«Ey-y!..» dedi-da, kichkinagina xitoyi televizorining simini elektrdan uzib, beozor zarda bilan tashqariga yo‘naldi: «Vatandi kuni senlarga qomay o‘lsin, dardingga uraylar!..» Ostonadan hatlab, meva-chevayu ekinlarga to‘la hovlisiga beixtiyor tikilib, turib qoldi. Serbarg mevali daraxtlar jimirlab, yaltiraydi – bu oftobning tafti balandligidan dalolat. Saraton avjida-da. Issiqning hattoki ko‘zga ko‘rinayotganidan, soyada turganiga qaramay, go‘yo kimdir yuziga qaynoq suv sochib yuborganday entikib ketdi.
Xotinining ovqat qilaman, deyishiga ham ko‘nmay, hali tushlikda bir kosa shakarobni non bilan paqqos tushirdi-yu, ustidan terlab-terlab qaynoq choy ichdi. So‘ng ko‘nglining ko‘chasiga qayrildi – odatdagidek uyga kirib, televizorni qo‘ydi-da, to‘shakka yonboshladi. Shunday issiqda esi bor odam kunduzi bir mizg‘ib oladi-da. Aslida-ku, jaziramaning dastidan esi kirmagan odamning o‘zi qolmagan chiqar. Shu tariqa esi yo‘q beor televizor nimalarnidir «sayrayverdi», u esa asta-sekin pinakka ketib, oxiri tirrak qotdi. Chamasi, ikki soatcha uxladi, yana o‘sha televizorning ovozidan uyg‘ondi. Uyg‘ondi-yu, mijjalariga yopishgan uyqusi harsillagan dunyoning allaqayeriga o‘zini urguncha yarim ochiq ko‘zlarini oq-qora tasvirga tikib yotdi. Shuuri tiniqlashib, tasvirdagi ma’nolarni anglay boshlagach, haligi gap -g‘ashi kelib, o‘rnidan turib ketdi.
Xotiniyam issiqdan qochib doimgidek ro‘paradagi uyning ayvonida yotgandir. Katta o‘g‘li o‘qishga kirish bilan ovora. Kichigi hoynahoy cho‘milgani jo‘navorgan. Yolg‘izgina qizi esa, birovning xasmi emasmi, egasini topib ketgan. Qarang-a, hayhotdek hovlida xotini ikkovi qolibdi-ya. O‘shan-chun o‘zbek degani o‘ntalab tug‘avergan-da. Chunki bitta-ikkita bola bilan bag‘ri tezda huvillab qolavergan. Kattasi bu yil o‘qishga kirsa kirdi, bo‘lmasa, bahorda uylavoradi. Xudo bersa, bir-ikki yilda nevaralar ko‘rib, uyi yana to‘polonga to‘ladi-da. Qizning bolasi baribir birovniki ekan, kelsayam bir-ikki kunga keladi. U mudom ostonada turarkan, bag‘ri huvillaganidanmi, beixtiyor xotinini ich-ichidan sog‘inayotganligini payqadi va ayvon tomon yurdi. O‘rtadagi uch-to‘rt qadamlik oftobro‘yadan ko‘zlarini yumib o‘tdi -kuydirvoraman deydi-ya, jonivor.
Issiqdan nafas rostlash niyatida chalqanchasiga yastanib yotgan xotini uyg‘oqmidi yoki uning sharpasidan uyg‘onib ketdimi, erining hurmatidan, darrov oyoqlarini yig‘ishtirib, yonboshlab oldi. U esa so‘rining chetiga o‘tirib, oldidagi choynakdan piyolaga sovuq choy quydi va birvarakay sipqordi: yaxna choy ham, nazdida, iliqday tuyulib, chanqog‘i bosilmaganidanmi, norozi qiyofada tamshandi. Shu holiga,
-Ha bekorchi pariy, yotibsimi ish yo‘g‘ligidan maza qile-eb? -deya xotiniga tegishdi.
-Hmm, shu issig‘dayam ish qilib o‘lib qolaymi endi? -deb qo‘ydi xotini sekingina va uyquli ko‘zlarini ochib-yumarkan, uyqusirayotganday so‘radi. -Nima deb g‘udranayotuvdiyz uyda?
-Hozirgindami?.. -Er bir qimirlab oldi, bilinar-bilinmas jilmaydi. – Bilasanu, o‘zimizi kanallardi ko‘rsam jinim qurishib ketadi.
-Unaqa bo‘sa, ko‘rmay qo‘yovring, deymanu. Nima qilas asabiyzi buzib.
