U paytda universitetning so‘nggi kursida o‘qirdim. Kichik kursda o‘qiydigan Ziyoda es – hushimni o‘g‘irlagandi. U yotoqxonada turar, har kuni ertalab o‘qishga ketayotganimda eshigiga bir dona qizil atirgul qistirib o‘tardim. Atirgullarning hammasi deyarli bir xilda chiroyli va muattar edi. Har tongda tiqilinch avtobusda odamlarning qarashidan hijolatda ko‘zimni derazadan uzmaslikka harakat qilar ekanman, atirgulning xushbo‘y hidi dimog‘imga urilar edi. Bir kuni hech kim yo‘qligidan foydalanib, gulni eshikka qistirmoqchi bo‘lganimda, o‘sha qiz ichkaridan chiqib qoldi.
– Voy, nima qilayapsiz? – dedi u xuddi hech narsa bilmaydiganday.
To‘g‘risi, o‘sha paytda qochib ketishning iloji bo‘lganda, albatta boshim oqqan tomonga qochgan bo‘lardim. Lekin, buning sira iloji yo‘q edi.
– O‘zim, – deya g‘o‘ldiradim.
– Bu gullar kimga axir, – dedi u biroz zardali, biroz iltijoli ovoz bilan.
– Nahotki bilmasangiz, – dedim ko‘zlarim jovdirab. U boshini qo‘yi egdi. Shunda, qaysi dugonasi uning ko‘ngliga shubha soldi ekan, deya o‘ylay boshladim. U nazarimda o‘sha lahzalarda ojiz, o‘ksik va chorasiz edi.
– Bu gullar faqat siz uchun, – dedim. Men ortiqcha gapirolmasdim. Chunki, yuragimdagi eng katta sirni ochayotgandim. Bu sir shu qadar ardoqli edi-ki, bu sirni faqat shu qizning o‘zigagina, u mendan iltijo qilib so‘ragandagina aytishim mumkin edi. Ammo, u xonasiga kirib ketar ekan, aksincha “Keting” deya farmon berdi.
Oradan kunlar o‘ta boshladi. Bir soniya bo‘lsin, ortidan ergashishdan o‘zimni tiyolmasdim. U qayerga borsa, men o‘sha yerda edim. U kim bilan nimani gaplashganini so‘rab olar, nimaiki istasa muhayyo qilar, faqat uning o‘zi bilan gaplashishga yuragim betlamasdi. U gohida g‘amzali qarab qo‘yar, gohida umuman beparvo edi. Lekin u ham meni yaxshi ko‘rishini ich – ichimdan his qilardim. Gohida qiz bola ham shu qadar mag‘rur bo‘ladimi, deya hayratga tushardim.
Yozgi ta’til ham boshlandi. O‘qishim tugadi, qishloqqa jo‘nadim. U ham amaliyotni o‘tash uchun o‘z viloyatiga ketdi. Onam: “- Mana o‘qishing bitdi, endi uylantiraylik”, – deya maslahat soldilar. Ziyodani ko‘rmaganimga o‘n kundan oshgani uchun jonim hiqildog‘imga kelib turgandi. Oyimga, “O‘ylab ko‘raylik-chi !” – dedimda, safarga otlandim.
