Miraziz A’zam. Qo‘lyozmalar

MUALLIFDAN

“O‘tirgan – bo‘yra, yurgan – daryo” deydi xalqimiz. Otam Ikkinchi jahon urushiga ketarkan, yo‘l ustida onamga “bolalarni o‘qit, ko‘p badiiy kitoblar olib ber, kinolarga, teatrlarga olib bor” deb tayinlagan ekan. Oradan yetti oy o‘tib, otam jangda halok bo‘lganda uning nasihati onam uchun vasiyatga aylangan, bizga doim dostonlar, ertaklar aytib bergandan tashqari, urush davrining o‘sha og‘ir va yetishmovchiliklar davrida bizga Yosh tomoshabinlar teatri tomoshalari uchun chiptalar olib kelar, o‘qishdan ta’tilga chiqqan kezlarimizda kinoteatrlardagi bolalar filmlarini ko‘rishga o‘n kunlik dasturli chiptalar topib kelardi. Go‘ro‘g‘li va Alpomishning, Tom Soyer va Robinzonning boshidan o‘tkazgan qiziq voqealari ta’sirida bo‘lsa kerakki, bolalikdan sarguzashtlarga suyagim yo‘q edi.
Esimda, 1949 yildami yo 1950 yildami, biz yettinchi sinf o‘quvchilarini Toshkent viloyatining Ko‘kterak dahasi tomondagi bir kolxozga paxta terimiga jo‘natishdi. Terim kunlarining birida yomg‘ir yog‘ib dalaga chiqmadik. Bir xonadonga joylashgan yigirmaga yaqin bola, baribir bola-da, yomg‘irda ko‘chaga chiqib Kelesga kelibmiz deng. Bir mahal bir yuk poyezdi kelib, bekatda to‘xtadi; bir vagonning tamburi bo‘m-bo‘sh edi, men sakrab chiqib oldim. “Tush! Tush! Hozir yurib ketadi!” deb baqirishardi sinfdoshlarim. “Yursa yurar, aylanib kelaman” dedim men. “Qayoqqa ketishini bilmaysan-ku! Adashasan!” – der edi sinfdoshim Qodir do‘q aralash.
Poyezd yurib ketdi. Men bir o‘zim tamburda o‘tirgancha yomg‘ir yog‘ishidan zavqlanib borardim. “Tavba, oddiy geografiyani ham bilmaydi… Toshkent vokzalidan boshqa qayoqqa borardi? U yerda to‘xtamasligi mumkin emas!” der edim o‘zimga o‘zim.
Yo‘lda 54-raz’ezdda bir to‘xtadi, keyin Toshkent vokzaliga kirib keldi. Men bemalolxo‘ja bo‘lib vagondan sakrab tushdim. Trolleybus bekatiga yugurdim. Eskijo‘vadan avtobus bilan uyga yetib oldim.
Ertasiga o‘rtoqlarim yotgan uyga g‘olibona kirib kelganimda, hammalari meni o‘rab olishdi. Qodir jahl bilan bir chimchiladi:
– Adashsang nima bo‘lardi?
– Nega adashaman? O‘zi bitta temiryo‘l bo‘lsa!
Keyin 1953 yil noyabrda Boyovutga paxtaga borganimizda ham to‘xtovsiz qor yoqqan kuni Nosir Fozilov, Xudoyberdi To‘xtaboyev, Abdusafi Abdumajidov kabi o‘zimga o‘xshash sarguzasht ishqibozlari bilan birga yuk poyezdida Toshkentga kelib-ketgan edim.
Endi mundoq o‘ylab qarasam, “G‘uncha” jurnalida ishlagan 1959-1967 yillarda ham birda rasmiy yo‘llanmalar bilan, birda dam olish oylari turli-turli shahar-qishloqlarga borgan ekanman.
Keyin taqdir Gurjiston, Moldova, Tatariston, Rossiya, Afg‘oniston, Qibris, Makedoniya mamlakatlariga borishni ham menga loyiq ko‘rdi.
Endi yoshim bir joyga borganda bu yo‘llarda ko‘rgan-kechirganlarim, orttirgan tanishlarim, do‘stlarim haqida ko‘p o‘ylayman. Shunday kunlar bo‘ladiki, birdan yo u daftar yo bunisida yozgan qaydlarim chiqib qoladi. Oxiri shularni to‘plab, yig‘ib “Yo‘lyozmalar” nomi bilan shu kitobni yozdim, eski fotosuratlarni ham kiritdim.
Menimcha, o‘quvchilarni qiziqtirsa, jinday saboq bersa ham kerak.