-Boshqa ko‘radigan narsa bo‘maganidan keyin ko‘rasan-da. Hozir ham bir qiz Vatan haqida ashula aytyapti-yu, o‘zi yarim-yalang‘och. Orqasini to‘ldirib bayraq xilpirab turibdi, degin. Xuddi ashi o‘zi kuylayotgan Vatan uyalganidan bayroqminan yuz-ko‘zini to‘sib, «avratiyni bekit, qizim», deyotganday. -Nima bo‘lsayam yoshligida kitobni ko‘p o‘qigan-da, ancha-muncha chiroyli gapni kelishtiradi. -Yaxshiyam televizorimiz oq-qora, rangli bo‘sa, unaqa ashulachilardi kepatasi vobshe dahshat ko‘rinsa kerak.
-Ha, biyag‘i mustaqillik bayrami yaqinlashyapti. Unvonmi, mukofotmi olsa keray-da. Ashinchun Vatan haqida aytatta, xo‘jayin, – dedi xotini endi boshini o‘ng qo‘lining kaftiga tirab.
-Unvon olsa olib o‘lsin, ommale Vatan haqidagi ashula bunaqa aytilmetta, xotin. Nima, hozirgi yashlar ashilardan o‘rnak oladimi? «Sen uchun jonimni beray»mish. Sen joniynimas… He, dardingga uray!..
-Obbo-oo!.. -Xotin o‘rnidan turib o‘tirarkan, tushib ketgan ro‘molini boshiga ildi. -Vatanparvarligiyzi bilamanu, omma shopur odamga kim qo‘yibdiykin-a bunaqa gaplardi, tavba. Nima balo, bugun siyosatdan obqoldiyz-a?..
Xotinining hazil aralash kesatig‘i uning ham «ilhomini» qo‘zg‘adi.
-Ha, endi siz kulturniy odamsiz-da, bollar bog‘chasini oshpazi bo‘sayiz. -Keyin zo‘raki qo‘l siltadi. -Ey-y, sen qorin bandasi Vatandi bilarmiding, dardingga uray!
-Shunaqami?.. Mana, meni Vatanim, bildiyzmi! -Xotini qulochini kerib, avval uylariga, so‘ngra hovlisiga ishora qildi va erini ko‘rsatib, dedi: -Mana, meni Vatanim, bollarim meni Vatanim!.. Keng (keling), qo‘ying, choy-poy damlab beraymi?
Uning mehri tovlanib, kuldi:
-Baribir o‘zing zo‘rsan-da, xotin. Paqat shu hozirgi yashlarga ichim achiganidan… Ular ergashadigan odamlar yo‘g‘-da. Haligi, oshnam Marip boru… Bilasan, tarixni yaxshi biladi. Ashi tarixda qancha qahramonlarimiz bor, derdi. Ashilarni kino-pino qilish keraymi?.. Ashulachilarimizi ahvoli haligi bo‘lsa. Bunaqada… – U jim qoldi-da, xayollari allaqayoqqa uchdi.
-Choy ichassimi-yo‘g‘mi? -dedi yana xotini ta’kidlab, miyig‘ida jilmaygancha.
-Ichmiyman. Chekka (yangi berilgan tomorqa) o‘tib kelaman. -deya o‘rnidan turdi.
-Shu issig‘da-ya, dadasi?
-Zeriktim, bir aylanib kelay. Sen bugun osh qilarsan?
-Xo‘p. -Xotini choynakdagi yaxnani oxirgi tomchisigacha quyib, ichdi. -Mayli, aylanib keling, bo‘lmasa.
U ayvondan tushib, sahn chetida oqayotgan ariqchada yuz-qo‘lini yuvdi, ho‘l qo‘llarini boshiyu ko‘kraklarigacha ishqab, o‘zicha salqinladi.
Shu payt katakdagi tovuqlarning qaqag‘lagani qulog‘iga urildi.
-O‘rtog‘laringga don-pon berdingmi? -dedi o‘tirgan ko‘yi ovozini balandlatib.
Ayvondan xotinining ovozi eshitildi:
-Qorni to‘q, tuqqani uchun baqiryapti.
U boshini silkitib, kuldi, so‘ng uy ichida qolgan durrasini olib, yelkasiga tashladi-da, ko‘cha tomon yurdi.