U juda olis qishloqda turar ekan. To uning uyini so‘rab borgunimcha, kelganimdan butun qishloq ahli ogoh bo‘ldi. U meni darvozasi oldida ko‘rib, esankirab qoldi. Ichkariga taklif qildi. Men biroz ovloq joyda gapni pishitib olarmiz degan umidda, taklifiga unamadim. U kiyinib chiqish uchun uyiga kirib ketdi. Lekin, biz boradigan, odamlar ko‘zidan pana joyning o‘zi yo‘q edi. Qishloq o‘rtasidan o‘tgan ariq ko‘prigi ustida uchrashadigan bo‘ldik. Men aytadigan gaplarimni ichimda takrorlab turardim. Hali o‘n daqiqa ham o‘tmay, uch – to‘rt qishloq bolasi atrofimni o‘rab oldi. Ular nima sababdan, kimning oldiga kelganimdan ogoh bo‘lishgan edi. Bir pastda yoqalashib ketdik. Men hozir ular o‘nta bo‘lsa ham hech narsadan qo‘rqmasdim. Menga u qizga ro‘baro‘ bo‘lishdan, shu o‘nta bola bilan urishish osonroq edi. Lekin, ko‘p o‘tmay, og‘zi burnim qon bo‘ldi. Bu holatda endi kim bilan uchrashaman deya, battar jahlim chiqib ketdi. Katta-kichik toshlarni olib, ayamay ota boshladim. Bolalar birma – bir tisarilib, o‘zlarini chetga olishdi. Men shu bo‘yi, shu g‘azabda, qizning uyiga yurib ketdim. Atrofimdagilar orqamdan kela boshlashdi. Kimdir gap yetqazgan shekilli, uydan qizning otasi chiqib keldi. Bir qo‘limda tosh, ko‘ylagim qon, shimim chang – tuproqqa belangan edi.
– Men qizingizning oldiga keldim, uni yaxshi ko‘raman. Unga uylanaman, – dedim darg‘azab.
– Uyga kiring, mehmon, – dedi otasi farg‘onacha iltifot bilan. Men uning otasini g‘oyibdan hurmat qilar, u haqda juda ko‘p yaxshi gaplarni eshitgandim.
– Qizim menga siz haqingizda hech narsa demagandi-ku, – dedi.
– Chaqiring qizingizni, – dedim o‘zimni bosolmay. Shunda, boya men bilan urushgan bolalar ichidan biri chiqib:
– Chaqiring uni, – dedi. – U endi meniki, bizni unashtirishgan.
Ishning bu qadar chappa ketganidan o‘zimni tutolmay qoldim.
– Men yaxshi ko‘rgan qizni-ya, axir u meni yaxshi ko‘radi. Men uni sevganman, quchoqlaganman, o‘pganman… – dedim, lo‘lilik qilib. Aslida so‘nggi gaplarim yolg‘on, uni hech qachon quchoqlamagan, o‘pmagan edim.
– It suv ichgan bilan daryo harom bo‘lib qolmaydi, – dedi u bezbetlarcha.
– Harom bilan halolning farqiga bormaydigan it sensan, – dedim o‘zimni tutolmay.
Shu payt ichkaridan Ziyoda chiqdi. Uning ko‘zlari jiqqa yoshga to‘lgandi. Otasining yoniga keldi-da, menga qarab:
– Keting, – dedi. Bu so‘z barcha janjalimizga xotima yasagan edi. Bilmadim, o‘shanda qanday tilim aylandi, uni qattiq so‘kib, ortga burildim. Avtobusda kela – kelguncha yig‘lab keldim. Oradan o‘n besh kun o‘tib, o‘zim mutlaqo bilmaydigan qizga uylandim.
U to‘yimdan bir kun oldin, dugonasi bilan bir dasta gul tashlab ketdi. Qog‘ozga o‘rog‘liq “O‘tgan kunlar” kitobi ichidan qurib qovjirab qolgan bir dona atirgul chiqdi. Men o‘zim qachonlardir unga sovg‘a qilgan atirgulni tanidim…
Oradan yillar o‘tdi. U o‘g‘lining ismini Ahmad qo‘ydi. Men esa qizimga Ziyoda deb, nom qo‘ydim. Uning nomini shu qadar sevardimki, bu nomdan go‘zalroq, jozibaliroq, aytsam yurak – yuragim sirqirab ketadigan boshqa – bironta nom men uchun yo‘q edi.
Oradan yillar o‘tdi. Bir kuni yuragim og‘rib, shifoxonaga tushdim. Uydagilarga va umuman hammaga safarga ketdim, deb xastaligimni yashirdim. Og‘ir operatsiyaga kirishim kerak edi. Bunday aziyatli sinovdan faqat bir o‘zim matonat bilan o‘tishim, atrofimdagilar qiynalmasligi shart edi.