ALPINISTLIK OYI

Sobit aka degan kursdoshimiz ijobiy ma’noda baloyi azim edi. Birinchi kursni bitirgan 1954 yil yoz oylarida yaxshi dam olish uchun har xil tashkilotlarga uchrab, beshta yo‘llanmaning daragini topib keldi. Sport turlaridan alpinizm bilan shug‘ullanadigan bir uyushmami, tashkilotmi, talabalar uchun Pomir-Oloy tog‘lariga beshta bepul yo‘llanma ajratgan ekan, shuni biz olishimiz mumkinligini aytdi.
Zudlik bilan birinchi kursni bitirganimiz haqidagi ma’lumotnomadan tashqari, mahallamizdan yordamga muhtoj oiladan ekanligimizni ko‘rsatuvchi hujjat, alpinistlikni orzu qilishimiz to‘g‘risida ariza, fotosurat va yana allaqancha qog‘ozlarni to‘pladik. Shu tariqa, to‘rt og‘ayni va bir qizga yo‘llanma undirdik.
Muazzam Saidova bir to‘p qizli, otasiz oiladan edi. Qorachadan kelgan, yulduzi issiq, samimiy, sal shaddod qiz edi. Shu bilan birga shirador va kuchli ovozi ham bor ediki, mumtoz va xalq qo‘shiqlarini maromiga yetkazib aytganda har qanday tosh yurakli odamni ham eritib yuborardi. Men ayniqsa, uning “Chaman yalla”sini har qancha eshitib to‘ymas edim. U mendan ikki yoshgina katta edi, hurmatim balandligidan “Muazzam opa” deyishga odatlangandim, u esa meni “Azizjon” deb chaqirardi.
Sobit akaning otasi Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan, onasi 1943 yilda o‘pka xastaligidan vafot etgandi. Shunda o‘n yoshli bola yetti yashar singlisi, to‘rt yashar ukasi bilan qarovsiz qolgan, Sobit aka hayotning achchiq-chuchugini totib ulg‘aygan edi.
Razzoq Abdurashidov serfarzand oiladan bo‘lib, hali bolalarning birontasi ham ishli-maoshli bo‘lmagan, ozgina yerlarida issiqxona qurib, pamildori, garimdori, rayhon-jambillar ekib, ko‘chatchilik, ko‘kchilik qilib kun ko‘rishardi. Razzoq bolaligidan she’rga qiziqib, G‘ayratiyning ijodiy to‘garagiga qatnab, endi-endi ijodi ko‘rina boshlagan chog‘lari edi.
Ne’mat Yoqubov uch-to‘rt o‘g‘illi oiladan, ota-onasi uyda o‘tirar, faqat katta akasigina ishlab, oilani arang tebratardi. U mendan to‘rt yosh katta, ammo bir maktabda, bir sinfda o‘qigandik. Kamtar, sipo, ozoda bola, o‘ninchi sinfni kumush medalga bitirib, universitetga kirish imtihonlarisiz qabul qilingan edi.
O‘n to‘qqizinchi iyul kuni universitetning orqa hovlisiga to‘plandik. U yerda bizni yoshgina rus yigit kutib oldi.
– Gennadiy Vasilevich, instruktor, – deb o‘zini tanitdi, keyin hammamiz bilan birma-bir ko‘rishib chiqdi. Shu yerda turgan yuk mashinasini ko‘rsatib, shu mashinada ketishimizni aytdi. Mashinaning brezent yopinchig‘i yig‘ib qo‘yilgan ekan.
– Nu, Sasha, tы gotov? Tovariщi prishli , – deb qichqirdi nariroqda turgan yigitga. So‘ng bizga uni haydovchimiz deya tanishtirdi.
Ana endi hovli darvozasidan “Alplager, qaydasan?” deb usti ochiq yuk mashinasida yo‘lga chiqdik. Kuzovning ikki yonida o‘tirg‘ichi va ishkomga o‘xshagan egma sinchlari bor edi. Biz o‘tirg‘ichlarni egalladik. Mashina bir zumda shahar markazidagi xiyobondan o‘tib, Shota Rustaveli ko‘chasiga chiqdi. To‘qimachilik kombinatining yonidan to‘g‘riga, so‘ngra temiryo‘l ko‘prigi tagidan o‘ngga, Yangiyo‘lga tomon burildi.
Biz goh o‘tirib, goh sinchlarni ushlagancha tik turib borardik. Notekis yo‘llardan o‘tganda qiyqirishar, tekis yo‘llarda yozning issiq shamoliga yuzimizni tutgancha yo‘llarni tomosha qilib borardik. Dastlab yo‘lning ikkala tarafi ham daraxtzor, tokzor, poliz ekinlari, jo‘xoripoyalardan iborat edi. Dimoqqa olmalarning, qovunlarning, jiydalarning hidlari urilardi. Keyin cheksiz, chegarasiz paxta dalalari boshlandi, kallaklangan tutlar ularni pollarga ajratgan, to‘mtoq daraxtlar tagidan yiltillab oqib yotgan suvlar har qalay antiqa manzara yaratardi.
