Isajon Sulton. Yusuf va Zulayho (hikoya)

Insonlar yashaydigan manzillardan olisdagi tog‘lar boshiga yoqqan qorlarni sarsari shamol to‘zg‘itadi. Zarralarini to‘zon qilib o‘ynaydi, qishning oqish samosiga to‘ng‘oq quyosh ko‘tarilib, och qizil alangalar hosil qiladi.
Kimdir u tog‘larda qor to‘zoniga, shamolga yo egasiz bir qabrga aylanib ketishni orzulaydi. Oppoq yolg‘izlik aro xor bo‘lishni, yig‘lay-yig‘lay bir toshga aylanib qolishni, birov kelib suyanishini iltijo qiladi.
“Bu dunyoda o‘rnim yo‘qmish, axir… Koshki, borligim-mavjudligim yolg‘on bo‘lsaydi” deya bo‘zlaydi…
* * *
Yusuf degan ozg‘in, bo‘y-basti uzun, vujudiyu ust-boshi anchayin xarob yigit, qishloqdan xiyla olisdagi shifoxonada hamshira bo‘lib ishlaydigan Zulayho degan juvonni yaxshi ko‘rardi.
– Tavba, – deyishardi qishloq hayotining bilimdonlari, terak tagidagi ko‘rimsiz choyxonaning kunda-shundalari. – Ustida yirtiq ko‘ylagidan boshqa hech vaqosi yo‘q yetim, shunday zeboni suyib qoptimi?
– Uyam mayli, bo‘ydoq-ku? Oriyati bor odam erdan chiqqan xotinga oshiq bo‘ladimi?
– E, siz nimaniyam bilardingiz? Ishq shundayki, siz aytgan narsalarni birontasigayam qarab o‘tirmaydi. Bilib qo‘ying, u – qullikning, mahkumlikning naq o‘zginasi!
Zulayho – avvalgi turmushidan nimadir sabab bo‘lib ajrashgan, ko‘zlari qiyiqqa moyil, lo‘ppi yuzli, kichkinagina jamalaksoch qizalog‘i bor ko‘hlik juvon edi. Shunday ko‘rkli qiz, har holda, bekordan-bekorga ajrashmagandir, bir sababi bordiru uyidagilar yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolsin deb elga oshkor qilishmagandir? Lekin, qarashida yomon o‘ti bor, deyishardi ko‘cha-ko‘yning takasaltang bekorchilari. Ha-a, yondirib yuboradigan qarashi bor. Shunday sanamning tul qolishi g‘alati emasmi? Bir oilaning gulday bekasi bo‘lib yurishga bir emas, ming marta arziydi. Nega tul qoldi ekan-a? Kim bilsin, gohida Xudo chiroydan mo‘l-ko‘l bersa, baxtini kemtik qiladi deyishadi, balki rostdir?
Qashshoqmi, bo‘ydoqmi… yoqtirsa yoqtiribdi, el qatori ro‘zg‘or qilib, umrini yashab yuraversin. Hayot hikmatlari turmushning o‘zi kabi oddiy. Yoqtirib qolgan bo‘lsa, ana, odam jo‘natsin, qiz ham xohishi bo‘lsa xo‘p desinu o‘z hollaricha, ko‘zga tashlanib-tashlanmay hayot kechirayotgan son-sanoqsiz oilalar qatoriga qo‘shilib ketaqolishsin. Malikalar qullarga turmushga chiqqan, shahzodalar cho‘riga oshiq bo‘lgan. Erkagu ayol juft bo‘lib yashashi shart, bu ham hayotning o‘zgarmas qonuniyatlaridan biri emasmi?
Ha-a… Son-sanoqsiz baxtli oilalar bor, ularning baxti ne ekani ko‘zga tashlanavermaydi. Goho ko‘cha-ko‘yda ust-boshi yupun, ammo ko‘zlarida baxt uchqunlari chaqnab turgan kishilarni ko‘rib qolasiz. Go‘yo o‘zlaridan ezgulik taratib yurishganday, havasingiz uyg‘onadi. Gohida hashamlarga burkangan kimsalar ham uchraydi, ko‘ziga qarasangiz, tubsiz bo‘shliqqa yoki hirsu havas yiltiragan och nigohga duch kelasiz. Hayiqib, yuragingiz orqaga tortib ketadi.
