Ma’ruf Mengli. Kichik hikoyalar

BEMOR
U o‘n yil qachonlardir har xil shakllar chizib bezatilgan shiftdagi naqshga qarab yotdi. So‘ng ko‘zini yumib ochdi. Shunda bildiki shift o‘zgargan…
O‘Y
– Sen ham menday o‘ylaysanmi?
– Bilmadim. Ammo men ham o‘ylayman.
– Demak, men yolg‘iz emas ekanman.
SURAT
– Suratingizda juda baxtiyorsiz.
– Bilaman. Suratimni shuning uchun yaxshi ko‘raman.
“SOG‘ BO‘L”
– Sog‘ bo‘l.
U do‘stining aksirishga shuday javob qaytardi. Do‘sti xursand bo‘ldi. Uning mehribonligidan ko‘ziga yosh kelib yana aksirib berdi.
– Sog‘ bo‘l.
Shamollab qoldim, shekilli deya hijolat tortib tag‘in aksirdi. Do‘sti sog‘ bo‘l dedi. Havo bulutli edi. Shuning ta’siri bo‘lsa kerak, uning aksirishi davom etaverdi.
– Sog‘ bo‘l!
Oradan bir odam yashay oladigan vaqt o‘tsada biri aksirishdan, ikkinchisi sog‘ bo‘l deyishdan charchamadi. Ikkalasi ham keksaydi. Ular uzoq va maroqli suhbatlarini eslashdi. Sen bir umr mening sog‘ligimni tilading, rahmat senga, dedi u do‘stiga va boshini ko‘tarib orqaga tashlab uzoq burnini tortib, bor kuchi bilan aksirdi. Shu aksirishida joni ham og‘zidan chiqib ketdi.
– Sog‘ bo‘l…
Ko‘p o‘tmay ularning sharafiga xaykal qo‘yishdi. Xaykalning biri og‘zini ochib aksa urayotgan, ikkinchisi uning og‘zini poylab sog‘ bo‘l, deyishga shaylanayotgan edi. Yodgorlik tagiga esa “sog‘ bo‘l” deb yozib qo‘yishdi.
TORTIShUV
Kecha u bilan tortishib qoldik… Yakunda men ismimni o‘zgartiradigan bo‘ldim.
ERTAGA…
So‘nggi kunlari qolgan bemorga doktor nima deyishini bilmadi.
– Ayting, doktor! Ahvolim yomonmi?
– Bilasizmi bemor, ertaga oxirzamon ekan.
TUXUM
Ular tovuq tuxumini yorishmoqchi bo‘lishdi. Sen birinchi bo‘lib yorib ko‘r, dedi Kelajak unga. O‘tmish tuxumni bir urinishda kafti bilan siqib yorib yubordi. Navbat Kelajakka keldi. U ham zo‘r ishonch bilan tuxumni kafti bilan siqdi. Yorilmadi. Oyog‘i bilan tepkiladi. Bor kuchi bilan yerga urdi. Natija kutilganiday bo‘lmadi. Shunda O‘tmish unga seni tovug‘ing qoqoqlab sho‘r taqdirni tug‘ib beribdi, deb tirjayib qo‘ydi.
BAHS
U bilan kim uzoq vaqt uxlamaslik haqida baxs bog‘ladik. U 67 yil uxlamadi. Men esa uxlab qolganimni uyg‘onganimda bildim.
YoLG‘IZ ODAM
Uning ko‘zlariga yosh keldi.
– Men yolg‘iz qolib ketdim deb o‘ylagandim… Sen ham bor ekansan!
U cho‘ntagidan to‘pponchasini olib ko‘zgudagi aksini otib tashladi.
