O‘ttiz yil… bu ham aytishga oson, lekin…
Maktab bog‘i juda qartayib ketgan, bir vaqtlar g‘oyat so‘lim bo‘lgan bu maskanda salqin sarhovuz va qari tollargina qolgan edi. Maktabning yangi binosi narigi tomon — kun chiqishga qarab tushgan uch qavatli yarqiragan imorat, bog‘ esa chetroqda qolgandek. Sarhovuz va chumchuq uyaga makon bo‘lgan to‘rt-besh tup tol. Bog‘ ham nazardan unadi-da. Mana… maktabning narigi tomonidagi ilgari xo‘jalikning qurilish materiallari saqlanib, bola-baqra temir-tersak topshirib yuradigan rutubatli ombor o‘rnida bunyod etilgan yangi boqqa o‘xshab. Kimdir aytdiki, bu bino buzilgach, yerini maktabning hisobiga o‘tkazishibdi. Shanbalik, hashar degandek odamning qo‘li tegsa, gullab ketarkan-da. Javlon mashinani sekin jildirarkan, ko‘rayotganlariga qarab, bu yerlarning avvalgi holatini eslab borardi.
Xullas, sinfdoshlar o‘rta maktabni bitirganining o‘ttiz yillik oqshomini shu sarhovuzga tutashib ketgan yangi bog‘da o‘tkazishga qaror qildilar va bu hammadan ham Javlonlarning sobiq muallimi Sobir akaga ma’qul bo‘ldi. U kishi nafaqaga chiqqan, yoshi yetmishni qoralab qolgan bo‘lsa-da, o‘qituvchiga xos sergaklik, hozirjavoblik tark etmagan farishtali otaxon edi. Yangi boqqa nihol qadayotgan bolalarga uyidan tushlik olib kelib, “haybarakalla“, deya ishga o‘zi bosh-qosh bo‘lganidan ham sobiq o‘quvchilarining bu joyni tanlaganlarini eshitib behad quvongandi.
Kechga tomon porlab turgan chiroqlar yorug‘ida hovuz bo‘yi yanada serfayz bo‘lib qoldi. Sobiq o‘qituvchilar, sinfdoshlar to‘rtta-beshta bo‘lib suhbatlashishar, atrofda allaqanday yengil, xushxol g‘ala-g‘ovur hukmron edi.
Javlon uchrashuvga turmush o‘rtoqlarini olib kelgan sinfdoshlari bilan birma-bir ko‘rishar ekan, tengdoshlarining ayrimlarini arang taniyotgani va ularning ba’zilari keksalikni bo‘yinga olib qo‘ygandek “Bobosi, momosi“, deyishib hazil-huzil qilishayotganini ko‘rib, allanechuk xayollarga cho‘mdi. Umr o‘tib ketarkan-u, kechagina birga yurgan safdosh do‘sting bir pasda rosmana katta odam bo‘lib qolarkan. Ishonging kelmaydi. Qishloqdan chiqib ketganiga yigirma besh yildan oshgan Javlon xotinining betobligi bois bu gal yolg‘iz o‘zi kelgandi. Bir tomondan, o‘ziga bu yolg‘izligi yoqib ham turar, ammo sinfdoshlarining qariyb barchasi juft-juft bo‘lib turganidan ko‘nglida xijillik ham tuyardi. Kim bilan so‘rashmasin, “Yangamni olib kelmadingizmi, -shaharlik yangamiz kelmadimi?” deb so‘rashardi.
Javlonning xayolida tamomila boshqa makonga aylanib ketgan bu manzil hali-hanuz sirlidek edi…
* * *
Maktabni tugatish arafasida ham shu sarhovuz bo‘yida bayram qilishgandi. Nafisa bilan o‘z-o‘zicha kishi bilmas ko‘z urishtirib, xat yozishib, ahdu paymon qilishganlariga ham shu qari tollar guvoh. Sinf rahbari Sobir muallimning Javlonga “Sen o‘qishing kerak. Qiz bola degani sho‘x bo‘ladi, sen o‘qishni tamom qilguncha ikki bolaning onasi bo‘ladi bu qiz. Chalg‘ima, ukam…“ deganlari hanuz qulog‘i ostida. Sobir akaning bu gap-so‘zi o‘t-olov bolaning ko‘ngliga sig‘masdi, ammo aytganidek bo‘ldi… hey, yoshlik…
Javlonning xayolini hozir keksalik gashtini surayotgan Sobir akaning gapi bo‘ldi.
