To‘ra buvaning ta’ziyasiga to‘plangan izdihom orasiga sal kechikib qo‘shilgan odamga hamma ajabsinib qaradi.
– Qarang, Hodi qorinning bolasi keldi, – dedi yonimizda kimdir.
– Buginaning ham qorni qappayib, oyog‘i alchanglab, labi osilib, qo‘li qorniga yetmay qolibdi-ku, – dedi Temir domla. – Ancha o‘sibdi-da. Lekin melisani boshlab kelgani g‘alati bo‘pti. To‘y-azaga uncha-munchaga melisa kelmagich edi. Tinchlikmikan? Yo oshna-og‘aynisimikan?
– Yo‘g‘-ey, otasi tengi melisa-ku, – dedi boyagi kimdir. – Hozirgina mashinada o‘tib ketayotib ko‘rdim, melisa piyoda kelayotuvdi, Rejaboy uni qo‘yarda-qo‘ymay mashinasiga mindirdi…
– Rejaboy deganlariyam otasiga tortibdi-da, – dedi yana Temir domla. – Hodi qorin ham o‘zidan bir bosh baland, yarim pog‘ona yuqori martabali odamni ko‘rsa, darrov etagiga yopishardi. Yaltoqlanib, aylanib-o‘rgilardi. O‘ziga og‘dirib olmaguncha tinchimasdi, qurg‘ur!
Qishloqda hamma biladi, Hodi qorin nomi chiqqan odamni «Falonchi mening tutingan akam bo‘ladi», «E, u mening jon do‘stim-ku», «Nimalar deyapsiz, aka, o‘sha qadrdonim hozir falon joyda ishlaydi, el so‘rab turibdi», deya maqtanardi. Bir piyola choyini ichib, Hodi qorinning do‘stiga aylangan «katta»lar son mingta edi. – Olmaning tagiga olma tushadi. Kimdir Rejaboy yetaklab kelgan manavi melisa ham, ehtimol, o‘sha «katta»lardan birortasining «akasi»dir! Temir domla kulimsirab qo‘ydi.
Izdihomga chorlovchi Rejaboyni, unga hamroh melisani ham to‘rga – qari-qartanglar o‘tirgan, ustiga ko‘rpacha to‘shalgan uzun-uzun temir stullar tomon boshladi. Stul ikki qator terilgan, ularda keksalar, oyog‘idan madori ketgan mo‘ysafidlar bir-biriga qunishib o‘tirgan edi. Rejaboy qovoq solib, o‘tirg‘ichning o‘rtasini mo‘ljal olib, yerga tikilgancha, og‘ir-og‘ir qadam tashlab bordi. Chollar bir-biriga qarab qolishdi va… o‘rtaroqda o‘tirgan ikki boboy oshkora zarda bilan turib ketdi. Rejaboy ojizona hurmat ko‘rsatib, «Qo‘yavering, o‘tiravering, buva, men shunchaki, yonlaringizda tik turmoqchi edim», dedi. Turib ketgan chollar unga gap qo‘shmadi. Kimsan-nimasan, demadi.
Hammaning ko‘zi unda bo‘ldi. Rejaboy noiloj o‘tirmish chollar orasiga cho‘kdi. Melisa ham sal xijolat tortib o‘tirg‘ichdan joy oldi.
Tomosha! Bu holni ko‘rgan o‘rta yasharlar miyig‘ida kuldi. «O‘l, bu kuningdan, Rejaboy», dedi. «Sen tengilar ma’rakada xizmatda turibdi, qara», dedi. «Qari-qartangning orasida pishirib qo‘yibdimi senga. Rais bo‘lsang, sidirg‘a bo‘l-da», dedi.
Boya o‘tirg‘ichdan turib ketganlardan biri Murodilla tegirmonchi edi. Nariroqqa, yerga to‘shalgan gilamga – yosh-yalang orasiga tizza qoqdi. Yonidagilar shivirlashib qoldi.
