Muhammad Sharif. S.A. xotiralari (qissa)

Turkman cho‘lida quloqcho‘zma

1986 yilning 18 apreli edi. Bizni Kosonsoy tumani harbiy chaqiruv bo‘linmasida safga tizib, nomma-nom yo‘qlovdan o‘tkazgach, avtobuslarga chiqarishdi va Namangan viloyati markaziga yo‘l oldik. Shaharga qishlog‘imizdan o‘tib ketilardi. Hovlimiz katta yo‘ldan ko‘rinib turadi. Avtobus oynasidan qarab ilg‘ab qolganim hovli to‘la bola-chaqa, gilos tagida idish-tovoq yuvayotgan singillarim va avtobuslar karvoni ortidan qo‘l siltab qolgan olti yashar jiyanim edi. Meni kuzatishga kelgan qarindoshlar va qo‘shnilar hali tarqalmagan ekan.
Shahardagi temir yo‘l vokzalida bizni avtobuslardan tushirishdi. Vokzalning atrofida tumonat odam, hamma askar kuzatish tashvishida. Yoshu qari, ayolu erkak to‘p-to‘p bo‘lib dasturxon atrofida davra qurib o‘tirishibdi, uyida pishirgan palovini qozoni bilan o‘rtaga qo‘yganlar ham bor. Vokzalda azonlab hozir bo‘lganlar allaqachon ostlariga sholchayu ko‘rpa to‘shab, yonboshlab olishibdi. Ko‘plar yuk mashinalarida kelgan, yemak-ichmak ham mashina ustida. Dasturxon to‘kin: qarindoshlardan biri bo‘lg‘usi askarning og‘ziga osh tutsa, boshqasi qovurma go‘sht uzatadi, bo‘kib qolayozgan bechora yigit “bo‘ldi, bo‘ldi”lasa, “esangchi, yana qachon ko‘rasan bunaqa ovqatlarni” deb boshqalar ham jo‘r bo‘ladi. Har kim o‘zicha mehribonlik ko‘rsatgisi keladi, ertaga navrasta yigitlar qayerlarga borib tushadi,  Rossiyaning sovuq Sibir o‘lkalarigami yoki Afg‘onistondagi urush jahannamigami, degan xavotir hammaning ko‘nglida bor, lekin aytolmaydi.  
Vokzal atrofidagi bu manzara menga judayam tanish, axir bir yil avval akamni uch marta kuzatgani kelganmiz-da! Akam har gal kechqurun uyga qaytib boravergan. Nihoyat to‘rtinchi gal jo‘natib yuborganmiz, qarindoshlar va qo‘shnilarimiz ham har kuni uyimizga kelaverib zerikib ketishgandi o‘shanda, lekin bildirishmagan, hammasi ko‘ngildagidek bo‘lsin, deyishgan-da. Shundan cho‘chigan bo‘lsam kerak, uydagilarga vokzalga bormanglar, deb qattiq tayinlagan edim. Lekin baribir uch-to‘rt qarindosh kelishibdi. Xullas bizni yana bir marta yo‘qlovdan o‘tkazib, poyezdga chiqarishdi. Poyezd taraqa-turuq qilib qo‘zg‘alganda yuraklarda g‘ulg‘ula avjlandi. Ertalabdan buyon dasturxon atrofida o‘tiraverishdan, yeb-ichishdan zerikkan kuzatguvchilar, nihoyat, kekirib-kekirib, tomoq qirib, poyezd ortidan qo‘llarini siltay-siltay hayqirgancha qolishdi.
Poyezd yo‘lma-yo‘l askar yig‘ib Toshkentga, undan keyin Termizga bordi va oxiri Turkmaniston sari yo‘l oldi. Poyezddagi vaqtimiz faqat ovqat yeyish va armiyada bizni nimalar kutayotganini muhokama etish bilan o‘tdi. Har bir askarning to‘rvaxaltasi to‘la yemak edi, ko‘mach nonu quymoch go‘shtdan tortib qurt-mayizgacha. Cho‘ntaklar pulga to‘la. O‘sha payt harbiyga jo‘nayotgan yigitlarni kuzatish katta marosimga aylanib, qon-qarindoshning barchasi bo‘lg‘usi askarning qo‘liga pul tutqazardi. Maktabni yaqinda tugatgan bu o‘spirinlarning aksariyati mundayroq to‘y qilib, uylanib olishga ham yetadigan bunaqa pulni hali umrida ko‘rmagandi.
Poyezdda ketayapmiz-u ko‘ngildagi xijillik tarqamaydi. Hali oldindagi ikki yil davomida nimalar kutayotganini bilmaslik, mavhumlik zulmati tobora o‘z domiga tortadi. Biroq o‘n sakkiz yoshdagi har qanday yigitda bo‘ladigan shiddat-shijoat va qiziquvchanlik tushkun kayfiyatni baribir yengib chiqaveradi.   
Ikki kun deganda poyezd Ashxobodga yetib keldi. Bizni vagonlardan tushirib, harbiy mashinalarga chiqarishdi. Taxminan uch soatdan keyin o‘zimizni cho‘l bir joyda tiklangan jamloqda ko‘rdik. Sim to‘siqlar bilan o‘ralgan jamloqning ichida son-sanoqsiz chodirlar qurib tashlangan. Bizni safga tizib, zobit va serjantlarning buyrug‘iga so‘zsiz amal qilish, jamloqdan tashqariga chiqmaslik haqida ogohlantirishdi. Bu yerda kim qancha turishi noma’lum, kimning cheki qayerga tushsa, navbati bilan jo‘nab ketaveradi, deyishdi.
Atrof biydek cho‘l, ko‘z ilg‘agulik masofada biror qishloq yo‘q. Ertalablari qum to‘zg‘itib kuchli shamol turadi, kunduzi issiq, tun sovuq. Jamloqdan piyoda yarim soatlik yo‘lda katta harbiy qism joylashgan ekan. Bu harbiy qismning bo‘lg‘usi askarlar boshiga qanday kulfatlar solishini kun o‘tgan sayin o‘z boshimizdan o‘tkaza boshladik. Jamloqda haftalab yashayotgan yigitlar bizni tunda hushyor turishga chaqirdi. Harbiy qismdagi askarlar har kuni tunda yosh askarlarni talashga kelar ekan. Talash degani bu bo‘lg‘usi askarlarning pulini tortib olish, ustidagi kiyimi yangi bo‘lsa yechib olish, xullas, nimaiki ko‘zlariga chiroyli va kerakli ko‘rinsa, barchasini tortib olish edi. Buni o‘zimizni tilda bosmachilik desa ham bo‘ladi. “Agar kuchlaring yetsa, hammalaring bir bo‘lib qarshilik ko‘rsatinglar,” deya bizga maslahat berishdi.
Ming bir xavotir va qo‘rquv bilan qosh qorayishini kuta boshladik. Chodirning ichiga taxtalardan so‘ri qilingan, yostiq-to‘shak degan narsadan nishona yo‘q. Hammamiz to‘rvaxaltamizni yostiq qilib, siqilib-surilib so‘riga joylashdik. Ostimizdagi taxtalar randa ko‘rmagani uchun, yonboshga ag‘darilaman desang, biqinga zirapcha sanchiladi, yaxshisi qilt etmay yotish. Vaqt allamahal bo‘lganda yon-atrofimizda etiklarning gupur-gupuri eshitildi. Qiy-chuv, to‘s-to‘palon ko‘tarildi, biroz o‘tib tindi. Yana qayerlardandir to‘palon sadosi eshitildi. Lekin biz joylashgan chodirning oromi buzilmadi. Ertalab uchta chodirga bosqin bo‘lganini bildik. Shu tariqa tungi bosqinlar tinmadi, aksincha, ko‘payaverdi, mushtlashuv va bezorilik avj oldi.
Navbatdagi tungi bosqindan keyin jamloqqa ko‘chma pochta mashinasi keldi. Serjantlar bizni bir joyga yig‘di. Bir zobit qo‘lida ovoz kuchaytirgich bilan gapira ketdi:
“O‘rtoq bo‘lg‘usi askarlar! Hamma cho‘ntagidagi bor pulini uyiga jo‘natsin! Mana, pochta, pul jo‘natilgani haqida qo‘lllaringga kafolatnoma beriladi. Qo‘llaringdagi pul ota-onalaringga kerak, bu yerda esa u sizlarga faqat kulfat keltiradi. Hammamizni tashvishdan qutqarib, bu pullarni zudlik bilan uyga jo‘natinglar!”
Ko‘pchilik yonidagi pulini uyiga jo‘natdi. Darhaqiqat, shundan so‘ng askarlarning tungi bosqini tugadi. Lekin boshqa muammo boshlandi.
Ochlik!   
Bu paytga kelib uydan to‘ldirib kelingan to‘rvaxaltalar bo‘shab qolgan, ko‘mach nonlarning oxirgi qolgan-qutganlarini ham yeb bitirgan edik. Qolaversa, jamloq yon-atrofida savdo qiladigan turkman xotinlardan chavatisimon nonu turli yemaklarni sotib olib yurganlarda ham endi pul qolmagan. Shu paytgacha harbiy qismdan bidon idishda olib kelinadigan ovqatdan aksariyat yigitlar tatib ko‘rmagan edi. Shu sababmi, harbiy qismdan jo‘natiladigan ovqatning avval boshdanoq juda kam bo‘lganini hech kim sezmagan ekan. Endi esa rosmana ochlik boshlandi. Nonushtaga yigitlar saf tortib ovqatga navbat turadi, lekin navbatning yarmiga bormay ovqat tugab qoladi. Bo‘linmamiz ro‘yxatning oxirrog‘ida bo‘lgani uchun bizning chodirdagilar umuman ovqatsiz qoldi. Tushlikda ham jamloqdagilarning yarmiga ovqat yetmadi.
Ikkinchi kuni bu nohaqlik tufayli nonushta payti g‘alayon boshlandi. Hech kim navbatga amal qilmay qo‘ydi. Bizga mas’ul bo‘lgan serjantlar safni eplay olmasdi, zobitlardan esa darak yo‘q. Ertasiga ahvol jiddiylashdi, nonushta payti uloqni eslatuvchi tomosha boshlandi. Kuchi yetganlar ovqatni idishi bilan olib qochdi. Choy qumga ag‘darildi. Non to‘la xaltani hamma yumtalab, har tarafga tortganidan ilma-teshik bo‘lib ketdi. Kimdir bir buxanka nonni xaltadan chiqarib olsa, xaltaga qo‘li yetmaganlar uning noniga yopishardi.
Biz yoshligimizda to‘ylarda o‘ynaydigan quloqcho‘zmaning xuddi o‘zginasi edi bu manzara. Quloqcho‘zma o‘yini hozirgi to‘ylarda o‘ynalmaydi. Bolaligimizda aksar to‘ylar qish payti bo‘lib, uch-to‘rt kun davom etardi. To‘y egalaridan biri bolalarni yig‘ib, cho‘ntagidan dastro‘molini chiqarar, hammaga ko‘rsatib 1 so‘m yoki 3 so‘mlik pulni ro‘molcha uchiga qattiq tugib, so‘ng uni osmonga uloqtirardi. Dastro‘molni ilib olgan bola qochar, ketidan quvib yetganlar uni yerga bosib olib qulog‘idan ayamay cho‘zishardi. Bola og‘riqqa chiday olmasa, qo‘lidagi tugunchani irg‘itib yuborardi. Endi boshqa birovning qulog‘idan cho‘zishardi, kimlarningdir qulog‘i qonar, kimlardir yig‘lab yuborardi. Uloqni ilgan bola to‘yxonani gir aylanib to‘y egasining oldiga yetib kelganda o‘yin tugardi. Yutuqni olganning ikki qulog‘i cho‘zilaverganidan qip-qizil bo‘lib, shapaloqdek osilib qolardi. Ba’zi qitmirroq bolalar quloqni burab tortardi. Hozirgi tomosha menga o‘sha o‘yinni eslatib yubordi. Bu xil manzarayu xo‘rlikdan odamning ovqatdan ham ko‘ngli qolib ketar ekan.
Biroq bo‘sh qop tik turmas, deb dono xalqimiz bejiz aytmagan. Hayot uchun kurash deganlari shu bo‘lsa kerakki, uchinchi kun ochlikka chiday olmay, sillam qurigancha bu olomon ichidan bir burda nonni qanday olib chiqish yo‘llari haqida o‘ylay boshladim. Bo‘linmamizdagi yigitlar birlashib reja tuzdik. Ovqat mashinadan tushirilishi bilan hamma unga yopiriladi, endi biz ham qarab turolmaymiz. Uch kishi issiq ovqat solingan idishga chopadi, uch kishi non xaltaga yopishadi, yana uch kishi choyga. So‘ng topganimizni o‘rtaga qo‘yib baham ko‘ramiz. Bu rejamiz birinchi kuniyoq ish berdi. Faqat yarim buxanka tegibdi bizga, barchamiz bo‘lishib yedik. Shu tariqa nasibamizni terib, to‘g‘rirog‘ini aytganda, yulqib chiqadigan bo‘ldik. Lekin oson bo‘lmadi. Ba’zan olomonning oyoq ostidan quruq qo‘l bilan chiqqan paytlarimiz ham bo‘ldi.
Kun o‘tgan sayin yangi ko‘rguliklar chiqaverdi. Shu atrofdagi kolxoz raislari ertalab kelib bo‘lg‘usi askarlarni zobitlardan sotib olar va mardikor singari ishga solardi. Turkman dehqonlari qo‘lida yoki qurilishda ishlaganlar omadliroq sanalardi, chunki ularga tushlik ovqat beriladi. Jamloqda qolganlarni esa harbiy qismga haydab kelib, ulkan maydonga tiz cho‘ktirib o‘tqazib qo‘yishar, kimga tekin ishchi kerak bo‘lsa olib ketaverardi. Erinmagan serjantlar kelib, o‘zlarining yotoqxonasini tozalatishga ham shu yerdan odam tanlardi. Ba’zan kun bo‘yi maydonda xaridor kelmagan mardikor singari qolib ketardik. Biroq aksar hollarda hammamizni olib ketishar, bir kunga ho‘kiz o‘lmas, ikki kunga egasi bermas qabilida itdek ishlatishardi. Kamiga ustingdagi kiyiming  ohori ketmagan bo‘lsa yechib olinib, o‘rniga uvadasi chiqqan kiyim berilardi. Shundoq ham cho‘ldagi chang-to‘zondan kiyimlarimiz uniqib ketgan, ikki hafta bo‘libdiki, hammom ko‘rmaganimizdan qorayib, maymunbashara bo‘lib qolganmiz. Qachon askar kiyimi kiyamiz, deb orzu qilardik.
Shunday kunlarning birida bizni yana harbiy qismga ishga olib kelishayotganda, odatdagidek, zobitlar madaniyat saroyi oldidan o‘tdik. Yakshanba kuni bo‘lgani uchun saroy oldida zobitlarning xotinlari va bolalari yangi film namoyishi boshlanishini kutib turishardi. Bizni esa serjantlar xuddi urushdan chiqqan asirlardek haydab kelardi. Asirlardek deganim bir ma’noda to‘g‘ri ham edi. Uydan kiyib kelgan kiyimlarimiz allaqachon uvadasi chiqqan, poyabzal yirtiq, yangi kiyimini “qariya” askarlar tortib olgan ayrim yigitlar egniga rangi o‘chib, oqarib ketgan harbiy kiyim ilib olganidan poliz qo‘riqchisiga o‘xshab qolgan. Toza va qimmatbaho kiyingan zobitbachchalar bizni qo‘llarini bigiz qilib ko‘rsatib kula boshlashdi. Bizning ivirsigan ahvolimiz shubhasiz shunday kulgiga loyiq edi. Shunda zobitbachchalardan biri baland ovozda “Shu ahvoliga bularga omad kulib boqqanini qaranglar-a, ular yaqinda Germaniyaga ketadi,” deya kinoya qildi.

Olmoniyada sargardonlik
 
Turkman cho‘lidagi mashaqqatlar, harbiy qismdagi qullarcha mehnatdan tobora bezib, ko‘pchilik hiyla yo‘liga o‘ta boshladi. Ya’ni, ertalabki safdan keyin serjantlar ko‘zini shamg‘alat qilib o‘tovlarga yashirinib olish. Buni men keyin, bir kuni tasodif ila jamloqda qolganimda bilib qoldim. O‘sha kuni bizning bo‘linmadan to‘rt kishi, men ham ularning orasida edim, bir turkman dehqoniga sotilgan ekanmiz. Shu sabab biz jamloqda dehqon kelishini kutib qoldik. Eshitimcha, harbiy qismda ishlagandan ko‘ra kolxozda, dehqonlar qo‘lida ishlagan yaxshiroq ekan. Men bundan xursand edim. Biroq dehqon kelmadi va biz jamloqda qoldik. Shunda juda ko‘p tengqurlarim o‘tovlarda yashirinib, topganini yeb yotganini ko‘rdim. Ular uddaburonlik qilib, ertalabki yo‘qlovdan keyin serjantlarga sezdirmay chodirga yashirinib olar, bir necha kundan buyon shu taxlit hayot kechirayotgan emish. Ular bilan topganimizni o‘rtada baham ko‘rib, suhbatlashib o‘tirdik. Sho‘ro armiyasi dunyodagi eng katta va kuchli armiya, bizning boshimizga tushayotgan bu muammolar vaqtinchalik, hali belimizga askarlik kamarini taqqanimizdan so‘ng butunlay boshqa hayot boshlanadi, deb o‘zimizga dalda berardik. Men bu gaplarga ishonardim, chunki maktab paytlarimizdan o‘rgatilganki, Sho‘rolar Ittifoqining harbiy qudrati butun dunyoda tinchlik garovidir. Agar Ittifoqqa zarracha putur yetsa, Amerika kabi imperialistik va agressiv davlatlar bizga hujum qilib, xalqimizni qulga aylantiradi. Ha, derdim o‘zimcha, dunyoda adolat o‘rnatib turgan davlat armiyasi bunday abgor bo‘lishi mumkin emas, bu qandaydir tushunmovchilik, xolos.    
Tushga yaqin bir serjant baqir-chaqir bilan chodirma-chodir yurib, jamloqda qolgan yigitlarni yig‘a boshladi. Jamloqning o‘rtasida to‘q zangorga bo‘yalgan aloqa mashinasi baland antennasi bilan turardi. Mashinaning ichida bir mayor uzzu-kun mast, to‘ng‘izdek xurrak otib yotishni odat qilgandi. Endi esa u oyog‘i kuygan tovuqdek tipirchilab qopti. Lekin qizargan ko‘zlariyu shishib ketgan qovoqlaridan uning hozir ham qip-qizil mastligi sezilib turardi. Olmoniyadan “zudlik bilan 15 nafar askar yuborilsin”, degan so‘rov kelgan ekan. Jamloqda o‘ttiz chog‘li yigit qolgan. Bizni aloqachi serjant bir safga tortib, keyin qur’a tashladi va 15 kishini tanlab oldi. Ularning orasida men ham bor edim. Bizni yugurtirib harbiy qismga olib kelishdi.
Hammomga kirdik. Uydan chiqqanimizdan buyon ilk marta cho‘milishimiz edi bu. Hammomdan askarcha kiyim bilan chiqdik. Oyog‘imizda yap-yangi yaraqlagan kirza etik, boshimizda pilotka, chuchvara do‘ppi desa ham bo‘ladi, egnimizda ohorli sarg‘ish-zangor XB – askarlarning yozgi kiyimi, o‘zimizda yo‘q xursandmiz. Yelkamizda askar xaltasi, ichi to‘la “suxoy payok”, ya’ni qotgan non, tushonka, chaqmoq qand kabilar.
Shu yerda bizga zobitlar bilim yurtini yangi tugatgan bir leytenant qo‘shildi. Ya’niki, bizni o‘sha leytenant ixtiyoriga topshirishdi. U bizga suxoy payokdan  tejam bilan foydalanish, bu kamida uch kunga yetishi lozimligini uqtirdi. So‘ng beto‘xtov Ashxobod aeroportiga bordik. Biz bor yo‘g‘i 15 nafar, zobit bilan 16 kishi bo‘lganimiz uchun harbiy transport emas, jamoat  transportidan foydalanishga to‘g‘ri kelgan ekan. Samolyotda Simferopolga uchdik. U yerdan yana boshqa samolyotga chiqib Belarus poytaxti Minskka uchdik. Minskdan elektrichkaga o‘tirib Polsha chegarasiga yaqin keldik. Bu yerda ko‘p sarson bo‘ldik, aslida biz emas, bizni olib yurgan zobit sarson bo‘ldi. Hali bir binoga kirib soatlab yo‘qolib ketadi, hali boshqasida kun bo‘yi qolib ketadi. Bizning ishimiz esa o‘zimizni oftobga solib, o‘tgan ketgan qizlarga gap otish. Oxiri vokzalda  bir kechani o‘tkazib, ertasi poyezdga chiqdik. Poyezd chegaraga yetib kelib, uzoq turib qoldi. Bizni shu atrofda Sharqiy Ovro‘poga xizmat safari bilan ketayotgan zobitlar to‘xtaydigan komendaturaga keltirishdi. Bu yerda bir kun qoldik. Ta’tildan qaytayotgan bir askar bizga qanday qilib sigareta donasining ichiga o‘n so‘mlik pulni o‘rab joylash yo‘llarini ko‘rsatdi. Sho‘ro pulidan faqat o‘n so‘mlik chetda katta kuchga egaligini uqtirdi.     
Kechga yaqin biz poyezdda Sovet Ittifoqi chegarasini kesib o‘tdik. Tuni bilan yo‘l yurdik. Ertasi tongda uyg‘onganimizda Varshavani kesib o‘tayotgan edik. Shaharning go‘zalligi, sho‘ro arxitekturasidan farq qiladigan betakror imoratlarni ko‘rib xuddi Andersen ertaklari olamiga tushib qolgandek bo‘ldim. Bunday go‘zal va betakror manzara, o‘rmonlar va bejirim shaharlar Olmoniyaga qadar davom etdi. Poyezd oynasidan hayrat ila tashqariga tikilib borardik. Kechga yaqin olmon chegarasini kesib o‘tdik. Tun yarimlaganda poyezd oxirgi manzilga kelib, hamma yo‘lovchilar tushib ketdi. Biz esa hamon o‘tirardik. Shunda sezdikki, zobitimiz bir qadar sarosimada. Xuddi endi qayerga borishni bilmaydigandek. Ertalabgacha ko‘chada qoldik.
Bahor, may oyi boshlanganiga qaramay tunlari sovuq ekan, tongga yaqin hammamiz qaltirab qoldik. Shu yerda poyezd yo‘li strelkachisining kichkina yog‘och budkasi bor ekan, uni buzib, temir yo‘lning chetida gulxan yoqib isindik. Avvaliga zobitning kapalagi uchib ketdi, lekin keyin o‘zi ham bizga qo‘shilib isindi. Olmoniyadagi sargardonlikning ilk tongini shu tariqa kutib oldik.
Bir avtobusga chiqamiz, bir poyezdga chiqamiz, amallab Galle shahriga yetib keldik. Bunday ulkan shaharni birinchi bor ko‘rib turganimizdan og‘zimiz ochilib qolgandi, o‘tgan-ketgan olmonlar esa turkman cho‘lida qoraygan yuzimizu og‘ir kirza etiklarimizga qarab angrayib qolgan. Lekin zinhor ustimizdan kula olmaydi. Axir g‘olib sho‘ro askari ustidan kulib bo‘larkanmi?!
Olmon ko‘chalarida daydib, o‘nlab chaqirim piyoda yo‘l yurib kechqurun shahar chetidagi harbiy havo qo‘shinlariga qarashli qismga yetib bordik. Bizni kazarmaga vaqtincha joylab, leytenantning o‘zi hujjatlarimiz solingan jildni qo‘ltiqlab chiqib ketdi. Quvonchimiz ichimizga sig‘masdi. Biz desantchi bo‘lamiz, deb hamma birvarkarayiga qichqirar, tinimsiz sakrar, yo‘lning charchog‘i va ochlik ham bilinmasdi. Biroq quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Ertalab qo‘limizga bittadan “suxoy payok” tutqazib, tashqariga kuzatib qo‘yishdi. Yo‘llanmamiz bu yerga emas, artilleriya qismiga berilgan emish. Kechgacha yo‘l bosib o‘sha qismni topib bordik. Biroq bu yerda bizni hatto ichkariga ham qo‘yishmadi.
Ma’lum bo‘lishicha, Turkmanistonga yo‘llangan telegrammani qabul qilib olganlar bitta nolni tushirib qoldirib, 15 nafar askar deb yozgan ekan. Bu qism esa 150 nafar askar so‘ragan ekan. Ko‘z oldimga darrov jamloqdagi aloqa mashinasida uzzu-kun mast bo‘lib yotadigan mayor keldi. Hammamiz  to‘ng‘iz qo‘pgur mayorni bo‘ralab so‘kdik. Leytenantga esa endi Drezdenga borishni maslahat berishibdi.
Suxoy payok allaqachon tugagan, leytenantimiz yo‘lma-yo‘l uchragan harbiy qismlar, shaharlardagi komendaturalarga kirib ovqat so‘raydi. Harbiylarga jamoat transporti tekin bo‘lgani uchun boshimiz oqqan tomonga ketaverardik. Hartugul, 15 kishining qornini to‘ydirish ulkan sho‘ro armiyasi uchun nima degan gap! Bir gal yo‘l ustida uchrab qolgan kichikroq harbiy qismga kirdik. Leytenantimiz bizni zobitlar oshxonasi yonida qoldirib, o‘zi ovqat undirish uchun shtabga ketdi. Shunda oshxonadan bir o‘zbek askar chiqib keldi. Biz xursand bo‘ldik, biroz suhbat qurdik. “Leytenantni kutib o‘tirasizlarmi, o‘zim sizlarga ovqat topib beraman,” dedi.
U oshpaz ekan. Bizni oshxonaga olib kirib, askarlarning issiq  ovqatidan berdi. Bu uydan chiqqanimizdan buyon ilk marta stol ustida xotirjam ovqatlanishimiz edi. Ovqatdan keyin u tamakisini biz bilan baham ko‘rdi. Yurtdoshing bo‘lsa yaxshi ekan-da, ustiga ustak u oshpaz bo‘lsa.
Qorin to‘ygach, yana yo‘lga chiqdik, qaydasan Drezden deb. Yarim tunda Drezdenga yetib keldik, shahardagi komendaturaning yo‘lagida tunadik. Ertalab shahar kezish boshlandi. Bu shaharda bizni hech bir qism qabul qilmadi. Leytenant borgan joyidan qizarib-bo‘zarib, gap eshitib chiqardi. Uning ham sillasi qurib, nazarimda bizni ko‘rishga ko‘zi qolmagan, biz bilan deyarli gaplashmay ham qo‘ygandi. Kechqurun yana komendaturaga qaytib keldik. Bu yerda leytenantga Erfurt shahridagi askarlarni taqsimlash markaziga borishni va o‘sha yerda qaytadan ro‘yxatga turishni maslahat berishibdi.  
Ertasiga vokzal tashqarisidagi so‘lim xiyobonda poyezd kutib o‘tirar ekanmiz, bir-birimizga hazil qilardik: “Bu leytenant bilan biz hali Berlinni olamiz! Reyxstagga qaytadan bayroq tikamiz!”   
Va nihoyat Erfurtdagi askar tarqatish markaziga yetib keldik. Harbiy qismning ichi shaharga o‘xshaydi. Yuraverganing bilan tugamaydi. Darvozadan bizga o‘xshash yosh askarlar saf-saf bo‘lib kirib kelmoqda, safning oxiri ko‘rinmaydi. Qarshi tomondan manzili aniq bo‘lgan askar saflari shaharchani tark etyapti. Ularning ham keti uzilay demaydi. Etiklarning gupur-gupuri quloqni qomatga keltiradi. Shaharcha chumoli iniga  o‘xshaydi, son-sanoqsiz askar, lekin tartib bor. Odam ko‘pligidan ko‘zing tinib, boshing aylana boshlaydi. Mana, dunyodagi eng katta armiyaning haybatini qara, deging keladi.
Bizni Turkmanistondan Olmoniya qadar sarson qilgan leytenant shu yerda hujjatlarimizni shtabga topshirdiyu o‘zida yo‘q xursand holda ko‘zdan yo‘qoldi. Bu ulkan askar tarqatish punktida bir kecha tunadik. Ertasiga uzundan uzun saf bilan vokzalga bordik va yana poyezdga o‘tirib, mamlakatning shimoli g‘arbi tomon yo‘l oldik. Poyezd ikki qavatli ekan, bunaqasini birinchi ko‘rishimiz edi, askarlar poyezd ichida rosa chopib o‘ynashdi. Kechga yaqin Ordurf degan kichik bir shaharchaga yetib keldik.
Yana saf tortib, zirillatib yer tepgancha ertaklardagi kabi sehrli va sirli ko‘rinadigan, ozoda, go‘zal shaharchani kesib o‘tdik. Har bitta eshik, har bitta deraza bir-birini takrorlamaydi, alohida bezak va rangi bilan ajralib turadi, deraza raxlarida qizil, sariq, safsar va binafsha  gullar yashnab turibdi. Bahoriy kayfiyat shahar ko‘rkini yanada ochib yuborgan. Faqat etiklarning gupuri yeru osmonni zirillatadi, pardalar ortidan esa olmon kampir va chollar uzundan-uzun askarlar karvonini xomush kuzatadi. Shu tariqa kelgusi ikki yil umrimiz o‘tishi lozim bo‘lgan harbiy qism darvozasidan “jahannam qa’riga” kirib bordik.

“Jahannamga marhamat!”