Chinozda bir to‘xtab, bozorchasini aylanib chiqdik. Meva-cheva va non-somsalar, go‘mmalardan tashqari, bu yerda bugun tutilgan yangi baliqlar sotilarkan. Hozirgina tutilgan baliqlar shu yerning o‘zida tozalanib, kattakon tovada jiz-jiz yoqqa qovurib berilardi. Shunday noz-ne’mat yonidan o‘tib bo‘larmidi? Ozroq tamaddi qilib, yana yo‘lga tushdik.
Keyin Sirdaryodan, Qo‘qondan, Farg‘onadan kechib, vaqt tushdan o‘tganda Shohimardonga yetdik. Ozgina tanaffus qilgani shu yerning choyxonasiga kirdik.
Shohimardon – Farg‘onaning janubida joylashgan, iqlimi va tabiati jihatdan kurort mintaqasi. Pomir-Oloy tog‘laridan tushib keladigan Oqsoy, Ko‘ksoy degan shiddatli suvlari har qanday odamning bahri dilini ochar, allanechuk hayajonga solardi. Guvullab oqayotgan suv ustida taxta so‘rilar qurilgan, ularning to‘rt tarafiga ko‘rpachalar to‘shalgan bo‘lib, o‘rtadagi xontaxtaga dasturxon yozig‘liq edi. Biz bir so‘riga chiqib o‘tirishimiz bilan choyxonaning o‘spirin xizmatchisi oldimizga patnisda choynak, beshta piyola, bir laganchaga mushtumdan kattaroq beshta zarg‘aldoq shaftoli, kichik likopchada oqqand va ikkita issiq non keltirib qo‘ydi. Sobit aka choy quyish tashabbusini darrov qo‘lga olmoqchi bo‘lgan edi, Muazzam:
– Menga bering, men quyaman, – dedi choynakka cho‘zilib.
Muazzam choyni uch marta qaytarib, har birimizga piyola tutarkan, Sobit aka shaftolilarni maqtay ketdi:
– Voh-voh, asal-a, asal. Hech bunaqasini ko‘rmagandim.
– Suvlari tiniq, havosi tozaligini qarang, – dedi Ne’mat Yoqubov.
– Suvlari bir she’r, havosi bir she’r, shaftolisi ham bir she’r, – dedi Razzoq Abdurashidov.
Bir tarafimiz tog‘ yonbag‘irlari, ikkinchi tarafimiz bog‘lar… Bulbullar, sa’valar, maynalar, qarqunoqlar tinim bilmay sayrashadi. Bulbul shu qadar chah-chahlardiki, uning bunchalik xilma-xil tovushlarni qaydan olishini o‘ylab, bunday tabiat, bunday qushlarni yaratgan San’atkorga jon-joningdan hamdu sanolar aytarding. Bu qaddi raso o‘riklar, baland bo‘yli shaftoli daraxtlari (Toshkentda shaftoli daraxtlarining bo‘yi ancha past bo‘ladi), hozir yong‘oqdan sal kattaroq, taxminan bir oylardan keyin pishadigan anorlarning shoxlarda xuddi fonarlarga o‘xshab osilib turishlari…
Eshiklari oldiga gullar ekilgan, jildir-jildir ariqlar yoqasida teraklar, tollar o‘stirilgan uylar… Qayoqqa qaramang, ko‘zlarga orom beruvchi yashillik!
Yo‘lda turgan yuk mashinamizga chiqdik. Oqsoy yoqalab asta yuqoriga o‘rlay boshladik. Taxminan o‘n kilometrcha yurganimizda o‘rik daraxtlarida hali pishmagan, bodomday bo‘lib qolgan dovuchchalarni ko‘rdik. Ajab, pastda oq o‘riklar pishib tamom bo‘lgan, bu yerlarda hali rang kirmagan-a! Bunisi hali holva ekan, yana o‘n-o‘n besh chaqirim yuqori ko‘tarilganimizda oppoq bo‘lib gullagan o‘rik daraxtlarini ko‘rdik.
O‘lmagan banda ko‘raverar ekan: biz qarorgohga yaqinlashib kelayotganimizda tuzukkina qor yog‘ayotgan edi. Ana buni g‘aroyib desa bo‘ladi! Shohimardondan bu yergacha nari borsa qirq kilometrcha yurdik, ammo bir kunning o‘zida to‘rt faslni ko‘rdik. Holbuki, shu kun yigirmanchi iyul edi.
Yuk mashinamiz “Alpinistskiy lager “Urojay” deb yozilgan kattagina taxta yonidan o‘tib, bir maydon chekkasiga borib to‘xtadi. Beixtiyor “Hosil” alpinistlar lageri” degan o‘zbekcha yozuv bo‘lishi kerak emasmidi?” deb o‘yladim.
– Mы priyexali na Pamir-Alayskiye gorы , – dedi Gennadiy Vasilevich mashinadan tushganimizda.
Men bu yerga kelish oldidan Pomir-Oloy tog‘lari haqida biroz ma’lumotlar yiqqandim.
“Pomir” so‘zining ma’nosini aniqlay olmadim, ammo bizning ona tilimizda “Oloy” so‘zining ma’nolari ko‘p ekan. Mana, shulardan ba’zilari:
1. “Ko‘pchilik”, “tiqilinch” degan ma’noda keladi. Masalan, Toshkentdagi Oloy bozori ilgarilar “ko‘p odam oldi-sotti qiladigan joy” ma’nosida oloy deyilgan, ammo zamonlar o‘tib, “oloy” so‘zi atoqli otga aylangan.