– Hech bo‘lmasa, ta’ziyada izzattalablik qilmasa o‘larmikan?! – dedi birovi.
Tegirmonchi jamoatga eshittirib, g‘azabini sochdi:
– Itni siylasang, to‘rga o‘tar, deganlar. Bori shu bo‘lsa, nimayam qilardik!?
Janoza o‘qilishiga hali vaqt bor edi. Bu yoqda azador xonadon qarindosh-urug‘i marhumni yo‘qlab, ovoz berib turibdi. U yoqda ko‘ngil so‘rab kelgan izdihom, o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qoldi. Pichir-pichir, shivir-shivir. Rejaboy unday ekan, Rejaboy bunday ekan…
Azaga borgan odamning gap qopi to‘lib ketadi. To‘ra buvaning ta’ziyasida o‘tganu tirikning gurungidan ko‘ra, Rejaboyning «qilmishi» muhimroq mavzuga aylandi.
– Balo ekan bu bola, – dedi bizga yondosh o‘tirgan Azimsher domla. – Tumanga choy tashiyverib, oxiri niyatiga yetdi. Iyagida bir tuki yo‘q tirrancha oqsoqol-rais bo‘lib oldi-ya…
– Hali sal yoshroq emasmidi oqsoqollikka? – deya o‘smoqchiladi qoramag‘iz bir odam.
– Gap yoshdami? – deydi miyig‘ida kulib domla. – Ol qulim desa, oqsoqol bo‘lish nima degan gap, uka. Kimga qachon choy tashishni o‘rgansang bo‘ldi…
* * *
Ma’rakadan kelib, uyda dasturxon yoniga o‘tirgandik. Otam ta’ziya haqida gapira turib, Rejaboyni eslab kuldi.
– Yer yutsin u oqsoqolni! – dedi enam.
Men hayron bo‘lib turuvdim, otam izoh berdi:
– Rejaboy kattamsib ketgan. Enang undan ozroq xafa bo‘lgan.
Enam ovqat suzib keldi. Jahli chiqqani shundoq ko‘rinib turibdi.
– Bu Rejaboy degani odammas ekan, – dedi. – Yaqinda shaharga boruvdim. Uyga kech tushgan payt qaytishimga to‘g‘ri keldi. Qahraton. Qor etigimni ko‘mdi. Izg‘irinda turgandim, qishloqqa qaytadigan ulov kelavermadi. Bir payt eski «Jiguli» to‘xtadi. Ichida uch kishi: ikki yigitcha va bolali ayol bor ekan. Ba’zilarini taniyman. Oldinda o‘tirgan yigit tushib, menga joy bo‘shatib berdi. Ayolning qo‘lidagi bola big‘illab yig‘lab yotibdi, sovuqdan rangi ko‘karib ketgan. O‘rindiqqa endi o‘rnashgandim, yer yutgur o‘sha Rejaboy kelib qoldi. Bir kulgili, bir kulgili kiyinib olgan. Allambalo kostyum-shim, shimi kalta, kostyumining yengi uchidan qo‘li ko‘rinmaydi. Boshida otam zamonidan qolib ketgan shlyapa. Bir qarich chiqar-chiqmas kalta galstuk taqib olgan. O‘lgin-a sen. Ministrmiding galstuk taqib. G‘irt masxarabozning o‘zi-da. Ilgari kolxoz raislari shunday kiyinardi.
Men Rejaboyning aft-angoriga qarab, ichimda bir kuldim, bir kuldim.
Shopir Rejaboy bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. Bir nimalarni gaplashdi. Haydovchi e’tiroz bildirganday bo‘lib unga o‘qrayib qoldi. Rejaboy do‘q urgan bo‘ldi, qovog‘ini battar solib, o‘zicha g‘o‘drandi. Rejaboy enkayib, muzlab qolayozgan oynadan bizga qaradi. Meni aniq tanidi. Imlab salom bersam, alik olmadi, pinagini ham buzmadi-ya. Bo‘lmasa, tanimay o‘libdimi meni. Hamsoya bo‘lsak, yana…
Shuni o‘ylab turgandim, shopir kelib qoldi.