Yusuf juvonni telbalarcha sevarmish. Shifoxona yonida terakday qaqqayib, chiqishini kutarmish. Juvon goh gaplasharmish, goh gaplashmay ketvorarmish. “Juvonni-ya?” hayratlanishardi choyxonadagilar. Juvon bo‘lsa nima qipti? Tarixda Yusuf degan bir kishi yashagan, Zulayho degan bevaga uylangan. Yoki payg‘ambarimiz-chi? Axir, olamda u bilmaydigan sir yo‘q edi, Tangri taolo istasa uning uchun o‘xshashi yo‘q bir hurni paydo qilib qo‘ya olardi, ammo Xadicha degan bir beva ayol taqdiriga ro‘para qilindi… Tangrining payg‘ambariga-ki ravo ko‘rilibdi, Yusufni qanday malomat qila olasiz?
Lekin, choyxona shunaqa. U yerda boya aytganimizday, ko‘zlarida baxt-saodat uchquni chaqnagan kishi ko‘rinmaydi. Ulfatchilikda bo‘lar-bo‘lmas gaplarni bir-biriga ma’qullatib, shundan lazzatlanadiganlar ancha-muncha.
Har turli gap-so‘zlar aro nihoyat, ko‘rimsizgina to‘y bo‘lib o‘tdi. Go‘shanga ko‘rmagan bo‘ydoq yigit juvonga uylandi.
Zulayho degan shu ayol qismatiga taqdir qalami qora siyohda baloyu qazo bitiklarini bitgan ekan. Kim rozi, kim norozi… nima bo‘lsa ham kelin-kuyov baxtli yashay boshlashdi-yu, biroq, yil o‘tib-o‘tmay, o‘sha terak tagidagi choyxonada turli-tuman bo‘lmag‘ur gaplar oralab qoldi. Nima emish, Zulayhoni qop-qora ajabtovur arobada kimdir opketib-opkelib yurganmish.
Tevarakda odam ko‘p, birov bo‘lmasa boshqasini ko‘zi tushadi. Ko‘p o‘tmay u gaplardan hamma xabar topdi. Ko‘chadayam shu gap, uydayam. Bulardan bir Yusufgina bexabar. Qo‘li yupqa edi sho‘rlikni, kun botib qosh qorayganida yo‘l yoqalab, qo‘lida ro‘zg‘orga deb u-bu solingan xaltasi, uyiga borayotganida ko‘chada o‘ynab yurgan bolalardan biri o‘sha eski, xaroba choyxonadagi shinavandalarning qitmirona gapi bilan chopib kelib:
– Yusuf aka! Choping, o‘zingiz ko‘ring! – dedi hovliqib.
Yusuf avvaliga nima gapligini anglamadi, keyin oyoqlari beixtiyor uni bola ko‘rsatgan tarafga surgadi.
Ne ko‘z ila ko‘rsinki, suyukli Zulayhosi qop-qora o‘sha aroba oldida jingalak sochli, bashang bir olifta bilan kulishib-so‘zlashib turibdi!
E tavba! Bu baxtsizlik manzarasiga ne deysiz? Olamning muhtasham hayoti vakili bo‘lmish xo‘rozday kekkaygan, Tangri taoloning Zulayhosi tugul, Yusufini ham bir pulga olmaydigan kas bir yon, quyuq daraxtzor ko‘lankasida, qo‘lida ro‘zg‘orxaltasini osiltirib turgan, jufti halolini benihoya yaxshi ko‘radigan Yusuf bir yon!
Mana, ular xayrlashishdi. Zulayho tars-tars yurib ketar chog‘i oliftaga bir tabassum hadya etdi. So‘ng Yusufni ko‘rmay, o‘sha shaxdam yurishi bilan uyiga yo‘l oldi.
Yusufning miyasining ichida o‘sha chog‘ bir nima qattiq chirsilladi. Nimadir surildi, kulrang g‘o‘ddali bo‘rtiqlardan birida g‘alati, og‘ir siljish ro‘y berdi.
Aytishlaricha, Yusuf o‘sha kuniyoq suyimli ayoli bilan ora ochdi qilib gaplashibdi. Ahvoliga qarab bo‘lmasmish. Bir gangib tek qolar, bir g‘azabi qo‘zg‘ab baqirar, qo‘liga tushgan narsani urib-sindirar, sira o‘ziga kelolmasmish.
