Muhammad Ismoil. Oy chiqmagan oqshom (kinoqissa)

Universitet yotoqxonasi. Ko‘zlari yig‘idan qizargan Nasiba kiyim-kechaklari-yu kitob-daftarlarini hafsalasizlik bilan jomadonga joylayapti. Dugonasi Zuhra esa unga achingan ko‘yi hayolchan tikilib karavotda o‘tiribdi. Eshik taqillab, Furqat mo‘ralaydi.
FURQAT – Nasiba, Nasibaxon! (eshikdan kiradi) – E, yaxshimisiz, Zuhraxon? Kechirasizlar!
ZUHRA: – Keling, Furqat aka.
(Nasiba Furqatni ko‘rib to‘xtaydi va qo‘lidagi ro‘molini yuziga bosib, yelkalari silkanib yig‘lab yuboradi).
ZUHRA: – Bo‘ldi, endi, Nasibaxon, qo‘ying dugonajon. Imtihondan o‘tolmagan, o‘qishga kirolmagan yolg‘iz sizmi?
FURQAT: (Zuhraga) – Nasibaxonning test sinovlaridan o‘tolmagani aniqmi?
ZUHRA: – Ha…
FURQAT: – Balki qandaydir anglashilmovchilik bo‘lgandir?
ZUHRA (bosh chayqab) – Yo‘q. Qabul komissiyasi raisiga ham uchrashdik…
FURQAT: Boya universitetda eshitib hayron bo‘lib qoldim. Jon kuydirib mening imtihonga tayyorlanishimga yordamlashgan, maktabni a’lo baholarga tugatgan qiz o‘tolmasa… sira ishongim kelmayapti.
ZUHRA: – O‘zingizniki nima bo‘pti?
FURQAT: (noqulay ahvolda) – Men… o‘tganmishman…
ZUHRA: – Tabriklayman!
(Nasiba ho‘ngrab yig‘lab yuboradi).
ZUHRA: Voy, esim qursin, gazga choy qo‘ygandim-ku! Hozir kelaman!
(Yugurib chiqib ketadi. Nasiba deraza oldiga borib, ko‘zlari bilan yuzini to‘sgancha orqa o‘grib yig‘laydi).
FURQAT: Ha-a… chatoq bo‘pti…
NASIBA: – Chatoq ham gapmi, Furqat aka. Endi qishloqa qanday qilib qaytib boraman, hayronman. Dadamnig yuraklari buni ko‘tarmaydi.
FURQAT: – Hech nima qilmaydi, Nasibaxon. U kishiga o‘zim tushuntiraman.
NASIBA: – Endi bo‘ldi, foydasi yo‘q. Ikki dunyoda o‘qishga yubormaydilar.
FURQAT: – Yo‘q, kelasiz. Yana birga imtihon topshiramiz. Xudo hohlasa, kirmasdan qo‘ymaysiz.
NASIBA: – Voy, siz kirib bo‘ldingiz-ku?
FURQAT: – Yo‘q, men ham qishloqqa qaytib ketaman. Sizsiz bu yerda qolmayman.
NASIBA: -Jinni bo‘lib qolibsz. Zo‘rg‘a o‘qishga kirib…
FURQAT: – Nima qibdi? Siz ham kirganingizda boshqa gap edi. Bir o‘zim bu sershovqin shaharda yurolmayman.
NASIBA: – Unaqa gaplarni qo‘ying, Furqat aka. Siz o‘qishingiz kerak. Harbiy xizmatga borib kelgansiz, jamoa ho‘jaligida ishlagansiz. O‘qimasangiz bo‘lmaydi.
FURQAT: – Xo‘p, o‘ylab ko‘raman.
NASIBA: – Yo‘q, so‘z bering, shu yerda o‘olaman, o‘qiyman deng!
FURQAT: – Xo‘p, xo‘p. Faqat yig‘lamang, xo‘pmi? (U Nasibaning ro‘molchasini olib, ko‘zlarini artadi. Ikkovlon deraza yonida turgancha tashqariga tikilib qoladilar. (Avtovokzal. Nasiba ketish taraddudida. Yonida Furqat hunobi oshib, sigaret chekib turibdi. Reproduktordan avtobusnig yo‘lga chiqishi e’lon qilinadi).
NASIBA: – Bo‘lmasa, men ketdim, Furqat aka.
FURQAT: – Xo‘p xayr. Nasibaxon.
NASIBA: – Qishloqqa o‘tib qolarsiz?
FURQAT: – Albatta. Bu yoqdagi ishlarni to‘g‘rilab, orqangizdan yetib boraman. Sira xafa bo‘lmang, xo‘pmi?
NASIBA: – Xo‘p… (Nasiba avtobusga chiqadi. Avtobus ketadi. Furqat stantsiyada qoladi va kuzatuvchilar orasida ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi).
