Nabi Jaloliddin. Urush (hikoya)

Oshxona shiyponiga yelka suyaklari turtib chiqqan, bo‘ydor, qorato‘ri yigit kirib keldi. U yarim kosa lag‘mon va bitta non olib, nigohi bilan bo‘sh joy qidirdi. Eng chekkadagi joylardan biri bo‘sh ekanligini ko‘rib, o‘zicha xursand ham bo‘ldi — har tugul to‘polondan chetroq…
Oshxona binosining ichidayu tashidagi o‘rindiqlarda odam qaynaydi. Hozir ayni tushlik payti bo‘lganidan xo‘randalarning keti uzilmaydi. Choyu ovqatning tafti qo‘shilgan yemakxona havosi dimlagandan-dimlaydi. Shiftga osilgan «shamol»lar tinmay aylanadi, Lekin jag‘larning tnnimsiz «mehnati»dan, ham issiqning zo‘ridan yuz-ko‘zlardan ter quyiladi. Haligi yigit bir choynak choy ham olib kelib o‘tirdi. Choyni ikki-uch bor qaytarib, qoshiq bilan ovqatni kavladi. Lekin bir ho‘plam ham ichmadi, go‘yo umuman qorni ochmagandek edi. o‘amgin ko‘zlari u yoq-bu yoqqa ma’nosiz termildi. Choy quyib, ho‘pladi. Ko‘kimtir dog‘lari bo‘lgan suyakdor yuzi tirishdi…
Shu payt yigitning ko‘zi shiyponchaga kirib, nigohi bilan joy izlayotgan cholga tushdi. Oqsoqol joy qidirib kiraverishda xiyol turib qoldi. Axiyri yigitning yolg‘iz o‘tirganini ko‘rib, o‘sha tomonga yurdi. Chol chap tomonga qiyshayibroq qadam tashlaganidan oqsaganday ko‘rinardi. Qora charm sumkasining bog‘ini chorsisi bilan bog‘lab, yelkasiga osib olgandi. Shunchalik issiqqa qaramay, ok yaktagi ustidan chakmon kiygan, boshidagi xiyla uringan do‘ppi chetidan qiyiq tang‘igan, oyog‘ida oqshaygan maxsi-kalish. Yuzi issiqdan bo‘g‘riqib kettanidan oppoq soqoli tovlanganday tuyuladi.
Chol yigitning oldiga yetib kelib:
— Bo‘shmi? — deya so‘radi.
Yigit bir ko‘zg‘aldi-da, «bo‘sh, bo‘sh», dedi «so‘ramasangiz ham bo‘lardi» kabi ohangda.
Chol xaltasini stol ostiga qo‘ydi. Bo‘sh stulga o‘tirib, cho‘ntaqlarini bir chekkadan kavlay ketdi. Kavlay-kavlay, turli qiymatdagi anchagina pul yig‘di. Sanadi. So‘ng pullarni bir qo‘lida ushlab, bir qo‘li bilan xal¬tasini kavladi. Undan ikki dona qip-qizil pomidor oldi. Qiynalibroq o‘rnidan turib, lo‘qillagancha ichkariga kirib ketdi. Bir ozdan so‘ng bir qo‘lida haligi pomidorlar yuvilgai holda solingan likobcha, bir qo‘lida esa bitta obinon bilan qaytib keldi. Ularni stol ustiga qo‘yib, yana ortiga qaytdi. Chol juda hafsala bilan, erinmasdan harakat qilardi. Har bir harakati «shoshib nima qildim, buyog‘i omonat»,  deyayotgandek edi. Yaxshiki, qariyaning omadi chonib, qozon boshida navbatda turganlar nihoyalab qolgandi. Bir kosa lag‘monu bir choynak choy bilan ikkita piyola olib, ortiga qaytdi. Ovqatini stolga qo‘yayotgandi, ichidagi qoshiq yerga tushib ketdi. Na ovqat yemay, na choy ichmay, cholni zimdan kuzatib o‘tirgan yigit qoshiqning ovozidan bir cho‘chib tush¬di. Shoshib qoshiqni yerdan olib, «yuvib k
elaman», deya irg‘ib o‘rnidan turayotuvdi, chol qo‘li bilan «bu yoqka beraver» deganday ishora qildi. Yigit indamay qoshiq¬ni uzatdi-da, joyig‘a o‘tirdi. Chol ham o‘tirarkan, qo‘ltig‘idan g‘ijim durra olib, qoshiqni artdi-da, ovqatiga soldi. Keyin yonboshidan belbog‘iga osib olgan pichog‘ini chiqarib, pomidorlarni shoshilmay, palla-palla qilib to‘rg‘ay boshladi. U go‘yo faqatgina ayni paytda mashg‘ul bo‘lgan narsasini o‘ylayotgandek ko‘rinar, atrofdagilarga va umuman hech narsaga e’tibor bermasdi.
