Sultonposhsha xolaning qalbi yosh. Shu boisdanmi, u goho nabirasining ovoziga taqlid qilib turadi. Telefon jiringladi. Xola shoshilmasdan oldi. Va “Allo!” – deya o‘n yetti yashar qizlar ovoziga o‘xshatma qildi.
– Azizam, seni tabriklayman, – deya bir yigit telefonning narigi tomonidan sayray ketdi, – bugun bayramimiz, esingdan chiqdimi, asalim?!
– Qanaqa bayram, qanaqa asalim?!
– Bayramdaqa bayram-da. Meni kalaka qilma, asalim! Axir, bugun 14 fevral!
– Darrov “14” keldimi? Vaqt ham oqar suvday gap. Kechagina yoz edi. Eh-hey, yosh ham o‘tib ketyapti. Aytgancha, “14”da qanaqa bayram bo‘ladi?
– Sen parishonxotir, yoki men go‘l!… Axir, 14 fevral – sevishganlar kuni-ku! Soddaroq qilib tushuntirmoqchi bo‘lsam, “Igves” bog‘ida birgalikda shaftoli tergan kun.
– Himm! Sen bilan-a?!
– Masxara qilma, xafa bo‘laman-a!
– Hali, xafayam bo‘lasizmi? Mening hozir aytadigan gapimni eshitsangiz, bilmadim, holingiz ne kecharkin, azizim. Siz aytgan o‘sha “Igves” bog‘idagi shaftolini men umuman yemaganman. Chunki, o‘sha paytlar qizlarning roziligi bilan erga bermasdilar, jonginam!
– Qariyalarning gapini osmondan oldingmi, yo buving o‘rgatdilarmi?
– Boshimdan o‘tganlarni aytayapman, azizim! Yana bir narsani aytsam, sochlaringiz tikka bo‘ladi. Rahmatli erim o‘lganiga yigirma yildan oshdi,
– Nargiz, senmisan?.. Bunaqa gaplarni qayerdan olding?
– Men uning buvisiman.
– Ni…ma?!.
Narigi tomondan telefonning uzuq-yuluq gudogi keldi.