Mengliboy Murodov. Uyg‘onish (ikki pardali drama)

Qatnashuvchilar:

Olim Salimovich. Tuman sanepidstantsiyasi boshlig‘i
Zarofatxon. Uning ayoli
Yoqubjon. Avval xo‘jalik ishlari bo‘yicha bo‘lim mudiri, keyin tadbirkor
Oysanam. Uning ayoli
O‘rinboy ota. Yoqubjonning otasi
Xurshida aya. Yoqubjonning onasi
Xosiyat aya. Olim Salimovichning onasi
Umida. Olim Salimovichning kenja qizi
Baxtiyor. Husniddin. Yoqubjonning saboqdosh do‘stlari
Samandar aka. Bosh hisobchi
Gulandom. Kotiba qiz
Berdiqul. Olim Salimovichning haydovchisi
Gulchehra. Yoqubjonning hamshira qo‘shnisi

BIRINChI KO‘RINISh

Shahar chetidagi eski chorvoq hovli. Hovlining ikki chetida ikkita azamat chinor daraxti gurkirab o‘sib turibdi. O‘rtada ta’mirdan chiqarilgan ikki xonali uy ko‘zga tashlanadi. Bu Yoqubjonlarning ijaraga olib yashayotgan uyi. Uyning yonboshida kichkina ayvon. Ayvonga uncha katta bo‘lmagan chorpoya qo‘yilgan. Kecha Yoqubjon bilan Oysanamlarning nikoh to‘ylari shu mahalladagi shinam kafeda bo‘lib o‘tgan. Kuyov qishloqdan kelib, to‘yni o‘tkazishga bosh-qosh bo‘lgan ota-ona va amma-xolalarining xizmatini qilib, yugurib yuribdi.

O‘rinboy ota: Yoqubjon o‘g‘limiz bilan Oysanamxon kelinimizning nikoh to‘ylari Ollohga ming shukr, juda ixcham va chiroyli o‘tdi. (Xurshida ayaga) So‘zim to‘g‘rimi, kampir? Ilohim, shu farzandlarimizning umrlari uzoq bo‘lsin!.. O‘zlari bilan o‘zlari ko‘payishib, qo‘shganlari bilan qo‘sha qarishib, serfarzand-serdavlat va uvali-juvali bo‘lib yurishsinlar-da, ishqilib!
Xurshida aya: Ilohim aytganingiz kelsin, otasi! Yaratgan egamning o‘zi shu bolaginalarimizning baxtini va omadini bersin hamisha!
O‘rinboy ota: Yoqubjon, to‘yda ish joyingdan kelgan mehmonlaring orasida boshlig‘ing ko‘rinmadi. Kelmadimi yo men qudalar bilan andarmon bo‘lib, ularning ko‘nglini olaman deb, u kishining kelganiniyam, so‘zga chiqqaniniyam sezmay qoldimmi?
Yoqubjon: Kecha to‘ydan oldin telefonda tabriklab qo‘ygan edi. Vaqtim bo‘lsa, boraman ham degan edi. Vaqti bo‘lmagandir-da, ota. Lekin o‘zi kelolmasa ham, ishxonamizdagilarning hammasiga tayinlab yuboribdi, to‘yni juda yaxshi o‘tkazinglar, deb.
O‘rinboy ota: Tushunaman o‘g‘lim! Boshliqlargayam osonmas. Ishlariyam ko‘p bo‘lsa kerak-da. Hali u deb, hali bu deb, jonlari halak baraka topgurlarning. Ammo boshliqning yo‘rig‘i boshqacha bo‘ladi-da, o‘g‘lim. Ezgulikning erta-kechi yo‘q. Yana bir gap, boshliqlarning ko‘ngli juda nozik bo‘ladi. Bordiyu kelib qolsa, yaxshi kutib olib, samimiy mehmon qil, bolam!
Yoqubjon: Albatta, siz aytganday yaxshi kutib olib, hurmatini joyiga qo‘yaman, otajon!

Shu payt ularning suhbati ustiga xushkayfiyatda Baxtiyor bilan Husniddin kelib qolishadi-da, o‘tirganlar bilan salomlashib, ko‘rishishadi.

Baxtiyor: Otajon, onajon, yaxshimisizlar? Do‘stimizning to‘yini chiroyli o‘tkazib olib, ko‘ngillaringizni to‘qlab, sevinishib o‘tiribsizlarmi? Qalaysiz do‘stim? To‘ylar bilan charchamadingizmi? Qanday charchoqlar chiqay dedimi? Husniddin ikkalamiz kelaverdik, sizlardan bir xabar olaylik, xizmatlari bo‘lsa yordamlashaylik deb.
O‘rinboy ota: Xush kelibsizlar, yigitlar. Kecha to‘yda yelib, yugurganlaringiz uchun sizlarga katta rahmat! Baraka topinglar! Borlaringizga shukr! To‘g‘risini aytsam, sizlarga havasim keldi. Sizlardek do‘stlikning qadrini biladigan mardu maydon, qalbi ochiq yoshlarga hamisha Ollohning nuri yog‘iladi. Ilohim, hech biringizga, hech qachon ko‘z tegmasin, bolalarim, ko‘z tegmasin!.. Hamisha ana shunday bir-biringizdan xabar olib, qo‘llab-quvvatlab yuringizlar. Qani dasturxonga qaranglar.

IKKINChI KO‘RINISh

Olim Salimovich tahlikali qiyofada xona bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa tutaqib yuribdi. Yoqubjon bir dasta qog‘ozni titkilab stol chetidagi stulda boshini xam qilib o‘tiribdi.

Olim Salimovich (xunobi oshib): Ishlaganingga mana salkam ikki yil bo‘layotibdi. Shuncha vaqtdan beri bir bosh hisobchining tilini topolmasang, nima ish qilib yuribsan o‘zi? Nega sirni ochib qo‘yding? Boshliqning uyiga yuborilgan mebellarning hammasi ro‘yxatdan chiqarilgan, eski edi, desang bir joying kama­yib qoladimi, sen bolaning? To‘g‘rilik ham evi bilan-da, axir. Bunchalar ham go‘l bo‘lasanmi, uka? Boshbux buni yuqoriga yozib, bir muammo chiqarmasa go‘rga edi, hali.
Yoqubjon (jiddiy turib): O‘zingiz ham qiziqsiz-da, xo‘jayin! Nima qilasiz shu matohlarni? Ikkita shkaf, to‘rtta stul va ikkita kreslo bilan uyingiz to‘lib qolarmidi? Juda zarur bo‘lsa agar shu narsalar, ularni halol pulingizga do‘kondan sotib olsangiz ham bo‘lardi-ku?
Olim Salimovich (asabiylashib): Sen hali ko‘p narsaga tushunmaysan-da uka, tushunmaysan, uy-joy qilmagan, mana yelkangga olaxurjun ham tushdi. Endi hayotni, turmushning achchiq-chuchugini tushunasan, bola… Men bo‘lsa, katta bir oilaning boshlig‘iman. Ikki o‘g‘il, ikki qizim bor. Bir tovuqqa ham don, ham suv kerak. Mening bir kosa ovqatga qornim to‘yadi. Ularga shu narsalar kerak-da. Sotib olay desam, bularning har biri falon so‘m. Shularni o‘ylab, shu ishni qilgan edim-da, uka.
Yoqubjon (vazminlik bilan): Meni kechirasizu xo‘jayin, lekin bu qilgan ishingiz butunlay noto‘g‘ri. O‘shanda sizni bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lganimdayam, ro‘yxush bermagan edingiz. Mana oqibati. Siz bo‘lsa…
Olim Salimovich: Men seni mo‘min-qobil bola desam, senam o‘sha oshi pishmaganning tarafini olayapsanmi?
Yoqubjon: Jahlingiz chiqmasin, xo‘jayin. Davlat mulkiga ko‘z olaytirish – jinoyat.
Olim Salimovich: Men seni ne-ne katta umidlar bilan ishga olsamu sen bo‘lsang, uyalmay-netmay menga qarshi qo‘l ko‘taryapsan-a? Bu ishing, yaxshi emas, uka!
Yoqubjon: Meni to‘g‘ri tushuning, aka. Men bu gaplarni sizning obro‘yingizni o‘ylab, aytayapman, bilsangiz. Bunday ishlarni juda ko‘p qilyapsiz. Doim aytaman, ammo quloq solmaysiz. Hamisha suvdan quruq chiqasiz. Lekin, Olim Salimovich, ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Bir kuni oqibati yomon bo‘ladi. Aslida, to‘g‘rilikka, halollikka, nima yetsin!.. Sizning ham shunday yashashingizni istayman. Siz bo‘lsa…
Olim Salimovich: Sen menga aql o‘rgatmoqchi bo‘lyapsanmi? Sen-a? Nahotki, mening senchalik ham aqlim bo‘lmasa? Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Men seni soddagina bola, desam, sen bu yerdagilardanam o‘tgan quv ekansan-u. Iching to‘la sir-sinoat ekanu sen tirranchaning!..
Yoqubjon: Nima desangiz dengu, ammo haliyam bo‘lsa kech emas, bu yomon yo‘lin­gizdan qayting. Hech ikkilanib, o‘ylanib o‘tirmay, vaqtni cho‘zmay “xo‘p”, deng. Uyingizga olib borilgan o‘sha mebellarni joyiga keltirib qo‘yaylik.
Olim Salimovich: Bunisi qandoq bo‘larkan? Uydagilar, qo‘ni-qo‘shnilar nima derkin?
Yoqubjon: Otam menga doim nasihat berganlarida: “Halol yursang yutasan, harom yursang yitasan”, degan maqolni bot-bot eslatib turardilar. Men bu maqolni qulog‘imga quyib olganman. Yetar shuncha chidaganim. Oqibatidan qo‘rqing, Olim Salimovich!
Olim Salimovich: Ha-a, omon bo‘lgur boshbux, bosh-bux-x-x! Sen tufayli, qolaversa, kechagina ishga kelgan yosh bir bola tufayli, boshliq bo‘lib shu oddiygina, kichkinagina ishniyam eplolmasam-a? Qanday kunlarga qoldim o‘zi? Kim degan odam bo‘ldim, endi? (Yoqubjonga.) Boshbuxga haliyam bo‘lsa, bir nima deb, aqlini kiritmaysanmi, uka. Ke, ukajon sen o‘rtaga tush. Shu ishni o‘zing bir yoqli qil.
Yoqubjon: Nima deyapsiz? Meni kechirasizu men hech qachon haqqa va haqiqatga qarshi bormaganman, bundan keyin ham bormayman! Bunga mening vijdonim ham, imonim ham, aslo, yo‘l qo‘ymaydi.
Olim Salimovich: Shunaqa de!.. Demak, sening qo‘lingdan bu ish kelmaydi, shundaymi?
Yoqubjon: To‘g‘ri aytdingiz. Men bunaqa ishlarni eplolmayman. Yomonlikni, yomon ishlarni jinim suymaydi. Men yaxshilikni, savob ishlarni yaxshi ko‘radigan odamman.