Ularning ko‘chasida dov-daraxt mo‘l bo‘lib, yonidan anhor o‘tganligidan, hiyla salqin tuyulardi. Biroq saraton jaziramasi bu yerda ham o‘z hukmini o‘tkazardi. Chekigacha ancha yurishi kerak, shuning uchun tezdagina terga botmaslik o‘yida qadamini ohista oldi. Borarkan, xotinining gapini esladi: rostdanam o‘zbek uchun bola-chaqasi-yu, uy-joyi Vatan-da. Xotini balo… Ammo bu bir jihati, agar kengroq o‘ylansa… Vatanning nima ekanligini to‘la anglamoq uchun uydan chiqish kerakmikin? Nima bo‘lgandayam boyagi yarim-yalang‘och ashulachi aytayotgan qo‘shiq yoki hozirgi aksariyat kinolardagi ovro‘pachasiga kiyinib, chala-chulpa o‘zbekcha so‘zlab, bemalol o‘pishib, quchoqlashayotgan bizga o‘xshamagan odamlar Vatan degani emas-da. Vatan balki yana nimadir, nimalardir… U oshkora kuldi: rostdanam shopir odamga kim qo‘yibdi bunaqa gaplarni. Harbiyda haydovchilik hunarini o‘rgandi-yu, shu-shu yuk mashinalariga bog‘lanib qoldi. Umrining asosiy qismini kolxoz mashinasini minib o‘tkazdi. Nihoyat kolxozlar barham topdi,
buyoqda o‘zining ham qon bosimi oshadigan bo‘lib, nogironlik nafaqasiga chiqdi. Mana, endigina ellikka kirib, pensionerga aylandi-qoldi. Nomi g‘irt bekorchi-yu eshik-eliga, mol-xoliga qaraydi, olti sotixli chekiga ul-bul narsa ekadi, har holda qora qozonini qaynatib, ro‘zg‘orini eplab tebratadi. Uyog‘ini so‘rasangiz, yoshligida badiiy kitobni ko‘p o‘qigani bilan aslida haligiday chiroyli gaplarni hadeb gapiravermaydi va hatto bugungidek o‘y-xayollaridan o‘zi ham hayratda. Lekin esini tanibdiki, el-yurt, Vatan deyiladimi, xalqmi, ishqilib, mana shunaqa yukliroq narsalar xususida aytilgan yengil-elpi gap-so‘zlarni yoqtirmaydi. Xotini aytmoqchi, vatanparvarligi ham rost, ya’ni, halol-da. Mustaqillikning un va non tanqis bo‘lgan avvalgi yillarida, bolalar bog‘chasida oshpaz emasmi, xotini goho uyga bir-ikkita bulka non olib kelib qolardi. U esa bir indamadi, ikki indamadi, uchinchisida tuzukkina so‘kib berdi: «bollarni haqini yeb, qanday singdirasan», dedi. Keyinroq xotini endi mol-qo‘yi uchun ortgan ovqatlarni t
ashib yurdi. U bunga ham ko‘nmadi, «sut-qatig‘ini ichadigan hayvoningga har xil shubhali narsalarni berma», deya o‘dag‘ayladi. Ana o‘shanda xotini «ja vatanparvarsiz-da, koshki buni birov bilib qo‘ysaykan», degandi. Shu-shu goho esiga tushsa, vatanparvarligini pisanda qilib qo‘yadi. Uning esa bilgan falsafasi shu: kimningdir bunaqa gaplarga xushi yo‘qmi, mayli, aslo bu borada gapirmasin, ya’ni hazil-mazaxga aylantirib yubormasin. Hozirgi ko‘yiga bo‘lsa kutilmaganda tushib turibdi-yu yo haligi yarim-yalang‘och ashulachining turqi-tarovati shunchalar ta’sir qildimi?..
Bundan uch-to‘rt yil muqaddam qishloqda bir odam paydo bo‘lib qoldi. Jikkakkina bu odam aft-angoridan na o‘zbekka va na o‘risga o‘xshamasdi, yoshi, chamasi, oltmish bilan yetmishning o‘rtasida edi. Aytishlaricha, u asli shu yerlik bo‘lib, harbiyligida bir o‘ris qizni yaxshi ko‘rib, Rusiyaning allaqaysi shahrida qolib ketganmish. Hozir uyoqda binoyidek uy-joyi, bola-chaqalari bormish. Ammo yoshi bir joyga yetgach, birdan bu tomonlarni ixtiyor etibdi. Oilasi ko‘nmabdi, lekin u hayyo-huyt, debdi-yu, jo‘navoribdi. Endi bu bor-yo‘g‘i bir gap-da, uyog‘ini tag‘in Xudo biladi. Buyoqqa kelsa, urug‘larining kattalari o‘lib ketishgan, emishki, yoshlari g‘alati qarindoshini qabul qilishmabdi. Shundan keyin u qishloq hammomining qo‘lbola mehmonxonasida yotib yurdi. Kimdir unga eskiroq chopon, do‘ppi kiydirib qo‘ydi. Uning ohorsiz kiyimlarni kiyishi va yoki uvada ko‘rpa-to‘shakda yotib yurishi nochorligidan emas, ehtimol soddalikdan ediki, shu bilan o‘zbek bo‘lishga urinardi. Balki allaqachonlar boy bergan qandaydir aziz
narsasini qaytadan topishni istarmidi. Hammomning biqinida o‘choq, qozonlari ham bo‘lib, qo‘lbola mehmonxona har kuni ulfatlar bilan gavjum edi. Ollohning eski choponu do‘ppini kiyib, «shudgor qo‘riqchisiga» o‘xshab qolgan bu soddadil quli esa (aslida go‘yo endi unga to‘n bilan do‘ppi ham begonadek edi) goh choynak, goh tovoq ko‘tarib, xizmatga kirishib ketardi. Buni ko‘rib, og‘zining bog‘ichi yo‘qlardan birovi, kayfchilikdami nima balo, unga «Miltiqli kishi» deb laqab qo‘yibdi. (Sho‘ro zamonida shu nomdagi mashhur, ammo juda zerikarli film bo‘lardi va uning qahramoni kinoning boshidan oxirigacha yelkasiga uzun miltiqni osvolib, choynak ko‘targancha u yoqdan-bu yoqqa borib-kelaverardi).