1986 yilning 8 may kuni 201 raqamli motoo‘qchi gvardiyachi diviziyaga keldik. Urush boshlangan taqdirda diviziyaning qudrati, o‘q-dori zahirasi raqibni 20 daqiqa ushlab turishga yetar, bunga qadar esa ichkaridagi sho‘ro qo‘shinlari to‘la jangovar tayyorgarlikka kelishi lozim ekan. Shu bois bu qismga “yigirma daqiqalik diviziya” degan norasmiy nom berilgan ekan. Raqib esa chegaraning narigi tarafida, g‘arbiy Olmoniyada joylashgan AQShning 8-dengiz qo‘shinlari armiyasi ekan.
Turkmanistondan birga chiqqanimiz 15 nafar yigitdan bu yerda bir o‘zim qolgandim. Yangi askarlar orasida o‘zbeklar juda ko‘p bo‘lishiga qaramay, men birortasini hali tanimasdim. Bizni zobitlar uchun mo‘ljallangan sport zaliga kiritishdi va shu yerdan turli rotalarga tarqatishdi. Men gvardiyachi piyoda qo‘shinlar polkining ikkinchi rotasiga yuborildim.  
G‘alaba bayrami kuni biz bir oylik karantinni birinchi batalonda boshladik. Karantinning birinchi kunida shu narsa ma’lum bo‘ldi-ki, bu yerda ham Turkman cho‘lidagi kabi ovqat uchun kurashish lozim ekan. Farqi shuki, bu yerda oq non kimgayu qora non kimga, eng yaxshi ovqat qaysi millatga loyiq degan masala ustida janjal bo‘ladi. Oziq-ovqat va issiq kiyim-kechak muammosi, nazarimda sho‘ro armiyasi tarixida hamma vaqt eng dolzarb muammo bo‘lib kelgan, faqat bu haqda gapirilmas, yozilmas, kinolarda ko‘rsatilmasdi. Sho‘rolarning jahon kino san’atida betakror asar deya tan olingan, haligacha “montaj otasi” deya e’tirof etiladigan Sergey Eyzenshteyn suratga olgan “Potyomkin zirhli kemasi” filmida matroslarning qo‘zg‘oloni qurtlagan go‘shtdan boshlangani bejiz bo‘lmasa kerak.    
Agar bu yorug‘ dunyoda do‘zax bo‘lsa, armiyaning dastlabki olti oyini ana shu do‘zax hayotiga qiyoslash mumkin bo‘ladi. Armiya hayoti haqida eshitgan minglab cho‘pchaklarimdan farqli o‘laroq bu qismda “dedovshina”, ya’ni “oqsoqollik” aqidasi hukm surmas, balki undan-da shafqatsizroq changalzor qonuni va millatchilik hukmron edi.
Karantinning birinchi kunlaridanoq mashqlar nihoyasiga yetib, zobitlar uyiga ketgach, ikki yuzga yaqin yosh askarlar yashaydigan ulkan zalda qiyomatu qoyim qo‘pardi. Tasir-tusur musht va tepkilar, qayishlarning chiyillab aylanishi, kursilarning sinishi va askarlarning oh-vohi temir beton devorlarni zirillatib yuborardi.
Aksari janjal kavkazliklar va o‘zbeklar o‘rtasida bo‘lib o‘tardi. O‘sha kezlari sho‘ro armiyasi saflarida o‘zbeklar ko‘p edi. Gurjilar, armanilar va ozariylar o‘rtasida yagona Kavkaz tushunchasi mavjud bo‘lib, ular o‘zaro iliq munosabatda bo‘lar, ya’nikim, o‘zlarini ittifoqdosh sezar va armiya saflarida tobora ko‘payib borayotgan o‘zbeklarni jiddiy xavf sifatida ko‘rar ekan. O‘zbeklarning qarshiligini butkul sindirish va qismda to‘la hukmronlik qilish ularni birlashtirgan yagona maqsad edi. Nazarimda, ular hali armiyaga kelmaslaridan ancha avval bunga puxta tayyorgarlikdan o‘tgandek tuyular, tasodifan soddaroq millatdoshi kelib qolsa, zudlik bilan unga saboq berilar, qo‘lidan yetaklab yurib zo‘ravonlik sabog‘i o‘tilardi, ya’nikim, biror ojizroq askar topib, uni do‘pposlashni buyurishardi.  
Ulkan zal pastqam temir panjaralar bilan bo‘lmalarga bo‘lingandi.  Men yotadigan bo‘lma yo‘lakka yaqin bo‘lgani va tungi navbatchi tepasidagi chiroqning nuridan biroz yorishib turgani bois dastlabki tunlar janjalsiz o‘tdi. Lekin undan qochib qutulishning imkoni yo‘q ekan. Yonimdagi krovatda yotadigan bir gurji askar kamarim va etigimga ko‘z olaytirishni boshladi. Bir oylik karantin payti katta askarlar yosh askarlarga tega olmas, shu sabab yangi kelgan millatdoshlariga boshqalarning kamar va etiklarini tortib olishni tayinlar ekan. Karantinning birinchi kuni bir hamyurtimiz kelib, o‘zbeklarga maslahat bergan, etik, kamar va pilotkani o‘g‘irlatib yoki oldirib qo‘ymaslik, hech qachon kamar va pilotkasiz safda yurmaslikni qattiq tayinlagandi. Kamarsiz va pilotkasiz yurish jur’atsizlik va lapashanglik belgisi, boshqa millatlar oldida o‘zbekning obro‘sini to‘kmanglar, dedi. Karantindan so‘ng yosh askarlar qasamyod qabul qilib rotalarga tarqatib yuboriladi, ana o‘shanda yangi kamar, etik va pilotkasini oldirmaganlar rotaga o‘z obro‘si bilan kirib borar ekan. O‘sha hamyurtimning gaplari yodimga tushib, kuni bilan bu gurji tunda hujum qilib qolsa, qanday daf qilish yo‘llarini o‘yladim. Chunki mojaro chiqsa gurjilar, armanilar va ozariylar birlashib, olomonga aylanib ketardi. Karantindagi o‘zbeklar hali bir-birovimizni tanimas, qolaversa, bu qiyomatu qoyimda har kim o‘zi bilan o‘zi ovora edi. Qasamyod qabul qilmagan askar jinoyati uchun harbiy tribunalga topshirilmas, shu sabab karantin paytidagi mushtlashuvlarda shafqat bo‘lmasdi.     
Yotish oldidan bo‘ladigan “kechki sayr”, ya’ni safda baland va shaxdam qadam tashlab yurish mashqi tugab, uxlashga buyruq berilib, chiroqlar o‘chirilgach, qarshimdagi gurji yotgan joyida menga do‘q qilishni boshladi:
“Hoy sen, o‘zbak! Kamaringni menga ber, bermasang senga juda yomon bo‘ladi”, dedi.
“O‘zingda kamaring bor-ku, menikini nima qilasan?” dedim unga.
 “Iya, sen hali gapirishni ham bilasanmi?” u meni rus tilida gapira oladi, deb kutmagandi, dag‘dag‘a bilan o‘rnidan turmoqchi bo‘ldi, lekin negadir turmadi. Sezdimki, uning o‘zi ham kuch ishlatishga chog‘i kelmay turibdi.
“Nima, zo‘rmisan? Ertalab ahvolingni ko‘ramiz nima bo‘lishini,” dedi u ovoziga kuch berib. Ertaga ular menga o‘chakishsa, rostdan ham holimga maymunlar yig‘lashi tayin edi. Chunki ular birovga zug‘um boshladimi, ruhan va jismonan ezib tashlamagunlaricha to‘xtamasdi. Nimadir qilish kerak edi, yo‘qsa, bundan buyon hayotim xo‘rlikda o‘tishi mumkin edi. Kallamga ming xil xayollar kelar, balki tunda turib, boshini taburetka bilan urib yorsammikin, balki hech kimga sezdirmay bo‘g‘ib o‘ldirsammikin,  degan qo‘rqinchli fikrlar miyamdan ketmasdi. Nahotki men ashaddiy jinoyatchidek odam o‘ldirsam, nahotki qotilga aylansam, uyga qanday boraman keyin, ota-onam ko‘ziga qanday qarayman, axir hali oldinda bir dunyo orzularim bor edi-yu, degan o‘ydan ko‘zlarimga yosh kelar, armiyaga, taqdirimga la’natlar o‘qirdim. Biroq kelgusi hayotim tinchroq o‘tishi uchun hozir nimadir qilishim shart edi.
“Hoy, bijo! Shu hafta poligonga otishga borar ekanmiz, qo‘limga avtomat tegishi bilan seni otib tashlayman, agar ertaga birovga churq etsang, tamom, xudo haqqi seni otib o‘ldiraman,” dedim.
“Sen nima, jinnimisan! Qo‘rqadigan ahmog‘ing yo‘q,” dedi u.  Shu payt zalning ichkarisida, qorong‘ulik qa’rida to‘palon chiqdi. Yana qiyqiriqlar va tarsillatib mushtlashuvlar boshlandi, faqat bu bizdan narida edi. Bu gurji esa men bilan boshqa o‘chakishmadi.  
Biroq zo‘ravonlikka har qadamda, har daqiqada uchrash mumkin edi. Karantinda ekanimiz payti kechqurunlari yotoqdan tashqari chiqish janjalga bosh suqish degani edi. Bir gal men tashqariga, tamaki chekish uchun chiqdim, qaytib kirayotsam, zinada bir necha ozarbayjon askarlari turishgan ekan, bittasi o‘zimga o‘xshagan yosh askar, qolganlari “qariyalar”. Yosh ozari askar birovni burchakka qadab urmoqda, kattalari buni kuzatib turibdi. Tushundim-ki, zo‘ravonlik sabog‘i berilyapti. Burchakka qisilib turgan bechora askar musht va tepki yeganicha, boshini changallab olgan. U qarshilik ko‘rsatmagani bois katta askarlar zerikib qolgan chog‘i, menga ko‘zlari tushishi bilan “ana, ana, shuni ushla” deb baqirishdi. O‘zim tengi yosh ozari askar burchakdagi “o‘ljasi”ini tashlab, mening yo‘limni to‘sdi. U musht tushirish uchun xezlanib kelganida men ham unga qarshi tikka bordim. O‘ylab o‘tirishga fursat qolmagan, zo‘r kelsa kurash tushib yiqitib olaman,  deb o‘yladim. Vajohatimni ko‘rib  raqibim to‘xtab qoldi, ikkilandi. Katta ozari askarlar vaziyatni tushundi shekilli, “ketdik, boshqasini topamiz,” deb yuqori qavatga chiqib ketishdi. Bunday saboq payti raqibning ojizroq bo‘lishi muhim edi, kuchlisiga uchrab qolsa “shogird”ning ruhi sinishi mumkin.
Aksar mushtlashuvlar “kel, bir kuch sinashib ko‘raylik” qabilidagi o‘yindan boshlanardi. Rad etish yengilish degani edi. Hazillashib tushirilgan bir-ikki mushtdan keyin raqibiga kuchi yetishini his qilgan askar bu o‘yinni haqiqiy mushtlashuvga aylantirib yuborar, yo‘qsa o‘yin holida bellashuvni bas qilardi.
Karantin tugab, ikkinchi rotaga yuborilganimdan keyin bildim-ki, zobitlar bilan askarlar o‘rtasidagi munosabat bundan ham battar bo‘lib, harbiy nizomga deyarli amal qilinmas ekan. Ba’zi zobitlar askarlarni ayamasdan kaltaklardi. Nimadandir alam o‘tganlari esa tunda kelib rotani oyoqqa turg‘azar, tongga qadar ulkan maydonda emaklatar yoki temir krovatlarni uchinchi qavatdan pastga, katta maydonga ko‘tartirib tushirar, xuddi yotoqdagidek adyol va yostiqlarning qirrasini chiqarib taxlashga buyurar, so‘ng yana qayta tepaga tashib chiqartirardi. Ittifoq madhiyasi va harbiy qo‘shiqlarni rus tilida ijro etish Markaziy osiyoliklar uchun alohida qiyinchilik tug‘dirar, askarlar tongga qadar qor va yomg‘ir ostida, toki so‘z va ohangini keltira olmaguncha yer tepib ashula aytardi.  
O‘zbeklarning rus tilini yaxshi bilmasligi ancha pand berardi. Aksariyat hamyurtlarimiz dastlabki oylarda bir og‘iz ham ruscha so‘z aytolmasdi. Biroq buning uchun ularni ayblab bo‘larmidi? Birinchi sinfga borganidan to maktabni tugatguncha o‘quvchilik umrining aksar qismini paxta dalasida o‘tkazganlar rus tilini qayerdan o‘rgansin, axir. Armiyada esa buni kim ham inobatga olardi, aksincha, aynan shu rus tilini yaxshi bilmaslik tahqirlanishga sabab bo‘lardi.  
Nazarimda, o‘sha damlarda armiyadagi axloq va intizom tanazzulga yuz tutganu Ittifoqda kurtak ota boshlagan yangilanish hali armiyaga yetib kelmagan edi. O‘rtada kattakon bo‘shliq bo‘lib, bu bo‘shliq minglab askarlarni ham ma’nan, ham jismonan majruh etib borardi. Ko‘plar askarlik albomining birinchi sahifasini  “Jahannam qa’ridan nido” nomli relikviya bilan boshlardi. Tahqir, zulm, ochlik va yupunlik askarning doimiy hamrohi edi.
Shu o‘rinda biroz ildamlab, non to‘g‘risidagi bir voqeani aytib o‘tmasam bo‘lmas. Bir yil xizmat qilganimizdan keyin o‘rtada kiyim-kechak va oziq-ovqatda jiddiy uzilishlar yuz bera boshladi. Bir gal Ittifoqdan un kelmay qoldi. Diviziya uchun qurilgan uch qavatli ulkan novvoyxona bizning polkimiz yaqinida bo‘lib, omborlari bo‘shab yotardi. Biz bir hafta non ko‘rmadik. Bu juda yomon bo‘lar ekan, karam bo‘tqa va karam sho‘rva me’daga urib, ko‘nglimiz ayniy boshladi. Non bo‘lmasa, hatto choy ichib ham ko‘ngil aynishi mumkinligini o‘shanda bildim. Nonsiz o‘tgan uchinchi kundan keyin hammada asabiylik va ruhiy zo‘riqish boshlandi, o‘g‘irlik kuchaygandan kuchaydi. Butun diviziya bo‘ylab askarlar uchun mo‘ljallangan do‘konlarda pechene degan narsaning uvog‘i ham qolmadi. Mushtlashish va bezorilik boshlanib, askar va zobitlar rahm-shafqat nimaligini  unuta boshladi. Aslida bu narsa o‘zi shundoq ham qahat edi.
Tartibni saqlab turish uchun zobitlar askarlarni ertayu kech polk binosi oldidagi maydonda, safda ushlab turishga majbur bo‘lardi. Bu paytda zobitlar askarlar qolib, ularning ota-onalarini ham qo‘shib so‘kardi.
“Sovet Ittifoqi senlarni o‘qitdi, odam qildi. Senlar hali uyingda oq choyshab nimaligini bilmagansan, Sovet Ittifoqi senlarga choyshab berdi, uch mahal issiq ovqat beradi, ustingga kiyim bergan, senlar esa bu muqaddas vatanni munosib himoya qilishga tayyor emassanlar, tekinxo‘rlar!” deya so‘kinardi. Sho‘ro tuzumi butun dunyoda imperializmga qarshi turgani, kapitalistlar, ichki va tashqi dushmanlar har qadamda payt poylab yotganiyu sho‘ro armiyasi biroz susaysa, urush boshlanib ketishini aytib qo‘rqitardi.
“Senlarning ota-onalaring ham vatanga xizmat qilishni xohlamayapti, agar ular shu ulug‘ mamlakat ravnaqi uchun astoydil ishlaganda edi, bugun senlar bu ahvolga tushmas eding,” deya va’z o‘qirdi.
Bu paytda bizning rotamizdagi bir askar yalangoyoq turar, uning etigini o‘g‘irlab ketishgandi. Rota komandirimiz esa unga etik topishni o‘ylash tugul, bu bechora askarni bo‘ralab so‘kardi.
“Ota-onang, aka-ukang takasaltang bo‘lmay tuzukroq ishlasa, senlarga etik ham kelardi,” deya baqirardi u. Askarga etik bir yilda bir marta berilardi, xolos.   
Xizmatning ikkinchi oyi boshlanganda men sanchastga, kichik harbiy kasalxonaga tushib qoldim, boldirimda shish paydo bo‘lgandi. Qaysidir mushtlashuvdanmi yoki mashqlar payti zirhli mashina ustidan sakrab tushganimda olgan jarohatmi edi. Jarrohlik xonasida narkoz ishlatmay, rosa bo‘kirtirib operatsiya qilishdi va shishni olib tashlashdi. Ertasiga og‘riqdan butun dunyo ko‘zimga qorong‘u ko‘rinib turgan payt, bir katta leytenent meni so‘rab keldi. Keyin bilsam, u rotamiz komandirining siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib, ta’tilda bo‘lgani uchun biz hali uni ko‘rmagan ekanmiz.
“Qalaysan, biror yordam kerak bo‘lsa aytgin, eshitishimcha yozuv-chizuvdan xabaring bor ekan, plakat pero bilan yoza olasanmi?” deb so‘radi. Men og‘riqdan aftimni bujmaytirib bosh irg‘adim.
“Ha, barakalla, rotaga qaytsang hali hayoting yaxshi bo‘lib ketadi,” dedi u jilmayib. Bu uydan chiqqanimdan buyon ilk marta eshitganim iliq so‘zlar edi.   

Dohiy Lenin va Rembo

Rotaga qaytgach, surat solish va yozuv-chizuvga ishtiyoqim bo‘lganidan siyosiy targ‘ibot va tashviqot zali – “Lenin xonasi”ga mas’ul etib tayinlashdi. Askarlar bu zalni qisqa qilib lenkomnata derdi. Ko‘proq vaqtim zal devorlariga osilgan kommunistlar partiyasi anjumanlari va dasturlarini yangitdan yozish, kunlik harbiy ro‘znomalarni taxlash va devoriy gazeta chiqarish bilan o‘tgani uchun ur-to‘palonlardan endi yiroqda edim.
Meni harbiy kasalxonaga ko‘rgani borgan katta leytenant (rota zampoliti – siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosar) ancha xushmuomala, hazilkash odam ekan. Biz tezda chiqishib ketdik.
Bir kuni men devoriy gazeta uchun karikatura chizar, zampolit esa maqola yozib o‘tirgandi.
“Shu maqola yozish jonimga tegib ketdi, sen yozsang bo‘lmaydimi?” deb qoldi u. Men harbiyga kelgunga qadar o‘zimizning tuman gazetasida korrektor bo‘lib ishlaganim va kun ora maqola yozib yurganimni aytib, rus tilida yozish qo‘limdan kelmasa kerak, dedim.  
“O‘zim o‘rgataman senga, hali qarab turasan, rus tilida o‘z tilingda yozgandek yozib ketasan, balki maqolang GSVGning (Olmoniyadagi Sovet qo‘shinlari guruhi) “Krasnaya Znamya” gazetasida chiqib qolar,” dedi u menga dalda berib.
Rosti, maqola yozish oson edi, tuman gazetasida “falon brigadirning  shuncha yeri bor, u bu yili davlat xirmoniga shuncha hissa qo‘shmoqchi, buning uchun jon kuydirib mehnat qilmoqda,” deyilsa, diviziya gazetasida “falon askar o‘z ona yurtini himoya qilish uchun astoydil bel bog‘laganidan harbiy bilim sir-sinoatlarini puxta o‘rganmoqda, kechagi jangovar mashqlar payti  to‘rtta nishonga o‘q tegizdi, u tartib-intizomda ham hammaga o‘rnak,” deya yozilardi.
Lekin ming afsuski, polkning “Gvardiyachi” nomli gazetasida bitta maqolam chiqqanidan keyin bu zampolitni Ittifoqqa jo‘natib yuborishdi. O‘rniga leytenant Zaytsev keldi. U baland bo‘yli, biroz kulib, lablarini qimtib gapiradigan, mehr-shafqatdan yiroq bo‘lmagan zobit ediyu lekin armiyadagi eng muhim xislat – qat’iyatda kamtarroq edi. Unda meni harbiy jurnalistga aylantirish rejasi ham yo‘q edi. Buning o‘rniga u lenkomnatadagi o‘nlab katta plakatlarni yangitdan bo‘yab, qayta yozishni buyurdi. Mehnatkashlar dohiysi Leninning plakat uslubidagi suvratini o‘xshatib chizganimdan Zaytsevning ko‘ngli to‘ldi. Lenkomnatani butunlay menga ishonib, kalitini tashlab ketadigan bo‘ldi.       
Bu paytga kelib ishlarim ancha yurishib ketgandi. Askarlar uchun armiyadagi eng qadrli va ardoqli buyum askar albomidir. Albomsiz biror askar uyiga ketishni tasavvur qila olmaydi va albatta u chiroyli bo‘lishini xohlaydi. Kattayu kichik askar bir kuni ishim tushadi degan ilinjda men bilan yaxshi munosabatda bo‘lishga intiladi. Men tezda albomning ichki muqovalari va sahifalariga solinadigan rasmlarni o‘rganib oldim. Ichki muqovaga ritsarlar uslubida “Ordruf” degan yozuv va shahardagi qal’a tasviri tushirilishi kerak edi. Oxirgi sahifaga esa askarni uyiga eltayotgan “Tu” uchog‘i chizilardi. Keyinchalik boshqa polkdagi hamyurtlar iltimosi bilan tank, to‘p va raketalar suratini chizishimga ham to‘g‘ri kelgan. Mo‘yqalam yo‘qligidan buyoqni igna bilan tomizib bo‘yardim. Surat bo‘rtib chiqardi, qal’a devoridagi g‘ishtlar ham haqiqiydek bo‘rtib turardi. Olmon bo‘yog‘i zo‘r bo‘lib, qavat-qavat bo‘yoq tomizilsa-da, sira yorilib ketmasdi. Surat qurigach, ustidan lak surardim.
Albomning ichki sahifalardagi nafis, oq shildiroq qog‘ozga yillar davomida chizilaverib timsolga aylanib ketgan suratlardan nusxa ko‘chirilar, so‘ng qora tush bilan bo‘yab chiqilardi. Ularning orasida har gal meni hayajon va qo‘rquvga soladigan bir surat bor edi. Bu bahaybat, yag‘rindor, uzun sochi keng yelkasiga tushib turgan, yuzidan ter va qon oqayotgan, mushaklarini bo‘rttirib, bir qo‘llab pulemyotdan o‘t ochayotgan Amerika askarining suvrati edi. Bu surat yaqinimizda bo‘lgan Amerika qo‘shiniga ishora edi. Har safar shu rasmni chizar ekanman etim jimirlab ketar, mabodo urush boshlanib qolsa, bunaqangi vahshiy askarlarga qarshi qanday kurashamiz, deya boshim qotardi.
Keyinroq sho‘ro askarlari albomidagi bu “vahshiy askar”  Hollivud kinoqahramoni “Rembo” ekanini bildim. Buni tushunib yetishimga ham “Lenin xonasi” yordam berdi.
Zaytsev lenkomnata kalitini tashlab ketgan kuni tunda meni kimlardir turtib uyg‘otdi. Tepamda ikki serjant va xizmati oxirlab qolgan “bo‘yniyo‘g‘on” kafkazlik askarlar turardi. Men qo‘rqib ketdim, biroq ular meni hayratda qoldirib, negadir juda muloyim edi. Maqsadi televizor ko‘rish ekan. Harbiy nizomga ko‘ra lenkomnatadagi televizor faqat yakshanba kunlari ertalab “Sovet Ittifoqiga xizmat qilaman” ko‘rsatuvi va siyosiy o‘quv o‘tkazilgan kunlari esa “Vremya”ni ko‘rish uchun qo‘yilardi, xolos.
Tunlari bizning rota, yonimizdagi aloqachi va minomyotchi  vzvodlarning eng zo‘ravon askarlari g‘arbiy Olmoniya kanallarida namoyish etiladigan filmlarni tomosha qilib o‘rgangan ekan. Shu tariqa ularning menga ishi tushadigan bo‘ldi. U paytlari g‘arb telekanallarini ko‘rish ta’qiqlangan bo‘lib, bu oz sonli askarlar orasidagi sir edi. Shu tariqa rotadagi eng ashaddiy mushtumzo‘r askarlar ham endi men bilan hisoblashib gaplashadigan bo‘ldi.
Men o‘shanda “Rembo” filmini ko‘rganimdan keyingina kimning suratini albomlarga chizib yurganimni bildim.
Lekin tez orada mening alohida mavqe’imga ko‘z tegdi. Men rotaning uchinchi vzvodida snayper edim. Vzvod boshlig‘imiz, katta leytenant Zaripov hayotdan alamzada bo‘lgan kishi edi. Chunki uning yoshidagi zobitlar allaqachon unvoni ko‘tarilgan, eng kamida rota komandiri lavozimini egallagandi. Necha yillardan buyon na lavozimi, na unvoni o‘sayotgan Zaripovning alami cheksiz bo‘lib,  jabrini askarlar tortardi. Millatdoshi bo‘lgan tatar askarlarini ham ayab o‘tirmasdi.
Bir kuni tizza barobar qor kechib poligonga ketayotgandik. Bir askarning etigi oyog‘ini g‘ajib, yara qilib tashlabdi, hammadan ortda qolib, oqsay boshladi. Zaripov unga bir necha marta tanbeh berdi. Lekin azobda qolgan askar qanday yursin? Zaripov rotani to‘xtatdi, askarning yoniga kelib nimalarnidir uqtirdi, askar etigini yechib yiringlab, shishib ketgan oyog‘ini ko‘rsatdi. Zaripov qo‘qqisdan uni ura ketdi. Uch-to‘rt musht tushirgandan so‘ng askarning og‘zi-burni qonga belanib, qorga yiqildi. Zaripov uni tepkilashga tushdi. Bechora askar qalin qor ichida ko‘milib ketdi, lekin zobit uni tinimsiz, ayovsiz, alam bilan qor changitgancha tepardi. Butun rota jimgina buni kuzatardi. Xuddi og‘zi qonga to‘lgan bo‘rining qo‘zichoqni yeyishiga qo‘ylar qo‘rquv ila  tikilib turgandek. Zaripov o‘n daqiqalar bu askarni urib-tepkilab, pishillab, jiqqa terga botib ketdi. Peshonasidagi terini artib, biroz nafas rostlashga to‘xtadi va shunda o‘ziga tikilib  turgan rotaga ko‘zi tushdi. Oyog‘i ostida esa yuz-ko‘zi qonga belangan askar yotardi. Bu vahshiyona manzarani so‘zsiz kuzatib turganlar nigohi  Zaripovning ko‘zlariga qadalgandi. Zaripov bu nigohlarga dosh bera olmadi, darhol ko‘zini olib qochdi. Biroq kuni bo‘yi alamini rotadan oldi, soatlab qorda emakladik, ichki kiyimlarimizgacha jiqqa ho‘l bo‘ldi. Kamiga handaq kovlab, kechgacha jangovar tartibda muz qotib yotishga to‘g‘ri keldi. Avvallari tuppa-tuzuk yurgan o‘sha askar qattiq kaltaklangandan keyin butunlay o‘zgardi, o‘shanda rostdan ham oyog‘i shishib, yiringlab ketgan esa, keyinchalik o‘zini hamisha kasalga solib yuradigan, harbiy mashqlar va ishdan o‘zini olib qochadigan ayyor askarga aylandi.  
Zaripovning alami hamon arimasdi. Hammadan o‘ch ola boshladi. Ayniqsa, ko‘p vaqtimni lenkomnatada o‘tkazganim uchun menga ham zug‘umini kuchaytirdi. Ertalabki siyosiy o‘quv payti Zaripov tepamga keldi va birdan yoqamga tikilgan oq bo‘z yoqani so‘tib tashladi.
“Yoqang yarim millimetr baland tikilibdi, harbiy nizomni buzyapsan, askar. Boshqatdan tik!” dedi va oq bo‘zni yuzimga uloqtirdi. Ip-igna hamisha cho‘ntagimizda bo‘ladi, men indamay XBni yechib, oq yoqani qayta tika boshladim. Bir payt Zaripov tepamga hayqirib keldi:
“Hey, sen nima, quturib ketdingmi? Nima qilyapsan?” dedi o‘shqirib.
“O‘zingiz boshqatdan tikishga buyruq berdingiz, bajaryapman,” dedim. U meni kamarimdan tortib, zobitlar xonasiga sudradi.
“Ursa sen ham qarab turma, sol!” dedi vzvodimizdagi o‘zbek serjant yonidan o‘tayotganimda sekin shipshib. Zobitga, yana komandirga qo‘l ko‘tarib bo‘lar ekanmi!  Xonaga kira solib Zaripov sochimdan tortib, tizzasi bilan boshimga tepdi, bir siqim sochim qo‘lida qoldi shekilli. Yaxshiki vaqtida kallamni biroz burishga ulgurgan ekanman, tizzasiga burnim emas, yonog‘im tegdi. Lekin ko‘zimdan o‘t chaqnab ketdi. Keyin biqinimga musht tushirdi. Devorga suyangancha, nafasim qaytib, g‘ujanak bo‘lib qoldim. Rangi kezargan Zaripov bir so‘z demay chiqib ketdi. Og‘riq zo‘ridan ko‘zimga tirqirab kelgan yoshni zo‘rg‘a to‘xtaman, maktab payti paxta terish rejasini bajara olmasak, o‘qituvchilar xonasiga olib kirib jazo berar, lekin bunaqa qattiq urmasdi. Nari borsa uch-to‘rt shapaloq tushirardi, xolos. Shularni eslab, o‘zimni ovutdim.         
Trevoga paytlari yelkamizdagi yigirma-o‘ttiz kiloli qurol-aslahadan tashqari o‘q-dori va oziq-ovqat joylangan zildek og‘ir temir qutilarni ko‘tarib uch-to‘rt kilometr uzoqlikdagi o‘rmonga chopishga to‘g‘ri kelardi. Men “polevaya lenkomnata”, ya’ni “sayyor lenkomnata” deya atalgan yengil qutini olardim. Quti ichida bitta chodir va plakatlar bo‘lgani uchun yengil edi. Biroq Zaripov meni snayperlikdan avtomatchi lavozimiga o‘tkazdi. Avtomatchilar trevoga payti o‘q-dori solingan og‘ir temir qutilarni ko‘tarib chopadi. Trevoga degani esa kun ora bo‘ladi. Bu temir quti bilan olti kilometr chopish azob edi. Zampolit Zaytsev hech narsa qila olmas, chunki men Zaripov qo‘l ostida bo‘lib, harbiy nizom bo‘yicha lenkomnataga mas’ul askar shtati yo‘q edi. O‘sha payt rota komandiri o‘rni bo‘sh, bu lavozimni birinchi vzvod komandiri, millati osetin bo‘lgan leytenant Osipov vaqtincha egallab turgandi. Bir kuni u mening yonimga keldi.
“Zaripov seni xarob qiladi, men hammasini bilib turibman, tez orada biror chorasini toparman, sabr qil”, dedi u.
Bir haftadan so‘ng u meni uchinchi vzvoddan olib, rota boshqarmasiga o‘tkazishga buyruq chiqartirdi. Rota boshqarmasida faqat uch askar bo‘ladi, feldsher, zirhli mashina – BTR haydovchisi va pulemyotchi. BTRda ikkita, tankka va piyodalarga qarshi pulemyot bo‘lib, men ana shu qurollarni boshqaradigan bo‘ldim va Zaripovning zulmidan batamom qutuldim.  Lekin Zaripov qo‘l ostidagi askarlarni xo‘rlashni davom ettirdi. Xizmatim tugab uyga qaytayotgan paytimda ham uning na lavozimi, na unvoni ko‘tarilgan, katta leytenantligicha qolgan edi.  

“Seniki edi,  meniki bo‘ldi!”  