Xonaga horg‘in jilmayib, hisobotlar papkasini ko‘tarib bosh hisobchi kiradi. Olim Salimovich betoqatlanadi. Bir vaqtning o‘zida turli holatga tushadi: xiyol qovog‘ini uyadi, xiyol jilmayadi. Yer ostidan bosh hisobchiga o‘qtin-o‘qtin o‘qrayib qarab-qarab qo‘yadi.

Samandar aka: O‘rtoq boshliq, hisobotni o‘z holatida yopaveramizmi yoki boshqa biron-bir fikringiz bormi?

Yoqubjon Olim Salimovichga, Olim Salimovich bir Samandar akaga, bir Yoqubjonga qarab-qarab oladi-da, og‘ir xo‘rsinib, og‘ir yutinadi.

Olim Salimovich: Hisobotga haligilarni ko‘rsatib o‘tirmang, tag‘in. Ang­lashilmovchilik bo‘lganga o‘xshaydi. Bugun kechqurun o‘sha mebellaringizning hammasi bus-butun o‘z joyida bo‘ladi.
Samandar aka: Gapni o‘ylab ayting, Olim Salimovich. Siznikiga xufiyona jo‘natilgan mebellar menikiyammas, siznikiyammas, davlatniki!.. Davlatning mulkini o‘zlashtirishga esa hech kimning haqi yo‘q.
Olim Salimovich (tilyog‘lamalik qilib): Menimcha, bu dunyoda yanglishmaydigan, xato va kamchilik qilmaydigan odam bo‘lmasa kerak. Hecham xavotirga tushmang, Samandar aka. O‘zimiz qilgan gunohni o‘zimiz yuvamiz… Gapim to‘g‘rimi, Yoqubjon?
Yoqubjon: Xuddi shunday, Olim Salimovich.
Samandar aka: Bo‘lmasa men boray, hisobotimiz kechikmasin. Hali moliya bo‘limiga va bankka ham o‘tishim kerak edi. Siz ham uka, bu yerdagi ishlaringiz tugashi bilan xonamga kiring.

UChINChI KO‘RINISh

O‘sha hovli. Oradan ikki yilcha vaqt o‘tgan. O‘rinboy ota, Xurshida aya, Yoqubjon va Oysanam suhbatlashmoqda.

O‘rinboy ota: Xalqimizning: “Yaxshi odamlar ilmu hikmat, dinu diyonat va mehr-muhabbat bilan yashaydi” deganlarida katta-katta ma’no bor ekan. Oysanamxon kelinimizning ota-onalariga, qudalarimizga ming rahmat. Ular haqiqatdan ham ilmu hikmatli, dinu diyonatli va mehr muhabbatli insonlar ekan. Qudalarimiz Rustamjon nabiramizning beshik to‘yini chiroyli qilib o‘tkazib dam olgani shahar tashqarisidagi sanatoriyga ketishibdi. Lekin o‘g‘lim, xo‘jayining juda katta odammi deyman-da. Bu safar ham kelmadi-ya. Mayli, katta odam, ishi ko‘p, tashvishi ko‘p.
Xurshida aya: To‘g‘ri aytasiz, otasi. Donishmandlar ham bekorga: “Yaratgan o‘zining suygan bandalarini yaxshi odamlarga yo‘ldosh qiladi”, deyishmagan bo‘lsa kerak.
O‘rinboy ota: Ollohga shukr! Qudachilik – ming yilchilik, degan gap bor. O‘ylab qarasam, shuncha chiroyli to‘ylardan keyin qudalardan bir ko‘ngil so‘rab qo‘yishimiz kerak edi. Hali ham kech emas. Bir o‘sha sanatoriyga borib qudalarni yo‘qlab qo‘ysak.
Xurshida aya: Ha-ya, otasi ularning o‘zlariyam bizlarni taklif qilib ketishgan. Bemalolroq kelsanglar sizlarga ham joy gaplashib qo‘yardik deyishgan. Borsak yaxshi bo‘lardi.
Yoqubjon: Sizlar nima desangizlar shu, otajon, onajon! (Oysanamga.) Dadamlar qudalarinikiga quruq qo‘l bilan borishmasin. Qo‘llariga sovg‘a-salom tayyorlab ber.
O‘rinboy ota: Quruq qo‘l emasmiz, bolam! Bir nimalar mo‘ljallab qo‘yganman.
Yoqubjon: Bilaman, otajon, siz bunday masalalarni boplaysiz. Biroq to‘yxonadan borgani boshqacha bo‘ladi-da, menimcha.
Oysanam: Otamlarni olib chiqib kuzatib qo‘yasizmi? Tashqarida mashina kutib turibdi. Ukamni chaqirtirib edim. Xaligi sovg‘a-salomlarni bo‘lsa, xammasini sumkaga joylab, mashinaga qo‘yib keldim.
Yoqubjon: Otajon, onajon qudalaringizning mehribonchiligiga qarang. Sizlarni qiynalib yurmasinlar deb, mashina ham yuborishibdi.
O‘rinboy ota: E, baraka topishsinlar-da, shu oliy himmatli qudajonlarimiz!

Yoqubjon bilan Oysanam ota-onalarini kuzatib qaytishadi.

Oysanam: Nimagadir ko‘nglim g‘ash. Ishqilib yaxshilikka, bo‘lsin-da…
Yoqubjon: Bir nima dedingmi, oyisi?
Oysanam: Nimagadir ko‘nglim g‘ash, deyman.
Yoqubjon: Ertalabdan beri mening ham chap ko‘zimning qovog‘i uchgani-uchgan. Barcha yomonliklardan Xudoning o‘zi asrasin-da.

Yoqubjon bilan Oysanam ichkariga kirib keta boshlaydi. Oradan sal o‘tmay, Rustamjonning yig‘isi, Oysanamning alla aytgan tovushi eshitiladi.

Oysanam (O‘g‘ilchasini o‘rab-chirmab ayvonchaga olib chiqadi. Uni bag‘riga bosib u yoq-bu yoqqa yuradi. Bolaning yig‘isi bir kuchayib, bir pasayadi.) Dadasi, hamshira qo‘shnimizni chaqirib kelasizmi? Rustamjonning issig‘i ko‘tarilayotganga o‘xshaydi.

Ichkaridan Yoqubjonning “Hozir” degan ovozi eshitiladi. Sal o‘tmay o‘ziyam chiqadi.

Yoqubjon: Ota-onamizni yubormay tursak bo‘larkanda-a?
Oysanam: Bunday bo‘lishini qaydan bilibmiz, deysiz. Siz Rustamjonni olib turing. Qo‘shniga o‘zim qo‘ng‘iroq qilaman… Alyo… kechirasiz… qo‘shnijon… ha, men Oysanam! Opajon, sizdan iltimos, Gulchehra qizingizni chaqirib bersangiz. Ha, ha, o‘g‘ilchamizning mazasi bo‘lmayapti. Bir kelib ketsalar. Rahmat, rahmat, opajon! Bu yaxshiliklaringizni yaxshi kunlaringizda qaytaraylikda, ishqilib.

Oradan sal o‘tmay darvoza qo‘ng‘irog‘i jiringlaydi. Oysanam hamshirani kutib olgani tashqariga chopib chiqadi.

Yoqubjon (O‘g‘lini yig‘idan to‘xtatishga harakat qiladi): O‘-o‘-o‘! Tinchlanaqol, bolaginam! Hozir hamshira opamiz keladi, o‘-o‘-o‘!

Shu orada hamshira bilan Oysanam kirib kelishadi.

Hamshira (Yoqubjonga): Yaxshimisiz, ukajon? O‘g‘ilchaning issig‘i bormi?
Yoqubjon: Ha.
Hamshira: Qani, menga beringchi. (Rustamjonni divanga yotqizib, issig‘ini o‘lchab ko‘radi.) Ha, ozgina ko‘tarilibdi. Avvallari ham shunday ahvolga tushib turarmidi, kelin?
Oysanam: Ha, lekin…
Hamshira: Issig‘ini tushiradigan tabletkadan olib kelgan edim. Xo‘p desalaring, shundan ozgina beramiz.
Oysanam: Mayli opajon!

Oysanam o‘g‘ilchasini bag‘riga olib allalaydi. Rustamjon dorining ta’sirida uxlay boshlaydi. Onasi uni beshikka belaydi. Bola sal xarxasha qiladi. Oysanam shirali tovushda alla aytadi. Bola sekin uyquga ketadi. Oysanam bilan Yoqubjon qayta-qayta minnatdorchilik bildirib, hamshirani kuzatib qo‘yishadi.

Yoqubjon: Men qo‘ni-qo‘shnilarning qozon-tovoqlarini va stol-stullarini egalariga topshirib bo‘ldim.
Oysanam: Mening ishlarim ham bitay deb qoldi. Siz yuvinib, kiyinavering. Hozir nonushtaniyam olib boraman.
Yoqubjon (beshikning yopinchig‘ini qiya ko‘tarib qaraydi): Yaxshi uxlayapti. Ha, aytganday, bugun ishga har kungidan ertaroq borishim kerak edi. Ie, soat ham sakkiz bo‘lib qopti-ku. Rustamjondan o‘zing juda hushyor bo‘l. Issig‘i oshsa, darrov menga telefon qil. Xayr, yaxshi o‘tiringlar.

Shu payt telefon jiringlaydi. Shoshilgan ko‘yi orqasiga – telefon go‘shagini ko‘tarayotgan Oysanamga qarab, turib qoladi.

Oysanam (go‘shakni qulog‘iga tutib): Alyo… kim bu? Nima dedingiz? Diplom dedingizmi? Qachon borishlari kerak? Ha, ha, tushundim. Hozir aytaman. (Yoqubjonga qarab) Dadasi, shoshmay turing, xushxabar! Rahmat, rahmat! Sog‘ bo‘ling. (Go‘shakni joyiga qo‘yadi.) Dekanatdan xabar qilishayapti. Bugun soat o‘nda diplom olish uchun fakultetning katta yig‘ilish zaliga borar ekansiz. Yoqubjon aka, diplom muborak bo‘lsin!
Yoqubjon: Rahmat, rahmat! Quvonchli kunlarimizga ko‘z tegmasin, oyisi. Kechagina Rustamjonning beshik to‘yini o‘tkazib bir quvongan bo‘lsak, endi besh yillik mehnatimizning samarasini olib yana to‘yimizni davom ettirarkanmizda-a? Xabarchi kim ekan, oyijonisi?
Oysanam: Dekanning kotibasi ekan. Kelaman desangiz, tushlikka diplom oshi qilib qo‘yardim. Nima dedingiz?
Yoqubjon: Siz diplom oshi qilasizu biz kelmaymizmi, xonim?! Yo‘q demasangiz, pomidor bilan bodring bizdan bo‘laqolsin.
Oysanam: Yaxshi borib keling, dadasi!

Shu asnoda, yana telefon jiringlaydi. Oysanam shoshib go‘shakni ko‘taradi.

Oysanam: Alyo… alyo… eshitaman! Tanimayroq turibman!.. Siz kimsiz? Berdiqulman, deysizmi? Sizga kim kerak o‘zi? Yoqubjon akani so‘rayapsizmi? U kishi xozirgina ishga ketuvdilar. Nima edi? Nima deb qo‘yay? Xayr, omon bo‘ling. (Go‘shakni qo‘yadi.)