VA
– Va…
Shu so‘zni aytdim-u birdan to‘xtab qoldim. Nima demoqchiligimni unutdim. O‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Bu holat menga butunlay begona edi. Dovdiradim. Deraza tomon qarab, yomg‘ir yog‘ayotganini ko‘rdim. Nazarida quyosh zanglaganday edi. Endi nima bo‘ladi? Kunduzi chiroq yoqib yuramizmi?… Xotinim ertaga oftob nurida toblanmoqchi edi. Unga buni aytish kerak. Bu yomg‘ir quyoshni zanglatdimi, demak bu borishida odamga ham zang tushiradi. Ko‘chaga chiqmagan ma’qul. Uyda tinchgina o‘tirib, o‘y surgan yaxshi. Qo‘shnimning har kuni ertalab tashqarida yugurib keladigan odati bor. Uyiga kirishdan oldin mendan xabar oladi. Bir chashka qahva ichib bo‘lgach men bilan mahkam quchoqlashib hayirlashadigan odati bor… Agar u bugun ham tashqariga yugurgani chiqsa zanglab qolishi aniq. Uyiga qaytishda odatdagidek men yo‘qlaydi. Quchoqlayd va meni ham zanglatib qo‘yadi. Eshikni tambalash kerak. Xotinim uxlayapti. U kecha uxlashni to‘xtatmoqchi edi. Bilishicha uyquda vaqt tez o‘tar ekan. Ko‘zi yumilarkan va ochilarkan. Qarasa o‘n soat yo‘q. Jig‘ibiyron bo‘lib menga ta’na qiladi, emishki men uning uxlashiga yo‘l qo‘yibman. Menimcha u qarigan. Qarigan odam esa xuddi xotinimday bo‘ladi.
– Va…
Yana nimadir demoqchi edim. O‘ylab topishga urundim. Kecha ham uringandim. U esa hamon ko‘zlarini mendan uzmay og‘zimdan nima gap chiqishini kutardi. Uni ranjitmasligim kerak. Nimadir gapirishim kerak. Kechagi gapimni gapirib qo‘yaqolsamchi? Kecha nima haqida gapirgandim?… “Va”dan so‘ng nimadir gapirishga urunib ancha ozib ketdim. Tag‘in gapira olaman deb yanglishgan ko‘rinaman. Sabrimni sinayapsizmi, deb savol berdi u. Bu savolga nimadir deb javob berish kerak.
– Menimcha siz meni shu so‘zga loyiq ko‘ryapsiz. Yo‘q! Siz mutloqo yanglishyapsiz. Men o‘zimni tanigan va tanita olgan keng fikirli odamman. Meni minglarcha so‘z bilan ta’riflash mumkin. Sizdan xafa bo‘lishim kerak! Nahotki siz shu bilan gapni tugatmoqchisiz?! Aslo! Gapirasiz, kechagi kamini ham to‘ldirib bugun gapirasiz.
U astoyidil meni gapirtirishga kirishgan ko‘rinadi. O‘ng oyog‘im og‘ryotganini sezdim. Uning gaplari dard bera boshladi. Men shoshmasdan o‘ylagan yaxshi, degan fikirdaman. Agar o‘ylay olmasam, zerikib qolishim aniq. Kecha qizil olma yeyish haqida o‘ylagandim. Bugun ham shuni o‘ylayman. Kechagi olmaga qurt tushgan bo‘lsa boshqa olma haqida o‘ylayman. Ko‘zni bittasini yopib o‘ylasa yaxshi. Shunda o‘y te’ran va tiniq bo‘ladi. O‘z og‘zing bilan odamday gapirish o‘ylashdan og‘ir. Hassaga suyanib tursang, o‘ng qo‘ling bo‘lmasa-yu do‘sting kelib sen bilan salomlashish uchun o‘ng qo‘lini uzatsa. Siz o‘ylaganday men ham o‘yladim: chap qo‘lni hassadan olish mumkin. Uning uzatilgan qo‘li uchun emas, tirjayib turgan betiga tarsaki tushirish uchun. Lekin buni iloji yo‘q. U qilgan xatosini anglaydi va darrov cho‘ntagidan bir varaq qag‘ozni olib o‘qishga uirishadi. U shunday ravon va urg‘u bilan o‘qiydiki mening o‘ng qo‘lim o‘sib chiqqanday bo‘ladi. Hayajonlanaman.
– Va…
Yuragim kattalashgan ko‘rinadi. Axir shu so‘zdan ortiq gapira olmayapman. Peshonamga sho‘r peshonasin tirab turgan u kimsa mendan hamon ilinj kutib, og‘zi yirtilguday javraydi. Menga nimadir bo‘ldi. Yoshlgimda yuragim yorilsa kerak deb o‘ylardim. Aynan hozir yuragim yoshligimda o‘ylangan o‘ydagi kabi yorilmoqchiday. Buni ich-ichimdan sezyapman. Shu bilan hammasi tugaydimi? Menimcha yo‘q. Sababi u meni gapirtirish uchun men bilan ketishga ham rozi. Qizig‘i va kulgili joyi shuki men aslida nima demoqchiligimni unutdim. Anglaypsizmi? Unutdim. “Va”dan so‘ng miyamda hech qanday fikr qolmadi. Qo‘llarim qaltirayapti. Endi gitara chalolmasam kerak. Bundan juda afsusdaman. Kechiring, men ortiq gitara chalolmayman. Ha, endi bu ahamiyatsiz. Shamol qiyqirig‘i ortiqcha emas, sababi kimdir bizni eshitishi kerak. Eshitib javob ham qaytarishi lozim. Shamol esa hamon derazamni chertadi. Endi xoxolab kuladi. Sen bilan ikkimiz qolamiz, deya xitob qiladi. Bu juda qo‘rqinchli. Uni eshitmasligim kerak. Eshitmasligim uchun esa gapirishim kerak!