Juvon Yusufning oyoqlariga yiqilib, Xudoni o‘rtaga qo‘yib qasamlar ichibdi.
– Jon Yusuf aka! Turmushi o‘nglanmagan, baxtsiz xotin edim. Birov odam o‘rnida ko‘rmasdi. Hech nimaga qaramay meni baxtli qildingiz. Sizga xiyonat qilgan bo‘lsam, Xudo ursin, ko‘r bo‘lib o‘lib ketay!
Yusuf:
– Bu dunyoda bir Xudoni, bir seni yaxshi ko‘rardim… Nima qilib qo‘yding?
– Axir, bor-yo‘g‘i moshinasiga chiqdim, xolos.
Yusuf esa ko‘zlari olayib, burgutday hurpayib:
– Hoy, axir, jilmayib qarading-ku?
– Axir, u jilmayish… meniki edi-ku!
Shunday deb, boshi oqqan tomonga ketvoribdi. Birovga lom-mim demasmish, qayerlardadir adashib-uloqib yuraverarmish. Hushi kelsa uyiga kelar, bo‘lmasa kelmasmish. Shu tariqa bir necha kun o‘tibdi.
Bir kuni shom mahali kirib kelibdi. Aftoda, abgor holda ayoliga debdi:
– Aqlim “Kechirma, bir toygan odam umrini oxirigacha toyadi”, deyapti. Ko‘nglim esa “Kechir” deb faryod uryapti… Nima qilishimni bilmayman.
Ezilib-ezilib, ovozida bemisl dardu hasrat bilan:
– Ko‘nglimni senga bergan edim-ku, nima qilding uni? Bir yaramasning oyog‘i ostiga tashlab qo‘yding-ku? – depti.
– Sha’nu sharafimni, g‘ururimni loy-balchiqqa qorishtirib yubording-ku?
– Sen axir, boru yo‘g‘im, or-nomusim eding-ku? Endi nima qilaman? – dermish.
– Odamlar oyog‘i tagida xor-zor bo‘lsam ham, o‘z uyimda xon edim-ku? Yer bilan bitta qilib qo‘yding-ku?
Xotin ho‘ng-ho‘ng yig‘labdi. “Jon Yusuf aka, axir, hech nima bo‘lmagan” deb Xudoning zorini qilibdi. “U oliftani otasi kasalxonada yotuvdi, yo‘lim shu tomonda desa, angrayib moshinasiga chiqib kelaveribman”.
– To‘g‘ri aytasiz, o‘ylamay ish qildim, ammo qoshingizda tozaman! – deb yolvoribdi.
Bu tazarrudan Yusufning ham ko‘zlarida yosh halqalanar ekanu ammo oxiri ko‘rinmas azob ichida qolganday, o‘t ichida lov-lov yonar ekan.
“Tavba, ishq-muhabbatning ham risoladagisi tuzuk. Yo‘qsa odamni odamlikdan chiqarib qo‘yar ekan”, deyishibdi sharhlovchilar.
Hamma tomoshabin. Gap chiqarganlar ham, masxara qilib kulganlar ham, ichida shodlanganlar ham, bularning taqdiriga qayg‘urganlar ham bor. Hammaning ko‘zi shularning ro‘zg‘orida, qani, endi nima bo‘lar ekan deb turishganmish. Pastkashlar, ezmalar, g‘iybatchilar og‘zida shu gap aylanib qoldi. Yusuf-Zulayho ismi turli davralarga chiqib ketdi.
Olifta-chi? O‘sha bo‘yi g‘oyib bo‘libdi. Azozilday basharasi bir-ikki ko‘rinib, shu bilan badar ketibdi. Ha, Iblisning ishi shunaqa: qutqu-g‘uluv solib, keyin achchiq tutunday tarqab-yo‘qolib ketadi. Nima bo‘lganida ham u shaytoni la’in Yusufning ro‘zg‘orini rasvoi jahon qilib ketdi. Bular avvallari qizaloqni yetaklab kechqurunlari birga sayr qilishardi. Goh Zulayho gapirardi, goh Yusuf. Gaplari sira tugamasdi. Bir qarashdayoq yuz-ko‘zlaridan baxtiyorligi bilinardi. Endi hammasi barham topdi.