Davrani ochishga shaylanayotgan Sobir aka mikrofonni qo‘liga olib, sekin “puf-puf”ladi, so‘ngra qo‘l ishorasi bilan g‘ala-g‘ovurni bosib, so‘z boshladi:
— Bolalarim, bugun siz bolaligingizga qaytish uchun, o‘sha ajoyib fasl bilan uchrashish uchun bu yerga to‘plandingiz. Sizlarni bolalarim, dedim, ma’zur tutgaysizlar, chunki hozir aksariyatingiz nevaralik bo‘ldingiz. Siz, garchand bolalik atalmish saltanatdan o‘ttiz-qirq yil uzoqlashib ketgan bo‘lsangiz-da, men uchun haliyam bolasiz, bola bo‘lib qolasiz, — direktor to‘lqinlanib gapirar, ovozi titrab chiqardi. U yoshligida juda qattiqqo‘l, cho‘rtkesar edi. Lekin o‘quvchilar uni mard, adolatli bo‘lgani uchun yaxshi ko‘rar, hurmat qilar va bu hurmat bitiruvchilar ko‘nglida hamon saqlanib qolgandi. Shu bois ular o‘qituvchilari so‘zlarini jon quloqlari bilan tinglamoqda edilar.
Javlon sinfdoshlarini zimdan kuzatardi. Qarang, Hanifaning sochlarigayam xuddi Javlonniki singari oq tushibdi, Zumradning ham, erkaklar ham shu… Faqat Nafisa hamon ko‘rkam, o‘sha o‘n yetti yoshidan unchalik uzoqlashmagandek, oradan o‘ttiz yilning quvonchu tashvishlari go‘yo uni chetlab o‘tganday. Javlonning ko‘ziga shunday ko‘ringandir, balki. — Javlon, — uni tirsagi bilan turtdi yonidagi Abdujabbor, — quloq solsang-chi, muallim gapiryaptilar.
Javlon hamon to‘lqinlanib so‘zlayotgan Sobir aka tomon yuzlandi.
— Endi, aziz shogirdlarim, do‘stlarim, meni yana bir karra ma’zur tutsangizlar. Yaqinda sizlarni 1-sinfda o‘qitgan, savodxon qilgan muallimingiz Boqiyev vafot etdi. Buni ayrimlaringiz bilasiz, ayrimlaringiz yo‘q. Ta’ziyada ko‘pchiligingizga ko‘zim tushmadi… Endi turmush tashvishlari degandek… Rahmatlik juda kechirimli, beozor odam edi. Olloh u kishiga farzand ato etmagan bo‘lsada, barcha o‘quvchilarini “Bolam” deya ardoqlardilar. Buni hammangiz yaxshi bilasiz. To‘g‘ri sizlar diydorlashish uchun, xursandchilik uchun yig‘ilgansiz. Lekin… taklif shuki, Boqiyevning xotirasiga bir tilovat o‘qib yuborsak. Uyam shu yerda ishlagan, shu hovuz bo‘ylarida izi qolgan…
Hamma “gurr” etib ma’qul-ma’qul, deyishdi. Sobir akaning so‘nggi gaplari Javlonga qattiq ta’sir qildi. O‘tirgan joyida bir qalqib ketdi, ko‘zi jiqqa yoshga to‘ldi. Boqiyevning jikkakkina gavdasi, samimiy chehrasi ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ldi.
Abdujabbor yana uni turta boshladi:
— Buyam bir taskin-da, jo‘ra. Sen-ku shahardasan, men shu yerda turib kelolmadim. Ha, keyin duoyi fotiha-ku qildik, lekin… — Abdujabbor azaliy odaticha o‘zini tanqid qila boshlagandi.
Sobir muallimning bo‘g‘iq tovushi uning gapini bo‘lib qo‘ydi. “A’uzu-billahi minosh shaytonir rojim…“
Hovuz ham sukutga ketgandek jim. Suv yuzida sarg‘aygan barglar qalqib turar, bu hol ham Javlonga boshqacha ta’sir qildi. Faqatgina muallimning ovozi eshitilardi. “Xotin bilan kelganimda bunday bo‘lmasmidi, nima bo‘ldi, menga o‘zi?” Hamma baravar yuziga fotiha tortganida Javlon kechikibroq yuzini silab qo‘ydi.
* * *
— Davraboshlikka ruxsat etsalaring, shogirdimiz Javlonni saylasak? Qarshilar yo‘qmi? Rahmat. Chunki Javlonbek o‘n yil mobaynida sinfboshi edi-da! — Sobir aka jilmayganicha unga mikrofonni uzatib turardi.