Men yoshligimdan sportga qiziqqanim, maktabda dastlabki harbiy tayyorgarlik darslarida alohida namuna ko‘rsatganim bois jangovar mashqlarni qoyillatib bajarib qo‘ysam bo‘ldi, armiyada hayotim yengil bo‘ladi, degan o‘yda yurardim. Yumshoq qilib aytganda, chuchvarani xom sanagan ekanman. Dastlabki kunlardanoq ma’lum bo‘ldi-ki, bu yerda “meniki” degan so‘z yo‘q ekan. O‘zingga tegishli hech bir narsani meniki deb bo‘lmaydi, hozir bor edi, endi yo‘q. Tortib olinadi yoki o‘g‘irlab ketiladi. Bu yerda eng ko‘p qo‘llaniladigan ibora “Bыl tvoy, stal moy”, ya’ni “seniki edi,  meniki bo‘ldi.” Bu hamma narsaga tegishli, o‘zing askarlik maoshingga sotib olishing shart bo‘lgan oq yoqadan tortib etik moyigacha. O‘zingniki bo‘lib qolishini istasang, marhamat, mushtlash, yo‘qsa, qo‘sh qo‘llab zo‘ravonga tutqaz. Kuching yetsa sen ham o‘zingdan ojizroq boshqa birovdan tortib ol. Kuching yetmasa, o‘g‘irla. O‘g‘irlik har bir daqiqa va soniyada yuz beradigan va hamma qiladigan ish. Lekin ajablanarlisi shundaki, o‘g‘irlik bilan qo‘lga tushib qolish borib turgan sharmandalik.
Inson har qanday sharoitda ham ko‘nikma hosil qilar ekan. Poligondami, polkdami, hordiq uchun besh minut tanaffus berilganda hamma mizg‘ib olishga harakat qiladi. Savqi tabiiy ila mizg‘iganda ham bir qo‘l bilan pilotka, ikkinchisi bilan kamarni changallab uxlaymiz, o‘g‘irlab ketmasin deb. Poligonda bo‘lsa, avtomatni tagimizga bosib yotamiz. Kechqurun kamar, pilotka va boshqa mayda shaxsiy buyumlar, jumladan, uydan kelgan xatni ham etikning ichiga solib, boshimiz tagiga qo‘yvolamiz. Hattoki oyoqqa o‘ralaverib sarg‘ayib ketgan paytava ham o‘g‘irlanishiga chidash mumkindir, lekin uydan jo‘natilgan xat yoki suratlar o‘g‘irlanishini sira tushunib bo‘lmasdi. Bora-bora bu narsalar tabiiy qabul qilinib, kundalik odatga aylanib ketadi. Men xizmatning pastu balandini tushunib olganimdan so‘ng kundalik yurita boshlagan edim, xizmat oxirlab qolganda hatto shuni ham o‘g‘irlab ketishgan va o‘shandagi ahvolimni ta’riflab berishdan ojizman.
Lenkomnataga “xo‘jayin” chiqqanimdan keyin o‘zimga ishonchim ancha ortgandi, lekin ishonch beparvolikka yetaklar ekan. Ertalab tursam, kamarim yo‘q, o‘g‘irlab ketishibdi. Dastlab kallamga “kimning haddi sig‘di ekan?” degan gap keldi. Keyin kulib yubordim, nima, armiyada ekanimni unutib qo‘ydimmi? Axir bu yerda bir soniyadir-ki hushyorlikni yo‘qotgan odamning ahvoli shu. Nonushtaga bormaslik uchun serjantni ko‘ndirdim, uchinchi rotadagi eng yaqin hamyurtim Avazga odam jo‘natdim, zudlik bilan kamar topib bersin, dedim.  Tushlik payti ham rotada qoldim, Avazdan esa xabar yo‘q. Kun bo‘yi lenkomnataga qamalib o‘tirdim, kechki ovqat payti yaqinlashmoqda, qornim och. Lekin kamarsiz ko‘chaga chiqish, safda yurish isnod. Avazga yana odam jo‘natdim, bu gal kamarga qo‘shib ovqat ham so‘radim. Safda ovqat ko‘tarib yurish ham isnod sanaladi, so‘raganim bilan hech kim oshxonadan ovqat ko‘tarib kelmaydi. Uchinchi rota qorovulda ekan, kechqurun kelishdi, Avaz ahvolimdan xabar topib, darrov ikki bo‘lak oq non va yong‘oqdek sariyog‘ topib keldi. Kamarni ertagacha hal qilaman, o‘zing ham urinib ko‘r, dedi. Men o‘g‘irlik qilish qo‘limdan kelmasligini aytdim.
“Kerak bo‘lganidan keyin qilasan o‘g‘irlik, o‘zingni rotangdan birortasini kamarini o‘g‘irla, men uni boshqa rotaga borib alishtirib kelaman,” dedi u.
Tunda hamma uxlagan, mening boshim qotgan, qanday qilib o‘g‘irlik qilaman? Mayli, bugun-ku tinch o‘tdi, ertaga trevoga bo‘lib qolsa yoki poligonga jo‘nasak, ahvolim ne kechadi. Hammaga sharmanda bo‘laman, hatto-ki o‘z hamyurtlarim ham men bilan gaplashmay qo‘yadi, ularning nazarida odam qatoridan chiqib qolaman. Bu o‘ylardan keyin o‘rnimdan turib ketdim, yo‘lakda ohista qadam tashlab birovlarning yostig‘i tagini kuzata boshladim. Zalning oxirida alohida minomyotchilar vzvodi bo‘lardi. O‘sha yerda bir askarning kamari yostig‘i tagidan ko‘rinib turgandi. Bor-yo‘g‘i kamarni sekin tortib olish kerak, xolos. Ikki-uch marta yaqin bordim, biroq yuragim betlamadi. O‘zimni yomon ko‘rib ketdim, tanamdan sassiq hid chiqayotgandek ijirg‘andim, lekin or-nomus masalasi-chi!?
Yana bir qaytib borganimda nogoh do‘ng‘illagan ovoz yangradi:
“To‘xta! Bilaman, nima qilmoqchi ekaningni!”
Bu minomyotchilarning gurji serjanti edi. Uning xizmati oxirlab qolgan, o‘zini ancha bosiq tutadigan askar edi. Lenkomnata kalitini ko‘p so‘rab kelardi. U uxlamasdan anchadan buyon meni kuzatib yotgan shekilli.
“Zinhor meni askarlarimga tega ko‘rma, boshqa joydan qidir. Lekin aytib qo‘yay, baribir bu ish seni qo‘lingdan kelmaydi,” dedi u.
Birov ustimdan sovuq suv quyib yuborgandek mulzam bo‘lib, joyimga keldim, anchagacha uyqum kelmadi. O‘zimni o‘zim battar yomon ko‘rib ketdim. Cho‘ntagimda uydan kelgan xatlar bor ekan, burda-burda qilib yirta boshladim. Men maktabda bir qizni yaxshi ko‘rardim. Xizmatga kelganimdan buyon unga bor-yo‘g‘i bir marta xat yozgandim. Xatni bir sinf pastda o‘qigan o‘rtog‘imga yo‘llar, u esa maktubni qizning qo‘liga yetkazardi. U qizdan maktub ikki kun avval kelganida rosa xursand bo‘lgandim, lekin endi o‘sha xatni ham negadir alam bilan yirtib tashladim. Uy, yaqinlarim, qishlog‘im, o‘sha qiz haqida o‘ylashni sira istamay qoldim. Hammasini unutishim, boshqa odamga aylanishim kerak edi, ehtimol, shunda armiyadagi hayotim yengillashardi.              
Ertasiga yana nonushtaga bormadim, lekin yo‘lakda bo‘ladigan yo‘qlovga chiqishimga to‘g‘ri keldi. Qaytib kazarmaga kirdim-da, bu vaziyatdan qanday chiqish yo‘llarini o‘ylay boshladim. Kallamda faqat bir fikr charx uradi: “O‘g‘irlash kerak, o‘g‘irlash kerak! Lekin qanday qilib?”. Nihoyat tushlikka yaqin Avaz ko‘zlari yonib, xursand holda kirib keldi, keldiyu menga o‘sha najotkor kamarni tutqazdi. U ko‘zimga dunyodagi eng yaxshi odam bo‘lib ko‘rinib ketdi.  
Rotamizda bir latish askar bor edi. Uning xizmat muddati tugashi arafasida hamma narsasini o‘g‘irlab ketishibdi. Chemodanidan tortib parad kiyimigacha. Askarlar yozda XB, qishda PSh (polusherst) kiyimi kiyardi. Bu askar uniqib ketgan PSh kiyimi va og‘i qiyshaygan etikda, qup-quruq qo‘l bilan uyiga jo‘nadi. Ne ko‘z bilan ko‘raylik-ki, ikki kundan keyin u qaytib kelibdi. Samolyotga chiqar chog‘i uni ortga qaytarib yuborishibdi.
“Uyat! Bu askar xizmat qilgan rotaga, polkka, diviziyaga uyat!” deyishibdi. Rotamizda unga hamdard bo‘ladigan askarlar topildi. Kimdir ozgina pul berdi, kimdir hamyurtlari orqali yangi ust-bosh toptirdi, yana kimdir mayda-chuyda sovg‘alar yig‘ib berdi, men unga yangi albom bezab berdim. Bu voqea askarlar orasida o‘zaro hamjihatlik tuyg‘usini uyg‘otgandek bo‘ldi, lekin sanoqli askarlar orasida.       
O‘g‘irlik esa kundan kunga avj olaverdi. Oltin qoida o‘sha-o‘sha: “Tortib ol yoki o‘g‘irla!” Shikoyat qilish esa mumkin emas.

Kichik Ordrufda katta mojaro

Quvasoylik Ibrohim degan yigit mening eng yaqin do‘stlarimdan biri edi. Norg‘ul va chayir, qisiq ko‘zli bu yigitni faqat Alpomishga mengzash mumkindir. Xizmatning dastlabki oylarida uning biror kuni mushtlashuvsiz o‘tmagan. Yangi kelgan o‘zbeklar orasida eng kuchlisi bo‘lgani uchun kavkazliklar uni ruhan va jismonan yanchib tashlash niyatida har kuni bir janjal chiqarishardi. Yuz-ko‘zi doim momataloq yuradigan Ibrohim xudoyim peshonasiga yozgan taqdirga rozi bo‘lgancha miq etmay mushtlashuvlarga matonat bilan bardosh berib kelardi.
Yakshanba kunlari harbiy qism kinozalida film namoyish etiladi. Xizmatga kelganimizdan ikki oy o‘tib, ilk marta kinozalga bordik. Rotamiz kechroq borgani uchun joy qolmagan ekan, zal oxirida tik turib kino ko‘rishimizga to‘g‘ri keldi. Film o‘rtasida lenta uzilib, chiroq yoqilganida oldingi qatorlarda o‘nlab o‘rinlar bo‘sh ekaniga ko‘zimiz tushdi. Yangi kelgan bir askar paytdan foydalanib bo‘sh o‘rinlardan biriga o‘tirish uchun yugurib bordiyu birdan quloq-chakkasiga shaqillab tushgan musht zarbidan darhol ortiga qaytib keldi. Bu yerning yozilmagan qonuniga ko‘ra, o‘rinlar turli millat askarlarning mavqeiga qarab bo‘lingan edi.
Birinchi qator o‘sha paytda polkda eng zo‘r bo‘lgan gurjilarga, ikkinchi va uchinchi qator armanilarga, to‘rtinchi va beshinchisi ozariylarga tegishli edi. Aytishlaricha, biz kelmasimizdan avval birinchi qatordagi o‘rindiqlarga chechenlar egalik qilgan. Endilikda qismda chechenlar deyarli qolmagani uchun bu qatorda gurjilar savlat to‘kib o‘tirardi. Boshqa bir millat vakilining birinchi qatorga o‘tirib qolishi gurjilar mavqeini yerga urish, nafsoniyatiga tegish bilan teng va ularni jangga chorlash degani edi.
O‘shanda biz zalning oxirida tik turar ekanmiz Ibrohim, “Hali qarab turasan, o‘rtoq, biz birinchi qatorda o‘tiradigan kun ham keladi,” deb aytgani hamon yodimda.
Oradan olti oy o‘tgach, hukmronlik armanlar qo‘liga o‘tdi va ularning kavkazliklardan boshqa millatlarga zulmi haddan ziyod osha boshladi. Ayniqsa, o‘zbeklar bilan ziddiyat kuchaygandan kuchaydi. Bir kuni lenkomnatada devoriy gazetani bezab o‘tirganimda Ibrohim kirib keldi.
“Kinozalda aytgan gapim esingda bormi, tayyorlanaver, o‘sha kun yaqinlashyapti”, dedi u xursand.
Armanilar bilan o‘zbeklar o‘rtasida bir kun kelib katta to‘qnashuv yuz berishini barcha his qilib turar, biroq buning qachon va qayerda yuz berishi noma’lum edi. Tomonlar munosabatlar oydinlashadigan kunga zimdan tayyorgarlik ko‘rardi.
“Armanilar boshqa harbiy qismlarga ham odam yuborib yordam so‘rabdi, biz ham tankchilar va artilleriyachi qismlariga odam jo‘natdik, ular tayyor turishibdi”, dedi Ibrohim bir kuni.
Polkimizda to‘qqizta rota bo‘lib, askarlar soni mingdan ziyod edi. Yon-atrofimizda tank, artilleriya, raketa polklari va yana bir qancha turli batalonlar bor edi.
To‘qqizinchi may – G‘alaba kuni yaqinlashib kelardi. Odatda, bayram kunlari qismlarda navbatchilardan tashqari, zobitlar deyarli qolmaydi. Demak, o‘sha kuni to‘qnashuv yuz berishi aniq edi. Buni hech kim bir-biroviga aytgani yo‘q, lekin barcha sezib turardi.
Bayramdan  bir necha kun avval gurjilar va ozariylar armanilarga yordam berarmish, degan gap tarqaldi. Shunda qirg‘izlar, agarda gurjilar va ozariylar armanilarga qo‘shilsa, biz o‘zbeklarga yordam beramiz, degan qarorga kelishibdi. Boshqa millat vakillari bunday masalalalarda biror mavqe tutish darajasida emasdi yoki mojaroga aralashishni istamasdi.
Bu orada xushxabar kelib qoldi. Askarlar qamoqxonasi – gauptvaxt boshlig‘i bir armani starshina edi. U buyrug‘iga buysunmagani uchun hibsdagi gurji askarini tahqirlabdi,  bo‘sh konserva idishlarini bo‘yniga osib, gauptvaxt maydonchasida yugurtiribdi. Bo‘ynida konserva idishlari bilan taraqa-turuq qilib chopgan gurji haqidagi xabar diviziyaga yashin tezligida tarqalgan. Shu tariqa armanilar va gurjilar orasiga sovuqchilik tushdi.  
Olmoniyaning bahori yumshoq keladi. Bayram kuni quyosh ertalabdan charaqlab chiqdi. Nonushtaga bittadan chaqmoq qand va tuxum berildi. Bu olti oydan buyon kartoshka va karam sho‘rvadan boshqa narsani ko‘rmagan askar uchun salkam ziyofat edi. Nonushtadan kelib “Vatanimga xizmat qilaman” ko‘rsatuvini, keyin esa musiqali “Tonggi pochta”ni ko‘rdik. Askarlar kiyimlarini yuvish va oq surplardan yoqa tikish bilan band bo‘ldi.
Tushlik payti men rotamizdagi armanilardan biri bilan qarama-qarshi o‘tirib qoldim. U past bo‘yli akrobat yigit bo‘lib, o‘lgudek chayir va kuchli edi. Sakraganda xuddi prujina kabi sapchib ketardi. Biz ovqatlanish chog‘ida bir-birimizga qaramaslikka intilardik. Sababi – o‘tgan bir yil ichida deyarli do‘st tutinib qolgandik. Biroq armiyaning yozilmagan qonuniga binoan biz – ikki do‘st bugun bir-biriga bo‘ridek tashlanadigan raqiblar orasidan o‘z joyimizni egallashimiz lozim edi.
Tushlikka bittadan qirmizi olma qo‘shib berildi. Bu kuzdan buyon og‘zimizga tekkan ilk meva edi. Tushlikdan so‘ng rotalar saf-saf bo‘lib kinozal tomon kela boshladi. Kinozalning oldida katta maydon bo‘lib, ba’zi rota komandirlari askarlarni maydonda saf bilan qo‘shiq ayttirib yurdira boshladi. Boshqalari maydon chetidagi ko‘m-ko‘k maysa ustiga uzala tushib yotvolib, o‘zlarini quyoshga toblay boshladi.
Bahorning bu ajib kuni shunday sokin va erinchoq edi-ki, odamzot nega bir-biri bilan urishadi, degan savol ustida bosh qotirishning o‘zi erishdek tuyulardi. Biroq Olmoniyaning bu mo‘jaz shaharchasida dunyodagi eng qudratli davlatning millatlar qardoshligi asosiga qurilgan g‘oyasi o‘z kuchini ko‘rsatish  arafasida edi.
1987 yilning 9 may kuni edi.
Film namoyishiga o‘n daqiqa vaqt qolgandi. Odatdagidek, ulkan kinozal askarlarga to‘la, oldingi qator o‘rindiqlar bo‘sh, lekin zal oxirida tig‘iz o‘tirganlarning hech biri yurak betlab oldindagi bo‘sh joylarga o‘tolmaydi. Birinchi qatordagi o‘rindiqning eng chetida hozircha faqat bir armani oyoqlarini chalishtirgancha yastanib o‘tirib sheriklarini kutyapti.
O‘zbeklar kinozal eshigi oldida yig‘ila boshladi. Hammamiz betoqat edik. Ibrohim kutib turamiz, ularning hammasi kelsin, dedi. Biroz o‘tgach oldingi o‘rindiqlar birin-ketin to‘la boshladi.
“Hali ko‘pchilik tashqarida, lekin boshlayveramiz, yo‘qsa, hozir chiroq o‘chib qoladi,” dedi Ibrohim.
Oldinda mardonavor ketayotgan Ibrohimga ergashib zalning o‘rtasidan yurgancha birinchi qatorga tushib bordik. Armanilarning ko‘zi qinidan chiqib ketdi. Ulardan biri o‘shqirgancha o‘rnidan turib xezlandi. Ibrohim uni bir zarb bilan urib yiqitdi. Shu bilan ola-tasir boshlandi. Kinozalda qiy-chuv ko‘tarilgach, tashqarida kutib turganlar ham eshikdan olomon bo‘lib kira boshladi. Biroq zal to‘lib qolganidan eshik tirband bo‘lib, endi birov kirolmas va chiqolmas ham edi. Zalning ichi ostin-ustun bo‘lib ketdi. Kimdir polga mixlangan o‘rindiqlarni ko‘chirib otayotir, kimdir oyoq ostida voh-vohlab yotibdi. Kimdir kamarini qamchidek sermab joy torligi va tirbandligidan raqibi qolib duch kelgan askarni urib yotgan. Tasir-tusur mushtlashuv qancha davom etganini bilmayman, qo‘qqis tashqaridan o‘q ovozlari kela boshladi. O‘q kinozal tashqarisida mushtlashayotgan askarlarni tarqatish uchun otilgan bo‘lib, shundan so‘ng hamma qochish payiga tushdi.
Bir soatdan keyin rotamizdagi o‘zbeklar bir amallab kazarmaga yetib keldik. Qorovuldagi rota askarlari tashqarida qolib ketganlarni birma-bir tutib ketayotgan edi. Bizning rotamizdagi o‘zbeklardan hech kim jiddiy jarohat olmabdi. Ularning barchasi kinozal ichida bo‘lgandi.
 Keyin bilsak, asosiy mushtlashuv kinozal tashqarisidagi maydonda yuz beribdi.  
“U yerda yuzlab askar yig‘ilgandi. Boshqa qismlardan kelgan qora pogonlilar ham bor edi. Rosa tasir-tusur bo‘ldi. Chatoq bo‘ldi, tashqaridagi askarlar faqat kamarlar bilan solishdi. Kamarlarning to‘qasidan nechasining ko‘zi chiqdi ekan, olishayotganlarni jangovar qorovullikda turgan rota kelib osmonga o‘q uzib tarqatdi,” dedi voqea guvohi bo‘lgan Sirojiddin ismli askar.
Maydondagi olishuv tafsilotlari Ibrohimni to‘lqinlantirib yubordi. U bir yillik alami uchun o‘ch olish vaqtida  kinozal ichiga qamalib qolganidan dog‘da edi.
“Ketdik hozir, qolgan armanilarni topamiz”, deb turib oldi u.
“Hozir tashqarida yurganlarning hammasini olib borib gauptvaxtga tiqishyapti. Tashqariga chiqish qiyin, biroz kutaylik, rotamizdagi armanilar kelib qoladi, o‘shalar bilan hisoblashamiz, hozircha hamma o‘rnida yotib tursin,” dedi Sirojiddin.
Tungi soat o‘n ikkidan keyin rotamizdagi o‘zbeklar yana yig‘ilishdik.
“Armanilarning hammasi kelgani yo‘q, mayli, bori bilan hisoblashamiz. Yigitlar, uxlab yotgan joyida urish yo‘q, avval hammasini uyg‘otish kerak, turmagani taslim bo‘lgani,” dedi Ibrohim.
Ikki yuz askarlik hayhotdek keng kazarmaning hali u chekkasi, hali bu chekkasida yana qasir-qusur mushtlashuv. Kamarlarning to‘qasi odamga tegsa tarsillaydi, devorga tegsa qarsillab shuvog‘ini ko‘chiradi. Ilkis rota navbatchisi “Karaul” deb baqirib qoldi. Hamma o‘zini guppa joyiga urdi. Besh daqiqalardan keyin navbatchi zobitlardan biri qurolli naryad bilan kelib kazarmani ko‘zdan kechirdi. Trevoga tugmasini bosib yuborgan navbatchi askar Gurjistonda tug‘ilgan ozari yigit edi. Qurolli qorovulni chaqirishga chaqirib qo‘yib, endi qorovul boshlig‘ini qanday aldashni bilmasdan chaynalardi.
“Ko‘zimga qandaydir sharpalar ko‘rindi, qo‘rqib ketganimdan trevoga ko‘tardim. Ichkarida hech gap bo‘lgani yo‘q,” deb turib oldi u. Qorovul boshlig‘i yotoqni ko‘zdan kechirib, keyin chiqib ketdi. Shundan so‘ng hech kimning turishga yuragi betlamadi.
Ertasiga juda og‘ir kun bo‘ldi. Rotalarni harbiy prokuratura tergovchilari bosdi. Ular misli ko‘rilmagan bu mushtlashuvning uyushtiruvchilarini qidirishardi. O‘nlab askarlar jarohatlangan, birovining ko‘zi chiqqan, birovining qo‘li yoki oyog‘i singan. Ko‘plari gospitalga jo‘natilgan. Tergovchilar har qancha urinmasin, bosh aybdorlarni topa olmadi.
Ertasi kuni tunda meni rotamizdagi Asatiryan uyg‘otdi. “Gaplashib olishimiz kerak,” dedi u. Men Ibrohimni uyg‘otib, armanilar muzokaraga chaqirayotganini aytdim.  
Ikkovlon rotadagi barcha o‘zbeklarni uyg‘otdik. Muzokaraga uch kishi – Ibrohim, Sirojiddin va men boradigan bo‘ldik. To‘rt qavatli temir-beton kazarmaning suv bosgan yerto‘lasidagi armanilarning yashirin qarorgohiga tushdik.  Yerto‘lada chivinlar g‘ujg‘on o‘ynardi. Armanilar bir burchakdagi xonani yashirin “shtab”  qilib, oziq-ovqat deysizmi, kiyim-kechakmi, tamakimi, barini g‘amlab tashlabdi. Bilamizki, hammasi omborlardan o‘g‘irlab kelingan. U yerda Asatiryandan tashqari yana uch nafar arman bo‘lib, ular boshqa rotalardan edi.
“Bir-birimizga tegmaymiz, sizlarning himoyangizdagi odamlarga biz tegmaymiz, sizlar esa biznikiga tegmaysizlar, boshqa mushtlashmaymiz, qasos olish yo‘q, evaziga uyiga ketayotgan hamma o‘zbeklarga yangi paradnoy ust-bosh beramiz, tamakidan ham sira kamchilik ko‘rmaysizlar,” deb sulh taklif qilishdi ular.
“Kinozaldagi birinchi qator o‘zbeklarga tegishli bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qildi Ibrohim. Ular so‘zsiz rozi bo‘ldi. Shu bilan sulh tuzildi va odat tusini olgan mushtlashuvlarga barham berildi.
Kelasi safar film namoyish etilganda esa biz birinchi qatorda mag‘rur o‘tirardik.  
Albatta, sho‘ro armiyasi hayotida mojarosiz kechgan kunlar kam bo‘ladi, lekin bular endi mayda janjallar edi. Bundan buyog‘iga armanilar orasida ham, o‘zbeklar orasida ham guruhlarga birlashish yakun topdi, endi har kim o‘z mavqei uchun o‘zi kurashishi lozim edi.
Xizmat muddati tugashiga olti oy qolganda biz bir paytlari ashaddiy g‘animimiz bo‘lgan askarlarning ko‘pchiligi bilan deyarli do‘st tutinib qolgan edik. Mening eng yaqin do‘stlarimdan ikki nafari armani, biri ukrain va yana biri boya eslaganim, Gurjistonda tug‘ilib o‘sgan ozari yigit edi. Qolaversa, Tog‘li Qorabog‘da armanilar va ozarlar o‘rtasida mojaro chiqib, “yagona Kavkaz” degan tushunchaga ham butkul putur yetgandi.