Bir kuni u ham «Miltiqli kishi» bilan gaplashib qoldi: ikki piyola «hasrat-dori»dan «urishgach», ehtiroslar ko‘ngillardan tillarga ko‘cha boshladi.
-Meni hecham uyoqqa ketgim yo‘q, -dedi bolalarnikidek beg‘uboru beozor ko‘zlarida yosh aylanib «Miltiqli kishi», o‘zbekchada duduqlanganday so‘zlarkan. -To‘g‘ri, bollarimni, xotinimni sog‘inaman. No-o, shu yerda o‘lishni, shu turpoqqa ko‘milishni istayman.
Tavba, negadir o‘shanda bu ham yig‘lab yuborgandi.
Oradan besh-olti oy o‘tib, «Miltiqli kishi» birdan g‘oyib bo‘lib qoldi. Aytishlaricha, bolalari olib ketishibdi…
Ehtimol boyagi «yana nimadir» deganimiz uning hech yo‘q o‘lmoq uchun kerakligini anglashimizdir? Buni anglash uchun nahotki tarki Vatan etish zarur bo‘lsa?.. Xudo asrasin!..
U katta ko‘chaga chiqishi bilan yuziga asfaltning tafti urilib, jaziramaning quvvati ikki hissa ortganday tuyuldi. Bu qizdirilgan tandirmonand joyda birozgina yurishini o‘ylab, ichida o‘zini ovutgan bo‘ldi. Shu payt ro‘parasida kelayotgan Soliga ko‘zi tushdi. Kar va soqov, goho-goho qo‘llarini siltab, nimalargadir ishora qilib yuradigan bu odam, ko‘cha-ko‘ydagi gaplarga qaraganda, undan uch-to‘rt yosh katta edi. Ehtimol u o‘z ismini biron marta eshitmagandir va balki ismi Soli ekanligini mutlaqo bilmas, lekin odamlar uni Soli deb atashaveradi. To‘g‘ri, qaysidir tili qichiganlarning shunday chiroyli ismning yoniga goho «jinni», «dovdir» so‘zlarini qo‘shib qo‘yishlari ham rost. Ammo Soli jinni emasdi, to‘y-to‘rkinlarda o‘zicha xizmat qilib, idish-ayoqlarni yig‘ishtirib, u yer-bu yerlarda qolib ketgan non bo‘laklari va boshqa yeguliklarni, ko‘pincha esa yo‘llar chetidagi tamaki qoldiqlari-yu qutilarini, xas-xashak, qo‘yingki, axlat yoki chiqindi degulik neki bo‘lsa, barini terib yurardi. Tera-tera bir chetga o
lib borib tashlardi. Bu yumushini har kuni bajarardi. Hozir ham boshiga o‘ngib ketgan eski do‘ppi, egniga kir-chir ko‘ylak va shim kiygan Soli unga yaqinlasharkan, yo‘l chetida yotgan tamaki qutisini olish uchun engashdi. U esa Soliga tikilib borarkan, beixtiyor ko‘ngli xil-xil eridi, Ollohning mana shu devona quli bilan juda-juda so‘rashgisi kelib ketdi. Biroq nega bunday bo‘layotganligini tushunmadi.
-Assalomaleykim, Soli aka, -dedi u so‘rashish uchun ikki qo‘lini uzatib.