– Va…
Bundan ortiq tildan so‘z chiqmadi. U do‘ppisini polga uloqtirdi. Ortiq umid qilmasligi haqida to‘ng‘illadi. Yarim umrini va asabini yo‘qotganidan nolindi. Orqasiga o‘grilib turgan bo‘lsada ko‘zidan yosh oqqanini sezdim. U juda qarib qolganidan va borishga joyi yo‘qligidan unga juda rahmim keldi.
U qattiq burnini tortdi. Yirtiq choponini kiydi.
– Va…
Bu mening emas, uning so‘zi. U ham nimadir demoqchi edi. Ammo “va”dan uyog‘iga o‘tolmay qoldi. Bu holatdan u juda ajablandi. Yana so‘zlamoqchi bo‘ldi. Tag‘in “va”larni yengib o‘tolmadi. Tor xonamda polni tepib tentiray boshladi. Urunishlari natija bermadi. Dod solib baqirdi. Tag‘in “va” dedi. Meni kulgim qistadi. U asabiylashib ko‘zlarimga tikildi. Meni aybdor ko‘rdi.
– Va…
Men unga tasalli bermoqchi edim. Lekin endi kech bo‘ldi. U nima haqida gapirayotganini unutib bo‘lgandi. Devorga suyanib o‘tirib boshini tizzalari orasiga olib “va, va” deya takrorlardi. Bularni bari yolg‘onga o‘xshardi – kecha yomig‘ir yog‘gandi. Bugun ham hech qanday farqsiz yomg‘ir yog‘yapti. Agar ertaga ham yog‘sa, demak bu bir kun bo‘lishi kerak. Yer ham aylanyaptimi? Aylanmasachi? Demak yer aylanmasa quyosh chiqishi va botishi bo‘lmaydi. Shunda yerda kun va yillar bo‘lmaydi. Faqat bitta kun bo‘ladi. Shunda devorga suyanib g‘ijimlanib o‘tirgan u kimsa bir kun yashagan bo‘ladi, shundaymi?… Afsusdaman. Shuncha umr bir kunda o‘tib ketsaya.
– Va…
Menimcha tilim uzilib tushgan. Bo‘lmasa gapirib yuborardim. Endi ortiq kulib ham bo‘lmasa kerak, sababi tilim yo‘qligi sezilib qoladi. Tirjayish mumkin. Yig‘lashchi? Bilmadim. Yig‘lab ko‘rish kerak. Gapirish og‘ir. Agar u kimsa haqida gapirish kerak bo‘lsa, bu undandan og‘ir. Bir kishini so‘zlarga sig‘dirish, o‘tmishini bayon qilish, ayniqsa o‘zi kutgan gaplarni gapirish oson ish emas. Yig‘lagan yaxshi. Umidsizlikdan emas, endi “va”dan keyin so‘z yo‘qligidan.
– Va…
SOTUVChI 
– Ey haloyiq! Eshitmadim demanglar! Men yaxshilik sotaman. Do‘stga yaxshilik o‘n tanga, begonaga yaxshilik besh tanga, ota-onaga yaxshilik bir tanga turadi! Olib qoling.
– Nega ota-onaga qilinadigan yaxshilik bir tanga turadi?
– Chunki, men o‘zim uni yarim tangaga sotib olganman.
DUNYoQARASh
– Ummon ortidan ko‘ngilga yorug‘lik ulashib ko‘tarilayotgan quyosh nurlari, qirg‘oqa kelib zaminga salom aytayotgan to‘lqin, yelkanlarini keng yoyib shamolni quchayotgan orzular kemasi… Bilasanmi bularning bari be’takror. Odamning ruhi yengillashadi.