“Uyqudagi malika” va qochoqlar

Uyqu, uxlash armiyadagi eng ardoqli, ayni paytda eng armonli so‘zlardir. “Qancha ko‘p uxlasang, uyga shuncha yaqin qoladi,” deyilardi askar maqolida. Har bir askar iloji boricha va imkoni topilguncha ko‘proq uxlab olishga harakat qiladi. Qaniydi shu ikki yilni uyqu bilan o‘tkazib yuborsa askar degani! Buni zobitlar bilmay o‘libdimi! Askarlarni uyqusizlik va ochlik bilan jazolash zobitlarning eng yaxshi ko‘rgan uslubi.
Jismlarning bardoshliligini tekshirish uchun turli sinov usullari mavjud. Insonning ruhiy va jismoniy bardoshini sinab ko‘rish uchun esa armiyaning bir kuni, ehtimolki, bir soati kifoya. Biz ko‘rgan rota komandirlaridan biri – katta leytenant Sedlyuk ana shunday sinovlarning ashaddiy ishqibozi edi. U bo‘yi pastakkina, lekin gavdasi miqti va to‘la, lablarini cho‘chchaytirib turadigan odam bo‘lib, ko‘zlari lochin ko‘zlaridek yonib turardi.
Odatda keng ko‘lamli harbiy mashqlar boshlanishi oldidan avval rota, keyin batalon, polk va diviziya miqyosida harbiy ko‘rik o‘tkazilar va ba’zan bir necha haftaga cho‘zilib ketardi. Zobitlarning vajohatidan xuddi urush boshlanayotgandek, Amerika bostirib kelayotgandek tuyulardi. Armiyagacha Amerika haqida ko‘p narsa bilmasdim. Maktabda, qishlog‘imizda har zamon vahimali gaplar tarqalardi. Amerika prezidenti Jimmi Karter Ittifoqqa atom ham emas, yadro bombasi tashlamoqchi emish, degan gaplar chiqib qolardi. Maktabda gazga qarshi niqoblar ham paydo bo‘lib qolgandi.
Umuman, Amerika haqida ilk bor yetti yoshimda eshitganman. O‘shanda birinchi sinfda o‘qirdik, shokolad qandning yaltiroq qog‘ozlarini to‘plab, bolalar o‘zaro pul kabi alishtirishi urf bo‘lgandi. Kichik sinf o‘quvchilarining tanaffus payti qiladigan ishi shu edi. Bir kuni yuqori sinf o‘quvchilari, komsomollar hammamizning qo‘limizdan qand qog‘ozlarini yig‘ishtirib ola boshladi. Bu o‘yinni  Amerika ayg‘oqchilari sho‘ro o‘quvchilarining tarbiyasini buzish uchun o‘ylab topganmish, SSSR Vazirlar kengashining raisi Kosigin hamma maktablarda qand qog‘ozlarini yig‘ishtirib olinglar deya buyruq chiqaribdi, deyishdi ular. “Qaytib bu uyinni o‘ynamanglar, yo‘qsa, Kosigin o‘ladi, agar Kosigin o‘lsa, urush boshlanadi,” deya bizga uqtirishgandi.
Keyinroq Kosigin o‘ldi, lekin urush boshlanmadi. Bu orada boshimizga yadro bombasi tashlamoqchi bo‘lgan Karter o‘lgani haqida gap chiqdi. Yuqori sinflarga o‘tganimizda Ronald Reygan degani vodorod bombasi tashlarmish, yana shunaqa bombasi bor ekan-ki, sho‘ro odamlari bitta qolmay qirilib ketar, lekin butun boyligimiz, mol-mulkimizga ziyon yetmay, ularga teppa-tekin qolib ketarmish, degan gaplar chiqdi. Bu yovuz amerikaliklarni faqat sho‘rolar, kommunistlar partiyasi rahbarlarigina to‘xtatib qola oladi, deya laqqa ishontirishardi. Bularning barini to‘la tushunib yetmasak-da, bola ko‘nglimizni qo‘rquv chulg‘ab olardi.
Sedlyukning vahimali ma’ruzalari o‘sha maktab xotiralari va bolalik qo‘rquvlarini yodga solardi. Kapitalizmga qarshi turish uchun sho‘ro askarlari jonbozlik ko‘rsatishi, har bir ishda ulardan oldinda bo‘lishi lozimligini uqtirardi.      
Sedlyuk askarlarni sinchiklab ko‘zdan kechirar, yoqaga tikiladigan oq surpni jazbar bilan o‘lchardi. Oq surp yoqadan ikki millimetr chiqib turishi, shinelning etagi yerdan qirq santimetr baland bo‘lishi lozim edi. Etikning moylangani, aslahaqopchiqning bandlarini birma-bir ushlab ko‘rar, tugma va kamar to‘qasining yaltirashini tekshirar, askar yuzidagi har bir tukka qadar e’tibor qaratardi.
Butun polk ko‘rikka chiqqanda ulkan maydonda kun bo‘yi qolib ketardik. O‘tirish tugul, bir qadam yonga surilishga ham imkon berilmasdi. Kechqurun itdek horib rotaga qaytganimizdan so‘ng Sedlyuk, ko‘rikda gap eshitgan bo‘lsa kerak, rotani yarim tungacha koridorda tik turgan holda ushlab turardi.
 Diviziya bo‘yicha ko‘rikda o‘n mingga yaqin askar katta maydonga to‘planib, bir hafta harbiy qo‘shiq aytishni mashq qilganmiz. O‘n ming askar bir paytda, bir tekis yer tepib qo‘shiq aytganda yeru ko‘kni larzaga solar ekan. Lekin ertadan kechgacha yelkada qurol-aslaha bilan turish, tinimsiz yer tepish sillani quritib yuboradi. Kamiga qo‘shiqdan ko‘ngli to‘lmagan Sedlyuk rotamizni kunora bir necha marta ovqatdan quruq qoldiradi.
Bir gal Sedlyuk rotani polk oshxonasi ostonasidan yetti marta ortga qaytardi, har gal kimnidir qo‘shiqqa jo‘r bo‘lmagani yoki oyog‘ini baland ko‘tarib qadam tashlamasligini ro‘kach qildi va biz nonushtasiz qoldik. Tushlik payti esa oshxona eshigi tagida polk ovqatlanib bo‘lguncha saf tortib turaverdik. Bu paytga kelib ovqat tugab, yana och qoldik. Kechqurun esa ochlikdan azoblangan askarlar tomog‘ini yirtgudek bo‘lib qo‘shiq aytar, oyoqlarini keragidan ham ortiq baland ko‘tarib qadam tashlardi. Hartugul, rotaning chirangani ish berib, oshxonaga kirib keldik. Ovqat suzilgan stolga o‘tirib endi qoshiq ushlaganimizda Sedlyuk: “Rota, o‘rningdan tur!” deya xitob qildi. Hamma oyoqqa qalqdi. Shu turgancha qornimizni it tatalab, so‘lakayimizni qult-qult yutib, ovqat hididan gangib yiqilgudek bo‘lsak-da, qotib turaverdik. Bunday paytda ojizligini ko‘rsatgan askarning keyingi hayoti xo‘rlikda o‘tardi.
Sedlyuk esa askarlar yuziga o‘tkir nigohini qadab turar, bu ham kamlik qilgandek har bir askar yoniga kelib ko‘ziga tikilar, yanada yaqinroq borib nafas olishiga quloq tutardi. Kimningdir yuzi va yoki ko‘zida azoblanish, xo‘rlanish ifodasini topib olsa, o‘sha askarga iljaygancha tikilib turaverardi. Nihoyat, u qo‘l soatiga qarab, ovqatlanish uchun ajratilgan 15 daqiqa o‘tganini ko‘rib: “Rota, tashqariga chiqib saflan!” deya buyruq berdi. Kun bo‘yi urvoq ham ko‘rmagan askarlar ming bir alam bilan buyruqqa bo‘ysundi.
Trevogalar deyarli har kuni bo‘lib turadi. Bir safar tungi soat to‘rtda trevoga ko‘tarildi, og‘ir qurol-aslahalarni ko‘targancha chopa-chop qilib doimiy joyimiz, olti kilometr masofada bo‘lgan o‘rmon yoqasiga keldik. Biroq hali to‘xtab ulgurmasimizdan yana olg‘a chopish buyurildi. Bir soat chopdik, ikki soat chopdik, qayoqqa ketayotganimizni bilmaymiz. Hammamiz halloslab qolganmiz, yelkamizdagi qurol, belimizga ilingan handaq kovlaydigan kurak, qopchiq chetiga bog‘langan shinel va  yomg‘irpo‘sh-chodir (plash-palatka) lapanglab, yugurishga xalaqit bersa, qopchiqdagi tunuka idishlar taraqlab quloqni qomatga keltiradi. Jiqqa ter bosib, tuyaga o‘xshab lo‘killab chopayotgan askarlar safi deyarli bir kilometrga cho‘zilgan. Zobitlar oxirida qolib ketganlarni urib-tepib haydab kelmoqda. Odatda, granatomyotchi va pulemyotchilar quroli og‘irlik qilganidan ortda qolib ketadi.
Bizdan bir yil avval xizmatga kelgan Xomushko degan tuvalik askar yonimdan chopib o‘tib qoldi. Men undan qayoqqa ketyapmiz, deb baqirib so‘radim.
“Bu eng katta marsh-brosok, har ikki-uch oyda bir bo‘ladi. Hali ko‘p chopamiz. To‘xtash yo‘q, perekur ham,” dedi. Keyin menga qarab tirjaydi: “Tamaki chekib olishni xohlaysanmi?”
Masxara qilyapti deb o‘ylab g‘azabim keldi. Lekin u samimiy tirjayib, yelkamdan tortib olg‘a undadi,  o‘zi bilan tengma-teng chopishim kerakligini aytdi. Biz tezlab, avval bir rota, keyin ikkinchi rotani quvib o‘tdik. Halloslab, oyoqlarim chalisha boshladi, lekin Xomushko to‘xtashga qo‘ymasdi. Safning eng oldiga chiqib oldik, boshqa rotalarni quvib o‘tayotganimizda ba’zi zobitlar bizga “Safdan chiqma!” deya baqirib qoldi, Xomushko esa ularga “Mana!” deb qo‘li bilan haqoratli ishora qildi, meni cho‘chib ketganimni ko‘rib, “Qo‘rqma, bizning komandir emasku!” deb kulib qo‘ydi.
Chamasi, yarim soat o‘tgandan keyin biz judayam oldinlab ketdik, shunda Xomushko, endi sekin qadam tashlab yuramiz, dedi. Biz biroz nafas rostlab olgandan so‘ng yo‘l chetiga chiqib maysa ustiga o‘zimizni tappa tashladik, osmonga qarab yotgancha tamaki tutatib, og‘zimizdan pag‘a-pag‘a tutun chiqargancha rotamiz kelishini kutdik. Orada paytavamizni qayta o‘rab oldik.  
Tushga yaqin 30 kilometr yo‘lni chopib o‘tib, kichik qishloq yonida to‘xtadik. Belgilangan marra shu yerda ekan. Askarlar duch kelgan joyda uzala tushib yotib oldi. Hamma darhol etiklarini yechib, paytavalarni quyoshga yoyib, etik g‘ajib, qonatib yuborgan oyoqlarini uqalashga tushdi. Shunda bildimki, paytava o‘rashni bilish askar hayotidagi eng muhim narsa ekan. Paytava yaxshi o‘ralmasa chopayotganda surilib, qavat-qavat bo‘lib yig‘ilib qoladi va oyoqning tagini qavartirib yuboradi. Yalang‘och qolgan to‘piqlarni esa etik g‘ajib qo‘yadi.
Biz 10 daqiqa dam olib ulgurmasimizdan Sedlyuk tomdan tarasha tushgandek: “Ikkinchi rota, saflan!” deya buyurib qoldi. So‘ng ko‘m-ko‘k yashnab turgan bug‘doy dalasi ortidagi daraxtzorni marra belgilab, “Hujumga olg‘a!” deb baqirdi. Jangovar pozitsiyada bug‘doyzor bo‘ylab yoyilib, qurollarni o‘qtalgancha yana chopishga tushdik. Bunday mashg‘ulot paytlari turli vaziyatlar, emaklab yurish, yotgan holda, tizzalab o‘tirgan holda va yugurib otish usullari mashq qilinadi. Biz rosa bir soat bug‘doyzorni tepaladik. Bir olmon fermeri, bug‘doyzor egasi bo‘lsa kerak, uyidan chiqib bizni nafrat bilan kuzatib turar, lekin miq eta olmasdi.  Batalondagi boshqa rota askarlari hamon dam olib yotar va bizga achinish bilan qarab turardi. Sedlyuk esa tepalikka chiqib olib har bir askar harakatini diqqat bilan kuzatardi.
Biz dam olmasdan yana ortga, polkka qaytdik. Xayriyatki, bu gal yugurish haqida buyruq bo‘lmadi, biz bir tekis qadam tashlab borardik. Biroq ko‘plab askarlar majoli yetmaganidan yoki oyoqlari qonab, shishib ketganidan yurishni xohlamas, zobitlar baqir-chaqir bilan ularni turtkilardi. Kechqurun yotoqqa qaytib kelganimiz hamon Sedlyuk bir soatdan keyin rota ko‘rigini o‘tkazish haqida e’lon qildi. Bu o‘lganning ustidan tepalash degani edi. Hamma ust-boshi va qurol-yarog‘ini tozalashga tushdi. Tungi soat uchga qadar yo‘lakda tik turdik. Bir sutka yemay-ichmay oltmish kilometr yo‘l yurish, yana soatlab oyoqda turish oson emasdi. Lekin bunday kezlarda bir soniya bo‘lsin ko‘z yumgan yoki uyqusirab munkib ketgan askarga “uyqudagi malika” degan tavqi la’nat ilinardi. Sedlyuk shuni kutib turardi.
Ertalab turganimizda hech kim yura olmasdi. Oyog‘imizning tagi qavarib, shishib, yiringlab ketgandi. Ba’zi askarlar unsiz yig‘lardi. Lekin nonushtaga borish kerak…
Olmoniyaning yozi mo‘ta’dil keladi va askarlar boshiga yana yangi tashvishlar soladi. Chunki yoz kelishi bilan qiyinchiliklarga dosh berolmagan askarlarning qochib ketish hollari ko‘payadi. To‘g‘ri-da,  kuzda yomg‘ir, hammayoq balchiq-loy, qishda qor va qirchillama sovuq, qochib qayerga boradi. Yozda esa o‘rmonda yovvoyi mevalar terib yeyish yoki fermerlarning bog‘-rog‘larida kun ko‘rib jon saqlash mumkin. Yoz keldi deguncha har o‘n-o‘n besh kunda kimdir qochib ketadi. Qochoq topilmaguncha askarlarga uyqu begona. Avval diviziya, keyin olmon shaharchasi va qishloqlari titkilab chiqiladi. Ba’zi qochoqlar uzoqqa ketib qoladi va hatto Erfurtdan tutib kelingan askar ham bo‘lgan.
Polkimizdagi sakkizinchi rota shafqatsiz zobit va serjantlari tufayli “disbat” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Disbat (distsiplinirovannыy batalon) “jazo batalonining” qisqartma nomi edi. Sakkizinchi rota  askarlari hayoti oldida bizning ko‘rganlarimizni “jonning rohati” desa bo‘lardi.  Shu rotadagi bir turkman askari joniga qasd qilish uchun to‘rt qavatli kazarma tomidan o‘zini tashladi, lekin o‘lmadi. Bir yarim oy gospitalda yotib rotasiga qaytib keldi. Bizning rotamizda abjirgina bir turkman askari bor edi, u tez-tez sakkizinchi rotadagi bu hamyurti holidan xabar olib turardi. Uning aytishicha, bechorani serjantlar va kavkazlik askarlar ruhan sindirishibdi, kaltak va xo‘rlikdan endi u inson qiyofasini yo‘qotib qo‘yganmish. Tunlari uni tualetga qamab qo‘yarmish, kunduzlari yo‘lakda it kabi emaklatib choptirarmish. Men o‘sha yigit bilan karantinda birga bo‘lgandim, qoshu ko‘zi qop-qora, baland bo‘yli, odam havas qiladigan kelbati bor edi. Bir oy avval poligonda ham uchratgandim, avvalgi shijoatidan asar ham qolmagan, ko‘zlarida ma’no yo‘q edi. Sakkizinchi rotadagi serjantlardan biri gurji yigit bo‘lib, karantin paytidagi mushtlashuvda uning o‘ng ko‘zini kimdir kamarning to‘qasi bilan urib chiqargandi, qovog‘ida kattagina chandiq qolgan. O‘shanda bir zobit kelib Markaziy osiyolik askarlarni bir xonaga yig‘gan, rosa bo‘ralab so‘kkandi, lekin har kuni urush chiqaradigan kavkazliklarga bir so‘z demagan.
“Hey senlar, osiyoliklar, bosmachilar! Bilasanlarmi, aslida kim eding senlar? Hammang  qul eding! Mening bobom borib senlarni ozodlikka chiqargan, endi senlar tuzlug‘ingga tupurib, senlarga hurriyat hadya qilgan sho‘ro armiyasida zo‘ravonlik qilasanlarmi!” deya baqirgani yodimda. O‘shanda biz osiyolik askarlar jimgina bosh egib turgandik. Chunki, gap qaytarish, bahslashish boshga balo orttirish edi. Qolaversa, unga munosib javob qaytarish uchun rus tilida biyron gapiradigan askar oramizda yo‘q edi. Nazarimda, xayolimizdagi birgina fikr, bu uyga eson-omon qaytib olish edi. Keyin zobit har birimizni o‘ng ko‘zi bog‘langan o‘sha gurji askar bilan yuzlatgan, “shu edimi seni urgan?” deya so‘ragandi. Lekin gurji askar o‘zini urgan osiyolikni sotmadi, urushni o‘zi boshlagan edi-da. Qolaversa, armiyaning yozilmagan qonuniga ko‘ra, arz qilgan, guvohlik bergan askar odam qatoriga qo‘shilmasdi.  
Endi o‘sha chandiqli gurji askar serjant lavozimiga erishib, Markaziy osiyoliklardan qasdini olayotgan bo‘lishi ham mumkin edi. Turkman askar esa soddalik qilgan, chunki odatda gospitalga borish qiyin, borganlar esa besh-olti oysiz qaytib kelmasdi, kasali endi tuzalganda yana biror nima o‘ylab topishardi.     
Bir haftadan keyin sakkizinchi rota hammomga ketayotganda o‘sha turkman askar o‘zini harbiy yuk mashinasi ostiga tashlabdi, haydovchi chaqqon ekan, u yana o‘lmay qolgan. O‘lmagan jonga ham qiyin ekan – bu askarni endi haddan ziyod tahqirlay boshlashdi. Nihoyat, yozga chiqqanda u  qochib ketdi.
Qochgan askar bu gal bizning polkimizdan bo‘lgani uchun tunu kun qidirishga safarbar qilindik. Uyqu degani dunyodagi eng aziz narsa bo‘ldi. Qidiruv besh kun davom etdi. Oltinchi kuni qochoq askar shahardagi bir olmon kampirning uyidan chiqdi. Kampir uni tovuqkatak ichidan topib olib, uyida boqayotgan ekan. Uning keyingi taqdiri nima bo‘lganidan xabarim yo‘q. Aytishlaricha, disbatga jo‘natilgan. Biroq odatda bunday askarlarni ruhan majruhga chiqarib, uyiga jo‘natib yuborishlari ham mumkin edi, balki unga ham shuni ravo ko‘rishgandir.
Umuman olganda,  qochib ketish yoki joniga qasd qilish g‘ulg‘ulasi armiyaning dastlabki oylarida ko‘pchilik askarning o‘y-xayolini band qilgani shubhasiz. Undan qutulish qiyin kechadi va bu o‘sha askarning atrofidagi muhit va odamlarga bog‘liq. Agar odam o‘zining odamligini unuta olsa, oldidan kelganga ham, ortidan kelganga ham ko‘zi qonga to‘lgan yirtqich hayvondek irillab tursa, armiya hayoti uning uchun qiyinchiliksiz kechardi.   
Askar qidirish hali holva ekan. Kuzda xizmatga yangi kelgan tojikistonlik askar avtomatini yo‘qotib qo‘ydi. Ehtimol, avtomat o‘g‘irlab ketilib, sotib yuborilgandir, bunisi endi bizga qorong‘u. Askar qochishi hech gap bo‘lmay qoldi, avtomat yo‘qolganda qiyomat qoyim qo‘pti. Darg‘azab zobitlar polkni shoshilinch safga tizdi. Yanayam darg‘azab polk komandiri kelib, yalpi qidiruv e’lon qildi.
“Xuddi shu soniyadan e’tiboran buyuraman, qurol topilmagunga qadar kazarmaga kirishni ta’qiqlayman, yotoqxonaga qadam qo‘ygan askar so‘zsiz hibsga olinadi. Faqat safda, tik turgan holda yoki yurib ketilayotganda uxlashga ruxsat beraman,” dedi o‘shqirib.
Bunaqasini ko‘rmagan, eshitmagan edik. Postda tik turib uxlamagan askar yo‘q bo‘lsa kerak, lekin yurib ketayotib uxlashni hali boshdan o‘tkazmagandik. O‘sha soatdan boshlab cheksiz poligonlarni, ularga tutash o‘rmonlarni qarichma-qarich titkilab chiqdik. Xayolimizda kuz, sovuq yomg‘ir, jiqqa ho‘l shinel, bilch-bilch loy va ho‘l paytavadan boshqa narsa yo‘q. Ikki kun uxlamadik, uchinchi kuni zobitlarning o‘zlari ham yurganda gangib keta boshladi. Shunda rotamiz o‘rmonga yashirinib, chakalakzorlar orasida pusib, bir-ikki soatdan uxlab oladigan bo‘ldik. Kechalari poligondagi inshootlar ichida tunadik. Uxlagan paytimiz yuqori lavozimli zobitlar kelib qolmasin deb navbatchilik tashkil qilindi.
Oltinchi yoki yettinchi kuni dala va o‘rmonlarni kezishdan naf chiqmagach, bizni olmon qishloqlari va yaqin atrofdagi kichik shaharchalarga yuborishdi. Bu yerlarda nima qilishni o‘zimiz ham bilmas edik, chunki biz olmonlarning uyi tugul, bog‘iga ham qadam bosib kira olmasdik, ishimiz faqat yo‘l yurish edi, xolos. O‘rmonda bir amallab uxlab olish mumkin bo‘lgan esa, katta yo‘lda buning imkoni yo‘q. Shunda safda keta turib uxlashni sinovdan o‘tkazdik. Serjantlar galma-gal sanab ketardi: “Bir, ikki, uch… Chap, chap, chap… Bir, ikki, uch.” Quloqqa alladek aytilgan buyruqqa hamohang qadam tashlaymiz.  Miya chala uyquda, vujud harakatda. Kimdir qoqilsa, saf yiqiladi. Lekin bir maromda yuravergandan keyin oyoqqa buyruq berishning hojati ham qolmas ekan. Ko‘zlar chala yumulgancha uyquga ketamiz, quloqlar ostida yoqimli ohang –  “Bir, ikki, uch… Chap, chap, chap… Bir, ikki, uch.”
Biroq avtomat topilmadi, o‘n besh kundan keyin safarbarlik susaydi va polkimiz kazarmalarga qaytarildi. Qurolini yo‘qotgan yosh askar olti oyga disbatga jo‘natildi.  
             
Qor, o‘rmon va “Iblis”

Qishning ayni qirchillamasida rotamizni G‘arbiy Olmoniya chegarasi yaqinidagi maxfiy aloqa bo‘linmasiga ko‘makka yuborishdi. Albatta, aloqani tiklash uchun emas, quyuq o‘rmon ichida joylashgan bu bo‘linma atrofidagi yashirin istehkomlar, tank va BTRlar uchun kovlangan handaqlarni tozalash uchun.
Tonggi ayozda yo‘lga chiqdik. Qor gupillab urib turibdi, qalinligidan yurish qiyin, terlab-pishib ketganmiz. Og‘zimizdan chiqayotgan issiq hovur izg‘irin shamolda kiprik va qoshlarimiz, yoqamizga yopishib muzlab qoladi. Qoshu kiprik oppoq, hamma qorboboga o‘xshab qolgan. Besh minutlik “perekurlar” bilan kun bo‘yi yo‘l yurdik. Kechga yaqin bir amallab o‘rmon yoqasiga yetdik. Shu yerda oziq-ovqat va chodirlar kelishini kutdik. Tushlik qilinmagani uchun askarlarning tinka madori qurigan.
Siyosiy ishlar bo‘yicha rota komandiri o‘rinbosari leytenent Zaytsev yaxshi odam, lekin qat’iyatda kamtarroq edi deb avval aytgandim. Balki uning ta’minot bo‘limiga gapi o‘tmaganmi yoki nimadir xatolik o‘tibmi, biz jamloq quradigan joyga chodirlar va oziq-ovqat keltirishi lozim bo‘lgan mashinadan darak yo‘q. Ehtimol kuchli qor bo‘ronida ta’minot mashinasi yo‘lda qolib ketgandir.
Armiya hayotidagi eng ishonchsiz narsa bu texnika. Trevoga paytlari rotamizdagi o‘nta BTRdan yarmi belgilangan marraga yetib borar, qolganlari yo‘llarda qolib ketar, ba’zilari hatto o‘rnidan qo‘zg‘almasdi. Keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlar payti harbiy texnikaning ikki yuz kilometrga yetib borishi uchun ikki kun vaqt ketardi. Bu odatda texnika yomonligidan emas, haydovchi askarlarning tajribasizligi tufayli ro‘y berardi. BTRga “Kamaz” yuk mashinasining motoridan ikkitasi o‘rnatilgan. 18-19 yoshli askar bola ikkita “Kamaz” motorini qanday eplasin!? Umuman olganda, haydovchi xalqi alohida toifa bo‘lib, boshi kaltakdan, o‘zlari qoramoydan chiqmasdi. Nazarimda, ular ko‘rgan yagona ro‘shnolik bu kiyimlarini benzinda yuvish edi, xolos. Kiyim benzinga botirib olinsa top-toza bo‘ladi, o‘n besh daqiqadan keyin kiyib ketaverish mumkin.
Biroz chalg‘ib ketdim chog‘i, alqissa, och-nahor, sovuq qotgan askarlar ho‘l paytavalarini siqib, yelpib-yoyib yana nam bo‘yicha o‘rab olar, oyog‘idan qattiq sovuq o‘tib ketganlar tikanakli butalarni egib, ostiga ko‘rpadek to‘shab olgan. Maqsad biroz bo‘lsa-da sovqotgan oyoqlarni qordan uzish. Yer depsinib badan qizdirishga askarlarda mador qani!?
Shu tariqa ikki soat turib qoldik, qorong‘u tushdi, biroq ta’minot mashinasidan darak yo‘q. Zobitimiz nima qilishini bilmas, yana bir-ikki soat shu ahvolda turilsa, ahvolimiz tang bo‘lishi tayin edi. U ovqat va issiq joy topish ilinjida bizni o‘rmon ichiga, yashirin harbiy bo‘linma tomon boshladi. Tizza barobar qor bosib yotgan tor yo‘lda bir chaqirim yurdik, oppoq yo‘l ko‘rinadi xolos, ikki tomonimiz zim-ziyo o‘rmon, yutaman deydi. Nogoh qorong‘ulik qa’ridan “To‘xta! Kim kelyapti?” degan ovoz yangradi. Zobitimiz rotani to‘xtatib, o‘zi biroz oldin yurdi va baland ovozda qichqirib, vaziyatni tushuntirmoqchi bo‘ldi.
“To‘xta! Otaman!” deya dag‘dag‘a takrorlandi. Zaytsev joyida turib qoldi. Yana nimadir demoqchi edi, qorong‘ulik qa’ridan buyruq ikkinchi marta yangradi: “Ortingga qayt! Otaman!”
Ha, uchinchi ogohlantirishdan keyin otib tashlashi hech gap emas. “Chasovoy yest litso neprikosnovennoye” (Posbon daxlsiz shaxs), deb harbiy nizomga bekorga yozib qo‘ymagan axir.
Noiloj ortga qaytdik. O‘rmon chetiga yetganda leytenant gulxan yoqishga ruxsat berdi. Askarlar xursand holda o‘tinga yaroqli shox-shabba qidirishga tushdi. Quruq o‘tin topish amri mahol. Gulxan yoqish uchun tutantiriq yaxshi bo‘lishi kerak. Har kim topganini, kimdir cho‘ntagidan sigareta qutisini, kimdir uyidan kelgan xatni chiqardi. Guruh-guruh bo‘lib, ho‘l shox-shabbalardan bir amallab gulxan yoqdik. Qor hamon gupillab urib turar, olov o‘chib qolmasligi uchun navbat bilan o‘tin yig‘ib kelinardi. Holdan toygan askarlar shinelga mahkam o‘ralgancha mudray boshladi.
Sovuqdan oyoqlarim muzlab borar, qor bo‘roni tufayli olovning tafti yuzimni ilitardi, xolos. Chirsillayotgan gulxanga tikilgancha  uyquga ketayotganimni ilg‘ab qoldim. Qancha uxlaganimni bilmayman, bir payt kimdir shinelimning yoqasidan ushlab kuch bilan tortayotganida uyg‘onib ketdim. Ko‘zimni ochsam, tepamda rotamiz komandiri Sedlyuk joni chiqqudek bo‘lib baqiryapti. Turaman desam, muz qotgan oyoqlarim buysunmaydi. Qorda emaklab qochmoqchi bo‘ldim. Biroq endi Sedlyukning men bilan ishi yo‘q, yonimdagi qor uyumlarini tepkilab ochib askarlarni uyg‘otardi. Gulxanlar allaqachon o‘chib bo‘lgan, askarlar qor uyumlari ostida o‘tirgancha uxlab qolgan ekan.   
Sedlyuk hamon baqir-chaqir qilar, endi unga uyqudan turgan Zaytsev va serjantlar ham qo‘shilgan, ular qor va shox-shabbalar orasidan askar qidirardi.  Biz qaltirab-dildirab safga tizildik, saf to‘kis chiqdi. O‘rmon yoqasida chodirlar yuklangan mashina turardi pishqirib. Rota komandiri bu ahvolda askarlarning chodir qurishi, pechkalarni o‘rnatishiga ko‘zi yetmadi. Bizni o‘sha eski yo‘ldan o‘rmon ichkarisiga boshladi. Bora-borguncha o‘rinbosarini so‘ka ketdi. Butun rotani o‘ldirishingga bir bahya qopti, “mat tvoyo…” derdi.
O‘rmon qa’ridan yana o‘sha ovoz keldi: “To‘xta, kim kelyapti!” Sedlyuk o‘zini tanishtirdi, lekin bu foyda bermadi va buyruq qaytarildi: “Ortingga qayt! Otaman!”
“Otsang ot, eshshak! He seni onangni… Chaqir darrov komandiringni, yo‘qsa men otaman!” Sedlyuk jon achchig‘ida baqirib bir qadam olg‘a yurdi.
“Joyingda tur! Qimirlama, otaman!” dedi yana o‘sha ovoz.
“Eshshak! Bu yerda bir rota askar o‘laman deb turibdi. Qorovul boshlig‘ini chaqir, komdivga chiqsin, he enangni seni!” komandir rota  baqira ketdi.
Bir qancha sukutdan so‘ng “komandir rota bu yerga kelsin,” degan buyruq yangradi. Yarim soatcha davom etgan muzokaralardan so‘ng bizni o‘tkazib yuborishdi. Tor o‘rmon yo‘liga o‘rnatilgan to‘siq yonida egnida po‘stin, oyog‘ida piyma bilan turgan posbon askar bizni achinish bilan kuzatardi. Ozgina yurgandan so‘ng yarimerto‘la bino oldida to‘xtadik. Bu aloqachilarning o‘n askarga mo‘ljallangan yotoqxonasi edi, lekin yuz askar sig‘ib ketdik.  
Ertasiga mashina qolib ketgan joyga keldik. Qishki jamloq qurishimiz kerak. Har bir askar qo‘liga bittadan yupqa kesilgan qora non, bitta piyoz va chaqmoq qanddek keladigan tuzlangan cho‘chqa yog‘i berildi. Bir sutka davomida berilgan ovqat shu bo‘ldi.
Askarlar dov-daraxtlarga suyanib xom piyozdan chaynab, ketidan salani tishlamoqchi bo‘lganida komandir rota kinoya qildi:
“Buni qaranglar-a! Musulmonlar sala yemoqchi, axir ular cho‘chqa go‘shti yemaydi-ku!? Qani, qarab turinglar-chi, bular salani kimga berar ekan?”
O‘zbek, tojik, qirg‘iz va turkman askarlar komandir rotaga nafrat bilan qaradi, u ham musulmon askarlardan ko‘z uzmay, qani nima qilar ekan, degancha iljayib turardi.
Lekin hech kim qo‘lidagi salani nomusulmonga uzatmadi, asta komandirga ters o‘girildi. Askarlar xizmatga kelgan kunidan boshlab cho‘chqa go‘shtli ovqatdan boshqasini ko‘rmagan, lekin nega aynan hozir Sedlyuk buni eslab qoldi, hech kim tushunmasdi. Ko‘pchilik salani  yonidagi nomusulmonga namoyishkorona uzatish fikriga borgan bo‘lishi ham mumkin, lekin bu Sedlyukning keyingi hujumlari uchun o‘zini nishonga aylantirish degani edi.   
“Qalay, musulmonlar, sala mazali ekanmi?!” U yana kinoya qilishdan to‘xtamadi. Iblisona tirjayib turgan bu odam kecha askarlarni muz qotib o‘lishdan saqlab qolgan edi.
 
