Sulton buva olamdan o‘tdi.
Qishloqning ustunlaridan edi. Choponining yag‘rini quyoshda oqshaygandi. U o‘tirgan joydan o‘tgan ulovlar to‘xtashga, ulovdorlar esa yerga tushishga majbur bo‘lardilar. qoyaning salobatu soyasi bor edi cholda. Bir umr dalada tabelchi, brigadir, hosilot bo‘lib ishlagandi, yer tilini bilardi.
Betob edi, uyidan odam arimay qolgandi. Biroq uzoq yotmadi, shu kecha yetmish sakkizida davra qildi.
Janoza o‘n ikkiga belgilandi. Mahalla-ko‘ychilik -u ham ishga bormadi. Tahoratini yangilab, oktyabr oxirining oqish quyoshi yaltirab, ko‘zga urila boshlaganda marhumnikiga chiqdi. Darvoza oldidagi qator o‘rindiqlar odamlar bilan to‘lib qolayozgandi. U marhumning eshik oldida qo‘l qovushtirib turgan uch o‘g‘li bilan yelka olishib, ta’ziya izhor qildi. hovli ichkarisidan xotinlarning aytib yig‘lagani eshitildi. Uning yuragi bir zirqirab qo‘ydi. o‘zi shunaqa -azador xonadondagi yig‘i ovozi hamisha eng avvalo yuragiga uriladi. Ortiga qaytarkan, nigohi bilan bo‘sh joy qidirdi. Yosh emasmi, bir chetda tik turishga ham rozi edi, ammo bo‘sh o‘rindiq ko‘ziga tez ilindi. Buning ustiga, joy qo‘shnilarining yonida edi, beixtiyor qadamini tezlatib, o‘sha yoqqa yurdi. Salom berib, oraga kirdi, lekin hech kim bilan qo‘l olishmadi.
-Chiqdingizmi-ey, qo‘shni, -dedi so‘l yog‘idagi savdogar qo‘shnisi, yuzlarga fotiha tortilgach.
O‘ng tarafdan kelayotgan «Neksiya» nariroqdayoq sekinlab, odamlar oldidan ohista o‘tdi. U yonboshidagilar bilan past ovozda qisqa hol-ahvol so‘rashgan bo‘ldi. Shuning ortidan yerga qaragan ko‘yi jim qoldi.
Uning o‘ng yonida boshiga dumaloq kulrang do‘ppi, egniga kostyum-shim, oyog‘iga qora qalin paypoq ustidan yozgi rezina shippak kiygan, yoshi ellikni qoralagan bir devor qo‘shnisi, u bilan baqamti quyi ko‘chalik yap-yangi do‘ppi, kostyum ustidan yengil chakmon kiyib, zamona dindorlari kabi kalta soqol-mo‘ylov qo‘ygan, ko‘rinishidan qirq besh yoshlardagi qori o‘tirardilar. Kiyimi qimmatbaho do‘ppisiga monand bag‘oyat ohorli savdogar hamsoyasining narigi yonidan yangi qora choponu do‘ppisi o‘ziga yarashgan, qishloqning oldi fermeri joy olgan. Undan keyinda esa aftidan odamoviroqqa o‘xshagan, tajangligidanmi, peshonasi serajin oltmish yoshlarning nari-berisidagi kishi uringanroq qora to‘niga burkanib, bukchayib o‘tiribdi. Boshida bo‘lsa to‘nining tusiga «o‘tirishmagan» oq do‘ppicha.
U esa jurnalist, tuman gazetasida ishlaydi. Yoshi o‘ttiz yettida.