– …
– O‘tgan umringni, bugunni va kelajakni o‘ylaysan. Umringdan ma’no izlaysan. Bir lahzada dunyoga teng o‘y o‘ylaysan, og‘irlashasan. So‘ng dengiz tomon tikilib, eng go‘zal manzarani ko‘rasan. Undan zavq olasan. Ufq senga yengillik beradi. Sen tin olasan va tabassum qilasan…
– Og‘ayni yangi vaynlar chiqibdi. Ko‘rdingmi?
SOG‘INCh
– O‘g‘lim, qara, osmonda yulduz uchdi. Shu vaqtda tilak qilsang ro‘yobga chiqadi, deyishadi. Qani, sen ham biron-bir tilak tila…
– Do‘stim, nimalar deyapsan. Axir biz yolg‘izmiz. Ko‘zingga o‘g‘ling ko‘rindimi?
– Yo‘q. Ko‘zimga otam ko‘rindi.
SEN VA ZAMIN
Yig‘laging keladiyu ko‘zingga yosh kelmaydi. Darddan yorilging keladi, ammo kuching yetmaydi. Qo‘ling cho‘zasan, undan umid kutsan, tag‘in yolg‘izligingdan og‘rinasan. Bir tomonni manzil tutasan, bu yerdan va o‘zingdan uzoqqa ketmoqchi bo‘lasan. Ikki odimdan so‘ng to‘xtaysan. Ertadan umid kutasan. Balki quyoshni kutishim kerak, deysan. O‘zingni ovutasan. Yerga og‘ir cho‘kasan. Mushtingni qattiq siqib azobga zo‘rg‘a bardosh berasan. Kiyiming singari eskirgan tarixingni g‘ijimlaysan. Undan yorqin tasvirlar izlaysan. Qaytasan, qaytasan va yana baribir o‘zingga qaytaverasan. Yoshingni chamalaysan… Shunda bilasanki ko‘pi ketib ozi qolgan. Quyoshni botishini ko‘rib turib zulmatda qolib ketayotganingdan azoblanasan. Ko‘zing xira tortadi. Olam, hatto xotirang ham xiralashadi. Asta zaminga bag‘ringni berib peshonang singari qaro yerga yotasan. Ko‘zingdan yosh sizadi. Chanqaysan. Holsizlanasan. Nihoyat sen borliqdan butkul ketasan. Zamin sensiz huvillab qoladi. Lekin u seni sog‘inmaydi.
QISMAT
U kecha men bilan xayrlashdi. Ketar ekan, yana nimadir demoqqa urindi. Ammo gapirmadi. Mana oradan ancha vaqt o‘tsada u qaytib kelmadi. Umr o‘tgan sayin umidim uzilgan, ichim qorong‘ulashib qolgan edi. Meni qaritgan g‘amli yillar jon olar payti uning ovozi eshitildi. “Kechiring…” dedi u iymanib. Indamadim. “Kechiring, Ota!” yig‘ladi axiri. So‘ng oyoqlarimga yiqilib dod soldi. “Kechiring, Otajon!”. Endi kech edi. “Kechikding…” dedim. Va birdan otam ham menga shu so‘zni aytganini esladim. Esladim-u ko‘zimga yosh keldi…
YaKUN
U doim baxtli yakun istardi. Kelajak ertanggi kunda, men esa ertani o‘zim bilan olib yuraman va yakun ham kutganimdek ro‘y beradi, derdi o‘zicha.
U kutgan ertanggi kun kelavermadi. Axiri toqati toq bo‘lib, bunday bo‘lmasligi kerak, deya e’tiroz bildirdi va qayig‘ini cheki ko‘rinmas dengizga tashlab o‘sha ertanggi kundagi baxtli yakun tomon suzib keta boshladi.
Bir necha oy ummonda suzdi. Ko‘zi va hayoli oldidagi manzara uyg‘un emasligidan achchig‘landi. Bunga aybdorni topolmay battar asabiylashdi. Ko‘p o‘tmay qayig‘i teshilib suvga to‘la boshladi. Tezroq harakat qilib orolga yetib olish kerak, deb o‘yladi u. Bor kuchi bilan eshkak eshdi. Suza-suza nihoyat qandaydir orolga ham yetib oldi. Yerga qadami yetgach qayig‘i singari cho‘kib ketmaganidan xursand bo‘ldi. Orolni aylanib zavqlandi, ruhi ko‘tarildi. Ertanggi kun keldi, dedi. Men yangi va baxtga to‘la orolni kashf qildim, men ichimdagi ishonch bilan bugunni yengib ertaga yetib keldim.