2. Ilgarilar birga sayohat qiluvchilarga nisbatan ham shu so‘z ishlatilgan: “Biz bir oloy bo‘lib yo‘lga chiqdik” tarzida.
3. Harbiy atamalar ichida ham “oloy” so‘zi bor bo‘lib, u vzvod ma’nosini bildiradi. Uch oloy va bir birlik (otdeleniye) qo‘shilsa, tabur (batal­on) bo‘larkan.
4. Har qanday yerda qatorlashgan va g‘uj-g‘uj joylashgan narsalar ham “oloy” deyiladi.
Demak, “Oloy tog‘lari”, “bir qator tog‘lar”, “tog‘lar tizmasi”, “tog‘lar uyumi” degan ma’noni bildirar ekan. Chindan ham bu yerda qayoqqa qaramang, ustma-ust, ketma-ket tog‘larni ko‘rasiz.
Biz tunaydigan qarorgoh tog‘ yonbag‘rining bir qadar tekis yerlarida. Qozoq ovullaridagi kabi qayer tekisroq bo‘lsa, o‘sha yerda palatka qurilgan. Biz, “to‘rt og‘ayni botirlar” bir palatkaga joylashdik, Muazzam Saidova uch nafar rus qizlar bilan yotadigan bo‘ldi.
Hammaga ichki kiyimdan tortib, tashqilarigacha bir xil kiyim-bosh berildi. Uydan kiyib kelgan o‘z engillarimizni taxlab, maxsus xaltalarga solib, palatkamizning burchak-burchaklariga qoziq yasab, osib qo‘ydik. Alpinistlarning maxsus trinka xalat va trinka shimlarini kiydik. Har birimizga kattagina ryukzak, ichida dumaloqlangan, boshidan beligacha usti zanjirli qop-o‘rin, yostiq, oppoq choyshablar tarqatildi. Darrov palatkaga kirib, qop-o‘rinlarning zanjirini yechib, ichiga kirib, yotib ko‘rdik. Zanjirini boshingizgacha tortib, bekitib olsangiz, ovga kelgan bo‘rilar ham sizga daf qilmas ekan.
“Suxoy payok” deb berilgan ovqatlari: tunuka bankalarda Qozog‘istonning ivitma etlari, qandli quyultirilgan sut, pishloq, saryog‘, asal, qotirilgan oppoq nonlar, baliq va jigar konservalari, hatto ba’zi kunlar baliq uvuldiriqlari va hokazo.
Muazzamxon rus sheriklari bilan qanday ovqatlanadi, bilmaymiz-u, lekin biz “bazmi jamshid” qildik. Ochiq havoda, ochiq yerda o‘tirib, uchta toshdan o‘choq yasab, atrofdan mayda-chuyda o‘tin terib kelib, xohlasak konserva va etlarni olovda isitib, qaynatib, non botirib yeymiz, istasak, saryog‘ bilan asalni nonga surtib, tog‘ suvlari bilan tanovul qilib, qorinni silab o‘tiramiz. Bunday antiqa, mazali ovqatlarni Toshkentning restoranlarida ham uchratmaysiz. Bilsak, “Urojay”ni Moskva ta’minlar ekan.
Lagerga deyarlik yuzga yaqin bo‘lajak alpinist va yigirmaga yaqin sport murabbiylari kelgan. Oralarida faqat biz, besh talabagina, o‘zbekmiz. Qolganlari ruslar yoki rus tilida gaplashadigan boshqa millat vakillari.
Bu yerning tabiatini o‘zimizcha o‘rgana boshladik. Biz yotadigan hududda daraxtlar yo‘q, bu toshloq yerlarga yoqqan kechagi qorlar erib ketib, oftob allaqachon maydonni shabadasi bilan quritib qo‘ygan edi. Unda-bunda qurigan yovvoyi na’matak va boshqa butalar hamda butachalar bor edi. Yuksaklarda, oftob tushmagan tog‘ yonbag‘irlarida archalar kecha yoqqan qor ki­yimlarida to‘da-to‘da kelinchaklarday, pastga tushib kelayotganda bir dam to‘xtaganday ko‘rinardi. Shundoq yonboshimizdagi darada, huv pastlarda soylarning guvullagan ovozlari kelardi. Razzoq allakimdan bilib keldi: bu soyning nomi Ugam emish.
– Pastga, soylarga tushsak bo‘ladimi? – deb so‘radik murabbiydan.
– Tushaveringlar, faqat suvga kirmanglar, suv sekundiga olti metr tezlikda oqadi, tushsanglar, oqizib, toshlarga urib, mayib qilishi mumkin, – dedi.
Olti yuz metrcha pastlikka, soy bo‘yiga, butalarni ushlab, tushib bordik.
Bu tomonda o‘sgan gullardan bir-ikkita guldasta yasamoqchi bo‘ldim. Shu chog‘ qarshimda gulbarglari gulsafsarga o‘xshash, ammo uchi tik qip-qizil bir gulga ko‘zim tushdi. Nihoyatda chiroyli, xuddi naqshin qadahga o‘xshaydi. Shartta borib bittasini uzgan edim, qo‘lim qizarib, pufaklanib, qavardi.
Keyin birdan havorang deysizmi, bir zangor – chiroyli gulni ko‘rib qoldim. Bittagina ekan. Ko‘zim qiymadi uzishga. Bu – shoirimiz Quddus Muhammadiy kuylagan bo‘tako‘z edi.