Yusuf ko‘cha-ko‘yda ko‘rinmay qoldi. Gohida Zulayho paydo bo‘lardi: aftodahol, so‘lg‘in, avvalgi oroyishlari yo‘q, chaqnoq emas, sha’ni toptalgan, nazardan qolgan edi-da. Uncha-muncha kishi u bilan salomlashmay o‘tar bo‘ldi. Ko‘cha-ko‘yda o‘smirlar goh hushtak chalib, goh atay qiyqirib mazaxlashardi.
* * *
“Xotin xiyonat qilibdimi, qilmabdimi?”
“Er nomusli ekanmi-yo‘qmi?”
“Hoy, katta-katta davlatlarda hatto qotillarga ham o‘lim jazosi berilavermaydi. Ammo xiyonatchi o‘limga hukm qilinadi. Xiyonat shunchalik yomon, bilib qo‘yinglar!”
Muhokamalar shu tarz davom etar ekan, o‘sha kunlarda Yusufning holatida bir o‘zgarish sodir bo‘ldi.
Yurish-turishi o‘sha-o‘sha, so‘nik, ruhsiz… Bir kuni uyi oldiga kichikroq yuk arobasi kelib to‘xtadi. Yusuf undan kattakon muzlatkich, sovutkich, yapaloq televizor, yana ancha-muncha allambalolarni tushirib, uyiga tashiy boshladi. Ertasiga esa xotiniga bir dunyo qimmatbaho taqinchoqlar olib keldi!
Unaqa taqinchoqlar manaman degan boyonlarning xotinlaridagina bo‘larmish. Qo‘li yupqa edi-ku, pulni qaydan olibdi? Hech kim bilmasmish. Ayoli esa ayolligiga borib suyunib, taqqanida Yusufning ko‘zi bir chaqnabdi, eski holiga qaytib, yuzida xiyol jilmayish paydo bo‘libdi. Bir lahza, atigi bir lahza, xolos! Keyin u uchqun yana so‘nibdi. Yana o‘z o‘ylariga g‘arq bo‘lib ketibdi.
Bularni ko‘rib Zulayho na suyunishini, na kuyinishini bilarmish. Suyunay desa, bu ishlarda g‘alati bir junun bor. Kuyinay desa, go‘yo Yusuf hamma ishni unutganday, kechirganday…
– Nimaga bunaqa qilyapsiz? – dermish juvon. – Buncha narsani nega opkelyapsiz?
Yusuf javob qilmasmish. Faqat xotinining ko‘zining ich-ichiga qarab qo‘yarmishu yana dardu iztirobiga g‘arq bo‘lib ketarmish.
Vaqt har narsani davolaydi, deyishadi. Bir kuni qaylardadir sanqib-sanqib, yarim kechasi uyiga kirib kelib, xotiniga:
– Zulayho, seni kechirdim, – debdi bo‘g‘iq ovozda. – Sen ham meni kechir. Gaplaringga ishonolmay qiynalib ketdim, jonim bo‘g‘zimga keldi. Ko‘zimga dunyo tor bo‘lib qoldi…
Xotin sho‘rlikni ko‘rsangiz. Bir yig‘lab bir kularmish. Tiz cho‘kib, erining qo‘llarini tutib yuziga bosarmish, “men ahmoqni kechiring” deb zor-zor yig‘larmish.
Risolaga ko‘ra, hayot shu bilan o‘zaniga tushishi kerak edi. Lekin, Yusufga haqiqatan ham bir nima bo‘ldi.
Aytmadikmi, o‘sha kech miyasining ichida bir nima juda qattiq chirs etdi deb? Chirs etish – sinishdan darak. Gohida cho‘g‘ ham chirsillashini ko‘rgansiz-ku?
– Axir, seni sezmayapmanku? – debdi Yusuf, dardu dunyosi bir taraf, o‘zi bir taraf bo‘lib. – Ko‘zimni oldida bo‘lsang ham… yo‘qsan-ku?
– Qani mening Zulayhom? – debdi odamlarga gapirgisi kelmay, go‘yo o‘z-o‘ziga aytganday qilib. – Hoy Xudoyimning farishtalari, o‘ngu so‘limda, tepamda siz borsiz, ammo u yo‘q-ku?
“Yo‘q-ku?” – deb takrorlabdi u so‘zni tevarakning aks-sadosi.