U hayollari singari erkin bo‘lgan orolda yangi dunyo qurishga va ortiq kechagi kunni o‘ylmaslikka axt qildi. Bir kuni qirg‘oqda oftob nurida toblanib yotganida qulog‘iga qandaydir ovozlar eshitildi. Boshini ko‘tarib erinibgina ovoz kelayotgan tarafga qaradi. Yuzlarcha yarim yalang‘och, sochlari uzun, yuzlariga loy chaplangan, qo‘llariga nayza ushlab olgan qiyofadoshlari qo‘rqinchli qichqirib jon holatda chopib kelishardi. Shunda u nima qilarini bilmay tipirchilab qoldi. Bugun ertangi kun emasligi va orol ham o‘zi uchun baxtli yakun bo‘lmasligini tushundi va cho‘kib ketgan qayig‘ini esladi.
SEN
Bari tushga o‘xshaydi. Uyg‘onasan. Shunda kecha tush ko‘rganingni anglaysan. Yo‘qotilgan umr va chekilayotgan azobdan arosatda qolasan. Birdan eshigingni kimdir asabiy taqilatayotgani eshitiladi. Yuraging dupurlab, eshikni ochasan. Qarshingdagi begona odam yoqangdan ushlab, “uyg‘on” deb o‘shqiradi. Sen nima bo‘layotganiga tushunmaysan, ammo, tag‘in ko‘zing ochiladi. Sen navbatdagi tushdan uyg‘onsan. Ichingda xavotir paydo bo‘ladi va yana uyg‘onishdan qo‘rqasan.
O‘XShAShLIK
U ertalab odatdagiday ko‘zguga qarab sochini va kastyumini to‘g‘irladi. Negadir o‘zini shijoatsiz va betartib his qildi. U bunday inson emasdi. O‘ziga-o‘zi tushuna olmay kun bo‘yi jig‘ibiyron bo‘lib yurdi. Ertasi kuni ham shu hol qaytalandi. Indinga ham u o‘ziga kelolmadi. O‘zimni yo‘qotib qo‘yganman, degan fikrga keldi axiri. Darhol gazetaga e’lon berdi: men o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Belgilarim: o‘ta tartibli, ilimli, ser g‘ayrat, sog‘lom va keng fikrli.
Oradan ikki kun o‘tgach uning eshigi taqilladi.
– Siz o‘zingizni yo‘qotganingiz haqida e’lon bergan ekansiz.
– Ha, shunday.
– Men uni, ya’ni sizni topdim.
– Xursandman… Yoningizda hech kimni ko‘rmayapman. Qani men?
– O‘sha siz qidirayotganingiz menman.
– Meni bunga qanday ishontirmoqchisiz?
– Avval, siz o‘zingizni, to‘g‘rirog‘i meni haqiqatdan yo‘qotib qo‘yganingizga ishontiring keyin men sizga o‘zimni siz ekaningiza ishontiraman.
Ular aslida kim kimni yo‘qtoganini eslashga urinishdi. So‘ng o‘rtaga ham mavhumlik ham tushkunlik cho‘kdi. Ularni bitta murosa birlashtirdi: biz ham aslida kimningdir yo‘qotgani bo‘lishimiz ham mumkin.
Ertasi kuni gazetada yangi e’lon paydo bo‘ldi: Agar kimdir bizni yo‘qotib qo‘ygan bo‘lsa, biz ushbu manzilda bo‘lamiz. Iltimos, bizni topib oling va o‘zingizga qaytaring.
SAS
Yonayotgan olovning, yog‘ayotgan yomg‘irning siniq sasi bor. Botayotgan quyoshning, so‘nayotgan yulduzning mungli sasi bor. O‘tayotgan vaqtning, uzoqlashayotgan do‘stning, ko‘tarilayotgan mehrning, azob chekayotgan yorning alamli sasi bor. Ado qilinayotgan namozning, yig‘layotgan chaqaloqning, duo qilayotgan otaning, jon berayotgan dardmandning umidli sasi bor.
Sas bor sen bilan mening oramizda. Na sen umidni uzasan va na men tugilgan mushtimni yozaman. Yotlashayotgan, sovuqlashayotgan oramizda begonalik sasi eshitiladi. Men bilaman, sen ham inkor qilmaysan. Toqatsiz va sabrsizlik ila bu insoniy tuyg‘ularga begonalashamiz: men seni, sen meni ortiq istamaymiz. O‘z ichimizga o‘ralib bir-birimizni jarga otamiz. Vayron bo‘lgan, o‘lik dilimizdan yolg‘izlikning o‘lmas sasi eshitiladi. Shunday ketamiz: sen u tomonga, men esa bu tomonga. Qadamlarimizdan og‘ir ruhning og‘riqli sasi kelsada parvo qilmaymiz. Ketaveramiz, ketaveramiz, ketaveramiz…
UY
U dengiz bo‘yidan uy sotib oldi. Eshikni ichkaridan qulflab men uyda yo‘qman, deb eshik tashqarisiga yozib qo‘ydi. Shundan so‘ng u uy ichida yo‘qolib qoldi.