(Avtobus yo‘lda borayapti. Nasiba yolg‘iz o‘zi derazadan tashqariga tikilgan ko‘yi xayol surib o‘tiribdi. Nogahoniy tovushdan cho‘chib tushadi).
FURQAT: – Yoningizdagi joy bo‘shmi, yaxshi qiz?
NASIBA: (xayron) – Furqat aka!
FURQAT: Men.
NASIBA: – Siz bu yerda nima qilib yuribsiz?
FURQAT: – O‘sha kuni yotoqxonada ro‘molchangiz menda qolib ketgan ekan, shuni olib keldim.
NASIBA: – Voy,. shu arzimagan narsa uchun chiqdingizmi? Siz sog‘ emassiz, Furqat aka.
FURQAT: – To‘g‘ri, sizni o‘sha Xovosdagi soy bo‘yida birinchi ko‘rgan kunimdanoq esim og‘ib qolgan.
NASIBA: – Yaxshi ish qilmayapsiz. Chindan qishloqqa qaytayapsizmi?
FURQAT: – Ha.
NASIBA: – Nega bunday qildingiz?
FURQAT: – Sizni yolg‘iz ketkazishga ko‘zim qiymadi.
NASIBA: Yolg‘on so‘ylaysiz. Qachon bilet olishga ulguraqoldingiz?
FURQAT: – Kecha sizga olib kelganimda o‘zimga qo‘shvolgandim.
NASIBA:- O‘qish-chi? O‘qishingiz nima bo‘ladi?
FURQAT: – Yana ovora bo‘lib yurmay deb hujjatlarimni qabul komissiyasidan qaytarib oldim.
NASIBA: – Bekor qilibsiz.
FURQAT: – Yo‘q, bekor emas. To‘g‘ri qildim. Siz bilan yanagi yilga yana imtihon topshiraman. Birga o‘qiymiz.
NASIBA: – Men endi kelmayman.
FURQAT: – Unda men ham kelmayman.
NASIBA: – Men turmushga chiqaman.
FURQAT: – Kimga?
NASIBA: – Bunisi sir.
FURQAT: – Unaqada men ham uylanib qo‘yaqolaman.
NASIBA: – Kimga?
FURQAT: – Bunisi sir.
(Kulishadilar)
FURQAT: – Baribir kim bo‘lsayam, o‘sha – sizga uylanadigan yigitga havasim keladi.
NASIBA: – Nega?
FURQAT: – Siz yaxshisiz. Sizdan odobli, sizdan go‘zal qiz dunyoda yo‘q!
NASIBA: – Yo‘q. Ikkichi, imtihonlardan o‘tolmaydigan qiz kimga kerak?
FURQAT: – Menga kerak ( qizga talpinadi)
NASIBA: – Voy, manavi yigitni! Jinni bo‘lib qolibsiz.
FURQAT: – Rostdan ham shu ahvolda jinni bo‘lib qolsam kerak.
NASIBA: – Boring, joyingizga o‘tiring.
FURQAT: – Mening joyim yo‘q. Shu yerda tepangizda o‘tirib chiqaman.
NASIBA: – Nega?
FURQAT: – Sizni hech kim olib qochib ketmasligi uchun!
NASIBA: – Unda men ham yoningizda bo‘laman.
FURQAT: – Nega?
NASIBA: – Tong otguncha bir-birimizni poylab chiqamiz, maylimi?
FURQAT: – Rahmat sizga, Nasiba.
NASIBA: Yo‘q, sizga rahmat. Meni deb o‘qishingizdan voz kechib, qishloqqa qaytayapsiz.
FURQAT: – Bundan boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas. Vey, yana yig‘layapsizmi?
NASIBA: – O‘zim.
FURQAT: – Mayli, yig‘layvering. Hatto yig‘lashingiz ham chiroyli.
(Nasiba ko‘z yosh aralash jilmayadi).

( Oradan ancha vaqt o‘tgan. Qishloq ko‘chasi. Yuk mashinasi haydab kelayotgan Furqat yo‘l chetida borayotgan Nasibani ko‘rib, mashinani to‘xtatadi).
FURQAT: – Nasibaxon, yo‘l bo‘lsin, saharlab?
NASIBA: – Yaxshimisiz,. Furqat aka? Yaxshi yuribsizmi?
FURQAT: – Rahmat, buyoqqa chiqib olaqoling.
NASIBA: – Buyog‘i oz qoldi, rahmat.
FURQAT: – Chiqaversangizchi, har kuni uchrashib yuribmizmi?
(Nasiba mashinaga chiqadi)
FURQAT: -Kutubxonachi bo‘lib ketibsiz. Qalay, ishlariniz yaxshimi?