Mirzacho‘lning dalasida,
Bir gul ko‘rdim – bo‘tako‘z.
Hamma gullar orasida
Hay-hay, go‘zal o‘ta ko‘z.

Bo‘tako‘zning yaproqlari
Shu’la tushib yarqirar,
Nozikkina shildirab
Bolarisin chaqirar.

Men bu she’rga asoslanib, bo‘tako‘z faqat Mirzacho‘lda o‘sadi, deb o‘ylar edim. Yo‘q, u Pomir-Oloy tog‘larining tepasigacha chiqib olibdi. Ammo bu yerda hozir bittagina tupini ko‘rdim. Balki, boshqa tog‘ yonbag‘irlarida yana bordir. Quyuq kipriklar bilan o‘ralgan dumaloq ko‘zli bo‘tako‘z chindan ham bo‘taloqning ko‘ziga o‘xshaydi. Faqat tuyalarning ko‘zi moviy bo‘ladimi, yo‘qmi – shunisini aniq bilmas ekanman. Ammo butun go‘zalligini ko‘z-ko‘z qilib, tirnoqcha ham zorlanmay, dovyuraklik bilan bu tog‘larda mag‘rur qad rostlab turishi odamni mast qilar edi.
Xorazm tepaliklariga o‘xshagan usti kungurador, dumaloq sariq sallasimon chiroyli gullarni ham ko‘rdim. Shu gullardan ikkita guldasta yasab oldim.
So‘ngra soyning bir chetiga tushib, suvga bir sho‘ng‘ib olmoqchi bo‘ldim. Qirg‘oqdagi toshni ushlagancha, oyog‘imning bir uchini suvga tekkizganimni bilaman, suv to‘pig‘imga shunday zarb bilan urdiki, naq butun gavdam soyga uchib tushguday bo‘ldi. Oyog‘imni bir soniyada arang tortib ulgurdim. Chindan ham bu soy bilan hazillashib bo‘lmas edi. Rangim o‘chib, bir zumda kiyinib oldim. Tepaga qaytib chiqqanda instruktor Slavadan gullarning nomini surishtirdim.
– Qo‘lingni qizartirgan u qizil gulni biz “Zvyozdochka” deymiz, o‘zbekchada qanday bo‘lishini bilmayman. Mana bu sariq gullar esa “Bessmertnik”, hech so‘limaydi, necha oylab shundoq turaveradi, bir necha oydan keyin qattiq holga kelib quriydi, – dedi.
Men ilgari kitoblarning birida “Bessmertnik” degan gul o‘zbekchada “Hamishabahor” deb atalishini o‘qigandim, lekin o‘zini ko‘rmagandim, endi ikki dastasi, mana, qo‘limda.
Ertasidan o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Darslar faqat rus tilida o‘tilardi. Toqqa shundoq kelib, chiqib ketavermas ekansiz. Alpinistlik ham murakkab bir ilm ekan. Katta-katta, o‘ttiz-qirq bosma taboq keladigan darsliklari borki, qo‘yaverasiz. Ularning hammasi rus tilida, ammo ulardagi ma’lumotlar uncha-muncha jug‘rofik kitoblarda uchramaydi.
Pomir-Oloy deb qo‘shma ot olgan bu tog‘lar Farg‘ona vodiysining janubida bo‘lib, Hisor-Oloy, Pomir, Qirg‘iz-Turk tizmalaridan tarkib topgan. Hisor-Oloy tizmalari o‘z navbatida Oloy, Turkiston, Zarafshon, Qorategin tizmalariga bo‘linadi. Yana janubi-g‘arbida Jilontog‘, Sarsarak, Teraklitog‘, Qoratog‘, Oqtog‘ ham bor.
Hayvonot dunyosiga kelsak, arxar, ayiq, uzun dumli sug‘ur, yovvoyi quyon, kaklik, qirg‘ovul, bedana, to‘rg‘ay kabilar ko‘p, deyilgan. Biroq biz hali ularni ko‘rganimiz yo‘q. Men faqat bir marta, quyosh charaqlagan kun teparoqdagi bir xarsang ustida qo‘ngan to‘rg‘ayni ko‘rdim. U qo‘ngan joyida bir pas atrofga alanglab turdi-da, sayrashga tushdi. So‘ng birdan yigirma metrga yuqoriga ko‘tarildi-da, muallaq pirillab turgancha sayrashni davom ettirdi. Nimani kuylarkin, deb o‘yladim. Atrofga olazarak bo‘lishlariga qaraganda, bu yerlarning go‘zalligini ichiga sig‘dirolmayotganga o‘xshardi. Ha, albatta! O‘z yurtini, uning betakror go‘zal tabiatini kuylaydi-da! Boshqa nimani kuylardi bunday zavq bilan!
Biz bu alpinist kitoblarining har birini o‘qib chiqib, rus tilida rosmana imtihon topshirishimiz kerak. Har o‘n-o‘n besh kishiga bir murabbiy dars o‘tadi.
Bizning har birimizga bolta bilan chopsa ham, arra bilan kessa ham uzilmaydigan ipak arqonlar berishgan, yigirma metrdan. Ularni chiroyli qilib o‘rab, yelkaga osib yurasiz. O‘rashning o‘zi bir ilm. Arqonlarni bir-biriga ulash ham bir ilm: “to‘quvchilar bog‘i” (“tkatskiy uzel”) degani bor. Agar o‘sha usul bilan bog‘lamasangiz, bir-biriga bog‘langan ipak arqon sirg‘alib yechilib ketadi.