Yigit uning harakatlariga zavq bilan tikilib o‘tirardi. Bag‘rining allaqayeri sim-sim ezilar va kipriklarining osti achishayotgandek tuyulardi. Balki cholga mehri tovlanarmidi. Hozir, ayniqsa, cholning oppoq kumushday tovlangan soqoliga havasi kelar, o‘zi ham xuddi shunday soqol qo‘yishni ich-ichidan istardi…
Chol pomidorni parraqlab bo‘lib, ikki-uch to‘rg‘am nonni tikkasiga — chinnining chetiga suyab, ovqatiga sol¬di. Engashib xaltasidai eskiroq chorsiga o‘ralgan bir narsa chiqarib, tizzasiga qo‘ydi. Nigohi bilan atrofga nazar tashladi. Hamma o‘zi bilan o‘zi ovora, hech kimning u bilan ishi yo‘q. Nihoyat ko‘zlari ro‘parasidagi yigitda to‘xtadi. Yigit nigohini olib qochdi.
— Ayb qilmaysiz-da, jiyanim, — deya chol chorsining bir tomonini ochgandi, vino shishasining boshi ko‘rindi.
Yigit haligi gap o‘ziga aytilganini sezib, bir qimirlab qo‘ydi-da:
— Bemalol, bemalol, otaxon! — dedi shoshib va nima qilishini bilmay, nihoyat xiyol tobi ko‘tarilgan ovqatini ichishga tushdi.
Chol shishaning qopqog‘ini ochib, ikkita piyolaga quydi. Yana yigitga qaradi. Ko‘zlar to‘qnashdi. Ularning ko‘zlari bir-birlarinikiga juda o‘xshardi — ikkisining ham qorachig‘larida mislsiz g‘am cho‘kib yotgandek ularga qaragan kishi ham o‘zini o‘sha ko‘zlarga kirib ketayotgandek his qiladi. Bu nigohlarda yana qandaydir ma’nolar ham yashiringandek.
Chol chap qo‘li bilan sharob quyilgan bitta piyolani yigitning oldiga surdi. Uning uchta barmog‘i yo‘q edi. Yigit seskanib ketdi. Beixtiyor piyolani qo‘liga oldi.
Chol:
— Qani!.. — dedi-da, vinoni sizg‘ilab-sizg‘ilab ichdi.
Ajabki, yigit ham xuddi qarshisida o‘tirgan chol kabi piyoladagini tishlari orasidan sizib-sizib simirdi.
Cholning ko‘zlari yoshlanib ketdi. Bir tishlam non bilan bir palla pomidorni gazak qildi-da, qo‘lidagi durra bilan ter quyilgan yuz-ko‘zini artib, ovqat yeyishga kirishdi. Avval ovqatga solib qo‘ygan nonlarning birini tishladi. Ovqatda ivigan yumshoq nonni yeyayotgan bo‘lsa ham, milklari bilan chaynayotganidan soqoli tez-tez silkina boshladi.
Yigit ham hamrohiga taqlid qilib, bir tishlam non va bir palla pomidorni gazak qildi.
— Ichishni urushda o‘rganganman, — dedi chol og‘zidagini yamlarkan. — Qaytib kelsam, buvim ham o‘tib ketganakan. Otam prontda o‘lgan. Shu-shu ichaverdim!..
Yigitning nazdida hammayoq jimib qolganday edi, hattoki, atrofdagi odamlarning ovozi ham eshitilmayotgandek hammayoq jimjit. Faqat cholu u bor, xolos.
Chol odamlardan tortinib, sumkasiga yashirgai shishani yana olib, ikki piyolaga lim-lim qilib quydi. Bu safar ikkisi ham indamay olishdi. Yigit gazak qildi-da, o‘rnidan turib, qayoqqadir ketdi. Bir ozdan so‘ng bir shisha vino olib kelib, og‘zini ochdi-da, stolning ostiga qo‘ydi.