VAQT
U vaqtni o‘n yil orqaga qaytardi va o‘sha damda sotib olgan gugurtini olib, qahr bilan do‘konchining yoniga bordi. Gugurting sifatsiz, nam tortgan, yonmayapti, deb sotuvchining yuziga gugurtni otdi. So‘ng yengil tortganday bo‘lib uyiga qaytdi.
UShALMAGAN ORZU
U endi bir o‘zi yashashga qaror qildi. Tovani gaz ustiga qo‘yib, unga yog‘ quydi. Sal hidlangan bo‘lsada zarar qilmaydi, deb, go‘shtni qog‘oz qalinligida mehr berib to‘g‘radi. Ko‘shnisining do‘konidan qarzga olib kelgan shishani qo‘lini bir-biriga ishqalab ochdi. Sog‘lik va ishtaha uchun qittay ichdi. Yuziga qon yugurdi. O‘zi istaganday yashashni boshlayotganidan juda mamnun edi. Shunda eshik taqilladi. U qo‘shni do‘sti kelganini taxmin qildi va quvonib eshikni ochdi. Qarasa xotini tirjayib turardi. U xotinini ko‘rib nafas ham olmay qotib qoldi. Chala chaynalgan go‘sht ham og‘zidan oqib ketdi. Shunda u tushundiki bir soat ichida tuzgan bir umrga yetgulik rejalari og‘zidagi go‘sht kabi oqib ketgandi. Xotini tugunini ichkarib otib yubordi-da, ketmaslikka qaror qildim, sizni baxtli qilmoqchiman, dadasi, dedi xiringlab. So‘ng burnini tortib, go‘shtni kuygan hidi kelyaptimi, deya erini shippagini kiyib oshxonaga ketdi.
PINAK
Tong saharda pinakka ketib ko‘zimni yumib ochsam, qulog‘imga yosh juvonning ovozi eshitildi. Uyda kampirim bilan yolg‘iz yashasak, bizdan xabar oladigan yaqinlarimiz bo‘lmasa, bu kim bo‘ldi ekan? Munday qarasam, yetmish yoshli kampirim yosharib qolibdi. Yuzlarida tabassum, chaqqongina, o‘zini ko‘zguga solib, go‘zalligiga mast bo‘lib o‘zida yo‘q xursand. Nafasim tomog‘imga tiqildi. U menga qaragisi ham kelmasdi. Do‘ppim boshimdan tushib ketib, uning yonida o‘zimni g‘ijimlangan qog‘ozday his qildim. Endi ko‘zimni yumishga ham qo‘rqib turibman, tag‘in uyg‘onib ketsama…
YoMG‘IR
Yomg‘ir yog‘ayotganida qo‘shnim nuqul ko‘chaga chiqib o‘rindiqqa o‘tirib yomg‘irda ivib o‘tiradi. Bir safar u ko‘chaga chiqmadi. Bir necha kundan so‘ng yana yomg‘ir yog‘di. Qo‘shnim shunda ham ko‘chaga chiqmadi. Undan xavotirlanib, bir kuni uyiga bordim. Nega ko‘chaga chiqmay qo‘ygani haqida so‘radim. U yomg‘irdan arazlagani haqida aytib og‘rindi. Sababini so‘radim. Shunda qo‘shnim chuqur xo‘rsindi. U menga ruh va’da qilgandi. Lekin va’dasini bajarmadi. Men bu o‘liklik va telbanoma e’tiqoddan, aslida og‘ir sinishdan o‘zimni olib chiqmoqchi edim. Unga o‘tindim: menga yengil va toza ruh ato et. Toki men bir zum bo‘lsada ulug‘lik va pokizalikni his qilay. Yomg‘ir meni eshitdi. Menga va’da berdi. Mana yigirma ikki yil bo‘lsa hamki undan kutganim besamar bo‘lyapti.