Jurnalist barmoqlarini har ko‘yda qimirlatib, ularga jimgina tikilib o‘tirarkan, odatga ko‘ra marhum haqida yaxshi gap aytmoqchi bo‘ldimi yoki beixtiyormi, sekingina dedi:
-Rahmatli Sulton buva mustaqillik e’lon qilingan kuni yig‘laganakan…
Uning gapini yonidagilarning hammasi eshitdi. Shippakli odam kuchuknikimonand ko‘zlarini unga tikib, gapning davomini kutdi. qori esa «tavba» deganday bir qimirlab oldi. Savdogar miyig‘ida kuldi, Fermer uni bilinar-bilinmas turtib qo‘ydi. Oq do‘ppichali kishining peshonasi battar tirishdi-da,
-Endi och qolamiz, deb yig‘lagandir-da!.. -deya to‘ng‘illadi unga qovog‘i ostidan ko‘z qirini tashlab.
Bu safar Fermer boshini silkib, ma’noli jilmaydi. qori esa xayrixohona bosh tebratdi. Jurnalistning bag‘ri jizilladi, alamzada-da, deya o‘yladi, o‘g‘li Afg‘onda nobud bo‘lgan. Kuyganidan shu ko‘yga kelganmi, juda fe’li tor, ozgina narsagayam achchiq qilaveradi. Gap orasida agar sho‘ro turganida Afg‘onda o‘lganlarning oilasidan hamisha xabar olardi, deya qistirib-qistirib qo‘yadi zarda aralash. qaniydi hozir agar sho‘ro bo‘lmaganida, ya’ni Vatanimiz avvalroq mustaqillikka erishganida, bizlar uchun Afg‘on urushi ham bo‘lmasdi, demakki, o‘g‘lingiz ham o‘lmasdi, deya aytolsa. Afsuski, aytolmaydi -olovga qora yog‘ sepolmaydi. U sho‘ring qurg‘ur ham bag‘ridagi o‘tni qanday bosishni bilmaganidan har balolar deydi-da, aslida, ayniqsa, alam achchig‘ida oz-moz «tatib» olganida ko‘ziga yosh to‘lib, sho‘ro bo‘lmaganida o‘g‘lim urushga bormasdi, deb ko‘p o‘ylaydi. o‘ylagani sari yonadi, lekin tashiga chiqarmaydi.
-Ineychi-iney (innaykeyinchi), Sulton buva nimaga yig‘laganakan? -so‘radi Shippakli rostmona qiziqish bilan.
Jurnalist xiyol jim turdi. Odatda u Savdogar yoki Fermerga o‘xshaganlarning masxaraomuz iljayishlarini shu tariqa yengib, o‘tkazib yuborishga urinadi.
-Rahmatlining otasi, -deya tilga kirdi nihoyat u, -o‘ttiz yettinchi yilda qamalib, otilib ketmaganmi. Shu esiga tushib, agar o‘zbekiston oldinroq mustaqil bo‘ganda, otam o‘lib ketmasdi, men esa katta o‘qishlarda o‘qirdim, yettinchi sinf ma’lumotiminan qolib ketmasdim, deb yig‘laganakan. Chunki otasini olib ketishgach, to‘ng‘ich farzand bo‘ganidan tirikchilikning borki yuki uning yelkasiga tushganakan-da. Yana tag‘in u kichkinaligida katta olim bo‘lishni orzu qilardiykan…
Endi yo‘ldan g‘ing‘illab «Tiko» o‘tib ketdi.
-Nima, hozir qamashmayaptimi? -deb qo‘ydi qori araz qilganday.
U bundan bir-ikki yil burun uyida bolalarni «eskicha»ga o‘qitardi. ham savob, ham tirikchilik, deganlariday. Ammo har xil to‘polonlardan keyin uni bir-ikki oy melisayu prokuraturaga ketma-ket chaqirtirishaverib, rosa tavbasiga tayantirishdi.
-Bizam hujrada o‘qiganmiz, -dedi qori u yoq-bu yoqqa qarab olgach. -Ashi siz yomonlagan sho‘ro zamonidayam birov g‘iring demagan.
-Birov bilmagan-da, qori aka. Bilsa-yu… -Jurnalist bosiqlik bilan gapirdi. -Ineykeyin u paytlari hozirgiday madrasalar, islomiy institutu universitetlar bo‘magan-da. hujralarda chalasavod…
-Siyosatni qo‘yinar endi, yonimizda yozuvchilar bor, yozvormasin tag‘in, -deya gapni bo‘ldi Fermer Savdogarga ko‘zini qisib.