NASIBA: – Rahmat. Qishloq joy, hech kim o‘zidan ortmaydi, ishi ko‘p, yumushi ko‘p. Kim ham kutubxonaga kiradi deysiz!
FURQAT: – Meniyam sira qo‘lim tegmayapti. Bir-ikki mo‘ralab o‘tsam, eshik qulf ekan. Uydagilar yaxshimi?
NASIBA: – Yurishibdi. Dadam o‘qishga kirolmaganimdan haliyam xafalar. Ko‘klamga chiqib uzatvoraman, deyaptilar.
FURQAT: – Kimga? Kuyov tayyor ekanmi, ishqilib?
NASIBA: – Hokimning jiyani bormish. Bir-ikki sovchi kelibdi.
FURQAT: – Qaysi biri? Anavi Xo‘javoy fermerning arzandasi emasmi?
NASIBA: – O‘sha. Qaysi kuni mast bo‘lib oldimga kelgandi, zo‘rg‘a haydab chiqardim.
FURQAT: – Obbo yaramas-ey, nima deydi?
NASIBA: – Nima deyotganini o‘ziyam bilmaydi.
FURQAT: -Bir qo‘limga tushsin.
NASIBA: – Yo‘q, siz indamang. O‘zim javobini berib yubordim.
FURQAT: -Unga gap kor qilarmidi?
NASIBA: – O‘zimcha shunday qarorga kelib qo‘ydim: “Agar majburan erga bermoqchi bo‘lsanglar, qochib ketaman”.
FURQAT: – Qayoqqa?
NASIBA: Boshim oqqan tarafga.
Unda birga qochib ketamiz.
NASIBA: – Qayoqqa?
FURQAT: – Hech kim topolmaydigan joyga.
NASIBA:- Shunaqa joy bormikan o‘zi?
FURQAT: – Bor.
NASIBA: -Qayerda?
FURQAT: – Borganda ko‘rasiz.
NASBA: – Men jiddiy so‘rayapman.
FURQAT: – Men ham jiddiy aytayapman.
NASIBA: – Bo‘lmasa ketdikmi?
FURQAT: – Hozirmi?
NASIBA: – Hozir. Nimani kutamiz?
FURQAT: – Mashinada yuk bor. Kasalxonaga tashlab o‘tishim kerak. Un, makaron, yog‘, yana allambalolar.
NASIBA: – Juda zo‘r ekan-da. O‘zimiz bilan orolga ketadigan narsalar ekan.
FURQAT: – To‘g‘riku-ya… Lekin bular bemorlarning nasibasi-da!
NASIBA: – Hazillashayapman.
FURQAT: – Tushunaman.
NASIBA: – Unaqada qayerga qochishimizni yaxshilab o‘ylab ko‘ring.!
FURQAT: – Qayoqqa bo‘lardi, shaharga-da. Yaqinda kirish imtihonlari boshlanadi.
NASIBA: – Kira olarmikanmiz?
FURQAT: – Albatta kiramiz.
(Mashina guzarda to‘xtaydi. Nasiba tushadi).
NASIBA: Rahmat, ko‘nglim sal yorishganday bo‘ldi.
FURQAT: – Rahmat, shunaqa siqilgan paytlaringizda ko‘rishib turaylik, xo‘pmi? O‘zim kutubxonangizga o‘taman.
NASIBA: – O‘ting, kutaman, Furqat aka.
(Nasiba ko‘chaning u betiga o‘tadi. Furqat sigaret olgani do‘konga kiradi va sheriklari bilan pivo ichayotgan G‘aybullani ko‘radi. G‘aybulla uning yo‘lini to‘sadi).
G‘AYBULLA: Qalaysan, bratishka?
FURQAT: – Rahmat.
G‘AYBULLA: – To‘xta, aravakash!
FURQAT: – Nima deysan?
G‘AYBULLA: – Ko‘zingni ochibroq yur, xo‘pmi?
FURQAT: – Tushunmadim.
G‘AYBULLA: – Tushuntirib qo‘yishim mumkin. Nasibadan nariroq yur!
FURQAT: – Yurmasam-chi?
G‘AYBULLA: – Unda majbur qilishim mumkin.
FURQAT: – Qo‘lingdan kelmaydi.
G‘AYBULLA: – Qo‘limdan nimalar kelishini sen qayoqdan bilasan? Juda indamasa, buyog‘i indiyskiy kinoku-a?
FURQAT: – Bunisi seni ishing emas.
G‘AYBULLA: – Bilib qo‘y, agar seni yana o‘sha qiz bilan ko‘rsam, tug‘ilganingga pushaymon bo‘lasan.
FURQAT: – Bunisini ko‘ramiz.