Qo‘shnim men bilan ortiq gaplasha olmasligini aytib suhbatni tugatdi. Chalkash hayollar bilan uyga qaytayotganimda oldimdan yomg‘ir chiqdi. U mendan qo‘shnimning ahvoli haqida so‘radi. Bo‘lgan voqeani unga aytib berdim. Yomg‘ir men va’damni bajardim, deb turib oldi. Lekin u ruhiga qast qildi. O‘zligi bilan uni o‘ldirdi. Va meni ortiq ko‘rishni istamasligini aytdi.
Yomg‘ir ketdi. Tonggacha derazmdan tashqariga termulib o‘tirdim. Yomg‘ir tinmasdi. Qo‘shnim esa shu zayl yomg‘ir bilan yuzlashmadi.
OLTIN BALIQ
Kecha oltin baliq bilan kelishilgan joyda uchrashdik. Undan hech qanday tilak so‘ramadim. U ham indamadi. Oraga uzoq jimlik cho‘kdi. Bildimki uni ham men kabi g‘am ezardi. U nimadir demoqchi, har gal gapirmoqchi bo‘lganida tomoq qirib tag‘in jim qolardi. Men ham uning yuziga qarolmay o‘tirardim. Shu zayl u bilan xayrlashdim. Men boshqa oltin baliq yoniga bormayman. Endi qarzini so‘rab qolishi mumkin.
UYQU
Uning nazdida bechora xamxonasi qandaydir og‘ir darddan azob chekardi. Saraton deb tashxiz qo‘ydi o‘zicha. Balki ochlikdan oshqozoniga yara tushgandir. Bir safar jura’t qilib undan so‘raganida ishing bo‘lmasin, deb o‘dag‘aylagan edi. Shu-shu unga indamasdan termulib o‘tiraverardi. Bir kuni chidolmay so‘z boshladi.
– Senga yordam kerakmi? – deb so‘radi u hamxonasidan.
– Kerak emas! – deb ingraganicha tizzalarini quchoqlab o‘tirib oldi hamxonasi.
– Agar sen o‘lib qolsang, haqiqatdan nimadir bo‘lib jon bersang menga qiyin bo‘ladi. – dedi. So‘ng o‘rnidan turib eshik yoniga keldi. – Sen beg‘am va befarosat odamsan, oshna. Chunki sen eshik ortida qanday olam borligi, u yerda nimalar bo‘layotgani haqida o‘ylamayapsan. Bu sening aybing, buni tan olishing darkor.
– Agar sen o‘lsang menga ham qiyin bo‘lsa kerak…
– Nega?
– Seni bu yerdan olib ketishsa sening o‘rningga yana bittasini olib kelishadi. U ham senga o‘xshab minglab savol beradi. Shuning uchun men eshik ortida nimalar borligi haqida o‘ylmayman, bilamanki u yerda ham minglab savollar bor. Savollar esa meni qo‘rqitadi. Sababi unga aytiladigan javoblar dahshatli bo‘lishi mumkin.
 Hamxonasi eshik, savol haqida ortiq gapirmadi. Kechasi bilan yig‘ladi. Hamxonamga nimadir deb tasalli berishim kerak, deb o‘ylardi u. Uni baribir qutqarishim kerak, ertaga o‘lib qolsa zerikib qolaman.
 Tongga yaqin hamxonasining ko‘zi ilindi. U buni sezdi va o‘zi ham tezda uxlashga yotdi. Uning tushiga kirishga va eshik ortidagi hayotga olib chiqishga qaror qildi. Va birdan seskanib o‘rnidan turdi. Eshik yoniga kelib, tirqishlardan tashqariga mo‘ralamoqchi bo‘ldi.
– O‘zi eshik ortida nima bor edi? – U qo‘rquvga tushdi. Hamxonasining yoniga kelib baqirdi. – Men eshik ortida nima borligi haqida o‘ylasam qo‘rqib ketyapman. Menga yordam ber! Rostanam u yerda savollar bormi?!
 Hamxonasi sovub ulgurgan edi. Buni sezsa ham uni uyg‘otishga urindi.
– Demak tashqarida hech vaqo yo‘q. Birgina sen bor eding, endi sen ham yo‘qsan. Shundaymi? Gapirmaysana?! Yanglishmayotgan bo‘lsam, men yana yolg‘iz qoldim…
 U xonada tinmay u yoqdan bu yoqqa yura boshladi. Har safar uxlaganida tushida eshikdan tashqariga chiqayotganini ko‘radigan bo‘ldi. Bundan battar qo‘rqib uxlamaslik haqida o‘ylar edi. Fikricha hamxonasi haq edi: u yerda minglab savollar borga o‘xshardi.