Oradan uch-to‘rt daqiqa o‘tar-o‘tmas, Rustamjon to‘satdan avval ingalab-ingalab turadi-da, keyin yig‘isini kuchaytiradi. Oysanam yugurib borib beshikka yopishadi. Yopinchig‘ini ko‘tarib qo‘yib o‘g‘ilchasining peshonasini ushlab ko‘radi. Yig‘idan to‘xtamayotgan o‘g‘ilchasiga ko‘kragini tutadi. Go‘dak uni olmay yig‘isini borgan sari kuchaytiradi. Shundan so‘ng Yoqubjonning ishxonasiga telefon qiladi.

Oysanam: Alyo… alyo!.. Yoqubjon aka sizmisiz? Yana Rustamjonning mazasi bo‘lmayapti. Ha, ha… yig‘idan to‘xtamayapti. Yaxshisi, o‘zingiz tez yordamga telefon qiling-da, tez uyga yetib keling. Diplom bir gap bo‘lar. Men qo‘rqib ketayapman!

Oysanam hovliqib yana beshikka yopishadi. Bolani beshikdan yechib oladi va ust-boshlarini almashtiradi. O‘g‘ilchasini ovuntirish uchun qo‘lidan kelgan bor hunarini ko‘rsatadi: bag‘riga bosadi, allalaydi. Peshonasiga lattani sovuq suvga ho‘llab bosadi, orqasiga, aroq surtadi. Yig‘lamoqdan beri bo‘lib ezilib o‘tirganida eshik taqillab qoladi. Oysanam eshikning ilgagini ko‘taradi. Bir shifokor ayol bilan hamshira izidan Yoqubjon uyga kiradi.

Oysanam: Tushunmay qoldim do‘xtir opajon!.. Tushunmay qoldim, Yoqubjon aka! To‘satdan shunaqa bo‘b qoldi. Bo‘lmasa dadasi ishga ketayotganlarida beshikda uxlab yotuvdi. Men, endi, oshga unnamoqchi bo‘lib turganimda, uyqusidan qattiq yig‘lab, uyg‘onsa bo‘ladimi? Shundan beri hecham yig‘isini to‘xtataolmayapman.
Shifokor: Issig‘i baland-ku! Hamshira issig‘ini tushiradigan ukol qiling, bolaga. Singlim yig‘lamang. O‘g‘lingizni ovqatlanishi yaxshimidi?
Oysanam. Avval yaxshi edi. Bir soatdan beri ko‘kragimniyam olmayapti.

Hamshira Rustamjonning dumbasiga ukol qiladi. Go‘dak chinqirib yig‘laydi.

Shifokor: Ona-bolani zudlik bilan shifoxonaga yotqizib o‘g‘lingizni davolamasak bo‘lmaydi, uka.
Yoqubjon: Nima desangiz shu, opajon! O‘g‘limiz sog‘-salomat sog‘ayib ketsa bo‘ldi. Unaqada sen tez tayyorgarligingni ko‘r, oyisi. Rustamjonga o‘zim qarab turaman. Asalim, shakarim, qo‘zichog‘im, toychog‘im, erkatoyim, ovunchog‘im, nima bo‘ldi senga? Qayerginang og‘riyapti bo-la-jo-ni-im? O‘g‘limizning kasali tezda tuzalib ketarmikan, opajon?
Shifokor: O‘g‘lingizni to‘liq tekshirmasdan turib, bir nima deyolmayman, uka. Hozircha birinchi yordam sifatida o‘g‘lingizga issig‘ini tushiradigan ukol qildik.
Tashxisini davolovchi vrach har tomonlama tekshirib ko‘rib chiqargan xulosalari asosida qo‘yadi. Xudo xohlasa, bir hafta, o‘n kunda tuzalib ketadi.
Yoqubjon bilan Oysanam: Ilohim aytganingiz kelsin, opajon!
Shifokor: Tayyor bo‘lsangiz, tezroq boraylik, singlim.
Oysanam: Hozir Rustamjonning ham kiyimlarini olvolay. Ana bo‘ldi. Unda bizlar chiqaveramiz, uyni o‘zingiz qulflarsiz…
Yoqubjon: Gaz, suv va chiroqlarni o‘chirib, uyni qulflab izlaringizdan tez yetib boraman.

TO‘RTINChI KO‘RINISh

Shahar bolalar shifoxonasi. Yoqubjon davolovchi vrachni kutib, mung‘ayib, ichi yonib, tipirchilab o‘tiribdi. Shifokorni ko‘rib, shoshib uning oldiga boradi.

Yoqubjon: Jo-on opajon, sizdan iltimos, o‘g‘ilchamizning hayotini saq­lab qoling! Bizlar uning ahvoli kundan-kunga yaxshilanish o‘rniga, og‘irlasha­yotganidan juda-juda qo‘rqayapmiz! Endi barcha umidimiz faqatgina sizdan, o-pa-jo-on, sizdan!
Shifokor: Bolaga qo‘limizdan kelgan barcha davo choralarini qilayapmiz. Buni o‘zingiz ham ko‘rib turibsiz. Hozir borib yana ko‘raman. O‘n ikkinchi palatadayam bir bola juda og‘ir yotibdi. Hozirgina o‘g‘ilchangizning palatasidan chiqib bu yerga keluvdim. Bu go‘dakning dardiyam naq sizning bolangizning kasaliga o‘xshaydi. Ikkalasining ham dardi bir xil. Tibbiyotda hali yaxshi o‘rganilmagan g‘alati bir kasallik chiqayapti. Buni sizga avval ham bir aytgan edim. Ammo, shunga qaramay, davolashni beto‘xtov davom ettirayapmiz. Siz shu yerda bo‘ling. Men hozir yana ko‘rib chiqaman.

Yoqubjon o‘ylanib, mung‘ayib turganida, uning yoniga Baxtiyor bilan Husniddin kirib keladi.

Baxtiyor: Yoqubjon, nega kayfiyatingiz yo‘q? Rustamjon yaxshimi? O‘zingiz yaxshimisiz?
Husniddin: Bolaning yig‘isi pasaydimi? Ovqatlanishi yaxshimi?
Yoqubjon: Yig‘lab turgani ham yahshi ekan. Yig‘lamay qo‘yganidan vrach ham xavotirda…
Baxtiyor: Davolovchi vrach bilan gaplashib turibsizmi? U nima deyapti?
Yoqubjon: Hozir ham gaplashdim. Davolovchi vrachning aytishicha, o‘g‘ilchamizning kasali tibbiyotda haligacha uncha yaxshi o‘rganilmagan bir g‘alati xastalikka o‘xshayapti ekan.
Shu gapni eshitganimdan beri dardim ichimda, jo‘ralarim, dardim ichimda! Nima qilishimni bilmay boshim qotib qoldi! Endi nima qilaman? Dardimni kimga aytaman?
Baxtiyor: Unday bo‘lsa, hoziroq bosh vrachga kirib, shu gaplarni tushuntirib ayting. Boladagi dardni davolovchi vrach bilmasa, balki, bu katta shaharda boshqa biladiganlar bordir, axir!
Yoqubjon (kuyunib): E-e-e, sizlar aytayotgan gaplar va fikrlar bir haftadan beri harakatda. Professorlar ham kelib ko‘rib ketishdi. Davolovchi vrachning tashxisiyam, muolajalariyam to‘g‘ri ekan. Professorlarning ham, davolovchi vrachning ham gapi bir yerdan, bir xil chiqayapti.
Baxtiyor: Tavba! Tibbiyotda haliyam yaxshi o‘rganilmagan kasalliklar bor ekanda-a?
Husniddin: Rustamjon tez kunda shu og‘ir dardidan sog‘-salomat qutilib olib, hammamizni quvontirib yursin-da, yayrab-yayrab!
Yoqubjon: Aytganlaringiz kelsin, jo‘ralar!

Shu payt bularning so‘zlarini eshitib kelayotgan Samandar aka davraga qo‘shiladi.

Samandar aka: Yaxshimisizlar, yigitlar? Yoqubjonjon, o‘g‘ilchangizning umr­lari uzoq bo‘lsin. Rustamjon sog‘ayib qoldilarmi?
Yoqubjon: Qani edi siz aytganday sog‘ayib qolgan bo‘lsa.
Samandar aka: Yo haliyam mazasi bo‘lmayaptimi?
Yoqubjon: O‘g‘ilchamizning kasali hali tibbiyotda yaxshi o‘rganilmagan ekan. Shuning uchun..

Xuddi shu payt, shifokor ayol o‘ninchi palatadan mung‘ayib, shashti tushib chiqadi…

Shifokor: Bardam bo‘ling, uka! Hali boshlaringiz yosh-ku. Hali Xudo xohlasa…
Yoqubjon (O‘zini tutolmay baqirib yig‘lab yuboradi): Ni-ma-a? Nima dedingiz? O‘g‘-li-im! O‘-g‘il-gi-nam! Rustam-jo-nim!..

BEShINChI KO‘RINISh

Olim Salimovich xonada qovog‘ini solib turibdi. Sochlari hurpaygan, kechasi bilan uxlamagani uchun qovoqlari so‘linqirab turibdi. Xonani kotiba taqillatib, Yoqubjon kelganini aytadi. Xonaga ruhi cho‘kkan, qovog‘i solingan Yoqubjon kirib keladi.