— Shuni chakki qilding, — dedi chol endi yigitni «sen»lashga o‘tib.
— Ha, endi… — deb qo‘ydi yigit odatga ko‘ra. Yana ikki piyolaga to‘latib quyishdi.
— Endi yosh bir joyga bordi, u dunyoniyam o‘ylash kerak — chol shoshilmay, dona-dona qilib, o‘ktam gapirardi. — Namozniyam o‘qish kerak… Machitga-ku chiqaman… — U ko‘plarga o‘xshab o‘zini oqlamasdi, shunchaki gapirardi, xolos. — Ammo ba’zan odamlarni yomon ko‘rib ketaman. Shunaqa mahallari bugungiga o‘xshab shaharga tushaman-da, bir shishani urvolaman. Ko‘nglim xiyla yumshaydi. Bu savilni qishloqda ichgani bo‘lmaydi — o‘g‘il-qizlar bor. Ham desang, namozxon birodarlar bor… Qani!…
Ichishdi. Chol birpas jim turdi-da, yana gap boshladi:
— Azaldan shunaqaman-da, bolam… Meni ichimda mehr bilan qahr hamisha billa. Gohida qahr ustun kelib, odamlarni yomon ko‘rib ketaman. Bilmiyman, nimaga bunaqaman?.. Shunda mashi savildan ichaman… Yo‘-o‘q, ko‘p emas… Lekin baribir hurmat-izzat bizi qonimizda bor. U yo‘qolmaydi, — chol shu gapdan keyin yana qandaydir fikr aytmoqchi edi, lekin jim qoldi. Yigitga tikildi. «Seniyam bir darding bor-ov!» — dedi ko‘zlari.
Yigitning ko‘zlari hamisha yoshlanganday yiltirab ko‘rinardi.
— Ikki oy burun buvim (onam)dan ayrildim! … — Yigit ham juda sekin, ammo ta’sirli ovozda gapirar¬di. — Afg‘ondaligimda davlenasi chiqadigan bo‘p qoganakan. Yolg‘iz o‘g‘ilidim-da… Axiyri o‘sha dard obketdi. Hali yoshiydi!.. — yigitning nigohi qaylargadir tikilib, jim qoldi.
Yana ichishdi.
— Ikki oydan beri toat-ibodat qilib, onamga bag‘ishlayapman. Lekin hech o‘zimga kelolmayapman. Avval ham shunaqaydim. Miyamning ichida bir narsa na’ra qilayotganday, yuragimni birov mijg‘ilayotganday!.. Hammani yomon ko‘ra boshlayman, hatto, bola-chaqamni ham… Bariga men aybdorman!… Agar men Afg‘onga bormaganimda, buvim hali uzoq yashardi!.. — yigitning barmoqlari musht bo‘lib tugildi.
Chol anchagacha indamadi. So‘ng durrasi bilan yuzidagi terni artib:
— Nechaga kirding? — deya so‘radi yigitdan.
— O‘ttiz birga, — yigitning nigohidan to‘zg‘ib ketgan xayollarini yig‘ishga urinayotganini payqash mumkin edi.
— Sen tengi o‘g‘lim bor, — deya gap boshladi chol. — Bir kuni shomdan keyin darvozaning orqasidagi g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘irni eshitib qoldim. Uch-to‘rt kishini ovozi kelardi, Biri o‘g‘limniki. U hadeb «qo‘yvorlaring, o‘zim kiraman, otam so‘rida o‘tiradi», deydi. Chamamda, qayerdadir rosa ichishganu, mast bo‘lishgan. O‘g‘limni oshnalari suyab-surgab obkegan, shekilli-da…
Indamay so‘riga borib o‘tirvoldim. Bir ozdan keyin darvoza ochilib, o‘g‘lim kirdi. Sirayam dovdiramadi. Oldimdan o‘tayotib: «Assalomalaykum, yaxshi o‘tiribsizmi, ota?» deb ham qo‘ydi… O‘shanday bollardi oldida ichib bo‘ladimi, bolam!.. — Chol endi uzr ohangida dedi: — Seni oldingda bo‘lsa, ichdim. Ikki oylik ibodatingniyam buzibman. Hah, bu savil-a!..