– Opa, iltimos, tushsangiz, – dedi.
– Nimaga? – dedim hayron bo‘lib.
– Uzr, opa, tushing. Sizni opketolmayman… – deydi.
– Iya, nega opketolmas ekansiz? Tinchlikmi o‘zi?
– Tinchlik, opa, tinchlik. U yog‘ini so‘ramang, iltimos.
U bergan yo‘l pulimni uzatdi. Jahlim chiqib ketdi.
– Uka, – dedim qahrim kelib. – O‘zi zo‘rg‘a yuribman. Holim yo‘q. Kech tushdi, ulovdan qolsam, shu sovuqda nima qilaman? Endi bu turishda boshqa moshin kelmaydi-ku.
– Meniyam tushuning, opa…
– O‘zi nimaga aynan menga tushing deyapsiz? – dedim jahlim chiqib, zardam qaynab ketdi-da. O‘lay agar, boshqa payt bo‘lganda, moshining bilan qo‘shmozor bo‘l, deb tushib ketardim. Lekin kun adog‘iga yetgan, sovuq etimdan o‘tib ketayotgandi.
Shopir indamadi. Bir menga, bir Rejaboyga qaradi. Rejaboy qovog‘ini ochmay, jim turibdi.
Shu payt orqada o‘tirgan ayol haydovchiga yalindi:
– Aka, ko‘rib turibsiz-ku, opaning rangi ro‘yini. Tobi yo‘q, joni yarimta ekan-ku.
Ayol yonidagi yigitga bir nimalar dedi. Yigit mashinadan tushib, shopirning yoniga borib, qaytib keldi.
– Opa, qo‘yavering, men qolaman. Joyimga o‘tib oling, opam bilan birga ketasiz.
Hech narsaga tushunmadim. Shopirga zarda qilib, yigit aytgan orqa o‘rindiqqa o‘tdim. Ana shunda Rejaboy kelib, oldingi o‘rindiqqa o‘tirdi-yu, hammasi ravshan bo‘ldi. Bu o‘taketgan pismiq, past odam ekan. Bilmay yurgan ekanman. Xudodan piyoda qochgan ekan.
Yo‘l-yo‘lakay ancha vaqt hech kim gapirmadi. Mening zardam qaynab, «davleniyam» ko‘tarilib ketdi. Oxiri chidab turolmadim.
– Ishlaringiz yaxshimi, Rejaboy uka? – dedim.
U tomoq qirdi.
– Yaxshi! – dedi. So‘rashgisiyam kelmadi. Men esa borgan sari jahlim chiqib ketyapti.
– Bu tomonlarda nima qilib yuribsiz? Bashang kiyinib?
– Ay, kattalarning suhbatini olib ketyapmiz.
– Qaysi kattalar?
– Elning kattalari-da… Bizam o‘sadigan bo‘lyapmiz-da endi.
U shundan so‘ng yana ancha vaqt og‘ziga talqon solib oldi. Mening esa ko‘nglim joyiga tushmayotgandi.
– O‘zi bolaligingizdan a’lochi edingiz-da, uka, – deya gap bilan chimchilab oldim. – Maktabda o‘qib yurgan paytlaringizdayoq o‘sadigan odam bo‘lishingizni sezgandim…
Rejaboy orqasiga qarab, «Rahmat, rahmat», dedi. Keyin bilsam, o‘sha kuni u oqsoqol-rais bo‘laman deb chopib yurgan ekan. Odam degan maxluq bir kundayam shunchalik o‘zgaradimi, a? Rais bo‘ldim, oqsoqol bo‘la turib moshinning orqasiga o‘tirmayman, degan-da u naymut.