Qo‘limizga “ledorub” (“muzo‘yar”) degan ikkiyoqlama tesha berishganki, bir yog‘i bizning o‘zbekcha poyteshaga o‘xshaydi, ikkinchi yog‘i to‘mtoq, u bilan tikka-tik tog‘ chiqib qolsa, tog‘ning yonboshlaridan biron kerakli joyni o‘yasiz, yo urib sindirasiz va o‘zingizga oyoq bosish uchun joy hozirlaysiz. Ledorubning o‘rtasidan o‘tkazilgan sopi ham metalldan. Uzunligi bizning poyteshadan kaltaroq, lekin qo‘lteshadan ikki baravar uzun.
Yana har birimizga uchi nayzador uzun tayoq-hassa ham berishdiki, uning oti “alpenshtok” ekan. Alpenshtok eng chidamli zarang yog‘ochidan yasalishi kerak. Chunki u xatarli daqiqalarda sinib ketsa, bu – alpinistning o‘limi degan gap. Umuman, ledorub bilan alpenshtok har damda sportchiga asqotadigan, alpinistlar orasida jon bahosidagi, juda ajoyib narsa. O‘yish, teshish, kesishlari-ku, ko‘rinib turgan xususiyatlari, ammo yana bir muhim jihati shundaki, tasodifan tog‘dan yiqilsangiz, bir qo‘l bilan alpenshtokning bo‘ynidan, ikkinchi qo‘l bilan hassa tomonidan ushlab yerga tirasangiz, yiqilishingizni to‘xtatib qola oladi. Oddiy kunlarda esa undan hassa sifatida ham foydalanasiz.
Alpinistlar yana boshqa bir arqonda egilgan barmoqqa o‘xshash po‘lat ilmoq ham olib yurishlari kerakki, u ilgakni yuqoridagi toshga otib ilintirib, so‘ng shu arqonga osilib, yuqoriga ko‘tarilishadi.
Alpinistlarga yana bir tomoni besh tiyinlik tangadek teshilgan temir halqa bo‘laklari va bolg‘a ham berishgan. Agar qarshingizda biron-bir tik tog‘ chiqib qolsa, cho‘qqiga yurib chiqadigan bironta ham so‘qmoq bo‘lmasa, siz o‘sha temirni tog‘ toshining darz ketgan biron yeriga bolg‘a bilan qoqasiz, teshigidan arqon o‘tkazib, o‘zingiz o‘sha arqonga o‘tirib, arqonning ikkinchi tomonidan tortib o‘zingizni o‘zingiz yuqoriga ko‘tarasiz.
– Temir halqa odamni ko‘tarolmay, darz joydan chiqib ketmaydimi? – deb so‘radim murabbiydan.
– Hech qachon! – dedi murabbiy. – U halqalarni joyidan chiqarib olish uchun katta gurzi kerak. Sizning bolg‘alaringiz bilan ham bir amallab urib chiqarsa bo‘ladi, ammo bunga ancha urinish, kuch kerak. Bu halqa va undan o‘tkazilgan ipak arqonlar sizdan besh baravar og‘ir bo‘lgan ayiqlarni ham ko‘tara oladi.
Murabbiy darsini davom ettirdi:
– Siz yarim metr yuqoriga ko‘tarilgandan keyin, tepangizdan yana bir temir parchasini toshga qoqib, teshigidan arqonni o‘tkazib, avvalgi harakatingizni takrorlaysiz. Yana bir muhim jihat shundaki, hamma alpinistlar bir-biriga bog‘langan bo‘ladilar. Keyingilar oldingilar qoqqan halqalardan foydalanadilar. Shu tariqa yarim metr-yarim metrlab, asta-sekin butun oloy yuqoriga ko‘tariladi. Bu katta uquv, mahorat va kuch talab qiladi, – deya darsini tugatadi murabbiy.
– Biz bu yerga dam olgani kelganmizmi yo o‘qiganimi? – deydi sal og‘rinib Muazzam Saidova.
– Dam olish har xil bo‘ladi: aktiv (faol) dam olish va passiv (zaifona) dam olish. Bu tog‘larda yuksaklarga chiqishni o‘rganish, malaka orttirish, intilish va doim harakatda bo‘lish – aktiv dam olish hisoblanadi. Faqat yeb-ichish, yotish, maqsadsiz yoki shunchaki atrofni kuzatib yurish – passiv dam olishdir. Cho‘qqilarga chiqishni xohlamaganlar lagerda yotaverishlari ham mumkin. Bu yerda hech kim hech kimni hech nimaga majbur qilmaydi, – dedi murabbiy.
Keyingi kunlarda biz soylardan, tangilardan o‘tish, yuksakka ko‘tarilish va pastga tushish qonun-qoidalarini o‘rgandik. Birlikning, xotirjamlikning ahamiyatini angladik. Kechalar oydin edi. Kiyimlarimizga o‘ranib, tashqariga chiqib o‘tirardik. Muazzam rus dugonalari bilan kelardi. Gurunglashardik. Ko‘pincha Muazzamga qo‘shiq ayttirardik. Men, ayniqsa, Muqimiy g‘azali bilan aytiladigan “Chaman yalla” ashulasini yaxshi ko‘rardim.