Jurnalist yomon ko‘rgan so‘zini eshitib, ichida bezilladi. Bundaylarga kerakli gapni vaqtida topib-tutib zarba berib qo‘ymasa, haddilaridan oshib, masxaraga aylantirib yuborishlarini yaxshi bilganidan:
-Yo‘q, mol qilib boqvoradi, -dedi bilinar-bilinmas gezarib.
Fermer pinagini buzmadi-da, sir boy bergisi kelmay, aytarini qitmirona ohangda boshqa yoqqa burdi:
-Un minan yog‘ni talonga ob tursak, Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Mustaqilligimizga endi o‘n yetti yil bo‘lyapti-yu axir.
Jurnalist bu so‘zlarning tagma’nosini tushunib, boshini eggancha sukutga toldi. Qoriga aytgan «chiroyli» fikrlaridan ham afsuslandi: nima qilardi uqmaganga og‘zini og‘ritib, tag‘in manovilarga kulgi bo‘lib.
-Ashna deysiz-u, oziq-ovqat ja qimmatlab ketyapti-da, -oraga suqildi Shippakli. -Bozorni qarang… Men-ku eplab turippan…. -deb yubordi maqtangisi kelganday.
-Ha, endi dollarlardi ob turganiyzdan keyin… -dedi Savdogar ermaktalablik bilan.
Shippakli umr bo‘yi dalada yer timdalagan. Keyinroq mardikorchilikka o‘rgandi -har holda qo‘l tishga bosgulik naqd pul ko‘rarkan. Qarang-ki, mana shu peshonasi terdan sho‘rlaganning yolg‘iz o‘g‘li «kitobxo‘r» chiqib qoldi: maktabni tamomlab, otasining «qo‘y-qo‘y»lashiga qaramay, sigirining o‘tgan yilgi buzog‘ini sottirdi-da, o‘qishga kiraman, deya Toshkentga jo‘navordi. Odamlarning aytishicha, boylarning bolalari o‘qiydigan o‘sha eng zo‘r o‘qishga bepul kirib ketsa bo‘ladimi. Yana deng, byudjetga kirdi. U rosa quvondi, ko‘cha-ko‘yda yelkasini ko‘tarib yuradigan bo‘ldi, gap-so‘zlari butunlashdi. Ammo Toshkentda o‘qisa, qanday qilib pul yetkazib beraman, deb qo‘rqqandi, axir bu yoqda qizlarini chiqarishi kerak. Yo‘q, o‘g‘li bir so‘m pul so‘ramay, o‘zini-o‘zi epladi. To‘rtinchi kursga o‘tgach, qanaqadir tanlovda g‘olib chiqib, Angliyaga o‘qishga ketdi. U yana tashvishga tushdi. Yaxshiki, bu safar ham adashgan ekan: o‘g‘li o‘qish bilan birga oyiga ikki yuz dollardan pul jo‘natib turibdi. Shundan keyin mardikorch
ilikni tashlab, maktabga qorovul bo‘lib oldi. qirq ming so‘m oyligi bor. Xotinining gapi bilan o‘g‘li jo‘natgan puldan chegirib, bozorga bordi-da, o‘ttiz ming so‘mga ustidagi kostyum-shimni kiyib qaytdi.
Yana mashina o‘tdi.
Yo‘lning nariga betida oyog‘iga eski kerza etik, egniga yag‘iri chiqib ketgan kostyumga o‘xshash narsa kiygan, qop ortqilaganidan bukchayib olgan kishi ko‘rindi. Hamma unga qaradi. U yuzini bazo‘r o‘girib, salom berdi.
-O‘zbek tirikchilik, deb o‘lib ketarkan-da, -dedi kimdir.