Soli nimadir yamlardi, yuzida kinoyali nim tabassum zohir. Salom beruvchining ovozini eshitmagan bo‘lsa-da, uzatilgan qo‘lini ko‘rib, so‘rashmoqchi ekanligini payqadi va shoshib qo‘l cho‘zarkan, «qalaysan» deganday boshini bolalarcha silkib qo‘ydi. Solining rangpar yuzi nihoyatda serajin edi, bu ajinlar bag‘ridagi qisiq ko‘zlari esa… Ular bag‘oyat ma’noli boqardi va sohibining buyuk aqlu qalbini namoyish etayotgandek chaqnab, yonardi. U bu nigohdan qattiq mutaassir bo‘lib, butun vujudi jimirlab ketdi. Soli esa yuzini tirishga ko‘mib, tirjaydi-da, go‘yo nimadir dedi-yu, yo‘liga ketaverdi. U bir lahza to‘xtadi va shu turishida judayam muhim bo‘lgan nenidir his qildi, lekin shuuri uning ne ekanligini anglamadi…
Mana, nihoyat dala yo‘liga eltuvchi toshloq ko‘chaga burildi. Bir tomonida chuqur zovur, bir tomonida esa past-baland qishloqcha uylari bor bu ko‘chada boyagidek kuydiruvchi taft sezilmasdi. Bolalikda ko‘proq shu ko‘chada o‘ynashardi va tarafma-taraf mushtlashuvlar ham asosan shu yerda bo‘lib o‘tardi. Endi qadrdonga aylanib, gavjumlashgan bu ko‘cha o‘shanda xilvatroqmidi. Ayniqsa, sinfdoshi Ma’ruf juda urishqoq edi, ancha-muncha zo‘rning ham ichini to‘kib qo‘yardi. Ammo o‘zi ham chakki emasdi, pakanaroq bo‘lgani bilan undayam bitta o‘g‘il bolaning shashti-yu quvvati bor edi. Bundaylarni yuragi dov deyishadi. Har holda pakana yoki novchami, er kishi dovyurak bo‘lgani ma’qul-da. Asqotadi. Esida, harbiy xizmatni tugatgach, ham yaxshi hayotga va ham o‘ris qizlarga ishqiboz bo‘lib, haydovchilik bahona Rusiyada ikki yilcha qolib ketdi. Ishchilar yotoqxonasida uch kishi yotishar, ularning biri armani edi. Bir kuni bekorchilikda «Alibobo va qirq qaroqchi» degan o‘sha mashhur film haqida gap chiqib qoldi. (O‘shanda bu
film rosa og‘izga tushgan paytlar edi, kinoteatrlarda tinimsiz qo‘yilardi). «Uni O‘zbekiston Hindiston bilan hamkorlikda ishlagan», dedi u og‘zi qulog‘ida maqtanib. Buni eshitgan armani shu qadar masxaraomuz tirjaydiki, uning vujud-vujudidan o‘tib ketdi. Ustiga-ustak «esing joyidami, chto za tupost», deb ham yubordi. U ana shunisiga chidolmadi, armani butun xalqini oshkora haqoratlayotganligini yurakdan his qildi. Shahd o‘rnidan turib, o‘rtadagi stolni armanining ustiga uloqtirdi, nimalardir deya so‘kindi, g‘azab va nafrati kuch berib, uni bosib oldi. Uchinchi hamrohlari ajratishga tushdi. Armani kechqurun o‘z qavmdoshlarini boshlab keldi va uch kishilashib bechora millatparastni rosa do‘pposlashdi. Ammo keyinroq armanilar uni rosa hurmat qiladigan, davralariga chorlaydigan bo‘lib qolishdi. Ular yo kino chindan ham o‘zbeklarniki ekanligini aniqlashgan va qilmishlaridan uyalishgan, yoki uning o‘z millati uchun mardona turganidan ta’sirlanishgandi. Demak, er kishi hurmat topmog‘i uchun nimalarnidir deb uris
hib ham turishi kerak shekilli-da.
Ma’ruf ostonasi tagidan oqib o‘tgan ariqcha yoqasidagi ajriqda yolg‘iz salqinlab o‘tirardi. U oshnasining ko‘chada maykachan o‘tirganini ko‘rib, buni uyat sanaganidan (hayo faqat ayollar uchun emas-da) biroz g‘ashlansa-da, uni halitdan beri bir necha bor eslagani uchun ko‘ngli eridimi, jilmayib, salom berdi. Ma’ruf sal qo‘zg‘olib, qo‘l uzatdi.
-To‘shak obchiqaymi, oshna? -deb qo‘ydi uning ajriqqa o‘tirayotganini ko‘rib, shunchaki mulozamat ohangida.
-Rahmat, to‘shakda o‘tirsangam qizib ketasan hozir, -derkan, yuziga fotiha tortdi u. -Qalay, otpiskaga chiqvolib, maza qib dam olyapsanmi?
Ma’ruf o‘qituvchi edi, tarixdan dars berardi.
-Ha, endi… -dedi u peshonasi tirishib. -Dam qayda-ya, oshna, o‘zbeydi dami nimaligini bilasanu.