Javlon dovdirab qoldi. Lekin endi qarshilik ko‘rsatish befoyda, hamma direktor taklifini ma’qullab qarsak chalmoqda, Abdujabbor ham og‘zi qulog‘ida uni o‘rnidan turishga undardi. U domlaning istiqboliga yurib, yasama tavoze bilan mikrofonni oldi. To‘planganlarga yuzlanib, shunday dedi:
— Davrani olib borishga faqatgina bir shart bilan roziman. Men ustoz aytganlaridek, sinfboshiman. Shuning uchun ayrim sinfdoshlarga hazil qilsam yoki “ikkichi”larni o‘rnidan turg‘azib, savol bersam, xafa bo‘lish yo‘q.
— Bu yerda “ikkichi”lar yo‘q, Jonuzoqup, — dedi unga narigi burchakdan jingalak sochining oldi to‘kila boshlagan Mirpo‘lat. Bu gapga boshqalar kulib yuborishdi. Negaki, Mirpo‘lat degani rostdan ham maktabni zo‘rg‘a tamomlagan, keyin traktorchi bo‘lib ketgandi. Shunday bo‘lsa-da sobiq sinfdoshlar uning gapini qiy-chuv qilib quvvatlashdi.
Ularning bolaligi o‘tgan ko‘hna bog‘ uzra qo‘shiqlar yangrar, kuy sadosi uzoq-uzoqlarga taralar, kayfiyati ko‘tarilib, davraga anchagina el bo‘lib qolgan Javlon ham bemalol yayrab o‘tirardi. Tabriklar, tilaklar bir-biriga ulanardi. Javlon qadah uzatayotganlarga qarab “Men ruldaman,” deya yolg‘ondakam zorlanar edi.
Davra qizigandan qizir, Javlonning xayollari olis-olisda, nigohlari besaranjomlik bilan allakimni izlardi. Quyuq-suyuq ovqatlar tortildi, paydar-pay so‘zlar aytildi. Shu tariqa do‘stlar tun yarimlaganiniyam sezmay qolishdi.
Hamma allaqanday shod-masrur edi, bu shodlik sababini faqatgina diydorlashuvdan deb bo‘lmasdi, chunki davradagilarning aksariyati bir-birlari bilan onda-sonda bo‘lsa-da, uchrashib turishardi. Xursandchilikning asosiy boisi – hamma bolalikka, beg‘ubor yoshlikka qaytgan, qaytishni istagandi. Bolalikning yolg‘iz yodgori — qartaygan bog‘ ularga ko‘p narsalarni eslatgan, yuraklarni junbushga keltirgandi. Aslida bolalik, o‘smirlikning yodgori ham shu xotiralargina edi, xolos…
Bir payt san’atkorlarga navbat berib joyiga kelgan Javlon go‘yo mo‘jiza sabab bo‘lgandek qo‘shni stolda paydo bo‘lib qolgan Nafisaga ko‘zi tushdi. Nafisa tag‘in ismini hozir birdan eslolmagan bir sinfdoshi va uch-to‘rt sinfdosh bolalar dunyoni unutib chaq-chaqlashardilar.
— Mana, rais ham keldi.
— Kelsinlar-e, — dedi Javlon qizlarga qarab, stulga o‘tirarkan Nafisaga burilib davom etdi. — Oy tushib kepti-ku bizning g‘arib burchakkayam.
Hamma kulib yubordi. Unchalar zo‘r gap aytilmagan bo‘lsa-da, davradagi kayfiyat sho‘xlikka moyil edi. Qariyb kelganidan buyon sinfdoshlarini, ayniqsa, Javlonni kuzatib o‘tirgan Nafisa undagi o‘zgarishni sezib birdan qizarib ketdi. Nafisaning chehrasidagi qizillik Javlonning vujudiga ham ta’sir qildi chog‘i, oradan ko‘p o‘tmay, u ham tag‘in mayuslanib qoldi. Mayuslanib emas, sehrlanib qolgandek edi har ikki sobiq sinfdosh.
Nihoyat davra yakunlandi, allaqachon uyiga ketib qolgan Sobir muallimning o‘rniga ham Javlon davrani yakunlab so‘z aytdi. Va tirsagidan ushlab “bugun biznikida qolasiz,” deb turgan Shermurodning iltimosiga ham ko‘nmay uyiga — endilikda ukasi makon tutgan qadrdon ota uyiga ketishga qaror qilib mashinasi tomon yurdi.
— Bobotut tomonga ketadiganlar bo‘lsa, olib ketaman, — deya bir-ikki ovoz berdi-da o‘zi bilan o‘zi bo‘lib yotgan tashkilotchi jo‘ralariga ham indamay mashina eshigini ochdi.
Shunda orqadan “Javlon aka!” degan tovush eshitildi. Javlon tek qotdi. Bu Nafisaning tovushi edi. Qorong‘ulik aralash kelgan bu ovoz bolalik, o‘smirlik yillari oralab kelgandek Javlonning butun tanini tilib o‘tdi go‘yo.