G‘AYBULLA: – Ko‘rasan! Yeshe kak ko‘rasan!…
(Adir etagida Furqatning yuk mashinasi turibdi. Nasiba ikkovlari sayr qilib yurishibdi. Nasiba bilan ikkovi daryo sohilida o‘tirishibdi. Kutubxona. Furqat ikkovlari qandaydir jurnalni varaqlab, bahslashib o‘tirishibdi. Ikkovlari shod-baxtiyor).
(Yomg‘ir sharros quyib turgan oqshom, Furqatning mashinasi jar yoqasida botib qolgan).
U jon-holatda mashina ustidagi qop, yashiklarning ustini yopish harakatida. Aksiga olib, biron mashina ko‘rinmaydi.
Nihoyat uzoqdan mashina chiroqlari ko‘zga tashlanadi. Furqat yo‘lga yugurib chiqadi. To‘xtatadi. Bu – G‘aybullaning mashinasi edi. Uning yonida mallasoch suyuqoyoq juvon o‘tirardi).
G‘AYBULLA: – Xo‘sh, xizmat?
FURQAT: – Iltimos, mashinam botib qoldi. Markazdan un, shakar olib kelayotgandim. Qishloqqa kirgach, avtobazadagilarga aytib o‘tsang!
G‘AYBULLA: – Boshqa topshiriqlar yo‘qmi?
FURQAT: Topshiriq emas, iltimos. Bu ko‘pchilikning rizqi…
G‘AYBULLA: – Javobi ham bor. Ana endi suvga bo‘kib oqqan unu shakarlar uchun javob berishingga to‘g‘ri keladi.
FURQAT: – Hazillashayapsanmi?
G‘AYBULLA: – Ana shu oxirgi gaping chatoq bo‘ldi. Otvechat qilasan!
FURQAT: – Yo‘-qol!
G‘AYBULLA: – Hali holingga maymunlar yig‘laydi, aravakash!
(G‘aybulla kula-kula ketdi. Furqat qoladi. Mashinasini qulflaydi-da, o‘zi piyoda yo‘lga tushadi va yugurib borayotib jarga uchib ketadi. Yomg‘ir esa hamon quymoqda edi).
(Qishloq kasalxonasi. Furqat yotibdi. Eshik ochilib, hamshira, rais va Nasiba kirishadi. Furqat turmoqchi bo‘ladi)
RAIS: – Yotaver, polvon, yotaver! Qalaysan endi?
FURQAT: – Hijolatdaman, rais buva, chatoq ish bo‘ldi-da.
RAIS: – Chatoq bo‘lmadi. Hammasi yaxshi.
FURQAT: – Un, shakar…
RAIS: – Hammasi joyida, Furqat. Sen qishloqqa qarab yugurganingdan keyin ko‘p o‘tmay, smenadan qaytayotgan konchilar mashinangni ko‘rib qolishibdi. Yaxshiyam chiroqlarini yoniq qoldirgan ekansan. Ular sendagi yuklarni o‘z mashinasiga ortib, qishloqqa olib kelishgan.
FURQAT: – Yo‘g‘-e?
RAIS: – Ha, sen uyoqda jarga yumalab ketibsan.
FURQAT: – O‘zim ham sezmay qoldim. Oyog‘im toyg‘onib ketdi… Meni qanday topib kelishdi, hayronman.
RAIS: – Seni topib olgan Nasiba-da!
FURQAT: – Nasiba?
RAIS: – Ha, konchilar yuklarni olib kelishgach, jar yoqasida mashina botib yotganini aytishgan. Ishdan qaytayotgan Nasiba buni eshitgan-u, avtobazaga borib bu gapni yetkazgan.
FURQAT: – Rahmat, Nasiba.
NASIBA: – Arzimaydi.
RAIS: – Mayli, sizlar birpas gaplashib o‘tiringlar. Biz ketdik.
(Xonada Furqat va Nasiba)
NASIBA: – Sizga kitoblar olib kelgandim, Furqat aka.
FURQAT: – Qanaqa?
NASIBA: – Manavi, “Graf Monte-Kristo”, bunisi “Shaytanat”…
FURQAT: – Rahmat, Nasiba. Meni yaxshi ko‘rishingizga endi ishondim.
NASIBA: – Endi men ketaman.
FURQAT: – Yana birpas o‘tiring!
NASIBA: – Boshqa gaplashmaymiz.
FURQAT: – Xafa bo‘ldingizmi?
NASIBA: – Yo‘q, keling “so‘zsiz suhbat” qilib o‘tiramiz.
FURQAT: – “So‘zsiz suhbat”?
NASIBA: – Ha, indamay jimgina. Xayol surib…
FURQAT: – Nimalarni?
NASIBA: – Bu sizning ishingiz.
FURQAT: – Unda men sizni o‘ylab o‘tiraman.
NASIBA: – O‘zim yoningizdaman-ku? Nimani o‘ylaysiz?