Xo‘jag‘atli jannatning zabt etilishi

1987 yilning kuzgi harbiy mashqlarini “Kimyoviy hujum”ga tayyorgarlik bilan boshladik. Rosa ikki hafta davom etgan mashqlardan so‘ng tungi trevogalar boshlandi, kechalari yechinmay, qurol-aslaha bilan yotishga ruxsat berildi. Chunki trevoga ko‘tarilganda qurol saqlanadigan aslaha ombori eshigi tirband bo‘lib, ko‘p vaqt yo‘qotilardi. Katta va keng ko‘lamli “janglar” boshlanishi aniq edi. Shu tariqa asosiy trevoga ko‘tarildi va biz Ordrufdagi temir yo‘l vokzaliga chopib bordik. Tank va BTRlar yuk poyezdlariga chiqarildi, askarlar avval un tashilgan, endi taxtalar  terilib, uch qavatli yotoqqa aylantirilgan vagonlarga joylandi. Galle shahri yaqinidagi poligonga katta harbiy mashqlar uchun jo‘nadik, o‘zimizda yo‘q xursand edik. Odatda, bunday safarlar turli sarguzashtlarga boy bo‘ladi.  
Kuz kelib, yog‘in-sochin boshlanib qolgan esa-da, quyosh jilva qilib qoladigan kunlar ham hali ketib ulgurmagandi. Harbiy eshelon to‘xtab-to‘xtab, imillab, olmon qishloqlari va shaharlari oralab mudroq ilondek sudraladi. Olmon shaharlari ham odamlari kabi erinchoq tuyuladi. Chunki bu yurtga kelibmiz-ki, ko‘chalarni to‘ldirib turgan odam ko‘rmadik, yoshlarni-ku qo‘yaverasiz, kunduzi chiroq yoqib topib bo‘lmaydi.
Goho o‘rmon ichidan o‘tib qolamiz, ba’zan yalanglikka kiyik chopib chiqib qoladi, qaniydi, bitta o‘q bilan qulatib, kiyik kabob qilsang, deya askarlar hayqiradi, kiyik hurkib, ura qochadi.    
Vagon eshigini yonga surib, galma-gal oyoqlarimizni tashqariga osiltirib o‘tiramiz, o‘zimizni omonat quyoshga toblaymiz. Bir-ikki kun avval komandirimiz Sedlyuk boshimizga solgan uqubatlar yoddan ko‘tarilgan.
Unvoni va lavozimini oshirib olish payida bo‘lgan Sedlyuk bizni polkdagi eng ilg‘or rotaga aylantirish uchun jon-jahdi bilan harakat qilardi. Askarlar  buning uchun harqancha jonbozlik ko‘rsatishdan qaytmasdi, chunki Sedlyukning unvoni oshsa, undan qutulishimiz aniq edi. Biroq uning ochiqcha tahqirlash va xo‘rlashlariga chidash tobora qiyinlashib borardi. Qachondir buning oxiri ko‘rinishi, nimadir bo‘lishi lozim edi-yu, uning qayerda va qanday yuz berishini hech kim bilmasdi.
Sedlyuk milliy adovat, zo‘ravon va nimjon askarlar o‘rtasidagi o‘zaro nafratni ba’zan rag‘batlantirib turardi. Ya’ni, zo‘ravon askarga oshkora iltifot ko‘rsatar, nimjon va xo‘rlanganlarga esa cheksiz nafratini namoyish etardi.
“Kimyoviy hujum” mashg‘ulotlarini o‘tash boshlanganda ba’zan protivogaz kiyib olgan holda bir necha kilometr chopishga to‘g‘ri keldi. Uchinchi rotadagi bir askarning bo‘g‘ma kasali bo‘lsa kerak, protivogaz bilan chopayotgan payt o‘lib qoldi. Bu hodisadan keyin ko‘pchilik endi askarlarni biroz ayab, shafqat ko‘rsatishsa kerak degan o‘yga borgandi, boshqa rotalarda bilmadim-u, lekin Sedlyuk buning aksini qildi.
“Askar bunday holatda o‘lmasligi kerak, agar u o‘lsa, demak u yaroqsiz askar. Bunday askardan vatanga naf yo‘q, unga sarflangan oziq-ovqat, ust boshu qurol-yarog‘ hayf,” dedi u saflangan rotaga o‘shqirib.
U mashg‘ulotlarni ikki barobar kuchaytirdi. “Kimyoviy hujum” trevogasi tinimsiz jaranglaydigan bo‘ldi. Bunday trevoga payti eng avvalo protivogaz kiyiladi, keyin yelkada turadigan, ixcham o‘ralgan rezina kiyimning bog‘ichi tortiladi. Rezina kiyim parashyutdek ochilib, askarning ustidan sirg‘alib tushadi, tor va sirpanchiq rezinani kiyish o‘ng qo‘ldan boshlanib, chap oyoqda tugatiladi, keyin pistonli tugmalari qadab chiqiladi. Tugmalari juda ko‘p bo‘lganidan ularni qadash qiyin, o‘rni almashib qolsa havo kirishi mumkin bo‘lgan kemtiklar paydo bo‘ladi. Yoki qaysidir askar rezina kiyimni avval boshdan noto‘g‘ri o‘ragan bo‘lsa, bog‘ichini tortganda u to‘g‘ri ochilmay, qo‘l yengi oyoq pochasiga o‘ralashib qoladi. Protivogazda ortga o‘girilish qiyin bo‘lgani bois askar kiyimning yengini topish uchun orqasiga qo‘li yetmay, turgan joyida aylanaveradi. Sedlyuk esa boshi aylangan qo‘ydek tipirchilayotgan askarni avval maroq bilan tomosha qiladi, keyin rosa tepkilaydi. Shunda rota bu mashqni o‘nlab marta qaytarishiga to‘g‘ri keladi. Zarracha havo o‘tkazmaydigan  rezina kiyimda, uning ustidan qurol-aslahani yelkaga ilib chopish yana bir azob, besh daqiqadan keyin badandan chiqayotgan issiq hovurdan odam yonayotgandek bo‘ladi, nafasi qisadi. Kimdir chiday olmay protivogazni yechib yuboradi. Bunday kezlarda Sedlyukka yana xudo beradi, rotani kuni bo‘yi mashq qildiradi. Ustiga ustak, ochlik bilan jazolaydi. Tushlikka atayin bir soat kechiktirib jo‘natadi, oshxonadan saf bo‘lib qaytayotgan boshqa rotalar ustimizdan kuladi: “Vnimaniye, smirno! Idet letayusheya smena!” Bu  ovqatdan quruq qolding degani, darhaqiqat ulkan askar oshxonasida urvoq ham qolmay, navbatchi rota askarlari izg‘ib yurgan bo‘ladi, xolos.   
Poyezdning taraqa-turuqi bilan ketyapmizu ko‘pchilik hali Sedlyuk boshimizga yana ne kunlarni solishidan hadikda. Chunki bunday katta jangovar mashqlar Sedlyuk uchun ayni muddao, qo‘mondonlarga o‘zini ko‘rsatib qolishi kerak.
Kechasi vagonda askarlarning shivir-shiviri va tunuka idishlarning taraqlashidan uyg‘onib ketdim. Ma’lum bo‘lishicha, taxta o‘rindiqlarning ostidagi qutilarda arpa yormasidan qilingan bo‘tqa va chaqmoq qand joylangan ekan, askarlar urib yeb yotibdi, bo‘shagan konserva bankalarini tashqariga uloqtirishyapti. Nima deysiz endi, rostini aytish kerak, tongga qadar yormali bo‘tqa yedik. Ko‘ngil aynib ketar ekan, oq qand qo‘shib yeyilsa ham baribir ko‘ngil behuzur bo‘laveradi.
Ertasiga poligonga yetib borib, o‘rmon yoqasiga chodirlar o‘rnatdik. Tushlik yaqinlashganda ma’lum bo‘ldi-ki, kecha tunda ikki kunlik ozuqani paqqos tushirgan ekanmiz. Boshqa vagondagilar ham anoyi emas, xom piyoz bilan qora nonni ayab o‘tirishmabdi. Jahldan qizargan-bo‘zargan Sedlyuk duch kelgan askarni do‘pposlaydi, sal o‘zini bosib olgandan so‘ng soatlab vijdon, vatan va partiya haqida og‘zidan tupuk sachratib gapiradi. Askarlar miq etmaydi. U ikki kunlik zahira tugatib qo‘yilgani uchun endi urvoq ham ko‘rmaysanlar, dedi. Biroq kechqurun Sedlyuk dala shtabiga ketganda zampolit Zaytsev qayerdandir bir bidon karam bo‘tqa va sakkizta non undirib keldi. Komandir rota qaytguncha ovqatning isini ham qoldirmadik. Shu ahvolda ikki kun jon saqladik.  
Uchinchi kuni tongda zobitlar sira kutilmaganda shu paytga qadar hech qachon tegilmagan o‘q-dori sandiqlarini ocha boshladi. Trevoga paytlari askarlar ko‘tarib chopadigan bu zilu zambil temir sandiqlar faqat urush holatida ochiladi, deya uqtirishgandi. Endi esa ular ochilib, bizga behisob o‘q-dori tarqatildi. So‘ng BTRlarga chiqdik va poligon sari yo‘l oldik. BTRning ichida siqilishib o‘tiribmiz, qayoqqa ketayotganimizni bilmaymiz, qurollar o‘qlangan, bir-birimizga xavotir ila qarab qo‘yamiz. Vaqt juda sekin o‘tayotgandek. Ko‘ngilda g‘ulg‘ula, mashq deb haqiqiy jangga ketayotgan bo‘lsak-chi, axir urush payti ochiladigan temir sandiqlar ochildi-ku. Boshqalarni bilmadim, lekin hayajondan vujudim titrar edi. Zirhli mashinadan sakrab tushgan paytimiz qarshimizda haqiqiy dushmanlar turgan bo‘lsa-chi! Ko‘z oldimga albomlarga chizadiganim Amerika askarining timsoli Rembo keladi. Boshqalarning tashvishli yuzi, hammaning birdek sukut saqlashi yurakka battar qutqu soladi.  
Bir payt “Hujumga olg‘a!” degan buyruq yangradi. Yurib ketayotgan BTRlar ustidan sakrab tushib, jangovar o‘rinlarni egallagancha chopa ketdik. BTR bilan yonma-yon chopishimiz lozim edi. Bir kilometr chopganimizdan so‘ng yotgan holda handaq qazish haqida buyruq bo‘ldi. Bir soatlar vaqt o‘tgach, o‘t ochishga tayyorlanish buyrug‘i yangradi, hamma qurollarini shiqirlatgancha otishga hozirlandi. Barmoqlar tepkida, buyruq yangrasa, birvarakayiga gumburlatib otish boshlanadi. Lekin o‘n daqiqa vaqt o‘tsa hamki buyruq yo‘q, hamma hayron. Men yotgan joyimda tevarak-atrofimni kuzata boshladim.
Jangovar holatda har bir askar oralig‘i o‘n-o‘n besh metr bo‘lgani uchun safning oxiri ko‘rinmaydi. Men rotamizning eng chetida, birinchi rota safi tugagan joyda turgan edim. Birinchi rotaning zampoliti qo‘lida AKSni o‘ynatgancha tik turibdi. U bizning rotamiz lenkomnatasini ko‘rgani kirib turar, shu bois meni yaxshi tanirdi. Men undan nima bo‘ldi, nega otmayapmiz, deb so‘radim. Qo‘mondonlar uxlab qoldi shekilli, dedi u hazillashib. Shu payt bizning rotamizdagi bir askarning qo‘li tasodifan tepkiga tegib ketdi shekilli, “tars” etib o‘q otildi. Bir lahza hamma tek qotdi, so‘ng tasira-tusur otish boshlandi. Avval bizning rota, keyin boshqalar otishni boshladi. Bir payt zobitlar qizil bayroqchalarini hilpiratib “to‘xta” degan ishora qilishga tushdi. Bildik-ki, buyruqsiz otishma boshlanib ketgan. Ha, buyog‘i rasvo bo‘ldi endi.
O‘n daqiqa jimlikdan so‘ng tepamizdan artilleriya snaryadlari uchib o‘ta boshladi. Keyin ortimizdan g‘ijirlab tanklar keldi. Tanklar biz bilan tenglashganda olg‘a yurish va shuning barobarida o‘t ochishga buyruq berildi. Birvarakayiga BTR, tank, son-sanoqsiz pulyomet va avtomatlardan o‘q otildi, qasira-qusur ovoz olamni larzaga soldi. Bu shovqin va gumburlashlardan bosh aylanib, quloqlar batang bo‘ldi. Ora-sira granatomyotlardan shig‘illab raketa uchib qoladi. Qarshimizdagi nishonlarni ko‘rmasak-da, qarsillatib otib yotibmiz. Bir kilometrcha otib borganimizdan keyin to‘xtashga buyruq berildi, tizzalagan holda oxirgi o‘qqacha otilsin, deyildi. Har kim xohlagancha otib qoldi. Kimdir bir qo‘llab, kimdir avtomatini pulemyotga almashtirib otdi. Otishma tugagandan so‘ng jangovar holatda kutib yotish buyrug‘i keldi. Birozdan so‘ng tepamizdan vertolyotlar uchib o‘tdi, ikki-uch kilometr naridagi tepalikni raketalardan o‘qqa tutdi. So‘ng artilleriyachilar yana ishga tushib o‘sha tepalikni tit-pitini chiqarib tashladi.
Atrof ancha tinchib, porox hidi va ko‘m-ko‘k tutun tarqab ketgandan so‘ng, kunpayakun bo‘lgan, uch-to‘rtta cho‘ltoq daraxt qo‘qqayib turgan tepalikni ishg‘ol qilish uchun buyruq berildi. Endi faqat piyoda qo‘shinlar olg‘a ketdi. Ura-ur va chopa-chop bilan tepalikka yaqinlashib qoldik. Endi ko‘tarilish boshlanganda odam bo‘yidan baland chakalakzorga duch keldik. Bu xo‘jag‘at, qorag‘at va maymunjonlar gurkirab o‘sgan chakalakzor edi. Shoxlarida g‘ij-g‘ij mevalar hil-hil pishgan, rangi yal-yal yonib ko‘zni oladi. Qaniydi, askar degani bu chakalakzordan indamay o‘tib ketsa! Hamma qurolini yelkaga ilib, xo‘jag‘at va maymunjon terishga tushdi. Kaft-kaft meva terib og‘izga solamiz, mazasi tilni yoradi. Sedlyukning ochlik bilan jazolash usuli tufayli mudom qorni quldirab yuradigan askarlar nazarida bu misli jannat edi.  
Askarlar bir-biridan ancha uzoqda, zobitlarning qorasi ko‘rinmaydi, har kim o‘zi bilan o‘zi ovora, iloji boricha tezroq va ko‘proq meva terib yeyish payida. Shox-shabbalar orasidan bir-biroviga ko‘zi tushib qolgan askarlar “vah-ha-ha, bureesh!” deb baqirib qoladi irshaygancha, qip-qizil lab-lunjini artib. Oradan ancha vaqt o‘tgandan keyingina tepalikda qizil bayroqchalarni jon-jahdi bilan hilpiratayotgan zobitlarga ko‘zimiz tushdi. Boshimiz ustida esa vertolyot aylanayotgan edi.
Bu voqeadan keyin komandirimiz Sedlyukning boshida kimlar yong‘oq chaqdi, bilmaymiz, lekin uning holiga maymunlar yig‘lagani aniq edi. Bu juda katta jangovar mashq bo‘lib, Moskvadan kelgan generallar vertolyotda mashg‘ulotlarni kuzatib turishgan ekan.
Rotamizni jazo tariqasida shu poligonda bir haftaga qoldirishdi. Sedlyukning esa o‘sha kuniyoq qorasi o‘chdi. Qiladigan ishimiz ertayu kech poligonda izg‘ib, mashqlar payti qulatilgan nishonlarni tiklash bo‘ldi. To‘rt kun tinimsiz yog‘ingarchilik bo‘ldi. Beshinchi kuni ertalab yomg‘ir kuchaydi, ust-boshimiz jiqqa ho‘l, ichki kiyimlarimiz ham ivib ketgan. Tushga yaqin birdan kuchli shamol turib yomg‘ir muzga aylandi. Biyday ochiq keng dalada izg‘irin boshlandi. Yarim soat o‘tib-o‘tmay jiqqa ho‘l kiyimlarimiz muz qotdi. Bir-birimizni avtomat qo‘ndog‘i bilan hazilga uramiz, taraqlaydi. Ko‘p o‘tmay hazilga o‘rin qolmadi. Ich kiyimlarimiz ham muzlab, yursak yalang‘och badanga temir sovut kiyib olingandek taraq-turuq qilardi. Zudlik bilan jamloqqa qaytdik. Tuni bilan qor urib chiqdi. Ertasiga jamloqni yig‘ishtirib, ortga, Ordrufga yo‘lga chiqdik. Lekin BTRlarning yarmi yo‘lda, qor, botqoq va balchiqda qolib ketdi. Shunda bir umr yodimdan chiqmaydigan voqea yuz berdi.
Biz tushgan BTRning bitta motori ishdan chiqib, harbiy karvondan ortda qolib ketdik. Haydovchi bir amallab mashinani tuzatdi, lekin endi yo‘ldan adashib, botqoqqa botib qoldik. BTR rosa bo‘kirib harakat qilsa-da, loy va qordan chiqib keta olmadi, biz tushib, bu zirhli mashinani surmoqchi bo‘ldik. Tizzagacha loyga botib rosa urindik, lekin bundan hech naf chiqmadi, qaytaga ikkita motor ham ishdan chiqib, o‘chib qoldi. Qor kuchayib, sovuq zabtiga oldi. Motor ishlab turganida har navi, biroz isinib olgan bo‘lardik, endi sovuqdan dildirab turishdan boshqa ilojimiz qolmagandi. Vzvod komandiri BTRdagi aloqa radiosi orqali yordam so‘radi. Oradan bir soatcha vaqt o‘tgach, batalon komandirining texnika bo‘yicha o‘rinbosari keldi. Semiz bu mayor o‘ta badjahl bo‘lib, shafqat nimaligini bilmasdi. U BTRning tepasidagi tuynugini ochdiyu haydovchining boshini mo‘ljallab tepishga tushdi. Bu uning eng yaxshi ko‘rgan odati edi. Qora moyga botgan, qo‘llari tilinib, gazak olgan haydovchini  tepkilashdan charchagan mayor radio orqali maxsus zanjirli harbiy buldozer chaqirtirdi. Buldozer keldiyu, u ham botqoqqa botdi. Motorini bo‘kirtirib, ketidan qop-qora tutun chiqarib rosa urinsa-da, loydan chiqa olmadi.
Mayor katta serjant Savlyakka askarlardan olib, o‘rmondan yog‘och kesib kelishni buyurdi. Shundagina BTRning ichidagi o‘n besh chog‘li askarning holi ne kechgani ma’lum bo‘ldi. Ust-boshi qor va yomg‘irda shalabbo bo‘lgan askarlar sovuqdan muz qotib, karaxt holda bir-birlarining pinjiga suqilib yotardi. Savlyak ularni turg‘azmoqchi bo‘lar, biroq hech kim qimirlay olmasdi. Kimdir baqirib yig‘lar, “oyog‘im qani” deya dod solardi. Bunday paytda rahm-shafqat unutiladi. Savlyak o‘rnidan qo‘zg‘almagan askarlarni avtomat qo‘ndog‘i bilan ura boshladi. Yetti nafar askar BTRdan tashqari chiqdik, qolganlarga kaltak ham ta’sir qilmadi, o‘likdek yotaverdi. Buldozerdagi haydovchidan bolta va arra olib, yo‘lga tushdik. O‘rmon  yarim kilometrcha uzoqlikda, qorong‘u tushib qolgan, hamma tomon oppoq qor bo‘lganidan yer qayerda, botqoq qayerda bilib bo‘lmaydi. O‘rmonga yetguncha suvga botaverib belimizgacha ivib ketdik, bir amallab ikkita daraxt kesib, yelkamizda ko‘targancha ortga qaytdik. O‘n qadamcha yurgandan so‘ng bu azobga ortiq dosh berolmasligimizni bildik va yelkamizdagi daraxtni uloqtirdik. Savlyak esa tinimsiz baqirar, avtomat qo‘ndog‘i bilan tushirmoqchi bo‘lardi. Menga esa endi hech narsaning farqi qolmagan, hozir qarshimda Savlyak tugul, Sedlyuk bolta ko‘tarib tursa ham parvoyimga kelmasdi. O‘lib ketamanmi, tirik qolamanmi, atrofimda bo‘layotgan voqealar endi meni ortiq bezovta qilmas, borliq faqat rutubatli sovuqdan iborat bo‘lib, izg‘irin shamol miyamda ham uvillab turardi. Men badanimga bigizdek sanchilib, burab-burab azob berayotgan, oyoqlarimning uch-uchidan zirillatib, achitib, yondirib kirib kelayotgan dahshatli og‘riq to‘xtashini istardim, xolos. Atrofimdagi baqir-chaqirlar tushdek tuyulardi.
Deyarli karaxt holatida turganimda tuvalik Xomushko cho‘ntagidan bitta o‘q chiqarib, avtomatiga joylaganini ko‘rdim. Lekin uning nima qilmoqchi bo‘lganini tushunmadim. Ko‘nglimda uning qo‘lidan avtomatni tortib olib, Savlyakni otib tashlash istagi tug‘ildi. Shunday qilsam, og‘riq to‘xtaydigandek tuyulaverdi. Lekin qo‘lim muzlab qolgan bo‘lsa, tepkini qanday bosaman, degan o‘yda edim. Birdaniga Savlyakning ovozi o‘chdi, tipirchilab atrofimizda aylana boshladi. So‘ng yog‘ochni bir o‘zi ko‘tarib, tortib ketmoqchi bo‘ldi. Tabiiyki, u yog‘ochni o‘rnidan qo‘zg‘ata olmadi. Bir qancha muddatdan keyin bu botqoq, bu sovuq azobidan qutulish uchun shu yog‘ochlarni eltishdan boshqa ilojimiz yo‘qligini tushundik. Endi Savlyak ham bizga qo‘shilib, sakkiz kishi bitta yog‘ochni ko‘tarib, inqillab-sinqillab yo‘lga tushdik. Ikkinchi qulatgan daraxtimizni qoldirdik, unga kuchimiz yetmasdi.         
Oradan bir soat o‘tgach, buldozer bizning BTRni  botqoqdan chiqarib, katta yo‘lgacha sudrab bordi, shu yerda biz boshqa vzvodning BTRiga chiqib oldik. Askarlar mashina ichiga o‘tin taxlangandek taxlandi, baqir-chaqir, oh-voh bilan yo‘lga tushdik. Motorlardan kelayotgan iliq taftdan biroz o‘zimga kelgandim. Xayolimda esa Xomushkoning maqsadi nima edi, degan savol aylanardi. Uning o‘rnida bo‘lganimda men nima qilar edim, deya o‘ylardim. Xomushko hamisha cho‘ntagida avtomat yoki pulemyot o‘qi olib yurar, gilzalardan galstuk uchun samolyot yoki GSVG (Gruppa Sovetskix Voysk v Germanii) degan yozuvli qisqichlar yasardi. Savlyak esa o‘sha voqea haqida hech qachon eslamadi.
Ertasi tongda kazarmaga yetib borganimizda bizdan avvalroq kelgan askarlar etigi va ust-boshidan  silqib tushgan suv yo‘laklarda muzlab qolgandi. Hamma o‘zini isitish quvurlariga urdi, lekin quvurlar sovuq edi.

Po‘lat qanday toblanadi?

Galleda ko‘rsatgan hunarimizdan keyin diviziya komandirining  rotamizga atab qo‘ygan jazosi bormikin yoki tasodifmi, bizni poligondagi tankodromga shpal yotqizishga jo‘natishdi. Rotaning ko‘pchilik qismi vokzalga yuborildi, chunki shpalni vagondan mashinalarga ortish qiyinligi, poligonda esa tushirish osonroq ekani aytildi. Ozchiligimiz poligonga jo‘nadik.
Shpal deganim bu temir yo‘lga ko‘ndalang yotqiziladigan temir-beton, juda og‘ir va ko‘tarish noqulay. Tankodromga shpal yotqizish qaysi qo‘mondonning kallasiga keldi ekan?
Avvallari ham loy va balchiq haqida yozgandim. Olmoniyada yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgani uchun poligon deyilsa askarning ko‘z oldiga bilch-bilch loy keladi. Bizning poligon belga uradigan o‘tloq bo‘lib, yo‘l va yo‘laklar loy bo‘lardi, xolos. Lekin tankchilarning poligoni boshdan-oyoq botqoq. Tanklarning harakatlanish paytida otish mashqi bor. Bu mashqni bajarayotganda tanklar loyga botib qoladi. Bir kun poligonga chiqqan tank bir hafta loydan tozalanishi kerak.
Biz tankodromga kelganimizda shpal yuklangan yuk mashinalari qatorlashib turgandi. Noyabr, havo sovuq, qor aralash yomg‘ir yurakni ezadi. Qo‘limizga lom olib, shpallarni mashinadan surib tushira boshladik. Ikki soatlardan keyin navbatda ikki-uch mashina qoldi, xolos.
“Tezroq ishlanglar, shu ikki mashinani bo‘shatsak, keyingisi  kelguncha dam olishga vaqtlaring bo‘ladi”, deb qizdirardi bizni leytenant Sherbakov.
Sherbakov yaqinda rotamizning ikkinchi vzvodiga komandir bo‘lib kelgan, baland bo‘yli, ochiqko‘ngil odam edi. Darhaqiqat, bir soatdan keyin besh-o‘n daqiqa dam olishga fursat topildi. Leytenant o‘tin terib kelib, gulxan yoqdi, orada isinib turdik.
Sovuq zabtiga oldi, lomni ushlash tobora qiyinlashib borardi. Tushlik vaqti yana mashinalar qatorlashib ketdi, keyin ularning sonini kamaytirish uchun yanada tezroq ishlashga to‘g‘ri keldi. Lekin mashinalarning oxiri ko‘rinmasdi. Nazarimda, vokzalda askarlar shpallarni tez va oson yuklash yo‘lini topgan yoki ularga yordamchi kuch yuborilgan.  
Qor, sovuq, shamol, og‘ir shpallar, taraqa-turuq… Har bir shpal  surib tushirilganda mashina bir sapchib oladi. Ba’zan kimdir oyog‘ini yoki qo‘lini tilib oladi, lekin to‘xtash yo‘q. Bu ish tugamas ekan, hech kim bu yerdan keta olmaydi. Buyurildimi, bajarish kerak!
Qorong‘u tushib bormoqda, ehtimol, vokzaldagi askarlar ishni to‘xtatib qolar degan umidimiz ham yo‘q emasdi. Lekin kechki ovqatga kartoshka bo‘tqa va kisel keltirishganda bildik-ki, hali ish ko‘p. Ovqatlanib bo‘lgunimizcha uch-to‘rt mashina to‘planib qoldi. Endi yana qisqa hordiqlarga fursat yaratish uchun jon berib ishlashga to‘g‘ri keladi. Leytenant gulxanga tinimsiz o‘tin qalab, baqirib qo‘yadi, tezroq qimirlanglar, isinib olishga vaqt bo‘ladi, deb.
Tungi soat o‘n birga borganda bitta mashina navbatda turardi. Lekin izg‘irin shamol va qor bo‘roni ishni og‘irlashtirdi. Bilaklarda kuch, barmoqlarda jon qolmagan. Lomni ushlashimiz bilan qo‘limizga chippa muzlab yopishadi. Bir-birimizga ha-halab qo‘llov ko‘rsatamiz, tezroq navbatda turgan mashinani ham bo‘shatsak, keyingisi kelguncha gulxan atrofida isinib, tamaki chekib olish umidigina bizga kuch bag‘ishlab turibdi. Shu payt askarlardan biri, Tabatadze lomni uloqtirib, o‘zining tilida baqirib-chaqirib so‘kina ketdi, keyin mashinadan tushib gulxan tomon jo‘nab qoldi. Hamma ishdan to‘xtadi, uning ortidan tikilib qoldi. Birozdan so‘ng boshqa askarlar ham mashinadan sekin-asta tushib, gulxan atrofida to‘plandi. Tabatadze izg‘irinda bo‘ynini ichiga tortib, kaftini olovga tutib o‘tiribdi. Zobitimiz nima gapligini tushundi. Boshqa zobit bo‘lganida allaqachon gurji askarni kaltaklab ketgan bo‘lardi. Lekin Sherbakov boshqacha odam edi.   
“Menga qaranglar, sizlarga baqirib-chaqirib o‘tirmayman. Yana nechta mashina keladi, rosti, bilmayman. Lekin bilgan narsam shuki, qancha mashina kelsa ham hamma shpallar tushirilishi shart. Yordamchi kuch kelmaydi. Qancha ko‘p turib qolsalaring ish shuncha uzoqqa cho‘ziladi,” dedi u.
Hammaning nigohi Tabatadzega qadaldi. U bizni tikilib turganimizni ko‘rib, baqirdi: “Boringlar, ishlayveringlar, men o‘lsam ham endi ishlamayman”.
Qirra burun, boshqalarga burgutdek yuqoridan nazar soladigan bu askar xizmatga yangi kelgan paytlari hamyurtlari qo‘llovi bilan zo‘ravon askar mavqeiga ega bo‘lgan, birov uning mushugini pisht demasdi. O‘zi ham baland bo‘yli, yelkalari keng, nigohi beshafqat edi. Lekin hozir sovuqdan g‘ujanak bo‘lib olgan, olovga tutgan barmoqlari titrardi.
Bu orada xira chiroqlarini lipillatib, qor va loyda sirpangacha pishqirib yana bir mashina keldi. Endi navbatda ikkita mashina turardi. Hamma betoqat va darg‘azab. Agar Tabatadze o‘rnidan qo‘zg‘almasa, boshqalar ham ishlamaydigan bo‘ldi. Askarlar uning tepasida o‘qrayib turaverdi. U bu nigohlarga chidash berolmadi, o‘rnidan horg‘in turdi, mashinalar tomon qaradi, bir qadam yurmoqchi ham bo‘ldi. Biroq ilkis yana baqirib yubordi: “Ishlamayman, nega tushunmaysizlar! Qo‘llarim qotib qolgan axir. Ishlolmayman!”
Shu baqirishida uning ko‘zidan yosh chiqib ketdi. Negadir hamma birdaniga yengil tortdi. Rotamizda bo‘yi pastligidan safning eng oxirida yuradigan qozoq askar bor edi. U Tabatadzening tepasiga keldi:
“Yig‘layapsanmi!? Hayf senga erkaklik!” dedi tantanali qilib.    
Biz boshqa bir narsa demay lomlarni qo‘lga oldik. Tungi soat uchda oxirgi mashinadan oxirgi shpalni surib tushirganimizda xursandchilikdan baqirib yubordik. Tabatadze esa hamon gulxan yonida o‘tirardi.  
Keyingi bir oy davomida Tabatadze tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgardi, avvalgi g‘oz yurishi, burgut qarashi, do‘rillagan ovozidan asar qolmadi. Agarki, kimdir kimdandir ozor topib nolish qilsa, bu o‘sha askar bo‘lib chiqardi.
Ba’zan buning aksi ham yuz berar ekan. Rotamizdagi Seleznyov degan askar doimo uyqusirab yurgani uchun “uyqudagi malika” tamg‘asini olgandi. Baland bo‘yli, lekin oriq va nimjon bu askarga ozor bermagan odam yo‘q edi. Bir tomondan zobitlar uni yomon ko‘rsa, ikkinchi tomondan askarlar ermak qilardi. Erinmagan kimsa bor-ki, uni tepib o‘tardi.   
Lekin Seleznyov hech kimga e’tiroz bildirmas, tahqirlanish va xo‘rlik ichra o‘zi bilan o‘zi yashar, atrofidagi voqealarga zarracha ahamiyat bermas, ko‘zi doim yarim yumilgan holda yursa-da, topshiriqlarni bekami ko‘st bajarardi.
“Bilasanmi, u nega doim yarim uyquda yuradi,” deb qoldi bir kuni Pavlov degan askar besh daqiqalik hordiq payti. Jangovar otish mashqlaridan keyin biz o‘tloqda yonboshlab yotardik, Seleznyov esa bir chetda cho‘qqayib o‘tirgancha poligon chetidagi o‘rmonga yarim ochiq ko‘zlari bilan tikilib qolgandi.
“Bilmayman,” dedim Pavlovga.
“U xayolida yashaydi, askarlikdan oldingi hayoti bilan yashaydi. Seleznyov yuqori tabaqali oilada o‘sgan, umrida na otasidan, na onasidan dakki eshitgan. Endi bu zo‘ravon dunyoga tushib qolib, askarlik hayotini azobli tushdek qabul qilyapti. Jismi shu yerda, ruhi boshqa yerda. To‘g‘ri qiladi, chunki ana o‘shanda qiynalmaydi”, dedi Pavlov yuziga ma’noli tus berib.
Polkimiz yonidagi uch qavatli binoda buxanka non pishiradigan zavod bor edi deb yozgandim. Shu zavodga bir kelsa, vagonlab un kelardi. Rotalar navbat bilan un tashigani borardi. Ikki yil ichida bir marta bizga ham navbat keldi. Rotamizdan bitta vzvod vokzalga, bitta vzvod zavodga jo‘natildi.
Olti vagon un kelgan ekan. Biz kun bo‘yi zavodning uchinchi qavatiga ellik kiloli qoplarni tashidik. Avval yelkada, keyin belimizda, keyin burnimiz yerga tekkudek bo‘lib tashidik. Zinalardan ko‘tarilish qiyin bo‘ldi, tizzalar qaltirab ketadi, ba’zan oyoq bo‘ysunmay qo‘yadi. Shunda yelkada qop, zina devorlariga suyanib nafas rostlashga to‘g‘ri keladi. Hammamizning sillamiz quridi, toshbaqadek imillab qadam tashlardik. Bu azobning  oxiri bormikin, deb nolib qo‘yardik.
Axiyri bir-birimizga gapirmay ham qo‘ydik. Bir og‘iz gap ham odamning kuchini olib qo‘yadigandek. Bora-bora bir-birimizga to‘qnash kelganda aftoda ahvolimizni yashirish uchun nigohimizni olib qochadigan bo‘ldik. Nihoyat, kechga borib askarlar birin-ketin zina yoki yo‘laklarda, duch kelgan joyga o‘zlarini tappa tashlay boshladi, qimirlashga kuch qolmagandi.
Shunda faqat bittagina askar ertalab qanday bo‘lsa, hozir ham shunday sokin va sobit qadamlar bilan un tashishda davom etaverdi. Oriq, nimjon va ko‘zlari yarim uyquda bo‘lgan bu askar Seleznyov edi. U zinalarda holdan toyib o‘tirganlar yonidan indamay o‘tib borardi, go‘yo uning yelkasida ellik kiloli qop yo‘qdek.
Shu voqeadan keyin askarlar Seleznyovni xo‘rlash va kalaka qilishni to‘xtatishdi, unga hurmat ko‘rsatib, boshqa birovlar ozor yetkazishiga yo‘l qo‘ymaydigan bo‘lishdi.
Bu orada zo‘ravon askarlar uchun yangi ermak paydo bo‘ldi. Hech kutilmaganda rotamizga besh nafar yangi askar keldi, hammasi moskvalik, “Tag-tugi bilan Moskvadan, toza moskvalik!” deya baqirardi bu xabarni tarqatgan askarlar.
Men esa hayron edim, nega hamma xursand, deya. Keyin bilsam, armiyada askardan tortib zobitgacha moskvaliklarni yomon ko‘rishar ekan. Buning sababini keyinroq bildim, o‘sha kezlarda Ittifoqdagi farovon hayot ko‘klarga ko‘tarib maqtalsa-da, aslida poytaxtdan uzoq yurtlarda turmush og‘ir edi. Hamma narsa faqat Moskva uchun, barcha poytaxt hayotini jannatga aylantirish uchun ishlayotgandek tuyulardi. Bolaligimda dadam meni tog‘da yashaydigan uzoq qarindoshimiznikiga olib borgani yodimda. Ularning qishlog‘idan uncha uzoq bo‘lmagan joyda “posyolka” bor ekan, qaqragan qir bag‘ridagi tomi loysuvoq,  paxsa devorli uylar qarshisida bu posyolka yaqqol ajralib turar, pishiq g‘ishtdan qurilib, oppoq bo‘yalgan, tomlari shifer bilan yopilgan bejirim binolar ko‘zni olardi. Obod bu shaharchada rus injenerlari va konchilari oilasi bilan yashar ekan. Chotqol tog‘ tizmalari etagidagi qo‘ng‘ir tog‘larda uran olinadigan ruda konlari bo‘lardi. Konning o‘zida mahbuslar ishlashini eshitgandim.  Qarindoshimizning aytishicha, bu “Moskva ta’minoti”dagi posyolka emish. “Moskva ta’minoti” degan so‘zlarni u qanchalik faxr tuyib aytgani yodimda. Chunki posyolka do‘koni peshtaxtalari bizning do‘konlar kabi bo‘sh turmas, bu deparadagi odamlar hali ko‘rmagan ust-boshu oziq-ovqat to‘laligidan peshtaxtalar egilib yotarmish, mollarining hammasi toza, asl mahsulotlar ekan. Nazarimda, qarindoshimiz Moskva ta’minotida bo‘lmasa ham, shu posyolka yaqinida yashayotganidan boshi osmonda edi. Uning o‘g‘li juda chiroyli bir qo‘g‘irchoqni o‘ynab o‘tirgandi-ki, bizning do‘konlar va bozorlarda bunaqasini topib bo‘lmas, qo‘g‘irchoqni unga posyolkadagi rus oilasidan kimdir bergan bo‘lsa kerak. Yangi kelgan moskvalik askarlarni ko‘rib, o‘sha bejirim qo‘g‘irchoq ko‘z oldimga keldi. Rotadagi zo‘ravon askarlar esa sutga chayilgandek bu poytaxtlik yigitlarni ayab o‘tirishmadi.
Odamning zo‘r ovqat va tinimsiz jismoniy mashqlar kuchi bilan o‘sib, norg‘ul bo‘lib ketganini ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak, lekin kaltak yeb o‘sib ketganini ko‘rmagan edim.  Moskvaliklardan biri ichida illati bordek oriq, bo‘yi ham pasttakkina edi. Mening bo‘yim o‘shanda 162 santimetr bo‘lgan esa, u mendan deyarli to‘rt enlik past edi. Bechorani shu qadar ko‘p urishardi-ki, hamisha yuz-ko‘zi momataloq, bir kaft yuzi shishib, oytovoqdek bo‘lib yurardi. Musht va tepkilardan qo‘l va oyoqlari ham ko‘karib ketardi. Shu jimitdek askar olti oyda gurkirab o‘sib ketdi, bir kuni safda yonma-yon turib qolganda ko‘rsam, endi u mendan bir qarich baland edi. Moskvalik bu besh askarga nisbatan nafratini zobitlar ham yashirib o‘tirmasdi, shu boisdanmi, o‘tgan-ketgan ham ularga ozor berardi. Keyinroq ularning har biri o‘ziga bir himoyachi topib oldi, ya’ni biror zo‘ravon askarning beminnat yordamchisiga aylandi yoki askarlik maoshining bir qismini berib yurdi. Shundan so‘ng ularni tahqirlash kamaydi.  