– Ha… Qo‘lidan bit o‘lmagan odamga amal ber-da, keyin tomosha qil, – dedi otam. – Sen-ku, sen ekansan, tunov kuni Cho‘lli buvani nima qilganini eshitdingmi?
– Yo‘q. Nima qipti?
* * *
Xullas, o‘sha kuni ajib ish bo‘ldi. Cho‘lli buva qishloqning chapani chollaridan. Oqilning oldida oqil, tentakning oldida o‘zini merovga solib oladi. Cholning jini bor deyishadi. Birovga haqini bermaydi. Manaman degan kattalarning oldida eshakdan tushmay gaplashgan. Shu odam idoraga boribdi. «Qulluq bo‘lsin, qulluq bo‘lsin!» dedi eshikdan kira solib. Chol hassasini qo‘ltig‘iga qistirgancha, qo‘shqo‘llab ko‘rishgani yaqinlashdi.
– Keling, buva! – dedi to‘rdagi stolda yalpayib, kerilib o‘tirgan Rejaboy.
– Bolam, nevaramga bitta hujjat kerak bo‘p qopti, yozib berasanmi? – dedi Cho‘lli buva.
Rejaboy birinchi marta odamzotni ko‘rayotganday, cholga tikildi. O‘rnidan ham turmadi.
– Buva, peshindan keyin kela qoling, opketasiz, – dedi Rejaboy. – Men hozir tumanga ketaman. Juda shoshib turibman.
– Ie, iye, Rejaboy uka, bir minutda yozsang bo‘ladi-ku? Qanchayam vaqt ketardi bunga?
Rejaboy qovog‘ini uydi. Cho‘lli buvaning mardligini eshitgan bo‘lsa kerak. Gapini berib qo‘yadigan chol emas-da u. Ra’yini qaytarganni tavbasiga tayantiradi. Shuni o‘yladimi, noiloj ko‘ndi.
– Mayli, buva, – dedi u. – Faqat bilib qo‘ying: hurmatingiz uchun! Kechiksak, kechikibmiz-da tumanga…
– Ie, yashang, rais! – dedi Cho‘lli buva. – Baraka toping!
Chol bir parcha qog‘ozchani qo‘liga olgach, qo‘zg‘aldi. Xayrlashib, eshik tomonga yurayotganda Rejaboy:
– Cho‘lli buva! – dedi.
– Ha, rais?
Rejaboy bosh barmog‘ini ko‘rsatkich barmog‘iga ishqalagancha:
– Ozroq cho‘zmaysizmi? – dedi garangsirab.
– Nimani cho‘zaman? – dedi chol ham talmovsirab.
– Ataganingiz yo‘qmi? Sizniki tabarruk-da, buva! Qog‘oz ham pulga keladi. O‘z kissamdan olmayman-ku…
– Iya-iya, ha… Shunday demaysizmi, rais buva! – dedi chol va cho‘ntagini kovlab, eski qo‘lro‘molchaga o‘ralgan, uvadasi chiqqan ikki yuz so‘mlikni chiqarib, raisning stoliga tantanavor tashladi: – Bizdan yordam!
Chol rais tushmagur yana u-bu narsa so‘rab qolmasin, dedimi, hartugul, xayrni ham nasiya qilib, ildamlab chiqib ketdi.
«Eh, tabarruk bo‘lmay o‘l! – deya o‘yladi Rejaboy. – Qurumsoq… To‘rt yuz ming pensiya oladi-ya… Ha, mayli. Birinchisi-ku bu…»
Rejaboy pulni avaylab olib, mamnun holda ko‘ylagining cho‘ntagiga solib, ustidan sekingina urib-urib qo‘yar ekan, o‘ziga-o‘zi g‘udranibdi: «Tishing borida ye, egning borida kiy!»
Mevani po‘sti saqlar, deydilar. Rejaboy raislikka o‘tirganiga ko‘p o‘tmay, po‘sti zaxa yedi. Bir kuni Mahmud jandachining bevasi Rejaboyning oldiga to‘polon qilib kirdi.