FURQAT: – Ikkovimizning orolga qochib ketgan paytlarimizni. Men Robinzon, siz Jumavoy bo‘lib
NASIBA: – Jumavoy?
FURQAT: – – Yo‘q, kechirasiz, Jumaoy demoqchi edim…
(Ular kulishadilar go‘yo butun olam ularning kulgulariga to‘lib ketganday bo‘ladi)

***

(Qishloq. Choyxona. G‘aybulla, Qosim va Jo‘ra ulfatchilik qilib o‘tirishibdi. Raisning mashinasi keladi. Undan rais tushib ularga yaqinlashadi, ko‘rishadilar.)
QOSIM: – Tinchlikmi, rais buva. Boya mashinangizni kasalxona yonida ko‘rganday bo‘ldim.
RAIS: – Ha, bir tashvishli ish chiqib qoldi.
JO‘RA: Qanaqa ish ekan?
RAIS: -O‘tgan hafta kasalxonaga markazdan un, shakar olib kelinayotgan edi. Mashina yomg‘irda qolib botib qolgan. Mahsulotlarning suvda qolib ketish xavfi tug‘ilgan. Shofyor qishloqqa yugurgan-u, yo‘lda jarga yiqilgan. Ammo yo‘lda uchragan bir mashina na unga, na mashinadagi narsalarni qutqarishga yordamlashgan.
QOSIM: Obbo, iflos-ey. Kim ekan o‘zi?
RAIS: Bilmadim. Lekin ertasiga borib ko‘rdim. «Inomarka” g‘ildiraklarini izi bor ekan.
JO‘RA: – “Inomarka”?
QOSIM: Qishloqda “Inomarka” nima qiladi rais buva?
RAIS: Nega yo‘q bo‘ladi. Masalan, G‘aybullaniki bor.
G‘AYBULLA: Nima demoqchisiz rais? O‘sha sensan demoqchimisiz?
RAIS: Balki senmasdirsan. Lekin kim bo‘lsa ham, erkakning ishini qilmagan. Darvoqe, senga aytadigan ikki og‘iz gapim bor.
(Qosim bilan Jo‘ra ketishadi).
RAIS: – Menga qara, G‘aybulla. Liza degani kim?
G‘AYBULLA: Yana qanaqa Liza?
RAIS: – Unisini bilmayman. Lekin ertaga poliklinikaga borishingga to‘g‘ri keladi.
G‘AYBULLA: – u YeRDA NIMA QILAMAN?
RAIS: Borganda bilasan. Teri-tanosil kasalliklari dispanseridan xat bor. Sen o‘sha suyuqoyoq ayoldan yomon kasal yuqtirgan ko‘rinasan.
G‘AYBULLA: – Tuhmat!
RAIS: – Bunisini bilmadim. Lekin aytib qo‘yay, agar shu gap tasdiqlansa, otang qishloqda bosh ko‘tarib yurolmaydi. O‘ylab ko‘r, bola!…
(Rais ketadi. G‘aybulla alam bilan ingraydi va oldidagi aroq shishasini otib yuboradi).

2-QISM

Yana shahar. Furqat bilan Nasiba qahvaxonada o‘tirishibdi. Bu safar endi Nasiba imtihonlardan o‘tgan, Furqat yiqilgan.
NASIBA: – Furqat aka, biron chorasi bordir-a?
FURQAT: – Yana qanaqa chorasi bo‘lishi mumkin. Nima bo‘pti. Shuning uchun o‘zimni o‘ldirishim kerakmi?
NASIBA: – O‘tgan yili men o‘tolmagandim, bu safar siz. Qiziq bo‘layapti.
FURQAT: – Hech qisi yo‘q. Biru-bir.
NASIBA: – Meniyam o‘qigim kelmayapti.
FURQAT: – Ayniyapsiz. Siz o‘qishingiz kerak.
NASIBA: – Baribir bu yerda bir anglashilmovchilik bor. Bir o‘qituvchi tanishim bor, yuring so‘raymiz.
FURQAT: – Kim ekan u?
NASIBA: – Oti Xolmurod. Yaxshi yigit. Shu institutda ishlaydi.
FURQAT: – Kerakmas.
NASIBA: -Borib ko‘raylik.
FURQAT: – Foydasi yo‘q.
NASIBA: – Balki foydasi tegib qolar.
FURQAT: – Men qishloqqa ketaman. Siz unutib yubormasangiz bo‘ldi. Tez-tez xat yozib turing. Imkon topdim deguncha o‘zim ham kelib turaman.
NASIBA: – Har kuni yozaman.
FURQAT: – Mana bu boshqa gap.
(Furqat bilan Nasiba shahar ko‘chalarida yurishibdi. Goh xiyobonda, goh anxor bo‘yida. Suratga tushadilar. Nihoyat avtovokzalga keladilar).