Olim Salimovich: Iya, iya, kelsinlar, qadamlariga hasanot, xush kelibdilar, xo‘jayin.
Yoqubjon: Uzr, Olim Salimovich. Ko‘p yo‘qlabsiz. Bolamdan ayrilgandan ke­yin, yuragimga hech narsa sig‘madi. Ishga kelolmadim.
Olim Salimovich: Yoqubjon, bu yog‘i bandachilik. Xudo o‘zi berib, o‘zi qaytarib oladi. Umrini bermagan ekan, qo‘lingdan nima ham kelardi?
Har bir banda o‘z boshiga yoqqan qorni har doim o‘zi kuraydi. Ammo bu degani o‘n kunlab ishga kelmaslik, degani emas. Mening ham jondek qizim qanchadan beri o‘sal yotibdi. Biror marta bo‘lsin, shuni bahona qilib, ishga nisbatan mas’uliyatsiz bo‘lmadim. Davlat ishi bilan o‘ynashmadim.
Yoqubjon: Kechirasiz, Olim Salimovich, men o‘z hisobimdan ariza yozgandim.
Olim Salimovich: Arizani hamma ham yozaveradi. Ish-chi, ish. Uni kim qiladi. Men sening o‘rningga borib hisob-kitob qilib turaymi? Meni dardim, ishim kam deb o‘ylaysan, shekilli-a. Muammosi yo‘q, deb o‘ylarsan balki. Dardim ichimda mani. Ammo odamda iroda degani ham bo‘lishi kerak. Mening ham uchta bolam turmagan, chidadim. Hozir bittasi yuragimni kuydirib yotibdi ana uyda. Chidayapman.
Yoqubjon: Uzr, Olim Salimovich. Menga ruxsat bersangiz. Ishlarimni qilsam.
Olim Salimovich: To‘xta. Gap bor. Mana taqdirning birinchi sinovini ko‘rding, ko‘zing ochilgandir. Endi, bu yog‘iga kelishib ishlasak. Ayrilganni ayiq yeydi. Ikki yorti bir butun degan gaplar bor.
Yoqubjon: Nima xizmat, Olim Salimovich.
Olim Salimovich: Bu boshqa gap. Bu hayot deganlarida birorta tirgaging bo‘lmasa, saratonning jaziramasidagi shamol ham shamollataveradi, uka. Poydevor topish kerak, poydevor. Zo‘ring, zaring, suyanadigan chinoring bo‘lishi kerak. Shunda hech qachon sinmaysan.
Yoqubjon: Tushunmadim, Olim Salimovich.
Olim Salimovich: Hozir tushuntiraman (Qo‘lini tepaga ishora qilib). Kattaning idorasiga kelasi oydan tekshirish kelyapti. Shunga menga o‘xshagan bir-ikkita sodiqlaridan ilinji bor, shekilli. Shunga, ikki yildan beri tishingning orasida olib yurgan narsalaringning ba’zilarini bahridan o‘tasan. Keyin, boshqa yo‘llari ham bor, o‘zim senga aytaman. Shunga hisob-kitobingni olib yur.
Yoqubjon: Aka, yana shunaqa gapmi? Mening bolam o‘ldi, murg‘akkina begunoh bolam o‘ldi. Sizning rahbaringiz yeb qo‘ygan bo‘lsa, nega biz uning ketini tozalashimiz kerak. Bizda nima ayb? Olim Salimovich, bunaqa ishlarning oxiri yomon bo‘ladi. Narigi dunyoda ham jazosi bor. Ikki dunyoda ham harom luqma kechirilmaydi, axir. Sizning bir-ikki safsatangizga ishonib, noma’qul ishga qo‘l urib mana bolamdan ayrildim. Davosiz, nomsiz kasalga chalindi. Sizni bilmadimu, men bolamning o‘limini sizning bir-ikki, “saxovatingiz” tufayli bo‘ldi, deb o‘ylayman. Endi, hech qachon bunaqa ishlarga aralashmayman.
Olim Salimovich: Sen bolani hali ham aqling kirmabdi-yu, a. Senga nima, men rahbar bo‘lsam, kelajakda biror gap-so‘z bo‘lsa, akaning o‘zi yopsa? Uka, gapni aylantirma. Aytganimni qil, shunda kelajaging yaxshi bo‘ladi. Men senga yomonlik tilamayman. Kerak bo‘lsa, seni o‘zim ko‘taraman.
Yoqubjon: Aka, ikki dunyoda ham bu ishni qilmayman. Menga tinchlik kerak. Siz aytgan narsalar ham kerakmas. Ovvora bo‘lmang.
Olim Salimovich: Yo‘qol unda ko‘zimdan. Ikki dunyoda ham biring ikki bo‘lmaydi san bolaning. Yaxshilikni bilmagan, nomard.
(Yoqubjonning ko‘zlari g‘azab bilan bir yonadi-yu, indamay chiqib ketadi).

OLTINChI KO‘RINISh

Yozning birinchi oyi. Kechki payt. Havo dim. Olim Salimovichning yaqinda qurib bitkazilgan shinamgina ikki qavatli uyi. Uyning oldida peshayvon. Uning atrofida anvoyi gullar gurkirab o‘sayapti. Uch-to‘rt yillik olma, nok, gilos va xurmo daraxtlari ko‘zga tashlanadi.
Peshayvonning to‘ridagi divanda keksayib, ko‘zdan va oyoqdan qolgan onasi – Xosiyat aya bilan uning yonidagi temir karavotda uch-to‘rt yildan beri og‘ir xastalikka chalingan o‘n uch-o‘n to‘rt yoshlardagi kenja qizi – Umida shifoxonadan zerikib, vaqtincha uylariga kelib yotibdi.
Xosiyat aya kechasi ko‘rgan tushlarini o‘ylab, mazasi qochib, xayolga cho‘mib, g‘amga botib o‘tiribdi.

Xosiyat aya (nolib): Olimjon shu yerdamisan?
Olim Salimovich: Shu yerdaman, shu yerdaman. Hozir ishdan keldim, ona.
Xosiyat aya: Ishlaring yaxshimi, bolam? Mendan gap so‘rasang, otangning ruhi juda bezovta bo‘layapti. Bir haftadan beri tush ko‘raman. “Olimjon ko‘zini ochsin. U savob olishning o‘rniga juda katta gunohga botayapti-ku”, degani-degan. Nima ish qilib yuribsan o‘zi, bolam? Nega savob olishning o‘rniga gunohga botayapsan? Sendan umidimiz shumidi, o‘g‘lim? Kimning ko‘ngliga ozor berayapsan? Gunohga botgulik nima ish qilyapsan? Qilayotgan gunoh ishlaringning kasri qizing – Umidaga va menga tegayotgan bo‘lmasin tag‘in. Ko‘rayotgan bu tushlarim ham, qizingning ahvoli kundan-kunga og‘irlashishi ham bekorga emasdir?! Otangning gapi-gap. U avliyosifat odam edi. Ko‘zingni och bolam, ko‘zingni och-ch!
Olim Salimovich (ta’sirlanib): Haliyam eskilikka ko‘p ishonasiz-da, ona! Tushga nimalar kirmaydi, deysiz. Xo‘p, ayting-chi, otam tushingizda sizga yana nimalar dedi?
Xosiyat aya (yo‘talib, “uf” tortib): Boshqa hech nima demadi-ku, ammo-lekin otang sening qilib yurgan biron-bir ishingdan juda-juda noroziga o‘xshaydi. Tushga ishonmay bo‘ladimi, bolam? Mening anglashimcha, sen o‘zingga yaxshilik qilib yurgan bironta do‘stingga yomonlik qilib, uning yuziga oyoq bosayotganga o‘xshaysan-da, bolam! Meni desang, otangning ruhini chirqirataverma! Yaxshilik qilganga senam yaxshilik qil! Bilib qo‘y. Bu dunyoga har bir inson yaxshilik qilish uchun keladi. Yaxshilikda gap ko‘p, bolam!
Yaxshilikni bilmasang, yaxshilikka yaxshilik qaytarmasang, uning kasri kelib-kelib oilangga uradi, farzandlaringga yoki bo‘lmasa o‘zingga uradi, bolam! Umidaginangning kundan-kunga so‘lib borayotgani ham bejiz bo‘lmasa kerak?! Endi, yosh emassan, ko‘zingni och! Mashoyixlar ham bekorga tosh bilan urganni, sen osh bilan ur, deyishmagan. Sen esa, buning teskarisini qilib, osh bilan urganniyam tosh bilan urayotganga o‘xshaysan!.. Nafaqat o‘zingga yaxshilik qilgan odamga, hatto hech kimga zinhor-bazinhor yomonlik qila ko‘rma bo-lam-m, bo-la-jo-nim!
Olim Salimovich (o‘ziga ishonmagan holda, dag‘al tovushda, tutilib-tutilib): Ni-ma? Nima deyapsiz, ona? Men… men… men hech kimga yomonlik… qilgan… emasman, ona!..
Umida (majolsiz holda ovozi xirillab chiqadi): Meni kechirasiz, dada. Buvim to‘g‘ri aytayaptilar. Ikki-uch kundan buyon buvim ko‘rgan tushlarini menam ko‘rayapman. Tushlarimda bobojonim meniyam bezovta qilyaptilar.
Siz bir emas, bir nechta odamlarga yomonlik qilib, ko‘ngillarini qoldirib yurganga o‘xshaysiz. Buni, menga tushimda bobojonim aytdilar. Yana, bobojonim aytdilarki, agar o‘zingizga yaxshilik qilgan odamlarga yaxshilik qilmasangiz, qilgan yomonliklaringiz uchun ulardan borib kechirim so‘ramasangiz, mening ahvolim bundanam battar og‘irlashar ekan. Eshityapsizmi, da-da-jo-on, mening sog‘ligim yaxshilanish o‘rniga, yanayam yomonlashar ekan. Agar meni yaxshi ko‘rsangiz u-lar-dan ke-chi-rim so‘r-a-ang… (ovozi pasayib, jimib qoladi).
Olim Salimovich (qo‘rqib, hovliqib, qizining yoniga otilib boradi): Ko‘zingni och, Umi-d-a-a! Qo‘rqitma qi-zi-im! Jo-on qiz-im, a-sal qizim, shakar qizim! Ko‘zingni och! Umida qizim, ko‘zingni och! Senga nima bo‘l-di-i? (Atrofiga hovliqib, alanglab qaraydi, so‘ng oshxona tomonga o‘girilib baqiradi) Hoy-y kim bo-or?! Zarofatxon qayerda-sa-an? Tezroq kel! Umidaning ahvoli yana og‘irla-sha-yap-ti-i!
Xosiyat aya: Umidaga nima bo‘ldi? Aytmadimmi, aytmadimmi, men senga O-lim-jo-on?!. Qizingning yuziga suv sep.
(Shu payt oshxona tomondan qo‘rqib va hovliqib: “Umidaga yana nima bo‘ldi-i-i?!.” deganicha Zarofatxon qizining yoniga uchib keladi)
Olim Salimovich (shoshib-pishib qizining yuzlariga suv sepadi. Umida sal o‘ziga kelib ko‘zlarini ochadi): E, Xudoga shukr, ko‘zini ochdi, onajon!.. Umida ko‘zini ochdi!
Umida (zorlanib): Da-da… da-da-jo-on! Men… men ya-shash-ni is-tay-ma-an!
Olim Salimovich: Nima deding? Nimalar deyapsan, qizim? Senam onamga o‘xshab, tushingga ishonib yuribsanmi? Tushunmadim. Axir, men sizlarni deb, ertayu kech, yelib-yugurib yuribman-ku, qiz-i-im!
Zarofatxon (xunobi oshib, eriga qarab): Odamlarga shuncha qilgan yomonlik­laringiz kamlik qiluvdimi? Kimnidir qarg‘ishi urgandir, axir.
Olim Salimovich (o‘zini go‘llikka oladi, ko‘zlari olayib ketadi): Bilib-bilmay, og‘zim bor deb, senam xotin valdirayverma har narsani. Men hech kimga yomonlik qilmaganman. Yo senam tush ko‘rdingmi?

ETTINChI KO‘RINISh

Yoqubjonning ishxonasi. Zamonaviy kiyingan Gulandom xonaga kirib keladi. Yoqubjon unga qarab angrayib qarab qoladi.