“Yo‘q-ku” deb qah-qah uribdi davvora shamoli yeru ko‘kni enlab esib…
“Yo‘q-ku” debdi tabiat fasllari o‘zgarib, jaziramalar harsillab, kuz yomg‘irlari ezilib-ezilib, qish qirovlari xuddi o‘lim darakchisi kabi yaslanib-yaslanib…
Ha, yo‘q emish…
Yusuf qishloqqa kelmay qo‘ydi.
Nega ishq-muhabbat savdosiga yo‘liqqanlar uzoqlarga bosh olib ketishar ekan? Majnunning boshiga ishq savdosi tushganida dashtga ketvorgan edi. Anchadan keyin topib borib qarashsa, tegrasida qurtu qushlar to‘planib, qo‘lidan kiyiklar don yeb turgan ekan. Ne hikmati bor bu g‘alati savdoning?
Afsus, olomon orasida bilgich biron kishi yo‘q edi. Hammasi oddiy, mish-mishni, molu dunyoni, sarvatu hashamni yoqtiradigan, mayda-chuyda ashyolari bilan bilan maqtanishni yaxshi ko‘radigan jo‘n kimsalar edilar.
Kechirish… Kechirmaslik… Bag‘rikenglik… Muruvvat… Hoy birodar, umr shamolday yelib o‘tib ketadi, olamda sadoqatdan, mehru muhabbatdan qiymatliroq hech nima yo‘q, axir! To til so‘zga aylanar ekan, bir kulish, bir jilmayish ila bir og‘iz shirin so‘zingizni aytib qolsangiz-chi? Qarang, tug‘ilganingizdan bu yonga o‘tgan yillar atigi bir necha soniyaday. Qolgani ham shunday o‘tadi. Axir, hammamiz ham odam bolalarimiz, kelamiz-ketamiz, bu yorug‘ olamda qadr-qimmat ne, ezgulik ne – mulohaza qilsangiz-chi?
* * *
– Yusuf bolaligida ko‘p shafqatsizliklarga duch kelgan edi, – deyishibdi choyxonadagilar. – Otasi barvaqt o‘tib ketib, hayotda bir ona-yu bir aka bilan qolgan, juda qashshoq yashashardi. Onasi odamlarning uylarini supurib-sidirib, kir-chirini yuvib, bolalarini katta qilardi. Keyin u ham o‘tib ketdi… Yusuf akasining titilib-sitilib ketgan kiyimlarini kiyib yurardi, ko‘pincha qorni och bo‘lardi. Terak tagidagi choyxona o‘sha paytda ham bor edi, u yerda mastona hiringlashib o‘tirgan yovuz kishilar yosh bolani ayamay masxara qilishar, shunda u labini qattiq tishlab, ko‘zidan yosh chiqarmaslikka urinib dala-dashtga ketvorardi.
U yoqda nima qilardi?
Qush polaponlarining boshini ayamay uzib tashlardi. Mushukni yoqib yuborardi. Sigirni qorniga panshaxa tiqib olardi. Ilonni arg‘amchiday tutib, tutga urib o‘ldirardi.
Tushunyapsizmi? Bola yovuz edi… Yovuz bo‘lib ulg‘ayardi.
Yo‘q, keyinchalik aqli kirib, tuppa-tuzuk yigitga aylandi. Rostini aytsak, uni Zulayho odam qildi. Oqila xotin bo‘lib ro‘zg‘orini-yu ust-boshini tartibladi, kirlarini yuvdi, kechagina qarovsiz yurgan yigit bip-binoyi odam bo‘lib qoldi. Shu Zulayhoga duch keldi-yu hayoti yaxshiliklar tomon o‘zgarib ketdi.
Choyxonadagi sho‘ring qurg‘urlar uylariga qaytishgach, hamma gapni xotinlariga yetkazishibdi. Ularning g‘aroyib jihati – erman deya ko‘krak kergani, or-nomusdan javragani bilan, uyda, xilvatda o‘zlarini pokdomon ko‘rsatib, ko‘zlarini ma’sumona yiltillatib, ko‘cha-ko‘yning gaplarini malikai davronlariga oqizmay-tomizmay aytib berisharkan-da. Xullas, tevarakdagi xotinlardan bir-ikkitasi Yusufni insofga chaqirishga urinib ko‘rishibdi. Qayda? Yigit o‘zi bilan o‘zi kurashardi. Turmushning past-balandini ko‘rgan keksalar “Bunaqa ishlar hayotda bo‘lib turadi, gulday ro‘zg‘oringni buzma, bolam” deb nasihat qilishsa, Yusuf bo‘g‘iq ovozda, uzuq-yuluq qilib:
– Siz nimani bilardingiz… Ishingizni qiling! – derdi.