– Rais buva, insofingiz bormi o‘zi?! – dedi yig‘lamsirab. – Bolamning haqidan urib qolmasangiz, kuningiz o‘tmay qoldimi?
Rejaboy ilkis qalqib tushdi:
– Ishingizni bitirdim, to‘g‘rimi, yanga? – dedi. – Bola puli olyapsizmi?
Mahmud jandachining bevasi sho‘rlik ko‘zyoshini artib, savolga tasdiq ma’nosida boshini qimirlatar ekan, hiqillab yig‘lab yubordi.
– Ana! – dedi Rejaboy. – Men odamlarga yaxshilik qilay deyman! Lekin odamlar shuytib xizmatga tuhmat qiladi! Axir meniyam tushuninglar! Har ikki kunning birida komissiya keladi. Ularga yedir-ichirni o‘z kissamdan qilamanmi? U yoqqa bor, bu yoqqa bor, bularning hammasi xarajat, agar bilsangiz…
Rejaboy ko‘p gapirdi. Oxirida qizishib ketib, «dard»ini to‘kib soldi. «Ikki yil tumanga qatnadim. Bergan choylarimni chiqarib olishim kerakmi? A, ayting, kerakmi-yo‘qmi? Bo‘lmasa, bu yerda o‘tirishimdan, bu boshog‘riqlardan menga nima naf?»
Eshik orqasida navbat kutib turganlarning ko‘pi Rejaboyning xonasiga kirmasdan, dardini aytmasdan, «Elimizning pushti kuyganmidi, yo tuxumi palag‘da bo‘lganmi? Shunga qolgan kunimiz qursin», deya jimgina chiqib ketdi.
Bu gap qishloqni bir zumda aylanib chiqdi. To‘rt odam yig‘ilsa, mavzu – Rejaboy! Kechki ovqat mahaliyam, to‘y-ma’rakadayam oqsoqol «muhokama»si. Emishki, Rejaboy rais bo‘lgach, butiga tarvuz bog‘lab olganmish, g‘oz yurish qilarmish. Yangi bo‘lmasayam, xizmat mashinasida yurganmish. Har kuni idoraning orqasiga – kungay joyga mashinada keladi. Bu paytda raisning yugurdagi – qirqdan oshgan, yuzi zahil kotibi uni kutib turgan bo‘ladi. Mashina to‘xtashi bilan eshigini ochadi-yu, rais tushadi, kotib bilan qo‘l uchida ko‘rishib, qo‘ltiqqa papkani qistiradi va pishqirgancha idoraga kirib ketadi. Qishloq bekorchilari har kuni uni tomosha qilib, ermaklaydi. Birov kuladi, birov piching qiladi: «Otangning keti eshakning belini yag‘ir qilgan, sening bu yurishing nimasi», deydi.
Kulgi bekorga emas, albatta. Tunov kuni Rejaboy hushidan ketib qolgani ham bu kulgini avj oldirdi.
Har kuni ertalab mashina to‘xtagach, eshikni ochadigan kotib ko‘rinmadi. Rejaboy kutdi. «Bu garang odam bo‘lmadi, bo‘lmadi-da…» Xiyla tajanglab turdi. Haydovchining ham sabri tugadi. O‘zi tushib eshikni ochdi. Rejaboy qo‘ymadi. «Yoping! – dedi. – Hamma o‘zining ishini qilishi kerak bu yerda!»
Haydovchi hayron qolib, nari ketdi. Ochiq osmon ostidagi xobxonasi – idoraning sersoya bog‘idagi karavotiga borib yotdi.
Rejaboyning joni halqumiga keldi. «Betamiz», «garang» kotibdan darak yo‘q!