“VA” YO‘QOLDI 
U horg‘in holda uyiga kirib keldi. Oshxonadan xotinining norozi ohangdagi dahshatli ovozi eshitildi. Uning sasi yana yuragining va umrining bir qismini uzib oldi. Peshonasidagi hozirgina qo‘ziqorinday bo‘rtib chiqqan teri tomchilarini artdi. U ortiq ichkariga qadam bosolmadi. Orqasiga o‘grilib, yomg‘irda ivib ketgan paltosiga mahkam o‘ralib yana tashqariga chiqdi. Vaziyatni o‘zicha baholayotgan Qo‘shnisi ta’makini berilib tortar ekan Unga sabr tiladi. Ko‘cha boshidagi do‘kon ochiqligini, yo‘l chetidan borib kelshini aytib shivirladi. U qo‘shnisining qaysi tilda gapirayotganini ham anglamadi. Yomg‘ir aralash shamol tortib boryotgan tomon boshini yelkasiga qisib ketaverdi. Xotin alla mahalgacha uni kutdi. Axiri eshikni qulflab uxlashga qaror qildi. Ertasi kuni, bir haftadan so‘ng, hatto bir oydan keyin ham U qaytib kelmadi. Xotini yolg‘izlikdan siqilib, gazetaga e’lon berdi: “Va” yo‘qoldi. Topganlar mukofotlanadi.
QAHVA
– Yur, kechagiday birga yana qahva ichamiz.
– Men kecha qahva ichmadim.
– Ichmagan bo‘lishing mumkin lekin miriqib suhbatlashdik-a?
– Kecha men uyda edim.
– Unda men kim bilan qahva ichdim?!
– Bilmadim. Ammo mana, bugun men keldim, demak endi qahva ichishimiz mumkin.
– Allo? Kim bu?
– Men bugun qahva ichishga borolmayman. Kechir, muhim ishlarim chiqib qoldi.
– Kim telefon qildi?
– Sen…
MEN
Oldinlari senga qaraganimda zimistonda yorug‘lik, sahroda buloq topganday bo‘lar edim. Sening ruhingda sinmas, bardavom hayollar tozaligida ketmas kuchni his qilar edim. Bugun esa, sen tamomila o‘zgargansan. Men seni tug‘ilganimdan beri tanisamda, bugun sening aslida kim ekanligingni unutdim. Yuzlaringdagi ishonchsizlik va tahlika meni qo‘rqitdi. Anglayapmanki sen qaytibsan, qaribsan, to‘xtabsan, tinibsan, o‘zgaribsan va o‘libsan ey Men!
QARZ
– Nega gapirmayapsan?
– Hayotga so‘zlarimdan tavon to‘layapman.
– Demak hali o‘zim bilan ko‘p gaplashaman shekilli…
– Unda o‘zingdan qo‘rq… O‘zingni qutqar, o‘zinga yakuniy hukm o‘qi… Illo menday so‘zziz qolib, hatto qulog‘ingacha uzib bo‘lmas qarz balosidan azob chekib qolma.
– …
– Nega yig‘layapsan?
– Baxtiyorligimdan.
– Nimadan baxtiyorsan?
– O‘zimda achchiq bo‘lsada qachondir yakun borligidan.
JANG
Maqsad bilan Qismat murosaga kelolmay axiri jang qilishipti. Qonli to‘qnashuvda Tirikchilik g‘alaba qozonibdi.
SAS
– Eshityapsanmi?
– Yo‘q.
– Nahotki eshitmayapsan?
– Ha, rostdan eshitmayapman.
– Men seni eshityapsan, deb o‘ylabman…
– O‘zi nimani eshitishim kerak edi?
– Bilmadim. Balki men ham eshitmagandirman…
XOTIRA
Sassiz, rangsiz va kimsasiz bu ichkarilikda yakka o‘zim o‘tmishga cho‘kib borayapman. Hali uzoq yo‘l boshida turib, endi qaytib va aytib bo‘lmaslikdan ogoh bo‘laman. Ruhim ham boshim kabi egiladi. Sanoqsiz xotiram zarralari ko‘z o‘ngimda har biri dunyoga sig‘mas olam bunyod qiladi. Shunda barini eslayman: tug‘ilmoqdan o‘limga qadar… Men xotiralarimga qaytyapman. Yig‘layapman va eslayapman. Bilyapman va tushunyapman. Pushaymondaman va tavbadaman. Kechikdim… Kechikdim…