Tutqich bermas diplomatlar

Bahor kunlari edi. Ukrainalik askar Grishko bilan quyuq shoxli qarag‘ay daraxti ostida, ko‘m-ko‘k maysa ustida avtomat qo‘ndog‘ini yerga tirab, magaziniga bosh qo‘yib, osmonga tikilgancha xayol surib yotardik. Qaniydi Amerika, Britaniya yoki Frantsiya diplomati yoxud harbiy attashesini tutib olsak-da, uyga ta’tilga borib kelsak, deya orzu qilardik. Go‘yo diplomat deganlari hozir o‘rmondan chopib chiqib qoladigan kiyikdek!
Har zamon katta yo‘lga umid bilan qarab  qo‘yamiz, lekin hech zog‘ yo‘q. Ora-sira olmon choli yoki kampiri “Trabanti”ni tarillatib o‘tib qoladi, xolos. Yana chol va kampirlar. Aytganman-ku, bu mamlakatning yoshlari ko‘chada qorasini ko‘rsatmaydi, deb.
Sharqiy Olmoniyadagi sho‘ro qo‘shinlarining keng ko‘lamli harbiy-taktik mashg‘ulotlari boshlanib ketgandi. Sal avvalroq batalonimizdan bir necha askar saralab olinib, maxsus tayyorgarlikdan o‘tdik. Maxsus deganim, bizga NATOga a’zo davlatlar bayroqlari, ularning sharqiy Olmoniyadagi elchixona yoki konsulliklariga tegishli avtoulovlarning belgilari tanishtirildi. Vazifamiz mashg‘ulotlar o‘tayotgan olmon shahar va qishloqlariga yaqin kelgan g‘arb diplomatlarining yo‘lini to‘sish va  zobitlar yetib kelguncha ularni ushlab turish edi. Bizga tushuntirishlaricha, NATO va Varshava Shartnomasi davlatlari o‘rtasida harbiy mashqlar o‘talayotgan hududlarga o‘z diplomatlarini jo‘natmaslik borasida kelishuv mavjud ekan.
Vazifamiz yo‘l yoqasida yashirinib yotish, elchixona bayrog‘ini ilgan avtoulov kelib qolsa quyiroqda turgan BTR haydovchisiga ishora qilish edi, u esa yo‘lni zirhli mashinasi bilan to‘sib olishi lozim bo‘lardi. Vazifani qoyillatib uddalagan askarlarga o‘n besh kunlik ta’til va’da qilingandi.
Haydovchi tatar askar edi. BTRning ustiga qarag‘ay va archa shoxlari tashlab yashirib qo‘yganmiz. Bir payt yo‘ldan olmon yuk mashinasi o‘tib qoldi, tatar yigit bo‘lsa yo‘l ustiga yugurib chiqib uni to‘xtatdi, bir nimalar dedi. Yuk mashinasi jo‘nab ketgandan so‘ng u bizga qarab tirjaydi va “sivilniy” deb baqira ketdi. Bilsak, u olmondan tamaki so‘rab olibdi. Yaxshi, lekin zobitlar bilib qolsa, boshimiz baloga qoladi. U yonimizga kelib hozirgina undirgan tamakisini tutatdi va bizga ham berdi, “tortib ko‘ringlar, sivilniy” dedi iljayib.
Armiyada “sivil” so‘zi bilan ta’riflangan nimaiki bo‘lmasin askar uchun eng mo‘tabar narsaga aylanardi. Ehtimol, bu so‘z faqat Olmoniyadagi sho‘ro askarlari orasida ommaviy bo‘lib, Ittifoqdagi qo‘shinlar uchun notanish bo‘lgandir. Chunki armiyadan so‘ng bir rus tili muallimidan bu so‘zning kelib chiqishini so‘raganimda, u tushunmagan, biror ruscha so‘zning buzib talaffuz qilingani bo‘lsa kerak, deya taxmin qilgandi.  Oradan bir necha yillar o‘tib ingliz tilini o‘rgana boshlaganimda tushundim-ki, bu “civil” so‘zi ekan. Zobitlar va askarlar uni o‘zlashtirib olgan, ya’ni, “sivil”  narsalar fuqarolik hayotiga oid, armiyadan tashqaridagi, erkin va ozod hayotga tegishli, degani edi.
Askarlar uchun ta’qiqlangan turli-tuman narsalar, paypoq, atir sovun, olmon va Kuba sigaralari, umuman karmonda olib yurish mumkin bo‘lgan turli ashyolar, hattoki tishkovlagich ham sivil bo‘lardi va  qadri juda baland edi. Kimdir sivil tamaki topib kelsa, o‘n kishi “chekishamiz” deya navbat kutardi. Birinchi askar xohlagancha, ikkinchisi imkoni boricha, uchinchisi nima qolsa shuni chekadi, degan ibora shundan qolgan.
Sivil narsalar rotada tez-tez paydo bo‘lib turardi. Odatda shaharga patrulga chiqqanlar olmon do‘konlaridan mayda-chuyda narsalar olib kelardi. Men xizmatga kelganimning uchinchi oyida ilk marta shaharga patrulga chiqqandim. Patrul degani jonning rohati ekan.
Shaharga harbiy parad kiyimida, kostyum-shim, bo‘yinbog‘, qora tuflida, oq kamar taqib chiqiladi. Dastlab shahardagi komendaturada yo‘riq o‘tkazildi, patrulning vazifalari tushuntirildi. Keyin biz shahar aylanishga tushdik. Odatda patrul bir zobit va ikki askardan iborat bo‘ladi, ko‘p hollarda zobit shahar aylanishni yoqtirmaydi va askarlarning o‘zini qo‘yib yuboradi. Zobitimiz bizni ozod qoldirdi. Shahar aylanib yurdik, do‘konlarga kirdik, rotadagi safdoshlar buyurtma bergan narsalarni sotib oldik. Olmon tilida gaplashishni bilmaymiz, har bir oladigan narsamizga ishora qilib, nechtaligini barmoqlarimiz bilan ko‘rsatamiz. Uchta narsa olmoqchi bo‘lsak, ikkita barmog‘imizni ko‘rsatamiz, chunki olmonlar bukilgan boshmaldoqni ham sanoqqa qo‘shar ekan. U paytda askarning jomadonini to‘ldirish uchun eng zarur esdalik narsalar Kuba sigaralari, shokolad ta’mli tamaki, qo‘ng‘irog‘i bong urganda bejirim va mitti yog‘och uyidan qo‘g‘irchoq olmon qizi chiqib keladigan jajji soat, olmon shaharlari va qizlarining chiroyli, yaltiroq, yelimli suratlari edi.
Ertasiga navbatimiz tugab, patrullikni boshqa askarlarga topshirish uchun yana komendatura hovlisiga yig‘ildik. Shu payt velosipedining kajavasiga savat yuklagan bir olmon kampir kelib qoldi, binoning panjarali darvozasi yonida to‘xtab, komendantni chaqirdi. Komendant kampir bilan bir nimalarnidir muhokama qilgach, bir savat olma ko‘tarib kelib, har birimizga tarqatib chiqdi.
“Kechagi patrullardan biri kampirning olmasidan olaman deb daraxtning bir shoxini sindiribdi, mana endi kampirning o‘zi sizlarga olma keltiribdi, osh bo‘lsin, kampirga rahmat aytinglar. Lekin bilinglar-ki, sho‘ro askari uchun olmonlarning olmasiga osilib yurish uyat, o‘rtoq askarlar!” dedi.
Mening yuzim qo‘limdagi qirmizak olmadek qizarib ketgandi, axir kecha ko‘chada ketayotib, shoxlari devor osha osilib turgan o‘sha olmadan biz uzib olgandik.    
Choyning sivilini ilk marta xizmatga kelganimga bir yil to‘lganda ichgandim. Kisel ichaverib ichaklarimiz shilinib ketgan payt edi. Batalon kotibiyatida ishlaydigan askar va rotamizning kotibi yaqin o‘rtoqlarim edi. Bir kuni batalon kotibi kelib shaharga patrul chiqarish uchun abjir, og‘ziga mahkam askar kerak, chunki unga o‘zimizning alohida topshirig‘imiz bo‘ladi, kimni tavsiya qilasizlar, dedi. Rotamiz kotibi uchinchi vzvoddan bir askarning familiyasini yozdirdi.
Ertasi tunda meni kotibimiz, rusiyzabon qozoq yigiti uyg‘otdi, qo‘lida rota komandirining xonasidagi katta sharsimon flakon, lenkomnatani ochish kerak, ish bor, ketdik, dedi. Zalga kirganimizdan so‘ng u flakonga suv to‘ldirib keldi, cho‘ntagidan piska chiqarib, ikki chetiga elektr simini bog‘ladi, piskani suvga solib, simning ikkinchi uchini tokka uladi. Besh daqiqada flakondagi suv biqirlab qaynadi. Choyni achchiq damlab turganimizda batalon kotibi katta qog‘oz qop ko‘tarib kirdi.  
“Patrulga chiqargan askarimiz durust ekan, evini topibdi, yarmini unga berdim,” dedi.
Ordruf shahrining chetida, diviziyamizga yaqinroq joyda olmonlarning vafli fabrikasi bor edi. Patrul vafli qatlamlari orasiga suriladigan qaymoqli qiyomning bir qopini o‘marib kelibdi. Uchovimiz achchiq-achchiq sivil choy ichib, yarim qop qaymoqli qiyomni paqqos tushirdik. Baxtimizga g‘arbiy Olmoniya telekanallaridan birida ajoyib kino qo‘yilayotgan ekan, tilini tushunmasak-da, mazza qilib tomosha qildik. Oradan bir necha yillar o‘tgandan keyin o‘sha film o‘zimizga ham yetib kelgach, nomi “King-Kong” ekanini bildim. O‘sha tun bir necha soat bo‘lsa-da, biz sivil hayotdan bahramand bo‘lganimizdan xursand edik.    
O‘g‘irlik haqida yozgandim. Hattoki, ba’zan vatandan kelgan maktublar (agar daftar varag‘iga emas, oppoq, yumshoq qog‘ozga yozilgan bo‘lsa) va suratlar ham o‘g‘irlanishini eslagandim. Bu narsalar aynan sivil bo‘lgani uchun tunab ketilishini keyin tushundim.
Bir gal rotamiz polk oshxonasiga navbatchilikka ketgan, men lenkomnatada qolgandim. Biroq kechasi shtabga chaqirib qolishdi. Shtabda meni bir starshina ixtiyoriga topshirishdi. Ketdik, dedi betoqat va badjahl starshina. Oshxona yonida olmonlardan qolgan ikki qavatli chiroyli bino bo‘lardi,  o‘sha yerga bordik. Bu bino zobitlar uchun mehmonxona ekan. Starshina menga xonalardan birini ko‘rsatdi:
“Ichkarida general bor, u shu eshikdan chiqmasligi shart. Eshik qulflangan, lekin qulfni buzib chiqsa, joyiga qaytarishing kerak bo‘ladi. Agar chiqib ketsa, boshing bilan javob berasan,” deb dag‘dag‘a qildi-da, o‘zi ko‘zdan yo‘qoldi.  
Men nima gapligini tushunmay hayron qoldim. Keyin ichkaridan chiqayotgan almoyi-aljoyi gaplar, qo‘qqis baqirishlardan sezdimki, general g‘irt mast. Mast general eshikni sindirib chiqib kelsa, uni qanday to‘xtatib qolaman, degan o‘ydan keyin meni qo‘rquv bosdi. Qaltiragancha eshik tagida turaverdim. Allaqancha vaqtdan keyin ichkaridan qattiq xurrak ovozi eshitildi. Ko‘nglim joyiga tushib, mehmonxona yo‘lagida yura boshladim.
Yo‘lakda kitob javoni bor ekan, birinchi ko‘zim tushgani “Uch mushketerlar” bo‘ldi, qo‘limga olib, javon yonidagi kursiga o‘tirdim-da, o‘qiy boshladim. Xizmatga kelganimdan buyon ilk marta kitob ushlashim edi (Harbiy nizomlar bu hisobga kirmaydi).  Shu payt to‘g‘rimdagi eshik ochilib, jomadon ko‘targan polkovnik chiqib qoldi. Men cho‘chib o‘rnimdan turganimda kitob yerga tushib ketdi. Polkovnik kitobni yerdan oldi, bir kitobga, bir menga qaradi.
“Kitob o‘qishga qiziqasanmi?” deb so‘radi.
“Topilganda o‘qib turaman”, dedim.
U meni qayerdan ekanimni so‘radi. O‘zbekistonlik ekanimni bilgach, sizlar tomondan bo‘lgan yozuvchi Chingiz Aytmatovni bilasanmi, dedi. So‘ng jomadonini ochib, yangi bir kitobni qo‘limga tutqazdi.
“Bu uning hozir Ittifoqda shov-shuv bo‘layotgan yangi romani, men o‘qib bo‘ldim, endi bu kitob senga”, dedi.
Qo‘limdagi kitob Chingiz Aytmatovning rus tilida chop etilgan “Kunda” romani edi. Biroq ikki kundan keyin bu kitobni o‘g‘irlab ketishdi. Kimdir uni o‘qish uchun emas, kitob sivil bo‘lgani, chiroyli va qalin muqovasi ustiga zarhal harflar bilan yozilgani uchun o‘g‘irlab ketgandi.
Yashirin pakkada sivil narsalar orzusi ila ikkinchi kun o‘tiribmiz-ki, g‘arb diplomati degan jondan darak yo‘q edi. Tunlarni BTRning ichida uxlab o‘tkazdik. Ertalabdan yana yashirin go‘shamizga joylashib olamiz. Qushlar sayrog‘i, musaffo havodan bahra olamiz. Ishqilib, navbatchiligimiz tugab o‘rnimizga boshqalar kelib qolmasaydi, degan xavotir ham yo‘q emas. To‘rt kunlik ozuqamiz bor. Ukrain do‘stim bilan sivil hayotimizdagi xotiralardan gaplashamiz.
Goho osmonda pastlab uchayotgan bulutlarga tikilgancha xayollar og‘ushiga cho‘maman, sivil hayot va harbiy hayotni taqqoslayman. O‘ylab ko‘rsam, aqlimni taniganimdan buyon urush degan xavfdan qo‘rqib yashagan ekanman. Maktabda a’lo baholarga o‘qishimiz, bolalikdan paxta dalasida mehnat qilishimiz, avval pioner, keyin komsomol bo‘lishimiz, barcha-barchasi Sovet Ittifoqi qudratini oshirishga va shu orqali urushga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan ekan. Harqalay, bizni shunga ishontirishgan. Rahbarlarning uzoq umr ko‘rishini xudodan tilaganlarimiz-chi!?
Ettinchi sinfda o‘qiyotganimizda kuzgi paxta mavsumi sovuq keldi. Noyabr boshlaridayoq qor tashladi, lekin paxtani terish kerak. O‘sha kezlarda Uyg‘unning adabiyot darsligiga kiritilgan “Nazir otaning g‘azabi” she’ri mashhur edi:

“Ko‘k yuzini bulut, chol ko‘zini g‘azab
Asta bosib kela boshladi.
Etib kelib bulut, cholning tepasiga
Uch-to‘rt sovuq tomchi tashladi…”

Ha, o‘sha paytda hamma yoddan biladigan she’r shunday boshlanardi. Keyin, xotiram pand bermasa, Nazir ota g‘azabdan qo‘lini musht qilardi:

“…Menga desa tosh yog‘maydimi
Baribir paxtani teramiz,
Bir dona chanoq qoldirmasdan
Hukumatga to‘plab beramiz!”

Paxtazor oppoq qor bilan qoplangan, ochilgan paxta deyarli qolmagan, lekin biz kechqurun chuvash uchun ko‘sak uzib, uch-to‘rt kilo bo‘lsa ham paxta topshirishimiz shart, yo‘qsa, yana o‘qituvchilar xonasi – shtabda gap eshitishimiz tayin. Qo‘llarim muz qotib, ko‘sakka tegsa battar uvishadi. Yonimdagi egatda bir sinfdoshim tasira-tusur ko‘sak uzmoqda.
“Qo‘ling sovqotmayaptimi?” deb so‘radim undan.
“Tamaki cheksang, sovuqni ham sezmaysan”, dedi u labini chetida qistirib turgan tamakisidan chuqur tortib, keyin tamakini menga uzatdi. O‘shanda birinchi marta tamaki chekkanman.
Qorong‘u tushganda bir etakdan ko‘sak ko‘tarib, shiypondagi yotog‘imizga qaytdik. Shiyponning o‘rtasida keng zal bo‘lardi, zalning chetlarida qator xonalar. Xonalardan birida brigadir, ikkinchisida o‘qituvchilar yashaydi, uchinchisi omborxona. Zalning chap tomonidagi uchta xonaga  qizlar joylashgan. O‘g‘il bolalar esa zalda yotamiz. Kechki ovqatga sinfdosh qizlardan biri pishirgan makaron bo‘tqani yeb, so‘ng hamma zal o‘rtasida o‘tirib ko‘sak chuvishga tushdik. Ko‘saklar hali muzdan tushmagan, yorilib, tilinib ketgan barmoqlarim achishib og‘riydi. Bir burchakda oq-qora televizor, paxtakorlar sha’niga kontsert berilmoqda. O‘qituvchilar brigadirning xonasida, aroq ichishmoqda shekilli, shiypon qorovuli gazak ko‘tarib kirib ketdi. Televizor ekranida bir qo‘shiqchi “Dehqon o‘g‘li Baratning uyqusida oq-oltin” deb ashulaning ayni avjiga chiqqanida ko‘rsatuv birdan taqqa to‘xtab qoldi. Qop-qora kostyum kiygan, o‘siq qoshli, qovog‘i soliq diktor paydo bo‘lib, o‘ta g‘amgin va sovuq ovozda Sovet Ittifoqi rahbari Leonid Brejnev yurak xurujidan vafot etganini e’lon qildi.
Ko‘sak chuviyotgan bolalar turgan joyida angrayib, o‘z quloqlariga ishonmay qotib qoldi. Bir necha soniyalardan keyin kimdir chinqirib yig‘lab yubordi, qizlarning aksariyati “Voy o‘lay, endi nima qilamiz!” deya shovqin soldi, vahimali oh urishlar boshlandi. Zaldagi g‘ala-g‘ovurdan bezovta bo‘lgan brigadir xonasidan chiqib keldi. Uni ko‘rishi bilan hamma ko‘zida yosh, birvarakayiga “Brejnev o‘libdi!” deya hayqirib yubordi. Brigadirning ko‘zi qinidan chiqib ketayozdi.
“Kim aytdi bu gapni? Kimdan chiqdi bu gap? Kim aytgan bo‘lsa qamaladi, urug‘-aymog‘i bilan birga qamaladi. Brejnev o‘lishi mumkin emas!  Brejnev o‘lsa, ertaga urush boshlanadi!”
U shunday hayqirar edi-ki, xuddi hozir boshimizga Amerika bombasi tushib kelayotgandek etlarimiz jimirlab, boshimizni enkaytirib olgandik.
“Brejnev yurtimizda tinchlikni ta’minlab turibdi. U o‘lsa Reygan bizga bomba tashlaydi. Uni Brejnev to‘xtatib turibdi. Kim Brejnev o‘ldi desa, u xalq dushmani bo‘ladi. Dushmanlar shunday ig‘vo tarqatadi, kim aytadi senlarni ertaga komsomol bo‘ladi deb, nega bu gaplarga ishonasanlar!” U endi qizarib-bo‘zarib baqirardi. Brigadirning shovqiniga matematika va mehnatdan dars beradigan  ikki o‘qituvchi ham xonadan chiqib kelishdi. Bolalar esa qo‘rqqanidan kimning gapiga ishonishni bilmaydi, brigadir to‘g‘ri gapiryaptimi yoki televizordagi diktormi? Shunda matematika domlamiz  televizorga qaradi, rasmiy xabar tugab, endi harbiy orkestr motam kuyi chalmoqda edi. U brigadirni sekin yengidan tortib xonasiga yetakladi. Mehnat domlamiz esa televizorni ham brigadir xonasiga olib kirib ketdi.           
Bu 1982 yilning 11 noyabrida yuz bergan edi. O‘shanda Ittifoqda besh kunlik motam e’lon qilinib, tahlikali kunlar boshlangandi, endi qachon urush boshlanishini kutardik. Lekin urush boshlanmadi. Yuriy Andropov rahbar bo‘ldi. Andropov Amerika prezidenti  Reyganning tizginini tortib qo‘ya olarmikin, degan xavotirda edik. Biroq bir yarim yildan keyin Andropov ham o‘lib berdi-ku! O‘rniga Konstantin Chernenko keldi. Hamma umidimiz endi undan edi, biroq u bir yarim yilga ham bormadi, o‘n bir oydan keyin o‘lib qoldi. O‘sha kezlarda sho‘ro rahbarlariga qiron kelgani haqida kattalar ham shivirlab, xavotir ila gapirardi. Bu ketishida urush boshlanib qolmasaydi, degan doimiy hadikda yashardik.  
Mana, o‘shandan buyon hech narsa o‘zgarmagandek, hamon o‘sha g‘arblik imperialistlar tahdidiga qarshi turibmiz. Hozirgi rahbarimiz Mixail Gorbachyov Amerikaga qarshi nima o‘ylab topar ekan, deya kutmoqdamiz. Bolaligimizda qo‘limizda ketmon bo‘lgan esa, endi avtomat.
Uchinchi kun o‘tib bormoqda, biroq g‘arblik diplomatlar qorasini ko‘rsatay demaydi. Tushdan keyin umidimiz so‘na boshladi.
“O‘zi shu diplomat deganlari g‘irt g‘alva bo‘ladi. Qo‘pol gapirib qo‘ysang bormi, baloga qolasan. Yaxshisi shular bizga uchramasa ham mayliydi,” dedi Grishko boshini qashlab.
“To‘g‘ri aytasan”, deyman unga:
“Ta’tilga borib ham nima qildik! Uyiga borib kelganlar xizmatga yana qayta ko‘nika olmay yomon qiynalarmish. Biz birato‘la tugatib ketamiz.”    
“Shunisi yaxshi”, deydi Grishko endi avtomatining miliga iyagini tiragancha yo‘lga tikilib:
“Ho‘ ana, bir mashina ko‘rindi, tataringa ishora qilsak, yana birorta sivil tamaki undirar”.

Olmonlarning “yaxshi” va “yomoni”
 
Mahalliy aholi bilan do‘stona munosabatda bo‘lishimiz lozim edi, gohida o‘zaro bordi-keldilar bo‘lib turardi. Bir gal rotamizdan sakkiz askar shaharga, olmonlarning qandaydir bayramiga polk nomidan mehmonga yuborildik. Bayramning sportga aloqasi bo‘lsa kerak-ki, olmonlar bilan voleybol o‘ynaysizlar, deyishdi. Leytenant Sherbakov bilan shaharga kirib bordik. Ordrufdagi barcha yo‘llarga tosh bostirilgan, asfalt umuman yo‘q. Toshlar ham  shunday shaklda terilgan-ki, ketayotsang oldingda gullar ochilib borayotganga o‘xshaydi. Tosh yo‘lda etiklarimiz taraqlaydi.
Mo‘jazgina shahar turli bezaklar tufayli yanada go‘zallashib ketgan, yo‘laklarda olmonlar xotirjam sayr qiladi, to‘qnash kelib qolsak, biz tomon bosh irg‘ab, jilmayib qo‘yadi.
“Komrad, komrad!” deb qo‘yamiz biz xushchaqchaq.
Obod va shinam ko‘chalarni aylanib, shahar markazidagi istirohat bog‘iga kirdik. Tumonat odam yig‘ilibdi. Shu yerda ilk marta olmon yoshlariga ko‘zimiz tushdi. Bor ekan-ku ular ham, shu paytgacha qayerlarda yashirinib yurdiykin, deya ajablanamiz.
Voleybol maydoni yoniga keldik. Olmon yigitlari sakrab-sakrab, guppillatib to‘p urmoqda. Leytenantimiz ularga nimalardir dedi. Ular o‘yindan to‘xtab, bizga ajablanib qaradi. Hammasining bo‘yi baland-baland, yutqazib qo‘ysak nima bo‘ladi, degan xijolatdamiz. Keyin bor-e, nima bo‘lsa bo‘ldi, deya etiklarimizni yecha boshladik, axir og‘ir kirza etik bilan voleybol o‘ynab bo‘ladimi, yalangoyoq maydonga tushishga to‘g‘ri keladi.  
Bahonada bir shamollab, qurib olsin deb paytavalarimizni ko‘m-ko‘k maysa ustiga bayroqdek yoyib chiqdik. Olmon sportchilari bizga, aniqrog‘i paytavalarimizga hayrat ila tikiladi, lekin nigohini yashiradi. Uzoqroqda sayr qilib yurganlari ham atrofimizda o‘ralasha boshladi. Qiziqyapti, lekin yaqin kelib qarolmaydi, madaniyati yo‘l qo‘ymaydi. Ularda begona odamga tikilish yoki tomosha qilish haqorat sanaladi. O‘zimizning odatlar yodimga tushib ketdi. Birov ko‘chadan o‘tib qolsa, deylik og‘ilxonasi tomiga xashak irg‘itayotgan odam ishdan to‘xtab, panshaxasini oyog‘i ostidagi xashakka sanchib, sopining uchiga ikki bilagini tiragancha notanish kishi ko‘cha boshida ko‘rinib, to ko‘cha oxirida ko‘zdan yo‘qolguncha tikilib turaveradi. Olmonlar esa buning aksi. Senga qarayotganini sezdirmaydi, xijolat bo‘lmasin deydi.   
Biz egnimizdagi askarning yozgi kiyimi- XBni yechib, maykachan holda badan qizdira boshladik.  
Baxtimizga shu payt bog‘ ichiga sariq, qizil rangdagi mitti mashinalar kirib keldi, oppoq fartuk kiygan semiz-semiz olmon oshpazlari mashinalaridan yaltiroq alyumin idishlar chiqarib, yelim likopchalarda ovqat tarqatishga tushdi. Biri goroxli bo‘tqa tarqatsa, ikkinchisi qovurilgan go‘sht, uchinchisi olmon sosiskalari, to‘rtinchisi bo‘rsildoq javdar noni tarqatmoqda. Yana bittasi turli ichimliklarni olib stol ustiga terib tashladi. Yana bir stolda pishloq, murabbo kabilar. Bog‘ ichini mazali taomlar hidi tutib ketdi.
Bunday paytda voleybolga nima bor, deya askarlar etiklarini qayta kiyib, ovqat tarqatilayotgan joyga yo‘l olishdi. Tekin va mazali ovqat, uyidan chiqqanidan buyon hali biror askar bunaqa taom yemagan. Navbatga ikki qaytadan turib, to‘yib-to‘yib ovqat yeb, maysazorda yonboshlab yotdik, olmonlarni tomosha qilib. Bog‘ ichida sayr qilib, rus tilini biladigan bir olmon bilan gaplashib qoldim. Olmoniyaga kelganimdan buyon bir savol meni qiziqtirardi. Nega olmon shaharlari doim bo‘m-bo‘sh, yoshlari umuman ko‘chada ko‘rinmaydi. Men biror marta ko‘chada esnashib, o‘tgan-ketganga gap otib yurgan bizga o‘xshash bo‘z yigitlarga ko‘zim tushmagan. Bizning ko‘chalar erta-kech, ayniqsa, bahor va yoz oqshomlari odamga to‘lib ketadi. Ba’zilar oshing halol bo‘lsa ko‘chada ich qabilida ariq chetiga polos to‘shab ovqatlanib o‘tiradi. Ko‘cha boshida aroq ichib o‘tirish esa deyarli odatga aylanib bo‘lgan. Yoshlar to‘p-to‘p bo‘lib hali u ko‘cha, hali bu ko‘chaning boshida tun yarmigacha baqir-chaqir gurunglashadi. Olmon savolimga avval hayron bo‘ldi, keyin tushundi shekilli, bizda ko‘chada o‘tiradigan bekorchi yo‘q, dedi. Kuni bilan ishlaydi, keyin dam olmoqchi, do‘stlari bilan gurunglashmoqchi bo‘lsa, mahalliy klublar, teatr yoki kinoga boradi, uyda qolsa kitob o‘qiydi, yoshlar ham faqat o‘qish bilan band, ko‘pchiligi o‘qishdan keyin albatta ishlaydi yoki sport bilan shug‘ullanadi, ko‘cha daydishga vaqti bo‘lmaydi-da, dedi u. Men o‘shanda bu olmon kishining gaplariga ko‘p ham ishonmagan edim. Axir bizning nazarimizda eng ko‘p va halol ishlaydigan odamlar faqat Ittifoqda edi, xolos.  
Ba’zida olmonlar polkimizda mehmon bo‘lib, sho‘ro harbiylari hayoti bilan tanishardi. Bir gal ikki olmon injeneri bizning rotaga keldi, lenkomnatani ko‘zdan kechirishdi. Ertasiga ikkita oltmish litrlik akvarium olib kelishdi. Bittasida o‘n beshtacha mayda zebra baliqlar, ikkinchisida to‘rtta farishta baliq bor edi.  Lenkomnataga mas’ul bo‘lganim uchun baliqlarni boqish zimmamga tushdi. Olmonlar ikki-uch oylik baliq yemini ham qoldirishgandi. Ularni yaxshi boqdim shekilli, zebralar tuxum qo‘yib, ko‘payib ketdi, biroq keyinchalik bir-birini yeb qo‘ydi. Farishta baliqlarni esa o‘g‘irlab ketishdi. Keyin surishtirib bildim-ki, baliqlarni rotamizdagi hamyurti yoniga kelib turadigan “Avtobat”dagi bir gurji askar o‘g‘irlab, komandirining xotiniga sovg‘a qilib yuborgan ekan. Olmonlar do‘stlik ramzi sifatida hadya qilgan baliqlar tarixi shu tariqa yakun topdi.
Yoz boshlanishi arafasida bir olmon fermeriga gilos terishgani hasharga  bordik. Donalari yirik-yirik, qop-qora gilosning  bunaqangi navi bizning yurtlarga hali yetib bormagan shekilli, avval ko‘rmagan edik. Olmoniya bog‘larini, mevali daraxtlar parvarishi va fermerlarning ish yuritish tartibini ko‘rib hayron qoldik. Turkmanistonda ekanimizda kolxoz bog‘ida ishlaganimiz, uning qarovsiz bog‘iyu tinimsiz vino ichib, qurigan daraxtlar tagida yumalashib yotadigan ishchilari yodimga tushdi. O‘zimizda ham ahvol shu edi, paxta dalasida vino ichmasa suvchi suv qo‘ymas, dorichi dori sepmasdi.        
Ikki kun gilos terish askarlar uchun chinakam bayram bo‘ldi. Nazarimda, terilgan gilosdan ko‘ra yeyilgani ko‘proq bo‘ldi, shekilli. Kamiga olmon fermeri askarlarni ikki kun mazali toamlari bilan boqdi. Oxirida  fermer bizga rahmatlar aytib xayrlashdi, lekin ovozi mahzun, moviy ko‘zlari juda ma’yus edi.    
Kuzda yana olma terishga bir kunga hasharga kelganimizda o‘sha bechora fermer xursandligidanmi yoki boshqa sababdanmi, yig‘lab yuborgudek bo‘lgani aniq esimda. Olmonlar shunaqa ham yaxshi odamlar bo‘ladimi, deb biz hayron.  
O‘zi olmonlarning na xursandligi, na jahli chiqqanini bilib bo‘ladi. Hamisha sovuqqon, bosiq, lekin muloyim jilmayib turadi. Ba’zan qo‘rs va badjahl olmonlar ham uchrab turar ekan.
Biz qishda muz qotishimizga bir bahya qolgan o‘rmonga, maxfiy qismga yozda yana yigirma kunga bordik. Bu safar endi jamloqni o‘rmon chetiga emas, ichkarisiga, avval aloqachilarning yashirin bo‘linmasi qurilgan joyga qurdik. Aloqachilar ketgan, ularning yarim-erto‘la yotoqlari omborga aylangandi.
Ishimiz tank va BTR uchun kovlangan handaqlarni xas-xashakdan tozalash. Askar uchun shu ham ish bo‘ptimi! Qiladigan ishimiz ertayu kech uxlash bo‘ldi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan buyon bu o‘rmonga bizga o‘xshagan askardan boshqasi kirmagan bo‘lsa kerak, yerga xuddi uch-to‘rt qavat yumshoq gilam to‘shalganga o‘xshaydi. Xazonlar qat-qat bo‘lib ketgan, yetti qavat ko‘rpa ustida yotgandek uxlaymiz, yana “to‘shagimizning” iliqligini aytmaysizmi. Yozda xazonning eng ostki qismidagi chirindilar qizib, tepaga iliq havo ko‘tarilib turadi. Bundan ortiq rohat qayerda bor!?
Faqat o‘rmondan ikki-uch kilometr  narida, sharq tomonda tankchilar va artilleriyachilarning poligoni bo‘lib, har zamon daydi snaryad tepamizdan uchib o‘tib qoladi, xolos. Hushtak chalib keladi-da, daraxt shoxlarini cho‘rt-cho‘rt kesib o‘tib ketadi.  Uyqudan uyg‘onib ketgan askarlar bir so‘kinib oladi-da, boshqa tomoniga yonboshlaydi. “Tankchi bo‘lsa tepki, to‘pchi bo‘lsa musht yedi-yov”, deb qo‘yadi kimdir kerishib.   
Shunday dorilomon kunlarning birida rotamizdagi armani askar meni chaqirib qoldi. Bu akrobat armani haqida avval ham yozgandim, biz yaqin o‘rtoq bo‘lib qolgandik.
“Yur, bir mehmonimiz bo‘lgin”, dedi u. Ularning chodiriga kirib og‘zim ochilib qoldi, o‘rtada bir karton quti to‘la pivo, yonida bir shisha shnaps, yana kolbasalar va turli shirinliklar. Qayerdan topdilaring, degan savolimga ular kulishdi, avval ichgin, keyin gapirib beramiz, deyishdi. Ma’lum bo‘lishicha, biz turgan o‘rmonning g‘arbida yana boshqa o‘rmon boshlanib, pivodan bo‘shagan shisha idishlarga g‘ij to‘la emish. Ular shishalarni yig‘ib, o‘rmon yaqinida joylashgan olmon qishlog‘ining oziq-ovqat do‘koniga pullab, evaziga shu narsalarni olishibdi. Bir hafta ichida ular allaqachon ikki marta qishloq do‘koniga borib kelishibdi.
Armanilar chodiridan shirakayf chiqib kelyapmanu o‘zimni so‘kaman, odam shunaqayam go‘l bo‘ladimi, shuncha kundan beri hech narsadan bexabar yurgan ekanman. Kela solib o‘zimizning o‘zbeklarga ko‘rgan va eshitganlarimni gapirib berdim. Rotamizdagi o‘zbeklarning norasmiy sardori Ibrohimning jazavasi tutdi. Ertagayoq biz ham shu qishloqqa bormasak bo‘lmaydi, deb turib oldi. Men boyagi arman o‘rtog‘imni chaqirib, yo‘l-yo‘rig‘ini qayta-qayta so‘rab oldim.   
“Eng muhimi, patruldan ehtiyot bo‘lish, qo‘lga tushsalaring to‘ppa-to‘g‘ri qamoqqa jo‘natishadi. Qishloq tepasida yalanglik bor, o‘sha yerdan do‘kon ko‘rinib turadi, kimdir yalanglikda, yana bir kishi do‘kon eshigi tagida tursa, bir-birlaringga ishora bersalaring bo‘ladi. Patrul mashinasi qaysi payt o‘tishini bilib bo‘lmaydi”, dedi u.
Ertasiga olti kishi shoshilinch yo‘lga chiqdik. Tushlikda bo‘ladigan rota yo‘qloviga yetib kelishimiz kerak edi. Bir kilometrdan keyin oldimizdan tosh yotqizilgan yo‘l chiqdi, yo‘lning narigi tomoni o‘sha aytilgan o‘rmon edi. Patrul mashinasidan ehtiyot bo‘lib yo‘lni chopib o‘tdik va bir soatga qolmay uch qopchiq shisha terdik.
Uch kishini ortga, jamloqqa jo‘natib, men, Ibrohim va yana bir askar qishloqqa yo‘l oldik. Qishloq o‘rmondan uncha uzoq emas, lekin o‘rtada bug‘doy ekilgan ochiq joy bor ekan. Bir kishi o‘rmon yoqasidagi yalanglikda qolib, patrul mashinasiga ko‘z-quloq bo‘lib turadigan bo‘ldi. Ibrohim ikkovimiz qopchiqlarni orqaga ilib, shishalarni shiqirlatgancha bug‘doy dalasidan chopib o‘tdik. Qishloq kichik ekan, do‘konni topish oson bo‘ldi. Ibrohim qopchiqlarni olib ichkariga kirib ketdi, men tashqarida qoldim. Goh yalanglikda turgan sherigimizga, goh ichkariga betoqat nigoh tashlayman. Oynadan ko‘rib turibman, Ibrohim qo‘lini bigiz qilib avval qopchiqdan chiqarilgan shishalarga, keyin peshtaxtadagi mollarga birma-bir ishora qilyapti.
Do‘konchi Ibrohimdan ham gavdali, baqaloq olmon ekan. Nima balo, u ertalab chap yonboshi bilan turganmi, shishalarni qabul qilib olish o‘rniga tinimsiz nimalardir deb jahl bilan baqiradi, goho qo‘lini siltaydi. Ibrohimning fe’li tez, olmon so‘kyapti deb o‘ylab quloq chakkasiga tushirib qolmasa bo‘ldi, degan xavotirdaman. Do‘kon eshigi tagida bir necha qutilarda biz terib kelgan idishlarga o‘xshash shishalar qalashib yotibdi. Shundan tushundim-ki, armanilardan boshqa askarlar ham kelgan bu yerga, do‘konchi esa endi shisha sotib olmayman, tavba qildim, demoqchi shekilli.
Shu payt tepalikdagi sherigimiz xavotirli qo‘l siltay boshladi. Men shoshilib eshikni ochdim-da, Ibrohimga baqirdim: “Patrul kelyapti, qochdik!”
Lekin Ibrohim ushlagan narsasini qo‘yib yuboradiganlar xilidan emas. U peshtaxta ortida turgan olmon ustiga bostirib bordi-da, “Halt! Ix shissen!” deb baqirib yubordi. Bunaqangi muomala kutmagan do‘konchi qo‘rqqanidan qopchiqqa pivo va kolbasalarni apil-tapil tiqa ketdi. Ibrohim qizarib, bo‘rsillab turgan javdar noniga ishora qildi, do‘konchi to‘lib qolgan qopchiqqa uni ham soldi. Qopchiqni qo‘liga olgan Ibrohim do‘kondan o‘qdek uchib chiqdiyu biz o‘rmonga tomon chopdik.
Chopayapmanu kulgudan o‘zimni to‘xtata olmayman. O‘rmonga yetib olgach yotvolib, qornimni changallab kulaman. Ibrohim yelkasida qopchiq, hansillab, menga hayron boqadi.
“O‘rtoq, chatoq bo‘ldi. Bu qilgan ishimiz bosqinga o‘xshab qoldi-ku”, deyman kulgudan zo‘rg‘a o‘zimni to‘xtatib.
Askarlarga olmon tilida bor-yo‘g‘i uchta, “To‘xta, kim kelyapti? To‘xta, otaman! To‘xta, ortingga qayt!” degan bo‘yruqlar yodlatilgan edi, xolos. Ko‘pchilik askarlar shuni ham eplab yodlolmasdi. Ibrohim do‘konchiga “To‘xta, otaman!” deb baqirgan, ustiga ustak, qo‘lida avtomat tutib turgandek dag‘dag‘a qilgandi. Buni aytganimdan keyin Ibrohimning o‘zi ham hiringlab kula boshladi.
“Jonga tekding, tez bo‘l, demoqchi edim. O‘zi tushunmasa, men nima qilay!” dedi. Keyin yana kuldi:  
“Qanaqasiga bosqin bo‘lsin? Uch qop shisha qoldirdik-ku! O‘zi bunaqangi qo‘pol, to‘pori olmonni birinchi ko‘rishim.”  