-Hamma balo o‘zida-da. Bo‘masa, o‘g‘li Rossiyadan «yaxshi» keldi, -degan g‘o‘ldirash eshitildi chetroqdan.
-Kap-katta odam na janozani bilsin. -Bu qorining ovozi edi.
-Ish bilan bo‘lib kechroq qogandir-da, hozir qaytib chiqsa kerak, -dedi Jurnalist beixtiyor, gapini birov eshitishidan bezillaganday ming‘irlab.
-U-bu deysilar-u, tirikchilik ja qiyin bo‘p ketyapti-da. Bo‘masa zarilmi-ya becharaga, -deya qo‘shildi Fermer hammaning tashvishini qilayotganday ohangda. -Mana, bug‘doy ming so‘mga chiqibdi. Ming so‘m-a!..
-Yo‘g‘-e?.. -deb yubordi Oq do‘ppichali ko‘zlari olayib.
Fermer bunga parvo qilmadi. Faqat ko‘kragini bir kerib, tomoq qirib qo‘ydi. Uning to‘qson olti gektar yeri bor. Bu yil bug‘doy yili bo‘lib, ekkan bug‘doyining ellik tonnasi o‘ziga qoldi. Uyiga sig‘maganidan yarmini ukasinikiga bosdi. Mana endi bug‘doyning qimmatlashini kutib yotibdi. qimmatlashi bilan birvarakay bozorga «uradi». haligi, «yaxshi niyati» shuning xumori. Bir yo‘la necha yil agronomlik qilib, kosasi oqarmaganligining alaminiyam oladi.
-Hamma gapirsayam siz gapirmang, fermersizu… -dedi Savdogar tirjayib, «siz bilan menga nima» qabilida.
-Ashna deysizu, fermerligam osonmas. Bu yer Rossiya bo‘saykan, chestniylik bo‘sa, har xil lgotlar bo‘sa. -Fermer so‘zi hasratga aylanib ketayotganidan picha sergak tortdi. -Ular vobshe rivojlanib ketyapti. Bizda bo‘sa, faqat obqoch-obqoch…
Bosib qo‘ygan bug‘doyimni birov bilib qolmasin, deydi-da xumpar, xayolidan o‘tkazdi Savdogar, bo‘masa shu yozg‘irishlar mashinga (mana shunga) yarashadimi? Lgotmish? Senga yana qancha lgot kerak? Oy chiqsayam, kun chiqsayam fermerlarga boqyapti-yu. Bir yilda ellik tonna bug‘doyni o‘zingga berib qo‘ygani lgotlarning lgoti emasmi?
«Fir-g‘ir» qilib «Jiguli» o‘tib ketdi.
Yo‘lning narigi betida qishloq qizlariga nisbatan satangroq kiyingan qiz ko‘rindi.
-Haligi «zako‘nchi»ni qizimi? -shipshidi Fermer Savdogarga «Zako‘nchi» yon-verimda emasmi, deganday u yoq-bu yoqqa alanglab.
-Hm-m… -derkan Savdogarning ko‘zi bir yiltirab qo‘ydi.
-Shu «zako‘nchi»ni otasi o‘z otasi o‘lganda janoza o‘qitmagan deyishadimi?.. -so‘radi qori.
-Ha endi zamon shunaqa bo‘gan-da, otasi chestniy partiyniyidi. Unisini qo‘ying, rahmatli o‘g‘liga ro‘zada to‘y qigan, -dedi Savdogar og‘iz ochishga ham og‘rinayotganday.
-Yurishi o‘zgarib qoganmishmi?.. -Fermerning aytgani og‘zida qoldi.
-Angliyada pochti non yeyishmasmish, -dedi tomdan tarasha tushganday Shippakli xiyol shanqib.
-Buni siz qayag‘dan eshita qoldiyiz? -deya Fermer gapi bo‘linganidan unga pisandsizlarcha nigoh tashladi.