Yoqubjon: Keling, Gulandom. Bugun boshqacha bo‘lib ketibsizmi?
Gulandom: (Erkalanib) Nima yarashmabdimi?
Yoqubjon: Yo‘g‘e, nimaga?
Gulandom: Yoqubjon aka, o‘zingiz yaxshimisiz, keling endi bir begunoh go‘dakni deb o‘zingizni buncha siqavermang. O‘tgani o‘tib ketdi. Endi bu yog‘iga yashash kerak. Men ham oldinlari shunaqa edim. O‘tganga ham, kasalga ham kuyunaverardim. Ke­yin birdaniga ko‘zlarim yarq etib ochilib ketdi. Mana, onamdan keyin hech narsaga parvo qilmay qo‘ydim. Keyin, o‘ylab qarasang, bu dunyoga bir marta kelar ekansan. O‘ynab, kulib, hayotning har lahzasini gashtini surib yashash kerak ekan.

Yoqubjon: Unday demang, Gulandom. Hali yoshsiz, umringizning yorug‘ kunlari hali oldinda. Hali Alpomishday kuyovlarga yor bo‘lasiz.
Gulandom (kulib): Qani o‘sha alpomishlar? Bu dunyoda unaqalarning borligiga ham ishonmay qo‘ydim. Axir o‘shalarni kutaverib yigirma yettiga kirdim. Qachon kelishadi axir?
Yoqubjon: Keladi, keladi. Bir kuni shunday oyog‘ingizning tagidan chiqib, mana men deydi-yu, shartta olib ketadi. Odamzod ertaga taqdiri qanday bo‘lishini o‘zi bilmaydi.
Gulandom: Qaydam. Yuragimni eritib yubordingiz. Xullas, men ertaga roppa-rosa yigirma yettiga to‘laman. Shunga, tug‘ilgan kunimni nishonlasammi, degan niyatim bor. Ammo unga hammani ham aytish niyatim yo‘q. Bilasiz, Olim Salimovichning orqasidan meni ko‘pchilik yomon ko‘radi. Mening ham ularga ko‘zim uchib turgan joyi yo‘q. Ishxonamizdan besh-olti odamni chertib-chertib aytyapman. Sizni ertaga kechqurun uyimizda kutaman. Dadam Estoniyada, ukam harbiy xizmatda, singlim ham kelib-kelib ertaga yigitini kuzatgani vokzalga borishi kerak ekan. Shuning uchun o‘zim sizlarga xizmat qilaman. Mana uyimning manzili. (Qog‘oz tashlab ketadi)
Yoqubjon: Kimlar boradi?
Gulandom: Ishxonamizdan besh-olti kishi, bir-ikki dugonalarim. Qolganini borganda ko‘rasiz. Tag‘in qariqizlarning to‘yiga bormayman deb, meni xafa qilmang-a.
Yoqubjon: Qiziqmisiz, Gulandom. Sizning tug‘ilgan kunlaringizu to‘ylarin­gizga bosh bo‘lish bizning burchimiz. Birinchi bo‘lib o‘zim yetib boraman.
Gulandom: Bo‘ldi, kutaman, bo‘lmasa.

SAKKIZINChI KO‘RINISh

Gulandom jilmayib, Olim Salimovichning xonasiga kirib keladi. Olim Salimovich xushkayfiyatda uni kutib oladi.

Olim Salimovich: Keling, keling, Gulandomxon, keling. O‘ziyam sizning borligingiz mani baxtim-da, jonidan. Ba’zida o‘nta ayol bitta erkakning o‘rnini bosolmaydi. Ammo ba’zida sizga o‘xshagan bitta uddaburon qiz o‘nlab lapashang, dovdir, xotinchalish erkaklarning ishini uddalaydi. O‘nta chala erkakdan, bitta butun ayol yaxshi ekan, jonginam. Sizni shu dangalligingiz, shaddodligingiz, sho‘xligingiz uchun yaxshi ko‘raman-da. Hali, kattaga ham siz haqingizda aytdim, hamma ishimizni shu jonon to‘g‘rilaydi, dedim. Katta ham sizni ko‘rmagan bo‘lsa ham og‘zidan suvi kelib eshitib o‘tirdi. Ha, desam, ishlar bitgandan keyin sizni o‘zimga olib ketaman, deydi. Men ham anoyi emasman. Sizni qo‘shqo‘llab topshirib qo‘yadigan. Aytgancha, anovi haqiqatparast, farishtani taklif qildingizmi?
Gulandom: Ha, bechora chippa-chindan ishondi. O‘zim bosh bo‘laman, deydi. Olim aka, buningiz rejalarimizni chippakka chiqarmasmikan? Juda qaysar-da. Ke­yin biror joyda ichib, boshi aylanib qolganini ko‘rmaganman. Kattani uyaltirib qo‘ymasmikanmiz. O‘zi bitta boshbuxning ahmoqona printsiplari jonga tegib yurganda, buningizni dumini tugolmasak, hamma narsadan quruq qolamiz-da, akaxon.
Olim Salimovich: (kulib) Gulandomxon, biz ham anoyi emasmiz. Tayyorgarligimizni ko‘rib qo‘yganmiz. Sizdan harakat, bizdan barakat. (O‘rnidan turib, uchta bir xil idishdagi aroq ko‘tarib keladi) Buni kecha tayyorlatib keldim. Qo‘rqmang, bu yog‘i yopilgan. Faqat qarang, bittasining og‘zi ochilgan. Qog‘oziga belgi qo‘yganman. Ko‘ring, ha, ana. Siz shuni adashtirmay anov so‘takka ichirib yuborsangiz bo‘ldi. Bittasi bo‘sh. U borganda, biz buni ichib bo‘lib, mana bu tozasini yarimlatgan bo‘lamiz. O‘zi ichi kuyib yuribdi. O‘laman deb ichadi. Qolaversa, ikkita jononlarni olib boraman. Chittakka o‘xshab oldida likillab turishadi. Ular bir imo qilsa, bu ko‘cha ko‘rmagan anqov laqqa qarmog‘imizga ilinadi. Qolganini o‘xshatib bersangiz bo‘ldi.
Gulandom: Men ham xorijdagi dugonamning uyini tayyorlab qo‘ydim. Kaliti qachondan beri menda turadi. Dasturxonlar taxt, berganlaringizni chiroyli qilib xarjlab qo‘ydim.
Olim Salimovich: Bu xamir uchidan patir, xonim. Manavi tirranchani yo‘qotib olsak, o‘rniga sizni qo‘yaman. Yarim yildan keyin zamim pensiyaga ketadi. U yerga ham sizni mo‘ljallab turibman. Katta tekshirishdan o‘tgandan keyin, ko‘tariladi, degan gaplar yuribdi. Bilmadim, shundoq bo‘lib ketsa, joyi sizu bizniki-da, xonim. O‘rtada begona yo‘q…
Gulandom (Chiroyli ishva bilan qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, Olim Salimovichga ta’zim qilib, asta oldiga boradi va yuzidan bitta o‘padi): Siz borsiz, akaxon, mening ko‘nglim to‘q. Siz mening ishongan tog‘imsiz, akam.
Olim Salimovich: Go‘zallarning xizmatidamiz, xonim. Sizdek ofatijon, go‘zallikda tengi yo‘q sanam uchun biz qurbon bo‘lmasak, kim bo‘lsin. Shoirlar aytadi-ku, bir go‘zal ayol vasli uchun o‘zingini qurbon qilsang arziydi, deb…

TO‘QQIZINChI KO‘RINISh

Shahar chetidagi hovlilardan biri. Chekkadagi xonada chiroyli bezatilgan dasturxon, turli ichimliklar, meva-cheva, gazaklar. Davra atrofida Olim Salimovich, ochiq-sochiq kiyingan ikkita raqqosa qiz, chetroqda haydovchi Berdiqul va Gulandom o‘tiribdi. Hammalari shirakayf. Shu payt bir dasta gul va bir yaltiroq quti bilan Yoqubjon kirib keladi.

