdi.
– Voy, buncha qimmat, – deya chinqirdi kimdir. Yana kimdir ming‘irlagan ko‘yi cho‘ntak kavlashga tushdi.
– E, qo‘yib bersa bo‘ldi-da. Biz uchun hech sarson bo‘lib yurmang, o‘zimiz eplaymiz, – dedik dugonam ikkimiz Sherzodga, so‘ng kafedra tomon ildamladik.
Borsak, Asloniy domla kafedrada talabalarni qabul qilmasliklarini aytishdi. Bir auditoriyaga borganimizda u yerdan ham hozirgina chiqib ketganini aytishdi. Shu bilan uch-to‘rt kun Asloniy bizga qorasini ko‘rsatmadi. Ko‘rsa ham ko‘rmaganga yo‘yib, oldimizdan “ship” etib o‘tib ketadigan bo‘lib qoldi. Qarasak, sessiya deganlari yakunlanayapti hamki, biz hali ham Asloniy bilan go‘yo quvlashmachoq o‘ynab yuribmiz. Oxiri, bir kun uning yo‘lini to‘sdik.
– Domla, bahoyimizni qo‘yib bersangiz qo‘yib bering, bo‘lmasa, arz qilamiz,– dedik dangal.
– Kim qo‘ymayman deyapti? – Asloniy o‘zini beparvolikka soldi. – Nima, Sherzod bilan gap-lashmadinglarmi?
– Yo‘q, siz domlamizsiz, biz siz bilan gaplashamiz;
Asloniy bir oz o‘ylanib turdi-da, keyin, imo qildi:
– Qani, yuringlar-chi.
Biz binoning burchagidagi xonalardan biriga borib Asloniy bilan ro‘parama-ro‘para o‘tirdik.
– Xo‘sh, nimani gapirasizlar, – dedi u kesatiq ohangda.
– Nimani yozdirgan bo‘lsangiz shuni-da, – dedim men.
– Siz savol bering, biz javob beramiz, – dedi dugonam ham.
Shundan keyin Asloniy domla ezmalanib savol bera boshladi. Biz ham bo‘sh kelmadik. So‘ng charchadimi yoki o‘zi o‘ylagan natija chiqmasligiga ko‘zi yetdimi, harqalay:
– O‘zi sizlarga nechchi baho kerak? – dedi tajanglanib.
– Albatta besh-da, – dedik bir ovozdan.
– Yo‘q, tortmayapti, beshga tortmayapti, – dedi salmoqlanib Asloniy.
– Nimaga endi, axir hamma darsingizga qatnashgan bo‘lsak, konpektlarimiz to‘liq, baholarimiz yetarlicha bo‘lsa, – dedi dugonam biroz qizishib.
– Gap undamas. Bu fanni hech kim beshga bilmaydi, bu shunaqa murakkab fan, buni tushunish qiyin, – dedi domla faylasufona bosh chayqab.
– Bizga talabalar darajasida baho qo‘ying-da…
Domla hanuz ming‘irlashdan qolmadi.
– Tortmayapti, baribir tortmayapti…
Men endi uning o‘zini taroziga solib o‘tirishiga toqat qilolmay shart o‘rnimdan turdim.
– Mayli, domla, bo‘lmasa men hozir chiqib birortasidan qarz olib kelay. Tushunarsiz, talaba zoti o‘zi shunaqa-ku, bir-biridan oldi-berdi qilib yashaydi.
Asloniy menga sinovchan ko‘z tashladi:
– Yaxshi, o‘zlaringdan qolar gap yo‘q. Boraqol, faqat boshqalarga aytib yurma, yana talabalar ichida har xil gap tarqalib yurmasin.
– Yo‘g‘-e, domla, o‘ylamanmang, axir ustoz Mansur Ergashovichdan so‘rasam yo‘q demas, ular talaba xalqini juda yaxshi tushunadilar-ku, to‘g‘ri emasmi? – dedim eshikni tashqariga ocharkanman.
Prorektorimizning ismi sharifini eshitib Asloniyning rang-quti o‘chdi. Peshona chakkalari bo‘rtib, qizirib, o‘rnidan sekin, lekin vajohat bilan turarkan:
– Nima-a! – deya chinqirib yubordi. So‘ng bo‘shashibgina sinov daftarchalarimizga qo‘l cho‘zdi. – Qani, qizlar, bera qolinglar. Mansur Ergashovichni bezovta qilishga hech hojat yo‘q.