-O‘g‘lim tilponda aytdi. -U shu bahona maqtanishni istardi. O‘g‘li ketganidan buyon bir marta mahallaning idorasiga telefon qilgandi. O‘shandan beri topib olgani shu, bolasi aytmagan narsalarniyam o‘zidan qo‘shib-chatadi.
Odamlarimizning fe’li qiziq-da, o‘yladi Jurnalist, shu bola -oddiygina mardikorning o‘g‘li shu yerda o‘qib, unib-o‘sib, o‘sha yoqlarga munosib es yig‘adi-da, bir kuni qaytgach, o‘ziga shuncha ta’limu-idrokni bergan xalqiga aql o‘rgatmoqchi bo‘ladi. O‘zini bu yerdagilardan bo‘lakcharoq, ehtimolki, a’loroq tutadi. Angliyada non yeyishmas emish. Tavba! Ular yemasa-emas, lekin sening xalqing non yeydi. Yeganda ham suyub-suyub yeydi, ko‘p yeydi. Nima, endi sen xalqingni non yemaydigan qilishga urinasanmi?.. Qo‘y, badgumon bo‘lmagin. Ota-da, och qolmayapsanmi, deya so‘ragan bo‘lsa, haligi gapni balki qiziqchilikka aytgandir-da.
-O‘zi-chi, rosti, jeyla (judayam) noshukur bo‘p ketyappiz, -dedi Savdogar ovoziga salobat bag‘ishlashga chiranib. -Bo‘masa, hamma narsamiz yetarli.
Shu fikr undan chiqdimi, degan o‘y o‘tdi Fermerning xayolidan. Qachon qarama bizda qonun yo‘qligidan, ayniqsa, «organlar» haddidan oshib ketayotganidan noliydi. Aslida uning noliydigan ahvoli yo‘q. Bir umr «RayPO»da ishlab, davlatdan o‘margan pullariga «01-Jiguli» olgandi. Uniyam birovning nomiga rasmiylashtirgandi. (U paytlarda har kimga ham mashina olish mumkin emasdi-da). Endi esa uch o‘g‘lining har birida bittadan dang‘illama hovli, qimmatbaho mashina. O‘zining uyi esa saroy, tagida «Lasetti». Yana to‘rtta mashinani ijaraga berib, kirakashlikka chiqarib qo‘ygan. Shunday ekan, uning hamma narsamiz yetarli degani to‘g‘ri, faqat qitmirlikka balo bormikin?
Jurnalistning yuragi siqildi, ham atrofda odam ko‘payib, bir necha katta yoshlilar oyoqda qolganidan, joyni ularga bo‘shatib, chetroqqa o‘tdi-da, tik turganlarga qo‘shildi.
Nihoyat janozaga turildi. Jurnalist odamlar orasida ichkariga kirib borarkan, ko‘z qiriga hov narida, tahorat olgan shekilli, shimarilgan yenglarini tushirish asnosida biroz bukchaygancha yugurib kelayotgan boyagi qop ko‘targan odamning sharpasi urildi.
Janozada odam ancha ko‘p edi. Imom qibla tomonga qo‘yilgan anbar (tobut) yonida turib, qisqa va’z aytdi, u dunyo va oxirat, yaxshilik va yomonlik, marhumning fazilatlari haqida gapirdi. Agar marhumning kimlar bilandir «oldi-berdisi» bo‘lsa, uch o‘g‘li kafil ekanligini bildirib, mayyitning zimmasidan bu dunyolik tashvishlarni soqit qildi. So‘ng marhum o‘g‘illariga bir xat yozdirib, janozaga kelgan xaloyiqqa o‘qib berishni vasiyat qilganligini aytdi. Bu kutilmagan yangilikni eshitib, hamma jim qoldi. Imom daftar varag‘iga yozilgan xatni baland ovozda o‘qishga tushdi:
-«Aziz hamqishloqlarim! Men u dunyoga bu dunyodan rozi bo‘lib, xursand holda, anbarimdan qanotlar chiqib, uchib ketayapman. Chunki men Vatanimizning mustaqil bo‘lganini ko‘rdim, shu kunga yetdim.