Paypoqda kelgan “demokratiya”

Nihoyat, xizmatim tugashiga olti oy qolganda, Ittifoqda yuz berayotgan oshkoralik va demokratiyaning aks sadolari Olmoniyaning ovloq bir go‘shasida bo‘lgan diviziyamizga ham yetib keldi. Polkimizdagi komandirlar almashdi, yangi kelganlari endi askarlarga boshqacha munosabatda edi. Harbiy intizom masalasi jiddiy ko‘tarildi. Yangi komandir rotamiz, katta leytenant Gavrilov ajoyib odam ekan, askarlarning sog‘lig‘i haqida qayg‘uradigan biz ko‘rgan ilk zobit bo‘lib chiqdi.
“Nega hammalaring poluchkani oliboq chepokka chopasizlar,” dedi u birinchi haftdayoq. “Chepok” deb askarlar do‘koniga aytilar, “poluchka” esa askar maoshi edi.
“Ko‘rdim, bor pullaringni faqat konfetga sarflayapsizlar. Buning o‘rniga sut-qatiq, meva olib yesalaring bo‘lmaydimi? Askar ovqati karam va kartoshkadan boshqa narsa bo‘lmasa, organizm uchun kerak vitaminlarni qayerdan olasizlar?” dedi hayron bo‘lib. “Vitamin” so‘zini ko‘pchilik birinchi marta eshitishi edi.  
Askarning maoshi 25 olmon markasi edi. 10 marka yoqaga tikiladigan oq surp, tish pastasi, ustara va etik moyiga ketardi. Ko‘pchilik askarlar har oy 5 markadan xizmati oxirlab qolgan “dembel” hamyurtiga berardi. Bermaganlarga zug‘um ham qilinardi. Ba’zi askarlar kimdan ko‘proq panoh topsa, o‘shanga 5 marka berardi, bu degani pulga “himoyachi” sotib olinardi. Qolgan pulga, agar o‘g‘irlatib qo‘ymasa, faqat shirinlik olib yerdi. Askarlar xush ko‘radigan eng ommaviy shirinlik shokoladli yeryong‘oq edi.
Kunlarning birida ertalabki siyosiy o‘quv mashg‘uloti payti Gavrilov yangi “tartib-qoida” haqida e’lon qildi:
“Hurmatli askarlar (bu biz uchun yana bir yangilik edi)!  Sizlarning diviziyangiz haqida avval ko‘p eshitgandim, dovrug‘i doston bo‘lgan. Lekin endi hammasi o‘zgaradi. Shu bugundan, shu soatdan e’tiboran pol yuvish, oshxonada navbatchilik qilish kabi xo‘jalik ishlarini bajarishdan bosh tortgan askarlarni avvalgi komandirlar kabi kaltaklab o‘tirmaymiz. Bunday askarlarga nisbatan harbiy nizomda belgilangan chora qo‘llanadi. O‘zi bajarishi lozim bo‘lgan ishni boshqa kuchsiz askarga bajartirganlarni ham xuddi shunday qonuniy jazo kutadi.”
Xo‘jalik ishlarini bajarishdan bosh tortgan askar “bedov” degan nomga da’vogar chiqardi. Zobitlar bunday askarni bir necha oy muntazam ravishda kaltaklab, turli qiynoqlarga solardi. Agar u shundan keyin ham jismonan va ruhan omon qolib, xo‘jalik ishlarini bajarishdan bosh tortaversa, bedov deya tan olinar va unga endi hech kim e’tiroz bildirmasdi. Harbiy nizomga ko‘ra, buyruqni bajarishdan bosh tortgan askar jazoga tortilishi, hatto olti oy yoki bir yilga jazo bataloni, dicbatga jo‘natilishi mumkin edi. Dicbatdagi “umr” harbiy xizmat muddatiga kirmaydi. Bir yil dicbatda bo‘lgan askarning xizmat muddati uch yilga aylanadi.
O‘sha payt dicbatlarda joy qolmaganmi, zobitlar bedov askarni tribunalga topshirmas, qo‘lidan kelsa sindirar, eplay olmasa o‘z holiga tashlab qo‘yardi.  Zobitlar harbiy tribunalga arz qilmagani evaziga askarlarni jismoniy qiynoqqa solish uchun ma’naviy huquqni qo‘lga kiritgandek bo‘lardi.
Gavrilovning bayonoti endi bedov maqomini qo‘lga kiritayotgan askarlarni sarosimaga soldi. Ulardan biri, Tog‘li Badaxshondan bo‘lgan, bo‘yi ikki metr keladigan Tagayev, e’tiroz bildirdi:
“Bu qanaqasi, o‘rtoq komandir? Mayli, meni sindirish uchun xohlagancha kaltaklang, gauptvaxtga tashlang, chidayman, hech qayerga arz qilmayman. Lekin nima keragi bor bu ishni harbiy sudga oshirishning. Men erkakman, qiynoqlaringizga chidayman, siz ham erkak bo‘ling!”
Tagayev o‘zicha haq. U yaqin bir yillik qiynoqlardan keyin endigina bedov askarga aylanayotgandi. Tortgan uqubatlari evaziga endi ko‘radigan rohatdan ayrilmoqda. Oxirgi marta uni qish chillasida poli yaxmalak bo‘lib muzlab yotgan tualetga yalang‘och holda osib qo‘yishgandi. Tundasi u bir amallab arqonni uzib, ikkinchi qavat derazasidan o‘zini tashlab qochib qolgan. Karam omboridagi hamyurti unga eski ust-bosh topib, bir kun saqlagandan keyin, o‘zi rotaga qaytib kelgandi. Uning uyiga yozgan xatlarini zobitlar ochib ko‘rardi, chunki u to‘xtovsiz uyidagilarga yolborar, nima qilib bo‘lsa ham meni bu yerdan olib ketinglar, yo‘qsa o‘lib ketaman, deya maktub bitardi. Keyinroq zobitlar uni qiynoqqa solishni bas qilishdi.     
Tagayevning da’vosini eshitgan Gavrilov kulib qo‘ydi, biroz o‘ylanib, o‘ta jiddiy va qat’iy tusda javob qaytardi:
“O‘rtoq askar, zalda o‘tirganlarning bari erkak va inson o‘laroq hech birining sizdan kam joyi ham yo‘q. Qonun va harbiy nizom oldida hamma barobar. Qonunni buzdingizmi, marhamat, qonunga binoan javob bering. Gap tamom!”
Bir yil avval batalon komandirining siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, kirpi mo‘ylovli, qorindor mayor shunga yaqinroq gaplarni aytgandi, bir bedov askarni sindirishga urinib ham ko‘rgandi. Tasodifni qarangki, ozarbayjonlik bu askarning familiyasi ham Tagayev edi.
Mayor batalonimizdagi uchta rotani safga tizib, Tagayevga yerda yotgan tamaki qoldig‘ini olishga rasman buyruq berdi. Tagayev indamay turaverdi.
“Oddiy askar Tagayev! Ikkinchi marta buyruq beraman, agar bajarmasang, harbiy tribunalga topshirilasan,” dedi yana gavdasini g‘oz tutib, o‘ng qo‘li kaftini peshonasiga tirab. Tagayev miq etmadi. Mayorning yuzi o‘ta jiddiy tus oldi:
“Sovet Ittifoqi nomidan buyuraman! Oddiy askar Tagayev, tamaki qoldig‘ini yerdan ol!”
Uch yuz askar ko‘zi oldida ro‘y bergan bu tomosha yarim soatga cho‘zilsa-da, undan hech bir naf chiqmadi. Mayor oxiri askarlarga tarqalishga ruxsat berdi va Tagayev masalasini alohida ko‘rib chiqamiz, deya po‘pisa qilib qo‘ydi. Tagayev bu tomoshada o‘zini g‘olib hisoblab, battar quturdi, zamona yana zo‘rniki bo‘lib, ojizlar xo‘rlanaverdi.
Xudoning ofati bo‘lmish Tagayev haqida shu o‘rinda alohida to‘xtab o‘tish joiz bo‘lsa kerak, zotan, bunday xarakterdagi odamlar kamdan-kam uchraydi. Bo‘yi naqd ikki metr, ma’nosiz ko‘zlarini hamisha qisib turadigan bu askar berahmligi bilan tanilgan bo‘lib, goho o‘zini ovsarga solib vaziyatdan chiqish darajasida ayyorligi ham bor edi. U uchinchi vzvodning uchinchi bo‘linmasida edi. O‘zbeklar bilan armanilar orasidagi ziddiyat barham topib, hamma o‘zi bilan o‘zi ovora bo‘lgan kezlarda u o‘zining vzvodidagi o‘zbeklarga cheksiz zulm o‘tkaza boshladi. Olti oylik serjantlik maktabidan kelgan bir o‘zbek serjantini bir oyda obro‘sini to‘kib tashladi, birorta buyrug‘ini bajarmadi, yoniga kelsa urdi. Zobitlar bu o‘zbek serjantini atayin Tagayev bo‘linmasiga jo‘natgan edi. Bir oy yuz-ko‘zi shishib yurganidan keyin uning serjantlik unvoni va bo‘linma boshlig‘i lavozimidan oddiy askarga tushirib yuborishdi.
Bir jihatdan bizning polk “serjantlar kushandasi” deya nom qozongandi. Serjantlik maktabidan har olti oyda kamida uchta serjant kelardi rotamizga. Ikki-uch oyda hammasi unvonidan ayrilib, oddiy askarga aylanib qolar, buning uchun hamma birdek harakat qilar, ya’ni serjant buyrug‘ini bajarmas, betiga qarab so‘kinib turaverar, kuchi yetsa urardi. Ayrim serjantlar o‘z arizasi bilan oddiy askarlikka tushirilardi. Ikki yil xizmatim davomida serjantlik maktabidan kelganlarning faqat uch nafari unvonini saqlab qololdi. Ulardan biri o‘zbek serjanti edi, biroq uning uchun o‘zbeklar astoydil harakat qilishiga to‘g‘ri keldi. U buyruq berganida kavkazliklar buysunmasa-da, o‘zbeklar jonbozlik ko‘rsatgani uchun ishlari yurishib ketdi. Tagayev unga ham yopishib ko‘rdi, lekin bu gal o‘zbeklar hamjihat bo‘lib, bu serjantni himoya qila oldik. Odatda serjantlar rotaning o‘zidan, boshqalarga gapi o‘tadigan askarlar orasidan saralab olinardi. Avvalroq eslaganim Ibrohim ham keyinchalik serjant bo‘ldi, lekin rus tilini yaxshi bilmagani uchun bo‘linma boshlig‘i darajasida qoldi.
Batalonimizda bir ozarboyjon praporshik bo‘lardi, kamgap, biroz kulib turadigan, ko‘ngli ochiq odam edi. O‘sha payt Ozarbayjon rahbari Heydar Aliyev poraxo‘rlikda ayblanib, Politbyuro a’zoligidan olingandi. Men rotamiz zampoliti buyrug‘iga ko‘ra Aliyevning suratini lenkomnataning to‘rida turadigan Politbyuro a’zolari orasidan olayotgan paytim o‘sha ozari praporshik kirib qoldi.
“Qara-ya! Bizlardan o‘zi bitta Politbyuro a’zosi chiqqandi, shuni ham ko‘p ko‘rishdi”, dedi u menga o‘z qayg‘usiga hamdard qidirgandek.
“Bizlardan emas, sizlardan!” dedim men “sizlar” so‘ziga urg‘u berar ekanman, oramizda hech qanday yaqinlik yo‘qligiga ishora qilib.
“Qo‘ysang-chi, biz musulmonlarmiz va yana turkiy tilli xalqlarmiz”, dedi u avvalgidek mahzun ovozda.
“Bu gapni millatdoshlaringiz, ana, Tagayevga aytib ko‘rganmisiz hech?”  
Praporshik yonimga keldi, qo‘limdan Aliyevning suratini oldi, unga tikilgancha gapini davom ettirdi:
“Tagayev! Uning hayvondan farqi yo‘q. U bir manqurt, unga e’tibor bermaslik kerak. Qolaversa, bu o‘tkinchi ikki yilda har kim har xil qiyofada yashab ko‘radi, xizmatdan keyingina o‘ziga qaytadi,” dedi u.
U qo‘limni qadrdonlardek qattiq siqib xayrlashdi va Aliyevning suratini olib ketdi. Uning bu gapidan keyin Tagayev ko‘zimga qo‘rqinchli emas, ayanchli odam sifatida ko‘rina boshlagandi.   
Mana endi bu ozari Tagayevning xizmati tugab uyiga ketgan, rotamizning yangi komandiri Gavrilovning bayonotini esa endi hamma jiddiy qabul qilishga majbur edi. Chunki atrofimizda boshqa o‘zgarishlar ham yuz berayotgandi. Bir oy avval ikkinchi vzvoddagi beozor, kamgap latish askar ta’tildan ikki kun kechikib kelgani uchun bir yil disbatga jo‘natildi. O‘zi askarga ta’til deyarli berilmasdi, lekin u uylangan bo‘lib, ikki farzandi borligi uchun nizomga ko‘ra, uyiga ta’tilga borishga huquqli edi.
Askarlar bilan zobitlar o‘rtasida intizom masalasida ochiq uchrashuvlar o‘tkazila boshlandi. “Vremya” yangiliklar ko‘rsatuvini ko‘proq ko‘radigan bo‘ldik.
Aslida o‘zgarishlarning ilk darakchisi paypoq edi. Avval yozganimdek, paypoq kiyish ta’qiqlangan bo‘lib, paytavani eplab o‘rash qiyin, kun bo‘yi poligonda chopadigan askarlarning oyog‘ini etik g‘ajib tashlardi. Endi esa askarlar do‘kondan paypoq sotib ola boshlashdi. Bu haqda buyruq bo‘lgani yo‘q, lekin hech kim buni ta’qiqlab ham o‘tirmadi. Tez orada “podtyajka”, shimni tepaga tortib turish uchun yelka osha tashlanadigan tasmaga ham ruxsat bo‘ldi.   
Gavrilov jangovar mashqlarni ham o‘zgartirib yubordi. Nizomga ko‘ra, har bir vzvoddan to‘rttadan askar PTUR (Protivotankovaya upravlyayemaya raketa) bo‘linmasiga birlashtirilgan edi. Ular trevoga paytlari uzunligi bir yarim metr yashil qutilarni ko‘tarib chopardi. Poligonga chiqqanimizda Gavrilov o‘sha qutilarni saf oldiga qo‘ydi va ichidagi narsalarni kim ko‘rgan, deb so‘radi. Hech kim miq etmadi. Hatto ba’zi zobitlar ham ko‘rmagan ekan. Keyin u qutilarni ochib, ichidan raketalarni chiqardi, kichik uskuna ustiga o‘rnatdi va qanday otilishini ko‘rsatdi. Lekin otib ko‘rsatmadi, bitta raketa ming dollardan oshiq turishini aytdi. U paytda dollar nimaligini kim bilib o‘tiribdi!?
Gavrilov juda xushchaqchaq, ko‘ngli yumshoq odam chiqib qoldi. Bir gal keng ko‘lamli jangovar mashqlarda ishtirok etish uchun Drezden atrofidagi ulkan poligonga bordik. Bu gal bizning diviziya himoyada turishi kerak edi. Rotamiz, o‘rmon chetidan boshlanadigan katta sayhonlikda handaq qazishni boshladi. Men esa rota boshqarmasida bo‘lganim uchun jangovar mashqlarda Gavrilov yonida bo‘lishim kerak va biz  o‘rmon chetidagi tepalikka o‘rnashdik. U bir alyumin jomadonni ochdi, ichidan televizor ekraniga o‘xshash monitor, likopcha singari antenna chiqdi.
“Bu nima?” so‘radim undan. U kuldi.
“Bu tungi harakatlarni ilg‘aydigan monitor. Lekin bu allaqachon eskirib bo‘lgan, yigirma yillik matoh, biror marta ishlatilmabdi, haligacha sandiqda yotgan ekan,” dedi u. Biz yana boshqa aslahalarni ham sinab ko‘ra boshladik.   
Rotamiz askarlari esa kun bo‘yi handaq qazishdi, ularning quvnoq ovozlari tepalikkagacha yetib kelardi. Men bu xushchaqchaqlik sababini bilish uchun ularning yoniga tushib keldim va hayratdan og‘zim ochilib qoldi. Bunday chuqur, ichida bemalol tik turib yursa bo‘ladigan handaqlarni, mana, xizmatimga tugashiga olti oy qolganda endi ko‘ryapman. Hamma xursand, belkuragini to‘ldirib-to‘ldirib tepaga tuproq otadi. Men belkuragimni olib yerga urdim, shig‘illab kirib ketdi, shundoq qum ekan. Ordrufda yer qattiq, toshloq va tuprog‘i saqichdek yopishqoq bo‘lgani uchun handaq qazish mashaqqat edi. Kun bo‘yi tizza barobar yer qazish mumkin bo‘lardi, xolos. Mana endi askarlar bu bo‘rsilloq, yumshoq yerni mazza qilib kovlamoqda, ayrimlar kalamush kabi handaqdan handaqqa yer osti yo‘li ham kovlab tashlabdi. Buni yozishimga sabab, zavq va g‘ayrat bilan handaq qaziyotgan askarlarni kuzatar ekanman, bunday ommaviy shodlikni bor-yo‘g‘i ikki marta, dastlab katta jangovar mashqlar payti ishg‘ol qilishimiz lozim bo‘lgan tepalik qolib, maymunjon va xo‘jag‘at terib yeganimizda, keyinroq chegara yaqinidagi o‘rmonda 20 kun hordiq olganimizda ko‘rganim yodimga tushdi.
Xizmatim oxirlab borar ekan yangi-yangi o‘zgarishlar yuz berar, ko‘p narsalar endi avvalgilariga o‘xshamasdi. Polkning askarlar oshxonasi mudiri, armani praporshik qamaldi. O‘sha kundan e’tiboran bizga kechki ovqat payti ham oq qand va sariyog‘ bera boshlashdi. Avval sariyog‘ va oq qand faqat nonushtaga berilardi. Ombor mudiri necha yillardan buyon bu mahsulotlarni diviziyadan tashqarida xaridor topib, sotib yurgan ekan, agar polk oshxonasi bir yarim ming nafardan ziyod askarga mo‘ljallangan bo‘lsa, bu tonna-tonna sariyog‘ va shakar degani edi.
Askarlar uyiga jo‘natishi uchun zobitlar saroyiga borib suratga tushishlariga ruxsat berildi. Xizmatga yangi kelayotgan yosh askarlar endi siyosiy jihatdan ilg‘or, oldingidek sodda va to‘pori emasdi.
Men ko‘proq vaqtimni lenkomnatada albom bezash bilan o‘tkazardim. Xizmatim oxirlagan sari birovning men bilan ishi bo‘lmas, boshqa qismlardagi hamyurtlarimni ko‘rgani borar, dembellik uchun zarur narsalarni to‘plardik. Chunki dembellikning ham o‘ziga yarasha mas’uliyati bo‘lib, xizmati oxirlab qolgan askar o‘z obro‘siga yarasha kiyinishi, qilichdek bo‘lib yurishi lozim edi.
Xizmatning birinchi yili, jismoniy va ruhiy zo‘riqish damlarida yaxshi ko‘rgan qizimdan to‘xtovsiz kelayotgan xatlarga javob yozmay qo‘ygandim. O‘rtada maktub tashuvchilik qilgan o‘rtog‘im men ko‘ngil qo‘ygan qizning turmushga chiqib ketganini yozibdi. “Birorta ham xatiga javob bermading-ku o‘zing!” deb meni koyibdi u. Yigiti harbiy xizmatda ekanida turmushga chiqib ketgan qizlar, sevgilisidan ayrilgan askar iztiroblari haqida ko‘p o‘qigan va eshitgan edim. Lekin negadir men o‘rtog‘imdan kelgan xatga deyarli e’tibor bermadim. Go‘yo bu xatning, bu voqeaning menga hech qanday aloqasi yo‘qdek. Go‘yoki men bir umr askar bo‘lib qoladigandek edim. Uyga har zamonda bir yozadigan xatlarim ham to‘rt enlikdan oshmasdi, nimani yozishni bilmasdim.
Endi yangi kelgan askarga bir marta ko‘z tashlab, bu gavda, bu vujud egasi ikki-uch oydan keyin kimga aylanishini bilib olardim. Birov birovni tahqirlayotgan, xo‘rlayotgan, kimdir kimnidir narsasini tortib olayotgan bo‘lsa, beparvo o‘tib ketaverar, avvalgilardek iztirobga tushmasdim.
Yodimda, xizmatim tugab uyga borgandan so‘ng bir-ikki oy xayolparast bo‘lib yurgandim. Tomorqamizga o‘tib o‘rik tagida yoki ariq bo‘yida soatlab parishonxotir o‘tirardim. Nima haqida xayol surayotganimni goho o‘zim ham bilmasdim. Otam bir kuni kechqurun buning sababini so‘rab qoldi. Xizmat qanday kechgani, meni bu darajada o‘zgartirib yuborgan qanday voqealar ro‘y berganini surishtirdi. Men hech narsa demaganman. Qo‘rqib ketganman, agar otam mening boshimdan o‘tkazganlarimni eshitsa, sho‘ro hukumatini hurmat qilmay qo‘yadi, kommunistlar partiyasidan ko‘ngli qoladi, bu esa oilamiz boshiga kulfat keltirishi mumkin, deb o‘ylaganman. O‘sha kezlar faqat men emas, ko‘pchilik shunday o‘ylagan bo‘lsa kerak. Hali Turkmaniston cho‘lida ekanimizdayoq uyga shunday xat yozardik:
“Sog‘inchli salomim tez kunlarda yetib ma’lum bo‘lsinkim, o‘shal go‘zal va qadrdon qishlog‘imda o‘ynab-kulib yurgan mehribon onajonimga deb bilgayman. Eson-omon yuribsizlarmi? Mendan xavotir olmanglar. Bizda hammasi yaxshi. Harbiy xizmat mazza ekan, qiyinchilik va kamchilik yo‘q. Zobitlar mehribon, ovqatlari yetarli va juda mazali, kamiga har oy poluchka olamiz va ko‘nglimiz tusagan narsani askar do‘konidan sotib olib yeymiz. Ushbu xatimni o‘qiganlar va eshitganlarga ham salomimni yetkazarsiz. Sizni sog‘inguvchi o‘g‘lingiz…”
Ikki yil o‘tib qoldi-ku, xatning mazmuni va hajmi o‘sha-o‘sha.    
Lekin rota komandirimiz Gavrilov ko‘p narsalarni o‘zgartirishdan ojiz va bu uning xohishiga bog‘liq emasdi. O‘g‘irlik hamon hammamizni, hatto dembellarni ham har qadamda ta’qib etardi. Men endi aksar paytlari oshxonaga safda yurmasdan, o‘zboshimcha borar yoki rota boshqarmasida bo‘lganimdan foydalanib, xohlagan vzvodga qo‘shilib olardim. Bir gal tushlikka yolg‘iz bordim, stolga o‘tirganimdan keyin boshimdagi telpakni yonimga, uzun kursiga qo‘ydim. Odatda ovqatlanish payti o‘g‘irlab ketmasliklari uchun telpakning quloqchinlari beldagi kamar orasidan o‘tkazib olinadi, biroq bu ish dembelga yarashmas edi. Dembellar va o‘z obro‘siga ega askarlarning telpagi to‘rtburchak shaklda bo‘lib, tik qirralari va to‘q rangi bilan alohida ajrab turadi. Buning uchun telpakning quloqchinlari ochilmaydigan qilib tikiladi, so‘ng qirralari tikka bo‘lsin deb to‘rtta yoki beshta kitob kiydiriladi, odatda to‘rtta harbiy nizom yo kommunistlar partiyasi anjumanlari to‘plamidan beshtasi yetadi. Bu kitoblarga kiydirilgan telpakka endi etik moyi ayamay suriladi va ustiga ho‘l mato tashlab obdon dazmol bosiladi. Oddiy, pachoq va hurpaygan askar telpagi to‘rt qirrali, rangi yorqin ko‘kdan to‘q kulrangga tortgan, odam qarasa havas qiladigan bosh kiyimga aylanadi.
Xullas, dembellarga xos xotirjamlik bilan ovqatlanib bo‘lgach, ne ko‘z bilan ko‘rayki, telpak joyida yo‘q. Dembel askarning boshyalang‘och yurishi qanday sharmandalik ekanini aytishga hojat yo‘q, albatta. Bir yil avval kamarimni o‘g‘irlab ketishgan paytdagi ahvolim, kamar o‘g‘irlash majburiyatidan tug‘ilgan azobli o‘ylar yodimga keldi. Biroq men endi g‘o‘r askar emasdim. Baxtimga artilleriyachilar bataloni qatorlashib kirib keldi. Ulkan zalning u chetidan bu chetiga yurib, nihoyat menikiga o‘xshab zo‘r ishlov berilgan telpagini kursiga qo‘yib, o‘zi bamaylixotir ovqatlanayotgan askarga ko‘zim tushdi. Baxtimga, u kursining eng chetida o‘tirgandi, telpagi ham yo‘lak tomonda. Askarlar yo‘lakda tig‘izlashganda shaxdam qadamlar bilan bordim-da, telpakni epchillik bilan olib, ortimga yashirdim, hech qayerga o‘girilmay oshxonadan chiqib ketdim. Hech kim sezmadi. Polkimiz tomon ketib borayapmanu sharmandalikdan qutulib qolganimdan o‘zimda yo‘q xursandman, mana endi shu armiyaga xos va mos askar bo‘ldim shekilli, deya qilgan ishimdan g‘ururlanib qo‘yaman.   

Askar lug‘ati

Albomlarni bezash chog‘i ko‘plab dembellar ichki sahifalariga hajviy “Askar lug‘ati”dan parchalar yozib berishimni so‘rardi. Yillar davomida to‘plangan hazil-mutoyibali lug‘at juda boy bo‘lib, askar xizmat qilayotgan qismdagi vaziyatga ko‘ra bir so‘zga turlicha izoh berilardi. Men esa yodimda qolgan hajviy izohlarning ba’zilarini aziz o‘quvchi bilan baham ko‘rmoqchiman. Ularga alfavit tartibida emas, voqealar silsilasiga ko‘ra tartib berdim:

Armiyaga chaqiruv – Vaznsizlikka sakrash.
Chaqiriluvchilar – Jannatdan quvg‘in qilinganlar.
Armiya – 730 marta takrorlanadigan bir kun.  
Xizmatning birinchi yili – Aybsiz aybdorlar.
Xizmatning ikkinchi yili – Quvnoq yigitlar.
Karantin – Taqirboshlar to‘dasi.
Qasamyod – Ortga yo‘l yo‘q.
Bo‘linma – Qonxo‘r bo‘ri va yetti qo‘zichoq.
Kurilka (chekish joyi)  – Harakatdagi vulqon.
Oshpaz  – Armiyada kim yaxshi yashaydi?
Kaptyorka (rota ombori)  – Xazinalar oroli.
Omborchi  – Bag‘dodlik o‘g‘ri.
Hammom – Qanday bo‘lsang shundayligingcha qolding.
Ta’til – Dunyoni larzaga solgan 20 kun.
Kirza etik – Yigirmanchi asr mo‘jizasi.
Paytava – Dunyoning sakkizinchi mo‘jizasi.
“Otboy” (uxlashga buyruq) – Men seni sevaman, hayot.
Pod’yom (ertalab uyqudan turishga buyruq) – Men qayerdaman o‘zi?
Trevoga – Onajon, nega keldim bu dunyoga?
Chopar – Dom-daraksiz yo‘qolgan askar.
Ertalabki tualet – Ulgurmagan kechikdi.
Tonggi jismoniy tarbiya – Ertalabki qatl.
1 kilometrga chopish – Hech kim o‘lishni xohlamaydi.
5 kilometrga chopish – O‘liklar va tiriklar.
10 kilometrga chopish – Ularning faqat yuzi tanish edi.  
Oshxonaga yo‘l – Hayot yo‘li.
Oshxona – Odamlar va yirtqichlar.  
Oshxona eshigidan kirish – Qishki saroyning olinishi.
Nonushta – Tirik qolish uchun kurash.
Tushlik – Aldanganlar va xo‘rlanganlar.
Kechki ovqat – Puchga chiqqan umidlar.
Oshxonadagi askar – Qiruvchi.
Oshxonadagi navbatchi vzvod – Ali bobo va qirq qaroqchi.
Oshxonaga safdan tashqari yakka borish – Razvedkachining jasorati.  
Non kesuvchi – Qo‘lga tushmagan o‘g‘ri o‘g‘ri emas.
Sariyog‘ – Baxtning bir bo‘lagi.
Oshxonada idish-tovoq yuvish xonasi – Muz ustida uchish.
Pol yuvish – Oqqush ko‘li.  
Plats (Askarlar safda yurishni mashq qiladigan maydon) – O‘limlar vodiysi.
Askar maoshi – Salom va xayr.
Askar – Pasportsiz odam.
Rota navbatchisi – Daraxtlar tik turib jon beradi.
Rota navbatchisi tualetda – Xazina qidiruvchi.
Naryad (rotada navbatchilik qilish) – Uch mushketyorlar.
Navbatchilikdan so‘ng – Tirik murda.
Navbatsiz naryad – Jinoyat va jazo.
Kasalxonadagi askar – Odamlar, menga ishoninglar!
Gospital – Do‘zaxdagi jannat.
Patrul – Temur va uning komandasi.

