Qurbon qassob xastaxona palatasida bilagiga boshini qo‘yganicha mudrayotgandi, mushuk tirnagandek eshik qitirladi. Bemor hushyor tortdi. «Kim ko‘rgani keldiykin? Kattasi bo‘lsa, shartta ochib.. Yoki supraqoqdisimikin? Kim kelsa ham durust bo‘ldi. Qorin ochib tatalayotgandi…»
— Kim u? Kir-kiraver…
Eshik tabaqasi qiya ochilib, oldin qiyshiq gardishli shlyapa, so‘ng ikki yonog‘i qip-qizil bashara ko‘zga tashlandi.
Qassob «kelgan kishi»ni ko‘rib taajjublandi.
— Ibi… Qurim-m… Qulmurodmisan?! Baxay… Qanday shamol uchirdi?
Qulmurod qurumsoq beparvo tarzda palataga ko‘z yugurtirdi, nigohi bir zumda deraza raxidagi dori-darmon qutilari, tumbochka ustidagi choynak-piyola, devorda osig‘liq manzarali suvrat va nihoyat, xona burchagida turgan qog‘oz xalta… uzra suzib chiqdi. Shundan so‘ng ostona hatladi. Qo‘lidagi tugunchani oyoqlari orasiga qo‘yarkan, krovatning chetiga omonatgina o‘tirib, hol-ahvol so‘rashga tutindi.
— Hm-m… Qassob! Qalaysan, jo‘ra? Tuzalib qoldingmi?
Sening kasaling, bilsam-bilmasam, suqdan! Pichog‘ing doim yog‘ ustida bo‘lgandan so‘ng, suqlanasan-da! Bu do‘xtirlar suyaksiz lahm so‘rab garang qilayotgandir?
Qurbon qassob miyig‘ida kulgancha, jo‘rasi olib kelgan «Tuguncha»ga ko‘z qirini tashladi.
— Ha, endi dorbozniki dordan, morbozniki mordan…
O‘zingdan gapir. Nimalar ko‘tarib, tashvish-tadorik qilib yuribsan? Quruq kesang ham… Menga qara, kasalxonaga tushganimdan qanday xabar topding?
Qulmurod qurumsoq o‘z navbatida xona burchagidagi qog‘oz xaltadan ko‘z uzmay javobga yuzlandi.
— Shu desang, kenja o‘g‘ildan xabarlashay deb past qishloqqa oralagandim. Hovlisini ko‘rsang, meva to‘kilib yer bilan bitta bo‘lib yotibdi. Gapning ochig‘i, xafa bo‘ldim. O‘z pushti kamaringdan bo‘lgan bola manzirat uchun ham: «Otavoy, hech bo‘lmasa mana bu chumchuq cho‘qilaganidan yeng!» demadi-ya! Qaytaga sog‘ boshimga saqich yopishtirdi. «Keliningiz bachcha topgan! Darmonga inishi uchun qo‘y go‘shtidan sho‘rva kerak. Qani, pensiya pulidan cho‘zing!» dedi-ya! Eh, farzand noqobil bo‘lsayam jigarning jazillama joyidan bo‘larkan. Shoshma, dedim, Qurbon qassob oftobda qatiq, salqinda saryog‘ yalashgan jo‘ram bo‘lsa… Bolalikda somon o‘g‘irlikda, kolxoz bog‘idan meva o‘marishga birga borib, mazasini ham, azobini ham baham ko‘rganmiz! Shunday ekan, bir safar-ikki safarga bir kilo, ikki kilo… go‘shtni shunnay tekiniga «padarka» qivoradi, deb seni yo‘qlagandim. Borsam, do‘koningda qo‘zining kallasidek qulf! Haligi, alkash kuyoving bor-ku… O‘sha ikkita ulfati bilan… Xullas, adresingni olib bu yoqqa qarab yo‘rtdim. Uf-f, obed payti ham bo‘p qoldi-ya! Menga qara, kasaling og‘irmasmi, ishtahang qanday?
Qurbon qassobning yuziga qon yugurdi.
— Ha-a, endi bizdi kasal bor-yo‘g‘i belangida! Oshqozonga aloqasi yo‘q. Ishtaham, senga aytsam, bo‘rdoqiga boqilayotgan buqanikiday…
Qulmurod qurumsoq xursand bo‘lib ketdi, kaftlarini bir-biriga ishqaladi.