Dashtiga ketvorardi.
Dashtda nima qilardi?
Qush polaponlarini tutib, boshini ayamay uzib tashlardi. Yovvoyi mushukka o‘t qo‘yib yoqib yuborardi. Ilonni arg‘amchiday tutib, daraxtga urib o‘ldirardi…
U mashmashadan keyin Zulayho qizalog‘ini bag‘riga bosib, ota uyiga jo‘nadi. Yusuf o‘z xonadoniga qaytib oyoq bosmadi. Olingan ashyolar o‘shandayligicha qolib ketdi.
Yana bir-ikki kun o‘tib, kimdir choyxonani yoqib yubordi.
O‘zi, hech kimga kerak emas edi u choyxona. Eski, guvalakdan tiklangan ikki-uch hujrasi bor, titilib chang bosgan sholcha solingan, bekorchi shinavandalar kir-chir to‘shaklarda g‘aribona yeb-ichib o‘tiradigan ko‘rimsiz ovloq, mast-alast besh-olti kishining takyasi-da. Xaroba tunda yondi, kim o‘t qo‘yganini birov bilmasa-da, Yusufning ishi bo‘lsa kerak deb tusmollashdi. Yigitning ahvoli barchaga ma’lum edi, shu sabab o‘zlaricha marhamat qilgan bo‘lishib, mirshab-pirshab chaqirishmadi, o‘zi yonib ketibdi deb qo‘yaqolishdi.
Tavba… Aqldan emas edi bu ishlar!
Yusuf dashtda chayla qurib yashadi.
Bir kuni cho‘ponlardan kimdir uni ko‘ribdi. Fe’li tuzukroq payti ekan, u bilan bir-ikki og‘iz gaplashibdi. Hamqishloqlardan biron kishini so‘raydimi desa, hech kimni, hatto qavmu qarindoshlarini ham so‘ramabdi.
– Men kimman? – depti.
– Bu olamda bir Xudoyim, bir Zulayhom bor edi. Shular meni odam qilib turardi. Dunyo xuddi bir tutam xashakka aylanib ketdi. Odamlarni xaschalik qadr-qimmati qolmadi. Birovni betiga qaragim kelmaydi.
– O‘shanda.. – debdi xayolchan. – Ikki yo uch o‘t orasida qolib ketdim. Oriyatim Zulayhodan voz kech derdi-yu, ammo uni yaxshi ko‘rardim, voz kecholmasdim.
– Bosh olib ketay desam ketolmasdim, shunchalik bog‘lanib qolgan edim. Ne qilarimni bilmay tentirardim, xolos. Bir kuni bir do‘konga kirib qolibman. Qarasam, tilla taqinchoq sotayotgan ekan. Odam ko‘rsa havasi keladigan yosh kelin-kuyov. Kelinchak eri olib bergan uzukni qo‘liga taqib, yashnab-yashnab “Yarashdimi” deb so‘rayapti. Eri esa ko‘zi to‘la mehr bilan “Yarashdi” deyapti. Nigohi gapiryapti! Ko‘zimdan tirqirab yosh chiqib ketdi. Bir paytlar Zulayhomga bir uzuk olib bergan edim. U mahalda bizlar farishtaday pok edik. O‘shanda ko‘zlari chunon chaqnagan, nigohi “Baxtliman, baxtimning sababchisi sensan!“ deb minnatdor termilgan edi.