FURQAT: – Qovog‘ingizni sal oching. Nasiba. Sizga nima bo‘ldi?
NASIBA: – Meniyam qishloqqa qaytgim kelyapti.
FURQAT: – Unaqa gapni qo‘ying. Meni unutib yubormasangiz bas.
NASIBA: – Voy, bu nima deganingiz?
FURQAT: – Kim biladi, shahar shahar-da! O‘zingizni ehtiyot qiling! Tez-tez xat yozib turing!
NASIBA: – Xo‘p.
FURQAT: – Xayr bo‘lmasa, men sizni yaxshi ko‘raman, Nasiba.
NASIBA: – Men ham…
(Xayrlashadilar. Avtobus ketadi).
(Shahar. Institut. Auditoriya. Dars. Nasiba xat yozib o‘tiribdi).
NASIBA: – “Assalomu alaykum, Furqat aka. Ishlaringiz yaxshimi? Uydagilar sog‘mi? Uzr, ushbu xatni shoshib yozyapman. Dars paytida yozayotganim uchun, sal beo‘xshov chiqyapti. Qishloqda nima yangiliklar?
Mendan so‘rasangiz, hammasi yaxshi. Faqat qishloqni, sizlarni juda sog‘indim…”
(Qishloq, Furqat mashinasida ketyapti. Ana u adirda sigaret tutatib, xat yozib o‘tiribdi).
FURQAT: – Qalaysiz, Nasiba? O‘qishlar yaxshimi? Shaharga o‘rganib ketdingizmi? Qishloqda o‘sha-o‘sha xayot. Yangiliklar yo‘q hisobi. Biz bilan o‘qigan Matqovul esingizdami? O‘sha qo‘shni qishloqlik bir qozoq qizga uylangandi. To‘yning ertasiga ovuldagilar o‘g‘irlab ketishibdi. Toza hangoma bo‘ldi… Sizga aytadigan gaplarim juda ko‘p, Nasiba…”
(Shahar, studentlar yotoqxonasi. Furqat Nasibani ko‘rgani kelgan, kutib o‘tiribdi). Nasiba yasanib, ichkaridan chiqadi).
FURQAT: – Ketdikmi, Nasibaxon?
NASIBA: – Bir joyga o‘tib keladigan ishim bor edi, Furqat aka. Yana birpas o‘tirib turolasizmi?
FURQAT: – – Mayli.
(Nasiba tashqariga chopib ketadi va “Volga”ga o‘tiradi. Olifta yigit uni haydab ketadi. Furqat qorovul choldan so‘raydi)
FURQAT: – Kim u yigit, tog‘a?
QOROVUL: – Ha, Xolmurod quruqmi? Shu institutning domlasi. Juda dimog‘i baland. Shu qizginaning boshini aylantirib yuribdi-da. Mayli, oxiri baxayr bo‘lsin…
FURQAT: – Shu qizni deysizmi?
QOROVUL: – Ha. Anchadan beri yetaklab yuradi…
(Furqat bo‘g‘ilib, tashqariga chiqib ketadi. Taksi to‘xtatadi).
FURQAT: – Meni avtovokzalga olib borib qo‘ying, iltimos!…
(U ketadi).
(Qishloq choyxona. G‘aybulla ulfatlari bilan ulfatchilik qilib o‘tiribdi. Yo‘lda parishon borayotgan Furqatni ko‘radi).
G‘AYBULLA: – Ha, yigitlarning guli, ishlar qalay endi?
FURQAT: – Bor, aravangni tort!
G‘AYBULLA: – Hali bundan battar bo‘lasan, aravakash. Sevgiling to‘yiga aytmadimi? Institut domlasiga tegibdi-ku?
FURQAT: – Ovozingni o‘chirasanmi-yo‘qmi?
G‘AYBULLA: – O‘sha qizni mendan qizg‘anganding-a? Mana, o‘zingga ham buyurmadi. “It pichan yemaydi, otga ham bermaydi” deganlari shu-da!
FURQAT: – Yo‘qol!
G‘AYBULLA: – Kekirdagingni cho‘zaverma, hezalak!
(Furqat uning yoqasiga yopishadi. Mushtlashib ketadilar. Furqatning yuragi yomon bo‘lib, hushdan ketib yiqiladi).
(Qishloq ko‘chasi. Ikki qo‘shni ayol gaplashayaptilar).
1– AYoL: – Robiya opaning o‘g‘lini eshitdingizmi, ovsin?
2- AYoL: – Yomon bo‘pti-ya, aylanay. Jinni bo‘p qolganmishmi?
1- AYoL :– Ha, esi og‘ib qolganmish. O‘sha Nasibani deb shunaqa bo‘pti-da. Qiz o‘lgur uni aldab, shaharda boshqasiga tegib ketibdi. Shundan keyin Furqat boyaqish shu ko‘yga tushib qolibdi-da…
2- AYoL: – Voy, sho‘rligey, yaxshi ko‘rishga balo bor ekanmi?