Javlon ortiga o‘girildi va o‘zi tomon qarab turgan Nafisa bilan Zumradni ko‘rdi. Javlon ular tomon burilarkan, Zumrad “Nafisani olib keting, sinfdosh,” dediyu xayr ham demay jo‘nab qoldi. Tavba, kap-katta xotinning hayajonlanganini Javlon aniq-tiniq payqadi.
— Sizga malol kelmaydimi, Javlon aka? — Nafisaning bo‘g‘zidan chiqayotgan tovush Javlonning dimog‘ini kuydirib ketgandek bo‘ldi: “Eh, ko‘ngil, ey, odamzod… ko‘ngil qarimay, yo‘qolmay, yarasi bitmay qolaverarkan-da. Odamning rost gapi chiqib qolarkan-da, baribir…”
Javlonning boshi bir zum gir aylandi. “Eh, yillar, baribir o‘z hukmini o‘tkazar ekan, odamzotga! O‘sha mag‘rur, sho‘x-shodon Nafisami shu?! Meni “siz”layapti, “aka” deyapti? Lekin u hamon go‘zal, tovushi ham avvalgidek yoqimli… Ko‘zlari esa, juda ma’noli, lekin mungli…”
U xayollarini arang jamlab, javob qildi:
— Maloli bor ekanmi, bemalol. Otangning uyida qolasanmi?
— Yo‘q, qaynonam kasal, kenja o‘g‘il-ku kuyovingiz, — Nafisa shu gaplarni aytarkan, mashinaning orqa eshigidan aylanib kelib o‘tirdi.
O‘rnidan yengil qo‘zg‘algan “Neksiya” sarhovuzni yoqalab ketgan yo‘lga burildi. Atrofda tarqala boshlagan sinfdoshlarga signal chaldi va yurib ketdi.
Javlon ham, Nafisa ham mashina yurgach yana avvalgi kayfiyatga qaytib, birdan jim qolishdi. Go‘yo bir-birlarini hech qachon ko‘rmagan begonalardek jiddiy edilar. Javlon xayolchan rul boshqarar, orqa o‘rindiqda o‘tirgan Nafisadan ham sado chiqmasdi. Shunda Javlon nima deyishini bilmay xayoliga kelgan gapni aytib qoldi:
— Nafisa, qachondan beri meni “siz”laydigan bo‘lib qolding?
— Sizday kishini sensirab yursam, bo‘lmas… Axir, qaytadan yosh bola bo‘lib qolmaymiz-ku!
— Bir kun, bir kungina, bola bo‘lib qolamiz, shuni juda-juda istayman! Sen-chi, sen shunday bo‘lishini xohlarmiding?
— Yo‘q. Sira xohlamayman… — quruqqina javob qildi Nafisa.
Bu kutilmagan javob edi.
— Nafisa, nahotki yoshlikka qaytishni istamasang? Men bunga ishonmayman! — Javlon ohista borayotgan mashinaning oynasidan ortga ko‘z tashladi, lekin, qorong‘uda hech nima ko‘rinmadi.
— Eh, Javlon aka, hamon xayolparastsiz. Nahotki mening istagim ahamiyat kasb etsa? Ochig‘ini aytsam, yosharib qolishni kim ham istamaydi, deysiz? Lekin men yoshligimga qo‘shilib ayrim xotiralar takrorlanishini istamayman, xolos…
— Ehtimol, sen haqdirsan. Biz qanchalik istamaylik, bolalikka ham, yoshlikka ham qaytolmaymiz. Faqat xotiralarimizgagina qaytishimiz mumkin. Bor-yo‘q boyligimiz ham bolalikdan esdalik shu bog‘, shu yo‘llar, xotiralar…
Oraga jimlik cho‘kdi. Bu gal Nafisa gap boshladi.
— Bizga qo‘shilib bog‘ ham qarib borayapti. Lekin… o‘rniga yangi bog‘ ham tiklanibdi. Ko‘rdingizmi? — Ular maktabning yangi bog‘i oldidan o‘tib borishardilar.
— Ko‘rdim, Nafisa, ko‘rdim… sen haliyam gapga ustasan. — Javlon xo‘rsindi. — Shu bog‘larning ham Nafisayu Javlonlari bordir, nima deding?
Javlon ortiga o‘girilib qaradi. Nafisa esa oynadan tashqariga boqqancha yig‘lab ketardi. Yangi bog‘lar atrofiga o‘rnatilgan chiroqlarda uning yuz-ko‘zi aniq ko‘rinayotgandi.
Javlon mashinani tezlatdi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2013 yil 28-sonidan olindi.