Aqlim ishlamay qoldi. Barmog‘imda nikoh uzugim haliyam bor, otib yubormagan edim. Uni berib, o‘rniga anavi baxtiyor juft olganga o‘xshash taqinchoq oldim. Miyam “Unday qilma” desa, ko‘nglim “Qil” deb hayqiryapti… Tillani oldimu to‘satdan… o‘zimni bir on, bir lahza baxtliday sezdim. Zulmat bosgan ongim yorishganday bo‘ldi, qalbimdagi dahshatli og‘riq kamaydi. Zulayhom qoshiga yuribmas, uchib bordim. Uyda ekan, kirib kelganimni ko‘rib ko‘zini olib qochdi. Mehrim tovlandi, rahmim keldi. Yuzini kaftim orasiga oldim. Ko‘zlarining ichiga termilib-termilib qaradim, o‘sha, avval bilganim mehribon farishtamni ko‘rganday bo‘ldim. Hamma narsa esdan chiqdi, axir, shunaqangi ro‘y-rost, ishonuvchan qarab turardi-ki! Yo‘q, aldamayapti, deb o‘yladim. “Ko‘zingni yum” dedim, itoat bilan yumdi. Taqinchoqni olib “Endi och”, dedim. Ochdi-yu… Bir jilmayadi, bir ho‘ngrab yig‘laydi. Yig‘lashini ko‘rib yurak-bag‘rim ezilib ketdi, ichim osmonday kengaydi. Yelkalaridan tutib, bag‘rimga bosardim, ammo ichimda shafqatsiz bir sharpa hingir-hingir kulib, ongim ustiga chiqib oldi. Bir nima demasdan tashqariga chiqqanimda tog‘day bulutlar dilimni qoplab, dardu hasratim toshib keldi. Yelkam yana cho‘kib, boshim yana egilib qoldi.
Keyin o‘sha tuyg‘uni qo‘msadim. Hayotimda shundan boshqa quvonch keltiradigan hech nima qolmaganday. Pulim yo‘q edi. Yor-birodarga bosh egib borib, qarz so‘radim. Xuddi qo‘ynimda pul emas, xas-xashak olib yurganday edim. Yana tilla oldim. Keyin yana, yana… Cho‘nqayib olib, ko‘ylaklarimni ishqalab-ishqalab yuvganlari, qo‘llari burishib-qavarganlari esimga kelardi. Ey Xudoyim! O‘shanda baxtli edimmi? Shumi baxt, ayoling qo‘llari qizarib-qizarib kir yuvsa, uy supursa, qizigan yog‘lari sachraganida bilaklari dog‘ bo‘lib osh pishirsa, ko‘zidan yoshi tirqirab piyoz to‘g‘rasa… Kir yuvadigan moshina olsak deb orzulardi, yana bir dunyo narsalar olgisi kelardi. Barini ko‘tarasiga uyga oborib tashladim. Qarasam, yana ozroq pul ortibdi. Shu narsa mening qora taqdirimning afsus-alamlarini ketkizadiganday, uniyam sarflab yuborib, dunyodagi eng qashshoq odamga aylangim kelardi. O‘zimni-o‘zim qiynarmidim? Yo‘q, qilayotgan ishimni o‘ylamasdim ham. Faqat o‘sha, bir lahza his qilganim oniy baxtga intilardim, xolos…
Shularni aytibdi.
Hamqishloqning og‘zi ochilib qolibdi. “E tavba, bizni qishloqni odamidan ham shunaqa gaplar chiqar ekan-da” depti.
– O‘zimcha o‘ylayman, – debdi Yusuf. – O‘shanda miyamda bir nima chirs etdi, bir nima og‘riqli surildi. O‘sha narsa meni shu ishlarni qilishga undadi. Aqlu ixtiyorim boshimdan uchgan, bari o‘z-o‘zidan bo‘layotganday edi. Alamimni zo‘ridan odamlarning uylarini yoqvorishim hech gap emasdi.
– Hoy odamlar, xotin erkakni or-nomusi bo‘lar ekan, – debdi. – Hozirgacha o‘ylasam, o‘tday tutashib yonaman. Hoy yigitlar! Hozir yoshsizlar, uylansangiz, ayolingizni ehtiyot qiling! – dermish. – U Xudoning shunday ne’matiki, gapirishlari, qarashlari, kulishlari – bari sizniki. Asrang-avaylang, faqat va faqat sizniki bo‘lib qolsin!.
– Ey Xudoyim, dashtga ham sig‘mayapman-ku, – dermish. – Dunyo yo‘q bo‘lib ketsa, bironta tirik jon qolmasa deb orzu qilaman. Bari nobud bo‘lib ketsa deyman!