Olim Salimovich: Ey, kel-ey, Yoqubjon! Namuncha hayallading? Seni kutaverib ko‘zimiz to‘rt bo‘ldi, uka. Mana men ikkinchi shishani yarimlatdim, qizlar ikkita vinoni tugatishdi. Shunday kabutarlarni kuttirib qo‘yish insofdan emas, ukam.
Yoqubjon: Uzr, sal hayalladim. Manzil bo‘yicha Gulandomxonning uylarini topish qiyin bo‘ldi.
Gulandom (achchig‘langan bo‘lib): Ey, Yoqubjon aka, aytmaysizmi, o‘zim sizni qo‘lingizdan ushlab boshlab kelardim.
Yoqubjon (xijolat tortib): Uzr, Gulandom. Mana keldim-ku.
Olim Salimovich: Endi, Gulandomxon, bu yoshlardan xafa bo‘lmaysiz. Ishlari ko‘p, boshlarida ezgu g‘oyalar qaynagan. Shuning uchun bular na rahbarni so‘ziga kirishadi, na biror joyga vaqtida borishadi, na sizdek go‘zallarning ko‘nglini chog‘lashni bilishadi. Ammo, shu Yoqubjonning yosh bo‘lsa ham, balodek aqli bor ekan. Yaqinda bir masala bo‘yicha tortishib qoldik. U aytganimni qilmadi. Ke­yin o‘ylab qarasam, bola qurg‘ur haq ekan. Bir kattaning, bir kichikning gapiga kir, deydi mashoyixlar. Men ham keyin o‘ylab ko‘rib shu bolaning aytganicha yo‘l tutdim. Nima bo‘lsa, bo‘ldi, bir boshga bir o‘lim. Yoqubjon, rahmat senga. Biz bu qadahni, (Gulandomga qarab) Iya, Gulandomxon, aybdorni jazolamaysizmi? Yoki qop-qora qoshlari, suqsurdek qomatini ko‘rib, kechirib yubordingizmi? Xo‘sh, qani qadahlar, (Qo‘li bilan qadahlarni ushlab ko‘rar ekan, birma-bir joyiga qo‘yadi) kattaroq qadah bormi, Gulandomxon?
Gulandom: Bor, Olim Salimovich, hozir olib chiqaman.
Olim Salimovich: Tezda olib chiqing. Bizning jamiyatda har qanday aybdor jazolanadi. (Gulandom sharbat ichiladigan qadah ko‘tarib chiqadi) Qani, bu dunyoda aybdorlarni jazolash uchun shtrafnoy, degan qoidalar bor, bu hammani mast qilgandan keyin borib, o‘zim sergak tortib o‘tiraman degan niyatda kech kelganlarni jazolash va hamma bilan teng holatga kelishi uchun joriy qilingan qonun. Bugun biz shu qonundan chetga chiqmaymiz. Hamma narsa ham qonun bo‘yicha yuradi-a, Yoqubjon? Bugun sen ham ziyofatning oltin qonunini bajarasan. (Gulandom burchakdan bitta aroqni olib kelib, ochadi va yarmisini qadahga quyadi).
Yoqubjon: Gulandom, men bunaqa ko‘p ichmaganman. Keyin kayf bo‘lib qolsam, nima bo‘ladi?
Gulandom: Voy, Yoqubjon aka, biz ham ichmas edik, ammo kimsan Olim Salimovichday odam ichib turganda biz ichmasak insofdan emasdir. Bu odam har kimning ham uyiga kelavermaydi. Odam degani shunaqa bo‘ladi. Men hurmat qilaman, shuning uchun akaning sharafiga ichyapman. Mana, ikkita vino tugatdik. Endi yigit kishisiz-u, o‘libdi-da. Dugonalarimning ichida uyaltirmang.
Olim Salimovich: (Sanchqiga gazak olib, bir qadahga sharbat quyib Yoqubjonning oldiga qo‘yadi): Uyaltirmaydi, Gulandomxon, uyaltirmaydi. Kim aytadi qiz narsa ichganni icholmagan erkakni erkak, yigitni yigit deb. Mana, ellikka kirib yoningizga yaraylik deb, bir yarimtani bo‘shatib qo‘ydik. Qani, Yoqubjon, bugun ikkimiz abadiy do‘st bo‘ldik. Gulandomxon bunga guvoh. U endi singlimizga aylandi. Do‘stlik va singlimiz baxti uchun bir tomchi ham qolmasin. Bir qultum qolsa, bizning fikrimizga qo‘shilmagan bo‘lasan.
Yoqubjon (quvonchdan ko‘ngli porlab): Xo‘p, mayli. Shu qadahni…
Olim Salimovich: Do‘stlik hech qanday izohga muhtoj emas. Avval aybni yuvasan, keyin o‘zim senga so‘z beraman. Do‘stlik uchun… Tamom.
Yoqubjon: Do‘stlik uchun. (Qiynalib-qiynalib, to‘xtab-to‘xtab qadahni bo‘shatadi. Qizlar Yoqubjon qadahni stolga qo‘yishi bilan chapak chalishadi. Gulandom magnitofondan sho‘x ashula qo‘yadi. Ikki raqqosa qiz asta chiqib sho‘x raqsni boshlashadi. Gulandom va Berdiqul ularga borib qo‘shiladi).
Olim Salimovich: Qani, Yoqubjon, avval kalom, bad az kalom deganlar. Ke­yin, bu aroq deganlari bersang go‘sht yeyman, bermasang, seni yeyman, degan ekan. Aroqqa yem bo‘lma. Ovqatdan ol.
Yoqubjon: Rahmat, Olim Salimovich. Bir kuni meni tushunishingizni bilardim.
Olim Salimovich: Endi, o‘zim senga hamdamman. Har doim birgamiz. Bir-birimizga xiyonat qilmaymiz endi. (Gulandomga imo bilan qo‘shiqni to‘xtatadi). Endi, Gulandomxon, eski ulfatlardan qolgan bir gap bor. Birinchisi bilan ikkinchisining orasidan qil o‘tmasin, degan. Mana, Yoqubjonjon, sizni xurmat qilar ekan. Singlim dedi, akalik bo‘ldingiz. Endi men ham bir ukalik bo‘lay. (Yoqubjonning oldidagi qadahni olib to‘latib quyadi). Agar meni akam, sizni sing­lim degani rost bo‘lsa, shuni ham tugatib, keyin biz bilan tenglashib olgandan keyin, bajurja o‘tiramiz. Yoqubjon, so‘z senga. (Qizlar kelib o‘z qadahlaridagi vinoni ko‘tarishadi).
Yoqubjon (O‘rnidan turar ekan, bir siltanib ketadi): Xo‘sh, (tili aylanmaydi) xo‘sh… Akam… singlim uchun…. (Bir sipqorishda aroqni tugatadi).
Davrada sho‘x qo‘shiq yangrayapti, Yoqubjon dam ovqat cho‘qilagan bo‘ladi, dam qizlar orasida xirom qilib turgan Olim Salimovichning oldiga bormoqchi bo‘ladi, dam yana ichgisi kelib, uchinchi shishadagi aroqdan quyadi.
Shu payt “O‘ynaymiz” deya kelgan Gulandomning qo‘llariga suyanib davraga chiqadi-yu, qo‘llarini yozishi bilan boshi chir aylanib, gursillab yiqiladi. Bu holdan xursand bo‘lgan Olim Salimovich qo‘shiqni to‘xtatib, biroz uni kuzatib turadi. Keyin Berdiqul yordamida uni divanga olib borib yotqizgancha, qizlarni olib chiqib ketadi.

O‘NINChI KO‘RINISh

Yoqubjon (Ertalab turib ko‘zini ochsa, ko‘ylaklari oldi ochiq, yerda yalangoyoq holda yotibdi. U yoqqa alanglaydi, bu yoqqa alanglaydi, ammo dabdurustdan qayerda ekanligini anglolmaydi): Qayerdaman, nimaga yotibman, o‘zi? Qayerdaman? Uyim qani, Oysanam qani, qayerdaman… Qayerdaman? Shunaqa holga tushdimmi? (Yuzini ishqalaydi, qo‘li ayollarning labbo‘yog‘idan qizaradi). Nima bo‘ldi? Nimalar qilib qo‘ydim? (Ko‘zi yerda yotgan qog‘ozga tushadi. Turaman desa, oyoqlari qaltiraydi, emaklanib borib qog‘ozni oladi). “Odam emas ekansan, iflos! Sendan shuni kutganmidim nomard? Akam degandim, seni. Qochib ketmaganimda nomusimni bulg‘arding. Juda-juda xavfli odam ekansan. Ishxonaga borgin, ablah, gaplashamiz. Gulandom”. Nima? Nima qilib qo‘ydim? Shunaqa ham ichadimi odam? Kimdir tunda shunaqa dedimi? Nimalar bo‘lyapti o‘zi? Olim Salimovich qani? Nimaga tashlab ketishdi meni? Nimaga hech narsani eslolmayapman?
Bir burchakdan tuflisini topib, uni kiyib ishxonasiga shoshadi. Ishxonaga yetiboq Olim Salimovichning xonasiga kiradi. Ichkarida Gulandom yig‘lab turibdi, Olim Salimovich nimalardir deb yalinyapti. Yoqubjon kirgach, ikkalasi ham g‘azab bilan o‘rnidan turadi.
Olim Salimovich: Keldingmi, iflos? Kechagina singlim deb ont ichib, unga qo‘l cho‘zgan, palid!
Yoqubjon: Nimalar deyapsiz, Olim Salimovich? Men hech narsani bilmayman. Bunaqa ish qo‘limdan kelmaydi.
Gulandom: Iflos, qo‘lingdan kelar ekan-ku! Tamom qilding-ku, mani! Eplasang, ichmaysanmi, pismiq? Shuncha tayyorgarligimga, shuncha kutganimga shumi rahmating? Olim Salimovich, men bu ishni bunday qoldirmayman! Buni militsiyaga beraman! Aka, bu chayon ekan, bildirmay chaqadigan. Qo‘lidan hamma narsa kelar ekan. O‘zim ishdan bo‘shayman, buning yuzini qaytib ko‘rmayman! Axir, singlim deb quchoqlasa, ishonibman!
Yoqubjon: Gulandom, hali ham singlimsiz. Tuhmat qilmang.
Gulandom: O‘chir ovozingni, ablah! Qilg‘iliqni qilib qo‘yib, endi tonadi. Men umrimda bunaqa pastkashni ko‘rmaganman. Ishonmaysanmi, iflos? Mana, ko‘r! (U futbolkasining yengini ko‘tarib, Olim Salimovichga ko‘rsatadi. Gulandomning qo‘lidagi ko‘kargan joylarni ko‘rib, Olim Salimovichning ko‘zlari kosasidan chiqib ketgudek bo‘ladi. Gulandom bu bilan cheklanmay, futbolkasining ko‘krak qismini xiyol ko‘tarib, ko‘kargan, qizargan joylarni ko‘rsatib, Yoqubjonga tashlanadi). Bular shu iflosning barmoqlari va tishlarining izi! Tuhmatmi, shu? Man shunaqa qizmidim? Zo‘rg‘a qochib ketdim-ku. Buni qamataman, Olim Salimovich. Tog‘amga aytib surobini to‘g‘rilamasam, ko‘nglim joyiga tushmaydi. (Oldiga bir qog‘oz tashlaydi). Bu mani arizam. Qo‘l qo‘ying. Ketaman. Keyin ko‘rasiz, nimalarga qodirligimni.
Yoqubjon (Umuman o‘zini yo‘qotib qo‘yadi): Ishonmayman, bo‘lishi mumkin emas! Olim Salimovich, nimalar bo‘lyapti? O‘lay agar, kecha nima bo‘lganini eslay olmayapman. Kecha meni nimaga tashlab ketdingiz?
Olim Salimovich: Sening ablahligingni bilganimda olib ketardim, iflos. Uyalmaysanmi, qaysi yuz bilan yuziga qaraysan endi? Yosh bola emasding, aqling ko‘p edi-ku. Duppa-durust turuvding, kechroq boraman, hozircha biroz qolaman deding, qolding. Qayerdan bilaman bunaqa xo‘rozligingni? Seni kutib tong otguncha turishim kerakmidi? Qolaversa, men senga o‘xshab ko‘cha bolasi emasman, uyda xotinimni, kasal qizimni tashlab, yallo qilib yuradigan.
Gulandom: Olim Salimovich, buningizni bu yerdan yo‘qoting. Bo‘lmasa, yana sizni shunaqa sharmanda qiladi. Yoki arizamga qo‘l qo‘ying. Bu bilan bir joyda ishlolmayman. Ko‘rsam, nafratim qo‘ziydi, chidolmayman, Olim Salimovich! Kechadan beri o‘zimga kelolmayapman. Butun a’zoyi badanim g‘azabdan qaqshayapti. Tug‘ilmay o‘lay, ming la’nat, shuni tug‘ilgan kunimga taklif qilmay man o‘lay.
Olim Salimovich (Gulandomning oldiga borib, ikkala qo‘lidan ushlab): Jon sing­lim, oldingizda tiz cho‘kaman. Jamoani sharmanda qilmang. Shu yerdagi gap shu yerda qolsin. Hammamizning sha’nimizga yomon bo‘ladi. Siz hali yoshsiz, kelajagingiz oldinda. Bizning ham oldimizda qancha ishlarimiz turibdi. Bolalarimizni o‘ylang. Shuncha yillik hamkasbligimiz haqi, bizni uyaltirmang. O‘tinib so‘rayman, sizdan.
Gulandom (xijolat tortgan bo‘ladi, keyin yig‘lab): Olim Salimovich, sizda nima ayb? Men mana bu babnikdan o‘ch olmoqchiman, xolos. Iltimos, Olim Salimovich, arizamga qo‘l qo‘ying. Bu iflos bilan bitta tashkilotda ishlamayman.
Olim Salimovich: Xo‘p, Gulandomxon, xo‘p. Faqat ikki minutga bizni xoli qoldiring. Ikki minutga. Men bu bilan erkakchasiga gaplashib olay. Toki bu ishni qayta takrorlamasin (Gulandom chiqib ketadi. Olim Salimovich Yoqubjonga qarab jilmayib). Uka, chanqagan bo‘lsang, yo‘lini topmaysanmi? Qiz bola sal erkalasang, o‘zi qo‘yningga kiradi. Yomon ish bo‘libdi. Shunaqayam ichadimi? Hamma joyini ko‘kartirib tashlabsan-ku. Sal qaltisroq harakat qilsang, ko‘zingni cho‘qiydi. Ayniqsa, bu qiz balo. Endi seni hech qachon tinch qo‘ymaydi. O‘ta ketgan shallaqi, shantaj. Endi oilangni buzishdan ham toymaydi. Elga sharmanda qilib, bo‘yningga osilib oladi. Men nimaga buni olib yuribman, bilasanmi? Tepada katta qarindoshlari ko‘p. Bunga bir narsa desam, ertaga mening surobimni to‘g‘rilashadi. Men ham qo‘rqaman, ukam. Endi, mayda gapdan foyda yo‘q. Titsang, sassig‘i chiqadi. Oxir-oqibat bugun respublikada sharmanda bo‘lamiz. Seni esa hech qachon tinch qo‘yishmaydi. Sen hali yoshsan. O‘sishing kerak. Kelajaging oldinda.
Yoqubjon: Aka, nima bo‘lganini o‘zim bilmayman. To‘g‘risi, hech narsani eslolmayman. Nima qilishim kerak, endi. Birorta yo‘lni ko‘rsating. Sharmanda bo‘laman, axir.
Olim Salimovich (Stolga asta borib, boshini changallaydi. Uch-to‘rt minutdan keyin g‘aladonidan qog‘oz va ruchka olib Yoqubjonning oldiga tashlaydi): Uka, boshqa yo‘li yo‘q. Keyinchalik biror yo‘lini toparmiz. Hozirgi qaltis momentda unga tegib bo‘lmaydi. Meni ham tamom qilishadi. Xullas, gap bunday. Sen endi yarim-bir yil dam olib turasan. Buni birorta tumanga o‘tkazib, keyin seni chaqirib olaman. Shunda bir amallab, chiyabo‘rining og‘zini yopaman. Menga ham juda og‘ir, axir. Axir seni kechagina ukam deb, qasam ichgandim. Hay, hammasi yaxshilikka. Ukammisan, seni asrashim kerak. Biror yil tirikchiligingni qilib tur. Keyin hammasini qaytadan boshlaymiz.
Yoqubjon: Ariza yozaymi? Axir nima uchun? Ey, boshqa yo‘li yo‘qmikan? Endi nima bo‘ladi? Oilamni qanday boqaman? Axir, mening gunohim yo‘q-ku…
Olim Salimovich: Uka, menga baribir. Sen uchun hamma narsaga tayyorman. Oldimizda ikkita yo‘l bor, meni va jamoani sharmanda qilish, qancha muammo orttirish yoki biror yil boshqa joyda vaqtincha tirikchilik qilib turish. O‘zing bilasan. Temirni qizig‘ida bosish kerak. Shunda yopiqlik qozon yopig‘ligicha qoladi. O‘ylab ko‘r. Bu megajinni amallab ko‘ndiraman. Ayol kishi bo‘lib ariza yozib kelibdi. Bunga qo‘l qo‘ymasam, nima bo‘ladi hozir. Sen axir erkaksan-ku!..
Yoqubjon. (angrayib, xonaning u yog‘idan, bu yog‘iga yuradi): Mayli, roziman. Kasofat boshimga balo olib keldi (O‘tirib ariza yozadi va xonadan shaxd bilan chiqib ketadi).
Olim Salimovich (ortidan): Holing shu ekan-ku, jo‘jaxo‘roz. Nima qilasan man bilan o‘ynashib. Endi, halolligingni butun jahonga ko‘rsatib yuraver. Tirik bo‘lsam, sen tirik murdani ostonamga qo‘ymayman. Ko‘ramiz, biring ikki bo‘larmikan? Kosang hech qachon oqarmaydi, landavur.