Shu paytgacha e’tibor bermagan ekanmi, hozir tuzukroq sarasof solgach, payqadiki, do‘sti ancha qaribdi. Maykachan o‘tirgani uchun shimining ustida beo‘xshov osilgan qorni sabab jussasi katta ko‘ringani bilan tuzukkina cho‘kibdi ham. Sochlari oppoq, peshonasi-yu ko‘zining atrofini tirish bosgan, yuzi salqigan, nigohi esa avvalgidek o‘tli emas, loqayd boqadi. Bolaligida tovonidan o‘t chaqnardi, hamma narsada birinchi edi. «Ataman-ataman» o‘yinini o‘ynashganida nuqul Ma’ruf ataman bo‘lardi. Bolalar uni ko‘pchiliklashib «qo‘lga tushirishardi»-da, daraxt yoki simyog‘ochga rostakamiga chirmab bog‘lashardi. Endi o‘ylasa, u ataylab qo‘lga tushib berarmidi, chunki, asir olingan atamanni qiynash va uning qiynoqqa chidashi juda zavqli edi, har tugul odam o‘z mardligini namoyish qilishi uchun bu rosayam qo‘l kelardi. Chamasi, o‘shanda Ma’ruf qiynoqlarga chidab, parolni aytmay turishdan huzurlanardi shekilli. Ammo qiynoqlar qariyb chinakamiga bo‘lardi -asirga suv sochilardi, loy otilardi, yumshoq joylari chimchilanardi
.
-Yog‘och ot minvolib, «Ataman-ataman» o‘ynaganlarimiz esingdami, Marip? -dedi u xotiraga berilarkan, zavqlanib.
-Esimda, -deb qo‘ydi Ma’ruf boshqa gaping yo‘qmidi, deganday pisandsizlarcha.
-Unda biz o‘xshagimiz kelgan odamlar ko‘piydida-a? Hozirgilarni kuni nuqul g‘arnusxa, bachchanusxa ashulachilarga qoldi.
Ma’ruf bir kaft nos otib, indamay o‘tiraverdi.
-Menga qara, bir paytlar qadimdagi zo‘r odamlarimiz haqida ja ko‘p rivoyatlar aytib berarding-a? -U do‘stining fe’lini yaxshi bilgani uchun gapiga javob kutmasdan bidillay boshlagandi, Ma’ruf kutilmaganda og‘zida nosi bilan «si-si»lab qoldi:
-Su deyman biz paqat ulug‘ possolarimiz haqida gapirib, ularni maqtab, osirvoryappiz sekilli-da. Prostoy odamlardan chiqqan zo‘rlarimiz haqida gapirsak yaxsi bo‘larmidi? Chunki yoslar asilarga ergasatta. Masalan, haligi Siroqqa (Shiroqqa) o‘xsagan…
-O‘zimizi Dukchi Eshonga o‘xshagan, degin, -gapni ilib ketdi u. -Nimaga Dukchi Eshonni ko‘pam gipirishovrmaydi, a, Marip? Agar uni kino qilishsami… Zo‘r chiqardi-da. -U savollari ko‘payib ketganligiga ham parvo qilmasdi. -Haligi Shiroq o‘zi bo‘gan odammi, Marip?
-Bir rivoyatta endi, -dedi Ma’ruf hamon lablarini qimtib. -Iyag‘ini yana tag‘in Xudo biladi.
-Xalqini deb qulog‘i minan burnini kesishsayam chidaydi-ya. -U xuddi o‘zining burin-qulog‘ini kesishayotganday g‘alati bo‘lib ketdi. -Biziyam shunaqa qilishsa chidarmikinmiz-a, Marip? -deb yubordi bolalarcha soddalik bilan. -Xudo saqlasinu, mabodo urush-purush bo‘lsa, bizi xalqam eplab urisharmikin?
Ma’ruf unga savdoyiga boqqanday bir qarash qildi-da, nosini tuflab tashlagach, dedi:
-Ja sersavol bo‘p qobsan, tinchliymi? Gaplaring g‘alati-g‘alati. -Keyin xuddi o‘ylarini irg‘itmoqchiday boshini keskin siltadi. -Biyil (bu yil) ikkinchi o‘g‘limi uylashim kerak. Uydagi mol-qo‘ylarimdi, teraklarimdi sotsam yetarmikin, deb turibpan. Biyaqda katta o‘g‘limga bitta vatan qib berishim kerak.
U esa do‘stining gapini go‘yo eshitmaganday g‘o‘ldiradi:
-Shu bizi ashulachilar… Unaqa desang, hammamizam Vatanimiz haliyam birovni qo‘lidadek maqtaymiz, kuylaymiz-da. «Seni birovga bermiymiz», «Seni jonimdan sevaman», yana «Senday Vatan qayda bor?» deyishadimiyey. Hammasi armon. Vatan bunaqa kuylanmaydi-da, a?
-Ob-boo, rosa boshti og‘rittingu, bor, ishiyni qil! -deya do‘q urdi Ma’ruf. -Bor-bor!..
-Odam qurib ketganday senga gapirdimmi-ya, -dedi u ham do‘stining zo‘raki do‘qiga javoban. -Borey, dardingga uray seni! Men bir chekdan xabar ob o‘tay.
Picha nariga yetganda Ma’rufning ovozi eshitildi:
-Ho‘y, vatanchi, qaytishda kirgin, bittani ariqchaga tashab qo‘yganman.