1- ayol: – E, buni boshiga tushgan biladi, aylanay!…
(Dashtu dalalar aro Furqat yuribdi. Soch-soqoli o‘sgan. Yoqavayron. Goh kuladi, goh yig‘laydi).
Soy sohiliga keladi. Suv sathida Nasiba ko‘rinadi. Qochadi… Daraxtzor yoqalab borarkan, Nasibaning kulgusi eshitiladi. O‘sha tarafdan qochadi…
Hammadan “Nasibani ko‘rmadinglarmi?” deb so‘raydi. Birov bosh chayqaydi. Birov alamli kulimsirab qo‘yadi. U qor ustiga “Nasiba” deb yozadi, keyin o‘shandan go‘r yasaydi va tilovat qiladi. Keyin telbavor kulib yuboradi…
(Shahar. Xolmurodning uyi. U jig‘ibiyron. Nasiba keladi).
XOLMUROD: – Ha, kelardingiz-da, xonim? Bundoq uy-joyim, erim, bolam deysizmi?
NASIBA: – Nima qilibman?
XOLMUROD: – Nima qilibman? Ikki soatdan beri och o‘tiribman. Ertaroq kelib, uyiga qaramaydimi xotin jonivor?
NASIBA: – O‘qib-ishlash qiyin bo‘larkan.
XOLMUROD: – Bu dunyoda oson narsaning o‘zi yo‘q, xonim. Faqat o‘pishib-quchoqlashish oson, xolos. Yashash uchun kurash deb qo‘yibdilar.
NASIBA: Bilaman.
XOLMUROD: – Hech baloni bilmaysiz.
NASIBA: – Yana nima qil deysiz? Qiynab yubordingiz-ku, axir?
XOLMUROD: – Men emas, siz qiynab yubordingiz. Xotinlikni eplayolmayapsiz.
NASIBA: – Unda shunaqasini topib olvoling!
XOLMUROD: – Kerak bo‘lsa, topib olaman!…
(Nasiba yig‘lab yuboradi. Xolmurod so‘kinib chiqib ketadi).
(Sershovqin ko‘cha. Avtobusda borayotgan Nasiba ko‘chada bir ayol bilan kelayotgan erini ko‘radi).
NASIBA: (ichida) – Kecha menga Sirdaryoga uch-to‘rt kunga komandirovkaga ketayapman devdilar-ku? Tushunmadim…”
(U avtobusdan tushib, eri bilan ayolga ergashadi. Ular ko‘p qavatli uyga kirib ketadilar. Nasiba ham kiradi. Ular kirgan eshikni taqillatadi. Eshikni yalang‘och Xolmurod ochadi va qotib qoladi).
XOLMUROD: – Nasiba? Sen nima qilib yuribsan bu yerda?
NASIBA: – Erim Sirdaryoda komandirovkada zerikib qolgandir deb xabar olgani kelgandim.
XOLMUROD: – Ahmoqona gaplarni gapirma. Uyga borganda gaplashamiz.
NASIBA: – Boshqa gaplashmaymiz, nomard, yuvuqsiz!
XOLMUROD: – Bu ayol hisobchimiz, buxgalterimiz, hisob-kitoblarni ko‘ryapmiz.
NASIBA: – Yechinibmi?
XOLMUROD: – Xona issiq ekan, shunga yechindim.
NASIBA: – Balki quchog‘iyam issiqdir?
XOLMUROD: – Jinni bo‘p qopsan! Valdirama!
NASIBA: – Iflos!
(Nasiba ketadi. Xolmurod serraygancha gaplashayapti).
(Xolmurodning uyi. Nasiba telefonda gaplashayapti).
NASIBA: – Nega unaqa deysiz, oyi? Xizmat safariga Sirdaryoga ketyapman deb chiqib ketganlar. Ishxonalariga qo‘ng‘iroq qildim. Tayinli gap aytishmadi. Qiziqmaysiz deganingiz nimasi? Xo‘p daraklari chiqsa sizga qo‘ng‘iroq qilaman.
(Go‘shakni ko‘ksiga bosgancha o‘ylanib qoladi).
Onasiga qandoq aytaman? O‘g‘lingizni begona ayol bilan ushlab oldim deymanmi? Hammamiz qip-qizil sharmanda bo‘lamiz-ku.
(Telefon jiringlaydi. – “Men , ha, Sharipovning xotiniman. Tinchlikmi? Nima? Qachon? Mast holda odam bosib ketibdi deysizmi? Qayerda o‘zi? Militsiyada? Hozir, hozir yetib boraman.)
Nasiba apil-tapil otlana boshlaydi.