Bu mahalda kun qizigandan qizib, quyosh olov purkar, mashina oynalari issiqni ikki baravar ziyoda etib, odamni jizg‘anak qilayotgandi. Qaysar rais xuddi o‘zini o‘zi sinayotganday, dami qaytsayam mashinadan tushmay o‘tiraverdi! Yo‘ldan o‘tgan-qaytgan hayron, «Qiziq, Rejaboyning tomi ketganmi, «hammom»da terlab-pishib nima qilib o‘tiribdi?».
Xullas, kotib kelmadi – Rejaboy tushmadi. Issiqda lohas bo‘lib, hushidan ketdi. Kimdir ko‘rib qolib, yugurib bordi. Bog‘dan haydovchi halloslab keldi, yuziga suv purkashdi. O‘ziga kelgan Rejaboyni qo‘ltig‘idan tutib, idoraga olib kirishdi. Kira solib o‘z xonasida o‘tirgan yuzi zahil kotibni ko‘rdi.
– Nimaga joyingda emassan? – deya o‘shqirib yubordi.
Sensirashga o‘rganmagan kotib, sapchib turdi:
– Joyimdaman!
– Nimaga eshikni ochmaysan?!
– Men sening malaying emasman, Reja! Bundan keyin, kerak bo‘lsa, o‘zing tushasan!
– …
Rejaboyning ko‘zi ola-kula bo‘p ketdi-yu, o‘ziga keldi. Lekin latifasi qishloqqa tarqaldi. Keyinchalik chollar to‘y-po‘yga borsa, eshagidan tushayotib, bir-biriga: «Mulla Lapas! No‘xtani ushlang, tushib olay», deya tegishtirib gapiradigan bo‘ldi.
* * *
– …Ko‘rmaganning ko‘rgani shu-da, – dedi enam bo‘shagan kosalarni yig‘ishtirar ekan. – To‘rt kunda bosar-tusarini bilmay, odamlarni oyoq uchida ko‘rsatib qoldi o‘zi.
– Boya To‘ra buvaning ta’ziyasida yana bir qiziq tomosha bo‘ldi, – dedi otam choydan ho‘plab.
– Qanday?
– Buvaning janozasi boshlanayotgan mahal tumandan bir katta halloslab kelib qoldi. Bir qarasam, Rejaboy tizilayotgan safdan otilib chiqib, yugurib ketdi boyagiga qarab. Kattaning mashinasiga yetay deganda oyog‘i qoqilib, qorni bilan gursillab yiqildi. Saf tortib turganlar, azaniyam unutib, piqillab kuldik. Rejaboy sakrab turib, ust-boshini qoqib, mashina eshigini ochdi. Katta o‘ng‘aysizlanib tushib keldi. Hammaning ko‘zi o‘zida ekanini ko‘rib, ildamlashdi. Rejaboy orqasidan dikonglab ergashdi. Katta safning eng keyiniga turdi. U yerda asosan yoshlar bor edi. Shunda Rejaboy uni tirsagidan ushlab, oldinga boshladi. Shunda Murodilla tegirmonchi jerkib tashladi:
– Hoy Rejaboy! Nima balo, tuvagingda suv ichganmisan? Ta’ziya – bu. Izzatingni bilib, joyingda tur qani! – dedi.
– Eshak maslahatlashib hangramaydi-da! – dedi enam asabiylashib. – Tegirmonchi boplabdi! Battar bo‘lsin! O‘ziyam uningiz boy bo‘lib boltasi yo‘q, gadoy bo‘lib – xaltasi.
– Ay, qo‘yaver. Bu dunyo Rejaboyga o‘xshaganlarni ko‘p ko‘rgan. Buyam shu ketishda Xiva xoni Sorig‘ Ayg‘irxonday bo‘ladi-yov. Eshitganmisan o‘zi shu xon haqida?
– Yo‘q, u nima karomat ko‘rsatgan ekan?
Otam miyig‘ida kuldi.
– Ertalab Xiva taxtiga o‘tirib, kechqurun taxtdan ag‘darilgan, – dedi.
– Nega?
– Uyam Rejaboyga o‘xshab «oqsoqol»lik qilgandir-da.
«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 12-son