U «xo‘p» deganday qo‘l siltab, jilmaydi. Yurib borarkan, yana xayolga berildi: tavba, bularni tushunish, his qilish yoki haligindaqa qiynoqlarga chidash uchun nahotki bola bo‘lmoq lozim? Yoki chinakamiga sevmoq va mard turmoqqa bolalardek soddalik, beg‘uborlik kerakmikin?..
Tomorqasiga bahorda sabzi sepishgandi, rosa bo‘ldi jonivor. Yaqinda yig‘ishtirib, bozorga «urishdi-yu», o‘rniga makkajo‘xori ekishdi. Ana, makkajo‘xorilar ham til ko‘rsatib qolibdi. Hademay, bu yerga uy quradi va katta o‘g‘lini uylab, olib chiqib qo‘yadi. Tomorqa olishga olganu, lekin hali uy qurolmaganlar ko‘pchilik, atrofda yakkam-dukkam kichkina-kichkina uylar ko‘rinadi xolos. Chor tarafga asosan terak ekilgan. Terak deganlari yaxshi narsa ekan, osh-non so‘ramaydi-yu, uch-to‘rt yilda qo‘lga ilingulik daromad keltiradi… «Ie, makkajo‘xori ekilgan uyalarni tovuq titibdimi?» Ha, bitta egatdagi uyalar qatorasiga titkilab tashlanibdi. Ildizidagi doni cho‘qilganu, yangi ungan va endi ildizsiz qolgan nihollar so‘liy boshlabdi. Hoyna-hoy bu hamisha birovlarning devor-to‘siqsiz tomorqalarini ovlab yuradigan qo‘shni juvonning tovuqlari bo‘lsa kerak. «Mol egasiga o‘xshamasa harom o‘ladi», degani shu-da. Bir ko‘ngli bo‘ralatib so‘kkisi keldi, lekin shaytonga hayr berdi. Hozir chaqirsa, baribir eri uyda yo‘q, o‘sha t
ovuqmijoz juvonga ro‘para bo‘ladi. Xotin kishi bilan pachakilashib o‘tirmagani ma’qul, siri ketadi. Yaxshisi, uyga borgach, xotiniga aytadi. Tovuqlariga qo‘shib bir adabini bersin…
Chekini astoydil ko‘zdan kechirgach, o‘t-o‘lan bosgan o‘ydim-chuqur yo‘lga o‘tdi va undan katta anhor yoqasidagi do‘nglikka ko‘tarildi. Bu yerdan tevarak-atrof yaqqol ko‘zga tashlanardi. Shu turishida, nazdida, dunyo juda keng tuyulib ketdi. Suvi tip-tiniq anhor esa lim-lim oqadi. U qirg‘oqqa o‘tirib, durrasi bilan yuzu-bo‘ynidagi terni artdi. So‘ng tag‘in Shiroq va bolalikdagi «Ataman-ataman» o‘yini yodiga tushdi. Uning ketidan o‘rislaru amriqoliklar ishlagan qadimgi jangu jadallar haqidagi kinolarni esladi. Ular bunaqa kinolarni qotirishadi, lak-lak lashkarlar qatnashgan muhorabalarni ham juda o‘xshatishadiki, beixtiyor ishonib ketasan, kishi. O‘zingni go‘yo o‘sha janglarda ishtirok etayotgandek his qilasan va ko‘nglingda shiddat yoki mardlikni sog‘inishga o‘xshagan tuyg‘umi paydo bo‘ladi. Ehtirosliroq odam ularni ko‘rganida o‘zini juda-juda mard fahmlab, vujudida mislsiz quvvat junbushga kelayotganligini seza boshlaydi. U yoshligidan shunaqa kinolarni yaxshi ko‘radi. Ayniqsa, bosh qahramonlarning asir tush
ishlari va ularning beayov qiynoqlarga chidashlaridan nihoyatda ta’sirlanadi, mardligidan huzurlanadi. Shunday paytlarda goho o‘zini o‘sha qahramonlarning o‘rniga qo‘yib ko‘radi va qiynoqlarga chiday olish yoki olmasligini xayolan chamalaydi. Aytsa, birov ishonishi qiyin-ku, ko‘pincha bu chamalashi o‘z foydasiga hal bo‘ladi. Hozir ham Shiroqni eslarkan, xayolan uning o‘rniga o‘zini qo‘yib ko‘rdi. Shiroq ulug‘ bir podshohni lashkariga qo‘shib aldagan. Eng qiyini ham shu -u birovni aldolmaydi, yolg‘on gapirolmaydi. Tag‘in kim biladi, mabodo el-yurti uchun bo‘lsa, balki… Biroq qiynoqlarga chidaydi. Mana, quloqlarini ham kesishdi. Avvaliga hatto sezmadi. Keyinroq sal-pal og‘ridi -bunga chidash mumkin. Faqat bo‘ynidan ko‘kragiga oqib tushayotgan qonni ko‘rganda seskanib ketdi, ozgina vahimaga tushdi. Keyin esa burnini kesishdi. Chidaydi… «Chidayman!..» -deb yubordi u ovoz chiqarib. O‘z ovozidan xayoli bo‘lingach, yon-veriga birrov qarab qo‘yarkan, jilmaydi.