(Nasiba xonada yolg‘iz xat yozib o‘tiribdi.)
NASIBA: – Aya, shunaqa gaplar. Yetdim deganda yiqildim. Xolmurod mast holda odam urib qamalib ketdi. Qizim bilan yolg‘iz qoldim. Hayronman,. Furqat aka haqida eshitdim, juda yomon ish bo‘libdi.
(Nasiba xatni to‘xtatib ho‘ngrab yig‘lab yuboradi).
(Kutubxona. Nasiba nimalardir yozayapti. Yonida Hoshim aka).
HOShIM: – Biron nima deng Nasibaxon.
NASIBA: – Nima dey. Tegaman, men tayyorman deb bo‘yningizga osilaymi?
HOShIM: – Yo‘q, o‘ylab ko‘ring. Sizning eringiz yo‘q. Mening xotinim. Birga turmush qursak, ikki yorti bir butun bo‘larmidik deyman-da.
NASIBA: -Axir xotiningiz, oilangiz bor-ku Hoshim aka.
HOShIM: – Men xotinimni yomon ko‘raman. Muhabatim yo‘q. Mayli ulardan xabar olib turaman. Lekin faqat siz bilan yashayman.
NASIBA: – Mayli, o‘ylab ko‘raman, Hoshim aka.
HOShIM: – Mayli, bir og‘iz so‘zingiz. Men indinga kelaman.
NASIBA: – Kelmang, o‘zim qo‘ng‘iroq qilaman.
(Hoshim chiqib ketadi. Nasiba uf tortadi. Ishini davom ettiradi.)
(Nasiba turmushga chiqqan, bir kun eshik jiringlaydi.)
NASIBA: – Keling.
AYoL: – Keldik, oposi. Hoshim akaning uylarimi?
NASIBA: – Ha.
AYoL: – Siz kim bo‘lasiz?
NASIBA: – Xotinlari.
AYoL: – Zakonniy xotinlari men bo‘laman. Nima balo, shaharda er topilmay qolganmidi? Men to‘rtta bolamni qayerga olib boraman endi?
NASIBA: – Shoshmang, opa.
AYoL: – O‘chir ovozingni, manjalaqi. Agar erimni tinch qo‘ymasang, bilib qo‘y, uyingga o‘t qo‘yib ketaman.
NASIBA: – Ichkariga kiring opa.
AYoL: – Sening harom uyingga qadamimni ham qo‘ymayman. Erim qani?
NASIBA: – Yo‘q.
AYoL: – Iloyim yo‘q bo‘lib ketsin. Hali ikkovingni sharmandangni chiqarmasam, xo‘p yurgan ekanman.
(Ayol qarg‘ay, qarg‘ay ketadi. Nasiba haykalday qotib qoladi.)
(Kutubxona. Telefon jiringlaydi, kutubxonachi oladi. )
AYoL: – Allo, kim? Nasibaxon? Hozir.
NASIBA: – Eshitaman, nima? Qachon? Voy o‘laqolay (Trubkani tashlab qichqirib yuboradi).
– Uyimga o‘t tushibdi Sayyora opajon. Sho‘rim qurib qoldi opajon.
(U yugurib chiqib ketadi. )
AYoL: – Sho‘ring qursin, Nasiba. Tole’ing tol yog‘ochdan bo‘lmay o‘lsin, Nasiba!

(Qishloq, Nasiba qizchasi bilan qishloqqa kelgan. U ertalab qizchasni yetaklab ko‘chaga chiqib ketadi. Adir tarafga yuradi. Olisdan kimningdir qorasi ko‘rinadi. Kulgusi eshitiladi. U Furqat edi. Nasiba o‘sha tomonga yuradi. Furqat cho‘p bilan yerga kata-katta harflarda nimalardir yozayotgan edi. U birdan to‘xtaydi. Xas-xazonlar bilan ko‘mib, gumbaz qiladi va xuddi qabr yonida o‘tirgandek alamdan beo‘xshov xaxolab kulib yuboradi. Yugurib ketadi. Nasiba shu tarafga yuradi. Boyagi gumbazni tepib yozib yuboradi. Uning tagida yerga o‘yib yozilgan “Nasiba” degan so‘z ko‘zga tashlanadi. Nasiba sapchib turib qichqiradi.
NASIBA: – Fur-qa-t aka-a!…
(Uzoqda yugurib borayotgan Furqat to‘xtaydi va qo‘l silkiydi. Va endi mutlaqo boshqa tarafga chopib ketadi. U ufqda qoraya-qoraya nuqtadek bo‘lib ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Nasiba serrayib qoladi. U endi xuddi soyaga o‘xshaydi. Bu bir sirli oy chiqmagan oqshom edi).

Stsenariy Erkin Usmonov bilan hamkorlikda yozildi.