O‘N BIRINChI KO‘RINISh

Yoqubjonning uyi. Husniddin, Baxtiyor, Yoqubjon maslahatlashib o‘tirishibdi.

Husniddin: Endi, Yoqubjon, bo‘lar ish bo‘libdi. Pushaymondan foyda yo‘q. Nima bo‘lganini yolg‘iz Yaratgan va sizlar bilasizlar. Ammo isnod bilan chiqib ketganing yaxshi bo‘lmabdi.
Baxtiyor: O‘zi Olim Salimovichning bir marta ko‘rib, kapalagim uchib ketdi. Shunaqangi quv, shunaqangi dog‘uliki, tulkining yog‘ini yalaganligi shundoq yuzidan bilinib turibdi. Yeb to‘ymas, nafsiga juda hirs qo‘ygan odam deyishyapti.
Yoqubjon: Ha, endi bir odam-da. O‘zi yaxshi odamu, ba’zi jihatlari yoqmaydi. Endi til topishgandik, bir-birimiz bilan maslahatlashib ishlaymiz deb kelishganimizda, birdan ko‘z tegdi-da. Bilmadim, ko‘z tegdi.
Baxtiyor: Yoqubjon, siz juda sodda odamsiz. Hammaga ishonaverasiz. Kim nima desa, haqiqat deb o‘ylaysiz. Hayotga sal jiddiy qarash kerak, do‘stim. Sizning shu holga tushishingizga faqat soddadilligingiz sababchi. Menimcha, Olim Salimovichingizga azaldan yoqmay qolgansiz. Shu ish bahonai sabab, sizdan qutulgan. Endi bu yog‘iga hushyor bo‘ling. O‘zingizni yo‘qotmang. Biz sizga yordam beramiz. Hech qachon yengilmaymiz.
Husniddin: Endi bu yerda o‘tirishdan foyda yo‘q. Biror yo‘lini topish kerak. Birorta ish qilishimiz kerak. Erkak kishi uyda o‘tirsang, uyat bo‘lar. Mening bir tanishim bor. O‘zi juda tadbirkor odam. O‘sha bilan maslahatlashib ko‘ramiz.
Baxtiyor: Uzoqdagi o‘pkadan yaqindagi somon yaxshi. Uni noma’lum odamlar bilan ishlashga majbur qilmaganimiz ma’qul hozircha. Yaxshisi, Yoqubjon, mening firmamni yuritmaysanmi? Ukam Angliyaga o‘qishga ketgandan keyin o‘zim juda qiynalib qoldim. Bilasan, katta tashkilotning rahbariman. U yerni tashlab ketolmayman. Firmada ish ko‘p hozir. U yerga bitta kallali odam kerak. Hozir bosh ko‘paygan, kallaligi yo‘q. Odam ko‘pu, inson yo‘q, do‘stim. Agar ishlarni joyi­da yuritsang, bir oyda millioner bo‘lib ketishimiz mumkin. Bankdan kredit so‘raganman, hujjatlarini to‘g‘rilashga vaqt yo‘q, Xitoy bilan texnika masalasida shartnoma tuzish kerak, borib, ko‘rib, hal qilib, olib keladigan odam yo‘q. Soliqqa yugurish, bankka borish, ijarachilar bilan shartnoma, hokimiyat bilan bitim, bozorlar bilan munosabat. O‘h-ho‘, katta ish agar ishning ko‘zini bilsang. Ukam meni cho‘loq qilib ketdi. Shu ishni qilasanmi?
Yoqubjon (biroz o‘ylanib): Eplay olarmikanman? Juda katta ish-ku. Keyin bu masalalarni uddasidan chiqishning ham o‘zi bo‘lmaydi.
Husniddin: Eplaysan, jo‘ra. Odam eplagan ishni odam eplaydi. Bir-yarim yilda tushunib olasan. Hammasi iziga tushib ketadi.
Baxtiyor: Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmaydi, do‘stim. Sen bir ishlab ko‘r-chi, bu yog‘ini Xudo bir yo‘lga solar.
Yoqubjon: Sening ishonchingning o‘zi menga katta sinov, qolaversa, baxt jo‘ra. Senki, og‘ir kunimda mening yonimga kirib, shunchalik qo‘llayotgan ekansan, men ham sen uchun, ishonching uchun oxirgi kuchim, oxirgi imkoniyatim qolguncha harakat qilaman.

O‘N IKKINChI KO‘RINISh

Oradan olti oy o‘tdi. Gulandomning shahar chetidagi uyi. Xonada xuddi o‘sha manzara, ikki raqqosa qiz, Gulandom, Olim Salimovich bezatilgan stol atrofida kimnidir kutib turishibdi. Shunda birdan zalga Berdiqul hovliqib kirib keladi. Hamma uning bir o‘zi kelganini ko‘rib hayron bo‘lishadi.