Anhorning muzdek suvida avval qo‘llarini chig‘anog‘igacha, so‘ngra yuzu bo‘ynini, ko‘kragini yuvdi. Hozir u go‘yo tanasidagi qonni yuvayotgandek edi…
Sal salqinladi, lekin anhor bo‘yi oftobli bo‘lganidan narigi qirg‘oqdagi tutqator ostida birpas o‘tirgisi keldi. O‘rnidan turib, o‘ngdagi ko‘prik sari yurdi. Ro‘parasida yana Soli ko‘rindi: u nimanidir izlayotgandek timirskilanib, atrofga tez-tez nazar tashlab kelardi. «Hammayoqni kezib yurarkan-da bu devona», degan gap o‘tdi xayolidan. «Balki Soli biz bilmagan nimanidir bilar? Bu dardingga uray balo!..» U ixtiyorsiz tarzda Soliga tikildi. Soli ham unga tuyqus nazar tashladi. Ana shunda o‘rtadagi anchagina masofaga qaramay, yana uning nigohini aniq-tiniq ko‘rdi. Bu nigoh bag‘oyat chuqur edi. Shu qadar chuqurki, unga kirish va ehtimol cho‘kish mumkinday tuyulardi… Ular ko‘prik oldida to‘qnashdilar. Soli tag‘in «Qalaysan?» deganday bosh silkib, o‘tib ketdi.
Tutqatorning naryog‘idagi etagi ancha uzoqlarga cho‘zilgan kartaga paxta ekilgandi. Durkun g‘o‘zalar tizza bo‘yi bo‘lib qolgan. U tut ostiga o‘tirib, yuz va bo‘ynidagi namni artdi. Endi oftobning tafti xiyla qaytgan, lekin havo noni uzib olingan va cho‘g‘i xiyol so‘ngan tandir kabi dim edi. Uning bag‘rida ajib bir sog‘inch paydo bo‘ldi. Yuragining osti sim-sim oqayotganday, ko‘zlarining chetiga birov igna sanchayotganday edi. Ehtimol xotinini sog‘indimi? Qiziq-a? Tavba! U kafti bilan namchil bag‘rini siypaladi. Go‘yo yig‘lagisi kelardi-yu, ammo bu holati o‘ziga judayam xush yoqardi. «Dardingga uray buncha shirin-a?..» Yo oshnasi Ma’rufni sog‘indimi? Balki Solining nigohi ta’sir qilgandir? Yo‘q, bag‘ridagi narsaning omonligi uchun bular ozlik qilardi… Yana xayollari chuvalashdi: qaytishda Ma’ruf ariqchaga solib qo‘ygan «haligindan» ikki piyola «uradi». Havo dim bo‘lsa nima qipti? Keyin uyiga borib, xotinjoni pishirgan palovni «tushiradi». Taskin ilinjidagi bu orzu-o‘ylari ham kamlik qildi… Halovatsiz jovd
iragan ko‘zlari g‘ujg‘on g‘o‘zalarga tikildi. Shu payt tizza bo‘yi bo‘lgan g‘o‘zalar o‘sa boshladilar, o‘sa-o‘sa xuddi qadimgi janglar aks etgan kinolardagi sonsiz suvoriylarga aylanardilar va o‘tirgani bois tobora undan balandlab borardilar. Bostirib kelayotgan tish-tirnog‘igacha qurollangan lashkar hisobsiz edi. Uning bag‘ri hapriqdi, ko‘ksini ezg‘ilayotgan narsa shiddat bilan bo‘g‘ziga urildi. Bo‘g‘zi kuydi-da, unda mislsiz bir na’ra paydo bo‘ldi. Hayqirarkan, chap qo‘li yonboshini bezovta paypasladi va kafti nimagadir urildi-da, uni mahkam changalladi. So‘ng biroz xotirjam tortdi, ko‘ksiga havo to‘lib, ko‘tarildi va belida tutgani ulkan qilichni qindan sug‘ira o‘rnidan turib ketdi. Shu on o‘ng yonidagi serbutoq, egri-bugri tut «Miltiqli kishi»ga aylandi. Uning qo‘lida chindan ham kattakon miltig‘i bor edi. Chap tomonidagi tutlar o‘rnida xotini va Soli paydo bo‘ldi, orqaroqda esa qornini qappaytirib Ma’ruf ko‘rindi. Boshqa tutlar ham tanish-notanish odamlarga aylanardi. Hozir ular hamlaga shaylangan sher
yanglig‘ ro‘paradagi son-sanoqsiz lashkarga bas kelmoqqa qodirday turishardi.