— O‘h-o‘! Unda bir mazza qilarkanmiz-da… Yog‘li ovqat ham-a?
— Yeyaberamiz…
— Qatiqlisini-chi?
— Unisida ham nushxo‘rt chiqarmaymiz…
Shundan so‘ng ikki jo‘ra dastlab bir-birlariga mo‘ltirab tikilishdi, so‘ng qassob tugunchaga, qurumsoq esa qog‘oz xaltaga qarab tamshanishdi. Oradan bir piyola choy sovigulik fursat o‘tdi. Og‘ir sukunatni yana Qulmurod qurumsoq buzdi.
— Bu haligi… Shunaqa qilib.., men yaxshi ko‘radigan shaftoliga ta’bing qalay?
Qassob endi turib o‘tirdi.
— Yog‘li ovqatdan ko‘ra-ku, meva-cheva ham durust! Rahmat, jo‘ra…
Tashvish chekib-a?
Qulmurod qurumsoq qo‘l siltadi.
— Qiziqmisan, taom yeyish ham tashvish bo‘ldi-yu! Senga aytsam, mevalaring shohi shu — shaftoli! Sen o‘zi shaftolini qanday yeyishni bilasanmi, og‘ayni?
Qurbon qassob qilq qilib yutindi.
— Ha, endi… Shaftolixurlikka o‘g‘irlikka borganimizni eslay debsan-da,a…
Qulmurod qurumsoq lablarini chalpillatdi.
— Bolalikni qo‘y, sen shaftolidan gapir! Ey-y, umri suyak g‘ajish bilan o‘tgan odamga xayf! Mana quloq sol… Shaftolini yeyish uchun hech qachon suvda yuvma, ta’mi qochadi. Oldin tuklari sidiriladi, so‘ng po‘sti ohista, avaylabgina shilinadi… Ie, tupuging soqolinga to‘kildimi?
— Oh-oh-oh!, — deb yubordi Qurbon qassob. — Ishtahani ham o‘choq qilib yubording-ku, jo‘rajon!
— Hovliqma! — Qulmurod qurumsoq ham ikki-uch yutinib olgach, ko‘zini yumib oldi. — Shaftolining po‘sti archilgach, bir to‘yib chuqur nafas olasan-da, og‘zingga olib borasan…
— Oh-oh-oh!
— Og‘zingga olib borgach, sekingina tiling bilan tanglayingga bosasan…
— Voh-voh-voh!!!
— Ammo lekin, men senga aytsam, shaftoli yeganingdan so‘ng, hech qachon xom suv ichma…
— Ichmayman! Ichmayman!! — jon holatda baqirdi Qurbon qassob. — Jon jo‘ra, bo‘ldi… Bu yog‘iga sabrim chidamaydi. Ol, o‘sha shaftolingni!
Qulmurod qurumsoqning yumuq ko‘zlari charaqlab ochildi.
— Qanaqa… shaftoli?
— Qanaqa bo‘lardi? — Qurbon qassob jo‘rasining oyoqlari orasidagi tugunchaga imo qildi. — Anovi olib kelgan, yarim soatdan buyon maqtayotgan matohingnida! Qani, bu yoqqa uzat-chi…
Qulmurod qurumsoq tutilinqiradi.
— Men… haligi.. Sen kasal bo‘lsang… Seni ko‘rgani ul-bul narsa olib kelishgan bo‘lsa… Tag‘in isrof bo‘lmasin, birga baham ko‘rarmiz, deb kelgandim… Menga qara jo‘ra, huv anavi qog‘oz xaltangda nima bor?
— Ha-a… Umi? Qotgan -qutgan non bo‘laklari. Uydagilar kelishsa olib ketishadi, tovuq-movuqqa ivitib berishadi. Menga qara, jo‘ra… Gapni alahsitma! Tuguningda nima bor o‘zi? Qulmurod qurumsoq hafsalasi pir bo‘lgandek o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
— Nima bo‘lardi… Bo‘sh banka! Tumbochkang to‘lib-toshib, ovqating ortib-mortib yotgan bo‘lsa, olib ketarman desam… He, yana bu kishi og‘ayni emish. Eplasang, kasal bo‘lda…
Palata eshigi taraqlab yopildi. Qurbon qassob o‘zini behol sezdi…