Ko‘ngulni g‘uncha yanglig‘ tah-batah qon aylading-ketding,
Xaloyiq ichra ma’yusu parishon aylading-ketding…

Bu oydin kechada tog‘lar qurshovida tiniq havolarda ashula shunday yang­rardiki, uzoq-uzoqlarda bizni yana kimlardir tinglayotgandey tuyulardi. Rus qizlarimiz biroz o‘tirgach, zerikib, ketib qolishardi.
Biz qizlarimiz turib ketganiga parvo qilmay, “o‘z kontsertimiz”ni davom ettirardik.

Qizil gulni tagida, chaman-an ichra,
Bulbul chah-chah kuylaydi chaman-an ichra.

Yuragim jig‘illaydi chaman ichra, bog‘ ichra-a,
Yor kelganga o‘xshaydi chaman-an ichra.

Qizil gullar ichida, chaman-an ichra,
Yor, seni ko‘rib qoldim, chaman-an ichra.

Ko‘rmasam bo‘lar ekan, chaman ichra, bog‘ ichra-a,
Ishqingda kuyib qoldim, chaman-an ichra.

Muazzamning ovozi shunday tovlanar, tebranardiki, biz uning ezilayotgan qalbiga qanday bir yupanch berishni bilmasdik. Biz uch og‘ayni Muazzam opaning Ne’mat Yoqubovda ko‘ngli borligini sezar edik. Yoqubov o‘zi ham buni ozmi-ko‘pmi payqar edi, nazarimda, ammo bilmaganlikka olardi, shekilli. Men zora ozgina bo‘lsa-da, qo‘shiq bilan xumordan chiqsa, deb o‘ylardim.
Oydin tunlarning birida do‘stlarim uyquga ketganda yolg‘iz o‘zim tashqariga chiqdim. Oy odamga shu qadar yaqin kelishini ko‘rmagandim. Bundan chiroyliroq manzara bormikin olamda? “Kitob o‘qisa bo‘larmikin?” Bu yerga kelishdan bir-ikki kun oldin magazindan bir kitob olgandim, bir rus adibasining “Birinchi muhabbat” nomli kitobi… Palatkadan olib chiqdim. Bemalol o‘qisa bo‘larkan. Bo‘yi bir qarich keladigan, qalinligi bir bo‘g‘im, bir yuz sakson sahifali kitobni oydinda o‘qib bitkazdim.
Murabbiy har kuni alpinistlikning turli-turli xususiyatlarini uqtirar edi:
– Bu yerda tabiat intizomsizlikni qabul qilmaydi. Dunyoda ikki kasb bor: sapyorlik va alpinistlik. Sapyor adashsa, o‘zi portlab ketadi, alpinist adashsa, tog‘dan yiqilib o‘ladi.
– Tog‘ ishqibozlari uch xil bo‘ladi: yakka-yolg‘iz ishqibozlar, ikki-uch, to‘rt-besh kishilik ishqibozlar va biznikidek, oloy alpinistlar.
– Siz, o‘zbeklarda bir chiroyli maqol bor: “Holva degan bilan og‘iz chuchimas”. Tog‘larga ishqiboz bo‘lgan bilan cho‘qqilarni egallay olmaysiz. Buning uchun odam chiniqqan va uquvli bo‘lishi, kerakli jihozlarni farqlay olishi va ularni ishlata bilishi kerak. Kerakli toshning og‘iri yo‘q, shundaymi?
Toqqa chiqish oldidan o‘quv mashg‘ulotlari o‘n kun davom etdi. Shundan ikki kuni imtihonlarga sarflandi. Keyin toqqa chiqish uchun amaliy tayyorgarliklar boshlandi.
Har birimizga og‘ir-katta va pishiq botinkalar berildiki, ularning tagida tish emas, ikki santimetrli nayza mixlar bor. Biz bu botinkalarni moylab oldik va oyoqqa kiyib, yurib ko‘rdik. Nihoyat, hamma arqon bilan bir-biriga bog‘lanib, yelkada og‘ir ryukzaklar, ledorublar, qo‘lda alpenshtoklar bilan bir qator bo‘ldik. Ana undan keyin goh tog‘ yonbag‘rining soya, qorli tomonlaridan, goh oftobli, yeri shag‘al yo toshloq so‘qmoqlaridan, yo umuman hech qanday yo‘l tushmagan taraflaridan ketdik. Kun yarimlaganda o‘tirib, arqonlarimizni bir-birimizdan uzar, tog‘ yonboshining bir tarafini qizlarga, bir tarafini yigitlarga deb e’lon qilgach, o‘tirib, dam olib, tamaddi qilar, so‘ngra yana yo‘lga tushardik. Jilg‘alar, irmoqlar, chashmalar yonida to‘xtar, egilib, muzday suvlarida yuz-qo‘llarimizni chayar, tomog‘i og‘rishidan qo‘rqmaganlar ichib, xumoridan chiqar edi.
Men shu safar kunlarida tog‘lar har xil shaklda bo‘lishini o‘rgandim: ba’zilari bir-biri bilan yonma-yon, bilmadim, qayergacha cho‘zilib borardi. Ba’zilari “e” harfining belbog‘iga o‘xshagan – ikki tog‘ning o‘rtasidan boshlanib, oyog‘i daraning allaqayerida pastlarda tugaydi. Ba’zilari patsimon, boshqalari shoxsimon, ba’zilari tik cho‘qqiga o‘rlab ketgan…
Yoz chillasi bo‘lishiga qaramay, Oloy tizmalarida kechalar juda sovuq, yo‘lda shoshilinch tiklangan palatkalardan hech kim boshini chiqarmaydi. Ammo kunduzlari marshda ketayotganimiz uchunmi, yo chindan ham havo isib qoladimi, hech kim sovqotmaydi.
Slava degan bir yosh murabbiyimiz bor. Juda qiziqchi (murabbiylar bir-biriga bog‘langan qatorning yonida ahvolni kuzatib borishadi), hammani kuldirib, o‘zbekcha raqsga ham tushadi, faqat “Nay-num, na-na-num” deyish o‘rniga, “Onay-na-nay-num”, deydi. So‘kinyaptimi, o‘yinimizni masxara qilyaptimi, desangiz, yo‘q, berilib raqsga tushadi, hatto qizlarga muqom qilib ham qo‘yadi.
Odatda, kech tusha boshlashi bilan to‘xtab, palatkalar qurishga kirishiladi. Palatkalarning to‘rtta uchida arqonlar bo‘ladi, u arqonlar balandroq tirgovichlar bilan ko‘tarilib, uchi uzoqqa qoqilgan qoziqlarga tortib bog‘lanadi. Qarabsizki, boshpana tayyor, kirib dam olaverasiz. O‘rin-qopni tizillatib ochasiz-u, pinakka ketasiz. Uyquga to‘yib, tiniqib, o‘rningizdan turganingizda, quyosh manglayingizni silab, nurlari bilan sizni erkalatadi. Ana endi asfaltsiz, so‘qmoqsiz, balki, hech qachon inson zotining oyog‘i tegmagan katta toshlarni bigizli botinkalaringiz bilan g‘ijirlata-g‘ijirlata yuqoriga o‘rlaysiz.
Tegrangizni kuzatsangiz, dunyoda bundan-da xushmanzara yerlar borligiga ishongingiz kelmaydi. Qani, men rassom bo‘lsam-u, shu manzaralarni chiza olsam, degan xayolga ham borasiz. Bir mahal osmondan bir talay qushlar galasi yerga tusha solib chah-chahlay boshladi: bu qushlar bozorimidi, yo qushlar to‘yimi, bilmadim. Balki oddiy odatlari, ota-bobolari, ajdod-ajdodlaridan qolgan udumlaridir. Yap-yalang oyoqlari yerdan ko‘tarilganda, tirnoqlari toshlarning ustida turli chiziqlar shaklini qoldirganini ko‘rasiz.