— Oshnalarim har zamonda ichib turgin, bir oz yengil tortib, ovunasan, deyishadi. Men unamayman…
— To‘g‘ri qilasan. Bu xumparni oz-oz pinhon ichish kerak. Maboda ichish kerak bo‘lsa-da, — dedi chol gapining nasihat tusini olishidan cho‘chib, chapanilarcha tugatarkan.
Yigit qo‘lidagi piyolaga tikilgancha, go‘yo o‘ziga gapirayotganday dedi:
— Tunov kuni qiziq ish bo‘ldi. — U boshini ko‘tarib, yonboshiga qaradi, xiyol jilmaydiyam shekilli. Ko‘zlarida yosh aylanganday tuyuldi. — Balki… Nima bo‘lgandayam shu gapni sizga aytgim keldi-da. Ayniqsa, haligi gaplaringizdan keyin.
— Aytaver, tortinma! — deya chol yuz-ko‘zlaridagi terni artdi.
— Xotinim menga xat yozibdi, deng. Buvim o‘lib, ancha cho‘kib qoluvdim, shungami. «Buvingiz o‘tgach, u kishini naqadar yaxshi ko‘rganingizni sezdim, — debdi. — Endi o‘sha mehringizni menga bering. Men bir umr onangizni o‘rnini bosishga harakat qilaman, dilimda neki ezgulik bo‘lsa, sizga bag‘ishlayman. Men sizni yaxshi ko‘raman!» — deb yozibdi. Tag‘in qo‘shib qo‘yibdi: «Bu gaplarni sizga yuzma-yuz turib aytgim ham keluvdi, lekin… Lekin sizning ko‘zlaringizga odam bolasining tik boqishi qiyin. Men ham botinolmadim…» O‘z xotining xat yozsa, qiziq bo‘larkan. O‘qidimu to‘lib ketdim.
Chol ko‘zidagi yoshnimi, ternimi durrasi bilan sidirdi.
— Xotindan Xudo bergan ekan senga, bolam. Ehtiyot qigin!
Ular bir-birlariga tikilishganicha, bir-birlarining ko‘zlariga cho‘ka boshladilar… Va   nihoyat, oqsoqol «Hm-m…» deb qo‘ydi-da, cho‘ntaqlarini kavlashtirib, nosqovog‘ini topdi. Bir kaft nosni otib, stulga bemalolroq yastandi.
— Ishqilib, meni gaplarimdan xafa bo‘lmadingmi, bolam? — Uning og‘zida nos borligi hecham sezilmasdi.
— Unaqa demang. Siz menga ko‘p narsani anglatdingiz…
Keyin yigit yo qo‘yidagi gaplarni gapirdi, yoki o‘yladi. Chol ham shu gaplarni yo eshitdi, yo xayolidan o‘tkazdi: «Biz odamlar bir-birimizni… hamma odamlar bir-birimizni ayashimiz kerak ekan. O‘shanda bizlarga ko‘p narsa kerak bo‘lmaydi, shekilli. Siz xijolat bo‘lmang, otaxon, men baribir mast bo‘lmayman!.. Men ham o‘g‘lingizga o‘xshab mast bo‘lolmayman, ota!..»
Shu payt ularning qarshisida yosh bir militsioner paydo bo‘ldi. O‘zi ular shunaqa ov qilishadi — «shishasi» bilan kelganlarni ataylab tek qo‘yishib beradi. Ichadiganiii ichib, mast bo‘lishgach, ushlashib, xushyorxonaga yo‘llashadi. Aftidan bu ham chol bilan yigitni anchadan beri kuzatib turganu, endi o‘z ishini bajarmoqqa kirishgandi.
— Bu yerda ichish mumkin emas. Qani, bu yoqqa…
Chol va yigit baravariga militsionerga o‘girilishdi. Juda xotirjam, hatto, ozgina bo‘lsin nafratsiz qarashdi.
Militsioner qariyb bir xil bo‘lgan bu ikki juft ko‘zga boqdiyu, tebranib ketdi. U hech narsani o‘ylolmadi ham. Qo‘lidagi rezina tayog‘i yerga tushib ketgach, o‘ziga keldi-da, shoshib tayog‘ini olib, jo‘nab qoldi…
Bu  nigohlar bir-birlariga dosh bera olardi, xolos…

1998 yil