Aytishlaricha, Yusuf yanada olislarga bosh olib ketibdi. Uzoqlarda taskinu orom topdimikin? Bilganlar cho‘lga ketgan deyishibdi. Sababi, u yerlar bepoyon, odam ozmish. Yusufning bir akasi bo‘lardi, so‘rab-surishtirib, ukasini izlab boribdi. Lekin, u bilan ham tuzuk-quruq gaplashmabdi. Qishloqqa ortiq qadam bosmayman, depti…
Darhaqiqat, qaytib oyoq bosmadi. Bu gaplar esa aytila-aytila, qiziq voqea tarzida bir qancha vaqt odamlar og‘zida yurdi, keyin asta-sekin unutildi. Yangi nasl voyaga yetdi, ular na Yusuf degan nomusli kishini, na Zulayho degan baxtiqaroni bilishardi…
* * *
Shamol paydar-pay zabt urib, olisdagi tog‘larning oq qorlarini to‘zg‘itadi. “Oppoq qorlarga, yo daydi shamollarga, yo egasiz mozorga aylanib ketsam, meni izlab kelarmikinsan, ey jonimning madori?” deb yig‘laydi birov.
U kim?
Aytsangiz, odamning yuragi achishadi. Zulayho emish!
Oradan allaqancha vaqt o‘tib, pahlavonday o‘g‘il tug‘ibdi. Bo‘y-basti, gavdasi, suyaklari, yelkalari, qosh-ko‘zi Yusufning xuddi o‘zimish. Sho‘rlik, boshqa turmush qilmabdi. Beshikdagi qoraqosh, qorako‘z o‘g‘lon boshida o‘tirib, ko‘zlaridan yoshlari duv-duv oqib, alla aytar bo‘libdi. Allasi ham ajoyib ekan:
Shu tog‘larda qor bo‘lsaydim, alla,
Bir daydi sarsor bo‘lsaydim, alla,
Izlab toparmiding meni, meni,
Egasiz mozor bo‘lsaydim, alla?
Ha-a… shunaqa emish:
Shu yarada qon bo‘lsaydim, alla,
To‘kilib ziyon bo‘lsaydim, alla,
Bu dunyoda o‘rnim yo‘qmish, yo‘qmish,
Koshki bir yolg‘on bo‘lsaydim, alla…
Shu tariqa Xudoning ikki bandasi bir diyonatsiz takasaltangning bo‘lmag‘ur hirs-havasi-yu befahm kishilar gap-so‘zlarining qurboni bo‘lib ketaverishibdi.
“Hay attang, gulday oila barbod bo‘ldi-ya” deyishibdi oqil kishilar.
“Nomusli yigit ekan, otasiga rahmat” deyishibdi guvalakdan yangi takyaxona qurib olish orzusida yurgan, endilikda ko‘chadagi xira sariq chiroqli simyog‘och ostida to‘planadigan shinavandalar.
“Asli xotinda imon sust ekan! Imoni kuchli bo‘lsa birov bilan gaplasharmidi?”
“Qo‘yavering, er yigitga xotin nima, yo‘lda, oyoq ostida-da! Unisi bo‘lmasa, bunisi! Bitta xotinni deb shunaqa qilish aqldanmi?..”
“Qani, ovmin, nomusli er haqqiga duo qilinglar”, deb, mast-alast holda duo ham qilishibdi.
Hoy birodar, nimalar deyapsiz? Or ne, nomus ne… Hukm Parvardigordan, bu taqdirni o‘zi sarhisob qilsa ajabmas. Hayotda ba’zan shunday ishlar bo‘ladiki, yechishga bandasining aqli yetavermaydi…
* * *
Ha, shamol kimsasiz maskanlardagi oq qorlarning to‘zonini supurib o‘ynaydi. “Tog‘dagi qorlarga, yo daydi shamollarga, yo egasiz mozorga aylanib ketsam, meni izlab kelarmikinsan, ey qalbimning egasi?” deb yig‘laydi birov.
Xayolda o‘sha yigitning g‘alati muhabbati, Zulayhoning “Jon Yusuf aka! Kechiring, axir qoshingizda shabnamday tozaman!” deya yolvorishlari, Yusufning “Qanday qilay? Axir, jilmayishlaring, ovozing, qarashlaring meniki edi-ku?” degan alam to‘la faryodi… toza qorlar ustida o‘ynagan kumush to‘zonlar, kengliklar uzra hur-hur yelgan sarsari shamol… hamda u ma’voda paydo bo‘lgan egasiz mozor toshi jonlanadi, xolos:
Shu yong‘inda xor bo‘lsaydim, alla,
Yiqiq, parishon bo‘lsaydim, alla,
Yana sevarmiding meni, meni?
Sim-siyoh tuman bo‘lsaydim, alla…[1]
(2018)
[1] Yusuf Xayol o‘g‘lidan.