Aytdim-ku, bu yerlarda bir kunda to‘rt faslning belgilarini ko‘rasiz deb… Bir yerda qoqio‘tlarning o‘z momaqaymoqlarini ko‘kka ufurayotganini ko‘rsangiz, bir yerda moychechaklar va yo yellarda raqs tushayotgan chakanda chechaklarini ko‘rasiz. Birda bo‘ylari bo‘yingizday keladigan o‘tloqlardan o‘tsangiz, birda oxiri ko‘rinmagan tap-taqir toshloq ustiga toshloqlarni ko‘rib ajablanasiz.
Yo‘q, hech neki bo‘lmasin, bu Oloy tizmalari butun go‘zalliklarning eng cho‘qqisi, degan xayolga kelasiz. Bu ignabargli archalar bilan yasangan yonbag‘irlar, yam-yashil birqut o‘tloqlari dengizday chayqalayotgan dovonlar, ko‘zlarni maftun etayotgan cheksiz, tuganmas jozibalar… Bularning oldiga tushadigan bir nimalar bormi olamda?
Qushlar-chi, qushlar, voh bu qushlar! Ularning sayroqlari, ularning parvozlari, sirg‘alishlari, goh olg‘a, goh orqaga burilib, turli akrobat o‘yinlarini ko‘rsatishlari, bir-birlarini quvishlari, muvoziy bir tarzda bir tarafga uchishlari, birdan pastga sho‘ng‘ishlari – bularning hammasini ko‘rish, kuzatish qanday maza, qanday quvonarli!
Bir kuni bizning oldimizga lagerning boshlig‘i hol so‘ragani keldi: ko‘rishish uchun uzatgan kafti Mirzacho‘lday kelardi, mening kichkina qo‘lim uning qo‘lida nom-nishonsiz yo‘q bo‘lib ketdi.
– Ahvollar qalay? – so‘radi u.
– Yaxshi, juda yaxshi, – dedim.
Gavdasi ham naq Alpomishday. Salmoqlab, jilmayib gapirardi. Bizdan uzoqlashganda havas bilan orqasidan qarab qoldik. Alpinizm bo‘yicha sport ustasi, bugina emas, mamlakatda xizmat ko‘rsatgan sport ustasi ekan. Biz ham unga o‘xshagan sog‘lom, pahlavon sport ustasi bo‘lishni orzu qildik.
Xullas, belgilangan kunda mo‘ljallangan eng yuksak cho‘qqini egalladik. U dengiz sathidan 7495 metr balandlikda ekan. Biz eng avval alpinistlarning udumlaridan birini ado etdik. Cho‘qqidagi katta xarsang tagini kavlab, sopol quvurcha topdik. Uni ochib, bu cho‘qqiga bizdan oldin chiqqan odamlar va jamoalarning ism-sharifini o‘qib chiqdik va uni yana o‘z joyi­ga ko‘mib qo‘ydik. So‘ngra o‘z ism-shariflarimizni bir qog‘ozga ro‘yxat qilib yozdik, hamma murabbiylar va lager boshlig‘i imzolashgandan so‘ng, ingichka qilib bir qog‘ozga o‘radik va uni bir shishaga soldik, shishani suv o‘tmaydigan qalin lattaga o‘rab, bir tugunchak holida toshlar tagidan joy olib, ko‘mib qo‘ydik. Ana undan keyin “ura!” aytib, quchoqlashib raqslarga tushdik, bir soat xursandchilik bilan o‘z-o‘zimizni ziyofat qilib bo‘lgach, pastga tushishga qulay joyni tanladik. Bu quyosh tushmagan taraf bo‘lib, ikki tog‘ oralig‘i edi, bu yoqlarda qalin qorlar erimay, tog‘ yonbag‘irlariga oq choyshab to‘shalganday, qor odamning ko‘zini jimirlatar edi.
Uchov, to‘rtov, beshov bo‘lib, ryukzaklarimizni chanaday minib, pastlikka sirg‘ala boshladik. Ammo Sobit aka hech kim qilmaganini qilmasa Sobit aka bo‘lmasdi-da! U oyog‘ini tepaga, boshini jarlikka qaratgancha ryukzakni boshiga yostiq qilib quyiga sirg‘ala ketdi. Yonida instruktor Slava:
– Hozir o‘lasan, boshing toshga urilib o‘lasan! – degancha katta-katta Gerkules qadamlar bilan sakrab-sakrab sirg‘alib borardi.
– Tepada ko‘rganman, yo‘limizda tosh yo‘q! – deb qichqirardi Sobit aka.
Hamma, shu jumladan, Sobit aka ham jarlikka eson-omon tushib, o‘rnidan turdi.
Lagerdan cho‘qqigacha yetti kun ko‘tarilgan bo‘lsak, lagerga ikki kunda yetib keldik. Keyin o‘yin-kulgi, tantanalar boshlandi. Ko‘pchilik qatori biz – to‘rt og‘ayni “Mamlakatning birinchi bosqich alpinisti” degan nishoncha va uning hujjatini oldik. Tabiiyki, safarga chiqmagani uchun Muazzam Saidovaga bunday mukofot berilmadi.
Safar oldidan esdalik uchun bir suratga tushgandik, bu xursandchilik kunlari ham shunday qildik. Kechqurun gulxanlar yoqib, uzoq-uzoq gurung­lashdik.
– Uyni juda sog‘indim, – dedi Sobit aka. – To‘g‘ri, bu yerlar ham mening Vatanim. Qaysi tog‘ning otini so‘rasang, qadim turkiy… Faxrlanaman, g‘ururlanaman… Faqat uy boshqacha narsa-da… Bo‘lmasa, bor-yo‘g‘i kaftday bir hovli… Ikki sotix… Gugurt qutisiday uylar… Shuning nimasini sog‘inasan? Bilmayman. Singlim Muhabbat, o‘n sakkizga kirdi, bo‘yi yetib qoldi, o‘zini o‘zi eplaydi, Zohidni asrab-avaylash ham qo‘lidan keladi. Faqat sal nozikroq, kasalga moyil… Men ota o‘rnidaman, unga yuragim achiydi… – deya ko‘zyoshlarini tez artib-artib oldi. Keyin Slavaning raqsini takrorladi: “Onay-na-nay-nam, onay-na-nam…”
Qo‘llarimiz bir-birimizning yelkamizda, rosa sakrab-sakrab o‘ynadik…
Yigirmanchi avgustda Toshkentga keldik. O‘n kundan keyin o‘qishlar boshlandi.
Yosh domlamiz Laziz Qayumov mening ko‘ksimdagi nishonchani ko‘rib:
– O‘h-ho‘, qutlug‘ bo‘lsin, alpinist bo‘lib ketibsiz-da! Shu nishonchani taqish uchun ukraincha jujun ko‘ylakni ham teshibsiz… – dedi sal askiyanamo kulib. – O‘qishlar nima bo‘ladi endi?
– O‘qishlar ham shunday bo‘ladi. Alpinistlik ham… Kelasi yil yozda “ikkinchi bosqich”, undan keyingi yili “uchinchi bosqich”, keyingi yillar bir-ikki normativ talablarni bajarib, universitetni imtiyozli diplom bilan bitirgan yilimiz alpinizmdan sport ustasi ham bo‘lamiz.
– Yaxshi, yaxshi, orzularingiz ushalsin, – dedi domlamiz.
Ammo biz, to‘rt og‘ayni chuchvarani xom sanagan ekanmiz, kelasi yil ham, undan keyin ham alplager yo‘llanmalarini ololmadik. Alpinis­tik yo‘llanmalar mahalliy aholi vakillari uchun cheklangan ekan. Bu yer O‘zbekiston bo‘lsa, nega endi yo‘llanmalar biz uchun cheklangan? O‘sha lagerga borgan yuz kishining to‘qson nafari o‘zbekistonlik bo‘lishi kerak emasmidi, deb so‘ragim keldi o‘shanda kimdandir. Kim bo‘lishidan qat’i nazar…

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015 yil, 3-son