Soqchi askar qo‘shig‘i

Dunyoda yoqimli tovushlar ko‘p. Lekin ularning orasida eng yoqimli va ardoqlisi xanjar dastasining avtomat miliga urilganida chiqadigan tovushdir.
Tunda, zulmat o‘rmon qa’rida, o‘q-dori omborining uzundan-uzun devori bo‘ylab ketgan va o‘rmon tomoni simto‘r bilan to‘silgan tor yo‘lakdan g‘irch-g‘irch qor bosib borayotgan soqchi askar ilkis to‘xtab, uzoqdan kelayotgan sasga quloq tutadi. U simyog‘ochdagi xira chiroq shu’lasi tushib turgan joyga tezroq yetib olish uchun ildam qadam tashlaydi. Lekin oyog‘idagi piyma, egnidagi og‘ir va uzun po‘stini yurishga xalaqit beradi, ustiga ustak, tizza barobar qorda ochilgan iz tor, sal nojo‘ya qadam tashlansa yiqilish mumkin. Xira chiroq shamolda qimirlab, shu’lasi qalin daraxtzor bag‘rida qo‘rqinchli ko‘lankalar paydo qiladi. Askar bu ko‘lankalar tomonga qaramaslikka tirishadi, po‘stinning mo‘yna yoqasini tushirib, qulog‘ini izg‘iringa tutib, butun vujudi bilan eshitishga harakat qiladi.
Adashmadimmikin!? Askar juda ko‘p bor adashgan, turli tovushlar ham uning qulog‘iga xuddi o‘sha najotkor sas kabi eshitilgan. Ko‘ngli ko‘p marta aldangan. Endi eldan avval nog‘ora qoqib, behuda shirin xayollar og‘ushiga berilmoqchi emas. U simyog‘och tagida to‘xtab, chiroqning qizg‘ish shu’lasida g‘ujg‘on o‘ynab uchayotgan tig‘iz qor parchalarini kuzatadi, qorning shitirlashi orasida o‘sha o‘ziga tanish va qadrdon, orziqib kutadigan tovushni izlaydi.
“Shirq, shirq, shirq” etgan tovush eshitilgandek bo‘ladi. Ha, juda uzoqdan bir maromda ojiz bir sas kelyapti. “Shirq, shirq, shirq…” Askar vujudi quloqqa aylanib tinglaydi. Axir bu – issiq go‘sha, shirin uyqu, shirin taom tovushidir ham. U bir lahza yuzida iliq taft, uyqusiz ko‘zlarida orom, muz qotgan oyoqlarida issiqlik, og‘zida ovqat ta’mini tuygandek bo‘ldi. Chunki tovush aniq eshitila boshlagandi. Endi adashish, aldanish mumkin emas. Tobora balandroq jaranglayotgan tovush endi  askarga baralla eshitilib, o‘rmonning tub-tubiga singib ketyapti.
Ha, bu avtomat miliga kiydirilgan xanjarning askar qadamiga monand shirqillashi edi. Bu qorovulda muz qotib, qorni ochqab, bir lahza ko‘z yumib olishga zoriqqan askarni almashtirish uchun kelayotgan qorovul tarqatuvchi bo‘linma. Serjant va askarlarning yelkasiga ilingan avtomatlar ularning qadamiga monand silkinadi va har silkinganda uchidagi xanjar shirqillaydi. Ana o‘shanda “shirq” etgan tovush qor va zulmat qo‘ynidagi o‘rmon bo‘ylab taraladi, qorovuldagi askar qulog‘ini ding qiladi.
Oltinchi post qorovul binosidan juda uzoqda joylashgan, serjant boshqa postdagi askarlarni almashtirib kelguncha, bir yarim soatdan ziyod vaqt ketadi. Nizom bo‘yicha askar postda ikki soat turishi lozim. Biroq oltinchi postga yetib kelguncha vaqt hisobga olinsa, bu yerdagi askar to‘rt soatga yaqin qorovullik qilishi kerak. Lekin almashish vaqti baribir keldi-ku, u shunga xursand, egnidagi po‘stinni yechib, yangi soqchiga beradi, tanasi yengil tortish barobarida izg‘irin sovuqni his qiladi va bo‘linmaga qo‘shilib qorovul binosi tomon oshiqadi, soatlab kutgan tovush endi qulog‘i ostida yangraydi.
U qorovul binosiga yetib kelgach qurolini devordagi yog‘ochdan yasalgan maxsus moslamaga qo‘yadi, sovqotgan qo‘llari qaltirab o‘qdonni chiqaradi va avtomat zatvorini tortib, keyin tepkini bosadi, “tars” etgan tovush qurol ichida o‘q qolmagannini bildiradi. Qorovul binosiga kirib borganida yonbosh xonada quritilayotgan ho‘l piymalar va paytavalarning hidi keyingi xonadan chiqayotgan ovqat hidiga omuxta bo‘lib askarning dimog‘iga uriladi. Judayam totli hid.
Apil-tapil ovqatlanishdan so‘ng bo‘linma qorovul boshlig‘i oldida saf tortadi. Qorovullikdan kelgan askarlar endi ikki soat “sergaklik” navbatini o‘tash kerak. Bu paytda ular qo‘liga harbiy  nizomni olib, qorovul vazifasi va majburiyatlarini yodlashga tushadi. Ovqatdan so‘ng ko‘ziga uyqu ilingan askarlar zo‘rg‘a kitobga tikilib, har gal qorovulga kelganida yodlashga majbur bo‘lgan moddalarni kimdir hijjalab, kimdir sharillatib qayta-qayta o‘qiydi. Sergaklikdagi navbat yakunida nizomdan bitta moddani yod aytib bergan askar nihoyat dam olish xonasiga yo‘l oladi, biroq endi uxlash uchun yarim soatgina vaqt qolgan, xolos.
Nizomning biror bandidan uch-to‘rt qator yodlay olmaganlar uyqusiz qoladi, qorovul boshlig‘i qarshisida tik turgancha bir lahza bo‘lsa-da ko‘z yumib olishga mushtoq.
Yarim soatlik hordiqdan so‘ng askar uyquga to‘ymagan ko‘zlarini bazo‘r ochib yana o‘sha oltinchi post sari yo‘l oladi. Bir sutkada atigi uch-to‘rt soat uxlay olsa ham askar uchun post baribir eng tinch joy,  bu yerda uni hech kim bezovta qilolmaydi. U o‘zi bilan o‘zi qoladi. Yolg‘izlik, qisqa muddatga bo‘lsa-da askarning o‘ziga o‘zi xo‘jayin bo‘la olishi armiya hayotida katta baxt.  
Biroq bu baxtning o‘ziga yarasha tashvishlari bor. Kunduzi bir navi, soqchi minorasiga chiqib, po‘stinning yoqasini baland ko‘tarib, qush uyqusida turaverish mumkin. Tundagisi qiyin, ayniqsa, bugungidek qor urib yog‘ib tursa. Ulkan ombor atrofidagi soqchi yo‘lagini bir marta aylanib chiqqunicha yarim soatdan ko‘p vaqt ketadi, to‘xtab qolish mumkin emas, yo‘qsa, tizza barobar qordagi chuqur qadam izlarini qor ko‘mib, yurish mushkul bo‘lib qoladi. Qor yog‘ib tursa to‘xtash ham yo‘q.
Qishda qor va sovuq, qolgan fasllarda yomg‘irda jiqqa ho‘l bo‘lish o‘z yo‘liga, lekin uyqu bilan olishishga alohida matonat kerak. Postda uxlab qolish to‘ppa-to‘g‘ri gauptvaxtga borib tushish degani. Bir gal tik yurib ketayotganda uning ko‘zi ketib qoldi, ko‘zini ochsa osmonga qarab yotibdi, mayin qor zarralari yuz-ko‘ziga shitirlab tushyapti. Ehtimol, bir soniya, ehtimol, bir daqiqa uyquda bo‘lgan. U qo‘rqib ketib shosha-pisha o‘rnidan turdi, egnidagi qorni qoqdi va muzdek qo‘llari bilan yuzini ishqaladi. Uxlamadim, uxlamadim, derdi u o‘ziga o‘zi.
Armiyada uxlab yotgan har qanday askarni turtib uyg‘otib, “uxlayapsanmi” deb so‘ralsa, ko‘zini uyqudan ocholmayotgan askar “yo‘q, uxlamadim” deb javob qaytaradi. Bu hammaning qon-qoniga singib ketadi. Hech kim uxlaganini tan olmaydi. Bir o‘zbek askar soqchi minorasiga chiqadigan zinapoyaning birinchi pog‘onasida o‘tirgancha uxlab qolgan. Atayin qilgandek, qorovul boshlig‘ining o‘zi soqchi tarqatishga chiqqan ekan. Qorovul boshlig‘i uni gauptvaxtga jo‘natish oldidan postda uxlab qolgani haqida tushuntirish xati yozdirgan. U ruschani yaxshi bilmasdi, daslabki oylari bir og‘iz ham ruscha gapirolmasdi. Biroq uning yozgan xati keyin tillarda doston bo‘ldi. Mana u nima deb yozgandi:
“Stoyal na postu, xodil xodil, noga bolel, potom sidel. Kogda nachalnik karaul prishel glaza bыl zakrыt.”   
Rus tilida sanoqli so‘z biladigan bu sodda askarning tushuntirish xatida ham “uxladim” degan gapni aytmaslik uchun qilgan topqirligi hammani qoyil qoldirgan va qorovul boshlig‘i uni jazoga topshirmagandi.
Soqchi turgan askarning yana bir tashvishi qo‘rquvdir.
Qo‘rquv daf’atan keladi, hech kutilmaganda, hatto ba’zan eng shirin xayollar orasidan ham chiqib kelaveradi. Odatda qo‘rquv tungi soat ikki-uchdan keyin paydo bo‘ladi. Aytishadi-ku, dunyodagi eng mash’um va razil voqealar tunda yuz beradi deb.
Xira shu’lada yorishib turgan yo‘lakdan bilib-bilmay ko‘z uzish va zim-ziyo o‘rmon tomon nogoh nigoh tashlashning o‘zi kifoya, qop-qora daraxt ko‘lkalari ortida yashirinib yotgan neki siru sinoat bo‘lsa, bari yopirilib keladi. Xuddi quyosh charaqlab turgan osmonni bir damda qora bulut qoplab, momaqaldiroq gulduragandek, sharqirab oqayotgan zilol irmoqdan bo‘tana sel kelgandek.
Shirin xayollar ko‘proq bolalik bilan bog‘liq bo‘lgani bois u har qancha urinmasin yoshligida o‘qigan ertaklardagi jin va devlar, kattalar gapirib bergan qo‘rqinchli hikoyalardagi ajina va alvastilar har tomondan bosib kelaveradi. Ertak kitoblarda chizilgan qo‘rqinchli suratlar ko‘z oldida namoyon bo‘ladi-ki, ularning yuzidagi qo‘rqinchli ifoda, ajin bosgan yuzining bo‘rtiq chiziqlarigacha ko‘rinadi. Ayniqsa bolaligida o‘qigan kitoblardan biridagi, venger xalq ertagida har tun askar bilan shaxmat o‘ynashga keladigan boshida ulkan shoxi bor iblis xuddi o‘rmon ichidan chiqib kelayotgandek. Angola ertaklaridagi yovvoyi odamxo‘rlar, yunon rivoyatlaridagi minotavr to‘satdan oldidan chiqib qoladiyu, yana bir burchakdan olti qo‘lli odamlar o‘rgimchakdek o‘rmalab kelayotgandek tuyuladi.
Qo‘rquv shunday narsa-ki, uni yengish uchun chiranganing sari o‘rgimchak iniga ilingan qurbondek to‘rga tobora mahkamroq o‘ralasan. U etini jimirlatuvchi o‘y-xayollarni quvishga harakat qilgani sari ko‘ziga turli sharpalar ko‘rinayotgandek bo‘ladi. Ilkis so‘yloq tishli, sochlari patila yovuz ajina qurigan daraxt shoxlari kabi beso‘naqay barmoqlarini cho‘zgancha ortidan kelib bo‘yniga chang solmoqchidek ikki kuragining o‘rtasida muzdek og‘riq sezib, beli ichiga tortib ketadi. Qo‘rqqanidan shartta ortiga qaramoqchi  bo‘ladi, po‘stinning mo‘yna yoqasi balandligidan ortiga gavdasi bilan o‘girilishiga to‘g‘ri keladi, qordagi chuqur qadam izida oyog‘idagi beso‘naqay piymalar chalishib, yiqilib tushadi. “Voh” deb baqirib yuborganini sezmay qoladi. O‘rnidan tura solib, uzun po‘stinning barlarini qorda lapanglatib sudragancha chopadi. Yo‘lakning har ikki yuz metrida handaq kovlab qo‘yilgan, u o‘zini shu chuqurga tashlaydi-da, osmonga qarab g‘ujanak bo‘lib yotib oladi, avtomatini changallab “kim kelsayam, otaman” degan o‘yda shay turadi. Lekin birozdan so‘ng kula boshlaydi, o‘zining ahvolidan kulyaptimi, qo‘rqqanidan kulyaptimi, bilish qiyin.
Qanchadir vaqt o‘tgach avtomat saqlagichini tushirib, ko‘rsatkich barmog‘ini tepki ustida ushlagancha insu jinslardan qo‘rqish ahmoqlik ekani haqida o‘ylashga tushdi. Sovuq va uyqusizlik azobiga chidash mumkindir, lekin miyasini chulg‘ab olgan qo‘rqinchli xayollardan qutulish qiyin. U zulmat o‘rmon tomonga qarab hayqirdi, boloxonador qilib so‘kindi, keyin qo‘rquvni biroz haydagandek bo‘lib, yengil tortdi va baqirib ashula aytishga tushdi. Bu rostmana yordam berdi, sovuq, uyqu va qo‘rquv chekindi. U bolaligida eshitgan ashulalardan boshladi.
“La’lixon, hayda qo‘yingni boqaman,
Qo‘llaringga tillo uzuklar taqaman…”
Davomini bilmas ekan, shu bois “La’-li-xon, La’-li-xon” deb o‘n martacha bir xil naqoratni qaytardi. Keyin boshqa ba’maniroq qo‘shiq qidirdi.
“Oftob, oftob, xabar ber, oftob…” E-e, bo‘lmadi, na boshini na davomini eslay oldi.
“Yana senga tushdiyu ko‘zim,
Yana dardim qo‘zg‘aldi yangi.
Bir vaqtlar eding yulduzim,
Endi kimga yulduzsan, jonim.”
Bu qo‘shiqning musiqasini rubobda ham chalishni bilardi, avtomatini dutordek tutib, bearmon aytdi. Biroq yodida qolgan shu to‘rtlikni qaytaraverish tezda joniga tegib, yana boshqasiga o‘tdi.
“Oltin qanot qushlar uchsin, qushlar uchsin,
Bizni mudom baxtlar quchsin, baxtlar quchsin…”
Keyin bolaligida to‘ylarda eshitgan qo‘shiqlarga o‘tib ketdi: “Ayro-g‘ayro dam badam, oromijonim qaydasan…” Bu ham bo‘lmadi. Sho‘xroq qo‘shiq kerak.    
“Ohangaron yo‘llarida kallaklangan toli bor,
Qizlarining lablarida o‘rmalagan xoli bor,
O‘rmalagan xollarin lablarimda allalay,
Qo‘sh qanotli darvozangni kunda kelib randalay…”
To‘ylarda qo‘shiqning shu oxirgi so‘zlaridan keyin qiy-chuv ko‘tarilib, baqir-chaqir bo‘lardi, bo‘ydoq yigitlar go‘yo uvlab yuborardi. U esa tengdoshlari bilan to‘ydagi davrani biror daraxt yoki ishkom tepasiga chiqib olib kuzatardi. U kezlari to‘ylarda faqat  dutor va doira bilan qo‘shiq aytilar, naychi yoki surnaychi kelib qolsa bayram edi. Bo‘z yigitlar yerning changini chiqarib o‘yinga tushadi. Bular esa ishkomning tepasida turib narigi tarafdagi o‘rtog‘iga baqiradi: “anovini qara, qizil ko‘ylak, sochi yelkasiga tushgan, qo‘lini qara, qo‘lini, qanday qimirlatyapti,” “sen anovi qorinvoyga qara, likillashini ko‘r.” “Hey hammang! Yo‘l-yo‘l ko‘ylakka qaranglar, u o‘ynayaptimi yo  razvedkaga ketyaptimi!?” kimdir qichqirib qoladi, unga javoban yana qiyqiriqlar yangraydi: “Shtirlits-ku, Shtirlits!”
Keyinroq bo‘z yigit bo‘lganida u ham tengqurlari bilan bir-ikkita to‘yda davraga tushib ko‘rdi “qanot yozib misoli qush.” U yodiga tushgan yana bir qo‘shiqdan zavqlanib, bo‘yniga osilgan avtomatning qo‘ndog‘i va miliga bilaklarini qo‘ndirib muqom qildi, g‘irchillatib qor bosib  o‘yinga tushdi:
“Yaxshi yigit, yayra quvon,
Yo‘lga boqib chekma fig‘on,
Yor sanimi etdimi zor,
Etdimi zor qoshi kamon…”
Qo‘shiq unga anchayin ma’qul keldi, ohangiga muqom qilish ham yengilroq. Bu qo‘shiq ular endi bo‘z yigitga aylanayotgan, to‘ylarda haqiqiy “inqilob” yuz bergan kezlarda mashhur bo‘lgandi. “Inqilob” deyishining boisi otarchilarda “Ionika” degan eng zamonaviy cholg‘u asbobi paydo bo‘lgandi, ovoz kuchaytirgichlar esa to‘yxonani jaranglatib yuborardi. Ayniqsa, bu ionika deganlarining ovozida bo‘z yigitlarning ko‘nglini eritib yuboradigan nola bo‘lardi. Yigitlikning hamma romantikasi go‘yo o‘sha ionikaning ichida edi, ionika kelmay qolsa, to‘yini to‘xtatganlar ham bo‘lgan. Endi ular qo‘shiq so‘zlaridan ma’no va dard qidira boshlagan kezlar edi.  
“Seni ko‘rdim butoqda,
Gilos pishganda bog‘da,
Sening sevganing gilos,
Ayt-chi shu yolg‘onmi-rost,
Meni yaxshi ko‘rganim
Faqat o‘zingsan, xolos.”        
Yangi chiqayotgan qo‘shiqlar faqat bo‘z yigitlar dunyosi uchungina edi: “Bu tabiat, bu tabiat, bizni yaratgan, Bizni yolg‘iz qolmasin deb qizni yaratgan…”
Maktabni tugatib, sinfdoshlar qo‘liga harbiy chaqiruv qog‘ozi kela boshlagan damlarda ular butun dunyoni unutib, oqshomlari anhor bo‘yida ajriqqa yonboshlab olgancha magnitofondan taralayotgan kuyga endi o‘zgacha quloq tutishardi. U paytlar qo‘lda ko‘tarib yuriladigan “Vesna” degan magnitofon ommabop bo‘lardi. “Romantika” degani esa eng zo‘ri, chapanisi edi. Yigitlar tunlari ko‘chalarda magnitofon ko‘tarib daydishdan zerikmas, qo‘shiqlardan tobora ko‘proq dard izlashardi.
Esingdami tog‘ lolasini
Ko‘kragingga taqib qo‘yganim.
Esingdami dil navosini
Kuylab turib boqib qo‘yganim.
Esingdami buloq boshida
Ko‘ylagingga suv sachratib men,
Kulib qochganingda o‘shanda,
Quvlab sochlaringdan tortganim…”
Bu ashulani qayta-qayta aytar ekan, tomog‘i xirillab qoldi. Lekin to‘xtab bo‘lmasdi. Yorqin bolalik va yigitlik xotiralaridagi qo‘shiqlar tun, zulmat va o‘rmon vahshatini yaqin yo‘latmasdi. U eng ardoqli qo‘shiqlarni eslashga urinardi.
“Xayolingda qolay yosh bo‘lib,
Sevgi bilan sinfdosh bo‘lib.
Oyni koptok qilib o‘ynagan
Shaydo yigit qora qosh bo‘lib…”
Ajriq shoxasini tishlab, oyga boqqancha chalqancha yotgan yigitlarning “oyni koptok qilib o‘ynagan” degan joyida shodon qiyqirib qo‘yishgani ko‘z oldiga keldi.
“Sochlarimning oqin sanama,
Yaralarni ochib yamama.
Sudraluvchan bo‘lish dahshatli,
Yuragimga olov qalama…”
U qo‘shiqni o‘ninchimi bor takrorlayotganida “Sudraluvchan bo‘lish dahshatli…” dediyu ovozi tuyqus g‘ippa bo‘g‘ildi. “Sudraluvchan” degan so‘zdan badanida titroq turdi, oniy lahlazalarda kallasini qo‘rqinchli o‘y-fikrlar butkul chulg‘ab, yana qo‘rquv iskanjasiga tushdi.
“Ular qorda, o‘rmon ichida  sudralib kelayotgan bo‘lsa-chi!? Ular anchadan buyon kuzatib yotishgan bo‘lsa-chi…” Amerika va g‘arbiy Olmoniya diversantlari aslaha omborini portlatish uchun kelib, daraxtlar ortida, qor uyumlari orasida qulay payt poylab yotgan bo‘lishi mumkin-ku! U bo‘lsa baqirib ashula aytyapti. Ehtimol allaqachon ularning nishonida turgandir. U qo‘rqa-pisa barmog‘ini tepkiga yuborib, o‘rmon tomon sezdirmay nigoh tashladi. Keyin chiroq tagida turish diversantlar uchun tayyor go‘sht bo‘lish ekanini his qilib, yo‘lakning qorong‘u joyiga o‘tib oldi va endi o‘rmonni sinchiklab ko‘zdan kechira boshladi. Ehtimol handaqqa tushib olish kerakdir, deb o‘yladi. Biroq handaq chiroqqa yaqin joyda, yorug‘likka chiqmagani ma’qulmikin… U yelkasini aslaha ombori devoriga tiragancha, jonsizdek qotib turib qoldi. Go‘yoki shuuri ham qo‘rquv va sovuqdan muz qotgandek, o‘ylashga ham majoli yo‘q. Endi bir qadam tashlash ham xavotirli tuyuldi.
Ilkis olisdan bir sas keldi, keyin tobora kuchaya bordi. Bu o‘sha qadrdon va orziqib kutilgan najot tovushi edi. “Shirq, shirq, shirq” etib avtomat uchidagi xanjarlarini shirqillatib soqchi almashtiruvchi bo‘linma kelyapti…

Dembelning yo‘li

O‘g‘irlik chuqur ildiz otgan armiyada dembellikning o‘ziga yarasha tashvishlari bor – harbiy parad kiyimidan tortib uyga olib ketiladigan mayda-chuyda sovg‘alarni o‘g‘riga oldirib qo‘ymaslik kerak edi. Har kim narsasini o‘zi ishonchli deb bilgan joyda saqlardi. Rota omborxonasining ishonchliligi omborchining qanday nufuzga egaligi bilan belgilanadi. Biroq zo‘ravon askar maqomidagi omborchining omborini o‘g‘ri urgan paytlari ham bo‘lgan. Men jomadonimni rotamiz zampoliti Zaytsevning uyida saqlardim. Shaharga patrulga chiqqanda  Olmoniyadan esdalik uchun sotib olgan narsalarimni darhol uning uyiga eltib berardim. Zaytsev xotini bilan diviziyaning ichida, zobitlar shaharchasida yashardi. Uning xotini diviziyadagi zobitlar farzandlari uchun ochilgan maktabda o‘qituvchilik qilar, bir-ikki marta sinfxonasini bezatish uchun meni chaqirtirgandi. Mushkulimni yengil qilgani uchun Zaytsevdan behad minnatdor edim. Ayrim maydaroq narsalarni lenkomnataga yashirardim. Devordagi har bir katta yog‘och ramkaning burchagiga bittadan narsamni yashirgan edim, bular uyga ketishda ko‘krakka taqiladigan nishonlar edi. Xizmatimga tugashiga bir hafta qolganda bu narsalarimni o‘g‘irlab ketishibdi. Ko‘pchilikning albomini bezaganim tufayli zarur ko‘krak nishonlarini qaytadan yig‘ish qiyin bo‘lmadi.       
1988 yilning 14 mayida lenkomnatada albomimni bezab o‘tirganimda batalon kotibi qiyqirib kirib keldi.
“Senga javob bo‘ldi, ertaga uyingga ketasan!” deb baqirardi u qo‘lidagi ro‘yxatni boshi uzra silkitib. Men xursandligimdan sakrab turib uning qo‘lidagi buyruqni yulqib oldim. Ro‘yxatda uchinchi rotadagi hamyurtim Avaz ham bor ekan,  tepa qavatga chiqsam eshik tagidagi navbatchi rotaning poligonga ketganini aytdi. Chopdim poligonga qarab o‘rmon va qir osha. Ikki yil davomida deyarli har kuni qoru yomg‘ir ostida, og‘ir aslahalar ko‘tarib chopib o‘tganim bu yo‘llardan endi qushdek uchib borardim. Poligon ham ko‘zimga chiroyli ko‘rinib ketdi. Uchinchi rota otish mashqida ekan, Avaz xabarimni eshitib hayqirgancha mashqlarni tashlab, safdan chiqib keldi. Ikkovimiz  polkka xushchaqchaq qaytdik. Kechqurun Zaytsevning uyidan jomadonimni olib keldim. Tuni bilan uxlamay, dembellik kiyimlarimizga bezak tikib chiqdik. Ertasiga Zaytsev meni kuzatgani keldi, bir kitobga esdalik uchun dastxat yozib berdi. Kitobning qadrini keyin bildim.
Dembellar iloji boricha ko‘proq sovg‘alar olishga, harbiy parad kiyimiga nizomda belgilanmagan o‘zgartirishlar qilishga o‘ch edi. Yelkadagi pogonlar karton bilan yelimlanib, shisha ustiga qo‘yib egib dazmol qilinar va bo‘rtib turadigan holga keltirilardi, shim va ko‘ylaklar toraytirib tikiladi. Askarlar ko‘kragiga iloji boricha ko‘proq nishonlar taqishga ham harakat qiladi. Samolyotga chiqqunga qadar askarlar bir necha joyda qayta-qayta tekshiruvdan o‘tadi, zobitlar ularning kiyimlari va jomadonlarini  titkilab chiqadi. Qurol yoki harbiy texnika bilan tushirilgan suratlarni yirtib tashlaydi, toraytirilgan shimlarning chokini so‘kadi, bo‘rtiq  pogonlarni yulqib oladi, harbiy biletida yozilmagan va guvohnomasi yo‘q ko‘krak nishonlarini tortib oladi. Askar uchun bu juda alamli va achinarli hol edi.
Birinchi tekshiruvda  jomadonimni ochgan zobitning ko‘zi kitobga tushdi, ochib, varaqlab ko‘rdi, birinchi betidagi dastxatni o‘qidi va qayta joyiga qo‘yib, jomadon og‘zini yopdi. Bo‘ldi, ketaver, dedi xotirjam. Hech bir zobit kitobdan nariga o‘tmadi, jomadonim titkilanmadi, toraytirilgan kiyimimga ham birov e’tibor bermadi.     
Poyezdda Gallega ketayotganimizda bir bekatdan ikki yuzga yaqin dembel chiqdi. Ularni poyezdga chiqargani kelgan zobitlardan ba’zilari  ayrim askarlardan o‘chini olmoqchi bo‘libmi, pogonlarini yulib tashladi. Xayriyat, ish mushtlashuvgacha borib yetmadi.
Avval Galle shahridagi katta dembellar jamlog‘iga bordik. Shahar ichidagi katta bog‘ jamloqqa aylantirilgan, askarlar to‘la. Buyruqqa ko‘ra, men Qirg‘iziston poytaxti Frunzega uchishim kerak ekan, rotamizdagi bir qirg‘iz askar esa Toshkentga uchadigan guruhga tushibdi. Uni qo‘lidan sudrab hali bu, hali u zobitning yoniga boraman, yo‘llanmamizni alishtirib ber deb. Ular ko‘nmaydi, buyruqni hech kim o‘zgartira olmas emish. Shu payt rotamizning ikkinchi vzvodi komandiri Sherbakovga ko‘zim tushib qoldi. U yangi kelgan askarlarni qabul qilib olish uchun harbiy aerodromga ketayotgan ekan. Uni to‘xtatib, muammoni tushuntirdim. U bir urinib ko‘ray-chi deb ketdi va bir soatdan keyin kelib Toshkentga yo‘llanmani qo‘limga tutqazdi. O‘zimda yo‘q xursand bo‘lib, unga ko‘p rahmatlar aytdim.
Ana endi ko‘nglim tinchib, Avaz ikkovimiz ko‘m-ko‘k maysa ustida yonboshlagancha yotardik. Havo issiq, dim, ko‘plab dembellar maykachan, ora-sira qop-qora bulutlar oralab mo‘ralab qoladigan quyoshga o‘zlarini toblamoqda. Olmoniyada bulutlar juda pastlab uchadi, xuddi qo‘l ko‘tarsang yetadigandek. Avaz bilan shuni muhokama qilib o‘tirgandik, qo‘qqisdan yashin chaqnab, momaqaldiroq guldiradi. Yana bir yashin chaqnaganda sal narida yotgan dembellar orasida shovqin ko‘tarildi, baqir-chaqir boshlandi. Ikki kishini yashin uribdi, keyinroq ikkovining ham o‘lganini eshitdik. Hammaning dili xufton bo‘ldi. Ikki yilllik armiya tegirmonidan omon chiqqanlarni uyiga ketar chog‘i yashin urib o‘ldirsa-ya!         
Ertasiga harbiy aerodromdagi jamloqqa ko‘chdik, tunni chodirda o‘tkazib, ertasiga samolyotga chiqish uchun safga tizildik. Ulkan “Tu” samolyotidan yangi askarlar chiqib kela boshladi. Harbiy kiyimlari hali yarashmay turgan yosh  askarlarga  ichimiz achib qarasak-da,  aslida ular bizga qaraganda omadlidek tuyuldi. Chunki endi ko‘p narsalar o‘zgara boshlagandi.
Samolyot oynasidan qarab, Olmoniya shahar va  o‘rmonlari bilan ichimda o‘zimcha xayrlashar ekanman, ba’zan odam qachon tug‘ilishni ham bilishi kerak ekanmi, deya o‘ylardim.
Vatanda esa bizni yangi, olamshumul o‘zgarishlar kutib turardi.

So‘ngso‘z

Askarlik xotiralarini ko‘p yillar avval qoralab qo‘ygandim, qo‘lyozma uzoq vaqt chang bosib yotdi, u haqda hatto eslamadim ham. Gapu gashtaklarda armiya hayotidan to‘qib-bichilgan hikoyalarni qayta-qayta eshitishdan zerikkandim va bu haqda gapirish, yozish bachkanalikka berilishdek tuyulgandi. Lekin keyinchalik mo‘ylabi endi sabza ura boshlagan g‘o‘r yigitlarning sho‘ro armiyasidagi ikki yillik hayoti  aslida qanday bo‘lgan edi, deya qayta-qayta o‘ylayverdim. Izg‘irin sovuq, o‘rmon, bilchillagan loy, yelkadagi qurol-aslahalarning sharaq-shuruqi, xo‘rlik va zo‘rlikning navnihol ko‘ngillarda qoldirgan bir umrlik chandiqlari tufayli har kim ham askarlik hayotini tez-tez eslab turishini tushundim. Yigitlik shuuriyu kuch-qudrati jo‘sh urib kelayotgan tilloga teng fasldan yulqib olingan bu ikki yilning ma’naviy va jismoniy foydasiyu zararini har kim o‘zicha taroziga solib ko‘rishini anglagach, chang bosib yotgan bitiklarni qayta qo‘lga oldim.
Ushbu qissani eski qo‘lyozmalarim asarga aylangunga qadar meni ruhlantirib turgan, ma’naviy qo‘llov bergan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri, do‘stim Iqbol Mirzoga bag‘ishladim.