Sizlardan iltimos, bu borada jiddiy bo‘linglar. Bu tabarruk tushunchani hazil-mazax qilmanglar. Mustaqillik siz bilan bizdan, shohu-gadodan, niyatlarimizdan, xato va nuqsonlarimizdan, nafsimizdan, yolg‘onlarimizdan, arazlarimizdan -hamma-hammasidan ulug‘roqdir. Shuni biling! Yana iltimos qilaman, Mustaqillikni asrang, millatdoshlar!..»
Marhumning o‘g‘illari boshlarini egib, jimgina turishar, faqat yelkalari silkinib qo‘yardi.
Jurnalistning eti jimirlab, bo‘g‘ziga nimadir tiqildi. Qaysi o‘g‘li yozdiykin, degan o‘y o‘tdi xayolidan, yaxshi yozibdi. Rahmatlining o‘ziniyam tuzukkina savodi bor edi-da. U shu lahzada atrofidagi odamlarning yuzlariga bir-bir boqib, ularda aks etgan ma’nolarni bilishni istardi. Ammo buning iloji yo‘q, safda turganda alanglash odobdan emas. Qolaversa, bu barchaning o‘z ishi. Ehtimol, kimdir kulgandir, kimdir hayron bo‘lgandir? Balki uning ko‘yiga tushib, ko‘ziga yosh olganlar ham bordir?..
Xaloyiq anbarni mashinaga solmay, qabristonga qo‘lma-qo‘l eltdi. Ikki tarafdan kelayotgan mashinalar chetga chiqib, to‘xtar, egalari anbar tutgani oshiqardilar.
Jurnalist Sulton buvaning o‘g‘illari va savobtalab yoshlar qatori ketmonda, qabr ustiga tuproq tortarkan, yerning ostki qatlamidan chiqqan yumshoq, sarg‘ish tuproqqa boqib, xayolan bir hikmatni kashf etdi: mana shu oltinday tovlangan xilqat har qanday chiqindi-yu axlatni, boringki, hamma-hamma narsani, hattoki, bizning jismimizni ham bag‘riga olib, taftini beradi va oxir oqibat mayin tuproqqa aylantiradi. U shu qadar xokisor, kamtarin va cheksiz mehru himmati tufayli mislsiz ulug‘vor. Sen chinorning yaprog‘isan, sen tolning bargisan yoki eski lattasan, deya ajratib o‘tirmaydi -barini o‘z bag‘riga olaveradi. Mustaqillik ham xuddi ona tuproqqa o‘xshaydi: bizlarni -olimu dehqon, ishchi-yu savdogar, o‘g‘ri-yu kazzob, avliyo-yu g‘ofil, shohu gado -barcha-barchamizni o‘z quchog‘iga olib, taftini beradi-da, yillar osha Xalqqa, ozod millatga aylantirib boradi…
Jurnalist qabr boshidan o‘tirganlar orasiga qaytib, cho‘nqayarkan, «Taborak» («Mulk»)ning og‘ushiga singdi. Miyasida esa keyingi oylardagi niyati yana g‘imirladi: maoshidan oshinib, bir kilo talliq (suyaksiz, yumshoq) go‘sht olsa-yu, birvarakay qozonga solib, pishirsa, so‘ng uchov bolasiga bo‘lashib bersa va nihoyat ularning lunjini to‘latib-to‘latib go‘sht chaynashlarini miriqib tomosha qilsa. Lekin hozir bu haqda o‘ylashni istamadi. Qabristondan qaytib, uyiga kirishni va bolalari bilan suyuqmi-quyuqmi ovqatni yeb, tushlik qilishni, keyin esa Sulton buvaning xatini, o‘zi kashf etgan hikmatni tezroq ularga aytib berishni diliga tugdi…
U g‘ilq etib yutingandi, o‘ng ko‘zidan bir tomchi yosh sizib chiqib, yuzi uzra quyiga sirpandi.
Olamga Ollohning «Mulk»i taralardi…