Shiftga qarab yotar ekanman, ko‘zimning ikki tomonidan duv – duv yosh to‘kilardi. Nahotki, endi bari tugasa, derdim. Tanimdagi azob bir og‘riq bersa, dilimda yana bir og‘riq bor edi:
– Nahotki, bu dunyoga kelib muhabbat nimaligini bilmay o‘tib ketsam – derdim.
Shu bo‘yi boshim toshday qotib, uxlab qolibman. Yuzimni kimdir silayotganidan uyg‘onib ketdim. Ko‘zim yumuq, kimning qo‘li ekanligini bilolmasdim. Umuman, bilishni ham istamasdim. Menga yaqin odamlarni bir – bir ko‘z oldimdan o‘tkaza boshladim. Eslaganlarimning birontasi ham ko‘zimni ochirish uchun istak uyg‘otmasdi. Menga hech kimning qo‘li kerakmas edi. Balki, qizim keldimikan deya, ichimda bir quvonch yarq etdi. Yuzimda o‘zgarish ro‘y bera boshladi.
– Turing, Ahmad aka, – degan notanish ovozni eshitib, battar hafsalam pir bo‘ldi. Ovoz yana hukmfarmo ravishda yangradi:
– Turing, uyquchi!
Ko‘zimni ochdim-u, qarshimda u turganini ko‘rdim. Ko‘zlarimga ishonmadim. Uning yonida bir bolakay ham bor edi. Men hayron bo‘lib, boshimni ko‘tardim: – Iya, sizmisiz?!
– Ha, men. Bu o‘g‘lim Ahmad.
Biz allamahalgacha gaplashib o‘tirdik. Meni qanday topib kelganini, hayoti qanday kechayotganini surishtirdim. Suhbatimiz sakkiz soatga yaqin davom etdi. Biz ilk bor tanishganimizdan to bugunga qadar necha bor ko‘rishib, necha bor suhbatlashgan bo‘lsak, hammasini yig‘ib kelganda ham sakkiz soat chiqmasdi. O‘n besh yil o‘tibgina ilk bora bemalol gaplashib o‘tirishimiz edi. U ketar oldi sumkasidan yana bitta qurib qolgan atirgul olib uzatdi… Men atirgulni tanidim. Bu men qachonlardir uning eshigiga qistirib ketgan atirgullardan edi.
– Men sizga juda ko‘p atirgul sovg‘a qilganman, hammasini birma – bir olib kelsangiz, hayotimning oxirigacha ulgurarmikinsiz, – dedim hazillashib.
– Men ulgurmasam, o‘g‘lim Ahmadjon qizingizga sovg‘a qilib ulgurar, – dedi u.
– Aytib qo‘ying, mabodo qizimni boshqaga unashtirib qo‘ysam, kechikib yurmasin, – dedim men ham.
– Yo‘q, uni sizdan ko‘ra uddaburonroq qilib tarbiyalayapman. Siz bilan hozirdan tanishtirib qo‘yayotganim ham bejiz emas, – dedi u.
– Iloyo, shu kunlar nasib qilsin, – dedim yutinib. U ketdi. Shifoxonada ancha vaqt yotib chiqdim-u, lekin to‘liq sog‘ayib ketishimga umid yo‘q edi.
U birma – bir ikki bora keltirgan ikkita atirgulni uyimning hech kim bilmaydigan joyida saqlab qo‘yibman. Mabodo, bir kun hayotdan ko‘z yumadigan bo‘lsam, ularni boshim ustiga qo‘yishadi.
Ziyoda esa, taqdir taqozosi bilan farzandlarimiz bir – birlariga ko‘ngil qo‘yishsa, nikoh to‘ylari kuni necha yillardan buyon o‘zida saqlab kelayotgan atirgullarni ularning sandiqlariga sep sifatida qo‘ymoqchi.