Olim Salimovich: Tinchlikmi, Berdiqul. Katta qani? Biror ishi chiqdimi?
Berdiqul: Falokat, Olim Salimovich, falokat. Kattani ishxonasidan qo‘liga kishan solib olib ketishdi. Dahshat, ranglari oqarib, ko‘zlari chaqchayib ketdi bechora. Oynalari qora, raqamlari ham qanaqadir mashinaga solib olib ketishdi. O‘zim ko‘rdim. Qabuliga kirsam, xonasida ikki nafar oddiy kiyimdagi odamlar turibdi. O‘sha yerda ikki soat kutdim. Katta oldin baqir-chaqir qildi, keyin yig‘lamsirab rosa gapirdi, keyin yalindi. Anov kishilarning ovozi eshitilib-eshitilmaydi. Hech narsaga parvo qilmay, xotirjam o‘tirishibdi. Oxiri tashqaridan ikkita militsioner kelib, olib chiqib ketishdi.
Olim Salimovich (Ranglari oqarib, ovozlari titrab chiqadi): Nimaga? Nimaga bunaqa bo‘ladi? Axir hammasini yopdim, degandi-ku. Yopolmagan ekan-da, so‘tak. O‘zi landovur edi. Yaltoqilik qilavergani bilan cho‘zishni bilmasdi. Nafsingga o‘t tushgurga necha marta aytdim, hammaning og‘zi bor, hammada ham jig‘ildon bor, derdim nomardga. Eplolmabdi, o‘zi tagi pastlarning avlodidan deyishardi. Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin, ozgina ko‘rgani mana olib ketdi. Kimlar keldi, nimaga olib ketishadi uni? Vazir qo‘llab turgandi-ku?
Berdiqul: Bilmadim, aka. Juda jiddiy odamlar. Xo‘jayin, juda yomon vaziyat bo‘larkan. Dimog‘idan qurt yog‘iladigan, ancha-muncha kishi oldida gapirolmaydigan odam ikki soatda ipakka aylanib qolibdi. Aka, sizga yaxshi-ku. Endi o‘rniga sizni ko‘tarishadi.
Olim Salimovich: Ey, aqli kalta. Kallang yetmagan ishlarga aralashma deb aytganman-ku necha marta. Shopirmisan joyingda tur. Mani ko‘tarisharmish, balo qiladi mani, bir haftadan keyin kattangning oldiga olib ketishadi. O‘sha yerga ham seni yuboraman. Mana bu qizlar bilan qilgan ziyofatlaringning o‘sha yerda haqqini to‘laysan endi (Qo‘li bilan raqqosalarga va Berdiqulga “ket” ishorasini qiladi).
Gulandom: Endi nima bo‘ladi, Olim Salimovich? Bizning pullar, pullarimiz nima bo‘ladi? Bizni tekshirishsa, nima bo‘ladi? Man yopolmayman kamomadni. Ishxonani o‘pirib tashladik, axir. Nechtasi tish qayrab yuribdi, ularni qanday yopamiz? Nima bo‘ladi-a, nima bo‘ladi?
Olim Salimovich: Rasvo bo‘ldi. Boshim qotib qoldi. Qochib ketolmaysan. Nazoratga olishgan darrov. Pullarim-chi? Naq uchta kvartiraning pulini berganman. Hamma narsa ostin-ustun bo‘lib ketdi. Besh minutda dunyo xonavayron bo‘ldi. Uyimiz kuydi, Gulandom, xonumonimiz kuydi.
Gulandom: Yoqubjonning qarg‘ishi urdi bizni. Halolgina bolaga tuhmat qildik. Yomonotliq qilib, sha’nini yerga urib haydadik. O‘sha ketmaganda, bunaqa ishlar bo‘lmasdi. Yomonmidi, qaysarmidi, so‘takmidi, bizni asrardi. Endi bizni kim asraydi, kelajagimiz nima bo‘ladi?
Olim Salimovich: O, ichingizda shuncha gap bormidi? Mast qilib, dori ichirib, qo‘yningizga tortganingizda sevib qolganmidingiz? Endi men yomon, u avliyo bo‘lib qoldimi? Shuncha yildan beri tuzimni ichib, bo‘ynimdan oqqan terning hisobiga oyimtilla bo‘lib yuribsiz-ku. Ko‘rinmay qoldimi? Oyog‘ingizdagi paypoq ham mani pulimga kelganligi esingizdan chiqyaptimi? Erkakning puli shirinu, o‘zi achchig‘-a, xonimcha? Xotinlarga ishongan odamning, xotinlar bilan ishlagan odamning kosasi oqarmaydi, o‘zi. So‘qirning so‘nggiga qara, deydi. Men so‘qirman, o‘zi.
Gulandom: O‘zingizni bosib oling, Olim Salimovich. Men to‘g‘ri gapni gapirdim. Hamma ishni o‘zingiz boshladingiz. Meni ham badnom qildingiz. Endi o‘zingizni chetga olasiz. Ishxonadagi kamomadni kim yopadi? Siz yopasiz, men emas. Hamma qog‘ozlarni sizning nomingizga buyruq qilib qo‘yganman. Ichib, jonimlab yotib, oldi-orqangizga qaramay qo‘l qo‘yayotganingizda aslida o‘zingizga go‘r qazigansiz. Olib berganlaringizni minnat qilasiz. Mening baxtimni, kelajagimni, nomusimni narxi bilan hech qachon hisoblashmaysiz. Hech qachon! Menga shuncha ziyofatu, kiyimdan, sayohatu amaldan ko‘ra, bitta bolaning tirnog‘i kerak edi. Bag‘rimni bolam to‘ldirishini xohlardim. Unga ham yo‘l qo‘ymadingiz. Nechtasi uvol ketdi. Buning javobini kim beradi, ertaga?
Olim Salimovich: O‘chir, megajin! Uchiga chiqqan artistsan, bilasanmi, tagi past. Hali senlarni turmaga tiqaman. O‘sha yerdan olib kelasan bola. Yo‘qol, iflos! Yo‘qol, fohisha!
Gulandom: Xudoga soldim, sani. Xudoga soldim! Bir ojizani aldab, uning baxtiga chang solgan sen iflos, ko‘r bo‘lmasang, rozi emasman! O‘shanda oldingga bolalarimni jo‘nataman, hayvon! (Achchiq bilan chiqib ketadi. Olim Salimovich dasturxon atrofida boshini changallab biroz turadi, so‘ng aroq icha boshlaydi. Shu holatda uch-to‘rt soat o‘tiradi, o‘ziga o‘zi nimalarnidir gapirib, ketma-ket ichadi. Shu holda boshini stolga qo‘yib, uxlab qoladi.

O‘N UChINChI KO‘RINISh

Olim Salimovichning hovlisi. Eshikdan Olim Salimov shoshilib kiradi. Uyida Zarofatxon uyg‘oq, onasi yig‘lab turibdi.

Zarofatxon: Qayerlarda yuribsiz, qayerlarda? Erkakmisiz o‘zi? Bu oilada erkak bormi? Nahslarga botib, harom-xarish bilan muqaddas oilamni buzib yubordingiz, hamma narsa tugadi-ku.
Olim Salimovich: O‘chir, ovozingni! Hozir bolalaringga qo‘shib, javobingni berib yuboraman. Sen xotinni o‘zi… uchta so‘z bilan hayotingni xonavayron qilaman!
Zarofatxon: Ayting, ayta qoling shu savil so‘zni, ketsam ketay, shu Xudo qarg‘agan uydan. Ona kasal, bola kasal, o‘g‘il necha kunlab uyga kelmaydi. Otani Xudo urgan. Fahsh-fohishalik bilan band. Nima bor bu uyda, nima bor o‘zi? Mana, kasofatingiz bolangizga urdi. Farhodingiz, bittayu-bitta o‘g‘lingiz kecha oqshom avariya bo‘ldi. O‘n ikki joyi sinibdi. Kechasi bilan reanimatsiyada qon yutib chiqdim. Bolamning ahvoli og‘ir, o‘ladi, bilasanmi, o‘lishi mumkin. Senga esa, qanjiqlaring, pullaring kerak. Yo‘qol o‘shalarning oldiga, yo‘qol! (Xo‘ngrab yig‘lab yuboradi).
Olim Salimovich: Nima… Nima deding? Farhod?.. Farhodim o‘ladimi? Yo‘q, yo‘q! (Baqirib turib birdan tinchib qoladi. So‘ng yuragini uqalay boshlaydi. Sal o‘tib yiqiladi.)

O‘N TO‘RTINChI KO‘RINISh

Yozning issiq kunlaridan biri. Tong otayotgan payt. Olim Salimovichning hovlisi. Peshayvondagi katta naqshinkor yog‘och chorpoyada Olim Salimovich oyoq-qo‘li ishlamay yotibdi. Yonidagi karavotda qizi Umida. Olim Salimovich termuladi, ammo harakat qilolmaydi, ko‘zlaridan duvillab yosh to‘kiladi. U to‘rt-besh daqiqalardan so‘ng ko‘rgan tushidan qo‘rqib, esankirab: “Da-da-jon, xo‘p, xo‘-o‘p!” deganicha cho‘chib uyg‘onadi.

Olim Salimovich (Ko‘zlarini, ochib, yumib, bir muddat garangsib, o‘yga tolib o‘tiradi. So‘ng o‘ziga kelib ko‘rgan tushini eslab, o‘zicha mulohaza qila boshlaydi): Dadam tushimga ko‘p kiradigan bo‘lib qoldi. Hatto, bir kuni tushimga kirib: “Yoqubjon farzandidan ayrilib qon yig‘lab turganida, uning yonida turib ko‘nglini olish o‘rniga, nega uni ishdan bo‘shatding, vijdonsiz? Buning kasri onang bilan qizing Umidaga tegayapti-ku!..” degan edi. O‘zim insult bo‘ldim, Farhod kasalxonada. Onam kasal, qizim kasal. Bundan chiqdi. Odam o‘lsayam, ruhi o‘lmas ekan-da? Shu bola ishlab turganda bunaqa savdolar yo‘q edi. Kecha aytishdi, ishlari yurishib ketibdi. Xitoy, Koreya, Rossiya bilan aloqalar qilib yurgan emish. Shu ishni men ham qilsam bo‘lar edi-ku. Shu bola qilgan ishni qilolmasmidim? O‘zimdan ketib qoldim, shekilli. Harom luqmaga o‘rganib qoldim. Maishatga berilib ketdim. Nafsim ajdahoga aylandi, kim menga qarshilik qilsa, sindirdim, aldadim, tuhmat qildim, yo‘q qildim. Bular ichida eng qaysari Yoqubjon edi. U menga ko‘-o‘p yaxshiliklar qilgandi. Men ah-moq, men if-los, Yoqubjon qon yig‘lab turganida, uni nega ishdan bo‘shatdim-a, nega, eh! Nega tuhmat qildim unga? Bir donishmand aytgan edi, qabr azobi yerda deb. Yerdagisi shuncha bo‘lsa, qabrdagisi qanaqa bo‘lar ekan? Yo Xudo, shuncha sinoving bormidi? Yana boshimga ne kunlarni solasan? (Ko‘zi uyquga ketadi, boshini u yoqqa tashlaydi, bu yoqqa tashlaydi, nihoyat juda ham ayanchli ovoz chiqaradi).

Bunaqa qo‘rqinchli qichqiriqni eshitgan Gavharoyning qo‘llari qaltirab ketadi-da, ko‘tarib olib borayotgan chinni kosalari yerga tushib chil-chil sinadi. Zarofatxon hovliqib peshayvonga qarab yuguradi.

Zarofatxon. Voy-y, dadasi, sizga nima bo‘ldi? Odamni bunday qo‘rqitmang-e, turing, boshingizni ko‘taring-e. Yig‘layapsizmi, dadajonisi? Nimaning zori o‘tdi sizga bunchalik? Nega indamaysiz? Ko‘zingizni oching-e! Ko‘zingizni oching. Dadajonisi, qo‘rqitmang. (Olim Salimovich ko‘zini ochadi).
Olim Salimovich (Duduqlanib): Far-r-r-rhod q-q-q-qala-a-a-ay?
Zarofatxon: Yaxshi, dadajonisi, ancha yaxshi. Siz hayajonlanmang, uni ko‘p o‘ylamang, uzog‘i uch oyda oyoqqa turib ketarmish. Suyaklar, to‘qimalarning bitishi yaxshi ekan. Hali Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi, dadajonisi, hammasi yaxshi bo‘ladi…
Olim Salimovich: Yo-yoq-qubj-jonni chaq-q-q-qir… T-t-t-t-t-top.
Zarofatxon: Xo‘p, dadajonisi, xo‘p. Tushunganingizga rahmat, iqror bo‘lganingizga rahmat, qalbingiz uyg‘onganiga rahmat… (yig‘lab yuboradi). Bugun tush ko‘rdim. Hovlimizda Umida kapalak quvib yuribdi. Mana shu so‘rida siz bilan rahmatli qaynotam kulib uni kuzatib turibsizlar. Bu nimaning alomati, dadajonisi, bizning uyimizga ham Xudo mehrini qaytaryapti. Xudo bizni kechirsin, dadajonisi, Xudo kechirsin. Otangiz birovga yomonlik qilmagan odam edi. Siz esa… U kishi biror marta kasal bo‘lmagan edi, bizning uyimizda hamma sog‘ edi. Qarg‘ishning, inson qarg‘ishining kuchi shuncha bo‘ladimi? Yoqubjonning ko‘ngli Xudoga shuncha yaqinmi? Halollikning qudrati shunchalikmidi? Yaxshilikning sabog‘i shuncha achchiq bo‘ladimi! Olib kelaman, ostonasiga yotib bo‘lsa ham, olib kelaman, dadajonisi. Olib kelaman, kelmasa yelkamga opichlab olib kelaman… (Yig‘lab chiqib ketadi).

Parda yopiladi.

Tamom

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016 yil, 7-son